Isajon Sulton. Bibi Salima (hikoya)

Bibi Salima bir ko‘kalamzor qishloqda yashaydi.

Qishloq katta emas, ammo har hovlisidagi manzara o‘xshash.

Ko‘chalari tuproq, uylar oldidan ariqda suv o‘tgan. Ariq bo‘yida qad ko‘targan zich oqterak yaproqlari shitirlab turadi. Ba’zilarining oldida yashil to‘fonday bo‘lib supurgilar bo‘y cho‘zibdi. Aslida u burganning bir turi, xalq dastalab boylab, supurgi qilib ishlatadi.

Bibi Salimaning uyiga kirib borsangiz, chapda ayvonli chog‘roq imoratni ko‘rasiz…

Etakroqda yangi qurilgan tandir. Yonida loyo‘choq. Sal narida suvpaqir.

Qishloqlarda suvpaqirlar alohida bo‘ladi. Suv tashigan mahal chayqalib to‘kilmasligi uchun taxtadan qo‘shuv alomatiga o‘xshagan shakl yasab, betiga tashlab qo‘yiladi. Umuman, ko‘p narsa bu yerda yog‘ochdan yasaladi. Tandirqopqoq ham, qozon damtovog‘i ham taxtadan.

Tandir eskirib, tepa tarafi yorilib ketgani uchun tunov kuni yangisini qurishdi. Tandirchi ishini bitirib, Bibi Salimaga qarab, “Duo qiling”, dedi.

— Yo‘g‘-e, erkak kishi turganida men duo qilamanmi? — dedi Bibi Salima, o‘ng‘aysizlanib.

— Nonni siz yopasiz-ku, — dedi tandirchi. — Men qorgan loyimga, qilgan ishimga duo qilaman. Barakani esa siz so‘rang.

— Baribiram g‘alati-da.

Begona erkak oldida: “Hay, mayli, tinchlik-omonlik bo‘lsin”, deb yuziga fotiha tortib qo‘yaqolgan Bibi Salima tandir oldiga kelib, qaytadan duo qildi.

— Seni topgan-tutganimiz bolalarimizga rizq bo‘lsin deb qurdik, — dedi tandirga. — Ichingga o‘t yoqamiz, lang‘illatib cho‘g‘ uyamiz. Sening bag‘ring kuyadi-yu, ammo biz uchun qip-qizarib nonlar pishadi. Iloyo, rizqimizni keng-mo‘l qilib bergan bo‘lsin, ko‘p yillar ro‘zg‘orimning xizmatini qilgin.

Bibi Salima tandir og‘zini yopib, ekinlaridan xabar olgani tomorqaga o‘tdi.

Erini yaxshi ko‘radi Bibi Salima. Bir qarichiniyam bo‘sh qoldirgisi kelmaydi. Tez o‘suvchi qovoq va jo‘xori, sekin o‘suvchi mosh-loviya poyalarini qo‘llari bilan tiklaydi, gohida yerga cho‘p suqib, pilta bilan boylab ham qo‘yadi. Yerdan rizq chiqarish oson bo‘ptimi, eh-he, qancha mehnati bor? Peshona tering chak-chak tommasa, hosil berarmidi? Qo‘ling qavarib-qavarib, beling og‘rib-og‘rib mehnat qilmasang, rizq chiqarmidi?

Bolalik mahallari, sandal tegrasida yig‘ilishib o‘tirisharkan, buvilaru momolar “Bir qozonda qirq xil ovqat” deganday ertaklarni aytib berishardi. O‘ylab ko‘rsa, ertakdagi qozon — ekinzorning o‘zi ekan. “Bu qozonda qirq xil emas, yuz xil ovqat ham pishadi”, deb o‘yladi u. Qirq xili — odam yeydigan narsalar. Odamdan tashqari, qurtu qush, hasharot yeydigan yana qanchasi bor?

To‘rt o‘g‘il to‘rt pahlavonday bo‘lib yetilib kelmoqda. Kattalar bir kosa ovqat yeyishsa, bular ikki kosadan yeyishadi. Er-xotin asta-sekin qarib borishmoqda, bolalar esa o‘sishyapti. Yosh vujudning suyaklari qotib, paylari quvvatlanib, tomirlaridagi qon tobora shiddatlanib oqmoqda. Ular yana-da o‘sishadi, yemishi baquvvat bo‘lishi kerak-ku?

