Ustoz Pirimqul Qodirovga bag‘ishlayman
1.
1951 yilning qishi. Moskva xiyobonlaridagi daraxtlar oppoq qorga burkangan. Tashqarida izg‘irin bo‘lsa-da, Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti rektorining atoqli adabiyotshunos professor bilan suhbati qizg‘in edi. Rektor iltifot yuzasidan professorga sigaret taklif qildi. Keyin o‘zi ham tutatdi. Professor sigaretdan bir-ikki tortib, rektorga savolomuz qaradi. U bu yerga bejiz chaqirilmaganini bilardi.
– Andrey Nikolayevich, guruhingizdagi aspirant Adham Qodirovning o‘zlashtirishi qalay? – muddaoga ko‘chib so‘radi rektor.
– Qoramag‘izdan kelgan o‘zbek yigitini aytyapsizmi, Sergey Viktorovich? O‘zlashtirishi durust. Biroq moddiy jihatdan qiynalgan ko‘rinadi. Yaqinda ittifoq Yozuvchilar uyushmasida milliy adabiyotlarga bag‘ishlangan bir tadbirda qatnashganimda, o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi kerak, deyishuvdi. Men Qodirovni tavsiya qilmoqchiman. Rus va qardosh xalqlar adabiyotidan yaxshi xabardor u. Ham o‘qish, ham ishni eplab ketadi bu tirishqoq yigit. Ham o‘ziga iqtisodiy yordam bo‘ladi.
– Hozircha shoshmay turing. Uning hali institutda o‘qishi ham dargumon bo‘lib turibdi.
– Tinchlikmi, Sergey Viktorovich? Axir u …
– Ustidan chaquv bor. Mana, tanishib chiqing.
Oqsoch professor tilla gardishli ko‘zoynagini burniga qo‘ndirib, rektor uzatgan xatni o‘qiy boshladi. Serajin manglayi yanada tirishdi. O‘qib bo‘lgach: «Eh, dayus – ey», – deya g‘ijinib, xatni stolga tashladi.
– Qodirovmi?
– Qo‘ysangiz-chi! Ochig‘ini aytsam, shu yigitga ancha mehrim tushib qolgan. Gapimga ishonavering, Sergey Viktorovich, adabiyotni uningchalik yaxshi ko‘radigan talaba hatto bizning adabiyot institutimizda ham unchalik ko‘p emas. Bu chaquv turgan-bitgani bo‘hton-ku! Boyning o‘g‘li Moskva ayozida yupqa paltoda yurarmidi?
– Shunday deysizu, biroq ilgari boyning o‘g‘li bo‘lgan bo‘lishi mumkin-ku! Andrey Nikolayevich, biz bu dargohda g‘oyaviy jihatdan pok odamlar tahsil olishiga mas’ulmiz. Binobarin, masalaga jiddiy yondoshib, tekshirib ko‘rishimiz lozim.
Professor bosh chayqab, uh tortar ekan, xonaga kotiba kirdi. U hali gapirishga ulgurmasdan, rektor buyurdi:
– Qodirov kelgan bo‘lsa, kiraversin.
Paltosini garderobda qoldirganidan kiyimi yanada yupunlashgan Adham xonaga kirdi. Salomlashib, ko‘rsatilgan joyga o‘tirdi. Rektorning salobati bossa-da, uning yonida suyukli ustozini ko‘rib, ancha yengil tortdi. Yarim yillik tahsilning imtihonlarini a’loga topshirgani uchun ham ko‘ngli to‘q Adham keng-mo‘l kabinetdagi javonlarga terilgan kitoblarni ko‘zdan kechirib, ularning qaysi klassiklar asarlari to‘plami ekanini tusmollardi.
Rektor sinashta usulini qo‘lladi. Qiyofasiga yanada jiddiy tus berib, sarg‘ish ko‘zlarini yigitga nashtardek qadab, keskin ohangda so‘radi:
– Adham Qodirovich, sizning ijtimoiy kelib chiqishingiz qanday?
Adhamning rangi bo‘zday oqardi. Daf’atan, tili kalimaga kelmay, bir zum sukut saqladi. So‘ng, o‘zini qo‘lga olib, qat’iy ohangda dedi:
– Men dehqon xonadonida – oddiy mehnatkash oilasida tug‘ilganman. Bolaligim va o‘smirligim ham darsdan so‘ng dalada mehnat bilan o‘tgan.
