Erkin A’zam. Pakananing oshiq ko‘ngli (qissa)

(Bo‘y va mo‘y o‘stirish tajribasi yoxud ruh tarbiyasi)

1

Hamma balo shundaki, u o‘zi haqida boshqacha fikrda edi. O‘zini barvastayu basavlat deb bilmasa-da, harqalay, xiylagina ulug‘vor hisoblardi. (Ko‘nglida, albatta.) Yurganda jussayeiga yarasha pildirabgina yurmay, salmoq bilan, butini yirtgudek yirik-yirik qadam tashlar, gapirganda mavrid-bemavrid so‘lish olib, salmoq bilan, ta’sirchanlikka intilibmi yoki diqqatni tortish uchunmi, xuddi maxfiy bir sinoatni ochayotgandek pichirlab gapirar edi.
Bari befoyda! U pak-pakana edi. O‘zini salobatli tutishiyu salmoq bilan odim otishi bir pul: go‘yo yosh bola kattalarga taqlid qilgandek kulgili, bachkana chiqardi. Tovushini ne maqomga solmasin, natija o‘sha-o‘sha — baayni chala puflangan surnay.
Lekin — ko‘ngli!.. E, bu bir boshqa dunyo ekan. Ko‘ngil — podsho. Ko‘ngil — xazina. Ko‘ngil — balo. Egam uni odamning sirt-siyog‘i, bo‘y-basti yoki mol-mulkiga qarab taqsimlamaydi.
Pakana esa o‘ziga, tashqi qiyofasiyu turish-turmushiga o‘shal mo‘jiza dunyodan turib qarardiki, holiga maymunlar yig‘lashi shundan. Achinmay iloj yo‘q. Ko‘ngilni ko‘rgazmaga qo‘yib bo‘lmasa! Qo‘yganda ham ko‘rgan xaridor avval egasiga nazar soladi: bo‘y-basti qanday, aft-angori?
Aksiga — notavon bu ko‘ngil go‘zallikka behad oshufta, o‘ta sevuvchan, mehru muhabbatga tashnai zor edi. Ko‘ngil daftarining ana shu qismi o‘zi bir doston. Uni varaqlamaslik, uni mensimaslik — shundoq ham kam-kemtik Pakanani battar kamsitish, yerga urish bilan barobar; bu tarixsiz uning hayoti g‘arib, o‘zi esa qiyomat Pakana emas, oddiy bir bo‘yi past-pachoq kimsa bo‘lib qoladiki, unaqalar olamda son-mingta, har birini ta’riflamoqqa bu tanbal qalamga so‘z qani, siyoh qani!
Pakana yurgan yo‘lida shart-muqarrar kimnidir suyib qolaveradi. Buni qarangki, yo yoshi o‘zidan katta, yo bo‘yi o‘zidan uzun sarvqomat qiz-juvonlarga xushtor bo‘ladi. Uyga keliboq o‘shaning aslidan chandon ko‘rkam xayoliy siymosini yaratadi — u rassom — shu bahona nazarga ilinib, izhori dil etmoq payida, ilojini topib uni egasiga tortiq qiladi. Ko‘ngil bog‘laganla-ri kutilmagan tuhfadan hayrat-hayajonga tushishadi, minnatdor bo‘lib, evaziga unga kulib-kulib boqishadi, rahmatlar aytishadi, lekin… yana uchratganda yo tanimagandek indamay o‘tib ketishadi, yo Pakana ularni ittifoqo boshqa birov bilan ko‘rib qoladi. Doim shunday bo‘lgan. Zikrxona bu yoqda-yu, halimxona u yoqda. Suv keltirgan xor-zor-u, ko‘za sindirgan — aziz. «Ayshni nodon surib, kulfatni dono tortadur». Pakana talay vaqt o‘zini qo‘yarga joy topolmay, «ul bevafo»ning dog‘ida kuyib-o‘rtanib yuradi. Yana bir bevafoga yo‘liqqunicha, unga oshiqu beqaror bo‘lgunicha!
Bu holning‘ adog‘i, ko‘ngildagi chandiqning sanog‘i bormikan? Bo‘lsa, ishonavering, Pakananing o‘zi-da hisobdan adashadi.
Yoshligida u kinoaktrisalarta ishqiboz edi, Xushro‘y-xushro‘ylarining suratini «Kino» jurnalidan qirqib olib, darsxonasi devorlariga yopishtirib qo‘yar, diliga eng yaqin birovining kattakon qilib portretini ham chizgan edi. Keyin o‘shani Toshkentga ham ko‘tarib keldi — egasiga hadya etib, bahonada… Bu yerda boshqalariga chalg‘ib, bir mahallar ko‘zlariga surmai sulaymon bo‘lgan siymo allaqaysi ijaraxonada chang bosib qolib ketdi. Hozir o‘sha aktrisa bilan teatrda birga ishlaydi. Uni har ko‘rganida yoshlikdagi ma’sum tasavvur va iztiroblari yodiga tushib, pushaymon qiladi.
Bir kuni ko‘rgazma-darsxonasiga nima ish bilandir otasi kirib qolgan, chiqib onasiga: «Xotin, o‘g‘lingni tezda uylab qo‘ymasak bo‘lmaydi, ishlar chatoq», degan. Bu gapni eshitib Pakana yerga kirib ketgudek bo‘lgan. Biroq u anchadan keyin, o‘ttizlarga yaqinlashganda uylandi. Uylanishi ham hech kimnikiga o‘xshamagan, Pakananing o‘zigagina xos antiqa tarixki, ungada gal kelar.

2

Pakana o‘zining pakana ekanini, bu hol unchalik ham fazilat sanalmasligini ilk bor talabalikda paxta terimiga chiqqanlarida Azizadan eshitgan. Aziza teatrshunoslik bo‘limida o‘qir, juda suluv, otasini benihoya badavlat odam deyishar, hasharchi qizga kunora shahardan tansiq taomlar ortgan oq «Volga» kelib turar edi.
Balli shunga. Badavlat odamning qizi ekaniga qaramay, ko‘ngildan ko‘ngilni farqlay bildi. Ko‘rkam-ko‘rkam ne-ne bo‘lajak aktyoru rejissyorlarni dog‘da qoldirib, qay bir fazilati bilan Pakana ana shu dilbarni o‘ziga rom qilib olgan edi. Axir, hazil gapmi, gulxan atrofidagi tungi davralarda soatlab ishqiy she’rlarni yoddan o‘qiganida anov qaddi rasolarning yaltiroq tusi o‘chib ketardi-da!
Shunday qizg‘in, muzaffar o‘tgan bir bazmdan so‘ng, ovloqqinada entika-entika o‘ptirarkan, shaddod qiz nima dedi deng:
— Sal uzunroq bo‘lganingizdami, sizni hech kimga bermasdim-a, Pakana aka. Qishloqdanmisiz, rayondanmi, boymisiz, kambag‘almi — qarab o‘tirmasdan, har qanaqasiga tegib olardim!
Darhaqiqat, qiz durkunroq, quchog‘ida mushukvachcha misol tipirchilab o‘yin ko‘rsatayotgan yigit esa ushoqqina edi. Ko‘rgan odam, talay vaqt ko‘rishmagan inoq-bosilqa opa-uka ekan, deb o‘ylashi tayin. (Aziza uncha uzun emas, lekin qiz bolaning o‘rtabo‘yi ham novcha ko‘rinadi.)
Pakana shu gap bilan o‘rtalarida begonalik devori tiklanganini payqadi.
Ma’shuqasidan ajralgach, odatdagidek, yondi, kuydi, tutadi, biroq gapning mohiyatiga parvo qilmadi — pakanaligiga o‘kingani yo‘q. Zero, shu choqqacha bo‘yining uzun-kaltaligi xayoliga kelmagan, qaytaga, ba’zi naynovlarning dovdirligiyu kaltafahmligidan kulib, o‘zining pishiq-puxta, uddaburonligi bilan faxrlanib yurar — qisqasini aytganda, gap tashqi qiyofada emas, ichki dunyodadir degan soxtanamo, nochorroq ruhda tarbiya topgan edi. Endi bilsa — bari safsata. Dunyo — novchalarniki ekan. Dunyo — ko‘rkamlarniki ekan. Qolgani bir pul. Aql-farosat degan matohlar huv keyingi o‘rinlarda turadi. Ko‘rkamlik, xushqadlik — qariyb baxtdek gap, omad deganlariga tayyor pillapoya, oyoq qo‘ysangiz — kifoya. Jismoniy jihatdan biron bir nuqsonli odam, bilingki, ko‘pincha baxil bo‘ladi. Baxilning esa bog‘i ko‘karmas. Ana shunday sarson bir halqa bu.
Mag‘lubiyat ketma-ket takrorlanaverdi. Endi Pakana holiga qarab, bo‘ychanroq qiz-juvondan o‘zini chetga ola boshladi. Shunday qilgani sari ularning jozibasi ko‘proq tortar, ko‘ngli sust ketganlarining aksariyati bo‘ychan bo‘lib chiqar edi. Ular bilan ro‘baro‘ bo‘lish nasib etganda esa, uzoqroqdan turib yoki zina-pinaga chiqibmi, iloji boricha tikroq ko‘rinishga tirishib, asabiy bir holatda so‘zlashardi. O‘zida paydo bo‘lgan tag‘in bir odatni sezib qoldi. Kim bilan yonma-yon turmasin, beixtiyor zimdan bo‘y o‘lchashar ekan: yelkasidan kelamanmi, tirsagidan? Jamoat orasida, ko‘cha-ko‘yda ham goho tevaragiga razm solib qoladi. Tavba, hammasining bo‘yi baland-a! Xudo shunday ham uradimi odamni?!
Keyin-keyin Pakana bir san’atni o‘zlashtirdi. Novcharoq odam bilan uchrashganda orqaga tislanibroq, qiya qarab (odatdagidek pastdan emas) gaplashadi — shunda farq uncha bilinmaydi.
Taajjubli hol: (jussasi kichikroq bo‘lgani uchunmi) u azaldan novcha, norg‘ul odamlarni yoqtirar, ko‘proq o‘shanaqalar bilan do‘st tutinmoqqa intilar edi. O‘zi singari pakanalarga esa tob-toqati yo‘q, ularni qitmir, mug‘ambir bilib, jinidan battar yomon ko‘radi. Rassomlik bilim yurtida birga o‘qigan sobiq saboqdoshi, otning qashqasidek elga taniqli hajvchi Obid Asom bundan mustasno, albatta. Avvalo, Obidjon Pakanadan ham pakanaroq, qolaversa, o‘lgudek iste’dodli, kasofat. Uni yaxshi ko‘rmay ham, tan bermay ham iloj yo‘q.
Alhosil, payg‘ambarimiz bundoq demishlar: «Odamning novchasi ahmoq keladi, Umardan boshqa; pakanasi fitnakor keladi, Alidan boshqa».

3

Bo‘yi pastligi tufayli unda-bunda pand yeyavergach, Pakana umuman pakanalik, uning sabablari to‘g‘risida ko‘p boshqotiradigan bo‘lib qoldi. O‘rta bo‘ydan pasti — to jimit odamlargacha pakana hisoblanadi. Hamma bunaqalarga yarim odam, chala odammi-ey degandek bepisand munosabatda bo‘ladi: «Kichkina bo‘lishiga qaramay…», «Bo‘yi bir qarich-u…», «Mushtakkina ko‘ringani bilan…» va hokazo. Kisqasi, odam hisobida yo‘qdek. Xo‘sh, nima bo‘pti? Pakana ham — odam. Faqat qo‘l-oyog‘i ixchamroq-da, xolos. Sizda bor yurak unda ham bor (agar kattaroq bo‘lmasa), sizda bor miya unda ham bor (agar zo‘rroq, o‘tkirroq bo‘lmasa)! Nima, shu a’zolari ham kichkina bo‘lishi kerakmi endi? Tavba! Dunyoga dong‘i ketgan ne-ne ulug‘lar, ne-ne allomalar past bo‘yli bo‘lgan. Ana — Napoleonni olaylik, Neronni olaylik, Pushkin, Gandi, Lenin, Stalin… eh-he, bu yog‘i mana shu o‘zimizning Obidjonga qadar! Sizlarda-chi, faqat Ulug‘ Pyotru Gulliver! Battar bo‘llaring! Bor quvvatni bo‘yga sarflab… Xudo bo‘y berib aql bermagan galvarslar!
Ammo o‘rtada boshqa nozikligi ham bor. O‘sha ulug‘lar pakana bo‘lganliklari uchungina shunday darajaga yetishganmi? Yoki ulug‘ bo‘lganliklari tufayligina biz ularning qaddi-bastiga qiziqqanmizmi? Xullas, xiyla chigal jumboq.
Pakanamizning o‘ziga kelsak, bobo-buvilari o‘rtabo‘y o‘tgan. Otasi bilan onasi ham shunday. Ukalari, singillari bo‘ychan-bo‘ychan. O‘zining uch qizi-ku biri biridan shamshod bo‘lib o‘sayotir. Birgina Pakana — pakana. «Kimga tortding-a, bolam? — deydi onasi qayg‘urib. — Bolalikdan anoviningni (etyudnikni nazarda tutadi) ortmokdab yuraverib, shunday (pakana deyolmaydi — onada) bo‘p qolding-ov».
Ul emas, bul emas, Pakananing yetti pushtidan kimdir pachoqroq o‘tgani aniq. Goho u o‘sha avlodidan norozi bo‘lib so‘kib qoladi. Demak, o‘zining ham yetti pushtidan kimdir qaqshamog‘i muqarrar, uni so‘kmog‘i-da muqarrar. Pakana ba’zan ana shu bo‘lajak nasli — nevarasimi, chevarasi oldida o‘zini behad aybdor sezadi. Axir, ehtimol, naslning biron bir o‘yin-zamzamasi bilan bu hol, bu qusur aynan undan boshlanayotgandir…

4

Bu dunyoda chorasiz dard yo‘q, o‘limdan boshqasiga tadbir topsa bo‘ladi, deydilar. Xo‘sh, bo‘yni qanday o‘stirish mumkin, buning yo‘li bormikan? Bor ekan-da. Qayoqdandir eshitdi: har kuni bir kilodan qizil sabzi tanovul etilsa, qad raso bo‘larmish. Pakana shunga amal qilmoqqa bel bog‘ladi. Har hafta bozorga tushib, bir to‘rva-bir to‘rva sara sabzi oladi, boshqa taomni yig‘ishtirib, sabzixo‘rlik qiladi. Ikki oylardan keyin shu ahvolga yetdiki, sabzini ko‘rsa bezillaydigan, ko‘ngli ayniydigan bo‘ldi. Bozorga qatnamoqqa ham hafsalasi qolmadi. Qad-qomatda esa biron bir o‘zgarish sezilmasdi: o‘sha 154 sm. — o‘sha 154. Bir enlik ham siljish yo‘q. Chamasi, bu ham biron bekorchi o‘ylab topgan ermak. Yoki o‘smirlik ortda qolib, suyak-zuvalasi qotib ulgurganidan muolaja kor qilmadimikan? Ko‘hna tabobat kitoblarida bitilganidek, «Bir hissa sariq halilaga qizil batilani qo‘shib, bir chimdim omila, bir misqoldan makkai sano va toshbaqa safrosiga aralashtirib, ustiga bir paysadan shaqoqul urug‘i, seylon dolchini va boqilla sepib, so‘ng bir diram Abu Jahl tarvuzining danagini tuyib, piyozchasi o‘n yillik nargis suvida qaynatib laylatulqadr kechasi tanovul qilinsa…» qabilidagi tadbirlarga esa ixlos sezmadi — natija chiqadimi, yo‘qmi, umr shu tashvishda o‘tadi.
Xullas, bu ishlarga qo‘l siltadi. Endi «o‘zimiz bilgan» paxtaband choralarni qo‘llamoqdan o‘zga iloj yo‘q edi. Qoramtirga moyil kiyim-boshga zo‘r berdi: odamni sal xipcharoq ko‘rsatib, sal…
Bundan ham samara kutilganidek bo‘lmagach, qo‘polroq usulini tutdi. Bir qarich poshnali poyabzal xarid qilib, shunda yura boshladi. Poshna hisobiga o‘sgan bo‘y ko‘ngilni ham andak raso qilarkan. Shunisi chatoqki, qurg‘ur, oyoqni rosa qaqshatarkan, sal yurmay akashak bo‘lib qoladi. Lekin — nachora, qurbonsiz g‘alaba — g‘alabami? Toqqa chiqmasangiz, do‘lona qayda!
Ko‘p o‘tmay bu usulning misi chiqdi. Jamoat yoppasiga yerposhna poyabzalni urf etgan zamonda bitta uning lo‘killab yurishi kulgili edi. Ilgari qiyo boqmagan jononlar endi poshnasiga qarab ma’noli iljayib o‘tadigan bo‘lishdi: bu kuningdan o‘l, kishloqi pakana!
Xayr, jafokor poshna!
Shuningdek, harchand qilmasin, uni birov odam o‘rnida ko‘rmasdi. Muhabbat bobidagina emas, o‘zga hollarda ham kamsitilgani kamsitilgan. Ko‘cha-ko‘yda ko‘ringani yosh bola deb turtkilaydi, ulfatlar davrasida — tayyor yugurdak. Shularni o‘ylaganda oyoq-qo‘llari tortishib, battar kichrayib qolayotgandek, kichrayib yerga kirib ketayotgandek bo‘laverardi. E, mana senga deb mo‘ylov qo‘yib yubordi. Mo‘ylov jonivor gurkirab o‘sib berdi. Pakanaboy shunga xursand: biz ham odamga o‘xshadik, salobatliroq bo‘ldik! Bunisi kamlik qilib, soqol qo‘yib oldi. Soqol-mo‘ylovli «bola»ga endi ko‘rgan hayron. Ie, nima qipti, rassom-da! Rassom bilan kinochiga bir nima deb bo‘ladimi? Ularga ruxsat bor, ularga hammasi mumkin.
Bu bayram ham ko‘pga cho‘zilmadi. Har narsaning hisob-kitobi bo‘ladi. Tabiatda muvozanat qonuni bor. Ana shu buzilsa, bilingki, albatta boshqa bir joydan «teshib chiqadi».
Pakanamiz hali oddinda kutayotgan xavf-xatardan bexabar edi.

