Rassomning toqqa kelganiga hafta bo‘ldi. Ammo chizishni boshlashga hali kirishgani yo‘q. Uskunasi oldida bo‘yoqlar terilganicha, ilk tasvir qog‘ozi – eskiz esa oppoqligicha turibdi .
Gap uning ko‘p yillardan beri yaratishni o‘ylab qo‘ygan, durdona bo‘lmasa hamki, bosh asari g‘oyasini chizishni dilida pishitib, so‘nggi chizgilarigacha tasavvuriga joylamaganida emas, balki kelib qolgan tog‘ ungiri, atrof manzara mo‘ljalidagi surat uchun yarashiga ko‘zi yetmayotganida edi. O‘rtada toshloqni yuvib chog‘roq soy oqardi. Ikki tarafida uchlari nayzadek ko‘kka sanchilgan tik zovlar, taram-taram soyliklaru qiyaliklar, adoqda esa qishloq, dov-daraxtli hayatlar, ular aro ilonizi tosh yo‘l cho‘zilgan. Yo‘ldan otliqlar, eshak mingan xotinlar, qoramol va qo‘y echkilarni haydagan bolalar o‘tishardi. Ahyon-ahyonda traktor, mashina, motosikllar varanglagancha ularni hurkitib, yo‘lni quyuq changga belagancha zing‘illashadi. Loysuvoq tomli uylar oldida bolalarning qiy-chuvi, ro‘zg‘or ishlari bilan band ayollarning shang‘illaganlari eshitiladi.
Ayni manzarada texnika asriga xos nishonalar sezilsa-da, ibtidoiy asoratlar ham saqlangandek. Balki nasriy asar uchun tesha tegmagan tafsilotlar anchagina topilar, ammo musavvirga non yo‘q, chamasi. Ha omadi yurishmaganga o‘xshaydi. Bunda zamin tarovatu go‘zallikni emas, asriy hodisotlar aks-sadosini kuylayotgandek. Borliq go‘yo ilk yaralish chog‘ida qanday bo‘lsa shundayligicha potrab yotardi. Tuproq va toshlar qip-qizil, kulrang yoki bo‘rta-butalaru kaltakesaklar, hatto odamlarning tusi ham shunga monand.
Uning qo‘nalg‘asi – terskay betdagi chog‘roq hayat ancha bahavo, so‘lim ko‘rinardi-yu, aslida noboproq joy chiqdi. Shoxlari tarvaqaylagan zarang tagiga uskunasini joylashtirdi. Yotadigan temir karavoti esa xolisroqda. Negaki turli hasharotu jonivorlar tashrifidan bezor. Shundog‘am, yon-veridagi xarsanglar, zirklar orasidan ilonlar bilanglab chiqib o‘takasini yorardi. Bu joyni: «Senga juda mos, shoh asaringni aynan shu yerda yaratasan», deb rosa maqtagan, o‘rnashtirib, non-choyiga qaraydigan odam topib bergan kursdoshidan darg‘azab edi. Unga Shveytsariya tog‘laridagi billur ko‘llar, Venesuelaning Anxel sharsharasi, Yaponiya sakurazorlari bo‘lmasa hamki, o‘zimizning yashil archali jaydari tog‘larimiz bag‘ridan joy topmasdan naq mezazoy erasida vulqonlarning osmonu falakka ko‘tarilishidan hosil bo‘lgan shu tupkanning tagiga yo‘llagani ta’bini tirriq qilardi.
Qo‘liga hali bo‘yoq cho‘p tutmagan bolalik damlaridan qalbida ardoqlagan, oq qorli tog‘lar etagida yashnagan voha, sharqiragan daryo, bog‘-rog‘lar, lojuvard osmon, charaqlagan quyosh, nihoyat ular bag‘rida visol qurgan yigit va qiz suratini chizish uchun nafis ranglarni qaerdan oladi endi? U san’atni tashlab o‘zini korchalonlikka urgan qovoqbosh do‘stini buralab so‘kkisi kelardi-yu, qavatida yo‘qligi uchun noiloj g‘ijinardi xolos. To‘g‘ri, xayoliy timsollar, falsafiy ramzlar orqali ishlashi mumkin, ammo uning asari mavzusi Pikassoning kabutari yoki Salvador Dalining shaffof badanli xonimlari emas, sharqona manzara – Behzod, Xokusay, O‘rol Tansiqboev an’analari… Yana voqelikni o‘zicha – hali ilg‘anmagan chizgilar, yangi shakl va topilmalar orqali ifodalashi zarur.
