1494 yil qahraton qishi Farg‘ona mulkida qalin qorlari, qattiq sovuqlariyu, achchiq izg‘irinlari bilan odamlar yodida ko‘p yillar qoladigan bo‘lib o‘tib borardi.
Tong otgan hamono Umar Shayx Mirzo saroy kutvoli* Muhammad Qavchinni yonlariga olib, butun hisor ichkarisini aylanib chiqdilar… Eshik og‘aga muhim va kerakli vazifalarni topshirgan hukmdor, unga o‘z yumushlarini bajarish uchun izn berdi-da, qal’aning eng chetiga joylashgan otxona tomon yo‘l oldi…
Shohruxiya va O‘ratepa orasida Sulton Ahmad Mirzo bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi jangdagi mag‘lubiyat alami ruhi – kayfiyatini ancha tushirib yuborgani kechagiday Umar Shayx Mirzoning yodida… Omad yuz o‘girdimi, sipohu navkarlar orasida jangovarlik ruhi yetishmadimi, ne bo‘lganda ham o‘sha mag‘lubiyat ro‘y berdi, o‘n yildan o‘tibdiki, uni hali-hanuz tahlil qilib, goho-goho ko‘ngil oynasidan o‘tkazib turadi… Xotira yozuv emas ekanki, o‘chirib qutulsang! Hukmdor hayotida alamli, iztirobli damlar edi o‘shanda. Singan ko‘nglini tungi bazmlardagi chog‘ir va ma’junlar tugul, haramdagi go‘zal malikalar ham ololmay qolgandi…
Saltanatni shuur va shamshir ostida birlashtirish, boshqarish avvalo xon atrofidagi kishilar ahdu sadoqatiga va sipohu navkarlarning jangovar ruhiyatiga bevosita bog‘liqligini, bunga erishmoqning birdan bir yo‘li har qanday vaziyatda kishilar orasida bo‘lish ekanligini yanada chuqurroq anglab, bu jabhada shaxsan o‘zi mas’ul bo‘lgan tomonlarni o‘ylab borar, oyog‘i ostidagi qorning musaffo tong havosida taratayotgan vazmin g‘archillashlari ham quloqlariga kirmasdi…
Umar Shayx Mirzoga ko‘zi tushgan Hasan miroxur* darhol qo‘l qovushtirib, ta’zim bajo keltirdi. Chorpo og‘asining kallai saharlab o‘z xizmat joyida ekanini ko‘rgan podsho suvsar telpagiga ingan qorni qoqib, otxona ayvoniga o‘tarkan:
– Mir Hasan! Kecha uyingga ketdingmu yo otlar birla qoldingmu? – dedi miyig‘ida kulib.
Hukmdorning kayfiyati andak baland ekanligini sezgan miroxur:
– A’lohazrat! Qishning baland avzoyi ko‘rinib turibdur… Qor to‘xtay demaydur, sovuq ham alamjon tutqon… Shunday havoda bir kecha, ikki kecha jonivorlar yonida bo‘lib turmasak bizlarga miroxurlik chikora.., – dedi mas’uliyat hissi bilan.
Uning javobidan, bu yerda bajarilayotgan batartib ishlardan, saranjom-sarishtalikdan mamnun bo‘lgan Umar Shayx Mirzo uzun shoti qo‘yib, baland g‘aramdan epchillik bilan beda tushirayotgan axtachilarga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi-da, faqat o‘zigagina xizmat qiluvchi otlar saqlanadigan maxsus bo‘lmaga o‘tib bordi… Ichkaridan quritilgan pichanning kishi ko‘nglini yayratuvchi xush hidi dimoqqa urildi.
Qatorning boshida turgan Qorabayir o‘z egasini tanib, “Kurt-kurt” qilib, suyib chaynayotgan bedasini ham tashlab, oxurdan bir siltab boshini ko‘tardi-da, qalin yollarini silkitgancha kishnab yubordi…
Hukmdor jilmaygancha otning tekis peshonasidagi oppoq xolini mehr bilan silab qo‘ydi… (Axir u, olampanohning jangovar do‘sti-ku! Oddiy ot emas, jang ko‘rgan ot! To‘g‘ri, bir g‘alaba nashidasini, bir mag‘lubiyat alamini birga totishgan…) Keyin bir oz narida tavoze’ bilan turgan Hasan miroxurga ichki qoniqish bilan yuzlanib:
– Ertagalik shikorga qay birini tavsiya qilasen, Mir, – degandi, u bir zum sukut saqlab dedi:
– Menga qolsa, a’lohazrat, Do‘nonni minib, zaxirasiga Qora bulutni olg‘aningiz ma’qulmikin…
– Nechun?
– Nega desangiz, a’lohazrat, bu asovlarda chopmaganingizga ham ancha bo‘libdur. Otlar yurakdagilarini ayta olmasalar-da, biroq, sizning xizmatingizni bajarishni juda-juda orzulashgan. Avvalo, siz nima desangiz shu, qolaversa, podshohim, yettov otingiz ham tavsan otlar! Biri-biridan uchqur!..
Hasan miroxur: “Axir, qancha suyukli bo‘lmasin, bir xotiningiz bilan doim birga bo‘lishlik adolatdan emas-ku”, demoqchi bo‘lgandi, tiliga chiqarishga yuragi betlamay, shunchaki jilmayib qo‘ya qoldi.
* * *
Bugun tong sahardan Boburjon ham o‘z o‘rnida emas. Derazadan qorning ko‘pligini ko‘rib quvonib ketganidan apil-tapil bet-qo‘llarini yuvdi-da, hech kimga sezdirmay tashqariga otildi.
Kichik toshhovuz bo‘yidagi maydonchada “harbiy istehkom” qurish uchun (o‘zi yoqtirgan mashg‘ulotlaridan biri) qor to‘plashga tushib ketdi. G‘ayrati jo‘shib hash-pash deguncha bir qancha qorni dumalatib, katta-kichik to‘pchalarga aylantirib qo‘ydi. Kattalarday ko‘zlari bilan chamalab, maydon o‘rtasiga belgi qo‘ydi-da, to‘plarni doira shaklida zich qilib “inshoot”ning poydevoriga o‘rnatdi. O‘zi yasab olgan andavaga o‘xshash taxtacha bilan avval tepasini, so‘ng yon-atroflarini erinmay tekisladi. Keyin kichikroq qor dumaloqlarini olib, uning ustiga hafsala bilan taxlab, devor tiklay boshladi.
