Shavkat mening bolalikdagi do‘stim. Do‘stim, deb alohida ta’kid bilan aytishni taqozo qiladigan sabablar bor.
Farzandi, ayniqsa, o‘g‘li bor oila bolaning kim bilan do‘stlashishi, ko‘chada kim bilan o‘ynayotganiga alohida nazar bilan qaraydi. Olmaning ostiga olma tushadi. Mening dadam bilan Shavkatning dadasi ham biz kabi do‘st bo‘lib o‘sishgan. Bolalikdan bir-birining fe’liyam, fazilatiyu kamchiliklariyam ikkisiga ma’lum. Bir so‘z bilan aytganda, ular o‘zlarining nazarlarida do‘stlikka munosib edilar. Darvoqe, ikkisiyam maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashar, mening dadam matematikadan, Shavkatning dadasi biologiyadan dars berardi. Men bilan Shavkat ham bir-birimizga mos edik. Bolalik xotiralarimning barchasida Shavkatning alohida o‘rni bor. Bir-birimizga shunchalik ko‘nikib qolgandikki, orzularimizdagi tasavvurlarimiz ham o‘xshash bo‘lardi. Maktabni birga bitirib, birgalikda o‘qishga kirib, keyin bir joyda ishlashimizniyam o‘zimizcha rejalashtirardik. Ha, aytmoqchi, bu tasavvurlarning eng qizig‘i, albatta, harbiy xizmatga borishimiz va u yerda birgalikda qahramonlik ko‘rsatishimiz bo‘lardi. Birimiz ikkinchimiz uchun xayollarimizda qalqon bo‘lardik hamisha. O‘sha beg‘ubor tasavvurlarni hozir ham eslasang, xotirang yorishib ketadi. Beg‘ubor, musaffo tong havosiga o‘xshaydi bu xayollar.
Kunlardan bir kuni dadam, onam, ukam va men birgalikda Shavkatlarnikiga mehmonga bordik. O‘sha kuni do‘stlar — otalarimiz alohida xonada o‘tirishdi, negadir shunday bo‘ldi. Mening onam bilan Shavkatning onasi hazillashib, “Erkaklar boshqa xonaga”, deb biz bolalarniyam dadalarimiz bilan birga uyga kiritib yuborishganlaridan keyin go‘yo birpasda kattarib qolgandek bo‘ldik. Bir joyda bolaning ichi qaynab ketadi, biz ham dasturxondan qo‘lga ilinganini olib, o‘ynagani ko‘chaga otildik. Kechqurun ularning uylariga yaqin joyda bolalar futbolga yig‘ilishardi, shunga shoshildik. Qosh qorayganda o‘yindan qaytdik. Ovqatlanib bo‘lishgach, yana o‘yinga otlangan edik, Shavkatning dadasi bizni to‘xtatdi:
— Qani, kelinglar. Ikki minutdan keyin o‘ynayverasizlar! – dedi u kishi va dadamga yuzlandi, — G‘ulomboy, mening ko‘nglim to‘lishi uchun boyagi aytganimni bajarib qo‘ymasak bo‘lmas?
— Qo‘ying, Said, kerak emas, o‘ynayversin bular. Hali bola-da, sal kattarib bir narsani tushunsin oldin.
Shavkatning dadasi dadamning gapiga parvo qilmadi.
— Siz qarab turing, hali menga shu ishni to‘g‘ri qilgansiz, deysiz.
Dadamning ko‘rinishi o‘zgardi, ilojsizligi sezildi. Biz bolalar esa hech narsaga tushunmay turibmiz.
— Ikkalang, — dedi Shavkatning dadasi. — Hozir bir-biring bilan qiyomatlik do‘st bo‘lishga ahd qilasizlar. Bizning senlardan ko‘nglimiz xotirjam bo‘lsin. Bolaliklaring qolmadi. Bu yil to‘rtinchini tugatasizlar, axir. Endi, G‘ulomboy, aytay, men sizlarni sababini aytmay chaqirganim – ziyofatga sabab shu! Buni juda zarur deb bildim, hayotimiz shu bolalarimizda davom etadi, nasib bo‘lsa. Shunday emasmi?
