“Oh, Nafisa! Bu ismni senga kim qo‘ygan yoki o‘zing unga moslashib ulg‘ayganmisan? Ovozing ham nafis, barmoqlaring xuddi chinnigulning yaproqlariga o‘xshaydi, lablaring…”
Nafisa ijirg‘andi, shakarguftor so‘zlarni boshqa eslagisi kelmadi. Yonginasiga uzun qizil avtobus kelib to‘xtadi. Shohbekat radiokarnayidan “Anjan aftobusi 42-ploshadkadan jo‘niydi”, – degan shirali ovozdan bildiki, avtobus Andijonga boradi. Tavakkal qilib avtobusga oshig‘ich chiqayotgan odamlarning qatoriga borib turdi.
– Shashilmasang-chi, uka, kennayingga yo‘l ber.
Qo‘ng‘izmo‘ylov yigitcha tavoze bilan Nafisaga yo‘l ochdi:
– Marhamat, marha-ma-at!
Odamlarning xayrixohligidan, mulozamatidan o‘ng‘aysizlandi. Mulozamatni Anvar ham juda o‘rinlatardi.
– Hoy qiz, Anvar – ilon, na qilasan unga yondashib? Avrab-avrab bir kun po‘st tashlagandek, tashlab ketadi, – derdi yotoqxona bekasi Mehri xola. – Bir xonadonni obod qiladigan, bir alpomish yigitni baxtini ochadigan tam-tam qiz bo‘lsang. Bir kun sharmisor bo‘lma, deyman-da…
Mana o‘sha sharmisorlik…
Nafisa yo‘l bo‘yi o‘zi bilan o‘zi olishib bordi. Goh belidagi “chim-chim” og‘riq sanchiqqa aylanadi-yu, badaniga muzdek ter chiqib ketadi. Goh og‘riq pasayib, biroz mizg‘ib oladi.
Avtobus manzilga yetib kelgach, og‘riq ham o‘z-o‘zidan tindi, nazarida qushdek yengil vujud bilan pastga tushgandek bo‘ldi.
– Bu moshina dovlatniki, opoy, – dedi yoshgina taksi haydovchi. – Bizda pilon bor, benzinni narxini osmondaligini bilsayiz kerak. Bo‘lmasa jonim bilan oborib qo‘yardim. U yaqqa eltadigan odamiyiz yo‘qmi, pochcha…
Nafisa mulzam bo‘ldi. Taksi puli shunchalar qimmatlashganini bilmagan ekan.
Birdan belidagi og‘riq qattiq xurujga oldi. Tishini-tishiga bosgancha, yuziga gazeta yopib, mashina eshigini ochiq qoldirgan shofyorning mashinasi tomon yurdi:
– Amaki, meni tug‘ruqxonaga oborib qo‘ysangiz, – dedi va o‘zi xurujdan mayishib, taksining eshigiga osildi.
“Amaki” boyagi yigitdan ham yosh ekan. Nafisadan battar hovliqib, bo‘g‘riqib ketdi. “O‘tiring, o‘tiring”, – deya eshikni ochdi-da, shiddat bilan mashinaga gaz berdi.
Nafisa har ihraganda, go‘yo ayol hozir uning mashinasida tug‘ib qo‘yadigandek, haydovchi bola shoshilar, “hozir yetamiz, ana yetdik, mana yetdik, birpas shashmang, apajon”, – deb yupatib ham borardi.
Qabulxonada uni baland oq qalpoqli, nimjongina ayol kutib oldi. Nafisaning yolg‘iz kelganidan ajablanib, hujjatlarini sinchiklab tekshirdi. Keyin bemorning nazarida ahamiyatsiz ko‘ringan bir-ikkita savol berdi. Shu asno juvon bolasini shu yerga tashlab ketmoqchiligini bilgach, qalqib tushdi. Ohista va shikasta tovushda:
– Avval eson-omon qutulib oling-chi, jonim, u yog‘i bir gap bo‘lar, – dedi. Keyin yo‘lakka qarab, buyurdi: – Halimaxon, bu xotinni “dardxona”dagi kushetkalardan biriga jaylashtiringlar, dardi “pishishiga” yarim sog‘atcha vaqt bor.
Nafisa uning sarg‘ish yuzlariga termilarkan, “x” tovushini yumshoq talaffuz qilishi unga shirin zabon baxsh etganini sezdi.
