Zarbdorlik xolamning yoshlik yillari haqidagi hikoyalari ko‘p. Biznikiga mehmon bo‘lib kelganida, kechki ovqatdan so‘ng o‘z-o‘zidan onam va xolam bolalik davrlarini eslay boshlaydi. Dadam esa bunday paytlarda ishxonasiga kirib, bir dunyo yozuv-chizuvlari bilan andarmon bo‘ladi.
Avvallari qomati alifdek, bo‘yi uzun bo‘lgan xolam endi to‘lishib, yuzi ham tirsillab, yaltirab qolgan. Buning sababini so‘rab tegishuvchilarga zamonida yashayapmiz-da, zamoni-da, deb qo‘yadi. Ular bolaligini kulib-kulib eslashsa-da, hazilakam gaplar emasdi. Odamni chuqur o‘yga toldiribgina qo‘ymay, o‘sha paytdagi hayotning chirkin ishlaridan xulosalar berardi.
O‘sha hangomalarning birida so‘zlangan “KamAZ” voqeasi xotiramga muhrlanib qolgan.
* * *
– Kiyimlari juldir bola edim, – hikoyasini boshladi xolam. – Usti-boshimizni gapirmay qo‘ya qolay, qornimiz nonga to‘yardi yoki yo‘q. Hozirgi to‘kin-sochinlik qayerda deysiz. U ham mayliku-ya, balog‘atga yetgan qizlarning katta ko‘cha tugul, ostona hatlab tashqariga chiqishiga ruxsat yo‘q edi. Turli xil vahimalarmi yo rost gapmi, ishqilib, har xil mish-mishlar ko‘payib ketgandi. Enam rahmatli har doim bir gapni takrorlardi: “Katta yo‘lga chiqa ko‘rmanglar-a, “KamAZ”lar o‘tadi. Ularning haydovchilari yomon odamlar bo‘ladi. Yer yutkurlarning nafslari buzuq emish. Senga o‘xshagan yosh-yalanglarni tappa ushlaydiyu aravasiga ortib jo‘naydi. Ularning qo‘liga tushib izingga qaytgandan ko‘ra bo‘rilarga yem bo‘lib o‘lgan ma’qulroq. O‘zingga ehtiyot bo‘l baring!”
Tavba, deya ko‘p hollarda yoqamni ushlardim. Odam odamni yesa-ya, inson zoti shunchalik ochko‘zmi-a?! Biz bu gaplarning mazmuniga keyinroq tushunib olgan esak-da, lekin o‘sha, bahaybat mashinalar ko‘zimizga ajal o‘pqoni bo‘lib ko‘rinardi. Ilgari bir nechta qiz ana shunday qopqonlarga tushishganmi, bilmadim, har holda, biz taniydigan ikki qiz ham yuzi loyga belanib qaytdi. Enamning aytishicha, ularni ham “KamAZ”chilar olib qochganmish. Bizga ibrat bo‘lsin debmi, hammasiga qizning o‘zi aybdorligini qayta-qayta uqtirardi. Bu gaplardan keyin biz ka-aatta mashinalar g‘izillab o‘tib turadigan tomonga yaqinlashishni butunlay xayolimizdan chiqarar edik. Hatto kunduz kunlariyam nafs o‘lgurning dastidan kovul teramiz deb yo‘l bo‘yiga yaqinlashardig-u, onda-sonda ko‘rinib qoluvchi “KamAZ”ga ko‘zimiz tushsa, hamma narsani unutib, oldi-verimizga qaramay ura qochardik. Havf-xatar yiroqlashsa, o‘zimizcha botirga aylanardik.
Shundoq kunlarning biri edi. Biz ko‘cha changitib, oyog‘imizdan to boshimizgacha tuproqqa cho‘milib chopib yurardik. Bir mahal ovulimizning chetrog‘ida yashaydigan Xursand momo va shaharda o‘qiydigan qizi Nafisa opa ikkalovi uyidan chiqib kela boshladi. Qishloqdagi qizlarning havasini keltirib kiyinadigan Nafisa opa bu safar ham go‘zal, ayniqsa, egniga tizzasigacha tushib, qomatiga yarashib turadigan kulrang yupqa plash ilib olgandi. Qishlog‘imizning qizlari juda to‘pori, ba’zilari dag‘alroq edi. Atrofdagi dala-dashtdan boshqasini ko‘rmagani vajidan shundayin yovvoyiroqmi yo boshqami, ishqilib, o‘zlariga qarashga vaqt topisholmasdi yo istashmasdi. O‘sha vaqtlari qishloqlarda ham “Go‘zallik salonlari” ochilishi bir tush edi, xolos. Nafisa opa esa boshqacha, uning qo‘llari ham boshqalarnikidan farqli o‘laroq, biram nozik, biram yumshoq ediki, onam bir yumush bilan momomnikiga chiqarganlarida buning shohidi bo‘lgandim.
