Ba’zan xotiralar qalbni tirnaydi… Goho shunday bo‘ladiki, topgan¬laringdan yo‘qotganlaring ko‘pga o‘xshab ketadi. O‘ksik bir hayajon bilan bosib o‘tgan yo‘lingga nazar tashlab olasan.
Otasi vafotidan keyin poytaxtda o‘qishini davom ettirayotgan Husan uch-to‘rt oyda bir qishloqqa kelib, ayasidan xabar olar, har kelganda ayasini bir yumush ustida uchratardi.
Bu safar borganida ayasi eshik supirayotgan ekan. Ishga berilganidan uning qadam sasini ham eshitmadi.
– Aya, men keldim…
Ayasi qaddini ko‘tardi, ko‘ksiga tuflagan bo‘ldi: «Kapalagimni uchirib yubording, bolam», – dedi. Keyin bir zum, atigi bir zum u tarafga nazar tash¬lab turdi-da, qo‘lidagi supurgisini uloqtirib, uni bag‘riga oldi.
– Nega hayallab ketding, bolam, onang emasman-da, onang bo‘lganimda bunchalik yo‘qolib ketmasding, – deya gina qildi.
Ayasi uni quchgancha turar, yelkalari silkinayotganidan unsiz yig‘layotgani sezilardi. Husan ayasining oqarib ko‘kimtir tus olgan sochlarini siladi, yuziga sidirilib tushgan ro‘molini peshonasiga tortdi.
– Nega unday deysiz, men sizni onamdan yaxshi ko‘raman. Ish, o‘qish bilan vaqtim bo‘lmadi.
– Otang o‘lmaganida kunduzi o‘qirding.
Ayasi undan avvalroq borib yog‘och karavotga yozig‘lik ko‘rpacha ustiga yangisini soldi.
– Nima qilyapsiz, aya?
– Mehmonday kelib, mehmonday ketasan, ko‘rpacha solayapman.
Dasturxonni yangilagani ayasi ichkariga kirib ketdi.
– O‘tirsangiz-chi, aya, sog‘indim deysiz-u, kelsam oldimda tinch o‘tirmaysiz.
Ayasi qant-qursga qo‘shib toza oq nafis dokaga o‘ralgan go‘sht to‘rg‘amlarini olib chiqdi.
– Sensiz tomog‘imdan o‘tarmidi, bolam, go‘sht pishirganimda nasibangni olib qo‘yganman.
Husan bo‘g‘ziga nimadir tiqilib yutindi.
U harbiyda yurgan kezlari ayasi har osh damlaganda nasiba deb bir kaft guruchni xaltaga solib qo‘ygan, kelgan kuni o‘shani o‘ziga osh qilib yedirgan edi.
– Ola qol, bolam, – qistadi ayasi, – oftobda qotirib, keyin muzdek joy¬¬da asraganman.
Ayasi go‘sht bo‘laklarini taqsimchaga maydaladi.
– Endi ikkimiz baham ko‘ramiz.
Husan taqsimchani o‘rtaga qo‘ydi.
– Hali ham achchiq choy ichasanmi? Sen ichadigan qilib damladim.
Ona – bola choyxo‘rlikka o‘tirishdi.
– Charchab qolyapsiz, aya, sizga qiyin bo‘ldi.
– Meni qiynalmasin desang, uylan. Kelin oldimda bo‘ladi.
Husan pishitib kelgan fikrini o‘rtaga tashladi:
– Avval ukamni uylantiramiz.
– San jinni bo‘libsan, – ayasining tusi o‘zgardi. Xalq kuladi, o‘gayligiga bordi, o‘zinikini avval uylantirdi deydi.
– Xalq bizni boshimizni silab katta qilganingizni biladi. Ukamni qarz-qavolasiz uylantirsak, bas. Eru xotin ishlasa, men uylanguncha o‘zlarini tiklab oladi.
– Og‘ang kelsin-chi, – ayasi bo‘shashganday bo‘ldi.
