Toshqo‘rg‘on toshli qo‘rg‘on edi, Qodir Olloh, sangtarosh dunyo tog‘larni tarashlab sumbat bergan bo‘lsa, Toshqo‘rg‘onning toshi odam qo‘li bilan tarashlanib bino qilingandi. Ammo, u toshdan bino bo‘lgan bo‘lsa ham to‘zim bilmadi, bir oti Boyqo‘rg‘on bo‘lsa-da, faqirga ham nasib qilmadi. Zamonning zayli bilan Toshqo‘rg‘on qulab, sukunatning ming yillik so‘rog‘iga javob berayotgandek tilsiz, zabonsiz edi. Toshqo‘rg‘onda bir paytlar qo‘sh buloq qaynab turgan. Eldan baraka qochdimi, boyning davlati boshdan uchganidan darak bo‘ldimi yoki bu ko‘rgilik, bu qismatga yig‘lay-yig‘lay uning ham ko‘zida yosh qolmadimi buloqlar qurib qoldi. Ammo kun kelib buloqning ko‘zi ochildi…
Soliqul cho‘pon tog‘dan qaytib, horib otdan tushganida, uning iti Sherpanja tog‘dan qaytgan qo‘ylarni qo‘tonga haydab irg‘ishlardi. Uning yolg‘ondakam qo‘ylarning biqiniga tish botirishi, to‘xtab-to‘xtab har zamon egasi Soliqul cho‘ponga qarab hurib qo‘yishlari ham odatiy hol edi. Ot yakka mixga bog‘lanib, uning egari aravaning uzun dastiga minganida, Qoratovning tog‘ qishlog‘i Ko‘chgandaraga anchayin tun qorong‘isi cho‘kib qolgandi.
– Salomat! Otam bozordan qaytdimi? – dedi Soliqul cho‘pon qo‘lini oftobadan suv quyib yuvarkan.
Avvaliga javob bo‘lmadi, so‘ngra chaqaloq yig‘isi bilan birga uy ichidan Salomatning:
– Uyg‘otmay qo‘ymadingiz shuni, qaytdi! Tavba, haftada bir qaytsangiz ham dovul qoqib qaytasiz, – degan nolishi eshitildi.
– Ey, qaytganimga xursand bo‘lmaysanmi, bo‘ri-po‘ri nimtalab ichagimni toshga yoyib ketsa nima qilarding? Cho‘pon emas, cho‘ponning xotinisan-da, darama-dara ot ustida lo‘kkillab, zax yerga biqiningni berib yotish nima ekanini o‘shanda bilarding. Cho‘ponning tayog‘ini Xizr, payg‘ambar tutgan bilan ko‘z-quloq bo‘lib turmasang, yuvvosh qo‘y ham odamni ko‘p sarson qiladi, – dedi Soliqul cho‘pon ostona hatlab beshikka razm solib.
Salomat esa eri har doim tog‘dan qaytganda qiladigan noz-ginasi ortib, erining ro‘parasiga kelib, eshikka imo qilib:
– Qochib turing, – dedi.
– Nega qocharkanman? – dedi Soliqul cho‘pon xotini Salomatning belidan mahkam quchoqlab.
Ammo tashqaridan eshitilgan uzuq-yuluq yo‘tal bilan tomoq qirishdan ular chaqmoq urgandek shoshib qoldi.
– Otam! – dedi Salomat erini o‘zidan itarib, ostona hatlab, hovlidagi qorong‘ilik qo‘yniga sho‘ng‘irkan.
– E, ota! B-bozordan qaytibsiz-da, – Soliqul otasi Norqul bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishgach, beshikdagi bolasi tomon talpindi:
– Ha-ha, ana bovasi keldi, peshinda uxlatganmi deyman buni, esa buncha jag‘i tinmaydi? – dedi beshikdagi o‘g‘lining qo‘lbog‘ini bo‘shata turib.
– Ulamas, uligan bo‘ri buning, tuni bilan yig‘lab, kuni bilan uxlaydi. Uyqusi adashgan chog‘i, – dedi Norqul ota qo‘llari bilan avval devorga suyanib, keyin tizzalagan ko‘yi, o‘tirishga chog‘lanarkan.
– Akang bordimi? – dedi so‘ng Norqul ota nimadir yodiga tushgandek.
