Rang-barang mayda munchoqlardan o‘tovning qo‘r va tizmalariga o‘xshash gul va naqshlar solib to‘qilgan kashtali taqinchoq XAPAMAT deb atalardi. Qasaba, setira, latiba, baldoq kabi o‘zbek ayollarining qadimiy bezaklaridan biri. Janubiy viloyatlarda yashovchi qo‘ng‘irot momolari uni hali-hamon selpillatib ko‘kraklariga taqib yurishadi. Lekin men “xapamat” atamasi o‘tmishdagi sug‘diylar ma’budasi Onaxitaga uyqash bo‘lgani uchunmi, aynan uning ko‘ksini bezab turgandek tasavvur etardim. Ana, qadim Marokanda! Sug‘diyonaning gullagan bog‘lari, uzumzorlari, olmayu anorlari g‘arq pishgan hosildor zamini uzra saxovat ilohasining porloq chehrasi, bo‘ynida tillarang shokilali xapamat jivir-jivir mavjlanib turibdi!
Bu antiqa taqinchoqning alohida xosiyati borligini bilmadim-u, ammo uni taqqan ayollar chehrasiga o‘zgacha farishtalilik, ziynat va tamkinlik baxsh etardi. Bola emizayotgan chog‘da yosh onaning oppoq ko‘ksini xapamat yarim to‘sib turar, go‘dagi jajji qo‘lchalari bilan shokilalarini silkitib o‘ynaganda ajib manzara zohir bo‘lardi. Uning g‘aroyib nusxasini ilk bor enamda ko‘rgan edim. Ilgarilari men tug‘ilib o‘sgan tog‘li ovullarda ancha urf bo‘lgan, yangalarim rangdor suvmunchoqlardan turli xillarini to‘qishar edi. Eski xapamat ham ularga o‘xshardi-yu, ammo zehn solib qaralsa osmon bilan yercha farqi borligini payqash qiyin emasdi. Munchoqlarining rangi u qadar yorqin emas, balki unda olmos, ametist, feruza, Badaxshon la’lisi yo‘qdir, ayni chog‘da, ulardan-da noyobroq toshlardan tizilgandek g‘oyatda jozibador. Eng qizig‘i, almisoqdan qolganiga qaramay nafis iplari hanuz pishiq, biror choki ham sitilmagan.
Albatta, fetishiylik – narsalarga topinish zardushtiylikdan ham oldin yaralgan ilk e’tiqodlardan. Qadimda kishilar osmon yoritqichlariga, rangdor toshlarga va boshqa noyob buyumlarga sig‘inishgan. Kohinlar ular yordamida fol ochib turli marosimlar o‘tkazishgan, hatto odamlarni qurbonlik qilishgan. Tangridan yomg‘ir, rizq–ro‘z tilash, darddan forig‘ bo‘lish, balo-qazolarni daf etish vositasi sanalgan. Bu kabi irim-sirimlarning ayrimlari, buyumlarni muqaddaslashtirish, tuvdona, tumor, ko‘zmunchoq taqish odatlari hozir ham saqlanib qolgan. Menga kelsak, ularda hech qanday ilohiylik ko‘rmasdim. Xapamat haqidagi xotiralarimning ham fetishiylikka sira aloqasi yo‘q, faqat doimo ongimda nelarnidir akslantirgandek tuyulardi, xolos. Bolaligimda anchagina xayolchan, mutaassir bo‘lganimdanmi, har safar enamning bo‘ynidagi zarhal xapamatga qarasam qandaydir jimirlagan to‘lqinni his etardim. Go‘yoki sirli olamlarni, kechmishlarni ko‘rayotgandek jimjimador naqshlariga uzoq tikilib qolardim. Ko‘hna bitiklarga o‘xshash kashtalari, rangdor shokilalari nelarnidir so‘ylab g‘aroyib manzaralarni namoyon etayotgandek: mahobatli tog‘lar, sovut kiygan jangchilar, daralar ichra bazm qurgan devu parilar…
* * *
Bir necha yil burun tarixiy yodnomalardan birida makedoniyalik Aleksandrning Osiyoga yurishlari va sirli vafoti haqidagi qiziqarli tafsilotlarga nigohim tushdi. Kitobda ayni o‘limning bir talay izohlari, taxminiy sabablari bayon etilgan: bezgakka chalinish, forsiylar yoki o‘z xotini Ravshanak suiqasdi, Vatanga qaytishni istagan sarkardalar fitnasi, Govgamilla jangida hayotini saqlab qolgan inisi Klitni o‘ldirganidan norozi a’yonlar qasosi, saroyda uyushtirilgan bazmda haddan ziyod ko‘p sharob ichib bo‘kib o‘lgani va hokazo…
Qizig‘i shundaki, tarixchining o‘zi ayni taxminlarning qaysisi rost, qaysisi yolg‘on ekanini aniq ko‘rsatmagan. Iskandar Zulqarnayn o‘limida butkul noma’lum sabab ham mavjudligini va aynan shunisi haqiqat bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Xususan, Strabon, Klitarx va boshqa tarixchilarning tasvirlaridan ayonki, u Hindiston yurishidan qaytgach, Bobildagi sharobxo‘rlik bazmidan so‘ng roppa-rosa 10 kun o‘tgach vafot etgan. Shunisi bor, safarda u bilan birga bo‘lgan, bezgakka chalingan jangchilaridan birortasi Bobilga yetib kelmagan, u esa soppa-sog‘ bo‘lgan. Forsiylar esa Doro III ning qotili, Sug‘d hokimi Besni o‘ldirgani uchun Aleksandrdan minnatdor edilar. Klitning do‘stlari, vatanga qaytishni istagan lashkarboshilar (Aminta, Kaynos va boshqalar) Marokandada oldilarini to‘smagani, mo‘l-ko‘l o‘ljalar tortiq qilgani bois jahongirga sadoqat bildirishgan. Xotini Ravshanak eriga shu qadar vafodor ediki, uning vafotidan so‘ng ham Sug‘diyonaga qaytmagan, Pellaga ketib o‘sha yoqlarda ruhini yodlab o‘tgan. Sharobdan zaharlanib yoki bo‘kib o‘lganligi to‘g‘risidagi taxminlar ham haqiqatdan yiroqligi ayon edi. Negaki, bazmdan keyin roppa-rosa 10 kun yashagan, tabiblar uning kasalini aniqlay olishmagan. Alalxusus, yer yuzining yarmini zir titratgan yosh jahongir o‘limining asl sababi oradan qariyb ikki yarim ming yil o‘tsa hamki, pinhonligicha qolgan.