Bitta qilib o‘rilib oldiga tashlangan sochlari husniga husn bag‘ishlar, qo‘liga diplomatini ko‘tarib olgancha o‘sha kuni momo bilan katta yo‘l tomon borishardi. Biz bunga ajablanmadik. Avvaliga rosa qarshiliklarga uchragan bo‘lsa-da, endilikda Nafisa opa qishloq qari-qartanglarining sekin-asta oq fotihalarini olayotgandi. Axir, o‘sha paytlar qizlar u yoqda tursin, yigitlar ham o‘qishga borishlari amrimahol edi-da.
Hafta-oyda bir kelib-ketadigan qizini har safar momo katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yar edi. Avtobus kelgunicha qizi bilan kutishini ko‘rib, vahimali ulovlar haqidagi turli xil o‘ylarga borardik. Nafisa opa ba’zida ikki-uch kunlab avtobusni kutib qolar edi. U paytlari yangi ovul yo‘q, katta ko‘cha ham kaftdek ko‘rinib turardi. Hayot alg‘ov-dalg‘ov zamon bo‘lgani uchun avtobuslar o‘z vaqtida qatnamasdi. Ustiga-ustak, bugungiday mashinalar ham ko‘p bo‘lmagan.
Shunga qaramay, ular hanuz umid bilan yo‘lga ko‘z tikishardi. Biz ularni qiziqish bilan kuzatib, yuraklari otning kallasidek ekanligini tasavvurimizga amallab sig‘dirardik. Chunki g‘izillab o‘tib-qaytayotgan ba’zi bir katta mashinalar birdaniga ular oldida to‘xtab qolar, biroz o‘tib esa to‘ng‘illagandek qattiq g‘o‘rillab yurishda davom etardi. Biz uzoqdan ham haydovchilarning basharalarini aniq-tiniq ko‘rib turardik. Ularning aksariyati sovuq, o‘ynoqi ko‘zli, beo‘xshov mo‘ylovlarini tepaga tarab olgan, yuzida irshayma tabassum qotib qolgan kimsalar edi. Bir marta otam daradan bo‘ri ovlab qaytgandi. Qo‘zi-qo‘ylarga tajovuz qilish niyatida otarga yaqinlashgan och bo‘rini sezib qolgan otam uni otibdi. Keyin otga ortib, uyga opkeldi. Xayolimda shu haydovchilar bo‘ridan-da sovuqroq, nafsi buzuqdek edi.
Xullas, avtobusga qaytadigan bo‘lsak, bu tushmagur kuttirib-kuttirib haftaning o‘zi istagan bir kunida qishloqqa g‘izillab kelib qolardi. Shunga ilinsang-ilinding, bo‘lmasa ko‘chada qolding. Ishqilib, boshqasiga kuning qolmasin. Kunlab yo‘lga intizor ko‘z tikishlardan so‘ng avtobus deganlari biram ko‘zga issiq, biram yoqimli ko‘rinib ketardiki, sog‘inganingdan ko‘zingga beixtiyor yosh kelardi. E, ana shunaqa! Bora-bora qishloqdagilar uni yangicha nom bilan atay boshlashdi “haptabus”. Agar har kuni o‘tganida shunday deyishmasdi, ayb o‘zida.
Xursand momo bilan qizi bugun bilgandek chiqishgan, shekilli, haptabusni ko‘p kutishmadi. Bag‘rikeng sariqvoy o‘z bag‘riga Nafisa opani ham sig‘dirdi. Biz ham bir qur yengillashgandek bo‘ldik-ov. Momo esa har doimgidek avtobusning ortidan uzoq tikilib qoldi, so‘ngra ikki qo‘lini belida qovushtirgancha so‘ppayib ortiga qaytdi. Sarg‘ish so‘lg‘in yuzlari allaqanday tus olgandi. Xuddi xasta kishilardek, og‘ir qadam tashlar edi. U har safar qizini kuzatardi. Lekin biz uning bunchalik bir holga tushib qolganini ko‘rmaganmiz. Buni o‘zimcha tahlil qila boshladim. Nafisa opa avtobusga o‘tirgan bo‘lsa, yana nimaga xafa?! Avtobus boya silkinib-silkinib yo‘lga tushdi. Tag‘in yo‘l-yo‘lakay buzilib qolib, qizining “KamAZ”ga chiqishidan xavotirlandimikan?! Kim biladi yana nimaga?! Lekin Nafisa opa o‘laqolsa haptabusdan boshqasiga, hatto “Zil”ga ham chiqmaydi. Chunki u shunday oqila, tarbiyali ediki, har bir nozik harakatlarini havas bilan kuzatardik.