Xuddi shu gapni kutib turgandek Soliqul ham:
– Bordi. Chechamni bekor jo‘natibsizlar, hali tog‘ning qori eriganmas. O‘zi belini bod olgan deb Zuhra momom chechamni tandirga solib, o‘choqni bellatib yurgan bo‘lsa, – dedi.
Norqul ota yurib kelib emas, o‘tirib charchab hansirab-hansirab nafas olarkan:
– Qo‘yaver, nima deysan endi. Shular ham tirnoq ko‘rib – tuyoq ko‘rib tinchimadi. Onang rahmatli o‘zi ketib, bu savdolarni menga tashlab ketdi. Oti kelin, oti ayol bo‘lsa, men bir narsa deyolmasam. Kelin, “Echki sog‘aman”, dedi, “Bor”, dedim. Akang Aliqul ham shu kunlarda To‘balisoydagi so‘gal toshdanam og‘ir bo‘p qolgan. Bir narsa desang “to‘q” etadi.
– Menam podani yolg‘iz boqayapman-ku?! Ana Turdining oyog‘i yumronqoziq iniga kirib qolib, singandan beri, qo‘ylarni o‘zim boqaman, – dedi Soliqulning g‘ayirligi tutib.
Norqul ota lahzalik sukunatdan javob topgandek:
– Hammaniki ichida, sening manov bolang borligi uchun ko‘ngling to‘q, – dedi. – Bir kun qabatimga kiradi deb umid qilib yashaganing uchun ham buni sezmaysan. Odamning egizi ichidagi umid bo‘ladi. Umidi yo‘q odam…
Akasi Aliqulning befarzandligi, yolg‘izligiga kuyunib otasi bu gaplarni aytguncha necha bor cho‘kib, qaddini bukib turganini sezib Soliqul:
– Aytgancha, Toshqo‘rg‘onda bugun peshinda qo‘ylarni o‘tlatgandim, Qo‘shbuloqdan suv chiqibdi! Shu bahor buloqlarning ko‘zi ochiladi chog‘i, – dedi gapni boshqa yoqqa burib.
– A?!
– Ha, o‘zim ko‘rdim. Qor engan gardishidan bug‘ taralib turgan ekan. Borib ko‘rsam, mildirab-jildirab…
– Xudoga shukr! – dedi Norqul ota ko‘zlarini yumib.
– Ota, bu yil toqqa qor ko‘p yog‘di, shu buloq qaynamasayam…
– E, bolam, sen bilmaysan. Bobong aytgan bu gapni menga: Agar Qo‘shbuloq qaytadan qaynasa, el ozod bo‘larmish. Buni bobongga bir devona bashorat qilib aytgan ekan.
Soliqul gap o‘zanini boshqa tomonga burganidan biroz ko‘ngli ko‘tarilib:
– Devona-ya? – dedi.
– Devona, devona emas, tentak tekka tentak bo‘lmaydi, ulim. Devonaning oti devona. Uning yurib bilgani, ko‘rib bilganini biz bilmaymiz. Esa Toshqo‘rg‘onga, elga baraka qaytibdi. Akangni o‘zi shu kunlarda uy tikib, bo‘lak qilsam, deb yuruvdim. Akang ko‘chib borib o‘sha yerning xosiyati bilan ul ko‘rsa, otini Erkin qo‘yamiz, – dedi Norqul ota o‘rtadagi sim dastakka osilgan chiroqning piligini ko‘tarib. Pilik bilan Norqul otaning ko‘ngli ko‘tarildi. Ammo, ko‘tarilgan pilik baribir tutadi…
– Shu gapingizga hayron qolaman, doim shunday deysiz, ozod bo‘lmay nimamiz? Tog‘ kengish bo‘lsa, – dedi Soliqul xotini Salomatning boyagi “ish”dan keyin qizarinibgina, ko‘zini yerga tikkan ko‘yi, dasturxonga suzib kelgan kosadagi ovqatni otasining oldiga surib.
– Ay! Oyog‘ing tushovda ekanini bilmaysan-da, bolam. Boqqaning kolxozning qo‘yi, o‘ynaganing birovning to‘yi bo‘lsa. Bir qo‘y toq tug‘sa ham, xatda egiz yozadi bular. Bari sonda yo‘q sanoqning ortidan quvgan bilan oshno bo‘lsang. Shu ro‘shnolik ko‘rganing bo‘ladimi? – dedi Norqul ota kosadagi ovqatni yog‘och qoshiq bilan, ko‘nglidagi cho‘g‘ni otashkurak bilan kovlab.