5

Darvoqe, bu orada u institutni bitirdi, o‘zining ta’biri bilan aytganda — «Ikki yil Astrobodda surgunda bo‘ldi», undan qaytgach, bir muddat boshpanasiz sarson-sargardonlikda yurdi, keyin tasodifan uylanib uyli-joyli bo‘ldi, xotini ketma-ket uch qiz tug‘ib berdi. Lekin biror kun «izlash-izlanish»dan to‘xtagani yo‘q.
Institutdan so‘ng Pakana olis bir viloyat teatriga bezakchi rassom qilib jo‘natilgan edi. Borib u yerda hech baloni bezatgani yo‘q, ichkilikka o‘rgangani qoldi, xolos. Bezatmoqqa loyiq asar ham sahnalashtirilmadi hisob. Sahnalashtirilganda ham kamxarj tashkilotda mablag‘ni tejash maqsadida amal-taqal qilib eski bezaklardan foydalanilardi.
Pakana bu yerda rassomlikni unutib, sohasini butkul o‘zgartirib yubordi, desa bo‘ladi. Teatr jamoasi ko‘pincha dala-ko‘yga yallachilikka chiqar, azbaroyi vijdon azobi yoki bekorchilikdan qo‘shilib borgan Pakana gohida ocharchi-boshlovchilik qilsa, gohida ma’murlik vazifasini o‘tar edi. Maishati chakkimas, teatr bezakxonasini uyga aylantirib olgan, ora-chira kolxoz-polxozning buyurtmasini bajarib berib mo‘maygina pul topar, uni aksariyati iste’dodsiz, omadsiz, lekin, aslida Shukur Burhonman-u, bular qadrimga yetmayotibdi-da, degandek zo‘r da’voda yuradigan sho‘rpeshona ulfatlari bilan ichib bitirar edi.
Agar o‘shanda poytaxt teatri viloyat mehnatkashlariga tomosha ko‘rsatgani borib, shu dargohda rejissyorlik qiladigan eski saboqdosh og‘aynisi Xayrulla Hoshimovni uchratmaganida, kim bilsin, «Astrobod»da tag‘in qancha qolib ketardi! Pakana talabalik kezlari Xayrullaning o‘rgamchik spektaklida allaqanday yosh bola rolini ijro etib, do‘stlashib ketishgan edi. Bir shisha araq ustida u Toshkentni qo‘msab arz qilganida, mehmon: «Xorosho. Bizga kelasan, Bahodir bilan o‘zim gaplashaman», deya bosh rejissyorning nomini qo‘shib va’da berib yubordi.
Xayrulla va’dasining ustidan chiqdi. Pakana yana toshkentlik bo‘ldi. Mo‘tabar dargohga ishga joylashdi. Dargoh mo‘tabarlikka mo‘tabar edi-yu, Pakanadek sig‘indilar u yoqda tursin, yil sayin kelib turgan yosh iste’dodlarni ham boshpana bilan ta’minlay olmasdi. Nomi ulug‘ — suprasi quruq.
Pakananing yana daydi hayoti boshlandi. Endi ilk yoshlikkagina xos tabiiy kuch-g‘ayrat so‘nib borayotgan, qariyb o‘n yilga cho‘zilgan och-yupun talabalik beg‘amligi ta’sirini ko‘rsatmoqda, issiqqina o‘lan-to‘shak, mehribon bir parvarishga ehtiyoj tug‘ilgan edi.

6

Pakananing uylanish tarixi ham bir doston, yo‘q, komediya, yo‘q-yo‘q — tragikomediya.
O‘sha yili ko‘klamda oyoqog‘riq bilan kasalxonaga tushdi. Bor o‘rinlar band ekanmi, ittifoqo, nozikroq odamlarga mo‘ljallangan ikki kishilik xonadan joy tegdi. Uch kun bir o‘zi yotdi. To‘rtinchi kuni tushdan keyin xonaning haqiqiy egasi keldi. U elliklardan oshgan, barvasta, tepakal armani — Levon amaki edi. Ikki lunji qip-qizil, burni go‘shtdor, chakichli, qovoqlari salqi — vajohatidan yomon odamga o‘xshardi. Qo‘qonda tug‘ilib voyaga yetgan, o‘zbekchani suvdek bilar ekan. Ko‘pni ko‘rgan, hazilkash, hangamachi odam. Darrov inoqlashib qoldilar. Levon amakining yor-birodari bisyor ekan. Qat’iy navbat bilan kelishadi. Xona yelimxaltayu qog‘ozxaltaga, ko‘klamda tansiq meva-chevaga to‘lib ketgan. Tayyor dastyor Pakana ularni enagayu hamshiralarga ulashib ulgurolmaydi. Bu yoqda Levon amakining choy-poyiga qarashuvi lozim. Kunduzlari beg‘am, biyron odam, kechalari belog‘riqdan voy-voylab chiqadi. Aytishicha, umurtqasiga tuz yig‘ilgan emish. Bo‘ynida ham o‘sha savildan bir hovuchi bormi, boshini erkin burolmaydi, butun gavdasi bilan o‘giriladi. Issiqda ham sharf o‘rab yuradi.
Rahmi kelganidan Pakana kechalari uning bel-bo‘ynini bosib, umurtqa pog‘onalarini mushtlab, uqalab qo‘yardi. Shunday birpaslik orom chog‘larida bemor iyib ketar, mehribon xaloskoriga biron bir muruvvat ko‘rsatish yo‘llarini qidirib qolar edi.
— Uka, sen endi uylanishing kerak ekan. Qachongacha bunday yurasan? Ke, bir ish qilaylik. O‘zingga mos, chiroylikkina bir armankani topib beray. Senga aytsam: armankalardan zo‘r xotin chiqadi. Mehnatkash, pazanda, uddaburon. Sizlar aytganday — yozda ko‘rpa, qishda ko‘rpacha. Pushaymon qilmaysan ammo!
— O‘sha chiroyli armankangiz menga tegishga rozi bo‘larmikan? — dedi Pakana bir cheti ermak, bir cheti pinhona o‘kinch bilan.
— Ko‘ndiramiz-da, nima deyapsan! Sizlar-ku begona millatga ko‘pam xaridor emassizlar, bilaman. Yo o‘zbechkasidan bo‘lsinmi?
— E, unga uy kerak, joy kerak. Teatr…
— Teatringni qo‘yib tur. Uy-joy masalasini o‘zimiz bir yoqli qilamiz, ishing bo‘lmasin,
Pakana bir qop go‘shtni alohida hafsala bilan uqalay boshladi. Bilib bo‘ladimi, juda ishbilarmon odamga o‘xshaydi…
— Uylanardim-u, yaxshirog‘i uchramayapti-da, — dedi u battar tarang qilib. Ko‘nglining tubida miltillagan bir ilinj yo‘q emasdi.
— Iya, shahar to‘la qiz-ku! — dedi Levon amaki jig‘ibiyron bo‘lgandek va shu yerdagi ko‘zni qamashtirib yurguvchi hamshira qizlarni misol qila ketdi: — Mana, o‘zimizda qancha! Salima, Ra’no, Gavhar, Arofat… hammasi yaxshi qizlar. O‘zim gaplashib beraman, agar xo‘p desang. Ayt, qaysisini?
Kuyov bo‘lmish, aniqrog‘i, havaskor kuyov shoshib qoldi. Himmatli hamxonasi uni qizlar ko‘rgazmasiga boshlab kirgan edi go‘yo: mana, sayla saylaganingni, tanla tanlaganingni! Nochor, notavon odamning ko‘ziga u bir zum Xizr bobo ham bo‘lib ko‘rindi: tila tilagingni!
— To‘g‘ri, Ra’no erga tegayotganmish, eshitishimcha,— dedi Xizr bobo Levon amakiga aylanib. — Gavhar ham tuzug-u, lekin… «…senga to‘g‘ri kelmaydi. Bo‘yi baland».
— Yaxshi ular hammasi. Ammo ko‘ngildagi emas-da.
— A, bunday de. Konechno, rassomsan, poeziya, fantaziya! — Levon amaki yana tadbir qidirib o‘yga toldi, so‘ng astoydil hafsala bilan yostiqqa yonboshlab oldi.— Ke, bunday qilamiz. Shulardan birortasi bilan nikohdan o‘tasan, keyin…
— Nikoh?
— Soxta nikoh-da.
— Soxta nikoh?! — Pakananing yuragi yorilgudek bo‘ldi.
— Shoshmay tursang-chi! Keyin sizlarni, yosh kelin-kuyovni biror joyga ro‘yxatga tirkab, uy olib beramiz. Ikki-uch oy birga yashagandek bo‘lasizlar. Shoshmagin-da, nomiga, qog‘ozda. Kizni butkul ko‘rmasliging ham mumkin, pasporti bo‘lsa bas. Pasport nima, besh-o‘n so‘mga yangilab beradi. Qotiramiz. Keyin esa rasman ajrashasizlar. Bahonada uyli bo‘lib qolasan, xumpar. Ana u yog‘i xohlaganingga… Uy-joyli odamga lyubboyi jon deydi. Qarasam, bu yurishda, bir boshing bilan hech kim senga uy bermaydi. Tem bolee, teatring. Bersa, yotoq-potoq berar. Senga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshi yigit ekansan, menga yoqib qolding. Barmoqlaring shifobaxsh, biotoking bor sen bolaning, jonimga ora kirdi. (Aslida, gavdasi nozikroq bo‘lgani bilan Pakananing qo‘llari chayir, sirtdan ozoda ko‘rinadigan rassomchilikning qora ishlarida pishib, pay boylab ketgan, xolos.) Senga shunday bir yaxshilik qilmasam, nomardlikka kiradi. Qalay, ma’qulmi reja?
— Ma’qul-u, qiyin ishmi deyman-da. Aql bovar qilmaydi, — dedi afsunlanib qolgan Pakana.
— Lanjlikni qo‘y. Ishning osoni bor ekanmi? Albatta, sovg‘a-povg‘a berib qizni rozi qilish kerak bo‘ladi. Mayli, bu yog‘ini menga qo‘yib ber, o‘zim gaplashaman. Qaysisi tuzuk? Arofat, a? Mehnatkash, kamtar, yuvosh. Vdrug, a?.. — Levon amaki sho‘xlik bilan ko‘z qisib qo‘ydi. — Sen ko‘nsang bas, ishni boshlayveramiz. Qotiramiz!
Pakana indamadi. Hang-mang edi. Taqdir podshosi ularni atay shu yerga yig‘ib, ayni lahzalarda kelajak hayoti hal qilinayotganini u hali bilmasdi, bunga sira-sira ishonolmasdi.
Rassom bo‘linmadagi hamshiralar bilan apoq-chapoq bo‘lib ketgan, davolovchi do‘xtiridan tortib bu qaqajonlargacha — kattayu kichik barining aksini qoratosh bilan bir taxta-bir taxta qalin qog‘ozga solib bergan edi. Hammasi undan minnatdor. Qarangki, qelib-kelib birgina Arofatning rasmini chizmabdi. O‘zi so‘ragani ham yo‘q bir og‘iz. Ishdan boshqasini bilmay yerga qarab yuradigan, dugonalariga nisbatan xunukroq bu kamgap qizni chizish istagi ham tug‘ilmagan edi.
Tavba, Levon amaki u bilan nima deb gaplashdi, nima va’da qildi (keyin ma’lum bo‘lishicha, quruq gapdan boshqa hech vaqo), ikki kundan so‘ng Arofat xona xoli paytda kirib, gazetaga o‘ralgan pasportini Pakananing yostig‘i ustiga qo‘yib ketibdi.
Ertasi kuni Levon amakining o‘ziga o‘xshagan tadbirkor bir og‘aynisi yosh «kelin-kuyov»ni mashinasiga o‘tqazib, xufiya yo‘l bilan birpasda nikohdan o‘tkazib keldi. Qaytganlarida mehribon «ota va qaynota» bir dasta lolayu bir shisha shampanni tayyorlab o‘tirgan ekan… Hammasi osongina hal bo‘ldi. Xuddi tushda kechayotgandek.
«Ota-bola» oldinma-ketin shifoxonadan tuzalib chiqishgach, Pakana Arofatning oldiga kelib-ketib, qolgan mayda-chuyda qog‘ozlarni hozirladi. Keyin ularni eltib uy-joy boshqarmasida kattakon bo‘lib ishlaydigan Levon amakining qo‘liga topshirdi. Hafta o‘tmay «kelin-kuyov» asosan qizinikida yashaydigan to‘qson yashar bir o‘ris kampirning hujrasiga rasman ro‘yxatga tirkaldi. Bir xonayu gaz o‘choqli bir dahlizdan iborat bu boshpana shaharning qoq markazida, Inqilob xiyoboniga yaqin qisir daraxtlarga ko‘milgan sersoya hovlilardan birida edi. Hovlining to‘rt tarafi mana shunaqa pastqam-pastqam uy-joylar, o‘zidan qolgan qari-qartang istiqomat qiladi. O‘rtadagi kattakon quvurdan kun-uzzukun suv shaldirab yotadi — teskari favvora. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Boshqa nima kerak bo‘ydoq yigitga!
Pakanaligiga qaramay, uni shu yerdagana rasmona odam deb bilishar, hurmat qilishar edi. O‘ziyam ularga o‘rganib qoldi. G‘arib-benavo chol-kampirdan nima ziyon! Vakti-vaqti bilan ularning hojatini chiqaradi: do‘kondan ul-bul keltirib beradi, kuyib qolgan lampochkalarini almashtiradi, dazmol-pazmolni tuzatadi. Kim yaxshi — baraka topkur Pasha yaxshi, Pashavoy yaxshi! Yana nima kerak Pakanaga!
Otasi qilmagan yaxshilikni qilgan serhimmat, muruvvatpesha Levon amakiga nima javob qaytarishni bilmay uzoq bosh qotirib yurdi. O‘ylay-o‘ylay, uning kaftdek suratini so‘rab oldi-da, bir quloch matoni dastgohga tortib, ikki hafta mobaynida mehr-hafsala bilan ter to‘kdi. Chakkalaridagi jingalaklaridan tepakal boshiga ham ko‘chirib, xiyla oro berib, atay yashartirib chizdi. Bezakdor qasnoqqa solingan bejirim portretni ko‘rgach, Levon amakining ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. «Rahmat, jigarim, rahmat! — dedi Pakanani quchoqlab ko‘tarib peshonasidan o‘parkan. — To‘ppa-to‘g‘ri chizibsan. Yoshligimda xuddi shunday edim, sochlarim jingala-jingala. Buni hali Marina xolang ko‘rsami!..»
Keyinchalik ham talay yil ota-bola bo‘lib, bordi-keldi qilib yurdilar. Belog‘rig‘i qo‘zg‘aldimi, Levon amaki kelib, «Sening qo‘ling yengil, shifobaxsh», deya Pakanani mashinasiga solib uyiga olib ketardi. Qaytishida qo‘liga konyak-ponyak, bunisi Arofatga, bunisi qizaloqlaringga, deb ul-bul berib jo‘natardi. Kampir o‘lgach, uyni birato‘la Pakananing nomiga o‘tkazib bergan ham, hovli buzilib, o‘rniga tijoratchilar uchun hammom tushadi deganda, Yunusoboddan xonadon olishiga ko‘maklashgan ham ana shu Levon amaki bo‘ladi.

