Do‘stbek Sulaymonov. Salom qani? (hajviya)

– Hoy bola, to‘xta-chi, menga nega salom bermading? – dedi Qo‘chqor aka.
– Ie, amaki, nega salom berishim kerak ekan? – hayron bo‘ldi Savdobek. – Biron narsa qilib berasizmi yo biron narsa olib  berasizmi?
– Uyqusirayapsanmi, hov bola, men bir nima beraman deb o‘lib turganim yo‘q. Saloming qani deb so‘rayapman? Salomingni pishirib yeganmisan? Qani, tez bo‘l, salom ber!
– Salom ber?! Katta bo‘lsangiz o‘zingizga, xo‘pmi? Boshimni qotirmang.
– Gapni ko‘paytirma, shundog‘am ko‘p gaplashib qo‘ydik. Avval salom keyin kalom degan gapni eshitmaganmisan? Yo maktabda muallimlaring «O‘zingdan kattani ko‘rsang salom ber» deb o‘rgatishmaganmi?
– U  cho‘pchagingizni uyingizga borib o‘g‘illaringizga ayting, xo‘pmi?
– Hov bola, o‘pkangni bos, buncha tillashasan? Nechanchi sinf¬da o‘qiysan?
– O‘pkamni bosamanmi, yo‘qmi, salom bermayman? Oltinchi sinfda o‘qiyman.
– Sababini ayt-chi, odamni toza xit qivordingku?
– Amaki, hali ko‘p narsani bilmas ekansiz. Salom duch kelgan odamga berilavermaydi.
– Unda kimga beriladi?  Katta xolangga beriladimi? Bunday ochiqroq aytda, saqichga o‘xshab cho‘zavermay?
– Endi amaki, gapni dangalini aytadigan bo‘lsam, men sizga salom bermayman, bundan keyin yo‘lda tag‘in to‘xtatib boshimni qotirmang.
– Xo‘p, gapni ko‘paytirma, biron kishiga salom berasanmi o‘zi? Yoki suruvdan qolib ketgan takaday zipillab o‘taverasanmi u yoqdan bu yoqqa?
– Men kimga salom berishimni aytishim shunchalik sizga kerakmi? Unda eshiting: qornim ochib oshxonaga kirsam oshpazga, pulim tugab kassaga borsam kassirga, uyga borsam dadam bilan oyimga salom beraman. Oshpaz ovqat, kassir pul beradi. Dadam bilan oyimningku topgani meniki. Siz nuqul salom-salom deb boshni qotirasiz? Anavi Teshavoy aka qo‘shnimizni aytmaysizmi, o‘zi duradgor, teshasini ko‘tarib har zamonda biznikiga kelib turadi, har kelganda qo‘liga  qarayman. Qani, biror nima berarmikan deb. Qani, mening shirin xayollarimga tushunsa. Go‘zal xolam boshqacha-da, o‘ziyam «Ayollar go‘zallik saloni»da ishlaydi. Har safar kelganda menga shokolad, konfet olib keladi. Ketishida albatta pul uzatadi. «Olaqol toychog‘im, muzqaymoq olib yeysan» deydi. Biram maza qilaman.       
– Bo‘ldi-bo‘ldi, tushundim, ko‘p gapirma, o‘zi kimning o‘g‘lisan?
– U yoqda ko‘rinib turgan magazinning orqa tarafida turadigan Bozorboy akaning o‘g‘liman. Otim Savdobek.
– Savdobek, qiziq bo‘ldi-yu, shunaqa ism ham bo‘larkanmi, yo hazillashyapsanmi?
–  Dadam bilan oyim men tug‘ilmasdan oldin ham magazinda ishlashgan ekan. Men tug‘ilganda savdomiz yurishib ketsin deb shu ism¬ni qo‘yishgan ekan.
– Hm, Savdobek uka, shunday de?
– Shunday siz ham magazinda ishlaysizmi?
– Yo‘q, bor-yo‘g‘i bir bekorchiman. Demak, senga pul bersa salom berasan, shundaymi?
– Tushungan odamning sadag‘asi ketsang arziydi.
– Men bir salom eshitgim keldi, mana tanishib oldik. Endi salom berasanmi?
– Pul berasizmi, amaki, tekinga hatto mushuklar uydan tash¬qariga chiqmayapti hozir.
– Ana shu savildan yo‘q edi-da.
– Unda salomni katta ammangizning nevarasidan eshiting.
– Mening qo‘ylarim bor, o‘nta ular. Agar ular qo‘zilasa senga bitta qo‘zi beraman.
– Qachon? Hozirmi?
– Qo‘ylarim qo‘zilasa deyapmanku!
– Nasiyani o‘g‘riga chiqargan?
– Hoy bola, to‘xta qarz¬ga bo‘lsayam salom berib ket.
– Dadam qarzga hech narsa berma degan. Men sizga salom beramanmi?
– Xo‘p, mayli, xayr.
– Qiziq odam ekansizku, salomni ololmadingiz-ku, xayr¬ni qanday olasiz?