Qo‘shni qizlar bilan xayrlashib, uyga kirayotsam, devor-darmiyon hovlidan asabiy baqiriq ovozlar eshitilardi. Aftidan bu janjallar ham katta yo‘l oqibatlari natijasidan biri edi. Ko‘nglimda “KamAZ”chilarga nisbatan cheksiz nafratim yanada oshardi, shularning shaytoniy nafslari dastidan uylarda tinchlik yo‘qolgan, qanchalab qizlarning nomuslari loyga qorilgandi. Zamonning zayli shunday edi-da, zo‘rdan zo‘r chiqib, ularni bir yoqlik qiladigan mard topilmasdi.
O‘sha yili ham qish qattiq keldi. Tizza bo‘yi qor yoqqandi. Loysuvoqdan chiqqan uyimizning bitta xonasiga pechka tutatib, jo‘ja birday jon siqilardik yon-veriga. Hammaniki qatori oilamiz katta edi.
Shunday tunlarning birida eshik nimjon taqqilladi. Xursand momo ekan. Ichkariga kirib kovushini chekkaga yechdi. Uylari biznikidan xiyla uzoqroq emasmi, ancha sovqotib qolibdi.
– Keling, egachi, – deya ko‘rishdi enam, yana bir qavat ko‘rpacha tashladi. – Voy, izg‘irin rosa uripti-ku, muzlab qopsiz-a?!
Momo parishonxotir ko‘rinardi. Yumaloq qora ko‘zlari alang-jalang so‘lg‘in, tomirlari bo‘rtib chiqqan sarg‘ish yuzi negadir qorayib ketgandi.
– Yuragim kuyib ketayapti, qo‘shni, tamom bo‘ldim. Tamom…. – ko‘zlaridan yosh tirqiradi momoning.
– Tinchlikmi egachi, nega yig‘laysiz? Voy o‘lay, nima bo‘ldi?
– Qizim yo‘q. Kelmayapti. Ikki oydan oshdi hamki, daragi yo‘q. Xat-pat jo‘natib turardi. Bilmayman, shu bir parcha qog‘ozni ham ravo ko‘rmay qo‘ydi-ya men sho‘rpeshanaga. Jonim halak, bir gap bo‘ldimikan yo? Kasal-pasal bo‘libmi… Yo “KamAZ”…
– E, qo‘ying-e, nafasingizni shamol uchirsin. Ko‘rmayapsizmi qishni, qaynoq suvni qatirlatayapti. O‘zingizga qarang, shugina yo‘ldan kelguningizcha joningiz xalqumingizga kelgudek bo‘ldi. Shahardan bu yoqqa qarab yurishning o‘zi bo‘ladimi? U ham mayli, yo‘l ochiqligida bo‘lmagan, shu qor bosgan kunlarda ulov bo‘p qoptimi sizga, egachi?!
– Qaniydi-ya, shunday bo‘lsa, shunday bo‘lsin-da ishqilib. Lekin ko‘nglim g‘ash-da, ko‘nglim g‘ash….
Shu ko‘yi suhbatdan keyin momom ketishga hozirlandi. Chiqayotib, erta-indin qor qaytsa, choli shaharga qizidan xabar olgani bormoqchiligini aytdi.
Qish oxirlab qolgandi. Qishloq ko‘chalari bilch-bilch loy bilan ko‘pchidi. Ayozning qahriga dosh berolmagan uncha-muncha hovli aylantirib solingan loy devorlar qulagan, daraxtlar g‘arib bir ahvolga tushgan mahal edi.
Qish og‘ir kechdi. Muzlamalar qattiq tus oldi. Go‘yo buning asoratlari Xursand momoning qalbini ham umrbodga vayron qilmasa koshki edi, deb o‘ylardim men. Bir korihol sodir bo‘ladigandek, ko‘z oldimdan mushtipar Nafisa opa ketmasdi. Tunlari alahsirab, mo‘ylovli meshqorin kamazchilarni ko‘rib chiqardim.
