Qachonlardir Chechakni yaxshi ko‘rib qolishini xayoliga ham keltirmagandi. O‘zini oqlamoqchi emas-ku, singildek yaxshi ko‘rardi uni. Bitiruv oqshomi — so‘nggi qo‘ng‘iroqda esdalik uchun bergan mittigina sovg‘asi hamon maktab xotiralarini eslatar, shundan yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib hapriqib-hapriqib qo‘yardi. Buni doim sinfdoshlariga nisbatan sog‘inch, ularning diydorini qo‘msash, deb tushunardi, xolos. Aslida ham shundaymidi, bilolmaydi. Yuragining tub-tubida jimgina g‘ujanak bo‘lib yotgan tuyg‘u bugun nechuk bezovta qilganiga o‘zi ham hayron. Mana o‘sha — undan qolgan xotira: o‘z qo‘llari bilan to‘qigan, anor gullari tasviri tushirilgan ro‘molcha. Har gal ko‘rganda boshqacha bo‘lib ketadi… Bu unga go‘yo bolalik sho‘xliklari kabi quvonchli hissiyotlardek tuyulardi.
Hammasi oilasi bilan qishloqdan ko‘chib ketishganidan so‘ng boshlangandi. Ular devor-darmiyon qo‘shni yashashardi. Onasining aytishicha, Chechakning ota-onasi mahalla-ko‘ydagi har xil mayda-chuyda gaplar bois ko‘chib ketishgan. Aynan nima uchunligiga hozirgacha aqli yetmaydi. Ayrimlar otasining ishini peshlashardi. Balki Chechakni o‘ylab shunday qilishgandir. To‘g‘risi, bularning barisi unga ahamiyatsiz va bu haqda bilishni ham istamaydi. Muhimi, Chechakka o‘rganib qolgani. Uni har doim ko‘rardi, birga o‘ynardi-da, axir. Hatto bir sinfda o‘qishardi. Ulg‘ayib, katta bo‘lganida bo‘lsa, Chechak doim unga tushlikka issiq ovqat tashirdi. Uzoqdan qorasini ko‘rishi bilan qorni ochganidanmi yo boshqa biror sababmi, o‘zini baxtiyor his qila boshlardi. Endi o‘ylasa ikkisining ham eng baxtli onlari soyday o‘tib ketgan ekan. U kunning issig‘ida suv kechib, sholipoyada sholi o‘tardi. O‘toqchilik oson ishmas, buni bilgan biladi, bilmagan bilmaydi. Sholini o‘tash uchun o‘toqchi kuchli bo‘lishi kerak. Qorni tatalaganda dunyoni yutishga shay bo‘ladi odam. Shunda Chechakni kutardi. U juda sho‘x va quvnoq qiz edi. Ozgina shaddodligi ham bor edi-yu, ammo bu o‘ziga juda-juda yarashardi. Kulgilari hamon quloqlari ostida jaranglaydi. Hamisha shamollar bilan quvlashib, raqsga tushib kelardi yoniga. Chechak o‘ynaganda olam shodlikka to‘lib ketganday bo‘lardi go‘yo. Unga shunday tuyulardi-da. Olisdan harakatlarini tomosha qilib zavqlanardi. Uzun-uzun qo‘llari bilan havoda turli shakllar chizib, olisdan nimalardir deyayotgandek ko‘rinardi. Yetib kelganida ishoralari haqida so‘rasa, uyalib qizarib ketardi. Uni chalg‘itib, ko‘zini olib qochardi. Yoshlik g‘o‘rliklari tufayli raqs bechoraning hayotiga aylanishini tushunmagan ekan.
