Isajon Sulton. Yog‘och kavush (hikoya)

Bu voqea uzoq yillar avval, Xitoy imperatorlarining Tan sulolasi zamonida, ya’ni bundan bir ming uch yuz yil oldin ro‘y bergan.

Bu – hayot shafqatsizligi hamda mehribon ota haqidagi huzunli bir hikoyadir.

Ronzyan deb atalmish qishloqda bir odam yashar edi. U qotma, ozg‘in kishi bo‘lib, juda qashshoq hayot kechirardi. Fan-Fyong degan boyning bepoyon dalalarida suv kechib sholi yetishtirar, kiygani etigi bo‘lmagani uchun doimo oyoqyalang yurar, qish oylarida esa bir bo‘lak terini oyog‘iga o‘rab, ustidan arqon boylab olardi.

Bu odam o‘ziga o‘xshagan bir chorakorning farzandiga uylangan, hozir bir qizi bor edi.

Qizaloq hali kichkina, mas’um, uyda har doim ham yegulik topilavermasa-da, turmushning zahmatlaridan bexabar, otasi kelganida qarshisiga yugurib chiqib kutib olar, kunduzgi taassurotlaridan bijir-bijir so‘ylab ham berardi. Xyong deb ataladigan butaning katta yaprog‘iga guruch solib yer edilar, chunki ularning idish-tovog‘i ham yo‘q edi.

Qizcha juda shirin edi. Qiyiq ko‘zchalaridan o‘t chaqnar, qayda bir gul-chechak ko‘rib qolsa, mitti barmoqchalari bilan uzib kelib, otasiga yo onasiga tutadigan ajoyib ma’suma edi.

Ota ham qizini juda yaxshi ko‘rardi. Goho boyning bepoyon sholipoyalarida ishlayotganida yoki kechalari uyqusi o‘chib ketganida, kun kelib katta bo‘lganida qizimni qanday baxtli qilsam ekan, degan o‘y sira tinchlik bermasdi.

Bor-yo‘g‘i bittagina qizi bor, axir. Xuan-Shining o‘zi esini tanibdiki, mehnatdan boshi chiqmaydi. Bir nima orttirish u yoqda tursin, topgani kun kechirishga yetadi, xolos. Ota, agar ish shunday ketaversa, vaqt-soati kelib o‘zi kabi qashshoq birontasining o‘g‘liga xotin bo‘lishini hamda shu ajoyib qizaloq ham umrining oxirigacha sholipoyalarda mehnat bilan umrini o‘tkazishini sira istamasdi.

Buni o‘nglashni bittagina yo‘li bor, deb o‘ylardi ota. Uyam bo‘lsa sholichi boyga xotinlikka berish. Sholichi boy nihoyatda badavlat, xotinlari ko‘p, ammo puli undan ham ko‘p. O‘shanga bersam, turmush zahmatlari charchatmaydi, menga o‘xshab beli bukilib zahmat chekmaydi, qaytanga, ipak kiyimlarga o‘ranib, bola-chaqasini katta qilib o‘tiradi.

Sholichi boy semiz, ko‘zlarini yog‘ bosib ketgan kishi bo‘lib, gavdasini ko‘tarolmagani uchun uni aravaga solib yurishar, ba’zan taxtiravonga solib ham kelishardi.

Xuan-Shi undan-bundan yuqori tabaqa kishilariga qanaqa qizlar yoqishini surishtirdi.

Aytishlariga qaraganda, ingichka gavdali, oyoqlari juda kichkina qizlar ma’qul emish. Qizi esa onasiga tortdi, ya’ni suyagi yirik bo‘lib o‘smoqda. Xuan-Shi o‘ylay-o‘ylay, o‘sha mahallar urf bo‘lgan deb eshitganini qilishga ahd qildi, ya’ni yog‘ochdan kichkina kavush yasadi-da, qizchasining oyog‘iga kiydirib qo‘ydi.

– Otajon, bu narsa oyog‘imni qisyapti, og‘riyapti, – deb zorlandi qizcha. So‘ng yerga o‘tirib, mitti barmoqchalari ila kavushni chiqarishga urina boshladi.

