«Kimsan» ismimning ma’nisiga kelsak, ins-jinslarning nomi ekan. Ma’lumki, ins-jinslarning qo‘nimi bo‘lmaydi. «O‘g‘lim ko‘chaning bolasi bo‘lsin, kasbimni egallasin», deb otamiz shu sharifni kaminaga ma’qul ko‘rganlar.
Bizning urug‘ yosh bo‘lsa, ikkala lunjida qurtobasi borday, keksa bo‘lsa, suzmaxaltaday lunji osilgan bo‘ladi. Sababi — urug‘ning bari karnaychi. Qarindoshlarimizning karnay chalishini ko‘rmabsiz, dunyoga kelmabsiz. Har lunjlarki, ko‘k bedaga to‘ygan sigirning qornidek ikki tomonga chiqib-chiqib ketadi.
Otamiz, ikki ukam bilan baholi qudrat nasibamizni terib yeb yurgandik. Odamlar aytishdiki, «Bunday qilib yurmanglar, biror joyda o‘qib, hujjat olinglar. Hujjatinglar bo‘lmasa sizlarni karnay chaldirmay qo‘yishadi», deb. Biz ham bo‘sh kelmadik: «Ota-bobolarimiz karnaychi o‘tgan, buni el‑yurt biladi, qolaversa, loytomni ustiga chiqib bir karnay chalaylikki, ohangidan otlar kishnasin!», «Be, u zamonlar o‘tib ketgan, endilikda hujjatsiz mardikorchilik ham qilolmaysan. Hatto odamning odamligini aniqlashgayam hujjat surishtiradi. Sal gumon tug‘ilsa, qo‘yni qo‘raga haydaganday temir qo‘raga qamab qo‘yadi».
Odamlarning gapi ta’sir qildimi yoki keyinchalik to‘ng‘ichimning tirikchiligi hujjatsiz qiyin o‘tmasin dedimi, otam avji to‘ylar qiziganda ko‘zni chirt yumib o‘qishga yubordi. O‘qishga keldim. Konservatoriyada tumonat odam. O‘qishga kiradiganlardan ko‘ra unga qiziqqanlar ko‘p, kamiga imtihon oladigan uyning ko‘chaga qaragan derazasi lang ochiq. Yo‘lovchilar ham ichkarida maymun o‘ynatayotganday tirband turib olishgan. Koridorda nafas olib bo‘lmaydi. Keng yerda yurib o‘rganib qolganmiz, bir zumda sho‘rva ichgan odamday terga pishib, ko‘ylak badanga yopishib bo‘ldi. Tezroq kirib chiqay, desam qo‘liga qizil bog‘lagan uch-to‘rtta talaba yigit hadeganda o‘tkazavermadi. Jahlim chiqib qolgan ekan, bor-e, dedimu karnayni g‘ilofdan chiqarib, «anjan polka»ga chalib to‘g‘ri imtihon oladigan xonaga o‘tib ketaverdim. Tartib saqlayotgan yigitlar pulini kissavurga urdirgan odamday ortimdan «hayhay» lagancha qoldi. Ostona hatlab ichkariga kirsam, karnayimning vata-vangidan imtihon olayotganlar ham, imtihon topshirayotganlar ham hayron bo‘lib, menga qarab qolishdi. Ba’zilari o‘zlarini chetga oldi. Bir ayol urasolib tashqariga qochib chiqib ketdi. Ko‘zoynak taqqan bittasi bir zumda melisa boshlab keldi. Indamasam karnay-parnay bilan qo‘lni qayrib, mashinasiga tiqadigan. Karnayni g‘ilofga joyladimu to‘rda o‘tirgan katta domlaga yalindim:
— Aka, biz ham umid bilan kelganmiz. Karnaychining bolasi odammasmi? Yomon ko‘rganni melisaga tutib berish ekanda-a? Bari tanish-bilishlaringni ro‘yxatning oldiga yozdiribsizlar. Biz orqada.
— Familiyangiz?
— Qahhorov.
— Alfavit bilan-da, uka!
— Bunaqa ekan, nimaga oldinroq aytmadinglar. Bilganimizda Abdullayev yozdirib kelardik biz ham.
— Attestatniyam yozdirib kelmaganmisiz, mabodo?
— Yo‘g‘-e, o‘zlari yozib berishgan.