Keyin onalarimiz xonaga kirdi. Shavkatning onasining qo‘lida yangi choponcha. Mening onamning qo‘lida esa tovoqda bug‘i chiqib turgan bir taom. Hididan bildim: qovurilgan go‘sht.
Xullas, Shavkat ikkimiz bir-birimiz bilan bir umr sadoqatli do‘st bo‘lishga, do‘stlikka xiyonat qilmaslikka, Shavkatning dadasi aytgandek, ahdlashib va’dalashdik.
Qovurma go‘sht iligini ikkimizga tutqazib qo‘yib ahdimizni baravar ayttirishdi: bir umr dadalarimizday sodiq do‘st bo‘lamiz!..
Oltinchi sinfga o‘tib o‘qiy boshlaganimizda Shavkatlarning oilasi cho‘lga ko‘chib ketadigan bo‘lib qoldi. Shavkatning dadasi, Said bobom mas’uliyatli davlat ishiga o‘tib ishlaydigan bo‘pti. Ularning oilasi ko‘chib ketgach, men ham bolalik bilan xayrlashib, o‘smirlik bilan yuzlashgandek bo‘ldim. Ilgari Shavkat bilan bahs boylashib, ikkimiz ham faqat “besh”ga o‘qirdik. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi-da, axir, biz o‘qituvchilarning bolasimiz.
Shundan so‘ng go‘yoki bir narsamni yo‘qotib qo‘ygandek bo‘lib yurdim. Bu o‘qishimga ham ta’sir qildi. Men borgan sari kamgap, odamovi ko‘rina boshladim chog‘i, jo‘ralarim ham ilgarigidek muomalada bo‘lmay qoldi. Balki rostdanam o‘zim shunchalik o‘zgargandirman. Ayni shu paytlardan boshlab birinchi partada o‘tirishning qizig‘i qolmadi. Shavkatning o‘rnini bosadigan o‘rtog‘im yo‘q edi. Shavkat yozgi ta’tilda qishloqqa kelib, bobosining uyida turib ketdi. Keyingi yillarda umuman kelmay qo‘ydi. Buyam negadir menga ta’sir qilardi, negaligini bilmayman. Bir kuni dadam onamga aytayotgan gapni eshitib qoldim:
— Said jo‘ra ham boshqacha bo‘lib ketipti, odam o‘zgarib ketarkan-da…
Onam ham negadir, o‘z-o‘zidan dadamning gaplarini ma’qulladi. Ko‘nglimga bir hadik oraladi. Odamovi bo‘lib, sinfdagilarning o‘zi bir taraf, mening o‘zim bir taraf bo‘lib yurganimda yettinchida o‘qirdim. Shunda menga bir yordam, ilohiy madad keldi go‘yo. Men, beixtiyor, ko‘chamizdan birga maktabga borib keladigan sinfdoshim Gulnoza bilan kimo‘zarga o‘qiy boshladim. U yaxshi qiz edi.
Shu kunlardan boshlab hayotimga mazmun kira boshlagandi. Bu Gulnozaning borligi, uning (garchi, dars yuzasidan bo‘lsa-da) aytadigan gaplari tufayli edi. Bir kuni maktabga borayotganimizda Gulnoza shunday dedi:
— Negadir dars qilgim kelmayapti, seningchi, Sanjar? — dedi u.
— Mening ham.
— Menga qara, — u quyoshga qo‘lini soya qilib to‘xtadi, — papkamni ko‘tarib yurmaysanmi?
— Nega men sening papkangni ko‘tararkanman, o‘zing ko‘tar!
— Ko‘tarmasang ko‘tarma, men ham o‘lib turganim yo‘q, senga papkamni berib.
Uning o‘sha holati – ko‘zini quyoshdan to‘sib, qo‘lini peshonasiga qo‘yib turganini haligacha eslayman.