– Hoy qizcha, – dedi Xuan-shi, boltani ko‘rsatib. – Agar yechadigan bo‘lsang, oyog‘ingni mana shu bolta bilan chopib tashlayman!
Qizchasi qo‘rqdi. Og‘riq sezilib turgan qop-qora ko‘zchalarida hurkish ifodasi paydo bo‘ldi.

– Xo‘p-xo‘p, ota, yechmayman, – dedi shosha-pisha, itoat bilan.

Xuan-Shining yuragi achishsa-da, bolamni kelajagini o‘ylab shunday qilyapman-ku, degan o‘y taskin berar edi. Bugun u juda charchadi. Oyoqlarini sholipoya suvchayonlari, zuluklari chaqib tashlagan, bilaklari achishar, tani orom istar edi. Bola hayot nimaligini qaydan bilsin? Hali vaqti kelganida, shu qashshoqlik girdobidan chiqargani uchun otasidan minnatdor bo‘ladi, albatta. O‘ziga qo‘yib bersang, ota yashab o‘tgan qattiq kunlar uning ham boshiga kelsinmi? Bolasining joni hozircha og‘risa og‘risin, bu uqubat ortida qizchaning baxtli kelajagi turibdi, axir.
Bunday o‘ylar ko‘p edi. Xuan-Shi shularni o‘ylab yotdi. Qishloq changi havoda turib qolgan, shabada esmas, u chang asta-sekin ekinlar, daraxtlar uzra qo‘nmoqda edi.

Kunlar o‘tar, qizaloq qo‘rqqanidan yog‘och kavushni kechalari ham yechmasdi. Gohida oyog‘i juda og‘riganida suvga solib o‘tiradigan odat chiqaribdi. Xuan-Shi avvaliga uni koyimoqchi bo‘ldi, keyin o‘ylab qarasa, bu ishning foydali tomoni ham bor ekan. Chunki yog‘och suvda yumshab, og‘riq ozaygani, qizaloqning joni orom olgani bilan, oradan bir oz vaqt o‘tgach, yana quriydi, quruqshagani sayin yanada qattiqroq siqadi.

Xuan-shining hayotida o‘zgarish ro‘y bermas edi. Har kun bir vaqtda turib nonushtasini qilib, ortganini kopchig‘iga solib dalasiga yo‘l oladi. Ish nihoyatda zahmatli: suv bostirilgan oxiri ko‘rinmas dalalarda ingichka maysa bo‘lib o‘sgan sholini qoldirib, begona o‘tlarni birma-bir yulib chiqish kerak. Kuz kelganida sholi o‘riladi, dastalab quritishga qo‘yiladi, shunda qorovullik ham qilish kerak. Bu ishda kuchuklar ko‘mak berishadi, qushu hayvonlarni hurkitib vovillab yurishadi. Keyin oqlash mavsumi keladi, qoplarga solingan sholilarni aravalarga yuklab, qaygadir olib ketishadi. Shundan keyin dala huvillab qoladi, unga yana suv qo‘yiladi, ag‘darib chiqiladi, shu bilan mavsum nihoyasiga yetadi. Bir-ikki qop guruch Xuan-Shiga ham tegadi, shunda yemish mo‘l bo‘lib qoladi.

Yillar o‘tdi. Qizning avvalgi bolalarcha musaffoligi yo‘qoldi, u otasidan o‘zini olib qochadigan bo‘ldi.

Nihoyat, qiz o‘n uchga to‘lib-to‘lmas, Xuan-Shi muddaosini Sholiboyga bildirishga qaror qildi.

Boy dalaga kelavermas edi. Xuan-Shi ancha vaqt fursat poylab yurdi. Nihoyat bir kuni Sholiboy kelarmish, degan gap tarqaldi. Yo‘llar, chaylalar supurib-sidirildi, u muhtaram zotga atab bir shiypon qurildi. Nihoyat, ulkan gavdasi taxtiravonda yalpayib, Sholiboy keldi.
Sariq ipak kiyimlari hilpirar, semiz barmoqlariga katta-katta uzuklar taqib olgan, oyog‘idagi yiltiroq shippagining o‘zi bir qishloqning xirojiga teng ekan.

