Deraza ortidagi ayol
Er endi ko‘klayotgandi…
Yangi kelinchak ham bitta tuqqandan keyin shu uy endi maniki ekan deb ishonarkan. Ungacha yegani porimay, ko‘ngli alag‘da yurarmish…
Tongniyam, tog‘niyam tumshug‘i uyulganday. Oyqorning oy suratlig‘ qorining qovog‘idan ham qor yog‘adi. Hovlidagi daraxtlar ham shirdayishib serraygancha bir-biriga qosh chimirganday. Et bo‘lib etday, yot bo‘lib yotday emas. Birovi biroviga gap qo‘shishdan tiyilganday. Gap qo‘shsa, kimdandir gap eshitib qoladiganday. Boyqadam ham ne bir kundan beri yalog‘ini hishtarovlagancha shosha-pisha yalab-yulqaydida, dumni chotga qisib, iniga urib ketadi. Ko‘ringisi kelmaydi, chog‘i. Boyqadam Olaparning kuchuklikdagi oti. G‘ovdan kirib-chiqayotganlarning birovi biroviga tuzuk-quruq gap qo‘shmasayam, quloqlar gapdan bezor bo‘lganday. Yetti yotday begona qarashlar, qo‘l uchida ko‘rishishlar, til uchida so‘rashishlar qilarini qilib bo‘lganday. Uy ichidan, derazadan tashqariga, toqqa qarab tik oyoqda turgan kelinchakning ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Birov unga qattiq gapirmagan, bu yerga o‘tir, bu yerda turma, degan bo‘lmasa. Qozonga solar moyini o‘lchab bergan bo‘lmasa. Olovni katta yoqding degan bo‘lmasa. Olqindi tugagandan keyin yangi sovunga teginasan deb kir yuvganda tog‘oraning boshida turgan bo‘lmasa. Ota eshigi tomonlarda erkaklar ayollarini sizlashi, bu yerda esa kuyov kelinni sizlashi erishdan erish tuyulishi, xotinini sizlagan erkakning ovozini eshitgan odam «no‘xta qattiq urilibdiku» demasayam, degandek qilib og‘zini bir qiyshaytirib qo‘yishini aytishgan, ilg‘agan. To‘ydan oldin kelin bo‘lmish kuyov bo‘lmishning san deyishigada ko‘ngandi, kelishishgandi. Har joyni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozu degan matal o‘zining toshini turmush atalmish tarozisining og‘zi hamisha ochiq va to‘lmaydigan pallalariga teng qo‘yib, posangisi tilini uchma-uch, qoshma-qosh, qo‘lma-qo‘l qilib to‘g‘rilab ketgandi. Tavba, nimagadir so‘nggi vaqtlarda qaynonasi otini aytishga or qilib «pushti kuygan», «peshonasi o‘yiq», «uyi buzilgan» deb ataydigan ayollar oldiga keladigan bo‘lganmi, yo avvallari kirdi-chiqdiga ser solmaganmidi?
Xayolini xo‘rozning baq-baqlashiyu, tovuqlarning qaqag‘lashi buzdi. Alamini deraza tokchasiga to‘shalgan gazetaning bir chekkasini sharillatib yirtishdan oldi. G‘ijimlab xonaning bir burchagiga otmoqchi bo‘ldiyu, otishga chog‘langan qo‘l kalta qaytib, indamaygina kaltachasining cho‘ntagiga soldi. Tovuqlarning qaqag‘lashi oldinlari parvoyigayam kelmasdi, endi yoqmay qolgan. Katta xotinday yurishiyam, o‘zini aqlliday ko‘rsatib kallani bir tomonga qiyshaytirib turishiyam, ko‘zi qizarib qarashiyam. Bir qultum suvni og‘ziga olib bo‘ynini cho‘zib, tumshuqni yarim soat osmonga ko‘tarib, hammaga ko‘rsatib, ko‘z-ko‘z qilib ichishiyam.
Ochiq derazalar orzusi
Otam odatdagidek oy oralatib qo‘y so‘ydiradilar. Qo‘y so‘yilgan kun, qassob ishini qilib bo‘lib, ketarida qayta xabar olgani ko‘rinib, Enam o‘tirgan uyning eshigidan tashqarida turgancha xayr-xo‘shlashgan bo‘ladi. Ikki qo‘l qovushibgina ko‘ksida, bosh xiyol egilganu ikki ko‘zi dasturxondagi qassobga Enam terining bir uchi bilan yopib qo‘ygan, bir tishlamini o‘zlari yegan non bo‘lagi ustini ochadilar. Olib chiqib berishim bilan qassob avval nonni o‘pib, keyin ko‘ziga surtib, qo‘yniga solganidan, dimog‘i chog‘ bo‘lib g‘ovimizdan hatlashi bilan Enam kelinlari – opamni chaqirtiradilar. Kelishlaridayoq o‘ng qo‘llarini ko‘rpacha ustiga qo‘yib yonlaridan joy ko‘rsatadilar. Bu joyga opamdan boshqa hech kim o‘tirmagan. O‘tirmaydiyam. Uy to‘la xotin bo‘lgandayam. Sekingina tayinlagan bo‘ladilar:
– O‘g‘iltug‘arini alohida olib qo‘ying, tutilmagan idishga soling, balajon.
Tutilmagan idish deb hali biron martayam ishlatilmaganiga aytiladi.
Aytganlari aytganlaridan ziyod qilib tayyorlanib, idishga solinib, idish toza matoga o‘ralib, Enamning yoniga qo‘yilganidan keyin opam uydagi hammani – akalarim, opachalarim, ukam, singlimni, ko‘zi bir boshqa, mo‘ylovlari orasidagi og‘zi bir boshqa kulib turadigan pishakkacha qo‘ymay ko‘chaga haydaydilar. Ishi borni ishiga, ishi yo‘qqa yo‘q yerdagi ishni topib o‘sha yoqqa jo‘natadilar. Uyda Enam va men qolamiz. Qishloqda bir besaranjomlik bo‘lganini opamning hammaga yolg‘ondakam g‘azovot qilganlaridan bilsa bo‘ladi. Otam qassob haqini oldindan o‘tkazib qo‘yganlar.
Xo‘roz nimaligini bilmay tuxum qiladigan tovuqlar na dunyoga jar solib qaqag‘lashni, na qaqag‘lamaslikni bilmay, quloch yozolmay, naridan-beri etak silkagan bo‘lib g‘urtillashib qo‘yadilar. Xo‘rozli kataklarning tovuqlari tuxum qilishi bilan avval xuddi bir joyi og‘rib o‘zi tuqqandek xo‘roz dunyoni buzadi. Dunyoning ishini do‘ndirib, mengarib qo‘ygandek, yetti mahallaga jar soladi. Keyin tovuqlar qo‘shilishadi. Qaysi biri tuqqanini ajratib bo‘lmaydi. Enamdan tovuqlar tuxum tuqqanda nima deb qaqag‘lashadi deb so‘raganimda aytib berganlar:
Bola tug‘dim boshi yo‘q,
Moxovlardek qoshi yo‘q,
Erga endi ne deyman,
Kundosh tuqqan, kundosh hu-v,
Kundosh qani?
Kundosh qochgan,
Kundosh yo‘q.
Keyin kulganlar. Enam ham enalaridan so‘raganlarida shunday degan ekanlar. Qaqag‘lashdan boshi og‘riganidanmi, boshqadanmi, harqalay, uy egasining «bo‘ldi endi bildik» deganday bironta cho‘pnimi, tayoqnimi otishi bilan barining ovozi o‘chadi. Xo‘roz chiqib olgan joyidan qo‘shnining devorimi, tomdanmi irg‘ib tushib tovuqlarni birma-bir tirqiratib quvadi. Xo‘roz ostidan chiqqan, tegishini olgan tovuqlar o‘zlariga qaragan bo‘lib qanotlarini tannozlaniblar kerib patlari oralarini bitta-bitta orolagan bo‘ladilar. Boshni eggancha xo‘roz ortidan ergashadilar. Xo‘roz deganiyam bir donagina topgan qo‘ng‘izmi, qurtigami yigirma jonni baq-baqlagancha chaqirib, lo‘killatib, yetib kelishlari bilan topganini tumshug‘iga olib, bir ko‘rsatgan bo‘lib, paqqos tushiradi. Keyin tirnoqlari qayrilib ketgan changali bilan yerni tirnaydi, titadi. G‘azablar sochadi.
Xo‘roz o‘z oti bilan xo‘roz. Xo‘roz damma-dam ustiga chiqqan tovuqlarning yurishi salobatli bo‘ladi. O‘zi tomon shitob bilan kelayotgan xo‘rozni ko‘rgan tovuq zoti borki, nomiga bo‘lsada, bir qochgan, yuguriklagan bo‘ladiyu, keyin foydasi yo‘qligidan, qochsa foydasidan zarari ko‘pligini anglaganidanmi tappa yerga bag‘rini tashlab, ko‘zlarini yumib, xo‘rozni ustiga chiqishini kutadi, tayyorlanadi. Xo‘roz xumoridan chiqquncha, bir tugurgina qolgan tojini cho‘qib, tortib qonini oqizmaguncha, ustidan tushib, atrofida bir qanotini parparak qilib yozib, oyoqlari ostiga to‘shab, atrofida ikki-uch qur baq-baqlab aylanmaguncha ko‘zni ochish ham yo‘q. Tek yotadi. Men maktabimizdagi o‘qituvchi opalarning biridan «xo‘roz tovuqni ustiga chiqib nima qiladi» deb so‘raganimda, «dam solib qo‘yadi», deganlar. O‘sha-o‘sha «dam solish» degan gapni eshitganimda ko‘z oldimga katta xo‘rozning kichkina tovuqni quvalab ketayotgani kelaveradi.
Ochiq derazalarning ikki qulog‘i kechayu kunduz ko‘chada. Bolalar bir-birini quvalab tokchasiga, yuziga, betiga tuproqqa botgan yalang oyog‘ini qo‘yganidan xursand. Og‘zi-burni tuproqqa to‘lganidan dimog‘i chog‘. Erka bolalarning tokchada o‘tirib, qo‘lida moynonni – ustiga saryog‘ surtilgan nonni oyoqlarini osiltirgancha, silkillatgancha ko‘ngliga kelgan xirgoyisini aytishi jon-joniga yoqib ketadi. Faqat odam bolasining qo‘lma-qo‘l qilib ko‘tarib derazadan avval oyog‘ini chiqarmasalar bo‘ldi, shunday kunlarni ko‘rmasa bo‘ldi. Oshiq-moshiqlari moy ko‘rmay o‘tsayam rozi. Xo‘roz tovuqni quvalab kelib hamma joyni bulg‘ab, oyoq osti qilsayam, mayli, ko‘rmaslikka oladi, go‘rga. Suv nimani toza qilmagan.
Derazasi yo‘q devorgayam oson emas
– Eskining odamlari sodda bo‘lganmi, sotarida olarman so‘rasa-so‘ramasa tuxumni xo‘rozi bor-yo‘qligini aytib sotardi. Xo‘rozsiz tuqqan tovuqlarning qadam bosishi gapga kirmagan ersaklarning yurishiga o‘xshaydi. Nomiga qiz, nomiga kelinchak, nomiga ayol, yo‘qdan ko‘ra bor sondagilargayam oson tutma, Jarko‘chadan ichi to‘kilib o‘tadi. Qayerda qanday xato qilganini o‘zginalari yaxshigina biladilar. Gap quvgan go‘rga yo‘liqadi, degan gaplarni endi ularga aytib o‘tirishning hojati yo‘q. Bilmaganga olganlari yo‘liga, palitika, – deydi Mardon yarim kechasi arqonni qozig‘i bilan sug‘urib, qoziq chizgan izdan borib, past ko‘chadagi tegirmonchining mochasiga ko‘z olaytirgan, kechasi bilan bilganidan qaytmagan, qilg‘iligining orqasidan mochaning qo‘shtepkilaridan og‘zi, burni bir ahvolga tushgan hangisini bir balo qilib ajratib olarkan. – Siz ham kelinni ena-bala qilib olib kelasiz chog‘i degancha, kenaydiyam. Kecha bozordan qaytarda yo‘lda yo‘liqishganda ko‘z urishtirishgan ekanlarda, bachchag‘ar. Baribir odam bo‘lmas ekansan, sadqayi tayoq ket.
Gap-so‘zlarni devorning orqasidan eshitgan, Mardonning ovozini tanimagan, bilmagan to‘g‘riroq odam katta olibsotar bozorchi, gazetchilar tili bilan aytganda chayqovchi sovet tovuq fabrikasining yetti tiyinlik bexo‘roz tuxumini qanday qilib xonaki tuxum deb qimmat sotish savdosini, yana kelin tanlashni o‘rgatyapti deb o‘ylaydi. Bilgan Mardonniki qo‘zibdi, deydi. Mardonniki qo‘zimagan kun yo‘q. Derazasiz devorlargayam oson tutmaydilar. Derazasiz devorlarning qulog‘i ko‘p bo‘larmish. Bu gaplar Mardondan chiqqanini hamma biladi. Tushunganiyam, tushunmaganiyam birov-birovidan so‘rashga botinolmaydi. Oti aytilgan joyda yo‘q yerdan lip etib chiqib qolishidan og‘izlari kuygan.
Tentakning tili bilan aytganda, Jarko‘chaning o‘rtasiga yigirma chog‘li xushtorini ergashtirib tushgan xo‘rozning jar labida zir yugurib, yurak yutib to‘daga qo‘shilgan jo‘jaxo‘rozni to‘daga sig‘dirmay quvgani Tentakka tegib ketadi. Xo‘rozning vajohatidan, kuchidan, qudratidan hayiqqancha dir-dir titrayotgan, uzundan-uzun oyoq ostida, oyog‘ichayam kelmaydigan vujudini ushlashga harakat qilgancha qaltirasada, jo‘jaxo‘rozligidan qaytmayotgan jonga ichi achiydi. So‘katday bo‘lib mushtday narsani ko‘rolmay cho‘qiganiga ko‘zi tushgach, og‘ziga kelganini to‘xtatmaydi.
