Azizim! Maylimi, shunday atasam? Esingizdami, suhbatlarimizda shu nom bilan atab qolsam, “Kechirasiz, shu so‘zni ko‘p ishlataman, bilmasdan aytib yuboribman”, derdim darrov vaziyatdan chiqish uchun. Aslida, shu so‘zni hammadan qizg‘anib, faqat sizga ilinardim. Bilardim, sizga ham yoqardi. O‘zingizni ko‘rib turmasam ham, ovozingizning titrashidan sezardim. Ovozingiz! Havoga sachragan ovozingiz. Balki sizga asir bo‘lib qolishimning sababi ana shu titroq ovozdir…
Kechki payt edi. Kitob sahifasi uzra qaroqlarim yuguradi. Telefon jiringladi.
– Allo!
– Kechirasiz, Munisa bormi?
Behad yoqimli ovoz.
– Yo‘q, adashdingiz.
Go‘shakni qo‘ydim. Soniya o‘tar-o‘tmas yana telefon.
– Allo!
– Munisa bormi?
– Bu raqam Munisaniki emas!
– Menimcha anglashilmovchilik bo‘ldi.
– Menimchayam.
Jimlik. Ammo yuragim negadir ko‘ksimdan chiqib ketgudek potirladi. Bilmadim, qancha vaqt o‘tdi, sukunatni siz buzdingiz.
– Kimsiz?
– O‘zingiz kimsiz?
– Ismingizni bilsam bo‘ladimi?
– O‘zingizning ismingizni bilsam bo‘ladimi?
Bir paytda kulib yubordik. Kulishingiz… Ich-ichimdan sog‘ingan nimadir bor edi bu kulishda.
– Chiroyli kularkansiz.
«Rahmat» dedimu, uyalib ketdim. O‘girilib ortimdagi ko‘zguga qaradim. Yonoqlarim qizarib ketgandi.
– Ismingizni bilsam bo‘ladimi?
– O‘zingizning ismingizni bilsam bo‘ladimi?
Yana kulgularimiz qo‘shildi. Ana shu kulgu suhbatimizga jon kirgizdi. To‘g‘rirog‘i, hayotimizni boshlab berdi.
Sevgimiz hayoti! Sevamiz deb o‘ylaganmidik hech?! Balki bu sevgi o‘shandagi ilk yurak dukurlashidan paydo bo‘lgandir. Bilmadim, ammo do‘st bo‘lamiz deb kelishgandik-ku! Avval do‘st bo‘lib, keyin sirdosh, keyin esa…
Esingizdami, bir savolni ko‘p berardim.
– Meni do‘st deb bilasizmi?
Bir javobni berishdan charchamasdingiz siz ham.
– Ha!
Keyin bir oz tin olardingiz-da, “Nimadan qo‘rqayapsiz?” derdingiz. Javob bo‘lavermagach, “Sevgidan do‘stlikni afzal ko‘radigan sizsiz”, deya ta’na qilardingiz. Keyin og‘ir xo‘rsiniq. Shu taxlit xayrlashardik. Ertasiga yana suhbat qurardik, sirlashardik. Gapimiz yana shu mavzuga taqalardi. Har kungi tasdiqni takrorlardingiz. Kundan kun sizga qattiq bog‘lanib borardim. Qo‘ng‘iroq qilganingizda tashna odam suvni qanday yutoqib ichsa, gaplaringizni shunday chanqoqlik bilan tinglardim.
– Bilasizmi, – dedingiz bir kuni, – har doim sizga qo‘ng‘iroq qilish uchun shoshaman. Ovozingizni eshitmagunimcha ko‘nglim joyiga tushmaydi.
Jim qoldim. Siz ham anchagacha sukutga berildingiz-da, taxmin qilgan savolimni berdingiz.
– Qo‘ng‘irog‘imni kutasizmi?
– Ha.
– Ko‘rishaylik.
Qanday javob berishni bilmasdim, lekin ich-ichimdan to‘xtatib bo‘lmas shodlik qaynab chiqardi. Axir buni qanchalik kutgandim. Shu so‘zlarni aytsaydi, deya umid qilardim. Shunday bo‘lsa-da, “Do‘stlar uchun telefonda suhbatlashish yetadi”, dedim. Siz “ko‘rishamiz”, deb turib oldingiz. Men “yo‘q” deyishni qo‘ymadim. Oxiri toqatingiz toq bo‘lganidan, “unda uyingizga boraman”, dedingiz. Qo‘rqib ketdim. Xayolimdan rostdan izlab kelsa-ya, degan fikr o‘tdi. Iltimosga o‘tdim. “Qachon bo‘lmasa?” degan savolni ko‘ndalang qo‘ydingiz.
– Bilmadim.
– Ertaga.
– Yo‘q.
– Bo‘lmasa qachon?
– Yozda.
– Yo‘q, bahorda.
Qat’iy gapirdingiz siz. Chunki yoz uzoq edi, sabringiz yetmasdi, erta yaqin edi, cho‘chirdim. Shunday qilib kelishdik. Endi bahorni sabrsizlik bilan kuta boshladim. Faqat menmas, siz ham unga intiq edingiz. Sabrsizlanayotganingiz sezilib turardi. Tilanib kutganimiz bahor yaqinlashayotgandi. Ammo taqdir teskari aylandi. Avvaliga bahorning tezroq kelishini xohlagan bo‘lsam, endi vaqtning to‘xtab qolishini istardim. Chunki bahorning birinchi kunidan sizdan ajralishga mahkum bo‘lib qolgandim. Menga to‘y qilishayotgandi, dunyoingizdan ketayotgan edim. Bu haqda eshitganimda yuragimda chidab bo‘lmas og‘riq turdi. Shunda ilk bor angladim sevib qolganimni. Ammo kech, hammasi aniq, ajralishimiz haqiqat edi. Cheki yo‘q qiynoqlardan keyin aytdim, ming bir azob bilan. Jimgina eshitdingiz, ancha sukutdan keyin:
– Bilasizmi, o‘sha insonning o‘rnida bo‘lib qolishni qanchalik xohlayotganimni, – dedingiz.
Hadsiz azoblar ichida bo‘lsam-da, mendan baxtli inson yo‘q edi. Chunki muhabbatni tan oldingiz. To‘g‘ri, bilardim, titrab so‘zlashlaringizdan sezardim. Lekin tan olishingizga ko‘zim yetmasdi. Bu haqda hech qachon aytmaysiz, deb o‘ylardim. Baxtli edim, biroq tuganmas bo‘lib ko‘ringan shodlik izidan zulmatga mengzalgan azob bostirib kelardi. Sizdan ajralayotgandim, bir umrga ketayotgandim sizsiz dunyoga. Qismat o‘z yo‘liga boshlab borardi meni. Xayrlashdik.
Tun bo‘yi to‘lg‘onib chiqdim. Go‘yo zulmat o‘z quchog‘iga olib ayovsiz bo‘g‘ardi. Har tun minglab orzularimga qanot berib turadigan yulduzlar ham bu holni ko‘rishni istamay, ko‘zlarini yumib olishgandek edi. Tonggacha kiprik qoqmadim. Bugun ketayapman, sizsiz joylarga. Ketayapmanu, suhbatlashib o‘tkazgan onlarimizni o‘ylayapman. Sehrli ovozingiz, ma’yus kulishingiz! Hech kimnikiga o‘xshamasdi bu kulishlar. Balki sizga bilmay bog‘lanishimning sababi shudir.
Har doim muhabbat o‘lkasi tomon burilib ketayotgan suhbatlarimizni to‘xtatib qo‘yardim. Jahlingiz chiqardiyu dilimni og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqardingiz. Bilardim, anglab turib sezmaganlikka olardim. Chunki o‘zim ham sizdan ajrab qolishdan qo‘rqardim. Bu dunyodan topgan yagonam edingiz. Bugun hammadan qizg‘anganimdan kechib ketayapman. Ketayapmanu, bahorning birinchi kuni bilan ginalashyapman.
“Nega kelding, yuragimga qishni olib kelarkansan? Nega kelding, undan ajratarkansan? Nega kelding?”
Bahor qulog‘imga shivirlab javob berdi.
“Qalbingdagi muhabbatni anglatmoq uchun!”
Jimib qoldim. Hadsiz zulmatni bir tola nur yoritgandek, ko‘nglimni shu so‘zlar nurafshon etdi. Negadir, bahorning kelganiga shukr qildim. Siz ham undan rozi bo‘ling, azizim!
Bahorning o‘tgan kunlarida boshimdan nimalar kechganini bilsangiz edi. Bugun qoshingizga qaytib kelayapman. Yolg‘iz siz deb, ikkimiz deb, hammadan tonib kelayapman. Bilaman, qo‘rqasiz. Bu qo‘rquv boisi shuki, o‘zgalar jabr ko‘rishini, kimlardir baxtsiz bo‘lib qolishini istamaysiz. Ammo biz-chi, butun umr bir-birimizga zor bo‘lib, azob chekib yurishimizni o‘ylab ko‘rmadingizmi?! Ayting, nega? Nega bizning baxtli bo‘lishga haqqimiz yo‘q? Nimadan qo‘rqdingiz? Ketar chog‘imda ham faqat va faqat xo‘rsindingiz. Aytar so‘zingiz “baxtli bo‘ling”dan nariga o‘tmadi. Keyin ham yozgan maktublarimga “Boshqalar uchun ham yashashimiz kerak” mazmunida xat yozardingizu “hech qachon unutmayman” so‘zlarini ilova qilardingiz. Nomalaringizni o‘qib, fig‘onim ko‘kka o‘rlardi. Borlig‘im olov bo‘lib yonardi. Garchi birinchi qadamni qo‘ymagan bo‘lsangiz ham, sizsiz yashashga ko‘nmadim.
Yaqinlarimning qistovi bilan boshqalar tanlab ulgurgan bo‘lg‘usi kuyov bilan uchrashdim. Bilsangiz edi, dilimda uyg‘ongan tug‘yonni. To‘yga bir kun qolganida kuyovlik to‘nini kiyib ulgurmagan yigitga ikkimiz haqimizda gapirib berdim. U bir so‘z demasdan, boshini quyi eggancha eshitdi va oxirgi bor ko‘zlarimga tikilib qaradi. Garchi ko‘rmagan bo‘lsam ham uning alam to‘la ma’yus nigohlari siznikiga o‘xshab ketdi. Yuragimda nimadir chirt-chirt uzildi. U ketdi, bir so‘z demasdan. Men esa katta yo‘lning chorrahasida qolaverdim. Jimgina.
Hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketdi. Onam yig‘ladi, otamning qaddi bukildi, akalarim g‘azabga mindi. Otam o‘tirgan joyida gap-so‘zsiz darvozani ko‘rsatdi. Hech nima demasdan, chiqib ketdim. Orqamdan darvozaning ingrab yopilgani, eshik zulfining uvvos solib qulflangani eshitildi. Ortimga qaray-qaray ketdim. Mendan o‘tmishim yuz o‘girgandi. Faqatgina kelajagimga yo‘l, borar manzilimda siz bor edingiz.
Qaytib kelganimni ko‘rgan dugonalarim hayratda. Holimga qaysinisidir achindi, qaysinisidir kuldi, kuyunchakrog‘i esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri “esingni yebsan”, deya tergashga tushdi. Biroq ularning gapini eshitmasdim, fikru xayolim siz bilan band. Sog‘ingan edim, so‘zlashlaringizni, kulishlaringizni. Shunday bo‘lsa-da, qo‘ng‘iroq qilishga shoshmadim. Chunki qanchalik sog‘inmay, hayo yo‘limni to‘sib turardi.
Kech kirdi. Samo toqiga hilol osildi. Unga boqib turib: “Sog‘inganimda oyga qarayman”, degan so‘zlaringizni esladim. Yuzlarimga o‘zim bilmagan holda tabassum yugurdi. Shu payt xona sukunatini chilparchin qilib telefon ovoz berdi. Go‘shakni dugonam ko‘tardi.
– Allo?
– …
– Yaxshimisiz? – kim bilandir so‘zlashdi u. Keyin go‘shakni kafti bilan yopti-da, menga qarab shivirladi.
– Shahzoda janoblari!
Titrab ketdim. Apil-tapil go‘shakka qo‘l cho‘zdim. Dugonam “jim” ishorasini qildiyu go‘shakni qulog‘imga yaqinroq tutdi.
– Nima qilayapsiz?
Ovozingiz ma’yus, ammo baribir yoqimli edi. Dugonam savolingizga javoban:
– Kitob o‘qiyapman, – dedi.
– Kitobni birga o‘qimaymizmi?
Bu safar tovushingizda hech qanday o‘kinch, iztirob sezilmadi. Qaytanga ilgarigi ma’yuslik o‘rnini qandaydir quvnoqlik egallagandi. O‘zim anglab yetmagan begona holat iskanjasida qoldim. Chunki men bilan emas, dugonam bilan suhbatlashayotgandingiz. Shunday xotirjam, shunday ohista gapirar edingizki, hayotingizda hech nima sodir bo‘lmagandek go‘yo.
Nahot, shunchalar tez unutdingiz?! Aslida unutilmaslikka arzirmidim, hayhot! Men kutgan baxt sarobmikin?! Ortiq toqat qilolmadim, dugonamning qo‘lini siltab tashlab, qo‘shni xonaga o‘tdim. Ko‘chaga qaragan derazani ochib yubordim. Xonaga bahorning tungi havosi yugurdi.
Bahor! Tilanib kutilgan bahor. U ham xuddi sizdek ëlg‘onchi, chechaklari bilan bir zum aldab turadiyu o‘zidan nafis ifor qoldirib, qayerlargadir g‘oyib bo‘ladi. Bu aldovdan yuragimda qattiq og‘riq turdi. Vujudim olov bo‘lib yonar, hatto bahorning tungi salqin havosi ham orom berishga ojiz edi. Azoblanardim, o‘zim anglab yetmagan qandaydir hisdan ado bo‘lib borardim. Dugonamning ovozi esa narigi xonadan eshitilib turar, tovushi nayza kabi to‘g‘ri yuragimga qadalardi. Bu ovozni tinglamaslik uchun quloqlarimni berkitdim, endi yuragimning zarblari baralla eshitilardi. Yuragim ismingizni aytib yig‘lardi. Zohirimdayam, botinimdayam nomingiz jaranglardi. Sizdan qayoqqa qochishni bilmay qolgandim. Shu tariqa o‘z-o‘zim bilan uzoq olishdim. Oqibat esa g‘ururim yuragimni yengdi. Endi yolg‘on sevgingizga ishonganim uchun o‘zimni la’natlay boshlagandim. Qo‘shni xonadan esa hamon dugonamning ovozi eshitilardi. Noaniq his qurshovida xonadan chiqdim.
– Bilasizmi, bugun kim keldi? – dedi dugonam quvnoqlik bilan.
– …
– Baribir topolmaysiz, … keldi!
– …
– Ishonmaysizmi?
– …
O‘zimni harchand loqayd ko‘rsatishga urinmay, ichimni nimadir tinmay kemirardi.
– Go‘shakni beraymi?
Dugonam go‘shakni uzatishi bilan oldim.
– Allo.
– Yaxshimisiz?
Ovozingizda hech qanday sog‘inch, hech qanday hayajon sezilmasdi. Shunday bosiq gapirardingizki, hatto bu sizligingizga ishonish qiyin edi.
– Rahmat.
– Yaxshi keldingizmi?
– Ha.
– Qaytib kelishingizga ishonmagandim.
Nima deb javob berishni bilmay qoldim.
– Noto‘g‘ri yo‘l tutdingiz. Bunday qilmasligingiz kerak edi.
