JANNAT O‘ZI QAYDADIR
yoxud
JIYDALIDAN ChIQQAN JO‘RAQUL
va uning xonadonida kechgan savdolardan naql etuvchi
ikki qismli dramatik qissa
«Lyubov Andreevna!.. Agar yana Parijga borgudek bo‘lsangiz, meni ham olib keting, baraka topkur. Men aslo bu yerda qololmayman… O‘zingiz ko‘rib turibsizki, bu yurt g‘irt qoloq, xalqi nodon, to‘pori, buning ustiga — juda zerikib ketdi odam, ovqatlari ham jonga tekkan… Meni albatta birga olib keting, xudo xayringizni bersin!»
A.P.ChEXOV, «Olchazor»
TOMOShA KO‘RSATUVChILAR
D o m l a yoki U s t o z – sobiq markschi olim, akademiklikka da’vogar, e’tiqodidan qaytmaydigan odam, 60-65 yoshlarda
X o n i m yoki Yangamullo — Domlaning xotini, «oyoq chiqargan» tijoratchi, orzusi — yana-yana yaxshi yashamoq, 55-60 yoshlarda
Tursuniy yoki Sh o g i r d — Domlaning shogirdi, «qirq yillik» aspirant, endi fan nomzodi, doktorlikka havasmand, 35-40 yoshlarda
Rahmatulloh Jiydaliyyoki B o y o t a — amerikalik o‘zbek, «vatanparvar», xonadonning doimiy mehmoni, rosa tetik ko‘rinsa-da, 60-65 yoshlarda
K l a r a yoki Komilaxon — Domlaning qizi, aridek chaqishga usta, hayotidan norozi, arosatda, 35-40 yoshlarda
M e l i s yoki Melivoy — Domlaning asl merosxo‘ri, lekin «Kapital»ni qo‘liga ham olib ko‘rmagan, «ting‘ir-ting‘ir» musiqachi, «darvesh», 28-30 yoshlarda
A s a l x o l a yoki Ammashka — benavo oqsoch kampir, tili zahar, o‘zi mehribon, 70 yoshlarda
«O q k a p t a r» yoki Operachi q i z — Melisga tegib olishga qattiq axd qilgan, bu yo‘lda moshinaning yukxonasida dimiqib o‘lmoqqa ham tayyor unvonparast qayliq, 25-26 yoshlarda
S a r d o r — «otasi deputat bo‘lsa-da», o‘zi repetitor yigit, 22-23 yoshlarda
Luizaxon yoki «A y l a v yu» — Klaraning erkatoy qizi, o‘zbek bo‘lmoqqa orzumand, 17-18 yoshlarda
Er-xotin — bularning kimligi hali noma’lum, 35-40 yoshlarda
Bu manzaralar yangi asr boshidagi tahlikali kunlarda Toshkent va shahar atrofidagi soya-salqin chorbog‘lardan birida kechadi.
BIRINChI QISM
TALVASA
yoxud
ShAHARDA NIMA ShOVQIN?
MUQADDIMA
Saqnaning parda oldidagi xilvat burchagi. Yengil halinchak-kursiga yastanib olgan X o n i m, burnining uchida jimjimador ko‘zoynak, qo‘lida kalkulyator, allanimani hisoblamoqda. Oyog‘ining tagida sandiqdek keladigan bahaybat jomadon. Undan olingan kiyim-kechak, lash-lushlar yemak stolining ustida uyilib yotibdi.
X o n i m. To‘rtta «bukle» kostyumchik — yetmish olti dollardan — uch yuzu to‘rt dollar. Olti jemper — yigirma sakkiz baksdan — bir yuzu oltmish sakkiz qo‘qonga tushdi. Besh juft «lodochka» tufli — oltmish olti… Qimma-at. Qirq dona kolgotka, yo‘g‘-a, qirq to‘rt dona — yigirma ikki dollar. Tuzu-uv. Haligi savillar qayoqqa ketdi ekan-a? (Engashib jomadonni titkilaydi, nihoyat bir to‘p yaltiroq g‘ilofli siynaband chiqadi. Birini g‘ilofidan sug‘urib tomosha qiladi.) Zo‘r ketadi ammo! Necha baksdan desamikin?..
Tashqarida moshina kelib to‘xtagani eshitiladi. Eshigi qarsillab yopilib, zum o‘tmay M e l i s paydo bo‘ladi. G‘irt mast, oyog‘ida turolmaydi.
M e l i s. Ma-a-ma, privet!
X o n i m (qo‘lidagini apil-tapil jomadonga tashlab). Melischik, jonim, qayoqlarda yuribsan? Aeroportga chiqib bizlarni kutib oladimi desam… Sog‘indim! Ke, bir o‘pay!
M e l i s (gandiraklab uning boshiga keladi). Ma-ma!
X o n i m (ta’naomuz ohangda). Oyi!
M e l i s (battar g‘ashiqib). Mama!
X o n i m (koyinib). Oyi! Endi «oyi» bo‘ladi, jinnivoy! Birov eshitsa nima deydi? Bular haliyam… (O‘ptirishga engashgan o‘g‘lining gardaniga lab urib qo‘yadi.) Endi u yog‘idan… Melisginam, erkatoyim!
M e l i s (g‘o‘ddayib). Melivoy! Endi Melivoy bo‘ladi, oyivoy!
X o n i m. Ha, mayli-mayli. Melivoy, voy-voy!
M e l i s. Va-abshe, endi Melivoy bo‘ladimi, Melisqul bo‘ladimi — bari bir go‘r! Qachon kelindi? Boy otam ham keldilarmi?
X o n i m. Boya… U ham keldi. Hamma shu yerda, Melischik. Kutgani chiqmading?
M e l i s. Bu yoqda nima gap-u… Yana xotin ovlaganimi? Yoki bu gal hovli ko‘rganimi?
X o n i m. Unaqa dema, toychoq! Eshitsa, xafa bo‘ladi. O‘zi qandoq mirovoy odam! Bizlarga qandoq yordamlar qilyapti!
M e l i s (stol ustidagi lash-lushni titib ko‘rib). Voy-bo‘, Turkiyani ko‘chirib kelmadingizmi ishqilib? Kojinka qani? Kamera qani?
X o n i m. Kelasi safar-da, Melischik. Bu gal xarajat ko‘payib ketdi. Xo‘pchik?
M e l i s. Xo‘pchik! Papam qani?
X o n i m. Papang… Dada degin, uyat bo‘ladi! Dom-la-a ishlayaptilar. Qattiq ishlayaptilar! Muhim maqola ustida! (Kimgadir, aftidan, Domlaga taqlidan.) Ustida, bilding! O‘zing qalaysan, jujunchik? Mensiz qiynalib qolmadingmi? Klara… iya, Komila opang ovqat-povqatingga qarab turdimi ishqilib? Unikiyam kasha-pashadir-da? Maza-matrasiz o‘rischa allambalolar degin! U kishimning fikr-xayollari haliyam o‘sha yoqda, Leningradda! Peterburgmi endi? Yer yutsin! Baloga yo‘liqqur Viktor! Guldek bolamni… Shuni anovi Rahmatjonga bir…
M e l i s. Qo‘ysangiz-chi, mama! Boy otam naqd o‘n yetti yasharini ko‘zlab yuribdilar. O‘n sakkiz yashari bo‘lsa ham — qaramaydilar. O‘zlari aytgan. Shaxsan menga!
X o n i m. Hazilingni qo‘y, jonim. Rang-ro‘yingga nima bo‘ldi, tuzukmisan o‘zi? Melis. Rasvo!
X o n i m (tashvishlanib). Nima bo‘ldi, jonim? Yo‘lda melisa-pelisaga tushdingmi, nima balo? Nima dedi, nima qildi?
M e l i s. Nima qilardi, chest berdi! Ko‘zi ko‘r emas, ko‘rib turibdi — «inomarka»!
X o n i m. Ha-a, tuzu-uv… Tag‘in nima dedi?
M e l i s. Millioner mamashkangga salom ayt, dedi! Aytginki, bu arava urinibroq qopti, durustrog‘ini olib bersin, «volvo»sidan bo‘lsa, yana yaxshi, dedi! Shunday dedi, chestniy pionerski, shunday dedi! (Kaftining qirrasini peshonasiga tirab «salyut» yasaydi.)
X o n i m. Mayli-mayli, maynavozchilikni qo‘y. Qorning ochdir, nima yeysan? Ammashkang bir balo qilayotuvdi, jizza-pizzasidan tatinib turasanmi? Asal xola-a, huv Asal xola!.. (Bo‘ynini cho‘zib chaqira boshlaydi.)
M e l i s. Kerakmas! Shu tobda ovqat o‘tadimi tomoqdan!
X o n i m. Bunaqa odating yo‘q edi-ku, jujuq! Yana deng — ro‘lda! Shunaqa qilaversang, kojinka ham yo‘q, «volvo» ham yo‘q, bilib qo‘y, bola!
M e l i s. Men ichmay kim ichsin, mama! Hammasi rasvo! Hammayoq bardak!
X o n i m (jonsaraklanib). Nima qildi, bolam?
M e l i s. Nima qilardi, o‘sha — papamning…
X o n i m. O‘zingdan ko‘rgin-da, jonik! Unisi o‘poq, bunisi — so‘poq, deysan. Papangning ham joni achiydi-da. Yoshing o‘ttizga qarab borayotgan bo‘lsa!.. Charchabsan. Kir, yotib damingni ol. Ammashkangga ayt, ichkari uyga joy qilib bersin.
M e l i s. Yotaman! Uyg‘otganni — otaman! (Ketadi.)
X o n i m. Xo‘p, xo‘p, boraqol. (Yana buyum titishga kirishadi.) Shaharda tinchlikmi? (Shunchaki.) Aeroportdan to‘ppa-to‘g‘ri bu yoqqa kelaverdik. Shaharda nima bor!.. O‘ttizta lozimcha… Qanchadan olingan edi?
M e l i s (ichkaridan). Shaharda shovqin, to‘polon! Eh, hammasi ketdi! Hammasi! Mustaqillik ham! Erkinlik ham! Orzu-umidlar ham! Hammasi barbod bo‘ldi! «Oq kaptar, oppoq kaptar»mish! «Kel, seygilim»mish! Mana senga! Hammasi ostin-ustun! Ammashka! Ammash!..
X o n i m (mashg‘ulotiga sho‘ng‘ib ketganidan uning gapiga parvo qilmay, hardamxayollik bilan). Shaharda shovqin, shaharda shovqin… Qanchadan olingan edi bu savil?.. Hammasi ketdi, hammasi ketdi… Ikki dollarga bittadanmi, bir dollarga ikkitadanmi?.. «Ketdi, ketdi, ke-etdi… (Xirgoyi qiladi.) Hammasi ketdi… Mustaqillik, erkinlik… ketdi, ketdi, ke-etdi…» Mustaqillik… Necha dollardan edi? Ha-a, esladim, esladim… bir dollardan! Mustaqillik… bir dollar! Erkinlik… bir dollar! Hammasi bo‘lib qancha? «Ketdi, ketdi, ke-etdi…» O‘ttizta lozimcha — o‘ttiz dollar! «Ketdi, ketdi, ke-etdi…» (Qo‘qqisdan o‘ziga kelib.) Nima?! Mustaqillik dedimi boya? Ketdi? Voy! Qayoqqa ketadi? Voy, voy! Endi nima bo‘ladi… bular? Hammasi?! (Jonholatda stol ustidagi narsalarni shipirib jomadonga tiqadi va yig‘lamsirab chinqiradi.) Domla-a! Huv domla-a! Bu yoqqa qarasangiz-chi, axir! Kuydik, ado bo‘ldik!
Qayoqdandir kimningdir bo‘g‘ik ovozda xirgoyisi eshitiladi. Kimdir Muyassar Razzoqovaning ovozi bilan «Oq kaptar, oppoq kaptar» qo‘shig‘ini kuylayotir. Bir lahza talvasada qolgan Xonim apil-tapil antiqa takkursida turgan telefonga yopishadi. Go‘shakni bo‘yni bilan qisib, raqam teradi.
X o n i m. Bo‘sto-on! Hoy Bo‘sto-on! Alyo! Al-yo! (Go‘shakni qarsillatib joyiga qo‘yadi.) He, padaringga la’nat! Sakkiz xonadonga — bitta telefon! Buyam bir kun ishlasa, bir hafta g‘ing‘illab turgani turgan. He, topilmay ket! Domla-a! Bormisiz, axir! ( Bahaybat jomadonini zo‘rg‘a sudrab, yon tarafga kirib ketadi.)
BIRINChI MANZARA
Shahar yaqinidagi chorbog‘ — dacha. Qo‘shqavat imoratning faqat biqini ko‘rinadi. Hovli o‘rtasida kattakon jimjimador chorpoya. Xontaxtaning gird-atrofi ko‘rpa-ko‘rpacha, yostiqlar. To‘rda, bizga ko‘rinib-ko‘rinmay bir kishi yonboshlab yotibdi. Uxlayapti, chamasi.
Imorat daraxtzor bokqa qaragan. Beriroqda — tepasi rangdor shifer bilan yopilgan omonat o‘choqboshi. O‘sha tarafda — darvozaxonadan nari xilvatroq joyda tizza bo‘yi marmar koplangan inshootning bir burchagi ko‘zga chalinadi. Basseyn, ko‘m-ko‘k suvi mavjlanib turibdi. Darvozaxona ustidagi bejirim panjarali ko‘shksimon shiyponda D o m l a miz makon qurgan. Stol-stul, choynak-piyola. Bir yonda savatdan yasalgan tebranma kursi. Domla ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tarib devor osha ko‘cha tomondagi kim bilandir so‘zlashmoqda. Qo‘shni shekilli.
Q o‘ sh n i (ovozi). Yog‘i chiqib qolgandir, domla? Qachon qarasam…
D o m l a (hafsalasiz). Xay endi, ermak-da. Bekorchilikdan.
Q o‘ sh n i (ovozi). Foydasi yo‘q, foydasi yo‘q. Ko‘rib turibsiz-ku!
D o m l a (oldidagi yozib o‘tirgan kattakon daftariga ishora qilib). Buni birov mendan tortib olarmidi? O‘zim uchun-da. O‘tgan-ketganni xotirlab deganday…
Q o‘ sh n i (ovozi). So‘ngra bir kun opketasiz-da, o‘sha yoqqa? Sizning o‘tgan-ketganlaringizni nashr qilib bo‘lmas, domla!
D o m l a (parishon). Qaydam. Shunday bo‘ladi shekilli. (Daf’atan iljayib.) Tayyor yostiq-da. U yoqda yostiq bo‘lmasmish-ku… Chiqing bu yoqqa, choy quyib beraman.
Q o‘ sh n i (ovozi). Uyga boray. Sherigim keldi. Navbatchilikka. Ertaga institutda yig‘in bormish.
D o m l a. Yig‘in ham qilib turasizlarmi? Chatoq-ku. Qanaqa yig‘in ekan?
Q o‘ sh n i (ovozi). Rostmi, yolg‘onmi, akademiyaga saylov bo‘larmish, degan gap chiqib turibdi.
D o m l a (beixtiyor jonlanib). Yo‘g‘-e? Zo‘r-ku! Anchadan beri paysalga solib kelinayotuvdi o‘zi…
Q o‘ sh n i (ovozi). Yana bir urinib ko‘rmaysizmi, domla? Qilingan xizmatlar yetarli bo‘lsa! Gard-kamiga-da!
D o m l a (ikkala qo‘lini taslimona ko‘tarib). Bas endi, inim! Tavba qildik! O‘zingiz aytasiz-ku, «foydasi yo‘q, foydasi yo‘q» deb. Shu gap-da. Bir yozuvchimidi, «Endi meni bukaman deb, sindirib qo‘ymanglar tag‘in» degan ekan. Yaxshi aytgan! O‘zimizni qo‘chqor sanamasak ham, shoxlar sinib tamom bo‘lgan, uka!
Q o‘ sh n i (ovozi). Qo‘y bo‘pqolganmiz deng?
D o m l a. Undan ham battari! Endi yoshlar ko‘rsin bu yog‘ini. Mana, o‘zingiz harakat qiling. Fan do‘xtiri, professor!
Q o‘ sh n i (ovozi). Hazillashyapsizmi, domla? Shuncha fan do‘kaylari turganda bizga yo‘l bo‘lsin! Foydasi yo‘q, foydasi. Siz bilan bizning foydani anovi basseyndan topib turganimiz o‘zi g‘animat. Qo‘ying! Siznikiga ham kelib turishgandir?
D o m l a (o‘ng‘aysizlanib). E, yo‘g‘-e… Kechamidi, uch-to‘rttasi adashib kepqolgan ekan, haydab yubordim. Anovinaqa qizlar bilan kelishibdi, bor-e, dedim. Suvni nahsga botirib…
Q o‘ sh n i (ovozi). Tirikchilikning aybi yo‘q, domla. Cho‘milib bo‘lib uch-to‘rt so‘m tashlab ketadi, harna-da. Siznikidan chiqib keyin menga borishdi. Suv-ku, suv, yuvib ketar… Nima qilay, uy to‘la bola-baqra, yeyman-ichaman deb turibdi! Ha, kechagilarning orasida anovi akademik oshnangizning nevarasiyam bor ekan. Huv anovi, o‘tgan galgi saylovda siz bilan tushgan… Mustaqil domla deysizlarmi?
D o m l a (ijirg‘anib). Mustafoqulov… Muxbir deng! Qaysidir gazetani to‘ldirib har hafta maqola chiqaradi-ku. Maddoh! Mustaqillikni xususiylashtirib olgan u! O‘ziniki! Kechagi zamondagi o‘yinlarini bilarsiz?
Q o‘ sh n i (ovozi). Qo‘yavering, domla, foydasi yo‘q. Oxiratda javobini berar!
D o m l a. Sodda bo‘lmang, ukam! Javob-pavob bermaydi — ateistlarning peshvosi u!
Q o‘ sh n i (ovozi). Chorbog‘ingizda o‘tiraverib zamondan orqada qolibsiz, domla! Hozir oshnangiz — ma’naviyat va ma’rifatning peshvosi! Besh mahal namozni kanda qilmaydi deb eshitaman.
D o m l a (bo‘shashib). Hay, shunday bo‘ptimi? Mayli, iymonini bersin. Zamon shuniki bo‘lib qoldi, nachora!
Q o‘ sh n i (ovozi). Xonim keldilarmi, domla? Kennoyimiz? Safarda edilar chog‘i?
D o m l a (istar-istamas). Kelganday. Bittasi ivirsib yuruvdi, o‘sha bo‘lsa kerak.