– Bir xo‘roz, yarimta jo‘jaxo‘roz ming-ming odam siqqan ko‘chaga sig‘ishmasang, sanlargayam qiyin ekan. Odamzodgayam rahmat-e, – deydi xuddi o‘zi boshqa turlik soyadek.
Bir qo‘tan xushtor ma’qulu, bitta kundosh noma’qul ekanda. Ko‘rgiliging ham kuygulik. Ha demay birovingning mazangni qozon ko‘rarkanda bu turishda. Yuqoridan topshirilgan ishni qilmay, mokiyon o‘rniga bir-biringni quvib yursang, pichoq ertaroq pensiyaga chiqaradi, og‘ayni, deb xo‘rozgayam jo‘ja-xo‘rozgayam dars bergan bo‘ladi.
Sani balang, mani balam, mani erim, sani ering, demagan yaxshi kundoshlarniyam, er xuddi tunuka choynakning qopqog‘iyu, bekitib qo‘ysa bo‘ladigandek, cho‘ntakka solib yursa yarashadigandek, bir kishilik ko‘rpachayu, ustiga chiqib o‘tirgan xotin unga egadek mani erimlab ko‘chaning o‘rtasida er talashib bir-biri bilan partlashgan yomon kundoshlarniyam ko‘pini ko‘rgan Jarko‘cha o‘z ishidan qolmaydi.. ko‘chaligini unutmaydi. Partlash deb ikki xo‘roz bir-biri bilan urushishi, urganning changaliga raqibining patimi, bir parcha terisimi, biror narsasi ilinib, yulib olishga, ersak deb bu erni qo‘yib unisiga, unisini qo‘yib bunisiga tegib chiqadigan xotinlar aytiladi.
Shamol yetaklagan ayol
O‘zi qishlog‘imizda ikkita Bog‘dagul otliq ayol bor. Biri eskidan shu yerda tug‘ilgan. Patirni zo‘r qiladi. Patir noni bilan oti chiqqan. Kattalar Bog‘da kelin, kichiklar Bog‘da yanga, Bog‘da checha deyishadi. Qishloqda o‘zi shunaqa. Bir odamni bir necha oti bo‘ladi. Otini o‘zi chiqaradi. Ikkinchisining hali oti chiqmagan. Yangi kelin. Andijonlik. Jaloyirdan. Tug‘li-tugli. Qishloq zotu budini bilmaganni kelin qilmaydi. Qilgandayam kelin hisoblamaydi.
Qishloqda u bilan oldinma-ketin tushgan kelinlarning shoshib qo‘ygani uchta, oldi ikkita, ko‘pi bittadan bo‘lsayam yo‘rgak o‘ragan, beshik belaganidan beri uyidan g‘urt-g‘urtlagan g‘urbat arimay qolgan kelinchak chamasida ota uyiga yetar pul yiqqanidan Jarko‘chaga qanday chiqqaniniyam, qachon bu fikrga kelganiniyam, kimning gapiga kirganiniyam bilmaydi. Yana uy kiyimida. Bo‘lmasa, O‘smat qayerdayu, Andijon qayerda. Enamning oldiga qanday kelib qolganiniyam.
Enam hamisha urchuq yigirganlari uchun yigirgan yungni qilqoni chiqqanidan oldilariga eski, aylasi qolmagan dasturxon to‘shalgan bo‘ladi. Ustiga yeguliklar qo‘yilgan dasturxon sal chekkaroqda. Choy icharda eski dasturxon olinib, opam Enamning ust-boshlarini qilqonlardan tozalagan bo‘ladilar. Dasturxon o‘rtaga tortiladi. Enamning oldida qo‘ynilariga qo‘shilib to‘shalgan eski dasturxon, sal chetroqda yeguliklar qo‘yilgan va usti yopiqlik boshqa dasturxonni ko‘rgan kelinchakning bu holni avval ko‘rmaganidan xayoli bir shoshadi. Enam urchuqqa hazil qilgilari kelganda «endi dasturxoningizni yig‘ishtirsak maylimi, Qo‘lantoq Mirzo» deydilar. Qo‘lantoq degani yalang‘och degani. Etik paytavasiz, tufli paypoqsiz kiyilganda qo‘lantoq kiyibdi deyiladi. Kelinchak salom berib kirib, kelib to‘shanchi chetiga yotsirabgina, omonatgina o‘tirgan, hol-ahvol so‘rashib nafasini o‘nglab bir ko‘ngilda gapiradigan gapi tugaganday, gap topolmay talmovsirab, bir ko‘ngilda gapni nimadan boshlashini bilmay ikkilanib turganda Enam gap qo‘shadilar.
– Yoqmasa, uxlab yotganda qorniga pichoqni tiqib ol, sanam qutulasan, uyam. Keyin hech narsa ko‘rmaganday yurasan, – deydilar betigayam qaramay, kelinniyam hurrasini uchirib. – Birov zo‘rlab erga bergan, olsang ham olasan, olmasang ham olasan deb uylantirgan bo‘lmasa…
Keyin oraga Jarko‘chadan enishdagi o‘ng qo‘ldagi jarning chuquridek oxiri ko‘rinmas bir narsa Enam bilan kelinning o‘rtasida osilib qoladi. Soat ham bir joyda to‘xtab qolgandek tiq-tiq, tiq-tiqlaydi. Enam og‘ir va katta damsar urib xuddi yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan odamlarini yaxshi ko‘rib urishganda ishlatadigan tovushlarida gapiradilar. Bilaman. Enam nasihat qilmoqchilar. Gap yuqmaydigan yo yoqmagan odamiga «o‘zing yaxshi bilasan, o‘zingdan qolar gap yo‘q» deb qisqa qiladilar. Hunari judayam yoqmagan, qilig‘i ortiq odamni sizlab gapiradilar. Buni hamma biladi.
O‘rtadagi jarga ko‘prikni Enam tashlaydilar.
– O‘zlaring topishgan bo‘lsang. Necha yil o‘qishda birga o‘qiding. Sinashta bo‘lding. Nimang kam? Nimang yetmaydi? Nimani bo‘lolmay tortishasanlar? Buning bari sinov. Sabr bersin. Sabr so‘ra. Sabr qil. Xudoni eslaganni Xudo eslaydi. O‘qimishli bo‘lib sanlar shunday qilsalaring, boshqalardan nima umid…
Keyin urchuq necha ming marta boshi aylanib kelgancha o‘rtada jimlik cho‘kadi. Vaqti-soati kelganidan keyin Enam yana davom etadilar.
– Ayol zotiki erkak bilan teng bo‘laman deb tirlashdimi, bir gapdan qolmadimi, Xudoning urgani shu bo‘ladi. Erkakni Xudo o‘zi xohlab, o‘zi yaxshi ko‘rib, birovdan so‘ramay, birovning ko‘ngliga qaramay, o‘zi istaganiday, bekamu ko‘st yaratgan, – deydilar xuddi maktabda o‘qituvchi rayonodan komissiya kelib, komissiyaning oldida o‘quvchilarga diktant aytayotgandek, sekin va har bir harfini dona-dona qilib. – Ayol zotini Odam atoning ko‘ngliga qarab, ko‘ngli yarim bo‘lmasin, ko‘zi noumid qolmasin, deb yaratgan. Zaifa o‘z oti bilan zaifa. Ojiza o‘z oti bilan ojiza. Erning ko‘ngliga qaramagan ayolning ikki beti qora. Er hamki erday bo‘lsa, – deydilar Enam kuyovi bilan ekarishib kelgan kelinchakka urchuqlarini boshini aylantirishdan bir nafas ham tindirmay. – Ortiqcha gap hammaga yuk. Endi borda, ro‘zg‘oringga egalik qil. Qozon-tovog‘ingga sanqi it-pishaklar ega chiqib ketmasin. Aylanishib qo‘ysa, qatron qilish kerak.
Uy kiyimidagi, qulog‘i g‘ippa bo‘g‘ilganday, ko‘ziga nima ko‘rinayotganini o‘ziyam bilmagan, bilmayotganday, eshitayotganlariniyam fahmlamayotgan kelinchak Enamning oldida yuzma-yuz o‘tirganini, betma-bet turganini ilkis anglar, ilg‘ar ekan, bosinqirab uyqudan qo‘rqib uyg‘ongan odamday seskanib ketadi.
Enam kelinchakning turli yo‘llar turlanib-tuslanib imlayotgan, ko‘ringan qoraning gapiga ergashib borayotgan xayolini bir joyga keltirmoqchi, xayolini tozalamoqchilar, chog‘i. Har doim shunday bo‘lgan. Arazlashib kelganlarga birinchi mana shunaqa chappa-chuppa gaplarni aytadilar. Enamni tushunish uchun tinchlik kerak. Har taraflama tinchlik. Xuddi Oyqortog‘ning ovozini eshitish uchun, chiroyini ko‘rish uchun, u bilan jo‘ra-jo‘ra bo‘lish uchun tinch joyga chiqib tomosha qilgandek, tinch joy topib, gapini eshitgandek. Albatta, odamlardan tinch joyni aytayapman. Kitob tilida sokinlik deydiku, ana shu tinchlik kerak. Tovuqning katagiga adashgan itmi, itdan qochgan pishakmi kirib qolganday vag‘ir-vug‘ur emas.
Deraza ortidagi musichalar
– Yangi joyga kelib qo‘ngan ko‘chat ham o‘ldim deganda uch yilda yerning suv u havosiga o‘rganadi. Odam ham ko‘chatday gap. Xudo xohlasa, ham demay, ikki beshikning o‘rtasida charchaganingdan ikki mamang ikki chaqaloqni og‘zida qolib, tarrakday uxlab qolmasang, kelib betimga tuf, deysan, deydilar xuddi bolalikdan sirdosh dugonalariga gapirganday. Dugonalariga gapiradigan ohang, marom va tovushda. Dugonalari bilan gaplashganlarini ko‘p eshitganman. Ruqiya, Toshgul, Toshbiyi, Yoqutoy, Xadicha, Qo‘ysin, Yanglish, Hikmatoy, Unsun, Xursand, Qorasoch, Sayram… Hozir bittasiyam qolmagan. Dugonalariga gapiradigan, gapirgan tovushlarini bilganimdan shunday yozayapman. Keyin, yana Enam dugonaning katta-kichigi bo‘lmaydi deganlar. Ko‘ngli ko‘nglini tanigan, ko‘ngli ko‘ngliga o‘tirgan, ko‘ngli ko‘nglini ko‘targanni dugona deydilar, deganlar bilib qo‘yish uchun bir marta dugona degani nima deb so‘raganimda.
– Oting nima edi?
– Bog‘dagul.
– Chiroyli oting bor ekan. Chiroyliligini qara. Kitob ko‘rgan odam qo‘ygan. O‘qimishli kitoblardan olingan. Hididan ma’lum. O‘g‘il tug‘aman desang mahsini echma. Dushman oyoqqa qaraydi. Odamning ikkita dushmani bo‘lsa, bittasi sovuq. Sovuq oyoqqa yopishadi. Oyoqdan olgan sovuq yiqitmay qo‘ymaydi. Mahsiyam kelinlikning davlati. Kiyishga yetgan, yetmagan bor. Kiyish buyurilgan, buyurilmagan bor. O‘zingni yerga urma. Lozimi dinkayib, jiyaksiz lipasi bilan kavushining orasi bir qarich bo‘lib ochilib, na mokiyu na boshqaday bo‘rvagi shirdaygandan beo‘xshovi yo‘q. Uyim-joyim deydigan xotin ro‘mol o‘rashidan ma’lum. Sochi ko‘kragining o‘rtasiga tushgandan jannatning isi keladi. Bomdoddan qolma. Bomdodni qo‘yma. Bomdodda ko‘rin. Bomdodga ruxsat bergan egasi boshqa mushkullaringniyam oson qiladi. Noumidning oti o‘chsin, betini teskari qilsin. Ikki rakatli bomdod butun dunyoyu dundagi hamma narsalardan yaxshi deganlar payg‘ambarimiz. Xat-savoding bor. Kunni bekoriga kech qilmay kitob o‘qi. Kunni tomoshaga chiqarmagan. O‘qigandan ziyodi yo‘q. Sahar turganga nima yetsin, balajon. Xudojonni o‘zi har tong sahar oldi osmondan tushib tonggacha «tavba qiluvchi bormi – tavbasini qabul qilaman; istig‘for aytuvchi bormi – mag‘firat qilaman, gunohini kechiraman; so‘rovchi bormi – so‘raganini beraman», deb tursa. Bandasi noshukurlik qilmasin. Xudoning oldidayam uyat. Har kuni ertalab vaqtli turib, bet-qo‘lini yuvgandan keyin xo‘jayini bilan ikki qo‘llab ko‘rishgan ayolning gunohi qo‘llari orasida qum to‘kilganday to‘kilib ketadi, degan mashoyixlar. Man bir ko‘rsavodman. Rahmatli katta otangiz kitoblardan o‘qib o‘rgatgan gaplardan esimda qolganini aytyapman… kunniyam betini qaro qilma. Odamga qo‘shilib ko‘rgan kuniyam so‘roq beradi. Er-xotin inoq, apoq-chapoq ro‘zg‘orning itining ham ko‘zi yonadi… Besahat odam bilan beshoxning farqi yo‘q…
Besahat degani qulog‘iga gap kirmaydigan, to‘g‘ri gapni tushunmaydigan degani, buni o‘zimdan qo‘shyapman. Tushunmay qolmang deb. O‘rniga kitobcha gaplarni qo‘shsam, Enam gapirmaganday bo‘lib qoladi, shunga. Enam, qani, balajon, yoziqlarimizni bir o‘qib beringchi, deganlarida o‘qib bersam, Enamning gapi emasligi bilinib qoladi, shunga.