Gaplaringizdan jahlim chiqar, shu holatim tutayverib oxiri yonishni boshlagan olovga o‘xshardi.
– Qo‘rqmang, faqat o‘zim xohlaganday yashash uchun qaytib keldim.
– Tushunmadim.
– Tushunmadim, – istehzo bilan kuldim. – Nimani tushunmadingiz, qaytib kelganimnimi yoki sizni deb hammadan kechganimnimi?
Jim bo‘lib qoldingiz.
– Gapiring!
– Nega jahlingiz chiqyapti?
– Jahlim chiqyapti, nahotki, haqiqatdanam jahlim chiqayotgan bo‘lsa?
Kinoya aralash dardlarimni to‘kib soldim.
– Sizga jahl qilish mumkinmas-a, uzr, bilmay qolibman.
– Sizga nima bo‘layapti?
Ich-ichimdan toshib kelayotgan xo‘rsiniqni arang to‘xtatdim. Ilgari hayotdan go‘zallik izlaydigan odam bilan emas, hamma narsaga befarq, loqayd kimsa bilan gaplashayotgandek edim. Shunday bo‘lsa-da, hayoni bir chetga surdimu ko‘nglimdagini to‘kib soldim.
– Siz uchun, borligingiz uchun qaytib kelgandim. Siz esa hech narsa bo‘lmagandek beparvosiz.
Tomog‘imga nimadir tiqilib gapirolmay qoldim. Bilmadim, ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi, balki ota-onangiz, balki ular unashtirishmoqchi bo‘lgan qiz ko‘z oldingizga kelgandir. Uzoq o‘yladingiz, go‘shakdan faqat tez-tez nafas olishingiz eshitilardi. Nihoyat, so‘radingiz.
– Men bilan bir umr birga qolishga rozimisiz?
“Ha” deya javob bergim keldi-yu, ammo nimagadir gapirolmadim.
– Gapiring.
Ovozim chiqmadi.
– Sukut alomati rizo, shunaqami?
Tilim aylanmadi. Siz so‘nggi qaroringizni bayon qildingiz.
– Siz uchun hamma narsaga tayyorman, deb va’da bermasimdan oldin ko‘rishishimiz kerak.
Kutilmagan so‘zlardan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Sizni ko‘rmay turib ko‘ngil berganimdek, meni shundayligimcha sevib qolgansiz, deb o‘ylagandim. Lekin yanglishgan edim.
Quloqlarim ostida jaranglagan so‘zlarga ishongim kelmasdi. Nahotki, shu so‘zlarni aytayotgan siz bo‘lsangiz, nahot gapirayotgan chindanam siz!
Shu tobda borliq va yo‘qlik oralig‘ida muallaq turardim. Ishonish yo ishonmaslikka ojiz edim. Biroq ovozingiz hammasi haqiqat ekanini anglatib turardi. O‘zim bilmagan holda seskanib ketdim. Xuddi boshimdan kimdir sovuq suv quyganday vujudim qaltirardi. Shu tobda intilganlarim yetib bo‘lmas sarob ekanini anglab yetgandim. Yuragim ko‘krak qafasimdan chiqib ketgudek potirlar, o‘zini har yonga urar, bu haqiqatni tan olgisi kelmay, tinmay yig‘lardi. Qo‘limdan esa toptalgan qalbimga achinishdan boshqa ish kelmasdi. Butun idrokimni ishga solib, sarobga intilganimni tushunib yetdim.
Men ovozingizga oshiq bo‘lgandim. Bu ovozsiz bir kun ham yashay olmasdim. Siz-chi, hammasini bila turib, yuragimda ishq gulxanini yoqdingiz-da, aytilajak gapni oxirga qo‘ydingiz. Aslida niyatingiz nima edi?! Meni arosatda qoldirishmidi yoki na muhabbatning, na g‘ururning, na aqlning yo‘rig‘iga yurishni istamay o‘zini har yonga urayotgan MENimning holini bir tomosha qilishmi?! Anglaëlmadim!
Ovozingizga oshiq bo‘ldim, dedim. Axir shu ovozni yurak boshqarmaydimi?! Aslini olganda, yuragingizni sevib qolganimni o‘zim ham sezmay qolgandim. Yuragingiz ummon qadar go‘zal ko‘ringandi menga.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz vaqt yugurikligi haqida. Yoshmiz, chiroylimiz, go‘zal narsalarni yaxshi ko‘ramiz. Ammo vaqt o‘tgan sayin chiroyli yuzlarga ajin tushadi, shahlo ko‘zlar xiralashadi, sambitday qomatlar egiladi, sochlarga qirov qo‘nadi. Biroq yurak go‘zal bo‘lsa, u o‘z husnini yo‘qotmaydi. Yangi-yangi kashfiyotlar qilib, suyuklisiga tortiq qilaveradi. Yuragingizni shu qadar qudratli deb ishonardim. Biroq umidlarimning sarobga aylanishini xayolimga keltirmagandim. Siz shu so‘zlarni aytgan lahzada xayol va hayot to‘qnash kelib ulgurgandi. Fojiasi yuragimda yuz berayotgandi. Bu fojia esa oxirgi umidimning umriga rahna soldi. Uni yuragimga bog‘lab turgan so‘nggi tola ham uzildi. Ovozi butun borlig‘imga aks-sado berib, ruhimni sindirdi.
Siz esa savol berishni davom ettirdingiz.
– Uchrashamizmi?
Nima deb javob berishni bilmasdim.
– Eshitayapsizmi?
– Qachon?
– Ertaga.
Javob berishga ulgurmay, yana gapirdingiz.
– Yo‘q, indinga. Ertaga zarur ishim bor.
Simillagan yuragimning og‘rig‘i yuz chandon ortdi. Hatto diydorimga ham oshiqmayotgandingiz. Ich-ichimdan qaynab kelayotgan yig‘ini zo‘rg‘a to‘xtatdim. Hammasi barbod bo‘lganini, hammasi bir tush ekanini anglab yetdim.
Bir muddat jim turib, dilimdan muhabbatning kuchini sinash uchun to‘qigan yolg‘onlarim gunohini yaratgandan so‘rab yolvordim. Shundan so‘ng haqiqatni aytishga, butun yolg‘onlarimni fosh qilishga qaror qildim. Ich-ichimdan qaynab chiqishga tayyor turgan yig‘ini arang to‘xtatdim.
– Shunaqami? Shunaqa deng.
– Ha, faqat xafa bo‘lmang…
– Hech qanday tushuntirishning keragi yo‘q.
Keskin gapingizni bo‘ldim. Toqatim toq bo‘lgandi. Tezroq bu o‘yinni to‘xtatishni xohlardim.
– Na do‘st bo‘la olasiz, na seva olasiz. Aslida kim ekaningizni bilish uchun yolg‘on to‘qigandim. Men ketmaganman. To‘y qilishmoqchiligi ham yolg‘on. Muhabbatingizni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Bildimki, muhabbat siz uchun hech narsaga arzimaydigan matoh ekan.
Shu so‘zlarni aytar edimu, ich-ichimdan toshayotgan yig‘ini bazo‘r to‘xtatardim.
– Sizni aldadim.
– Nima?
– Aldadim.
– Kechirmayman.
Ovozingiz alam hamda nafratga to‘la edi. Istamasam ham kuldim. Ammo bu kulgi kulgiga emas, yig‘iga o‘xshardi. Borlig‘imni noaniq his chulg‘ab olgandi. Menga haqiqiy hayot malol kelayotgandi. Chunki o‘zim o‘ylab topgan hayotda baxtiyorroq edim.
Shu tobda siz bilan emas, o‘z hislarim bilan hazillashganimni sezib qoldim. O‘jar yuragim esa buni tan olgisi kelmasdi. Sizni yolg‘onlarga ishontiraman, deb o‘zim aldovlar qurboniga aylanganimni bilmay qolgandim. G‘urur deb ishonganim tantiqlik sabab barcha beg‘ubor hislarimni nobud qilgandim. Sizni aldash barobarida o‘z-o‘zimni bo‘htonlarga ko‘mib tashlagandim. Bilmadim, qayerdan oldim bu so‘zlarni. Eng, eng razil so‘zlarni gapirdim sizga. Chiday olmadingiz. Oldiniga hammasini hazil deb o‘yladingiz. Keyin tushunib yetdingiz. Faqat bir narsaning fahmiga yetolmay hayron edingiz. Sizni “nima uchun”, degan savol qiynardi, ayovsiz nafrat bo‘g‘ardi. Men nafaqat sizning, balki o‘zimning ham shaffof tuyg‘ularimni oyoqosti qilgandim. Birinchi marta kechirib bo‘lmas xato qildim. Faqat oxirgi lahzalardagina shu xatoim uchun umrbod azob chekib o‘tishga mahkum bo‘lib qolganimni tushunib yetdim. Ammo endi kech. Gaplarim nishonga borib tekkandi, siz g‘azab otiga mingandingiz.
– Bu ishingiz uchun pushaymon bo‘lasiz.
Xatoyimdan yuragim og‘riyotgan bo‘lsa-da, jilovim haliyam g‘ururning qo‘lida edi.
– Nima qilasiz, pushaymon bo‘lishga majburlaysizmi?
– Yo‘q, o‘zingiz pushaymon qilishga majbur bo‘lasiz!
Ovozingiz yig‘lashga tayyor turgan bolakay tovushidek titrardi. Allaqachon pushaymon bo‘lishni boshlagan bo‘lsam ham:
– Hech qachon, – dedim o‘jarlik bilan.
– Hali yig‘laysiz, meni o‘ylab ko‘p yig‘laysiz.
Oxirgi gapingiz shu edi. Karaxtligimdan nima deb javob berishni bilmay qoldim. Butun vujudim pushaymonlik izg‘irinidan muzlab qolgandi. Dugonam qo‘limdan go‘shakni olganida kulishga harakat qilardimu, ammo bu beo‘xshov tabassum buyuk baxtsizligimdan darak berardi. Dugonam go‘shakni qo‘yib, menga nigohini tikdi.
– Bekor qildingiz.
Nima deyishni bilmay qoldim. Xuddi menga tegishli so‘zlarning barchasi bekasidan yuz o‘girib ketganday edi. Shu tobdagi holatim borlig‘i zimistonga aylangan, tuynuksiz qasrga qamalib qolgan odamni eslatardi. Vijdon azobi ayovsiz siqardi. Bilmadim, o‘zimdan begona sarhad ichida kezinganimda oradan qancha vaqt o‘tdi, idrok qilishga ojiz edim.
Qora kokillarini yoyib tun ham cho‘kdi. Garchi chirog‘i o‘chirilgan xonani oy nurlari nurafshon qilib turgan bo‘lsa ham, ruhim zimistonlik ichra kezib yurardi. U har narsadan najot istar, o‘zini oqlashga harakat qilar, ammo uddasidan chiqolmay sargardon edi. Yuragim zulmat quchog‘ida ham sizni o‘ylar, sizni qo‘msar, ismingizni aytib yig‘lardi. Sizning qalbingizda esa nafrat g‘alayon qilardi.
Biroq shunday kun keladiki, meni avf etasiz. Shunday yog‘duga chulg‘angan baxtiyor onlar keladiki, meni ma’yus va sassiz tabassum bilan eslaysiz.
Hech o‘ylab ko‘rdingizmi, yolg‘onlarim sababini. Axir dilingizni atay og‘ritmoqchi emasdim-ku! Oldiniga hammasi shunchaki o‘yin edi. Yolg‘onlar evaziga o‘zimga benihoya azoblar orttirayotganimni xaëlimga ham keltirmagandim. Afsus, hayotimning eng go‘zal lahzalari ëlg‘on bilan yo‘g‘rilayotganini sezmay qolibman.
Ayni lahzada pushaymonlikning achchiq zahrini totyapman. Bilaman, ranjigan bo‘lsangiz ham ko‘proq o‘zingizni ayblayapsiz. Chunki o‘yinni siz boshlagandingiz. O‘rtamizda tug‘ila boshlagan beg‘ubor do‘stlikni allaqanday begona hislar bilan almashtirib yubordingiz. Bu bilan nafaqat o‘zingizni, meni ham aldovlarga ko‘mib tashladingiz.
Eslang. Ilk daf’a tanishuvimizni. Aslida tanishmagan edik. Xuddi bir-birimizni oldindan taniymizu, faqat uzoq vaqt yo‘qotib qo‘yganday edik. Ilk bor ovozingizni eshitganimda yuragimga yaqinim, yiroqlarda yurganu nihoyat sog‘inib kutganimni bilib yonimga qaytib kelganday taassurot uyg‘otgandi menda. Ovozingiz shu qadar tanish ediki, uni oldin hech qachon eshitmagan bo‘lsam ham, har doim meniki bo‘lganday edi. Avvallari atrofimdagilarga loqayd, bee’tibor, hissiz boqardim, ammo ovozingizni eshitganimdan so‘ng yuragim noaniq hislar qurshovida qoldi. O‘shanda ilk bora so‘zlashganimizda bor-yo‘g‘i uchtagina so‘zdan iborat savol bergandingiz: “Kechirasiz, Munisani mumkinmi?” Shu uchtagina so‘z yuragimni titratgandi o‘shanda. Shundan keyin biron marta ham gaplashmadik. Ammo bir-birimizga tobora yaqinlashib borayotganimizni ich-ichimdan sezib turardim. Dugonam siz haqingizda gapirganida, gap yaqin insonim haqida ketayotgandek his qilardim o‘zimni. Shu bilan birga menga tinmay talpinayotganingizga ishonchim komil edi. Yo‘q. Buni muhabbat deyolmayman. Chunki sevmagandim. Faqat yolg‘izligim dunyosiga kimningdir kirib kelganini sezmay qolgandim. To‘g‘ri, atrofimda meni yaxshi ko‘radigan, ardoqlaydigan, sevadigan insonlar, yaqinlarim ko‘p edi. Biroq o‘z dunyoimda kimgadir muhtoj edim. Unda yolg‘iz yashardim. Unda faqat oy-yulduzlar, parqu bulut, yog‘ayotgan yomg‘ir, qor parchalari bor edi, xolos. Yolg‘izlik olamimda suhbatdoshim gullar, egilib qulog‘imga shivirlayotgan majnuntol edi faqat. Ammo bu olamga sezdirmay kirib keldingizu u yanayam fayzli bo‘ldi. Endi meni so‘zsiz tushunadigan insonni – sizni topgandim.
Siz uchun ham shundaymidi?! Yo‘q! Chunki o‘shandan keyin biron marotaba ham so‘zlashmagandik. Biroq taqdir taqozosimidi yoki tasodif, yana telefon orqali duchlashdik. O‘shandan keyin boshlandi hammasi. Siz har kuni qo‘ng‘iroq qiladigan, men qo‘ng‘irog‘ingizni sabrsizlik bilan kutadigan bo‘ldim. Har kuni soatlab suhbat qurardik. Gaplashayotganda vaqt shunchalik tez o‘tardiki, bu onlar xuddi bir lahzadek tuyulardi menga. Bir-birimizga aytadiganimiz tugamas, yana, yana yangilari tug‘ilaverardi. Shu tariqa yarim tungacha davom qilardi suhbat. Kundan-kunga sizga qattiq bog‘lanib borardim. Bu dunyodan topgan yolg‘izginam edingiz. Yuragimga shu qadar yaqin bo‘lib qolgandingizki, u faqat sizning nomingizni aytib urardi. To‘g‘ri, biror marta bo‘lsin muhabbat haqida gaplashmaganmiz. Ammo nafasingizdan ufurayotgan sevgi shabbodasini har lahza sezib turardim. Men uchun dunyodagi eng yaxshi, eng mehrli inson edingiz. Shu mehringiz sabab sizga qattiq ishondim. Hech kimga aytmagan so‘zlarimni sizga omonat qildim. O‘zimni, o‘zligimni fosh qildim. Siz-chi?! Olamlarga teng ishonch evaziga qanday javob qaytarganingizni o‘ylaysizmi? Zulmatga chulg‘angan tunda tong otishini kutib, unga talpinayotgan, nurga cho‘milishni istagan gul edim. Oldin ochilishga intiq turgan g‘unchalarimni bir-bir uzdingiz, keyin esa o‘zimni beayov sindirdingiz. Shu ondagi holatim nur istab o‘zini shamga urgan parvonani eslatardi.
