Bu – “Zaynul-arab”, ya’ni “Arab ziynati” deb nom olgan, toza ruhi qora yer zulmatidan samo sari nurday otilgan go‘zal Robiya hamda Afrosiyob botiri Bektosh qissasidir. Shuningdek, insonlar din uchun emas, din insonlar baxt-saodati uchunligining ibratli, huzunli rivoyatidir.
Robiya go‘zalligini ta’rif etishga kimning haddi sig‘ar ekan? Axir, u yetti qavat parda ostida maxfiy edi. Otasi, Balx amiri Abdulloh ibn Kaab “Qizimning zulfining ikki tolasi uchun Mashhadu Balxni baxsh etishga tayyorman” dedi, biroq bu so‘zi bilan ne ishlarga yo‘l ochib berganini o‘zi bilmay qoldi. “Yo Alloh! U qanday zulf ekanki, yorug‘ dunyoning ikki shahri tortiq bo‘lib ketsa?” deb o‘ylashdi odamlar. Ne-ne shahriyorlar, amiru beklar uni so‘rab kelaverishdi, biroq Kaab qizini hech qaysisiga bermadi. Ilmi borlar aytishdiki, bu ish xuddi Parvardigor jannatni yetti qavat parda ostida tutganiga o‘xshaydi, uni esa, faqat mahramlar ko‘ra oladilar. Shu bois, bizlar ham bo‘lib o‘tgan ishlarning zohirigayu u erka arab ohusining kishilar nazdidagi ta’rifiga nazar tashlay olamiz, xolos…
Robiya qiz gullarni juda sevardi. Gullar esa uning go‘zalligini ta’kidlash uchun yaratilganday edi. Nastarin unga tonggi, binafsha tungi libos bo‘lishni orzulardi. Nargis – xushchog‘ mahalidagi qabosi, pechakgul – ro‘moli ostidan boylaydigan sochbog‘i bo‘lgisi kelar, qora tun uning burqa’si, tun bag‘ridagi yulduzlar bir nigohining mazmunini ifodalashni orzu qilishardi. Bol uning so‘zlarining ta’mini o‘ziga singdirib olishni xohlardi. Kamon uning qoshi oldida arzimas bir narsaman deb o‘ylasa, qaldirg‘och o‘z qanotiga qarab, Kaabning qizi oldida men hech nima emasman deb iztirob chekardi. Kiprigi oldida Damashq xanjari oddiy tikanday bo‘lib qolardi. Tonggi yoki tungi sabo uning nafasiga, musaffo tog‘ jilg‘alarining jildirashi esa kulishiga taqlid qilardi. Axir, o‘zi ham o‘ziga boqib “Subh shabbodasida kiyikdan olinadigan yoqimli nofa mushkidan asar ham yo‘q edi, jahon nima sababdan mushk bo‘yini oldi?” deb hayratlanmadimi?
Arab shoirlaridan biri debdiki, Kaab sulolasi bir dengiz edi, taqdir undan bir qancha javohirlarni sohilga uloqtirib yubordi. Insoniyat osmoniga Robiya binti Kaabni Zuhal qilib qadab qo‘ydi. U shunday yulduzki, chaqnaganida boshqa yulduzlar uyatdan bo‘zargaylar. Sen uni uzoqdan ko‘rib Zuhal demoqdasan, mohiyatiga yetsayding, balki Koinot der eding! U falakning shunday javohirlariga yetib bordiki, arabu ajam erkaklari zakovatda va fasohatda unga yaqin ham kela olishmadi, Robiya binti Kaab ularning barchasining ustidan kulib ketdi. Ular esa bundan saodatmand bo‘ldilar, chunki shoir aytganiday, “Men bu holdan baxtiyorman, chunki shoh nazariga tushdim”.
Hindu Rum oshpazlari, Damashqu Sheroz qandolatchilari, Xuroson sharbatchilari unga o‘z san’atlarini ko‘rsatgisi kelardi. Cho‘milgisi kelsa hovuziga sut quyilardi, shirinlik yegisi kelsa murabbo irmog‘i oqizilardi. Otasi “Qizim yoz jaziramasida muzday sharbat ichsin” deya atay “yaxchol” deyiladigan muzxona qurdirdi, u shunday ediki, kunga ters bir joyga yerto‘la qazilib, ostiga qamish bosilib suvalgach, qishda suv to‘ldirib muzlatilib, usti yopib qo‘yilardi. Terskay bo‘lgani uchun muz yozda ham erimasdi. O‘nlab joriyalar amir qizining xizmatiga shay edilar. Go‘zalligidan tashqari, otda yoki arablar “taliq” deb ataydigan urush tuyasida jang qilishni, yoy tortish, qilich chopish hunarlarini ham o‘rgandi. Shiddati shunchalar ediki, shunqor parvoziyu eng tezchopar otlarning yelishi g‘ayrati qarshisida ojiz edi.
Shunday malak edi Robiya binti Kaab.
U o‘n bir yoshidan g‘azal bita boshladi. Go‘zalliklarni ko‘ra-ko‘ra ulg‘ayayotgan nozik qalb ularni dunyoga yanada jilolantirib, o‘z chiroyiga to‘yintirib hadya etmoq istardi. Shu boismikin, jahon mushk bo‘yini olib Arjangi Mono, ya’ni Moniy naqshi bo‘ldi, ko‘kdagi bulut yerdagi gulning rangini Layli libosiga o‘xshatib ko‘z yosh to‘kdi? Urushlarda chiniqqan, kofirlaru mardudlar qonini selday oqizgan jasur Kaab u g‘azallarni qizchasini quchoqlab, boshini boshiga qo‘yib birgalashib o‘qir, o‘qigan chog‘ida ko‘zlari sevinchu shukronadan namlanib ham olardi.
Qizi bitgan g‘azallarni Xurosonning mashhur shoiri Abu Abdulloh Rudakiy ixtiyoriga havola qilishga undagan ham otalikning buyuk mehri bo‘lsa ajabmas. Chunki ta’kidlanganidek, qizlaru ayollar – erkaklar or-nomusining timsoli, benihoya qiymatli javohirlardir, shu sababdan ularning borlig‘iyu hatto ovozi ham maxfiy tutiladi. Robiyaning gullaru bog‘u bo‘stonlar haqidagi baytlari keksa shoirni shunchalar hayratga solardiki, o‘qib bo‘lib, hayratu maqtov to‘la maktublarini Balxga yo‘llar, ular yetib kelib, amir Kaab dil bo‘stonini chaman qilib yashnatardi.
Abdulloh ibn Kaab Balxu Qazdorda shunday tartib joriy qildiki, mamlakatda bo‘riyu qo‘y, arslonu toy yonma-yon, bexavotir yashar edilar. Har ishda adolat joriy bo‘lsin deb shayxulislom bilan birga bozorlarni aylanar, narx-navoni so‘rab-surishtirar, insofsizlik qilganlarga jazo tayinlar, odilligi bois o‘lka gullab-yashnardi. Kishilar amir Kaab haqqiga tinmay duo qilishardi.
Ammo charxi kajraftor qalami samo lavhul-mahfuziga ne ishlarni yozganini kim bilibdi, deysiz? Saodatli kunlarning birida ajal yoychisi Kaabning jon qushini aniq urib oldi. Hech kim u onni ortga sura olmadi. Amirning quyoshday boshi saltanat osmonidan quyiga dumalab ketdi. Joni chiqishini bilgach, – zero, shoir aytgani kabi, “Nega keldi, nega ketdi, bilmaslar…” – suyukli farzandi Horisni chorlab, “Ey jonimning parchasi, ko‘zimning oqu qorasi o‘g‘lim! Singlingni senga omonat topshirdim. Uni ne-ne kiborlar, necha beklar, amirlar, shahriyorlar so‘rab bosh urib kelishdi, lekin men bermadim. Sen ber, tengini topib uzat”, dedi.
Bu so‘zni aytgach, dedi:
Kamoni Haqni tortguvchi bashar yo‘q,
Nechun kelgay, nechun ketgay, xabar yo‘q.
Nechun kelgay, buni hech kimsa bilmas,
Nechun ketgay, dag‘i bilguvchi bo‘lmas..
Shunday deb, ajal elchilari qarshisida zor-zor yig‘lab o‘lim ruku’siga ketdi, uni yuborgan Allohu akbarga taslimiyat sajdasini ado etdi hamda mo‘minlikning oq libosiga o‘ralib, ko‘zining oqu qorasi ila abadiyan vidolashdi.
Kaab tuproqqa berilganida Robiyaning ohu zori ko‘klarga sig‘madi. Ota mehri qanchalar ko‘klarni to‘ldirguvchi esa, qiz mehri ham u samo ostidagi dengizday edi. “Jonimning Ka’basi otam” deya o‘zini o‘tga-cho‘qqa urdi. Shum ajalning qilmishlariga kim ko‘nikibdiki, Robiya ko‘niksin? Biroq, Tangri taolo irodasiga tan berib, aziz qiblagohining quyosh chehrasini sog‘ina-sog‘ina yashayverdi.
