Ayolning umr shami lip-lip etgancha bir yog‘dulanib, bir nursizlanib so‘nib borardi.
– Qandoq singlim boridi-ya, – Usmonjon vujudini sirqiratib kelayotgan yoshni sirtiga chiqarmaslik uchunmi, ko‘zlarini yumib, ichidagi titroqlarni kuch bilan bosdi.
Bedavo dard uch oyki to‘shakka mixlagan, quruq suyakka aylangan, suratigina qolgan singlisiga tabassum qilib ozg‘in kaftlariga yuzini bosdi.
O‘n kundirki, tildan qolgan juvon yosh boladek mo‘ltirab qaraydi. Usmonjon singlisining ko‘zlari kengayib, bezovta bo‘layotganini sezdi. Uning ich-ichiga botgan g‘amangiz, munglig‘ nigohlarida so‘ngsiz armon, anduh, kimgadir ilhaqlik, intizorlik muhrlanganday eshikdan ko‘z uzmayotganini payqadi. Ilhaqlikni bolalarini qo‘msashiga yo‘ydi. Qo‘shni xonada o‘ynayotgan o‘g‘illaridan birini ko‘tarib, birini yetaklab kelib, singlisining yoniga tizzaladi. Singlisi yotgan ko‘yi ozg‘in qo‘llari bilan kichkinasining boshini bag‘riga oldi. Keyin kattasining sochlarini silab, qo‘lchalaridan o‘pdi.
Usmonjonga singlisining ko‘zlari xuddi vidolashayotgandek tuyuldi-yu, yuragi uvushib ketdi.
– Bu toychoqlarni o‘qitamiz, uylaymiz, hali o‘zing ko‘rasan. Otasi yo‘q, deb o‘ksima, o‘zim otalik qilaman, faqat sen tezroq sog‘aysang bo‘ldi.
Bu so‘zlardan bemorning yuzida yumshoq kulimsinish zohir bo‘ldi.
Mastura akasining ruhiyatini ko‘zlaridan uqdi. O‘pkasi to‘ldi, lekin ko‘zlariga bir tomchi ham yosh kelmadi. Taqdirning achchiq zarbasidan to‘yib, yig‘layverib, allaqachon ko‘zyoshlari qurigan. Akasiga rahmi keldi. Bechoraning rangi ro‘yi kasaldan battar, o‘zini oldirib qo‘yibdi. Qani endi mo‘jiza ro‘y berib, sog‘ayib ketsa, umrining oxirigacha ularning qo‘lida supurgi bo‘lib xizmat qilishga ham rozi. Lekin mo‘jizalar faqat ertaklarda ro‘y beradi. Uning esa sanoqli kunlari qoldi xolos, buni bilib turibdi. Afsuski, akasi bilan yangasidan o‘z qilmishlari uchun kechirim so‘rashga ulgurmadi. Olloh unga gunohlari uchun bedavo dardni jazo qilib bergani yetmaganidek, zabonini ham oldi. Juvonni qattiq og‘riq iskanjaga olib, yuzlari bo‘zarib ketdi, yo‘talib, qon tupurdi. Akasi shoshilinch qo‘shni hamshirani chaqirtirib, ukol qildirgach, vujudini so‘ngsiz og‘riq asta-sekin tark eta boshladi.
Lekin yuragini tinimsiz parmalayotgan nihoyasiz og‘riq, armon, o‘kinchni sug‘urib oladigan na biror kuch, na malham bor. Endi bu iztiroblarni o‘zi bilan qabrga olib ketadi. Axir shu farishtadek yangasiga qancha sitamlar o‘tkazdi-ya. Agar unga bu dunyoda jannati ayolni ko‘rsat desalar, so‘zsiz yangasini ko‘rsatgan bo‘lardi. Yuragi pushaymonlik, afsus o‘tida kuyadi, lekin foydasi yo‘q.
Mastura yana eshik tomonga intizorlik bilan qarab qo‘ydi. So‘ng birdan talvasaga tushgandek akasining kaftlarini qattiq siqdi. Usmonjon bu xasta vujudda shuncha kuch borligidan hayratga tushib, bir qo‘lini singlisining peshonasiga qo‘ydi-yu, birdan uning manglayidan muzdek ter quyilganini, qo‘llari bo‘shashib, harakatsiz qolganini his etdi, bo‘g‘ziga toshdek narsa qadaldi. Singlisining qorachiqlari bir nuqtada to‘xtab qoldi.
Akaning faryodi butun uyni larzaga soldi. U harchand singlisining ochiq qolgan ko‘zlarini yopishga urinmasin, bu dunyoning g‘amu g‘urbatlariga to‘ymagandek, kimgadir ilhaqdek, ochiqligicha qoldi.
…G‘amguzor ona yolg‘izgina qizini yer-ko‘kka ishonmasdi. Nuridiydasiga tekkan bedavo dard onani yiqitdi. To‘satdan qurigan daraxtdek quladi. So‘nggi kuni xuddi o‘limini oldindan sezgandek, o‘g‘lini yoniga o‘tqizib vasiyat qildi:
– Hammalaringdan mingdan-ming roziman. Lekin bilib qo‘y, singlingga endi otayam, onayam o‘zingsan. Agar uni, bolalarini birovga zor qilsang, go‘rimda tikka turaman.