Mana shunday o‘ylar bilan hayot kechiradi Bibi Salima.

* * *

Bibi Salima osmonga qarasayam, suvlarga qarasayam erta bahorda Xudoga aytgan gaplari esiga tushib, xijolatdan beti lov-lov yonib ketaveradi.

“Xotin kishiman-ku, har xil gaplarni gapiraveraman-da”, deydi o‘zini oqlab. Keyin sid­qidildan yolvorib tavba qiladi:

“Shayton tilimga soldi-da. Bo‘lmasa, u gaplarni aytarmidim? Senga-ya?

Hammasiga o‘zing shohidsan-ku, men bo‘lsam, xuddi malomat qilganday gapiribman. Attang! Sidqidildan tavba qilyapman, ishqilib, o‘zing kechirgin…

Sababi — yo‘qchilik-da. Yo‘qchilik bo‘lmasa unaqa dermidim?”

Shunday deydi-yu, erta bahordagi o‘sha tongni eslab, battar xijolat bo‘ladi.

Erta bahorda erining beli og‘rib, yotib qoluvdi. Xudo ro‘zg‘orning rizqini erkakdan berar ekan. Bir-ikki hafta o‘tib-o‘tmay, hamma narsaning tagi ko‘rindi-qoldi. Un tugadi, sabzavot adoqlab, yog‘ oxirladi. Nima qilsam ekan, deb boshi qotdi Bibi Salimaning. Ota betob bo‘lsa, bolalar ham dovdirab qolar ekan. Nazarida, uydan baraka ko‘tarilib ketdi. Hatto ovqatlardan ta’m ketib qoldi. Ko‘ziga bolalari o‘ksik ko‘rina boshladi. Hafta o‘tdi, oy o‘tdi. Do‘xtir keldi, tabib keldi… dard sira ketay demasdi. Qo‘ni-qo‘shnidan u-bu yordam so‘rab, ro‘zg‘orini amallab turgan Bibi Salimaning ko‘ngli qo‘shnisi yog‘ bermaganida bir o‘ksidi. “Endi nima qilsam ekan”, deb uyga qaytib kirganida, erining turolmay mung‘ayib yotishiga qarab ikki o‘ksidi.

Nimayam derdi, xalq shunaqa hayot kechirmoqda. Hech kimning ortib-bitib ketgan joyi yo‘q. Hammaning har narsasi hisob-kitobli.

Shularni o‘ylab turib, Xudoga yolvordi:

“Shuncha yil birovning haqini yemasdan, dilini og‘ritmasdan, bolalarimga rizq bo‘lsin deb egilib-bukilib, ko‘zimning nurini, belimning quvvatini ketkizib mehnatlar qildim. Endi rosa xavotirlanib qoldim. Ignani uchiday keladigan maxluqlaringdan toshlarning tubidagilarigacha zoriqtirmasdan rizqini berayotgan bo‘lsang. Ro‘zg‘orimgayam bir to‘kinlik yetkazaqol? Axir, qudrating oldida men so‘raganlar nima bo‘pti?

Ichimga shuncha mehrni solib qo‘ygan o‘zing-ku? — dedi, sidqidildan. — Nima qilay, manovi jo‘jiqlarning ko‘ziga qarolmayapman.

Mana, kattam, — dedi. — Peshanasiga, burniga bo‘jamalar toshibdi. Barmoqlariga qarasam, yig‘lagim kelyapti. O‘zimni barmoqlarim ham shunaqa, uzun-uzun edi, bunikiyam shunaqa, ammo tilinib-qavargani-chi? Bechora, boshini silaganimniyam bilmadi, charchabdi-da.

Yonidagi o‘rtancham. Buyam akasiday, bo‘y-basti uzun, ammo bilaklari zaif. Hali og‘irroq ishlarni qiladigan yoshga yetmadi. Gavdasini ingichkaliginiyam ko‘r, novdaday bola-yu?

Keyingisi supraqoqdim. Bu — rosayam go‘dak. Otasi bilan ishga ketsa, kelgunicha menga ­ichikib qoladi. Buyam horibdi, bo‘lmasa uyqusirab darrov bag‘rimga kirib ketardi…”

Shu tarz, ayvonda, tun qorong‘usida bolalarining boshida o‘tirib olib, munojot qilaverdi.