Axir yuragimdagi bor sirlarimni sizga to‘kib solardim-ku! Balki buni ikki qalb o‘rtasidagi muhabbat, deb tushungandirsiz. Biroq bunday emasdi. Dilimni og‘ir dard ezardi. Nimagadir buni faqatgina siz his qilasiz, deb ishonardim. Bu g‘ussaning nima ekanini hatto o‘zim tushunib yetmasdim. Yolg‘izlikmi, zerikishmi yoki loqaydlik – bilmasdim. Faqat bir narsani – to‘rt tomonimdan zulmat ayovsiz siqayotganiyu qayoqqa qochishni bilmay qolganimni anglardim. Shu sababdan najotni sizdan izladim. Ertaklardagiday xaloskor bo‘lib ko‘rindingiz. E’tiboringizni ta’masiz deb ishondim. Afsus, ming afsus! Esingizdami, o‘rtamizda hech qanday yolg‘on bo‘lmasligiga kelishib olgandik.
Suhbatlarimizning birida dugonalarim haqida so‘radingiz. Hazil aralash ularni ta’riflay ketdim.
– Uchta dugonam bor. Bittasi judayam muloyim, shirin so‘z. Bittasi esa mag‘rur, bir so‘zli, mard.
– Dugonalaringizning yomoni yo‘q ekan-da?
– Bittasi bor. Yolg‘onchilikda undan o‘tadigani yo‘q. – Garchi bunaqa dugonam bo‘lmasa ham hazillashardim. Gaplarimdan kulgingiz qistadi. Kularkansiz:
– Unaqa bo‘lsa, yaxshi dugonalaringiz bilan tanishtirarsiz, – dedingiz.
– Chindan tanishasizmi?
– Ha.
– Mayli.
Qo‘shni xonada o‘z yumushlari bilan mashg‘ul bo‘layotgan dugonalarimni chaqirdim. Bexosdan chaqirib qolganimga hayron bo‘lgan qizlarga go‘shakni berdim. “Bitta boplanglar” deganimdan keyin ularning sho‘xligi tutdi. Dugonalarim hazillashishar, siz ham qolishmasdingiz. Nihoyat, go‘shakni o‘zimga qaytarishdi.
– Ko‘rdingizmi, chindanam yaxshi ekanmi?!
Yolg‘ondakam g‘ururlandim. Keyin ular haqida gapirib berdim. Gapimni tugatar ekanman:
– Yolg‘onchi dugonangiz bilan qachon tanishtirasiz? – deya so‘radingiz. Hazillashayapsiz deb o‘yladim.
– U bilan tanishtirmayman, chunki yomon qizlar bilan gaplashish siz uchun zararli.
Jiddiy ohangda gapirayotgan bo‘lsam ham, buni hazil tariqasida aytardim. Shu birgina hazilim keyingi hayotimizni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishi xaëlimga kelmagandi. O‘rtamizdagi eng katta xato va eng katta tushunmovchilik shu yerdan boshlangandi.
Har kuni suhbatlashardik, hazillashardik. Suhbatlarimizda “Dugonalaringiz yaxshi yurishibdimi?” deya so‘rardingiz. “Ha”, degan javobimdan keyin suhbatimiz boshqa mavzuga ko‘chardi. Judayam baxtiyor edim.
Oradan kunlar o‘tdi, hazillashib “yomon” degan dugonam kimdir tinmay bezovta qilayotganidan shikoyat qiladigan bo‘ldi. Unga har kuni qo‘ng‘iroq bo‘lar, dugonam asabiylashar, qo‘ng‘iroq egasi bilan tinmay gap talashardi. Uning asabiylashishlariga kulibgina qo‘ya qolardim. Shunday kunlarning birida yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Go‘shakni ko‘targan dugonam “imo” bilan chaqirdi-da, “eshitib ko‘ring” dedi.
Quloq tutdim.
– Yaxshimisiz! – ovoz keldi go‘shakdan.
Karaxt bo‘lib qoldim. Siz edingiz.
Shu ondagi holatimni ko‘rsangiz edi. Tilim lol, quloqlarim batang bo‘lib qolgandi go‘yo. Borlig‘im muzlab borardi. Yuragimni ayovsiz “nima uchun?” degan savol ezardi. O‘z-o‘zimni anglab yetmayotgandim. Dugonamning “taniysizmi?” degan savoliga “yo‘q” ma’nosida bosh chayqadim. Nega bunday qilayotganimni anglamasdim. Noaniq his qurshovida boshqa xonaga o‘tdim. Yig‘lagim kelardi. Ochiq, oshkora, dunyolarga dod solib. Biroq bunday qilolmasdim. Ko‘zyoshlarimni yutishga, alamimni ichimga ko‘mishga majbur edim. Ammo bilmabmanki, bu ko‘zyoshlar zaharga aylanishi-yu alam qalb ko‘zini xiralashtirishini. Ojiz edim, notavon edim. Xuddi yer qa’riga kirib ketayotgandek his qilardim o‘zimni.
Qora to‘rlarini yoyib tun cho‘kdi. Har oqshom sizdan xabar berib chinqiradigan telefon negadir bugun jim edi. Xo‘rlangandek sezdim o‘zimni. Alam, pushaymon, g‘urur – bularning hammasi bir bo‘lib, nafratni uyg‘otdi. Shunda o‘ch olishni xohladim. Xuddi sizdek nafis so‘zlar tagiga zaharli nashtar ko‘mdim. Endi umuman boshqa odamga aylangandim. Bunga sababchi siz edingiz.
Kun bo‘yi mast odamday, alahsib, qo‘ng‘irog‘ingizni kutdim. Har safar telefon jiringlab qolsa, siz deb xayol qilib, go‘shakni ko‘tarardim. Nihoyat quyosh o‘z koshonasiga kirib, tun malikasiga o‘rnini bo‘shatib berganida jumla olam sukunatini chilparchin qilib, telefon tovush berdi. Yuragim dukurlab ketdi.
– Allo.
– Allo.
– Yaxshimisiz? – so‘radingiz siz hech nima bo‘lmaganday.
– Yaxshi, – dedim, keyin qo‘shib qo‘ydim. – Yomon dugonam ham yaxshi yuribdi.
– Sizdan buni so‘ramadim, shekilli?
Bu gapingizdan keyin chidab turolmadim.
– To‘g‘ri, chunki bilasiz-da uning ahvolini.
Jim bo‘lib qoldingiz.
– Shunaqami?!
Alam bilan jarangladi ovozim.
– Tushunmadim?
– Tushunmadim, – takrorladim men. Endi rostakam portlayotgan edim.
– Nimani tushunmadingiz, dugonamga nimaga telefon qilayotganingiznimi yoki meni bilmaydi, deb o‘ylaganingiznimi?!
Sizdan sado chiqmadi.
– Gapiring!
So‘zlashim xotirjam bo‘lsa ham, g‘azab ustuvor edi.
Biroz sukut saqladingiz-da, yana “tushunmadim”, degan so‘zni takrorladingiz. Endi aqlim o‘rnini alam, nafrat, g‘azab egallab oldi.
– Kechirasizu, niyatingizni tushunmadim. Maqsadingiz nima o‘zi?
– Hech nima.
– Sog‘misiz, ishqilib?! – Menda ustingizdan kulish istagi paydo bo‘layotgandi. – Yoki shu paytgacha telba bilan gaplashganmanmi?!
– Meni xafa qilayapsiz.
Xandon otib yubordim.
– Nahotki!?
Keyin qahrning kuchidan birdaniga jiddiylashdim.
– Meni xafa qilsangiz maylimi?! Tanishgingiz kelgan ekan, nega aytmadingiz? Kechirasizu, sizga yolg‘on gapirganman. Dugonam juda yaxshi qiz, hazillashib uni yomon deganman. Bilmadim, qanday tushungansiz?
Siz yana o‘sha bosiqlik bilan “men sizni tushunmayapman”, dedingiz.
Bu gapingizdan keyin battar tutoqdim.
– Dugonamga qo‘ng‘iroq qilganingizni tan olish shunchalik qiyinmi?
– Qachon qo‘ng‘iroq qilibman?!
Kutilmaganda jahlingiz chiqib ketdi. Biroq bu shunchaki meni ishontirish uchun o‘ylab topilgan hiylaga o‘xshardi.
Bir lahza ikkilanib qoldim. O‘zimdan ko‘ra sizga ko‘proq ishonganimdan gaplaringiz rost, deya o‘ylay boshlagandim. Biroq ovozingiz yolg‘onlaringizni fosh qilardi, unda samimiylik sezilmasdi, u o‘zining soxtaligini ko‘z-ko‘z qilib bong urardi. Siz bu rolga astoydil kirishib ketganingizdan menga baqirishni boshlagandingiz. Holatingiz yolg‘oningizni yashirish uchun niqob ekanini anglab yetgandim. Bir fursat baland ovozda o‘zingizni oqlashingizni eshitib turdim. Keyin esa past, biroq qat’iy ovozda gapirdim.
– Menga baqirishga nima haqqingiz bor?
– Uzr, qizishib ketdim.
Go‘shakdan qisqa-qisqa nafas olishingizgina eshitilardi. Garchi qilmishingizdan fig‘onim ko‘kka o‘rlayotgan bo‘lsa ham g‘azabimni ichimga yutdim. Chunki tan olgingiz kelmayotgandi. Men esa bunga nuqta qo‘yishni, sizni hayotimdan o‘chirib tashlashni istardim.
– Biz do‘st bo‘lishga, nima bo‘lgan taqdirda ham bir-birimizga yolg‘on gapirmaslikka kelishgan edik, shundaymi?
– Ha.
– Shunday bo‘lsa, nega aldayapsiz?
– Aldayotganim yo‘q.
– Uzr, sizga ishona olmayman.
Jim bo‘lib qoldingiz. Men esa davom etdim.
– Keling, shu yerda xayrlashamiz.
– Shuni xohlayapsizmi?
– Ha.
– Shuni xohlayotgan bo‘lsangiz nima ham derdim. Qo‘ng‘iroq qilmang, desangiz boshqa bezovta qilmayman. Fikringiz o‘zgarib qolsa, qo‘ng‘iroq qilarsiz.
– Omon bo‘ling.
– Xayr.
Bilmadim, nimadan qo‘rqdingiz. Buni tan olgan taqdiringizdayam, kechirardim-ku! Biroq xayollarim teskari aylandi. Endi iymonim komil edi sizga e’tiborim shunchaki ermak ekaniga, ishonchim poymol bo‘lganiga.
Sizga bo‘lgan mehrim so‘ndi. O‘rnini alam, iztirob, nafrat, o‘ch egalladi. Endi umuman boshqa odam bo‘lishga, xuddi sizga o‘xshab yuzimga niqob kiyishga qaror qildim.
O‘zligimni niqoblaganimdan keyin xotirjam uyquga ketdim. Tong otdi. Har sahar derazam tagidagi daraxt shoxida nag‘ma qiladigan bulbul negadir bugun ko‘zimga xunuk ko‘rindi. Derazamni ochib, uni daraxt shoxidan haydadim-da, raqamingizni terdim. Hech kim ko‘tarmadi.
Kun bo‘yi ikkimiz haqda, toptalgan tuyg‘ular, haqoratlangan hislar haqida xayol surdim. Kech ham kirdi. Telefonda suhbatlashadigan paytimiz bo‘ldi. Qo‘ng‘irog‘ingizni kutdim, kutdim, ammo sado bo‘lmadi. Boshqa kutishga sabrim chidamadi, o‘yinni o‘zim boshlashga qaror qildim. Xotiramdan bir umr o‘chmaydigan o‘sha raqamlarni terdim. Har doimgiday go‘shakni o‘zingiz ko‘tardingiz.
– Allo.
– Allo, yaxshimisiz?
– Siz!? – hayratingizni yashirolmadingiz. – Boshqa qo‘ng‘iroq qilmaysiz deb o‘ylagandim.
– Nimaga endi, – quvnoqlik bilan gapirdim men. – Sizga ishonmay bo‘ladimi?!
Jim bo‘lib qoldingiz.
– Nima qilayapsiz?
– Hech nima.
– Men bilan gaplashayapsiz-ku! Aldoqchiligingiz qolmadi, qolmadi-da!
Kulib yubordingiz.
– Ha, tan oldingiz-a oxiri, – mug‘ambirlik bilan dedim.
– Nimani?
Yana o‘zingizni bilmaganlikka oldingiz.
Xuddi sizni noqulay ahvoldan chiqarmoqchiday:
– Keling, hammasini unutamiz, – dedim.
Ma’qulladingiz. Shundan keyin suhbatimiz davom etdi. Xayrlashar chog‘imizda yana shu mavzu haqida gap ochdim.
– Aldagan bo‘lsangiz ham kechirdim, o‘sha siz edingiz-ku!
Negadir bu safar gapimni inkor qilmadingiz. So‘nggi lahzada tan oldingiz, biroq endi kech edi. O‘yinni boshlab bo‘lgandim. Niqobim kiyilgan, orqaga yo‘l yo‘q.
O‘zimni bu yo‘ldan qanchalik qaytarishga urinmay, ichimdagi ikkinchi MENim izn bermasdi. U o‘zligidan kechgandi, endi ayyorlikni, o‘chni, mag‘rurlikni qurol qilib olgandi. Alamzada edim. Qalbim oynasiga darz yetganini sira kechira olmasdim. Shu tariqa siz boshlagan yolg‘onni davom ettirdim. Qilmishingizni tan olganingizdan keyin soniyalar ichida hammasini o‘ylab chiqdim.
– Sizni kechirdim dedim, aslida kechirmaganman, kechirmayman ham. Axir sizga o‘zimga ishongandek ishonardim.
– Kechiring meni…
– Endi sizga ishonmayman.
– …
– Umid qilamanki, meni boshqa bezovta qilmaysiz.
– Shuni xohlaysizmi?!
– Ha.
– Chindan shuni istasangiz, hech qachon bezovta qilmayman. Ammo qo‘ng‘irog‘ingizni kutaman.
Ich-ichimdan o‘zimdan mamnunlik hissi uyg‘ondi.
– Omon bo‘ling.
Og‘ir xo‘rsindingiz.
– Xayr.
Keyin “hammasi uchun afsusdaman”, deya qo‘shib qo‘ydingiz.
Javoban go‘shakni joyiga qo‘ydim. Shunday qilib birinchi aktyorlik ishim tugadi. Ilk qadamni muvaffaqiyatli tashlaganimdan mamnun edim. Qilgan ishimdan hech qanday afsus tuymasdim.
Kunlar o‘tdi. Gohi-gohida qo‘ng‘iroq bo‘lib qolar, javob bersam qo‘ng‘iroq egasining nafasidan boshqa narsa eshitilmasdi. Savqi tabiiy bilan siz ekaningizni anglab yetardim. Chunki bunday nafas faqatgina sizga xos edi. Holatingizdan ich-ichimdan quvonardim.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay kun sovuqligidan betoblanib qoldim. Dugonalarim atrofimda parvona bo‘lishiga qaramay, negadir ich-ichimdan sizni sog‘indim. Ovozingizni eshitgim keldi. Biroq alam, o‘ch, nafrat bu safar ham g‘olib bo‘ldi. Hatto dugonalarimdan foydalanishga ham or qilmadim. Dugonamga rejalarimni tushuntirib berganimdan keyin u faqat shu safar yordam berishga rozi bo‘ldi. Shu tariqa raqamingizni terdim, go‘shakni unga berib, o‘zim ham quloq tutib turdim.
