«Bo‘ston» jamoa xo‘jaligiga televideniyedan dehqonlar haqida ko‘rsatuv tayyorlash uchun kelishdi.
Xo‘jalikda yer bilan tillashadigan kishilar ko‘p ekan. Ular orasidan bir kam yetmish yoshli Xo‘javoy mirobni tanlashdi. Yoshiga nisbatan epchil va chaqqon bu qoramag‘iz odam andak asabiy ekan, «Yo‘q, kinoga tushmayman, men artist emasman. Dalada ishim ko‘p» deb turib oldi.
Ko‘pchilik bo‘lib arang ko‘ndirishdi.
Boshiga «Gollivud» deb yozilgan oq shapka kiyib olgan rejissyor yigitcha olifta harakatlar bilan qo‘llarini silkib, suratga olish jarayonini batafsil tushuntirdi. Videokamerani yelkasiga qo‘yib olgan operator, mikrofonini xuddi baliqchilarning qarmog‘idek cho‘zgancha turgan ovoz yozuvchi, sathiga zarqog‘oz yopishtirilgan taxtasini sudrab yurgan yorituvchi va boshqa yordamchilar ishga kirishib ketishdi.
Aksiga olib dehqon buvaning soqoli o‘sib ketgan ekan, suratga olishni to‘xtatib, sartarosh chaqirtirishga to‘g‘ri keldi. Sartarosh bola tajribasizroq ekan, Xo‘javoy mirobning basharasini uch-to‘rtta yerini kesib oldi, keyin paxta «ekib» chiqdi. Buni ko‘rgan rejissyor «Cho‘rt poberi!» deb baqirib yubordi. Televizorchilar o‘zlari bilan har e’timolga qarshi grimchi olib kelishgan ekan. Ninachidekkina satang qiz birpasda dehqon boboning yuzini «tekislab» qo‘ydi.
Stsenariy bo‘yicha Xo‘javoy mirob dala bo‘ylab o‘tib kelishi, yo‘l-yo‘lakay to‘xtab, tevarak-atrofga cheksiz faxr va g‘urur bilan qarab qo‘yishi, keyin bir kaft tuproq olib zavq bilan hidlashi endi nish ura boshlagan g‘o‘zalarga mehr bilan tikilib qolishi kerak ekan…
Xo‘javoy mirob «bunaqa qiliqlarni qilolmayman» deganiga qaramay, s’yomka boshlandi va shu zahoti to‘xtadi.
Dehqonning chang-chung etigi, boshidagi eskirib ketgan do‘ppisi, egnidagi yaktagi ko‘rsatuv rassomiga to‘g‘ri kelmadi.
Dehqon buva «yo‘q, men dalada shunaqa ishlayman, rostini olaveringlar» deb turib oldi. Axiyri bo‘lmadi. Jamoa xo‘jaligining raisi yap-yangi kostyumini, kimdir ko‘ylagi bilan galstugini, yana kimdir tuflisini yechib berib, Xo‘javoy mirobni kuyovboladek kiyintirib qo‘yishdi.
Tasvirga tushirish yurakni siqadigan ish ekan. Xo‘javoy mirob besh-o‘n marta qayta-qaytadan dalaning u boshidan, bu boshiga borib keldi. Uzzukun ketmon chopgandek qora terga botib ketdi.
Nihoyat, s’yomka tugadi. Xo‘javoy mirob vaqtini olganlari uchun to‘ng‘illab jomakorlarini kiyib oldi. Kostyum-shim, tufliyu galstuk ega-egasiga qaytarildi…
Eng qizig‘i, bir haftadan keyin yuz berdi.
Qishloqdagilar «Xo‘javoy mirobni televizorda ko‘ramiz» deb xursand bo‘lib yurgandilar. Bo‘lmadi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni kassetaning tasmasi aylanmay qolgan ekan. Uzr so‘rab, «yaqin kunlarda borib qaytadan s’yomka qilamiz», deyishibdi.
Buni eshitib, Xo‘javoy mirob dalaning chekka-chekkasida bekinib yurgan emish…