“Toshu tuproqdan hamma narsani paydo qiladigan o‘zingsan-ku? — dedi. — Qup-quruq yog‘ochdan shaftoliyu behi chiqaradigan ham sensan. Ekinim orasidan keraksiz o‘tlar o‘sib chiqadi, deb javranaman, o‘shani yeb bandalarimga sutga aylantirib bersin, deb sigir ham yaratib qo‘yibsan.

Ey bori Xudoyo, erimga shifo ber, ro‘zg‘orimga baraka ato et. Axir, hammasi o‘zingni ixtiyoringda-ku? Esimni taniganimdan beri seni tilimdan qo‘ymayman, bir bechora bandangni shunaqa xor-zor qilib, bolalarini mo‘ltiratib qo‘yaverasanmi?..”

Nihoyat, xo‘rozlar uchinchi bor qichqirib, tong yorisha boshlaganida, hovliga tushdi. Sahar vaqti eshiklarni ochib qo‘yinglar, farishtalar kelib rizq berishadi deyishardi, rostmikan? Farishta uchadigan narsa bo‘ladi. Tavba, darvozani bekitganing bilan hovli usti ochiq-ku, tepadan tushib kelavermasmikan? Yo‘q, u nihoyatda pok xilqat, darvoza berkligini ko‘rib, kirgani tortinsa kerak-da. Xijolat bo‘lmasdan kiraverishsin deya darvozani ochib, yana ortiga qaytdi.

Qaytayotib, birdaniga aqli o‘ziga kelganday bo‘lib, cho‘chinqirab: “E tavba, o‘zing kechirgin” dedi, — So‘rashga-ku so‘radim, ammo aytgan gaplarim gunohga ketib qolmasmikin?

Yo‘g‘-e… Xudo-yu? Boshqa kimdan ham so‘rardim?

Hamma narsani ko‘rib-bilib turadi, ayb bo‘lmas?

Keyin esa, men nodon, bitta o‘zimu bolalarim uchun so‘rayveribman-ku, dedi. Yoshi ulug‘lar har doim: “Xudodan bir nima so‘rasang, hammaga so‘ragin” deyishardi. Men esa yolg‘iz o‘zimga so‘rabman. Xudodan-a? Yuzlab olamlarni beminnat yaratib, osmonda uchgan qushdan to daryo toshining tubidagi ko‘zsiz maxluqlarigacha riz­qini yetkazib turgan Egamdan-a?

E tavba, xalqqa so‘rasam, mulki kamayib qolarmidi?..”

Tong endigina yorishayotgan edi. Odamlar allaqachon uyg‘onishib, yumushlariga urinishardi. Qaydadir paqir taraqlagani, mol bo‘kirgani eshitildi. Ha, hamma ro‘zg‘orim deya tirishmoqda. Hamma uchun deganda kimni nazarda tutish kerak? Albatta, qishloqdagilarni-da. Ammo tevarakda boshqa qishloqlar ham bor… Bibi Salimaning qalbi bundan ham taskin topmadi. Ha, qaylardadir, u bilmaydigan makonlarda u taniganu tanimagan qanchadan-qancha odam rizq-ro‘z deb jonini jabborga berib hayot kechiryapti. Kimlardir u singari erta turgan bo‘lsa ajabmas. Elning kuni tiriklik zahmati bilan o‘tmoqda.

“Xudoyo, tavba qildim, — dedi qalbi yorishib. — Nodonligimni qara. Qudratingdan aylanay, el uchun beraqol. Axir, har kimning bir kamchiligi, yetishmovchiligi bor. O‘zing ko‘rib turibsan, hamma mehnat bilan ovora. Kimdir nolisa, kimdir nolimaydi… O‘rgilay qudratingdan, barakangni bir menga emas, butun elga yog‘diraqol!”

Keyin esa tevarakka, uy-imoratga, terakning to‘q-yashil barglari orasida chirqillayotgan qushlarga qarab, yengil shabada olib kelayotgan turli-tuman saslarga quloq solib, “So‘raganlarimni berishiga-ku ishonchim komil, ammo qanaqa qilib berarkan?”, deb o‘yladi hayron bo‘lib.