Uning ovozi va nigohida «bu rost, ishoning» degan iltijo bor ediki, rektor ko‘zini olib qochib, hukmini aytdi:
– Shunday bo‘lsa ham, siz hozircha mashg‘ulotlarga qatnashmay turing.
– Nega axir?! Men kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, birinchi semestr imtihonlarini ham a’loga topshirdim!
U yordam so‘ragandek professorga qaradi. Professor indamay, ezg‘ilab yog‘ayotgan qorga tikilib o‘tirar, ayni vaziyatda u xuddi qahraton quyoshidek Adhamga biron yordam ko‘rsatishdan ojiz edi.
– Ochig‘i, ustingizdan chaquv tushgan. Ijtimoiy kelib chiqishingiz xususida, – dedi rektor.
– Axir, menga Toshkentda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan ijobiy tavsifnoma berishgan-ku! Uni men hujjatlarlarimga qo‘shib topshirganman.
– To‘g‘ri, hujjatlaringiz joyida. Shu bois, biz Toshkentga so‘rovnoma yubordik. Agar chaquv bo‘hton bo‘lib, siz haqingizda ijobiy javob kelsa, mashg‘ulotlarni yana davom ettiraverasiz.
– Kim yozibdi chaquvni, bilsam bo‘ladimi?
– Buni oshkor qilolmayman.
Adham rektorning kabinetini ezgin qiyofada tark etdi. Eshik yopilishi bilan professor oshkora uh tortdi.
– Esiz, bo‘ladigan bola, umidli shogirdlarimdan edi. Eng muhimi, asarlaridan o‘zi qilgan so‘zma-so‘z tarjimalarini o‘qiganimda, tuzukkina badiiy iqtidori borligi ma’lum bo‘ldi.
– Eh, Andrey Nikolayevich, siz ustoz sifatida emas, rahbar sifatida bir o‘ylab ko‘ring! Adabiyot manfaati emas, balki siyosiy tuzum, sotsialistik jamiyat manfaatidan kelib chiqing-chi. Kamina shunday yo‘l tutishga majburman. To‘g‘ri, iste’dodli shogirdlariga mehr qo‘yadigan ustoz sifatida sizni tushunaman. Lekin, ko‘p ezilmang. Balki, hali ijobiy javob kelar. Har holda bu zaruriy chora. Yumaloq xat qanday keskin tusda yozilganini ko‘rdingiz-ku. E’tiborsiz qoldirsak, xat muallifi tegishli idoralarga yozishdan ham toymaydi. Ortiqcha daxmazalarga qolib yuramiz unda. Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, degan sharq maqolini bilasiz. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Qodirovning darhol rangi o‘chib ketdi. Demak, uning o‘tmishida nimadir bor.
Professor yana e’tiroz bildirishga og‘iz juftladi-yu, rektorning tepakal boshi ustidagi Stalin portretiga ko‘z tashlab, dami ichiga tushganday, tilini tiydi.
2.
Institut aspiranturasi yotoqxonasi xonalaridan birida ikkinchi bosqich tinglovchisi Yo‘ldosh besaranjom holda o‘tirardi. Institutda, ayniqsa, aspiranturada o‘zbeklar kam, Adham ikkalasi bir xonada turishadi. Eshik ochilib, Adham kirganida uning aftoda rangu ro‘yini ko‘rgan Yo‘ldosh sezilar-sezilmas qalqib tushdi. O‘zini bosib, paltosini ochayotgan do‘stiga dedi:
– Ikki haftalik ta’tilning ham bir kuni o‘tdi. Xo‘sh, qaror qildingmi? Borib kelasanmi Toshkentga?
– Yo‘q, Moskvada qolaman.
– Nega birdan o‘zgarib qolding?
– Ustimdan kimdir rektorga chaquv yozibdi. Uni tekshirish uchun Toshkentga yuborishibdi. Javobini kutishim kerak.
– Qanaqa chaquv ekan? – talmovsiradi Yo‘ldosh.
– Ijtimoiy kelib chiqishim xususida.
– Ha-a, shunaqami? Toshkentda, universitetda ham bu masala qo‘zg‘algani esimda. Moskvada ham o‘sha gapmi? Chaquvni ham kimdir Toshkentdan yuborgandir. Menga qara, Adham. Bu daxmazalarga biryo‘la nuqta qo‘ymaysanmi?