Men oxiridan ikkinchi partada bir o‘zim o‘tirardim. Yonimdagi joy esa bo‘sh. Vaziyat shunga olib keldiki, har kun birga qatnayvergach, Gulnozga o‘rganib qoldim. U Shavkatning o‘rnini to‘ldirgandek edi. Va maktabni bitiradigan yilimiz birato‘la mening oldimga “ko‘chib” qo‘ya qoldi.
— Meniyam birinchi partada o‘tirgim kelmay qoldi, — dedi u papkasini mening partamga qo‘yib.
— Birinchi partang yaxshimasmi? — dedim beixtiyor quvonganimni sezdirmay.
— Doska bu yerdan yaxshi ko‘rinarkan-da, a?
— Shahnoza-chi?
— E, faqat, kiyimdan, modadan gapiradi.
— Nega orqada o‘tirging kep qoldi, demaydimi? – negadir, xavotir bilan so‘radim.
— Kim nima desa deyavermaydimi, orqa partadan doskaning yaxshi ko‘rinishi rost-ku, to‘g‘rimi? Rostdanam o‘qiyman, desang, uyingda o‘qisang ham yaxshi o‘qiysan – kerak bo‘lsa!
Meni shu paytgacha o‘zimga notanish bo‘lgan g‘aroyib hissiyot qamrab olgandi, o‘zimdan, o‘qishimdan, hamma-hammasidan ko‘nglim to‘qday bo‘ldi birdan.
Bir kuni insho yozdik, erkin mavzuda.
Dars so‘ngida insholarimizni muallimimiz yig‘ib oldi. Men “Orzularim” degan mavzuni tanlab yozgandim. Darslar tugagach, insholarni ko‘rib ulgurgan shekilli, o‘qituvchimiz daftarlarimizni tarqatdi.
— Baholaringni bilib olinglar, – dedi ustoz bizning partamizga yaqin kelib, – Gulnoza, sening inshoing har doimgidek yaxshi yozilipti, lekin, qarab chiqib, boshqatdan yoz!
Gulnoza inshosini olib, tezda kitobining orasiga qo‘ydi.
Maktabdan qaytayotganimizda so‘radim.
— Nima deb yozding inshoni, hammadan yaxshi yozibsan-da, yana qaytadan yozarmishsan?
— Shuni juda bilging kelayaptimi?
— Hammadan yaxshi yozganingdan keyin, hech bo‘lmasa mavzusini…
— Ma, sen o‘qisang bo‘ladi, esingda tursin, faqat sen o‘qisang bo‘ladi. Uyingda o‘qi!
Uning inshosini oldim. U daftarni papkamga solib bo‘lgunimgacha to‘xtab, qarab turdi.
Uy tomon burildimu uning inshosini olib o‘qiy boshladim, o‘qiyapmanu ko‘zimmi, yuragimmi – jimirlab boraverdi tobora. Sarlavha — “Qayerdasan, muhabbat…” Ikkigina varaqqa mayda qilib anchagina narsalarni yozipti. Buni shunchaki o‘qib bo‘lmasdi. Bir necha marta to‘xtab… o‘qiyman, qaytadan o‘qiyman. O‘sha inshoning oxirgi satrlari shunday edi: …qayerdasan, muhabbat? Yonimda turgandaysan, shu holating bilan olis-olislardasan. Shubhalar ko‘p, gumonlar ko‘p, ularning orasidan bir ishonch keladi: Sen borsan, muhabbat. Borligingga shubha qilmayman. Shuning uchun senga, dunyodagi hamma narsadan ham ko‘proq senga ishonaman. Faqat ayt, o‘zing ayt, …qayerdasan sen ey sehrgar kuch?!
Shundan keyin men Gulnozaga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaganimni sezmay qoldim. U men o‘ylagandan ko‘ra… xullas, u boshqacha edi, u hech kimga o‘xshamasdi. Darvoqe, ertasiga inshosini qaytarib bermoqchi bo‘luvdim, senda qolaversin, dedi. Men esa, negadir noqulay bo‘ldim va shu holat sabab, papkasining ichiga inshoni tashlab yubordim. Aslida o‘zimda qolaversa bo‘larkan.
U menga jilmayib qo‘ydi, uning jilmayishini boshqa hech kimda ko‘rmaganman.