* * *

Bir haftalar chamasi o‘tgach, er:

— Tuzalyapman, shekilli, — dedi xushhollik bilan. — Vujudimda yengillik bor. Madorim yo‘g‘u ammo qushday yengilman.

— Iloyo, shifo bergani rost bo‘lsin, — dedi Bibi Salima ham suyunib.

O‘sha kechasi shamol keldi.

Shamol bu makonlarda qibladan esadi. Olisdagi tog‘lar orasida juda katta yoriq joy bor, o‘sha yerdan chiqadi deyishadi.

U avvalboshda paydar-pay esib turdi. Goh shiddat urdi, goh susaydi. Osmonda kulrang bulutlar suza boshladi, ular o‘tib ketgach, ortidan uyum-uyum qoramtirlari keldi. Bibi Salima bu hodisalarga qarab turib “Rosa kuchli esadiganga o‘xshaydi-yu”, deb o‘yladi.

Shamol tomorqa adog‘idagi teraklarning uchlarini egib-egib esdi. Hali yuksakda, pastga tushgani yo‘q. Keyin asta-sekin quvvatlanaverdi.

Chelakdagi suvning o‘ynaganini ko‘rsangiz. Ustidagi suvtaxtani rosa chayqatdi, qozon qopqog‘ini ag‘anatib-yumalatib, hovli etagiga olib borib qo‘ydi. Xaslarni to‘plab-uchirib, suv ustiga sochib yubordi. Mosh-loviya palaklarini yulqiladi. Yam-yashil jo‘xorilarni yoppasiga bir tomonga yotqizdi. Eski somonlarni uchirdi-da, hovli betiga sochib yubordi. Shundan keyin yanada shiddatlandi. Bitmagan uyning eshiklarini taraqlatib o‘ynadi. Orqasiga tosh tirab qo‘yilgan darvoza tavaqasini tosh-poshi bilan surib ochib yubordi. Bitmagan imorat ichiga kirib, derazalarida bo‘g‘iq hushtak chaldi.

Bir kechayu bir kunduz shunday esdi. Ortidan yomg‘iru jalalarni olib keladimi degan edi, yo‘q, o‘z-o‘zidan tindi. Yarim kun o‘tgach, orqaga qaytib esa boshladi. Endi shiddati susaygan, horg‘inligi bor edi.

Qishloq havosi almashib, nafas olish yengil bo‘lib qoldi. Olcha yaprog‘ining osti ustiga qaraganda ochroq tusda bo‘ladi, shamol o‘lgur barglarini teskari qilib o‘tibdi. Ana, to‘q yashil va och yashilning qorishimi bo‘lib chayqalib turibdi. Ko‘chalarda, hovlida, ekin yerlarida zarra chang qolmabdi, hammasini supurib-tozalab ketibdi.

…Ortidan boshqa shamol keldi. Bunisi avvalgisiday shiddatli va sarkash emas, og‘ir, zalvorli edi. Bir xilda, o‘qtin-o‘qtin shiddat urib, qora bulutlarni surib keldi. Kuppa-kunduzi ham bulutlar bag‘rida chaqmoqlar chaqnayotgani ko‘rinib turardi.

Bulutlar osmonni enlaganida haybati yanada ortdi. Bag‘rini tikkasiga yorib yana chaqmoqlar chaqqanida tasir-tusir jala quydi. Darrov ko‘lmaklar hosil bo‘ldi, ustida pufakchalar yorildi. Bu yovvoyi shiddat Bibi Salimaning qalbini jo‘shtirib yubordi.

Loyqa, ko‘pikli suv ekin oralariga to‘lib oqardi. O‘tlar egilib-egilib qolibdi. Yomg‘ir daraxtlarning tanalaridan oqib, shovullagan saslar hosil qildi. Rosa ajoyib kuy chiqdi: to‘nkarib qo‘yilgan chelakda boshqa, taxta so‘ri ustida boshqa, uzum barglari orasida boshqa saslar bino bo‘ldi, ularning bari yomg‘ir shovullashi bilan birlashib, bahaybat va jo‘shqin ohang yaraldi.

— Tak-tak…

— Chak-chak…

— Tiq-tiq…

“Suronini qara-ya, — deb o‘yladi Bibi Salima. — Otam rahmatli, yomg‘irlar jannatdan yog‘adi der edi, rostmikan?”