Ochig‘i, avvaliga tarix qatlarida bu kabi mubhamliklar ko‘pligi bois Iskandar Zulqarnaynning qazosi sirlari xayolimni u qadar band etmagandi. Tasvirlamoqchi bo‘lganim xapamatga ham aloqasi yo‘qdek edi. Biroq keyinchalik negadir bevaqt o‘limning asl sababi nima ekanligi miyamdan nari ketmay qoldi. Bu kechmishda meni tamoman boshqa jumboqli holatlar qiziqtirib qo‘ygandi. Masalan, navqiron jahongir nima uchun Bobil, Marokanda, Usrushonada go‘zal malikalardan birortasiga ko‘ngil qo‘ymasdan baland tog‘lar orasidagi saklar boshlig‘i Oqsartning 16 yoshli qizi Ravshanakni yor qilgan? Uni bu qadar aqldan ozdirgan qandayin xilqat edi u? Va nihoyat, nima sababdan tug‘mas bo‘lgan u? Nazarimda bular zamirida qandaydir afsun, pinhoniy bog‘liqlik bordek edi. Go‘yoki o‘sha ko‘hna taqinchoq – XAPAMATning sirli munchoqlari kabi!
U asli amirlik zamonida bobokalonim Shermergan olis tog‘lar ortidan olib kelgan Parixotunga tegishli bo‘lgan. Uzun bo‘yli, cho‘zinchoq yuzli, ko‘zlari porlab turguvchi tog‘ kiyigiday o‘ynoqlagan kelinning asl ismini bilmaganlari yo boshqa ayollarga o‘xshamagan parivashligi uchunmi shunday nomlashgan. Zero elda u yashagan moviy qirlar ortida rostakam parilar hali ham bor degan uzun-quloq gaplar yurardi.
Bolaligimizda parilar haqida ertagu dostonlar o‘qib, ta’rif-tavsiflari, sehr-jodularidan rosa hayratlanganmiz. Biroq nechuk jonzotligi, makonlari qaydaligini ro‘y-rost tasavvur etmasdik. Ko‘hi-qof, Bog‘i-eram, Go‘ro‘g‘li qirgan devlar, Yunus-Misqol parilar kim edi, buni ham bilmasdik. Kattalar ham: “E, nimasini so‘raysizlar, hammasi o‘tirik,” deb qo‘ya qolishgan. G‘aroyib jihati shuki, dostonlarda emas, hayotda, odamtopmas manzillarda qo‘nim topgan parilarni ko‘rgan-bilganlar ularni afsonaviy emas, go‘yoki har kim so‘zlashsa, ushlab ko‘rsa bo‘ladigan zohiriy tarzda ishonarli ta’riflashgan. Faqat aynan qayerdaliklari to‘g‘risida yakdil fikr yo‘q edi. Bir xillar Sangardak, Qizilnahr, Kengtola (Surxondaryoga qarashli) daralari oralig‘ida, desa, boshqa birovlar Hisorning Pomirga chegaradosh Aspiduxtar,Iskandarko‘l, Shotrud degan qishloqlari atrofida, deya uqdirishgan. O‘sha joylarda yashovchi tog‘chilar bilan azaldan muloqot qilib kelgan, sehr-jodularini biladigan oxun (kohin)lari bormish, duo o‘qib xizmatlariga hoziru nozir qilarmish, degan ertaknamo gaplar ham yo‘q emasdi.
Tog‘chilar qatag‘onlar, kiyikchilar kabi asli qadimiy saklarning avlodi bo‘lib ota-bobolari sug‘d tilida so‘zlashishgan, vaqt o‘tishi bilan turklashganlar. Katta o‘radagi qo‘ng‘irot-o‘zbeklar bilan azaldan bordi-keldi qilib ko‘pkari chopishgan, oshna-bilish, quda-andachiligi bor, sinashta odamlar. Ilgarilari Vori, Qiziltom, Zarmasdan to‘ylab kelishganda uyimizga qo‘shxonaga tushgan bo‘ydor, o‘rkachburun, chag‘ir ko‘zli chapdast chavandozlarini ko‘rganmiz. Saman polvon Zarmasdagi kurashda otam bilan olishib yiqilgan ekan, shuni eslashdi. Nashir degani kalta bo‘yli, g‘o‘labirdan kelgan qorabarang chavandoz, Yong‘oqlining Bo‘zadiridagi katta ko‘pkarida bosh zotni ayirgan. O‘shanda qo‘ng‘irotlarning chetkirlari surdovlashib qamab quvishdi. Qarangqo‘llik Mengliboy Eshmat: “Qo‘yma ukkag‘ar tog‘chini”! deya malang bersa ham foydasi bo‘lmadi – Nashir qora qashqa otda havorni ikki marta aylanib oxiri uloqni yakkaladi. Bakovul: “Yasha, haloling bo‘lsin!” deya uni olqishlab, zotga qo‘yilgan jiyron toyni yetaklatdi.
Boshqa safar Qiziltomga o‘zimiz to‘ylab bordik. Ularning tirikchilik tarzlari bizga o‘xshasada, farqli tomonlari ham bor edi. Jin ko‘chalar aro tig‘iz qurilgan sinchkori uylari, gugurt qutilaridek bolaxonalari, ayvonlar roviga o‘rnatilgan sernaqsh ustunlari, o‘ymakor eshiklarini ko‘rib angrayib qolganman. Mol-holi kam, qo‘proq ovchilik, dehqonchilik, hunarmanchilik bilan tirikchilik qilisharkan. Odamlari ancha omilkor, g‘ayratli, biroz jizzaki, sergap, ammo bachkanaroq. Xotin-qizlarini aytarli chiroyli deb bo‘lmasdi. Yuzlari u qadar to‘lin va tiniq emas, raftorlarida nedir nomutanosiblik yaqqol sezilsada xiyla jozibali ko‘rinishardi. Gap faqat noz-karashma, pardoz-andozda emas, balki chindan sal afsungarliklari borligida edi. Biz qo‘shxonaga tushgan uyning 14 yoshli chag‘alay ko‘zli nozik-nihol qizchasi bir zumda meni o‘ziga shaydo qilgan. Tog‘ kakligiday durkunligi, chopqillab ketayotib to‘xtab qiya qarashlari, tezda g‘oyib bo‘lib yana to‘satdan yonimda paydo bo‘lishlari hamon yodimda. Biroq ko‘pkariga rosa ishqiboz o‘spirinligimdan oshiqligimni ertasigayoq unutganman.