Tamaddidan so‘ng, dasturxon yig‘ishtirildi.
– Uch-to‘rt kun turarsan?
– Uch kunga ruxsat olib keldim.
– Agar charchamagan bo‘lsang, shaharga tushib xolangni ko‘rib kelsang bo‘lardi.
– Qaytishimda kirib o‘taman.
– Xola ham onaday gap.
– Yo‘l-yo‘lakay kirsang, xafa bo‘ladi, erinma bolam.
Aya Husanni ko‘chaga qadar kuzatib chiqdi.
– Xolangni so‘rab qo‘y, keyin boyagi gap uchini chiqar-chi, nima derkin?
* * *
Sukut ingan ko‘chalar Husanga bolalik chog‘larini eslatdi. U bolalikdan odamovi o‘sgan, ko‘pchilikka qo‘shilmas, o‘yinqaroqlik ham qilmas, ayasidan ajramasdi.
Katta qishloqda uni tanimagan odam yo‘q edi. To‘y-to‘ychiq, biron ma’rakadan kelayotgan ayollar hamisha uni o‘rab olishar, Norbining o‘g‘li deb suyushar, cho‘ntaklaridagi bor narsalarini qo‘liga tutqazib ketishardi. Husan Norbining emas, ayasining o‘g‘li bo‘lishni istar, yig‘lamsirab uyiga qaytardi.
– Aya, xotinlar meni Norbining o‘g‘li deyishyapti.
– Xotinlar bekor aytibdi. Sen mening o‘g‘limsan, seni daladan, yantoqning tagidan, quyonlarning yonidan topib olganman.
Uyga kirib ketgan ayasi kaftini qant-qurs bilan to‘ldirib chiqib, do‘ppisiga solardi.
– Men senga ularnikidan yaxshirog‘ini beraman.
Kun issiq edi. Ko‘cha oxiriga borgan Husan bir to‘p ayolga duch keldi. Salom berdi. Ayollarning ulug‘i oldinga chiqdi.
– Norbining o‘g‘limisan?
– Obdagulni.
– Obdagulniki hali yosh, Norbinikiga o‘xshayapsan, qosh- ko‘zlaring aytib turibdi, – ayol yonidagilariga o‘girildi. – Buni onasi «pinski dom»da tuqqan. Norbi rahmatli ikki beshikni ikki yoniga qo‘yvolib o‘rikni soyasida alla aytardi. Biz Qo‘shtepaning yonida chopiq qilamiz. Uning allasini eshitib yig‘lamagan odam ham yig‘lardi. Umri qisqa ekan-da, mana bolasi bo‘y yetib uylanadigan bo‘lib turibdi.
– Soch deganini ayting, – qo‘shildi ikkinchi ayol. – Obdagul ham tuzuk, o‘gayligini ham bildirmadi.
– Yetimlarning boshini silaganini xudoyim ham bildi, bitta bo‘lsa ham o‘g‘il berdi, – davom etdi gap boshlagan ayol.
– Uyga kirib o‘tiringlar, – taklif qildi Husan ular bilan xayrlasharkan.
– Xudo hohlasa, to‘yingda savat qilib beramiz, – chuvullashdi ayollar.
* * *
Husan ayni tush chog‘ida xolasinikiga kirib bordi. Ayvonda do‘ppi tikib o‘tirgan xolasi darvozadagi sharpani sezdi, tanidi, tikayotgan do‘ppisini otqilab yalangoyoq chopdi.
– Hoy-hoy, onasi, o‘pkangni bos, jiyaning ketib qolmaydi, – yonboshlab yotgan pochcha xotinining ortidan yo‘rg‘aladi.
– Kel, bolam, – xolasi uni quchog‘iga oldi va tiyiqsiz ko‘z yoshlari bilan uning yuzlarini ivitdi.
Pochcha ham uni xuddi otalarday bag‘riga oldi. Hammalari qo‘ltiqlashib shiyponga odimlashdi.
– Toshkentdan qachon keldingiz? – savolga tutdi pochcha.