Qaldirg‘ochlar charx urib aylanib uchishardi. Boshqa qushlar bekinib olishibdi. Ayvonda turib, nigohi har tarafga tentirab, bo‘g‘ot ostida bolalarini qanoti ostiga olib o‘tirgan musichani ko‘rib qoldi. “Bechora, sen ham enasan-da, — dedi ko‘ngli iyib, mehri ortib. — Bolamga yomg‘ir tushmasin deb qanoting ostida olib o‘tirishingni qara!”. Bir hovuch arpa olib, ayvonga sepib qo‘ydi. Musicha uchib kelmadi. “Yomg‘irdan hayiqdi, — deb o‘yladi u. — Tinsin, yemishni ko‘rib, albatta, uchib keladi”.

Yomg‘ir tevarakni yanada gurkiratdi. Daraxt­laru o‘tlar bir kechada o‘sib ketganiga hayron qolardingiz. Tuproq suvlarni shimib oldi, bag‘rida harakatga keltirdi, o‘t-o‘lanu dov-daraxt tanasidan tikkamasiga ko‘tarildi, gullargacha yetib borib, mevalar ichiga sizib kirdi — jannatdan yoqqan zilol shunaqa mo‘jizalar hosil qildi.

* * *

Oradan yana bir oz vaqt o‘tdi.

Bostirmadagi sigir bo‘kirdi. Saharlab oldiga o‘t tashlagan edim-ku, suvsadimikin, deb o‘yladi Bibi Salima. Hamda molchelakni ko‘tarib tomorqa etagidagi ariqqa suvga bordi.

U tog‘u toshlardan keladigan oqish tusli suv edi. Yoz jaziramasida ham muzdayligi ketmaydi. Tegrasida barq urgan yalpizu kurmaklarni atay o‘rishmasdi. Yalpiz urug‘ solay deganida barglarini shoxchalari bilan uzib, quritib qo‘ysa, qishda ovqatga solsa bo‘ladi. Quritilgan yalpizni dokaga o‘rab, ustunga osib qo‘ygan yaxshi.

“Xudoyimning yana bir kuni o‘tdi”, deb o‘yladi Bibi Salima, suv olar ekan. Chelak to‘lib, suvi etagiga sachradi. Qaqroq yer uni darrov shimib oldi. Muzday suv oyog‘iga to‘kila-to‘kila, bostirmaga borib, chelakni sigir oldiga qo‘ydi.

Bu sigir bo‘g‘oz edi. Hozir issiqda qiynalayotgani ham bag‘rida bolasi borligidan. Ikki yonga qappaygan qornini ko‘rib rahmi keldi. Sigir suvni qonib ichgach, boyloqdan bo‘shatib soyaga oldi.

“Yana non yopishim kerak, — deb o‘yladi. — Ammo, un tugagan-ku? Qo‘shnidan so‘rasammikan, degan ­xayolga bordi. Ayb­midi so‘rasam? So‘rayman-da. Balki qop tagida uncha-muncha qolgandir, deb ­omborxonaga ketayotgan edi, teraklardan biridan g‘alati shovqin keldi.

Hayron bo‘lib, o‘sha tomonga yo‘naldi. Quyosh nuri ko‘zimga tushmasin deb kaftini soyabon qilib qarasa – asalari! Son-sanoqsiz, terak shoxiga qo‘nib olishibdi. Bir oila qaydandir ajralib uchib kelibdi. Ayniqsa, bitta shoxda juda g‘ujg‘on. Ona asalari o‘sha yerda bo‘lsa kerak.

Bibi Salima shoshib qoldi.

Er xiyla tuzalgan, o‘g‘illarini boshqarib, ro‘zg‘orga u-bu topay deb ishga chiqqan, hozir o‘g‘illari bilan ikki xonadon narida bir imorat tomini yopishmoqda edi. O‘zim borsam ayb bo‘lar, deb ko‘chaga chiqdi. Molchelak oftobda qolib ketaverdi.

Ko‘chada qo‘shnining bolalari o‘ynab yurishgan ekan. “Nodirjon bolam, amakingizni chaqirib kelsangiz, qog‘ozli qand beraman”, dedi.

Er kelgach, u ham suyunib ketdi.

