O‘tgan bahor ayvonimiz shiftiga ikki qaldirg‘och in qurdi. Kech kuzda uchirma bo‘lgan polaponlari bilan uyasini tark etgan qaldirg‘ochlar ortidan qaragancha o‘ylab qoldim: xosiyatli qushlar-ku, albatta, qaytadi. Biroq qanotli do‘stlarim olib ketgan tuyg‘ular qaytarmikin-a?
BAHOR
Bahor — kelinchak misol noz-karashmali fasl. Ko‘klam nafasi ko‘ngilga ajib his soladi. Nimanidir intiq bo‘lib kutasiz. Kutayotganingiz nimaligini bilmasangiz-da, ichikib sog‘inasizmi-ey! Bu tanti tabiatning insonga in’om etgan eng bokira va nafis tuyg‘ulari, shekilli.
Shiftga ma’noli termulib yotgan bemor. Ochiq derazadan quyosh nuri sizib kiradi. Bemor jilmayadi. Qalbida umid torlari chertilib ketadi. U har kuni yaqinlariga deraza ochiq turishini tayinlaydi. Hayot nafasini his qilish qanday yaxshi!
Bir kun bemor yotgan xonaga tashqaridan totli hid kirib keldi, juda tanish. Nima ekan? Gulga o‘xshamaydi, taom ham emas, tandirdan endi uzilgan nonmikan?
— Ha-a, top-d-i-im! — bemor hayajonlanib o‘rnidan turib ketayozdi. — Su-ma-lak! Parilar taomi sumalak! Qizgina sumalakning qaynashini ko‘rish niyatida o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, ammo tanasida mador yo‘q.
Lekin bemor yana asta-sekin oyoqlarini harakatlantirishga urindi va buning uddasidan chiqdi. Hayajon ta’sirida asab tolalarida tiklanish paydo bo‘ldi. U ohista odimlagancha deraza tomon qadamini bir bosdi, ikki, uch va, nihoyat, derazaga yetdi. Hovlida doshqozon, biqir-biqir sumalak qaynaydi. Onasi bosh-qosh, opa-singillari o‘choq kovlaydi.
Mahliyo jigarlarning yuzida quvonch emas, hazinlik ko‘rib ajablandi. Ko‘ngli sezib turibdi. Uning taqdirini o‘ylashyapti. Doim sho‘x-shaddod, bir gapirib o‘n kuladigan qiz to‘shakka mixlansa-yu, ularga xursandchilik tatirmidi? O‘tgan yilgi sumalak pishirarda yallayu qo‘shiq aytib davrani qizdirgan Mahliyoning bunday holatga tushishi kimning xayoliga kelibdi, deysiz?
…Avtohalokatga uchragan qiz — Mahliyoning orzulari qanchalik cheksiz edi. Baxtsiz tasodif tufayli uch oydirki, bari sarobga aylangandek go‘yo. Shifokor uning onasiga: «Hozircha yurib ketishidan umid yo‘q. Muolajalar naf bermasa, yana bilmadim», degan edi. Mana, shunga ham uch oydan oshdi…
…Qiz siniq tovushda onasini chaqirdi. Niyatlarini aytib, sumalak kovlayotgan ona buni eshitmadi. £iz bor kuchi bilan onasini yana chaqirdi. Qozon atrofidagilar «yalt» etib unga qarashdi.
— Voy qizim, o‘zingmisan! Yo, xudo qudratingdan! Yuryapsanmi! Tilaklarim ijobat bo‘libdi-da! Yaratganga shukr!
YoZ
Chol uyqudan turdi. Tahorat olib asr namozini o‘qigach, so‘ri atrofiga qalin suv septirdi. Hali og‘iz ochishga ikki soatcha bor. Yostiqqa yonboshlab, gazeta varaqladi. «Oilangiz kelajagi uchun mas’ulsiz!» degan sarlavhaga ko‘zi tushib, ensasi qotdi. Kim bilmaydi shu gapni! Lekin shu tob ko‘z o‘ngiga oila qurishi kerak bo‘lgan nevarasi Yunus keldi. Yoshi yigirma beshga borayapti, uylanmasmikan bu bola? Shu masalada o‘g‘li va keliniga maslahat bermasa bo‘lmaydi.
Qishloqqa shom tushdi. Tosh ko‘chadan o‘tayotgan qo‘ylarning oyog‘i tagidan guppa-guppa chang ko‘tariladi. Issiqda sulayib yotgan it, endi ³o‘y-qo‘zilarga qarab huradi. Katta kelin sigirni sog‘ish uchun buzoqni iydirishiga qo‘ydi. Buzoq og‘zini sigirning yeliniga urib-urib, yutoqib sut emadi.