– Ertalab poezddan tushdim. Uyda bir piyola choy ichdim, keyin ayam bu yoqqa jo‘natdi
– Umridan baraka topsin, – dasturxon solishga tutingan xolasi ayasi haqqiga duo qildi. – U dunyo-bu dunyo kam bo‘lmaydi. O‘tgan hafta bozorda uchratdim. Sizni so‘rasam, anchadan beri kelmaydi, deb ko‘ziga yosh oldi. Zinhor-bazinhor dilini og‘ritmanglar.
Nasihatdan boshlangan suhbat olis xotiralarga ko‘chdi.
– Norbi o‘tganda to‘qqiz oylik chaqaloq eding. Ma’rakasini o‘tkazib, otam rahmatli Obdagulni pochchamga o‘zi bosh bo‘lib olib bergan.
Xolasining ko‘ziga yosh qalqidi.
– Kel. Xolasi, endi bu kishining ham yuragini siqma.
– Ko‘nglimni oyda, yilda bir shularga bo‘shatmasam, kimga bo‘shataman.
– Karkidondan ancha narida, Varzikning yoqasida finlar uslubida qurilgan yog‘och uy bo‘lardi, – izoh berdi pochcha. Odamlar «pinskiy dom» deb atashardi.
– Bir tarafi uzumzor, bir tarafi o‘rikzor bo‘lgan uyni men ham eslayman, – suhbatga qo‘shildi Husan.
– Barakalla. Sizlar o‘sha yerda tug‘ilgansizlar.
Qahraton qish chillasida «pinski dom»da yashagan onasi mollarni sug‘organi qishloqqa haydab tushgani, ortidan turgan shamol avval uy derazalarini, so‘ng eshikni ochib yuborgani, qishloq chillasida yelvizakda qolgan qizaloq, uning opasi, kechga borib isitmalab o‘lib qolganini ham u birinchi marta shu kuni xolasidan eshitdi.
Choy ustidagi suhbatga ora-sira pochcha qo‘shildi.
– U vaqtlar avtobus yo‘q. Taksida Varzikka odam tashiyman. Onangiz ajoyib edi. Mashinamni ovozidan tanirdi. Varzikdan qaytishimda choy damlab, tuxum pishirib berardi. Varzikning yarim odami onangizni choyini ichgan. Ta’ziyasiga ham ko‘pchiligi keldi, – pochcha Husanga choy quyib uzatarkan, hikoyasini davom ettirdi. – O‘sha kezlari ruslar Shakaftordagi oltin konlariga Angrendan temir simyog‘och tortgan. Asosan nemis asirlarini ishlatishgan. Ozg‘in, oyoqda bazo‘r turgan tutqunlardan biri non so‘rab kelsa, onangiz bir chelak tuxum bilan ikki tandir nonni ulashib yuboribdi. Urush ko‘rgan Ulkanboy akam bir g‘ijinadi… Norbi rahmatli qishda uzilgan-da…
– Chillaydi, – esladi xolasi. – Nusratjon maktabga chiqqan yil. Kechga qolgan bola tumanda adashib G‘ovasoy yoqalab Yorqishloq tarafga o‘tib ketibdi. Yo‘liga ko‘z tutib turgan Norbi shamolda bolasi ovozini eshitib, yupun kiyimi bilan bitta kalishda bolamlab chopavergan. U vaqtlar bo‘rilar ko‘p bo‘lardi. O‘shandan keyin hafta o‘tib yotib qoldi deb eshitgandik. Unda shahar kasalxonasi yonimizda edi. Bir oqshom pochcham shoshib kirib keldi. «Singlingizni oldiga chiqib turing, men qishloqqa borib kelaman» – dedi. «Piyoda qachon borib kelasiz», deb pochchangizni qo‘shib berdim. Bu kishi mashinani minib keldilar. Men kasalxonaga chopdim. Norbi rahmatli bir burda bo‘lib yotibdi. Olov bo‘lib yonayapti. Olib borgan ovqatimga qaramadi. Suv so‘radi. Dokani qorda ivitib kelib, peshonasiga bossam, yarq etib ko‘zi ochildi. «Opa, – dedi, – agar o‘lguday bo‘lsam, bir dam meni yuz tuban yotqizib qo‘ying. Ichim zahar bilan to‘lib ketgan. U yoqqa sal poklanib ketay».