Kunlarning birida taqdir qushi bu sulola boshiga kelib qattiq qichqirdi hamda qanotini ular uzra yoyib, ne mash’um ishlarga ro‘para qildi.
* * *
Abdulloh ibn Kaab Haq rahmatiga qovushganidan so‘ng, shoh Nasr ibn Ahmad saltanat ravnaqi uchun qilgan xizmatlari yuzasidan Kaabning o‘g‘li Horisni Balx amiri etib tayinladi. Saltanat toji endi o‘g‘il boshida porladi, amirlaru lashkarboshilar uning aytgan so‘zini quloq qoqmay ado etishga bay’at qilishdi.
Abdulloh ibn Kaab o‘g‘lining olim bo‘lishini istardi. Biroq, Horisning g‘ayrati hamda o‘zg‘irligiga ilm ozlik qilardi, u g‘alaba qozonishni, shiddatli urushlar girdobida oqishni va u yerdan g‘olibu fotih bo‘lib chiqishni orzulardi. Sababi: u yoshligida zaifgina, yuzida tirtig‘i bor bolakay bo‘lib, tengdoshlari uni kuchsizligi bois masxaralab yurishardi. Har masxaralanganida uyiga qaytib, bog‘ chetidagi hammomga kirib yashirinib olar, u yerda malomatdan ezilib yum-yum yig‘lar, qizdirilganu endilikda soviy boshlagan hammom harorati va islari aro qahru g‘azabda lov-lov yonib o‘tli qasamlar ichar, so‘ng o‘ziga kelib qaytib chiqardi. Kelajakda yengilmas botir bo‘lib yetishishni, o‘zining kuch-qudratini o‘zgalarga shu tariqa ko‘rsatib qo‘yishni orzulardi. Madrasa tahsili ko‘p davom etmadi, Kaab o‘g‘lini lashkarboshilar orasiga qo‘shdi.
Horis lashkarga qo‘shilgan mahalda goh u yerda, goh bu yerda isyonlar sodir bo‘lar, jangovar bo‘luklar bo‘ysunmas elatlarni bo‘ysundirish, ularni islomga qaytarish niyatida yo‘lga otlanishardi. Ilm oqillar uchundir, tog‘u toshlarning johil kishilarini va’zu nasihat ila yo‘lga solib bo‘larmidi? Shu sabab ko‘p ishlar tig‘ va o‘lim qo‘rqinchi orasida sodir bo‘lardi. Dunyoga islom dini kelganiga bor-yo‘g‘i bir necha asr bo‘lgan, oddiy kishilar uning haqiqatini anglayolmay, yashirincha tog‘u toshlardagi maxfiy ibodatxonalariga chiqib olov yoqib, o‘z e’tiqodlarida davom etishar, o‘limdan qo‘rqishgani bois, o‘zga dinni qabul qilishganini, qalblarida esa o‘z dinlariga sodiq qolishganini aytib, sanamlari qarshisida yalinib-yolvorib tavba qilishardi. Shunday bo‘lsa-da, kichik urushlarni hisobga olmasa, mamlakatlarni qamrab olguvchi va yoshu qari xonumonini birday kuydiruvchi ulkan urushlar sodir bo‘lmas, bu ham shoh Nasr ibn Ahmadning hamda amir Kaabning oqilligi bois edi.
Horis ibn Kaab taxtga o‘tirish marosimida katta bazm to‘pladi. Hurmat-e’tiborga sazovor a’yonlar, olimlaru shoirlar, lashkarboshilar, beklaru bahodirlar, urushlarda dong‘i chiqqan botirlarning bari shunda edilar. Tabriz qurobiyalari, Mashhad holvalari, Halab qadoyiflari paydar-pay yetkazib turilardi. Chuhralar Jauzjon, Shibirg‘on, Kandahor chog‘irlarini ketma-ket tashishardi. Sariq tusli sahbo, sutday oq sofchash, yashil rayhoniy, mayi nob, afsar, qonday qirmizi mug‘ona, xira tusli Kofuriston bodasi, kishmishli kishtiyi, hatto beadablarcha “kishti haloli” deb nomlangan, rangu tusidan gulobga o‘xshash Hiriy chog‘irigacha olib kelinardi.
Bular qadahlarga ketma-ket quyilardi. Cholg‘uchilar kuylarni shunday chalishardiki, kishilar o‘zlarini yo‘qotib, qayda ekanliklarini unutib qo‘yishardi. Ud sadolari ila shunday she’rlar aytilardiki, kishilar uning sehriga mahliyo bo‘lib yoqa yirtishardi.
Yot nazardan uzoq bir boloxonada Robiya o‘z enagasi bilan bazmni tomosha qilar ekan, ayni chog‘da qismat yoychisi uni ishq o‘qi bilan chunon urdiki, avvalgi Robiyaning kulini ko‘klarga sovurib yubordi. O‘rnida qaqnusday bo‘lib, yanada malohatli o‘zga Robiya yaralib chiqdi.
Tangri taolo har narsaning juftini mukammal qilib yaratmadimi? Biroq bu gal tun kunduzni quvalab yetmoq istadi. Oy quyosh ortidan yugurdi. Cholg‘u kuy ortidan chopdi. Dengiz sohilga bosh urdi, sohil esa, ixtiyorida shuncha suv bo‘laturib tashnalikdan fig‘on chekdi. Gul bulbulga intildi, zero, bulbulsiz uning umrida ma’no qolmadi. Robiyaning nigohi o‘z ozodligining qotili, tik qadli mag‘rur Bektoshga tushdi-yu, o‘zini tugal unutaqoldi.
Aytadilarki, bu ish Robiyaning ixtiyoridan tashdagi ish edi. Uning qismati taqdir qalami ila ko‘kda yozilgandi.
Ajab, malikani o‘ziga rom aylagan turkiy yigit kim edi?
* * *
Andxo‘y-u Maymanadan Afrosiyobgacha, Choch ellaridan Ho‘qandu Marg‘iyonagacha, undan nari dovon ortigacha yoyilib ketgan yoyiqlarda yashaydigan turkiylar jangu jadal ustalari, hech nimadan tap tortmasligiyu botirligi bilan dong taratishgan edi. Ayni zamonda bu yurakli el orasida ilmu urfon yulduzlari chaqnagan bo‘lsa-da, turkiy yigitlarning ilmga hushi yo‘qroqlari otameros jang hunarini tanlar, otga minsa, go‘yo u bilan birga tug‘ilganday qapishib o‘tirar, ba’zilari egarni aylantirib, chopa ketayotgan ot yoniga tushib, o‘sha holicha kamon otishardi. Bir otdan boshqa otga sakrash, hatto orada salt bir ot esa, uchinchisiga sakrab o‘tish yoki havoda aylanib o‘q uzish ularning jo‘n ishlari edi. Shu sababli shoh Nasr ibn Ahmad cherikni tog‘u toshlarga yoyilib ketgan qabila sarbozlaridan emas, turkiylardan tuzishni ma’qul ko‘rardi. Bu askar tezkor, shiddatli, o‘zg‘ir hamda chidamli edi. Saltanatda urush chaqmog‘i chaqnamagan kezlarda cherik Balx tegrasiga yoyilib tin olar, ov bilan mashg‘ul bo‘lardi.
Nasr ibn Ahmadning yurishlaridan birida Amir Kaab ham bor edi. Movarounnahr dashtlaridan birida o‘qlari samoni qoraytirib, quyoshni to‘suvchi ulug‘ jang bo‘lib o‘tdi. Ikki kecha-kunduz davom etgan muhorabada amir Kaab zafar sharobini to‘la sipqorib, g‘alaba burg‘usini chaldi hamda boshqa asirlar qatorida turkiy beklardan birining o‘g‘lini ham tutqun qilib ola keldi. Chaqqonu ziyrakligi ma’qul kelib, uni saroyga xos qo‘riqchi qilib tayinladi. Amir xizmatida u yoy tortib o‘q urish, qilich o‘ynatish, nayza otish kabi hunarlarni o‘rgana-o‘rgana, mohir askar bo‘lib yetishdi. Ayni damda fatila sochlari yelkasiga tushgan bu ko‘rkli yigit Horis ibn Kaab yonida may kosalarini uzatib turardi.
Borlig‘i ila Robiya umrining musaffo osmonida chaqmoq chaqnatgan yigit mana shu Bektosh edi.