– Qanday qilib, Yo‘ldosh? Maslahat ber, nima qilay, – iltijo bilan dedi Adham. – Butun hayotim davomida bu narsa meni og‘ir tog‘dek bosib, ezib kelmoqda. Qachon anketa to‘ldirishga to‘g‘ri kelsa, ijtimoiy kelib chiqishingiz, degan savoldan yuragim bezillaydi. Axir, ota-onam bir umr o‘z mehnatlari bilan kun kechirgan. Birovning mehnatidan foydalanmagan, hech kimning haqini yemagan!
– Lekin otang quloq qilingan-ku.
– To‘g‘ri, lekin keyinchalik kolxozga kirib, hamma qatori ketmon chopgan. Axir, o‘sha davrda – jamoalashtirish siyosatida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini o‘rtoq Stalinning o‘zi ham tan olgan-ku.
– Qara-ya, otangning kamchiligini tan olishni istamaysan, lekin uni jazolagan partiya kamchilikka yo‘l qo‘ygan demoqchisan.
– Meni noto‘g‘ri tushunding. Xo‘sh, nima demoqchi eding? Qanday qilib barchasiga chek qo‘yish mumkin?
– Komsomolga xos shijoat va mardlik bilan otangdan voz kechasan!
– Nima-nima?!
– Eshitganing! Komsomol majlisida men o‘z o‘tmishimdan, zararkunanda quloq otamdan voz kechib, jamiyatimizga munosib odam bo‘lmoqchiman, deysan. Majlis ishtirokchilari, shubhasiz, seni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda bir maqola ham yozib, matbuotda chop ettirsang, zo‘r hujjat bo‘lib qoladi. Shundan keyin hech kim senga ijtimoiy kelib chiqishingni ta’na qilolmaydi.
– O‘ylab gapiryapsanmi, Yo‘ldosh? Qanday qilib marhum otamdan voz kechaman? Meni, aka-ukalarimni dunyoga keltirgan, boqqan, tarbiyalagan otamdan, uning aziz xotirasidan voz kechamanmi? Otam rahmatli birovga yomonlik sog‘inmagan, besh vaqt namozini kanda qilmagan iymon-e’tiqodli inson edi.
– Mana, o‘z tilingdan ilinding! Namoz o‘qisa, demak dindor bo‘lgan. Shunday otadan voz kechmay turib, sen hali sovet yozuvchisi bo‘lmoqchimisan? Komsomol bo‘laturib, pioner Pavlik Morozovdan o‘rnak olish qo‘lingdan kelmaydi-yu, yana sovet yoshlari hayotidan roman yozishni da’vo qilayotganingga o‘laymi!
Adham do‘stining bu so‘zlarini javobsiz qoldirdi-da, paltosini qayta kiydi.
– Xo‘sh, yo‘l bo‘lsin?
– Hovlida uyiga ijaraga qo‘yadiganlar e’lonlariga ko‘zim tushgan edi. Javob kelgunicha biron joyda ijarada turaman. Chunki bu ahvolda yotoqxonada turishim qiyin. Yurtdosh va do‘st bo‘laturib, senki meni tushunolmading, boshqalarning munosabati qanday bo‘lishi ma’lum. – U xonadan chiqarkan, qayrilib, qo‘shimcha qildi. – Malol kelmasa, rektoratdan boxabar bo‘lib tur. Kotibadan javob kelgan-kelmaganini surishtir. O‘zim xabar olib turaman.
Xonada yolg‘iz qolgan Yo‘ldoshning badani uvishdi. Adham ketsa, bu qadar yolg‘izlanib qolishini o‘ylamagan ekan. Xona huvillab qolganday go‘yo. To‘g‘ri, Toshkentda oralari yaqin emasdi. Biroq musofirlikdagi hayot, O‘zbekiston haqidagi umumiy xotiralar ularni bir qadar yaqinlashtirgan edi.