– O‘smat ota hammaniyam kelin qilavermaydi. Taqdirda nima bo‘lishini egasining o‘zi yozgan. Andijonday joydan kelin bo‘lib tushgan bo‘lsang, yuragingda vujur, o‘t borki bir yigitning etagini ushlab kelibsan. Hamma ayol ham uzoqqa tusholmaydi. Otangning uyi qayerda, gap qayerda. Iting adashmagan bo‘lsa kerak. Andijondan yomon odam chiqmagan. Odamning oti bir yomonga chiqmasin, buzuqqa chiqmasin. Erdan chiqqan ayolnikiga har ikkisiniyam ko‘zi jizillab qarab turadi. Erdan chiqqan ayolni boshiga Puxordagi qarg‘ayam kelib tezaklab ketarmish degan eskilar. Elning yaxshisidan yamoni ko‘p kunlarda ehtiyot bo‘l, yamonga qo‘shilma. Qaynatang, qaynanang bor demagan to‘ylarga borma. Borsam maylimi deb so‘ramayam. O‘zlari, o‘z bilgicha bor deganda bor. Bormasang, yana yaxshi. Dunyoning ayoli bir yerga yig‘ilgandayam bir pal sholini suvdan chiqarolmagan. Chiqara olmaydiyam. Yuvuqsiz og‘izlarning gaplariga ergashma. O‘smat otaning kelini degan oting bor. Tortishgandan yamoni yo‘q. Tortishganga dunyo hamisha tor. Tortishgan hamisha yutqazadi. Tortishuv gunohdan boshqasiga tortmaydi. Payg‘ambarimiz ham tortishgan odamni qiyomat kuni shafoat qilmayman, deganlar. Xudojonning odamlar ichida eng yomon ko‘rgan odamlari tortishgan odam. Xudoning kunini Bismillo bilan boshlamagan, kech bo‘lganda boshini yostiqqa Biru Borsan deb topshirmaganni beshox deydilar. Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin yuvuqsizning ko‘zi tushgan joydan baraka ko‘tarilmasa, palakatning ko‘ngli joyiga tushmasmish. Erta tur, ishlaringni erta kunda saranjomla. Birov qilib berganday bo‘ladi. Zeriksang, Enamning oldiga borsam maylimi, deb uydagilaringdan so‘rab, oldimga kel. Odam odamga begona emas. San ham mani bolam. Eringga ayt, urchuq olib bersin, o‘zim senga yigirishni o‘rgataman. Ko‘z ko‘zga mehmon.
Enamning kelinchakka aytgan gaplari hangini – yukini ko‘tara olmagan urchuq ipi chirt etib uzilib ketadi. G‘irillab aylanib turgan urchuq olacha ustiga tap etib tushadi, osilgan narsani og‘irligini ko‘tarolmay uzilgan arqonday. Dumalab eshik oldiga boradi. Irg‘ib turib, olib kelib beraman. Enam ko‘ngillariga kelgancha uzunlikdagi ipni shart uzib kelinchakning oldiga tashlaydilar.
– Mahsini kiyishingdan oldin o‘ng oyog‘ingni shillagiga (to‘pig‘ usti) boylab qo‘y. Yotganingdayam echma. Qo‘shilganingdayam. Begona ko‘zga ko‘rsatma. Xo‘jayining so‘rasa Enam bergan degin. – Keyin o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmoqlarini tillariga bir tekkizib namlab, urchuqdan chuvalangan ipga tekkizib namlab, hanjaladan tushgan ipning uchini boshma-bosh qilib bosh va ko‘rsatkich barmoqlari o‘rtasiga olib tovlagan, ulagan bo‘ladilar. Ipning ulatqisini odam zoti topolmaydi. Yana o‘zini Enamni qo‘lida ko‘rgan urchuq o‘pkasi to‘lib, ko‘ksi to‘lishib, hishmalanib qayta boshdan aylanishni boshlaydi. Qani endi uni xursand bo‘layotganini jonzotlar, jonliqlar ko‘rsa, bilsa. Guvullagandan guvullaydi, gurillagandan gurillaydi, guvrangandan guvranadi. Urchuq aylanishi bilan barobar Enamning boshida aylangan gap-so‘zlar tillariga chiqadi.
– Ayolki ro‘zg‘ordagi supur-sidirini, kuydir-tushirini «erimning xizmatini qilyapman» deb o‘yladimi, tos tevvasidan urgani shu bo‘ladi. O‘zining vazifasi nimaligini bilmagani shu. Xotinlik, boshida eri bor xotinlik, jo‘jalik xotinlikdan ulug‘ martaba yo‘q. Yetti qavat osmonning ustidayam shu gap, yetti qavat yerning ostidayam shu gap. Qul xizmatga boradi, xon vazifasini o‘taydi. Xotin ham. Hammaga rizqiniyam, vazifasiniyam Xudojonning o‘zi beradi. Xudoning dargoyidan keng joyni topolmaysan. Qisinma. Xudoning dargoyi ko‘ngilda. Yaxshilikni o‘yla. Yaxshilikni ko‘paytir. Qolgani bari erta ko‘klam ko‘karib, yozi bo‘yi shamol bilan o‘ynashib, turamo kelishi bilan qurigan bargday qaqshab, umalanib yo‘q bo‘lib ketadiganday narsalar. Sanam, manam. Yaxshilik o‘lmaydi. Gumonda bo‘lma. Bu bosh nimalarni ko‘rmagan. Ocharchilik, yo‘qchilik, qimmatchilik, qahatchilik, oting o‘chsin urushning qaysi birini aytasan. Biri yotib, biri turgan… eski g‘ar bo‘lsayam, boy xotinining gapi ma’qul, siydigi turmasayam, amaldorning o‘g‘li to‘rda, puldorning pishagi kiyik oviga chiqqan, sog‘ni urib ovush, etikni buzib kovush qilgan kunlarni biz ko‘rdik, silar ko‘rmanglar. Dushmangayam ravo ko‘rmayman. Ko‘rdik. Ko‘rmaganimizni kami qolmadi. Bu dunyoning ovushtalik qiladigan joyi yo‘q. Hech kim arpa ekib, bug‘doy o‘rmagan.
Urchuqning gurillab aylanishi xonaga vaqtincha ega chiqadi.
Ovush – es-hushdan ozish, ayrilish. Xayolning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Ovushta – ikki odamning boshqa bilmaydigan o‘rtadagi oldi-berdisi yoki siri.
– Odamning boshi toshdan qattiq deganlar bir narsani bilmay gapirmaganlar. Xudoga bir yoqqanlaring bor ekan, yeganlaring oldinda, yemaganlaring orqalaringda. Yurt tinch. Tishlaring putunligida niyatni katta qilinglar. Necha bir qishloq odam bir tishlam non deb o‘lib ketdi… Ko‘marga odam topilmay. Odam degan bunday noshukur bo‘lmaydi arzimagan narsaga ko‘chaga chiqib. Erga tekkan ayolning qayta bosh ochiq bo‘lishidan o‘zi asrasin. Qaytib kelgan degan gapdan sovug‘i yo‘q. Xudoyi xudovanda kelinlik jelaging ko‘zingga yomon ko‘rinib qolmasin, kampirlik qasavasiga etkazsin. Ochiq boshga ne bir daydi, betahorat xayollar ega chiqsam demaydi. Enamning ko‘zi orqasiga qarab ketmasin desang, aytganlarim esingdan chiqmasin. Zarari manga. Chiqqan qiz chig‘dan tashqarida. Uyingdagilaringniyam qizim qaytib kelsin deb ko‘zi uchib o‘tirgani yo‘qdir. Qaytib kelgan qiz hech zotga martaba emas. Xudo xohlasa, nevaralarni yetaklab borar kuning ham o‘pkasi to‘lib navbat kutib turibdi. Xuddi ota-onangdek. Ota uyning darvozasi osti nevaralar soyasi yelkasini bossa o‘zini yerga otib-otib o‘ynarkan. Soyasiga shuncha. Changini chiqarib o‘ynashgandagi xursanchiligini qo‘yaver. Hali bir kunlarni ko‘rasanki, o‘shanda mani eslarsan, o‘shanda hammaginasini oldingga olib kelib ko‘rsatadi. Do‘st kim, dushman kim. O‘shanda kimning kimligini bet-ko‘zi tugul nafas olishidan bilasan. Odam o‘ziga o‘zi dushmanlik qilmasa birovning dushmanligi hech yerga bormaydi. Yo‘l boshida hammayam shoshadi, hammayam to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatolmaydi. Xudodan ortiq chevar yo‘q. Ilonniyam ini buzilmasin, qushni qo‘nog‘idan ayirmasin. Yerda buzilgan bir vatanning yuki yetti osmonni farishtalariga qo‘shib besaranjom qilarkan. Bu gaplar katta mashoyixlarning gapi. Bizaga o‘xshagan murri kampirlardan nimayam gap chiqardi. Etaging bolaga to‘lsin. Qishloqning yuzini yerga qaratma. Eshitgan quloqqa yomon. Falon qishloqqa falon joydan kelin tushgan ekan, odamlari noahil ekan, bir musofirni sig‘dirishmapti, degan sassiq gap hammagayam uyat, – deydilarda, yonlarida, bir chetda o‘rog‘liq turgan idishni o‘ng qo‘llari bilan kelin tomon surib qo‘yadilar. Xanjaladan chiqib kelayotgan ipni tovlash uchun urchuqni ko‘targan chap qo‘llari balandda bo‘ladi. Tovlanishdagi ipning maromga kelganidan chiqargan ovozi, inchkirgani eshitilgach, nafasi bilingach, ipni urchuq beliga o‘rab bo‘lib, dov-daskalarini etaklariga olib, eski dasturxonga o‘rab bo‘lib kelinchakni o‘zlariga yaqin kelishga imlaydilar. Xonada o‘zi uchchovimiz. Men eng yaxshi ko‘rgan joyim Enamning yelkalariga tashlangan otamning eski choponlari ostida o‘ynab o‘tirgan bo‘laman.
– Tugunda o‘g‘iltug‘ar. Hech kimga ko‘rsatmay uyingga olib borib ye, – deydilar derazani tashqari tomonidagi tokchasiga kelib Enamni tomosha qilib, gapini eshitay deb kallasini bir tomonga qiyshaytirgancha qulog‘ini o‘nglab qarayotgan musicha ham eshitmasin degandek shivirlabgina. – Xudo xohlasa, o‘g‘ilchali bo‘lganingda idishni chochalasi (sochala) bilan qaytarasan. Ungacha idishni tsanga berdim, – degancha avval ikki ko‘zlarini bir vaqtning o‘zida chirt yumib, lablariniyam jippa yopgancha boshlariniyam xiyol ekkan bo‘ladilar. Kichkina qizlar ham bir bekitiqchi ish qilsalar va dugonasiga hech kim bilmasin demoqchi bo‘lsalar, shunday qiladilar, agar bilsangiz.
– Anavini bu yoqqa tort, – degancha chetda turgan dasturxonni ko‘rsatgan bo‘ladilar. – Qutlik uydan quruq chiqma. Nonga qara…
Kelinchakning ko‘zlaridan yosh tirqirab jo‘naydi. Tili kalimaga kelmaydi. Silkinib-silkinib, o‘ksinib-o‘ksinib, bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib, huqqullab-huqqullab, titranib-titranib, yayrab-yayrab yig‘laydi. Ovoz chiqarib yuboray-yuboray deydiyu, uyaladi, chog‘i. Ikki qo‘li Enamning «ikki beshikning, o‘rtasida charchaganingdan ikki mamang ikki chaqaloqning og‘zida qolib» deganlarida shoshgandan ikki ko‘ksini mahkam changallagancha qolib ketgan, qo‘yvorish ham esidan chiqqan.
– Bismillo deb eshik hatlada, so‘ramaslaridan oldin, Enamni ko‘rgim keluvdi, borib-keldim degin. Mendan o‘tganni kechiringlar deda, indamay ishingni qilib ketaver. Jarko‘cha bolalaring quchog‘ini to‘ldirib changitishini kutib yotibdi, agar bilsang, ko‘zi osmonga qarab. Qirqqa kirgandayam qirchillama qizday bo‘lib yurmaysanmi! Bu yurish nima? Etanang oqib. Tur endi, jo‘na… sen yaxshi odamning bolasisan. Sendan yaxshi xotin chiqadi. Nafas olishingdan belgili. O‘zingni o‘tga-cho‘qqa urma. Birov sal xafa qilsa, Enamga aytaman de, men ruxsat berdim. Qishloqni uyatga qo‘yma. Uyiga qaytib borib birorta baraka topgan kelin bo‘lsa, mana, man eshitgan bo‘lardim. Ana soy ham, – deydilar derazadan Kattasoyni ko‘z qirlari bilan ko‘rsatgancha. Enamning xayoli Kattasoyga enganda qushlar ham jim turadilar. Tek turadilar. Kattasoy xayoli Enasoygacha ketadi. Edil bilan dillashib, Yoyiqqacha yoyiladi, yoziladi. Enasoy boshlanadigan Tangri tog‘ qorlaridan aylanib tushib Oyqorning oy suratlig‘ qorlariga kelib damsar urib o‘ziga kelmaguncha hech kim gap qo‘shmaydi. Qush ham, quzg‘un ham. Xayollarning ikki chekkasi, unday desam tushunmaysiz, xayollari yurgan, yurib borayotgan yo‘lning ikki chekkasini uzun-uzun, baland bo‘yli, oppoq, xuddi Jarko‘chaning ikki chekkasida tik o‘sgan teraklardek qadim va tanish xayollar kutib olgan – kuzatgan bo‘ladi. Xuddi mehmon kutgandek, kuzatgandek. Mehmon xayollar bo‘lak. Eskidan eski, qadimdan qadim, qondosh, qarindosh, otdosh, otadosh xayollar o‘z o‘rinlarini biladi.
