Mashinaning orqa o‘rindig‘ida xayol surib borayotgan Zumrad yo‘l chetida o‘tgan-ketgan mashinalarga qo‘l ko‘tarayotgan ayolni ko‘rib, o‘g‘lining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:
— Ulug‘bek bolam, mashinangni to‘xtat!
Yigit yelkasi osha onasiga bir qarab qo‘ygach, tormozni bosdi.
— Tinchlikmi, aya, yo‘lovchi olishni yoqtirmasdingiz-ku.
Zumrad o‘g‘lining savolini javobsiz qoldirib, yo‘l chetidagi ayolga tikildi. Ko‘krak burma ko‘ylagi o‘ziga yarashgan, ko‘ylagiga mos rangda ro‘mol o‘ragan, yuz-ko‘zlaridan g‘ayrat yog‘ilib turgan, oltmish yoshlardan o‘tinqiragan onaxon chaqqon odimlab mashinaga yaqinlashdi. U eshikni ochib Ulug‘bekka iltijoli termildi:
— Jonim bolam, Toshkanga olib ketasizmi?
Ulug‘bek onasiga o‘girilib qaradi. Zumrad “chiqa qolsin”, degandek bosh irg‘adi.
— O‘tiring, — dedi yigit.
Ayol manglay terlarini artib, yo‘l chetidagi qutilarga ishora qildi:
— Shu, shu desangiz yuklarim boriydi.
— Xo‘p, gap yo‘q, — yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mashinadan tushdi va yo‘l chetida qatorlashib turgan qog‘oz qutilarni yukxonaga joylashtirdi. Onaxon yengini shimarib, Ulug‘bekka ko‘maklashishga chog‘landi.
— Xola, bularni bozorga olib ketyapsizmi, deyman? — dedi yigit rulga o‘tirgach, oldingi o‘rindiqqa joylashayotgan ayolga o‘girilib.
— Voy, bolam-ey, bozorga meva olib borish menga qoptimi. Toshkanda o‘g‘lim yashaydi. Nevaralarimni yo‘qlab ketyapman.
Ayol gapira turib, Zumradga o‘girilib hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi.
— Yaxshimisiz, qizim?
— Rahmat, o‘zingiz ham salomatmisiz?
— Xudoga shukr, — dedi onaxon, ro‘molchasi bilan yuzidagi terni artarkan. — Shu desangiz, meva-chevalar shira tortib bo‘ldiyamki, nevaralarimdan darak yo‘q-da… O‘g‘lim-ku tez-tez kelib, mendan xabar olib ketadi-ya, lekin nevaralarimning vaqti yo‘q. Hali o‘qishi, hali musobaqasi, yana bir nima bahonalari ko‘p. Qarasam, bog‘dagi mevalar pishib, tamom bo‘ladigan… O‘zim nasibalarini olib bormasam bo‘lmaydi, shekilli, deb yo‘lga chiqqan joyim… Cholim rahmatli hayot vaqtlarida bolalardan o‘zi ko‘z-quloq bo‘lib turardi. Endi bu yumush ham menga qolib ketgan…
— Sizdek buvisi bor bolalarga havasim kelyapti, — deya jilmaydi Zumrad.
Gap-gapga qovushdi. Suhbat asnosida Zumradning tomog‘iga nimadir tiqildi. Ko‘z oldiga otasining siymosi keldi. Otasi ham juda mirishkor edi…
… U paytlarda mashinani Zumradning o‘zi haydardi. Bolalarini tez-tez qishloqqa olib kelar, qaynona-qaynotasini yo‘qlagach, qizlik uyiga borib, dadasining bog‘ida bir-ikki kun dam olib qaytardi. Katta bog‘. Darvozadan kirgach, qator uzumzor, olma, nok, olxo‘ri, olcha, behi va o‘riklar tartib bilan ekilgandi. Qo‘rg‘on atrofini mag‘rur mirzateraklar o‘rab turardi.
May oyida ertapishar gilosdan boshlab, to kech kuzgacha qachon kelmasin, bog‘da albatta biror meva pishib yotardi. Yo‘lakka rayhon va jambillar ekilgan, atirgullar ochilib, yashnab turardi. Bog‘ning shimol tarafida ariq bo‘yidagi sadaqayrog‘och ostiga so‘ri qurilgan bo‘lib, ertalabdan-kechgacha tangadek oftob tushmas, qushlar chug‘uri tinmas, bu yerda dam olgan odam, jannatga kirib chiqqandek huzur qilardi. Sultonali ota ertadan-kechgacha peshonasiga oq sallachani bog‘lab bog‘da kuymalanardi. Pishiqchilik mavsumida Zumrad bolalarini qishloqqa olib kelmasa, dadasi xuddi mana bu onaxonga o‘xshab poytaxtga otlanib qolardi.