— O‘zi nimaga keluvdingiz?
— O‘qishga-da, o‘qishga! Karnaychilik hunarimiz bor. Shahrisuluvning Karnaychi qishlog‘idanmiz. Hamma o‘qiyotganiga biz ham bir havas qilib keluvdik. Aslida hozir to‘y mavsumi, uyoq-buyoqqa boradigan payt ham emas. «O‘qisang o‘qi!», deb otam ham zo‘rg‘a jo‘natdi.
— Notani bilasizmi?
— Bilamiz-da domla. Mamlakat boshliqlari beradigan notami?
— Karnayni soladigan nota!
— Domla, endi xafa bo‘lmaysiz, qishloqchilik, biz karnayni g‘ilofga solamiz. Bundan buyog‘iga notaga solsak solaveramiz-da, asakamiz ketarmidi.
Domla kuldi:
— Karnayni emas, kuyini.
Kuyiniyam soladigan idish bor ekan-da, deb boshim qotdi. Yo‘q, yaxshi muallim ekan, melisaga bermadi, hammasini o‘zimga tushuntirdi. Hujjatlarimni qaytarib oldim.
Qishloqqa qaytganim zamon viloyatimiz markazidagi musiqa bilim yurtiga borib notani o‘rgandim. Men yo‘q, otam kuchli-quvvatli bir karnaychiga mustarim bo‘lib turgan ekanlar. O‘qishga kirolmaganimdan suyunib, to‘ylarga boshladi. Qarasam, yana to‘yga qiziqib notani esdan chiqaradiganman. Qo‘shnimiz rassom Rafiqni ishga soldim. Jamiki biladigan kuylarimning har bittasini bittadan choyshabga yozdirdim. Kimning to‘yiga borsam, to‘y egasining devoriga nota yozilgan choyshabni mixlab, o‘shanga qarab chalaman. Mendan keyingi ukamni ham bo‘yi cho‘zilib, mo‘ylovi sabza urgan. Ukamning og‘zi karnayda-yu, ko‘zi mehmonga kelgan qizlarda. Unga havasim keladi. Men to‘y tugaguncha choyshabga tikilaman. Oldiniga bu ish qiyin ko‘chdi: odamlar o‘rganmaganda! Choyshab yoyib qo‘ysam, kuyovqayliq bu yoqda qolib, odamlar mening choyshabimni tomosha qilishadi: «Za-ap chiroyli palak ekanda, shu gulni baxmalga urganda bormi, rosa aytardi-da, a?»
Odam bolasi bir narsaga o‘rganmasin ekan. Oldin notasiz ham chalib yurardim, shundan keyin notaga qaramasam, chalolmaydigan qiliq paydo bo‘ldi. Odam yig‘ilgach, tomosha qilish boshlanadiyu choyshab to‘silib, men notadan chiqib ketaman. Kuy ukamnikiga mos kelmay, otamdan so‘kish eshitaman.
Odamlarni nota yozilgan choyshab palak emasligiga o‘rgatguncha ona sutim og‘zimga keldi. Qaysi to‘yga borsak, mezbonlardan biri qo‘lida gavron bilan bizning choyshabni qo‘riqlaydi, bola-chaqa, qiz-juvonlarni yaqinlatmaydi.
Shunday qilib, notaniyam o‘rgandim. Kelgusi yili konservatoriyaga ham o‘qishga kirdim. Endi ham kimsan-karnaychi, ham kimsan-studentman. Qishloqda boshqa birov konservatoriyada o‘qimagan, obro‘ degani olam-jahon. Avvalgiday karnaychi bola deyish yo‘q. Tuxumdan chiqqanigacha student deyishadi.
Shu desangiz, o‘qish degani bir bemaza narsa ekanki, asti qo‘yaverasiz. Bo‘lar bo‘lmasga qayerdagi karnayga aloqasi yo‘q kitoblarni o‘qitadi, yozdiradi. Juda zada bo‘lgan ekanman, bittasi to‘yga aytib kelib qoldi. Uch-to‘rtta beshik to‘y, kelintushirdilar bor ekan. Bor-e, dedimu karnayni yelkaga tashlab jo‘navordim. Uyoqni odamiyam o‘zimizga o‘xshagan mehmondo‘st ekan. Siylasa yuraveribman, o‘qish esda yo‘q. Salkam bir oy deganda mashinaga solib, olamjahon xovador, nimtalangan qo‘y bilan o‘zlari tashlab ketishdi. Endi o‘qishdan haydalsam kerak, deb o‘ylab, yaxshiroq nom qoldirmoqchi bo‘ldim. Ketar jafosiga ichaklariyam muzika chalib charchagan talabalarni o‘sha kuni xursand qildim: qo‘yni tarqatdim, zoriqqanlarga uch-to‘rt so‘mdan ulashdim.