– Bunday gaplarni qaydan bilasiz-a, ota? – dedi Soliqul boshini qashlab.
Oradan bir hafta o‘tib Aliqul bilan xotini Zulxumor tog‘dan qaytishganida Norqul ota dilidagi gapni aytdi:
– Aliqul, ulim, kelin senam eshit, Toshqo‘rg‘onga ko‘chasizlar. Qo‘shbuloqdan suv chiqibdi. Egam berganiga egalik qilish ham davlat. Zora shu bilan niyatlaringga yetib… Enang shu kunlarda tushimga kirib yuripti.
Toshqo‘rg‘on davlatlining o‘rni. Bugun Turdining uyiga borib shu gapni aytgandim uyam, “Mayli qo‘ylarni o‘zim boqib turaman, mening oyog‘im singan bo‘lsa, otniki but-ku, hozir ancha oyog‘im durust”, dedi. Oyog‘idan taxtakachni olishganigayam, besh kun bo‘libdi.
Toshqo‘rg‘onning qulagan toshlarini qayta terib, Toshqo‘rg‘onga tirgak qilib, bir kulba sol. Ukang Soliqul yoningda bo‘ladi. Enang senga ko‘chib chiqsa beraman deb atagan omonati, o‘zimning ataganim ham bor, o‘ylanma, bari seniki. Sen Toshqo‘rg‘onda tomir otib, niyatingga yetib ketsang, mening ham ko‘zim orqada ketmasdi.
Aliqul ham anchadan beri ko‘nglidagini aytolmay yurgan ekanmi, yo kelini Salomatning bir-ikki xotini Zulxumordan bolani, beshikni qizg‘anganini ko‘rib ko‘ngli ezilib yurgani uchunmi, bunga rozi bo‘ldi. U yana o‘sha To‘balisoydagi so‘galtoshdek vazminlik bilan hammasiga bosh irg‘ab, roziligini bildirdi. Xotini Zulxumor esa o‘girilib, ko‘zidagi yoshini yashirib, suprada un elarkan, ko‘ngli elandi, ko‘kayi elandi, elanib-elanib ichida, “Yo Rabbim, Yaratgan Egam!” deya yolvordi. Supraga tomgan ko‘zyoshi suprada qotdi.
Ko‘charini o‘yladimi, bolaligi kechgan, onasi bir paytlar erkalab-suygan uydan kecharini o‘yladimi, Aliqulning shu kecha uyqusi qochdi, o‘zini mudraganga solib yotaverdi.
– Tur, Aliqul joyingga borib yot, – dedi Norqul ota, shu gapni aytib tursa-da, o‘g‘lining ustiga choponini tashladi.
Aliqul choponni ustiga tortib:
– Ota, shu bugun uxlamang! – dedi xuddi yosh boladek qaysarlik bilan.
– Bu nima deganing, kechayam uxlagan emasman, – dedi Norqul ota kinoyali kulgi aralash o‘g‘liga dardini aytgan bo‘lib. – Qariganda uyqu qochadi desa ishonmasdim. Bu ko‘z yumilmaydi, yumilsa achishadi, Ollohning zikri bilan tong ottiraman, ulim.
– Toshqo‘rg‘onda boy o‘tgan, qizillar bilan kurashib ketgan, deysiz. Ko‘p so‘rama, bu so‘rovli zamon, bilganing boshingga yetmasin, deysiz. Nimani sir tutasiz o‘zi, oti kim bo‘lgan u boyning? Nega har doim tayinli bir javob ololmaymiz sizdan. Endi u yerga ko‘chib borsam, sizdan keyin menam nevaralarimga aytib beradigan nimadir qolishi kerak-ku, – dedi Aliqul avval otasining shashtini, keyin ko‘rpani ko‘tarib sandalda qolgan cho‘g‘ni chamalab.
Norqul otaning o‘g‘li Aliqulda umid uyg‘onayotgani, uning “nevaralarimga” deb atab so‘rayotganidan biroz ko‘ngli ko‘tarildi.
– Shunday degin? Esa shu bugun senga hammasini aytaman. Sherpanja boya g‘ingshib nazarimda xavotirli ko‘rindi, qiblaga – Kalavashcho‘qqiga qarab hurib-hurib qo‘yayapti, sen bir qo‘zilagan qo‘ylardan xabar ol. Tishing singurlar qo‘yning qornidagi bolasini yorib yegani yetmaganday, yana qo‘zisidanam umidvor, – dedi.