Boburjon ikki kun tish og‘rig‘idan azob chekdi. Oxiri kecha tunda saroyning xos hakimi-hoziq Abdumalik Boqi, eng mukammal muolajasi ham foyda bermagach, Poshsho buvi roziligi bilan, o‘sha tishni olib tashladi-yu, ko‘zlari yarq etib ochildi. Irodasi mustahkamligi bois tabib oldida aqalli “voy” deb qo‘ymadi. Aslida sunnatga yotqizganlarida ham churq etgan emas.
* * *
Boburjon yasayotgan “qal’a” devorlari bo‘yi bir qulochga borib qoldi. Yana ko‘tarish kerak! Bir o‘ziga ancha og‘irlik qilyapti. Ishning zalvoridan terlab-pishib ketdi. Badani qizib, egnidagi qunduz yoqa kalta po‘stinchasini yechdi, yoniga qo‘yib, ustiga bir zum o‘tirdi-da, suvsar mo‘yna telpagini boshidan oldi. To‘lqin-to‘lqin bo‘lib ketgan qop-qora sochlari orasidan oppoq hovur ko‘tarilib turibdi. Bir oz suv ichgisi kelganidan ro‘paradagi binoning bo‘g‘otida osilib turgan qator shaffof sumalaklardan bir nechasini qor bilan urib tushirdi. Tish og‘rig‘i bergan azoblar yodiga tushdi-yu, ularni qo‘liga olmadi.
“Qorni yana to‘plash kerak, ko‘tarish kerak, – deb ko‘nglidan o‘tkazdi. – Bu balandlikdagi devor, qal’a uchun yetarli emas! Hech bo‘lmaganda, hozirgiga ikki barobar qilib ko‘tarsam, unda bir nav”. Shularni o‘ylab, o‘rnidan irg‘ib turuvdi hamki, uzoqdan Xonzoda begimning kuyinchak ovozi eshitildi.
– Boburjon-u, ho‘, Boburjon!
Xonzoda begim tez yurib keldi-da, inisi qilgan ishlarni ko‘rib, kapalagi uchib ketdi.
– Voy-buy! Bu qo‘rg‘onni kim qurdi?!
– Men desam ishonasizmu, opajon?
– Axir, kechqurun betob edingiz-ku! Hech kimga bildirmay sovuqqa nega chiqib oldingiz?! Poshsho buvimlar bilib qolsalar bilasizmu, sizni nima qiladilar?!
– Siz oshkor etib qo‘ymasangiz bas, u kishi bilmaydilar.
Xonzoda begim bir oz yumshab so‘yladi:
– Agar u kishi bilmasliklarini xohlasangiz, darhol oldimga tushing!
– Xo‘p bo‘ladi, opajon. Yana, hech bo‘lmaganda, ikki-uch qator ko‘tarib qo‘yayin, so‘ng…
Amirzoda fe’l-atvorini yaxshi bilgan Xonzoda begimning ham bolaligi tutib ketdimi, yo inisiga ko‘mak bergisi keldimi, u ham qor to‘plashga kirishdi. Inshoot “qal’a” ko‘rinishini olgandi. Ko‘ngli bir oz taskin topgan, amirzoda shibbalash ishlarini hali chiqib qilaman deb mo‘ljallab qo‘ydi. Mo‘‘jazgina qor qo‘rg‘onga havas bilan tikilganlaricha opa-uka ichkariga yurdilar. Muyulishga yetganlarida Xonzoda begim orqasiga o‘girilib:
– Boburjon, bilasizmu bu qurgan qo‘rg‘oningiz uzoqdan nimani eslatadi?
– Yo‘q,opajon, ayting-chi!
– Axsi qal’asini! – deb qo‘ydi egachi ichki iftixor bilan jilmayib.
* * *
Choshgohga bormay saroyning bosh darvozasi oldida nog‘ora va karnay sadolari yangradi. O‘tkir unli Jakbar jarchining otda yurib:
– Olampanoh shikor ixtiyor etdilar! – degan jarangdor ovozasi uzoq-uzoqlargacha eshitilib turardi.
Bir muddat o‘tib, haybatli bosh darvoza lang ochilib, ark ichidan tavsan otlarini gijinglatganlaricha bir guruh suvoriylar chiqa boshladi. Saf avvalida, ko‘rkam arabi Do‘non otida, podsho hazratlari –Umar Shayx Mirzo ko‘rindi.
Olampanohning belini oltin to‘g‘a qadalgan enli sarg‘ish charm kamar siqib ushlab turganiga qaramay, yo‘g‘on, dum-dumaloq qorni egarning qoshigacha yopgan edi. Sovuqdan sersoqol yuzlari loladay qizarib ketgan. O‘ng tarafda sadoqatli beklaridan biri, qalin o‘siq qoshlariga qor inib qolgan Shirimbek borardi. Egarning qoshini mahkam tutgan bek sal engashgan holda qandaydir qiziqarli voqeani aytib berayotgan bo‘lsa kerak, olampanohning yuzida nim tabassum. Bugungi shikorda qatnashishdan pinhona bosh tortganmi, doimo xonning chap tarafini suqilib bo‘lsa ham egallab yuruvchi Ahmad Tanbalning qorasi ko‘rinmaydi. O‘rnini tulki mo‘ynasidan mo‘g‘ulcha qalpoq kiyib olgan, ko‘zlari ayyorona qisiq Shayx Mazidbek egallagandi. Undan keyin moshguruch soqoli yoqimtoy yuziga yarashib turgan Xoja Husaynbek ko‘rindi. Uning kayfiyati bir qadar balandligi qaysidir qo‘shiqni past ovozda xirgoyi qilib borayotganidan ham bilinib turardi. Safda Hasan Ya’qubbekni, Qosimbek qavchinni, Vays Log‘ariy va boshqa bir necha beklarni tanib olish qiyin emasdi.
Xayriyat, Boburjonga ham shikorda qatnashish uchun ruxsat berilibdi. Boz ustiga, olampanohning eng suyukli oti Qorabayir ustida o‘tiribdi.
Haliga qadar Qorabayirga podsho hazratlaridan bo‘lak hech kimga minish uchun ruxsat berilgan emasdi! Buni bo‘lg‘usi taxt vorisiga bo‘lgan ulug‘ ishonchga ishora deb tushunish kerak! Boburjonning yonida ikki qadrdon do‘sti: qo‘lidagi chakas*ga bir juft shunqor qo‘ndirib olgan, qotmadan kelgan chuvak yuzli yosh qushchi Muhibali, lo‘ppigina kulcha yuzi sovuqdan qizargan, jilmaygancha qiziq-qiziq hangomalar so‘zlab borayotgan (saroyda jiddi hazil ustasi Xursandbek tog‘oyining o‘g‘li) Abobakr ko‘zga tashlanadi.