Sultonlarni ko‘kdagi yulduzlar qatoridagi taxtidan uloqtirib juldur kiyimli gadoyga aylantiruvchi, kishilar hazar qiladigan muflis gadoylarni hech kimning aqli yetmas bir yo‘sinda yetti iqlimga sulton aylaguvchi, na’rasi ko‘kni buzguvchi arslonlarni quyonga, odamlar xonadonidan don-dun o‘g‘irlab kun kechiruvchi sichqonlarni filga hukmdor qilguvchi ey ishi noma’lum falak! Arabu forsu turkiyni bir yerga keltirib, qay biri o‘zining ne ekanini bilolmay turgan mahalida dovdiratib qo‘ygan ey charx! Bog‘u rog‘larni, shoh saroylariniyu faqir kulbalarini birday vayron qiluvchi u mudhish qismat selini shu musaffo gul-chechak bo‘stoniga burmasang ne bo‘lgay edi? Yerlarning tublaridagi ko‘zsiz qurtga qadar Tangri taoloning rizqu marhamati yetib turgan edi-ku, yetti qat parda ortidagi u qandga suvni nechuk yubording? Toza-musaffo u zamzamni qay o‘zanlarga burding? Ishq otashi ila ko‘z yosh selobini bir vujud ichra qay tarz qon qilib yugurtirding? Marhamatlaru ne’matlar olamida bir maromda oqayotgan umr daryosiga ne to‘g‘onlar solding?
Ha, qismat bulutlari surilib kelib, ishq chaqmog‘i ishqsiz qaqroq tuproqlarni ayamay qamchiladi. Yetilgan yerlarga muhabbat yomg‘iri yog‘di. Qaqroq yerdan turfa gul-chechak unib chiqdi, ularning rangu tusi, ifori turli-tuman bo‘lib, bahor hamda jonlanishning hayotbaxsh manzaralarini hosil qildi. Aytadilarki, bir malika tug‘ilgani on Tangri taolo uning shahzodasini yaratmish bo‘lgaydir. Robiya o‘zining bemisl zakovati ila o‘z taqdirining jallodini tanidi.
* * *
Ilmi hoziq egalari aytadilarki, ishq bir xastalikdir. Kaabning ko‘zining oqu qorasi Robiya shu dardga mubtalo bo‘ldi.
Ishqda insonning o‘zligi qolmagaydir, ruhi boshqa bir ruhga qul bo‘lgaydir. Ne tongki, bek o‘g‘li Bektosh asir edi, falak bir aylandi-yu, arab malikasini unga asira qilib qo‘ydi. Olamlar Parvardigori bu ishni hech bir lashkarsiz, o‘qsiz-kamonsiz sodir qildi.
U dard bu mas’uma qizchani yiqitdi, rangini sarg‘aytirdi, xayolini tarqatib, har tarafga sochib yubordi. Suyukli singlisining dardga chalinganidan qayg‘urgan Horis o‘z bog‘iga tabiblarni chorladi. U mahalda Balxda ayol tabib yo‘q edi, erkak hakimlardan bir nechtasi kelib to‘sqich ortidagi Robiyaga Suman orqali turli savollar berishdi. So‘ngida qiz bola voyaga yetish davrida shunday ishlar bo‘lib turishini aytib, balx anori, tog‘ yong‘og‘i va bodomcha mevasidan ma’jun tayinlab ketishdi. Biroq bu – xuddi suvsiz qaqragan yer qolib, boshqa yerni sug‘orish bilan barobar edi. Robiyaning dardi zo‘rayaverdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tib, ichidagi olov tobora gurlab, jismu jonini yoqib yuborishini anglab yetgach, ishongan enagasi Sumanga o‘z sirini ochdi.
Suman o‘z malikasining holatini angladi, uning qoshida tiz cho‘kdi, sha’niga maqtovlar aytib, so‘ng dedi:
– Malikam, bir qoshiq qonimdan keching! Ixtiyoringiz qoshu ko‘zim ustiga, biroq, bu ishning orti kesik ekanini mendan yaxshiroq bilasiz.
– Ey Suman, – dedi Robiya. – Zarb tegmasa, sas qanday chiqsin? Axir, daf ham zarb yegani bois un chiqaradi. Qamish o‘z holicha hechdir, biroq, bag‘ri tilinsagina nola qiladi. Men bir soz edim, taqdir sozandasi har ko‘yda chalsa, qanday qilib ixtiyorim o‘zimda qolsin?
Buni eshitgach, Suman bisotidagi shirin so‘zlarini aytib malikaga tasalli berdi, Robiya unga bir maktub bitdi. Unda shunday yozilgan edi.
“Bir dengiz bor edi, suvi Zamzamday toza, Qulzumday beg‘ubor, Kavsardan suv olardi. Tangri taolo amri ila goh to‘lqinlanib, goh to‘fonlar ko‘tarib mavjud edi.
Biroq u o‘z sohiliga yetishishga har qancha urinsa-da, qirg‘oqqa har qancha bosh ursa-da, ne’matlaridan bahramand bo‘lolmay, pushaymonlik ila ortiga qaytar edi.
Sohil esa qarshisida shuncha suv bo‘laturib, suvsizlikdan qaqrardi. Ey birodar, zolim falak dengizu sohilni yonma-yon yaratib, ularni bir-biriga yetolmaydigan qilib qo‘yganini ko‘rmayapsanmi?
Ey Tangrimning quli, aytdilarki, oshiq – ma’shuqning qo‘lidagi sozdir. Falak sozandasi uni chalganida qanday kuy chiqarishini sen qaydan ham bilarding?”
Shu kabi so‘zlar bitilgan hamda Robiya surati chizilgan maktubni qo‘yniga solib, Suman saroyga yo‘l oldi. Bir ilojini qilib maktubni Bektoshning qo‘liga yetkazdi. Bektosh uni o‘qib, tugal ma’nolari ongiga yetib borgach hamda so‘z amir Horis ibn Kaabning singlisi haqida ekanini bilgach, falakning ishlariga lolu hayron qoldi. Suratni ko‘rgach esa, qalbiga u o‘tning bir parchasi lovullab tutashdi.
“Bu bashar ishi emas, falak ishidir. Yo‘qsa, qulning qulga ne haddi bo‘lsin? – der edi maktub egasi. – Magar sening fatila soching chavgon esa, boshim u chavgonda to‘p bo‘laqolsin! Ey jonimning qotili, bu ishning mazmunini tugal angla, agarki qahr etsang ham hech bok yo‘q, hatto qahringga ham jonim tasadduq…”
Bu o‘tlig‘ maktubni o‘qib, Bektoshning ham hushi boshidan uchdi, so‘ng:
– Ey yalmog‘izlar onasi, – dedi. – Qilichim keskir, yoy o‘qim nishonga bexato uradi, biroq amirning so‘zi undan chandon keskir, uning o‘qi yanada o‘limchilroqdir. Men mag‘rur bek bolasiman, amir kuragiga tig‘ urish mening ishim emas.
Suman shu xabarni olib iziga qaytaverdi.
Shundan so‘ng Robiya bilan enaga o‘rtasida shunday suhbat bo‘lib o‘tdi.
– Ey husn aro yagona, zakovatda tanho malikam, – dedi Suman. – Men bu ishning oqibatidan qayg‘uga cho‘mmoqdaman. Mo‘tabar sulolangizning zilol bulog‘i loyqa ajam suviga hech aralashurmi? Chor atrofdagi barchaning malomatiga nishon bo‘lmasangiz deb qo‘rqaman.
– Ey hiylagar Suman, – dedi Robiya. – Yusuf qul edi, Zulayho uni ko‘rgach, o‘zini tamom unutdi. Habash Bilol ham qul edi, Tangri uning martabasini shunday ko‘tardiki, firdavsda payg‘ambar yonidan joy oldi. Har kim olamlar sarvarini Isroil avlodlaridan kelgay dedi, u esa qurayshdan chiqib keldi. Qul kimu sulton kim, sen menga buning sirini tushuntira olasanmi?
Robiyaning bu so‘zlaridan so‘ng Sumanning aytar so‘zi qolmadi, biroq bu ishni taqdir yechimiga havola qilishni ma’qul ko‘rdi.
* * *
Keksa falak bu asov, erka arab qizi oldiga o‘zining maxfiy sirlarini dur qilib sochib yubordi.
Bu go‘zal bog‘i anvor ichra o‘zining paydo bo‘lishini shunday ta’rifladi:
Bas ey! Ayyomi gul hulyoga o‘xshar,
Chaman Arjang kabi inshoga o‘xshar.
Sabo Chin ohusi mushkin ufursa,
Ajab ramzu ajab ma’noga o‘xshar.
Bulut yig‘lar bo‘lib Qays, chunki u gulning
Egnida libosi Layloga o‘xshar.
Tutar ashkiga lola la’lgun jom,
Dema jom, ul shafiq ma’voga o‘xshar.
Qadah ich to‘xtamay, dunyosidan kech,
Bu dunyo ishqi zo‘r uqboga o‘xshar.
Kiyib nargis kumush gulbargdin toj,
Xusravidek buyuk podshoga o‘xshar.
Qabo kiymish magarkim osmonrang,
Binafsha zohidi tarsoga o‘xshar…
Shu she’rni bitib, yana Sumanni chorlab, Bektoshga yetkazishni buyurdi.
Bu g‘azalning so‘ng baytining ma’nosiyoq umrlarga teng edi. Binafsha och moviy libos kiydi, uning bu libosni kiyishdagi ixtiyori o‘zida edimi? Yo‘q, bahor tufayli shunday bo‘ldi. U moviy libosi bilan samo rangiga taqlid qildi, shu qiyofasida zohidi tarsoga o‘xshab qoldi. Men ham binafsha kabi ishq libosini kiygan bo‘lsam, imonimni tark etib tarso qiziga o‘xshab qoldimmi?
