Sharifjonning ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Bir gapdan qolganida olam guliston edi-yu, lekin to‘g‘riso‘zligi, cho‘rtkesarligi bunga izn bermadi. Alami O‘roqchadan: uning yonini olaman deb boshlig‘i Mardon Husenovich bilan teskari bo‘lib qoldi. O‘roqcha bo‘lsa andishaga borib o‘tiradiganlardan emas, ertasigayoq Mardon Husenovich bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdi. Sharifjon esa yuzi shuvut kishidek yelka qisib yuribdi. Uning nazdida O‘roqcha — qora mushuk: Sharifjon bilan boshliq o‘rtasidan kesib o‘tdiyu endi hech narsa bo‘lmagandek kekirib yuribdi.
Reja bo‘limidagi Bobo‘sin aka pensaga ketsa, o‘rniga Sharifjon bo‘lim boshlig‘i bo‘ladi, deb yurishuvdi. Mardon Husenovich bilan ters bo‘lib qolishi esa bu gaplarni chippakka chiqarib qo‘ydi.
— O‘roqchaning shashti baland, hoynahoy bo‘limga shu boshliq bo‘ladi-yov, — degan gap Sharifjonga malol keldi. — Yana kim biladi deysiz, Mardon Husenovichning o‘zi ham qimirlab qolgan: yuqori bilan kelisholmayotgan ekan.
Sharifjonning ko‘ksida og‘riq paydo bo‘ldi. Asta-sekin badanini kemirayotgan bu og‘riqni hech kimga ayta olmasdi. Yurish-turishida halovat yo‘qoldi. Og‘riqning zo‘ridanmi, kundan-kunga rangi siniqib, ko‘zlari kirtaya bordi. Bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashadigan, kechikkan qishning sovug‘iday gaplari ham xunuk eshitiladigan bo‘ldi. Uydagilarni-ku ko‘z ochirgani qo‘ymaydi.
— Dadasi, — dedi xotini Lobar bu holdan toqati toq bo‘lib, — sizga nima bo‘lgan o‘zi? Men-ku do‘qu pichinglaringizga ko‘nikib qolganman. Oxi bu bolalarga zarda qilganingiz nimasi! Biror nimadan siqilayotgan bo‘lsangiz, mana menga ayting, ko‘nglingiz yoziladi. Hamma narsani ichingizga yutaversangiz, o‘zingizni o‘zingiz yeb qo‘yasiz-ku, birodar!
Sharifjon bir sasib bermoqchi bo‘ldiyu, yana shashtidan qaytdi. O‘ylab qarasa, xotinining gapida jon bor-da, xay! “O‘zingga o‘zing qildingmi, aybni birovga to‘nkama!”
— Boshliq bilan oramiz buzilib qoldi, — dedi Sharifjon chuqur bir so‘lish olib. — U yoqqa o‘tsam o‘poq, bu yoqqa o‘tsam so‘poq deydi, ayb qidirgani qidirgan.
Xotinlar gapga tez xulosa yasaydi.
— Ey, o‘nta panjangizda o‘nta hunaringiz bor! — dedi Lobar cho‘rt kesib. — Ko‘chada qolib ketmaysiz. Bo‘shang, jon xalos, betini ko‘rmaysiz!
Sharifjon sermulohazali emasmi, shaytonga hay berdi.
— Nimalar deyapsan, men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman. Undan keyin daraxt bir joyda ko‘karadi.
Sharifjon chuqur xayolga berildi. Olmaning bir pallasi zada yesa, ikkinchi pallasi ham ozor chekadi.
— Bilaman, — dedi xotin o‘zicha bir nimalarni chamalab. — Siz irim-sirimga ishonmaysiz.
— Ishonganimda nima o‘zgaradi?
— O‘zgaradi-da, — dedi xotin erining moyilligini sezib. — O‘sha kazo-kazolaringiz boradigan Parichani menam bilaman. O‘shanga borib duoi xayr o‘qitib kelsam, yo‘lingiz ochilib ketarmidi.
— Qo‘ysang-chi, shu ishingni.
— Ana, aytmadimmi, siz ishonmaysiz!..
Sharifjon ertasi kuni ham dili-dunyosi hufton bo‘lib keldi.
— O‘tiring qani bu yerda, — dedi Lobar eriga astoydil achingan bo‘lib. — Men aytgan joyimga borib keldim.