Aliqul qo‘tondan xabar olishga ketganida Norqul ota yana o‘yga toldi: “Bu ancha esi kirib qoldi. Ko‘rgilik esini kiritdimi, yo onasini sog‘inib issiq sandalning boshidan ketgisi kelmadimi, ne bo‘lsa shunga aytayin”, dedi.
Aliqul tashqaridan o‘choqqa tashlab qo‘yilgan bodom cho‘g‘idan bir hovuch olib kirganida, uning ko‘zlarida ham cho‘g‘dek lovullagan bir ilinj bor edi.
Yangi olib kelingan cho‘g‘ning hili ko‘rpadan bug‘langanida Norqul otaning chuqur botgan qirg‘iy ko‘zlarida ming yillik dard lippilab turardi.
– Aliqul, sen kattamsan, harna davlatimning egasi, tobutimning chegasisan. Bu kunlar ham o‘tar, o‘tmaydigan kun borakanmi?.. Ko‘chgandaraning ko‘pi ko‘chib kelgan bilan bir elning odami. Xudo birovning rizqini boshoqdan bersa, birovnikini tuyoqdan berarkan. Nima bo‘lsa ham boshoqli bo‘l, boshli bo‘l, tuyoqli bo‘l, toshli bo‘l ekan. Elda matal ko‘p, qaysi chin ekanini zo‘ri bor bilan ori bor ayiradi.
Qoratovning qorasi qoraligida emas, ne-ne qora kunlari shundan bashoratmi, bilmadim… Ammo, odamning olasi ichida bo‘larkan.
…U kunlar qizillar qizamiqdek toshgan, haddidan oshgan bir kun edi. Sotgan ham, otgan ham o‘zimizdan chiqib, Toshqo‘rg‘onning tik qo‘rg‘oni quladi. Toshqo‘rg‘on asli el kechirganini boshdan kechirdi. Men kichkina edim, ammo bilaman. Miltiq tutgan otliqlardan qochib, Jo‘sh tarafga bir qarindoshimiznikiga yashirinib, enam bilan ikki ammam, Said akam, tog‘ oshib poyu piyoda borganmiz.
Boyning oti Bekturdi bo‘lgan. Elning begi, elni qo‘rigan qo‘rboshisi bo‘lgan u odam. Otam shunday derdi… Qo‘y-qo‘zisining, davlatining hisobini bilmasa-da, elning hisobin bilgan odam bo‘lgan ekan. Tog‘ni, elni qo‘rib turgan odamni toshloqqa tizzalatganlar ham o‘zimizdan chiqqan sotqinlar bo‘lgan.
Sulaymon sulluk degan odam bo‘lardi, bolaligimda “Tog‘da toloymonni ko‘rdim, suvda sulaymonni ko‘rdim…” degan topishmoqni eshitganimda, Sulaymon shu odam bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Ammo Sulaymon suvdagi baliq ekan, qilgan yaxshiligingni suvga tashla, baliq bilar, baliq bilmasa Xoliq bilar deyishadi. Xoliq Xudoning to‘qson to‘qqizdan bir oti. U Sulaymon esa, Xudodan qaytgan bir odam ekan. Eldan chiqib, qizil bayroq tutib, qon ichganlarga qo‘shilgan shu odamni el hali-hamon la’natlaydi. Qarg‘ish tegib “oqarib qolgan” deyishardi, buyam yetmaganday, tavbasi yoqasidan tutib, urug‘i qurib ketgan.
Ho-ov, Azlarto‘badan quyiroqda, hozir jiydalar o‘sib yotgan joy – o‘sha odamning uyining o‘rni bo‘lgan deyishadi. Hozir it ham qadam bosmaydi.
O‘z o‘g‘li miltiqda otib o‘ldirib, o‘zi ko‘mgan deyishadi. Ayoli buni ko‘tarolmay esdan og‘ib qolgan ekan. Kimga duch kelsa ko‘ringan toshni ko‘rsatib, “Shu toshning tagiga erimni ko‘mib qo‘ygan, kavlab bering”, derkan. Bechora, har toshning tagidan erini izlab, bo‘zlab o‘tib ketgan. Bejanoza ko‘milgan deb shundaylarni aytishadi. Birovlar, “O‘g‘lini ham o‘shalar yo‘ldan urib, “qizil sir”larni bilgani uchun Sulaymon sullukni o‘z o‘g‘liga ottirgan”, deyishadi. Bilmadim, bu yog‘i bir Xudoga ayon. O‘g‘liyam dom-daraksiz yo‘q bo‘lib ketgan.