Q o‘ sh n i (ovozi). Ha, yaxshi, ko‘nglingiz endi xotirjam. Shu deyman, domla, xotin-qizlarimiz dunyoga chiqib ketdi-ya! Siz bilan biz bu yerda basseyn qo‘riqlab, jo‘xori qayirib…
D o m l a. «Erlari uyda turib, xotinlari savdo qilur». Eshitganmisiz? Oxirzamonning alomatlaridan biri shunday emish-ku.
Q o‘ sh n i (ovozi). Asta’furulloh deng, domla! Oxirzamonga hali ancha bor!
D o m l a. Men o‘zimni aytyapman, inim. Har bandaning oxirzamoni o‘zi bilan ekan. Mayli, yo‘ldan qolmang siz. Chaqirsa — chiqmadingiz. Ertaga biror yangilik bo‘lsa, kelganda aytib berarsiz.
Q o‘ sh n i (ovozi). Indinga kelaman. Navbatim — indin.
D o m l a. Indingacha biz haq deb jo‘xori qayirib o‘tirar ekanmiz-da?
Q o‘ sh n i (ketayotib, haytsirgan ovozi). Globallashuv zamonida yashayapmiz, domla! Dunyoda bir gap bo‘lsa, zum o‘tmay eshitasiz — radio bor, televizor!
D o m l a (ko‘zoynagini peshonasidan tushirib, ishiga kirisharkan). Mayli, inim, yaxshi boring.
Uydan yugurib chiqqan X o n i m hovli o‘rtasida bir zum to‘xtab, ko‘kragiga tuf-tuflaydi. So‘ngra atrofga alanglab, o‘choqboshida kuymanib yurgan Asal xolaga ko‘zi tushadi.
Xonim (zarda bilan). Amma! Quloqlaring tom bitganmi, nima balo?
A s a l x o l a. Ha, ha, xonimjon? Men bu yoqda ekanman-da.
X o n i m (ensasi qotib). «Xonimjon, xonimjon»! Men sizning xotiningiz emasman-ku, amma! Necha yildan beri aytaman-a: Roza Hasanovna, tamom!
A s a l x o l a (tusi o‘zgarib). Hay, nima farqi bor? Xo‘p, ana — Ro‘za Hasan…
X o n i m (ijirg‘anib). Zahar xola! Domla qanilar deyapman?
A s a l x o l a tumshayib, qo‘lidagi kapgir bilan shiyponga ishora qiladi. Domla ko‘zoynagini peshonasiga surib, panjaradan pastga engashadi.
D o m l a. Ha, xonim, tinchlikmi? Dunyoni buzvordingiz-ku shovqin solib! Nima gap o‘zi?
X o n i m (bo‘shashibrots). O‘zingiz-chi! Boyadan beri chinqiraman… Kim bilan buncha g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qildingiz?
D o m l a. He, qo‘shni. Uyiga ketayotgan ekan. Prokurorning hovlisida turadigan-chi!
X o n i m (bepisand). Ha-a, anovi qorovulmi? O‘sha bilan shuncha gaplashadimi odam? E, qoyilmasman sizga, domla!
D o m l a. Bilsangiz, xonim, u odam — fizika-matematika fanlari do‘xtiri, professor! Xuddi eringizga o‘xshagan, kerak bo‘lsa! Sohasi boshqa, xolos.
X o n i m. Voy-voy, shu kishi-ya?! Qo‘ysangiz-chi, domla! Bir juldurvoqi-ku! Do‘xtir bo‘lsa, professor bo‘lsa, birovning hovlisida qorovullik qilib yurarmidi?!
D o m l a. Avvalo, begona emas, tug‘ishgan jiyani. Prokuror! Haftada ikki-uch bor kelib jiyanining hovlisini qo‘riqlab ketsa nima qipti? Prokurorning o‘zi bu koshonaga kelib turolmaydi-ku, to‘g‘rimi? Qolaversa, ilm odami, qo‘li kaltaroq. Buning ustiga, bola-chaqasi ko‘p emish.
X o n i m. Mana, siz ham ilm odamisiz — qo‘lingiz uzunmi?
D o m l a (hazilga burib). Mening qo‘lim ham, oyog‘im ham uzun! Xohlasam — Turkiyaga yetadi, xohlasam — Dehliyu Dubayga!
X o n i m. Kesatyapsiz-a? O‘zingiz ham rosa kezgansiz Moskvayu Leningrad qilib!
D o m l a. Sizniyam armoningiz qolmagan, xonim! Sochiyu Qirimlar eslaridan chiqdimi? Keyin-keyin undan ham nari — Bolgariya, O‘rta Yer dengizi bo‘ylab sayohatlar! Mazaxo‘rak bo‘lganlar-da, o‘shalarni xumor qilibmi, mana, uyda o‘tirolmay qoldilar. O‘rgangan ko‘ngil…
X o n i m (past tushib, ham qofiyasiga). …o‘rtansa qo‘ymas! O‘zingiz oborgansiz-ku!
D o m l a. Ana shunisiga dog‘man-da… Bizga kelsak, bizniki ilmiy kengash, konferentsiya yo seminar deb atalguchi edi. Yalang sayru sayohat emas!
X o n i m. Bizniki ham sayohat, ham tijorat deb ataladi! Chidaysiz-da, xo‘jayin! Chidayolmasangiz… siz sho‘rlikda prokuror jiyan ham yo‘q!
D o m l a (nochor iljayib). Bizga unaqa dahmaza jiyanning keragi ham yo‘q, xonim afandim, o‘zingiz borsiz, yetib ortadi!
X o n i m (haligi tahlikada bu gapning tagiga yetmay). E, xudoga shukr-e! Shunday deb turing. Aytganday, eshitdingizmi?..
Darvozaxona tarafdan yana «Oq kaptar» ko‘shig‘i yangrayotir.
D o m l a. Eshitdim, eshitdim. Boya ham eshitganday bo‘luvdim. Shu qo‘shiqni yaxshi ko‘raman-da, xonim. Xuddi oppoq gullagan olchazorda sayr qilib yurgandek bo‘ladi odam. Sizni qo‘ltiqlab! Huv bir vaqtlardagidek! Yon-veringizda oq kaptarlar charx uradi, jannatning o‘zi! Saodat Qobulovaning qo‘shig‘i…
X o n i m. Shoir bo‘pketing-e! Men boshqa gapni aytyapman, domla…
D o m l a. Quloq soling, quloq soling! (Bosh tebratib.) Shunday ashulalar ham bor-a dunyoda! Eh, qani mening yoshligim?!
X o n i m (quloq tutib). Anovi moshinadan kelayotganga o‘xshaydi. Radiosini o‘chirish esidan chiqibdi-da.
D o m l a. Iya, so‘taqo‘zingiz shu yerdami? Qachon keldilar?
X o n i m. Huv, qachon edi! Ijodga sho‘ng‘ib, moshinaning ham tovushini eshitmagandirlar-da?
D o m l a. Balki, balki. Chaqiring, o‘chirib qo‘ysin.
X o n i m. Charchab kelgan ekanmi, ichkari kirib tarrakday qotib qoldi!
D o m l a. O‘lguday urib kelgan deng! Shu ahvolda moshinaga o‘tirib… Odam bo‘lmadi bu bola!
X o n i m. Qo‘ysangiz-chi, xo‘jayin, kim odam ekan shu zamonda!
D o m l a. Klarangiz ko‘rinmay qoldi?
X o n i m. Pastda, podvalda. Dam olyapti. Qizi bilan. Muzdekkina! Qarang, bu issiqqa chidab bo‘ladimi? Bitta sizga bilinmaydi. Hur-hur shiyponda o‘tiribsiz-da.
D o m l a. Zerikyapti-ya shu qiz? Shahri shovqinga o‘rgangan…
X o n i m (xo‘rsinib). E-e, gapirmang… Hoy, tushib anovining radiosini ko‘rsangiz-chi endi!
D o m l a (sho‘xchanlik bilan). Xo‘p bo‘ladi, xonim! Xo‘p bo‘ladi, Roza Hasanovna! Hozir-da.
Domla yog‘och zinapoyadan tushib keladi va shiyponning orqasida — bizga ko‘rinmay turgan moshinaning eshigini ochgani eshitiladi. Ul-bul murvatini tekshirib chiqqan bo‘lsa kerak, eshik yana qarsillab yopiladi. Bu vaqt boyagi qo‘shiq ham tingan.
D o m l a (shiypon tagidagi chorqirra ustunga suyanib turgan xotinining oldiga qaytib). E, ko‘cha-ko‘ydan kelyapti shekilli… (O‘choqboshi tarafga qarab.) Amma! Biror narsangiz bormi? Qorin piyozning po‘stlog‘i bo‘pketdi-ku!
A s a l x o l a. Birpasginada bo‘ladi, aylanay, sabr qilasiz.
X o n i m (ensasi qotib). Aylanay, o‘rgilay… Bu kishi — domla!
A s a l x o l a. Xo‘p, xo‘p, xonim… Ro‘za Hasan… (Birdan zahri qo‘zib.) O‘zingiz uyga kirib andakkina damingizni olsangiz-chi, aylanay! Yo‘ldan kelgan odam! Bu xotin charchamaydiyam!
X o n i m. Charchab bo‘pti! Zahar xola!.. (Domlaga yuzlanib, birdan past ovozda.) Hech gapdan xabaringiz yo‘qmi, domla? Mustaqillik ketganmish-ku!
D o m l a (beixtiyor, ajablanib). Mustaqillik?! Qanaqa mustaqillik? Qayoqqa ketadi? Nega? O‘ylab gapiryapsizmi o‘zi, xonim? Alahsiramayapsizmi ishqilib?!
X o n i m (o‘zini otslagandek). Kim bilsin, boya o‘g‘lingiz shunday deb to‘ng‘illagandek bo‘luvdi. O‘zim ham yaxshi anglayolmay qoldimmi…
D o m l a (besaranjomlikka tushib). Esi joyidami o‘zi?! Bor, uyg‘ot!
X o n i m. Uxlayapti bola. Turolmaydi.
D o m l a (darg‘azab). Uyg‘ot deyapman hozir!
X o n i m. Voy, voy! O‘zingizni bosing, xo‘jayin! Unday bo‘lsa, kuyib qoladigan men-ku! Shuncha mol, sarmoya! Sizga, qaytaga, yaxshi bo‘lmaydimi? Ishlaringiz yana yurishib, akademiya, saylov…
D o m l a (xezlanib). O‘v, xotin, es-pesingni yedingmi?! O‘ylab gapiryapsanmi, axir? Nahotki, men… Kir, uyg‘ot!
X o n i m (daf’atan chatnab). Uyg‘otmayman! Kerak bo‘lsa, kirib o‘zingiz uyg‘oting! (Yo‘lni to‘sib.) Uyg‘otib bo‘psiz! Men bu odamni suyunib ketadimi desam…
D o m l a. Suyunib ketadi? Obbo-o! Mening, mendaqalarning ishi yurishishi uchungina kechagi zamon qaytishi kerak ekanmi? Buni xayol qilmoqning o‘zi borib turgan telbalik, razillik-ku!
X o n i m. Huv birda o‘zingiz ijtimoiy adolat, tenglik g‘oyalari yana qaytib maydonga chiqishi mumkin, degandek bo‘luvdingiz shekilli?
D o m l a (bir zum gangib, so‘ng yotig‘i bilan, saboq maromida). Aytgandirman. Chunki bu — orzu, insoniyatning o‘lmas orzusi! Tarixiy sharoit, mavjud tuzum yo siyosat taqozosi bilan, yoki urush-to‘polonlar davrida u ma’lum muddat kun tartibida turmasligi, unutilishi ham mumkindir. Ammo odamzod bor ekan, bu ideal hech qachon eskirmaydi, yo‘q bo‘lib ketmaydi. Shu gaplarni o‘zingiz ham bilasiz-ku, xonim — fan nomzodi degan hujjatingiz bor qo‘lingizda! Loaqal, qadimgi Rim demokratiyasi, Forobiy boboning odil jamiyat haqidagi orzularini eslang!..
X o n i m. Esladik, esladik, domlai kalon! Lekin — hayot boshqa, anovi orzu-xayollar boshqa!
D o m l a (fikridan chalg‘imay). Yo‘q, xonim, siz gapni chalkashtiryapsiz. Mustaqillik boshqa, ozodlik tushunchasi bir boshqa, ijtimoiy adolat, tenglik g‘oyalari — boshqa! Axir, milliy mustaqil mamlakatda ham adolatsizlik, bedodlik hukm surishi mumkin-ku. Misol kerakmi sizga?.. Bilgingiz kelsa, men ijtimoiy adolat, insoniy tenglik tarafdoriman, xolos. Zinhor-bazinhor kechagi istibdodning emas! Qolaversa, odamzod muayyan bir g‘oyadan charchasa yoki ijtimoiy tabaqalashuv, haqsizlik haddan oshsa, jamiyatda muvozanat buziladi. Ana shunda islohot yo inqilob zarurati tug‘ilib, mulk qo‘ldan qo‘lga o‘tadi. Huv Oktyabr inqilobi chog‘ida shunday bo‘lgan, bilasiz.
X o n i m. Og‘zingizdan bol tomadi-ya, domla!
D o m l a (birdan bo‘shashib, cho‘nqayib qoladi). Robiya! Senga nima bo‘ldi? Shuncha yil birga yashab, nahotki, meni bilmasang?! Nahotki men… Attang, attang!
X o n i m (yig‘lamsirab). Bilganim uchun aytyapman-da! Shunday odam, shuncha mehnat qilgan olim, bugungi kunga kelib ahvolingizni qarang! Men ham kuyaman-da! Kuyganimdan…
D o m l a (vishillab o‘rnidan qo‘zg‘aladi). Ahvolimga nima qipti, mochaxar, og‘zingni yum-e!
X o n i m (gezarib, «ozod Sharq ayoli» qiyofasiga kirib). Menga baqirmang, xo‘pmi! Meni siz boqayotganingiz yo‘q! Sizning davringiz o‘tdi endi, domla! Hozir — demokratiya zamoni!
D o m l a (quvlagudek talpinib). He, o‘sha demokratiya-pemokratiyangga qo‘shib seni!..
O‘choqboshidan A s a l x o l a, ko‘lida kapgir, sarosimada er-xotin tomon yo‘rg‘alab keladi.
A s a l x o l a. Ibi, aylanaylar, sizlarga nima bo‘ldi? Uyat bo‘ladi-ya, domlajon! Uyat-a, xonimjon! Siz bir gapginadan qolib uyginaga kirsangiz-a!
Chorpoyada yotgan mehmon — Rahmatulloh J i y d a l i y yostiqdan bosh ko‘tarib, bu mashmashani taajjub bilan kuzatadi.
Jiydaliy. E, e, domullo! Ovozlaringiz baland-baland chig‘di, yangamullomizga hazil qilyapsizmi deyman?
D o m l a (hovridan tushib, xijolatomuz, ammo zaharxanda bilan). Yangamullongiz bizga xotin bo‘ladilar, Rahmatvoy! Siz aralashmang, bahuzur damni olavering. Siz aytgan hazilni biz ho‘ bir zamonlar chimildiqda qilganmiz, ukam!
Jiydaliy. Xo‘p, xo‘p, domullojon, uzr. (Keyin bamaylixotir, maroq bilan davom etadi.) Bizga deng, domullojon, chimildiqqa kirganda kelinchakni avval bir shapati urganlar, «voy» desa — bir tepganlar. Ana so‘g‘ra o‘la-o‘lguncha bosh ko‘tarib betingizga qarasin-chi! Yo bir og‘iz so‘z aytib ko‘rsin-chi!
D o m l a. Amerikani aytyapsizmi, Rahmatvoy?
Jiydaliy. Yo‘-o‘q, domullo, Afg‘onni, shamoliy Afg‘onni. Amrikoda kelin sizni uradi, sizni tepadi-ya! (Kuladi.)
D o m l a. Biz ham Amerikaday bo‘pqopmiz-da unda?
Jiydaliy. Yo‘g‘-e, domullojon, unday demang. Xudo saqlasin! Sizlar, fikrimcha, Amriko bilan Afg‘onning o‘rtasida hozir. Mo‘tadil.
D o m l a. Mo‘tadil bo‘lgani qursin deng! (Hamon serrayib turgan xotiniga qarab, odatdagidek yumshoqlik bilan.) Siz kirib bunday bir radio-televizorni qo‘yib ko‘ring-chi, rostdan ham nima gap ekan?
X o n i m (tumshayib uy tomon burilarkan). Erkak zotining bari — bir xil: Amerikada ham, o‘sha Afg‘onida ham! Feodal!
Jiydaliy (xonimning ortidan). Yangamullomiz ko‘p olimu oqila ayol-da, domullo! Baraka topsinlar.
D o m l a (parishonlik bilan). E, so‘ramang, Rahmatvoy! Ilmu amallarini namoyish qildilar-ku boya, ko‘rdingiz!
Domla chorpoyaning bir chetiga o‘rnashadi. Har ehtimolga deb kapgirini o‘roq misol ko‘tarib olgan A s a l x o l a o‘choqboshiga qaytib ketadi.
Jiydaliy. Domullo, siz hali yangamullomizga hamma teng bo‘lmog‘i lozim, deganday gap qildingiz-a? Qandoqasiga teng bo‘lsin, axir? Mana, besh panja barobar emas-ku!
D o m l a. Besh panja barobar emas, to‘g‘ri. Ammo hadeb shu naqlni odamga ishqayverish ham nodurust-da, Rahmatvoy. Axir, inson deganingizning besh barmoqdan boshqa a’zolari ham — yana bir qo‘l, ikki oyoq, yelkasida kalla, kallasida miya ham bordir! Ko‘ngli-chi, ko‘ngli, yuragi?! Besh panja deysiz, shuning qaybirini tishlamang — birday og‘riydi-ku! Demak, zohiran uzun-kaltaligiga qaramay dardi, botini bir xil ekan-da, to‘g‘rimi? Bandalari ham Ollohga ana shu yo‘sin bog‘langan, uning oldida ana shunday teng, barobar emasmikan? A, labbay? Eski kitoblaringizda ham yozilgan-ku!
Jiydaliy. Lokin bu dunyoda ahvol boshqacharoq-da, domullo! Mana, masalan, man mulkdoru sarmoyador. Siz bo‘lsangiz, tenglik, barobarchilik qilaman deb, shuni olib yo‘qsillarga taqsimlab bermoqchisiz. Yo‘qsil deganingiz ro‘yi jahonni kanaday bosib ketgan, eh-he! Uni baribir to‘ydirib bo‘lmaydi, ishoning! Hov kechagi zamonda ham, o‘zingiz bilasiz, ota-bobomning bor sarvatini bir sidra shunday g‘orat qilib edilar, endi kelib yana… Insofdan emas-da bu ishingiz, domullo!