Maktub Suman burqa’si qatida o‘z manziliga yo‘l oldi. Bektosh dediki:
– Olloh-olloh, bunday ajoyib so‘zlarni men bashar og‘zidan sira eshitmagan edim. Sen ne-ne ishlarni ko‘ra-ko‘ra ko‘zi pishib ketgan yosuman kampirsan, menga yo‘l ko‘rsat. Yoki to‘ppa-to‘g‘ri amir qoshiga borib, boshimni kundaga qo‘yayin-u, bor gapni ochiq-oydin aytay.
Suman dediki:
– Ey jasoratli bek o‘g‘li Bektosh! Koshki sen buning mazmunini anglagan bo‘lsayding! Lekin seni nega malomat qilayin, axir davvora olimlari ham u ma’nolarga yeta olmaydilar. Sen bu ishning avvaliyu oxiriga razm solsang, muddaoni anglagan bo‘lgaysan. Bir gul chamanda ochilsayu chaman uning rangini olsa hamda zohidi tarsoning libosini kiysa, – axir, moviy rang motam timsoli emasmi? – buning ne ekanini anglamadingmi? Falak bu ishning bir chorasini ro‘para qilmaguncha sabr qil.
* * *
Bu orada taqdir yoychisi yana bir kulfat o‘qini kamonga joylab, otishga shay turgandi.
Horis ibn Kaab saroydan o‘z bog‘iga qaytmoqda edi.
Tashqi hovlini Balx ahli “berun” deb ataydi. “Andarun”, ya’ni ichki hovli ayollar, joriyalar hamda kanizlar qismi. Ichki hovli chog‘roq bo‘lsa-da, jannat bog‘laridan kam emas. Har taraf gulu gulzor, Balx tuti, Xuroson o‘rigi, narida qashangi anguri deyilgan qora uzumlar, gilos, nok, olmayu bodomcha ham gul ochgan, ifori har yoqni tutgan mahal.
Robiya bahoriy mushk isi anqigan shu so‘lim bog‘da, kichik supada tong-la bitgan g‘azalini Sumanga o‘qib berardi.
G‘azal shunday edi:
Ki ey, bodi sabo, borgil, guzar qil,
Chu mendan turki yag‘moga xabar qil.
Degilkim, tashnamen, uyqumni olmish,
Olib uyqum, meni g‘amlarga solmish…
Shu mahal amir o‘z bog‘iga kirdi. Berunni bir ko‘zdan kechirib, g‘ulomlarga u-bu yumushlarni buyurib, singlisidan xabar olgani andarunga yo‘naldi. Chaman oralab bir oz yurgach, Robiyaning ovozini eshitdi. U o‘qigan g‘azal qulog‘iga kirgani on ma’nosi ongida chaqin hosil qilib, g‘azab olovini o‘sha zahoti lovullatdi. Musibat o‘qi nishonga aniq tegdi. Supaga chopa keldi hamda jon-jahdi bilan:
– Hoy sen, gumroh, ne deding? – deb qichqirdi.
Robiya she’r og‘a qulog‘iga yetganini o‘sha zahoti anglab, ta’zim qilib aytdiki:
– Otamning yodgori og‘am, bu she’r nega sizni buncha g‘azabga soldi?
Ki ey, bodi sabo, borgil, guzar qil,
Chu mendan surxi saqqog‘a xabar qil.
Degilkim, tashnamen, uyqumni olmish,
Olib uyqum, meni g‘amlarga solmish…
Ya’ni, bizga har kuni suv olib keladigan meshkobchimiz Surxi Saqqo kecha kelmadi. Tuni bilan tashnalikdan yonib chiqdim hamda tong mahali shuni bitdim.
Bu so‘zni eshitib, Horisning g‘azabi bir oz bosildi. “Meshkobchiga o‘n darra uringiz!” deya iziga qaytsa-da, shubhasi ketmadi. Joriyalardan biriga Robiyadan ko‘z-quloq bo‘lib turishini buyurdi.
* * *
Azaldan falak toqiga yozilgan hodisalar ketma-ket ro‘y beradi.
Kunlarning birida mamlakatga Sind daryosining u yog‘idagi ellar qo‘shin tortgani xabari keldi. U qo‘shinning fillari hamda o‘rgatilgan maymunlari bor emish. Lashkarboshisini “maqrach” der emishlar, cherigi qizil salla o‘rab, beliga lungi bog‘lar emish.
Horis ibn Kaab u qo‘shinning egasi kimligini, Xuroson ustiga qay maqsad ila yurish qilganini fahmlar edi. Bu ishni puxta o‘ylab, aql tarozusiga solib ko‘rib, dediki: “Har hayvon olovdan ko‘rqqay. Uni uchiga moy shimdirilgan latta bog‘lab yoqilgan o‘q ila urgaysiz. Alloh tadbirlidir”.
Shoh Nasr ibn Ahmadga xabar berib, ko‘mak yuborishini so‘rasa-da, yordam yetib kelishini kutmay, sabrsizlik bilan qo‘shinni olib chiqib, jang maydoniga tizdi. Yov qo‘shini ko‘ringach, otliqlar daryosini ular ustiga oqizdi.
Horis qo‘shinining asosiy qismi turkiylar edi. Avval ham aytganimizday, ular – chaqqon, ot ustida shamshodday o‘tiradigan, hech nimadan qo‘rqmay, o‘limga tippa-tik boraveradigan jangovar askarlardan iborat edi. Horisning aytgani bo‘ldi, bezatilgan fillar ustida besh-olti kishi o‘tirib olgan hamda kichik kamonlaridan o‘q uza-uza kelishardi. Fillarning terisi qalin bo‘lgani sabab o‘q o‘tmasdi. Horisning tadbiri ish berdi, moy shimdirilgan latta bog‘langan o‘qlar yondirilib otilgach hamda fillar ustidagi kajavalar yona boshlagach, olovdan qo‘rqqan u hayvonlar o‘kira-o‘kira har tarafga qocha boshlashdi. Mitti maymunchalar fillar vajohatidan qo‘rquvga tushib mitti ko‘zchalarini mo‘ltiratib shafqat so‘rab chiyillashardi. Shu taloto‘p asnosida Horis qo‘shini yov ustiga selday oqdi.
Bu jangda Bektosh ham bor edi. Bir qancha yovni yiqitib, savash-so‘qishda o‘zining ham boshiga o‘q tegib, otidan yiqilganida to‘satdan uning tepasida yuz-ko‘zini ro‘mol bilan o‘rab olgan kimdir paydo bo‘ldi. U Bektoshni dast ko‘tarib, otiga o‘ngardi-da, jang maydonidan chetga olib chiqib, yerga yotqizdi, qaqragan lablariga suvdonidan suv olib tutdi. O‘sha yerdagi kishilar chopib kelishayotganini ko‘rib, yana o‘sha shiddati ila otiga sakrab mindi-da, hanuz davom etayotgan jangu jadal to‘zoni orasida ko‘zdan yo‘qoldi.
Bu orada Nasr ibn Ahmad o‘n ming kishilik qo‘shini bilan yetib keldi. Jang amir Horisning g‘alabasi bilan tugadi. Bebosh yov son-sanoqsiz jonsiz askarini maydonda qoldirib, sharmanda bo‘lib ortiga qochdi.
O‘liklar yig‘ilib, maydondagi qurol-yarog‘lar terilib, yaradorlar aravalarda o‘rdugohga olib kelinganida, janggohda to‘satdan paydo bo‘lgan noma’lum askarni eslab qolishdi. Biroq u askar yerda ham, ko‘kda ham yo‘q edi. Uni hech kim tanimadi, kimdir hatto ko‘kdan tushgan malak bo‘lsa kerak, deb xayol qildi hamda shunday dedi: “Ey sen birodar, farishtani siymosiz deding, siymosini ko‘rmading, biroq u kilgan barcha ishlarni nechuk tan olding? Olamda sening nigohingdan maxfiy qancha ishlar ro‘y bermoqda, ularni ko‘rmaganing uchun yo‘q deya olasanmi?”
* * *
Bektosh jangda yaralanganidan buyon Robiya ham o‘q yegan qushday tipirchilardi.
Ul boshkim, sarvari toji kibordir,
Ne istar unda o‘q, unga ne bordir?
deb fig‘on urardi.
Ne bo‘ldi sengakim, qonlarga botding,
Meni bu chorasiz g‘amlarga otding?
G‘amingda sham kabi andoq kuyarmen,
Ko‘zimdan sel kabi yoshlar quyarmen…
Doya Suman maktubni olib yana yo‘lga chiqdi. Bektosh bir chodirda yotar, boshida tabiblar parvona edilar. Fursatini topib, maktubni unga topshirdi. Bektosh uni o‘qigach, dediki, “Agar boshimda bir yara bor, vale qalbimda ming yara bor. Bu olamda menga bir habib-mahbub yo‘q, yakka-yolg‘iz edim. O‘zining marhamati bilan meni sulton qildi. Bundan ortiq saodat bormi?”