Husan sovugan choyini oxiriga qadar xo‘pladi, bo‘shagan piyolani kaftida aylantirib o‘ynadi.
– Nega unday deb aytgan? – deb so‘radi.
– Pochcham ko‘cha odami. Ertalab ishga ketib, kech qaytadi. Dalada yozu qish bir o‘zi siqilib qolgan-da, bolam, – tushuntirdi xolasi. Sizlar yosh. O‘sha kuni pochcham qishloqqa bu kishi bilan borib qaytganda, Norbi holdan toyib bo‘lgandi. Pochchamni ko‘rib rozilik so‘radi. «Kunim bitgan ko‘rinadi, dadasi, menga bir narsa bo‘lsa, Husanboy nimjon, o‘zingiz olib qoling, Fotimani G‘ulkarbi opamga bering, u eplab oladi», – dedi-yu, shilq etib boshi qo‘limga tushdi. Aytganday qilib, yuz tuban yotqizib qo‘ydim. Ichidan rosa bir kosa ayron zardobiday ko‘kimtir suv tushdi.
Oraga og‘ir jimlik cho‘kdi.
– Fotimani nega ammamga bermagansizlar? – surishtirdi Husan.
– Ayam, o‘gay onam og‘iz solganda, pochcham yo‘q deyolmadi.
– O‘ynoqlashib shaharga olib borgan-u, o‘ligini olib qaytgan deyishadi.
– Shaharga qizinikiga olib kelgan. Uning ikkita tutqanog‘li bolasi bor edi. Fotima kasal bolalar boshida aylanib o‘ynayvergan. Ular ahamiyat berishmagan, berishsa ham ko‘ngillarida nima bo‘lgan, Olloh biladi. Meni oldimga olib chiqishganda, bola hali tirik edi. Saodat emizikli. Bor-e dedimu ko‘krak tutdim. Cho‘lq-cho‘lq emdi, so‘ng qusdi-yu, qo‘limda jon berdi. Dodimni kimga aytaman, bolam.
Husan ortiq toqat qilolmadi. Gapni boshqa mavzuga burdi.
– Bir qishloqqa chiqsangiz bo‘lardi.
– Tinchlikmi?
– Ukamni uylantirmoqchiydik.
– Sizday akasi turib-a?!
– Shunga ayamni ko‘ndiring deyman.
– Obdagul nima deyapti?
– El kuladi deb unamayapti.
– Siz-chi?
– Men uylansam, o‘qishim juvonmarg bo‘ladi.
– Ketguningizcha boraman.
Eru xotin Husanni kuzatib ko‘cha boshiga qadar keldilar.
* * *
Keyin oradan uch oylar o‘tib Husan ukasining to‘yiga keldi.
– Xafamasmisan? – so‘radi ayasi. – Qizim yo‘q, qiz bo‘lar deb singlimni qizi¬ni kelin qildim.
– Sizga yoqqan bo‘lsa, bo‘ldi.
Amakilar to‘yboshi, amma-xolalar xizmatda bo‘lishdi. Otasining o‘rnini bilintirishmadi. Husan to‘ydan keyin ko‘rmanasini ko‘tarib kelinni ko‘rgani kirdi-yu, quruq qaytib chiqdi.
– Shoshmang, – yangasi uni ostonada to‘xtatib ichkariga bosh suqdi. – Hoy, ovsinjon, qaynog‘angiz qaytarkan, to‘qigan ro‘molchalaringizdan bermaysizmi?
Yangasi ichkaridan uzatilgan ro‘molchani yorug‘ga solib ko‘rdi, rangi o‘zgardi, biroq buni yonidagilarga sezdirmadi.