7

Voqean, Arofat… U ishga o‘tish-qaytishida tutingan singil sifatidami, hojatbaror bir tanish sifatidami, ba’zan «uyi»ga kelib-ketib turardi. Biror qilig‘ida yo gap-so‘zida ta’ma ohangi sezilmas, qaytaga, birpas o‘tirib, Pakanaga choy-poy damlab, kir-chirini yuvib berib ketar edi. Uning yakkam-dukkam javoblaridan Pakana uncha-muncha narsani bilib oldi. Arofat chala yetimcha bo‘lib, opa-singil o‘gay onaning qo‘lida ekanlar. O‘gay ona deganda Pakananing ko‘z oddiga ertaklardagi bir yalmog‘iz kelib, buni aytganida, «Yo‘q, yaxshilar, — dedi qiz siniq kulimsirab: — Yaxshi bo‘llaring deb urishadilar-da». Suhbat asnosi Pakana shuni sezdiki, katta qiz sifatida Arofat shu kunda bamisoli onaning tomog‘iga tiqilgan tosh, chunki singlisiga ustma-ust ikki joydan sovchi kelayotganmish. Ko‘rimliroq bo‘lsa kerak-da. So‘rashga iymandi. Ko‘nglidagani bilib bo‘lmaydigan g‘alati bu mushtiparga ichi achidi. Biron yaxshilik qilay desa, qo‘lidan nima keladi? Mabodo bu qizning niyati boshqa bo‘lib, yomonlikka olsa bormi, biror yoqqa qimirlayolmay qolasan, to‘rt tarafing devor, qayoqqa qarasang — Arofat! Xudo saqlasin, xudo saqlasin! Ne-ne orzular bilan yashayotgan ko‘ngil barbod, yigit umri xazon bo‘ladi-ya! Agar ta’bi tortganida, shu choqqacha bu qizni sog‘ qo‘yarmidi? Mana, gah desa, qo‘liga qo‘nib turibdi. O‘zi kelsa, o‘zi ketsa. Yo‘q-yo‘q. Boshimiz kal bo‘lsa ham ko‘nglimiz nozik. Pachoqqina, tep-tekis, qo‘lga ilinadigan joyi yo‘q, oyoqlar egri, kalta-kalta, yonoq suyaklari xunuk bo‘rtib chiqqan… Yo‘q-yo‘q. Lekin, boshini ko‘tarib qarasa — tushuniksiz, odamni dovdiratib qo‘yadigan bir anduh cho‘kkan ko‘zlari!.. Shu uchunmikan, ular o‘zaro kelishib olgandek, ko‘pincha bir-birining yuziga qaramay so‘zlashardi.
Shartlashuvga ko‘ra, «ajralish» fursati yaqinlashar, biroq qizdan churq etgan sado chiqmas edi. Pakananing o‘zi gap ochay desa… yo‘q, aslo, qaysi yuz bilan, nima deb? Fig‘oni chiqib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Qanaqa qiz o‘zi bu? Bir tulki armanining gapiga laqqa tushib, darrov rozi bo‘ladimi? Pismiq desangiz pismiqqa o‘xshamaydi. O‘lgudek sodda, hatto laqma. Shu shaharda shunday qizning borligiga, o‘ldiring agar, odam ishonsa. Dovdir desangiz — es-hushi joyida, ishiga pishiq-puxta. Saranjom-sarishtali. Ishxonasida ham, Pakana ko‘zi bilan ko‘rgan odam-da, bir dam tek o‘tirmaydi. Pazanda. Uyidan bir-ikki marta somsa yopib keldi, yeb to‘ymaysiz. Xullas, chinakam ro‘zg‘orbop xotin chiqadi. Lekin… lekin Pakananing na’mayu tamannoli ko‘ngli-chi, unga butkul zid-ku bu qiz?..
Tavba, shunday qizga ham o‘rganib qolar ekan odam. Bir-ikki hafta ko‘rinmasa, kutadigan bo‘ldi Pakana. Sezishicha, oyisi bilan arazlashgan shekilli, navbatchilik bahona, bir kecha tunab ham ketdi. Bo‘lak-bo‘lak yotishdi, albatta. Pakananing bir tuki jimir etgani yo‘q. O‘libdimi! Ahmoq emas u.
Odamzodga ishonib bo‘lmas ekan. Bir oqshom xizmatdoshlari bilan oshxo‘rlik kilib, kayfi taraq, uyga kelsa — Arofat. Oq jomasini kiyib, Pakananing shimiga dazmol bosyapti. Ko‘ziga cho‘g‘dek ko‘rindi. O‘zini noshukurlikda ayblab, so‘kdi. Yuragi yonib-o‘rtanib ketdi: shunday jonfido mehribonning qadriga yetmay nima qilib yuribman o‘zi men?!
Belidan olib shartta karavotga bosdi. Big‘illatib.
Bo‘lari bo‘ldi. Bokira ekan. O‘lding, Pakana!
U birdan hovurdan tushib, karavotning yoniga tiz cho‘qdiyu ho‘ngrab yubordi:
— Men ho‘kizni kechir, Arofat!
Ko‘z yoshlariga belanib yotgan u tomon nima dedi deng:
— Ishqilib, baxtli bo‘lsak bo‘ldi…
Pakananing sarxush ko‘zlari shartta ochildi: nima-a, baxtli bo‘lsak?..
Ammo endi kech edi.
Ammo bu so‘zlarda beg‘ubor ma’sumiyatdan boshqa narsa yo‘q edi.
Ertalab Pakana o‘ziga o‘zi irkit ko‘rinib ketdi. Choynak-piyola yuvayotgan qiz undan battar! Alamini ichiga yutmoqqa majbur. Iloji bo‘lsaki, o‘zining yuziga tufursa, burnini tishlasa, g‘ajib tashlasa! Ayni tobda yo bu alvastining, yo o‘zining birdan yo‘q bo‘lib qolishini, hechqursa, o‘tgan kor-hol mudhish bir tushga aylanishini shu qadar istardiki, evaziga yarim umridan voz kechmoqqa ham rozi edi.
Shundan so‘ng Arofat ikki haftacha ko‘rinmay ketdi. Bir kech Pakana karavotda kitob varaqlab yotgan edi, qiyshayibgina kirib keldi. Qo‘lida tuguncha. Har xil yegulik.
Qizni ko‘rib Pakananing yana avji keldi. Shu kunlar mobaynida botinan uni poylab yurganini angladi. O‘sha mastliqdagi ishni hushyorlikda ham sinab ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi. Sinab ko‘rdi ham. Yaxshi-i!
Shu tariqa bu hol yana bir necha bor takrorlandi. Ikki tomon ham rozidek, ikki tomon ham jimjit.
Bir gal Pakana teatrdan g‘ashlanibroq qaytib kelsa — tag‘in o‘tiribdi. Daf’atan fe’li aynidi. Og‘ziga kelgan shaloq gapini qaytarmay haqoratlab haydadi: «Endi shu yerga qadam bossang!..»
Arofat sumkachasini olib, miq etmay chiqib ketdi. Yopiray, qanaqa qiz-a bu? Burilib bir og‘iz bir nima desa-chi! «Qayoqqa ketar ekanman? Bu uyda mening ham ulushim bor. O‘zimning uyim. Ketsang, sen chiqib ket. Meni avrab nikohdan o‘tkazding, nomusimni barbod qilding, endi qayoqqa haydayapsan, nomard pakana?!»
Yo‘q-yo‘q, boshini yerdan ko‘targani yo‘q. Xuddi shunday bo‘lishini oldindan bilgandek, gunohkorona burildiyu chiqdi-ketdi. Dardisarning dardisari!
Uni haydab yuborishga yubordi-yu, Pakana keyin qilmishiga pushaymon bo‘ddi. Vijdoni ezildi. Yana o‘tirib-o‘tirib o‘zini oqladi: «To‘g‘ri qildim. Axir qachongacha!..»
Arofat shu bo‘yi kelmay ketdi. Oradan uch oylar o‘tgach, Pakana bir oqshom teatrdan dilg‘ash bo‘lib qaytmoqda edi. Kayfi buzuq. Boya telefonda gaplashayotganida nogahon boshqa yoqqa ulanib, beixtiyor ikki qizning o‘zaro sirlashuviga xufiya guvoh bo‘ldi. «Anovi yerpakanani boshiga uradimi, Dilfuz, o‘zing aytgin? Jahongir balo-ond bo‘yli, sochlari jingala…»
Pakana metroda ketmoq bo‘lib «Paxtakor» bekatiga tushayotsa, chiqib qelayotganlar orasidan kimdir ko‘ziga issiq ko‘rindi. Yo‘lini kesib ro‘baro‘ chiqtsi. Arofat. U g‘aribona yerga boqib past ovozda salom berdi.
— Yaxshi yuribsanmi, Arof? Nega kelmay ketding? Qiz ko‘zini yerdan uzib, ta’naomuz bir qarab qo‘ydi.
— Borsam, tag‘in jahlingiz chiqmasin deb…
Bu gapdan allanechuk iyib ketgan Pakana tirsagidan ushlab uni yo‘ldan chetga olib chiqdi.
— Qayoqqa ketyapsan?
— Yotoqxonaga.
— Qanaqa yotoqxona? Nima qilasan u yerda?
— Bir tanishimning xonasida turibman. Vaqtincha.
— Menga qara, nima bo‘ldi o‘zi? — Pakana uni iyagidan olib o‘ziga qaratdi-yu, javdiroq ko‘zlardan shuvillab oqayotgan yoshni ko‘rib yuragi orqaga tortib ketgudek bo‘ldi. So‘ng boshdan-oyoq razm solib chiqdi. Aftodahol. Bu qizga bir balo bo‘lgan. Yonoqlarining eti qochib, battar turtib chiqqan, burun so‘rraygan. Egnidagi keng, uzun atlas ko‘ylakning oldi ko‘tarilib, orqasi osilib turibdi. Ahvol ma’lum.
Uyidagalar sezib qolib, haydab yuborishibdi. Vassalom.
— Nega mening oddimga kelmading? — dedi Pakana sarosimada boshqa gap topolmay, zil ketib.
— O‘zingiz, endi kelma, degan edingiz.
Yon-verlaridan u yoq-bu yoqqa yasan-tusan suluvlar o‘tib turar, ko‘z qamashar, dil talpinar, orziqar… ular orasida xunugi, balki eng xunugi mana shu qiz edi hozir.
Shunday bo‘lgani bilan Pakana yaxshi odam edi, olijanob edi. Ayni tobda ana shu benavo bandai ojizaga nisbatan tug‘ilgan shafqat hissi uning serna’ma ko‘nglini to‘ldirib, qolgan barcha xudbin tuyg‘ularni siqib chiqardi.
— O‘zimning xunugi-im! — dedi bandi dili bo‘shashganicha uni bag‘riga olib. — Uyga yur.
Arofat indamay ergashdi.
Keyin… ozgina mojaro bo‘ldi — nomiga, oqibati— shaharda kichkina, qishloqda kichkina to‘y bo‘ldi. Keyin to‘ng‘ich qizlari tug‘ildi. Shiringina, talpinchoq. Keyin — yana, yana. Xullas, bir vaqtlar nodon qiz bashorat qilmish «ishqilib, baxtli bo‘lsak bo‘ldi».
Pakana baxtlimi? To‘g‘ri, uy-joyi bor, xotin, bola-chaqasi bor. Ammo… xotiniga ko‘ngli ilimadi-ilimadi. Unga qaragisi kelmaydi, ta’bi tortmaydi. Uni o‘ylasa, g‘ussa bosadi. Xudoning o‘zi kechirsin-u, uchala farzandi ham mastlikda bo‘lgan. Ajabki, biri biridan ziyrak, bijildoq. Demak, anov gap bid’at ekan-da. Necha bor ajralmoqni qasd qildi. Lekin bunday sarishta ro‘zg‘orni, beminnat xotinu shirin-shirin qizaloqlarini tapglab qayoqqa boradi? Qizi bor odamning ko‘ngli yumshoq bo‘larkan…

8

Zamon o‘zgardi, endi qiz-juvon er tanlaydigan bo‘lib ketgan. Tanlaganda ham nuqul uzunidan bo‘lsa, novchasi bo‘lsa bularga! Ham daroz, ham jingalak sochiga-ku nima yetsin!
«Qadrli tomoshabin» Pakana, ko‘rsatuvlar jadvali bahona, har xil oldi-qochdilar bosiladigan yengiltakroq bir ro‘znomaga obuna edi. Uni qo‘liga olgan zahoti «Sovchi» degan joyiga razm soladi. Go‘zal, xushqomat, zamonaviy, jozibador, latofatli, bilqillagan (o‘zginalarining ta’rifi — «priyatnoy polnota») xonimlarga er yoki jazman kerak ekan. Talabgorning bo‘yi 180—190, ammo zinhor-bazinhor 170 santimetrdan past bo‘lmasligi shart. Amriqo yoki boshqa biron boyroq arab mamlakatini ko‘zlab turgan tadbirkor, korchalon janoblardan bo‘lsa-ku, yana ham yaxshi, nur ustiga nur. Lekin eng muhimi — bo‘yi, qaddi-qomati! 170 santimetrdan bir miri kam bo‘lsayam — chiqit, tuyog‘ini shiqillataversin. Novcha bo‘lsa-chi, nodonu moltabiat chiqsa ham mayli, to‘nkalik qilsayam marhamat, har kuni itdek ichib kelib tepkilasayam — bosh ustiga! Tavba!
Pakana bu ro‘znomani qo‘lga olmasligi, o‘sha sharmanda joyiga ko‘z tashlamasligi ham mumkin, albatta. Mumkin-u, birgina narsadan umidvor-da: bo‘y-po‘yining ahamiyati yo‘q, pakanasiyam bo‘laveradi, odam bo‘lsa bas, degan e’lon chiqib qolarmikan?.. Qayoqda! Hammasiga…
Yo‘q-yo‘q, o‘shanaqasi topilib qolsa, darrov yugurib bormoqchi emas, ilinji boshqa yoqdan. Dunyoda shunday ayol ham borligini bilsa — kifoya. Taskin-tasalli-da.
Pakananing oshiq ko‘ngli mehrga, muhabbatga zorligini bilamiz. Xotiniga ko‘ngli yo‘q, unga qaramasligidan ham xabarimiz bor. Demak, yagona yo‘li — chetdan ma’shuqa orttirish. Eski orzu so‘nmoq o‘rniga, yildan-yil alangalanib borayotir. Ammo, notavon ko‘ngilga qo‘tir — jomashov. Ta’bingizga mos-monandi bu olamda yo‘q. Bor chiroyli ayollarning boshida chiroyli erlari ham bo‘ladi. Chiroyli, ko‘rkam bo‘lmaganda ham novcha, qaddi raso bo‘ladi ular. Novcha bo‘lmaganlari esa shunday bir xislat yoki qudratga egaki, ularning qoshida har qanaqa darozi ham qulluqda turadi. Ayni shunisiga qarab chiroyli ayollar ularni tanlagan. Agar ular ishonchni oqlamasa, oqlaydigani topiladi. Har qadamda. Bozor bu!
Pakana ana shunday bozorning molu xaridorlarini ko‘p ko‘rgan.
Qaysi yilidir, yosh olim yurtdoshi uni qo‘yarda-qo‘ymay bir xonadonga ziyofatga olib bordi. Bahavo hovlini, qasrsimon imoratlarni, u yerdagi dabdabayu as’asani ta’riflash shartmikan? Nomini tutib baloga qolmaylig-u, poytaxtdagi nufuzli, ko‘chadan kelgan har qanday odam ikki dunyoda ham ostonasiga qadam bosolmaydigan bir bilimgohning yil sayin qabul hay’atida bakovullik qiladigan yo‘g‘on domlasi qanaqa davron surishi mumkin — tasavvur qilib olavering. Ziyofat ham shunga yarasha, kelajagi porloq qo‘sha-qo‘sha dastyor aspirantlar tipirchilab xizmatda edi. Mehmondan mezbon ko‘p.
Mayli, gap hozir bularda emas. Chaman gulzor bilan marmar favvora o‘rtasiga joy qilingan edi. Dasturxon boshida yetti-sakkiz chog‘liq odam — er-xotin, er-xotin. Ko‘rinishdan ziyoli, o‘ziga yarasha mavqeli bu kishilarning bari bir joydan yetishib chiqqan, birga o‘qigan teng-to‘shlar, boshlab borgan do‘stining hamqishloqlari ekan. Olis bir qishloqdan kelib shahri azimda shu qadar tomir otgan bu jamoaga Pakana chinakamiga havas qildi: biz ham o‘zimizni odam bo‘ldik deb yurgan ekanmiz-da!
Bazmning qahramoni ikkita edi.
Avvalo, hammaning diqqat-e’tibori davra to‘ridan joy olgan to‘porisifat kimsada. Eshonga o‘xshab betakalluf qo‘r to‘kib o‘tirgan bu odam o‘sha yoqdagi qandaydir yirik, serdaromad xo‘jalikning egasi ekan. Chamasi, ziyofat «otaxonning poytaxtga yurishi» sharafiga bo‘lmoqda edi. Katta-katta fan ulamolarining tandirkabob chaynab, oliy mehmonning og‘ziga tikilib o‘tirishi erish tuyulardi. Nachora, hayot haqiqati shu.
U kishining diqqat-e’tibori esa, davraning yana bir qahramoni, yo‘q-yo‘q, gultoji desa arzigulik Zubaydaxon ismli benihoya sohibjamol juvonda edi; asosan shu bilan so‘z berishib, shu bilan so‘z olishadi, qolganlarniki bor-yo‘g‘i — izoh, ilova, yaltoqlanib kulish, gap ma’qullash, xolos.
Yolchib o‘tirar-o‘tirmas, Pakananing davradagi vazifasi ayon bo‘ldi-qoldi. «Ulug‘ mehmon»nyng muborak qiyofasini hozircha xomakiroq aks ettirib berishi lozim ekan, esdalikka. Bebiliska ziyofatga sudragan pismiq do‘stning ishi.
Pakana davradan chetroqqa kursi qo‘yib, doim yelkasida yuradigan qalin jilddan bir taxta qog‘oz oldi-da, qoratosh bilan chor-nochor ishga kirishdi. Lekin, qiyofa birpasda bitdi. Tep-tekis, ma’no-ifodasiz manman bir bashara — nimasi qiyin?
Egasi rasmni rosa zehn solib, maroq bilan ko‘zdan kechirgach, «Da-a, talant!» deb baho berdi va «bashara»sini davra ahli hukmiga havola etarkan, rassomni yoniga imladi. Uning qo‘lini siqib, e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan xufiya bir qat’iyat bilan cho‘ntagiga nimadir tiqdi-da, «Zubaydaxonni ham!» deya amr qildi.
Boyagisi qanchalik oson bo‘lsa, bu tolshiriq shunchalik murakkab, ayni choqda maroqli edi.
Ish asnosi Pakanani nozik bir jumboq band etdi.
Tanishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, kattakonlar davolanadigan maxsus shifoxonada bo‘lim mudiri lavozimida ishlaydigan bu barkamol xonimning eri yonida mushtdekkina bo‘lib nochor ishshayib o‘tirgan, davradagi eng ko‘rimsiz, pachoq kimsa ekan. Pakana qattiq taajjublandi. Avvalo, poytaxtdagi manaman degan kiborona oliymaqom bazmlarni bezamoqqa qodir bul aslzoda xonimning huv dala-dashtlarda tug‘ilib o‘sganiga aql bovar qilmasdi. Qolaversa, u nega kelib-kelib shunday shumshuk ta’viyaga erga tekkan? Axir, mana, tanlasa tanlagudek maktabdoshu sinfdoshlari bor ekan, hechqursa, ana, qudratli to‘pori…
Bu chigallikning tarixi esa oddiygina. Mana shu hozir qisinib-qimtinib o‘tirgan pachoq kimsa bir paytlar maktabning oldi, davradoshlarning eng zo‘ri, eng a’lochisi bo‘lgan. (Unda anovi to‘rda taltayib o‘tirgan akamiz maktabda zo‘rg‘a o‘qir, besh karra besh — yigirma besh, desa birov, «Jo‘g‘-e, yellik besh bo‘lsa kerag-ov, yekkita besh-ku!» deydigan darajada edi.) Tabiiyki, qizlarning aksariyati shunaqa peshqadamlarga talpinadi. Sirasi, u kezlar Zubayda hali yetilmagan g‘o‘r bir g‘uncha edi. Sevishganlar, odatdagidek, birga o‘qishga keladilar, birga o‘qiydilar. Uylanishgach, musofirchilik, kamxarj ro‘zg‘or, «igna bilan quduq qazish» mashaqqatlari azaldan jussasi chog‘roq erni ezg‘ilab, yanada pachoq qilib tashlaydi. Azaldan durkunroq, beg‘amrok, bo‘lgan xushro‘y xotin esa, tuqqani sayin yetilib, ochilib ketaveradi — avlodida shunday xislat bor ekan. Boz ustiga xizmat joyining sharofati bilan katta oxurlarga o‘rganib, dimog‘dor jamoatning teng huquqli a’zosiga, nainki oddiy a’zosi, ko‘pincha gultojiga aylanadiki, buni ko‘rgan sho‘rpeshona er borgan sari rashku xavotirda o‘rtanib, ich-etini yeb, battar sinib, nihoyat, mana shunday aftoda-abgor holga tushib qoladi. Endi biror o‘zgarish yasash mahol. Fan nomzodi tugul yetuk ulamo bo‘lganingda ham, bu soxta-sipo dabdabalardan voz kechib kindik qoning to‘kilgan ma’sum lolaqizg‘aldoq adirlarga chiqib ketganingda ham noming shu — «Zubaydaxonning eri»!
…Rassom bot-bot ko‘z tashlab, ana shunday o‘ylar og‘ushida, nihoyat, parivash bir ruxsorni qog‘ozga ko‘chirib bitkazdi. Xo‘rsindi.
Rassomlik yaxshi hunar, gashti bor.
Lekin — pakanalik qandoq yomon, pachoqlik qandoq alamli!