Onasi olamdan o‘tgach, dadasi yanayam yumshoq fe’l, yanayam saxiyroq bo‘lib qoldi.
— Har bir yaxshi gapimdan, har bir ehsonimdan onangga ulush tegadi, — derdi xo‘rsinib. Shunday paytda oftobda qoraygan fayzli yuzlarida ajinlari ko‘payib ketgandek, yelkasi yanada bukchaygandek tuyulardi.
U vaqtlarda Zumrad xususiy firmada bosh hisobchi bo‘lib ishlar, uyida to‘kin-sochinlik, kamchiligi yo‘q edi. Bir safar, oktyabr oyi edi o‘shanda, Zumrad qishloqqa shoshilinch bordi-yu, odatdagidek, qaynonasini yo‘qlagach, dadasining huzuriga kirdi. Ota ko‘zda yosh bilan qizini bag‘riga bosib, yuzlariga sinchkov tikildi, keyin uzoq duo qildi. «Avvallari bunday emasdilar, balki qishloqda zerikib qolgandirlar, — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Zumrad. — Yanagi kelishimda dadamlarni Toshkentga olib ketib, uch-to‘rt kun aylantirib kelaman».
Zumrad shoshib turgandi. Ota-bola choy ustida biroz gurunglashib o‘tirishdi. Zumradning qil ustida o‘tirganday, besaranjom ekanini ko‘rgan otasi ko‘zlari g‘iltillab:
— Ketasanmi, bolam?.. — dedi.
— Ha. Ishlarim ko‘p, keyinroq bir bemalol kelib, uch-to‘rt kun turib ketarman.
— Shunaqami?.. — qult etib yutindi ota.
So‘ng tizzalarini uqalab o‘rnidan turib, yelkalarini qunishtirib omborga yo‘l oldi.
— Dada, hech narsaga ovora bo‘lmang, olib ketolmayman, hozir, — dedi Zumrad otasining nimaga urinayotganini taxmin qilib.
Ota ortiga o‘girilmay e’tiroz bildirdi:
— Nega ovora bo‘larkanman?
Zumrad shosha-pisha kiyinib, mashinasi yoniga chiqib kelganida, dadasi darvoza yonida turar, meva-cheva solingan uchta qog‘oz quti, uch-to‘rtta shisha idishlarda tuzlama va sharbatlarni qatorlashtirib terib qo‘ygandi.
— Manavilarni bolalarimga olib ketmasang bo‘lmaydi, — dedi u.
Bir quti uzumni mashinaga joylashtirishgach, Zumrad qolgan narsalarni olishga ko‘nmadi:
— Shuncha meva-chevani nima qilaman, dada? Ovora bo‘lmang, dedimku sizga. Bularni omborga qo‘yaturinglar, keyinroq obketarman. Shundog‘am hozir pishiqchilik, bozorda hamma narsa arzon.
Otasi iltijoli termildi.
— Nevaralarimning rizqi bu, ataylab sen uchun saqlab o‘tiribman, olib ket, qizim, sotib olganing nima bo‘lardi. Bog‘imning mevasini bolalarim yemasa, mehnat qilganimdan nima foyda? — dedi ovozi titrab. Otaning ko‘zlari g‘iltillab, soqollari titradi. Zumrad otasining yelkasiga qo‘lini qo‘yib, moshgurunch soqolli yuzidan o‘pdi:
— Keyinroq, dada, keyinroq obketaman, xo‘pmi.
So‘ng mashinasiga o‘tirdi.
— Qizim, — dedi ota unga mo‘ltirab qarab. — Men ham g‘animat bo‘lib qoldim, ilinganimda olib ketaver, hademay ilinchak ham topolmay qolasan.
Sultonali ota titroq qo‘llarini oldinga cho‘zib, rostakamiga yig‘lab yubordi. Zumrad unga qarab jilmayib qo‘ydi-yu, mashinani darvozadan katta yo‘lga olib chiqdi. Ko‘zguga qaraganda qutilar yonida turgan otasi oq sallachaga ko‘z yoshlarini artayotgandi. «Oyim o‘tganlaridan keyin dadam boladay bo‘lib qoldilar-da», deb o‘yladi.