So‘ng doyadan so‘radi:
– Qalbimu butun vujudim unga intilmoqdadir. Oy yuzini bir ko‘rmoqqa, qo‘llaridan bir tutmoqqa zoru intizorman. Sen undan so‘ra-chi, nega yoniq so‘zlari bilan o‘ziga oshiqu shaydo qildi, ammo men bilan xilvatda bir ko‘rishishga rozi bo‘lmadi?
Suman javob qildi:
– Hoy gumroh! U Allohu akbar izmidan sira chiqmagay. Uning senga bo‘lgan ishqi buyuk ishqqa bahonadir. Senga shu bas emasmi? Shunday sirdan ogoh qilsa-yu, sen unga tama’ qilasanmi?
Bektosh dedi:
– Degilki, marhamati meni hayotga qaytardi, bundan so‘ngra yorug‘ olamda u bor esa, men ham bordirman, vale u yo‘q esa, o‘sha zahoti men ham yo‘q bo‘lgayman!
Shunday deb, bu maktubni ham boshqa maktublar ko‘zining oqu qorasiday saqlanayotgan sandig‘iga soldi.
* * *
Qayda otash yonsa, sira maxfiy qolmas. Ichdan qiziy-qiziy, qirmizi gulxan bo‘lib lov-lov yongaydir, avval o‘zini, so‘ng tegrasidagilarni kuydirib kul qilgaydir.
Urush sababli shoh Nasr ibn Ahmad ham Balxga kelgan hamda g‘alaba nashidasini totib, o‘lka go‘zalliklariga mahliyo bo‘lib bir qancha muddat shu so‘lim makonda qolib ketgan, hatto Balxni poytaxt qilish xayoliga borgan edi. Bundan uning a’yonlari xavotirga tushib, Abu Abdulloh Rudakiyga o‘tinishdiki, shohga Buxoro ta’rifini qilgaysiz, shunday ta’rif qilingki, amir Balxni tark etib, Buxoroga qaytsin deya.
Abu Abdulloh Rudakiyning e’tibori shoh nazdida g‘oyat yuksak edi. Shundan so‘ng u o‘zining mashhur “Qasidai Buxoro”sini bitdi va shoh hukmiga havola etdi. Qasida chang sozining ushshoq navosi yo‘lida bitilgan bo‘lib, shunday edi:
Jo‘yi Mo‘liyon isi kelgay buyon,
Esga tushgay yodi yoru mehribon.
Ham Amuning qumlari, qumloq yo‘li,
Poyimizga yoyilur baxmalsimon.
Ot belidan past tushar Jayhun suvi,
Do‘st visolini xayol qilgan zamon.
Ey Buxoro, shod bo‘l, mangu yasha,
Shoh borur bag‘ringga yayrab shodmon.
Shoh agar oydur, aning osmoni – sen,
Oy borur osmon – Buxoroga tomon.
Shoh agar sarvdur, uning bo‘stoni sen,
Sarv borur bo‘ston – Buxoroga tomon…
Shoh uni o‘qib behad mutaassir bo‘ldi, ko‘zlaridan duv-duv yoshi oqib aytdiki: “Bu qasidani o‘qigach, Buxoroga yalangoyoq ketishga ham roziman”. Rudakiyga ikki ming dinor sovg‘a qildi hamda g‘alaba nashidasi bois poytaxt Buxoroda ulug‘ ziyofat tuzishini ma’lum qildi.
Abu Abdulloh Rudakiy ko‘ngli yumshoq kishi edi. O‘sha kuni u avval ma’jusiylar ibodatxonasi bo‘lib, keyinroq masjidga aylantirilgan “Etti gumbaz” masjidini ziyorat qildi. Undan chiqib, nuqra tomchilar sachratib oqayotgan Balx daryosi bo‘ylab kelarkan, so‘lim bir boqqa ko‘zi tushdi hamda yonidagilardan uning kimning bog‘i ekanini so‘radi. Kishilar uning Kaabga tegishli ekanini aytishgach, “Yo Alloh! Axir, amir Kaabning bir qizi bor edi, bashar ko‘rmagan ajoyib g‘azallar bitardi. Hol so‘rab o‘tsam gunoh bo‘lmas”, deya bog‘ darvozasini taqillatdi. Berun eshigidan chiqqan g‘ulomga o‘zini tanishtirib, muddaosini bayon qildi. G‘ulom bir ozdan so‘ng qaytib chiqib, Robiya binti Kaab devor ortiga kelishini, doya orqali so‘zlashishini aytdi. Abu Abdulloh Rudakiy Robiya kelganini bilib, undan hol-ahvol so‘radi, g‘azallari bilan qiziqdi. Shunda yarador Bektoshni o‘ylab ichu tashi kuyib turgan hamda ota qadrdoni tashrifidan sevingan Robiya bir bayt aytdi, bayt shunday go‘zal ediki, Rudakiyning esi og‘di, uni o‘sha zahoti yodlab olib, Kaab xonadoniga sadoqatini izhor qilib xayrlashdi.
Shundan so‘ng shoh Nasr ibn Ahmad o‘z qo‘shini bilan birga Buxoroi sharifga azimat qildi.
Rudakiy yo‘l-yo‘lakay u g‘azalni xayolan takrorlar va aqliga ishonmas edi. Arab she’rida bunday fasohatga erishish umri she’r ila kechganlarga ham nasib etmagan. Shoir she’r jilvalaridan hamda so‘z bo‘stonining go‘zalligidan behad zavqlanardi.
Bir necha kun o‘tib, ziyofat soati yetib keldi. Unga qo‘shni saltanatlardan ham oliynasab kiborlar chorlangan, har kimga o‘zining munosib yeri, xizmatchilari tayin qilingan edi. Harir Chin pardalari tutilgan shiyponlarda sozandalar birin-ketin almashar, Sheroz sozi o‘rnini goh Damashq qonuni, goh Rum zurnasi sadolari olar, udchi udini shunday chalardiki, ko‘kda uchib ketayotgan qushlar to‘xtab qolardi. May qadahlari birin-ketin charxi davvora kabi almashib turardi. Bunda oqillar devona, devonalar esa oqillik da’vo qilishardi. Masxarabozlaru huqqabozlar o‘zlarining hunarini namoyon etib shoh nazariga tushishga intilishardi.
Shoh ziyofatida shoirlar son-sanoqsiz edi. Har biri yulduzlikka da’vo qilardi. Shu bazmu jamshid aro Rudakiyga o‘tinishgach, u bir necha kun avval yodlab olgan she’rini shunday o‘qidi:
Oshiqligimni oyo, sen fitnasi musalsal,
Dersen gunoh, na dersen, so‘rsa dalil al-Azal?
Jannat nedir seningsiz, do‘zax sening-la jannat,
Sensiz asal ham zahar, sen birla og‘u afzal.
Husning-la kibr eturga andisha qil, to‘lin oy,
Pinhona o‘lsa mumkin sunbul aro mukammal.
Yo‘q ishtiboh, demishlar donish eli, muhaqqaq:
“Faman takkabur yavman fi ba’d iz-za zal”.
Bu g‘azalni eshitgan shoirlarning bari hayrat barmog‘ini tishlab qolishdi. U g‘azaldan so‘ng hech kim boshqa g‘azal o‘qishga botinolmadi. Barcha bu ajoyib san’at kimning qalamiga mansub ekanini so‘rashardi.
Shunda Abu Abdulloh Rudakiy:
– Ey shohlar shohi Nasr ibn Ahmad oliy hazratlarining a’yonlari, lashkarboshilari, botirlari, beklari, olimlari, boyonlari! Tinglang, tuprog‘ingizda oltin gul undi! U – amir Abdulloh ibn Kaabning qizi Robiyadir. Jahonda ikkinchi Robiya Adaviya kabidir. Bir turkiy xizmatkorga oshiq bo‘lib, shunday o‘tlig‘ she’rlar bitadir! Uning she’rini eshitgan she’riyat arslonlari mushukdek bo‘lib qolgaylar, miyovlab o‘zlariga afv so‘ragaylar. Uning she’ri qarshisida nazm burguti chumchuq kabidir.
– Zaynul-arab! Zaynul-arab! – deb qichqirishardi o‘zdan ketgan kishilar.
Shoh ziyofatida Horis ibn Kaab ham bor bo‘lib, Rudakiy uning bu yerda ekanidan bexabar edi. Horis ibn Kaab maqtovlarni eshitgani sayin qovog‘i uyilib, dam-badam qo‘li biqinidagi xanjar dastasiga borardi. “Bas qiling! Nomahramni maqtamoq hamda u bitgan she’rni o‘qimoq qay shariatda bor?” deb hayqirgisi kelsa-da, u qichqiriq bo‘g‘zidan nari o‘tolmasdi. Singlisini maqtashganida Horisning g‘azabi o‘zanidan toshib chiqdi. Or-nomus o‘tida chunon yondiki! Sharmandalikdan yerga kirguday bo‘lsa-da, o‘zini mastlikka solib, hech nimaga e’tibor bermaganday ko‘rsatdi. So‘ng Buxoroda qolishga ortiq toqati yetmay, o‘sha zahoti Balxga jo‘nadi.