Chorakorlarning bari engashib ta’zim qilib turardilar. Sholiboy bir amallab taxtidan tushib, alpang-talpang qadam tashlab ular oldidan o‘ta boshladi.

Xuan-Shi hayajonda edi.

Mana, fursat yetdi. Agar hozir jur’atsizlik qilsa, shuncha yildan beri o‘ylab yurgan niyati amalga oshmay qoladi. Boyning kayfiyati yomon emas shekilli, balki jahli chiqmas, bechoraga muruvvat ko‘rsatar?

– Janob, – dedi Xuan-Shi, tomog‘i quruqshab.

Sholiboy to‘xtab, u tarafga o‘girildi. Shunda Xuan-Shi uning bo‘yni burilmasligini, balki butun gavdasi bilan o‘girilishini payqadi. Bu ulkan gavda, yo‘g‘on bo‘yin yelkaga bitib ketgani uchun burilmaydigan bo‘lib qolgan ekan.

– Kim menga “Janob” dedi?

– Men, – dedi Xuan-Shi. – Shu… sizga bir sovg‘am boriydi.

– Sovg‘ami? – dedi Sholiboy. – Sovg‘a bizga yoqadi. Qanaqa ekan?

“Yolg‘iz bir qizim bor, atay oyoqchalariga kishan kiydirib o‘stirganman” demoqchi bo‘ldi Xuan-Shi, ammo gapirolmadi, Boyning salobati uning tilini boylab qo‘ygan edi.

– Shu… qizim, – deya oldi xolos.

A’yonlar Xuan-Shining niyatini darhol ilg‘ashdi.

– Muni bir qizi bor, – deyishdi Sholiboyga. – Mitti, ozg‘in, jonsizgina qizaloq. O‘shani sizga hadya qilmoqchi.

– Mitti, kichkina ekanmi? – deb so‘radi Sholiboy va qattiq kulib yubordi. Uning diqqatini shu yerda uchib-qo‘nib yurgan sariq chumchuq tortgan edi. – Ana u chumchuqchalik ekanmi?

Bu g‘alati kulgi Xuan-Shini yanada esankiratib qo‘ydi.

– Yo‘q, janob, chumchuqcha emas, – dedi og‘rinib. – Sizga juda mos.

– Menga juda mos ekanmi? – dedi yana boy. – Bu fikr kallangga qaydan kela qoldi?

– Siz kichkina oyoqchalarni yaxshi ko‘rarmishsiz.

– Men sirayam yaxshi ko‘rmayman, – dedi Boy. – Chunki, ko‘zim xiralashib qolgan. Men yomon ko‘raman.

Yonidagilar xoxolab kulishdi. Hozir boy Tan sulolasida urf bo‘lgan so‘z o‘yini qilmoqda edi, ammo Xuan-Shi oliy tabaqa saroylariga xos san’atni qaydan ham tushunsin?

– Sin-shu, senga xotin kerakmi? – dedi Sholiboy, yonidagi qotma, tishlari to‘kilib ketgan cholga qarab. – Kerak bo‘lsa, ana, olaqol. Oyoqchalari ham mitti emish.

A’yonlar yana kulishdi.

– Yo‘q. Menga xotin kerakmas, – dedi Sin-shu degan chol.

Shundan keyin Sholiboy yo‘lida davom etdi, a’yonlar chug‘ur-chug‘ur qilishib ortidan ergashishdi.

– To‘xtang… Axir… – demoqchi bo‘ldi Xuan-Shi, ammo tili yana aylanmadi.

Xuan-Shining ruhi tushib ketdi.

Hayotida mazmun qolmaganday tuyuldi.

Endi nima qilsin?

Hozir kulbasiga borsa, kavushini taqillatib qizi chiqib keladi. Bechoraning shuncha chekkan azob-zahmatlari behuda ketdi. Endi qiziga qaysi yuz bilan “Ech shu yaramas matohni” deydi?

Bu yerlardan boshimni olib ketsammikin, deb o‘yladi u.