O‘tgan yili Drezdendagi ko‘rgazmasida bir nemis san’atshunosi uning “Jamrash” nomli suratiga tikilib turib boshini chayqagandi:
– Ona-bola topishuvi shoirona tasvirlangan.
Oddiy etyudda qo‘zilarning sog‘im arafasida ko‘gandan bo‘shalib sovliqni emishi aks etgandi. Rassom biroz tushunolmay undan nimani nazarda tutayotganini so‘raganida:
– Mehrni, – dedi nemis hozirjavoblik bilan. – O‘zbeklarda asl his-tuyg‘ular yaxshi saqlanganidan dalolat bu. Qo‘yni qarang, och qolgan bolasini bag‘riga olib quyruqchasini hidlagancha emizmoqda. Ko‘zlaridagi muhabbat va ezgulikni yetkazib tasvirlabsiz, ofarin!
Demak majozning yangi yo‘li, hayotiylikni yondosh timsollar orqali ifodalash! Kasbdoshlari unga: “Bu usul g‘ordagi devorga tosh bilan o‘yib rasm chizish davrilaridan beri bor-ku!” deyishganida: “Hali ko‘rasizlar, yangi suratim kutilmagan yangilik bo‘ladi”, deb javob qilgan. Nimaligini esa hali o‘zi ham aniq bilmas edi.
Unga qaraydigan xonadon sohibi o‘ttiz yoshlar chamasidagi davangirday erkak va andak yoshroq xotini hali bola ko‘rmaganlari uchunmi kelin-kuyovga o‘xshaydilar. U dastlab hashoratu gazandalar ko‘pligidan va zovlarning vahmidan qochib ularning mehmonxonasida tunab yurdi. Juvon choy damlab, dasturxon va yegulik olib yoniga kiritib turardi. U ham quruq qo‘ymasdi, meva-cheva, guruch-moy deganday… Ayolning biroz to‘poriligi, o‘zini takallufsiz tutishi, keragidan ortiqroq e’tibor qilishini demasa qariyb muammo yo‘q hisobi.
Nihoyat ishga kirishdi. Orqada saf tortgan tik qoyalarni, ular yuzidan jimirlab to‘kilayotgan zilol suvlarni, zirklar, mox va lishayniklarni, zangori yaproqli zaranglarni xomaki nusxaga tushirdi. Rasm ancha mahobatli, tabiiy unsurlarga boy, ammo unda hayot asari ko‘rinmasdi. Shunda u eskizni yirtib tashlab, boshqatdan kulrang chag‘illarni meng tuproqli olovrang yonbag‘irlarda bitgan qip-qizil kovullarni, oppoq oqchayir va kovraklarni, qirg‘iylaru ilonlarni tasvirlagan edi, surat birdan jonlandi. Endi quyoshning zarrin nurlariga belangan borliq ibtidoiy ranglar og‘ushida lovullardi. Ko‘zga yarq etib tashlanadigan bu manzarada chindan-da notanish olam namoyon bo‘ldi-qoldi. Endi old ko‘rinish – visol tasviriga ilhom bilan kirishsa ham bo‘laveradi. Nomini ham oldingidek «Hayot qo‘shig‘i» emas, falsafiyroq, ya’ni «Ilk yaralish», deb qo‘yadi.
Rassomning shashti baland edi. Biroq ahamiyatsizdek tuyulgan ikir-chikirlar ishning unumini pasaytirdi. Biri bevosita ijod jarayoni bilan bog‘liq. Eskizda dinozavrlarni butunlay qirib yuborgan qattol yura davri – vulqonlar, magma va qaynoq lavalardan so‘ng million yillar o‘tib sovigan, mo‘‘tadillashgan borliqda tiriklikning qayta yaralishi mana-man deb turardi. Bunaqa keskin fonga gulday nozik qizcha bilan ma’sumgina o‘spirin mos kelarmikan? Hatto Tohir-Zuhralar ham ancha jasoratli bo‘lishgan.