Teraklilik Shodi bilan ko‘kbuloqlik Ibroyim chavandozlar avji uloq chopib dong taratgan kezlar edi. Qiziltomning Novqot degan joyida chopilgan katta ko‘pkarida sovrinlarning ko‘pini shular olishdi. Tog‘chilar qiy-chuv ko‘tarib qancha surdovlashmasin, qo‘llaridan hech narsa kelmadi. Ertasi kuni rosa janjal ko‘tarildi. Shodi bilan Ibroyimga tashlanishdi. Ikkovi boshlarida vizillayotgan qamchinlarga dosh berolmay oxiri ko‘pkarini tashlab qochishdi. Ortlaridan Xonimqashqagacha quvib bordilar. Janjalning sababini turlicha sharhlashar edi. Bir xillar qo‘ng‘irotlarning mashhur chavandozlari o‘ktamlik qilib ularni zotlardan quruq qoldirgani uchun, deyishsa, boshqasi: “Buning tagida bir gap bor. Shodi bilan Ibroyim kechasi qo‘shxonada jononlari bilan rosa aysh qilgan, tog‘chilar shunga oriyati kelib ur-sur qilishayapti. Hammasiga Nashir bilan Sa’dulla buyruq bergan,” deb tushuntirishardi. Yana: “Qiziltomlik boyvachchalar otlarini choptirish ilinjida o‘zlari “pari” qizlarini polvonlarning qo‘yniga solgan, endi yengilganlari uchun jirillashayapti”, deguvchilar ham yo‘q emasdi…
Burungi zamonlardan qolgan hikoyalar bulardan-da qiziqroq. Naql qilishlaricha, bobokalonim Shermerganning uch xislati bor ekan: Biri – mashhur yog‘ochyo‘nar ustaligi, ikkinchisi – osmonda uchib ketayotgan qirg‘iyning ko‘zidan uradigan merganligi. Bu hunarlar qonida bo‘lgan. Rivoyat shulki, qo‘ng‘irotlarning bosh bobosi Jurluk mergan bir kuni inisi Qoboy Shirodan achchiqlanib unga tomon o‘q uzadi va qulog‘idagi halqadan o‘tkazib yuboradi, lekin o‘ziga qilning uchicha ham ziyon yetkazmaydi…
Shermerganning oxirgi xislati – valiyligi bo‘lgan. Bir safar butun amirlikda dong taratgan Yashin laqabli uloqchi otini boylovdan o‘g‘irlab ketishadi. Qanchalik izlashmasin olis-yaqin yerlardan daragi chiqmaydi. Oradan olti oycha o‘tganda uning qayerdaligi o‘ziga ayon bo‘lgan. Birinchdan yasalgan kamonini yelkasiga osib kunchiqar tomon yo‘l olgan. Uyoqdan esa…Tulpori qanjig‘asiga bir pari qizni mingashtirib qaytib kelgan. Tabiatan kamgapligidanmi yo boshqa siri bormi, har qalay boshidan kechganlarni batafsil aytmagan. “Shermergan o‘sha tomonlarda pariga zarangdan kovush yo‘nib beribdi, hunariga qoyil qolgan sohibjamol otiga mingashib kelibdi”, degan gap-so‘zlar qolgan, xolos.
* * *
Samo bag‘ridagi tog‘lar goho kishini sehrlab qo‘yadi. Ko‘z o‘ngingizda noma’lum olamlar, o‘tmish manzaralari jonlanadi, go‘yoki tush ko‘rayotgandeksiz. Shunga o‘xshash holatni kakliklar armonsiz sayrashgan Keragatov yuzida Shermergan ikki asr burun yo‘ngan yog‘och novlarga tikilib o‘y surayotgan chog‘imda boshdan kechirganman. Go‘yoki kimsasiz tog‘da g‘aroyib olamlaru, ularda qaynayotgan hayotni ko‘rardim.Eng qizig‘i, bularning bari menga tanishday, oldin qayerdadir ko‘rgandayman. Ha, esladim: qadimiy xapamatda! Hozir yana undagi g‘aroyib manzaralar, jivir-jivir mavjlangan rang-barang munchoqlar, naqshlar aro pinhoniy olam va kechmishlar xuddi oynada aks etayotgandek edi. Avvaliga sokin tumanli borliqda allaqanday ko‘lankalar, olislarda esa ovulga o‘xshash manzillar, bolaxonali uylar, sharsharalar, hashamatli ayvonlar, oq libosli parivash ayollar ko‘zga elas-elas chalingandek…Biroz vaqt o‘tib hammasi aniq-tiniq ko‘rina boshladi. Ana, zovlar orasidan oyoqlariga choriq kiygan qil chakmonli yigitlar – yelkasiga kamon osgan alp qomatli Shermergan, yo‘l boshlab borayotgan katarlik oshnasi! Sirli xapamat ularning sarguzashtlari, parilar va boshqalarni ro‘y-rost va batafsil tasvirlar edi…
Ular uzoq yo‘l tortishdi, Hazrati Sulton qadam joyini ziyorat qilgach, atrofga nazar solishdi. Olisda qalin archazor orasidagi havordan quyuq chang ko‘tarilardi. Yo‘lovchilar xaltalaridagi talqondan yeb, buloq suvidan ichib bir oz tin olgach, mo‘ljal olib yana yo‘lga tushdilar. Peshin chog‘i Iskandarko‘lning havorida chopilayotgan katta ko‘pkarining ustidan chiqishdi. Shermergan yoyini chakmoni ichiga yashirib gazadan turib to‘daga razm soldi. Ko‘zlari qirg‘iyning ko‘ziday o‘tkir emasmi, ming otli surdovning ichida zar kokillari yarqirab, u yoqdan bu yoqqa ag‘darilib uloq ayirayotgan Yashinni darrov tanidi.