Shu fikri o‘ziga ma’qul keldi.

Uzoq-uzoqlarda Tiyonshon boshidagi ko‘k muzlariyu oq qorlari bilan savlat to‘kib yarqirab turardi. Umr bo‘yi yetishib bo‘lmas musaffoliklar o‘sha yoqlardaday tuyulardi. Lekin, qalbni og‘ir yuk ezar ekan, u musaffoliklar orom bera olarmidi? Koshki biror kor-hol ro‘y bersayu xotiramdan ayrilib qolsam, deya orzu qildi Xuan-Shi. Ha, Tiyonshon azim, ulug‘vor, balki bag‘rida vahshiy hayvonlari ham bordir? “O‘sha yoqqa jo‘nasamu ayiq g‘ajib ketsa yaxshi bo‘lardi” deb o‘yladi u.

Ayiq g‘ajib ketsa… qishloqdagilar uni sirayam malomat qilishmaydi. Qizi esa, taqdiriga tan beradi. Onasi bilan birgalashib, yana Sholichi boy dalalarida ishlab, el qatori kun kechiraverishadi, ammo…

Shu qarorga keldi Xuan-Shi va Tiyonshon tomon ketdi.

Shundan so‘ng uni birov ko‘rmadi.

* * *

Ota g‘oyib bo‘lganidan so‘ng, ona-bola sholi dalalarida ishlay boshlashdi. Vaqti kelgach, beva xotin qizini o‘sha atrofdagi bir kishining bolasiga uzatdi.

Yillar o‘tib, farzandli bo‘ldi. U tengilarning bari dalalarda birday mehnat qilar edilar. Sholiboy ham o‘lib ketdi, bepoyon sholipoyalar semiz-semiz bolalariga qoldi.

Shundan so‘ng davr tezlashdi, u shitob aro odamlarning qiyofalari ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Tan sulolasining hukmronlik davri ham tugab ketdi.
Yana yillar o‘tgach, o‘sha kichkina qizcha munkillagan kampirga aylandi.

Endi mehnatga yaramay qolgan, kulbasining oldida qiyom vaqtigacha, issiq qaytganidan keyin esa shomgacha o‘tirar, atrofini o‘rab olgan bolalarga har turli voqealarni aytib berardi.

Ayniqsa, yog‘och kavush haqidagi xotiralarini gapirishini yaxshi ko‘rardi.

– Otam benihoya rahm-shafqatli kishi edi, sizlar bilmaysizlar, – der edi. – Qizim shu tevarakning eng go‘zali bo‘lsin deya, o‘z qo‘llari bilan yog‘ochdan kavush yasab bergan edi.

– O‘sha mahallarda imperator saroyida kichkina oyoqchalar urf bo‘lgan ekan, – der edi. – Umri zahmatda o‘tgan otajonim muhtasham saroylardagi odatlarni qaydan bilaqolibdi? Kizginam oliynasab dargohlarga mos bo‘lib o‘ssin, deganini aytmaysizmi?

Keyin bolalarni yetaklab qirib, kulba to‘riga avaylab qo‘yilgan o‘sha matohni ko‘rsatardi. Kavush vaqt o‘tishi bilan qoraygan, issig‘u sovuqlarda chatnab yorilgan, ko‘rgan kishi bu matohni odam qanday kiyib yurishi mumkin degan xayolga kelardi.

Kampirning eng ardoqli narsasi mana shu kavush bo‘lib qoldi, uni yeru ko‘kka ishonmas, hatto o‘lib qolsam, qabrimga qo‘yinglar deb vasiyat qilardi.

Butun umri mehnat bilan o‘tgani uchun, eslashga arzigulik hech nimasi yo‘q edi. Faqat, bolalik musaffoliklarida darak beradigan, yeru ko‘kka ishonmaydigan bitta ashyosi bor edi, xolos. U ham bo‘lsa, mehribon ota sevimli qizalog‘iga qachonlardir o‘z qo‘llari bilan yasab bergan kichkina, jinchiroq monand kavush.

Eski, yog‘och kavush…

2015