Boshqa muammo – birovga aytsa kulgili, ammo jiddiy bo‘lib uy sohibasining g‘alati tabiati, tushuniksiz muomalasidan kelib chiqdi. Juvon uning ishlashiga mutlaqo xalaqit bermasdi, chizayotgan rasmiga qiyo ham boqmasdi, balki o‘ziga… Qisqasi ortiqcha diqqat-e’tibori bilan xayolini bo‘lar edi. Atrofida aylanishib u bilan so‘zlashishni, eng yomoni – gap uqtirishni xush ko‘rar, non keltirsa, choy damlab kirsa ko‘zlarini vojillatib doimo nimanidir urg‘ulagandek unga qattiq tikilardi. Harakatlarida, ovozida, nigohlarida noma’lum imdod, aniqrog‘i tajovuzkorlik zohirdek. Qaerda, qay holatda bo‘lmasin, harislik bilan boqar, unga daxldor nimaiki bo‘lsa bariga qiziqar edi. Yo‘qligida jomadonini, narsalarini kovlashni xush ko‘rar, ishlatishni uncha bilmasa-da radio, fotokamera, dazmol, fen, sovun, shampun, atirlarini olar, ayniqsa konservalar, konfetu pechenelar jonu dili edi. Qiziq tomoni, o‘rniga nuqul qotgan non, achigan qatiq va maza-matrasiz yovg‘on ovqatlarini tutqazardi.
Keyingi paytda uni-buni bahona qilib u tunaydigan xonaga tez-tez kiradigan bo‘lib qoldi. Hatto kechalari, o‘rinda yotganida ham bostirib kelaverardi. Rassom uning odatlarini to‘porilikka yo‘ydi. Yaxshiyamki, kelinchak narsalarigagina o‘ch, ko‘nglida boshqa gap yo‘q. Xizmatga shayligi, manziratlari unga malol kelayotganini qayoqdan bilsin. Balki uy bekaligi, ayollik sezgisi uni mehmonga g‘amxo‘rlik qilishga undayotgandir… Biroq tez orada chuchvarani xom sanaganini tushundi. Juvon mayda-chuydaga andarmon bo‘lish bilan birga atrofida huda-behuda aylanishini ham kanda qilmasdi. Ertalablari o‘rinda yotganida, yechinib ariqda yuvinayotsa, yoxud badantarbiya qilayotgan paytlarida…
Tabiiyki, rassom u bilan iloji boricha kamroq muloqot qilishga, ko‘p baqamti kelmaslikka tirishardi, ammo juvon hamisha, hamma yerda ro‘parasidan chiqib, chag‘ir ko‘zlarini vojillatganicha nimadir der edi: «Manavini yeng», «qatiqni simiring», «sho‘rvaga non to‘g‘rang», «piyolani oling» va hokazo. Gaplarining mehribonchilikmi, tanbehmi ekanini bilish qiyin. Gohida ilkis harakatlanib to‘satdan unga yaqinlashar, biror narsa uzatayotib qo‘liga yoki yonboshiga tegib ketardi. Odatlari, xohish-istaklari aslida nimadan iboratligi rassomga butkul qorong‘u edi. Go‘yo shunchaki, nechuk bandaligiga qiziqsinganidan ko‘proq muloqot qilib sinashta bo‘lgisi kelayotganga o‘xshardi.
