G‘alati bir his bilan uyg‘onib, nimyorug‘ xonada yotganimni ko‘rdim. Oppoq pardalar, kitob terilgan tokchalar, sandiq ustiga tekis yig‘ilgan qavima ko‘rpalar… O‘z uyimdaman! Qaytganimga ikki oy bo‘libdi hamki, har safar uyg‘onganimda yana o‘sha manzarani ko‘rishdan qo‘rqib, ko‘zimni ochgim kelmaydi: tor xonada sakkiz kishi qator yotibmiz, burchakdagi stol ustida idish-tovoq, ostiga sumkalar qalashtirib tiqib qo‘yilgan, chala bo‘yalgan eshik tutqichining qasmog‘i chiqib ketgan. Musofirchilik!.. Ko‘zimni chirt yumib, keng hovlim, ayvonli uyim, keyin mana shu derazasi kunchiqarga qaragan yotog‘imni tasavvur qilar va shu o‘ylarga singib ketgim kelardi. Biroq, g‘ala-g‘ovur, turtinish, asabiy xitoblar, boz ustiga, yo‘q yerdan binoga kelgan qarz tashvishi tezroq turishga, egnimga topganimni kiyib yana bahaybat to‘qayning sovuq bag‘riga kirishga majbur qilardi. Bir yil chidadim o‘shanday mashaqqatga. Qora terga botib, oltin tog‘larni va’da qila-qila yot yurtlarga olib kelgan “vallamat”lar yo‘lkira hisobidan bo‘ynimga ilgan haqni to‘lab, uyga beshikast qaytdim. Ammo, ich-ichimda nimadir o‘zgargan, vayron bo‘lgan edi. Endi esa… yo‘qligimda keksa ota-onam olgan qarzlarini uzish uchun yana o‘sha benavo hayotga qaytishga majbur bo‘lyapman. Ha, qaytishim, qasdma-qasdiga qaytishim kerak. Pishiq-puxta bo‘lib… Quruq qo‘l bilan kelmaydigan bo‘lib…
Hozir esa uydaman. Bu yerning tonglari o‘zgacha. Ayolim allaqachon hovlini chinnidek tozalab, nonushta tayyorlab qo‘ygandir. Bugun chipta olgani borardim, ertaroq uyg‘otishmabdi-da. Ayashgan meni. Kelganimdan beri ayashadi… Kecha oshnalarim bilan yarim tungacha otamlashib o‘tirganmiz. Toshdek qotib uxlabman o‘ziyam. Lekin, oyog‘imga nima bo‘ldi? Ie, bu ne hol?! Kimning ishi bu?
…Men uni hammadan ko‘p sog‘ingandim. Yo‘l bo‘yi o‘ylab keldim: bir yilda ancha ulg‘aygandir, bo‘yi cho‘zilgan, tili burrodir. Meni tanimasa-ya, degan qo‘rqinchli o‘y har zamon miyamga yashindek urilar, shunda uning mehrini qozonish uchun borimni poyiga to‘shashga tayyor ekanligimni his qilardim. Hozircha esa bittagina mashina o‘yinchoq sotib olishga qurbim yetdi. O‘g‘lim, dilbandim Shohjahon uchun! Kattagina mashina, bunaqasi bizning paytlarda bo‘lmagan.
Bolam deyarli yotsiramadi. Uch-to‘rt kunda soyadek ergashib yuradigan, o‘tirsam tizzamdan tushmaydigan bo‘ldi. Qayerdandir uloq-suloq ingichka arqon topib, tumshug‘idan bog‘lab olgancha, butun qishloq bolalariga mashinasini ko‘z-ko‘zlab, sudrab yurgani-yurgan. “Sen kelib, bolang yashnab ketdi, ishqilib, ortingdan ichikib qolmasin-da”, deydi onam. Kechagi qilig‘idan keyin, o‘zim ham shunday xavotirga tushib qoldim.
So‘rida bu safar kimlar bilan ketish, nima ish qilishim haqida maslahatlashib o‘tirgandik. Pastda Shohjahonning gaplarimizni uqib o‘tirganiga e’tibor bermabmiz. Qarsillagan tovushdan cho‘chib qarasak, mashinasi ag‘darilib yotibdi.
– Yo‘q, ketmaysiz, ketmaysiz!!!
O‘g‘lim shunday deb yig‘lagancha ko‘chaga otildi. Ortidan ayolim yugurib ketdi. Ota-onam jim, mening esa ichimga muz tushdi go‘yo. Shu bo‘yi qaytib yonimga kelmadi. Bu orada do‘stlarim kelib qoldi. Ularni kuzatib kirsam, o‘rnida yo‘q. Arazlab, buvisining yonida uxlabdi…
…Oyog‘im… bog‘langan edi. Sapchib turib, ko‘rpani ustimdan otib yubordim. Uloq-suloq, eski arqonning bir uchi bilan oyog‘im, ikkinchisi esa tokcha tagidan o‘tgan quvurga bog‘lanibdi. Ha, bu o‘sha, Shohjahonim men olib kelgan arzimasgina, ammo o‘g‘limning nazarida dunyoda yagona o‘yinchoq mashinaning tumshug‘idagi ipi. Bolajonim… Otasini yonida olib qolish uchun aqli yetganicha chora ko‘ribdi. Issiq diydori bilan o‘ziga bog‘lab ololmagan norasidam mana shu eski arqon bilan tushovlab qo‘ymoqchi bo‘libdi beqaror otasini… Uquvsiz tugilgan arqonni siypalab, yechishga jur’atim yetmay uzoq o‘tirdim. Ko‘z oldimga dilbandimning ko‘zmunchoqli jajji qo‘lchalari, kulcha yuziga salga qalqib chiqadigan kulgichlari, tiniq nigohlari keldi. Yuzimdan issiq tomchilar oqib o‘tdi.
Men o‘zga yurtda xor-zorlik ko‘rdim, kaltaklandim, qadrim toptaldi. Lekin biron marta yig‘lamagandim. Er boshim bunchalar egilmagandi…
Ayolimning kirib kelganini sezmabman ham. U xavotir bilan qarshimga cho‘kkalab o‘tirdi:
– Dadasi? Voy o‘lmasam, sizga nima bo‘ldi?
– Buni qara.
U bir muddat bog‘liq oyog‘imga tikilib, qotib qoldi.
– Shohjahon… – dedim men, ovozim darz ketib.
– Erta tongda mashinasini ko‘tarib kirayotganini ko‘rgandim. G‘ildiragi chang, tashqariga qo‘y desam, azza-bazza oyoq tirab turib oldi. Keyin ancha qolib ketgandi. Siz bilan yotibdi debman…
Uning qarog‘ida ham yosh yiltilladi.
Arqon osongina yechildi.
– Hozir qayerda ekan?
Tashqariga chiqiboq, meni ko‘rib hovli o‘rtasida qotib turgan Shohjahonga ko‘zim tushdi. U qo‘rqibmi, yo shuncha urinishlari behuda ketganidan o‘kinibmi, javdirabgina qarab turardi. Yoniga borib tizzalab o‘tirdim-da, bolamni bag‘rimga mahkam bosdim. Yuzimga shirin nafas tafti urildi. Mittigina vujuddagi yurakcha ko‘ksimga bosh urayotganini his qildim. U bag‘rimga singib ketguday kichkina edi. Ammo shu mushtdekkina jussadan taralgan mehr quvvati ruhimda ulkan evrilish sodir etayotgandi.
– Ketmayman, bolam, seni tashlab hech qayoqqa ketmayman!
Bu mening qat’iy qarorim edi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 4-son