Qurbon Eshmatni taniysiz. Ha, o‘sha mashhur jurnalist, hozirda “Soliqlar va dunyo” degan gazetaning muharriri. Bizlarga ustozligi ham bor. Odamning joni deyishadiku, shu odamlarga o‘xshaganlarga aytilgan gap shu.
Endi agar to‘g‘risini aytsam, hozir sizga aytmoqchi bo‘layotgan voqeani bir kun hammaga o‘zim aytishim kerak, deb yurganim uchun qog‘ozga tushiryapman. Azbaroyi boshqacha odamlarning qanaqaligini aytmoqchi bo‘lib boshlangan bu hikoyalar aslida hayotda bor odamlar va ularning turli kundalik voqealarga munosabatlaridan hayratlanganimiz, undan xursand bo‘lganimiz, boshqalarga ham qiziq va bilib qo‘ysa yomon bo‘lmasligi kabi mulohazalardan kelib chiqib yozilgan. Qolaversa, bu hikoyaning yana bir alohidaligi bor, buni keyin o‘zingiz fahmlab olarsiz.
1996 yil edi chamasi. “O‘zbekiston ovozi” gazetasida Qurbon aka bilan birga ishlaymiz. Eshmatov (Bu odamni ko‘pchilik familiyasi bilan ataydi, bu ham o‘ziga xoslik) bo‘lim boshlig‘i, men xodim, katta kabinetda Norqobil Jalil uchalamiz birga o‘tiramiz. Norqobil aka yaxshi qalamkash, hozirgi kunda “Oila va jamiyat”ni gurkiratayotgan jurnalist. Hazillari o‘tkir, gap kelganda, otasini ham ayamaydiganlardan. O‘shanda juma kuni edi. Ta’tilga ruxsat olganman, aniqrog‘i, jumada buyruq chiqqan, dushanbadan hisob. O‘zi odatda shunaqa qilinadi, o‘zingiz ham shunday qilgansiz chiqar. Shanba kuni qandaydir bir yumush bilan ishxonaga kelib ketdim. Dushanba yana keldim, ishxonayam magniti bormi, kuniga bir kelib ketmasa, xuddi biron narsangni yo‘qotadigandekmiyey hislanib yuradida odam, o‘zi ta’tilda bo‘lsang balo bormidi, deydigan odam yo‘q.
Kelib xonaga kirsam, Qurbon Eshmat o‘zining “moltopar” seyfini ag‘dar-to‘ntar qilib tintib o‘tiribdi. Keling, avval seyf o‘lgur haqida ham ikki og‘iz to‘xtalib o‘tay. Boshqa biron joyda ko‘rmaganman, bir temir yashik, og‘irligi ham o‘n besh-yigirma kilo chiqar, deyman. Keyin qishloqlarda bo‘ladi – katta qulf, shunaqa zormanda bilan yopiladi. Akamiz bir og‘aynisining ikki ming dollar pulini cho‘ntagida ko‘tarib yuradi, aytadiki, o‘sha do‘stiga uy olib berish kerak. E’tibor bering, ikki ming dollarga o‘sha paytda ikki xonali uy olish mumkin edi. Juma kuni kechqurun bir joyda ulfatchilik rejalashtirilib Qurbon aka shu pulni ko‘tarib yurmay, degan fikrda uni seyfiga solib qo‘yadi. Seyfning kaliti ham cho‘ntagiga “og‘ir”mi, “qo‘pol”likmi qiladi shekillida, stolining tortmasiga qo‘yib ketadi. Ertasi, ya’ni shanba kuni ham ishga kelgan, lekin zarurati bo‘lmagan shekilli seyfni ochib ko‘rmagan. Dushanba kuni bir nimani izlab seyfini ochsa… Pul yo‘q, o‘sha dollarlar yo‘q. Men o‘tiribman xonada, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman, xuddi haqiqatdan ham, yo‘q endi o‘zingiz o‘ylang, har qanday odamning ko‘ngliga birinchi bo‘lib shu xayol keladida, to‘g‘ri emasmi, o‘zimga ham shu fikr kelayapti o‘sha topda, rostiyam o‘zim o‘g‘irlaganday hijolatdaman, nima deb gapirish kerak, qanday so‘zlarni aytish joiz bunday holatda – bilmayman.
Xullas, ikki mingdan bir ming sakkiz yuz dollar olingan, qanchadir Rossiya rubliga teginishmagan. Biroz karaxt bo‘lib turdida, e onangni, dedi Qurbon aka, yana bir nimalar dedi. Keyin kuladi, Husanboy, otam (u hammaga, hatto ayol kishiga murojaat qilsa ham “otam” deb gapiradi) nima qilamiz?
Men nima deyishim kerak, nima qilsam, nima desam to‘g‘ri gapirgan bo‘laman. Tilim aylanmaydi. Xullas, o‘sha kuni allamahalgacha otamlashdik. Bir maslahatga keldik. Ustoz(shunday deb aytsam u odamning haqi bor)ning Ichki ishlar vazirligida kattakon amaldor oshnasi bor. Shunga murojaat qiladigan va tekshirtiradigan bo‘ldik. Menga ham shu kerakda, baribir ichida nimalar xayoliga kelmaydi deysiz. Buning ustiga, yuristlar tili bilan aytganda, menda “alibi” yo‘q, hamma faktlar menga “antialibi” bo‘lib turibdi. Shundan seshanba yo chorshanba kuni o‘sha amaldor do‘sti keldi idoramizga.