— Sen mendan yaxshi yozsang kerak, — dedi.
Men, bir narsalarni tushunib-tushunmay gapni boshqa tarafga burdim. Shu kundan boshlab, Gulnozaning oldida tilim o‘zimga bo‘ysunmay qoladigan bo‘ldi.
Bir-birimizga faqat o‘sha – asosiy gapni aytmaymiz, qolgan hamma gapimiz bir edi.
Maktabdagi o‘qishlarimiz, asosan, tugab, erta-indin imtihonlar boshlanadi, degan kunlarda eshitib qoldim: Shavkat kelibdi. Axiyri kelibsan-ku, deyman ichimda, uning bobosining uyiga yurib emas, uchib bordim. Shavkatni uzoqdan ko‘rdim – hovli o‘rtasidagi supada, yostiqqa yonboshlab, oyog‘ini pastga osiltirib yotipti. Ovoz bergan kishi bo‘lib, hovliga kirdim. Qarang, kepti axiyri, to‘rt yil bo‘ldimi, besh yil bo‘ldimi… kepti-da baribir. Shoshayapman, go‘yo shu supada yonboshlagan Shavkat emas, mening bolaligim…
— O‘h-ho‘, Sanjar! – o‘rnidan turib menga qarab turgan Shavkatni bir qarashda tanish qiyin bo‘p qopti. Bo‘ylari o‘sib ketgan…
Shoshib kelayapman, quchog‘imni ochib borishga ulgurishim kerak edi, qarasam… Shavkat jilmayganicha, o‘ng qo‘lini men tomon cho‘zib turipti (demak, quchoqlashib ko‘rishmaymiz-da).
Ko‘rishdik. Men birgina lahzada bolaligimdan ancha-muncha uzoqlashib ketganimni tushunib yetdim. Shavkat shaharliklarga o‘xshab kiyinib olgan, mendan uzun, ovozi do‘rillab, gaplariniyam salmoqlab aytadi. Kiyimlarini to‘g‘rilab, qoqib-qoqib qo‘yadi. Men sekingina o‘zimga tashqaridan qaragim keldi: qishloqiman-da.
Hovlidan chiqib, yo‘l chetidagi to‘nkaning ustida birpas o‘tirdik. Ha, rostdanam, odam kichikligida boshqa, kattarsa boshqa odam bo‘lishi mumkin ekan. Shavkat, men o‘ylaganimdek, judayam bir narsalarni eslagisi kelgani ham yo‘q. Hamma narsaga “tabiiy qaraydigan” bo‘lipti.
— Menga qara, Sanjar, anuv… Gulnozani ko‘rib qoldim yo‘lda, yaxshi narsa bo‘pti, a?
O‘zimgayam sezildi, qizardim, keyin talmovsirab qoldim.
— Ha, yaxshi qiz. Chiroyli qiz, — dedim.
Shavkat hozir juda shoshib kelib-ketayotgan emish. Shuncha qistasam ham biz tarafga o‘tmadi. Balki bugunning o‘zida qaytarman, deb mashinasiga bir qarab qo‘ygach, men ortimga qaytdim.
Ertasiga ma’lum bo‘ldi, hammasini Gulnozaning o‘zi aytib berdi. Shavkatning ota-onasi bilan Gulnozaning ota-onasi anchagina ilgari gapni bir joyga qo‘yishgan ekan. Qizning o‘zi bexabar. Qiz maktabni bitirganida ko‘z ostiga oluvchilar ko‘p bo‘ladi, deb belgi qilib qo‘yishlari kerak emish. Shavkatning birrovga kelib ketishidan maqsad esa qizni bir ko‘rib qo‘yish…
Qizning bu gaplaridan so‘ng Shavkatni shunaqangi yomon ko‘rib ketdimki…
Jim turganimni ko‘rib, Gulnozaning ovozi dadillashdi.
— Nima qilasan endi, turaverasanmi shunday, so‘ppayib? – dedi jahl bilan.
— Bo‘lmasa, – dedim men, – bugunoq uydagilarga aytaman.