Ha, albatta, qiziqsinish, zaifalarga xos xususiyat. «Ayollar ba’zan nimani istashlarini o‘zlari ham bilishmaydi», degan ibora ham bejizga to‘qilmagan. Yana aytishlaricha, nozik jins sohibalarida boshqa jonzotlarga mijozdoshlik ko‘proq kuzatilarkan. Masalan qushlarga, mushuklarga, yana allanimalarga… Rassomimiz esa har safar kelinning tabiatida, tashqi ko‘rinishida va harakatlarida nechundir ilonga xos alomatlarni ko‘rardi. Uni ayol go‘zalligi haqidagi ta’riflarning birortasiga mengzash o‘rinsiz – chiroyli ham, jozibali ham, xush qiliqli ham emasdi. Lekin!.. Borlig‘idan vulqonday toshib kelayotgan yengib bo‘lmas shiddatli kuch yog‘ilardi. Bo‘liq qaddi-qomati, tovatoshday yalpoq yuzi atrofdagi xarsanglarga monand bo‘rta, ko‘kragi, bilaklari lorsillagan, kishiga xuddi o‘ljasiga tashlanishga hozirlangan urg‘ochi ilonday vahshat bilan boqardi. Boshqa ayollarga xos bezanish, bo‘yanish, noz-karashma, latofat unga yot edi. Rassom ancha ko‘rkam, ijod ahliga xos tamkin va mutaassir inson. Biroq kelinchak unga aslo havaslanib, ishq-muhabbat bilan qaramas, aksincha zardayu dashnomlarini boshiga yog‘durgudek sertanglardi. Rassom esa bunda ne ma’no va maqsad borligini bilolmay yuragi taka-puka. To‘g‘ri, uning ayollardan bezorligi yo‘q, gohida naturachi qizlarga ishqibozlik qilib turardi. Biroq bunisi… Bir kuni o‘rin yig‘ayotib undan ko‘mak suradi. Rassom bajonudil ko‘rpani baland taxmonga joylashga yordamlashdi. Shunda juvon ko‘tarishaman deb chalqaygancha, kutilmaganda uning og‘ushiga o‘zini tashladi…
Dunyoda qurtu qumursqalardan tortib yo‘lbarslargacha odamdan hayiqishi azaldan ma’lum. Bu tushuncha hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi albatta. Jonivorlar nasl qoldirish va qorin to‘ydirish uchun muttasil bir-birlarini qiradilar. Ularning asosiy diqqat-e’tiborlari o‘ljaga qaratilib, himoya to‘g‘risida kam bosh qotiradilar. Kuchsizmisan, qochishga ulgurmadingmi, to‘ppa-to‘g‘ri g‘olibning jig‘ildoniga borib tushasan. Inson esa o‘z aqli bilan omon qolishning juda ko‘p usullarini biladi. Eng ta’sirchani – qarshi hujum! Jonivorlar shuning uchun odamdan cho‘chisa kerak. Biroq hozir qorin g‘amida ehtiyotkorlikni unutib rassomning girdida bemalol izg‘ishardi.
Zarang tagi bahavo, shinam, gilam to‘shalganday qalin barra o‘tlar, qoqigullar gurkirab o‘sib yotardi. U bo‘yashdan eringan pallalarda ko‘kalamda rosa ag‘nab hordiq chiqarar, tushlikniyam shu yerda qilardi. Keyingi paytda «hamsoyalar» tashrifi ko‘payganini payqadi. Tez orada buning sababi ayon bo‘ldi. Qarangki, bu hol u bilan bog‘liq ekan. Chumolilar, qurtlar, qo‘ng‘izlar, sichqonlar uning dasturxonidan to‘kilgan mazali uvoqlarni, mevayu shirinliklar bo‘laklarini ishtiyoq bilan terib yeyishar, uyalariga tashishar, kaltakesaklar esa uni bezorijon qiluvchi chivin va so‘nalarni “hap” etib yutishar, ilonlar zarang shoxiga ilingan ovqat, non va boshqa yeguliklarni qitirlatayotgan sichqonlarga va chigirtkalarni tumshug‘iga qistirgan chumchuqlarga hamla qilishardi. Gohida osmonda tek qotgan qirg‘iy shuvillab pastga quyilardi-da, hozirgina yutgan ko‘rsichqonni hazm qilish uchun shoxga o‘ralib yotgan ko‘lvor ilonni ko‘tarib qochardi. Xullas, uni o‘rab turgan makonda g‘o‘ng‘illash, chirillash, vijirlash, vishillash bir zum ham tinmas edi. Bezor bo‘lgan rassom ularni xipchin bilan quvalar, o‘ldirar, o‘zini va yeguliklarini ulardan asrash uchun jonini jabborga berardi, ammo gazandalar ko‘paysa ko‘payishardiki, aslo kamaymasdi. Jonivorlar faqatgina jig‘ildon g‘amida emas, bu yerda o‘zlari uchun o‘ng‘ay va rohatijon muhitni – o‘ziga xos jannatni yaratib olishgan, emin-erkin irg‘ishlashar, turli-tuman ovoz chiqarib zavqlanishar, ora-sira «sevgi»ga mubtalo bo‘lib gasht qilishardi. U to‘shagini boshqa joyga, shiydam o‘rik tagiga ko‘chirgan edi, ajabki, sho‘x-shaddod qo‘shnilari u yerga ham “gurungga” boradigan odat chiqarishdi. Goho kaltakesak tuflisining ichiga kirib olsa, ilonoy butoqqa ilingan jinsi shimining poychasidan boshini chiqarib qop-qora ayri tilini qimirlatardi.