– Ko‘pkari tarqalishini kutamiz, – dedi hamrohiga. – Ko‘zingni ayirma, ot kimda, qaysi qo‘shxonaga boradi, shuni kuzat.
– Oshnam, meni desang, oting G‘aznavolik Oropning qo‘lida.
– Oroping kim?
– Tog‘chilar boshlig‘i, oxun ham deyishadi.
– Mening Yashinimni ham afsun bilan o‘g‘irlagan dersan.
– Kinoya qilma. Boylovda Yashinning po‘lat kishani o‘z-o‘zidan yechilgan, deysanmi?
Katari adashmagan edi. Uloq tarqab, bakovul: “Xush ko‘rdik!” degach, Yashinning jilovini Oropning qo‘shxonasiga burishdi. Qunduz yoqali oq bosma chakmon kiygan sur telpakli burni o‘roqday kishi otning bo‘yniga shappatilab urgancha, maqtab qo‘ydi. Yashin esa boshini to‘lg‘agancha havoni hidlab kishnar edi. Davangir yigitlardan biri ustiga g‘ojari digilni solib ustidan taroqi xurjunni tashladida, abjirlik bilan beliga mindi. Yo‘lga tushdilar. Yashin bugun zotlarning teng yarmini ayirgan bo‘lsa-da, charchoq nimaligini bilmay o‘ynoqlagancha havoni hidlab irg‘ishlab borardi. Shermergan bilan katari archa shoxlarini panalab qorama-qora izlaridan tushdilar. Uch-to‘rt chaqirim yo‘l bosishgach otliqlar ikki yoqqa ayrilishdi. Orop boshchiligidagi katta to‘da unga, keng darada ayqirib oqayotgan daryoning kungay betidagi qishloqqa qarab ravona bo‘lishdi. Yashinni mingan qizilko‘z barzangi esa besh-olti nafar hamrohi qurshovida so‘l tomondagi quyuq changalzor bilan qoplangan zovlar tomon ot solishdi. Orop ularga qamchin o‘qtalib ko‘rsatmalar berardi.
Shermergan oshnasiga yuzlandi. U “jim,” deganday barmog‘ini labiga bosib pichirladi:
– Otning oyog‘iga kishan solinglar, deyapti. Yana allaqanday sim qoplarni og‘izga olayapti.
– Bu nimasi yana ?
– Quzg‘un Orop isingni olganmi, deb qo‘rqaman.
– Yo‘g‘-e, nafasingni issiq qil. Bu yog‘ini gapir, endi nima qilamiz ?
– Endi gap Qilqoyadan eson-omon tushishda. Xotirjam bo‘l, buning uddasidan chiqamiz, – dedi katari hid olgan toziday uyoq-buyoqqa alanglarkan.
Shermergan esa qulog‘ini qaychi qilgancha Qilqoyadan hakkalab-hakkalab enayotgan tulporidan ko‘z uzmas edi. Biroq tezda chakalakzor orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Ular ham labirintga o‘xshash aylana tik qatovlardan amal- taqal enib zaranglarning singan shoxlari va to‘kilgan uchqat barglaridan nishona olib boraverishdi. Otliqlar tezoqar daryoni kechib o‘tishgach yo‘lni chap solib kunchiqarga burilishdi. Ular borgan joy chinakam Bog‘i Eram – osmonning parchasi ko‘rinadigan tog‘ o‘ngiri, botayotgan oftobning qon tusli shafag‘i urgan baland zovlar bilan qurshalgan yam-yashil sayxonlik, gullar, qumrilaru bulbullarning chax-chaxi, naqshinkor ayvonli so‘rilar, atrofda sayr etib yurgan, sharsharalarda cho‘milayotgan parilar… Hammasi ertakka o‘xshar edi !
Davangirlar zovning adog‘idagi kamarga yetib to‘xtashdi. Yashinni o‘rtadagi gulmixga bog‘lab oyog‘iga kishan urishdi. Belini bo‘shatib kalta qantarib qo‘ydilar. Shundan so‘ng bir to‘da qizlarga otga qarashni buyurib ayvonlar tomon yo‘l olishdi. U yerda ularni boshqa parilar qarshilab, yuvib-tarab shohi ko‘rpachalar to‘shalgan so‘rilarga olib bordilar. Qizilko‘z barzangilar shu taxlit parquv bolishlarga yonboshlab qizlar uzatgan gulobu sharoblardan ichib hordiq chiqarishga kirishdilar. Boshqa so‘rilarda ham bazm , qo‘shiq, musiqa , raqs, kayfu safo avjida edi.
Yashinni sayis qizlar parvarishlardi. Biroz vaqt o‘tgach suvlig‘ini chiqarib ayil-pushtanini yechishdi. Egar-jabdug‘ini olib yalang‘ochladilar, badanidagi ter va changni obdon artishgach, ustiga qalin julni yopib, baxmal bellik ustidan to‘shayilini tortishdi. Toshdan yo‘nilgan baland oxuriga ko‘m-ko‘k beda va olqoro‘tlardan solishdi. Ot bedani qasir-qusir chaynarkan, hamon uyoq-buyoqqa irg‘ishlab, havoni hidlab pishqirar edi.
– U sening hidingni oldi – deya oshnasini turtdi katari.
– Ha, sezganga o‘xshaydi, lekin anavilar bilmasa bo‘lgani.
Ular qoya orqasidan barisini kuzatib turishardi.
– Bu qanday joy, nechuk jonzotlar, sen bilasanmi? – so‘radi hayrati oshgan Shermergan.