Ustiga to‘n kiyib, yuz-ko‘zini ro‘mol bilan o‘rab, uyani olib tushdi. Lunjiga suv olib, uyaga purkadi.

Bibi Salima hayron qaragan edi, “Ustiga suv purkasang, asalarilar yomg‘ir yog‘yapti deb o‘ylab tek turaverishadi”, dedi kulimsirab.

Quti ichiga qo‘yishganida to‘satdan havoda yana son-sanoqsiz asalarilar paydo bo‘lishdi. Bari o‘sha uyaga intilar edi. Salimaning aqli shoshdi. Iya, mo‘jiza ro‘y beryapti-ku, dedi ichida.

Er shod edi. Bolalar ham.

— Birovniki bo‘lsa-ya? — dedi eriga. — Odamlardan surishtiring-chi. Yana kimningdir haqini yeb qo‘ymaylik.

Er “Xo‘p”, dedi.

Surishtirsa, odamlar: “Kim tutib olsa o‘shaniki” deyishibdi. Egasi esa chiqavermadi. Shuncha asalari qaydan kelganiga o‘ziyam hayron edi. Bu tevarakda hech kimning uyidan asalari ajralib chiqmabdi.

— Xudo bergan bo‘lsa-chi? — deb kuldi eri. — Bular bir yilda ikki marta ajralishadi. Agar yaxshilab qarasang, hash-pash deguncha uch quti asalaring bo‘ladi.

* * *

Yoz o‘rtaladi. Tomorqaga sepilgan bug‘doy bo‘liq-bo‘liq boshoqladi.

Boshoq deganlari mo‘jizaning naq o‘zi! Bitta dondan chiqadi-yu, uchida o‘zi unib chiqqan dondan katta, uzun boshoq paydo qilib qo‘yadi. Ingichka sariq poya uchida shuncha narsa qaydan kelganiga aql shoshadi. Sanab ko‘rsa, bitta don qirq baravar ko‘payibdi. Yanayam g‘alatisi: donlar sanog‘ining juft ekani edi. Bibi Salima bu boshoqda g‘alati hikmat ko‘rdi. “Iya, — dedi hayratlanib. — Shularga qarab o‘zing fikr qilib olaver, deganimikan? O‘zimizcha u-bu ishga urinib yuraveramiz-u, bir qarasang, bitta narsang qirqta bo‘lib turibdi. Tuproq ichini ming kavlashtir, yegulik hech nima topmaysan. Xudoyimning yaratib qo‘ygan shu narsalari tuproqqa ildizini tiqib, qoq yerdan nok, olma, gilos, oshqovoq, sabziyu piyoz chiqarganiga qara-ya. Na ta’miyu lazzati, na shakli bir-biriga o‘xshaydi. Odam qiladigan ishlar ham shunaqamikan? Bir yaxshilik qilsang, qirq misli ortib o‘zingga qaytsa… Baribiram yaxshi niyat qilaverish kerak ekan-da”, degan to‘xtamga keldi u.

Bug‘doyni o‘rib tugatishgan edi, sigir egiz tug‘di.

Qo‘ylar egiz tug‘ishi ko‘rilgan holat, ammo sigir egiz tug‘ishi kam uchraydi. Bir sigiri uchta bo‘ldi, ikkalasiyam g‘unajin. Biri olib biri qo‘yib, oyoqlari mayisha-mayisha emgani talpindi.

Sigirning holiga qarab bo‘lmasdi. Buzog‘i tumshug‘i bilan turtib emganida munkib-munkib ketardi, ammo ko‘zlari… Hayvonda bunaqa mehr to‘la ko‘zni birinchi marta ko‘rdi Bibi Salima. Avvallari ko‘rmagan ekanmi? Yoki ko‘rgan-u, e’tibor qilmaganmi?

Tavba, hayotda bir nima o‘zgardimi, deb o‘yladi u hayron qolib.

Buzoqlarning shoshib-yutoqib emishiga qarab “Sut shulardan ortarmikan?” dedi. Ular to‘ygach, o‘zi sog‘ishga o‘tirdi. O‘h-ho‘, hali yana ancha bor ekan. Chelak qariyb to‘ldi. Usti sarg‘ish qaymoqli, mayda pufakchalari bijirlab turgan sut isi dimog‘iga yoqdi.