– Allo, – ovoz keldi go‘shakning narigi tarafidan.
– Allo, – dedi dugonam ham.
– Eshitaman.
– O‘zingizmisiz? – dedi dugonam quvnoqlik bilan.
– Ha, sizmisiz, yaxshimisiz?
– Ha, yaxshi, rahmat. Ishlaringiz joyidami?
– Rahmat.
Ikkalangiz ham bir zumga jim qoldingiz. Dugonamni turtganimdan keyingina gapirishga tutindi.
– Bilasizmi, qanday tushuntirsam ekan,– kalovlandi u.
– Gapiravering.
– Bilasizmi, u kasal bo‘lib qoldi. Qancha majburlamaylik, dorilarini ichmayapti. Bilasiz-ku, o‘lguday o‘jarligini. Ayniqsa, urishib qolganlaringizdan keyin o‘zgarib qolgan. Iltimos, bir martagina telefon qilib gaplashing.
Jim bo‘lib qoldingiz. Bilmadim nimalarni o‘ylayotgandingiz.
– Mayli, bir ozdan keyin qo‘ng‘iroq qilaman.
– Faqat qo‘ng‘iroq qilganimni bilmasin, – dedi dugonam shosha-pisha.
– Kelishdik.
Dugonam go‘shakni joyiga qo‘yarkan, “Ishqilib yaxshilik bilan tugasin-da, u-ku o‘zini eplab ketishi mumkin, ammo hamma xavotirim sizdan”, dedi chuqur uh tortib. Unga kulib qo‘ya qoldim, bilmabmanki bu o‘yin ikkimizga ham qimmatga tushishini.
Va’da berganingizday o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas qo‘ng‘iroq qildingiz. Shu vaqt o‘tgunga qadar yana bir karra aytadigan gaplarimni o‘ylab oldim. Yagona maqsadim, sizni yolg‘onlarimga ishontirib, ermak qilish va shu orqali o‘ch olish edi. Go‘shakni yana dugonam ko‘tardi.
– Allo.
…
– Ha, bor, – dedi u menga ko‘zini qisib.
…
– Hozir beraman.
Dugonam ataylabdan siz eshitishingiz uchun “sizga ekan”, dedi baland ovozda.
– Kim?– dedim men ham jo‘rttaga.
Dugonam “do‘stingiz”, dedi. Men esa “mening do‘stim yo‘q”, degan javobni berdim. Dugonam go‘shakni qayta qulog‘iga tutdi-da:
– Kechirasiz, u gaplashishni istamayapti, – dedi xuddi bunga o‘zi aybdordek. Shundan keyin u bir muddat go‘shakni qulog‘iga tutgancha turib qoldi. Keyin esa go‘shakni menga uzatgancha “gaplasha qoling”, dedi iltijoli ohangda. U bilan kelishganimiz uchunmi yoki rostdanam sizga rahmi kelganidan shunday qildimi, farqlolmay qoldim. Bir muddat o‘zimni gaplashishni xohlamayotgan odamdek tutdim-da, keyin go‘shakni ko‘tardim.
– Allo?
– Allo.
– Yaxshimisiz?
– …
– Nimaga gapirmaysiz?
– Tomog‘im og‘riyapti.
– Shamolladingizmi?
– Shamollasam sizga nima? – qo‘pollashdim.
– Dori ichdingizmi?
– Yo‘q.
Tovushim oldingidan ham qo‘rs chiqdi.
Chug‘ur xo‘rsindingiz.
– Mayli, meni kechirmang, faqat vaqtida dori iching. Agar vaqtida davolanmasangiz, o‘zingizga qiyin bo‘ladi.
– Qiyin bo‘lsa, menga qiyin bo‘ladi, – gapingizni bo‘ldim. So‘zimni tugatar-tugatmas, meni qattiq yo‘tal tutdi. Uyalganimdan go‘shakni qo‘lim bilan berkitdim. Qayta qulog‘imga tutganimda, siz:
– Ko‘rdingizmi? – dedingiz ta’nali ohangda.
– Dori icholmayman, – dedim xuddi yosh qizaloqlardek yig‘lamsirab.
– Nega?
– Achchiq.
“Jinnivoy”, dedingiz kulib. O‘shanda birinchi marta urishishingiz edi. Ohangingiz urishishga emas, ko‘proq erkalashga yaqin edi. Mehringiz qalbimning tub-tubida yaraqlab yondi-yu, nafratning kuchi bilan zumda o‘chdi-qoldi. Shu tobda yuragimda mehrdan ko‘ra nafrat ko‘proq joyni egallab olganini sezib qoldim. Biroq nima uchundir achinmadim. Ko‘zlarim ko‘r edi. Nafrat, o‘ch, alam so‘qir qilib qo‘ygandi uni. Men to‘g‘ri yo‘l qolib, egri yo‘lni tanlagandim.
– Hozir doringizni iching-da, yaxshilab o‘ranib uxlang. Xo‘pmi! Ertaga qo‘ng‘iroq qilaman.
Itoat bilan “xo‘p”, deya javob berdim.
– Yaxshi dam oling.
– Siz ham.
Go‘shakni qo‘ydim. Nimagadir xursand edim. Mehribonligingizdanmi yoki rejalarim amalga oshayotganidanmi, o‘zim ham anglab yetmasdim. Biroq tuzalishim uchun eng katta turtki ovozingizni eshitish ekanligini ich-ichimdan anglab yetgandim. Har kech yolg‘izlikdan qorayadigan tunim negadir o‘shanda charog‘on edi. Har oqshom yuzlarini o‘girib oladigan yulduzlar ham xuddi imlab yonlariga chorlayotgandek tuyuldi menga. O‘sha kundan yana uzundan uzoq suhbatlarimiz boshlandi, ammo ketma-ket yolg‘on to‘qirdim. Aldovlar bir-biriga shunday ulanardiki, hatto o‘zim ham sezmay qolardim. Bora-bora bu yolg‘onlar ikkalamizni sevishganlarga o‘xshatib qo‘ydi. Bu haqda bir-birimizga aytmasdigu, lekin bir-birimizsiz yasholmaydigandek edik. Sizni aldovlarga ko‘mishga kirishib ketgandimki, hatto to‘qigan yolg‘onlarimga o‘zim ishona boshlagandim.
Avvaliga rolini a’lo darajada bajarayotgan aktyorga o‘xshardim. Keyin boshqa birovning hayotini yashay boshlagandek his qildim o‘zimni. Bilmayman, vaziyat taqozosimidi yoki dilimdagi taloto‘plar sababmi, bora-bora o‘zim o‘ylab topgan hayotga o‘rganib qoldim. Telefon orqali kechgan suhbatlarimizda banogoh she’rlar yangrab qolardi. Men she’r o‘qishni, siz esa eshitishni xush ko‘rardingiz.
Kimsiz?
Ayting,
Kutganimmisiz?
Yoki qismatimda
Adashgan kimsa.
Kimsiz?
Peshonamga bitilgan g‘ammi
Va yo kiprigimga
Boylangan g‘ussa.
Bu suhbatlardan keyin vujudimiz boshqa-boshqa bo‘lsa ham, ruhimiz birdek bo‘lib qolardi go‘yo. Mening bu olamdan sira ajralgim yo‘q edi. Ammo alam va nafratning qorishmasi bunga yo‘l bermasdi. Ruhimda makr qo‘zg‘olon qilardi. Bilardim, menga o‘zingizga ishongandek ishonardingiz. Xayolingizga hech qachon men haqimda yomon fikr kelmasdi. Aynan shu ishonch men uchun qurol vazifasini o‘tardi. Sizni batamom o‘zimga bog‘lab olganimdan keyin og‘riqli nuqtani qo‘yishga ahd qildim. Har kungiday kech kirib, tun cho‘ka boshlagan payt qo‘ng‘iroq qildingiz.
– Allo.
– Yaxshimisiz?
– Rahmat, o‘zingiz yaxshimisiz?
– Xudoga shukur, har doimgiday.
Jim qoldim.
– Nega gapirmaysiz?
Hamon jim edim. Bezovtalana boshladingiz.
– Nima bo‘ldi sizga?
– …
– Gapiring…
– …
– Odamni qiynamasdan gapirsangiz-chi!
Og‘ir xo‘rsindim.
– Meni unashtirishmoqchi.
Go‘shakdan faqat tez-tez nafas olganingiz eshitildi. Shu ko‘yi ancha vaqtgacha na sizdan, na mendan sado chiqdi. Bilmadim, nimalarni o‘ylar edingiz. Mening xayolimda esa “nima derkin?”, degan savol aylanardi. Ancha paytdan keyin “Qachon?” dedingiz.
– Shu oyning oxirida.
– Demak, uchrashishga kelishgan paytimizda, shunaqami?
– Ha…
– Bilasizmi, o‘sha odamning o‘rnida bo‘lib qolishni judayam xohlardim.
Ich-ichimdan to‘xtatib bo‘lmas shodlik qaynab chiqdi. Biroq bu quvonchning sababini bilolmay ovora edim. Sevinchim sizni chindan yaxshi ko‘rib qolganimdanmi yoki yolg‘onlarimga ishontira olganimdanmi, anglayolmasdim. Biroq ichimdagi makr quvonchdan raqs tushardi. U shod edi, u g‘olib edi va bu g‘alabasidan masrur yana yurish boshladi, zaharli nishtarlarini yuragingizga qadashda davom etdi.
– Endi nima bo‘ladi?
– Bilmadim.
Xuddi havo yetmayotgandek tez-tez nafas olardingiz. Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Qo‘ng‘iroq qilishingizdan oldin o‘qiyotgan kitobimga ko‘z yugurtirishda davom etdim. Ahyon-ahyonda xo‘rsinib qo‘yishingiz e’tiborimni tortganini demasa, butun diqqatim kitobda edi. Nihoyat sukunatni buzdingiz.
– Nima ham derdim, baxtli bo‘ling.
– Rostdanam shuni istaysizmi?
– Ha, chin dildan.
– U bilan baxtli bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?
Javob berolmay dovdiradingiz.
– Gapiring…
– Bilmadim.
Ahvolingiz chindan ayanchli edi. Goh kulgim qistasa, goh achinib ketardim. Nima bo‘lganda ham bu ichimdagi makrga huzur bag‘ishlardi. U tuyg‘ularingiz, hissiyotlaringiz ustidan mazax qilardi. Shunday kulardiki, uning kulgusiga beixtiyor ergashib ketganimni ham sezmay qolgandim.
Aslida kulayotgan men emasdim. Men o‘zimdan, o‘zligimdan kechgandim. Kulayotgan boshqa, umuman begona kimsa edi. U nafaqat sizning tuyg‘ularingiz, balki dunyodagi subuti yo‘q, qat’iyatsiz insonlar hissiyotlarini masxara qilishni xohlardi. Shu niyatda yo‘lga chiqqandi, shu maqsadda manzili tomon intilardi. Endi uning yagona niyati shu edi.
– Sizdan bir narsa iltimos qilsam, maylimi?– dedim sekingina.
– Mayli.
– Ketganimdan keyin dugonalarimga qo‘ng‘iroq qilib turing, xo‘pmi!
– Nima uchun?
– Chunki, sizga meni eslatib turishadi. Unutishingizni xohlamayman.
– Unutadi deb o‘ylaysizmi?! – iztirob bilan ingradi ovozingiz, – qanchalik qo‘yvorgim kelmayotganini bilsangiz edi.
Kulib yuborishdan zo‘rg‘a tiyildim.
– Ammo qo‘yvorishga majbursiz.
– Bilaman.
Siz xo‘rsindingiz. Mening kulgim qistadi.
– Afsusdamisiz?
– Tanishganimizdan, bir-birimizni tushunganimizdan judayam xursandman. To‘g‘ri, hozir og‘ir, ikkimizgayam. Sizdan ko‘ra menga og‘ir. Chunki siz yig‘laysiz-siqtaysiz, bora-bora ko‘nikib ketasiz. Men-chi, yolg‘iz qolaman. Bilaman, ichingizda meni tinmay ayblayapsiz. Qiyinchiliklarga chidab yashayverasizmi, kurashmaysizmi, degingiz kelayotgandir. Aytmasangiz ham bilaman. O‘ylab ham ko‘rmasdan kechib qo‘ya qoldi, deb ham xayol qilayotgandirsiz. Biroq qachondir shunday bo‘lishini bilganman. Bir kun tashlab ketishingizni, ajralishimizni. Biz faqat o‘zimiz uchun yashamaymiz. O‘rtada ota-ona, oila, ularning orzu-havasi…
– Demak, biz hoyu havasning qurboni bo‘lishimiz kerak ekan-da? – so‘zingizni bo‘ldim.
– Iltimos, meni qiynamang…
– Qiynalyapsizmi, nahotki…
– Boshqa yo‘l yo‘q ekanini o‘zingiz tushunib turibsiz-ku…
– Tushunmayman, tushunishni istamayman ham.
– O‘zingizniyam, meniyam qiynamang. Ko‘nikishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
– Demak, ko‘nikishim kerak, shundaymi?! Men ko‘nikaman, hammasiga ko‘nikaman, faqat nomardligingizga emas.
Go‘shakni qo‘ydim. Keyin ichimda anchadan beri to‘planib qolgan masxarali qah-qaha portladi. Ovozim qattiq yangraganidan qo‘shni xonadan dugonam chiqdi.
– Namuncha?
U bir pas qarab turdi-da, keksa onaxonlarday boshini sarak-sarak qildi.
– Nimaga kerak-a, shu g‘alva. Hafsalangiz pir bo‘lgan ekan, qo‘l siltab ketavermaysizmi?
– Kerak! Kerak shu g‘alva. Qani ko‘ramiz qanday chiqarkin bu g‘alvadan.
Dugonam o‘zingiz bilasiz, deganday qo‘l siltadi-da, xonasiga ketdi. Uning izidan qarab qolarkanman, qilayotgan ishim noto‘g‘ri ekanini xayolimga ham keltirmayotgandim. Men o‘zim boshlagan o‘yinning qurboni o‘zim bo‘lib qolishimni sezmayotgandim. Ko‘zim nafratdan ko‘r bo‘lib qolgandi. Siz telefondan meni topib berishini tinmay so‘rayotgandingiz. Telba holatingizdan mamnun edim. Telefon dunyoga jar solib chinqirardi, dod solardi, yig‘lardi. Men esa parvoyi falak, beparvogina unga boqib turardim xolos. Oxiri uni tarmoqdan uzib qo‘ydim. Qilgan ishimdan o‘zimda hech qanday afsus sezmadim.
Tong otdi. O‘tgan kunda qanday bo‘lsam, hali-hanuz o‘shanday edim. Kibrli, qahrli, mag‘rur.
Kun bo‘yi telefon meni so‘roqlab tinmadi. Toqati toq bo‘lgan dugonam “gaplasha qoling endi”, degandan keyin, istamaygina go‘shakni oldim.
– Allo.
– Nimaga javob bermayapsiz?
– Majburmasman.
– To‘g‘ri, majburmassiz. Axir sizga kimman? Hech kim. Hatto bir-birimizni ko‘rmaganmiz ham. Uzr!