Katari shop mo‘ylovlarini silagancha o‘yga toldi, so‘ngra hardamxayol so‘zlandi:
– Bularni Sulaymon payg‘ambar davridan qolgan deyishadi. Tog‘larning eng ovloq go‘shalarini makon qilishgan. Birov ko‘radi, birov ko‘rmaydi. Sehr-jodu bilan erkaklarni rom etib, kayfu safo qilishadi, lekin bola tug‘ishmaydi. Go‘zallikda ularga teng keladigan ayol urug‘i yer yuzida yo‘q emish. Bir yomon tomoni, ular bilan yaqinlik qilgan odam bedavo dardga chalinib vaqti soati yetgach tayin o‘lar ekan. Bu sirni qadimiy saklar bilishgan, oxunlari afsun bilan yog‘iylarni o‘zlariga og‘dirib, parilarning qo‘yniga solib, shu tariqa daf qilishgan. Bu gaplarni afsona deguvchilar ham bor. Yana bir xillar: bular hur ham, pari ham emas, tog‘chilarning “uffori” degan ko‘hna jamoasidan, duo bilan pari qiyofasiga solingan qizlar, qonlari eskirganidan rangsiz, pushtsiz tug‘ilishadi, badanlari o‘ta nozik, quvvatga tashnaligidan hirslari baland, kuchli erkaklarga zulukdek yopisharmish, hatto qon so‘ruvchilari ham bo‘ladi, deyishadi. Yana kim bilsin, o‘zim ham birinchi bor ko‘rib turishim.
– Anavi qizilko‘z davangirlar kim?
– Erkaklari bo‘lsa kerak. Ularga kasallari dorimas emish. Eh, qani endi men ham shu kecha ular bilan bi-ir aysh qilsam, o‘lsam armonim yo‘q edi, oshna.
– E, hozirgina o‘zing ta’riflading-ku. Nima, ajalingdan burun…
– Meni yomon domlariga tortishayapti, oppoq siynalaridan quchgim kelyapti, oshna.
– E, valdirama! Sen otni qanday opqochishni o‘yla, – deya tanbeh berdi Shermergan ko‘zlari alang-jalang o‘ynayotgan oshnasiga. Katari gapni boshqa yoqqa burdi:
– Yashinning oyog‘idagi kishan zalvorliga o‘xshaydi.
– Bundan tashvish qilma, qulfni ko‘z ochib yumguncha kesaman. – Shermergan qo‘ynidagi po‘lat keskirga ishora qildi.
– Orop ham anoyi emas. U sim qoplarmi-ey, bir balolar deyotgandi. Yana anavi “devlar”…
– Ularni o‘zim saranjomlayman, faqat ko‘zim ilinsa, sahar payti uyg‘otsang bas. Tag‘in Xudo urib parilarga doxillashib qolma.
– Yo‘g‘-e, o‘libmanmi.
– Aytdim-qo‘ydim-da.
Ular xaltachalaridagi talqonni kapalagancha tamaddi qilishdi. Uxlab qolmaslik uchun katari xanjari dastasini, Shermergan yoy-o‘qini peshonalariga tiragancha o‘tiraverishdi. Saharga yaqin Yashin guldirab kishnadi. Shermerganning ko‘zi yarq etib ochildi. Yonida katari yuq! Tong yulduzi shu’lasida ko‘rdiki, oshnasi yaqinroqdagi so‘rida – to‘rt nafar parining quchog‘ida yotibdi. Undan umidini uzib dov-daraxtlarni panalab kamarga tomon yurdi. Atrof zim-ziyo sukunat, go‘yoki zog‘ yo‘qday. Orqa tarafdan otga yaqinlashdi. Yashin uni sezib yengilgina ixrab quydi. U qo‘ynidan po‘lat keskirni chiqarib otning old oyoqlariga engashgan edi hamki, to‘satdan “shart” etgan tovushni eshitib boshini ilkis ko‘tardi, va… O‘zini yo‘g‘on simlardan to‘qilgan to‘r qop ichida ko‘rdi. Atrofida esa haligi qizilko‘z barzangilar so‘yloq tishlarini irjaytib turishibdi. Yotgan joyidan katarini ham turg‘azib kelishdi-da, ikkovini oyoq-qo‘llarini zanjirband qilib ko‘zlarini bog‘lagancha kamar ichkarisiga haydab jo‘nashdi. Zulmat g‘or ichra qancha yurganlari noma’lum, nihoyat bir o‘yiqdan chiqarib ko‘zlaridan bog‘ichlarini yechishdi. Tong yorishgach, etakda qadimiy G‘aznavoning qorasi yaqqol ko‘rindi. Kungay betda bir-biriga mingashgan sinchkori uylarning son-sanog‘i yo‘q. Ularni jin ko‘chalar oralatib o‘rtadagi baland peshayvonli uy oldiga keltirishdi. Poda haydab yurgan chag‘ir ko‘zli bolalar, hovli supurayotgan oq chorsi yopingan suvilonday xotinlar ularni tomosha qilishardi. Ulkan o‘ymakor darvozadan ichkariga olib kirishdi. Baland hashamatli ayvonda qavat-qavat shohi ko‘rpachalar ustida yastangan o‘rkachburun, ko‘zlari ilonning ko‘ziday chaqchaygan o‘rta yoshli kishi qaddini ko‘tarib tutqunlarga gap qotdi:
– Ha mergan, kepsan-da. Buyoqlarda iting adashdimi-a?
– Itim emas, otim, – deya javob qildi Shermergan zarracha tap tortmay.
– Bir toyni deb shuncha yo‘l bosib halak bo‘psan-da. Ana uyurimdan xohlaganingni olib ketaver.
– Uyuringdagi behisob cho‘birlaring Yashinning bir qiliga arziganida uni o‘g‘irlab kelarmiding, Orop?
Qatag‘onlar oxuni sukut saqladi. Haqiqat ba’zan har qanday g‘addorni ham gung qilib qo‘yadi deganlaricha bor.
– O‘tgan ishga salavot, – nihoyat tilga kirdi u, – O‘zing ko‘rding, oting sog‘-salomat, ardoqda, ayqirib uloq chopayapti. Sening qo‘ng‘irotlaring ko‘pkarini g‘irrom chopadi. Senga uyurimdagi eng sara Do‘nanni beraman, galadan o‘zing tanlaysan.
Shermergan lom-mim demadi. U hamon dog‘da qolgani, oshnasi parilarga ilakishib pand berganidan alami ziyoda edi.
– Otni ber! – dedi Oropga qattiq tikilib, – Yashin senday jodugar tulkiga hayf, uni menday lochin minadi.
– Maqtanma, gov qo‘ng‘irot! Hali mehmonim bo‘lasan, ko‘hna urfimizni ado etaman.