«Derazadan qarab turaman»
Uyimizning iloni, oq ilon to‘qqiz balorli uy shiftining o‘rtasida o‘ralib xurrakni otayotgan bo‘ladi. Oti, zoti, ini yo‘qlanganidan bir biltanglab qo‘yadi. Har zamon, har zamon bir o‘ng, bir chap ko‘zini ochib, orada tiliniyam bir chiqarib, tishlariga charxlab, og‘zi-burnini, xayollariga berilib ketib og‘zini ikki chekkasidan chiqib ketgan so‘laklarini artgan bo‘ladi. Enam ruxsat berganlarida biz itolish kurash tushamiz. Xayolda bo‘lsayam. Mazza qilamiz. Nechchi marta yiqitgan bo‘lsam ham, boshidagi qo‘ndirilgandek po‘pili, toji joyidan qimirlamaydi. Enam xayolga ehtiyot bo‘ling, balajon, deganlar. Odamni odamga, jonliqni jonliqqa do‘st qiladigan ham, dushman qiladigan ham xayol. Es-hushini yig‘ib olgan xayolga nima yetsin…
Boya aytganimdek, men eng yaxshi ko‘rgan joyimda – Enamning yelkalariga tashlangan otamning eski choponlari ostida uxlab qolsam ham, Enam kimga nima deganlari kallamga o‘tib qolaveradi. Kelinchak uyalmasin deb men choponning ichiga kirib ketaman. Uxlayapti, eshitmayapti deb o‘ylasin, ko‘chada ko‘rganda uyalmasin deyman.
Enamning tilidan, odamlardan eshitib, o‘zimdan ham salgina qo‘shib yozib to‘ldirganlarim hozircha qirq daftarga yaqinlashgan. Onda-sonda Enam «yozig‘imiz necha daftar bo‘pti, balajon», deb so‘rab qoladilar. Men sanog‘ini aytaman. Keyin Enam, «haa», deydilar «a»ni cho‘zibroq, shu vaqt orasida xayollarini tartibga keltirib olgan bo‘ladilarda, tavalloga tushadilar: «Xudoga shukur, o‘zidan begona qilmasin», deydilar. Daftar, yoziq to‘liq daftar soni ma’lum bir songa, sanoqqa yetganda, yetsa bir narsa bo‘lishdan Enam tuyunganlaru, daftar soni o‘sha songa yetish kunidan nimagadir qo‘rqaman. Shuning uchun daftarlarning har birining ikki-uch varag‘ini ochiq qoldiraman. To‘lgan hisoblanmasligi uchun. Lekin Enamga yolg‘on gapirish mumkin emas. Boshqalargayam. Bir kun daftarlarni nimaga oxirigacha to‘liq to‘ldirmasligimni so‘raganlarida, to‘ldirgim kelmasligini aytgandim, quchoqlariga olib boshimni hidlab uzoq vaqt yig‘laganlar. «Qo‘rqmang, balajon, qo‘rqmang, men hamisha derazadan, orqangizdan qarab turaman, balajonimdan aylanay, enasini o‘lmasin degan balajonimga o‘lay, ishdan qochmang, qanday xohlasangiz, shunday to‘ldiring», deganlar.
Enam she’r eshitgilari kelganda «Otajon, bir ota-bovolani she’ridan aytib bering» deydilar. Bu safar men Enamning she’r eshitgilari kelganini, tusaganlarini ilg‘ab qolaman. Enamning ko‘zlariga qarayman. Ko‘zlar allaqachon menga qarab turgan bo‘ladi. Xayolimda «Gulbog‘»nimi deyman. Enamning og‘izlari ikki yonga yoyilib, ko‘zlari quyoshga qaragandagidek qisiliblar, yoshlaniblar ketadi. Ikki tomchi yosh iyaklari ostiga enib kelib bir-biriga qaragancha to‘xtaydi. Yalt-yalt. «Gulbog‘» – bu Alisher Navoiy bovoni she’rlaridan tuzilgan she’r. Gulbog‘ otini Enam ikkovimiz o‘ylab topganmiz. She’rlardan bog‘langan gulbog‘ degani. She’rlarni shoshmay, dona-dona qilib o‘qiyman. Siz ham shunday o‘qing bo‘lmasa tushunmaysiz.
Xalqqa zebi torak ayla ani,
O‘qig‘ong‘a muborak ayla ani.
Etti aflokni anga yor et,
Etti iqlim elin xaridor et!
Kimgakim qildim vafo, vah kim, jafo podosh edi,
Olam ahlida vafo mavjud emas beishtiboh.
Orzu qildim vafo ahlin ko‘ray deb, topmadim,
Xoh zohid, xoh fosiq, xoh sayid, xoh shoh.
Agarchi men yamon, sen yaxshidursen, mu’tarifdurmen,
O‘zin yaxshi tasavvur aylagan mendin yamon ermas.
Ey Navoiy, maxlas istar bo‘lsang el til-og‘zidin,
Nazmidin ham tilni tiyg‘il, nasridin ham yum og‘iz.
Mazlumga baxshoyish ko‘rguzki, zolimdan osoyish ko‘rgaysen.
Chin so‘zkim, erga ulug‘ hunardur.
«Gulbog‘»ni o‘qib bo‘lishim bilan xayolimga ko‘chada bolalar aytib yuradigan she’r lip etib keldi.
Mir Alisher Navoiy,
Kampirlarning bovoyi.
Enam yarq etib menga qaraydilar, men xayolimdan o‘tgan gapdan uyalib, o‘zimni Enamning quchog‘iga otaman. Biz birdek uyalamiz. Biz achom-achom o‘ynaymiz. Keyin «Alamo-alamo» o‘ynaymiz. U o‘yinni boshqa safar aytib berarman. Esimdan chiqay depti: podosh – yo‘ldosh, evaz, mukofot, badal; beishtiboh – shubhasiz, shaksiz; maxlas – qutulmoq degani. Mardon o‘rgatgan. Keyin o‘zimam to‘g‘rimi-yo‘qmi deb katta kitoblarga solishtirib ko‘rganman. Mu’tarifning ma’nosini topganimcha yo‘q. Topsam yozib qo‘yaman.
Esimga yarim kechasi bir narsa kelib qolib, turib yozib qo‘yishimdan oldin bet-qo‘limni yuvib kelganimga Enam qarab yotganlar chog‘i, ertasi kuni ikkovimiz qolganimizda «Balajon, yarim kechasi yozgingiz kelganda bet-qo‘lni yuvmay yozavering, ko‘ngildan chiqqan narsa hamisha tahoratlik» deganlar. Men ko‘zim bilan Enamga aytayotgan gaplari avvallari aytgan gap-so‘zlariga salgina o‘xshamayotganligini, o‘xshamaganligidan nima deyishni bilmay xayoldan o‘tganini aytsam, uyat bo‘lishidan uyalib yuzlariga qarab qolganimdan, bildirmoqchi bo‘lganimdan Enam xijolat bo‘ladilar, ko‘zlari bilan gapim to‘g‘ri ekanligini bildirdilar.
– Katta otangiz aytganlar, – deydilar, har bir narsani aytar vaqti bo‘lishini gaplarining tovushlaridan bildirgancha, ko‘zlari yoshlovlanib. – Katta otangizning omonat gapini egasiga yetkazdim, balajon.
– Katta otam meni bilarmidilar, – deyman shoshganimdan…
Biz quchoqlashdik. Enamni yanayam yaxshi ko‘rib ketdim. Enamning qalt-qalt titrayotgan quchoqlaridan tursam, uchib ketayotgandek, uchib ketishlari mumkindek titrashlari, musicha bolalari uchishdan oldin titrashidek titrashlari, sevinchdan qaltirashlari tinguncha mahkam quchoqlab yotdim, yotaman. Enamning tillaridan Xudo tushmaydi.
– Ha, boringga shukur, Xudojon. O‘zing Biru Borsan. O‘zing yakkayu yagonasan. O‘zing panohingda asra. O‘zingdan o‘zgaga qayrilmaydigan qil. Tishini putun qil, Xudojon! Ko‘zini putun qil, Xudojon! Ko‘zini to‘q qil, Xudojon! Do‘stga zor, dushmanga muhtoj qilma, Xudojon! Jumlayi mo‘min qatorida kam qilma, Xudojon! Tiladim sandan. Tovoniga tikoningni yo‘latma. Tiladim sandan, Xudojon! Mana, mani jonim…
Ha, Xudojon! Balamning balalarini, jo‘ralarining balalari qo‘shilishib go‘rimni ustida o‘ynatar kunlaringdan men mustaringni begona qilma! Tiladim. Es engan balalarning sadag‘asi ketay…
Keyin Enam o‘yinga andarmon bo‘lib, o‘yinni ko‘proq o‘ynab qo‘yib, asosiy ishi esidan chiqib, birdan esiga tushib qolganidan shoshganday jiddiy tortadilar. Qachonlardir Enalar tomonidan bolalarga aytilgan, hozir aytilib, yana necha-necha zamonlar takrorlanaveradigan tus, marom va ohangda so‘ragan bo‘ladilar.
– Tuyangiz nechta bo‘ldi, balajon?
– Hozircha 22 ta. Katta-kichik.
– Yashang. G‘ayrat qiling, balajon. Tuyaning katta-kichigi bo‘lmaydi.
Siz bu gaplarni tushunmaysiz. Tuya degani oyat degani. Nechta tuya bo‘ldi degani, nechta oyatni ko‘zni yumib, adashmay, sharillatib aytib bera olasiz, degani, bildingiz.
Keyin qo‘llarini duoga ochgancha ko‘zlariga hech narsa ko‘rinmaydi: Xudojonga shukur, balajonimni qog‘oz-qalamga jo‘ra qilgan… qavatiga o‘zingni degan, o‘zing nazar qilgan, o‘zingdan tonmaydigan, arqoningni ushlagan, isonafasli, sulton ko‘ngilli, bek fe’lli yo‘ldoshlar ber… o‘zing yakkayu yagonasan…
Enamning gaplaridan po‘stakning yungi tikka bo‘lib ketadi. Boshimiz ustida isiriq tutatgandagiday oppoq g‘ubor ichidan atrofimizda son-sanoqsiz nazarlar qarab turganini, havasda, yaxshi ko‘z bilan qarab turganini ilg‘ayman. Qolganini yozish mumkin emas.
U yoziqlarni yozishim mumkinu, o‘qishga berishim mumkin emas. Enam ko‘ngillarida aytganlar. Xudo xohlasa, vaqti kelganda o‘qishga beraman.
Mardon tentakning tojik oshnasi Barhayot tentakning tili bilan aytangda, «mumkin yo‘q». Har bir gapini «shumo akun manba binet» deb boshlaydigan Barhayot «biiz ham endi akun dunyoba be hechchi daromda buromdagi bo‘lmaylukda» degancha menga tojik tilini o‘rgatishni va’da bergan. Biz qo‘l tashlashganmiz. Mardon o‘rtani uzgan. Bu kelishida bir xurjun qilib kitob keltirishga va’da bergan.
Enamning «politika»si
Kelinchak katta gunoh qilib qo‘ygan va gunohini ishongan odamiga bir martaga aytmasa bo‘lmaydigan ohangda kaltachasining kissasidan bir nechta sariq bir so‘mlik, ikki-uchta yashil uchso‘mlik va bir siqim tangalarni chiqarib, qo‘llari qaltirab dasturxon chetiga qo‘ygan bo‘ladi.