Shunday deb aloqani uzdingiz. Qisqa-qisqa gudok kelayotgan go‘shakni men ham joyiga qo‘ydim. Kun bo‘yi tashvishlarim bilan bo‘lib sizni esdan chiqarib yuboribman.
Kech kirdi. Yarim kundan beri jim turgan telefon yana tirildi. Unga javob bergan dugonam “sizga” dedi.
– Allo?
– Yaxshimisiz?
Siz edingiz.
– Rahmat, yaxshi.
– Siz bilan gaplashgim keldi.
– Rostdanmi?
– Balki ishonmassiz, lekin rost.
Yana uzundan-uzoq suhbatlarimiz boshlandi. Men taqdirga tan bergan qiz rolini ijro etardim. Siz siqilardingiz, kuyinardingiz. Bu battar kulgimni qistatardi. Shunday suhbatlarimizning birida:
– Men hech narsadan qo‘rqmayman, siz rozi bo‘lsangiz bo‘ldi, men kurashaman, – dedingiz.
Shunda iqror bo‘ldim. Chindan qiynalayotganingizga, yolg‘onlarimga ishonganingizga. Ahvolingizni bilib vijdonim qiynalmasdi, afsus ham chekmasdim. Aksincha o‘yinni davom ettirishni xohlardim.
– Yo‘q, rozi bo‘lolmayman.
– Nega?
– Tushuning, onam rozi bo‘lmaydi.
– Rozi qilaman onangizni.
– Siz u kishini bilmaysiz.
– Unda ayting, siz uchun nima qilay?
– Hech nima, taqdirga tan berishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
Chuqur uh tortingiz.
– To‘g‘ri, boshqa ilojimiz yo‘q.
Ikkimiz ham anchagacha jim qoldik. Ikkimiz ham o‘z xayollarimiz bilan band edik. Bilmadim, nimalarni o‘ylayotgandingiz, qiziqmasdim ham. Faqat ketma-ket ulanayotgan sukunatdan zerikardim.
– Mayli, yaxshi dam oling.
– Charchadingizmi?
Xayrlashgingiz yo‘q edi.
– Charchadim.
– Mayli unda, yaxshi dam oling.
– Xo‘p.
Shosha-pisha go‘shakni joyiga ildim. Xayriyatki, telefon shu bilan tindi. Yana tong otib, yana kun botdi. Sizdan xabar yo‘q. Bu harakatingizdan hayron edim. Sevib qoldi shekilli, degan hadikka ham bordim. Biroq hammasini tezda unutib, kundalik tashvishlarga ko‘milib ketdim. Siz haqingizda o‘ylamay ham qo‘ygandim. Oldinlari qo‘ng‘irog‘ingizni sabrsizlik bilan kutgan bo‘lsam, endi telefonga e’tibor ham bermasdim. Yana borliqqa qora parda yoyildi. Biroq kechani to‘lin oy yog‘dusi nurafshon etib turar, bu tunning o‘zgacha sehri bor edi. U sizga o‘xshab jilokor, ammo yolg‘onchi edi. Sutdek oppoq ko‘ringani bilan bag‘rida zulmat yashirin. Oyning to‘kilayotgan nurlariga boqib o‘tirar ekanman, xayolimni ostun-ustun qilib, telefon chinqirdi. Dilimdan siz ekaningizni anglab turardim. Shuning uchun ham qayta-qayta raqam terib xunob bo‘lishingizni istadim. Kutganimday telefon uzluksiz asabiy jiringlar, bu esa yuzimda masxaraomuz kulgini paydo qilgandi.
U qanchalar dod solmasin, muzga aylangan yuragimni eritishga qodir emasdi. Ko‘ksimda bir parcha toshni ko‘tarib yurgandek edim. Bu yurak qachon toshga aylanib ulgurganini hatto o‘zim ham bilmasdim. Hislar yig‘lagan tun ham nihoyasiga yetdi. Oppoq harir ro‘molini ko‘z-ko‘z etib tong otdi. Biroq zulmat cho‘kkan ko‘nglimga nurafshonlik baxsh etolmadi. Kun bo‘yi qora toshning yukidan ezilib yurdim. Nihoyat borliqqa yana xuddi hislarimdek hazin tun cho‘kdi. Xuddi zulmat chulg‘ab olgan ko‘nglimga oqib kirmoqchi bo‘lganingizdek oy yuzlari qora tunni o‘z nurlariga chulg‘ashni istab, osmon toqiga yugurib chiqdi. Biroq zulmatga qorilgan ruhimni bu yog‘dular hayratga sololmasdi.
Odatdagi vaqtda yana qo‘ng‘iroq.
– Nimaga telefonni ko‘tarmadingiz?
– Qachon?
– O‘sha kuni.
Jim bo‘lib qoldim.
– Bilaman, xafasiz. Hammasiga men aybdorman. Yo‘lingizda paydo bo‘lgan ham, tinmay bezovta qilgan ham menman. Lekin qiynalyapman, siqilyapman.
Gaplaringizdan nimagadir jahlim chiqib ketdi. O‘zingiz haqingizda emas, boshqa insonning tuyg‘ulari haqida gapirayotgandek taassurot uyg‘otdingiz menda.
– Men-chi, – alam bilan sachradi ovozim, – qiynalmayapti, deb o‘ylaysizmi?! Men ketaman, siz qolasiz. Sizda xotiralar qoladi. O‘zingizni qayta tiklab olguningizga qadar shu xotiralar madad bo‘ladi. Men esa ketaman, o‘zim bilmagan, ko‘rmagan, sevmagan inson huzuriga. Keyin… Keyin siz to‘g‘ringizda xayol surishgayam haqqim bo‘lmaydi. Endi ayting! Kim ko‘proq qiynalayapti, sizmi yoki men?!
Jim qoldingiz. Chuqur-chuqur nafas olayotganingiz eshitilardi, xolos. Shu taxlit ancha turdingiz, keyin chuqur xo‘rsindingiz-da:
– Kechiring, – dedingiz bo‘g‘iq tovushda. – O‘zga inson huzuriga borayotganingiz, aynan shu narsa qiynayapti meni.
O‘zim bilmagan holda yuzimga tabassum yugurdi. Yuragimning allaqayeri uvishdi, qo‘llarim titradi. Biroq bu tuyg‘u qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday tez g‘oyib bo‘ldi. Bu safar ham nafrat ustun keldi.
– Bugun sizga qo‘ng‘iroq qilmoqchi edim, o‘zingiz qilib qoldingiz. Siz bilan xayrlashmoqchiydim.
– Xayrlashmoqchi?..
– Ha, ertaga ketyapman.
– Buncha tez. Axir ketaman deb aytmagan edingiz-ku!
– Bunaqa shoshilinch ketishimni o‘zim ham bilmagandim.
Odatingizga ko‘ra ancha vaqt jim qoldingiz. Keyin siniqlik bilan gap boshladingiz.
– Balki tez ketayotganingiz yaxshidir. Baribir, yo‘limiz boshqa-boshqa-ku. Qiynalib yurganimizdan nima naf?
Gaplaringizni oxirigacha eshitolmadim. Shu so‘zlarni osongina aytishingiz, osongina mendan kechmoqchi, hammasini tezda unutmoqchi bo‘layotganingiz juda og‘ir edi.
Gapiryapsizu ohangingizga monand yuragim parchalarga aylanib uvalib borayotgandek edi. Axir, ayting, nima uchun dilingizda borini ochiq aytmaysiz? Shu holatingizda ko‘rinishining kattaligi bilan atrofdagilarni hayratga solgan, biroq ichi bo‘m-bo‘sh pufakka o‘xshaysiz. Dardlaringiz qanchalik katta ko‘rinsa, ichingiz shunchalik bo‘shliq. Unda dard, hayrat, sevinch, chaqin yo‘q. Loyqa suvdek dilingiz xira. Hatto, o‘zingizning ko‘nglingizni tushunmaysiz. Endi ayting, o‘z hislaringizni anglayolmasangiz, mening yuragimda uyg‘ongan to‘fonni qanday tushunasiz?! Sizdan gina qilayapmanu, lekin o‘zim ham tushunolmayapman. Azob chekayotganga o‘xshayapsizu, biroq osonlikcha hammasidan voz kechmoqchi bo‘layotganingiz yuragimga qattiq botardi. Bu esa nafratimni battar olovlantirardi. Hammasi qanchalik bema’ni bo‘lib tuyulsa ham, o‘zimni qo‘lga olib, rejam asosida ish ko‘rishga qaror qilib bo‘lgandim. Shuning uchun ham so‘zlaringizni oxirigacha eshitolmadim.
– Balki siz ko‘nikarsiz, ammo men hech qachon rozi bo‘lmayman.
– Boshqa ilojimiz yo‘q.
– Yo‘q, men topaman ilojini, qaytib kelaman.
– Yo‘q, unday qilmang.
– Nima uchun?
– Agar shunday qilsangiz, yaqinlaringizning ko‘nglini og‘ritasiz.
– Nega boshqalarning ko‘ngliga qarashim keragu, ularni mening ko‘nglim bilan ishi yo‘q. O‘zim xohlaganday yashashga haqqim yo‘qmi?
– Tushuning, biz faqat o‘zimiz uchun yashamaymiz.
Bir paytlari o‘zim aytgan gaplarni takrorlayotgandingiz. Bundan kulgim qistar, kulib yubormaslik uchun lablarimni tishlab olgandim.
– Demak, qaytib kelishimni istamaysiz, shundaymi?
– Yo‘q, unaqamas, – tushuntirishga kirishdingiz. – Tushuning, biz o‘zgalarni baxtsiz qilib baxtli bo‘lolmaymiz.
– Nega? Ular baxtsizligimiz evaziga baxtli bo‘lishadi-yu, biz bo‘lolmaymiz.
– Bunday qilolmaymiz.
Hadeb bir gapni takrorlashingiz g‘ashimni keltirdi.
– Bilasizmi nima, siz qo‘rqayapsiz. Qo‘rqmang, sizni bezovta qilmayman. Boshingizga tashvish ham orttirmayman. Shunchaki xohlamaganim uchun qaytib kelaman.
– Bunday qilmang.
Ohangingizda yolvorish bor edi.
Tomog‘imga ich-ichimdan ham qah-qaha, ham achchiq bir narsa kelib tiqildi. Shu onda chindan ham dunyodagi eng yaqin kishisidan ayrilayotgan inson holatiga tushib qolgandim. Yuragimni azob ezar, yig‘lagim kelar, ammo dardning zo‘ridan ko‘zimga yosh kelmasdi.
– Mayli,– dedim horg‘in tovushda. – Meni unuting, umuman eslamang. Biroq sizni hech qachon esimdan chiqarmayman.
– Yig‘lamang, iltimos.
Yolg‘onlarga ishontirolganimga sevinmoqchi bo‘ldimu, lekin shodlanolmadim. Aksincha, yig‘lagim kelayotganini tushunib qoldim.
– Bilaman, qiynalmayapsiz. Faqat siz taqdirdan, meni qo‘yib yuborayotganingizdan afsus chekmang. Bilaman, boshqa ilojingiz yo‘q. Faqat dugonalarimga qo‘ng‘iroq qilib turishga so‘z bering. Siqilganingizda ozgina bo‘lsayam noxushlikdan qutulasiz. Mana ko‘rasiz, ularni yoqtirib qolasiz.
Shu darajada xudbinlashib ketgan edimki, bu gaplarni sizga chindan achinganim uchun emas, ajralganimizdan keyin qay holatga tushishingizni dugonalarim orqali bilish uchun aytayotgandim.
Hamma gaplarimga ishondingiz. Og‘ir xo‘rsinishlardan keyin iltimosimni bajarishga so‘z berdingiz. So‘ngra xayrlashdik.
Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Go‘shakni qo‘yay demasdingiz.
– Go‘shakni qo‘ying.
– Faqat sizdan keyin.
Yana bir muddat jim turdim-da:
– Xayr, yaxshi qoling, – deb aloqani uzdim. Keyin o‘zim xohlamasam ham kuldim. Negadir qah-qaham o‘z-o‘zidan yig‘iga aylanib borar, lablarim nimaningdir achchiq ta’mini sezardi. Aralash hislar qurshovida qolgandim. Bir tomondan sizni bir umrga yo‘qotganim uchun o‘zimni kechirolmayotgan bo‘lsam, bir tarafdan g‘ururim meni olqishlardi. Yig‘layotgan yurak va g‘olib mag‘rurlik ila deraza pardasini surib, oyga tikildim. To‘lin oy nurlari zimistonlik qo‘yniga to‘kilar, uning bag‘riga qandaydir sirlarni yashirardi. Ayni lahzada xuddi shu nurlar kabi o‘z-o‘zimdan qaylargadir yashiringim keldi. Bu holatning nedan ekanligini bilmasdim. Balki sizdan ajralganim, balki vijdon amriga teskari yurganim uchundir. Nima bo‘lganda ham ilk marotaba kimningdir ko‘nglini qattiq og‘ritayotganim yuragimga tosh bo‘lib botardi, yana yolg‘iz qolayotgandim. O‘zim bilan, o‘zligim bilan, o‘z dunyoimda, yana kimsasizlik sarhadida yakka. Sababchi esa o‘zim. Hammasini o‘zim xohlab, bilib, ko‘rib qilayotgandim. Axir sizni uzoqlashtirayotgan ham o‘zim edim-ku!
To‘g‘ri, yolg‘on to‘qimaganimda oldingiday birga bo‘lardik. Ammo istamadim, soxtalikka ortiq ko‘milib yashagim kelmadi. Shu bilan birga o‘z-o‘zimni aldab yurishni xohlamadim. Hammasiga chek qo‘yish, yo‘limiz boshqa-boshqa bo‘lgan taqdirda ham sizsiz yashay olishimni isbotlash uchun shunday qildim. Va buning uddasidan chiqdim ham. Chunki chindan sizdan ajralishga kuchim yetmaganida hech qachon nafrat ko‘zi ila boqmasdim. O‘ch olishni o‘ylamasdim, manzilimni o‘zgartirmasdim. Biroq shunday qildim, kuchim yetdi. Demak, sevganim, hammadan qizg‘onganim, sizsiz yashay olmasligim – bari yolg‘on. Hammasi cho‘pchak. Ammo bir narsa, meni tushuna oladigan yagona insondan ayrilish alami rost. Ayni haqiqat. Buni hech qachon inkor qilmayman, qilolmayman ham.
Ikkimiz birga o‘tkazgan onlarimizni, qurgan suhbatlarimizni oxirgi bora xayolimda qayta jonlantirdim. O‘sha lahzalarni xotiramdan o‘tkazarkanman, o‘sha damlar hayotimning eng zavqli, shu bilan birga alamli onlari ekanini angladim. Shunday bo‘lsa-da, sizdan ajralayotganimga sira afsus chekmasdim, chunki buni taqdirning ishi deb ishonardim. Agar chindan ham bir-birimiz uchun yaratilgan bo‘lsak, bir kun kelib qismat yo‘llarimizni tutashtirishiga hech qanday shubham yo‘q edi.
Tunni nurlariga chulg‘agan mohga oxirgi bora nazar tashladim-da, deraza pardalarini yopib qo‘ydim. Ko‘zlarimni yumarkanman, uyg‘onganimda sizni butunlay unutishga, hayotimda hech qachon bo‘lmaganingizga o‘zimni ishontirishga, tongda umuman boshqa inson bo‘lib uyg‘onishga o‘zimga so‘z berdim. Chunki sizni hayotimdan o‘chirib tashlashga jazm qilgandim.
Saharlab uyg‘ondim. Ruhim tetik, ko‘nglim bo‘m-bo‘sh. Hayotimda hech qanday o‘zgarish, hech qanday burilish bo‘lmaganday. Asosiysi, yuragimni qattiq ezayotgan alam qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Shunda anglab yetdimki, chindan unutishni uddalagan ekanman.