O‘sha safargi “voqea“ dan keyin mehmonxonaga kirishga yuragi betlamay qoldi. Uy egasi qo‘yday yuvvosh yigit, dala yumushlari bilan band bo‘lib uyda kam ko‘rinadi. Ba’zan kartoshka chopgali hayatga kelganida uyoqdan-buyoqdan gurunglashishadi. Mehmonga yaxshiroq qarashni xotiniga tayinlaydi. Rassom esa xijolat chekardi. Oxiri darrandalardan nechog‘li xavfsiramasin, hayatda tunaydigan bo‘ldi. Tungi simfoniya esa…
Bir kuni to‘lin oyning yorug‘ida ajriq ustida chirmashgan “oshiq-ma’shuq” ilonlarni ko‘rib hayratdan dong qotdi. Bundan-da maroqliroq, shavqliroq manzarani umrida ko‘rmagan edi. Ilonlarning badanlari rangdor, baayni g‘ojari gilamning naqshlariday go‘zal, ko‘zlari odatdan tashqari yaltirar, og‘izlarini ochib bir-birlarini yalab yulqashar, go‘yo g‘ajishayotgandek qattiq vishillashardi. Keyin har ikkisi o‘lib qolgandek ajriqqa cho‘zilishdi.
Rassom qimirlamay yotarkan, nima qilishni o‘ylardi. Qo‘l uzatsa yetarli joydagi gazandalarga daxl bermaslikning iloji yo‘q edi. Nihoyat o‘rindan asta turib yonidagi zarang tayoqni oldi-da, mo‘ljallab urdi. Biri darhol qochib shuvullagancha g‘ujum zirkning tagiga kirib ketdi, ikkinchisi to‘lg‘onib-to‘lg‘onib qimirlamay qoldi. Boshi majaqlanib ketgan ekan, tayoqqa ildirib qaloq sirtidagi baland xarsang ustiga tashladi. O‘sha tunda allamahalgacha mijja qoqmadi. Bolaligida bobosi: “Ilonni o‘ldirsang loshini yoqib yubor, bo‘lmasa sherigi kelib seni chaqadi,” degan edi. Xayriyatki, hech biri uni ortiq bezovta qilmadi.
U ko‘rganlarini unutib boshi bilan ijodga sho‘ng‘idi. Yangi tasvirni yanada mukammallashtirdi, shakllar va ranglarni bo‘rttirdi, sevgilisini og‘ushlayotgan rangpar o‘spirinni Farhoddek bahodirga aylantirdi. Yuzidagi taram-taram muskullari, cho‘yandek og‘ir bilaklari yori uchun tog‘u toshlarni kul qilib yuborishga qodirdek. Asar juda yorqin, mutlaqo yangi, ekspressionistlaru avangardchilarning tushlariga ham kirmagan yo‘nalish kasb etgan edi. Tasavvuridagi ilk hayot, yaralish uchun kurashayotgan timsollar endi tamomila o‘zgacha, hatto ajdaho, dinozavrlar qiyofasida namoyon bo‘lardi
Tunlarning birida bosinqirab uyg‘ondi va dahshatdan qotib qoldi. Tushida uy sohibasi: “E buerda ekansiz-da. Men sizni qidirib yuribman. Mendan qochib qutulib bo‘bsiz!” deya ko‘rpani ko‘tarib shuvullagancha qo‘yniga kirganmish. Juvon goho pari, goho ilon qiyofasiga kirib gul-gul yashnagancha uni suyarmish. Shu qadar mehrli, latofatli, shirin so‘zlar bilan erkalar emishki, olovli nafasidan umrida ko‘rmagan ehtiros va lazzatni his etarmish. Bir payt u bo‘ynini nimadir ohista bo‘g‘ayotganini, tanasida g‘alati qaynoq to‘lqinni ro‘y-rost his etdi. Ko‘zlarini yarq ochib ustidagi ko‘rpani itqitdi. Tog‘dan mo‘ralagan o‘n besh kunlik oyning yog‘dusida tanasiga o‘ralib yotgan ilonning naqshinkor terisi ming alvonda tovlanar, uzun ayri tili bilan esa lablarini yalar edi. Daf’atan, u qo‘rquv hissini tuymadi, aksincha darranda tanasining to‘lg‘anishi, badanidagi ranglar va naqshlar jilosi, boshini saranglatishi, ko‘zlarining yaltirashi xayolini olib ohangrabodek o‘ziga tortardi… Nihoyat! Yonayotgan odamdek karavotdan sakrab turib qishloq tomon qocha boshladi. Tanish uyga yetib jon holatda eshikni qoqdi. Uy egasi chiqib uning yarim yalong‘och tarziga, enka-tenkasi chiqqan bo‘zday rangiga qarab vahm bilan so‘radi:
– Ha, rassom aka, nima bo‘ldi, bemahalda bunday yuribsiz?