O‘shanda men senga aytgan Sulaymon, qizil askarlarga yo‘lboshlovchilik qilgan ekan. Bir kunda… Bir kunda-ya?.. Boyni qo‘lga tushirolmagan bosqinchilar bir kunda uning ikki ayoli va olti bolasini bo‘g‘izlab ketishgan.
Tog‘ ichida to‘s-to‘polon, qirg‘inbarot boshlanib odamlar qizillarning o‘qiga uchib o‘lganlarni tobutda emas, yashirincha janoza o‘qishib, ko‘rpada olib borib qabristonga ko‘mishgan ekan. Ko‘rpa-ko‘rpa o‘lik ko‘milgan deyishadi o‘shanda. Shahidlik shunday bo‘lgan, ulim, shahidlar ustidagi kiyimi, kafani – ko‘rpasi bilan ketgan. Ular beayb xizmatkorlarni, boyning xizmatidagi cho‘ponlarni ham so‘rovga olib ketishgan. Ammo, so‘rovga ketganlar nom-nishonsiz ketgan.
Bu – boyni ikkinchi marta qizil askarlar axtarib kelganda sodir bo‘lgan. Birinchi martasida ular Bekturdiboydan oltinlarini qayerga yashirib qo‘yganini so‘rashgan. Boy o‘sha paytlari Jizmon tarafga chopar jo‘natgan ekan. To‘g‘rirog‘i, Jizmonsoydayam bir qo‘rboshi bo‘lib, beklar erk deb, or-nomus deb talashgan kunda, ularni talashgan. Xudo bergan davlatni talasa kamaymas, ammo ular itdek talab, yana ko‘p narsani ulardan talab qilishgan. Kim ham istab o‘z qo‘liga kishan kiyib, oyog‘iga tushov solardi. Jizmondan madad kuchi yetib kelmasidan qilishgan bu ishni.
Bekning navkarlari ham bek uchun, ham erk uchun ham kurashishgan. Cho‘ponlar bekning navkarlari bilan boyni birinchi marta qutqarib qolishadi, ammo, ikkinchi marta buning iloji bo‘lmaydi.
Ular yana qaytib kelishganda Bekturdiboyning Yonarko‘z degan oti bo‘lgan ekan. Qizil askarlar darada ko‘ringanda boy Yonarko‘zga “chuh!” deb bir qamchi bosibdi. Boyning qamchisi zarbidan o‘qday uchgan Yonarko‘z boyning eng so‘ngi umidi bo‘lgan. Sababi, Bekturdiboy qurol sotib olib, beklar bilan birlashib, bosqinchilarga qarshi kurashishni rejalashtirgan bo‘ladi. Shuning uchun ham boy bir hovuch oltin tangalarni, tanga kattaligidagi kichkina-kichkina qora xaltachalarga tugib, otning dumiga terib, tikib chiqqan ekan. Otning qora yoliga oltinlarni yashirishi kimning xayoliga kepti deysan…
Shundan so‘ng Yonarko‘z Pitov tomonga qarab ketgan deyishadi. Sababi, ko‘pkari uloqlarda ot egasi Shermatning nomi emas, Yonarko‘zning nomi chiqa boshlaydi. Sinchilar ham sinlab otning qayerdan bu chavandozning qo‘liga kelib qolganini bilisholmagan, yo bilsa ham tubi boyga taqalishini bilib aytolmagan.
Aytishlaricha, Yonarko‘zni tuqqan biyaning parqida qirq gaz qanoti bo‘lgan ekan. Boy bu tovdan u tovga o‘tar bo‘lsa har zamon, har zamon uning tuyog‘i “to‘q” etib toshga tegarkan. Menga qara, uyqung kemadimi ishqilib? – dedi Norqul ota o‘g‘li Aliqulning eshita turib ko‘zlarini yumib-yumib olayotganini ko‘rib.
Aslida esa Aliqulni yuragidagi og‘riqlar otasi aytayotgan voqeani ko‘z yumib eshitishga majburlardi.