Kunlar o‘tar, qachonlardir hayotimda siz bo‘lganingiz xayolimga ham kelmasdi. Endi umrim davomida orzu qilib, sig‘ingan muhabbat shunchaki bir o‘yin deb tushunardim. Menda sizga nisbatan ilgari o‘zim ardoqlab, mehr qo‘ygan inson sifatida emas, shunchaki bir o‘tkinchi, o‘yin ishtirokchisiga qaragandek munosabat shakllandi. Endi qo‘ng‘iroq qilmasdim, ammo telefon orqali xat yozib bezovta qila boshlagandim. Bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha dugonalarim bilan sizga telefonxat yozish sevimli mashg‘ulotimga aylanib qoldi. Oxirgi marta xayrlashganimizdan uch kun o‘tib, sizga xat yozdim. U shunday edi: “Bilasizmi, hamma xursand, hamma to‘y tashvishlari bilan band. Faqat mening ichimga chiroq yoqsa yorishmaydi. Sog‘indim sizni…”
Xatni dugonalarim bilan kula-kula yozdigu, jo‘natdik. Zum o‘tmay javob keldi. “Sizning boshqa birov bilan birga bo‘lishingizni o‘ylasam, fig‘onim ko‘kka o‘rlayapti. Biroq chidamay ilojim yo‘q. Unutmayman sizni, unutolmayman. Baxtli bo‘ling!”
Dugonalarim bilan maktubingizni qotib-qotib o‘qidik. Balki qilayotgan ishimizni chetdan turib odamiylik ko‘zi bilan kuzatayotgan odam yoqlamas, biroq bu biz uchun fojia emasdi. Siz shunchaki hazil qilib hordiq chiqarishimiz uchun vosita edingiz, xolos. O‘yin qilgimiz kelgan paytda sizni bezovta qilardigu, kulgu badimizga urgach, o‘yinchog‘imizni esdan chiqarardik.
Oradan kunlar o‘tdi. Bir kuni dugonam qo‘ng‘iroqlaringiz haqida gapirib qoldi.
– Bekor qildingiz qo‘ng‘iroq qilib, faqat siz haqingizda gapiradi. Ishqilib, aldaganingizni bilib qolmasin-da.
O‘zimni tutolmay kulib yubordim. Dugonam taajjubga tushdi.
– Nega kulayapsiz?
– Kulmay nima qilay?!
– Jinnisiz.
Battar kulgim qistadi. Biroq kulmadim, jiddiy turib dugonamning ko‘zlariga ko‘zimni qadadim.
– Yaxshi bo‘pti, unutolmayotgan bo‘lsa!
Nima uchundir nafratim qo‘ziyotgandi.
– Kimlargadir qo‘ng‘iroq qilayotganida o‘ylashi kerak edi bu haqda. Bu hali holvasi, hali hammasi yolg‘onligini ro‘yi-rost yuziga aytaman. Bir ko‘rib qo‘ysin aldash qanaqa bo‘lishini.
Ta’riflab bo‘lmas shunday nafrat bilan gapirardimki, har qanday vaziyatda javob qaytara oladigan dugonam ham jim bo‘lib qoldi. Agar suhbatimiz shu zaylda davom etsa, arazlashib qolishimizni sezgan dugonam boshqa gapirmadi.
Nihoyat sizga qo‘ng‘iroq qilib, barchasi yolg‘on ekanini aytmoqchi bo‘ldim. Dugonam yuzimga tikildi-yu, ammo oldingi suhbatimizni esladi shekilli, hech nima demadi. Sezdim, deyolmadi. Boshqasi esa “qo‘ng‘iroq qiling”, degan maslahatni berdi. Endi go‘shakka qo‘l cho‘zgandim, telefonning o‘zi chaqirib qoldi.
– Allo,– dedi go‘shakni ko‘targan dugonam. Keyin menga shivirladi.
– Shahzodangiz.
Dugonamga imo qilib, kelganimni aytishini iltimos qildim. Shu tobda yuragim bo‘m-bo‘sh edi. Hatto qilmishim nima bilan tugashini o‘ylamasdim ham. Sizga o‘zim xohlaganday, dilingizning tub-tubini vayron qiladigan so‘zlar aytdim. Chidolmadingiz. Sezdim. Xuddi sizni rashk qilishim chinday dugonamni telefonga chaqirishimni iltimos qildingiz. Siz dugonam bilan gaplashib, mening rashkimni uyg‘otmoqchi bo‘layotgandingiz.
Holatingiz kulgili edi. Biroq uddasidan chiqdingiz. O‘zim bilmagan holda bema’ni rashkning qurboniga aylandim. Ammo bu o‘sha onning o‘zida emas, oradan ancha vaqt o‘tib yuz berdi. Shu onda aldovim aqlingizga sig‘masdi. Shu yo‘l bilan mazax qilishimdan saqlanmoqchi bo‘layotgandingizu, biroq uddasidan chiqolmayotgandingiz. Holatingizni ko‘rib nimagadir ich-ichimdan sizga achinish hissi uyg‘ondi. Balki shuning uchunmi, hech ikkilanmasdan telefonga dugonamni chaqirdim. Dugonam “keyin gaplashamiz”, dedi-yu, suhbatni qisqa qildi. Shunday qilib so‘nggi suhbatimiz yakun topdi. Xuddi ikki yelkamdan nimadir bosib turganday edi-yu, shu suhbatimiz tufayli u qulagan edi. Ammo endi meni pushaymon ezardi. Sizni aldovlarga ko‘mib tashlaganim uchun emas, o‘zligimga qarshi borganim, vijdon amriga qarshi yurganim uchun o‘z-o‘zimdan nafratlanishni boshlagandim. Bu vaziyatda qiynalayotganingiz emas, kimgadir azob berib huzur topaman, degan xayolga borganim meni ko‘proq afsuslantirardi.
– Bekor qildingiz.
Dugonamning so‘zlaridan keyin nigohimni unga qadadim. “Sizmasmidingiz bitta sinab ko‘r, degan” degim keldi-yu, gapirolmadim. Men hammasi uchun faqat o‘zimni ayblardim.
Kunlar o‘tdi. Yuragimni bir xijillik ezar, sizga qo‘ng‘iroq qilgim, siz bilan gaplashgim kelaverar, holingiz nima kechdiykin, deya xavotir olardim. Biroq har doimgiday g‘urur yo‘limda to‘g‘anoq bo‘lib turardi. Tinimsiz o‘z-o‘zim, hislarim, tuyg‘ularim, nafratim, g‘ururim bilan olishardim. Oxir oqibat baribir sizga bog‘liq bo‘lgan xotiralarim ustun kelaverardi. Ich-ichimdan ado bo‘lib borardim.
Shunday kunlarning birida telefon jiringladi. Nimagadir dilimda bu siz deya o‘yladim va o‘zim bilmagan nogahoniy his bilan telefonga talpindim.
Go‘shakni xuddi narigi tarafidan siz javob beradiganday quvonch bilan ko‘tardim.
– Allo,– dedim umid bilan. Ammo bu safar hech qanday javob bo‘lmadi. Yuragim tez-tez urar, ichki sezgi bilan bu siz ekanligingizni anglardim. Hech qanday ovoz kelmasa ham nafas olishingizni butun vujudim sezib turardi. Gapirmadingiz, men ham nafasingizni tinglashda davom etdim. Biroq shuniyam ko‘p ko‘rdingiz. Gapirishga og‘iz juftlamasimdan telefondan qisqa-qisqa gudok eshitildi.
Kipriklarimdan to‘kilay-to‘kilay deb turgan shabnamlar yonoqlarimda iz qoldirib sirg‘alib tushdi. Shu ondagi holatim sahro o‘rtasidagi najotsiz odamni eslatardi. Xuddi yuragim yulib olinganu, jussam uvalib borayotgandek. Xasta dil, ezgin xayol bilan deraza pardasini surib, samoga tikildim. Ko‘k ham dardimni tushungandek ma’yus tortib turar, sim-sim yoshlarini to‘kardi. O‘sha kun samo bilan yig‘lashdim. Biroq dilimni ezgan dardlarim to‘kilib ketmadi. Ular battarroq dilimning tub-tublariga kirib o‘rnashib olgan edi go‘yo. Siniq dil, yaro bag‘ir bilan kunni kech qildim. Kuygan ko‘nglim iztiroblaridan bexabar dugonalarim kirib kelishdi. Azizlarimni ko‘rib g‘amlarim ariganday bo‘ldi. Shodon kulgilari ostida oshxonaga yo‘nalarkanman, yana telefon jiringladi. Yuragim bir qalqdi. Qo‘shni xonaga o‘tdim. Biroq ixtiyorsiz ravishda dugonamning suhbatiga quloq tutdim.
– Allo, – dedi. So‘ngra “Keyin gaplashamiz, hozir u uyda”, dedi shivirlagudek bo‘lib. Karaxt bo‘lib qoldim.
Boshimga osmon qulayotgandek qaddimni egdim. Yo‘q, osmon qulamadi. Biroq yuragim to‘xtab qoldi go‘yo. Xuddi uni yo‘qotib qo‘yganday his qildim o‘zimni. Hislarim yig‘layotgandi. Asta-sekin bu og‘riqli yig‘i butun borlig‘imni qamrab olayotgandi. G‘am, alam, nafrat, nadomat iskanjasida qolib ketgandim. Shunda yolg‘izgina Egamdan madad kutdim va U menga sabr berdi. Xayolimga bir hikmat keldi: “Gumon iymondan ayirar”. Yarq etib chaqnagan bu so‘zlardan o‘zimni tutdim. Tavba qildim. Siz emassiz, yanglishdim, yuragimga shayton qutqu soldi, deya o‘z-o‘zimni ishontirdim. Bu esa xayollarga suyanib o‘nglanishimga yordam berdi. Biroq ko‘nglim notinch edi, o‘zim ham anglab yetmagan nimadir yuragimning tub-tublarida g‘alayon qilardi.
Kunlar davomida shu yolg‘onlarga o‘zimni ishontirib yurdim. Biroq bu ishonchning omonat do‘stlarga sodiqligi uzoqqa bormadi. Ikkinchi bora do‘stlikka ishonib yanglishgan edim. Bu xudbinlikmidi yoki sizni ulardan rashk qilayotganmidim, o‘zim ham bilmasdim.
Har kuni sizni o‘ylar, siz haqingizda dugonalarim bilan gaplashgim kelardi. “Dugonalarimga qo‘ng‘iroq qilib turing”, deganimdan keyin ular bilan bot-bot bog‘lanib turardingiz. Ularga qo‘ng‘iroq qilishingizni bilardim-u, ammo bir kun kelib dugonam bilan oralaringizda muhabbat sarguzashti bo‘ladi, deb xayolimga ham keltirmagandim. Hammasi gumon qilganimday bo‘lib chiqdi.
Dugonam bilan sayr qilishni xush ko‘rardik. Shu sayrlar davomida ikkimiz o‘y-xayollarimizni bir-birimizga to‘kib solardik. Birinchi marotaba dugonam va siz haqingizda ham shu sayrda eshitdim. Yo‘l yoqasidagi o‘rindiqda gul bargiga qarab xayol surib o‘tirgan dugonamga “u qanaqa ekan-a”, dedim. Dugonam shu o‘tirishida javob berdi.
– Deyarli ko‘pchilikdan farq qilmaydi. Bo‘yi baland, lekin siz tasavvur qilganingizday emas.
Uning tabassum bilan gapirishidan hazillashayapti, deb o‘yladim:
– Xuddi ko‘rganday gapirasiz-a?!
– Ko‘rganim uchun aytayapman-da.
Joyimda qotib qoldim.
– Qachon?!
– Ancha bo‘ldi.
Dugonam hech narsa bo‘lmaganday javob berdi.
– U bilan uchrashdingizmi?
– Yo‘q.
– Unda qayerda ko‘rdingiz?
– U bilan uchrashganida.
Dugonam “u” deganida ikkinchi dugonamni ko‘zda tutayotgan edi. Hayron bo‘lib qoldim.
– Qachon ko‘rishishdi?
– Ancha bo‘ldi, siz bilan urishib qolganidan keyin.
– Nimani gaplashishibdi?
– Bilmadim, lekin o‘shaningiz unga sevgi izhor qilganini bilaman. Siz esa haliyam uni o‘ylaysiz, arzimaydi siqilishingizga!
“Yolg‘on” degan o‘y keldi xayolimga.
– Hazillashmayapsizmi?
Dugonam bir pas yuzimga tikilib turdi-da:
– Esingiz joyidami, nega hazillashaman? – dedi jiddiy turib.
Nima deb o‘ylashni bilmasdim. Haqoratlangan, xo‘rlangan his qildim o‘zimni. Butun vujudim titrar, ko‘zlarim hech nimani ko‘rmas, boshim uzra sayrayotgan qushlarning ovozi yuragimning nolishiday eshitilardi. Dugonam bilan uchrashganingizni emas, dugonamning kelib-kelib siz bilan uchrashganini aqlimga sig‘dirolmasdim.
Dunyoim qorong‘ulikka cho‘mdi go‘yo. Bu zulmat ichida do‘st kim, dushman kim ajratolmay qoldim. Men birgina qaltis hazilimga haq to‘layotgandim. Shu birgina hazilim uchun atrofimdagi aziz insonlarimdan ajrab qolayotgandim. Avvaliga sizdan, keyin esa men farishtaga qiyoslagan dugonalarimdan. Buni o‘zimga jazo deb bildim. Ko‘nglingizni og‘ritganim uchun berilgan jazo. Biroq ishonishniyam, ishonmaslikniyam bilmasdim. Jahlim chiqar, o‘zimni harchand qo‘lga olishga harakat qilmay ko‘zlarim buni oshkor qilib qo‘yaverardi. Buni beparvo kulgim ortiga berkitishga urinmay u beo‘xshov tabassumga aylanib g‘ashimni keltiraverardi. Dugonalarim bilan munosabatim chetdan qaraganda havas qilarli edi. Biroq ko‘ngillarimiz tobora uzoqlashib borardi.
Kunlar o‘tib borar, siz dugonalarim uchun asosiy suhbat mavzusiga aylanib ulgurgandingiz. Shunday kunlarning birida kutilmaganda yo‘limizda paydo bo‘ldingiz. Bilmadim, siz dugonamni izlab kelganmidingiz, yoki meni?! Tushunolmadim. Balki dugonamni izlab kelganingizni bildirib, rashkimni uyg‘otmoqchi bo‘lgandirsiz, sizni bir dunyo yolg‘onlarga ko‘mib tashlagan qizni ko‘rib qo‘ymoqchi bo‘lgandirsiz. Bilmadim, azizim, bilmadim. Bu yog‘i qorong‘u. Biroq kelganingiz yoki kelmasligingiz emas, muhimi sizning kelishingizni bilib xuddi nimadir sodir bo‘ladiganday yuragimning bejolangani edi. Shunda tushunib yetdim hayotimning bir bo‘lagiga aylanib ulgurganingizni, ammo endi hech qachon birga bo‘lmasligimizni ham anglagan edim.
Kunlar o‘tdi. Dugonalarimning siz bilan munosabati davom etar, ular meni ko‘rganlarida bu haqda kulib, yarim chin, yarim hazil gapirishar, bu bilan eski yaralarimni yangilashardi. Ancha paytgacha ularning hazillarini tabassumlarim ortiga yashirib yurdim, biroq yuragim bunga dosh berolmadi. Bir safar siz haqingizda gapirishayotganda chidab turolmadim. Tilim o‘zimga bo‘ysunmadi.