Bir kuni momoning holidan xabar olishga chiqqan enam yangi gap topib keldi. Aytishicha, Xursand momoning choli Nafisani izlab shaharga borib kelibdi. U qizi tahsil olayotgan joyga borsa, bir necha kunlar oldin talabalar qishki ta’tilga chiqib ketganini aytishibdi. Na farzandining dugonalari, na uning o‘qituvchisini uchrata olgan ota ming o‘y-xayol bilan, umid bilan ortga qaytgan. Balki, qizi shu orada qishloqqa keldimikan?! Afsuski, uyga qaytgan otaning umidlari puchga chiqdi. Uning yo‘liga ko‘z tikib o‘tirgan momoning yuzida esa xushxabar ilinji aks etardi.
– Qizing uyga kelmadimi, mabodo? – degan so‘rov kampirning ko‘nglini battar xijil qildi.
Necha kundan beri dom-daraksiz, xat-xabarsiz ketgan qizidan xavotirga tushgan momo buni ko‘tarolmay yotib qoldi, otaning xasta yuragiga esa minglab ninalar sanchildi.
Qishloqdagi ayollar uchun ham yangi mavzu topildi. Bir-birinikiga yo‘qlab chiqqan ko‘ni-qo‘shnilarning asosiy mavzusi shu bo‘lib qoldi: “Eshitdingizmi… Nima bo‘libdi ekan… Yo‘lda uyga qaytayotib, bahaybat moshinlarning birida… Yo‘g‘-ee… Balo bormidi, qiz bola boshiga o‘qiyman deb?! Uyda hamma qatori o‘tirsa bo‘lmasmidi… Shuni ayting, o‘qiganning ahvoli shu bo‘lsa…” Ularning g‘iybat xaltasiga tushib qolsangiz tamom edi. Sog‘-omon chiqishingiz qiyin. He yo‘q, be yo‘q, o‘zlaricha izquvarlikka da’vo qilishmoqchi bo‘ladimi!
Haqiqatda Nafisa opaga nima bo‘ldi ekan?! Axir, men ham katta bo‘lsam, o‘qishga kirishni, ulardek go‘zal, bejirim bo‘lib yurishni havas qilayotgan edim. Ammo bu shuv-shuv gaplardan keyin kim ham qizini o‘qishga shaharga yuborardi. Ich-ichimdan Nafisa opaning eson-omon qishloqqa qaytishini xohlar edim. O‘zimcha unga yubormasam-da, xatlar yozardim: “Opajon, qayerdasiz? Qachon qishloqqa qaytasiz?”
* * *
Nafisa bu safar shaharda ko‘p qolib ketdi. Qish qahratonida qishloqqa qaytish yanada mushkullashadi. Necha martalab vokzalga kelib, ulov bo‘lishini poyladi. Onasi sho‘rlik rosa xavotir olayotgandir. Ana boraman, mana boraman deb, Nafisa xat ham yozmay qo‘yaqolgandi. Qo‘ng‘iroq qilay desa, qishloqqa hali telefon simlari yetib bormagan. Qor qalinligi bois haydovchilarning yuragi bu muzlamada yurishga betlamadi. Qizgina qishlog‘ini biram sog‘indiki… Onasi yo‘liga ko‘z tikib o‘tirgandir. Otasining sog‘lig‘i yaxshimikin-a, so‘ngi paytlari yuragidan shikoyat qilayotgandi. Hamma-hammani sog‘indi. Ayniqsa, shunday izg‘irin kunlardayam onasi yopgan issiq, qo‘lni kuydiradigan nonlarning isi….
Qishki ta’til boshlanib, allaqachon talabalar uy-uyiga tarqalib bo‘lgandi. Unga o‘xshab, ketolmay yotoqxonada yurganlar ham, mana, ko‘rinmay qoldi. Talabalar turarjoyi odamsiz huvillaydi. Bir necha marta vokzalga borib, yana ortiga qaytishga majbur bo‘ldi. Umidsiz kunlarning birida shaharda turadigan kursdosh dugonasini uchratib qoldi. U qo‘yarda-qo‘ymay Nafisani uyiga olib ketdi.