Yuziga birov sekin-sekin, keyin qattiqroq shapatiladi. Ismini so‘ragandi, Nafisa gapiromay, g‘alati g‘o‘ldirab qo‘ydi. Keyin ko‘zini ochib, tepasida uzun bo‘yli, qotmadan kelgan kishi va oq durrachali xo‘ppa semiz ayol turganini ko‘rdi. Qayerdaligi, o‘ziga nima bo‘lgani shuuriga yetmadimi, yoinki, qattiq toliqqan qoboqlarning ochilishi qiyin bo‘ldimi, yana ko‘zlarini yumdi.
– Kelin, erkalikni bas qiling, ko‘zingizni oching, – deya haligi kishi yuziga shapatilar, lekin Nafisa karaxtlik bag‘ridan chiqib ketolmas edi.
To ismini aytmaguncha tinchlik bo‘lishi qiyinligini sezganidan so‘ng, fikrini jamlab otini aytdi. Lekin so‘z o‘rniga yana boyagidek g‘o‘ldirash…
Bilagiga sanchilgan ignaning chimillashi ko‘zini ochib yubordi.
– Men… Men Nafisa…
– Ha, ana hushyor bo‘ldingiz. Hammani qo‘rqitvordingiz-ku. Naq to‘rt kilo o‘g‘il tug‘dingiz, undan keyin sal maza qochdi, kravit qildingiz. Jichchagina narko‘zga shu-uncha uxlab, hammani ovora qildiyiz-a, kelin, munaqamas-da. Bo‘pti, men ketdim, boshqa uxlamang.
“Munaqamas-da, munaqamas-da”… Ko‘ngli behuzur bo‘lib, boshini og‘ir tosh aylanib ezayotgandek behol ingradi, yana ko‘zlarini yumdi. Tegirmon tosh uzoq aylandi. Aylansa-aylanar, anovi kishi tepasidan ketdi-ku. Endi bemalol o‘laverish mumkin. Nafisa o‘zini nihoyatda behol sezar, go‘yo joni tanidan ayrilib chiqayotgandek, o‘zicha ota-onasidan rozi-rizolik so‘rab turgandek edi. Birdan hammayoqni qorong‘ilik bosdi. “Endi o‘ldim, o‘ldim, o‘ldim, o‘ldim, o‘ldim…”
Ayol kishining qattiq chinqirig‘idan qulog‘i batang bo‘lib uyg‘onganda, uni g‘ildirakchali karavotga solib, ko‘kimtir rangga bo‘yalgan xonaga kiritishayotgan edi. Quloqlaridan hamon boyagi juvonning “Voy ayajon”lagan faryodi, deraza tokchasiga chiqib ichkarida dard bilan olishayotgan qiziga dalda berayotgan ayolning tovushi ketmasdi:
– Aya, dema, ayang aylansin, Xudo de, Xudoga nola qil…
Nafisaning esa dardkashi yo‘q. Avtobus, taksi, tug‘ruqxona, dardxona, do‘zax azobi, nihoyat palata. Doya momo aytganidek, xayriyat, yo‘l-cho‘lda tug‘ib qo‘ymadi.
– Bolasini raddo‘mga tashlab ketarmish mambu qiz, – shang‘i ovoz “mambu qiz”ning quloqlarini teshib yuborgudek bo‘ldi. – Qandaydir pabrikada ishlarmish. Voy, kuchala yegan jayiga borib tirishmaydimi, Anjan shunaqalarga jaymi?
– Hafizaxon, xalal beryapsiz, hijolat qilmang bulani, – bu o‘sha – uni qabul qilgan, “x” tovushini yumshoq talaffuz qiladigan doya xotinning ovozi.
Nafisa yuqoridagi tahqirni tug‘ruq xonasida eshitgandi. Lekin akusher-ginekologlar bir xil xalat kiyib, yuzlarini doka niqob bilan to‘sib olganlari uchun ovoz egasini ilg‘amagandi. Mana o‘sha ovoz sohibasi: shahlo ko‘zlar tegrasiga ingichka surma tortilgan, ko‘krakdor, qalin, payvasta qoshlari xiyol chimirilgan, faqat ovozi… U Nafisaning “tarixi”dan so‘zlab hammaga karnay chalib chiqqan shekilli, atrofdagilar unga sovuq va jirkanib qarardi.