– Bilaman,– dedim beparvo.
– Nimani bilasiz? – hayron bo‘lgancha so‘radi dugonam.
– Kecha telefonda gaplashganlaringni. Oldin men haqimda ozgina gaplashgansizlar, keyin u “keling, u haqida gaplashmaylik”, degan. Albatta, u bu gapni sizni nima derkin, degan maqsadda aytgan, keyin suhbat mavzusi o‘zgargan, shundaymi?!
Nega bunday deganimni bilmayman, balki alam qilgandir. Dugonam gaplarimdan keyin birdaniga jiddiy qiyofaga kirdi.
– Shunaqa deng, demak, hammasini aytibdi-da.
– Ha, aytdi. Shu paytgacha nima haqida gaplashgan bo‘lsangizlar hammasini.
Dugonam esankirab qoldi.
– Hammasini aytib berarkan-da…
– Ha, siz nima deb o‘ylovdingiz? Meni hech narsadan xabari yo‘q deb o‘ylagansiz, shunaqami? Oralaringizdan nima o‘tgan bo‘lsa, hammasini bilaman.
Jiddiy qiyofada gapirardimu, gaplarim qanday ta’sir qilayotganini ham kuzatardim.
Ularning tobora jahli chiqar, biroq alamini kuch bilan ichiga yutishardi. Ular bilan yaxshi kayfiyatda to‘planishib, yomon kayfiyatda tarqalishdik. Ko‘ngillariga qanchalik qattiq tegsa ham, qilgan ishimdan pushaymon emasdim. O‘zimni butunlay haq deb bilardim. Shu bilan birga meni “nimalar haqida gaplashishgan ekan?”, degan savol qiynardi.
Gumonlarim to‘g‘ri chiqsa ham, garchi alamlarim tarqaëtganday bo‘lsa ham, yuragim ozorlanishdan to‘xtamadi. Endi siz uchun men emas, dugonalarim bor edi. Dugonalarim uchun ham men emas, siz bor edingiz. Mening hech kimim yo‘q edi. Men endi hech kim edim. Shunday bo‘lsa ham yuragimda umid ko‘z ocha boshladi. Ovozingizni eshitish umidi. Ishonardim. Gumon qilib aytgan gaplarimni ular sizga aytishini, nima uchun bunday qilganimni bilish uchun qo‘ng‘iroq qilishingizni ham bilardim. Aslini olganda niyatim shu edi. Shu bahona ovozingizni yana bir eshitishni istardim. Kutganimday bo‘ldi. Garchi telefon jiringlagunga qadar hayajon ustunlik qilgan bo‘lsa ham, keyin o‘zim bilmagan qandaydir gina aralash shahd paydo bo‘ldi. Borib javob qildim.
– Allo?
– Yaxshimisiz?
O‘sha muloyim, o‘sha yoqimli ovoz. O‘sha hayotbaxsh kunlarga qaytganday bo‘ldim. Ich-ichimdan to‘xtatib bo‘lmas shodlik qaynab chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, sir boy bergim kelmadi.
– Yaxshi, rahmat. Kim bu?
– Tanimadingizmi?
– Tanimadim.
– Nega bunaqa qilayapsiz? Nega dugonalaringiz bilan oramizga sovuqlik tushiryapsiz?
Gapingizdan tutoqib ketdim. Rashk aqlimdan ustun keldi.
– Kim oralaringizga sovuqlik solibdi?
– Siz! Bo‘lmagan gaplarni siz aytmadingizmi?
– Aytdim, – dedim o‘zimning ishimdan o‘zim mamnun,– aytgan bo‘lsam, yaxshi bo‘pti.
– Yaxshi bo‘pti?! – kinoya aralash gapimni qaytardingiz. – Siz meni qiynab huzur qilasiz shekilli, shuncha qiynaganingiz yetmaydimi? Nega meni tinch qo‘ymaysiz?
Gapingizdan o‘zimni keraksiz buyumday his qildim, ovozingizni eshitib endi ovuna boshlagan yuragim yana bo‘zlashni boshladi. Yuragimdagi muhabbat o‘rnini mag‘rurlik egalladi.
– Bu sizning hayotingiz. Menga desa, o‘shalaringiz bilan qo‘shmozor bo‘lmaysizmi?!
Mening ovozim shu qadar nafrat, alam, g‘azab bilan yangradiki, hatto ovozimni o‘zim tanimay qoldim.
– Yo‘q, men o‘zim yo‘qolaman. Faqat tinch qo‘ysangiz bo‘ldi. Hayotingizdan, xayolingizdan butkul yo‘qolib ketaman.
Gapingizdan xuddi sizni tinch qo‘ymayotganday edim. Qasdma-qasdiga asablaringizni qitiqlash yo‘liga o‘tdim.
– Yo‘q, kim aytdi sizni tinch qo‘yadi deb. Hech qachon tinch qo‘ymayman, qayerda bo‘lsangiz ham, yo‘lingizdan chiqaveraman, tinch yashashga qo‘ymayman. Shu gapim kerakmidi sizga?!
– Bu gapni aytmasangiz ham bilaman.
Jim bo‘lib qoldim, nima deyishimni, buyog‘iga qanday yo‘l tutishni bilmay hayron edim. Haqoratlangandek his qildim o‘zimni. Oldin ishonchim, muhabbatim haqoratlangan bo‘lsa, endi g‘ururim oyoq osti bo‘layotgandek taassurot uyg‘ondi menda. Sezdingiz yuragimga og‘ir botganini.
– Kechiring.
Ovozingiz shu qadar yoqimli ediki, kechirishdan boshqa ilojim qolmadi.
Aslida muloyim gapirishingiz, yoqimli ovozingiz meni asir etgandi. Shu ovozingiz vujudimga ajib bir xotirjamlik baxsh etar, yuragimga farahbaxsh kuydek orom olib kirardi. Bu safar ham muloyim ovutishingiz kechirishga majbur qilib qo‘ydi. O‘zim bilmagan holda so‘zlaringizga javob qaytarar, ahvolingiz bilan qiziqardim. Ovozingiz sizga bo‘lgan tuyg‘ularimni fosh qilib qo‘yishimga majbur qilardi. Shu suhbatimiz sabab sizni qattiq sog‘inganimni, hammadan qizg‘anayotganimni tushunib yetdingiz. Suhbatimiz davom etar, vaqt atalmish yugurik otning manziliga yetganini sezmay qolardik. Iliq xayrlashdik. Shundan keyin har kuni qo‘ng‘iroq qilardingiz. Ovozingizni eshitgach yuragimni qandaydir xotirjamlik egallardi. Har safar suhbatimizda o‘tgan voqealarni muhokama qilar, bir-birimizning ko‘nglimizga og‘ir botmaydigan qilib tushuntirishga urinardik. Biroq o‘tmishni qancha oydinlashtirishga urinsak ham hammasi mavhumligicha qolayotgandek bo‘laverardi. Bundan afsus chekardim, xuddi yolg‘onlarim uchun bir umr kechirmaysizu, bu gunohning yuki yelkamni ezayotgandek edi. Munosabatlarimizni qancha ravshanlashtirishga urinmay, sirlarini fosh qilishni xohlamagan dengiz kabi sokin edingiz. Har qancha tirishmay aslida kim ekanligingizni anglab ololmasdim. Shu zaylda kunlar o‘tar, xuddi arosatdagi odamga o‘xshardim. Men uchun ikki yo‘l boru, shu ikki yo‘l aro sargardon edim. Siz tarafga talpinardim, biroq sirliligingiz to‘siq bo‘lib turardi. Ikkinchisi esa sizdan kechib ketish. Ammo muhabbatim bu yo‘lga yo‘latmasdi. Ko‘p o‘yladim. Aql va muhabbatimni murosaga keltirishga urindim va nihoyat sizga bo‘lgan mehrimni aql tarozisida tortib xulosa chiqarishga qaror qildim. Uchrashishga kelishgan kunimiz har doimgiday oqshom cho‘kib, yulduzlar ko‘z ochgan paytda qo‘ng‘iroq qildingiz.
– Allo?
– Yaxshimisiz?
– Rahmat, o‘zingiz-chi?
– Rahmat.
Shunday deb jim bo‘lib qoldingiz, nima uchundir bu safar nafas olishingiz ham eshitilmasdi. Har qancha urinmay sizda bo‘layotgan o‘zgarishni ilg‘ab ololmasdim. Va bu ko‘proq ikkilanishimga sabab bo‘lmoqda edi. Yana bir bor qaror qildim, shu ondayoq tuyg‘ularimizni, munosabatlarimizni, o‘tmishimizni, kelajagimizni, hamma-hammasini oydinlashtirib olishga. Endi bu haqda og‘iz juftlaganimda, savol berib qoldingiz.
– Nega jimsiz?
– O‘ylayapman.
– Nima haqida?
– Ikkimiz haqimizda.
– Ikkimiz haqimizda?! – takrorladingiz siz.
– Ha, ikkimiz haqimizda.
– Qachondan beri o‘ylayapsiz?
– Ko‘p bo‘ldi. Juda ko‘p vaqt!
– Rostdanmi?!
– Ha. Nima deb o‘ylaysiz, munosabatlarimizni aniqlashtirib olish vaqti yetmadimikin? Niyatingiz nima, dilingizda nima bor? Hatto kimligingizniyam bilmayman, sizni ko‘rmaganman ham?
– Xohlaysizmi ko‘rishni?
– Ha.
– Uchrashamizmi?
– Ha.
– Qachon?
– Ertaga.
– Qayerda?
– Bilmadim.
– Qayerga desangiz ham boraman, o‘zingiz hal qiling.
Hammasini o‘zimga qo‘yib berayotgandingiz. Ikkilanib qoldim. Oraga jimlik cho‘kdi.
– Nega jimsiz, uchrashamizmi?
– Ha.
– Qayerda?
– Xiyobonda.
– Qachon?
– Ertaga.
Shu javobni berishga berdimu, biroq yuragimni o‘zim bilmagan qo‘rquv aralash hayajon egallab oldi.
Qaror qabul qilguncha bo‘lgan qat’iyatim, “kelishdik” degan so‘zingizdan keyin qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. O‘rnini qo‘rquv, hayajon, anglab bo‘lmas shodlik egallab olgandi. Hayajonlanardim. Kelib ulgurmagan diydorlashuv onlaridan mast bo‘lib borardim. Ertangi kun haqida o‘ylarkanman, tuyqus savol berib qoldingiz:
– Sizga nima bo‘layapti?
– Hech nima.
– Sizga nimadir bo‘layapti?!
– Tushunmadim.
– Siz halitdan hayajonlanishni boshladingizmi?!
O‘zim sezmagan holda nafasim holatimni oshkor qilib qo‘ygandi.
– Yo‘q, sizga shunday tuyulayapti.
– Nahotki, – ovozingizda hazil aralash kinoya bor edi. Bu gapingizdan keyin hayajonim qancha kuchli bo‘lmasin, o‘rnini g‘urur egallashni boshladi.
– Ha, shunaqa, – dedim. Keyin “Xayr” dedim-da dastakni qo‘ydim.
Biroq telefon yonidan uzoqlashib ulgurmay, u yana jiringladi.
– Allo?
– Nega go‘shakni qo‘yib qo‘ydingiz, arazladingizmi?
– Yo‘q.
– Nega unda aloqani uzib qo‘ydingiz?
– Gapimiz tugadi deb o‘ylabman.
– Yo‘q, hali tugagani yo‘q.
– Menga aytadigan gapingiz bormi?
– Ha, yaxshi dam oling, ertagacha.
Ovozingiz shu qadar mehrli ediki, shu mehr tufayli tirikdek edim go‘yo.
– Siz ham.
Ich-ichimdan to‘xtatib bo‘lmas shodlik qaynab chiqardi. Biroq bu quvonch orqasida anglab bo‘lmas bir xavotir yashirin edi. Nimadan buncha hadiksirayotganimni o‘zim ham bilmasdim. Tezroq vaqt o‘tishini, tezroq erta kelishini istardim. Oshiqardim diydoringizga, kutganimning diydoriga.
Tong otdi. Quyosh zarrin nurlarini borliqqa ko‘z-ko‘z etib, ufqdan mo‘raladi. Derazani ochib unga ro‘baro‘ turib ko‘zlarimni yumdim. U vujudimni tobora ilitib borardi. Tafti xuddi mehringiz kabi qaynoq. Ruhimda ajib bir ohang. Bu ohang meni shu qadar rom qilib olgandiki, mast bo‘lib borardim. Sarmastligim uchrashuv vaqti yetgunga qadar davom etdi. Qanchalik hayajonlanmay, aqlim qat’iyatli bo‘lishga undardi.
Belgilangan vaqtda yetib bordim. Yo‘q edingiz. Hayajonim ortardi. Yo‘q, kelmasligingiz emas, siz bilan yuz-yuz bo‘lganimda qanday holatga tushishim tashvishlantirardi. Qancha betoqatlanmay, sezdirmaslikka harakat qilardim. Nazarimda, chekka-chekkada turib kuzatayapsizu, halovatsizligimdan huzur topayotgandingiz go‘yo. Sabrim toshib borar, agar yana bir soniyaga kechikkaningizda, bu makonni tark etishim haqiqat edi. Biroq bu fikrga kelib ulgurmay, ohista qadam tashlagancha kimdir kela boshladi. Xaëlimdan yashin tezligida “nahotki u”, degan fikr o‘tdi. Yuragimning urishi tezlashdi, qo‘rquv yoki hayo ustun keldimi, ketishga chog‘lanib qoldim. Biroq qimirlay olmasdim. Chunki to‘g‘ri meni ko‘zlab kelayotgandingiz. Ikkilanib qoldim. Qaror qabul qilib ulgurmay ro‘paramda paydo bo‘ldingiz. Qarashingiz o‘tkir, qat’iyatli, yana unda shu paytgacha hech kimda ko‘rmagan allanimadir akslanib turardi. Ko‘zlaringiz meni o‘ziga shunday sehrlab oldiki, ulardan kechib ketish mumkinmasdek edi. Nigohingizni ko‘zlarimdan uzmasdan yaqin keldingiz-da, men sog‘inib kutadigan o‘sha tovushga umuman yot bo‘lgan boshqa ovozda “Meni kutayapsizmi?” dedingiz. Ikkilanib qoldim. Yashin tezligida u emas, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.
– Nega gapirmaysiz?
Aro yo‘lda qoldim. Bu siz ekaningizga ishonishniyam, ishonmaslikniyam bilmasdim. O‘ylardim: “Agar u bo‘lmasa, nega bu yerga keldi, u bo‘lsa, nega ovozi boshqa, umuman unga o‘xshamaydi?”
O‘z-o‘zimni shu kabi savollar bilan ko‘markanman, ko‘zlarimga oldingidan ham qattiqroq tikildingiz.
– Qo‘rqyapsizmi?
Ovozingizda gina aralash kinoya bor edi. Shunda tushunib yetdim, meni hali-hanuz kechirolmayotgandingiz. Mehr aralash gina bilan qaradingizki, nigohlaringizga dosh berolmay yerga tikildim.
– Kimsiz?
– Tanimadingizmi?
– Yo‘q.
– Nahotki?
Endi bu siz ekaningizga umuman shubham yo‘q edi. Burilib keta boshladim. Hech nima demasdan ketayotganimdan hayron bo‘ldingiz.
– Qayoqqa?
– Yuring.
– Ishqilib o‘g‘irlab ketmaysizmi?