Bir necha kunlik mehmondorchiliklardan keyin qiz yana qishlog‘iga oshiqdi. Nafisa bu safar ham ketolmasa, toqat qilolmaydi. U vokzalga kelgan mahal o‘ziga o‘xshagan kutuvchilar uncha-munchagina edi, lekin kechga yaqin bora-bora tarqalib odam kamaydi. Kun bo‘yi qishlog‘i yo‘nalishi bo‘yicha hech qanday mashina bo‘lmadi. Nomoshomga qolib ketgan qiz yana ortiga qaytib ketishni istamas, odamlarga ishongisi kelardi.
Shu orada yo‘l chetiga bir “KamAZ” kelib to‘xtadi. Undan tushgan o‘rta yoshlardagi haydovchi lapanglab, mashinaning oldi tomonini ochib qo‘lini qora moyga botirgancha naridan-beri ishladi. Keyin qo‘lini artgan kishi bo‘lib atrofiga alang-jalang nazar tashladi. Nafisa boya uning harakatlarini kuzatgan bo‘lsa-da, endi o‘z xayollari bilan andarmon edi. U kutishdan zerikkan va qishloqqa qaytish umididan ham voz kechib bo‘layozgandi. Agar mashina bo‘lmasa, yana ularnikiga kelishini qayta-qayta tayinlab kuzatgan dugonasinikiga borsinmi yoki odamni yutib yuborgudek sokin yotoqxonaga qaytgani ma’qulmikan?! Lekin har ikkisidan ko‘ra qishloqdagi uyi ko‘z oldidan ketmasdi uning. Qiz shularni xayol qilar ekan, ro‘parasida paydo bo‘lgan beso‘naqay gavda uning o‘yini buzdi.
Qiz bunaqangi odamni umri bino bo‘lib endi uchratayotgandi. Qishloq dalasi monand yuzi shunday tasvirlanishi mumkin: yapaloq burni shu dalani haydab yuradigan traktorni, ko‘zlari esa egatlarga oralagan o‘ynoqi loyqa suvni eslatardi. Qora moy aralash anqiyotgan achchiq o‘tkir atir hididan bir zumda boshi og‘ridi. Qiz o‘zini unga beparvodek ko‘rsatib, yuzini chetga burdi. Salomlashgisi-da kelmadi.
– Qizim, yaxshimisan? – dedi boyagi kimsa otalarcha mehr-muhabbat bilan. Bu so‘zlar shunday jarangladiki, Nafisa unga e’tibor qaratmasligi, javobsiz qoldirishi mumkin emasdi. Xuddi otasi yonida paydo bo‘lib qolgandek, ko‘zlarida yosh miltilladi.
– Qishlog‘ingga yo‘l oldingmi? Qaysi biridansan, o‘zi? – so‘roqqa tutdi haydovchi.
Nafisaning javobini eshitib, yana qiziqsindi:
– Kimning qizi bo‘lasan, bu qishloqdan ancha-muncha yor-birodarlarim bor.
Qizning javobidan keyin boyagi kishining yuzi yorishdi.
– Ha-a, – dedi eski tanishlarini xotirlagandek bo‘lib, shuning qiziman degin… Menimcha, otangni taniyman-ov! Buni qara, yo‘limiz bir ekan. Istasang, qishlog‘ingga tashlab qo‘yaman. Yo‘l-yo‘lakay hamroh bo‘lgani yaxshi-da! Aks holda, uyqu elitib qo‘yishi mumkin.
U shunday samimiy gapirardiki, xunuk basharasi ham qizning yodidan chiqdi. O‘zining ilk tasavvurlaridan o‘zi uyaldi. “Otangni taniyman” deb turgan haydovchining gaplariga inondi. Ikkovlon yo‘lga chiqishdi.
* * *
Bir kuni ertalab enam og‘ilxonada sigirlarni sog‘ish bilan andarmon chog‘da ko‘cha tomondan Xursand momoning katta nevaralaridan biri ko‘rindi. Menga ko‘zi tushib, imlab chaqirdi.
– Katta enam aytdi, biroz turib onang biznikiga chiqsin ekan. Is chiqarayapmiz. Aytib qo‘y, xo‘pmi!
Tasdiq ishorasini qilib, boshimni qimirlatdim.
– Xursand momoning nevarasimi? Tinchlikmikan? Nima dedi? – baqirdi enam og‘ilxona tomondan. Eshitganlarimni aytdim.