Bu bevaqt vasiyatdan karaxt bo‘lgan o‘g‘il o‘ziga kelib bir nima demoqqa ulgurmay, ona beozorgina jon berdi…
Nahot endi singlisiniyam tuproqqa topshiradi? Onasining ruhi oldida nima deydi? Ko‘rsatmagan do‘xtiri, tabibi qolmadi, singlisining dardiga davo-malham topilmadi. Singlisining bolalariga nima deydi, ularga ota o‘rnida bo‘la oladimi? Ko‘kragi qattiq sanchidi. Yo falak! U so‘ngsiz, nihoyasiz o‘ylar iskanjasida qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar ta’ziyasini qabul qilarkan, xotiniga odam yubordi.
Malohat sovuq xabarni eshitib, garchi qaynisinglisining dardi bedavoligi, do‘xtirlar uning yashab ketishiga umid yo‘qligini aytishgan bo‘lsa-da, yuragiga muz kirib, oyoq-qo‘li bo‘shashib o‘tirib qoldi. Yodiga rahmatli qaynonasi keldi. U yolg‘iz qiziga bor jahonini berar, “oyimto‘tim”, deb erkalardi.
O‘ta tantiq, arzanda o‘sgan bu qiz tushgan joyida ham qaynona-qaynota, kuyovga bo‘yin bermadi, onasining o‘ta mehribonchiligimi yoki tilini o‘tkirligidanmi, alal-oqibat ikkita bolali bo‘lganda ro‘zg‘ori buzilib qaytib keldi. Lekin yangasiga kun bermadi. “O‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq” qilib akasiga chaqdi, mahallaga gapini chiqardi. Tili shunday zahar ediki, ilondek chaqardi, yangasini yerga urib, kamsitar, bundan huzur qilardi. Hatto bir gal qoq qahraton qishda, bir arzimagan gapning orqasidan yangasi bilan gap talashib, uni bitta ko‘ylakda darvozadan haydab chiqarib, eshikni yopib oldi. Yangasi zorlanib eshik oldida uzoq turdi-yu, axiyri sovqotib, qo‘shninikida uxlamay tong ottirdi. Erta tongda esa g‘ayirlik bilan zaharxanda qarab turgan qaynisinglisiga salom berib, go‘yo hech nima bo‘lmagandek odatdagi yumushlarni qilib ketaverdi. Biror marta eriga shikoyat qilib janjal qo‘zg‘amadi, aka-singilni urishtirmadi. Bolalarini tirik yetim qilishni istamadi.
Qaynisinglisi bexos og‘ir dardga chalindi-yu, birdaniga oldingi shaxdi yo‘qoldi, so‘nib borayotgan shamdek pasaydi. O‘ychan, parishon, asabiy bo‘lib qoldi. Ayniqsa, onasining o‘limidan keyin kasali zo‘raydi.
Qaynonasi har gal “shu dumbul, qaysar, odobsizning gunohidan o‘ting, suyaksiz til-da, bilmay gapirdi”, deb yozg‘irardi.
Dardi zo‘raygan kunlari qaynisinglisi yotgan joyida portladi:
– Sizga qilgan zulmim, ko‘rsatgan ho‘rliklarim uchun Olloh menga shu bedavo dardni yubordi. Mening nodonligimni yuragingizdan chiqaring, mendan keyin Xudoning yo‘liga shu farzandlarimga o‘zingiz onalik qiling, birovning qo‘lida qolishmasin, – deb ko‘zyoshlarini daryodek to‘kdi.
Malohat xasta qaynisinglisini yuvib-taradi, pokladi, ko‘nglini ko‘tardi, bolalariga g‘amxo‘rlik qildi. Lekin qilayotgan yaxshiliklari ba’zan Masturaning ichini qurtdek kemirayotganini his etardi.
U darvozadan ezilib, yig‘lab kirib borarkan, yig‘i-sig‘i qilayotganlar orasida ko‘zida yosh halqalanib turgan bolalarga ko‘zi tushib, iztiroblari alangalandi.
Malohat xonaga kirishi bilan yig‘layotgan ayollar unga yo‘l berishdi. U karavotga yotqizib qo‘yilgan jasadga yaqinlashdi-yu, ko‘zlari ochiq qolgan jonsiz tanani ko‘rib, yuragi uvushib, orqasiga tortdi. Rozi-rizolik so‘rashga ham ulgurmadi. So‘nggi nafasida yonida bo‘lolmadi.
U armonu iztirob bilan qaynisinglisining muzdek yuzlariga yuzini qo‘yib, achchiq-achchiq yig‘larkan, faryod qildi:
– Bizdan rozi keting, singiljon, biz ham sizdan rozimiz.
To‘satdan jonsiz tana titragandek bo‘ldi. Marhumaning ikki chetida turib yig‘layotgan ayollar seskanib, qo‘rqqanlaridan uvvos tortib o‘zlarini orqaga tashladilar. Malohat murdaning tepasida dahshatdan qotib qoldi. Hayhot! Marhumaning ko‘zlari katta ochildi, keyin unga so‘ngsiz iltijo bilan boqdi, jonsiz lablari qimirlagandek bo‘ldi, ko‘zlaridan oqib tushgan bir tomchi yosh yonog‘ida sirg‘algancha turib qoldi. Qaynisinglisi go‘yo ko‘zlari bilan rizolik so‘rashardi. Zum o‘tmay bu nursiz ko‘zlar abadiy yumildi.
Ollohning bu mo‘jizasidan karaxt bo‘lgan va bir zum sukunatga cho‘mgan hovlini yana azadorlarning alamli yig‘isi tutdi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 5-son