– Qayerga kep qoldim? – dedi Norqul ota o‘g‘liga xayoli bo‘linib.
– Yonarko‘zni tuqqan biya haqida aytayotgandingiz… – dedi Aliqul ertak tinglayotgan boladek otasiga mahtal bo‘lib.
– E, ha-a, shunday qilib… zotdan zot qoladi-da baribir… Boyga kelsak, shuncha ko‘rgiligi yetmaganday uni qamoqqa olib ketishadi. Boy juda imon-e’tiqodli odam bo‘lgan. Qalb bilan Xudoga yetishish osonmas, boyning duo o‘qib qulflarni ochadigan karomati bor ekan. Hibsdaligida ham soqchilar bundan ajablanib, “Boya boy ota tashqarida tahorat olib yurganday bo‘luvdi, qanday qilib yana o‘zi panjaraga kirib oldi?” deb hayron bo‘lisharkan.
Karomatlari sababmi, yo beklarning birlashayotganidan xabar topgan qizillarning qo‘rquvi sababmi, yo qamoqdan qochishiga kimdir yordam berganmi, besh yil o‘tib boy o‘zimizga – Toshqo‘rg‘onga qaytib kelgan deyishadi. Shunda boy otining daragidan eshitib, uni ko‘rgan chavandozlarning ta’rifidan taniydi. Faqat u paytlar Shermat chavandoz emas, el-elat bu uchqur tulporga Qorayol deb nom qo‘yishadi, Yonarko‘zning oti almashib ketgan bo‘ladi. So‘rab-so‘rab boy Yonarko‘zni pitovlik Shermat chavandozdan topgan deyishadi.
– Ota, – dedi kutilmaganda Aliqul tun yarimlab sandal soviy boshlasa-da, ichi qizib hayratini jilovlayolmay. – Yonarko‘z ham emas, Qorayol ham emas, shu otni Oltin tulpor desa bo‘larkan!
So‘zamol, aytimchi el emasmi, Norqul ota bu safar o‘g‘li Aliqul aytganidek hikoyasidagi otning nomini Oltin tulpor deb davom ettira ketdi:
– Shu Oltin tulpor sabab Bekturdiboy qayta kuch to‘plagan. Shermat otga qanday egalik qilganini tan olib, boyning omonatini o‘ziga topshiradi. Otni ham Bekturdiboyning o‘ziga beradi. Shu-shu Shermatning Qorayoli, aytgancha, Oltin tulporni yo‘qotib qo‘ygani elda ko‘p shov-shuv bo‘ladi. Chopson otda uloq chopgani uchun emas, elda nomus, or uchun talashgani sabab izzat topadi bilsang. U vaqtda chopag‘on – chopsonlar bir so‘zli bo‘lgan, erligi erkida bo‘lgan. Shundagina ko‘chgandaraliklar bu ot Bekturdiboyning oti ekanligini bilib qolishadi. Bilgan bilan elning siri el ichida, yengdagi yeng ichida qoladi.
Shundan so‘ng Bekturdiboy beklar bilan birlashib, ozodlik yo‘lida kurashadi. Ming afsuski, uning keyingi taqdiridan hech kim xabardor emas. Intiqom olinmas kun borakanmi, tunov kuni bozordan qaytayotganda bir gap eshitdim ulim, bo‘y-sun-mayotganmish…
– Kim? – dedi Aliqul negadir otasining ovozi pastlab, tomog‘i shamollagandek xishillab gapirayotganidan ajablanib.
– Kim bo‘lardi, el-da. Biz tengi bosib olingan elatlarda to‘polon boshlanibdi. Bizdayam bir shamoli bor, el sukut saqlagan bilan “kel-keli” kelib qolgan ko‘rinadi. Qo‘shbuloqning qayta qaynab chiqqani ham bir bashorat. Boyning otini ham atayolmay yashadik. Toshqo‘rg‘on quladi, Qo‘shbuloq quridi. Egali joy beega bo‘lmasin dedim, endi yashash sening galing, o‘ylab ko‘r, ulim, – dedi Norqul ota chuqur xo‘rsinib.
Aliqul esa hali-hamon Oltin tulporning xayolida edi…
Tun Qorayolning yolidek qora ranglari jilvalanib oqara boshlaganda Yonarko‘zning ko‘zidek tong yulduzi osmonda charaqlab turar, otayotgan tongdan esa Oltin tulporning yer depsinib kishnashi eshitilardi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son