Shikor rejasiga ko‘ra, avval, birinchi manzil qilib Ilamish*ning so‘l sohiliga yaqin joydagi xon hazratlarining yozgi kichik chorbog‘i belgilangandi. Boburjonlar Umar Shayx Mirzo boshchiligida shoxlari qalin qordan egilib yotgan, baland daraxtlar o‘rab turgan chorbog‘ hududiga kirib kelganlarida atrof saranjom-sarishta qilinib, yozgi katta ayvon atroflari, yo‘laklar qordan ochib qo‘yilgan edi. Ular bilan ketma-ket bakovullar, qushbegi va qo‘rchilar tasarrufidagi otliqlar, ko‘chma oshxona anjomlari, ov qurollari, o‘q-yoylar solingan sadoqlar yuklangan aravalar, keyindan o‘nga yaqin zotdor tozi itlarni yetaklab bosh itorchi – Qobil sovuq kirib keldi.
Podshoh hazratlari chavgon maydoniga o‘zi uchun tikilgan, salobatli tillorang xos chodirga ko‘z qirini tashlab qo‘yarkan, zinbardor ko‘magiga ham e’tibor bermay salobat bilan otdan tushdi. Naqshindor o‘rma qamchisi bilan tizginni uning qo‘liga tutqazarkan:
– Qorning tingani xo‘p yaxshi bo‘ldi! Bu, izlar ko‘rinib, shikor baroridan kelishi nishonasi, janoblar! – deb qo‘ydi. Hamma bir ovozdan hukmdorning gaplarini ma’qullaganday bo‘lishdi… Xonning so‘zlari saydgarlar qalbida jangovarlik ruhini uyg‘otib qo‘ygandi…
Ayricha ilhomlangan Shayx Mazidbek hukmdorga yuzlanib:
– A’lohazrat! Rad etmasalar, bir taklifim bor edi, – deb qoldi.
Hukmdor shikorga aloqador muhimroq biron maslahat aytarmikan deganday, unga jiddiy tikilib:
– Xo‘sh, bek, qanday taklif ekan? Eshitaylik-chi?– dedi.
– Olampanoh rozi bo‘lsalar, sovuqqa qarshi, bir kosa chog‘ir-u, bir bo‘lak yaxna go‘sht birla tadbir o‘tkarib olsak, baxayr ish bo‘lurmidi degandim…
Bu taklif nafaqat chog‘ir ahliga, balki xonning o‘ziga ham ma’qul tushib turgan bo‘lsa ham, u taqvodor beklardan Ali Darveshga qarab:
– Bu masalada Xuroson o‘g‘lonining fikri qanday ekandur? Tadbir degani, dag‘i, sabuhiy bo‘lib qolmaydimu?! – dedi. Xonning mayin mutoyibasidan hammalari miriqib kulib olishdi.
Ali Darvesh shosha pisha xushomad qilganday:
– Avvalo, olampanoh qarshi bo‘lmasalar, bu tadbir chog‘ir ahli uchun amri vojibdur… Ikkilamchi: hademay osh vaqti kirib keladur, sabuhiy muddatining o‘tkanig‘a esa ancha bo‘libdur, – deb qo‘ydi.
Podshoh hazratlari ham bir oz jilmaygandek bo‘lib: “Bobolarimiz, maslahatli to‘y tarqalmabdur”, – deganlar ekan, degancha Boburjonni yoniga olib, xos chodiri tomon ildam yurib ketdi…
Ko‘p o‘tmay ular shohona liboslarini uloqchilarning maxsus kiyimlariga o‘xshash kiyik teridan tikilgan, qalin poshnali mixcho‘p, ontarma etik, charm shim, mayin echki yungi solinib, pishiq qilib qavilgan tugmali kamzul, yenglari kaltaroq qora chakmonga almashtirib chiqqanlarida ayvonchadagi katta chorpoya ustida dasturxonlar solinib, hamma narsa muhayyo qilib qo‘yilgan edi…
Oftobachi chaqqonlik bilan egila borib, hukmdorning qo‘liga iliq suv tutdi. Bolalar o‘yinni afzal ko‘rishib, qor bo‘ron bilan ovundilar va dasturxonga yaqin kelmadilar.
Tadbirdan keyin, a’lohazrat bosh asosiy katta suvoriylar safi o‘ngga, daryo bo‘ylab yuqoriga, Boburjonlar esa, ustoz Alp Bahodir sarkorligida, oqim bo‘ylab pastga qarab yo‘l oldilar…
Bolalar hech qancha yurmasdanoq qorda quyon, kiyik, yana sal narida to‘ng‘iz izlariga duch kelishdi…
Muhibali qo‘lidagi yog‘och qo‘ndoq – chakasda o‘tirgan ikki shunqordan birini Boburjonning bilagiga qo‘ndirib, qushlarning boshidagi qalpoqchalarni avaylab olib qo‘ygandi, ularning o‘tkir ko‘zlari birdaniga yorug‘likka chiqib, oppoq qor qoplab olgan borliqqa moslasholmay, bir zum bir nuqtaga tikilib qoldilar… Bir oz o‘tgach, o‘zlariga kelib jonlandilar… Muhibali qo‘lidagi qushni qulog‘iga (ovchilar irimi bilan) bir nimalarnidir pichirlab-tayinlab, uchirib yuborgandi, u qanotlarini patirlatib, tikkasiga havoga ko‘tarila boshladi…
Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Boburjon ham qo‘lidagi shahbozni bir siltab qo‘yib yubordi. Xuddi kelishib olganday, ikkala qarchig‘ay ikki tarafga uchib ketishdi.
Muhibali qo‘yib yuborgan qush hech qancha vaqt o‘tmasdanoq shiddat bilan pastga sho‘ng‘idi… “Voajabo! Qanday jonzotni ko‘rib qoldi ekan”, deb qo‘ydi Muhibali. Qush qanotlarini ikki yoniga mahkam qimtib olib, shunday uchqurlik bilan pastlab borardiki, (keyingi suhbatlarda Abobakr: “Men o‘q tegdimikin deb o‘ylabman” deb, aytib yurdi), uch-to‘rt soniyadayoq ko‘zga ko‘rinmay qoldi… Hayron bo‘lgan Muhibali va amirzoda darhol otning tizginini shunqor chovut solgan tomonga burdi. Amirzoda ham darhol Qorabayir boshini o‘sha tarafga to‘g‘riladi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, shunqor kichikroq chuqurlikda yirik bir quyonni panjalari ostida mahkam changallagancha qo‘yib yubormay, o‘ljasini tortib olmoqchi bo‘layotgan tulki bilan olishayotgan ekan… Qush cho‘qib olgan bo‘lsa kerak, tulkining tumshug‘idan tinmay qon oqardi… Muhibali jilovni qo‘yib yuborib, tulkiga qarata o‘q uzdi, tegmadi. Boburjon ham tezda kamonini olib otdi, o‘chakishganday u ham xato qildi. Ayyor tulki o‘ljadan umidini uzgan bo‘lsa ham, buncha ko‘p qurollangan tarafdorlar oldida qochib qolishni ham unutgan edi… Shu payt tulki biqiniga o‘q sanchildi. Mergan Alp Bahodir edi.