Dasturxon yozildi. Ezilib pishgan luchchak shaftolidan tortib, hidi mast qiladigan amiri qovun, qatiq — bari-bari bor. Lekin Yusuf bobo badnafslik qilib har narsaga qo‘l uravermaydi. Azaldan tabiati shunaqa, kam-kamdan yegan kishining umri uzo³ bo‘lishini biladi. Og‘izocharga tayyorlangan ³aynatma sho‘rva otaning ishtahasini ³iti³lab yubordi. Deh³onchasiga ³ilib, non to‘g‘radi-da, ichib oldi. Endi birpas oshqozoniga dam berish kerak. Nafsni jilovlagan kishining sog‘lig‘ida muammo ne qilsin!
Ariqqa tashlab qo‘yilgan tarvuz keltirildi, ³ucho³³a si²maydi-ya. Ikki kosaga ajratilib, biriga erkaklar, ikkinchisiga ayollar egalik qilishdi. Qand bo‘lib ketibdi-ya, ona yerning mo‘jizasini qarang! Yusuf ota tarvuz urug‘ini birma-bir qo‘liga olar ekan, salmoqdor ohangda gap boshladi:
— Xullas, gap munday: Yunusboyni uylab qo‘ymasak bo‘lmaydi, yoshi o‘ttizga qarab ketayapti, eshitgan quloqqa uyat. O‘qishini tugatgan bo‘lsa! Ishlayapti, maoshi o‘ziga yetadi. Nima deysizlar? — bobo bir chekkada jim o‘tirgan Yunusga yarim tahdidli ohangda yuzlandi:
— Ko‘nglingda birov bo‘lsa ayt? Keyin bizdan norozi bo‘lib yurma!
— So‘rab nima qilasiz, bilasiz-ku!? — dedi yigit uyalgannamo.
Oila a’zolarining munozaralaridan so‘ng shu qishloqda yashovchi Mahliyo ismli qizni so‘rab boradigan bo‘lishdi. Sovchilik, sizdan ugina, bizdan bugina deganday… Ammayu xolalar jam bo‘lishib, «qulchilik»ka otlanishdi… Ammo qizi borning nozi bor, darrov rozilik bildirishmayapti. Mayli-da, bir-biriga ro‘yxushligi bo‘lgach, oxiri ko‘nmasdan iloji yo‘³. Ammasining shirin tilidan bu xushxabarni eshitgan bo‘lajak kuyov miyig‘ida jilmayib qo‘ydi. Nariroqda bemalol choy xo‘playotgan otasiga ko‘zi tushgach, uyalib uyga kirib ketdi. Hali ham otasidan uyaladigan o‘g‘illar bor ekan-a.
— To‘yni kuzda qilamiz, pishiqchilik, salqinda odamlarni bir joyga yig‘ish ham oson, — dedi Yusuf ota kelin tomonga fotiha to‘yini o‘tkazish uchun borganlarida.
— Ha-a, bizning ham niyatimiz shu, — deya bu fikrni ma’qullashdi qudalar.
To‘y kuzga belgilandi. Hayot esa yil fasllari uzra davom etadi…
KUZ
Tiyramoh. Odamga xush yoqadigan, salqin shabada ko‘krakka kelib uriladigan mavsum. Qishloqda odamlar chumoliga o‘xshab g‘imirlagani-g‘imirlagan. Nima bo‘lsa ham, qishga jamg‘arishadi. Murabbo, kompot, qovun qoqisi, tarvuz shinnisi va hokazo. Qishki qovun-tarvuz ham esdan chiqarilmaydi.
Kuz kunlari bir tutam. Kun botguncha dunyoning ishini qilish kerak. Ne’mat chavandoz odatdagidek erta uyg‘ondi. Mol-holga xashak bergach, mahalla raisligiga yana saylangani to‘g‘risida xayol surib ketdi. Demak, odamlarning ko‘ngliga yo‘l topibdiki, ikki marta saylashdi. Ba’zilar «Raislik ham ish bo‘libdimi?!» deyishadi, shu lavozimga tayinlashsa, bir ko‘rardi ahvolini. Kimning uyida janjal, to‘y-ma’raka maslahati, beva-bechoraga yordam — bari raisning gardanida. Ne’mat raisning ko‘zi darvoza oldida turgan ayolga tushdi. Tanidi, bu qishloqqa yaqindagina ko‘chib kelgan taksichining ayoli. Aytishicha, eri tomorqasining yarmini sotmoqchi bo‘layotgan emish. Hatto narxini ham kelishib qo‘yibdi. Bundan xabar topgan ayol to‘ppa-to‘g‘ri raisning yoniga kelibdi. Yer sotgan yaxshi emas. Ammo oldi-sotdini pishitgan ikki erkakning orasiga tushib, masalani ayolning manfaatiga hal qila olarmikan?
Er masalasi bir yoqda qolib, xotini eri bilan ajrashmoqchiligini aytsa bo‘ladimi! Bunday masalaga jiddiy qarash lozimligini mahalla oqsoqoli qancha tushuntirmasin, ayol baribir gapida qat’iy turib oldi.
— Yer meniki, xotin meniki, aralashishga nima ha³³ingiz bor, rais aka? — dedi haydovchi uzil-kesil ohangda oqsoqolning gapini bo‘lib.