Etib kelib, o‘z bog‘iga kirganida tashqi hovlidagilar uning avzoyini ko‘rib tumtaraqay qochishdi. O‘sha vajohati ila ichki hovliga kirib bordi.
– Robiya! – deb qichqirdi u, ko‘z oldi qorong‘ilashib.
Nargis qabosi ila nastarin ro‘molini boshiga sola chopib chiqqan Robiya akasining avzoyini ko‘rib, katta qora ko‘zlari xavotirga to‘lib, so‘radi:
– Ey ota-onamning o‘g‘li! Sizga ne bo‘ldi?
– Bu beyuzlikni nechun qilding? Nechun u keksa shoir ila so‘zlashding? U g‘azalda kimga xitob qilding?
Robiya Horis g‘azabining boisini darhol anglagan, shu sabab unga “Ey ota-onamning o‘g‘li” deya xitob qilib, o‘zining zaifa bir singil ekaniga ishora qilgan edi.
Biroq Horis buni anglar vaziyatda emas edi.
– Otamning do‘sti… – deya oldi Robiya.
– Ota do‘sti nomahram sanalmasmi?
– Og‘oyi, men u ulug‘ kishi bilan so‘zlashmadim, – dedi Robiya. – U o‘z so‘zlarini Sumanga aytdi, Suman menga yetkazib turdi. Men u bilan yetti qavat devor ortida, yetti qavat parda ostida turib so‘zlashdimki, sasimni ham eshitmadi.
– Sasingni eshitmadi, biroq qalbingni tingladi! – deb hayqirdi Horis. – Bilib qo‘y, ey otamning aqlsiz yodgori! Tashing nomahram esa, iching nomahram emasmi? Ayt, bu nido daftari kimga atab bitildi?
Bo‘lar ish bo‘lgan edi.
– Sen mening mag‘rur boshimni egdirding, nomuslarga o‘ldirding! – dedi Horis ibn Kaab.
Singlisiga ortiq so‘z qotmadi, qayrilib uning yonidan ketdi hamda bog‘da bir oz tentirab yurib, bolaligidan tanish hammom oldidan chiqdi. Ko‘p o‘ylanib o‘tirmay, uning ichiga kirib, berkinib oldi.
Salqin hammom uni bir oz tinchlantirdi. Bu yerga tashqaridan tovushlar kirmas, suv va zax isi kelib turardi. Horis muzday marmarga ko‘ksini berib yotdi. Yodiga bolaligida ro‘y bergan noxush voqealar, malomatu haqoratlar tushib, alam va pushaymondan yum-yum yig‘ladi.
Horis hammomda ekan, xosdagi Robiya Sumanga dedi:
– Fursatini topib og‘oyimga bildiringlar, ortiq bu ishni maxfiy tutishni istamayman.
– Akangizga bildirsak, barchamizning boshimiz ketgaydir, – dedi doya Suman. – Sizga avval aytgan edim, endi ham aytaman – unuting uni. Qonun dorug‘asi, shariat himoyachisi xonadonidan bunday ish chiqishi malomatga sabab bo‘lgaydir.
– Men gunoh sodir qilmadim, Tangrimning bir quliga ko‘ngil berdim, xolos, – deb javob qildi Robiya. – U bilan hatto so‘zlashmadim. Akamga ayting, Bektoshni ozod qilsin hamda meni unga bersin. Men o‘z hurriyatim doirasida so‘zlamoqdaman.
– Malikam, men bu so‘zni og‘oyingizga ayta olmayman, – dedi Suman, dag‘-dag‘ titrab. – Chunki g‘azablangan or-nomus arsloni barchamizning ustimizga yetib kelib, panja urishga chog‘landi. Xizmatkorlaringizning bir qoshiq qonidan keching, biroq o‘tinamanki, siz ham bu haqda sira og‘iz ochmang.
* * *
Horis ibn Kaab saroyga kirib keldi.
Amirul-mo‘mininning fe’li buzuqligini ko‘rgan har kim chetlanib yo‘l berardi. Horis o‘z huzuriga shayxulislomni chorlatdi. Shayxulislom yetib kelgach, takalluf qilib o‘tirmay, o‘sha zahoti undan so‘radi:
– Bir uyda turmushga uzatilmagan bolig‘ zaifa bo‘lsa, otasi vafot qilsa-yu, og‘asining qo‘lida qolsa, zaifaning mas’uliyati kimda bo‘lgay?
– Og‘asida bo‘lgay, – deb javob qildi shayxulislom, gap nimada ekanini darhol fahmlab. Chunki Kaab xonadonidagi gap-so‘zlar allaqachon har tarafga yoyilib bo‘lgan, uni shayxulislom ham eshitgan edi.
– Bu o‘rinda zaifaning hurligi qaygacha-yu, og‘oyining hukmi qay yergacha?
– Zaifaning hurriyati shuki, o‘zi istaganini ma’lum qilish huquqiga ega, – deb javob qildi shayxulislom. – Shu boisdan, har holatda zaifadan istagi bor-yo‘qligi so‘ralgay. Bu o‘rinda so‘rovchi xoh shohu xoh hukmdor bo‘lsin, zaifa istamasa, zinhor majburlanmagay.
– Og‘oyining hukmi-chi?
– Og‘oyi uning himoyachisi, boshidagi soyaboni, nomusining qo‘rg‘onidir.
– Og‘oyiga jazo haqqi berilgaymidir?
– Ha, ota o‘rnida qolgani uchun ayb qilsa, jazo yoki had berish og‘oyining huquqidir.
– Uni turmushga uzatsa-chi, og‘oyining huquqi ne bo‘lgay?
– Zarracha huquqi qolmagay, – dedi shayxulislom. – Faqat qoni bir ekani, ota yodgori degan rutbasi bois hurmatlangaydir. Bu shundayki, xojasi “Og‘ang uyga kirmasin” desa, u uyning ostonasidan bir odim ham o‘tolmagaydir.
– Tushundim, – dedi Horis battar tundlashib. – Endi ayt-chi, bir qulning huquqi ne bo‘lgay?
– Qul tamomila xojasining iznidadir. Istasa ozod qilur, istasa qulligicha qoldirur. Biroq har doimo adolatini joriy qilgaydir.
– Tushundim, boraver, – dedi Horis ibn Kaab.
– Ey Abdulloh ibn Kaabning shon-sharafli o‘g‘li! – dedi shayxulislom. – Otangiz ham, siz ham Allohning dini uchun ko‘p ishlar qildingiz. G‘azabingiz qaynab-toshayotganini ko‘rib turibman. Xudo haqqi, o‘zingizni qo‘lga oling.
– Haddingdan oshma! – deb javob qildi Horis. – Sen bor-yo‘g‘i shayxulislomsan. Sen Tangrining olimi esang, men uning qilichidirman!
Mo‘tabar sulolaning qizi turkiy bir ajamga ko‘ngil qo‘yar ekanmi? Bu ne ishki, qulni ozod qilib, hur kishi sifatida singlisini unga bersin? Arab ajamga qachon qiz beribdi? Orasidan payg‘ambar chiqqan sulola kimligi noaniq bir kishini o‘z qoniga qo‘shar ekanmi?
* * *
Shundan so‘ng yana bir ish sodir bo‘ldiki, u ishni bilgach, bularning bari haqiqatan ham taqdir o‘yini ekaniga ishonch hosil qilasiz.
Bektosh bo‘lugida zotu naslining tayini yo‘q bir navkar ham bo‘lib, u xudbinlaru shuhratparastlarning eng tubanlaridan edi. Butun fikru o‘yi amir nazariga tushish edi, uning saxovatidan bahramand bo‘lish uchun har ishdan toymasdi. Chunki shoir aytgani kabi, “U nazar qilsa, boyqush ham bulbulga aylanur”. Bektoshning amir chargasida obro‘si oshgandan-oshib borayotganidan alamzada bo‘lgan shu navkar bir kuni Bektoshning kichik sandig‘ini doim avaylab yurishiga diqqat qaratdi. Hirsu havas shaytoni uning notoza qonida yugurdi, ongiga kirib olib, u sandiqda qiymatli dur-javohirlar bo‘lsa kerak, deb shivirladi. Navkar hasad barmog‘ini tishlay-tishlay, o‘z kulbasida gir-gir aylandi, hasad o‘tiga chidayolmay, sandiqni o‘g‘irlash rejasini tuzdi. Nihoyat bir kuni Bektosh saroyga ketgani mahal tuynukdan ichkari kirdi, ashyolar orasida yashirib qo‘yilgan sandiqni topib, bir amallab ochgan edi, ichida bir qancha o‘rog‘liq qog‘ozdan boshqa hech nima yo‘qligini ko‘rib fig‘oni falakka yetdi. Shu damda falak masxarabozi uning qo‘liga Robiyaning birinchi maktubini tutqazdi, u kishi o‘ramni ochib ko‘rib, suratdagi Robiyani darhol tanidi, she’rni o‘qigach esa, gap nimada ekanini anglab yetdi-da, quvonganidan sakrab yuborayozdi. Ha, bu duru javohir uni amir saxovatiga eltuvchi pillapoyadan bo‘lak narsa emas edi. G‘azallarni olib amir huzuriga o‘qday uchdi.