Ustoz shoshilmay qurolini joyiga qo‘ydi-da, otdan sakrab tushib, o‘q zahridan majolsiz qolgan tulkini boshiga cho‘qmor bilan yengilgina urib tinchitdi… Tulki to‘rtala oyog‘ini cho‘zgancha qor ustida jon berdi. Shunqor, shundan keyingina ko‘tarilib, voqealarni sinchkovlik bilan kuzatayotgan Muhibalining oldiga qo‘ndi. Muhibali qushning changalidagi quyonni bo‘shatib olarkan:
– Tulkiga oldirmayman deb, jonivor tovushqonni shunday changallabdiki, tirnoqlari tanasiga kirib ketibdi-ya! – deb qo‘ydi.
Hamma hozirgina ro‘y bergan voqea bilan mashg‘ul bo‘lgani uchun Boburjon uchirgan ikkinchi shunqor unutilgan edi. O‘ljalarni yirik kanop iplar bilan to‘qilgan ov xaltasiga tashlab borishar ekan, uzoqdan, yer bag‘irlab uchib kelayotgan shunqorni ko‘rib sevinib ketishdi… Qarchig‘ay to‘g‘ri kelib, changalida semiz qirg‘ovul bilan Boburjon minib olgan Qorabayir ustiga qo‘ndi. O‘ljani ko‘rgan amirzoda, quvonchi ichiga sig‘may, “Ofarin, shahboz!”, deb qo‘ydi.
Ovda bay ochilganidan ko‘ngillari to‘lgan, kayfiyati baland saydgarlar pastga ketayotganda, Boburjon ustoziga yuzlanib so‘radi:
– Ustoz, shuncha mo‘ljallab urg‘on bo‘lsak ham, men va Muhibali otg‘on o‘q nega nishonga tegmaydur?
Alp Bahodir sipolik bilan shogirdiga qarab:
– Avvalo, amirzodam, har qanday vaziyatda, mumkin qadar o‘zni to‘xtatib, so‘ng sovuqqonlik bilan kamondin o‘q uzish talab qilinadi. Esingizda bo‘lsa, bu to‘g‘rida avval ham so‘ylag‘onmen. Qani, qo‘lingizni ko‘rsatingchi, – deb qoldi.
Boburjon shoshib ikkala qo‘lini ham yozib ko‘rsatgandi, ustoz:
– Qani, kamon otish payti barmoqqa taqib olinadigan zihger? Uningsiz kamonni yaxshi otib bo‘lmaydur! Hud, noxun*siz tamburdan yaxshi kuy chiqarib bo‘lmag‘ondek, har qancha mo‘ljalni to‘g‘ri olg‘oningiz bilan kamondan ham yaxshi otib bo‘lmaydur, – deb ta’kidlab qo‘ydi.
Xijolat bo‘lib ketgan Boburjon ham, Muhibali ham shosha-pisha cho‘ntaklaridan zihgerlarini qidirib qolishdi…
Shunqorlar shu tariqa, ketma-ket to‘rt-besh marotabadan ovga solindi. Ular biror marta ham o‘ljasiz qaytmadilar… Hatto bir safar o‘zlaridek yirtqich, abjir sassiqqo‘zan va yirikkina kalamush ham tutib keltirdilar. Kemiruvchi o‘limga mahkum qilinib, sassiqqo‘zan qo‘yib yuborildi.
Muhibali taklifi bilan endi qushlar, dam berish uchun, qafaslariga solib qo‘yildi.
Mana, nihoyat o‘q-yoy bilan ov qilish payti yetib kelgandi. Suvoriylar shu maqsadda yana ham quyiroqqa, qishi bilan odam qadami yetmagan ovloq joylarga qarab jilib ketdilar… Sohildagi yulg‘unzorlar orasida tuyoqlari bilan qorni titkilab, qurigan maysalarni yeb yurgan bir to‘p xongul kiyiklari ko‘zga tashlandi. Imkonni qo‘ldan chiqarmay darhol shirg‘a* qilinib, atrof mumkin qadar o‘rab olindi. Kiyiklar xatarni sezib, atrofga tum-taraqay qocha boshladilar… Shu payt, biri kutilmaganda Boburjon yonidan o‘qday o‘tib ketdi. Bu, amirzoda hayotidagi birinchi katta ov, yirik jonzotlar bilan birinchi to‘qnashuv edi. Boburjon har qancha o‘zini qo‘lga olib otmasin, kiyik birinchi o‘qiga chap berdi. Sadog‘idan ikkinchi o‘qni olib ulgurmay kiyik bo‘yniga o‘q sanchildi. Amirzoda chapdastlik bilan Qorabayir boshini kiyik qochgan tomonga burib, jilovni bo‘shatdi-da, poshnasi bilan biqiniga salgina niqtab qo‘ydi… Jonivor xuddi shuni kutib turganmi, bamisoli quyunday yelib ketdi. Qorabayir shiddatini ko‘rgan Alp Bahodir ta’qib qilayotgan ikkinchi kiyikni tashlab, darhol amirzodaga yordam berish uchun oshiqdi. Bo‘ynidagi nayza zaxmidan kiyik qadamlari sekinlay boshlagandi… Boburjon hayajonini bosib, xotirjamlik bilan ikkinchi o‘qni uzdi. O‘q to‘g‘ri nishonga tegdi! Kiyik tamomila holsizlanib qolayotgani bois tuyoqlarini qordan sug‘urib olishi ham qiyinlashib borardi… Ketma-ket kelayotgan Alp Bahodir, o‘ljaga yaqin kelib qolgan bo‘lsa ham, olishuvning yakuniy qismini amirzodaning o‘ziga qo‘yib berdi. Boburjon otni to‘xtatib, epchillik bilan sakrab tushdi-da, o‘zini bazo‘r yurib borayotgan kiyik ustiga otdi. Ikkovlari ham yiqilib, yarmigacha qorga botib ketdilar… jonivor jon talvasasida boshini siltab yuborgandi, shoxining uchi Boburjonning pastki labiga kelib tegdi. Alp Bahodir buni ko‘rmay qolgan bo‘lsa ham:
– Amirzodam, kiyik hech qayoqqa qocholmaydur, faqat shoxlariga ehtiyot bo‘lsangiz bas! – deb ta’kidlardi. Chindan ham quvonmay, hayajonlanmay bo‘ladimi, axir, amirzoda bundayin katta shikorlarda ilk bor bevosita ishtirok etayotgan bo‘lsa!