– Anvar har ne deyveradi-da, bolam, ichdan chiqqan ilon issiq, – derdi Mehri xola. – Qadimgi ertaklar ikki boshli ilon tug‘sayam, turmuchlab bag‘riga bosgan onalardan rivoyat qiladi. Oh, qizi tushmagur-a, odamdan odam kelishi osonmi? Ko‘z yorayotgan xotinning faqat jimjilog‘i go‘rdan tashqarida turarkan. Xudoyim rahm qilsa, o‘sha jimjiloqdan ushlab xotinni o‘lim changalidan tortib olarkan, bo‘lmasa…”
Nafisa oxirgi kunlarda o‘ziga o‘lim tilardi. Onasi ham uni ozmuncha qarg‘amaganmidi:
– Ilohim, eshigimdan endi tovuting lapillab kirib borsin. O‘qishga kirmay ochiq mozorga kir. Mani yurtga yurug‘siz qilding. Bergan sutim dili jigaringni ezib, og‘zingdan qora qon bo‘lib vaqqillab kelsin. Xudoyo juvonmarg bo‘l…
Qiz onasidan bundayin dahshatli qarg‘ishni shu yoshga yetib eshitmagan edi. Xuddi kesakdek muzlab, karaxt bo‘lib qoldi. Faqatgina tabiatan halim otasining ko‘zlarida g‘iltillagan yosh ko‘rdi:
– Qarg‘ama, qarg‘ama-ey! Yomon bo‘lsa yomondi biri, egri bo‘lsa egrilani qatori. Bolangdan tonasanmi, esi yo‘q? Bas, qarg‘ish qilma!
Ko‘zi yorigandan keyin ham atrofidagilarning: “Yo‘ldoshi yopishib ketibdi. Qon to‘xtamayapti”, – degan xavotirli shivir-shivirlarini eshitganda: “Onamning qarg‘ishi oldi meni, endi bu dunyodan ularning rozi-rizoligisiz ko‘z yumarkanman-da”, – deb o‘ylar, buni Xudoning jazosi deb tushunardi.
…Qovug‘ining ustida og‘riq qo‘zg‘alib, chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Darddan to‘lg‘anib, o‘zini har yoqqa tashlab, ingroq aralash yig‘lay boshladi:
– Voy otajon, voy onajon, voy o‘laman!..
– Nima? – boyagi ovoz shang‘illadi. – Chordard tutyaptimi? Og‘riydi-da, ha? Undan orttirib, mundan orttirib, tug‘ib tashab ketovraman deb o‘ylagan bo‘sayiz kerak-da. Ishqibozlik qilish oson, tug‘ish osonmas!
Nafisa o‘z-o‘zidan tinchlanib qoldi, hatto og‘riq ham paysal topgandek bo‘ldi. Faqat xo‘rlik…
Lekin bu xo‘rlikni Xudodan yo bandasidan ko‘rmoq to‘g‘ri emasdir? Axir bu savdoni o‘z boshiga o‘zi sotib oldi-ku. Shu bola bo‘yida bo‘lganini bilgan kundanoq, Anvarning munosabati o‘zgardi. Shiringuftorlar o‘rnini sovuq, kerik muomala egalladi.
…– Ota, yurist bo‘lmoqchiman, meni o‘qishga qo‘ying, – deganda, otasi qancha xushvaqt bo‘lgan edi. Qiziqish va mehr bilan qiziga boqarkan: “Anovi po‘rma kiyib yurganlarga o‘xshab-a? Ha-a-a… O‘qishga kirolasanmi o‘zi?”
Bunisini Nafisa bilmas, lekin o‘ziga ishonar edi. Onasi esa qizining boshiga tushadigan savdolarni oldindan sezgan ekanmi, ota-bolani jerkib soldi:
– Qiz bolaga o‘qishni kim qo‘yibdi? Po‘rma kiyish oson ekanmi? Bir kami urug‘imizdan sud xotin chiqishi qoluvdi.
Onasining yon bermaganiga beshikkettisi Sotivoldi aybdor, deb o‘ylardi qiz va bundan hadsiz iztirob chekardi. Yolg‘izgina tantiq o‘g‘il Sotivoldilarning dang‘illama hovlisi, kelinga atab to‘plagan bo‘xcha-bo‘xcha seplari, tillo taqinchoqlari mo‘lligini ona ba’zan qiziga eshittirar, “O‘l, Napsa, nimasi yomon Sotivoldini”, – deb yana maqtovga tushardi.
– Onajon, o‘qishga qo‘ysangiz tegaman shu Sottiga, jon ona…
Sotivoldi balki yomon emasdir. Lekin o‘sha paytda Nafisa uni shunchalar yomon ko‘rdi. “Unga o‘lsamam tegmayman!” – bu uning ichki qasami edi.