Ertasiga bizning hotamtoylik konservatoriyada xo‘p ovoza bo‘libdi. Yotoqxonadan ketishga tayyorgarlik ko‘rayotsam, «Qani, bizga ataganingni uzat!», deb xonamga dekan kirib keldi. Hazillashyapti, deb e’tibor bermabman. Bir mahal talabalar uyushmasining muovini meni koridorga imlab chaqirib, «Domlaning ulushini ber, bo‘lmasam o‘qishdan haydalasan», deb qoldi. «Domlayam oladimi?» desam, «I-e, shular oladi-da, sen nima deb o‘ylovding?!» deydi. «O‘qishda qolsam hisob, boshqa narsa kerakmas», dedim-da, xovadorga tushgan pulning yarmini yigitga uzatdim. Men tashqarida qoldim, u kirib ketdi. Anchadan so‘ng domla kulib chiqdi:
— Ertadan darsga boraver!
Ertasidan o‘qishga qatnayverdim. Studentlarni hisoblamaganda, birov surishtirmadiyam. Hatto o‘qituvchilar menga ilg‘or talabadek qarab, gapini tasdiqlatib oladigan odat chiqarishdi. Imtihonlardan sal oqsagudek bo‘lsam, fursatni qo‘ldan bermay, darrov dekanni «ziyorat» qilib chiqaman. U ham xursand, men ham. Shaharda nima ko‘p — odam ko‘p, nima ko‘p — to‘y ko‘p, mening vaqtim ko‘p. Eshitgan to‘y borki, begona qilmadim. O‘zim studentman-u, har zamonda otamga pul jo‘natib turaman. Hashpash deguncha konservatoriyani qizil diplom bilan bitirdim. Boshimda shlyapa, bo‘ynimda galstuk, ma’lumotim oliy, mutaxassisligim karnaychi. Meni musiqa ministrligining puflab chaladigan asboblar bo‘limiga ishga yuborishdi. Studentlikda jamg‘argan pulim bor edi, kooperativ uy sotib oldim. Qishlog‘imizda notam yozilgan choyshabni tomosha qilib yurgan qizaloqlarning bo‘yi yetib qolgan ekan, shulardan bittasiga uylandim. Eshitgan quloq borki, bunaqa studentni endi ko‘rishimiz, deb tongirqaydi.
Musiqa ministrligi menga ko‘p ma’qul tushmadi. O‘zimni o‘zim rosa koyidim. Haqiqatan, nima qilardim qizil diplomga bitirib? Dekan so‘raganida bizga ko‘kiyam bo‘laveradi, deb qo‘yavermaymanmi. Menga kim qo‘yuvdi, bo‘lganiga yarasha qizil bo‘lsin, deyishni. Oqibati nima bo‘ldi, qizil diplomga bitirdi deb, ministrlikka ishga yuborishdi. Kunimiz quruq oylikka qarab qoldi, na bir to‘yga borib bo‘ladi, na biror yerdan kirim bor. Nomi ulug‘ suprasi quruq. Ayniqsa, shu kunlarda oliy ma’lumotli bo‘lsa o‘zini to‘yidayam ashula aytolmaydi. Sen otarchisan, deb «Mushtum»da do‘mbira qilib, urib chiqishadi. Ministrlikda ishlaydiganni-ku, gapirmasayam bo‘ladi. Tag‘in-qayta talabalik yillarim, qishloqda yurganlarim ko‘zimga surtgudek yaxshi ko‘rindi. Do‘ppimni olib, mundoq o‘ylasam, ministrning dekandan nima farqi bor, uning og‘zi yo‘q, deb birov kafolat berolmaydi-ku. Darhol ishga kirishdim. Xotinining tug‘ilgan kuniga kishibilmas bir donagina uzuk sovg‘a qildim.