D o m l a (beg‘ubor kulib). Yo‘q, yo‘q, Rahmatvoy, mol-davlatingiz o‘zingizga buyursin, ukam. Uni endi hech kim sizdan tortib ololmaydi, qo‘rqmang. Dunyo bugun sizlarning qo‘lingizga o‘tgan-ku! Mana, siz insof-insof deyapsiz. Men ham shu adlu insofni aytmoqchiman-da. Qaysidir kuni gazetda o‘qidim: Rossiyada raqibi otib o‘ldirgan bir ashaddiy kallakesarni dafn etishga uch ming odam to‘planibdi, uch ming! Tobuti yigirma besh ming dollar turarmish. Kiyib yotgan kostyumi — besh ming, oyog‘idagi poyabzali ham necha ming dollar! Ana shu tobutu kiyim-bosh bilan ko‘miladi, bilsangiz. Bu yoqda bo‘lsa — hali siz aytgan kanaday son-sanoqsiz yo‘qsil bir parcha nonga zor! Ko‘ngilxushi yoki bachkana bir ermakka million-millionlab sovurib yotgan nahanglarni esa o‘zingiz mendan yaxshi bilasiz, birodar!
Jiydaliy (qizg‘anish bilan). Hayf, hayf! Lokin pulu sarvat o‘ziniki bo‘lgandan keyin ixtiyori ham o‘zida bo‘ladi-da, taqsir!
D o m l a. Xo‘sh, shuncha millionni birgina odam qayoqdan, qanday qilib topibdi ekan, qani, ayting? Ha-a, balli, qing‘ir yo‘llar bilan, nayrangu firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan! Demak — harom, harom aralashgan! Siz bo‘lsa insofdan gapirasiz! Yo insof degani faqat bechorahol yo‘qsilga tegishli matohmi? To‘g‘ri, bu nafsu manfaat dunyosida hamma bir xilda boy-badavlat bo‘lmog‘ining iloji yo‘q. Lekin xudo barchani teng qilib yaratgani haqiqat-ku! Har kimning fe’liga yarasha bergani ham haqiqat. Deylik, sizga nasib etgani — menda yo‘q, menda bori — sizda bo‘lmas. Oliy adolat degani mana shu emasmi?! Men boya shunday tenglik, umuman, asl mohiyat haqida gapirgan edim, durust anglamabsiz, birodar. Eshitgandirsiz, qadimda bir dono darvesh zo‘ru zo‘ravon podshohning huzuriga ikkita bosh chanog‘ini ko‘tarib kelib, qaysisi shohnikiyu qaysi biri gadoniki ekanini ajratib berishni so‘ragan ekan. Podshoh harchand tikilib qaramasin — bosh chanoqlari bir xil emish!..
Derazadan X o n i mning chiyillagani eshitiladi.
X o n i m. Na radiosi ishlaydi, na televizor o‘lgur! To‘k yo‘q, yana o‘chirib qo‘yishibdi. Sahro bu, sahro! Sahroyi Kabirda ham telefon-pelefon bo‘lar! Bo‘stondan so‘rab bilay desam, Turkiyaga ketishdan oldin sotkamni Luizaga bergan edim, yo‘qotib qo‘yibdi kasofat. Rahmatjon, telefoningiz yoningizdami, uka?
Jiydaliy. Manikining quvvati o‘lgan, yanga-mullo. Chiroq kelsa, qizitib olamiz hali, tashvish qilmang.
Shu chog‘ darvozaxona tagidagi mashinadan yana o‘sha qo‘shiq eshitiladi.
Jiydaliy. Meliboy ukamiz bir qo‘shiqni qayta-qayta yozib olgan ekanlar. Lekin ohangi ko‘p musaffo-ya, domullo?
IKKINChI MANZARA
O‘sha kun, o‘sha manzara. Kechga yaqin palla. Ko‘shksimon shiypon. Domla tebranma kursida o‘tiribdi. Ro‘parasida — «oqpadar» shogirdi Tursuniy.
D o m l a. Qani, gapirsinlar, Tursuniy janoblari, olamda nima gap?
Tursuniy. O‘sha-o‘sha, ustoz. Hammasi o‘zingiz bilgandek. Buyuk kelajak sari intilib yotibmiz!
D o m l a. Yashang, intiling! Shaharda tinchlikmi ishqilib?
Tursuniy. Tinchlik bo‘lmay nima bo‘lardi? Har qadamda — posbonlarimiz! Hammayoq suv quygandek… (Taajjub aralash.) Boya ham so‘radingiz-a shu gapni, domla, tinchlikmi o‘zi?
D o m l a. Men qaydan bilay, ukam? Shahardan kelgan — siz! Biz mana shu xilvatgina Astrobodda, dunyodan bexabar, haq deb o‘tiribmiz-da. Na telefon ishlaydi, na televizor. Dashti biyobonday gap!
Tursuniy. Unaqa demang-e, ustoz! Bog‘ingiz naqd jannatning o‘zi-ya! Ayniqsa, hozirgidek yoz kunlari! Mana, o‘zimiz ham yugurib-yutoqib kelib o‘tiribmiz-ku!
D o m l a. Siz-ku, ukam Tursuniy, bekorga kelmagandirsiz?
Tursuniy. Nega, ustoz? Sizni bir ko‘ray dedim-da. Innakeyin, syurprizimiz ham bor — moshinani yangiladik! Shuni bir ko‘z-ko‘z qilib, duongizni olib, yuvib bermoqchi edik-da sizga.
D o m l a. E, muborak bo‘lsin, muborak bo‘lsin! Moshinangiz hali bejirimgina edi-ku, Tursuniy? Qanaqasidan oldingiz?
Tursuniy. «Volga» deganlarining zamoni o‘tdi endi, domla! O‘ziyam ko‘p xizmat qilgan edi.
D o m l a. Ha-a, ko‘plarga xizmat qildi, ko‘plarga…
Tursuniy (pinak buzmay). Rais buva — do‘stingiz tag‘in bir mardlik qildilar-da.
D o m l a. Omon bo‘lsinlar! U kishining kasblari — mardlik doim! Bizga ham ko‘p himmat ko‘rsatganlar.
Tursuniy. E, sizga xar qanchasi oz, domla!
D o m l a. Ko‘pirmang, ukam, ko‘pirmang. Rahmat.
Tursuniy. Bir maslahat bilan ham keluvdim, ustoz.
D o m l a. Xo‘sh, xo‘sh?
Tursuniy. Do‘xtirlikni boshlasammi deb turibman…
D o m l a (oshkora taajjub bilan). Do‘xtirlik?! Obbo, siz-ey! Zo‘r-ku!
Tursuniy. Bu gal ham o‘zingiz bosh bo‘lsangiz…
D o m l a. Shoshmang, shoshmang. Mavzu-pavzu tayinmi o‘zi? Tasdiqlatib olganmisiz?
Tursuniy. Bu yog‘ini o‘zingiz tasdiqlab berasiz-da, domla! Mavzumiz shu… zamonaviyroq bo‘lsami devdim. Har jihatdan qulay-da.
D o m l a (dangaliga). Ya’ni? Qaysi jihatdan?
Tursuniy (qizarib-bo‘zarib). O‘zimning ustozimsiz, domla, aytaveray: o‘smoqchiman, karera qilmoqchiman! Dotsent atalib sho‘ltillab yuraverish ham jonga tegdi. Bugungi zamonda o‘zagidan olmasangiz, oyoq ostida qolib ketar ekansiz…
D o m l a. O‘sing, marhamat! Lekin ilmning, do‘xtirlikning nima ahamiyati bor ekan bunda?
Tursuniy. Har holda, anketaga fan nomzodi degandan ko‘ra fan do‘xtiri deb yozilgani zo‘r-da, domla! Lavozimga tanlanayotganda shunisiga ham qaralar ekan…
D o m l a (o‘zini go‘llikka solib). Obbo, Tursuniy, Tursuniy! Buni qarang-a, ilm-fan deganlari o‘sha yerda ham asqatar ekan-a, a? Xayriyat! Lekin — o‘zimi yoki quruq nommi?.. Hay, mayli, mavzudan gapiring!
Tursuniy. Aytdim-ku, mavzu — o‘sha… mustaqillik, mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz… Yangi tarix-da!
D o m l a. Nomzodligingiz o‘n to‘qqizinchi asr tarixidan edi-ku?! (G‘ijinibroq.) Gap bunday, ukam: shu mavzuni tanlagan bo‘lsangiz, Mustafoqulov domlaning oldiga borganingiz ma’qul. Bunaqa mavzularning piri — o‘sha odam! Buning ustiga, menga o‘xshab po‘panak bosgan bir professor emas, kimsan — akademik! O‘zingiz aytganday — har jihatdan qulay! Keyingi vaqtda davralaring, gap-gashtak ham bir emish-ku…
Tursuniy (erga qarab). Dadam, do‘stingiz «Bu yog‘iga ham ustozingning etagidan mahkam tutasan!» deganlar.
D o m l a (birdan bo‘shashib, mung‘ayib). Hay, bir gapi bo‘lar. O‘ylab ko‘raylik-chi… Darvoqe, akademiyaga saylov e’lon qilinarmish, xabaringiz bordir?
Tursuniy (jonlanib). Rostdanmi? Eshitmagan ekanman-ku hali. Bir kalla qilib ko‘ramizmi yana? Mana, bu yoqda biz turibmiz!
D o m l a. Siz?!
Tursuniy. Yugur-yuguriga-da! Busiz bitarmidi unaqa ishlar?!
D o m l a (ermakka kirishib). Men nima qilishim kerak bo‘ladi unda, xo‘sh?
Tursuniy. Uch-to‘rtta dolzarbroq maqola yozasiz, tamom!
D o m l a. Maqola?! Qanaqa maqola? Nega?
Tursuniy. Mustaqillik haqida-da, domla!
D o m l a (oshkora masxaraga o‘tib). Xo‘p, mayli. Nima deb yozamiz, qani?
Tursuniy. Ustimdan kulyapsiz-a, domla? O‘zingiz bilasiz-ku hammasini! Mana, masalan: «Ajoyib zamonda yashamokdamiz. Mustaqillik sharofati bilan xalqimiz…» Va hokazo.
D o m l a. Va hokazo deng? O‘qigan odam kulmaydimi? Kechagi zamonda boshqa ashulani aytardi, domlasi qurg‘ur endi bu yoqqa o‘tibdi-da, munofiq, ikkiyuzlamachi ekan, demaydimi?!
Tursuniy. Hammasi shunday qilyapti-ku, domla! Bir og‘iz kechirim so‘rab, boshlayverasiz-da. «Zamon shunaqa edi, nachora» deganday…
D o m l a. Kechirimni kimdan so‘raymiz, sizdanmi?
Tursuniy (xijolatomuz). Xalqdan-da, ustoz.
D o m l a. Keling, shuni sizdan so‘rayqolaylik. Maylimi? Siz ham xalqning bir vakilisiz-ku! Faqat bitta sharti bor: shu maqolani siz yozib bersangiz, qalay? Biz ham o‘zlariga yozib berganmiz-a, eslaridadir? Xo‘sh?
Tursuniy (erga boqib). Odamni yomon olasiz-da, domla!
Shu choq shiypondan pastda suv shaloplaydi — kimdir basseynga kalla tashlaydi. Noqulay vaziyatdan qutulgan T u r s u n i yga jon kirib, panjaradan o‘sha yoqqa egiladi.
Tursuniy (quvnoq ohangda). Iya, Melisboy, maza-ku! Chaqirmaysiz ham odamni…
M e l i s (suvning shaloplashi orasidan ovozi). Ha, To‘lik domla, salom! Keling, pajalista.
Tursuniy. Kalla qiziganmi deyman? (Domlaga o‘girilib.) Haliyam uryaptilarmi? Dissertatsiyani tashlab qo‘ydi-ya shu bola?
Domla. Kim bilsin, balki to‘g‘ri qilgandir… Unisi-ku mayli, o‘ttizga borayotgan odam, uylanmayapti. Yuribdi…
Tursuniy (tap tortmay). Osiltirib deng!
D o m l a (o‘qrayib). O‘zidan so‘rarsiz u yog‘ini! (Keyin ezgin bir ko‘yda.) Tursuniy, gapni eshiting. Bundan bu yog‘iga akademiklik ham, ukademiklik ham — sizlarga siylov! Bergisi kelsa, loyiq ko‘rilsak, shu choqqacha berardi. Bermadimi, demak, munosib emas ekanmiz-da. O‘zi shunday, biror bahona bilan bir-ikki daf’a panada qoldingizmi, galingiz o‘tdimi — bo‘ldi, butunlay unutilib ketarkansiz. Biz-ku biz, allomai zamon atalgani ham! Buyam bir omad, peshona-da. U yog‘ini so‘rasangiz, falonchi nimasiga unvon oldi degandan ko‘ra, nega shu odamga berilmadi, deyilgani afzal emasmi?! Endi, yetmishga qarab ketayotgan menday odam, akademik bo‘ldi nimayu bo‘lmadi nima! Anovi Chig‘atoyga ko‘milish martabasini aytmasa! O‘lgandan keyin qayerga ko‘milish-ko‘milmaslik baribir emasmi? Menga desa, o‘t qo‘yib yoqib yuborsin! Musulmon qavmidan bo‘lganimiz bilan, suyak savil sho‘ro zamonida qotgan, nachora! Hay, o‘ligimiz ko‘chada qolmas…
Tursuniy (shosha-pisha). Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, domla! Sizday odamni albatta…
D o m l a (o‘zi bilan o‘zi, xayolchan). Odamgarchilik yuzasidan tobutimning bir yog‘idan siz — vaqt topsangiz-da, bir yog‘idan, kayfi bo‘lmasa, anovi kasofat ko‘tarib, biror yerga eltib tashlarsizlar. Xo‘pmi? O‘zimga qolsa-ku, ho‘v olis Jiydalimga borib, ota-onamning yonida yotsam! Vo darig‘ki!.. (Birdan sho‘xchan tus olib.) Yo‘-o‘q! Bir shoirimiz aytibmidi, «lekin hali-veri o‘ladigan tentak yo‘q»! Nima dedingiz, Tursuniy?
Tursuniy. Domla-a, ko‘nglingizga kelmasa, bir gap aytsam?
D o m l a. Bizdayam ko‘ngildan qolgan ekan-da, qarang!
Tursuniy. Iya, domla, nima deyapsiz! Ustozimizsiz axir, ulug‘ olim!
D o m l a. Shu ulug‘-pulug‘ingizni qo‘ysangiz-chi, Tursuniy! Qani, gapiring, nima demoqchisiz?
Tursuniy. Men shoir-poir emasman-ku, endi anovinaqa demasangiz, iltimos!
D o m l a. Hamma sohaning ham shoiri bo‘ladi, ukam. Siz o‘zingizning sohangizda shoirsiz!
Tursuniy. Mening soham… nima u?
D o m l a. Gapni chuvaltirmang, Tursuniy, baloginani bilib turibsiz! Ajabo, shu vaqtgacha sira malol kelmagan bir hazilimiz endi… Yoki «inomarka» mingan odam birdan o‘zgarib qoladimi?
Tursuniy (o‘pkalab). Biz ham endi yosh emasmiz-ku, domla!
D o m l a (bu yog‘ini hazilga burib). Ha-a, tagingizda — «inomarka»! Fan nomzodisiz! Mana, endi do‘xtir bo‘lmoqchisiz!
Shu vaqt choy ko‘tarib X o n i m kelib qoladi.
X o n i m. Ustoz-shogird yana topishibsizlar-ku! Ko‘rinmay ketdingiz-a, Tursunboy, bizlarni unutib? Kelinni opkelmabsiz-da?
Tursuniy. Sizlarni unutib bo‘ladimi, yangamullo!
X o n i m (xushlamay). E, qo‘ying shu yangamullo-pangamulloni! Sizam anovi Rahmatjonga o‘xshab… Ular-ku endi eskicharoq. (Domlaga yuzlanib.) Xo‘jayin, kechga bir osh qilsakmi devdim?
D o m l a (beixtiyor). Ya’ni, masalan?
X o n i m. Biz g‘alva safarlardan sog‘-salomat keldik! Nozik mehmonimiz bor — Rahmatjon. Mana, bu yokda Tursunboy keptilar. Xullas, jamoat jam. Bugun shanba, dam olish kuni. Kim biladi, yana birov-yarim kepqolar.
D o m l a. Bozorga chiqib kelish kerak edi-ku?
Tursuniy (jon kirib). Tashvish qilmang, domlajon, hammasi yest! O‘zim sizlarga bir osh yasab beray. Qo‘lbola qilib! Bo‘ptimi, kennoyi… Roza Hasanovna? (Panjaradan hovli tomon egilib hayqiradi.) Asal xola-a! Qozon-tovoqni tayyorlang, osh!
Tursuniy er-xotinning ko‘zini shamg‘alat qilib, yonidan olgan oq konvertni stol ustidagi qog‘ozlar orasiga tikib qo‘yadi-da, shaxdam o‘rnidan turib, zinapoya hatlab xovliga tushadi. Hovlida qovushmaygina chorpoyaga joy hozirlayotgan Klaraga duch keladi.
Tursuniy (eski qadrdonlar misol dali-gulilik bilan). O-o-o! Klara Setkinga salomlar! Kak jizn, dorogaya? Ne skuchayem?
K l a r a. Iya, qirq yillik aspirantimizmi? Salom, salom.
Tursuniy. Kakoy aspirant! Kerak bo‘lsa — kandidat nauk, dotsent! Yana kerak bo‘lsa — budushiy doktor, professor!
K l a r a. Buni qarang, alomat-ku! Forslarda bir naql bor: «Az zog‘ andalib paydo shudast». Tushundingiz-a?
Tursuniy (suv yuqtirmay). E, mening forscha-morschasi bilan ishim yo‘q! O‘zingizdan gapiring. Neva bo‘ylarini sog‘inmayaptilarmi?
K l a r a. Xuddi Neva bo‘ylarida men bilan qo‘ltiqlashib yurgandek gapirasiz-a, Tursunboy!
Tursuniy. Havasimiz keladi-da, Klaraxon, havasimiz!
K l a r a (cho‘rt kesib). Osh qilmoqchisiz shekilli, shundaymi? Nima yordam kerak sizga?
Tursuniy (xijolatomuz). Yo‘-yo‘q, hammasini o‘zimiz yest qilamiz! Sizlar shakarob-pakarob deganday…
Tursuniy o‘choqboshidan boltani olib, bizga pana bog‘ etagiga tushib ketadi. Qars-qurs o‘tin yorayotgani eshitiladi. Imorat biqinidagi derazadan L u i z a ning boshi ko‘rinadi.
L u i z a (hovlida yurgan Klaraga). Ma-a-m! Kupatsya xochu!
K l a r a. Idi iskupaysya! Cho‘milaver!
L u i z a (tantiqlik bilan). A tam — dyadya!