9

Umidli dunyo, Pakana hali-hamon bir kuni mo‘jiza ro‘y berib bo‘yim cho‘zilib qolar, degan xomxayol bilan yashar ekan, bu orada yana bir baloga giriftor bo‘ldi.
Ko‘za kunida sinar, lekin boshdagi soch bir kunda to‘kilmas!.. Pakana bo‘y o‘stirish g‘amida yuribdi, soqol-mo‘ylovning pardoziga zo‘r beribdi-yu, yana bir muhim narsani nazardan qochirgan ekan. Bir erta oynaga qarab soch tarayin desa, kuni kecha ko‘pirib turgan matoh, taroqqa ilinmaydi, barakasi ketgan. Siypab ko‘rmoqchi edi, bir tutami yulinib qo‘liga keldi, tagi ochilib qoldi. Ko‘zgu esa xuddi masxara qilgandek beshafqat hukmini o‘qib turardi: hayot — ana shunday bamisoli bir bekinmachoq, birodar, kutilmaganda pand beradi. Yoshlik davroni o‘tdi endi, qariding… Qaridim? Qachon? Men hali nimani ko‘ribman, axir?
Mana, bor umidi — soch ham tamom bo‘pti. Bir mahallar, bo‘y o‘stirish tashvishida yurgan kezlari ko‘rgan tushi bugun chinga, achchiq haqiqatga aylandi. O‘shanda bir kecha uyqudan yig‘lab uyg‘ongan edi: tushida boshini silasa, sochi yo‘q emish.
Tez orada bori ham uzoqqa yetmadi, sob bo‘ldi. Soqol-mo‘ylovning bunday g‘ovlab ketgani bejiz emas ekan: bir joyda ko‘paysa, boshqa joydan kamayishi tayin. Hammasining hisobi bor. Tabiat qonuni deydilar buni, Pakanaboy!
Shu tariqa, bo‘y tashvishiga mo‘y tashvishi qo‘shildi. Bu bobda ham dono ko‘p ekan. Birovi takror-takror ustarada qirdirishni maslahat bersa, boshqasi— guruchning zardobiyu namakob (jaydari tuz bo‘lishi shart!) bilan yuvishni, birovi — sarimsoqpiyozni boshga ishqashni, yana biri buqachaning shahvat beziniyu qora qo‘yning qatig‘ini surkashni uqtiradi. Kimdir hatto yermoyi — kerosin bilan chayib ko‘rmoqni tavsiya qiddi. «Donolar bisotidan bahramand bo‘lib» necha kunlab sasib-anqib yurganlari!..
Pakana bu ishga xotinini ham safarbar etgan edi. Uning asl maqsadidan bexabar go‘l xotin yugurib-elib har xil o‘tkir dori-darmon topib keladi deng: majorlar o‘ylab topgan kamyob «Banfi»mi, latishlar chiqargan antiqa «Dzintars»mi…
Xullas, qilmagan ilmu amali qolmadi. Befoyda. Bir gal televizorda ko‘rsatildi. Amriqolik bir afandi tepakal boshini sigirga yalatgan ekan, gurkirab jingalak soch o‘sib chiqibdi. Pakana o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi: yaltirbosh bir davangir cho‘zilib yotibdi, govmish kelib yalayapti. Bu yangilikni o‘zidan ham bedavoroq tepakal xizmatdoshiga aytgan edi, u ensasi qotib qo‘l siltadi: «Bo‘lmagan gap! Agar buning iloji topilganida, Gorbachyov bobo allaqachon jingalaksoch bo‘lardi».
Pakanamiz shundan keyingina sinalgan usulga o‘tdi. Rassomligi kor kelib, tajribali tepakallar singari mohirlik bilan yon-veridagi soch tolalarini peshonasiga tarab yurdi. Bora-bora bundan ham hafsalasi sovidi. Shamol-shabadada yurib bo‘lmasa, qo‘lingizdan taroq tushmasligi kerak.
Shunday qilib, pakanalik yetmagandek tepakal ham bo‘lib qoldilar akam. Endi «ho‘ pakana»gina emas, «ho‘ kal» ham deb chaqiriladigan bo‘ddi. Xudoyam qiziq: birovni topib olsa bas, hadeb shuni tarsakilayverar ekan.
Aslida-ku, gap sochda ham emas, bo‘yda ham emas. Zo‘r bo‘lsangiz — pakanamisiz, novchamisiz yo tepakalmisiz, jingalaksochmisiz — ahamiyati yo‘q. Noshud-notavon bo‘lsangiz esa — bari bahona. Qisqasi, gap omadda. Gap ko‘ngilda, ko‘ngilning to‘qligida. Yigit kishining omadini bersin deng. Omadi yor odam qiyofasidaga uncha-muncha qusurga parvo qilmaydi. Buni tabiatning ishi deb, ortiq bosh qotirmaydi. Negaki, bunga vaqt sarflasa, shu bilan mashg‘ul bo‘lsa, omad ketib qoladi. Uni tutish esa oson emas. Omad yurishmasa, bir quchoq soch ham, terakdek qomat ham bir pul, quruq sumbat, xolos. Bo‘yni xudo beradi, soch — boshdagi omonat mo‘y, ertami-kechmi, hammadayam to‘kilishi mumkin. Buni debgina qayg‘urmoq — umrning zavoli.
Darvoqe, tepakallik ham husn, soch taramasining bir turi, xolos, degan tushuncha bor. Ba’zilarga yarashganini ayting! Bilsangiz, mashhur kishilar pakana bo‘ladimi, tepakal bo‘ladimi, baribir, ko‘zga issiq ko‘rinaveradi. Shu nuqsonlari ham yoqimli, jozibali, hatto suyumli tuyuladi. Inson — betakror mo‘jiza, uni aynan qayta yaratish Isoning ham, Musoning ham qo‘lidan kelmas. Mana shu, Obidjon. Uni novcha yoki o‘rtabo‘y holda tasavvur qilib ko‘ring-chi, nimasi qolar ekan?
Omad deganlari bir mahallar Pakananing ham boshini (to‘g‘ri, unda tepakal emas edi) silab o‘tgan.
Pakana rassomlik bilim yurtini tugallash arafasida diplom ishi sifatida «Orzu» atalmish kattakon bir portret yaratdi. Yoshlikka xos g‘ayrat va ehtiros bilan ishlangan bu asarga u mo‘yqalam tutgan kunidan boshlab rasmini chizib kelgan suluv qiz-juvonlarning eng jozib jihatlarini nazokat ila jamlay bilgan edi. Unda sumbul sochlarini tarayotib, qo‘lida taroq, o‘rtaguvchi bir g‘amza bilan qiyo boqib turgan sohibjamol siymosi aks ettirilgan edi. Kimdir bir baraka topkurning nazari tushib, asar «San’at» jurnali muqovasida e’lon qilindi. So‘ngra uni «Subhidam», «Nozanin», «Taraddud», «Sumbul», «Bokira»ga o‘xshash har xil nomlar bilan, ismi bezakli gazet-jurnal borki, bari ko‘chirib bosdi. «O‘zbekistonlik yosh mo‘yqalam sohiblari» degan sarlavha ostida Moskovdagi «Iskusstvo» jurnalida ham chiqdi. Talabalik yotoqxonalaridan tortib, turli do‘konu sartaroshxonalarning devorlari, tramvay-trolleybuslarning oynalarigacha «Subxidam»u «Taraddud», «Bokira»yu «Noza-nin», «Sumbul»u «Orzu»larga to‘lib ketdi. Deylik, mashhur «Notanish ayol» yoki «Mona Liza»larga o‘xshab!
Asar to‘g‘risida matbuotda rosa bahs-munozara ham bo‘ldi. Qiz siymosi chinakam ehtiros va mahorat bilan chizilgani e’tirof etilib, injiq munaqqidlarni rasmdagi boshqa bir holat hayratga solardi. Chunonchi, asarda subhidam pallasi tasvirlangani ayon ko‘rinib turibdi, xo‘sh, unda deraza osha tushayotgan to‘lin oy yog‘dusiyu ana shu yog‘duda g‘ujton o‘ynayotgan yudduzlar tasvirini qanday tushunmoq kerak? Bunda qanday ramziy ma’no bor?..
Rosti, bu savolga Pakananing o‘zi ham jo‘yali javob bermog‘i dargumon edi. Shunday chizgisi kelgan — chizdi. Vassalom.
Endi o‘ylasa, asarni mashhur qilgan sir ana shu g‘alatiligi, ana shu «xato»sida ekan.
Avom tomoshabin nazarida uning boshqa «xato»lari ham bor edi. Deylik, nega shundoq ofatijon faqat yon tarafidan ko‘rsatilgan, nega qiya qarab turibdi, xolos? Yuzini ko‘rsak bo‘larmidi… Asalning ozi yaxshi, birodar!
Shuhratning qanoti bor. Asar o‘zi yagona-yu, ta’biga qarab har kim har xil nomlayverganidan u bir emas, bir nechtaga o‘xshab qolgan, binobarin, Pakana bittagina emas, bir necha mashhur asarning muallifiga aylangan edi.
Shuhratning qanoti borligi haqiqat. O‘sha kezlar Pakananing oyog‘i yerga tegmas, bir kuni ko‘chada borayotib hatto bo‘yi cho‘zilib, osmonga uchib ketayotgandek ham bo‘lgan edi. Qayerga bormasin, yonverida shivir-shivir: «Ana, iste’dodli yosh rassom… «Orzu»ni chizgan-chi, huv «Nozanin»ni… Bo‘lajak Chingiz Ahmarov deyishyapti…» Unda hech kim pakana demas, pakanaligiga e’tibor bermas edi. Unda anovi Obidjon deganlaridan nom-nishon ham yo‘q edi. Beshog‘ochning «dumba-jigar» somsasini chala chaynab, yelkasida o‘zidan katta ishxalta, yer bo‘lib «Yoshlik» jurnaliga bezak-pezak chizib yurardi. Bugun endi… Charxning o‘yinini qarang!
Pakana-ku osmondan tushgandek bu shuhratdan taltayib ketgani yo‘q, biroq talay zamon xotirjamlikka berilib, o‘shaning yog‘dusida isinib yurgani rost. Bu yog‘du shu qadar o‘tkir ekanki, keyin ishlagan rasmlari «Orzu»ning takrori — ikkinchi, uchinchi nusxalari bo‘lib chiqaverdi. Shu tariqa o‘rtamiyona bir kosibga o‘xshab qoldi. Aslida o‘zi kiroyi iste’dodi yo‘q ekanmi, «Orzu» anchayin tasodifiy ish bo‘lgan ekanmi yoki institutdagi daqqi qolip ta’sir qildimi, kechagi umidli yosh rassom oddiy bezakchiga, yana ham to‘g‘rirog‘i — mana shu Pakanaga aylandi-qo‘ydi. Bugungi mo‘rt, sarsari tug‘yonlari, o‘zini o‘zi yeb yurishlari, omadsizlik dardi, bari-bari o‘sha — kuzak quyoshi misol yilt etib o‘tmish omonat shuhratning yo‘qlovi, alamzadalikdan, xolos. O‘zi haqida boshqacha fikrda ekanining ham bir cheti shunga bog‘liq.
Institutda u teatr rassomligi bo‘limida tahsil ko‘rdi. Bu yerda boshqa narsa talab qilinardi. Asta-asta rangtasvir, portret turlaridan qo‘li chiqa boshladi. Boz ustiga, omadi oqsab, viloyatga ketib qoldi. U yerdagi ko‘lmak muhit tirikchilikning o‘ng‘ay yo‘llariga yetakladi. Shu yo‘sin — ke-etdi. Bugun endi iztirobda o‘rtanadi: xo‘p, ana, o‘n yillar chamasi o‘qidim, qolgani-chi, qolgan umr qayoqqa ketdi? Ke-etdi. Qulog‘ini ushlab. Boshqa amalga noqobil bo‘lgach…
U biron bir favqulodda ish ko‘rsatib, o‘zining oddiy pakana emasligini, umuman, pakana emasligini isbotlamoqni, elaro nom taratmoqni orzu qilar, zo‘r berib turli-tuman rejalar tuzar edi — shoyad shunda kampisand pakanaligi bilinmay ketsa!
Lekin, nima hunar ko‘rsatsin? Omad ketgan. Ketgan omadni qaytarish uchun g‘ayrat kerak, shijoat kerak, oddiy umrguzaronlikka xos talay ne’mat va halovatlardan mardona voz kechmoq kerak bo‘ladi. Buning uchun esa ozgina rag‘bat, ozgina shiddat darkor. Zavq, ilhom darkor. Ilhombaxsh kimsa esa yo‘q. (Ilhomkushi-ku istagancha topiladi.) Uni topmoq uchun yana ozgina omad zarur. Omadsizga it ham qaramaydi.
Xullas, biri biriga bog‘liq, tag‘in o‘sha sarson halqa!
Pakananing shashti singan, o‘zidan ko‘ngli qolgan edi. O‘zidan ko‘ngli qolgan odam — yarim odam, chala odam, odam emas ham deyish mumkin. Axir, bo‘y yo‘q, soch yo‘q, omad yo‘q! Dunyodan umidni uzsangiz ham bo‘laveradi, Pakanaboy!
Otaxon dramaturgning navbatdagi ziyofatidan keyin Pakana bunga ayniqsa amin bo‘ldi.

10

Otaxon dramaturg qo‘li ochiq, dasturxoni ochiq, serhimmat muallif edi. Bo‘shgina-bo‘shgina «e’jod»larini «go‘shti sizdan, suyash bizdan» qabilida teatrga keltirib tashlar, o‘zi qorasini ko‘rsatmay ketar edi. Lekin kattakon mahkamalardan sim qoqdirib bezor qilardi. Shundan so‘nggana biron rejissyor so‘ka-so‘ka bu xomashyoni qo‘lga olar, aktyorlar bilan ko‘paylashib, so‘ka-so‘ka uni «odam qatori»ga qo‘shar edi. Ana shunda muallif qayta paydo bo‘lib, «u yog‘idan suzing, bu yog‘idan suzing» deya aylanishib qolardi. Keyin, to, asar tayyor bo‘lguncha jamoaga bir necha marotaba zaytunu ilik yog‘iga osh qilib, spektakl tayyor bo‘lgan kuni torroq davraga, u sahnaga chiqqan yalpi ko‘rikning ertasiga keng davraga dabdabali ziyofat berardi.
Keng davraga mo‘ljallangan bo‘ galgi bazm «Bahor» restoranining bahavo, muhtasham tolorida o‘tmoqda edi. Ziyofatga kelgan ham kelgan, kelmagan ham kelgan. Teatrga, umuman, sanatga hech bir aloqasi yo‘q, kechagi ko‘rikda ham qorasini ko‘rsatmagan allaqanday yasan-tusan xonimlaru arbobsifat janoblar. Bamisoli to‘y deysiz. To‘y-da, axir, otaxonning bayrami, teatr ustidan qozongan g‘alabasining tantanali namoyishi! Ana shuning nash’asini surgani, birga baham ko‘rgani kelgan bular. Aksariyatini Pakana ilgarilari ham xuddi mana shunday sipo jamoatda, tekin ziyofatlarda uchratgan.
Dasturxon odatdagidek obod, anvoyi ichimliklar sharshara, yagona kamchiligi — anqoning urug‘iyu bulbulning suti topilmabdi qurg‘ur! Anqoning urug‘i — o‘z nomi bilan anqoning urug‘i-da. Ayniqsa, shu zamonda.
Xomashyoni «odam qilish»da qahramonimiz ham ishtirok etgan, bosh rassomga ko‘maklashuv bahona (aniqrog‘i, u — nozikta’b musavvir — To‘likjon hazar qilgandek burnini jiyirib chetga chiqqanda), asosiy xizmatni Pakana bajargan edi. Shunga qaramay, hozir bor-yo‘g‘i noma’lum, poygakroqda bir chetga siqilib o‘tirardi, qolganlar — «sahna»da.
Bazmning tantanali qismini bosh rejissyor ochdi. U asarni deyarli tilga olmay ustalik bilan aylanib o‘tdi-da, jamoadan izn so‘rab, oddiga qatnab yuradigan jikilloq shoir oshnasi hamrohligida tezgina qayoqqadir jo‘nab qo‘ydi. Boshqa joyda chortangi bo‘lsa kerak. Sahna «qutulgan devlar»ga qoldi. Kechagina changini chiqarib so‘kib yurganlar to‘kin dasturxon ustida muallifni ko‘klarga ko‘tarib maktashdi, «Tag‘in jindakkina ishlansa, «Kelinlar qo‘zg‘oloni»dan o‘tib ketadi», deya bashorat qilishdi. Otaxon to‘rda taltayib o‘tirdi.
Spektaklning bezaklari to‘g‘risida gap ketganda ta’rif To‘likjonga tegdi, albatta. Holvani hokim yer.
Sal o‘tib, sho‘x yallayu raqs boshlangach, ahli bazm hotamtoy muallifni, unga qo‘shib qayerda, nima munosabat bilan o‘tirganini ham esdan chiqarib yubordi. It egasini tanimay qoldi. Teatrdagi mojarolardan siqilib yurgan boyoqish aktyorlar sipolik to‘nini yechib tashlab, yayramoqqa tushib ketishdi.
Chappor urib irg‘ishlayotgan baxtiyorlar safidan bir qiz Pakananing diqqatini tortdi. Ko‘ziga issiq ko‘rinadi: kim bo‘ldi bu? Mehmonlardanmikan? Chehrasi muncha charog‘on, muqomlari bu qadar yoqimli, yarashiqli!
O‘zi shunday: chiroylilar doim tanish tuyuladi. Ammo sen unga notanish — «charxi kajraftorning bir shevasi».
Pakana ko‘z uzmay rom bo‘lib o‘tirarkan, oqqush misoli qanot qoqa-qoqa davrani aylanayotib qiz unga jilmayib o‘tdi. Tanish, tanish! Bo‘lmasa… Shu mahal qayoqdandir paydo bo‘lgan anovi sulloh sayyod — Nurali qizning oldini to‘sib chiqdiyu… Pakana dog‘u armonda qoldi.
Charxi kajraftorning yana bir shevasi!
Kim edi u tanish-notanish dilbar?
Xiylagina ichib qo‘ygan Pakana so‘ngra chalg‘ib, chiroyli xonimlarga sukdana-sukdana, ularning erka, nozli raqslarini kuzata-kuzata, tuyqus xo‘rligi keldi. Tashqarida olamni larzaga solib, odamni g‘aflatdan ogoh etib momaqaldiroq gumbirlayotibdi. Bahor. Yana bir bahor! Bu yerda hamma shod, baxtiyor. Umr o‘tyapti! Unga esa birov qiyo ham boqmaydi, «itmisan, bitmisan» demaydi, ishi yo‘q. Yo rab, bu qanday nohaqlik!
Daf’atan bu hurram ziyofatda, bu jamoatda o‘zini ortiqcha, itdek xor, bitdek zor, pachoq, pajmurda kimsadek sezdi. Vujud-vujudini qaqshatgan bir alam bilan boshini mushtlari ustiga qo‘yganini biladi…
— O‘zginam qoldim sizga, Pakanajon, turing endi!
Boshini arang ko‘tarsa — Qamara. Ohanjama so‘mkachasini ko‘ksiga bosib, o‘n sakkiz yashar nozanin misol nozlanib turibdi. Odatdagidek — bo‘yalmagan, bejalmagan joyi yo‘q. Atir-upasidan bosh battar aylanadi. Aktyor xalqi o‘zaro xiyla dangal, betakalluf bo‘ladi. Upa-elikni me’yoridan oshirib yurishi uchunmi, g‘arko‘zligiyu bepardaroq qiliqlari uchunmi, bu ayolni ochiqdan-ochiq, yuz-ko‘zi oldida shunday deb atasha-i. O‘zi esa pinak buzmaydi, biror so‘z bilan e’tiroz ham qilmaydi. Kim bilsin yana!
— Bosh og‘riyapti, Qamara opa. Ayting, meni uyga eltib tashlasin birortasi, — deb g‘udrandi Pakana.
— Voy, boshginangdan opang aylansin, nimalarga og‘riydi-yo? Turing endi, tasadduq, bizlardan boshqasi qolmadi bu yerda, — dedi Qamara uning qo‘lidan tortib. — Sizni o‘zim olib ketmasam…
Pakana ko‘zini ishqab tevarakka qarasa, chindan ham, ularga taajjub aralash tikila-tikila stollarni saranjomlayotgan ikki xizmatchi xotindan bo‘lak kimsa ko‘rinmaydi. Qolganlar qayoqqa ketdi? Qamara nima qilib yuribdi bu yerda?
Qamara — tug‘mas, ko‘p yillar burun eridan ajrashgan bo‘lib, teatrning orqasida, bir xonali uyda yolg‘iz yashar edi.
Pakanani uyiga olib kelib, u qildi, bu qildi, epaqaga keltirib oldi. Keyin tun bo‘yi unga sig‘inib chiqdi. Xulosasini saharda aytdi:
— Endi yana qachon kutay, jonim? Sendaqasini kamdan-kam ko‘rganman…
Qari qanjiq! Bugun bozoring kasod-da. Besh-olti yil ilgari-ku menga o‘xshaganni yaqiningga yo‘latmasding. Gapini qarang! Buni bekorga anovinaqa deyishmas ekan. Mana, o‘z og‘zi bilan aytib turibdi — ko‘pni ko‘rganini, ko‘pdan qolganini!
Keyin daf’atan ichi to‘kilgudek bo‘lib ketdi. Bu rostdan ham o‘sha Qamarami? O‘sha mashhur aktrisa Qamara Rahimova? Pakana o‘spirin yoshligida suratlariga sig‘ingan, ishqi ilohiy bog‘lagan Qamara? Unga yaqinlashuvni xayoliga ham keltirolmagan Qamara? Qani u, qayoqqa ketdi?..
Ro‘parasida qiyshanglab turgan ayolni tanimadi, o‘zini ham tanimadi. Bu qanday shafqatsizlik!..
— Meni nima qilasan, Qamara? — dedi kun ko‘rmagan sho‘rlik Pakana uning so‘zlariga ishonib-ishonmay. — Aft-angorimni ko‘rib turibsan…
— Zato-o!.. — dedi ayol boshini sarak-sarak qilib.— Kuyinma, tasadduq, maymundan beriroqsan…
Pakana o‘sha kuni balchiqqa botgandek ijirg‘anib, o‘zini maymundan battarroq his etib qaytdi uyiga.
Bo‘ldi, bas! Boshqa bu yo‘lga kirish yo‘q. Yoshlik, beboshlik davri o‘tdi endi. Havoyi havaslarga chek qo‘ymoq kerak. Nasibasida bori shugina ekan, nachora? Bu yog‘i qizlari katta-katta bo‘lib qoldi…

