— Buyuk kashfiyot!
— Misli ko‘rilmagan buyuk kashfiyot!
— Inson zakovatining mo‘jizasi!..
— TASS axborotidan…
— «Reyter» xabar qiladi…
— «Frans-Press» ma’lumot berishicha…
To‘xtang, to‘xtang, Amerika Kolumb tomonidan allaqachonoq ochilib, kosmik kemalarimiz Zuhro bag‘rini tilishga tayyorlanayotgan bir payt yana qanaqa buyuk kashfiyot bo‘ldi u?..
— Rakning davosi topilibdimi? — deya entikib joyidan turib ketadi vrach.
— Be-e, terma komandamiz jahon chempioni bo‘lish usulini o‘ylab topgan! — deb luqma tashlaydi futbol ishqibozi, suyukli komandasining sodiq muxlisi.
— Yo‘q! Progulchilarga qarshi.. kurash!..— deb xuddi majlisdagidek barmog‘i bilan havoni cho‘rt, kesadi kasaba soyuz a’zosi…
Lekin biz quyida hikoya qilmoqchi bo‘lgan «kashfiyot»ning hech qanaqa «Reyter»u «Frans-Press»larga aloqasi yo‘q, biror kimsa entikib: «Buyuk, misli ko‘rilmagan!» yoki «Inson zakovatining mo‘jizasi!», deya nah urmagan ham u haqda, egasidan bo‘lak hech kimning xabari ham yo‘q undan — oddiy, dunyodagi deyarli barcha insonlarga xos «hech kim kashf etmagan «Amerika»ni ochishga urinish»dek muqarrar ichki ehtiyojdan kelib chiqqan, xolos, bu kashfiyot…
Jahongir bugun odatdagidek barvaqt chiqdi o‘qishdan. Lekin nimagadir odatdagiga xilof ravishda yo‘lni shundoqqina bekat biqinidagi kinoxona tomon burmadi: kassa darchasi qoshida chumolidek uymalangancha ur-sur qilib ikki seriyali yangi hind filmiga bilet olishga urinayotgan olomonga hasad bilan bir qarab qo‘ydi-da, xo‘rsinib yo‘lida davom etdi. Hatto peshonasiga «morojenoye» deb yozib qo‘yilgan do‘kon oldida ham to‘xtamadi u bugun — boshini burgancha xuddi ko‘rmagandek o‘tib ketdi. «Hozir kelib xarid qiladi», degan odatiy xayolda og‘zining tanobi qochgancha yon tomonidagi temir qutidan muzqaymoq chiqargan tanish magazinchi ayol ham dong qotdi joyida. Mijozining noodatiy qilig‘idan hayron, qo‘lidagi muzqaymoqni qog‘oz-pog‘ozi bilan lang ochiq og‘ziga tiqdi.
Axir qayoqdan bilsin u, Jahongir o‘qishga kirsam bo‘ldi — maza qilib o‘ynayveraman, deb o‘ylaganini-yu, lekin umidlari puchga chiqib, bugun, o‘qishning birinchi kunidanoq allaqanaqa seminar yozib kelishni uyga vazifa qilib berishganini. Uydagilar ham bilishmaydi; yo‘qsa hayron bo‘lishmasdi Jahongirning kela solib har kungidek magnitofonini varanglatmasdan, divanga cho‘zilganiga; hayron bo‘lib eshik tirqishidan mo‘ralashmasdi. Axir xayol surayotgan edi-da Jahongir, Nyuton yoki Eynshteyn darajasida bo‘lmasa ham, ishqilib, bosh qotirayotgan edi. Bir payt yostiqdan boshini ko‘tardiyu erinibgina qo‘lini cho‘zib televizor tugmasini bosdi. «Oynai jahon» bir necha muddat vizillab, xuddi ishlagisi kelmayotgandek xo‘mrayib turdi-yu, oxiri «shig‘g‘» etib yorishdi…
Jazirama qumtepalar osha bir tuya lo‘killab ketyapti. Ustida — uning lo‘killashiga monand chayqalib borayotgan tuyakash. Atrofda esa hech zog‘ yo‘q. U yer-bu yerda yakkam-dukkam sarg‘ish saksovul bilan shuvoq ko‘zga tashlanadi. Tuya hanuz lo‘killagancha ketib bormoqda… Ana, oldinda quduq ko‘rindi. To‘xtab dam olisharmikan-a, bir oz? Axir yo‘lga chiqqanlariga qancha bo‘ldi-yu, biror yerda to‘xtab dam olishgani yo‘q. Axir charchoq, tashnalik, hordiq degan narsalar ham bor-ku hayotda?! Tuyaga qolsa-ku… Ammo na iloj, to‘xtash-to‘xtamaslik — birgina tuyakashning izmida. U esa…
Er — misli koptok. Shunday ekan, bu cho‘llarning adog‘i ham yo‘q. Ketaveradi tuya lo‘killagancha; ketaveradi, ketaveradi, to‘xtamaydi…
Jahongir miyasiga kelgan ajoyib fikrdan sakrab turib ketdi. «Evrika! Evrika!» deb qichqirib yuborishiga sal qoldi, lekin o‘zini bosdi — hammomda, suv to‘ldirilgan tog‘oraning ichida emas, o‘zining xonasida, pardek yumshoq divan ustida yotgani esiga tushdi birdan. Ustiga-ustak, devor-darmiyon qo‘shnilari ham o‘sha — uni ko‘rsa: «Nevaramni beraman-da, shu bolaga!», deb yuradigan Ruzvon xola, uning qichqirig‘ini eshitib, «Ie, jinni ekanu bu bola?!», deb nevarasini berishdan aynib qolmasin tag‘in.
Bo‘lak hech narsani o‘ylamadi u. Bir daqiqa ham o‘tkazmay kashfiyotini amalda qo‘llashga kirishdi — tez yurib ro‘paradagi kitob javoniga yaqinlashdi…
Nega buzoqning yugurgani somonxonagacha? Nima uchun aroqxo‘r qo‘liga pul tegdi deguncha bergan va’dasini unutadi? Nima sababdan it suyak berilgan zahoti hurishdan to‘xtaydi? Bu savollarning javobi bitta: dunyodagi barcha hodisaning nihoyasi bor!.. Buzoqning yugurgani — somonxonagacha. Ichmayman deb tavallo qilgan piyonistaning tavbasi — keyingi moyanagacha. Itning hurishi — suyakka yetishgunicha. Studentning yallasi esa…
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 5-son