K l a r a. Nu podojdi togda. Tog‘ang seni yeb qo‘yadimi?!
Ko‘shksimon shiypon. X o n i m D o m l a ga choy quyib uzatadi.
X o n i m. Yana iskalanib qolibdimi buningiz? Bir qop narsa ko‘tarib kepti-ya: go‘shtu yog‘, arag‘u konyak!
D o m l a. Do‘xtir bo‘lmoqchilar ukajoningiz!
X o n i m (ko‘zlari ola-kula bo‘lib). Do‘xtir?! Voy-voy, ushlang, yiqilib tushaman hozir! Fan do‘xtiri-ya! Yana sho‘rlik domlajoni yozib bersalar kerak-da, a?
D o m l a (taassuf bilan). Kim yozib beradi bo‘lmasa? Manovi hovli-haram, anovi basseyn o‘z-o‘zidan bino bo‘ptimi? Qayoqqa qaramang, rais buvaning mo‘ylovi ko‘rinadi! Turib-turib, bariga o‘t qo‘yging keladi-ya!
X o n i m. Voy-voy, o‘zimiz-chi? O‘zimiz qarab turibmizmi?!
D o m l a (zarda aralash). E, xonim, sizning anovi mozorbosdi kolgotkalaringizdan qolgan chaqa-chuqa urvoq ham bo‘lmasdi bunga!
X o n i m (qo‘llarini beliga qo‘yib). Bundan chiqdi, biz faqat sayru sayohat qilib yurgan ekanmiz-da, a?
D o m l a (ikki qo‘lini baland ko‘tarib). Bo‘ldi, bo‘ldi, shu yerda to‘xtang! Bu jangnomaning adog‘i yo‘q, bilamiz!
X o n i m. Yozmaysiz, tamom! Kechagina ketingizdan «domla, domla»lab chopgan Mustafoqulov ana — akademik, direktor bo‘lib olib davrini surib yuribdi! Siz bo‘lsangiz bu yoqda, birovlarga…
D o m l a (ovozini pasaytirib). Xo‘sh, ayting-chi, sizga kim yozib bergan? Sizni olim qilgan kim?!
X o n i m. Menga? Meni? (Bo‘shashib.) O‘zingiz qo‘ymagansiz meni! Ziyolining xotini ziyoli bo‘lishi kerak deb meni sirtqi o‘qishga joylagan kim? Melisginamni manovi Zahar xolangizga tashlab, meni kutubxonama-kutubxona yugurtirgan o‘zingiz emasmidingiz? Topganim — mana nima! Qaytaga, uyda jimgina tikuv-bichuvimni qilib o‘tirsam bo‘larkan o‘shanda. Bitta ko‘ylak tikdirish necha pul hozir, bilasizmi?
D o m l a (o‘ychan). Hayotimdagi eng katta xato shudir balki…
X o n i m (Domlaga engashib, pichirlab). Ja-a qo‘lingiz qichiyotgan bo‘lsa, ana, Bo‘stonga yozib bering! Do‘xtirskiy yozdirishga odam qidirib yuribdi. Soqqasi tayyor. O‘nta bermoqchi! Ko‘kidan!
D o m l a (angrayib). Bo‘stonga?! Unga nima kerak ekan ilm? Hammayog‘i to‘lib-toshgan, deysiz-ku!
X o n i m. Nomi-chi, nomi?!
D o m l a. Nomi? (Ensasi qotibroq.) Quruq nomni nima qiladi? Agar shugina kerak bo‘lsa, mana, kelib menikini olsin. Tep-tekin! Xudo haqki, bervoraman — bezorman o‘zi!
X o n i m (o‘zinikini qo‘ymay). Bugun bo‘lmasa, ertaga bir kun kerak bo‘pqolarmish. Burun borida simirib qol deganday-da…
D o m l a. Ey xotin, seni ado qilgan shu Bo‘ston bo‘ldi aslida. «Bo‘ston undoq dedi», «Bo‘ston bundoq qildi»… Bo‘ston, Bo‘ston… Shuning nomini eshitsam, ko‘nglim ayniydigan bo‘lgan, xudo xaqqi. Bu yoqda — manovi, ukajoningiz!..
X o n i m. O‘sha Bo‘stonoy dugonam bo‘lmaganda, menga biznes sirlarini o‘rgatmaganida, sizu biz bu yerda ochimizdan…
D o m l a. Rozi edim! Ming bora rozi edim! (Bezor bo‘lib.) Endi birpasgina ishimni qilay, iltimos… Hay, shoshmang, telefon ishladimi?
X o n i m. Qayoqda!
D o m l a (birdan jonsaraklanib). Erkatoyingiz turdi-ya uyqudan? Ha, cho‘milayotuvdi boya. Chaqiring 6u yoqqa! Nima deb valdiragan edi o‘zi u?
X o n i m. Hozir undan hech gap ololmaysiz bari-bir! Qo‘ying, yana birpas suv o‘ynab o‘ziga kelsin, keyin so‘rarsiz. Shunchaki bir vahimadir-da. Hammayoq jimjit-ku. Bir gap bo‘lsa!..
D o m l a. Asta’furulloh deb gapiring, xonim!
X o n i m (ketaturib). O‘ylab ko‘ring, ey — o‘nta! Ko‘kidan-a!
Domla boshini changallab o‘tiribdi. Yana allaqayokdan boyagi qo‘shiq eshitilgandek bo‘ladi.
D o m l a (kallasini sarak-sarak qilib). Qayoqdan kelyapti bu? Yo miyaga o‘rnashib qolganmikan?
UChINChI MANZARA
Bog‘ etagidagi olma soyasida — bir uchiga bolta sanchib qo‘yilgan uzun kunda ustida yonma-yon T u r s u n i y bilan R a h m a t u l l o h J i y d a l i y sigaret tutatib o‘tiradi. Oldilarida «yarimta», talinkada parraklangan — bodring-pomidor.
Jiydaliy. Tursuniy ukajon, qachondan beri so‘rayman deb doim faromush qilaman-a. Bu, Tursun degich manzil qay viloyatda o‘zi?
Tursuniy. Tursun — mening otim-ku, qanaqa manzil?! Unaqa joy borligini bilmayman men.
Jiydaliy. Axir, sizni Tursuniy demaydilarmi?
Tursuniy. Domlam shunday deydilar-da. Hazillashib. O‘zim — Tursunboy, Tursunali.
Jiydaliy. E-e, shunday deng. Bilmab edim, ukajon, o‘tin, o‘tin.
Tursuniy (orqaga ishora qilib). Ana, yorib qo‘ydim, yetar.
Jiydaliy. Yo‘q, maning aybimdan o‘ting, gunohimni o‘tin qiling, deyopman. Bilsangiz, Vatandan tashqari biz o‘zbaklarning har birimizda taxallus bor. Birlarimiz — Turkistoniy, birlarimiz — Buxoriyu Andijoniy. Yana birlari — Boysuniy, G‘uzoriy va hokazo. Mani, masalan, ota-bobomiz asli Jiydali makonidan bo‘lganlari uchun, Jiydaliy deb ataydilar. Rahmatullohi Jiydaliy! Afg‘onu Saudiyoda hamma shunday deb taniydi. O‘zim ko‘rmaganman hali u yerni. Tog‘ etagida joylashgan ko‘p zebo manzil deb ta’rif etadilar. Boboyu bobokalonlarimizning vatani-da. (Uzrxohlik asnosi u tarjimai holining sharhiga tushib ketadi.) Biz bo‘lsak, Afg‘onistonda tavallud topdik. Ollohning hukmi bilan. Ota-enamiz yamonning zulmidan qochib, Amudaryodan gupsarda suzib o‘tgan ekanlar, qarang! Yetti pushtimiz do‘konchiyu sarmoyador bo‘lgan-da. Boz ustiga, bobomiz Buxor madrasasini xatm qilgan nafaslari ko‘p o‘tkir mullo o‘tganlar. Yangi hukumat ismi mulloyu do‘kondorga dushman chiqibdi. Nima qilasiz — qochasiz-da! E, ukajon, (kallasiga mushtlab) bu sabil bosh nimalarni ko‘rmadi deysiz! Begona yurt, g‘aribchilik, xoru zorlik! Oxiri Amriko bordik deng. Mamlakat boy! Qimirlagan jon nonsiz qolmaydi. Biz ham shularga qo‘shilib yeldik, yugurdik, sarmoya topdik. Mana, odam bo‘ldik. (Iljayib.) Bugun kimsan — millioner Rahmatullohi Jiydaliy! Bu orada Vatan ozod bo‘ldi. Keldik chopib. Fobrik, dav-dastgoh olib keldik. Sex ochdik, korxona ochdik. Sovun chiqaramiz, qandolat chiqaramiz. Endi mana shu joylardan bir vatan sotib olib, obod qilmoq niyatimiz bor, ukajon.
Tursuniy (mamnun-mahliyoga o‘xshab). Yashang! Yashang, Rahmatjon aka, qoyil! (Atay merovsirab.) Nima, u yoqda, Amerikada deyman-da, uy-joy yo‘qmi?
Jiydaliy (g‘urur-qanoat bilan). Bor! Bir emas, bir nechta! Bola-chaqamiz o‘sha yoqda. Lokin, man sizga aytsam, ukajon, O‘zbakistonday yurt dunyoda yo‘q! Jahongashta akangizning gapiga ishoning! Bu bir tayyor jannat-ku! Qarang, hamma narsa arzon, bemalolchilik! Bu joylarning safosini, mana shu orom o‘tirishimizni ayting! Amriko-da bunday bahuzur gurung qurib, chaqchaqlashib bo‘psiz! Ikki kunda xonavayron bo‘lib ketasiz! Boy mamlakat bo‘lgani bilan jahannamning o‘zginasi u! Masalan, mana shu (qo‘lidagi sigaretni ko‘rsatib) bir quticha tamaki u yoqda, bilasizmi, necha pul turadi? Besh dollar! Bu yerda-chi, shunga yana besh dollar qo‘shib, bir oy tirikchilik qilsangiz xam bo‘ladi.
Tursuniy. Bizda oylikni dollar qilib bermaydi-da, aka!
Jiydaliy. Bu bir misoli gap-da, ukajon… Bachalardan nechta? (Javobini kutmay.) Sizga maslahatim: hozir, mana shu arzon zamonda ikki-uchta hovli qilib qo‘ying. Keyin borib rahmat aytasiz manga.
Tursuniy. Hozirdanoq sizga rahmat-u, lekin hovli dedingizmi? Ikki-uchta?!
Jiydaliy. Ha-da! Kivartir deydi-ya sizlar-da? Mana, man o‘zim Navoiy ko‘chasidagi uylardan ikkita o‘shandog‘ini sotib olyapman. A-arzon! Biri — olti ming dollarga tushdi, biri — sakkiz yarimga. Dunyoda bundoq arzon uy-joyni topolmaysiz, birodar!
Tursuniy (quvlik aralash). Uzr, Rahmatjon aka, aybga buyurmaysiz. Dollar deganlari o‘zi qanaqa matoh bo‘ladi, bir ko‘rsatmaysizmi?
Jiydaliy (ranjibroq). Sizdan yoshim ulug‘, ukajon, mani mayna qilmang.
Tursuniy (g‘irt qasamxo‘rlik bilan). Xudo haqqi, ko‘rmaganman sira! Hamma «dollar, dollar» deydi…
Jiydaliy. Xo‘sh, qandoqa bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
Tursuniy. Huv maktab darsliklarimizda shunday bir rasm bo‘lardi: qorni semiz, shlyapali bir janob og‘zi ochiq qopning oldida hassasini o‘ynab turibdi. Qop to‘la tanga-chaqasimon narsa. Shu bo‘lsa kerak-da dollari? Rasmning tagiga «Millioner kapitalist» deb yozilgan edi…
Jiydaliy (astoydil qah-qahlab). Manga o‘xsharmidi? Qarang, manda undoqa qorin ham yo‘q, asocha ham! Lekin man ham millionerman. Shundoq bo‘lganim bilan sarmoyamdan bir tanga ham sarflamayman. Tushgan foiziga tirikchilik qilaman faqat. Bo‘lmasa, qandoq millioner bo‘lasiz, ukam! Mana shu xonadonni aytaman-da, «qiynalyapmiz, qiynalyapmiz» deydilar-u, bundagi keldi-ketdi, sarf-xarajatni ko‘rib yoqa ushlaysiz!..
Tursuniy. Rahmatjon aka, bular bilan, yangamullomiz bilan-da, qanaqa tanishsiz o‘zi?
Jiydaliy (zavq bilan). E, buning tarixi qiziq, ukajon! Bilarsiz, Amrikodan chiqqan tayyora gohida Istanbulda bir-ikki soat to‘xtab, so‘g‘ra bu yoqqa qarab uchadi. Bular — ikki dugona tijorat qilgani borgan ekanlar. Tayyorada uchovlon bir joyda o‘tirib qolibmiz deng! Bo‘stonoy degich sheriklari bor ekan. E, alomat! Balo, balo! Turkon Xotun-a deysiz! Gapdan gap chiqib, yangamullomiz maning Jiydaliy ekanimni bildilaru apoq-chapoq topishdik-qoldik. O‘zlariyam aslan o‘sha yoqdan ekanlar-da. Mana, endi qiyomatli opa-ukamiz, qarang! Ko‘p uddaburon, fazilatli ayol, baraka topsinlar! Voqean, domullomizning o‘zlariyam Jiydalidan bo‘ladilar, bilasiz-a? Shu hisobda biz bu xonadon bilan hamvatan, hamyurt, qarindoshday bir gap… Domullomizning ham yurtni ziyorat qilmaganlariga ko‘p zamon bo‘libdi. Man-ku bir musofiru muhojir, bu kishi nega tug‘ilgan vatanlariga bormadilar ekan… Ikkovlashib bir o‘tib kelamiz deb va’dalashib qo‘yganmiz hali, xudo xohlasa!
Tursuniy (kuyinib). Ustozning ishlari orqaga ketibroq qo‘ydi-da. Erta-indin akademik bo‘laman deb turganlarida birdan mustaqillik kelib qoldi…
Jiydaliy (taajjub bilan). Iya, qaytaga zo‘r bo‘libdi-ku! Mustaqilligu ozodlikka nima yetsin! Endi ikki karra akadimik bo‘lsalar ham kam!
Tursuniy (ensasi qotibroq). Endi bo‘lolmaydilar. Zamon o‘zgarib ketdi-da, aka! Ustoz o‘sha zamonning odami edilar. Bo‘lganda ham eng zo‘ri, eng nomdori! Eh-he, u davrlarni bilsangiz! Manaman degan allomalari ham ustozimizning og‘izlariga qarab turardi!..
Jiydaliy (astoydil afsus chekib). Chatoq, chatoq bo‘lgan ekan. Hay, bu zamonga o‘tsalar nima qiladi? Domullomizdan boshqalari o‘tgandir? Yoki ular ham chetda qolib ketdilarmi?
Tursuniy (diqqati oshib). U yog‘ini o‘zlaridan so‘rarsiz, aka!
Jiydaliy. Lekin o‘zlari ko‘p ulug‘ odam. Avliyo, avliyo! Bir uy kitobni xatm qilib ekanlar-a, ofarin! Yangamullomiz ham so‘ylab edilar. Tag‘in deng, o‘sha kitoblarning bir qanchasini domulloning o‘zlari yozib ekanlar. Mana, endi ana shularning bari xatoga chiqibdi! Buyam bir falokat-da, ukam. Man ham deng, bundan ko‘p yillar burun Pokistonda bir do‘kon ochib edim…
Shiypon tarafdan D o m l a ning hayqirig‘i eshitiladi.
D o m l a. Qozonga o‘t qalandimi, Tursunboy?
T u r s u n i y bir hatlab o‘choqboshiga boradi-da, o‘tinga olov yoqib, joyiga qaytadi.
Tursuniy (haytsirib). Gurillab yotibdi, ustoz, zo‘r!
J i y d a l i y hovli bo‘ylab u yokdan-bu yoqqa yumush qilib yurgan K l a r a ga suq bilan tikiladi.
Jiydaliy. Bu, Kiloraxon singlimiz ko‘i barno, ko‘p xushro‘y ekanlar-a, Tursunboy! Endi ko‘rib turishim! O‘tgan safar kelganimda yo‘q edilar… Lekin tillari achchiqroq.
Tursuniy (eski armon bilan). Ey-y, yoshligida ko‘rsangiz edi bu qizni!..
Jiydaliy. Qo‘ldan chiqarib yuborgan ekansiz-da, ukam! Otalaringiz qalin do‘st emish-ku…
Tursuniy. U vaqtlarda bu jonon bizni nazariga ham ilmasdi, aka! Leningradlarda o‘qib, o‘rischa gapirib!.. Buning eri — o‘ris, bilasiz-a? O‘sha yoqlarda birga o‘qib, topishib qolishgan. Ikkoviyam sharqshunos! Zamon boshqacha edi-da. O‘rismi, musulmonmi, ko‘pam ajratib o‘tirilmasdi. Ustozning o‘zlari ham ko‘proq o‘sha taraflarga tortib turardilar. Qizlariga uncha qarshilik qilmaganlar. Yana deng, kommunist edilar-da. Bir gap chiqsa, chatoq bo‘lishini o‘ylaganlar shekilli, rozilik berganlar. Lekin eri yaxshi yigit, o‘zbekka o‘xshab ketadi. Musulmonchilikka ham o‘tgan, deyishadi, kim bilsin. Har yozda er-xotin kelib-ketib yurishardi. Eshitishimcha, kuyovimiz nima bahona bilandir chet elga ketib qolganmish. Bu endi arazlab bu yerda yuribdi… Baribir, asliga tortar ekan-da, aka, nima dedingiz?
Jiydaliy. Jigar — jigar, digar — digar, deydilar-ku! Endi nima qilar ekan bular, aja-ab! Bir saroyga malika bo‘lgudek alomat juvon-a! O‘zi bularning bari ko‘zga yaqin, istarali ekan. Tomirlari tog‘dan-da! Meliboy ham… Hay, Meliboy — o‘zimizning ulfat. Ismlarini o‘zim qo‘yganman. Bular Milismi-pilismi deyishar ekan uni. Tilim kelishmadi… Cho‘milib chiqqanmikanlar, nima deysiz?.. Ana, boyagi yalla yana boshlandi!
T u r s u n i y, qulog‘i ding, ko‘rsatgich barmog‘ini labiga bosib «tishsh!» deydi-da, ikki hatlab darvozaxonaga yetadi. Moshinaning atrofini aylanib, iskalana ketadi. Bir mahal ko‘shiq tinib, moshina orqa yukxonasining qopqog‘i asta ko‘tariladi. Undan bir sohibjamol qushdek sakrab chiqib, u yer-bu yerining changini qoqa boshlaydi.