11

Yoshlikning oqava nafasi hali oldinda ekanini bilmasdi Pakana. Chin muhabbat hali oldinda ekanini bilmasdi u. Hali Majnun yanglig‘ iztiroblar chekajagini-da bilmasdi. Nihoyat, «Orzu»siga yetay deganida uning yana «Armon»ga aylanib qolishidan ham bexabar edi.
Xudoyim yorlaqagan bir kun Pakana ustaxonasidan chiqib nimadir yumush bilan rejissyor do‘sti Xayrulla Hoshimovning huzuriga borayotgan edi, ittifoqo sahna ortidagi torqorong‘i yo‘laqda oppoq libosi xush qomatini ko‘z-ko‘z qilmoqchidek yopishib turgan, sermavj kokillari yelkasini to‘ldirgan bir qizmi-juvonga ro‘baro‘ kelib qoldi. Nedandir kayfi chog‘ edi, zavqi toshib, o‘ylab o‘tirmay uni belidan mahkam quchoqlab oldi. (Teatr olamida bunday qiliqlar ko‘pda ayb sanalmaydi.)
— Voy-voy, kimsiz? — deya qiyqirdi qizmi-juvon tipirchilab.
Pakana «o‘lja»sini qo‘yib yubormay, ijig‘-bijig‘ kutarib yo‘lakning boshiga — yorug‘roq joyga olib chiq-diyu… O‘shanda uning holatini ko‘rgan odam!..
— Voy, sizmidingiz? — dedi qiz nafasini rostlab.— Qo‘rqitib yubordingiz odamni.
— Siz… o‘shamisiz? — dedi Pakana huv bahordagi ziyofatni eslab, hayratda.
— Siz… o‘shamisiz? — dedi qiz ham Kumushbibining ohangida takrorlab.
— Me-eni taniysizmi?
— Iya, tanimay nima? Rassomsiz-da.
— Qayoqdan bilasiz? O‘zingiz-chi, kim?
— Vuy, manovi kishini! Kunda necha bor ko‘radigan odam!.. Hazillashmayapsizmi o‘zi? Kelganimga bir yildan oshdi-ya! Safsarman-ku, rassom aka, Safsar Nishonova. «Ko‘zg‘olon»da kenja kelin bo‘lib chiqaman, esingizdami? Bizdan boshqa hammasining portretini chizgansiz-da, bizni tanimaysiz!
Pakananing esi og‘ib qolgan edi: o‘ngimi, tushi?
Ro‘parasida aynan «Orzu»dagi sumbul sochli bokira nozaninning o‘zginasi!..
Bir yildan beri ko‘zing qayoqda edi, Pakana? Pakana bo‘lsang ham odam eding, yigit eding, ko‘ngling orzularga to‘la edi — ko‘zing qayoqda edi, og‘ayni?
O‘zidan ko‘ngli qolgan odam atrofga parvo qilar ekanmi? Qolaversa, gavharni tanib olmoq — eshkak eshmoq emas!
— Kechirasiz, men sizni Qamara opa deb o‘ylab…
— Achinyapsizmi? — dedi Safsar sho‘xlik bilan. — Qamara opadan yomon ekanmanmi?
Bu — o‘zingni buncha pastga urding, ey yigit, degani emasmi?
Bu — men ekanimni bilganingda quchoqlamasmiding, degani emasmi?
Bu — qilgan haqoratingga chidaganim uchun rahmat aytgil, degani emasmi?
Bu — gavharni shisha sinig‘idan farqlayolmagan zargar zargarmi, degani emasmi?
Bu — dunyodan bezgan zohid ham ko‘zini ochib yuradi, degani emasmi?
Bu — hayf senga, ey befahm, galvars pakana, degani emasmi?
U yog‘ini o‘zing tanlab ol, birodar!
— Qachon, qachon chizay rasmingizni? — deb so‘radi Pakana totli tushdan uyg‘ongisi kelmagandek chippa yopishib. — Hozir desangiz — hozir, hoziroq…
— Mayli, keyin. Boshqa payt. O‘zim kiraman oldingizga. Hozir Nurali aka bilan bir yoqqa borib kelmoqchi edik. Kelishdikmi? Qo‘lni tashlang!
Pakana joyida mixlanib turib qoldi.

12

«Dunyomiding, ro‘yomiding — bilmadim…»*

Pakana darhol bu sirli farishta bo‘lib ko‘ringan qiz haqida ma’lumot to‘plashga kirishdi.
Safsar institutdan keyin birga o‘qigan saboqdoshiga erga tegib, Samarqand teatriga ishga ketgan ekan. Ikki yilmi-uch yil yashab, murosalari kelishmaganmi, ajrashib qaytib kelibdi. Bu orada nima balodir bo‘lib eri qamalib ketibdi. Jajji qizchasi bor ekan. Bu yerda ishlayotganiga rostdan ham ancha bo‘lganmish.
U yog‘ini so‘rasangiz, eri bir vaqtlar Farhodu Tohir rollariga mo‘ljallab qabul qilingan edi o‘qishga. Xudoyim ham boshqadan (Pakanaga o‘xshash sho‘rtumshuqlardan) qisgan bo‘lsa qisganki, manaman degan yigitga atagan borini shunga bergan edi. Baland bo‘yli, xushbichim, xushsuvrat, xullas — tayyor Farhodu tayyorgina Tohir! Biroq, to‘rt yil davomida na o‘qish bilan ishi bo‘ldi, na boshqa bilan. Beshog‘ochlik bezorilarga qo‘shilib nasha chekib yurdi, yana ko‘p noma’qulchiliklarga bosh qo‘shdi. Bir daf’a shimol yoqdan kelgan bittasini hamtovoqlari bilan o‘rtaga qo‘yib «hashar» qilgani uchun qamalib ketishiga ham salgina qolgan. Bu bezorini o‘qishdan haydasayam bo‘lardi-yu, erkak domlalar, ayniqsa, zanchalishroq rektor uni ko‘rganda tipirchilagudek bo‘lib o‘zi kelib salomlashardi — qo‘lidan har ish keladi-da! Ayollar esa… ko‘ngli suv ochib ketardi: shundoq yigitlar turganda kimga tekkan ekanman-a! Uning yaramasligini bilishardi, albatta, ammo baribir ko‘rganda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishardi. Bilamiz, bilamiz — ablah, ablah-u, lekin yaxshi — yaxshi ablah!
Safsar qanday tushib qolgan uning changaliga?
Safsar ham o‘sha ahli zebolar qavmidan, nima, uning shoxi bor ekanmi?!
Bor, bor! Pakanaga qolsa, u boshqa, butunlay bosh-qa, o‘zgacha!
Nahot, shu choqqa qadar Pakana uni teatrda biror marta ko‘rmagan, uchratmagan?
Ko‘rgan, uchratgan, ammo zehn solib qaramaganda, e’tibor bermagan. Ayol narsa darrov ko‘zga tashlana qolmaydi. Teatrda qiz-juvon ko‘p. Hafsalasi sovigan odamga ularning bari — bir xil. Ayol kishi ba’zan qandaydir bir libos kiyadiyu tamoman o‘zgarib, boshqacha bo‘lib qoladi. Pakana Safsarni shunday holatda uchratdimikan yo?..
«Dunyomiding, ro‘yomiding — bilmadim…»
Ishqu ilhom junbushiga tushgan rassom kelasolib, bisotida ardoqlab yurgan bir taxta nafis xitoyi karton bilan suvbo‘yoqlarini hozirlab qo‘ydi. Portretdan qo‘li chiqib qolgan odam ishni shundan boshlagani ma’qul. Xomakisini qilib olib, so‘ngra moybo‘yoq bilan musovadaga — matoga ko‘chiradi. Vaktni ham cho‘zishi kerak-ku. «Sen bilan o‘tkazgan dam…»
Qani endi, undan darak bo‘lsa! Bir qarasangiz — qizchasi betob, bir qarasangiz — o‘zi, goho repetitsiya-a yo qayoqqadir oshiqib turgan. Qolgan vaqt mudom Nuralining oldida. «Keyin, keyin. Boshqa payt. Aytdim-ku, o‘zim kiramyn, deb».
«Dunyomiding, ro‘yomiding — bilmadim…»
Pakana bu yoqda, ko‘zi to‘rt, zor-intizor. Dastgoh tayyor, bo‘yoqlar shay. «Ammo sen o‘zgalar bazmi ila band»**. Azaldan she’ru g‘azalga havasmand ko‘ngil, naqd shaydoyi shoirga aylangan, bir paytlar atay yodlanmish sevimli misralar tildan tushmaydi. Uzun yo‘lakka chiqib, Nuralining eshigiga poyloqchilik qilarkan, mushtlari alamdan tugilib ketadi.
«Eh, o‘zgalar nechun seni sevadir?
Sevma sen, odammas ular, axir!
Ularda dard-iztirob na qilar,
Ular faqat kishnab yurgan yilqilar!»
Oshiq yana bir mashg‘ulot orttirdi. Bir varaq qog‘ozni naycha qilib olib, kuni daroz puflaydi. Sibizg‘a. Bo‘zlar, nola aylar. Ko‘rgan odam savdoyi, deydi. Ko‘rgan odam aqldan ozgan Majnun, deydi. Ko‘rgan odam… kuladi, masxara etadi. Sibizg‘a esa bo‘zlaydi, bo‘zlaydi, nolavor…
Tunu kun xayoli o‘shanda.
«Esladimmi, labim tamshanur.
Sen bir quvonch, shiddatidan ko‘zim yoshlanur»***.
Tunlari to‘shakda xayolan u bilan suhbatlar quradi, xayolan uni quchadi, o‘padi.
Xullas, o‘n sakkiz yashar shaydo yigitchani ko‘rmadim demang!
Biroq, u haddini yaxshi biladi. Biladiki, o‘zi tepakal, pakana, pachoq bir bedavo, tag‘in — bola-chaqali o‘rta yashar odam. U esa — ayni chappor urgan gulday juvon. Bamisoli yer bilan osmon!
Unda bu notavon ko‘ngil nimani istaydi, muddaosi ne?
Mana shu kal, sho‘rpeshona boshni ul sanamning ko‘ksiga bir boragina bossa, sanam uning ana shu tolesiz boshini silasa, shunda u tengsiz bu baxtdan yig‘lab yuborsayu sanam ham qo‘shilib yig‘lasa…
Shugina, boshqasi kerak emas. Boshqa armoni qolmasdi dunyoda.
«Dunyo so‘rarmidim sendan, azizim…»****
«Ammo sen o‘zgalar bazmi ila band».

____________
* Yo‘ldosh Eshbek satri.
** Alisher- Navoiy satri.
*** O‘ljas Sulaymondan.
**** Asqad Muxtordan.

13

Pakana Nuraliga ochiqdan-ochiq hasad qiladi. Nurali teatrda kamdan-kam ko‘rinadi. Yarim hissami, chorak hissami ishlaydi, ammo tayin nima ish bilan shug‘ullanishini hech kim aytib berolmaydi. Bir-ikki marta «moxovga oshno» maqomida afisha yozganini biladi Pakana. Allaqayda dallollik shirkatida ishlarmish. To‘likjon bilan zo‘r. To‘likjon unga indamaydi, qaytaga, xosxonasini bo‘shatib bergan. O‘zi bosh rejissyorning xonasida «yashaydi». Bas deguncha iste’dodli, tirishqoq bu ikki san’at fidoyisi, soqollari o‘sgan, ko‘zlari kirtaygan, qotgan non kavshagancha ertayu kech, ba’zan tongga qadar bedor o‘tirib dohiyona asar sahnalashtirish rejasini tuzadi, shundan charchamaydi.
To‘likjon ham qiziq. Nomi — bosh rassom. Ammo qo‘li ostidagilar bilan mutlaqo ishi yo‘q: kim bor, kim yitgan, qayerda, nima ish qilyapti. Unga shu rejadosh oshnasi — bosh rejissyor bo‘lsa bas, Nuralimi, Eralimi, bilgan noma’qulchiligini qilib yuraversin! O‘zi betayin bo‘lgandan keyin… O‘zbekcha gap so‘rasangiz, o‘rischa javob beradi. Asl ismi Tolibjon, hamma Tolik, Tolya deb atardi, teatrning oldin qishloq xo‘jalik vazirligida ishlagan, kal boshiga chust do‘ppi kiyadigan keksa direktori «To‘likjon» deganiga shunday bo‘lib ketgan.
Nuraliga kelsak, u ana shu hur, bemalolchilik muhitida yayrab yuribdi. Pakana unga hasad qilishi bejiz emas. Nurali — novcha, Pakana uning, ko‘kragidan ham kelmaydi. Lekin rosa qoqichak, ayniqsa, naynovsirab, alvasti sochlarini u yoqdan-bu yoqqa jilpanglatib yurishini ko‘rsangiz! Chakakbashara, siyrak soqol-mo‘ylov sal odam qilib turadi-da. Ko‘zlar deng piska bilan ermakka tilib qo‘yilgandek. Egnida — o‘zini bilgan odam or qiladigan antiqa kiyim-bosh. Hammadan ajralib turay deydi-da kasofat. Ammo o‘zi o‘lgudek xushmuomala, kirishimli. Ovrupocha ta’lim-tarbiya ko‘rgan padarqusur zamona zayli bilan zo‘r berib «o‘zbek bo‘lmoq»qa tirishadi, mulozamatni kulgili darajada oshirib yuboradi. Salomlashganda terakdek qomatini ikki bukib, mavrid-bemavrid «katta rahmat» deya kaftini ko‘ksiga qo‘yib turadi. Go‘yo rahmatning maydasi ham bo‘ladigandek, go‘yo uni xudo nomidan o‘zi o‘lchab-miyeqollab beradigandek. Rahmat degin-qo‘y, bachchag‘ar, xudoning rahmatiga sen dallolmisan?
Bu kasofatning tag‘in ne bir xislati borki, qiz-juvon unga pashshadek yopishgani yopishgan! Bozori chaqqon. Xushro‘y-xushro‘y ne-ne nozaninlar so‘roqlab keladi, eshigi tagida soatlab kutib o‘tiradi. Pakana ul-bul yumush bilan u xonaga bosh suqib ko‘rgan. Oldilarida bir finjon-bir finjon qahva, tamakini burqsitib, bo‘lmag‘ur gaplardan valaqlashib o‘tirishadi.
Mana shunday ulfatparast, shirinsuxan yigit, aytishlaricha, uyidan bezor, xotinu ro‘zg‘origa qaramas emish. Egizagini oldiga solib, xotini uning ustidan bir-ikki marta direktorga arz ham qilib keldi. Yoshgina, ko‘hlikkina juvon tap tortmay nima dermish: «Ikki oydan beri yotmaydi bu nomard!» Nachora, unga ham alam qiladi-da. Ajrashayin desa — «nomard»ning otasi sudmi, prokurormi, ishqilib, rosa puldor, davlatmand; hashamatli hovli-joyni tashlab, ikki go‘dagi bilan qayoqqa borsin? Indamay yuraveray desa — «bu nomard ikki oydan beri yotmaydi», bundan keyin ham yotmasligi mumkin… «Yoshlikda bo‘ladi-da, kelin, xafa bo‘lmang, qulog‘ini cho‘zib qo‘yamiz», deya yupatib chiqarib yuboribdi vaqtida o‘ziyam sho‘xroq o‘tgan direktor. Aybdor esa yerga qarab munofiqona tirjayib turganmish: «Nu vsyo, Dilya, konchay, pojaluysta, ya je tebya lyublyu!»
Nuralining allaqayda o‘zi shtab-kvartira deb ataydigan xilvatxonasi ham bor emish. U yerda nima savdo — Pakanaga qorong‘i.
Safsar kelib-kelib ana shu kazzobning bozoriga mijoz bo‘lgani alamli bedodlik emasmi?!
«Aldanma, yor, aldamchshar makriga,
Malak bo‘lma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bag‘riga —
Seni hech kim sevolmaydi meningdek» *.

________
* Muhammad Yusufdan.

14

Nogahoniy muhabbat Pakananing tashqi qiyofasini ham o‘zgartirib yubordi. Ilgarilari aksariyat mo‘yqalam sohiblariga xos bir palapartishlik bilan duch kelgan matohni egniga ilib, iyagiga haftalab ustara tekkizmaydigan odam — sipo, ozoda kiyinadigan, soqol-mo‘ylovini bahafsala kuzab-bejab yuraditan bo‘lib qoldi. Ittifoqo, hech gapdan bexabar g‘aflat bandasi Arofat o‘sha kunlari odatdagidek mehribonlik bilan «Zdorove» jurnalini ko‘tarib keldi. Unda bo‘y o‘stirishga oid ibratli tavsiyalar chiqqan ekan. Ayni muddao. Shu maslahatlarga amal qilgan bittasining bo‘yy bir qarichcha uzayganmish. Bir qarich tugul, bir enli uzaysa ham qaniydi!
Pakana maslahatlardan eng o‘ng‘ay va serzavqrog‘ini tanladi — turnik. Har erta qo‘ni-qo‘shniga tomoshayu ovora bo‘lib hovlidagi bolalar o‘yingohiga chiqib yurish shart emas. Osongina yo‘li bor ekan. Pakana uylarining orqasidagi eski-tuskilar uyulib yotadigan tashlandiqdan ko‘pincha ishxonalarda bo‘ladigan uzun, yaltiroq kiyim ilgichni topib keldi. Dahlizining eniga moslab ikki yonidagi ortig‘ini kesib tashladi. Bir uchidan chiqqan qo‘sh quloqli qalpoqchasini ustaxonada teng ikki bo‘lakka bo‘ldirib, yo‘g‘on mixga yarasha kattalikda teshdirib oldi. Quloqchalarni shiftdan pastroqqa, bo‘yiga mo‘ljallagan holda, ikki devorga mahkamlab mixladi. Yaltiroq misrangni ana shu quloqchalarga kiygizgan edi, tap-tayyor turnik bo‘ldi-qoldi, uyga kirgan-chiqqanda bemalol osilib, mashq qilib ketaverish mumkin. Mehmon-izlom kelganda esa, haligi temirni quloqchalaridan chiqarib, bir chekkaga olib qo‘ysa ham bo‘ladi. Ana sizga xonaki mashqu muolaja!
Pakana endi har erta qo‘lbola turnigiga tortanakdek osilib mashq qilar, undan keyin odatdagi badan-tarbiyaga o‘tar edi. Vujudida allaqanday quvvat paydo bo‘lib, o‘zini xiyla tetik sezib qoldi. Endi ilgarigi lanjlik, loqaydlik yo‘q, yurish-turishlari dadil, gap-so‘zlari ham qat’iyat kasb etgan, g‘ayrat jo‘sh urib turibdi, ko‘ngilda esa — muhabbat alangasi!
Mayli-da, bo‘y o‘smasa ham ko‘ngil o‘sgani kifoya.