Nimani aytaman, nega aytaman – bundan ortiq aniqroq bir gap aytolmadim. Gulnoza esa meni shundog‘am tushundi shekilli, indamay qoldi. Indamagani yaxshidir-da.
Gulnoza, keyin, konsultatsiyadan qaytayotganimizda:
— Sen bilib qo‘y lekin, – dedi qat’iy, – agar meni majburlashsayam, baribir, ko‘rasan hali, men u bilan yashamayman. Naynov jo‘rang bilan!
Hech narsa demadim. Naynov meni tanimadi, lekin do‘stim edi-da baribir.
Uyga borib, onamga aytmoqchiydim, aytolmadim. Sekin amakimning xotini, yangamga qizarib, bo‘zarib pichirladim. Shunday-shunday bo‘pti, dedim. Uyalgandek bo‘ldim, uylanish emas, belgi qilib qo‘yish degan gaplar ham bor ekan-ku, dedim. U kishi, bilmasam, aytib ko‘rayin-chi, dedi. Shu kecha umrimda birinchi marta uxlamay chiqdim. Ag‘darilaman – shunday bo‘lishi mumkinmi? Ag‘darilaman – bunday bo‘lishi mumkinmas!
Uydagilar bir narsa der, deb kutdim, ertasigayam, indinigayam hech kim hech narsa demadi. O‘zim so‘ray olmasam. Bu orada imtihonlarimiz boshlanib ketdi.
Qishloq ham, uydagilarim ham jim. Bu jimlikdan xursand bo‘lib ham qoldim. Tinchib ketdi, balki ularning qarorlari o‘zgarib, Gulnozani kelin qilish fikrlariyam o‘zgargandir, deyman o‘zimcha. Imtihonlarni topshirib bo‘lganimizdan keyin shaharga, kichik amakimning ijara uyiga borib tayyorlanadigan bo‘lib qoldim. Amakimning qo‘l telefonini menga aytishdi. Ertaga saharlab shaharga ketishim kerak bo‘lgan kuni kechqurun Gulnozani ko‘chaning chetida tutib oldim. Amakimning telefon raqamini berdim. Gulnoza:
— Ikkiko‘ngil bo‘lma, sen o‘qishga kirishing kerak, – dedi, – meni aytdi deysan, majburlashsayam u bilan birga yashamayman! Men ham bir-ikki kundan keyin o‘zimizning shaharga ketaman. Hech narsa bo‘lmaydi, sen o‘qishga kirishni o‘yla!
Shu bo‘ldi gapimiz. Ertasiga saharlab yo‘lga otlandim.
Men o‘qishga kirdim. Gulnoza bir-ikki marta telefon qildi, faqat imtihonlardan gapirdi. Uning Shavkatga unashtirilganini eshitganimda o‘qishga qabul qilinganimni bilib xursand bo‘lib yurgandim. O‘qish boshlangunicha qishloqqa qaytdim. Gulnozayam kirgan emish o‘qishga, lekin shahardan qishloqqa kelmabdi. Keyin men ham, chamasi, Gulnozayam o‘qishga sho‘ng‘ib ketdik. Qishki ta’tildayam ko‘rolmadim uni. Kelmabdi.
Negadir ularning to‘ylari hanuz bo‘lmayotgan edi. Yozgi ta’tilga yaqin kunlarning birida qo‘l telefonimga maktub keldi, odatdagidek, telefon kompaniyalarining eslatmalari bo‘lsa kerak, deb behafsala bo‘lib ochib… o‘qib ko‘rdim: “Shubhalar ko‘p, gumonlar ko‘p, ularning orasidan bir ishonch keladi: Sen borsan, ishonaman, qayerdasan?” Shoshib qaysi raqamdan kelganini bilmoqchi bo‘ldim. Qarasam “raqam noma’lum”, deb yozib qo‘yilipti.
Er yuziga sig‘may qoldim: Qayerdasan, Shavkatjon, jo‘ra?
Ko‘z oldimga to‘n kiyishib, bir ilikni tutib turgan bolalar va insho daftarini qo‘lida tutgan bir bo‘y qiz ko‘rindi.