So‘rab-surishtirib nima voqea bo‘lgani, qanday holatda bo‘lganini bilib mehmon kulib yubordi. Haqiqatda ham kulgili. O‘zi huquqiy mavzuda ijod qiladigan jurnalist, qancha sud ocherklari muallifi, jinoiy ishlar bo‘yicha adolatsizliklarga barham bergan izquvar ijodkor Qurbon Eshmat o‘ziga kelganda, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygan, ya’ni bunday o‘ylab qarasa, hamma joyda o‘zlarining barmoq izlari, ushlamagan joyi qolmagan seyfini, kaliti, tortmasi va hokazolarni.
Eshmatovning o‘rtog‘i men ishxonangiz oldiga barmoq izlarini tekshiruvchi katta avtobus shaklidagi mashina olib kelib ish boshlataman, bilib qo‘ying, binoga kirib ishlaydigan har bir odamning barmoq izlarini olamiz, keyin seyfingizdagi bilan solishtirib ko‘riladi, surishtiruv, qidiruv va tergov olib boramiz, balkim topilib qolishi mumkin, dedi. Kimdan shubhangiz bo‘lsa, ularni birinchi bo‘lib tekshiramiz. He , Jabborqulda jon qoladi, deysizmi? Tasavvur qiling, “Matbuotchilar” ko‘chasidagi yetti qavatli gazeta tahririyatlari binosida eng kamida ikki ming odam ishlasa kerak, deyman. O‘nlab gazeta tahririyatlari, “Sharq” nashriyoti xodimlari, texnik va muhandislar, farroshlardan tortib kioska, oshxona ishchilarigacha ancha odamda endi. Shularni pastga avtobus qo‘yib barmoqlarini tekshirtirishayapti, tasavvur qilingda, nima bo‘ladi, eng birinchidan, gap-so‘z urchiydi, nima emish, Qurbon Eshmatning ikki ming dollari yo‘qolibdi, iye, o‘zi bir jurnalist bo‘lsa, shuncha pul, yana dollarni qayerdan olgan u, ha, pora bo‘lsa kerak – birinchi gap shu taxlitda paydo bo‘ladi.
Hech kim Qurbon Eshmat og‘aynisining qistovi bilan unga ikki xonali uy olish uchun ikki ming dollar pulini bir oydan buyon olib yurgani, uning nihoyatda pokiza va halol odam ekanligini, kamtargina yashashi, qolaversa, cho‘ntagida har doim ham puli bo‘lavermasligi, ba’zan tushlikka chiqayotganida yo hisobchi Xolmuroddan, yo bo‘lmasa xodimi Husan Ermatdan besh-olti yuz qarz so‘rab turishini gapirarmi edi deysiz.
Yo‘q, bilamiz, oldindan bilamiz, nima deb gapirishini bu kasbdoshlarning-u, do‘stu-dushmanning. Rost-da, qancha ko‘p do‘sti bo‘lmasin, dushmani undan ham ko‘p, deb aytavering Eshmatovning. Bu shu odamning yonida yurib, ozgina hayoti va tashvishlaridan xabardor bo‘lganim uchun, yoyinki mingta og‘aynisidan biri bo‘lgan mening ko‘nglimdan o‘tganlari, Qurbon Eshmat o‘zini mendan ancha yaxshi biladi, qancha do‘st-dushmani bor, yana qanday antiqa va iflos gaplar paydo bo‘lishini u hammadan ham ko‘ra yaxshiroq va aniqroq tasavvur qiladi-ku. Qolaversa, yana muhim jihati, shuncha gap-so‘zdan keyin ham o‘sha pul topilsa… Mana, muammo.
Xullas, shu odam biron kun qosh-qovoq solmadi, biron marta muomalasi o‘zgarmadi, endi-endi hazillashib qo‘yamiz, aka o‘sha pulni bir o‘zim yemaganman, Norqobil do‘stingiz bilan birga olgan edik, deb. Darrov hazilga hazil ulaydi, bilaman, “Norqobil uyini remont qildi, san tomingni yopding. Shuni shunday, o‘zimdan so‘rasalaring ham berardim, karnaychidan bir suf-da”, deb qo‘yadi. Bunday voqealar albatta beiz ketishi qiyin. Odamga ta’siri bo‘lmay qolmaydi.
Bildirmadi, deymizu, yaqinda mikroinfarkt bo‘lganini eshitib o‘ylanib qoldim, tashqarisiga chiqarmagan bilan ichidan zil ketmaydi, deysizmi.
Yaqinda o‘g‘il uylantirdi, hamma jurnalist o‘sha yerda. To‘y egasi boy bobo bo‘lib to‘yona olib turibdi. Men ham qo‘limdagini hech kimga ko‘rsatmay sekingina berdim. Qarasam, ko‘ylagining cho‘ntagida dollarlar, mana Jabbor Razzoqov, keyin yana bir qator amaldorlar, ularning otini aytib bo‘lmaydi, ularning to‘yonalari o‘sha manzilga yetkazib qo‘yilmoqda. Biroz turib sekin yoniga bordim, ustoz, dedim o‘zigagina eshitadigan ovozda , ha otam deydi u. Bu seyfning kaliti haliyam o‘sha adresda turadimi, “qaysi seyfning”,- so‘raydi ayyorona boqib. Men aytaman, o‘sha moltoparningda, “e, uni sotganman”, kimga? “Norqobilga tekinga sotilib ketgan u seyf”. Mana ko‘rdingizmi, aybdor emasligim shu yerdanam ma’lum, deyman kulimsirab. “Yo‘q, deydi Ustoz, – senlarning ikkovingayam ishonch yo‘q, shuning uchun pulni seyfga solmay qo‘yganman”. Qayerda turadi bo‘lmasa, desam u shunday deydi ko‘kragini ko‘rsatib , mana shu joyda, kambag‘alning moli ko‘zining oldida turishi kerak.
Ishqilib, o‘sha adresda to‘y xarajatlariga undan-bundan olingan qarzlardan ortib bir nima qolgan bo‘lsinda…