15

Nihoyat, u keldi. «Va’daga vafodor malak»*. Pakana bo‘lajak asarini o‘zicha oldindan «Umid» deya nomlab, mo‘yqalamni qo‘lga oldi.
Safsar uch martami-to‘rt marta bir soatdan o‘tirib ketdi. Qizchasini bog‘chadan olishi kerak, kechqurun — spektakl. U ketgach, atigi bir soatlik mehnatdan Pakana pakkaga yetgan uloqchi otdek sulayib, hozirgina Safsar o‘tirgan qulay savat kursiga cho‘zilib qolardi. Har gal shunday. Hayajonu zo‘riqishdan. Bo‘lmasa, ortiq gap yo‘q, so‘z yo‘q. Ish, ish.
G‘alati qiz ekan. Dastlabki taassurotga har doim ham ishonib bo‘lmasligi rost. Haligina ochilib-sochilib bir nimani gapirib o‘tiradi-yu, lahza o‘tmay daf’atan sipo tortib, o‘ychan, ma’yus, bir nuktaga tikilib qoladi. Pakana esa nima deb gap qo‘shishga hayron. O‘rtada devor bor — hayajon devori, begonalik devori, nomunosiblik devori… Umid, umid! Sabr, sabr!
Atigi bir necha soatlik bu ishchan, ammo soqov muloqotlardan Pakana Safsar haqida bilganidan ortiq deyarli hech narsa bilolmadi. Gap so‘rasangiz, taajjublangan kabi aftingizga tikilib qoladi, javob bermaydi. Keyin, bir mahal o‘ziga kelgandek, bir og‘izgina «ha» yo «yo‘q» deya negadir ayanchli kulimsirab qo‘yadi.
Lekin bu qizga bejiz ko‘ngil qo‘ymaganini Pakana ish jarayonida, unga, uning yuz ifodalariga tikilib-tikilib qaragan chog‘larida angladi. Bir payt favqulodda mo‘yqalam qo‘lidan tushib ketdi: Safsar g‘oz bo‘ynini shunday bir ulug‘vorona maqomda burdiki!..
U har gal har xil qiyofa, har xil kayfiyatda, go‘yo boshqa odamga aylanib kirib kelar, oldingiga o‘xshamas edi. «Yangi va yangi, xilma-xil». Barchasi birdek yoqar Pakanaga, lekin — ajabo! — soatlab termilgan, siymosini tasvirga ko‘chirayotgan suyukli odamining qiyofasini o‘zi ketgach, harchand eslay, ko‘z oldimga keltiray desa, uddasidan chiqolmas edi. Boshqa tanish-bilishlari, hatto ko‘cha-ko‘yda bir-ikki martagina uchratganlarining ham aft-angori yodida, uniki — yo‘q. Ko‘zniki boshqa, ko‘ngilniki boshqa ekan-da. Ayniqsa, teran o‘rnashgan bo‘lsa u!
Yana Pakanani ajablantirgan ham ranjitgan joyi shu bo‘ldiki, Safsar chizilayotgan suratini ko‘rmoqqa biror daf’a rag‘bat bildirmadi. Sababini shunday izohlardi: «Keyin qizig‘i qolmaydi. San’at sirli bo‘lishi kerak». Voqean, bir gal gap orasida: «Qushga o‘xshatib chizing, uchi-ib ketayotgan qushga o‘xshatib», degani rost.
Umuman olganda, portret oson bitdi, desa bo‘ladi. Chunki bu siymo, bu yuz ifodalari Pakanaga yoshligidan tanish, zehniga muhrlanib qolgan, yillar davomida sayqallanib, nurlanib kelgan, sirasi, sal boshqacharoq holatda uni avval ham bir marta «Orzu»sida aks ettirgan edi. Endi u «Umid» bo‘lib, barkamol qiyofada jonlanmog‘i kerak.
Ish payti Qamaraning ikki karra kelib ostonada lab qimtib turgani! Niyati ayon bu yosumanning!
— Ko‘rib turibsiz-ku, Qamara opa, bandman, — dedi Pakana o‘zi ham kutmagan sovuqqonlik, ayni choqda bir zarda-qat’iyat bilan. — Bizga xalaqit beryapsiz.
Keyin o‘ylab o‘zi hayratda qoldi. Shu bir og‘izgina gap bilan, ortiqcha izohga o‘rin qoldirmay, har ikki tomonga munosabatini bildirib ulgurgan ekan. Bandman! Xalaqit beryapsiz. Bizga! Safsar ikkalamizga.
Ko‘rib turibsiz — biz bandmiz. Siz esa atay xalaqit beryapsyaz, Qamara opa! Qamara opa bizga, ikkalamizga xalaqit bermoqchi, Safsar, ko‘rib turibsiz!
Asar asosan pardozdan chiqib, yakunlovchi chizgilari qolgakda reja buzildi — teatr jamoasi Namangan safariga otlandi. Odatdagidek, Safsarning fursat topishi qiyin bo‘ldi.
Shu tariqa, portret ham, boshqasi ham chala qoldi. Nasib etmagan ekan.
Teatr jamoasi jo‘nab ketgach, hammayoq huvillab, Pakana sho‘rlik devona bo‘lay dedi. Biror bahona bilan ularga qo‘shilib olmaganiga afsuslandi. Kun sanab o‘tkazdi «Dunyomiding, ro‘yomiding…»
______________
* Usmon Nosir satri.

16

Orzumand Pakanamiz sarguzashtlarining bu yog‘i tasodiflardan iborat. Ularni Pakana ham, biz ham to‘qib chiqarganimiz yo‘q. Zinhor-bazinhor. Aslida tasodiflarga tuliq hayotning tabiiy izmi bu. Faqat, sizu bizga shunday tuyuladi.
Teatr safardan qaytgan kunning ertasiga Pakana ta’tilga chiqib, oyoqog‘rig‘ini davolatgani, qarangki, xuddi o‘sha tomonga — Chortoqqa ketadigan bo‘lib qoldi. Ta’tili — ma’lum jadval bo‘yicha, yo‘llanmasi ham aynan o‘sha kundan edi. Nimasi tasodif buning?
Pakana oxirgi ish kuni kechqurun uyga qaytayotib avtobusda kimni uchratdi deng?
Qo‘lida og‘irgina tuguncha, Safsar Yunusobodda yashaydigan opasinikiga yo‘l olgan ekan. Buning nimasi tasodif?
Pakana darhol uning qo‘lidan yukini olib, safar qanday utganini, taassurotlarini surishtira ketdi.
Safsar negadir g‘amgin, xomush edi. Behafsala javob kildi. Pakana buni charchoqqa yo‘ydi. Safar hayotini kim bilmaydi? Ayniqsa — betartib, to‘polon jamoaviy safarlarni!
Suhbatlari unchalik qovushmagan bo‘lsa-da, avtobusdan tushilgach, Pakana Safsarni manziliga qadar kuzatib quydi. Xayrlashayotib, portretni ta’tilidan keyin, xudo xohlasa, kuzda bitirajaklarini aytdi.
— Shuning bitmagani yaxshi, — deb qoldi Safsar kutilmagan bir sho‘xchanlik bilan. — Bitgan narsalarni xush ko‘rmayman. Bitdi degani — tugadi, tamom bo‘ldi, degani-da, shunaqamasmi? Chalasi yaxshi, doim shuni o‘ylab yurasiz. Innaykeyin, bu dunyoda mukammal nima bor o‘zi? Ha, darvoqe, Namangandan men sizga sovg‘a olib kelganman. Nimaligini ko‘rganda bilasiz. O‘ylang, qani, topa olarmikansiz?
Pakananing ko‘nglida chiroq emas, mash’ala yondi. Murg‘ak bir umid bilan qizga tikila-tikila xayrlashdi u.
Kechasi xuddi ana shu manzara — kuzatuv manzarasini Pakana qaytib tushida ko‘rdi. Ikkalasi g‘ira-shira oqshom pallasi sokin, ikki cheti daraxtzor xiyobon bo‘ylab ketib borishayotir. Ikkalasi-da shod, baxtiyor. Pakana qarasa — bo‘yi unchalik past ham emas, Safsardan tikroq, hatto baland emish! Tuyqus yonlaridan o‘smir yoshidagi bir yigit-qiz qo‘ltiqlashib o‘tibdi. Qizi emish! Besh-olti qadam uzoqlashgach, u orqasiga qarab qichqirarmish: «Baribir pakanasiz-ku, adajon, o‘zingizdan balandi bilan yurib nima qilasiz? Qarang, uningizning oyog‘i cho‘loq ekan, cho‘loq ekan, cho‘loq… Siz — pakana, pakana, pakana…»
Pakana uyg‘onib ketib, taajjubga tushdi. Kecha, rostdan ham, yonlaridan novcha-novcha bir yigit-qiz o‘tgan edi.„ Lekin qo‘ltiqlashib emas! Shunchaki, gaplashib. Kimdir orqadan nimadir degandek ham bo‘ldi. Ehtimol, o‘zaro bir gapdir, Pakananing qulog‘iga kirgani yo‘q, u tom bitgan edi o‘sha tobda. Ammo, qizning egnidagi qora las mayka yodida, negadir shunga e’tibor qilibdi. Maykada zardo‘zlik bilan ishlangan ajdar tasviri bor edi…
Arofatning aytishicha, to‘ng‘ich qizlari Hilola bir sinfdoshi bilan do‘st tutinganmish. Shunchaki. Tag‘in har balo xayolingizga kelmasin. Baland bo‘yli, baquvvat bola ekan. Huv, televizorga chiqib dehqonlarga paxta ekishni o‘rgatadigan baroqqosh kishi bor-ku, o‘shaning o‘g‘li. Hilolani har xil xira bezorilardan himoya qilib, qo‘riqlab yurar emish. Qo‘riqchimizning himmatiga balli-yu, lekin… har holda qiz bola, hali yosh… Pakananing g‘ashi kelganini ko‘rib, Arofat koyib berdi: go‘dak-ku, nimaning fahmiga borardi, ammo esi joyida, o‘ziga pishiq-puxta, tashvish qilmang.
Hilolaning egnida ham qandaydir qora mayka ko‘rgandek edi. Hozir o‘shanaqasi rasm. Lekin, ko‘kragida ajdari bormidi, yo‘qmidi — bunisi noma’lum. Chaqirib so‘ray desa… ota-bolaning siri birdan fosh bo‘ladi. Uyat emasmi? Sharmandalik emasmi? Hilola o‘laqolsa bo‘yniga olmaydi: qara-ang, hammayoq ajdarli maykaga to‘lib ketgan-u!
Biroq, otasini tanigani aniq: bunaqa pakana bu atrofda yo‘q. Iya, o‘zi-chi, o‘zlari?
Yo‘q, bu sir — sirligicha qolajak, uni ochmoqqa hech qaysi tomon jur’at qilmaydi. Tizzasi yirtiq ishtrni yo‘qqa kulgandek bo‘lady.
O‘ylay-o‘ylay Pakana shunday fikrga keldi: ko‘rgan bo‘lsa ko‘rgandir. Pakana, boz ustiga ko‘rimsizgina dadasiningki shundoq sohibjamol bilan yurganini ko‘rib qaytaga faxrlansin! Baribir kelib oyisiga aytolmaydi, o‘g‘rini qaroqchi urib turgan bo‘lsa! Aytganida nima, qo‘rqamanmi? Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich. Birovdan tilqisiqlik, xijolatli joyim yo‘q. Hamma eshitsin, bilsin: men shu ayolni yaxshi ko‘rib qolganman, Safsarni yaxshi ko‘raman, yaxshi ko‘raman, jonimdan ortiq!..

17

«Dunyomiding, ro‘yomiding — bilmadim».
Pakana Chortoqdan qaytib, ishga chiqqan kuni mudhish shumxabarga duch keldi.
Teatr dolonidagi marmar ustunning poyida o‘zi yaratgan «Umid» turar edi! Chetlari qora hoshiyaga olingan, berirog‘ida bir dasta gul…
Telbalanib qolgan Pakana bu yerda qancha turganini o‘zi bilmaydi. Bir mahal kimdir yelkasidan quchib olib ketdi. To‘likjon ekan.
— Da-a, starik, pechalno, konechno. Takaya krasavitsa, jal!
Keyin qayerdadir o‘tirishdi, choymi, qahvami ichishdi.
To‘likjonning aytishicha… til bormaydi… Safsar o‘zini osib qo‘yganmish! Bu fojiaga o‘n kunlardan oshibdi. Bir erta hadeganda xonasidan chiqavermabdi. Eshikni ochib qarasalar… shu ahvol. Aql bovar qilmaydi. Shunday yosh, go‘zal qiz! Har xil taxminu tusmol. Birovlar «Dushmani dori ichirgan», dermish. Chamasi, uyidagilar nimanidir yashirishayotir. Asabdan bo‘lgan, asabi chatoq edi o‘zi, degan gaplar ham bor. Bir kunmi-ikki kun oldin sobiq eri kelib ketgan ekan. Nega kelgan, oralarida nima gap kechgan — hech kim bilmaydi. Birovning hayoti boshqa birov tubini ko‘rolmaydigan quduqda. Attang, biz uni bosh rejissyor bilan Ofeliyaga mo‘ljallab turuvdig-a! Juda iste’dodli qiz edi. Ta’sirchan, xuddi Turgenevning qahramonlariga o‘xshardi. Nachora — hayot! Qo‘lingdan nima kelardi? Ha, darvoqe, o‘sha kuni durustroq surati topila qolmadi, sening ishingni olib osib qo‘ydik, xafa bo‘lmassan. Hoshiyani o‘zim yasadim, kerak bo‘lsa, sekin qiyib tashlash mumkin. O‘lik fotodan ko‘ra bunisi yaxshiroq-da. Jonli, original… («Jonli, original…») Bu yoqda mana shunaqa gaplar, og‘ayni. Xo‘sh, o‘zingdan gapir, dam olish qanday o‘tdi?..
«Dunyomiding, ro‘yomiding — bilmadim».
Pakana bir oylar o‘ziga kelolmay yurdi. Sira ishonolmas, ko‘nikolmas edi bu hodisaga. Go‘yo bu gaplar uydirma, go‘yo Safsar tirik, qayoqlardadir yuribdi, yo‘q, o‘shanda eri, nashavand, ablah eri bilan yarashib, Samarqandga ketib qolgan… Lekin — tirik! Koshki shunday bo‘lsa edi!
Portretni olib kelib, To‘likjon aytgandek, hoshiyasini qirqib tashladi-da, xonasiga osib qo‘ydi. Asar endi qandaydir mukammal bir ma’no kasb etgandek edi. Nogahon uzilgan umr uni go‘yo yakunladi. O‘zi yaratgan bu xotira ilohaga Pakana soatlab termilib o‘tiradi. Uning dunyoga kelish tarixini, Safsar bilan birga kechgan onlarini qayta-qayta ko‘z oldidan o‘tkazadi. Keyin marhumaning o‘zi ko‘rmagan, bilmagan so‘nggi kunlarini, so‘nggi lahzalarini xayolan tasavvur qiladi, qo‘rqib ketadi, mislsiz iztiroblarga tushadi. «O‘sha damlarda biror marta bo‘lsin xayolidan o‘tganmikanman?» degan besamar umidlarga boradi. So‘ng bu xudbin o‘ydan qochib, o‘zidan ijirg‘anib ketadi. Yana boshdan boshlaydi…
O‘tirib-o‘tirib, ko‘zlariga duvillab yosh keladi. «Uchib ketayotgan qushga o‘xshatib chizing», degan edi. Uchib ketdi… Senga nima bo‘ldi, Safsar — kech topib, erta yo‘qotgan malagim? Men sendan hech narsa tilamas edim-ku, Safsar, bunga haddim ham, haqqim ham yo‘q edi. Birdan bir tilagim: mana shu yorug‘ dunyoda omon yurgin edi, yashagin edi, Safsar, shuning o‘zi menga dunyo edi. Nega bunday bo‘ldi? Kimga yomonlik qilgan, kimga og‘iring tushgan ediki, bu dunyoga sig‘mading, Safsar? Bilaman, biz nomunosib edik; nachora, xudodan o‘zgasiga nolam yo‘q. Lekin ko‘nglim senga munosib edi, moyil edi, Safsar, seniki edi u, asli senga atalgan edi. «Sizga Namangandan sovg‘a olib keldim», deganlaring, ammo nimaligini aytmaganlaring! Nima edi u, Safsar? Ros-dan, menga atalganmidi? Endi hech qachon bilolmasman buni, Safsar. Endi sendan menga yodgor bo‘lib armonga aylangan mana shu «Umid» qoladi. Yaxshi kunlaringga atab chizganim, evohki, qora kuningga yaradi, Safsar. Sen bu olamda mendek bir notavon borligini, u senga talpinib yashaganini ko‘rib, bilib ko‘z yumding, Safsar. Qoracho‘g‘ingda ketdim, Safsar, shuning o‘zi men uchun har nedan ortiq. Sen esa mening ko‘nglimda qolajaksan, Safsar. Hamma unutar, yor-do‘stlaring unutar, ota-onang unutar, qizing unutar, ammo mening ko‘kragimda qolasan. Ketsam, ko‘nglimda ketasan, Safsarim! «Dunyomiding, ro‘yomiding — bilmadim», bilmay o‘tarman, farishtam! Le-kin shunisi haqiqatki, «sen bor eding — men bor edim dunyoda».
Oradan biror oylar o‘tib-o‘tmay, Pakana uchun yana bir xunuk hodisa ro‘y berdi. «Umid» yo‘qoldi! Uni qaysi bir xudobexabar kirib xonadan ko‘tarib ketibdi. Pakana zor qaqshab to‘rt tarafga yugurdi, so‘ramagan odami qolmadi. Yo‘q, yo‘q.
Kimga kerak bo‘ldi u, nima uchun? Jumboq. Bu olamda jumboq ko‘p, shulardan biri.
Safsardan qolgan yolg‘iz yodgor — «Umid»dan ajralgach, Pakana rasmonasiga kasal bo‘ldi. Shifoxonada yotib ham chiqdi. Keyin-keyin «Umid»ni xayolan qayta tiklamoq tashvishiga tushdi.
Vaqt o‘tishi bilan har qanday yara bitar ekan. Bitdi. Tabiatan o‘ksik yaralgan ko‘ngilga yana bir dog‘ qo‘shildi, o‘rnashdi.
Dunyomiding, ro‘yomiding…

