Tayyorlov idorasida Shamsi aka Toshniyozov degan odam ishlardi. Rahmatlik kam gapirsa-da, hazil-mutoyibani joyiga qo‘yardi.
Yozgi mavsumda mahsulot ko‘payib, ancha-muncha ishchi yollashga to‘g‘ri kelgan. Kimdir meva-chevaga quti yasaydi, kimdir teri oshlaydi, yana biri junni tozalaydi.
Bir kuni tushlikda jo‘ralari bilan ulfatchilikdan qaytsa, ishchilar o‘z bilganicha dam olish bilan ovora. Faqat yoshi kattaroq Qudrat aka ishlayapti. Bu odam shu korxonada ulg‘aygan, desa ham bo‘lardi. Qorovullikdan tortib barcha yumushlarni bajarib yuradi. O‘qimaganligi uchunmi, sal soddaroq, hamma gapni to‘g‘ri ma’noda tushunadi.
Xullas, Shamsi aka aroqning kayfi bilan mavsumiy ishchilarni landovurlikda, dangasalikda ayblab, rosa urishadi:
– Nima, endi har bittangning orqangdan poylab o‘tirishim kerakmi? Qudrat akaga o‘xshab, halol ishlasalaring bo‘lmaydimi?! Bo‘pti, endi harakatlaringni minutma minut hisobga olaman. Bugundan boshlab Qudrat aka sizlarga brigadir!
Shu zaylda ikki-uch kun o‘tibdi. Tayyorlov idorasida har dushanba ertalab rejalashtirish bo‘ladi. Direktor, ombor mudirlari, hisobchi haftalik ishlarni kelishib oladilar. Gohida rayijroqo‘mdan vakil ishtirok etadi.
Hamma yig‘ilgach, direktor endi gap boshlaganda eshik ochilib, kostyum-shim kiyib, galstuk bog‘lab olgan… Qudrat aka kirib keladi. Oyog‘ida yaltiroq tufli, qo‘lida esa bloknot.
– Kechirasizlar, ishchilarni yo‘qlama qilib, sal kechikdim…
Hamma hayron. Odatda bunday paytda u choy keltirib berardi. Saratonda yasanib kelgan odamni ko‘rib xonadagilar kulgisini bazo‘r yashirib turadi. U esa hech narsa bilmagandek davradagi stullardan biriga o‘tiradi. Direktor o‘z ishchisining bu harakatini hazm qila olmay, atrofdagilarga qaraydi.
– Ha, Qudrat aka, tinchlikmi? Nima balo, uylanayapsizmi? Yasan-tusan zo‘r-ku!
– Xizmatchilik, o‘rtoq boshliq. Meni mavsumiy ishchilarga brigadir etib tayinlashgandi. Topshiriq bo‘lsa, olay deb keldim…
Rahbar yana yonidagilarga ko‘z yugurtirdi. Shamsi aka miyig‘ida kulib qo‘ydi. Direktor bu tomosha aynan shu kishining navbatdagi hazili ekanini tushundi va yumshoqqina dedi:
– Yaxshi, siz bolalar bilan ishlab turing, o‘zim chaqiraman.
Qudrat aka chiqib ketgach, rahbarning xonasidan “gurr” etib kulgu ko‘tarildi.