* * *
Har ishga adolatni joriy qilmoqning yo‘li qandoq bo‘lsin?
Horis ibn Kaabning boshi qotgan edi.
Ongi unga “Xiyonat sodir bo‘ldi” deb qichqirar, intiqom shaytoni tegrasida quyunday o‘ralashardi. Ha, suyukli singil ila haqir qul undan yashirincha til biriktirishibdi. Horis har ikkisiga ham shoyon ishongan, sadoqatiga zarracha shubha qilmagan edi. Biroq uning keng ko‘ksiga ketma-ket xanjar sanchildi, birini o‘z singlisi, birini ishonchli navkari Bektosh urdi.
Agar bu ish shunday davom etsa, Movarounnahru Xurosonda Horisni eng haqir kishilar ham mazaxlab kulgaylar. Bu ishning yechimi ne? Inson qadru qiymati shunchalarki, gunohkorning jazosi bir tig‘ urish bilan xotima topadi, boshlar quyiga yumalaydi. Biroq tomirida bir otaning qoni oqayotgan jonu jigarga qanday jazo berilsin? Horis ibn Kaab uyiga kelib-ketar, hech kim bilan so‘zlashmasdi. Avzoyi tobora tundlashib borar edi.
Hasadchi navkar amir huzuriga shu vaqtda yetib keldi. Avvaliga unga ichkariga kirishga izn berishmadi, haydab yuborishdi. Navkar amir singlisiga aloqador muhim bir sirni bilishini aytgach, Horis uni ichkari olishlarini buyurdi. Navkar Horis huzuriga chuvalchangday sudralib kirdi, yer o‘pa-o‘pa, o‘zining amirga shoyon sadoqatidan, uning or-nomusi yo‘lida jonini fido qilishidan va shunga o‘xshash narsalardan rosa valdiradi, so‘ng bitiklarni ikki qo‘llab tutqazdi. Amir ularni ochib ko‘rgach, hamma ishni tushunib yetdi.
– Bu sotqinning tiliga cho‘g‘ bosingiz! – dedi jahl bilan. Zohiran xiyonat uchun jazo belgilagan bo‘lsa-da, aslida navkar bu sirni birovga aytib qo‘yishidan, ulusga yoyilib ketishidan xavotirlandi.
Robiya ichki hovlidan hech chiqmas edi. Akasi bilan ham ortiq so‘zlashmadi. Dediki:
– Modomiki shunday ekan, unga ayting, meni tiriklay yerga ko‘msin!
Ilmi bo‘lsa edi, Horis ibn Kaab bu so‘zning mazmunini anglab yetgan bo‘lardi. Chunki Robiya risolat avvalida norasida qizaloqlarning tiriklay yerga ko‘milishi voqeasini eslatdi. “Tiriklay ko‘milgan har bir qizdan qanday gunoh sababli o‘ldirilgani so‘ralganida” qavlini keltirib, o‘zining gunohsizligiga ishora qildi. Shuningdek, uning bu so‘zida “Agar sening nazdingda gunohkorday ko‘rinayotgan bo‘lsam, o‘zingni qo‘lga ol hamda istig‘for ayt, axir, ko‘rmadingmi, Tangri taolo imon keltirganlar o‘tmishidagi o‘sha dahshatli gunohlarni ham afv qilib yubordi” degan hamda boshqa yana bir qancha ma’nolar mavjud edi. Biroq Horis bularni qanday anglasin? Bu muborak din zaifalarning haq-huquqini mukammal qilib berdi, biroq Horisning kallasiga sulolasining or-nomusidan boshqa narsa kirmas edi.
Bu orada maxfiyachi joriya Robiya bitgan yana bir g‘azalni amirga keltirdi. Amir uni yoyib ko‘z yugurtirgach, go‘yo boshiga tog‘lar yiqildi, ko‘z oldi qorong‘ilashib, shunday na’ra tortdiki, har kas tumtaraqay qochdi.
Robiya bitgan edi:
Ey! Seni ham bir meningdek oshiq etsin Rabbano!
Toshdilu nomehribonga aylasin zoru gado.
Toki dardi ishqu hajru g‘amki, zahrin tortqasen,
Toki oshiq qadrini shunda bilursen ishq aro.
Horis boshini changallab ancha o‘tirdi, so‘ng:
– Robiyani chorlangiz! – dedi bo‘g‘iq ovozda.
Robiya og‘oyisi huzuriga avvalgidek ta’zim qilib kirmadi. Boshini tik ko‘tarib, mag‘rur kirib keldi.
– Sulolamiz yuzini yerga qaratding! – dedi Horis, bo‘g‘iq ovozda, Robiyaga qaramay.
– Tangrim oldida yuzim yorug‘dir! – deb javob qildi Robiya.
– Men sulolamiz, dedim!
– Men Tangrim dedim!
– O‘z-o‘zingga hukm o‘qiding, endi bu ishning gunohi mendan ketdi! – dedi Horis. So‘ng g‘ulomlarga buyurdi: – Hammomni o‘tday qizdiring, buni ichkariga tashlang! Jahannam azobi qanday bo‘lishini bilib qo‘ysin! Anavi qulni esa quduqqa oting! Men hali uning ko‘ziga mil torttirib, oyoq-qo‘lini teskari kestirib, inson aqli yetmas qiynoqlar ichida o‘ldirgayman!
* * *
Bektoshni urib-so‘kib, zindon yonidagi suvi qurib qolgan quduqqa tashlashdi.
– Men ne qildim?
– O‘zing bilmaysanmi? Amirning singlisi bilan so‘zlashibsan?
– Xudo haqqi, bir og‘iz so‘z aytganim yo‘q!
– Yolg‘on so‘zlama!
– Men sira yolg‘on so‘zlamayman!
Bektoshning so‘zlari rost edi. U Robiyaga bir og‘iz so‘z qotmadi. Robiya ham Bektosh bilan so‘zlashmadi. Biroq olamda yana bir lug‘at bor, Horis shubhasida haq edi: Robiya o‘z qalbining titroqlarini qog‘ozga to‘kkan esa, Bektosh so‘zlarini unga Suman yetkazgan edi.
Hukm ijro etildi.
Horisning singlisiga bergan jazosi had, ya’ni adab o‘rnida edi. Shu bois u yerda bir qancha muddat qolsin, so‘ng chiqarib olingiz, olovni kuydiradigan darajada yoqmangiz, deb aytgan edi. Lekin Horis bu hukmining zaifligidan xomushlandi. Balxda turli mish-mishlar urchib ketdi, voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, o‘z qulog‘i bilan eshitmagan qanchadan-qancha kishilar amirul-mo‘minin singlisining bu ishidan lol qolib so‘zlashardi. U bu so‘zlarga aqli goh ishonib, goh ishonmas, ongi dam yorishib, dam g‘azab olovi o‘rab olar, yelkasidagi shayton “O‘lim! O‘lim!” deb qulog‘iga shivirlardi.
Shunday bo‘ldi, olov yoqildi. Robiyani ichkariga qamab, hammom eshigiga kishi chiqolmas qilib qulf urilib, tambalab tashlashdi.
Hammom o‘chog‘iga bolut, xanjak degan uzoq yonuvchi o‘tinlar qalab, olovni gurillatib yoqishdi.
Biroq ichkaridan ular kutgan sas-sadolar, tavba-tazarru yolvorishlari kelmasdi. Hammom qizigani sayin jimjitlik orta borardi.
Bu ish peshin vaqti sodir bo‘ldi. Toqati toq bo‘lgan Horis ibn Kaab asr vaqtida hammom eshigini ochishlarini buyurdi.
Eshik ochildi.
Kirganlar turgan joylarida qotib qolishdi.
Balx tog‘larining erka kiyigi, otasining omonati, she’riyat osmonining yulduzi, fasohat hamda nafosatda erkaklar ustidan kulgan Robiya binti Kaab o‘z tomirini kesib, hammom devorini lolagun g‘azallar bilan to‘ldirib tashlagan hamda nastarin qabosini joynamoz qilib to‘shab, sajda qilgan holicha jonini Haqqa topshirgan edi.
U bosh qo‘ygan joy yuqorisida, nafas olib bo‘lmas jahannam otashida qon ila bitilgan shu yozuvlar qirmizi tus olib, issiqda qotib qolgan edi:
Jahoni ishq aro uch yo‘l erur chun,
Biri otash, biri ko‘z yosh, biri xun.
Berarmen bo‘ylakim otashga bardosh,
Ko‘zimdan gah qon tomgay, gahi yosh.