Mandatdan “yiqilgan”dan keyin qaytib bormaganining sababi ham shu – Sotivoldini yomon ko‘rishi edi. Sotivoldi tufayli ota-onasini aldadi, o‘sha tufayli parvonadek o‘zini o‘tga urdi.
Anvar akasi – butunlay boshqa dunyo. Qishloqi yigitlar bilan uning o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq bor. Dugonasi Ra’noning aytishicha, Anvardan o‘ta madaniyatli, nazokatli mug‘ambir va buyuk sharqshunos chiqarmish. Anvar Nafisaga darrov ilakishmadi. U bulturdan buyon ularning yotoqxonasida yasharkan. Ra’no kirishimli qiz bo‘lgani uchun uni hamma taniydi. Anvar ham. Anvar Ra’no bilan suhbatlasha turib, uning pinjida qimtinib, qizarib turgan Nafisaga bir zum nigoh tashlar, shu kuydirgijon qarashi bilan qizning yuragiga tushgan laxcha cho‘g‘ni alangalatardi.
– Hech gap emas, – dedi bir kuni. – Yurfak bo‘lmasa, sharqshunoslikka kiritamiz. Xohlasangiz, kirish imtihonlariga birga tayyorgarlik ko‘ramiz, hay, Nafisajon. Har qancha maslahat zarur bo‘lsa tortinmay aytavering.
“Sharqshunoslikka kiritamiz”, “maslahat”, “Nafisajon” – shu oddiygina so‘zlarning o‘zi unga bir dunyo umid bag‘ishlardi. Anvar shirin bir lutf bilan goho arab, goh turk, goho hindu fors tillarida so‘zlar, tarjimasi ham oddiy va yoqimtoy bo‘lardi. “Xush keldingiz, safo keldingiz”, “Choyga marhamat”, “Toliqib qolmadingizmi?”
Nafisa uning qop-qora dumaloq ko‘zlariga, kulganda, to‘liqib so‘zlaganida chuqurlashadigan kulgichiga tikilib qolar, o‘zidagi bu sehrlanishni sezib qolsa, xijolatdan bosh egardi.
Anvar ham qizdagi o‘zgarishlarni sezar, biroq sovuqqonlik bilan o‘zini bilmaganga solardi. Bir kun Anvar eshik qoqib kelganda, Nafisa Ra’no prokatga keltirgan televizordan yolg‘iz o‘zi badiiy film ko‘rib o‘tirardi.
– Assalomu alaykum, keling, Anvar aka.
– Va alaykum assalom, Nafisajon. Ichkariga ijozat bo‘ladimi? Ra’nobonu smenadalarmi deyman?
Nafisa shitob bilan kitob-daftarlarini tayyorlamoqchi bo‘lgandi, Anvar chiroyli jilmaydi:
– Yakubovich aytganidek, “reklamnaya pauza”. Yaxshi kinoga o‘xshaydi. O‘tiring, Nafisajon, mutolaaga hali ulguramiz.
Teleekranda cho‘l chechaklaridan, bug‘doy boshoqlaridan boshiga gulchambar taqqan qiz, sochlari bir yonga taralgan yigit va chiroyli manzaralar ko‘zga tashlanardi.
– Qarang, Nafisajon. Qizning sochlari juda go‘zal ekanmi?
– Sochlari? – Nafisa televizordan ko‘z uzib unga qaradi. Anvar o‘ziga qattiq tikilib turganini sezib, sapchib turdi: “Men choy qo‘yib kelay”.
– Yo‘q, yo‘q, – Anvar uning barmoqlaridan ushladi. – Hojati yo‘q.
Nafisaning shuuriga filmdagi mantiq yetib bormadi, xuddi Anvar unga boyagidek tikilib turgan kabi o‘z-o‘zidan lavlagisi chiqib ketaverdi.
– Siz ish bilan ancha horg‘in ko‘rinasiz, asal qiz. Maslahat bilan ertaga bir sayru gasht uyushtiramizmi? Siz ham vodiy chechaklari bilan sochlaringizni bezatardingiz. Ra’noga aytmay qo‘yaqoling, bilsa, meniyam olib bormapsizlar deb xarxasha qilib yurar, haymi?
Anvarga nima bo‘ldi o‘zi, sayru gasht deydimi, asal qiz, deydimi, tavba.