Tursuniy (esi og‘gudek bo‘lib). Kimsiz, singlim? Bu yerda nima qilib o‘tiribsiz? Qanday kelib qoldingiz o‘zi?
Q i z (elkasini qisib, qo‘llarini yozib). Bilmayman…
D o m l a (shiypondan ovozi). Ashulani kim o‘chirdi, hey?..
TO‘RTINChI MANZARA
Oqshom chog‘i. Hovli o‘rtasidagi chorpoya. Yostig‘u yakandozlar joy-joyida — ziyofatga shay. Xontaxta ustida dasturxon tuzalgan; bir chetda arag‘u konyak ham terilib turibdi.
Domladan boshka hamma shu yerda. Ammo hech kim chorpoyaga chiqishga oshiqmaydi. Rahmatulloh Jiydaliy bilan Tursuniygina chorpoyaning qirg‘og‘iga omonatroq o‘rnashgan.
Oldilarida — boyagi shisha, «otgan»lari seziladi. Qolganlar — Xonim, Klara, Asal xola va Luiza chorpoya panjarasiga suyangancha tizilib turishibdi. Nariroqda yalang‘och badaniga kattakon sochiq tashlab olgan Melis yerga cho‘nqayib o‘tiribdi; sochlari yaltiraydi — hali ho‘l.
Hammaning ko‘zi bir chetda yerga karab turgan notanish qiz — «Oq kaptar»da. Go‘yo uni so‘zsiz-unsiz muhokama kilishyapti. Zinapoyada Domla ko‘rinadi.
D o m l a (yaqinlasharkan). O‘h-o‘, jamoat jam-ku! Chiqib o‘tirmaysizlarmi? (Melisga ko‘zi tushib, Jiydaliyga yuzlanadi.) Rahmatulloh inim!
Jiydaliy (qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib o‘rnidan turadi). Labbay, domullojon!
D o m l a. Farzandlardan nechov edi?
Jiydaliy (hozirjavoblik bilan). Uchovgina, domullojon. Uchovi ham o‘g‘il. Sizga aytib edim chog‘i.
D o m l a. Umrlarini bersin! Qaysi biri o‘zingizga o‘xshaydi? Xo‘sh?
Jiydaliy (o‘ylanib, kulimsirab). Birining ko‘zi o‘xshaydi, domullojon, birining — so‘zi, birining qilig‘i…
D o m l a. Hech bir joyi o‘xshamasa, unday o‘g‘ilni nima qilardingiz?
Jiydaliy (dovdirabroq). Hech joyi o‘xshamasa… unda bizniki bo‘lmaydi-da, domullo!
D o m l a. Otangizga rahmat, Rahmatulloh! (Melisga barmoq nuqib.) Bundan chiqadiki, mana shu yarimyalang‘och o‘tirgan behayo ukangiz bizga farzand emas ekan!..
X o n i m (chiyillab). Voy-voy!..
Jiydaliy. Ibi, domullo, asta’furulloh desangiz-chi!
D o m l a (bo‘shashtirmay, boyagi pardada). Bola bo‘lib bu mening yo‘rig‘imga yurmadi sira. Ilmiy ishni chala tashlab allaqanday tomoshaxonaga o‘tib ketdi. O‘ttizga borayotgan odam, bo‘ynida bir ting‘ir-ting‘ir asbob, kasb-kori — yallo! O‘ttizga borayotgan odam, uylanishdan so‘z ochsangiz — tirjaygani tirjaygan: keyin, keyin! Qachon? Pensiya yoshiga yetgandami?! Mana, ko‘rib turibsiz, yangi qiliq chiqaribdilar bugun! O‘zi o‘lgudek mast, bir balolarni valdirab, ertalabdan beri hammaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib o‘tiribdi…
M e l i s (ingragandek). Papa!..
D o m l a (dargazab). He, papalaringga la’nat seni! «Mustaqillik ketdi! Ozodlik ketdi!» deb alahlarmish nuqul. Qayoqdan topding bu gapni? Gapir!
M e l i s (alam bilan). Ketdi! Hammasi ketdi! Mustaqillik ham, ozodlik ham!
D o m l a. Bu nima deganing, hayvon?! Esing joyidami o‘zi?.. Yo‘q, bu bolaga bir balo bo‘pti. Aniq!
Ko‘mak so‘ragandek, boshqalarga o‘girilgan Domla hamma bir tarafga qarab turganini ko‘radi. Notanish qizga shundagina ko‘zi tushadi uning. So‘ngra hammaga bir qur savolomuz, taajjub aralash nazar tashlab chiqadi. Barcha sukutda.
D o m l a. Mexmonimizni taniyolmadim…
«O q kaptar». Assalomalaykum. (Barchaga bir-bir artistona ta’zim qilib chiqadi.)
D o m l a. Keling, qizim. Kim bo‘lasiz?
«Oq kaptar» iyak koqib Melisga ishora qiladi: o‘g‘lingizdan so‘rang!
D o m l a. Qayoqlardan so‘raymiz? Bu yerga qanday kepqoldingiz? Nima deb?..
«Oq kaptar» yana iyak qoqadi: ana, so‘rang!
Tursuniy (shirakayfroq). E, domla, uni-buni qo‘yib, to‘yni boshlayveraylik! Boya ukamizni izza qilayotuvdingiz, mana — kelin o‘z oyog‘i bilan kepti! Malades Melisvoy! Gorko!
«O q kaptar» (darvozaxona tomon ishora qilib). Moshinada!
M e l i s (to‘ng‘illab). Yukxonasida!
A s a l x o l a (barmog‘ini chakkasiga bosib). Ibi-i, sharm emasmi?
X o n i m (jerkib). Shunday paytda jim tursangiz-chi, amma!
A s a l x o l a. Xo‘p, xo‘p, aylan… Ro‘za Hasan…
X o n i m (muloyimgina). Kimning qizi bo‘lasiz, qizim?
Tursuniy. Endi sizniki bo‘ladilar-da, yangamullo!
K l a r a (qo‘shiq ohangida). Zamon, zamon, yangi-i zamon…
L u i z a (onasiga qarab). A chyo, krasivaya! Pravda, mamul?
D o m l a (Jiydaliyga). Qani, Rahmatullohxon, siz gapiring!
J i y d a l i y. Biz nimayam derdik, taqsir? Boriga baraka… O‘zlari oyday ekanlar. Xush keptilar.
D o m l a (horg‘in bir qoniqish bilan). Mustaqillik, ozodlik… Gap bu yoqda ekan-da. Halitdan beri odamni tahlikaga qo‘yib… He, kasofat! Nima deymiz, unaqa mustaqillik, unaqa ozodlikning bas bo‘lgani ham ma’qul… Hay, chiqinglar bo‘lmasa chorpoyaga. («Oq kaptar»ga qarab.) Keling, qizim… Sizni endi Ozodoy deymiz-da, manov bolaning erkini olib qo‘yibsiz-ku. (Melisga.) Tur endi senam. Masxaraboz! Egningga biror nima ilib kel… Amma, osh tayyormi?
A s a l x o l a. Tayyor, tayyor, aylanay. Suzaveraymi? (U pildirab o‘choqboshi tomon yuradi.)
Domla chorpoyaga chiqishdan oldin, bir nima esiga tushgandek, shimining cho‘ntagini kavlab, oq konvert oladi.
D o m l a (u yoq-bu yoqqa alanglagan bo‘lib). Manovi kimniki? Mening stolimda yotibdi…
Domla ijirg‘anib konvertni xontaxtaga tashlaydi. Xontaxta uzra sirg‘algan konvert yerga tushib ochiladiyu ichidan dollar sochilib ketadi.
Jiydaliy (ko‘zining paxtasi chiqqudek olayib). Dollar-ku bu, domullo! Dollar-a! O‘bol, o‘bol! (U apil-tapil yerga engashib, pulni terib konvertga joylaydi-da, X o n i mga tutqazadi.) Buni olib qo‘ying, yangamullo! Sizlarga kerak bo‘lmasa, manga berasizlar keyin! Hammayoqda bekordan-bekor suv oqib tursa, dollar yerlarga sochilib yotsa, bu mamlakat — mamlakat bo‘ladimi, aytinglar! (Keyin Tursuniyga qarab.) Dollar deganlari mana shu, ukajon, ko‘rib oling!..
Tursuniy (o‘zini qayoqqa qo‘yarini bilmay). O‘zimiz bilgan oddiy bir qog‘oz ekan-ku buyam, aka!
Jiydaliy (beixtiyor ma’nodor qilib). Ha-a, ukajon, o‘sha o‘zingiz bilgan qog‘oz!..
Hamma joy-joyini bilib chorpoyaga o‘rnashadi. Luiza «Oq kaptar»ni qo‘lidan ushlab davraga boshlab keladi. Yangi mehmon Klara bilan Luizaning o‘rtasidan joy oladi.
Yo‘l-yo‘lakay ko‘ylagini tugmalab Melis ko‘rinadi.
Hamma jam.
D o m l a. Qani, Rahmatullohxon, biror nima deb yuboring!
Jiydaliy (duoga qo‘l ochib). O‘zbekcha bo‘lsinmi, arabchasigami?
D o m l a. Farqi bor ekanmi?..
Shu mahal kutilmaganda, buzuq yotgan telefon cho‘zib-cho‘zib jiringlaydi. Xonim shosha-pisha chorpoyadan tashlab, uyga yuguradi. Duoga ochilgan kaftlar tushiriladi.
X o n i m (ichkaridan ovozi). Bo‘sto-on! Bo‘ston, o‘zingizmi? Ha, ha… Nima-a? Nima bo‘pti?.. Alyo! Al-yo! E, padaringga la’nat! Tag‘in ishlamay qoldi-ya! Uy emas bu, sahro! Sahroyi Kabir!
Shu zamon hovlida chiroqlar porlab, ichkarida ertalab qulog‘i burab qo‘yilgan radioyu televizor baravariga shovqin solib gapira boshlaydi. Lahza o‘tmay uydan Xonim yugurib chiqadi.
X o n i m (vahima bilan). Voy, bu yoqqa kelinglar, bu yoqqa! Yana portlash! Tog‘larni terrorchilar bosib ketganmish! Surxondaryodami, Qashqadaryodami — ishqilib, qaysidir daryoda! O‘tgan yili Toshkentda portlatgan edi-ya! Voy, tinchlik bo‘ladimi-yo‘qmi bu mamlakatda, aytinglar!
A s a l x o l a laganda osh ko‘tarib chorpoyaga yaqinlashadi.
A s a l x o l a (hamma joyidan turayotganini ko‘rib). Ibi, osh-chi? Hay, keyin eshitarsizlar shuni…
X o n i m (jig‘ibiyron). E-ey, qo‘yib turing shu oshingizni! (Jiydaliyga intilib, yalingansimon.) Rahmatjon! Ko‘rib turibsiz, bu yurtda yashab bo‘lmay qoldi. Qachon qarasang — bir g‘avg‘o! Olib keting bizni o‘sha Amerikangizga! Jon uka, iltimos!
Jiydaliy (parokanda davraga g‘arab, tantanavor). Amrikoning eshigi butun dunyoga ochiq, birodarlar!
Hamma har yoqka tumtaraqay bo‘ladi. O‘rtada lagan ko‘targan Asal xola yolg‘iz qoladi.
A s a l x o l a. Ibi, osh-chi, osh nima bo‘ladi, yaxshilar?..
P a r d a
IKKINChI QISM
VASVASA
yoxud
AMERIKA, QAYDASAN…
BEShINChI MANZARA
Oradan bir yil o‘tgan.
Domlaning shahar kvartirasi. Kattakon mehmonxona.
Odatdagi jihozlar: stol-stul, divan, servant, yumshoq kursilar, burchakda televizor. Gilam osilgan yon taraf devorda Domla bilan Xonimning yoshlikda olingan surati. Chap tomonda dahliz, o‘ng tomon — oshxona va hokazo.
To‘g‘rida — qator ketgan uch eshik — yotoq bo‘lmalar. Eng chetdagisining eshigi qiya ochiq.
Dahlizga yaqin burchakdagi oromkursiga yastanib olgan X o n i m telefonda so‘zlashayotir. Uni deyarli tanib bo‘lmaydi. O‘ta zamonaviy, go‘yo «amerikancha» libosda.
Qo‘lida sigaret, kulini pastak stolchadagi g‘aroyib kuldonga chertib-chertib qo‘yadi.
X o n i m (go‘shakka). Xullas, hammasi o’key!.. Ha-ha, Rahmatjonning o‘zi kuzatib qo‘ydi. «Jip»ida. Baraka topsin… Ie, u yog‘ini o‘zi pishirib, menga telefon ochadi. Shunday deb kelishdik… Hozircha qayerdanligi noma’lum. Ko‘ramiz-da… Keyin gaplashamiz. Oldu tamam, jonim, bay-bay! O‘pdim! (Go‘shakni joyiga qo‘yib, u qiya ochiq eshikka qaray-qaray ma’ni qila boshlaydi.) Bo‘ston… Pensilvaniya degan joydan uy olganmish. Villa! Hovlisidagi gazon kompyuter bilan sug‘orilarmish. Zo‘r-a? O‘sha yoqdagi agenti gaplashib qo‘yibdi. Balo bu xotin! Yo‘q joydan erli ham bo‘lib oldi. To‘yida ko‘ruvdingiz-a? Yoshgina, ukasiga o‘xshaydi. Lekin rosa kelishgan! Allaqaysi viloyatdan ekan. O‘zi namozxon. Hech qayerda ishlamasmish, qarang. Ertadan kechgacha uyda o‘tiradi, deydi. Shunga ham rozi bu xotin. Yakkayu yolg‘iz o‘g‘lini uylayotib, elning ko‘ziga boshini pana qilgandek bo‘ldi-da. Bo‘lmasa, ellikdan oshgan xotinga er nima kerak deng! To‘g‘rimi?.. Hay, bo‘ldingizmi? Namuncha? Voy-bo‘!..
Qiya ochiq eshikdan Domlaning ovozi eshitiladi.
D o m l a. Hozir, hozir, xonim… O‘zingiz qo‘ymadingiz-ku! Bu o‘lgur shimi torroqmi, belni siqvordi-ya!..
Nihoyat, D o m l a ning o‘zi ko‘rinadi. Ammo bu kishi biz bilgan Domla emas, go‘yoki ajabtovur bir keksa janob! Aji-buji rasm solingan olabayroq mayka, jun bosgan egri oyoqlarga «rosa yarashgan» kalta shim — shorti, boshda — tumshug‘i bir qarichli beysbolka!
D o m l a (qipyalang‘ochdek qimtinib). Odamni iste’foga chiqqan Santa-Klausga aylantirdingiz-qo‘ydingiz-a, xonim!
Xonim o‘rnidan turib, qo‘llari belida, boshini bir yonga solintirib sinovchan tikilada unga.
X o n i m. O‘xshadingiz! Xuddi o‘zi! Veri gud!
D o m l a (xavotirda). Kimga o‘xshadim? Kimga?
X o n i m. Amerikalik janoblarga-da!
D o m l a. Shu ro‘dapolarsiz qo‘ymas ekanmi Amerikasiga?
X o n i m. Siz, domlaginam, anovi sovetcha kostyum-shimu bo‘yinbog‘larga o‘rganib qolgansiz-da! Hozir butun dunyo mana shunday yuradi. Erkin dunyoning libosi bu!
Dahlizdan yugurib kirgan L u i z a bir zum hayratda kotib qoladiyu o‘zini chapdagi eshikka uradi.
L u i z a (ichkaridan ovozi). Mam! Smotri, dedul kak nastoyashiy kloun!
O‘sha eshikdan chiqqan K l a r a ham dong qotadi.
K l a r a (g‘ijinib). Dada! Yarashmabdi sizga!
D o m l a (erga kirgudek). Ana, mamangdan so‘ra.
Klara boya Domla chiqqan xonadan tezgina bir chopon keltirib, otasining yelkasiga tashlaydi.
K l a r a. Oyi, ko‘rgan odam nima deydi!
X o n i m. E, bor, bor, aralashma! Amerikani ko‘ribsanmi sen?!
K l a r a (qaytib xonasiga kirarkan). Yak chizro donem — az xudro xudo ronem. (Bilganimiz bir narsagina-yu, o‘zimizni xudo chog‘laymiz.)
X o n i m. Nima deyapti bu? (Domlaga yuzlanib.) Boshqa tilga o‘qitsak bo‘larkan shuni. Forschani bilaman deb, chuldirganlari chuldiragan!
Domla yelkasidagi choponni rostakamiga kiyib, divanga cho‘kadi. Xonim ham beixtiyor uning yonidan joy oladi.
D o m l a (o‘ychan). Birga borib kelsak bo‘lardi-da, kampir?
X o n i m (ensasi qotibroq). Qayoqqa, chol? Jiydalingizgami?
D o m l a. Jiydalimizga! Harnechuk, To‘ytepaga ketayotganimiz yo‘q-ku. Dunyoning narigi chekkasi bo‘lsa — Amerika deganlari! Shu ketish bilan qachon bu yoqqa kelamizu qachon boramiz Jiydaliga! Yoshimiz ham bir joyga boryapti. Nasib qiladimi hali, yo‘qmi…
X o n i m. E, qo‘ysangiz-chi, domla! Avval boraylik, joylashaylik. Balki birdan boyib ketarmiz! Amerikada shunday emish-ku: bir go‘rlardan kelarmishu tezda boyib ketarmish odam!
D o m l a. Afsonangizni qo‘ying, xonim! Xazinasining og‘zini ochib o‘tirmagandir sizga? Jannat o‘zi qayda ekan… Har yerni qilma orzu — har yerda bordir toshu tarozu!
X o n i m (qat’iyat bilan). Ishoning, xo‘jayin, jannat degani xuddi o‘sha yerda! O‘zim ko‘rib keldim-ku, axir!
D o m l a (nochor). Mayli, mayli, ishondik. Lekin it jonivor ham biror yoqqa jo‘naganida yalog‘iga bir qayrilib qaraydi-ku! Sizu bizning ota-onamiz o‘sha yerda yotibdi. Qavm-qarindosh o‘sha yerda. Bormaganimizga necha yillar bo‘ldi. Ularni bir ziyorat qilmasdan, «Qaydasan, Amerika?» deb indamay jo‘nayversak, arvohlar chirqillab qolmaydimi? Ular ham yo‘l bermas…
X o n i m (qat’iy). Siz — o‘zingiz bilasiz, xo‘jayin. Men bormayman. Borolmayman. Qanday qilib ketay, ayting? Bu yokda shuncha tashvish, yugur-yugur! Xaridorni zo‘rg‘a ko‘ndirib turibman o‘zi, qo‘ldan chiqib ketsa!.. Bu uyni tezroq gumdon qilish kerak. Rahmatjon u yokda kutib turibdi-ya! Bir haftaga qolmasdan joy topib, xabarini yetkazmoqchi edi. U yoqlarda bizdagiga o‘xshab cho‘zib yurilmaydi. Uy kerakmi sizga? Qanaqasidan bo‘lsin? Qayerdan bo‘lsin?.. Kompyuterni bosasiz — tamom! Qolaversa, viza-miza deganday g‘avg‘olar… Olti odamning tashvishi — bir o‘zimning bo‘ynimda! Melisning ahvoli o‘zingizga ma’lum. Ting‘ir-ting‘irdan bo‘shamaydi hech…
D o m l a. Olti kishi dedingizmi? Kimlar?