Hazilingiz oramizda to‘siq bo‘lib turgan yotsirashni ko‘targanday bo‘ldi. Biroq men hayajonlanardim, sezdimki, qanchalik o‘zingizni tutishga harakat qilmang, sizda ham shu holat edi. Ikkimiz yo‘lakchadan yonma-yon yurib borarkanmiz, garchi sizga ishonmasam ham o‘zimni baxtiyor sezardim. Chunki hammadan yashirib, dil-dilimga berkitgan sirim, kutganim yonimda edi.
Biroq hammasini qanchalik oydinlashtirishga harakat qilmaylik, barchasi mavhumligicha qolayotgandek bo‘laverdi. Chunki har qaysimiz o‘z-o‘zimizni oqlaganimiz holda, o‘zimizni o‘zimizcha haq deb bilardik. Ammo baribir siz ham xuddi men kabi o‘zingizni ich-ichingizdan ayblardingiz, xuddi men siz uchun azob chekayotganimdek, meni deb qiynalardingiz. Balki sizni shuning uchun ham yaxshi ko‘rgandirman. To‘g‘risi, nima uchunligini anglab yetmasdim. Kech kirib xayrlashadigan onlarimiz yaqinlashdi. Biroq xuddi men kabi xayrlashgingiz kelmayotgan edi. Ammo bizning xohishimizga qarshi bo‘lgan vaqt shuni taqozo qilardi.
Oxirgi lahzada kutilmagan savolni berdingiz.
– Agar hammasini unutib, barini boshidan boshlaylik desam, nima deysiz?
Savolingizdan bir zum o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Chunki diydorlashuvimizning birinchisi va oxirgisi bo‘ladi, keyin hech qachon ko‘rishmasak kerak, deb o‘ylagandim. Yuragimni shodlik to‘ldirgan bo‘lsa ham “yo‘q” dedim qat’iyat bilan.
– Nimaga?
– Qo‘rqaman.
– Nimadan?!
– Sizdan.
– Mendan?!
– Ha, sizdan. Hammasiga qo‘l siltashingizdan, keyin qiynalib yurishdan qo‘rqaman.
– Yo‘q, chindan meni desangiz, baxtli bo‘lishimiz uchun qo‘limdan kelganini qilaman.
So‘zlaringizga shubha bilan qarasam ham, dil-dilimdan quvonch ufurardi. Sevinchimni berkitishga har qancha urinmay, ko‘zlarim oshkor qilib qo‘yayotgandi. Ko‘zlaringizga tikildim. Bu ko‘zlardan muhabbat bilan birga samimiyat yog‘ilib turardi. Bu nigohlarga ishondim. Biroq ich-ichimdan nimadir “yo‘q” degan javobni berishga undardi. “Yo‘q” deya javob bergan bo‘lsam ham, muqim tura olmadim. To‘g‘rirog‘i, sizdan ajralgim kelmadi. Chunki baxtiyor edim. Kechirganingizdan, yana meni deganingizdan, men bilan qolayotganingizdan, baxtdan sarmast bo‘lib borardim. Ketar chog‘ingizda menga quvonch bag‘ishlaydigan tovushda “Telefon qilaman, yaxshi dam oling”, dedingiz. Sizdan uzoqlashar ekanman, izimdan kuzatayotganingizni his qilib turardim. Eshikni yopib ulgurmay, sim qoqdingiz.
– Allo.
– Allo, yaxshi yetib oldingizmi?
Ovozingiz sehridan yuzimga tabassum yugurdi.
– Ha, rahmat.
– Unda yaxshi dam oling, ertaga telefon qilaman.
– Mayli.
O‘sha tun baxt og‘ushida uxladim. Siz bir umrga yonimda bo‘lishga so‘z bergandingiz. Biroq ko‘p o‘tmay xaël qilganlarim, orzularim shunchaki sarob ekanini seza boshladim. Har kuni soatlab suhbat qurardik, biroq ovozingizdagi qachonlardir meni maftun etgan o‘sha sehr, samimiyatning o‘rnini qandaydir soxtalik egallab olgandi. Kundan-kunga sizga bo‘lgan ishonchim so‘nib borar, munosabatimiz omonatdek tuyulardi. Hayotim xavotirga burkangandi. Yo‘q, meni tashlab ketishingizdan emas, sevgim qalbimni tark etishidan, muhabbat o‘rnini nafrat egallab olishidan qo‘rqardim. Afsuski, asraganim, hammadan qizg‘anganim, muhabbatimga o‘zingiz darz yetkazdingiz.
Esingizdami, oxirgi diydorlashuvimiz. Bog‘, xiyobon, tungi chiroqlar. Bizni suratga olgan suratkash-chi?! O‘sha kun hayotimning eng baxtli lahzasi edi, chamamda. Sayr qildik, suhbatlashdik, kezi kelganda tortishdik, bahslashdik. Hammasi qandaydir maroqli edi. Biroq yuragimning allaqayerida g‘ashlik o‘rmalardi. Uni har qancha yo‘qotishga urinmay, vujudimga tomir otib borardi.
Xayrlashadigan vaqtimiz yetdi. Yo‘lak bo‘ylab sekin-asta qadam tashlab borar ekanmiz, yerga boqib nimalarnidir xayol qilardingiz. Gohi-gohida og‘ir xo‘rsinardingiz-da, ko‘z qiringiz bilan qarab qo‘yardingiz. Holatingizdan borgan sari xavotirim ortar, lekin o‘zimni beparvo ko‘rsatishga harakat qilardim. Manzilimizga yetgunga qadar na sizdan, na mendan sado chiqdi. Ikkimiz ham o‘z o‘ylarimiz bilan band edik. Xayrlashadigan joyga yetganimizda “yaxshi boring”, dedim. Ko‘zlarimga tikildingiz. Nigohingizda uzrxohlikka o‘xshagan, chorasizlik aks etib turardi. Borlig‘imni egallab ulgurgan g‘ashlik sababini tushunganday bo‘ldim.
Jilmayishga harakat qildim.
Siz esa menga tikilgan ko‘yi hamon jim turardingiz. Bir nima demoqchi bo‘lardingizu, biroq nimadir gapirishingizga to‘siq bo‘lib turardi.
Holatingiz xuddi hozir ketsam, ikkimiz boshqa hech qachon ko‘rishmaydigandek tasavvur uyg‘otdi. Ko‘zlaringiz tubida anglab bo‘lmas g‘ussa balqib turar, bu holat sababini dil-dilimdan anglayotgandek edim, biroq tushunishga, tan olishga hayiqardim. Agar hozir yana bir lahza qolsam, keyin bir umrga sizdan ajralishga mahkum bo‘lish xavotiri o‘rtardi meni. Shuning uchun yoningizdan tezroq ketishni istadim. Ko‘zlaringizga qaramaslikka urindim. Siz esa hali-hanuz o‘shanday tikilgancha turardingiz. Nigohingizda hali bizga yetib ulgurmagan ayriliqning ko‘lankasi aks etib turar, asta-sekin yuragimga ham uning soyasi tushib borayotgandi. Betoqatlandim. Yuzlarimda tabassum bo‘lsa ham yuragimni g‘ashlik kemirardi. Nogahon qo‘l telefonim jiringladi. Bemavrid bo‘lsa-da, bu holatdan chiqib ketish uchun ayni muddao edi.
Shugina telefon ko‘nglimga qo‘nayotgan xavotirlarni quvishga, tilingiz uchida turgan, biroq qanday aytishni bilmayotgan “alvido”ni kechiktirishga bir bahona edi.
– Uydagilar xavotir olishayapti, yana biroz tursam izlashga tushishadi.
Nimadir demoqchi bo‘lardingizu, gapirishingizga qo‘ymasdim. Oxiri toqatingiz toq bo‘ldi shekilli, ismimni cho‘zib aytdingiz. Deyarli shivirlab aytgan bo‘lsangiz ham unda qandaydir bezovtalik sezilib turardi.
Ko‘zlaringizga tikilgan ko‘yi jim qoldim. Unda dard, alam, iztirob yashirin edi. Ha, azizim. Ko‘zlaringiz ko‘zlarimdan kechishni istamayotgandi. Biroq o‘ch, yigitlik sha’ni bunga izn bermayotgandi.
Anglab yetdim. Sizdagi nafratni, sizdagi o‘chni, sizdagi orni. Angladim. Ammo tan olishni istamadim. To‘g‘risi, qo‘rqdim. Siz ham jur’at qilolmadingiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishga. Chunki siz ham mendan, ko‘zlarimdan kechishni istamayotgandingiz. Bilmadim, shu holatda qancha fursat o‘tdi. O‘girilib ketishga jur’atim yetmadi. Sekin-asta ortimga tisarilib sizdan uzoqlashar ekanman, nigohingizda menga atalgan muhabbat yig‘layotganini ko‘rdim. Biroq ovutishga haqqim yo‘q. Chunki shu muhabbatni o‘zim yaratib, o‘zim o‘limga hukm qilgandim. Men bu muhabbatni shunchaki ermak qildim. Endi esa o‘zim uning qarg‘ishiga uchrayotgandim. Men ketdim, siz qoldingiz. Aslini olganda siz ikki o‘t orasida qolgandingiz. Menga atalgan bu ikkala hisning birinchisi muhabbat, ikkinchisi nafrat edi. Ikkisidan birini tanlashga mahkum edingiz. Nima bo‘lganda ham to‘g‘ri va ikkimizga ham faqat yaxshilik keltiradigan qaror qabul qilishingizga ishondim.
Tuni bilan mijja qoqmadim. Faqat siz haqingizda o‘ylab, faqat siz haqingizda xayol surdim. Nihoyat zarrin nurlarini borliqqa ko‘z-ko‘z qilayotgan quyosh zamindan bosh ko‘tardi. Uning taftiga yuzimni tutib, xayolimga o‘zim bilmagan holda o‘xshatish keldi. “Xuddi uning mehridek issiq”. O‘ylab topgan so‘zlarimdan sarxush bo‘lib, quyosh nurlarining o‘tkirligidan yuzim kuyayotganini sezmay qolibman. U xuddi muhabbatingizdan yuragim kuyib qolishini aytib ogohlantirayotgandek edi.
Kun bo‘yi ko‘zimni yumsam ham, ochsam ham ko‘z oldimga kulib turgan chehrangiz kelar, qayoqqa qaramay faqat sizning siymongizni ko‘rayotgandek bo‘laverardim. Shunday sog‘inchli lahzalar ila vaqt o‘tib borar, sizdan esa darak yo‘q edi. Jonsiz telefon qachon tilga kirarkin deya betoqatlanardim. Biroq u ham holimni ko‘rib, ko‘rmaganlikka olardi. Gohida mazax qilganday asabiy jiringlab qolar, go‘shakni ko‘targanimda siznikiga o‘xshamaydigan begona tovush eshitardim. Lahzalar o‘taverar, hech qanday xabar keltirmagan bu fursatlar bilan kelisholmasdim. Ular atayin qilayotganday qayta-qayta xabarsiz kelib, dilimni xufton qilardi.
Shunday ozorlanishlar ila tun ham cho‘kdi. Xavotir meni o‘z iskanjasiga olar, ayovsiz siqar, uning qiynoqlariga chidolmagan yuragim o‘zini har yonga urardi.
Sabrim tugab borardi. Ortiq lahzalar o‘yiniga chidolmasdim. Shu sabrsizlik orqasidan sizga qo‘ng‘iroq qilishga jazm qildim. Biroq go‘shakni ko‘targan qo‘lim uni qaytib joyiga qo‘ydi. Chunki dilimdagi sog‘inch qancha cheksiz bo‘lmasin, andisha uning yo‘lini to‘sib turardi. Tobora halovatsizligim ortib borar, xuddi endi hech qachon ovozingizni eshitmaydigandek, boshqa sizni ko‘rmaydigandek edim. Meni xavotir ezardi. Bir xavotirki, buni yengish mumkinmasdek edi.
Shunday xayollar bilan yulduzsiz osmonga tikilarkanman, nogahon qo‘l telefonimga xabar keldi. Xabar sizdan edi. Beixtiyor bulut to‘sgan qalbim nurga to‘ldi. Hovliqqan ko‘yi o‘qidim. “Endi meni unuting, telefon ham qilmang, xabar ham jo‘natmang. Sizni xuddi meni aldaganingizday yolg‘onlarga ko‘mdim. Xayr!”
Xabar kelganida borlig‘imni qanday shodlik qamragan bo‘lsa, uni o‘qib dunyoim shunday qorong‘i bo‘ldi. Behol devorga suyandim. Chap ko‘ksimda nimadir sanchdi. Bir necha soniya nima bo‘layotganini anglayolmadim. Fursatlar o‘tib, yuragim ovozini eshitdim. U uvvos solib yig‘lardi. O‘sha tun yuragimni ovutolmadim. Har qancha o‘zimni tetik tutishga urinmay to‘kilib borardim. Shu zaylda tun tongga, tong kunga, kun esa tunga ulandi. Kelmasligingizga ishonib, faqat xotirangiz bilan yashashni boshlagandim. Xotirangizgina yashashim uchun tayanch bo‘lardi. Yodingizni tirgak qilib yana bir tongni kutib oldim.
Bu tong har kungiga o‘xshamas, oftob har kungiday nurlarini ko‘z-ko‘z qilmas, sekingina bulutlar orasidan suzib chiqayotgandi. Bulutlar esa uni o‘z quchog‘idan qo‘yib yuborgisi kelmaganday, quyosh yuzini to‘sib turardi. Nur bilan abr shunday omuxta ko‘rinardiki, bu manzara odamni o‘zga olamlarga yetaklab ketardi. Xayollarimni qo‘qqis qo‘ng‘iroq to‘zg‘itib yubordi.
– Allo?
– Allo, qizim, yaxshimisan?
Onam edi.
– Assalomu alaykum, o‘zingiz yaxshimisiz?
– Yaxshi, rahmat, qizim, senga otangning gapini aytgandim-a, – dedi onam to‘g‘ridan-to‘g‘ri. Gap nimadaligini darrov angladim.
– Kecha otang do‘stiga roziligini berdi. Bu haqda senga kecha aytmoqchi edim, ammo allamahal bo‘lgani uchun bezovta qilgim kelmadi…
Onam to‘xtamasdan gapirar, mening esa qulog‘imga gap kirmasdi. O‘ylardim. Birga suhbat qurgan onlarimiz, kunlarimiz haqida…
– Allo, eshitayapsanmi?
– Ha.
– Mayli, uchrashib gaplasharsan.
Go‘shakdan qisqa-qisqa gudok keldi.
Endi men uchun hammasi baribir edi.
Tayinlangan paytda uchrashuv joyiga bordim. Ongim nima qilayotganimni idrok etolmas, faqat shunday qilishim lozimligini anglardim. Uchrashuv vaqtidan ancha kech borgan bo‘lsam ham, belgilangan joyda hech kim yo‘q edi. O‘rindiqqa og‘ir cho‘kdim. Siz haqingizda xayol surib o‘tirar ekanman, kimdir ro‘paramga kelib “salom”, dedi. Yuragim bir qalqdi. Bu sizning ovozingiz edi.
Tovushingizni eshitib o‘rnimdan turib ketdim. Shunda ro‘paramda turgan siz emas, umuman boshqa kimsa ekanini ko‘rdim. Ko‘rdimu, sizsizlikdan qo‘rqib ketdim. Sababi, qarshimda men o‘ylagan ulkan muhabbat sohibi, hayotimni nurga chulg‘agan qalb egasi emas, bor-yo‘g‘i ota-onasi ra’yi bilan notanish qiz huzuriga uchrashuvga chiqqan, taqdiriga jimgina ko‘ngan qiyofada bir yigit turardi, xolos.
Orqamga asta-sekin tislandim, bilmadim, nima uchundir boshim oqqan tomonga chopib ketdim. Izimdan hayron bo‘lganingizcha qarab qoldingiz.
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 3-son.