Adhamning ustidan yashirincha chaquv yozib bekor qildimikan? Vijdoni o‘rtangan Yo‘ldosh turli mulohazalardan qalqon yasashga tirishardi: «Men bir kambag‘al batrak o‘g‘liman. Otam quloqlarga qarshi kurashda o‘zini ko‘rsatgan. Sho‘ro tuzumi g‘alabasi tufayli men oddiy batrak o‘g‘li Moskvada yozuvchilikka o‘qimoqdaman. Ammo Adham … uning otasi quloq bo‘lgan-ku. Ma’naviy haqqi bormi shunday dargohda ta’lim olishga? To‘g‘ri, u ilmli, iste’dodli. Biroq mard bo‘lsa, ijtimoiy kelib chiqishini nega yashiradi? Yana u Moskvaga kelishi bilan Sanobar bilan uchrashibdi. Men bir yildan beri uning ko‘nglini olish uchun halakman. Necha marta kinoga taklif qilsam, darsim ko‘p, deb bahona qildi. Borganida ham yolg‘iz emas, dugonasi bilan bordi. Adham bilan esa yolg‘iz o‘zi boribdi. Yo‘q, men og‘zidagi oshini oldiradiganlardan emasman».
3.
Adham ijara uyiga asosan tunash uchun borardi. Mashg‘ulotlardan «ozod» bo‘lgani uchun uzzukun Lenin kutubxonasiga tanda qo‘ygan, «yopiq fond»dan Cho‘lpon to‘plamlarini olib o‘qir, o‘tli va dardli satrlar bir-ikki o‘qishdayoq xotirasiga muhrlanar, ko‘chirib olishga ham hojat qolmas edi. Bu adabiyotlar har kimga berilavermas, biroq Gorkiy nomli Adabiyot instituti aspiranturasi kabi yuksak dargohda tahsil olayotganlarga ruxsat bor edi. Aspirantlar bu adabiyotlarni ilmiy rahbarlari ko‘rsatmasiga binoan, o‘z ilmiy ishlarida burjua adabiyotini fosh qilish uchun o‘qishlari barchaga ayon edi.
Bir paytlar u Qodiriy romanlarini yashirincha o‘qigan. Sahifalarga qanchadan-qancha ko‘z yoshlari to‘kilgan. Endi Cho‘lpon she’riyati uni sehrlamoqda. Shoirning otashin satrlari xayolida muttasil charx urardi:
Karashma dengizin ko‘rdim, na nozlik to‘lqini bordur,
Halokat bo‘lg‘usin bilmay qulochni katta otdim-ku.
Qiziq, bu adiblarni nega tuzum qabul qilmagan? Ularning ijodini sevsa, demak u ham bu jamiyatga yot unsurmi? Adabiy asarlar asli qaysi mezonlar asosida baholanmog‘i zarur? Sho‘ro adabiyoti eng haqgo‘y adabiyot, deya jar solishadi-yu, haqiqat haqida nafaqat yozish, hatto suhbat qilish buncha mushkul bo‘lmasa.
Bolaligi og‘ir mehnat, yetishmovchiliklarda o‘tib, universitet va aspiranturaga o‘z intilishi bilan erishib, endi og‘zi oshga yetay deganda, boyning bolasi deya burnini qonatsalar-u, biron joyga arz qilolmasa. Bunaqa xo‘rliklarga ilk bor duchor bo‘layotgani yo‘q.
Oltinchi sinfda a’lochiligi uchun uni Toshkentga sayohat yo‘llanmasi bilan mukofotlashdi. Qanchalik hayajonlangani, ota-onasi tushlik uchun bergan pulni Toshkentga borganida kitob sotib olish uchun yig‘a boshlagani esida. Lekin tuman maorif bo‘limidagi hushyor mutasaddilar «otasi boy bo‘lgan», deb mukofotni bekor qilishdi. Daminov degan jug‘rofiya o‘qituvchisi: «Axir, otasi hozir kolxozchi-ku», deya kuyinib gapirgani, lekin uning so‘ziga hech kim quloq solmagani aslo esidan chiqmaydi. Lekin qachon shu voqeani eslasa, ustozi Daminovning so‘zlari zulmatni parchalagan bir qatim nurdek ko‘rinardi. Tuzum qanchalik mustabid bo‘lmasin, odamlardagi insoniylikni butkul mahv etolmaydi, degan ishonch unga dalda berardi.