– Yo‘lga deb yiqqan edim, uydagilar ko‘rib qolsa xafa bo‘lishadi… endi menga kerak mas… men hech yoqqa ketmayman…
– Men bundan bezorman, – deydilar, pul zotini nazarda tutib. Xafa bo‘lmasin deb kelinning betiga bir qararkanlar. – Ana, po‘stakning tagiga tashla…
Kelinchak po‘stakni ko‘targanda beli bog‘liqli pullar xotirjam yotgan, bog‘lanmagan pullar po‘stakni ko‘targandagi havosiga qo‘shilib sochilib ketadi. Kelinchakning xayoli battar qochadi. Ularni Enamni ko‘rgani kelgan odamlar bekitiqcha tashlab ketishgan. Mardonning eshagiga aytishicha, nima ish qilayotganini o‘ziyam bilmaydigan, ko‘rsatmagan hunari, qilmagan noma’qulchiligi, yemagan tezagi qolmagan, o‘lar oldi mulla mingan eshakday yuvosh tortib, kamiga amri ma’ruflab qoladigan raykomu partkom deysizmi, ham g‘aru g‘am peshgir prokuroru, bir kunda besh mahal yolg‘on ishlatmasa, qo‘yi qisir qoladigan melisaning shapkasi kattasiyu, el ko‘rmaslikka olsa, erdan chiqqanu, yesiru, tul qolganning bariga xo‘jayinchilik qiladigan kolxoz raisi, Samarqandning Katta bozorida yo‘qolgan narsani O‘smatda turib topib beradigan atoqli o‘g‘rilardan, to uncha-muncha odam hazillashib bo‘lmaydigan, oldini kesib o‘tolmaydigan kissavurlardan deysizmi baridan bor. Enamdan xabar olib, xayrlashib chiqib ketishayotganda oyoq kiyimlarini kiygan kishi bo‘lib bildirmaygina eshik og‘zidagi po‘stakni ko‘tarib, ostiga tashlab qo‘yishadi. Pullarga faqat qishloqning tentagi otliq Mardon tegina oladi. Uyam o‘ziga emas. O‘shandayam biron sho‘rni sho‘r qisgan kunida, murtarga yordam qilmasa bo‘lmaydigan bo‘lib qolganda. Enam Mardonni yaxshi ko‘rib ketganlarida: «Ha, Devonatelpak, qiynalmay yuribsanmi, xasu xus, shoxu beshox, qurtu qumursqa, qush-quzg‘unning ichida qayerga kelib qolganingni, oyoq qo‘ygani joy topolmay, nima qilaringni bilmay?» – deydilar. Devonatelpakning telpagi tugul xushi boshidan ayrilgulik bo‘lib xursand bo‘ladi. Yaratganning yarlaqaganidan qadim o‘tganlar ahli bir og‘iz, bir ovozdan deganlaridek payg‘ambarlik toji bilan ulug‘langan va elchilik mansabi bilan qardoshlaridan ajratib saralangan Abut Turk jujuqlarining, kunchiqardan kunbotargacha yoyilgan va yetti yuz yetmish yetti lahjada, shevada, tilda, davlatda so‘zlashgan bolalarini, ota til nazmi jaddida bir katta zahmat, bir beqiyos mashaqqat, bir qora mehnat, bir ulug‘ alam tortib tirikmanini boshini bir tug‘, bir alam, bir bayroq ostiga jam qilgan, mamlakatni yakqalam – birlashtirgan, ota tilini tillar botqog‘idan azot ko‘tarib, yuvib-tarab yelkalab chiqqan, so‘nmas, so‘lmas, sarg‘aymas so‘z chamani yaratgan, har bir satri turkning zebi torakiga – bosh ustidagi tojning bezagiga aylanib ketgan, yetti qat osmon do‘stu yor, yetti iqlim eli xaridor, o‘qug‘onga muborak etilgan bir nafasida yetmish olam isini, bo‘yini, atrini, hidini, tarovatini tuyuntirganga tuyuntirgan, tuyunganni mutaassir, tuyunmaganni talmovsiratgan ersada, kiyinish va yeyishda eldan bir tuki ziyod bo‘lmagan Turk bedodini temuriy shahzoda, o‘tar davron shohi ekanligidan tuyungan Husayn Boyqaro el oldida o‘z otidan tushib otga bolalik do‘stini, ko‘kaldoshini, otadoshini chiqarib, jilovini tutib, jilovdorlik qilib Hiriyni, oqar suvlar bo‘ylarini bosh-ayoq yayoq aylantirgandan keyin uyiga kela sola bo‘sag‘aning o‘rtasida tizza cho‘kkancha o‘z boshidan o‘zi tuproq sochgan Alisher Navoiy qilgan ishni qiladi. Birovga qaramaydi. Birov qaramaydi. Birov qarolmaydi. Siqimlab, changallab quyganidan ko‘ngli to‘lmaydi, chog‘i, qo‘shhovuchlaydi. Bosh-ayoq tuproqqa botadi. Qoshu kiprik, yuzu yanoqqa ega chiqqan tuproq gardining yuki va dimog‘iga urilgan qadim tanish hididan o‘ziga keladi. Nafas oladi. Ko‘zlarini ochadi. Har bir tuproq zarrasi subhoni o‘rikning turshagidek keladigan va qaqshab qurigan bosh chanoqlaridek, ba’zilarining ko‘zi-qoshi, og‘zi-burni bordek ko‘ringancha; yer bilan necha yil yeyishgan va tozalanib oxir-oqibatda peshonasiga shamol ega chiqqan, har zamonda bir ko‘z, bir qansharini hushtak qilib chalib qo‘yiladigan qoqboshlarning hozircha shamol ega chiqmagan boshga bosh urganlaridan og‘zilari quloqda xursanddan xursand yerga qayta bosh qo‘yadilar. Qayta bosh qo‘yib joy-joylarini topib tingunlaricha, tuproq suratiga kirgunlarichayam quvonchi ichiga sig‘may sakrashgani qancha, miyig‘ida kulgani, bunday kunlarni sanayverib, sanoqdan adashib ketib, yo‘q qo‘lni yo‘q qo‘ltiqqa urgani nechov.
Mardonning shu turishi bir qaraganda qo‘li yupqaroq ro‘zg‘orning ustiga eski janda tashlab qo‘yilgan yer barovar kelin tandiriga, bir qaraganda qo‘shqo‘raning ustiga kigiz tashlangan chag‘atiga, bir qaraganda chegarachi askarlarning soqchilik o‘rinlarida birov payqamasin deb yaproqli yaproqli, hashtalali to‘rlarni boshlariga tashlagandek ko‘rinadi. Faqat to‘r tuproqdan to‘qilgan, yaproqlar o‘rnida chanoqlar osilishgandek, selkillashgandek, sollanishgandek, salomlashgandek. Yo‘q qo‘llarning bir-birlariga «besh tashla» degandek. Birov qaramaydi. Birov qarolmaydi. Qarashni xayoligayam keltirmaydi. Adashib qarab qo‘yganning holi xom tortadi. Orqasi xom tashlaydi. Xom uziladi. Bilmay ko‘zi tushib qolganniki bo‘lak. Qo‘shqo‘ra deb cho‘ponlar dashtda, tog‘da qo‘yni boqib kelgandan keyin kechqurun dam oladigan vaqtinchalik qo‘ra, turar joylariga, chag‘at deb ularning narsa qoralari bir joyga to‘planib, ustiga egalikligini bildiruvchi biron yopinchi tashlangan uyumga aytiladi. Begona odam ham so‘roqsiz yopinchi ko‘tarib faqat suv va nonga tegishi mumkin. Bu cho‘ponlarning qonuni.
– Ertaga bir kun birov sendan necha er qiluvding, nechta uy soluvding, gilaming nechta, nechta tillong borligini so‘ramaydi. So‘rasa, nechta balang bor deb so‘raydi. Nimaga tortishasanlar? Endi ro‘zg‘orni tortinglar. Xushu xursand ishingni qilib yurmaysanmi o‘zingniyam, boshqalarniyam ko‘zini quvontirib. Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi, degan mashoyixlar. Jaloyirniyam yuzini yerga qaratma. Uch balani yetti erdan tuqqanlardan uzoq yur. Soxtorlardan o‘rgangan hunaringni boshqa ko‘rmay. Tirnoq o‘stirib qilingan ish harom. Kiprigu tirnoq o‘stirish o‘likka tovun. O‘likka buyurilgan. Hali hammamiz ham yotamiz, tirnoq bir qarich, kiprik chappaga qayrilib. Shoshmagan hammasini o‘z vaqtida ko‘radi. Bu yurishlaring o‘liklarning oldidayam uyat.
Enam ham, kelinchak ham gap kimga tegayotganini birday biladilar. Men ham. Kelinchakning egilgan boshi yanayam xam bo‘ladi. Kelinchakning ko‘zida «u yerga borganimni Enaga kim aytdi ekan», degan xayol o‘tadi. Enamning yarim ertak, yarim matal, yarmi toshoyna, yarmi muzoyna, bir chekkasi tuzoyna gaplari davom etadi: qaytanga bir qiz bir yigitning yoqtirib bir katta shaharda bir katta daraxtning soyasida o‘tirishganda yigitning qulog‘ini tortib o‘ynagan qizdek xush-xursand yurmaysanmi, deydilar, Enam kitob o‘qiyotgandek, biroq ko‘zlarini yumgancha ip yigirganlaricha. Kelinchakning xayoli Enaning enaligiga paqqos tan beradi. Boya yo‘lda kelayotganda katta tolning ostida yerga to‘kilgan sap-sariq gullarini bosib o‘tayotganda, Toshkentda o‘qishda yurganda bir qiz bir yigitni yoqtirib qolganini, gullar ustida borayotgan qiz yigitning hazillashib qulog‘ini tortganini eslab, avval entikib, yutinib, keyin «bo‘lgan bo‘lsa bo‘ptida endi» degancha o‘zidan o‘zi g‘ashiqqani ko‘z o‘ngidan o‘tarkan Enamning oldida har narsani o‘ylayvermaslik kerakligiga aqli yetib qoladi.
– Ayolning ro‘zg‘origa mehri o‘choq boshini toza tutishida, itning yalog‘iga qarashida bilinadi. Qo‘qigan joyga farishta qo‘nmaydi, derdi enamiz, eslaydi u. – Itining yalog‘ini toza tutmaganning o‘choqboshiyam go‘ram bo‘lmaydi. Mashoyixlar bekorga olqindiga kun qolmay, sovunning qadriga yetmaysan demagan, balajon. Bizaki, saksovuldan sovun qilib kir yuvdik, silar ko‘rmanglar.
– Dosh pishirishni bilasanmi?
Kelin bilmasligidan bosh egadi.
Enam o‘rgatgan bo‘ladilar.
– Qozondagi suv isib ketmay un solinadi. Shopirib turasan. Doshga tuz solmaydilar. Tuz solsa, itning ko‘zi ko‘r bo‘ladi. Dosh itniyam, egasiniyam obro‘yi. Sovuq tushganda har kuni dosh qilib ber. Ichiga issiq kiradi. O‘zing ham ikki kun issiq ovqat yemay ko‘rchi? Izingdan mo‘ltiratma. Uyga kirsang, uyga, ayvonga chiqsang, ayvonga, oshxonaga kirsang ikki ko‘zi izingda qoladi sho‘rlikning. Itni muncha xo‘rlamaydilar. Mehr ko‘rmagan mehr berolmaydi. Ovora bo‘lma. Xudojondan mehribon yo‘q. Dargoyidan jon berib qo‘yibdi. Odamniyam, boshqaniyam jonini o‘zidan boshqa ololmaydi. Holiki odamning joni ekan, shoxda pirpirab turgan bargning uzilishigayam amri yetmasa, yerga bosh qo‘ymaydi. Xudojon xohlasagina odam bolasi xohlaydi. Niyatni yaxshi qilish kerak. Ortiqchasini ko‘tarolmaysan. Shu gaplarni aytmagan enaniyam, qaynananiyam tezroq ko‘tarsinda. Yuvindiga o‘rgangan itda oqibat bo‘lmaydi. Yuvindiga o‘rgangan itni it demaydilar. Yuvindixo‘r hamma joyda yuvindixo‘r. Kimning yuvindisi moyliroq bo‘lsa, o‘shaning yalog‘ini yalab ketaveradi. Kechagi egani talashdan ham toymaydi.
Urchuq o‘zida yo‘q, devshigancha betini yerdan ko‘tarmay aylangani aylangan.
Gapirilgan gaplar sal ichkariga kirishini kutib, yuqqaniga ishongisi kelgan Enam yana davom etadi.
– Moy tomsa, yalagudek toza bo‘lmaganni o‘chog‘boshi demaydilar. Yuz ochar kuning o‘chog‘boshiga qaynanang olib boruvdimi?
– Ha.
– O‘chog‘boshiga salom berib, olovga moy tashlavdingmi?
– Ha.
– Sanga endi o‘zim qarayman deganmiding?
– Ha.
Urchuq aylanaveradi. Kelinchakning nafas olishigina eshitiladi. Enam xuddi kelinchakning tandirxonasiga kirganlaru, orqasidan ergashib kelayotganga o‘sha joydagi narsalarni ko‘rsatib gapirganday davom etadilar.
– Qozoningni qopqog‘ining ahvoliga qara. Sho‘rlikni ikki birday it yalasa to‘yadi. Ko‘sovning turadigan joyi shumi? Tandirning og‘ziga bir narsa tashlab, yopib qo‘yadilar…
Urchuq aylanaveradi, aylanaveradi.
Kelinning ko‘z o‘ngida tandirxona, undagi o‘choq, qozon, qozon qopqog‘i, tandir, tandir ostidagi bir quchoq g‘o‘zapoya, tandir ko‘sov ko‘rinadi, qatorlashadi. Boya chiqarida ko‘sovga ko‘zi tushgan, yotqizib qo‘ymoqchi bo‘lgandiyu, «he, bor-e, manga nima» degan xayolga qo‘shilgan oyog‘i tortmagandi. Aytilayotgan ovoz uzoq-uzoqlardan kelganday davom etadi.
– Odam degan o‘choqning peshonasiga oyoq qo‘yib ovqat qilmaydi. Qozondagi bechorani halolligi qoladimi? Kovushni kirib chiqmagan joyi qolmagan bo‘lsa. Uyat. O‘t-olovning oldidayam uyat. Toshniyam, kesakniyam ko‘ngli bor. Haliki, o‘tu suv ekan. Ko‘nglini ko‘p og‘ritaversang, qozoning bir qusib bersa, eshitgan og‘zini ushlab kulganda bilasan, nima gapligini.
Urchuq aylanaveradi. Inchkiraveradi.
– Undan ko‘ra qozoningga qo‘y boqtirmaysanmi? Qo‘y boqishni havas qilmaysanmi? Xushu xursand qozon qo‘y boqadi, agar bilsang. Egamning qo‘yi ko‘p bo‘lsin, yog‘-moydan bizgayam tegsin deb. Haloldan topilganga to‘ygan, hamisha toza tutilgan qozon qo‘y boqadi.