Orop bolaxona tomonga iyak qoqqan edi, u yerdan ikki nozanin chiqib ayvon panjarasiga suyangancha ularga ko‘rinish berdilar. Kashtali ok ko‘ylak kiygan, uzun bo‘yli, qirmizi sochlari nozik beliga chulg‘angan sohibjamol qiz tim qora ko‘zlarini suzib unga qaradi. Bo‘yniga taqqan, qo‘sh kaptarday ko‘kka talpingan ko‘kraklariga shaloladay enib turgan xapamati tog‘dan yarqirab chiqqan quyoshning zarrin shu’lasida jivir-jivir tovlanar edi. Shermergan unga ang-tang bo‘lib tikilib qoldi.
– Mergan, – deya unga yuzlandi Orop. – Eshitganman, uncha – muncha qizlarni nazaringa ilmay, uylanmay yuribsan. Ayvonda turgan oq ko‘ylaklisi yolg‘iz qizim. Yonidagi kanizi husnda undan qolishmaydi. Shu qizni senga beraman. Do‘nanning qanjig‘asiga qo‘ndirib ol-da ket. Yashin uning qalini bo‘lsin.
Chindan Orop ko‘rsatgan qizning husndan kami yo‘q edi. Ammo Shermergandan tag‘in un chiqmadi. U hamon xapamat taqqan oq ko‘ylakli sohibjamolga mahliyo tikilib turardi. Qiz ham cho‘g‘day nigohini undan uzolmas edi.
– Sendan so‘rayapman, rozimisan ? – dedi Orop.
– Yo‘q – dedi Shermergan hushini yig‘ib olib. – Yashin qalinga berilmaydi. Qo‘ng‘irotlar hech qachon otni xotinga alishmagan.
– Endi o‘zingdan ko‘r. Olib borib qamab qo‘yinglar. Kunjara va suvdan bo‘lak ovqat bermanglar, – buyurdi Orop.
Ularni hovli adog‘idagi o‘raday qop-qorong‘u kulbaga qamab orqasidan to‘nkadan yo‘nilgan eshikni tanbalashdi. Oradan uch kun o‘tgach chaqirtirib yana so‘roqqa tutdi:
– Qani mergan, o‘ylab bo‘ldingma? – Tutqundan sado chiqmagach, davom etdi. – Bo‘lmasa eshit, birinchi shartimga ko‘nsang qizni sepi bilan otingga mindiraman. Elinga eson-omon bor. Agar ko‘nmasang ota-bobolarimizdan qolgan udumni ado etaman. O‘zing ko‘rgan joydagi parilar malikasi bilan bir kecha ishrat qilasan. So‘ngra to‘rt tomoning qibla, paymonang to‘lib o‘lasan. Javobingni aytishing uchun senga o‘n kun muhlat beraman. Olib boringlar.
Ularni yana yerto‘laga qamab qo‘yishdi. Katari parilar bilan tunagan oqshomdan beri o‘zini majolsiz sezardi. Rangi zahil tortib kun sayin so‘lib borar, ora-sira isitmalab tishlarini takillatgancha qilmishidan afsuslanib nola qilardi:
– Birinchi shartga rozi bo‘l, oshnam. Men ham bola-chaqamni ko‘rib o‘layin. Ahvolim og‘ir, odam bo‘lmayman shekilli. Bu dardning muddati yo‘q, ertami-kechmi olib ketadi.
Shermergan ne deyarini bilmay unga hayronu lol boqardi. Muhlat bitishiga bir kun qolganda katari tirishib jon taslim qildi. Barzangilar uni yelkalariga ko‘tarib olib chiqib ketdilar. Shermergan do‘stining jasadini qayerga dafn etishganini bilmasa-da, ruhiga qur’on tilovat qildi.
Ertasi kuni uni Oropning huzuriga olib borishdi.
– So‘nggi qaroringni ayt, mergan, – dedi toqchilar boshlig‘i unga qahr bilan tikilib. – Ana, parilar bilan aysh qilgan katari oshnangni holini ko‘rding.
Shermergan olisda ko‘ringan Go‘balayning oq qorli cho‘qqilariga boqdi, ammo tog‘lar sas bermadi. So‘ngra ayvonda sollanib turgan sarvinoz qizlarga qaradi. Xapamatli qiz unga nim tabassum qildi-da, ikki barmog‘ini xiyol ko‘tarib so‘ngra g‘unchadek labiga bosdi. Shermergan bu ishorada ne sir borligini bilmasa-da qizning ko‘zlariga sinovchan tikilib turib tavakkal javob qildi:
– Ikkinchisini tanlayman.
Tog‘chilar bir guvlab tinishdi. Orop boshini g‘olibona ko‘tardi:
– Qismatingni o‘zing belgilading, mergan. Endi mendan gina qilma. Azaliy udumimizni ado etaman. Parilar bilan kayfu safo qil, armoning qolmasin. Omin!
Tumonat tog‘chilar guvlashib “omin”, deya takrorlashdi. Oropning oq ko‘ylakli erka qizi dalda bermoqchidek qo‘lidagi shohi ro‘molchasini u tomon silkitib, miyig‘ida kulib qo‘ydi…
Oqshom cho‘kib tog‘larni shom qorong‘usi qoplagach uni yertuladan olib chiqishdi-da, ko‘zlarini bog‘lab zim-ziyo g‘or ichidan olib jo‘nadilar. Narigi tomonga chiqqanlarida bog‘ichni yechishdi. Dastlab u hech narsani ko‘rmadi, keyinroq atrofini qurshagan parilarning oqarishgan vujudlarini ilg‘adi. Uni Gulhovuzda cho‘miltirgach, oppoq liboslarga o‘rab bardor-bardor ko‘targancha gulzor ichidagi eng bahavo, to‘rt tomoni harir pardalar bilan to‘silgan so‘riga olib borishdi. O‘rtadagi xontaxta ustiga yozilgan dasturxon ustida yetti uxlab tushiga kirmagan noz-ne’matlar, anvoyi maylar to‘latilgan ko‘zalar turardi. Parilar unga va yonidagi malikaga navozish ila xizmat qilishar, turli lazzatli taomlar keltirib maylardan uzatishardi, ud yoki arfaga o‘xshash ajabtovur sozlarda musiqa chalib, go‘zal qo‘shiqlar kuylashar, nozik harakat-la raqsga tushishardi. Havoda mayin shabboda ila jannatiy muattar hidlar ufurar edi.