X o n i m. Kim bo‘lardi, shu… o‘zimiz! Siz, men, Melis, xotini, Klara, qizi bilan.
D o m l a. Hamma ketadimi? Birdaniga-ya?
X o n i m. Voy, ha! Bu yerda qolib nima qilardi?
D o m l a. Klarangizni aytaman-da, ketarmikan? Eri nima deydi hali?
X o n i m. Baloga yo‘liqqur Viktor! O‘zlari chet elma-chet el izg‘ib yuribdilar, qizim sho‘rlik bu yerda ezilib ketdi. Ermi shu? Boradi! Balki o‘sha yoqlarda baxti ochilib…
D o m l a. Boshqalar-chi? O‘g‘lingiz, kelin…
X o n i m. Voy, hammasi jon-jon deb qanot chiqarib o‘tiribdi-ku! Amerika bo‘ladi-yu, bormaydimi?!
D o m l a (xayolchan). Hammasi-ku mayli-ya, shu, ammamizni norozi qilib jo‘natganimiz chatoq bo‘ldi-da, xotin! Sizning qistovingiz bilan ko‘nishga ko‘ndim-u, lekin o‘sha kundan beri o‘zimga kelolmayman, to‘g‘risi! Xuddi bir joyim kamday, nimadir yetishmayotganday…
X o n i m. Amma, amma! E, qo‘ying o‘sha Zahar ammangizni!
D o m l a. Zaharmi, Asalmi, shuncha yil xizmatingizni qildi, bolalaringizga qaradi, ro‘zg‘oringizga cho‘ri edi! Shu ishimiz noinsoflik bo‘ldi, xotin. Yo‘q, nokaslik! Oxiri ko‘chaga haydaganday qildig-a! E, attang!..
X o n i m. Shuncha yil kimsasiz bir kampirni yedirdik, ichirdik deng! Endi u kishimni Amerikaga ham opketish qoluvdi! O‘zi bir qari kampir bo‘lsa! Inglizchani bilmasa!..
D o m l a (diqqati oshib, bo‘g‘ilgudek). Xoni-im!
X o n i m. To‘g‘risi kerakmi? To‘g‘risi — ammangiz Amerikaga yarashmaydi, konets!
D o m l a. Obbo-o!
X o n i m (hech gap bo‘lmagandek). Qachon ketmoqchisiz?
D o m l a. Ertalardan jo‘nasammi deb turibman.
X o n i m. Pasportingiz menda-ku, vizaga berganman. Avtobus-pavtobusda borib kelarsiz?
D o m l a. Hay, bir gapi bo‘lar. Uch-to‘rt kunda qaytaman.
Telefon jiringlab, Xonim o‘sha yoqqa chopadi.
X o n i m (go‘shakka). Kim?.. E’lon bo‘yicha? Qanaqa e’lon?.. Ha-a, repetitorman deng? Juda yaxshi-da. Otingiz nimaydi, ukam?.. Sardormi? Gap bunday, Sardorjon! Biz Amerikaga ko‘chib ketayotuvdik… Ko‘pchilikmiz, ha. Shunga inglizchadan uch-to‘rt soat dars olmoqchi edik-da. Pulini o‘ylamang, olasiz. O‘zim-ku, kechagina keldim, besh-o‘nta so‘zini bilaman. Xello, xau ar yu, xau mach, veri gud, bay-bay… Qalay, o‘xshaydimi?.. Kechqurunlari-da… Mayli, mayli, ertadan boshlab… Ie, yo‘q, shoshmang, ertaga biz janob posolning oldiga borishimiz kerak… Ha, suhbatga. Indin bo‘laqolsin. Adresni bilasiz-a?.. Bo‘pti, kutamiz. O’key! Bay-bay, jonim. O‘pdim…
Xonim go‘shakni joyiga qo‘yib, «bopladim-a» degandek divan tarafga karaydi. Domla, ko‘zi yumuk, og‘zi ochiq, pinakka ketgandek. Melis, uning ortidan xotini — «Oq kaptar» ko‘rinadi.
M e l i s. Iya, papashamizmi? Kultur-ku! Amerikaga tayyorgarlik!..
«O q k a p t a r» (havas bilan termilib). Mayechkalari chiroyli ekan. Modnыy!
M e l i s. Uxlab qoptilar-da…
D o m l a (bir ko‘zini ochib, Melisga, mug‘ombirona). Senam ketyapsanmi? Bor, bor. Mamang hammangga mana shunaqa modniy mayka, shortilar olib beradi! Koka-kola ichasan, xay-xay, bay-bay deb yurasan, maza! Jiydali Amerika!
Domlaning gaplaridan hamma hangu mang, bir-biriga qarab qoladi: cholga bir balo bo‘lmadimikan?..
OLTINChI MANZARA
Domlaning uyi. O‘sha ko‘rinish. Xona o‘rtasidagi uzunchoq stolning bir boshidan repetitor S a r d o r, bir boshidan L u i z a joy olgan. X o n i m o‘rtada.
Ingliz tilidan saboq…
Ichkaridan elas-elas «Bu ko‘ngildir, bu ko‘ngil» qo‘shig‘ining xirgoyisi eshitilib turadi.
S a r d o r (dona-dona qilib). Vau, it iz veri ekspensiv!
X o n i m. Nima degani edi bu, Sardorjon?
S a r d o r. «Voy-bo‘, juda qimmat-ku bu!» Qani, takrorlang-chi.
X o n i m (tili kelishmay). Voy-bo‘, itiz… beri ekspansiv!
S a r d o r (kulib). Mana bunday: it, iz, veri, ekspensiv. (Luizaga qarab). Teper tы povtori. Qani, takrorlagin-chi?
L u i z a (aynan). Vau, it iz veri ekspensiv!
S a r d o r. Otlichno! Zo‘r!
X o n i m. Bu hali yosh-da, Sardorjon. Kallasi svejiy. Ham maktabda frantsuzchani o‘rgangan.
S a r d o r. Opa, siz biror qog‘ozga yozib olsangiz bo‘larkan…
X o n i m. Voy, ana-a, shunday demaysizmi! Idi, Luizaxon, iz dedushkin kabinet listok bumagi prinesi. Moi ochki toje, qizim.
Luiza sakrab turib, eng chetdagi eshikka kirib ketadi. Ikki varaq qog‘ozu kalam va ko‘zoynakni olib chiqib, buvisining oldiga qo‘yadi.
X o n i m. Bu ingliz tili o‘lgur rosa qiyin ekan-ku, Sardorjon? Kechadan beri to‘rttagina so‘zni ham yodlayolmayotibman-a! Mana bu bijildoq (Luizaga ishora qilib) esa sayragani sayragan! A nu-ka, qizim…
L u i z a (Sardorga tippa-tik qarab). Ay lav yu!
X o n i m. Ana!.. Nima deyapti o‘zi?
S a r d o r (o‘ng‘aysizlanibroq). Sizni rosa yaxshi ko‘rarkanlar!
X o n i m. Voy, menam buni yaxshi ko‘raman-da. Bittayu bitta nevaram bo‘lsa! Buning ustiga, Lenin… Peterburglardan kelgan! «Alaviyu» dedimi? Bizlarning yoshligimizda shunday bir qo‘shiq bo‘lardi, «Alaviyu, alaviyu» deb aytardi. Esizgina!
Yoshlar zimdan bir-biriga tikilib o‘tiradi.
X o n i m (birdan shovqin solib). Hey, boshqalar qani? Bu savil qolgur inglizchasi bitta menga kerak ekan-da, a! Kla-ara! Keli-in!..
O‘ng tarafdan so‘mkachasini yelkasiga osib olgan bashang «Oq kaptar» chiqib keladi.
X o n i m. Iya, yo‘l bo‘lsin?
«O q k a p t a r». Spektaklga. Bugun «Dilorom» edi…
X o n i m. Inglizchani kim o‘rganadi?! Mana, Sardorjon azza-bazza kelib o‘tiribdilar…
«O q k a p t a r». «Samouchitel» kitobim bor, mama. Antrakt paytlari o‘tirib yodlayapman.
X o n i m. Melisingiz qani?
«Oq kaptar». Klip olgani ketishgan. Toqqa. Klara opamning esa boshlari og‘riyotganmish.
Shu choq telefon jiringlab qoladiyu fursatdan foydalangan «Oq kaptar» dahliz tomon o‘tib ketadi.
X o n i m (go‘shak qulog‘ida). Bo‘sto-on! O‘zingizmisiz, jonim? Xello, xello!.. Ha, nima bo‘ldi, o‘rtoqjon? Nega yig‘layapsiz?.. Nima-a? Tushuntiribroq gapiring!.. Voy-y! Voy yaramas, voy iflos-ey! Rostdanmi? (Qo‘li bilan «chiqib turinglar» degandek ishora qiladi, yoshlar qanot qoqib Domlaning bo‘lmasiga kirib ketishadi.) Keyin nima qildingiz?.. Ketiga tepdingiz? Voy, melisaga berib yubormaysizmi, o‘rtoq! Namozxon emish-a tag‘in! Odamzodni bilib bo‘lmas ekan-a, Bo‘stonoy!.. Bo‘lgani bo‘pti, sadqai sar! O‘g‘lingiz bilmadimi ishqilib?.. Ha, tuzuk, tuzuk. O‘zingizni qo‘lga oling, jonim» Bir hisobda, shu yerdayoq qutulganingiz yaxshi bo‘pti. U yoqqa borganda boshingizni qay devorga urardingiz?.. Voy eshak, voy to‘ng‘iz-ey!.. Mayli, jonim, ertaga o‘tarman. Bafurja… Bay-bay! O‘pdim… (Go‘shakni joyiga ilib, dik etib o‘rnidan turadi. Tantanavorlik bilan kaftini kaftiga uradi.) Ha-a, ana shunday bo‘ladi, jonginam! O‘tniki — o‘tga, suvniki — suvga! Ko‘zingizni yog‘ bosib, ja-a shishinib ketuvdingiz! Ajab bo‘pti, xo‘b bo‘pti! Mana, endi maqtagan Pensilvaniyangizga so‘ppayib bitta o‘zingiz ketasiz!..
O‘rtadagi eshikdan boshini peshonabog‘ bilan tang‘ib olgan K l a r a ko‘rinadi.
K l a r a (og‘rinib). Oyi, namuncha? Birpasgina bosh qo‘ygani tinchlik yo‘g‘-a!
X o n i m (o‘zini divanga tashlab, yonidan joy ko‘rsatadi). Bu yoqqa kel. O‘tir bunday. Gap ko‘p! Bo‘ston opang adoi tamom! Anovi yangi eri bor edi-ku, yosh, kelishgan? O‘sha, keliniga tegishib qo‘yibdi! Sharmandalik! O‘zi allaqaysi bir viloyatdan ekan. U yoqda bola-chaqalariyam bormish. Bo‘ston uni boyvachcha qilib «inomarka» mindirib qo‘yuvdi. Hech joyda ishlamasdi. «Alfons» deydimi bunaqasini? Ertayu kech uyda namoz o‘qib o‘tiradi, deb maqtardilar boyvuchcham! O‘l bu kuningdan! Ko‘zing ko‘rmidi?!
K l a r a (bu gaplarni aslo eshitmagandek). Oyi, ammashkamni sog‘inibman… Bir oldilariga borib kelsammikan? Kelin adresni biladi-ya? U yerni o‘zi topib, o‘zi gaplashib, bechora ammamni tashlab keldi-ku! O‘shandan beri ko‘zimga balodek ko‘rinadi u. Toshbag‘ir! Amma bizniki-ku! O‘zi kecha kelgan bu oyimcha nega aralashadi oilaviy ishlarga?!
X o n i m. Amma, amma! Hammangni darding — o‘sha amma! Bir sassiq kampir-da, namuncha!
K l a r a. Oyi! Nega unaqa deysiz — axir, o‘zingizning qarindoshingiz, ammangiz-ku?!
X o n i m (ijirganib). Qanaqa qarindosh?! Hu-uv go‘rdagi ammammi? Shunchaki chatishgan joyi bormi, yo‘qmi, uzoq bir urug‘ bo‘lsa kerak-da. Bo‘zning uchidek gap…
K l a r a. Bo‘z? Nima u?
X o n i m. Eski zamonlarda shunday bir mo‘rt, hilvillagan mato bo‘lgan. Uchidan ushlab sal tortilsa yirtilib, titilib ketgan.
K l a r a. Ammashkam unaqamaslar-ku, oyi, yirtilib, titilib ketadigan…
X o n i m. E, kim bilsin! Shu kampirning aslida kimligi esimdan ham chiqib ketgan. Balki papangga nimadir bo‘lar…
K l a r a. Amerikaga borib joylashgach, balki kelib opketarmiz, a?
X o n i m. Boshingga urasanmi? U yoqda negrlar xizmat qiladi-ku!
K l a r a. Oyi! E-e!.. (U o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘ladi-yu, to‘xtab qoladi.) Ie, Luizami? O‘zbekcha gapiryapti… Kiziq!
X o n i m (qulog‘ini ding qilib). O‘shaning ovozi! Qizing o‘zbekchani bilmasdi-ku? Yo bular inglizchani qo‘yib, o‘zbekcha o‘rganyaptimi?..
Luizaning ovozi (ichkaridan, uzuq-yuluq). Nimaga… ketaman… boraman… ko‘raman…
X o n i m. G‘alati bola ekan. O‘zi hali yoshgina-yu, gap-so‘zlari biram bama’ni, og‘ir-bosiq, yoqimtoy. Otasi kattakon deputat emish. Qarang, deputatning bolasi repetitorlik qilib yursa-ya! «Sardorjon, dadangizga aytib ko‘rmaysizmi, viza masalasida bizga qarashvorsalar?» desam, «Dadam bunaqa ishlarga aralashmasalar kerag-ov», deb qo‘yadi. Shunaqa bolalar Amerikaga borsami!..
Luizaning ovozi (ichkaridan). Men…. ko‘raman… seni… nimaga… yaxshi… yo‘q…
X o n i m (qoshini chimirib). Klara, qara-chi, bular yana bir boshqa tilga o‘tganga o‘xshaydi…
Klara Domlaning bo‘lmasi tomon qadam bosganida telefon cho‘zib-cho‘zib jiringlaydi. Xonim ildam borib go‘shakni oladi.
X o n i m. Alyo! Al-yo! Bo‘sto-on!.. Voy, Viktorjon, vы? Izvinite, pojaluysta. Da, ne uznala ya vas… Otkuda?.. Iz Peterburga? Pochemu?.. Xorosho, xorosho, seychas! Klara!.. Vot ona! Tez! Ering…
Turgan joyida qotib qolgan Klara bir-bir bosib telefonga yaqinlashadi-da, apparatni olib dahliz tarafga o‘tadi.
K l a r a (dahlizdan ovozi, uzuq-yuluq forscha so‘zlar). Xudi shumo… na, na… bovari na… fireb, fireb… go‘sh kuned… na, na… duxtarak… pazmon, pazmon… ro‘ziki du chashmi man namegiryad… ho, ho… bale… xudo hofiz…
Xonim ikki chakkasini changallab stulga o‘tirib qoladi.
X o n i m. Yarashmoqchimi bular? Yarashsa, Klara ketadi-da Peterburgiga… Iya, Viktorniyam ko‘ndirib, Amerikaga olib ketsa-chi? O‘zi jahongashta-ku u!
Klara ajib bir kayfiyatda xonaga kaytib kiradi.
X o n i m. Ha? Nima deydi? Tinchlikmi?
K l a r a (o‘ychan). Kelmoqchi…
X o n i m (hovliqib). Voy, kelsin, kelsin, ayt! Keyin hammamiz birgalikda…
K l a r a. Butunlay kelmoqchi u! Dunyo kezib charchabdi. Qidirganini topolmaganmish. Bizsiz yashayolmasmish… Kelib o‘zbekchani o‘rganmoqchi, shu yerda yashab qolmoqchi… Poliglot-ku u kishi, o‘nta tilni biladilar!
X o n i m. Voy-voy, o‘ris bo‘laturib-a?.. Sen-chi?.. Amerika nima bo‘ladi?
K l a r a (holdan toygandek). Bilmadim, oyi, bilmadim. Boshim qotib qoldi. Bunisini kutmagan edim o‘zim ham… Viktor keladigan bo‘lsa, qolsam kerak-da. Luizasi bor o‘rtada…
Shu vaqt o‘zlaricha o‘zbekcha so‘zlashib, eshikdan Luiza bilan Sardor chiqadi.
X o n i m (birdan Klaraga jahl kilib). Qolsang qolaver sen! Mana, Luizochkam ketadi biz bilan! Ketasan-a, jonim? S nami poyedesh, da?
L u i z a (gangib). Chego? (Sardorga ko‘z tashlab olib, chuchuk bir talaffuzda.) Nima?.. Pravilno, da?
X o n i m. S nami poyedesh! V Ameriku! Ya, tы, dedul…
L u i z a. Nima? Yok. Ya nikuda ne xochu.
Xonim Luizani quchoqlab oladi.
X o n i m. Poyedesh, jonim, poyedesh!
Kutilmaganda, jini qo‘zibmi, qiz buvisining quchog‘idan yulkinib chiqadi-da, allaqanday jazava ichida egnidagi kiyimlarnni yechib ota boshlaydi. Hamma xangu mang.
X o n i m (vahima aralash, Sardorga). Nima bo‘ldi o‘zi bu qizga?
S a r d o r (elka qisib). Bilmasam. O‘zbekchani o‘rgat, dedi. O‘rgatdim. Bo‘ldi.
L u i z a (chinqirib). Ne xochu! Yo-ok! Yo-ok!..
K l a r a. Perestan, dura!
Luizani jazavadan to‘xtatish qiyin — Sardor borib chiroqni o‘chiradi.
ETTINChI MANZARA
O‘sha ko‘rinish. Xonim, Klara, «Oq kaptar» kechki taomdan so‘ng choy ustida. Melis hali ishidan qaytmagan. Luiza ichkari xonada o‘zbek tilidan saboq olayotir, goh-goh ovozlari qulokqa chalinadi.