Qozonning qo‘y boqishi degani kechqurun ovqat suzilib, yeb bo‘lingandan keyin o‘chog‘u qozonning issig‘i ketaymi-ketmaymi deganda mag‘lasakday sanoqsiz cho‘g‘chalar xuddi qo‘y boqqanda, qo‘y yoyilganda bir qator bo‘lib taralganday, yo‘q, unday desam tushunmaysiz, turnalar bir qator bo‘lib uchib o‘tganda, turnaqator tizilishib arqon tortishgandagidek qozon ostidan qozon quloqlari tomon o‘rlaydilar. Bir otarining orqasidan yana bir qatori. U qator orqasidan yana bir otari. Ro‘zg‘orning o‘chog‘ini suv sepib, tuproq tashlab o‘chirmaydilar. Bexosiyat. O‘zi, o‘zbilgicha o‘chishi kerak. Ega xabardor bo‘lib turish kerak. Egalik o‘chog‘ning davlatiyam, hurmatiyam shunda. Buyam aslida Enamning gapi. Qozon qo‘y boqqan kun otalar bolalarga so‘ramasalar ham, suyunchi beradilar. «Qozonlari qo‘y boqibdi, borib suyunchisini olinglar» deydi ona bolalargayam, otagayam eshittirib. Otalarning chehrasi yorishgandan yorishib ketadi. Mag‘lasak deb eng kichkina chumoliga aytiladi.
O‘sha kech otalar hamisha gap eshitadigan onalarga yaxshi qaraydilar. Do‘g‘laganday, siltaganday gapirishga o‘rganib qolgan og‘iz gap topolmaydi. Onalar erlardan bir og‘iz iliq gap eshitmasada, ko‘ngildan ko‘ngilga o‘tgan sezimlardan keyingi hayajonning zo‘ridan yangi kelinchaklardek nima qilarini bilmay paypaslanib qoladilar. Onalar ich-ichlaridan xursand bo‘ladilar. Shu kunga dovur qozonga harom tushirilmaganiga, hamisha yuvilgan, qaralganiga, ro‘zg‘orda hamma narsa halol va toza ekanligiga qo‘y boqqan qozon iqrorliq beradi. Qozonning qo‘y boqishi shu kungacha bo‘lib o‘tgan borliq yomon gaplarni oldiga solib haydab ketadi.
Shunga o‘xshash kunlarda erlar ikki kun yaxshi gapirsalar, uchinchi kun xotinlarni xavotir bosadi. «Yo biror joyi og‘rigan aytolmayapti, yo birortani topgan nami bor, shunga yaxshi gapirayapti» degandek. Qachonki soxta g‘azovatda bo‘lsayam eshitadiganini yaxshilab eshitgandan keyin yana bop-boyagidek ko‘ngli to‘lib ishini qilib ketaveradilar.
Urchuq bir nafas tinmaydi. Enam endigi aytar gaplarini saranjomlab oldilar chog‘i davom etadilar.
– Yerdagi biror jonivor, biror qimirlagan qushu quzg‘un yo‘qki sanu manday ummati bo‘lmasa. Gap ularning tilini bilishda, balajon. Chumoligayam ozor bermaydilar. Erta bir kun haqini so‘raydi egasining oldida. Xudojon mehnatni, sabrni uvol qilmaydi. Alag‘da bo‘lma. Husningga non botirib yegudeksan. Qaro uyga kirsang, chiroq kerakmas. Bu husnlar bahosi bir vaqtlar yurt so‘ragan. Ehtiyot bo‘l. Husnning yana bir otini kuydirgi deganlar. Yamon kuydiradi. Erkakka ayolidan ortiq dushman yo‘q, do‘st ham. Bo‘lar-bo‘lmasga erni chalkashtirmaydilar. Erkagi bor uydan beimonning nafasi qaytadi. Ersaklardan uzoq yur. Og‘rig‘i qolsayam, odati qolmaydi undaylarning. Balayam qarasang bala, qaramasang balo. O‘g‘il balani to‘qchilik, qiz balani yo‘qchilik buzadi. Otaning, erkakning tarbiyasini ko‘rmagan teshaning sopiga ponayam bo‘lmaydi. Ipga soya bermaydiganlar shulardan chiqadi. Yurakka erta kundan ko‘rtugun tushirma. Keyin kech bo‘ladi. Umrni zoya qilmang, balajon.
Enamning qayta-qayta balajon degani barobarida shu vaqtgacha xam bo‘lib o‘tirgan boshi yarq etib qaddini ko‘taradi. A’zoyi badani kuchga, g‘ayratga to‘lib ketadi. Birovni yomon ko‘rish degan narsalarni bilmaydigan bolalardek nafas oladi. Enamga yelka tutadi. Enam chap yelkasiga o‘ng qo‘llarini qo‘yadilar…
Enam endi kelinchakka dugonalardek, yangi tushgan kelinga yaxshilik tilab qishloqning pastu balandini o‘rgatmoqchi bo‘lgan dugonadek gap qo‘shadilar.
– Chakkidan qurt chekishni bilasanmi?
– Yo‘q.
– Yoz kelsin, o‘zim o‘rgataman. Bog‘dagul kelinning qo‘li tekkan deb bir talosh bo‘lsin, o‘shanda ko‘rasan qiyomatni. Jerikman degani borki, eshigingning oldiga qanday kelganini bilmay qolsin. Otingni yarimta aytib chaqirsalar, qarama. Odamni otini yarimta qilib aytish beimonning hunarlaridan. Yuvgan kirim yaxshi oqarsin desang, uch qayta yuv. Erinma. Uch suv ko‘rmagan kir yaxshi yuvilmagan mayitday yelkasi tirishib yotadi, hidiyam o‘ziga yoqmay.
Turmush achchig‘u shirini bilan turmush. Otini bekorga turmush qo‘ymagan. Turmushni musht deb qo‘yibdilar. Turishdan turish turmushdan Xudo asrasin. Turmushni pastu balandiga chidaganga chiqargan. Turmush odamman deganni siqib suvini olib, po‘lasini chiqarib, to‘ppasini qoldirmaguncha mushtini begona qilmagan. Mushtning ostida kim turolgan, kim turolmagan. Musht ham o‘lgur o‘zingniki, begona emas. Ahmoqlik Xudoning qarg‘ishi, noshukurlik xorlikka yo‘liqtirmay qo‘ymaydi, – degancha o‘zlariga o‘zlari gap qo‘shib katta damsar uradilar. Enam o‘zlariga o‘zlari gap qo‘shganda yonlarida birovning o‘tirishi mumkin emas. Mendan boshqa, albatta.
Kelinchak chiqib ketarda «Yaxshi bilmayman», deydi. Enam: qaynanangga ayt, o‘rgatsin. O‘rgatganimday qilib o‘rgatsin. Kuni kecha qachon balalik bo‘larkanman, deb hu-hulab, betining yoshi besh tomib, ko‘zi ko‘chaga suv sepib yuruvdi, bugun katta xotin bo‘lib qoptilarmi? Tuqqani o‘zi bitta bola. Birovning balasini sarson qilishdan uyalmadilarmi? Dunyo – qaytar dunyo. Hammasi oldingdan qaytadi. Qaytmagani qolmaydi. Beayb Parvardigor. Hammayam… aybdor kerak bo‘lsa, avval o‘zidan qidirsin. O‘zining yoqasini hidlagani ma’qul. Enam o‘rgatganday qilib o‘rgatar ekansiz, desang o‘zi tushunadi. Tushunmaygina qolsin…
Bilaman, bu gaplar kelinning qaynonasi haqida. Bu gaplarni kelin qaynonasiga aytolmaydi. Lekin xabar topganini ko‘zlar ko‘zga tushganda qaynona degan ilg‘asin deb aytyaptilar. Enam Mardoncha aytganda, Mardonning tili bilan aytilganda «politika» qilyaptilar. Qaynonayam uyida o‘tirgani bilan gaplarni eshitgandan ziyod bilib turibdi. Uyi tugul hovlisigayam sig‘ayotgani yo‘q. Kelinining g‘ovimizga burilganini allaqachon unga yetkazishgan. Enam bir kishi bilan gaplashayotganda gap ustiga bostirib kelishga hech kimning haddi sig‘maydi. Gaplarni o‘g‘rincha eshitmoqchi bo‘lgan xayoli buzuqni Jarko‘cha rangidan biladi. Oyog‘ini oyog‘idan o‘tkazmay qo‘yadi. Oyog‘i ostidagi yer bir qochgan biladi gap nimadaligini.
Kelinchak uyda beshikka belab kelgan bolasi uyg‘onib yig‘layotgandek o‘rnidan turadi. Hali chapu o‘ngi yo‘lga tushib ketmagan kelinlik kalishiniyam o‘ngi-chapiga qaramay ildirgancha jo‘naydi. Qo‘ynida yangi surpga o‘ralgan idish. Qulog‘ida Enamning gaplari. Esimdan chiqmay biror joyga yozib qo‘yay degan xayolda bo‘ladi. «Ayol kishi ertalab turib, yuz-qo‘lini yuvib, eriga ikki qo‘llab salom bersa, er ham ikki qo‘llab salom olsa, shu vaqtgacha qilgan gunohlari qo‘llar orasidan guvullab to‘kiladi…»
Deraza ortidagi erkak
Kelinchak Oyqortog‘ning bulbullari kitob o‘qishidan oldin turadi. Qo‘l-betini yuvib, hovliyu bo‘sag‘ani supurishga chog‘lanadi. Har turlik uyqusiragan qushlar daraxt shoxlarida qo‘nishibgina ota hovli yuzini tozalashdagi g‘ayrat sharpasini ko‘rishni istaganlari bilan ko‘zlari ko‘rmaydi, supurgining bir maromda borib-kelishi ovozidan uyqulari qochadi. Avvaliga allalaganday bo‘lgan bo‘lsayam. Kelinlik mahsi-kavushining tanovariga – bosganda chiqargan ovoziga mast bo‘ladilar. Kelinchak kelin bo‘lib tushganda, hovliga kirarda, katta bo‘sag‘ada olovdan aylangan, kuyovning ortidan izma-iz bosib aylangan o‘rinlarga kulib-kulib qaraydi. Birov ko‘radiyam degan xayolgayam bormay kuyovining orqasidan ergashgan izlarini oyoq uchida bir-bir, birma-bir bosib aylanadi. Qiziq, o‘shandagi izlar haliyam o‘chib ketmagan ekan. Shuncha o‘tib qaytib ko‘rmaganini qarang.
Kelinning ko‘ziga bo‘sag‘a bo‘zalamidan boshqasi, bo‘lagi ko‘rinmaydi. Bo‘sag‘a bo‘zalamaning o‘sha kelin kelganda Jarko‘chadan ajralib hovliga kiradigan yo‘lakdan keyin, darvozadan kirgandagi kelinning oyog‘iga bosh bergan, boshiga ko‘targan, yelka tutgan necha bir yillik bo‘zalam, o‘sha olov aylanganda yerga qaraganda, boshqacha ko‘ringan kaftdekkina keladigan bir parchasini ilkis ilg‘agan kelinchakning ham dimog‘i chog‘ bo‘lib ketadi. Bo‘zalam yangidan bo‘zlayotgan, bo‘zlanayotgandi. Dugonalar topishgandek o‘tira solib o‘sha bir parcha boshqacha, bo‘zalamlardan ayricha o‘sgan, balandroq, o‘siqroq ko‘kalni, maysaning boshini silagan bo‘ladi. Ko‘rgan ko‘z kelinchak esdan og‘ibdi, tentak bo‘lib qopti demasin degan xayol kelgandan maysaning orasida yo‘q toshu xaslarni bittalab terganday bo‘ladi. Yelkalari uzra Enaning gaplari sirdosh dugonaday ergashgani ergashgan. Sochlariga osilishib olganday ham. «Xotin – erning joynamozi». Odam bir vaqtlar bo‘lib o‘tgan biror gapni eslab, eslagan gapidan o‘zi uyalib ketishini o‘shanda bilgan. Qizarib ketgan yuzdagi tabassumining, jilmayishining chiroyliligi o‘ziga ko‘rinib ketib, o‘zidan o‘ziyam uyalib ketadi.
Tabassum tahoratni buzmagan. Tabassum ulashadi. Tabassum – sadaqa.