Tilarmen, o‘t meni yondirsin asru,
Vale jonimdasan, o‘t yondirurmu?
Horis ibn Kaab singlisiga bergan had jazosining bunday xotima topishini kutmagan edi.
Shuningdek, yana bir holat uning aqliga yetib kelmadi: inson vujudini qaynoq qon tark etarkan, tana soviy boradi. Shu sababli, Robiya chehrasida azobli qiynoqdan asar ham yo‘q, muz vujudga jahannam otashi o‘z hukmini o‘tkaza olmagan, oq chehrasi o‘zi sevgan nilufarlarday bo‘lib turardi.
Buni ko‘rgan barcha achchiq-achchiq yig‘lamoqdan o‘zini tiyolmas, joriyalar ham, qullar ham ho‘ngrab yig‘lashardi.
* * *
Yozuqlar bo‘lsin senga, ey Horis ibn Kaab! Otang adolat quyoshi esa, singling fasohat to‘lin oyi edi. Ey voh, quyoshu oy birday botdi. Bu ajoyib zilol qora yerga singib ketdi. U asirni ozod qilsang-u, bek darajasiga ko‘tarsang, singlingni unga bersang-u, umring oxirigacha ularning izzat to‘rida yursang ne bo‘lgay edi? Mana endi, bog‘ingning u ajoyib guli qora tuproqqa qorishib, chaman o‘z ilohasidan, jahon o‘z mushkidan mahrum bo‘ldi. Yo‘q-yo‘q, nega mushk bo‘lsin, axir, u ziynat edi-ku? U ziynatni kimdir kelib, o‘zi bilan shunday diyorlarga olib ketdiki, uni endi hech kimsa ko‘rolmaydi! Johiliyat Horisi yana bir qizni yerga tiriklay ko‘mdi! Ustida hukm qilichini o‘ynatdi, g‘azab manjanag‘iga solib, jazo otashiga otib yubordi.
Falak kajraftorining so‘ng ishi shu bo‘ldi. Robiya binti Kaabni tuproqqa berar ekanlar, Bektoshning quduqdan chiqib qochgani xabari keldi. Horis har yoqni tintib, uni izlab topishni buyurdi. Biroq Horisning so‘qir aqli yana uzoqni ko‘rolmadi. Turkiyning mag‘rur o‘g‘li bu ishni shundoq qoldirsinmi? Kishilar Bektoshga Robiyaning o‘limi xabarini yetkazishganida, fotih sulton lashkarining burguti, ne-ne o‘limlarni pisand qilmagan shu yigit hushdan ketib yiqildi, o‘ziga kelgach esa, yoqasini yirtib shunday fig‘on ko‘tardiki, atrofidagilar ham unga qo‘shilib zor-zor yig‘ladilar. Shundan so‘ng Bektosh keskir qilichini qo‘liga oldi, Balx ko‘chalaridan ot surib borib, qarshisidan chiqqan qo‘riqchilaru beklarni xasday sochib yubordi. Horis ibn Kaab uyiga to‘fonday bo‘lib kirib keldi. Horis ibn Kaab uni ko‘rib:
– Sen, ey qul… – degan edi, Bektosh qahru g‘azab bilan hayqirdi:
– Hoy ahmoq! Turkiydan qul chiqqanini qayda ko‘rding?
Shunday deb, uning boshini tanasidan judo qildi. So‘ng, aqldan ozgan kabi, kesilgan bosh qarshisida o‘tirib, yana ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Shunday qilib, Horis ibn Kaab ham Tangri taolo adolati sari yo‘l oldi.
Bir sulola yer yuzidan mana shunday supurilib ketdi.
Bektoshning yorug‘ olamdagi so‘nggi ishi shu bo‘ldi. Falak munshiysi nihoyat bu ishlardan qanoat hosil qilib, musibatlar va tasodiflar oqimini Kaab sulolasi irmog‘iga qo‘shib “Zam! Zam!” deya to‘xtatdi, zero, arablar o‘z tuyalarini shunday deb to‘xtatishadi. Sal avval Robiya umr Zamzamining suvi ham xuddi shunday to‘xtagan edi. Hodisalar tuyasi o‘z manziliga yetib keldi, uning ustidagi yuk esa naq ajal yuki bo‘lib chiqdi.
Bektosh Robiya binti Kaab qabri ustiga bordi, unga o‘zini tashladi, ko‘zidan yoshi daryoday oqib tazarrular qildi. Yer ostida yotgan nastarinday pok Robiya uning kelganini bildimikin? U dunyodan kim xabar olaqolibdiki, Bektosh olsin? Bular ustida endi ajal kuychisi o‘z rubobini chaldi, istagan ohangiga o‘ynatdi. Ne ajabki, shu yerdagi yashil ma’vo aro xunxor go‘dakday bo‘lib, bir dona qizg‘aldoq unib chiqqan ekan. Shundan so‘ng Bektoshi zamon ham o‘sha qo‘ng‘ir yer uzra o‘z joniga qasd qildi.
* * *
Olamlar Parvardigoriga hamdu sanolar bo‘lsin! Uning rasuliga – ikki dunyo saodati xabarchisi bo‘lmish koinot sarvariga salavotlar bo‘lsin!
Olimlar imomi, quddusa sirruhu Fariduddin Attorga salomlar bo‘lsinki, bu hikoyatni g‘oyat go‘zal tarzda anglatdi hamda avom ko‘zidan maxfiy sirlarini oshkor qildi, o‘tkinchi ko‘z bilan emas, imon ko‘zi ila qaratdi hamda majoziy ishq ro‘yobini mukammal bildirdi.
Shoirlar sarvari Avfiyga salomlar bo‘lsin, ki ul “Arjangi Mono”ni o‘z “Lubbul-albob”ida shunday ta’rifladi: “Kaabning qizi, zaifa bo‘lishiga qaramasdan, donoligi ila dunyo erlarining ustidan kuldi. Ikki jang maydonining suvorasi hamda har ikki so‘z maydonining malikasi edi – arab ab’yotida qudratli hamda forsiy she’rida tengi yo‘q ustoz edi…”
Yana, Abdurahmon ibn Jomiyga salomlar bo‘lsin, Robiyaning ko‘zyoshlarga, olovlargayu qizil qonlarga chulg‘angan ab’yoti uning yuksak e’tiboriga sazovor bo‘ldi, loyiq bo‘lmasa, sazovor bo‘lurmi edi?
Turkiy ab’yot bog‘ining kishvari Rizoqulixonga salomlar bo‘lsin, “Bektoshnoma”ni yozdi, johil kishilarga oshiqlaru oriflar maqomini bildirdi hamda sulolalar muqaddasligi aro qaro yerdan qizil qonday bo‘lib unib chiqqan bir guldan hikoya ayladi.
Umrlar dengizining bebaho duru javohiri, olam ziynati Robiya binti Kaabning musaffo ruhiga salomlar bo‘lsinki, insonlar din uchun emas, din insonlar uchun ekanini o‘z qismati ila anglatib, barchaning ustidan kulib ketdi.
Shuningdek, uning padari buzrukvori, fotihul-mo‘minin Abdulloh ibn Kaabga salomlar bo‘lsin, u bir saxovat daraxti esa, farzandlari uning shoxlari kabi edilar. Sho‘rlik otaning gunohlarini Tangri taolo afv aylasinki, bir shoxida bulbul sayrasa, boshqa shoxida quzg‘un makon ayladi.
Hamda uning shafqatsiz, zaif o‘g‘li Horis ibn Kaabga…
Ne tongki, ish shu yerga kelganida qalam sindi, siyoh tugadi. Horis ibn Kaabga ataganimiz dilimizda qoldiyu tilimizga chiqmadi.
Yaxshisi, “Zayn-ul-arab” deb nom olgan, go‘zal ruhi qora yer zulmatidan samo sari nurday otilgan sof qalbli Robiya binti Kaabning so‘ng so‘zlarini eslay qolaylik:
Ko‘zim yoshi ila yor poyin yuvarmen,
Qizil qonim-la qo‘l jondin yuvarmen.
Bu qonimdan tunimni kun etarmen,
Hama oshiq yuzin gulgun etarmen.
Bu otashdan yonishlar ichra har on,
Etarman yetti do‘zaxni namoyon.
Bu ko‘z yoshimki, to‘fondir talotum,
Berurmen selu yomg‘irlarga ta’lim.
Bu qonimdanki chun daryo eturmen,
Shafaqlarga qizillik o‘rgaturmen.
Bu otashkim mening jonimdadur, bas,
Jahannam o‘tlari andin olur dars.
Ne duch kelsa yoqib kul etdi otash,
Ko‘ngilda yor xayoli qoldi yakkash.
Yurak qonimni, ey oftob jamolim,
Simirding bo‘ylakim, bo‘lsin haloling.
Nasibim keldi ashk, otash va qondin,
Ki men dilxasta ketdim bu jahondin.
Menga sensiz hayot mahshar, qiyomat,
Ketarmen endi bas, sen bo‘l salomat…
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 9-son