O‘tirganlar olis Amerikadan turib «telefon ochgan» Rahmatulloh Jiydaliyning pastak stolchadagi kuchaytirgich uskunadan chiqayotgan ovoziga diqqat bilan quloq tutgan. Biz ham uning so‘nggi so‘zlarini eshitib qolamiz.
Jiydaliy (ovozi). Uyning sotilgani yaxshi bo‘libdi, yangamullo… Domullomuz hali Jiydalidan qaytmagandirlar. Mayli, mayli. Kiloraxon singlimiz yaxshi yuribdilarmi? Lo‘yzaxon-chi? Man u kishiga ko‘p savg‘olar olib qo‘yganman, kelganda ko‘radilar… Hammaga mandan duoi salom bo‘lsin, yangamullo! Sizlarga intizorman…
X o n i m (o‘tirgan joyidan telefon tarafga talpinib). Rahmat, rahmat, ukajon! Siz ham uyingizdagilarni so‘rab qo‘ying! Kelasi hafta biletlarimiz tayyor bo‘ladi. Xudo xohlasa, tez kunda ko‘rishamiz. Xayr! Xayr! O‘pdim…
Aloqa uzilib, telefon cho‘ziq dududlashga tushadi. «Oq kaptar» turib uni o‘chirib ko‘yadi.
X o n i m. Mana, uy tayyor! Endi bizning Amerikada ham uyimiz bor!.. Qanaqa joy dedi? Oklahomami? Oklahoma… Nomi muncha xunuk! Qishloq-pishlog‘imikan yo? Hozircha bo‘pturar-a, qizlar?
K l a r a. Nima farqi bor? Amerika bo‘lsa bo‘pti-da sizga!
X o n i m. Voy, anov Bo‘ston o‘lgur Pensilvaniyaga ketyapti! (Havas bilan.) Pensilvaniya!
«O q k a p t a r». Nyu-Yorkning o‘zidan bo‘lmabdi-da, mamul? Esizgina. U yerda Hillari xonim senator-a!
X o n i m. Nyu-York deganlari — markaz, jonim! Propiska masalasi qiyinroq bo‘lsa kerak-da.
«O q k a p t a r» (betoqatlik bilan). Qachon ketarkanmiz-a, e xudo? Kaliforniyaga Gollivudning superzvezdasi Shvartsenegger gubernator bo‘larmish…
Ishdan qaytgan Melis kirib keladi.
M e l i s (xotinining gapini eshitgan shekilli). Yo‘l bo‘lsin, yo‘l bo‘lsin?
X o n i m (suyunchilab). Rahmatjon akang telefon qildi hozir. Uy masalasi hal bo‘lganmish! (Xushlamayroq.) Ok… Oklahoma degan joydanmi…
M e l i s. Sizga qolsa — Filadelfiya, Florida, Virjiniya degan joylardan bo‘lsin-da, a?
X o n i m. Pensilvaniya…
M e l i s. Boriga — baraka demaysizmi, mamul!
Xonim telefonni ko‘tarib dahlizga chiqadi.
X o n i m (ovozi). Bo‘sto-on! O‘zingizmisiz, jonim? Xello, xello…
Melis dasturxon boshiga o‘tiradi. «Oq kaptar» oshxonadan taom keltirib, uning oldiga qo‘yadi: osh bo‘lsin!
K l a r a (tashvish bilan). Oyim ilgari bunaqa emasdilar-a, Melis? Qandaydir g‘alatiroq bo‘lib qolgandaylarmi…
M e l i s (ovqat yeyaturib). Endi sezibsiz-da, opaginam! Bozorchimi, Bo‘stonchimi bo‘lganlaridan beri shunaqa…
Klara bilan «Oq kaptar» nimanidir pichir-pichir qilib oshxona tomon chiqadi. Telefonda so‘zlashib bo‘lgan Xonim kelib Melisning ro‘parasiga o‘tiradi.
M e l i s (ovtsatini yeb bo‘lgan). Mamul, o‘sha yoqqa ketib nima qildig-a? Toshkentimizning o‘zi yaxshi emasmi?
X o n i m. Voy, endimi? Hammasi tayyor bo‘lganda-ya?! Buning gapini qarang! Dacha sotilgan bo‘lsa! Bu uyni ham erta-indin bo‘shatish kerak bo‘lsa!.. Nima deb valdirayapti o‘zi bu bola, tavba! U yoqqa borib… voy, nima qilardik… Muhabbat Shamayevalar necha-necha yil oldin ko‘chib ketgan. Hamma o‘sha yoqqa ketyapti-ku! Butun dunyo!
M e l i s. Butun dunyo borsa… sig‘armikan? Mol-matohi hammaga yetarmikan? Umuman, o‘sha yoqqa borishdan maqsad nima o‘zi? Ko‘rmoqchi edingiz — borib keldingiz, ko‘rdingiz!..
X o n i m. Maqsad? Maqsad — yaxshi yashash!
M e l i s. Nima, yomon yashayapsizmi? Masalan-da, siz o‘zingiz yomon yashayapsizmi?
X o n i m. Bundan ham yaxshi yashagim keladi! Bildingiz, Melisvoy! Bu yerda kundan-kun non qimmat bo‘lib ketyapti!..
M e l i s. U yoqda arzon ekanmi, mamul! Bu yog‘i yoshingiz ham…
X o n i m (birdan portlab). Gapir, gapir! Siz endi yoshingizni yashab bo‘ldingiz… Shunday demoqchimisan? Xo‘p, shuncha yashab nima kun ko‘rdim? Umrginam senlarning tashvishingda o‘tdi! Har gal tuqqanimda to‘rttadan tishim to‘kilgan! (Og‘zini ochib yasama tishlarini ko‘rsatadi.) Bu yog‘iga huv Dubaydan tortib Dehliyu Istanbullargacha qatnab… Shumi hayot?! Shuning uchun tug‘ilganmidi onang, xo‘sh? Yoki yana qaytib kelamanmi bu dunyosiga? Sen kelasanmi, ayt! Yo papangmi?.. Odamlar qanday yashayotganini men ko‘rib keldim! Nima, bizning haqqimiz yo‘qmi? Bizam odam, inson farzandi! Umr bo‘yi bunday bir bemalolroq yashashni kutib o‘tdim-a! Endi yetdimmi deganingda… Rostini aytsam — shuni deb tekkanman papangga ham! «Aspirant emish, katta olim bo‘larmish!» deb ovozasi Jiydalini tutgan edi. Shunisiga uchibman men ahmoq! Raisning o‘g‘li orqamdan soyadek ergashib yurardi-ya!..
M e l i s. Shukr qiling, ena, shukr!
X o n i m (seskangandek). Ena?! Bu nimasi endi?
M e l i s. Jiydalingizda oyisini «ena» deydi-ku, esingizdan chiqdimi? O‘sha yokda tug‘ilganimda, men ham Melis-pelis emas, Mengliqul yo Mamatqul bo‘larmidim balki… Klarangiz — Karomatmi, Karimami…
X o n i m (sovuqqina). Hay, mayli, mayli… Nimasiga shukr qilay, qani, ayt? Akademik bo‘ladigan odam mana shu uyini anovi Rahmatjonga ijaraga berib, o‘zi necha yil shahardan uzoq bir yaydoqlikka chiqib yashadi. Bilsang, kuni o‘tmay qolganidan qildi bu ishni! Yozganlarini moshinkalatishga ham puli yo‘q edi o‘shanda… Nimasiga shukr qilishim kerak? Papang… dadang do‘xtirlik ishini necha marta qaytadan yozganini bilasanmi?! Boshida «O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan istilo qilinishi» deb yozgan — o‘tmagan. So‘ngra «qo‘shib olinishi» deb yozdi — yana o‘tmadi. «Qo‘shib olinishining ijobiy ahamiyati» deb yozganidan keyingina ishi qabul bo‘ldi. Necha-necha martalab Moskvalarga qatnadi, eh-he! Mana, bugun endi bosib olinishining salbiy oqibatlarini yozib o‘tiribdi! Nima qilsin sho‘rlik? Yana o‘zgarib qolmasmikan deb hozirgacha qaltiragani qaltiragan. Yurak oldirgan-da. Birortasi ana o‘shalarni titkilab qolsa, yuzim shuvut bo‘ladi deb qo‘rqadi. Unvon-punvonimni opqo‘yadi deb…
M e l i s. Shuni tekshirib o‘tiradigan ahmoq bor ekanmi, ena! Tekshirsa… u zamonda hamma shunday yozgan-ku! Tekshirsa, unvondor odam qoladimi O‘zbekistonda?! «Yoqlaysiz-chi, yoqlaysiz! Falonchidan qayeringiz kam?» deb o‘zingiz ham dadam bechorani egovlab turib olgansiz-da!..
X o n i m. To‘g‘ri-da. Qo‘ymadim! Lekin shuncha qilgan mehnati evaziga bugun nima topdi? Mana, qirq yil bo‘ladiki, er-xotin ilhaq yashaymiz: ertaga yaxshi bo‘pqolar, indinga yaxshi bo‘pqolar… Qani, qani?! Sezib turaman-da, gohida hatto anovi yaqin shogirdi Tursunboy bilan ham hurkibroq muomala qiladi dadang…
M e l i s. Yo‘g‘-e! G‘alati gaplarni gapirasiz-a, ena! Bugun endi nimadan, nimasidan qo‘rqish kerak ekan? Qo‘rqsa, ana, Vatanni sotganlar qo‘rqsin! Xalqning pulini o‘marib, ho‘-o‘v chet el bankalariga joylab yotganlar qo‘rqsin! Dadam nimadan qo‘rqadilar? Umuman, nega buncha vahima, dod-faryod qilasiz, ena? Siz aytayotgan o‘sha yaydoqlik bahonada obod bo‘ldi. Qo‘shqavat imoratu basseynlar!.. Mana, ellikka urib, anovi ustomon ukajoningizga eltib ham berdingiz!
X o n i m. Voy, osonlikcha bo‘ptimi u? Mening yurtma-yurt sarson kezganlarim-chi! Yaxshiyamki, baxtimga Rahmatjon ukam bor ekan, baraka topsin…
«Darsxona» eshigi ochilib, Luiza bilan Sardor chiqadi.
S a r d o r (Melisga). Assalomalaykum.
L u i z a (tatalay-tatalay). Buvidjon… biza kuchaga chiksak xop?
X o n i m. Idi, jonim, idi. (Melisga.) Binoyidek o‘zbekchalab qoldi buyam, tog‘asi!
Yoshlar chiqib ketadi.
M e l i s. Kuyov ham tayyor deng jiyanchamizga? Qutlug‘ bo‘lsin!
X o n i m. Bu nima deganing? Yaxshi bola u. Otasi — deputat!
M e l i s. Ayni muddao ekan-da!
X o n i m (o‘qrayib). Hoy bola, bugun senga bir balo bo‘lganmi o‘zi? Gapirgan gapi zahar, ilmoqli-ya! Yo kayf-payfing bormi?
M e l i s. Kayf? Bir martagina og‘zimizga olib, tavba qilganmiz, bilasiz!.. Ena, 6u Amerkangizda necha yil yashamoqchisiz o‘zi?
X o n i m. Necha yil deganing nimasi? Yashayveramiz-da. Doimiy.
M e l i s. Keyin deyapman, huv keyin? Yo o‘sha yerlarda?..
X o n i m. Nafasing buncha sovug‘-a! Xudo saqlasin! (Birdan o‘ychan.) Qara, shunisini hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Hay, peshona-da, xudoning aytgani bo‘lar… Nimaga so‘rayapsan buni?
M e l i s. Shu, mening oyog‘im tortmayapti-da sira… Daraxt ham bir joyda ko‘karadi, ena!
X o n i m. Ko‘karmay ketsin! Biz daraxt emasmiz-ku! Bormay bo‘psan! Ana, xotining qanot qoqib turibdi…
M e l i s. Ketsa ketaversin! Bu yil ham unvon tegmay qoldi — alamzada u. Borib Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat ko‘rsatgan artist bo‘lmoqchi shekilli. Mayli, o‘zi biladi. Muhabbat Shamayeva Nyu-Yorkdamidi restoran ochgan deb eshitaman. O‘sha yerda tungi mijozlarning ko‘nglini ovlab yurar…
X o n i m (achchiqlanib). Og‘zingni yum-e, sharmanda! Odam o‘z xotinini ham…
M e l i s. U menga xotin emas. U sizning keliningiz! Chala akademikning kelini! Maqsadi shu ekan, mana, yetdi… Ilashib kelgan u menga! Moshinaning yukxonasida! Hanuz aqlim hayron-a: qanday qilib bu?.. Xotin bo‘lsa, hozirgacha bola-pola tug‘ardi — qani?! Unvon-unvon deb o‘lgan buningiz! Tavba, shu savildan quruq qolganiga achchiqma-achchiq, Amerikaga jo‘naydimi xotin degani?! Axir, unvonli bo‘lish uchun biror sohada, aniqrog‘i, biror kishiga yaxshilab xizmat ko‘rsatish kerak…
X o n i m. Bas qil endi! Seni bugun jin chalgani aniq ekan! (Bir nafas sukut saqlab.) Boya telefonda Rahmatjon ukam senga…
M e l i s. Akam deng! U odam yetmishga qarab ketyapti, ena!
X o n i m. Voy, yosh ko‘rinadi-ku? O‘zi «opa-opa» deb yuradi doim…
M e l i s. Kerak bo‘lsa, dadam tengi odam, mendan ham yosh ko‘rinadi. Kerak bo‘lsa! Boy otamga shu kerak-da!
X o n i m. Nimaga kerak ekan? Namuncha?..
M e l i s. Ena, o‘zingizni go‘llikka solmang!..
X o n i m. Mayli, mayli. Ishqilib, shu opaginangning boshini pana qilsami, devdim-da. Mayli, ikkinchi xotin bo‘ladimi, uchinchimi… Xotini kasalmandroq ekan o‘zi… Badavlat odam… Bu o‘lguring esa anovi sarivoyi bilan qaytib yarashmoqchi!
M e l i s. Opamni qo‘yib turing. Boy ota nevarangizga xaridor!
X o n i m (taajjubi ortib). Voy, kelin qilmoqchidir-da? O‘g‘illari uylangan-ku! Yo… birortasi ajrashibdimi?
M e l i s. O‘g‘lini boshiga uradimi, o‘zi turganda!
X o n i m. Voy, voy, nimalarni valdirayapsan-a, Melis! Es-pesing joyidami o‘zi? Bu go‘dak-ku hali, endi o‘n sakkizga kiradi-ya?!
M e l i s. Ukajoningizning nazarida mo‘ljaldan ikki yosh o‘tibdi… Ena! Bu yog‘ini eshiting bo‘lmasa! Men o‘zimni mastlikka urib yotganman, saudiyalik oshnasi Doniyor hojiga aytgan: «Otalari o‘rus ekan-u, ammo o‘zlari jannati bir pari, ko‘zlari ko‘kimtir! Hayfki, yoshlari o‘tib qolyapti-da. Erta-indin o‘n sakkizga chiqsalar kerak…» Bu gapni men o‘zim to‘qiymanmi?!
X o n i m. Hoy, hoy, bas! Yum og‘zingni! Shundoq olijanob, pokdomon odamni sen bola…
M e l i s. Iflos, iymonsiz odam deng! Rasvo bir buzuqi deng! Oxiri jazosini oldi — sindi, korxona-porxonasi bilan qo‘shmazor bo‘ldi! Mana shu uyni sotib yaxshi qildingiz, ena, nahs bosib ketgan edi o‘zi. Eh-he, kimlarni qo‘ldan o‘tkazmadi bu yerda!..
X o n i m (o‘zini yo‘qotib qo‘ygan). Hoy, bo‘ldi, bo‘ldi! Sen qayoqdan bilasan, axir? Tuhmatchi!
M e l i s (shartta o‘rnidan turib). O‘zim sherik edim desam, ishonarsiz?!
X o n i m (telbalanib, boshiga «taqib» olgan ko‘zoynagini o‘g‘liga otadi). Yo‘qol, iflos! He, basharang qursin! Bormasang borma, lekin bir mo‘min-musulmonni bunday malomat qilmagin-da, hayvon! (Battar jazavaga tushib.) Qol! Menga desa — hammang qol! O‘zim ketaman! Bitta o‘zim ketaman!
M e l i s (onasining vajohatidan cho‘chib oshxona tomon chekinarkan). U yoqlar ham siz o‘ylaganchalik jannat emasdir, ena! «Amerikada yashayman degan odam Kennedi aeroportiga borib tushgan zahoti ko‘kragidan yuragini yulib olib, oyog‘i ostida ezg‘ilay-ezg‘ilay, shundan keyingina dollar yurtiga qadam bosmog‘i kerak. Jahannam, jahannam!» derdi-ku anovi ukajoningiz! Esingizdan chiqdimi shu gaplar?
Xonim (esini yo‘tsotib). Boraman! Jahannam bo‘lsa ham — boraman! Yurakni olib ezg‘ilash kerak bo‘lsa, ezg‘ilayman! (Sapchib turib depsinadi, oyog‘i ostida go‘yo nimanidir ezib-yanchadi.)
SO‘NGGI MANZARA
Ship-shiydam xona. Devorlar yalang‘och. Gilam qoqilgan joyi oqarib turibdi, unda-bunda qoziqlarning o‘rni ko‘zga tashlanadi. To‘rdagi devor etagiga qatorlashtirib katta-kichik jomadonlar terib qo‘yilgan, har xil quti-kutichalar. Uy sotilgan, Amerikaga jo‘nash taraddudi.
Nomozshom pallasi. O‘rtadagi stol atrofida X o n i m bilan Sardor. Luiza bir chetda kitob o‘qib o‘tiribdi. U har zamon yer ostidan Sardorga qarab-qarab qo‘yadi.
Xonimning avvalgi shashti yo‘q, so‘lg‘in, kasalnamo.Boshini savatdek qilib durra bilan tang‘ib olgan.
X o n i m (qo‘lidagi «saboq daftari» — o‘sha bir varaq qog‘ozni tapillatib stolga uradi, qog‘oz uchib yerga tushadi). Qurib ketsin inglizchasiyam! Qanaqa til ekan-a bu, sira kallaga kirmaydi-ya! O‘zingiz biz bilan birga ketsangiz-chi, a, Sardorbek?..
S a r d o r (Luizaga bir nazar tashlab). Magistraturaga borish niyatim bor o‘zi… (Bir o‘ylanib olib.) Lekin gap qayerda o‘qishdagina emasdir. Ana, Kembriju Oksford diplomlarini qo‘ltiqlab bekor yurganlar qancha!
X o n i m. Mendayam uch-to‘rttasi yotibdi… hov sandiqda, mog‘orlab. Bugun, mana, ko‘rib turibsiz — opangiz biznesvumen!