Nafisa o‘shal dilafro‘z vodiyni ham, sochlarini bezagan nafarmon chechaklarni ham hech qachon eslagisi kelmaydi. O‘shal jannatul rizvonda unga qarg‘ish tegdi…
Ishxonadagilariga bildirmay Anvar Nafisani yashirincha nikoh qildirdi-yu, lekin biror joyga “is” chiqarmadi. Nafisa yana arosatda qoldi. Anvarni ishxonasi tomonidan bir yillik muddat bilan Livanga jo‘natishmoqchi bo‘lishibdi, tarjimonlik qilarmish. Ketish oldidan u norasmiy, lekin shar’iy xotiniga muloyimlik va sovuqqonlik bilan “nasihat” qildi:
– Nafisajon, bolaning tug‘ilmagani yaxshi. Har holda sha’ningga past-baland gaplar bo‘lmasin, deyman-da. Ra’noga tayinlab qo‘yaman, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, mana bu qog‘ozda ellik ming bor, hozirgi aytganimga sarflaysizlar. Yana ko‘zyoshimi? Axir men senga oldin ham aytganman. Xotinim, bolalarimdan voz kecholmayman, lekin seni ham tashlamayman. Nomardlik qilsam, sen bilan nikoh bog‘lamas edim. Agar homilali bo‘lmaganingda, o‘zim bilan olib ketardim. Nachora. Yana bir gap, o‘zingni saqla, men yer tagida ilon qimirlasa bilaman. Faqat bola tufayli aziyat chekmagin, deyman, buning ustiga ishxonadagilar bilib qolishsa, mening ishim ham, sening o‘qishing ham abgor bo‘ldi deyaver.
Anvarning “maslahat”ini eshitgandan so‘ng Ra’noning birdan jini qo‘zib, o‘rischa-o‘zbekcha, erkakcha-xotincha haqoratlarni qatorlashtirdi:
– Voy zaraza… isqirt, tvar… Man uni odam desam, bir gramm sharmi yo‘q ekan-ku. Sen unga nima uchun kerak ekanligingni tushungandirsan? Ko‘rdingmi, endi qizig‘ing qolmadi-da! Voy tulki-ey… – Keyin birdan bo‘shashib titilib ketgan o‘rindiqqa behol cho‘kdi. – Sen ham tuzuksan. Doimo o‘shaning yetovida yurasan. Aslida Anvarning aytgani uch minutlik dahmaza. Lekin undan keyin… keyin tillo sochib ham bola betini ko‘rolmaysan. Bepushtlik nimaligini bilasanmi? Erkakning ming bir hiyla-nayrangi bo‘ladi-da. Bugun bolangni oldir, qiynalib qolma, degan odam, ertaga tug‘mas, deb osongina talog‘ingni qo‘lingga tutqazadi. Maslahatim: senga ham tirnoq kerak emas ekan, uzoqroq joydagi tug‘ruqxonaga bor-da, bolani o‘sha yerga tashlab kel. Bu yerda tug‘sang, boladan ko‘ngil uzolmay qolasan…
…Doka niqobli, lo‘mbillagan ayol qo‘g‘irchoqdek yo‘rgaklangan chaqaloqlarni belidagi raqamiga qarab onalariga tarqatarkan:
– Qani, o‘rningizdan turingiz, – derdi hazilomuz. – Buzakchalaringizni emizingiz. Ha, oyimsho, nega aza tutib o‘tiribsiz? Agar xohlasangiz, keltirib beraman, ayasini istab qo‘zichoqdek mag‘rab, dunyani buzib yatir.
Nafisa bolasiga nisbatan ko‘nglida achinish hissi tuydi. Lekin hozir ko‘rsa, uni tashlab ketishi qiyinligini bilib, “yo‘q, yo‘q”, dedi.
– Ixtiyoring, – tatar xotin shart burilib, jahl bilan to‘q-to‘q yurib chiqib ketdi.
– Voy, mambu xotinni. Tirnoqqa zorlar qanchayu, bolabezorlar undan ko‘p ekan-da. Mana, men hozir o‘ttiz yettidaman. Shuginani diydoriga yetguncha o‘n besh yil hasrat tortdim. Xudoyimdan o‘rgilay, ohimga yetdi. Sizga nima qipti? Bitta shu go‘dakni eplavolarsiz. Boqib katta qilsangiz, er yetsa u sizni boqadi. Qaytar dunyo, deydilar, aylanay, gunohga botmang-a.
“Oh, sho‘rpeshona Nafisa… Nega o‘lmay qoldim? Shuncha nomussizlikdan ko‘ra, o‘zimni ham bolaga qo‘shib bir nima qilganim yaxshi emasmidi?”