Bir necha kundirki, xotinining sahar mardondan mahsi-kalishda tashqariga chiqib ketishidan, ishlarini qilib bo‘lib, qaytib kelib ko‘ziga tik qarab salom berib ikki qo‘llab ko‘rishishidan, kun bo‘yi tandirxonadan, o‘choq boshidan chiqmasligidan, itning yalog‘ini qayta-qayta yuvishidan, uyqudan oldin yelkadagi sochni, bo‘yniga yetmayotgan sochni qayta-qayta bo‘yniga o‘ramoqchi bo‘layotgan, kaltalik qilib yetmaganidan o‘rolmagach sochining uchiga qarichini ulab ko‘ksining ustiga qo‘yayotganidan xavotirga tushgan, deraza ortidan, uy ichidan, pardani sal surib qarab turgan erning rangi-quti o‘chadi. Bu turishda xotini o‘zini-o‘zi bir narsa qilib qo‘ymasa go‘rga edi. O‘zini bir narsa qilib qo‘ygan kelinchaklarning erini qamab qo‘yishlarini eshitgan, ko‘rgan. Ayniqsa, xotini o‘zini bir narsa qilishdan oldin yozib ketgan xatlari topilgandan keyin. Ketganning yil oshi o‘tgan bo‘lsayam, tergovga farqi yo‘q ekan. Tizzasi deraza tokchasiga to‘shalgan gazetaga tegib ketib, gazetaga qo‘shilib tushgan ikki buklog‘lik xatga ko‘zi tusharkan seskanib ketdi. Ochib ko‘rgandi, sovuq ter bosdi. Yoziq tanish. Talabalikdan tanish. Bir vaqtlardagi o‘ldim-kuydimiga suv sepgan yoziqlar. Endi bira to‘la jinjay qiladi chog‘i… Avval o‘pka og‘izga kelib tiqildi. Na bir yutum havo ichkariga kiradi, na chiqadi. Keyin ko‘z ketdi. Na ko‘z ko‘radi, na ko‘rganini ilg‘aydi. Keyin qo‘l-oyoq birdan birovnikiday o‘zi bilan o‘zi bo‘ldi, o‘ziga o‘zi termildi qoldi. O‘tirishgayam, yurishgayam, yutunishgayam aqli yetmadi… Xuddi holini hamma ko‘rib turgandek, ulardan bekinaman, panaga o‘taman, yuraman deb ko‘ruvdi, oyoq-oyoqdan o‘tmadi. O‘tkizmadi. Ikki tizzasining pasti ilon sirg‘alib tegib o‘tganday, muz cho‘rtta qirqib ketganday bo‘ldi. Qotdi qoldi. Birda Aydarko‘lda cho‘milishda shunday bo‘luvdi. Ikki oyoq orasidan o‘tgan ilonni o‘shanda ko‘rgandiyam. Hozir esa hech narsa ko‘rinmagan bo‘lsada, quloqlari ostida xavotir vishillab nappar urib o‘tgandek. Yo‘q, vishillab turgandek. Ketmayotgandek. Ketishni xayoligayam keltirmayotgandek. O‘ng qo‘lidagi xatning bir chetini chap qo‘li bilan ushlamoqchi bo‘lib xatga uzangandi, qo‘llarining beso‘naqayligi, uzundan-uzunligini, chap qo‘lining bilakdan naryog‘ini eh-he qayerlardan qayrilib kelayotgani, hali beri qog‘ozga yetib kelishi gumonday, qo‘lni o‘zi emas boshqa birov boshqarayotganday ikki ko‘zi baqraydi qoldi. Esidan ajralayotganini ilkis ilg‘adi. Qo‘rquvning kuchini shunda sezdi. Esi borida o‘ng qo‘lini yig‘ishtirib olmoqchi bo‘lgandi, bunisiyam besurovdan besurov bir narsadek, birovnikidek, qo‘lning qayrilishi kerakligi haqidagi xabar qo‘lning ustida ketayotgandek, xabar soyasi miltillab qo‘l uchiga yetib borgandan keyin besurovlanib orqaga bir qaragandek, qo‘l bukilib o‘zini eplay olmay toqqa borib urilgandek. Qo‘lning, barmoqlarning uchi tirnog‘ining toshga qarsillab urilib og‘riganiniyam bildi. Joni achib og‘ridi. Qiziq. Og‘riq ham qolar oldi, bosilar oldi, so‘nar oldi «endi og‘riqniyam sezmaysan, bu oxirgi og‘riq» degandek bo‘ldiyam, chog‘i. Umr uzilaman degandayam. Na oyoq, na qo‘l, na til, na ko‘z, na xayol avvaldan unga tegishli emasligiga, berib qo‘yilgan omonat ekanligiga bir qatimgina qolgan aqli iqrorlandi. Tuyundi. Ko‘pi ketib ozi qolganday tuyuldi… namozi buzilib, tahorati sinmagan so‘piday serraydi. Bo‘yniga solingan arqonni shu vaqtgacha «eng katta dushmanim» deb yurgan odam kelib olganidan, bo‘shatganidan: xo‘rozchaqandlar oyoqlardagi, pashmaklar qo‘llaridagi tushovlarni ko‘zlari jizillabgina, jiltillabgina, jirtillabgina yechganlaridan keyin ham qilt etishga, qimirlashga majoli qolmagan, dordan omon qaytgan na o‘ligu na tirikday zing‘raydi.
Deraza ortidagi hayot
Xudo mehribon bo‘ldi… derazani ilkis va ovozsiz ochgan shamol betiga sovuq urdi. Qo‘yvordi. Avval ko‘z ko‘rdi. Keyin yoziqlarni o‘qishga aqli yetdi. Xayoli ilg‘adi. Ko‘zi o‘tdi. Po‘st tashlagan ilonday yengil tortdi.
Xotini qayerdandir ko‘chirib olgan yoziq. «Erta turib bet-qo‘lni yuvib, eriga ikki qo‘llab salom berganniyam…» Xatni yana bosh-oyoq qayta o‘qib, joyiga, deraza tokchasiga to‘shalgan gazeta ostiga, qo‘ygancha bir muddat serrayib, keyin nimaga bunday turganiga o‘zi hayron bo‘ldi.
Kelinchakning tosh terib o‘tirishi, ikki tizzani ichki betlarini bir-biriga zich tekkizib, quchoqlangandagidek jips qo‘shtizzani bukilgan oyoqlar bir yonga, bo‘ksadan yuqorisi bir yonga salgina tashlangan o‘tirishi kuyov bo‘lmishning xonumonini kuydirib yuboradi. Deraza ortidagi hayot ko‘ziga jaz etib uriladida, bo‘z boladek behush qiladi-qo‘yadi. Hovliga oshiqadi. Talabalikning telbaligi qaytib kelgandek bo‘ladi. Xuddi kelin kelganda olov aylangandan keyin kelinni azot ko‘tarib ayvonga olib borgandagidek ko‘tarib jo‘naydi. Bu safar endi shipirgi–pipirgisi bilan qo‘shib. Bu safar endi ayvongacha emas. Bu safar endi naqd o‘zlariga ajratilgan xonagacha. Bu safar endi chimildiq tortilgan xonagacha. Bu safar endi pardalarni o‘zi zich yopadi. Kunni tomoshaday emas, bayramday o‘tkazishni boshlaydilar. Kechaniyam. Kelin-kuyov avval «oyna ko‘rsatar» o‘ynaydilar, keyin «kelinning qo‘yniga tuxum solar», xo‘rozi bor tovuqning tuxumini, albatta, keyin «kampir qo‘rqitar», keyindan keyin mahsi yechar degandek… mahsisini yecholmagan, yechishga qo‘rqibgina turgan kelinning ko‘nglini olish yo‘lida «shirin choy» tutib, «soch siypatar»dan keyin ham mahsini yechishga ko‘ndirish osonmi… yana to‘pig‘i ustida Ena bergan ip bog‘loqliq oyoqqa kiyilgan mahsini… Ayolning chiroylisini jandaning ichida ko‘r… Ko‘r.
Oy yorug‘ida, egasi bekasini ko‘tarib borayotgan qo‘shsoyaga ko‘zi tushgan itning o‘takasi yoriladi. Itligiga borib, nima bo‘layotganiga aqli yetmay shoshgan Olapar vovullashiniyam, vovullamasiniyam, yaltoqlanish yo qochishiniyam bilmaydi. Boyqadam bo‘lgilari kelib ketadi. Vov deb qo‘ysa baloga qoladigandek, demasa, itligi qayerda qoladigandek. Itlik hurmati qaerda qoladigandek. Shuncha yil it bo‘lib, ne bir it kunini ko‘rib bunaqasini ko‘rmagandi. Hovlining u boshidan bu boshiga birda ikki oyoqlab irg‘ib-irg‘ib, birda to‘rt oyoqlab sakrab-sakrab yuguradi. Tutagandan ichi tutaydi. Yongandan ko‘zi yonadi. Itning ko‘zlari yonganini hamma ko‘radi. Faqat ikki qo‘li bilan betini, yig‘layotgan ko‘zlarini yopib olgan, kuyov qo‘lida ko‘tarib borilayotgan kelinchak ko‘rmaydi. Itning hansirashidan ko‘zining yonganini ko‘rganlardan ziyod ko‘rganday bo‘ladi. Qo‘llarini betidan olishga uyaladi. Hovlidagi daraxt shoxlarini qo‘noq qilgan bir gala tovuqning o‘rtasiga kirib olgan xo‘roz boshliq mokiyonlaru, qishloqning xo‘rozli kataklardagi kun yorishmasa ko‘zi ko‘rmaydigan, shabko‘r tovuqlar Olaparning o‘pkasi og‘ziga tiqilgan yugur-yuguridan besaranjom bo‘lib g‘urt-g‘urtlashadi. Xo‘rozsiz kataklarning dami chiqmaydi. Qo‘shnining xo‘rozidan bo‘lsayam don yeb yurgan tovuqlarning ovozi dadil chiqadi. Qishloqning tili uzunlari Bog‘dagulning «Mahsili kelin» otini olganidan ensalari qotadi: – Nima biza mahsi kiymay shippak kiygan ekanmizmi, degancha g‘urtillashadi…
Bog‘da gullar orasida
Er endi ko‘klanayotgandi…
Devonatelpakka bir vaqtlar behishtda beg‘am, betashvish Odam tilab olgan tumori Havoning guli gulshan orasida, bog‘da gullar orasida quvalab, bog‘dagi gullar bilan adashtirib qo‘yib, betma-bet bo‘lishganda qo‘li qo‘liga tegishi bilan yanada yuqoriga ko‘tarilishgan, o‘zlariga ayon bo‘lmagan kuch ularni yanada balandga sokin shiddat bilan irg‘itgan, o‘ynatgan, quvnagandagi qo‘l ushlashgan odamzodning kulgilarining jarangi, butoqlar iringandagi shiviri, hali gulchangini hech kim emmagan bokira g‘unchalar shamolga ilakishib chalgan qo‘ng‘irog‘i, maysalar qo‘shqarsagi, paqqos ochilgan gullarning chatishgandan berigi xushu xursand hayqirig‘i eshitilib ketganidan tentiraydi, dovdiraydi, nafas olishda ko‘ziga boshqa joy, nafas chiqarishda bir boshqa joy ko‘rinayotganidan… sajdaga boradi…
Yaxshiyam Xudojon odamzodni kech tushgandan tovuqqa o‘xshatib ikki ko‘zini shapaq qilib qo‘ymagan. Qorashom qo‘ngandan yetgan joyida tovuqday cho‘nqayib o‘tirardi, qachon kun yorisharkin deb. Jondorman deganiyam tanlab, tanlab deganday. O‘ziniyam ko‘p urintirmay. O‘tgandan ham, qaytgandan ham tepki yeb deganday. O‘zing mehribonsan, beadad. Mehringni begona qilma. Ko‘ngli shapaqlaringga rahming kelsin. Sen rahmlisan…
… shu ketgandan, shu ko‘chgandan dunyoni bir aylanib keladi. Kimsan tus Amir Temurning ixlosi, xos buyrug‘i bilan Turk Piri maqbarasi uchun yasalgan hashamatlidan hashamatli ming shamlik shamdonni yoqmoqqa chog‘lanadi. Qahrabodan yasalgan shamdonning uyalmay-netmay Parijga olib ketilgani, ustiga-ustak kimdir uyalmay sotgani, kimdir uyalmay sotib olgani, Luvr otliq muzeyda saqlanayotganiga birda g‘ashiqsa, birda g‘ashiqqanidan kuladi. Olib ketilmaganda nima bo‘laridan tuyungandek a’zoyi badani seskanib ketadi. Xudoning amrisiz qushning tomog‘idan bir tomchi suv o‘tmasligini anglab turib, shu xayollarga borganiga o‘zidan o‘zi uyaladi. Kirar nafasi kuydirib, chiqar nafasi kuldirib deganday. Boshini chiroq yoqilgan shamdonga urib olgan ko‘rday ikki qo‘lini ikki yonga ko‘targancha boshiga urilgan narsani ushlash payida paypaslanadi. O‘zini shamdonga qo‘shilib sollanganday sezadi. Yoqilgan pilik olovi taftida isingan bo‘ladi. Qo‘llari olovdan, olov qo‘llaridan quvvat olgan bo‘ladi. Endi gullayman deganda birda sovuq urgan, birda do‘l savalagan, birda tentak shamol bitta qo‘ymay to‘kkan, birda o‘zidan yasalgan sopni o‘ziniki o‘z boshiga bolta ko‘tarib kelgan, gullashdan ham bezor bo‘lganidan gullash ham esidan chiqib ketgan, o‘tgan yildan qolgan va o‘ymoqdan sal katta bo‘lib issiqning zo‘ridan pisharga yetmay shoxida sarg‘aygancha tosh qotib qolgan mevasiga ne bir hasratda qaragan behining yangi barglariday rangparlanadi. O‘ziga o‘zi qo‘shiq aytib o‘zining ko‘nglini o‘zi chog‘ qiladi.
Xudoning rahmati, fayzi hama insonda yaksardir,
Va lekin tarbiyat birla etishmak sharti akbardir.
Belanchak osgan oy og‘zining bir chekkasi bilan kulibgina qo‘yadi. Oy belanchagi Oyqorning oy suratliq ming-ming yillik qori bilan teng turganidan qo‘shbelanchakdek ko‘rinadi…
Jarko‘chaning dimog‘i chog‘, xursandchiligi hech bir yerga sig‘maydi. Bir qo‘lida papalab tozalangan bir tugun yungni ko‘targan, bir qo‘lida qaynonasi yuvuqsizning ko‘zi tushmasin deb bir parcha surpga o‘rab bergan urchuqni to‘g‘ri ko‘tardimmi, chappa ko‘tardimmi degan o‘yda qayta-qayta urchuq boshini ko‘kragiga bosib-bosib tekshirib borayotgan kelinning yo‘liga chiqqanlarning putini osmondan keltirishdan toymaydi. Tanovarli mahsi-kavush izlarini yangi izchalar bosganigacha, qavatida pildirashib iz qoldirishlarigacha asrab qo‘yishiga o‘ziga o‘zi so‘z beradi. Qo‘yniga yashiradi… ko‘kayginasiga berkitadi… yuvuqsizlar nazari hech qachon tushmaydigan ko‘ngliga ko‘mibgina qo‘yadi…
Jarko‘cha yelkasini bosib o‘tgan har bir izning dardu dunyosini biladi. Yaxshisiniyam, yomoniniyam. Qizaloqligida, yetishmovchilikdan qizalog‘i otasiga mo‘ltirab aytolmay, otasi qiziga mugtarib dami ichida iroqi do‘ppiga yetisholmay o‘tib ketgan bolaligini eslab, qo‘msab, o‘ksinib, bolalari bir-birining qo‘lini ushlagancha yetaklashib, qizlarining boshidagi iroqi do‘ppilarga qarab-qarab, atrofida bir narsa g‘iltillab aylangan ko‘zini bolalaridan yashiribgina ergashtirib, yetaklab, beti kulsada, ichi to‘kilib borayotgan, ota uyiga mehmonga kelayotgan xotinlarning xayolinigina ko‘tara olmaydi. O‘zini oyoqlar ostiga tappa tashlaydi.