* * *
Shu-shu uni o‘tgan kuz — hosil bayramida ko‘rdi. Chiroyli kiyinib olgan, nozik harir ko‘ylaklari shamolda hilpirardi. Maydon o‘rtasida ko‘pchilik qizlar qatori bulut misol suzib, raqs tushardi. Uni tanidi-yu, odamlar panasiga berkindi. O‘zini ko‘rishini xohlamadi. Bayram ham tatimadi. Yana ko‘zi tushib, kayfiyati buzilmasin, deb uyga qaytvordi. Kiyimlarini almashtirib, to‘g‘ri soyga tushib ketdi. Borib biroz Qoradaryoning shovvalarini tomosha qilib yozildi. So‘ng sholipoyaga o‘tdi. Sholi o‘rib, bog‘-bog‘ qilib bog‘ladi. Ish bilan ovunib, uni unutishga harakat qildi. Ammo o‘lgudek ochqagandi. Bog‘lamlarni yig‘ib, g‘aram qilayotganida uzoqdan Chechak ko‘rindi. Ko‘zlariga ishonmadi. Ochlikning nayrangi bu, deb o‘yladi. Yo‘q. Xuddi o‘zi. Bu atrofda unga o‘xshash qiz yo‘q edi. Qo‘llarida tuguncha ham bor. Hoynahoy, tushlik opkelayotganga o‘xshaydi. Odatdagidek poldan-polga sakrab, gir-gir aylanardi. Uni kutmagandi, to‘g‘risi. Pal boshiga kelib, birdan taqqa to‘xtadi. Oyog‘iga tikan kirgandek hakkalab, yerga o‘tirib oldi. E’tibor tortmoqchi bo‘ldi, shekilli. Yugurib borib yordam bermoqchiydi, g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Ro‘parasiga kelib qaqqayib turaverdi. U tugunchani yechayotganda, sekin-asta yoniga cho‘kkaladi. Chechak indamay oldiga noz-ne’matlar qo‘ydi. Chinni idishdan hovur chiqib turardi. Ustidagi taqsimchani ochib, bitta mantini olib og‘ziga soldi.
— Uylaringizga borsam xolam yolg‘iz o‘tiribdi. Sizga ovqat jo‘natishga dastyor topolmay turgan ekan, — dedi Chechak jilmayib. Uning so‘zlari samimiy edi. Ovozi beg‘ubor jarang taratardi. U bo‘lsa:
— Sendan boshqa odam qurib ketibdimi? — deb to‘ng‘illadi. Chechak ahamiyat bermadi. So‘ramasa ham chug‘urlab qishloqqa qachon, kimlar bilan kelganini, katta maydonda hammalari birga raqs tushishganini gapirib, maqtana ketdi. Uni eshitgisi kelmay shosha-pisha ovqatlanib, o‘z yumushi bilan shug‘ullana boshladi. Jahl bilan sholi bog‘larini ko‘tarib, polning chetiga irg‘itardi. Chechak cho‘chib tushdi. Panoh izlagandek atrofga qarab, ko‘zlarini jovdiratdi. Birozdan so‘ng:
— Tomosha bo‘lib raqs tushma, — dedi baqirib u.
Chechak qattiq xafa bo‘ldi. Qovog‘ini solib oldi. Taraqa-turuq qilib, idishlarni yig‘ishtirib tugunga joyladi-yu, indamay o‘rnidan turib, ketib qoldi. Uni kuzatib ham qo‘ymadi, ortidan ham qaramadi. Ana shunday qo‘pollik qilgani uchun haligacha o‘zini koyiydi. U yarim tungacha ter to‘kdi. Oy yorug‘ida sholi bog‘larini to‘p-to‘p qilib, o‘ntalarcha uchamak yasadi. Charchab toliqdi. Oydinda daryo bo‘yidagi yolg‘iz do‘lana tagiga borib dam ola boshladi. Bir zum atrofga razm soldi. Ayg‘irdek sapchib — sakrab-sachrab; atrofga shovqin solib — o‘kirib-bo‘kirib, shovvalar hosil qilib oqadigan daryo bugun qanaqadir sokinlashib qolgandek edi nazarida. Yo uni o‘ylab diqqati qochganmi, harqalay shunday tuyulayotgandi. Hammayoq zimiston. Shuuriga bari narsa qop-qorayib o‘rnashib olganday go‘yo: qoradaryo, qoraosmon, qorashamol, qoratog‘, qoratun, qorado‘lana… Eng achinarlisi qoraqiz —Chechak. O‘zi sevgan o‘sha timqora sochli, ochiqko‘ngil malak… Qaniydi, u yana kelsa-yu, qalbiga olam-olam quvonch baxsh etsa… Shunday bo‘lishini juda-juda xohlardi. Ammo hammasi tugagandi. Bir og‘iz so‘z bilan butun xotiralarga nuqta qo‘yilgandi. Bunga unchalik ishonmasa-da, achchiq haqiqat edi.
