1. Bir xushxabar va sirli otdosh
Olis bir shahardan ketma-ket kelgan bu qo‘shaloq xabar Farhod Ramazonni shoshirib qo‘ygan edi. Shoshirib emish, ko‘p yillar burun boshidan kechgan eski savdolarni qayta tig‘lab, nari-berisini aytmaganda, bir maromda borayotgan bugungi turmushini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi desa bo‘ladi. To‘g‘ri-da, yaxshidir-yomondir, o‘tgani – o‘tdi, bundan bu yog‘i ham shunday bir navi jilaverishi hech gap emas. Lekin nogahon chaqmoq chaqnagan misol bari ostin-ustin bo‘lib ketdi.
Dastlabkisi – elektron pochta orqali kelgan maktub Ravshan Akobirovdan edi. Farhod dunyoda kimdan kutgan bo‘lsa kutgandirki, shu odamdan biron xat-xabar olishni, yana-tag‘in deng, bunday hayratomuz xushxabarni aslo xayoliga keltirmagan.
“Farhodjon, sizni chin dildan qutlayman! – deya samimiy takalluf ila boshlanardi bitik. – To‘ydan oldin nog‘ora qoqmayin degan andishada sizga ma’lum qilmagan edim. Xabaringiz bordir, men ko‘pdan buyon Hollivud kinokompaniyalari bilan muzokara yuritib kelaman; har qalay, kiroyigina munosabat bog‘lab oldim shekilli. Ammo kechagi kunga qadar aytarli bir natija yo‘q edi. Tasodifan, Toshkentda chiqadigan “Zvezda Vostoka” jurnalining eski bir soni qo‘limga tushib, “Ishq isyoni” degan asaringizni o‘qib qoldim. Ko‘ngil bir nimani sezdimi, tezgina inglizchaga tarjima qildirib (darvoqe, o‘zimizning Farhod o‘girib berdi, qo‘li ancha kelishib qolgan), okean ortiga jo‘natgan edim, kutilmaganda xushxabar keldi! Sizni yana bir bor tabriklayman, uka! Xullas, ishimiz yurishadiganga o‘xshab turibdi. Takliflari bo‘yicha, shu yil oxirlariga borib tayyorgarlikni boshlashim kerak. Ruxsat tegsa, balki O‘zbekistonda suratga olinar, nima dedingiz? Lekin stsenariy yuzasidan ba’zi jihatlarni siz bilan ertaroq bir kelishib olishimiz lozim. Men, bilasiz, ma’lum sabablarga ko‘ra, hozircha Toshkentga borolmayman. O‘zingizning yaqin orada bu tomonlarga kelish niyatingiz yo‘qmi? Kelolsangiz yaxshi bo‘lardi – sizga daxldor boshqa gaplar ham bor…”
“O‘zimizning Farhod” nechundir yonbosh harflarda edi. Nima, maqtanmoqchimi? Darvoqe, nega endi – Farhod? Kim o‘zi u?
Xatning oxiridagi “R.S” belgisi bilan ilova qilingan so‘zlar kishini ayniqsa hayratga solardi: “Akangizdan haliyam ranjib yurgandirsiz? Qo‘ying, unuting, bari o‘tdi endi…”
Bir oylardan so‘ng kelgan navbatdagi noma esa Farhod Ramazonni batamom dovdiratib qo‘ydi.
“Azizim Farhod! Eski do‘stlaringni unutib yuborganing uchun… tashakkur senga! Boshqa nima deyin, ayt? Ravshanning xatini olgandirsan? Chin qalbimdan tabriklayman, jonim! Sen bilan qandoq faxrlanganimni bilsang edi! Hollivud-a! Hazilakam gap emas bu, janob Romazanov! (Aynan shunday – “Romazanov” yozilgan edi.) Biz tomonga yurish niyating yo‘qmi? Eshitishimcha, yaqinda bo‘ladigan kinofestival tanlov dasturida senga tegishli film ham bor emish. Nomi g‘alati-ya – “Qizlarning qorovuli”midi? Kim u – qorovul? O‘zing bo‘lib chiqmasin tag‘in? Esingdami?.. Qorovul emish! Bo‘pti, bo‘pti, jahling qo‘zimasin, hazil. Aytganday, quloq qalay, quloq? Qo‘yaver, chiyillasa chiyillayversin, quloq solma unga – Hollivudgaki ma’qul tushadigan narsa yozmoq uchun quloq sog‘lom bo‘lishi shart emas ekan! Buyuk Betxovendan o‘rnak olsang, kam bo‘lmaysan, do‘stim. O‘sha “Qorovul”ing bahonasida bir kelsang-chi? “Qizlar” tayyor bu yoqda! Indallosiga ko‘chadigan bo‘lsam – bizda ayrim muammolar chiqib
turibdi, biryo‘la gaplashib ham olardik. Otdoshing – Farhod maktabni bitiray deb qoldi, Londonga borib o‘qimoqchi, pasport olishi kerak.
O‘zbek bo‘lmoqchilar bu kishi! Sening maslahating zarur. Qolganini kelganingda so‘zlasharmiz. Agar meni unutmagan bo‘lsang, huv kartoshkadek dongdor burningdan o‘pdi deb hisoblayver.
O‘sha-o‘sha Vikang.
P.S. Senga atalgan bir yangilik. Yaqinda “Mosfilm”ga yo‘lim tushib, eski do‘sting Sur’at Nabiyevni uchratib qoldim. Uylanganmish. Aytsam ishonmaysan – tag‘in o‘sha Lidasiga! Jazoirdan qaytib kelibdi-da u. Zo‘r-a? Qoyilmisan? Endi yana bir bor burningni tutmasang bo‘lmas. Qani-qani… Ana, bo‘-o‘ldi!”
Bugun o‘ylab qarasa, Farhod Ramazon u shaharni ko‘rmaganiga nari-beri o‘n yetti yil bo‘libdi, o‘n yetti yil! Yurakka dog‘ solgan Vikayu Ravshan Akobirov deganlar endi go‘yoki unutilayozgan bosinqi bir tushga o‘xshaydi. Shuncha yilning badalida nega bir yo‘qlab bormadi? Imkon topsa bo‘lardi-ku. Yoki oyog‘i tortmadimi? Nega?
Gap ko‘p, bahona ham yetarli. Lekin ochig‘i – qo‘rqardi. Qo‘rqar ediki…