Kiyikni qorda bosib, bor kuchi bilan ushlab turgan Boburjon, ustozi ovozi eshitilib, ko‘ngli taskin topganday bo‘ldi… Ustoz dandon sopli pichoq bilan o‘lja tomog‘iga tig‘ tortib qo‘ydi. Shundan so‘nggina kiyik bir ikki majolsiz harakatlar qilib, qor ustida jon berdi. Amirzoda ustoz uzatgan burg‘uni chalmoqchi bo‘lganda pastki labi zahm yeganini bildi. Burg‘u ovozini eshitgan yordamchilar darhol o‘lja tashiydigan katta yog‘och chanalarni chaqqonlik bilan sudrashgancha chopib kelishdi.
Sovuq avji har qancha baland bo‘lmasin, Boburjonning g‘ayratu shijoatiga zarracha ta’sir qilolmay, faqat ikki yuzini loladay qizartirib qo‘ygandi, xolos. Ustoz Alp Bahodir Boburjonning o‘ziga aytmasa ham, otda kattalardek erkin, har qanday vaziyatda muvozanatni yo‘qotmay o‘tirganidan xursand bo‘lib, ho‘ o‘sha, Chindan keltirilgan yog‘och to‘pchog‘ida orttirgan tajribalari qo‘l kelayotganini esladi. Ichki bir qoniqish bilan shogirdiga qarab, miyig‘ida jilmayib qo‘ydi…
Hammalari birin ketin, avvalgi joyga kelishganda hech kim ko‘rinmasdi…
Boburjon qorovul turgan yordamchilardan Muhibali bilan Abobakrni so‘radi.
Yordamchilar ular pastga qarab, bir kiyikni quvib, ot choptirib ketishganini aytishdi.
Boburjon ustoziga qaragandi, u ketdik degan ishora qildi. Amirzoda bilan Alp Bahodir otlari boshini darhol o‘sha tomonga burishdi…
Bir joyda qordagi izlar ikkiga ayrilganday ko‘rindi… Otda chopib borayotiboq birrov ko‘z urishtirib olishdi-da, Boburjon to‘g‘ridagi, Alp Bahodir esa chapdagi izni qoralab ketdi.
Boburjonning o‘ng tomonida Ilamishning hayhotdek o‘zani, chap tarafida esa qalin to‘qayzor yastanib yotibdi. Kunduzi bo‘lishiga qaramay, bu joylarga odam bolasining bir o‘zi kirib borishi xavfli edi. Changalzor qalinligidan har yer-har yerda, jonzotlar “yasab qo‘ygan” ombirga o‘xshash pastqam darchalarni, tor, ensiz yo‘lakchalarni uchratish mumkin edi. Fikri-xayoli do‘stlarida bo‘lgan amirzoda shiddat bilan chopib borayotib kichikroq ochiq joyda bir necha bo‘ri endigina qo‘lga tushirgan kiyikni qor ustida tortqilashib g‘ajishayotgani ustidan chiqib qoldi, Qorabayir xatarni oldindan sezib qolgan chog‘i (tizgini tortilmay turib), quloqlarini chimirgancha taqqa to‘xtadi.
Boburjon vaziyatni anglab, filhol qilichini sug‘urdi-da, hech ikkilanmay yirtqichlardan himoyalanishga kirishdi.
Bo‘rilar to‘rtta: qalin, paxmoq junlari hurpayib o‘sib ketgan kattasi – ona bo‘ri, qolgan uchtasi – ancha ulg‘ayib qolgan bolalari ekan. Ona bo‘ri o‘ljasini qizg‘anganidan qon oqib turgan o‘tkir tishlarini ko‘rsatib, xirillagancha otga yaqinlasha boshladi… Bahaybat kallasini osiltirib olgan yirtqich og‘zini ochgancha ro‘paradan tashlandi. Buni kutgan Qorabayir qattiq kishnab yubordi-da, bir siltanib orqa oyoqlarida turib oldi.
Navbatdagi hamlani hushyor turib poylayotgan Boburjon shay qilichini o‘ta chaqqonlik bilan yirtqichning bo‘yni aralash boshiga tortib yubordi.
Axsikentning dunyoga dong‘i ketgan mohir ustalari yasab bergan damashqiy po‘lat shamshir bo‘rining, terisi bilan etinigina emas, balki birmuncha mustahkam ustixonini ham qirqib, o‘ng qulog‘i tagidan bo‘ynining ancha joyini ochib qo‘ygan edi.
Kutilmaganda yelday uchib kelgan Alp Bahodir chaqqonlik bilan qilich solib, ramaqi joni bilan xirillab turgan bo‘ri bo‘ynini uzib tashladi.
Hayajonlar bir oz bosilgach, Boburjon Alp Bahodirga yuzlanib so‘radi:
– Ustoz, vaziyatdan xabar topib keldingizmu yoki tasodifan?
– Nega endi tasodifan bo‘larkan, amirzodam, axir, Qorabayir sirli kishnab, xatardan voqif qilib qo‘ydi-ku! – deb xotirjam javob qaytardi Alp Bahodir.
Ustoz va amirzoda shogird jang maydonini qoldirib, bir-birlariga mehr ko‘zlari bilan tikilganlaricha yonma-yon hamrohlari tomon yelib ketdilar.
Ular aravalar turgan joyga yetib kelganlarida podsho hazratlari Boburjon va sheriklarini chorlash uchun jo‘natgan itorchiga duch kelishdi… Kattalar sal avvalroq shikorni tugatib, bir talay o‘ljalar bilan chorboqqa kelib bo‘lishgan ekan. Tillorang xos chodir ro‘parasidagi ochiq joyga yoqilgan katta gulxan atrofini hukmdor boshliq saydgarlar shirg‘a qilib egallab olishibdi.