* * *
Uni boshqa ko‘rmasa kerak, deb o‘ylagandi. O‘tgan bahor shaharga tushganida -Navro‘zda uchratdi. Yana raqs tushardi. Uzoqdan uning harakatlarini tomosha qilib turdi. Odam juda ko‘p edi. Yuzlab tomoshabin ichidan aynan o‘zini ilg‘ab olishini kutmagandi. Qoyil ham qoldi. Nima uchundir ko‘zlaridan yosh sizdi. O‘zidan qattiq xafa bo‘lganligini yaxshi biladi. Oxirgi uchrashuvdan keyin kunlarni hijron azobida o‘tkazganini bilmaydi-da u. Kuzgi dilsiyohlik uchun Chechakni ko‘rganda ko‘nglini ovlashni diliga tugib qo‘yuvdi. Mana endi qarshisida uning o‘zi turibdi. Bir necha o‘n qadam narida, xolos. Tili yopishib qolganmi, kalimaga kelmaydi. Qani gapirolsa. Unga befarq bo‘lmaganligini, faqat qalbini ochishga jur’ati yetishmaganligini aytolsa. U chiroyli o‘ynardi. Chechakning san’at uchun yaralganini tushuna boshlagandek edi. Nima bo‘lsa bo‘lar, deb uning raqsini tomosha qildi. Chechak “Kelganingizdan xursandman, sizni jonimdan ham ortiq yaxshi ko‘raman”, deyayotgandek edi. Ha-ha. Xuddi shunday gapiryapti. Chunki Chechakni yaxshi biladi. Uning harakatlarini, imo-ishoralarini hammasini o‘qiy oladi. Tag‘in ketib qolmasligini uqtirardi. Yana qishloqni, qishloqdagilarni, bolaligini, bolaligi o‘tgan qadrdon uyini, qo‘shnilarni, eng yaqin do‘stlarini, dalalarni, soyni, shamolni, Qoradaryoni — barcha-barchasini sog‘inganligini aytardi. Bir payt qarasa, Chechak rosmona yig‘layapti. Ko‘zlaridan duv-duv yosh oqyapti. Ko‘ngli buzilib ketdi. “Nima, biz seni sog‘inmabmizmi, Chechak?”, deb baqirvorishiga sal qoldi. U ko‘nglidan o‘tgan gaplarni tushungandek “yarq” etib qaradi. Endi o‘zi Chechakka xayolan gapirardi. Chechak qandaydir qotib qolgan harakat bilan uni tinglayotgandek ko‘rindi. O‘zini ketib qolishidan xavotir oldimi, harqalay vujudi quloqqa aylanganini his qildi. “Sen mening xayolimdasan, Chechak. Doim o‘ylarimni, tushlarimni buzasan. Ba’zan sog‘inchdan yorilib ketay deyman. Eng yomoni, men ham sening xayolingga aylanganim. Ko‘z yoshlaringda qotib qolganim… Chechak, bir kun kelib mening gaplarimni anglaganingda, o‘kinma. O‘zingni ayblama. Bu sen bilan mening xohishimiz emas edi. Hatto ota-onalarimizning ham tadbirimasdi. Barisi battol hayot, achchiq qismatning ishi bu. Qaniydi ikkimizni ajratgan o‘sha ko‘rinmas mal’un, ichi qoralarni tutib olsam-u, xumorimdan chiqib-chiqib kaltaklasam. Ezg‘in o‘ylarim uchun kechir, Chechak!.. Men senga necha yillardan buyon ich-ichimga cho‘kkan so‘zlarni, yulib olib aytyapman”, deb ko‘nglidagi gaplarni ipga tizib xayolidan o‘tkazdi. Chechak hamon qotib turardi. O‘ylamay qo‘yganda nihoyat qimirladi. Raqs tushishdan to‘xtab, ko‘z yoshlarini yenglariga artdi. Uni kuzatib turgandi. Chopib borayotgan qizlar orasida ko‘zdan qochirdi. Birdan yo‘q bo‘lib qoldi. U bir necha vaqt davomida kechgan voqealarning barchasi xayolida yuz berganini tushunib, ketishga chog‘landi. Hamma narsa aksi bo‘ladi o‘zi. Hayotning qonuni shundaymi yo? Ortiga qayrilganda, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ro‘parasida Chechak turardi. Kichkinagina tugunchani ushlab olgan. Pastga qarab yer chizyapti. Xayollari hayotga aylandimi, tushunmay qoldi. Uni beixtiyor quchoqlab olgisi keldi. Endi nima qilsin?.. Urf-odatlarni buzsinmi!? Hech kimdan so‘ramay qadriyatlarni pachoqlab, u bilan boshi oqqan tomonga ketvorsinmi?! Qiz boshi bilan Chechak jur’at qilibdi-ku, axir! Nima deysan shamol, nima deysan osmon? Nima deysizlar?.. Bir ishora bo‘lsa bas, hammasini tushunib oladi. Sizlardan javob bo‘lmaguncha joyidan jilmaydi. Xayolni, hayotni to‘xtatib turadi. Hamma-hammasi sizga omonat, yo‘l ko‘rsatinglar!..
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 22-son