– Mana inim, keliningiz bergan ro‘molcha. Olib borib do‘ppingizni ustiga tashlab qo‘ying. Uylanganingizda xotiningizga berasiz, shundayligicha egasiga qaytaradi.
– Xafa bo‘lmay ketgin, o‘g‘lim, – ayasi uni naq bekatga qadar kuzatib bordi.
– Qiziqmisiz, aya.
– Endi tez-tez kelib tur, nafaqamni yig‘ib turaman.
Ayasi bilan xayrlashib avtobusga chiqqan Husan boyadan beri kaftida qisib kelayotgan ro‘molchani avtobus derazasidan uloqtirib yengil tortdi.
Sentyabr oxirlarida paxtaga ketishdan oldin ayasidan xabar olgani kelgan Husan uni g‘oyat xomush holda ko‘rdi.
– Biron gap o‘tdimi?
– Tanlab-tanlab tozisiga uchradim shekilli, bolam, kelin bir oy turmay ketib qoldi.
– Nimaga?
– Uyimiz eskiymish. Yangisini solib bermagunimizcha kelmasmish.
– Arqonni uzunroq tashlab qo‘yavering-chi, – maslahat berdi u.
* * *
Husan uylandi. Uch yil o‘tsa ham farzand ko‘rishmadi.
– Xotiningni do‘xtirlarga ko‘rsatgin, – maslahat berdi ayasi.
– Ko‘rsatdim, aya, yo bola asrab olinglar, yo ajrashinglar deyishyapti.
– Xotining biladimi?
– Yo‘q.
– Bildirmay yaxshi qipsan. O‘sha do‘xtirlaring bekorlarni aytibdi. Xotining bolali bo‘ladi. Tushimda Xo‘jayidod bobo mozorini supirib yuribdi. Sen tilaklik bo‘lmasang ham tilaklidan yaxshiroqsan. Bolaligingda seni u yerga olib borib qozon qaynatib kelardik. Endi yana boramiz.
Juma kuni sahar yo‘lga tushdilar. Bir tarafi quyuq daraxtzor, bir tarafi ulkan tepalik bo‘lgan mozordagi ko‘hna imorat ayvonida o‘tirgan qariya ularni olisdan tanidi.
– Obdagulmisan? – deb so‘radi. – Bolalari katta bo‘lib oyog‘ini tiyib oldi deb kecha dilimdan o‘tkazgandim. Qizingmi, keliningmi, shayxning mozorini tozalab yuribdi.
– Birga borib shayx mozori tepasiga tizilishdi. Bobo duoga qo‘l ochdi. Boshqalar qo‘shilishdi.
– Buni oldingizga ko‘p olib kelganman, buvasi, – gap boshladi ayasi. – Duo qiling, ota, shunga xudoyim qizmi, o‘g‘ilmi bir farzand bersin, o‘ynoq¬latib oldingizga olib kelaylik.
– Bobo tilovat boshladi. Ovozi mayin, yoqimli edi. Husanning vujudi jimirlab ketdi. Duodan so‘ng bobo kampirini yoniga chaqirdi.
– Bor bisotingni ko‘r, bu qizingga atagan narsa chiqib qolar.
– Ichkariga kirib ketgan kampir qo‘lida ro‘mol va qiz bolaning ko‘ylakchasi bilan chiqdi. Ro‘molni Saodatning boshiga soldi, ko‘ylakchani qo‘liga tutqazdi.
– Qizim, bobongni tilaklari beiz ketmaydi. Sandiqqa qo‘limni tiqsam, ilingani shu bo‘ldi. Xudo xohlasa, farzandli bo‘lasan, boshi qiz bo‘ladi-yov, qo‘limga ilinganidan bildim.
* * *
Bir yil o‘tib xotini qiz ko‘rdi. Ayasi umri bino bo‘lib kasalxona yuzini ko‘rmagan, dori xidiga toqat qilolmasdi.
– Yuring, nabirangizni ko‘rsatib kelaman, – dedi Husan.