Sutni sog‘ib bo‘lgach, o‘choqqa o‘t yoqib qaynatdik. Sovuqda nam tortib qolgan o‘tinlar pisillab yonardi. Cho‘g‘iga choy qaynatib oldik. Hammani dasturxon atrofiga chorlab, nonushta qildik. Mayda-chuyda ro‘zg‘or ishlarini tamomlab, enam ko‘chaga chiqishga taraddud ko‘ra boshladi. Men ham ularga ergashdim.
Xursand momonikiga ancha-muncha ayollar yig‘ilgan ekan. Uzoq-yaqinga kelin bo‘lib tushgan qizlari ham kelibdi. Katta uyiga aylantirib joy solinib, qo‘ni-qo‘shnilar o‘tirardi. O‘rtaga dasturxon yozilib, uncha-muncha topgan-tutganlarini qo‘yishgandi. Sal turib, issiqqina cho‘zmalar keltirildi. Duo qilingach, sindirildi. Xursand momoning siniqqan yuzi horg‘in tus olgan, parishxotir o‘tirardi.
– Nafisa qizimdan necha kundirki xabar yo‘q, – xasta ovozda so‘zladi momo. – Otasi ham shaharga tushib, topolmay qaytdi. O‘tgan tunda tush ko‘ribman. Tushimda qizimni bahaybat ilon chaqishga urinayotganmish. Qizim bechora ilonning domidan chiqish uchun o‘zini har tomonga olib qochayotganmish. Shunda bir notanish kishi paydo bo‘lib, uni qutqarib qolibdi. Ilonning boshini sapchadek kesib tashlabdi. Ishqilib, hammasi yaxshilikka bo‘lsin. Qayda bo‘lmasin, qizim eson-omon yurgan bo‘lsin, deya tong saharlab is qilish harakatiga tushdik-da, o‘rgilib ketaylar!
Qo‘shni ayollar momoga taskin berishdi. U yoq-bu yoqdagi gaplar bilan chalg‘itishga urinishdi. Bir muddatdan so‘ng dasturxonga omin qilib, o‘rnilaridan qo‘zg‘aldilar. Mezbonlar mehmonlarni ko‘chagacha kuzatib chiqishdi. Xursand momo nelardandir umidvor bo‘lib katta yo‘lga ko‘z tikardi. Tashqari anchagina sovuq, ayollar tezroq uylariga yetish ilinjida xayrlashishgan edi hamki… Hamma bir zumga to‘xtadi… Gapirishdan… Yurishdan… Hatto sovqotishdan ham… Kaftdek ko‘rinib turgan katta yo‘l tomondan qishloqqa qarab “KamAZ” burildi. U to‘ppa-to‘g‘ri biz tomonga yurib kelardi. Bu hammaning diqqatini tortdi, albatta. Hatto uylarning darchalari orqali poylayotgan kallalar paydo bo‘ldi. Shovqin bilan yurayotgan mashina momoning cholini ham ko‘chaga chiqishga undadi. Momoning nimjon tanasi ohista qaltirardi. Hozir nimadir sodir bo‘ladigandek, hamma jim tikilib turardi. Mashina yaqinlashgani sayin, odamlarning yuzida hadik alomatlari sezilardi. Va rostdan ham nimadir sodir bo‘ldi… Aynan men, biz kutayotgan hodisa ro‘y berdi. “KamAZ” yaqinimizga kelib to‘xtadi. Uning eshigi shiddat bilan ochilib, Nafisa opa pastga uchib tushdi. O‘zini ota-onasining bag‘riga otdi. So‘ng haydovchi amaki ko‘rindi. Beo‘xshov va beso‘naqay kimsaning nigohidan bir cho‘chib tushib, onamning ortiga yashirindim. O‘sha kimsa Nafisa opaning otasi bilan quchoqlashib ko‘rishdi va bo‘lgan gaplarni so‘zlab berdi. Qishloqdagilarning og‘zi ochilib qoldi. Boyagina meni qo‘rqitib yuborgan amakining istarasi ko‘zimga shunday chiroyli ko‘rinardiki, go‘yo dunyodagi eng yaxshi odam qarshimda turgandek! Demak, enam ham “Ularning bari bir go‘r”, deya adashgan. Bu dunyoda yaxshi insonlar ko‘pligiga o‘sha vaqtda yana bir bor amin bo‘lganman!
Xolam hikoyasini tugatib, jimib qoldi. Men esa oxirgi marta qachon soatlab avtobus kutganimni eslolmay ovora edim. Ming shukrki, hozir ko‘chalar yorug‘ va ravon, mashinalar har lahza zing‘illab o‘tib turadi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 7-son