18

Kunlardan bir kun Pakana moybo‘yoq istab badiiy ashyolar do‘koniga borganida, sira yolg‘iz yurolmaydigan Nuralini, odatdagidek ikkita o‘ris qiz bilan ko‘rib qoladi. Qizlar «Potom, potom, kak-nibud» deya xayrlashib ketishgach, yolg‘izlikdan qo‘rqib Nurali uni «shtab-kvartira»siga taklif qiladi. U qadar osh-qatiq bo‘lmasalar-da, qiziquvchanlik vajidan, qolaversa, pinhona bir ilinj bilan (yigit kishi o‘ylamoqqa ham uyaladi-yu… har holda, Safsarga aloqasi bor edi, rahmatlini ko‘rgan, bilgan…) taklifga ko‘ngan Pakana ko‘chaning naryog‘iga o‘tib, oziq-ovqat do‘konidan xarajat qilib keladi. To‘qqizinchi qavatda joylashgan ustaxonasining eshigiga yetganda Nurali: «Moment! Men sal tartibga solay», deydi ma’nodor qilib. Pakana u yerga kirgach, hayron qoladi: tartibga soladigan narsaning o‘zi yo‘g‘-u bunda! O‘rtada oyoqlari chalmashgan pastak dumaloq stol, ikki tarafida ikkita savat kursi, burchakda qup-quruq bahaybat dastgoh, to‘shagi qo‘qib yotgan kengish karavot. Bo‘ldi, shu. Devorlarda yakkam-dukkam rasmlar, ko‘pchiligi Pakanaga tanish — boshqa rassomlarniki, ana, imzolari ham ko‘rinib turibdi.
Rassomning ustaxonasi emas, quruqvoyning xilvatxonasi-ku!
— O‘zingning ishlaring qani? — deb so‘raydi bu yerda ish-ijod sharpasini sezmagan Pakana.
— O‘zimning ijodimni uyga eltib tashlaganman, — deydi Nurali beparvo iljayib. — Bir qismi ko‘rgazmada. Moskvada. Ko‘rmaganmisan?
Moskovga borib uning ijod namunalarini ko‘rib kelmagan, umuman, pichoqqa ilinadigan biron asarini bilmaydigan Pakananing hayratdan boshi qotadi: shaharning qoq markazidan bunaqa joyni kim berdi bunga? Nima karomati evaziga?
— Ijod-pijodni qo‘yib tur, ke, avval otaylik bittadan, — deydi Nurali besabrlik bilan shishaning og‘zini ochib.
Ichadilar.
— Qoidasini bilasan-a: birinchi qadah bilan ikkinchisining orasi besh minutdan oshmasligi kerak!
Yana. Takror va takror. Undan-bundan valaqlashib shishani sob qiladilar. Tag‘in ichgilari keladi. Jo‘mardligi tutib Pakana cho‘ntagidagi bor pulini chiqarib beradi.
— Ayn moment! — deydi Nurali pinjagini kiftiga ilib. — Qorovul. Seni tanimaydi. Besh sekundda tushib-chiqaman. Ana, karavotga cho‘zilib, damingni olib tur.
Pakana karavot tomon o‘tayotib dastgohning orqasiga tushib yotgan allaqanday kartonga ko‘zi tushadi. Nafis xitoyi karton tanish ko‘rinadi. Yuragi beusul dukillagancha asta unga qo‘l uzatadi.
O‘sha!.. Bir chetidagi, jussasiga monand ixchamgina, saranjom imzoning ustidan qalin, qo‘pol qilib «Nur» deb yozilgan. «Ko‘rgazma»siga olib kelgan ekan-da… Ablah!
Pakana portretni avaylabgina avvalgi joyiga qo‘ygach, titrog‘ini bosish uchun kelib stoldagi choynakni jo‘mragidan ko‘taradi, sipqaradi. So‘ngra o‘zini osoyishta tutishga urinib, hech nima bo‘lmagandek, savat kursiga yastanib oladi.
Nurali shisha qo‘ltiqlab keladi. Bir qo‘ldan ichadilar.
— Safsar bu yerga kelganmidi? — deb so‘raydi sherga aylangan Pakana to‘satdan, Nuraliga tik qarab.
— Safsar? Qanaqa Safsar? — deydi Nurali bir xil bo‘lib, bo‘zargandek. — Ha-a, anovimi, Safsar Nishonova? Jinni. O‘zini o‘zi qildi u. Har kuni dori so‘rab kirardi oldimga. Ukam dorixonada ishlaydi-da. Yuragi siqilib, hapriqib ketaverarmish. Hayotda aldanganmish-da, eri xiyonat qilganmish. Podumayesh! Bu dunyoda hech kimga ishonib bo‘lmasmish. Jinni. O‘ziga o‘zi qildi. Leqin-chi, yaxshi narsa edi. Shuncha urindim, kelmadi. O‘lgudek tajang, asabiy qiz edi. Opkelganimda-ku… Hayf ketdi, esiz!..
— O‘lgan odam haqidagi gapingmi bu? — deydi shusiz ham tars yorilay deb o‘tirgan Pakana titrab.
— Qo‘ysang-chi! «O‘lgan odam» emish. Ha, nima qipti? A, oldin tirik edi-ku? Zo‘r edi ammo!
— Nurali! O‘ylab gapiryapsanmi o‘zi? Sen… senga nima bo‘lgan? Yo mastmisan?
— Hech nima. Shunchaki, o‘zim.
Qaddi shamshod, basharasi ma’nosiz-ifodasiz, qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirgancha sovuqqina kulimsirab turibdi. Shunchaki, o‘zi. O‘zi, shunchaki. Dod!
Pakana shu tobda uning kimligi — mohiyatini aniq anglab yetgandek bo‘ladi. Bu enag‘ar, qo‘lida o‘tmas pichoq, beg‘am, yayrab yashaydi. Biror narsaning oqibatini o‘ylab o‘zini koyitmaydi. Pichog‘ini bo‘g‘zingizga qadab, «o‘zim, sho‘nchaki» deb turaveradi. Surbet, yovuz. Tavba, qizlarga shunaqasi yoqar ekan-da? O‘ziga o‘xshagan yoki tekin sarguzasht qidirib yurgan nodonlarga yoqsa kerak-da. Ha, bular boshqa, boshqa tur odamlar.
Pakananing dami ichiga tushib ketgan. So‘z yo‘q. Nima desin? Dod!
— Nomard ekansan, Nurali! Marazning o‘zginasi!
— Ni-ima? — Nurali kutilmaganda uni bir qo‘llab giribonidan oladi-da, kuchukvachcha misol pitirlatib eshigidan tashqariga otib yuboradi. — Jo‘na! Kalta! Lilliput!
Pakana borib tushgan burchagida yotib eshikni tepa boshlaydi. Eshik ochiladi.
— Safsarni ber!
— Nima deyapti bu? Jinni bo‘ldingmi?
— Portretni opchiq!
— Qanaqa portret?
— Opchiq, deyapman! Bo‘lmasa!..
Bir zumdan so‘ng qiya ochiq eshik osha to‘rt bo‘lak qilib yirtilgan allanima oyog‘i ostiga kelib tushadi. Pakana fig‘on aralash uni terib qo‘ltig‘iga qistiradi-da, zina tomon yuradi…
Ko‘chaga chiqqach, yonida taksiga puli yo‘qligi esiga tushadi. Shitob bilan yelib borayotgan, negadir «shox»siz trolleybusga qo‘l ko‘taradi. Trolleybus to‘xtaydi. Chiqsa, ichida bitta ham yo‘lovchi yo‘q. Vaqt allamahal bo‘lib qolibdi-da.
— Jon og‘ayni, meni Yunusobodga eltib tashla, — deb yalinadi Pakana haydovchi yigitga.
— Trolleybus parkka boradi, — deydi daroz bo‘lib o‘tirgan haydovchi yo‘ldan ko‘z uzmay.
Daf’atan Pakananing ko‘zi peshoynaga yopishtirib qo‘yilgan suratga tushadi. Voajab, «Orzu»mi? O‘zi bexabar, yana chiqibdi-da bu? Qaysi baraka topkurning g‘aladonidan topila qoldi?
— Og‘ayni, to‘xtat aravangni.
— Ha, keldingmi Yunusobodga? Mana, tush.
Pakana chiroqni yoqdirib, rasmni sinchiklab ko‘zdan kechiradi. Allaqaysi tadbirkor shirkat bosib chiqaribdi, tagida ilon yilining taqvimi. Muallif yonidan flomaster oladi-da, rasmning quyi qismidagi «Orzu» so‘zini o‘chirib, «Armon» deb yoza boshlaydi.
— O‘v-o‘v, nima qilyapsan? Tush hoziroq mashinadan, piyonista!
— Nima qilsam — o‘zimning ishim, o‘zim ishlagan rasm!
— Nima deb valdiryapti bu? Tush deyapman, ho‘v pakana!
— Ishonmaysanmi? — Pakana qo‘ltig‘idagi to‘rt bo‘lakni olib, uning oldiga terib qo‘yadi. — Qara, o‘xshaydimi?
— O‘xshaydi, — deydi yigit bir unisiga, bir bunisiga tikilib. — Sevaraning xuddi o‘zi! Sen uni qayoqdan bilasan?
— Otini nima deding?
— Sevara-da. Birga o‘qiganmiz maktabda. Institutda o‘qimagansan deb, meni tashlab, bir oliftaga tegib ketdi. Yaxshi ko‘rardim. Hozir ham yaxshi ko‘raman. Ichmaymizmi? Menda bittasi bor. Uyga opketayotuvdim. Esga tushib ketdi-da…
— Yaxshi ko‘rgan bo‘lsang, haliyam eslab yurgan bo‘lsang, tuzuk yigit ekansan. Ke, oldin tanishib olaylik. Mening otim Pakana.
— Pakanaligingni ko‘rib turibman, ismingni ayt.
— Ismim ana, yozib qo‘yilgan. Ming aytganim bilan baribir meni pakana deb o‘ylayverasan…
Trolleybus yelib bormoqda.
— Qayoqqa ketyapmiz, ho‘v og‘ayni?
— Yunusobodga, uyingga.
— Uyimga trolleybus bormaydi, bu yoqda qoladi.
— Boradi. Bordiramiz! Bu — «yo‘ltanlamas»!