— Balki haqdirsan, ammo qishloq bedarvoza emas. Birov qiynalib, oh-voh cheksa, biz qarab turolmaymiz. Endi eshitadiganimiz shu gap bo‘ldimi?
— Sening bu ishing to‘qlikka sho‘xlikdan boshqa narsamas. Xudoga shukr qil, topish-tutishing yaxshi, gulday bolalaring, xotining bor. Endi bu nima qiliq? Bugun ichib olib, yeringning yarmini sotsang, ertaga uyingni, keyin qishloqni… chidab bo‘ladimi bunga? — dakki berdi otaxonlardan biri.
Dakki-dashnom taksichiga kor qildi, shekilli, ko‘pchilikning gapiga qarshi borolmadi.
— Gap shu, kelin, ahil bo‘lib yashayveringlar, agar ering yana bir hunar chiqarsa, menga bor. O‘zim surobini to‘g‘irlab qo‘yaman! Xo‘pmi? — deya rais masalaga xulosa yasadi. — Endi hamma to‘yga, Yusuf bobo nevarasini uylantirayapti!
QISh
Surxon vohasining qishi boshqacha. Uch tomoni tog‘ bilan qoplangan bu o‘lkada qor yog‘sa bormi, odam-odamni tanimaydi. Janubdan esgan shamol Hisor tog‘laridan orqaga qaytsa, yog‘ingarchilik bo‘lishi aniq. Shu sababli Termiz tomondan shamol esa boshladimi, odamlar ishlarini tez-tez saranjomlashga kirishib ketadi. Erkaklar bostirmaga yantoq bosadi. Ayollar o‘tinni pechkaning yoniga g‘amlab qo‘yadi.
Osmonni quyuq qora bulut qoplab, shamol janub tarafdan esa boshladi. Tush payti momoqaldiroq gulduradi. Shamol zo‘raygandan-zo‘raymoqda. Uyning tom qismi guvilladi, shifer kuchli shamol ta’sirida shunaqa ovoz chiqaradi.
— Bo‘ron boshlanadimi deyman-da, shiferlarni uchirib ketmasaydi! — dedi pechka oldida nevaralari bilan paxta chigitlab o‘tirgan momo. Bir payt «qars» etib terak shoxining singani eshitildi. Birovning bo‘ralab so‘kingani quloqqa chalindi.
— Kimningdir shiferi uchib ketdi-yov, — deb To‘xtamurod derazadan tashqariga qaradi va:
— Aytmadimmi, ana Yo‘ldoshboyning tomi ochilib qolibdi, — dedi achingannamo.
Jala aralash bo‘ron tingach, yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek odamlar birin-ketin uylaridan chiqa boshladi. Talafot ko‘rmaganning o‘zi yo‘q! Kimningdir g‘arami titilib, uchib ketgan bo‘lsa, birov tandiri ag‘naganidan noliydi, lekin eng katta talafot — Yo‘ldoshboyning shiferi uchgani. Qishloqdoshlar bosh silkishib attang qilishar, qo‘li kaltaroq bo‘lgan qo‘shnilariga qanday yordam berish yo‘llarini izlashardi. Qahraton qish, hammaning tashvishi o‘ziga yetarli. Ammo odamgarchilik baridan ustun qo‘yiladi.
— Yo‘ldoshboyga bir «ha» demasak, uyat, — dedi qishloq ahlini muruvvatga chorlab Jo‘ra bobo.
— To‘g‘ri aytasiz, bobo, — deb ma’qulladi Murod fermer. — Menda yigirmata shifer bor. Yozda o‘rtancha o‘g‘limga uy solmoqchiydim, ungacha xudo poshsho, — dedi.
— O‘zi nechta shiferi uchibdi? — deya qiziqdi Normat traktorchi.
— Qirqtadan kam emas, — «aybdor»ning ovozi ichidan zo‘rg‘a chiqdi.
— Mendayam o‘nta shifer bor, oshxonadan ortib qolgani, — dedi traktorchi.
— Yana o‘nta yetmayaptimi? — savol tashladi Jo‘ra bobo.
— Bu yog‘ini bir qo‘zili qo‘yni sotib olaman, shu yog‘iga ham ming rahmat! Yaxshiyam, sizlar bor ekansizlar! — dedi Yo‘ldoshboy mamnun qiyofada.
Ertasi kuni Yo‘ldoshboy otanikida hashar boshlanib ketdi. Birpasda tomning kam-ko‘sti tuzatilib, qishloqdoshlar dasturxon atrofiga yig‘ilishdi.
— Gap bunday bo‘pti-da! — dedi Normat traktorchi.
— Ha, birlashgan o‘zadi, og‘aynilar! — dedi Yo‘ldoshboyning yon qo‘shnisi Murod fermer.
— Albatta, albatta! — ma’qullashdi qolganlar.
«Ma’rifat» gazetasining 2015 yil 52-sonida chiqqan