U rohatu farog‘atdan, yonidagi huru g‘ilmonning tabassumidan mutaassir bo‘lib jonbaxsh tuyg‘ular og‘ushida mumday erigan kuyi o‘tirarkan, elu yurtini, sevimli otini, yorug‘ olamdagi jamiki narsalarni unutganday edi. Mayxo‘rlik va tanovvul tugagach, malika qo‘lidagi shohi ro‘molini silkitgan edi, parilar bazmni nihoyalab ikkisini gullar bilan bezalgan xobgohga olib kirishdi-da, mastu mastona Shermerganni malika bilan holi qoldirdilar. Shunda ular ilohiy ishq bo‘stonida bir-birlarini og‘ushlab tanlarini va ruhlarini bo‘salar ila bag‘ishladilar, samoviy visol ming asrlar davom etganday tuganmas muhabbat va lazzatdan masrur bo‘ldilar. Badanlaridan oqqan ter yetti qavat ko‘rpadan o‘tib tagidagi guldor gilamni ham shalabbo qilgan ekan. Sahar-sahar mast uyquda yotganida Shermerganni kimdir uyg‘otdi.
– Turing, begim, vaqt bo‘ldi, ketaylik.
– Qay… Qayoqqa ketamiz, Ko‘hiqofgami? – g‘o‘ldiradi uyqusi rosa ochilmagan Shermergan.
– Keragatovga, – dedi malika jaranglagan ovozda aniq-tiniq qilib.
U ko‘zlarini katta ochib qaradi: ajabki, tepasida parilar malikasi emas, safar kiyimini kiyib, beliga futa bog‘lagan, bo‘yniga xapamat taqqan Oropning oq ko‘ylakli sohibjamol qizi charos ko‘zlarini chaqnatib turardi.
– Sen?!
– Ha, menman. Ko‘rgan paytimdayoq sizga oshiqu beqaror bo‘ldim. O‘shanda siz bilan qochib ketsam bo‘lardi, ammo otingizni ko‘zingiz qiymasligini bilardim. Shu bois, boshqa reja tuzdim, ikkinchi shartni tanlang, deb ishora berdim. Otamdan parilarni xizmatga shaylaydigan duolarni ozroq o‘rgangan edim… Sizni bu yerga keltirishlaridan oldin kelib, parilar malikasi qiyofasiga kirib siz bilan visol qurdim. Oldindan hammasini o‘ylab qo‘ygandim. Parilar va qizilko‘z davangirlar xizmatimda hoziru nozir. Endi meni yurtingizga olib ketasiz, sizga vafodor xotin bo‘laman, otingiz ham tayyor. Tezroq yo‘lga otlanaylik, tong yorishsa afsun yechilib, bo‘ysunmay qo‘yishadi. U yoqda otamning ayg‘oqchilari…
– Hammasiga tushundim. Meni otimning yoniga boshla, – deya Shermergan yotgan joyidan qoplonday sakrab turdi.
Parilar allaqachon otning kishanini yechib, egarlab qo‘yishgan ekan. Davangirlar sodiq mulozimlardek boshlarini egib ta’zim qilib turishardi. Shermergan Yashinning manglayidan o‘pti-da, ayil-pushtanini qaytadan tortib uzangiga oyoq qo‘ydi, Oropning qizini bilagidan tutib otning sag‘risiga qo‘ndirdi,“Hayt!” deya Qilqoya tomon yeldirib ketdi …
* * *
Etak shamoli tog‘ boshini chalgan bulutlarni, daralarda cho‘kib yotgan tumanni tarqatib yubordi. Men hamon g‘aroyib manzaralar asiri bo‘lib o‘tiribman. Qadim Novtakaning toj yanglig‘ cho‘qqilari etakka oqqan oftobning yorqin nurlarida kumushday yarqirardi. Xapamat endi butunlay o‘zga tarix, o‘zga odamlar kechmishini so‘ylar edi… Tevaragi yo‘nilgandek tik zovlardan iborat mahobatli qoya ustida qo‘rg‘on, shinaklardan o‘q uzishga shay kamonchilar, pastda esa tog‘u toshni to‘ldirgan nayza tutgan behisob lashkarlar, boshlari uzra Iskandar Zulqarnaynning olovrang yalovi !
Uning o‘zi qo‘shinning oldida qora tulpori ustida osmon ila so‘ylashgan qoyaga shaxt bilan tikilgancha turibdi. Soqoliga oq oralagan yo‘g‘on gavdali sarkarda Parfenon unga gap qotdi :
– Nima, Busefaling qanot bog‘lab saklarning tilsimli qal’asiga uchib chiqadi, deb o‘ylaysanmi?
Jahongir nigohidagi shiddatni so‘ndirmay javob qildi:
– Busefal qanot chiqarmasa, askarlarim uchib boradi. Axir kelib, ko‘rib , olmay qaytgan qal’am borligini ko‘rganmisan, ey qariya?!
– Nega oqilalikda va go‘zallikda tengsiz Usrushona malikasini olmay, izinga qaytding? – bo‘sh kelmadi keksa sarkarda.
Jahongir sukut saqladi. Yusuf tal’atli navqiron Gefestion do‘sti uchun javob qildi :
– Yengilmas Aleksandrning xotini samoviy parilardek go‘zal bo‘lmog‘i kerak-da.
– Ha, saklar boshlig‘i Oqsartning afsonaviy huru g‘ilmonlari bor, deb eshitganman, – dedi Ptolomey Lag gapga aralashib. – Iloha Onaxitaning duosini biladigan kohinlari ularni afsun bilan xizmatga shaylashar ekan. Yog‘iylarni esa…
– Bo‘ldi, bas! – deya o‘kirdi Aleksandr. – Biz saklarning so‘nggi qo‘rg‘onini olgani kelganmiz. Unga chiqishni o‘ylanglar. Antikatr! – U Parfenonning yonida nayza tutgan panjalari burgutnikiday, ko‘zlari yonib turgan jangchiga murojaat qildi :
– Qoyadagi qal’aga chiqa olasanmi?
Antikatr sarosimaga tushmadi, bir muddat tik zovlarga o‘tkir ko‘zlarini qadagach, javob qildi:
– Ilojini topaman, sarkardam.