Uning tishlari takillardi:
– I… I … Ilon! Menga tarmashdi.
– Ilon? Hech narsa yo‘q-ku. Qo‘rqibsiz-da, usta, suv iching. Hoy, suv keltir! – deya yoniga kelgan xotiniga buyurdi.
Rassom suv ichgach, sal o‘ziga kelib bo‘ynini va boshqa joylarini siypaladi: ilon-pilon yo‘q edi. Hamon qaltirarkan, g‘o‘ldirab uzr aytdi:
– Ma’zur tutasizlar, bezovtalik uchun… Yomon tush ko‘ribman shekilli … Juda qo‘rqinchli.
– Bo‘lib turadi. Ozgina hadik olgansiz-da, – deb xotirjam qildi yigit mehmonni. – Hayat ovloq, o‘rganmagan odamsiz. Xotin, tez mehmonxonaga joy sol. Usta, uyga kiring, manavi choponni kiying.
Rassom u uzatgan choponni kiygach, ketmoqchiligini aytdi.
– E, qo‘ying, usta. Uyqungiz yaxshi bo‘lmaydi endi. Shu yerda qoling.
Lekin mehmon ko‘nmadi, atrofga olazarak termilgancha yana hayatga chiqib ketdi. Ajabo, jismida va ruhida sirli ilhom tug‘yoni g‘alayon qilardi. Ongi odatdan tashqari tiniqlashib, miyasi million yillarni qamraydigan tezlikda yangi timsollar yaratish bilan band edi…
Ertalab quyosh zarang yaproqlari orasidan endigina zarhal nurlarini sochgan chog‘da u molbert oldiga o‘tirdi. Etyuddagi qiz tasvirini hech ikkilanmay o‘chirib tashladi-da, o‘rniga tushida ko‘rganlarini tasvirladi: ilon timsolidagi ayol! Boshi, yuz va ko‘zlarida, butun borlig‘ida ayollik olami, mohiyati barq urgan. Qaddi-qomati bo‘liq, qo‘sh kabutarday ko‘kka talpingan ko‘kraklari uzra soch o‘rimlari beliga chulg‘ongan, ilon nusxa kashtali badani shiddatkor ehtiros bilan alpqomat yigitga chirmashgan. Nigohlari butun borliqni yondirgudek otashin!..
Rassom suratni chizib bo‘lgach, unga boqib hayratdan lol qoldi. Hech qachon o‘zi o‘ylamagan, tasavvur qilmagan manzarani yaratgan edi. Ertak kitoblarga ishlanadigan rasmlardan keskin farqi – undan misli ko‘rilmagan hayotiylik barq urardi. Ayniqsa oshiqlarning tashqi va ichki olamida aql bovar qilmas kuch-qudrat, joziba zohir, kishiga g‘oyatda tanish, go‘yo qachonlardir ayni makonda ular bilan ilk hayot yaralishida birga javlon urgandek, noma’lum, qadrdon kechmishlarini namoyon etayotgandek g‘alati taassurot qoldirar edi.
Rassom suratni asil nusxaga ko‘chirib so‘nggi bo‘yoqlarni yurgizayotganida g‘alati hodisaning shohidi bo‘ldi. Orqasida qo‘lida dasturxon va choynak tutgan barvasta kelinchak xuddi sehrlangandek rasmga tikilib turardi. Nariroqda esa… Xarsangtosh ustida belidan yuqorisi bir gaz ko‘tarilgan ilon ham toshdek qotgancha suratni tomosha qilardi. Har ikkisi guyo million yillar ilgari unut bo‘lgan asl olamlari ichra hozir bo‘lgan kabi so‘ngsiz hayrat va hayajon og‘ushida edilar…