Shundaygina tekislab qo‘yilgan qor ustiga aylana qilib yozilgan nam o‘tkazmaydigan yupqa charm dasturxonlarda yoz mevalaridan tortib barcha nozu ne’matlar to‘kib tashlangan…
O‘ljalar ortilgan yog‘och chana darhol hukmdor qarshisiga keltirildi. Xon yoshlar qo‘lga kiritgan o‘ljalarni bir-bir, sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi. Hamma- hammasini – quyondan kiyikkacha, tulkidan bo‘rsiqqacha havas bilan ko‘rib chiqdi. Bir payt ular orasida yotgan qirg‘ovulga ko‘zi tushib, uni darhol qo‘liga oldi-da:
– O‘ho‘-ho‘!.. Bu ishinglar ko‘p ajib bo‘liptur! – dedi, baland ovozda. Mamnun borib amirzoda yelkasiga qo‘lini qo‘yib: – Biz ko‘pchilik bo‘lsak ham bironta parranda urolmadik, to‘g‘rimi, janoblar, – degandi, barcha saydgarlar chin dildan: – To‘g‘ri, to‘g‘ri, a’lohazrat! – deb ta’kidlashib, yosh ovchilarni rag‘batlantirdilar. Hukmdor qirg‘ovulni dasturxonchi qo‘liga tutqazarkan: – Bakovulga ber! Jastalasin! – deb qo‘ydi amirona. So‘ng engashib, iz tushmagan qordan bir hovuch oldi-da, avval kaftlari, keyin sermo‘y bilaklariga ishqaladi. Xizmatkor xonning hovur chiqib turgan qo‘liga egilib sochiq tutdi. Chog‘ir sal bo‘lsa-da o‘z kuchini ko‘rsatib, hukmdorning butun badanini qizdirib, bag‘rini keng, ko‘nglini esa yanada yumshatib ulgurgandi…
Ikki o‘qli uzun aravada bir juft maral, bir necha xongul kiyigi, beo‘xshov boshi otning kallasidan ham ulkanroq, so‘yloq tishi qonga belanib to‘ng‘iz va boshqa hayvonlar yotardi. To‘ng‘iz degan mahluqni umrida birinchi marta yaqindan ko‘rayotgan Boburjon hayratlanib turgandi Mir G‘iyos tog‘oyi:
– Amirzodam! Bu tunqusni atayin janob Boboquli Bobo Alibekka atab otduk! – dedi, uni ibodat qilmay yurishiga pisanda qilib… Bu gapdan bir necha kishi piqirlab kulib yubordi.
Boburjon bolalarcha samimiyat va jiddiylik bilan:
– Tog‘oyi! Axir islom kishisi uchun tunqus go‘shti harom qilingan-ku! – deb qo‘ydi taajjublanib.
Noxush muloqot qulog‘iga chalinib qoldi chog‘i, xon Mir G‘iyosga yuzlanib:
– Janob bek! Davrada yo‘q kishini g‘iybat qilish yigitga yarashmas! – deb tanbeh berdi.
Noo‘rin hazilidan xijolat bo‘lib ketgan bek, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, hukmdordan uzr so‘radi. Vaziyatni yumshatish uchun Alp Bahodir suhbatga qo‘shilib:
– Janoblar! Tunqus otg‘oninglar ko‘p yaxshi bo‘libdur. Buning go‘shtini amirzodamizning palangchalariga bersak, ayni muddao bo‘lur, – degandi, bu taklif hammaga ma’qul tushdi. Aslida bu to‘ng‘iz, ovchi itlardan birini, so‘yloq tishlari bilan qornini yorib, o‘ldirgani bois, o‘limga mahkum qilingan ekan.
Shu payt ularni o‘rab turgan beklardan biri luqma tashladi:
– Amirzodam, qirg‘ovul xo‘p chiroylik ham semiz erkan! Uni lochin birla ushladinglarmu yo kamondan otib oldinglarmu?
– Tog‘oyi, savolingizga bu kishi javob bergani ma’qul, chunki do‘stim Muhibali shu ishning ustasi sanaladur.
Boburjon iymanib turgan qushboz ovchini o‘rtaga tortdi.
Kattalar salobati bosib qoldimi, Muhibali zo‘rg‘a:
– Albatta, qush bilan tutildi, janoblar, – deya oldi, xolos.
– Lochinlaringizni bir ko‘raylik-chi? – qiziqishib qoldi beklar.
Muhibali shunqorlardan birini chakasiga qo‘ndirgancha olib kelgach, ular:
– Bu lochinmu yo qirg‘iymu? – deb so‘rashdi.
– Janoblar! – Muhibali ishtiyoq bilan so‘zga kirishdi. – Avvalo, bu qushning nomi sizlar aytg‘oncha lochin ham, qiyg‘ir ham, qolaversa, sor ham emas! Kitoblarda bu qushning nomi shunqor deb yozilg‘on, amalda ham xuddi shunday! Shimol taraflarda buni yana itolg‘u deb ham atashar ekan. Lochin degani bundan ushoqroq bo‘lib, u bilan kichikroq jonzotlar ovlanadur! Ustozim aytishlaricha, qiyg‘ir va sor birla ov qiling‘oni hali hech bir joyda yozilmag‘on emish.
– Uqob emasmu unda? – deb so‘rab qoldi kimdir.
– Yo‘q taqsir! Uqob ham emas! Uqobning jussasi bundan ko‘ra ulkanroq bo‘ladur!
Kimdir:
– Qalpoq qushga nega kiydirib qo‘yilg‘on? Boshi sovuq yeb qolmasun debmu? – deb so‘ragandi, yengil kulgi ko‘tarildi.
Muhibali o‘ta bosiqlik bilan davom etarkan:
– Yo‘q, janoblar bu qush, sovuq o‘lkalarning qushi bo‘lganidan xeyli mahkam sovuqlarga ham chidaydur! Qalpog‘i ko‘zlarini to‘sib turishi uchun xizmat qiladur, shunday tursa, qush hech narsadan cho‘chimaydur!
– Oyoqlaridagi tushovi nega qo‘yilg‘on, aytib bering?
– Janoblar, bu juda yirtqich qush! Osmonda ham, yerda ham o‘ljasiga bir usulda tashlanadi, ya’ni avval oyoqlari bilan tepib, zarba beradi va ag‘anatishga urinadi. Qayish tasma, o‘ljasini tepganda, oyoqlari kerilib yoki oldinma-ketin bo‘lib ketmaslikdan saqlaydur, qolaversa, zarba kuchini oshiradur! Mana, qaranglar, u xalqa bilan mahkamlangan.
Muhibali qo‘li bilan qushning zarangday qattiq oyoqlariga bog‘langan yupqa temir halqachalarni ko‘rsatib qo‘ydi.
– Bular uchun eng katta o‘lja qanday jonzot?
– Hozircha qushlarimiz yosh, katta bo‘lganlarida kiyik bolasini ham bemalol ovlay oladur…
Beklar xursand bo‘lishib:
– E-he, qaranglar-a, janoblar, qush ovining ham o‘ziga yarasha ko‘p xilvat tomonlari bisyor ekanu bilmay yurgan ekanmiz, mana bilib oldik, – degancha qulluq qilishdi. – Umringiz ziyoda, martabangiz baland bo‘lsin, ukajon. Kelgusida ulug‘ qushbegi bo‘ling!