19

«Shox»siz trolleybus chindan ham «shox»siz — yo‘l tanlamas ekan. U allaqanday notanish dalaning qoq o‘rtasiga borib to‘xtaydi.
Tun bo‘lishiga qaramay, osmon yorug‘, zangori, pag‘a bulutlar suzib yuribdi. Kuz bo‘lishiga qaramay, atrofda bahor nafasi — gul, chechaklar. Qayerdadir jildirab suv oqadi, qayerdaligi noma’lum. Kuzda shunday jildiraydi. Bahorda shunday jildiraydi. Maysalar mayin yelpindida asta shivirlashadi, sirlashadi, hasratlashadi. Odamlarga o‘xshab. Bahorda shunday, bahorda. Kuzda esa kuyib-kuyib yig‘lashadi — xazon, xas-xashak… Ayriliqdan, hijrondan. Odamlarga o‘xshab. Shoirlar shunday deydi, qaydam. Biz aytamizki, ko‘ngil ko‘ngilga mos tushsa, ayniqsa, hamdard chiqib qolsa, bas, gulu xazon — baribir, izg‘irinu shabada — baribir, kuzu bahor — baribir.
Hamrohlar ro‘baro‘, chimzorga yonboshlaydilar.
«Uyga opketilayotgan» matoh o‘rtaga qo‘yiladi.
Shunchaki tasodifiy ulfat emas bular. Hamdard. Sirdosh. Ming yillik qadrdon. Mushtarak ko‘ngillar. Biri pakana, biri — daroz. (Shunaqalariniyam tashlab ketarkan-da kizlar!..)
— Muhabbat yo‘q ekan dunyoda…
— Bevafo ko‘p ekan dunyoda…
Hasratdoshlar — tun, qorong‘i, xilvat, hech kim ko‘rmaydi, ayb kilmaydi — baralla ovoz qo‘yib uvlashadi. O‘rtadagi sabil tugaydi. Dard-hasrat ham ado bo‘lgandek sayoz tortib qolyapti. Boz ustiga — zax, nam badanga ura boshlagan.
Pakana eski dardidan so‘z ochadi…
— E, g‘am yema, o‘limdan boshqasiga chora bor! — deydi «ming yillik qadrdoni» bepisandlik bilan va «o‘limdan boshqasining chorasi»ni ta’riflay ketadi, Pakana jon qulog‘ini berib tinglaydi. — Yur, seni o‘sha yerga olib boray. Hali ko‘rasan, mendan ham novcha bo‘lib ketmasang!..
— Endi befoyda, — deydi Pakana ishonar-isho-mas, ammo ko‘nglida umid chirog‘i lipillab. — Endi Safsar yo‘q…
— Ke, bo‘y almashamiz: sen novcha bo‘lasan, men — pakana. Chunki menga endi bo‘yning ahamiyati yo‘q. Novchamanmi, pakanami — baribir, Sevara tashlab ketgan… Anovi rasmni yana bir ko‘ray…
Pakana to‘rt bo‘lak qog‘ozni qo‘ynidan olib, chim ustida undan «Armon» yasaydi.
Ikkovlon cho‘nqayib oy yorug‘ida unga termiladi.
— Bevafo Sevara…
— Sho‘rlik Safsar…
Bir dunyo alam-hasratni dalaga tashlab, «shox»siz trolleybus shaharga qaytadi.
Ajabo, Pakana necha yil yurib bu shahri azimning qoq o‘rtasida shunday alomat go‘sha borligini bilmas ekan.
Hozirgi Mustaqillik maydoniga yondosh tramvay yo‘lini ko‘rgansiz, o‘shaning beri yog‘ida, eski kutubxonadan yuqoriroq bir xilvatda devorlari baland-baland shunday azamat qo‘rg‘on bino ediki, naqd podsholar davridan qolgan oqsuyaklar chorbog‘i deysiz! Devorlari sirtdan ko‘hna (darhaqiqat, ovloq bir joyida «Stalin ko‘chasi» deb yozilgan tunuka lavha ham turibdi), yemirilgan-nuragandek ko‘ringani bilan, hovlining ichiga kirib og‘zingiz ochilib qoladi. Kech kuz bo‘lishiga qaramay, hammayoq gulu gulzor, oroyish-osoyishtalik hukmron. Nimasidir Pakana bir paytlar muvaqqat istiqomat qilgan umumhovlini eslatuvchi, ammo chandon obod, o‘rdadek keng bu qadim chorbog‘ sersoya arg‘uvonu ko‘rkam jo‘kalarga ko‘milgan.
Kiyomatli birodari Pakanani chorbog‘ adog‘idagi dov-daraxt, gulu butalar panasida ko‘rinmay turgan nisbatan g‘aribroq, sirliroq pastqam bir kulba sari boshlaydi.
Kulba sohibi xuddi bo‘sag‘aga kursi qo‘yib, ularni kutib o‘tirgan ekan. Pakananing g‘amxo‘r homiysini ko‘rishi bilanoq uning poyi qadamiga o‘zini yuztuban tashlaydi — qurboning bo‘lay degani, ixlos-sadoqatining izhori. Mehmon kiftidan tutib uni tikka qiladi.
Bu — boshi oyna misol sip-silliq kal, ikki chakkasidan yakkam-dukkam soch tolalari yelkasiga parishon osilib turgan — baayni o‘rtasi teshik po‘stakchani ermakka kiyib olgan sho‘x bolakaydek ushoqqina, bag‘oyat ko‘hna quriyalik chol.
— Shang shung san xuva chu! — deya u izzatli mehmoniga iltifot izhor etib kaftlarini kindigi ustida chalishtirgancha vazmin ta’zim bajo keltiradi va negadir uning burnidan tortib-tortib qo‘yadi. Suyganimikan?
— Chu xuva san shung shang! — deydi mehmon unga javoban, so‘ng Pakanani ko‘rsatib allanimalarni ma’ni-dod qiladi.
Nima deb vaysayapti bu? «Jonini olsang olgin-u, bo‘iini cho‘zib ber», deyaptimi yo — «Suyagi o‘ziniki, go‘shti seniki», deyaptimi? Tavba, uncha-muncha odam bolasi tushunolmaydigan chulchutcha tilni bu oddiy aravakash qayoqdan bilaqoldi?
Ajabtovur qariya Pakanaga o‘girilib, kaftlarini ko‘ksida juftlashtirgancha negadir hindiycha salom qiladi.
Tilmochning ma’lumot berishicha, quriyacha salom bilan hindiycha salomni chalkashtirgan bu zot Kim Ir Senning xolavachchasi emish, vaqti-zamonida Chan Kay-shini, Mao Szedunni, hatto Stalinni davolagan. Hitlerni ham davolamoqchi bo‘lgan-u, samolyotga patta topolmagan. Qo‘li rosa yengil, o‘zini Ibn Sinoning shogirdi sanaydi, Tibbiy muolajalarini mutlaqo tan olmaydi, Dalay-lamani jinidan battar yomon ko‘radi, ayni kunlarda esa, Sharqda ma’lumu mashhur hakim Abu Bakr ar-Roziyning tibbiyotga oid qo‘lyozmalarini daraklab yurganmish. Birdan bir kamchiligi, afsuski, ona tilidan boshqa biror tilni bilmas ekan.
Tarjima asnosi Kim Ir Senning xolavachchasi «shundoq-shundoq» degandek ishshaygancha bosh irg‘ab turadi.
Tashrifning daromad qismi tugab, nihoyat, asosiy ishga kirishiladi.
Shaxsan o‘rtoq Stalinni davolagan (qiziq, nimasini davolagan ekan — qoqshol qo‘linimi, bujur betinimi, pakana bo‘yinimi yo… bedavo miyasinimi?) tabibi kalonning amri (tarjima orqali, albatta) bilan bemor, ya’ni Pakana shu yerning o‘zida, yo‘lakda qip-yalang‘och bo‘lib yechinadi.
Ibn Sinoning shogirdi bemorni nimqorong‘i bir xonaga boshlab kiradi.
Pakana xona to‘ridagi antiqa moslamali baland yaltiroq karavotga zo‘rg‘a tirmashib chiqadi-da, chalqanchasiga cho‘zilib yotadi. Nuqul dohiylarni davolagan (Chingizxonu Napoleondan bo‘lak — afsuski, bular oldin o‘tgan-da, yo‘qsa, ularni-da davolagan bo‘lardi!) zot uning oyoqlarini juftlab qayish bilan chandib tortadiyu karavot adog‘idagi nimagadir mahkam qistirib qo‘yadi. So‘ng xuddi o‘shanday chayir, baquvvat kamarni kuraklari osha qo‘ltig‘i ostidan o‘tkazib, bosh tomonidagi allanimaga o‘rnashtiradi. Ana shundan keyin boshlanadi hamma savdoi qiyomat!
Hitlerni davolamoqqa sobiq da’vogar oyog‘i ostiga takkursi qo‘yib oladi-da, bosh tarafda turib, quduqdan suv tortgich uskunaga desakmikan yo go‘shtmaydalagichning dastagiga desakmikan, xullas, shunga o‘xshash bir hallojisimon pishangning chambaragini sekin-asta aylantira boshlaydi. Har aylantirganda bilgan birdan bir o‘zbekchasini takrorlaydi: «Yakshi, yok?» — «Og‘riyaptimi, yo‘qmi?» deganlari bu kishimning.
Avvaliga qomatingiz tortiladi, cho‘ziladi, taranglashadi, so‘ng nimadir qisir-qisir qiladi — suyaklar, bo‘g‘inlar, qovurg‘a, bel chanog‘i, tizzaning ko‘zi, to‘piq; ana keyin ko‘zingizda chaqmoq chaqnay boshlaydi, nihoyat, enangizni ko‘rasiz — sizni shunday nochor qilib tuqqan enangizni, sizni shunday it azobiga giriftor etgan enangizni! Eng oxirida — pakana emas, jimit — lilliput bo‘lib o‘lib ketmoqqa ham roziman deysizu baqirib yuborasiz:
— Yok, yok, yok!..
— Yakshi, yakshi, — deb qo‘yadi jallod hafsalasizlik bilan. Keyin qayoqdandir qo‘lida sham paydo bo‘lib qoladi. Ana shu sham yorug‘ida tilining tagidan uzun-uzun ignalar olib, duch kelgan joyingizga, yo‘q, aynan jon tomirlaringizga ura ketadi: yakshi — yok, yakshi — yok… Sanchgani-ku mayli, ermakkami burab-burab qo‘yganiga o‘lasiz.
Axiyri, hammayog‘ingizni ignaband qilib tashlagach, qimirlamoq u yoqda tursin, hatto damingizni chiqarolmaysiz. Bamisoli Iso payg‘ambar, chormixlab tashlangansiz. Ul zoti sharif-ku bu azob-qiynoqlarga e’tiqod yo‘lida mahkum etilgan ekan, siz-chi? Sharmandalik, sharmandalik! Vujudingiz bo‘ylab zirqiratuvchi to‘k yugurayotir — zir-zir, zir-zir.
Shundan keyin Yakshi Yok muolajaning so‘nggi, nisbatan yengilroq bosqichiga o‘tadi. Kamzuli cho‘ntagidan dumaloqlangan-dumaloqlangan allanimalarni olib ignalar ustiga o‘rnashtirib chiqadi-da, qo‘lidagi shamga tutashtiradi. Bosh-oyoq gavdangiz bo‘ylab uchqun chaqnab, chirsillab tutun ko‘tarila boshlaydi.
Shu ishlarni chiroqni yoqib yoki qo‘lidagi shamni bir chekkaga qo‘yibgina qilsa bo‘lmasmikan, degan o‘y tinchlik bermaydi jafokashga. Jafokor esa beparvo, bilganidan qolmaydi. Axir, u — Kim Ir Senning xolavachchasi, kimsan — Chan Kayshi, Mao Szedun, Stalinlarni davolagan zot! Qolaversa, Ibn Sinoning muxlisi, Roziyning bo‘lajak shogirdi!
Nimqorong‘i xonani battar tutun bosadi. Isiriq, o‘zimizning hazorispand! Boyagi azoblardan keyin rohat, maza. Zehningizni mudroq chulg‘aydi.
Ko‘zingizni ochsangiz — xona yop-yorug‘, oyoq-qo‘lingiz kishandan, a’zoyi badaningiz ignadan ozod — bo‘g‘inlardagi sal-pal og‘riqni aytmasa, qushdek yengilsiz! Xona o‘rtasidagi kursiga chiqib olgan mo‘jizakor tabib qo‘llarini kindigi ustiga qo‘ygancha tirjayib qo‘shta’zim bajo keltirayotir: yakshi — yok, yakshi — yok, yakshi — yok.
Oqibati yaxshilik bilan tugagan hamma ish xayrlidir, deydilar. Balki shundaydir. Ammo bu og‘riq, bu xo‘rliklarga chidamoq!.. Nachora! Bu ro‘yi olamda mukammal bo‘lmoq oson emas, uning mana shu kabi azobu tashvishlari bisyor-behisob. Ana shu sinoqlarga chidagan, bardosh berganlargina murod cho‘qqisiga yetgusi.
Boshqatdan, boshqacha bo‘lib tug‘ilmoqning iloji bo‘lmagandan keyin — nachora? Jon chekmasang, jonona qayda!
Muolaja bahona qatnab yurib Pakana bu yerda kimlarni uchratmadi deysiz! Bu shahri azimga kelib shu choqqacha ko‘rgan-bilgan suluv qiz-juvonlarining bari shu go‘shaning fuqarosi bo‘lib chiqdi. Bunda faqat taniqli, dongdor odamlar istiqomat qilar ekan. O‘zbek xalqini zo‘r berib yagona sho‘ro qavmiga qo‘shmoqqa uringan baynalmilalchi arbobu el-ulus qatag‘ondan qaltirab jon saqlagan qora yillarda «Vatan obod, xalqlar ozod!» deya alyor aytib chiqqan zamonasoz shoirgacha — hamma-hammasi shu yerda. Ularning ko‘pchiligini allaqachon o‘lib ketgan, deb yurarkan, qiziq, hammasi shu yerda, shu jannat makonda davron surib yotibdi. (Birovga o‘lim tilamoq gunoh-u, ammo g‘ofillik uncha katta ayb sanalmas.)
Pakana ularni taniydi, ular Pakanani — yo‘q.
Ayniqsa, bir gal peshtoqini tomoshapechak qurshagan ko‘rkam imorat yonidan o‘tayotib deraza oldida mashhuri jahon Zamiraxonimni ko‘rib, hayratidan qotib qoladi: haliyam tirik ekan-da?! Xudo o‘zi kechirsin, uni barhayot chog‘larida ham — azbaroyi g‘ofillik — o‘lgan hisoblab yurardi. Darhon tarafda uyi, tomoshaxonasi borligini eshitgan, lekin o‘zi allaqachon olamdan o‘tgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. To‘g‘ri-da, o‘ziyam xo‘b unutilib yura-yura, hech kutilmaganda qaytadan dovrug‘ taratib, borligin namoyon qilar, turli-tuman dabdabali yubileylar o‘tkazar, radio-televizorni zabt etib qolar edi. El oldiga har safar yangidan yasharib chiqardi — siri bu yoqda ekan-da. Yakshi — yok, yakshi — yok, yakshi — yok…ka, yosh ko‘ringani bilan kampir odam, qandoq chidash berar ekan? Chidaydi, yasharish uchun, shon-shuhrat kerak bo‘lsa, bundan battariga-da chidaydi. Joni qattiq. Joni qattiq bo‘lmasa, allaqachon xokiturob bo‘lardi. Ana, o‘tiribdi-ku deraza oldida, qoshiga o‘sma qo‘yib! O‘tgan gal hovlining biqinidagi turnikda mashq bajarib yotgan, Pakanaga ko‘zi tushib, negadir boshini sarak-sarak qilgan edi.
Xo‘sh, bu do‘zaxiy muolajalar biron natija berdimi? Berdi. Berganda qandoq! Ammo…
Avvalo shuki, Pakana (endi pakana ham emas, darvoqe) enkayib yurishni odat kilgan — bo‘y qurg‘ur uzun-da. O‘zi azaldan xipcha emasmi, battar ingichka tortib, yurganda ichakdek qomatni tutib yurmog‘i dushvor bo‘lib qolgan — buralib-buralib ketaveradi. Kisqasi, uzun cho‘zilsa, holi nima bo‘lishi ma’lum. Innaykeyin, yurgan yo‘lida peshonasiga g‘urra orttiraveradi — novchalik saboqlarini hali yaxshi o‘zlashtirmagan-da. Eng xunugi… aytaveraylikmi… birda qo‘llarini solishtirib qarasa… chapi o‘ngidan bir qarich uzun, tizzasiga yetay deydi! Ortiqchasini kesib tashlab bo‘lmasa, ko‘ylak ostiga yashirib bo‘lmasa! Padarla’nati Yakshi Yok, sovuqqonlik qilibmi (sobiq Pakanamiz na dohiy, na mashhur qo‘mondon edi-da!) yoki keksalik vajidanmi, muolaja asnosi biron xatolikka yo‘l qo‘ydimikan? Havaskor novcha alamini ichiga yutib, noiloj o‘sha nuqsonli qo‘lini cho‘ntagiga solib yurishni odat qiladi. Novchalik sir-asrorlaridan hali durust bexabar havaskorimizning dam-badam qoqilib-yiqilaverishini aytmaysizmi! Ag‘nash chog‘ida, ma’lumki, savqi tabiiy jonga ora kirib, qo‘llar himoyaga safarbar bo‘ladi. Novchaning bir qo‘li esa cho‘ntagiga «tikib» qo‘yilgan. G‘urra ustiga g‘urra, «yangi va yangi, xilma-xil».
Endi bo‘yni qo‘yib, boshga o‘taylik. Sip-silliq et avvaliga qo‘tirdek dag‘al tortdi, keyin tig‘iz to‘qay bo‘lib jingalak soch o‘sib berganiga nima deysiz! Bamisoli zanjining sochi: na taroqqa keladi, na tuzuk yuvib bo‘ladi.
Bulari-ku maydi, bir iloji topilar. Fojia shundaki, u o‘zini o‘zi tanimay qolgan. Fikr-o‘ylari o‘ziniki emas, ovozi o‘ziniki emas — o‘tmas arraning g‘it-g‘iti go‘yo. Qilgan ishi, gapirgan gapi o‘ziga yoqmaydi. Gapirsa — xuddi boshqa birov gapirayotgandek, quloq tutsa — boshqa odam eshitayotgandek, ovqat yesa — bosh-qa kishining og‘zi bilan yeyayotgandek. Kechasi xotiniga yaqinlashganda… boshqa bir odam…
Alqissa, o‘zi sira-sira xohlamagan bir kimsaga aylangan. Hatto rassomligi ham esidan chiqib ketgan, umrida qo‘liga mo‘yqalam tutmagandek.
O‘zi o‘zgargani barobari o‘zgalarning ham unga munosabati o‘zgargan. Ko‘rgan-bilganlar masxaraomuz kulib o‘tishadi. Qizlari, xotini allanechuk begonasirab, taajjub bilan qarashadi. Jondan aziz qizlari ko‘ziga negadir bo‘tadek ko‘rinadi, bir vaqtlar alvastiga o‘xshagan xotiniga nisbatan esa jo‘shqin, tiyiqsiz muhabbat paydo qilgan. Biroq unga yaqinlashay, yaktan bo‘lay desa, anovi hol… boshqa odam…
Xullas, Havaskor novchamiz o‘zidagi bu tanosuh — evrilishlardan bezor bo‘ladi. Boshqa odam bo‘lib yurish joniga tekkan. Endi u asliga — mayli, o‘sha badbaxt pakanaligiga qaytishni shundoq orzu qilardiki! Axiyri, qat’iy bir qarorga kelib, anovi mo‘jizakor maskanga yo‘l oladi.
Qarangki, chorboqqa qadam bosiboq motamning ustidan chiqibdi. Allakim o‘lgan. Ulug‘roq odam bo‘lsa kerak, muyulishni (belgi-tamg‘alariga qarab) hukumat moshinalari tutgan, o‘zlari ichkarida — marhum yotgan xonadon yo‘lagida (mavqe-mansablariga qarab) to‘da-to‘da bo‘lib bosh egib turishibdi. Mashhur arboblar, kazo-kazolar, nomdor-nufuzdor shaxslar.
Havaskor novchamiz motamxona oldidan beo‘xshov gavdasini tugolmay, naynovsirab, zo‘raki sipo-some bir holatda o‘tadi-yu, tag‘in bir noxushlikka guvoh bo‘ladi. Nariroqdagi yo‘lak og‘zida «tez yordam» moshinasi turibdi, ikki zabardast tibbiy og‘a uydan ustiga choyshab yopilgan zambilni ko‘tarib chiqmoqda… Yopiray, mangulik maskaniga qiron keldimi, nima balo?
Bu manzaralardan dili xufton bo‘lgan Havaskor novcha chorbog‘ adog‘iga yetib, chap yondagi ayvonchaga ko‘zi tushgachgina sal o‘ziga keladi. Xayriyat, shodlik ham bor ekan bunda! Gird-atrofini tomoshapechak qurshagan, qo‘g‘irchoqdek yasatig‘liq ayvonchasida bu dunyoning g‘amu g‘urbatlaridan yiroq, mangu navqiron opaxonimiz desakmikan, onaxonimiz desakmikan (garchi buvimiz tengi bo‘lsa-da!), kaftlarini juftlashtirgancha, barmoqlarini qisirlatib muqom bilan o‘yin tushmoqda. Angrayib qolgan Havaskorimizga ko‘zi tushib, qosh uchirib qo‘yadi.
Demak, o‘zbek san’ati olamida yaqin ayyomda ajoyib bir voqea yuz berajak. Unutilayozgan mashhur san’atkor qaytadan yasharib, yana dong taratajak. Shubhasiz, Navoiy koshonasida yana dabdabali yubiley o‘tadi, yana opaxonimizmi, onaxonimiz radio-televizorda yalla aytib o‘yin tushajak. Uzoq tanaffusli mangu bayram tag‘in baravj davom etajak.
Bemor, yuragi zada, istar-istamas tanish kulbaga qadam bosadi.
Muolajaxona qop-qorong‘i, tutunga to‘la. Chiroqni yoqib, ne holni ko‘radi deng!..
To‘rdagi muolaja to‘shagida allakim hallojiga tortilgan ichakdek cho‘zilib yotibdi, ignaga to‘lib-toshgan” a’zoyi badani qop-qora, kuyib kulga aylangan.
Bemor to‘shak sari ikki qadam yuradi-yu, dahshatdan qotib qoladi: Kim Ir Senning xolavachchasi, mo‘jizakor ta’mirchi Yakshi Yokning o‘zi!
Daf’atan miyasiga bir fikr uriladi: ne-ne zotlarni ta’mirlagan bu mo‘jizakorning o‘zi pakana, s-biq Pakanadan ham pakana-ku!
Bundan chiqadi, kelib-kelib endi, sharti ketib parti qolganda, o‘zini o‘zi… Xo‘b yaxshi, ammo anovi chambarakni kim aylantirib turdi ekan?.. Jumboq, bu g‘aroyib zotning o‘ziga o‘xshagan bir jumboq.
Xonani tutgan badbo‘yga ortiq chidab bo‘lmaydi. Shu damdan boshlab endi bedavo bemor shartta borib derazani ochib yuboradi va o‘zini birpas yopirilib kirayotgan musaffo havoga tutib turadi — bu orada xonadagi tutun tarqaydi — so‘ng o‘girilib qaraydiyu telba bo‘lib qolayozadi. Yakshi Yok g‘oyib!..
— Ko‘ngil qo‘rquvdan cho‘kadi. Cho‘kkan ko‘ngil hammasidan, pakanalikdan ham yomon!
Kim bu? Kim u gapirgan? Yakshi Yok o‘zbekchani bilmasdi-ku? U o‘lgan-ku? U yo‘q-ku? Bo‘lmasa — kim?
Tovush o‘zidan, o‘zining vujudidan taralayotgandek…
Telbalangan odam joni halqumiga tiqilib chorbog‘dan qochib chiqarkan, qo‘rg‘on darvozasida kimni uchratadi deng? Topolmaysiz. Azizani! Huv o‘sha, ustidan shafqatsiz hukm o‘qigan shaddod qizni!
Darvoqe, u endi qiz emas, qimmatbaho liboslarga o‘rangan, yetilib-to‘lishgan barkamol bir kibor xonim. Oqsuyaklar istiqomat qiladigan mana shu maskanda yashaydi, shu yerga kelin bo‘lib tushgan. Otasini badavlat odam deyishardi, badavlat odam qizini badavlat xonadonga uzatgan-da. Rasmi shu.
— Azizaxon, salom! Men Pakanaman. Birga o‘qiganmiz. Esingizdami, huv paxtada nima degan edingiz? Mana, endi qarang!..
Kibor xonim to‘xtab, unga taajjub bilan tikiladi. Tanimaydi.
— Yo‘q, siz Pakana emassiz, bedavosiz! Agar o‘sha o‘zim bilgan Pakana bo‘lganingizdami, sizni hech kimga bermasdim-a, jon-jon deb… Kishloqdanmisiz, rayondanmi, boymisiz, kambag‘almi — qarab o‘tirmasdan, har qanaqasiga tegib olardim!
— To‘xtang, Azizaxon, men axir…
Xonim — Qamara unga irgangandek bir nazar tashlaydi-da, «Jinni», deydi, so‘ng ko‘ngli to‘lmaydimi, «Nenormalniy» deb qo‘shadi va ajab tamanno bilan shoshib uzoqlashadi. Nariroqqa borib, ortiga qayriladi. Shundagina uni tanib qoladi Bedavo: iya, Safsar ekan-ku bu, Safsar!..
— Safsar! Safsar!..
Safsar birdan hovli bo‘ylab yugurib, hozirgina Bedavo chiqib kelgan mash’um kulbaga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Bedavo katta ko‘chaga chiqqachgina o‘ziga keladi. Orqasiga burilib qarasa — sir-sinoatga to‘la boyagi qo‘rg‘ondan nom-nishon yo‘q, uning o‘rnida allaqanday sovuq temir-beton mahkamalar…
Shu chog‘ yonginasiga tanish, ammo unutilayozgan «shox»siz trolleybus kelib to‘xtaydi. Eshigi ochilib, eski qadrdoni — omadsiz oshiq, Sevaraning shaydosi ko‘rinadi. U quchoq yozib kela boshlaydi…
Bedavoni shuncha balolarga giriftor qilib, o‘zi qayoqlarda uloqib yuribdi bu kazzob?

20

Ertasi, yakshanba kuni Pakana uyqudan karaxt bo‘lib uyg‘ondi. Hammayog‘i zirkirardi, lanj. Dil g‘ash. Xayolida kechagi aloq-chaloq sarguzasht, aralash-quralash manzaralar. Qayerlarga bordi, kimlarni ko‘rdi, nimalar bo‘ldi — ko‘pi esida yo‘q.
Xonani allaqanday bo‘g‘iq hid bosgan edi. Isiriqmi? Kim tutatdi ekan? Yakshi Yok… Badanida tanish og‘riq tuydi.
Dahlizga chiqib, qonim yurishsin deya, qo‘lbola turnigiga osilmoqchi bo‘ldi. Sakraganida qo‘li mo‘ljalga yetmay, gup etib burchakka ag‘anab tushdi, chakkasi devorga urilib qonadi.
Gursillagan tovushga yugurib chiqqan qizi Hilola ahvolni ko‘rib «Voy!» dediyu yengilgina uzalib yaltiroq misrangni quloqchalaridan ko‘tarib oldi, eltib derazadan tashqariga uloqtirdi.
— Qurib ketsin!.. Kechagi kuzatib kelgan kim edi?
— Nimaydi?
— Bunaqa basharani umrimda ko‘rmaganman. Hiringlagani hiringlagan. Gapirmaydi.
Pakana qiziga qaramoqchi bo‘lib boshini ko‘tardi-yu, dahshat ichida ortiga tislandi: ajdar, ajdarho!.. Og‘zini katta ochib, tishlarini qayrab kelayotir… Lahza o‘tib ajdar kichraydi, kichrayib ko‘krakdagi oddiy, beozor tasvirga aylandi. Uning o‘rnida Hilolaning hayrat va xavotir chulg‘ab olgan tashvishmand chehrasi namoyon bo‘ldi. Ana shu chehraga tikilarkan, burchakda dumalab yotgan odam o‘zini tanidi… Taqdiri peshona, tan bermay iloji yo‘q.
Chakkasini ishqab vannaxonaga kirgan Pakana devordagi ko‘zguga ro‘baro‘ keldi. Ko‘zgudan yonog‘i qon, soqol-mo‘ylovi qo‘sqi, ko‘zlari qizargan, afti irkit, badbashara allaqanday bir ta’viya boqib turardi.
Pakana. Tepakal. Xunuk. Iste’dodsiz. Omadsiz. Baxtsiz. Alamzada… Eh, mana senga!..
Ko‘zgu chil-chil darz ketdi, mo‘ysafidning ajinlari misoli. Pakana qonagan mushtumini kuh-kuhlagancha, Hilola kelib qolmasin deb, shosha-pisha eshikka yelkasini tirab oldi. Shunda qaytib ko‘zguga ko‘zi tushdiyu nogahon vujudi bo‘ylab yugurgan ilohiy qon miyasiga urilib, go‘yo mudrab yotgan hujayralarni uyg‘otib yubordi.
Mo‘ysafidning ajinlari misoli darz ketgan ko‘zgu mukammal manzara kasb eta boshladi. Uning bir burchagida mo‘jazgina «Umid» paydo bo‘ldi. Ajabo, ul baxtiqaroning yonog‘ida yosh! Safsar yig‘layapti… (U yig‘lamay kim yig‘lasin!) Yosh tomchilari bora-bora manzarani to‘ldirdi. Ana shu alamli tomchilar orasida — o‘rtada yuz-qo‘li qonga belangan Alamzadaning o‘zi. «A l a m z a d a».
Rassomni uzoq yillar unutilgan bir titroq chulg‘ab oldi.

1991