* * *
Bir kuni ishdan qaytib, mashinasini garajga qo‘ygan mahali telefoni jiringladi. Ukasining xotini Naima ekan. Javob bergisi kelmadi. Shu kenja kelini juda sergap. Bir boshlasa, yarim soat jag‘i tinmaydi. Shuncha gapni qayerdan topadi, xudo biladi. «Hozir charchab turibman, keyinroq qo‘ng‘iroq qilarman…» Zumrad ichkariga kirib, toliqqan oyoqlariga dam berish uchun divanga cho‘zildi. Telefoni yana jiringladi. Zumradning zardasi qaynadi. «Uf-ff, tinchlik berishmaydi bular!»
— Allo! Ha, nima deysiz, Naimaxon?!
Go‘shakdan kelinning titroq tovushi eshitildi:
— Opa, dadam… dadamlar…
— Nima gap o‘zi? Tinchlikmi?!
— Birdaniga og‘irlashib qoldilar, tez kelmasangiz bo‘lmaydi, — deya Naima hiqillab yig‘lab yubordi.
* * *
O‘sha kuni tun yarmida ota qo‘rg‘oniga kirib borgan Zumradni singlisi, kelini, amma-xolalari yig‘lab kutib olishdi. Ota qizining yo‘liga ko‘z tikib yotib, omonatini topshirgandi…
Ma’rakalar o‘tdi. Zumrad yuragini tilka-pora qilgan ayriliqqa yupanch izlab, otasining bog‘ini necha marta aylandi. Daraxtlarni silab-siypalab dardiga yupanch izladi. Ammo, yuragidagi bo‘shliq kundan-kunga kattalashib boraverdi. U otasining mehribonligiga beparvolik qilgani uchun, unga mehr qaytarolmagani uchun, otasining hali uzoq, juda uzoq yashaydi, degan o‘yga aldanib, g‘aflatda qolgani uchun o‘zini sira kechirolmasdi. Ko‘z oldida esa faqat birgina manzara turib qolgandi: katta darvoza oldida uch-to‘rtta qog‘oz qutilarni va shisha idishlarni yoniga qo‘yib olgan ota qo‘llarini oldinga cho‘zib, mo‘ltirab qiziga termiladi. Va beozorgina shivirlaydi:
— Hali ilinchak ham topolmay qolarsan, bolam…
…Shunga ham o‘n yil bo‘libdi. Zumrad oxirgi paytlarda ota qo‘rg‘onini tez-tez yo‘qlaydigan bo‘lib qoldi. Bog‘dagi daraxtlar haligacha uni o‘zbekona saxovat bilan bosh egib kutib olishadi va otasi yo‘qligini bildirmaslikka ahd qilganday har yili novdalarida g‘uj-g‘uj meva tutqazishadi. Zumrad shiraga to‘lgan mevalarni silarkan, beixtiyor shivirlaydi: “Ilinchak topolmay qolasan, degandingiz dadajon, lekin qarangki, o‘zingizdan keyin bolalaringiz uchun mana shunday ilinchak bog‘larni qoldiribsiz…”
* * *
Yo‘lovchi ayol oynadan tashqariga termilib, xayol surib kelayotgan Zumradga qarab jilmaydi:
— Mana yetib ham keldik, men shu yerda qolaman. Yaxshi yetib oling, singlim.
Ayol kissasidan pul chiqarib, Ulug‘bekka uzatdi.
— Manavini ol, bolam, faqat kam demagin, maylimi…
Zumrad sergaklandi.
— Pulingizni olib qo‘ying opa, xafa bo‘lamiz-a, yaxshisi o‘g‘limni duo qiling, maylimi, — dedi iltijoli ovozda.
Yo‘lovchi ayol duoga qo‘l ochdi.
— Mevalarini ichkarigacha opkirib ber, — dedi Zumrad Ulug‘bekka.
— Manavi bir quti uzumni sizlarga ilindim, o‘zimizning bog‘imizdan, bolalar bilan baham ko‘ringlar, singlim, — deb Zumrad bilan xayrlashdi onaxon.
Zumrad uning ortidan qarab qolarkan, “Ishqilib, shunday onaxon-otaxonlarimiz bor bo‘lsin. Shularning fayzi, barakasi bilan bog‘larimiz to‘kin. Mevalar ham ularning mehridan shira oladi”, deb o‘yladi. Ko‘z oldiga yana ota qo‘rg‘oni keldi. Dadasining ilinchak bog‘idek yana bir bog‘ mana shu onaxonning nevaralarini bosh egib kutayotganini, bunday bog‘lar bitta-ikkitamas, juda ko‘pligini his etib entikdi. Shu tobda uning ko‘nglini ilinchak bog‘lar tarovati titratib o‘tgandi.