Deraza ortidagi yulduzlar
Qadim va sokin eski tanish qorashom enadi. Oqshomga hali bor. Yulduzlar sirlarimni aytsammi, aytmasammi, deb ikki o‘yda turgan dugonalardek tuyuladi. Yulduzlar ko‘zidagi yoshda yulduz ko‘rinadimi, o‘zinikidami, ayrit qilolmaydi. Xayoli xayoliga gap qo‘shdimi, erigami uniyam bilmaydi: qorong‘isini chiroyliligini qarang. Boya Oyqorga salom beruvdi. Tog‘ salomiga javob qaytarganday, javobni ilg‘aganday bo‘lganidan seskanib ketdi. Boya shamol toqqa qarab esayotgandi, endi tog‘dan esayapti. Shamol tog‘dan esganda yaxshi bo‘lardi, deb o‘shanda xayolidan o‘tkazgandiya. Darrov qaytib kelibti. Tog‘ tomon bir borib kelgan tanish shamol ro‘molidan chiqib peshonasiga tushgan sochini o‘ynab erining betu ko‘ziga urganidan, erning ikki qo‘li bandligidan bir tutam sochni tishlab olganidanmi, issiq nafaslar uchrashganidanmi ichi yorishib ketdi. Ko‘z o‘ngidan Olaparning xursandligidan halloslab, og‘zi ochilib, bir qarich bo‘lib chiqib, aqli shoshganidan yig‘ishtirolmay qolgan tili, chaqnagandan chaqnagan ko‘zlari o‘tadi. Hali mag‘zini chaqa olmagan bo‘lsada, ikki yelkasida Enaning gaplari: itning niyati hamisha yaxshi. It egamning bolasi ko‘p bo‘lsin, biri bo‘lmasa, biri non opchiqib beradi, qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, qo‘llaridan non olib yeyman der ekan… egarning qoshiga qarab egar ustidagining qo‘tir itini sizlashga qolgan kunni ko‘rsatmasin…
Bir necha kundirki, ko‘ztanish yulduz avval o‘ng qoshini uchirib, keyin chap ko‘zini qisib, o‘rtada tilini bir chiqarib qo‘yadi. Bir gapni aytmoqchi chog‘i. Qizlar yaxshi ko‘rgan yigitlariga xat olib borib berishimni aytmoqchi bo‘lishganlarida shunday qiladilar. Yulduz o‘g‘il bola yulduzmi, qiz bola yulduzmi bilmaymanda, javob qaytaray desam. Yulduzlarniyam kimligini otidan bilsa bo‘ladi. Uning uchun birinchi yulduzning o‘zini tanish kerak. Lekin Mardon barini biladi. Yulduzlarning borar-kelar yo‘ligacha, qaysisi qaysisiga do‘st, qaysisi dushmanligigacha. Menga qorashomdan keyin ko‘chaga chiqish mumkin emas. Enam xafa bo‘ladilar. Hozircha faqat Zuhra, Mushtariy va Egizaklarni taniyman. Enam Zuhrani Zuvro deydilar. Zuhradan sovuq shamol essa yomon emish. Sovuq shamol elning yozig‘i ko‘payib, zolimning qo‘lida qolishidan belgi emish.
Nasib bo‘lsa, hademay dalayu dashtga qizg‘aldoq ega chiqadi. O‘shanda bolalar «o‘g‘ilmi qiz» o‘yini o‘ynaydilar. Qizg‘aldoq g‘unchasini olib bahslashganda, birov boshqasidan «o‘g‘ilmi-qiz?» deb so‘raydi. Toparman aytarini aytadi. Aytarman g‘unchani peshonasiga uradi. G‘uncha qars etadi. Qip-qizil chiqsa, «qiz» chiqqan, oppoq chiqsa, «o‘g‘il» chiqqan bo‘ladi. Bog‘dagul yanga «o‘g‘ilmi-qiz» o‘yinini bilarmikanlar? Bilsalar o‘ynaymiz, bilmasalar, o‘rgataman. Tomlarning chekkalariniyam qizg‘aldoq bosishiga oz qoldi. «O‘g‘ilmi-qiz»ni ko‘p o‘ynaganni peshonasidan bilib olsa bo‘ladi. Avvaliga hindilarning kelinchagiday peshonasining o‘rtasi qizarib, keyin bir necha vaqt qorayib qora, ko‘karib ko‘k emas, bo‘zargancha peshonaga ega chiqadi. Bilmagan kuya tegizib olibdi deb o‘ylaydi. Bilgan «ha, endi bu yil qaysi ko‘p bo‘larkin: ulmi-qizmi» deb hazillashadi.
Tanish-notanish, katta-kichik yulduzlar deraza ortida tizilishgancha mo‘ralashadi. Zuhro bir taroq o‘zining, bir taroq dugonalarining sochini taraydi. Betma-bet tikka turg‘izib qo‘ygancha Oyni oyna qilib olgan bo‘ladi. Yuragida g‘ujuri bor dugonalardan birontasi biron uzoqroq joyga tushadi, chog‘i. Mushtariy o‘sha-o‘sha: xat-qalam yuritadi. Elning og‘zidan eshitganini bir bo‘lak, ko‘rganini bir boshqa, o‘zidan qo‘shganini bir qo‘sh. Egizaklar bejag‘imligini qo‘ymaydi. Qulog‘iga gap kirmaydi. Ming gapirganing bilan unisidan kirib, bunisidan chiqib ketadi. Bir-biri bilan itolish o‘ynagani-o‘ynagan. Kunduzlariyam bir ko‘zlari derazada. Xabar kutib, xabar poylab. Yulduzlar hamma baloni biladi. Ularni bir joyda turadi deb o‘ylamang tag‘in.
Yulduzlarning bejag‘imligi tingach, Oyqor uzra Oy kelinchakdek bosh-oyoq oqqa o‘rangan, eng chiroyli kanizaklarini iyartib tomoshaga chiqqan bo‘ladi. Bo‘y yetgan qizlarning eng dahshati, eng chiroylisi dugonalaridan bir qadam oldinda yurganday yuradi. Suzilmayman desayam, o‘zidan o‘zi suzilib ketayotganday. Suzilmayman desayam suzilib ketaveradigan chiroyli qizlargayam qiyinligini Oyqor qayerdan bilsin.
Er endi ko‘klangandi… ko‘klanadi… bor bo‘yiga bo‘zalam tortadi… tog‘u tosh, qiru o‘r, to‘ru go‘r demay bo‘z alamini tortadi… Vaqtu soat shoshmaygina, buyurilganiday, yo‘rig‘idan adashmay mol oralamaydigan, odam oyog‘i oyda-yilda bir tegadigan, biroq borar joylari bo‘lmish O‘smat ota qavatidagi pastu balandlarning chakkalariga chechaklar taqadi. Bu safar boychechaklarni ukam, Isajon va Muhiddin otliq ikki jo‘ram, yo‘g‘-e, avolarim bilan birga ko‘rganman. Biri Rishtondan, biri zominlik. Chechaklar bizni, biz chechaklarni ko‘rganimizdan xursand bo‘lamiz. Jo‘ralarim tanish boychechaklar ensalarini qitig‘lab qo‘yishadi. Lekin yulmaganmiz. Enamga boychechak kelganini aytishim kerak. O‘tgan yili aytganimda «har bandasining gul vaqtiyam g‘animat» deb Kattasoyga qaragandilar… Bu yil nima derkinlar?
Kattaroq gullari yoyilib, kichik gulchalari uyalib qaraydigan, osti ko‘rinadigan hilbadan otliq matodan ko‘ylak kiygan, kishi dimog‘ini chog‘ qiladigan atir sepgan kelinchak Enam o‘tiradigan uyga kirishi bilan ko‘chada kiyib kelgan beqasam minsagini ilgichga osadi. Uyni atir isi tutib ketadi. Kelinchak endi Enamning Enamligini bilib gaplashadi. Eski qo‘shiqlarni yozib olishni odat qilgan. Enam bir aytgan qo‘shiqlarini qayta aytmaydilar. Yuraklari ko‘tarmaydi. Qayta aytaman deganlari bilan aytolmaydilar. Eslaridan chiqib ketadi. Kelinchak yozishga ulgurmay qoladi. Men o‘zi bir narsani, xushimga kelsa, bir eshitganda yodlab olaman. Xato ish qilib qo‘ygandek jovdirab qolgan kelinchakka yordam beraman. Enam xayollari bilan mening aytganlarining to‘g‘ri, noto‘g‘riligiga ser solib o‘tiradilar.
Suv kelar – oqar ketar,
Tog‘-toshni yiqar ketar.
Dunyo bir derazadir,
Har ketgan boqar ketar.
Soya bermas qoyadan,
Jildiragan jar yaxshi.
Benom o‘tgan sirridan,
Ot chiqargan qir yaxshi.
Qirq ko‘zli derazadan
Qarar yamon, ham yaxshi.
Qirq quruq nasihatdan
Bir silqigan dard yaxshi.
Kelinchak sirri, silqigan deganlarni angnimas, eshitmagan ekan. Enam menga qaraydilar – men tushuntiraman… Sirrini erkak – ayoli bo‘lmaydi. Takasaltang, qo‘lini sovuq suvga urmaydigan, og‘irning ostidan, yengilning ustidan yuradigan degani…
Vaqt bemahal bo‘ldi. Endi uxlashim kerak. Enam menga qarab-qarab qo‘yayaptilar. Xo‘rozdan oldin turishim kerak. Qichqirmasidan oldin. Bo‘lmasa, kuni bilan oyoq ostida o‘ralashgancha baqrayib qarayveradi. Men seni uyg‘otganman deganday. Ertalab Enamning hassalarini qo‘llariga berishim kerak. Eshikkacha olib borishim kerak. Eshik ortida opam kutib turgan bo‘ladilar. Qo‘llarida otam Samarqanddan olib kelgan, plasmassadan yasalgan yengil, ichida iliq suv to‘la cho‘vva, yonlarida quloqlariga qo‘shib betiniyam qayta-qayta yuvgan, mo‘ylovlargacha taralgan, odob bilan cho‘nqayib o‘tirgan pishagimiz bo‘ladi. Bet-qo‘lni yuvmay birovning betiga qarash, salom berish mumkin emasligini biladi chog‘i. Bet yuvmasdan tog‘ning betigayam qaramaydilar. Men Enamni bomdodga uyg‘otadigan, biri Katta otamning otasidan qolgan sadaning shoxida, biri qishloq oralab o‘tadigan Turkariq yoqalaridagi teraklardan turib, biri qo‘yib biri sayragan, biri biriga gap qo‘shganday bulbullarning ovozidan uyg‘onaman, kerak bo‘lsa. Xo‘rozning emas. Qishloqning katta mullasiyam ana shu bulbullarning ovozini boshqalarnikidan ayrit qilishini Enamga aytganlarida ilib olganman. Odamlar bomdod yo‘liga tushishlari bilan tinib, machitdan chiqib, uy-uylariga qaytib, g‘ovlaridan oshishlari bilan yana sayrashni boshlaydilar. Buni o‘zim kuzatganman. Bugun odamlarning og‘zidan eshitgan, ko‘ngilga o‘tirgan, ichimni ichidan kelib xayolimni bir chekkasida o‘tirib olgan, bir pal bo‘lib gullab turgan bog‘dagi gullar ichida boshqacha ko‘rinib, boshqacha qarab turgan guldek, har zamon har zamon «bizlarni qachon daftarga yozib qo‘yasan» degandek, uyqusi kelmayotgan, boshini ko‘tarib qarab-qarab qo‘yayotgan gap-so‘zlarni ertalabgacha esimdan chiqib ketmasin deb ichimda takrorlayman. Baribir bo‘lmaydi. Erinayotganimni Enam bilib qoladigandek, aslida, Enamni bezovta qilmay degan xayol ham bo‘ladiyu, bu bahona xayol ekanligini kimdir bir yo‘talib bekor qilgandek, keyin tomoq qirib mehnatdan qochmasligim kerakligini eslatgandek bo‘lgani uchun irg‘ib turib yozib qo‘yaman.
Otadan ortiq sodiq qul, onadan ziyod chin cho‘ri bo‘lmas.
Tushunmasang, bir ziyon, tushunsang ikki ziyon.
To‘lgan oyni qo‘l bilan ko‘rsatib bo‘lmaydi.
Tuproq odam tanlaydi.
Daraxtlar duoga qo‘l ko‘taradilar.
Birovni yig‘latgan it ulumay qolmaydi.
Uligan itga butun non tashlaydilar.
Yomon it oyog‘idan qariydi…
Tog‘lari ellariga munosib tushubtur,
Teng bo‘lmaguncha, to‘sh bo‘lmas.
Zolim o‘lmaguncha to‘g‘riga son yo‘q.
Chog‘iga qaramaganni chataniga og‘ir tushadi.
Bir jon bo‘lsa, uning g‘amini yema…
Ko‘kay ko‘klam tusaydi.
Ko‘kay ko‘kalam istaydi.
Ko‘kayda ko‘k alam pirpiraydi.
– Uni-muni qo‘ying, tuyangiz nechta bo‘ldi? Shundan gapiring…
Jizzax – Toshkent.
2019 yil, yanvar-avgust.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 8-son