* * *

Nihoyat, kuz keldi.

Hosil shunaqa yetildi-ki!

Shaftolilar mevasi ko‘pligidan sinib-sinib ketdi. Behiday qayishqoq daraxtning shoxlari ham yergacha egilib tushdi. Anorlar larzon meva tugdi. ­Loviya-yu mosh xo‘p yetildi. Makkajo‘xori ikkinchi hosilga kirdi. Sigir kuniga bir chelakdan sut beraverdi.

— Meva-sabzavotni to‘plab tugatolmadig-a, —   dedi Bibi Salima. — Asalarilar chunon asal to‘plashdiki, to‘lib-toshib, yerlarga oqib ketdi. Tezda ajralganiga hayron qolasiz. Yana ajablanarlisi, ajralgani uchib ketadi-ku, to‘g‘rimi? Bular ketmagani-chi? Qutidan chiqib shundoq yonidagi shaftoliga qo‘nib olishaverdi. Bir qutidan uchta to‘da chiqsa-ya.

“Sigir ikkita tuqqaniga hayron edim, — dedi keyin. Nazarimda, yanagi yil yana egiz tug‘adiganday.

O‘zi, bir sigirim uchta bo‘luvdi. Tag‘in tug‘sa, naq beshta bo‘ladi-ku?

Obbo, to‘kis bo‘pketamiz, shekilli?”

Shunday deb, shod kuldi Bibi Salima.

— Yil nihoyatda barakali keldimi? — deyishardi kishilar. — Ta’rif qilib bo‘lmas hosil yetildi-ya?

Neki qadasangiz, o‘n misli bo‘laverdi. Meva-cheva, sabzavot juda arzonladi. Bu ketishda mol-qo‘yning ham narxi tushib ketadi-ku? Har ro‘zg‘ordagi sigir bexato egiz tug‘aversa, birga uch degani-ku bu?

“Xudoga shukr”, deyishardi odamlar. Xalq shod edi. Hamma ko‘rgan kunidan mamnun, shukr qilardi.

Odamlar orasida mehr ortdi. To‘kinlikda ortar ekan-da mehr. Hamma bir-biriga nimanidir ilingan, patir yopib qo‘shniga chiqargan, yaxshi gaplar bilan siylagan… Odamlar xushnud bo‘lib qolishdi.

Xudo mehribon-da, bergan barakasiga qaranglar, deyishardi. Avval shamol esdi, keyin yomg‘ir yog‘di. Keyin asalarilar kelishdi, sut-qaymoq mo‘l bo‘ldi.

Xullas, elga bir to‘kinlik yog‘ildiki, asti qo‘yaverasiz…

Xudo bersa, shunaqa berar ekan-da…

* * *

Bor-yo‘g‘i bir mavsum ichida shuncha hodisa sodir bo‘ldi. Ularning ba’zilari odamlar ongiga nimalarnidir xitob qildi, ba’zilari esa avvalu oxir esadigan shamollar kabi, o‘z qonuniyatlari bilan bir maromda, vaqti soatidan og‘ishmasdan ro‘y beraverdi.

Bibi Salima Xudodan rozi bo‘ldi. Mo‘jiza deb o‘ylaganlarini bolalariga gapirib berar ekan, ular bir ishonib, ko‘zlarini katta-katta ochib eshitib o‘tirishsa, bir kulimsirab chekkaga qarashardi.

— Bolalarim, men Xudoyimdan mingdan-ming roziman, — dedi Bibi Salima. — Qarang-a, niyatni xolis qilaverish kerak ekan-da. Tavba, o‘shanda o‘zim uchun so‘raganimda-yu Xudoyim bir bizgagina berganida nima bo‘lardi? Qo‘ni-qo‘shnining ko‘ziga qanday qarardik?

* * *

Bibi Salima shu voqeani aytib berganida, balki tasodifan shunday bo‘lib qolgandir, deb o‘yladim. Keyin, tiniq, ishonuvchan nigohiga, Xudoyi taolo falakdan ato etgan nur ila yo‘g‘rilgan soddayu samimiy chehrasiga qarab turib, to‘satdan ichim yorishib ketdi.

Chunki, hammasi u aytganday yuz berganiga chippa-chin ishondim.

Ishonmaslikka biron-bir jo‘yali sabab topa olmadim.