— Xo‘sh, nima bo‘libdi shunga? — dedi Sharifjon xotini amal-taqal qilib yoqib kelgan umid shamini o‘chirmoqchi bo‘lib.
Xotin kichkina qog‘ozga o‘ralgan narsani erining oldiga qo‘ydi.
— Nima bu? — dedi er o‘rog‘liq qog‘ozga qo‘lini bigiz qilib. — Nosmi?
— Qanaqa nos? Shakar bu!
— Shakar?
— Ha, shakar. Paricha ana shu shakarga dam solib berdi.
— Hali shuni boshlig‘iga qandchoy qilib bersin, degandir?
— Yo‘lim ochilsin, desangiz, bundan boshqasini ham qilasiz… Yo‘q, Yo‘liga sepasiz. Boshlig‘ingiz shakarni bosib o‘tsa, ko‘ngli iyib, sizga nisbatan mehri oshadi.
— Ey, qo‘y-ey, — dedi Sharifjon beo‘xshov jilmayib. — Men qanday qilib Mardon Husenovichning yo‘liga… Ko‘rganlar nima deb o‘ylaydi?
— Ha, endi bir yo‘lini qilasiz-da.
— Bo‘lmaydigan ishni qo‘y…
Xotin ming qilsa-da, erini ko‘ndirolmadi. Oxiri o‘zicha yo‘l tutdi…
Ertasi kuni Sharifjon yo‘lakda keta turib, beixtiyor o‘ng qo‘lini shimining cho‘ntagiga soldi. Cho‘ntakda nimadir bor. Nimanidir bir hovuch qilib chiqardi. Qarasa, shakar.
“Baribir aytganini qilibdi-da”, dedi boshini tebratarkan. Shu payt Mardon Husenovichning eshigi oldiga kelib qolgan ekan, birdan eshik ochilib, chiqib qoldi. Sharifjon shoshganidan o‘ng qo‘lidagi shakarni chap qo‘liga olib, boshliq bilan ko‘rishdi.
— Qo‘lingda nima? — dedi Mardon Husenovich Sharifjonning qo‘liga ishora qilib. — Mening eshigim oldida nima qilyapsan?
— Hech nima, — Sharifjon kalovlanib qoldi. — Shunchaki cho‘ntagimga qo‘l solsam…
— Cho‘ntagingda nima bor ekan?
— Shakar, — dedi Sharifjon chap qo‘li kaftini ochib ko‘rsatarkan.
— A-ha, — dedi Mardon Husenovich pastki labini tishlab. — Ish jiddiyga o‘xshaydi. Qani, ichkariga kir-chi! Sen bilan gaplashib olmasam bo‘lmaydi.
Sharifjon gunoh ustida qo‘lga tushgandek qizardi, bo‘zardi. Noiloj boshliqning xonasiga kirdi.
— Shakarni nima qilmoqchi eding? — zug‘umga oldi boshliq. — Niyating nima edi o‘zi?
— Hech qanaqa niyatim yo‘q, — dedi Sharifjon qo‘lidagi namlanayotgan shakarga qarab. — Shunchaki cho‘ntagimga qayerdandir kelib qolibdi-da, shuni…
— Yashirma, niyatingni ochiq aytaver…
Sharifjon endi og‘iz juftlamoqchi edi, Mardon Husenovich aksirib yubordi.
— Sog‘ bo‘ling, — dedi Sharifjon shosha-pisha.
— Ra-rah… — aksirish yana takrorlandi, — mat!
Mardon Husenovich lab-lunjini artaman deb cho‘ntagidan dastro‘molcha chiqargan edi, dastro‘molcha qatidagi shakar stol ustiga sochilib ketdi. U hech narsa bo‘lmagandek stoldagi shakarni kaftiga sidirib oldi va Sharifjonga o‘qrayib dilidagi muddaoni tiliga chiqardi.
— Men hozir shoshib turibman, — dedi boshliq o‘rnidan shaxt bilan turarkan. — Katta chaqirgan, bormasam bo‘lmaydi. Shu kunlarda gapimiz gapimizga qovushmay yuribdi. — U chap qo‘lidagi shakarni o‘ng qo‘liga shopirdi. — Men bu shakarni kattaning yo‘liga sochib kelay, sening shakaring masalasida kelganimdan keyin bafurja gaplashamiz. Endi, qani, bor ishingga…
Sharifjon yo‘lakka chiqib, qarasa, azbaroyi xijolatpazlikdan terlab ketgan kaftida shakar shira bog‘lab yotibdi.