Bolalari bilan “til”lashib emizayotgan xotinlarni kuzatib yotarkan, birdan ko‘ksi simillab og‘rib ketganini sezdi. Ko‘kragidan tizillab sut chiqib, ko‘ylagini shilta qildi. Sut sovib, shirasi g‘ashni keltirdi. Nafisa noiloj qo‘zg‘alib, xona devoridagi kran tagiga ko‘ylagining oldini yuvdi-da, sutini sog‘a boshladi.
– Sog‘ma, battar bo‘lasan, – dedi koreys ayol. – Yaxshisi durrachangni ho‘llab, mahkam bog‘lab yot, uch-to‘rt kunda qaytib ketadi.
– Haliginda enaga, bolangizni chirqillab yotibdi, dedi-yu, shu iflos kranning tagiga soqqandan ko‘ra, o‘sha sho‘ring qurg‘urni emizsayiz-chi, – dedi o‘ttiz yettisida farzandli bo‘lgan ayol.
Nafisa indamadi, lekin birdan chaqalog‘ini ko‘rgisi, mana bularga o‘xshab erkalab emizgisi keldi. Mehri xolani esladi. Bechora xola hadeb Nafisani o‘z yo‘liga yurgizmoqqa tirishar, bolaning taqdiridan xavotirlanardi:
– Ko‘nglingni ravshan tut, shaytonning yo‘rig‘iga yurma. Anvar yoshlik qilgan. Agar bolangni ko‘zing qiymasa, ko‘tarib opkelaver, qizlar sudra-sudra qilib o‘zlari katta qilib berishadi. Bolasini ko‘rgandan keyin Anvarga ham insof kirib qolar, qizim.
Rostdan ham bolasini begona shaharga tashlab ketgani bilan bo‘ynidagi tavqi la’natdan qutulmoqning iloji yo‘q. Agar u o‘lib qolsa-chi, shu kungacha qancha malomatlarga chidadi, o‘zining bo‘shangligi, soddaligi tufayli haliyam hammaning ko‘ziga balo bo‘lib ko‘rinayapti. Ersiz bola ko‘rib, ko‘tarib yuribdi, deyishsa, buyam shu malomatlarning biridir-da! Nafisa yuragida isyon ko‘tarayotgan, bolasiga xayrixoh bo‘lgan tuyg‘ularga jimgina quloq tutardi. Mana Anvar, “xotinim qop-qora zog‘chadayin, unga hech ko‘nglim ilimaydi, faqat bolalarimni yaxshi ko‘rganim uchun u bilan yashayapman”, degandi. Anvar Nafisani jonidan ortiq ko‘rarkan, lekin nega o‘z bolasini ko‘ngli tortmaydi? Uning vujudida, yuragining tub-tubida qizg‘anchiqlik paydo bo‘ldi: uning bolasi Anvarning bolalaridan kam ekanmi? Boyagi xotin “haromivachcha”, dedi. Nega? Axir uning otasi bor-ku! Uning haromi emasligini aytish, odamlarni ishontirish uchun ham bolasi o‘zining bag‘rida bo‘lishi kerak emasmi?..
Kechqurun miqtidan kelgan enaga bolalarni tarqatarkan, tasodifan Nafisaga ham chaqaloq tutqazdi:
– Yoningizda yotib tursin, chillaxonada bir o‘zi qolmasin. Qorinchasi to‘q, hozir sut berganman.
U chiqib ketishi bilan Nafisa chaqaloqni ko‘ksiga yaqinlashtirdi. Kulcha yuzli, bodomqovoq bola qiyinchilik bilan ko‘krakni oldi. Xonadagilar ona-bolani jimgina kuzatishar, birov “churq” etib og‘iz ochmasdi. Nafisaning toshdek ko‘ksi iyigani kabi ko‘ngli ham yorishib borar, ko‘zlaridan shuvullab yosh quyilardi.
Chaqaloq ozgina emib, uxlab qoldi. Nafisa uning qip-qizil yuzlariga, po‘st tashlayotgan po‘rsildoq lablariga, tirishlari ko‘p manglayiga tikilib to‘ymasdi. Qulog‘iga birov shivirlab aytib turgandek qo‘shiqnamo she’r eshitilar, ohanglar silsilasida diliga ko‘chardi:
Ichdan chiqqan issiq olov – ilon bolam,
Sen tufayli bo‘lsam bo‘lay yomon, bolam…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son