– Ovsinlari yumma talar.
– Sezdirmaymiz, sekin taksida olib borib kelaman.
Shunday qilishdi. Ayasi kelini ko‘tarib chiqqan qizaloqni qo‘liga oldi, suydi, so‘ng chaqaloqni Hasanning qo‘liga tutqazdi.
– Ol, ko‘r, qiz bola otasini bir ko‘rishda taniydi.
Kipriklari uzun, qoshlari qop-qora qizaloqning nafas olgani sezilmasdi. Husan cho‘ginqirab, andak entikish bilan qizini qo‘liga oldi.
– Qarang, – kuldi Saodat. – Qosh-ko‘zlari xuddi sizniki.
Qizaloq sergak tortdi, sizmi mening otam deganday unga termuldi, so‘ng ohista ko‘zlarini yumdi. Saodat mehr bilan eriga qaradi-yu, shivirlaguday qaynonasidan so‘radi:
– Ismini nima qo‘yamiz, oyi? O‘zingiz tanlab bering.
Ayasi duoga qo‘l ochdi.
– Qiz bergan Xudo o‘g‘ilni ham beradi. Farzandning boshi qiz bo‘lsa, davlat bo‘ladi. Iloyo umri bilan bergan bo‘lsin. Keyingisi o‘g‘il bo‘lsin. Yo‘q demasanglar, O‘g‘iloy bo‘lsin!
Ayasini uyga kuzatgan Husan ishxonasida qoldi. Oqshom uyga sarxush qaytdi. Ayasi o‘choq boshida kuymalanar, negadir Husanga ro‘baro‘ kelishdan qochardi. O‘choq tomon borgan Husan ajabtovur holning ustidan chiqdi. Ayasining yuzi timdalangan, chuqur botgan tirnoq o‘rnida qon qotib qolgandi.
– Qaysi biri?! – qahr bilan so‘radi u.
– O‘tir, o‘g‘lim, mening o‘g‘lim bo‘lsang, jim o‘tir, – yig‘lamsiradi ayasi.
Ayasining gapi tugamasdan ostonada ukasining qorasi ko‘rindi. Daladan endi qaytgan, hali etigini yechmagan ukasining fe’li aynigani yuzidan bilinib turardi.
– Akamning xotinini ko‘rgani boribsiz-ku, ona, o‘lib-po‘lib qolma¬dingizmi? – dedi u olayib. – Nima qilardingiz borib, xotinga meni tilimni qisib?
– Tilingni tiysang bo‘lardi, – Husan uni murosaga boshladi.
– Siz aralashmang, men o‘zimni tuqqan onam bilan gaplashayapman.
– Qizing eshigimda tug‘ilganida o‘la-o‘la borardim, tug‘ilganini bilmasam, daragini eshitmasam, nima deb boraman? – ayasi o‘zini oqlashga tushdi.
– Ko‘ru karmidingiz?
– Yo‘qol! Bu yerdan qorangni o‘chir!
Husan g‘azab bilan o‘rnidan turdi-yu, ukasiga qaramay ko‘ksini ushlagancha kesilgan daraxtday yiqilayotgan ayasi tomon chopdi. Ayasining gap-so‘zlarini yaxshi anglab bo‘lmas, oyoq-qo‘li izmiga bo‘ysunmas edi.
– Qimirlatmanglar, – maslahat berdi Husan olib kelgan doktor. – Bu yog‘i endi Xudodan.
Hafta o‘tmay ayasi og‘irlashdi.
– Ukangni chaqir, buyurdi akasi Husanga.
U o‘rnidan turgan edi, ayasi etagidan tutib yoniga o‘tkizdi.
O‘g‘ilu kelinlar ko‘z urishtirib oldilar.
– Tuzalib olay, o‘zim bilaman, – dedi bazo‘r ayasi, – tuzalmasam, rozi bo‘linglar.
U yana nimadir demoqchi edi, ulgurmadi, so‘nggi so‘zi bo‘g‘zida qoldi.