Yo tavba! Chin yurakdan qilingan duo ijobat bo‘lganini… Kimdandir shohnafas chiqib ketgan bo‘lsa ajab emas. Chunki o‘sha chuvak yuzli, qotmadan kelgan, og‘ir-bosiq yigitcha – Muhibali, bir umr Boburjonning sadoqatli do‘sti, suyangan hamrohi, maxsus ovchisi bo‘lib yurgan, hamda vaziri a’zamlik lavozimiga erishgan!*
* * *
Bolalar uchun ichkarida alohida joy hozirlangan edi. Suhbat tugagach, Alp Bahodir bosh bo‘lib, o‘t yoqib ilitib qo‘yilgan katta, keng xonaga kirib bordilar. Ichkarida nam tortib ketgan ustki kiyimlarini yechib tashlab, qo‘llarini yuvishgancha, did bilan bezatilgan dasturxonga oshiqishdi. Ertalabdan beri sovuqda ot choptirib yuraverib qorinlari ochiqib ketgan bo‘lsalar ham ustozning dasturxonga qo‘l uzatishini kutishib turgan saydgarlarga qarab Abobakr:
– Janoblar, birovga ifsho qilmayman deb so‘z bersanglar, birgina iltimosim bor edi, – deb qoldi.
Hamma qiziqib: “Qanday iltimos ekan, ayting, ayting?! Hech kimga aytmaymiz!”, – deb va’da berishdi.
– Unday bo‘lsa, janoblar, hali shikor payti, otdan yiqilganimni hech kimga aytmanglar, – deganicha do‘stlariga javdirab qaragandi, hamma rozi bo‘ldi.
– Bo‘pti, bo‘pti, xotirjam bo‘ling, gap shu yerda qoladi – deya, Boburjon va’dani hammaning nomidan mustahkamlab qo‘ydi. Shundan so‘nggina ular xotirjam bo‘lib dasturxonga qo‘l uzatdilar…
* * *
Tashqarida kattalar bazmi qizigandan qizib borardi. Atrofni larzaga soluvchi shodon qahqahalar, hayqiriqlar, sokin, musaffo havoda uzoq-uzoqlarga ham eshitilib turardi. Ayniqsa, podsho hazratlarining ko‘ngillari chog‘, kayfiyatlari osmon qadar baland edi. Qo‘lidagi kosa to‘la chog‘irni ko‘tarib, sipqorib qo‘ydi-da, gazak uchun bir bo‘lak kabob go‘shtini og‘ziga solib, qo‘llarini artdi. So‘ng qorda yalangoyoq “chavgon maydonini yuz qatla aylanib beraman” deb, beklar bilan shartlashgan Qosimbek qavchinni zimdan kuzatarkan, mushti bilan kaftiga bir urgancha:
– Tasarrufimda shunday azamat yigitlardan ikki-uch pora bo‘lg‘onda erdi… Ulug‘ Bobom orzu qilg‘on Chinni ham olg‘on bo‘lur edim! – deb qo‘ydi g‘urur bilan.
Podshox oldiga cho‘ziqroq shakldagi zarrin chinni idish keltirildi. Dasturxonchi sochiq bilan avaylab qopqoqni ochgandi, oppoq bug‘ ko‘tarilib, shar¬qona pazandachilik talabi bo‘yicha yuksak mahorat bilan lolarang qilib butunicha pishirilgan haligi semiz qirg‘ovul ko‘rindi. Antiqa taomdan dimog‘ni qitiqlovchi xushbo‘y hid taralib turardi. Umar Shayx Mirzo undan bir chimdim olib, tatib ko‘rarkan, dasturxonchiga qarab:
– Tahsinga loyiq! Ol buni, hammaning og‘zi tegsun! – deb tayinladi. Saxiyligi tutib: – Bu ishi uchun bakovulga bir qo‘chqor berilsin! – deb yubordi.
Bunaqangi bazmlarda olampanoh mehri daryo kabi jo‘shib ketar, ko‘ngliga yoqib qolgan kishisiga eng qimmatbaho, noyob narsalarni hadya etib yuborar, keyin mutlaqo achinmas edi. Saxiylik, bag‘rikenglik, qo‘li ochiqlik kabi olijanob xislatlar a’lohazratga ulug‘ bobolaridan meros bo‘lib o‘tgani shubhasiz. Shundan bo‘lsa kerak, Ulug‘ xon ota – Yunusxon Umar Shayx Mirzoni uch kuyovidan ortiq ko‘rar, ular xuddi ota-boladay bo‘lib ketishgandi.
Umar Shayx Mirzo baland himmatli va ezgu niyatli podshoh ekanligini shundan ham bilsa bo‘lardiki, Yunusxonga avvaliga O‘sh, so‘ngra Marg‘ilonni inoyat qilib yubordi.
Boburjonlar o‘tirgan xonaga kirib-chiqib turgan xizmatkorlardan biri: –Janoblar, beklar birla shartlashgan Qosimbek tog‘oyi chavgon maydonini yalang¬oyoq kezayotir, – deb xabar berdi. Qiziqarli tomoshani ko‘rgani hammalari tashqariga chiqdilar.
Boburjon qorda chopayotgan Qosimbek qavchinga ko‘zi tushishi bilan ustoziga yuzlanib:
– Ustoz, yo‘q demasangiz men ham chopsam? – deya taklif aytdi, qop-qora ko‘zlarini pirpiratib.
Alp Bahodir shogirdining yuzidagi g‘ayrat-shijoat ifodasidan zavqlanarkan, “mayli, o‘zingiz bilasiz” deganday yelkalarini qisib qo‘ydi.
Boburjon filhol etiklarini yechib, poychalarini shimarar ekan, buni ko‘rgan beklar yoqa ushladi.
Bir zum o‘tib haligi xizmatkor shoshib kelib, «Tog‘oyi, sizni olampanoh yo‘qlayotgan emish», deb qoldi. Alp Bahodir o‘sha zahotiyoq tavoze bilan hukmdor huzuriga bordi.
Umar Shayx Mirzo bir oz tashvishli ohangda so‘radi:
– Siz ruxsat berdingizmu, janob Alp Bahodir?
– Ha, olampanoh! Tashvishlanishga mutlaqo o‘rin yo‘q! Amirzodamning muborak tanalari bunday sovuqlarga chiniqib ulgurgan, inshoollo, qaytaga yana chiniqadi.
A’lohazrat ichki qoniqish bilan bilinar-bilinmas jilmayib qo‘ydi.