Adham kutubxonadan chiqib, piyoda yo‘l oldi. Moskva ko‘chalari oqshomda ham yorug‘. Bu shaharga kelgach, o‘zini uzoq yillar qora ko‘lankaday ta’qib qilgan tuhmatu chaquvlar nihoyat uzoqda qoldi, deb o‘ylagan edi. Ne-ne mashhur adiblar bilan uchrashdi shu olti oy mobaynida. Ularning ko‘p so‘zlarini yon daftariga yozib oldi. Ko‘ngil qo‘ygani Sanobar ham shu shaharda tahsil olmoqda. Ular bahorda turmush qurishni rejalashtirgan edilar. O‘shanda hayot yo‘li unga Moskva ko‘chalariday hamisha keng va yorug‘ bo‘ladiganday tuyulgandi…
O‘zbekistonda allaqachon boshlangan bahor nafasi Moskvada ham sezilmoqda. Afsuski, Adhamning kayfiyati bahoriy emas. Toshkentdan hech qanday xabar yo‘q. Sanobar institutga kelib, Yo‘ldoshdan Adhamni so‘rabdi. Yo‘ldosh bor gapni aytib, hozir qayerda turganini bilmayman, debdi. Qanchalik sog‘inmasin, Sanobarning yuziga qanday qaraydi? Necha marta chog‘lanib, o‘sha tarafga yo‘l oldi. Biroq har gal: «Men tufayli unga nisbatan ham shubha paydo bo‘lmasin. O‘zi baxtsiz odam boshqani baxtli qila olarmidi?», – degan o‘ylar bilan orqaga qaytardi.
Ko‘prikdan o‘tarkan, Moskva daryosiga razm soldi. Daryo muzlari palaxsa-palaxsa ko‘chib, bo‘tana suv ko‘pirib oqmoqda. Buni kuzatarkan bolalik davrining iztirob bilan yo‘g‘rilgan ilk xotiralari ko‘z o‘ngida jonlandi. Otasi surgun qilingach, “quloqning oilasi” degan xo‘rlashlar va tahdidlarga chidolmagan onasi bolalarini olib, tog‘asi yordamida uzoqdagi qishloqqa ko‘chishga qaror qildi. Ko‘ch-ko‘ronlarini tog‘asining ikki otiga ortib, qish chillasida yo‘lga tushishdi. Qalin qor yoqqan sovuq kun. Olti oylik ukachasi Rabbim onasi qo‘lida edi. Otlar muzga toyib yiqilganda, ularning ustidagi yuklar ham qorga qulab tushar, tog‘asi va onasi otlarni turg‘izib yuklarni ortguncha, bolalar qor ustida junjikib turishardi. Olti oylik go‘dak chirillab yig‘lar, bundan barchaning yuragi ezilsa-da, hech kim uni qanday ovutishni bilmas edi. O‘shanda ukasiga sovuq o‘tib ketgan ekan. Bahorga chiqmasdan, Rabbim umrida bir bahorni ham ko‘rmasdan nobud bo‘ldi. Adham ulg‘aygach, ba’zan: “Qishda emas, bahorda ko‘chganimizda, balki ukam tirik qolib, hozir azamat yigit bo‘larmidi” , deb o‘ylar, hayoti tongidagi shu voqea tufayli uning uchun qish mamot, bahor esa hayot ramziga aylangan edi. Biroq bu yilgi Moskva bahori yaxshilikdan darak bermas edi…
Narigi qirg‘oqda odam to‘planib turganini ko‘rgan Adham, har bir narsa bilan o‘zini chalg‘itishni istagani tufayli, olomonga yaqinroq borib bildiki, g‘avvoslar hozirgina suvga cho‘kib o‘lgan odam murdasini olib chiqishibdi. Qiziqishi darhol so‘nib, ortga qaytdi. Odamlarning ovozi uzuq-yuluq tarzda qulog‘iga chalinardi.
– O‘z joniga qasd qilibdi-ya, sho‘rlik!
– Kim biladi, balki cho‘ktirib yuborishgandir.
Bu hodisa Adhamga yo‘l ko‘rsatgandek bo‘ldi. Yo‘l bo‘lganda ham tuhmatu chaquvlar yetib borolmaydigan manzilga eltguvchi yo‘l. Bu haqda bemalol xayol surib, sovuqqonlik bilan rejalar tuzayotganidan o‘zi ham hayron edi. Muzdek suvga kirishini o‘ylaganida ham sira eti junjikmas, hatto nazarida bu fasl suvga cho‘kish uchun eng maqbul bir mavsum edi… Kattakon muz parchasi boshiga kelib uriladi. Zarbdan garang bo‘lib, buyog‘i nima bo‘lganini sezmay ham qoladi. Jasadini topib olishganida ham kim uni tanirdi. Butun Moskvada unga aza tutadigan birgina odam bor… Eh, Sanobar, agar bilsang, men ertami, indin ikkalamizning oppoq qordek orzularimizni, yorug‘ kelajagimizni, tug‘ilmagan bolalarimizni o‘zim bilan cho‘ktirib yuboraman… Lekin, kechir meni. Tirik qolganimdayam, mendek badnom odam sen bilan birga bo‘lolmaydi.