S a r d o r. Zamon doim shunday bo‘lib qolavermas, opa… (Odatdagidek jiddiy maromda gapga kirishadi.) U ham bamisoli bir kema. To‘fon turib chayqala boshlasa yo biron joyi teshilsa, unga qarshi chorasi ham topilar. Aks holda, ag‘darilib keta-di, g‘arq bo‘ladi-da. Xudo ko‘rsatmasin — yana Nuh payg‘ambar zamonidagi to‘fon deng! Tarixda necha bor takrorlangandir bunaqasi…
X o n i m (taajjub bilan). Nuh payg‘ambar, to‘fon… Buncha gapni qayoqdan bilasiz-a, Sardorjon?
S a r d o r (ajablanib). Kitoblarda bor-ku bu!
X o n i m. Kitob, kitob… Shuning o‘zi bilangina ish bitmas ekan-da, ukam! Ana — domlangiz, umrlari kitobning orasida o‘tgan…
K l a r a kiradi. Oyoq ostida yotgan haligi kog‘ozni olib, u yoq-bu yog‘iga qaraydi-da, orqa tomonini o‘girib o‘qiy boshlaydi. O‘qib bo‘lgach, onasiga uzatadi.
K l a r a. O‘qidingizmi? Sizga-ku. Dadamdan… (U barmog‘i bilan ko‘zyoshini artib, oshxona tomon yuradi.)
X o n i m (hang-mang, qog‘ozning orqa-o‘ngiga tikila-tikila, uni Sardorga tutqazadi). Siz o‘qib 6e-ring, Sardorjon. Qurg‘ur ko‘zoynagimni sindirib qo‘yibman deng, ko‘zim o‘tmayapti… Bu mening ingliz tili qog‘ozim edi-ku, orqasiga qaramabmiz-da…
S a r d o r (o‘qiy boshlaydi). «Xonim… O‘chirilgan… Azizim Roza Hasan… O‘chirilgan… Bibirobiya! Men bu gaplarni senga ko‘pdan beri aytolmay kelardim. Jiydaliga jo‘nashdan oldin xat qilib yozishni ma’qul bildim. Xotin! Men sening oldingda, farzandlarimning oldida behad aybdorman. O‘ylab ko‘rsam, umrim xatolarga to‘la ekan. Shu xatolar… o‘chirilgan… adashuvlar orqasida, bilib-bilmay, sizlarning ham hayotingizni barbod qilibman. Roza Lyuksemburgga havasan men seni — Roza, Klara Setkinga o‘xshatib qizimni — Klara, yolg‘iz o‘g‘limni esa, bilasan, o‘zim umrimni bag‘ishlagan g‘oya yo‘lboshchilarini eslab — Melis deb atadim. Shu ruhda tarbiyaladim. Balki ko‘pgina bema’niliklar shundan ham boshlangandir. Bo‘lmasa, menga kim qo‘yib ediki… O‘zim bir Jiydalidan chiqqan Jo‘raqul bo‘lsam! Ko‘rmaganning ko‘rgani yomon ekan, Bibirobiya! Zamonni ayblamoq endi befoyda. Bari-bariga o‘zim aybdorman. Seni — bippa-binoyi muslima ayolni o‘zimcha zamonaviylashtirmoqchi bo‘ldim-a! Buning oqibatini bilganimda, xudo haqqi, uydan tashqariga chiqarmasdim seni!.. O‘qiyveraymi? (Sardor Xonimga qarab oladi. Xonim karaxt — miq etmaydi.) Albatta, men ham ko‘p qatori yangi zamondan xursandman, lekin oshkora riyokorlik, ta’ma bilan uni olqishlash qo‘limdan kelmadi. Nachora, e’tiqodimni o‘zgartirolmadim. Keksaygan chog‘imda to‘nimni almashtirishga nomus qildim chog‘i. Xatolardan iborat umrimda yana gunohga botmayin dedim-da. Qo‘y, huv dono Yalangto‘sh aytganidek, «Shu yo‘ldan keldim, shu yo‘ldan ketay!» Seni esa tutgan yo‘lingdan qaytara oladigan zot yo‘q bu dunyoda. U — o‘lgan. O‘sha — menman! Mayli, bilganingni qil! Ketsang ketaver Amerikangga! Men endi Jiydalida qolsam kerak. Otam-onamning xoku suyagi o‘sha yerda! Yetti pushtim o‘sha yerda! Bir kuni kelib qazom yetganida begona yurtlarda go‘rma-go‘r ko‘chib yurmayin, qo‘y! Bir yildan bu yog‘iga, o‘sha Amerikaga ketish vasvasasi boshlanganidan beri o‘ylayman. Endi qarorim qat’iy — men bormayman! Klarang… o‘chirilgan… Komilangga ayt, iloji bo‘lsa, qizini biror musulmonga uzatsin, u yoqlarda ham topilar… Melis mendan ranjib yurmasin. Aytib qo‘y, undan norozi emasman. Uni yo‘rig‘imga solishga behuda uringan ekanman. Mayli, bilganidan qolmasin. Musiqachi bo‘lsa — bo‘lar, Jiydalidan ham shunaqasi chiqsa chiqibdi-da! Robiya, sendan iltimos, ketishlaringdan oldin bir borib anovi jafokash ammamizdan xabar olinglar, xo‘pmi?
Ehtimol, keyinroq o‘zim kelib u kishini qishloqqa olib ketarman. Yana bir gap. Tursunboy ko‘rinib qolsa aytarsan. Mening umidimda bo‘lmasin. Ishini yozdirmoqchi bo‘lsa, boshqa birortasini topsin — men endi unaqa noma’qulchilikka borolmayman. Umuman-ku, ilmni xor qilmay, o‘zga bir sohaning tizginini tutgani ma’qul edi shu bola. Mayli, buyam mening bo‘ynimdagi bir gunoh. Boshidayoq otasining — paxta terimi mavsumida Mirzacho‘ldan topgan rais birodarimning yuzidan o‘tolmaganman… Ilojini topib pulini qaytarib bersang. Oxirgi gapim: anovi Rahmatullohdan hushyor bo‘l, Robiya! Ko‘ngli toza emas u odamning. Bilishimcha, Jiydaliga ham aloqasi kamroq. Uning vatani — boshqa… Bibirobiya! Xudo yor bo‘lsin sizlarga, xotin! Biz endi ko‘risholmasak kerak. Diydor qiyomatga qolmasa deb qo‘rqaman. Yana bir o‘ylab ko‘rarsan. Balki… Bor aybim uchun sening, jigargo‘shalarimning oldida tiz cho‘kib uzr so‘rayman! Rozi bo‘linglar! Alvido! Gunohkoring Jo‘raqul». Bo‘ldi…
X o n i m (ayanchli bir holatda). Qachon yozilgan ekan, qarang-chi?
S a r d o r. Ikki ming birinchi yil to‘rtinchi sentyabr!
X o n i m. Bugun nechanchi?
S a r d o r. Bugun… o‘n birinchi edi shekilli.
X o n i m. Bir hafta!.. Bu odamdan nega shu kungacha darak yo‘q desam… Vasiyat, xuddi vasiyatnomaga o‘xshaydi, tavba! Stollariga tashlab ketgan ekanlar-da… Qaramabman ham. Luiza, manovi qog‘ozni qayerdan oluvding?..
Shu mahal eshik ko‘ng‘irog‘i jiringlab koladi. Klara dahliz tomon o‘tib, eshikni ochadi.
K l a r a (sevinib). Ammashkam! Ammajonim keldilar!
Klara A s a l xolani qo‘ltiqlab xonaga boshlab kiradi. Odatdagi salom-alik, achom-achom. Bu orada Sardor bilan Luiza asta sirg‘alib ichkari xonaga kirib ketadi.
A s a l x o l a. Kecha bir tush ko‘rib edim, ko‘nglim alag‘da bo‘lib, sizlardan xabar olgani keldim, aylanay.
X o n i m (sipogarchilik yuzasidan). Xush kepsiz, amma. Zerikmayapsizmi u yoqda? O‘rganishib ketgandirsiz?..
A s a l x o l a. Men hozir boshqa joydaman, Ro‘za… Robiyajon! Xuddi mana shu sizlarnikiga o‘xshagan bir uyda davru davron qilib o‘tiribman, aylanay.
X o n i m. Voy, nega?! U yer-chi? Nima bo‘ldi?
A s a l x o l a (maroq bilan). E, so‘ramang, aylanay, bu yog‘i qiziq bo‘pketdi! Yallachi kelinimiz, Melisjonning ayolida, meni eltib qo‘ygan kurort joyda bir haftami, o‘n kunmi turdim-da. Hammayog‘i daraxtzor kattakon bog‘ deng! Bari o‘zimga o‘xshagan qari-quri. O‘shalar bilan galalashib yurib edim, bir kuni yosh bir er-xotin kelib, meni uylariga olib ketdi. Kattalarim bilan gaplashgan bo‘lsa kerak-da, fahmimcha. O‘zlari olis bir yurtga poslami, nima deydi…
K l a r a. Elchidir-da, elchi!
A s a l x o l a. Ha-a, shunday bo‘lib ketayotgan ekan. Uch yilgami, to‘rt yilga. Er-xotin. Qizchalari o‘zlari bilan birga. O‘g‘illari esa bu yerda institutda o‘qiydi. O‘shanga qarab turish kerak ekan. Ham deng, uy-joyga egalik qilib. Biram yuvosh, biram batartib bolaki…
X o n i m. Qayoqqa ketishdi dedingiz? Amerikaga emasmi?
A s a l x o l a. Shunisini so‘ramabman-a, Robiyajon. Ishqilib, juda olis bir joy. Shuhratjon, o‘g‘illari-da, yanagi yil o‘qishini bitirsa, kelib bizniyam opketisharmish o‘sha yoqqa…
X o n i m (betoqat bo‘lib). Amma, sizlar mana, Klaraxon bilan gaplashib o‘tiringlar. Kechadan beri mening sal mazam yo‘qroq. Kirib birpas cho‘zilay. (U yotoq bo‘lmaga qarab yuradi.)
K l a r a. Amma, doim shuni so‘rayman deb yuraman: siz bizlarga qanday amma bo‘lasiz? O‘zingiz Asal xola-ku!
A s a l x o l a. Asal bo‘lmaylar ketay, bolam! Otim shunday bo‘lgani bilan, Robiyajon to‘g‘ri aytadi, o‘zim bir zahar, qatron! Peshonam undan battar sho‘ru sho‘ron!.. Ibi, shu vaqtgacha bilmasmiding, Kilarajon? Domlaning ko‘ngillariga kelmasin-u, aslida men sizlarga chin amma bo‘laman. Mana shu enang — Bibirobiya menga tus jiyan! Rahmatli bobongning kenja singlisiman-da. Dadang ham menga qarindosh, aylanay. To‘g‘ri, uzoqrog‘-u, lekin xesh, chatishligimiz bor. Ona tomondan. Domla bilan xolavachcha bo‘lamizmi-ey, esimdan ham chiqqan, ishqilib, qarindosh-da-e! U yog‘ini so‘rasang, otang bilan enang ham bir-biriga begona emas… Aytganday, Domla ko‘rinmaydilar?
K l a r a. Bugun-erta kelishlari kerak. U yoqqa jo‘nash oldidan qishloqlarini bir ko‘rib kelmoqchi edilar.
A s a l x o l a. Ha-a… (U yoq-bu yoqqa alanglab.) Tayyor bo‘pqopsizlar o‘zi… Hay, qolganini eshit bo‘lmasa! Bu sho‘rpeshona ammang ikki qatla er qildi — ikkovi ham o‘ldi. Xudoyim birgina tirnoqni ham ravo ko‘rmadi-ya! (Uzoq tin oladi.) Enang Domladan qolishmayin dedimi, men ham olim bo‘laman, deb turib oldi. Bu yoqda Melisjon hali go‘dak, unga qaraydigan odam yo‘q. Shuytib kepqolganman-da men bu yoqlarga, bolam. Mana, endi Shuhratjonga qarab o‘tiribman, begona bo‘lsayam… Ishqilib, ammang hamma zamondayam mehnati bilan kun ko‘rgan, aylanay. Qolgan bari bekor ekan… Hay, o‘zingdan gapir. Zerikmay-toriqmaygina o‘tiribsanmi?
K l a r a. O‘zim… (alamnok jilmayadi) tug‘ilgan vatanimda chet ellik begona bo‘li-ib o‘tiribman, ammajon. Bevatandek gap-da!
Tashqari eshikning qulfi shiqirlab, xonaga «Oq kaptar» otilib kiradi. Rangida rang yo‘q. Asal xolani ko‘rib, voy, bu kampir yana nima qilib yuribdi degandek, taqqa to‘xtaydi.
«O q k a p t a r» (jonholatda chinqirib). Mamul! Mamu-ul!
Yotoq bo‘lmadan ko‘zlari qizargan X o n i m chiqib keladi. S a r d o r bilan L u i z a ham ko‘rinadi.
X o n i m. Ha, jonim, tinchlikmi? Nima bo‘ldi?
«Oq kaptar» (vahima bilan). Eshitmadinglarmi? Voy, dahshat, dahshat! Amerika portlabdi! Portillab ketibdi, mamul!
X o n i m. Bu nima deganingiz? Voy, nega portlaydi Amerika? Tushuntirib gapirsangiz-chi, jonim! O‘zingizni bosib oling bunday…
«O q k a p t a r» (o‘zini bosolmay). Shu, portlabdi! Teatrda hammaning og‘zida shu gap! Televizordan ko‘rsatganmish!..
X o n i m. Televizor… yo‘q. Sotilgan… Rostmi shu gap o‘zi? Alahsiramayapsizmi ishqilib?
«O q k a p t a r». Rost! Rost! O‘lgur terrorchilar portlatibdi! (Yig‘lamsirab.) Endi nima qilamiz-a, mamul? Qayoqqa ketamiz endi?!
K l a r a (chimchilagandek). Ketmaysiz. Qolasiz shu yerda.
X o n i m (shilq etib stulga o‘tirib qoladi. Alam-iztirob bilan). Da! Shuncha chopa-chop, shuncha taraddud! Shu-uncha xarajat! Endi nima qildim-a?! Uy-joy sotilgan, pul yo‘q…
K l a r a (sovuqqina). Qo‘ng‘iroq qilasiz Amerikaga! Rahmatjon aka anovi villani sotib, pulini jo‘natadi. Uy-joyimizni qaytarib olamiz. Shu!
X o n i m. Amerika… portlagan-ku! Pul qoladimi?! Pul yo‘q endi, pullarim yo‘q!..
K l a r a. Amerika katta mamlakat, oyi, katta mamlakat!
X o n i m. Yo‘q, qizim, ko‘chada qoldik, ko‘chada! Boshpanasiz, qup-quruq!.. Qayerda, qanday kun ko‘ramiz-a endi?..
A m m a (qo‘rqa-pisa). Bizlarnikida turib turarsizlar. Keng-mo‘lgina. Beminnat…
K l a r a. Jiydali-chi?! Jiydaliga borasiz! Dadamning yonlariga…
X o n i m. Voy! U yerda… uy-joyimiz yo‘q-ku? Hamma har yoqqa to‘zg‘ib ketib, u yerdayam odam qolmagan deb eshitaman…
K l a r a. Biror vayrona topilib qolar…
X o n i m. Vayronada yashaymanmi hali, voy!
K l a r a. Hammayam koshonada yashamayapti-ku, oyi!
X o n i m (alahlayotgandek). Jiydali… uzo-oq! Qanday boramiz?
K l a r a. Amerika yaqin ekanmi?!
X o n i m. Amerika… Amerika… portlagan… Shoshma, Bo‘ston nima qilayotgan ekan, so‘ray-chi? Ie, aytganday, uning ham eri ketib qolgan. Hamma… hammasi ketgan-a, tavba! U nima qilarkan endi?.. Vo-ey, shundoq charchadimki!.. Qayoqqa qaramang — portlov! Qayoqqa qaramang — portlov! Shularga qo‘shilib men ham portlab ketsam qaniydi!..
Shoshilib xonaga M e l i s kirib keladi. Bejo, bezovta.
M e l i s. Eshitgandirsizlar?
«O q k a p t a r» (besabr). Eshitdik, eshitdik. Portlabdi. Amerikada…
M e l i s. Jiydalida portladi… (Xonim nogahon o‘ziga kelib, ko‘zini ochadi.) Bo‘ling tezroq, enajon, jo‘nash kerak! Jiydaliga!
X o n i m (hushyor tortib). Nima qilamiz u yerda?
M e l i s (bazo‘r o‘pkasini bosib). Eringizning janozasiga bormaysizmi?!
X o n i m (vahima ichida). Nima?! Nima deyapsan?!
M e l i s. Dadam olamdan o‘tibdilar! To‘satdan! Haligina xabar keldi… Dadajon!.. (Xo‘ngrab yuboradi.)
K l a r a (ukasiga qo‘shilib). Voy, dadajoni-im!..
X o n i m (esi og‘ib qolgan). Iya, nega, qachon, qanday? Voy, sho‘rim!.. Endi nima bo‘ladi?!
M e l i s (yig‘i aralash). Bo‘linglar, bo‘linglar! Tez! Hozir Tursunboy keladi, jo‘naymiz!
Hamma yig‘i-sig‘i bilan xonalarga tarqab ketadi. Yolg‘iz Asal xola qoladi. U tappa yerga o‘tirib oladi-da, beixtiyor kaftlarini bir-biriga urib go‘yanda boshlaydi.
A s a l x o l a. Hah, domlajon, domlajon-a! Bir keldingizu bir ketdingiz-a, domlajon-a! Sizday odam bormidi-ya, domlajon-a! Sizday olim bormidi-ya, domlajon-a! Bir avliyo, bir donosi siz edingiz! Bu uylarning podishosi siz edingiz! Jannatlardan ato etsin, domlajon-a!..
ENG SO‘NGGI MANZARA
O‘sha tanish bo‘m-bo‘sh xona. Ikki tomondan ikki kishi kirib keladi. Bular — yoshgina er-xotin.
X o t i n. Yaxshi, menga yoqdi. (Qator eshiklarni bir-bir ko‘rsatib.) Mana bunisi — Zilolangizniki, unisi – Farruxbekka, huv anovi bo‘lsa… Kim yashagan bu yerda oldin? Qanaqa odamlar ekan? Amerikaga ko‘chib ketishdi, deganmidingiz?..
E r. Ke, shularning haqqiga bir duo qilib qo‘yaylik…
Er-xotin yonma-yon cho‘nqayib o‘tiradi.
E r. Auzi billohi minash shaytoni rajim, bismillohir rahmoni rahim…
P a r d a
Tomosha tugab, parda yopilganidan keyin ham tilovat sadolari eshitilib turadi.