Boburjon Qosimbek qavchin yonida endigina besh-olti davra aylangandi hamki, musobaqa tugab qoldi.
Dasturxonchilardan biri shu yerning o‘zidayoq Qosimbek qavchin beklardan yutib olgan o‘naklarni to‘plashga tushdi. Qatorda a’lohazrat ham patnisga bir narsa tashlaganday bo‘ldi.
G‘olib yirik-yirik kepakiylarni terib olarkan, «qolgani o‘zingga», deb qo‘ydi, xushomad bilan patnisni ko‘tarib turgan dasturxonchiga. Hazilkash beklardan biri dedi:
– Janob Qosimbek! Yutuqni dasturxonchi bilan emas, balki amirzodamiz birla bo‘lishingiz lozim edi! Nega deganda oxirgi davralaringizga u kishi yordam berib yubordi-ku!
Bu hazildan hammalari miriqib kulishdi. So‘ng Qosimbek qavchin Boburjonga ta’zim aylarkan, Umar Shayx Mirzo o‘tirgan tarafga ma’noli bir qarab qo‘yib:
– Amirzodam hozir hech qanday moyanaga muhtoj emaslar! Bu kishining ulushlarini, xudo xohlasa, katta bo‘lganlarida halol xizmatim bilan qaytaraman, –dedi samimiy.
Bu javob Umar Shayx Mirzoga ham ma’qul tushganday bo‘lib, asta bosh irg‘ab qo‘ydi va mug‘anniy hofiz Xoja Husaynbekni surishtirdi.
Xizmatkorlar bir zumda Xoja Husaynbekni bakovullar yonidan topib kelishdi. U ta’zim bilan xon qoshiga kelarkan, ko‘tarinki ruhda so‘z qotdi:
– Olampanoh, amringizga muntazirmen!
– Biz, axir sizni nimaga ham tilar erduk, tamburingiz shu yerdamu? Qani, bir ko‘ngillarni eriting-chi!
Xoja Husaynbek tabassum bilan ta’zim qildi.
– Bosh ustiga, olampanoh! Qo‘limizdan kelg‘oncha!
– “Navoi tamburiy”dan boshlang! Saftisiga «Ushshoq»ni chalasiz!
Tamburdan sado taralgach, atrof suv quyganday jimib qoldi. Ketma-ket bir juft kuy, uchta mumtoz qo‘shiq ijro etildi. Shirali ovoz chindan ham dillarni rom qildi, xususan, xonning bahor toshqini kabi jo‘shgan yuragini yanada toshirib yubordi.
Davradagi xush kayfiyatni buzmaslik uchun harakat qilgan oftobachi uzoqdan ot choptirib kelayotgan chopar Abdulvahob shig‘ovulni tanib, rikobdorga ko‘zi bilan imo qilib qo‘ydi. U davrani tashlab, shoshib chopar istiqboliga peshvoz chiqdi.
Shig‘ovul otdan tushib, rikobdor yuziga ham qaramay, bir bosh irg‘ab, tizginni tutqazdi-da, ildam qadam tashlab, xon huzuri tomon yurib ketdi… “Muhim xabar keltirgan” degan o‘y bilan hech kim uni to‘xtatishga botinolmadi. To‘rt-besh qadam qolganda, qorga tiz cho‘kib engashib, ta’zim bajo keltirdi. So‘ng hukmdorga naysimon qilib o‘ralgan muhrli xat tutqazdi.
Umar Shayx Mirzo xatni g‘ilofidan chiqardi, u yoq-bu yog‘iga razm solgach, qoshlarini chimirgancha, shoshilmay o‘qiy boshladi…
Mutolaa chog‘ida hukmdor chehrasi ikki karra jiddiylashib, ikki karra yorishdi. Oxiri xizmatkorni chaqirib buyurdi:
– Boburjonga yetkaz!
Xat Ulug‘ xon ota Yunusxondan edi.
Bir zum o‘tgach ichkaridan bolalarcha shodon qiyqiriq eshitildi. Chunki Ulug‘ xon ikki nabirasi uchun chilla chiqishi bilan o‘tkazadigan aqiqa to‘yiga Boburjonni ham lutfan taklif qilgandi!.. Yunusxon elga beradigan to‘ylar bir-ikki haftasiz tugamas, katta ko‘pkarilarsiz, dorbozlarsiz, kurashlarsiz, qolaversa, ko‘zga ko‘ringan mutriblaru taniqli qo‘g‘irchoqbozlarsiz o‘tmas edi.
Boburjon muhtaram bobosi maktubidan boshi ko‘kka yetgudek sevindi. So‘ng o‘zi bir parcha qog‘ozga shosha-pisha ikki enlik xat yozdi: “Otajon! Ruxsat etsangiz, shomga qolmay saroyga yetib borsam. Bugungi saboqlarim qolib ketishini istamasmen. Sizni suyib ardoqlaguvchi Bobur”.
Umar Shayx Mirzo xatni o‘qib jilmaydi, axir, ne baxtki, bugun bir emas, ikki xat oldi. Biri Toshkandan, ikkinchisi Andijondan! Qisqa mulohazadan so‘ng birdan qiyofasi jiddiylashdi.
– Yo‘q! Birga keldik, birga qaytamiz! Qani yigitlar, bugunga yetar, safarimiz qaridi… Ilohi omin, xudo omadimizni bersin!..
Shikor ahli yo‘lga chiqqanda kechki qora sovuq zabtiga ola boshlagandi.
_________________
* Kutvol – Qal’a boshlig‘i (komendant).
* Miroxur – Podshoh otxonasining boshlig‘i.
* Chakas – Ov qushlari qo‘nib turadigan yog‘och qo‘noq.
* Ilamish – Qoradaryoning o‘sha davrlardagi nomi.
* Noxun – Tambur chalgan paytda ko‘rsatkich barmoqqa taqib olinadi (mediatr).
* Shirg‘a – O‘ljani davra qilib iskanjaga olish.
* Bobur Mirzo vafotidan keyin, buyuk Boburiylar saltanatiga hukmdorlik qilgan Akbarshoh, bobosining ulug‘ do‘sti deb bilib, Muhibalini Dehlining hokimi vazifasiga tayinlagan. Bu ulug‘ insonning yorug‘ dunyoda qilib o‘tgan ishlari bugina emas… O‘sha Muhibali, Nizomiddin Ali Xalifai Farobiy nomi bilan, qush ovining sir-asrori to‘g‘risida, o‘z davrida (16 asr o‘rtalarida) dunyoga mashhur “Boznoma” deb nomlangan fundamental risola ham yozib qoldirgan.