Uyga yaqinlashganida, birdan yo‘ldan qaytib, Gorkiy instituti tomon yurdi. Nima bo‘lgandayam ko‘nglida so‘nggi bir ilinj miltillab turardi.
Yotoqxonaga kirarkan, telpagini peshonasiga bostirib, paltosi yoqasini ko‘tarib, burkanib oldi. Kursdoshlaridan birontasiga uchrab qolishni istamasdi. Xonaga kirib kitob o‘qib o‘tirgan Yo‘ldoshga savol nazari bilan qaraganida, u bosh chayqadi: hamon hech qanday xabar yo‘q. Buncha hayallashmasa. O‘zbekistonda ham qayta tekshiruv o‘tkazib, qarindosh urug‘larigacha so‘roq qilishyaptimi?…
U o‘tirmasdanoq xonani tark qilayotganida Yo‘ldosh so‘radi:
– Ijobiy javob kelsa – yaxshi, bo‘lmasa – Toshkentga qaytasanmi?
– Qaysi yuz bilan qaytaman? O‘lim yaxshi-ku bundan!
– He, he, o‘zingni o‘ldirarmiding? Buni oson ish deb o‘ylayapsanmi?
– Harqalay, sharmandalik dog‘iga chidashdan osonroq!
4.
Yo‘ldosh o‘zini rektor nega chaqirtirganini bilardi. Kotiba ham bundan xabardor shekilli, uni darhol kirgizib yubordi. Rektorning kayfiyati yaxshi edi. U xushmuomalalik bilan aspirantga joy ko‘rsatib, o‘zbekcha jon qo‘shimchasini qo‘shib gapirdi:
– Yo‘ldoshjon, yurtdoshing Adhamjon qalay yuribdi?
– Yotoqxonadan ketgan, ijara uyda turadi. Mashg‘ulotlarga qatnamayapti.
– Ha, bir anglashilmovchilik bo‘lgan ekan. Serquyosh O‘zbekistondan quyoshli xabar keldi. Do‘stingni topib, ayt. Bemalol mashg‘ulotlarga qatnayversin. Qoldirgan darslarini o‘zlashtirib olishiga yordam ber. Ijarada yoki yotoqxonada turish esa o‘zining shaxsiy ishi.
– Rahmat, Sergey Viktorovich!
Yo‘ldosh ko‘chaga chiqib, telefon budkasiga kirib, istar-istamay raqam terdi. O‘zi kutmagan va yoqtirmagan xabarni aytishi kerak. Mayli, hech gap bo‘lmaganday: «tabriklayman, institutga kelaver», deydi-da. Narigi tarafdan Adhamning dardchil ovozi eshitildi. Uning yurak hovuchlab, quloq tutib turganini bilardi. Bu xabarni eshitgach, nima qilarkin? «Kel, do‘stim, bu xushxabarni biron qahvaxonada yuvaylik», deydimi? Yoki meni shu zahoti unutib, qanot chiqarib, Sanobarning oldiga uchadimi?
To‘satdan Yo‘ldoshning vujudida yovuz dev bosh ko‘tardi. Uning izmiga bo‘ysungan Yo‘ldosh aytishga chog‘langan so‘zlarining butunlay teskarisini gapirdi:
– Endi xafa bo‘lmaysan, Adham. Toshkentdan o‘ta salbiy javob kelibdi. Rektor aytishicha, endi sen tinglovchilar safidan butunlay o‘chirilarkansan.
Javob o‘rniga, Yo‘ldoshning qulog‘iga go‘shakning taraqlab tushgani eshitildi. Go‘shak Yo‘ldoshning vujudidagi yovuz dev boshiga tushib, uni majaqlagandek edi. U birdan o‘ziga kelib, jon holatda baqirdi:
– Adham, Adham … men hazillashdim, gaplarim yolg‘on, eshityapsanmi?
Biroq telefon jimjit edi. Rangi o‘chgan Yo‘ldosh budkadan otilib chiqib, yo‘lda kelayotgan birinchi mashinaga jon holatda qo‘l silkiy boshladi.
2009 yil