Ptolomeyy Lag, “Qanotli qush ucha olmaydigan joyga qanday chiqasan?” demoqchi bo‘ldi-yu, ammo Aleksandrning qahrli nigohini ko‘rib fikridan qaytdi. Antikatr esa tunda, yetti kunlik yarim oyning yog‘dusida yuz chog‘li askari bilan zovlar yorig‘iga o‘tkir uchli nayzalarini qadab, pishiq arqonlarga osilib qo‘rg‘on tepasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni ko‘rgan kamonchilar o‘takalari yorilib qal’a ichkarisiga, Oqsartning qarorgohiga qochishdi.
– Yog‘iy bosdi, yog‘iy!
Oqsart toshdan yo‘nilgan taxtida o‘tirgancha ularga baqirdi:
– Qanaqa yog‘iy? Nima, makedoniyaliklar maxfiy yo‘lni topishibdima?
– Yo‘q, qotlardan uchib chiqishdi.
Oqsart yonida o‘tirgan, bo‘yni va beliga devlarning tishlari osilgan kohinga yuzlandi:
–- Yunonlarning kohinlari askarlarni uchira oladigan duoni bilishadimi?
Kohin qoq suyak qo‘lini siltadi:
– Yo‘q, Arastu ularga afsun emas, faqat harbu zarbdan ilm-hunar o‘rgatgan.
– Siz bilasiz-ku, afsun bilan ularni qaytaring, muhtaram kohin, – yolvordi Oqsart chag‘ir ko‘zlarini yoshlab.
– Endi foydasi yo‘q.
– Taslim bo‘l, demoqchimisiz ?
– Ha!
– Axir butun Novtaka qo‘ldan ketadi-ku.
– Ularga saxovat ko‘rgazib Iloha Onaxitaning udumini ado et! Qadim Sug‘diyonani mahv etgan, olamdan nomu nishonini o‘chirgan Aleksandrga o‘lim! Saklarning o‘chi shu! Parilardan eng go‘zalini qizing Ravshanak timsolida unga tortiq qil. Unga ham yor, ham “ajal parisi” bo‘lsin. Omin!
Kohin afsunkor duolarini o‘qish uchun tog‘ o‘nguridagi otashkadaga kirib ketdi. Bu orada tashqaridagi kamonchilarni saranjomlagan Antikatr ham saroyga kirdi. U to‘rdagi toshdan yasalgan taxtida o‘tirgan Oqsartning qarshisiga borib nayzasini o‘qtalgan edi, u qo‘lidagi oq tug‘ini uning oyoqlari tagiga tashladi. O‘rnidan turib ta’zim qilgancha qiroat qildi:
– Biz buyuk jahongir Iskandar Zulqarnaynga tobe bo‘lgaymiz. Unga ayt: barcha a’yonlarim, askarlarim bilan taslim bo‘lib huzuriga boraman. – So‘ngra yordamchilariga o‘girilib buyurdi. – Kohinga aytinglar, maxfiy yo‘lni ochadigan duoni o‘qisin.
Hammalari g‘adir-budur devorlariga mash’alalar yoqilgan, labirintga o‘xshash g‘ordan pastga tusha boshladilar. Duoning kuchi bilan ikki yoqqa surilgan ulkan qoya yorig‘idan tashqariga chiqishdi. Antikatr mag‘lub saklarni baland havozada Gefestion bilan sharob ichib o‘tirgan Aleksandrning huzuriga olib bordi. Oqsart a’yonu akobirlari, askarlari, xotinlari, hisobsiz o‘g‘il-qizlari bilan yosh jahongir qarshisida ta’zim qildi, so‘ngra oqsoch boshini adl ko‘targancha g‘olibni qutladi. Biroq yunon arsloni uni ko‘rmas, so‘zlarini eshitmas edi. U eng oldinda quyoshday porlab turgan 16 yoshli Ravshanakdan ko‘zlarini uzolmay tikilib qolgan, qizning ko‘zni qamashtirgudek jamoliga asir bo‘lib bamisli yashin urgandek ishqida yonib ruhi ko‘klarga ravona bo‘lgan edi.
– Gefestion – deya bazo‘r g‘o‘ldiradi, so‘ngra ko‘zlari chaqnagancha xitob kildi. – Ana mening xotinim. Boshiga gulchambar taqib yonimga keltir. Yo‘q, shoshma, o‘zim boraman!
U havozadan o‘ljasiga tashlangan yo‘lbarsday otilib tushdi-da, ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kilayotgan do‘stining qo‘lidagi gulchambarni olib parivash Ravshanakning boshiga qo‘ndirdi. Qilqoya ustida yolg‘iz qo‘nqayib o‘tirgan kohin qah-qah urib kuldi, kulgusi tog‘u toshlar aro aks-sado berib, ko‘hna Bobilning fusunkor Semiramida bog‘larini epkinlaganday olislarga taralib ketdi…
Oftob allaqachon botgan edi. Etak shamol to‘xtagach, tog‘larni yana tuman qoplab oldi. Endi barchasi pinhon bo‘lgan: ko‘hna manzaralar, Shermergan, tog‘chilar, parilar, Ravshanak, iloha Onaxitaning o‘chi ila qazosini topgan Iskandar Zulqarnayn, nayza tutgan jangchilar va ularni ro‘y-rost jonlantirgan mo‘jizakor xapamat ham!
Darvoqe, rivoyat qilishganidek, bobokalonim Shermerganning tutqunlik chog‘i yog‘ochdan antiqa kovush yasab G‘aznavolik go‘zalni o‘ziga rom etgani chinmi – o‘tirikmi bilmadimu, Yong‘oqliga olib kelgach, u bilan ko‘p farzandlar ko‘rib, baxtli hayot kechirganini eshitganman. Parixotunning sirli taqinchog‘i esa momomga, undan enamga meros qolgan. U ham vafot etgach, sodda singillarim qishloqqa kelgan lo‘lilarning yaltiroq, sun’iy marjonlariga almashib yuborishgan. Hozir o‘sha ko‘hna buyumni ham, parilar haqidagi gurunglarni ham butkul unutib yuborishgan. Yana qachonlardir, Keragatovda bahor chog‘i chakamik va uchqatlar gulga kirib, kakliklar mast bo‘lib sayrashganda boshqa xotiralar kabi XAPAMATni va uni taqqan parilarni qayta eslashar, balki…
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.