Oradan ozgina vaqt o‘tib, ministrlik hay’ati puflab chalinadigan cholg‘u asboblar bo‘limining katta inspektori surnaychi Suvonovni o‘z ishiga nomunosib topib, meni uning o‘rniga lozim ko‘rdi. Ministr o‘z qabuliga chaqirib:
— Tabriklaymiz yangi lavozimlar bilan. Asli siz katta inspektor bo‘lishingiz kerak ekan. Mutaxassisligingiz shuni taqozo etadi. Puflab chalinadigan asboblarning kattasi karnay bo‘lgach, uning egasi ham katta bo‘lsin-da, nima dedingiz? — deb qoldilar.
— Mutlaqo to‘g‘ri o‘ylagansiz! — dedim sevinchimni ichimga sig‘dirolmay.
Ministr bilan aloqamiz yaxshilangach, menga uning atrofidagi kattalar ham duppa-durust murojaat qiladigan bo‘lishdi. O‘sha kattalardan bittasining o‘g‘li bizning konservatoriyani endi bitirayotgan ekan. Akaxonimizning o‘g‘illari — ukaxonimizning mutaxassisligi skripkachi. Baxtga qarshi ministrlikning torli asboblar bo‘limida bo‘sh o‘rin yo‘q edi. Shu bois uni puflab chaladigan bo‘limga ishga joylashni taklif qildim. Yigitcha ishni boshlab yubordi. Shundan mening ham ishim yurishgandan yurishdi. Bo‘lim mudiri, boshqarma boshlig‘i, ministr o‘rinbosari. Yigitcha ham mening ortimdan surib ko‘tarilib kelar, bizga hech kim to‘sqinlik qilolmasdi. Endi ministrlikni egallash qolgandi, xolos. Bu ancha qo‘l tutdi. Uni ishdan olishga faktlar yetarli emas ekan. Bu ish menga topshirildi. Ministrimizning kasbi childirmachilik bo‘lib, childirmachilikning rivojlanishiga keng sharoit yaratilgan. Televizorlarda childirma, radio — childirma, magazinlardagi childirmalarni aytmaysizmi, har xilidan bor. Oziq-ovqat magazinida ham bir-ikkita osig‘liq turadi.
Yaxshilab qidirsang kamchilik topilarkan. Kollegiyada o‘zim so‘z olib, ministrimizni chilparchin qilib tashladim. Keyingi paytda qishloq xo‘jalik mahsulotlari, xususan, go‘shtning kamayib ketishiga childirmakashlarni aybdor, deb sanadim. Chunki bir paytlar, ya’ni «akamiz» shu lavozimga o‘tirgach, doiraga e’tibor oshdi. Jamiki hayvonlardan so‘yilib, terisidan childirma yasashga kirishildi. Nene otlarimiz, ne-ne qo‘y-echkilarimiz, qanchadan-qancha cho‘chqalarimiz so‘yilib ketdi. Natijada hozirgi kunga kelib go‘sht mahsulotlari keskin kamaydi. Bunda shubhasiz musiqa ministrining kechirilmas aybi bor. U shularga befarq qaragan, — desam zalda o‘zim avval tayinlab qo‘ygan odamlarim qarsak chalib yuborishdi. So‘ng niyatimga yetdim. Ministr bo‘ldim. Jamiki tanish-bilishlar tabriklagani kelishdi.
Bir Komil degan jiyanim politexnika institutini bitirib shaharda qolgan edi. Anchadan buyon ishidan nolib yurardi. Xursandchilikning sharofatidan shu yigitga, senbop ish topib beraman deb maqtanvoribman. Ertasiga bergan va’dam esga tushdiyu konservatoriyaning rektorini kavlashtirdim. Surishtirsam, hayvonlarning do‘xtiri ekan, musiqa sohasiga to‘g‘ri kelmaysiz, deb ariza yozdirdim. O‘rniga Komilni rektor qilib tayinladim. Qarasam, hamon childirmaning uni o‘chmagan, hamma yoqqa sim qoqtirdim. «Nima sizlarga karnayning ovozi yoqmaydimi?», deb qo‘ydim, vassalom. Qarabsizki, karnayni kuni tug‘di. Ertalabdan radioda karnay marsh qiladi. Televizorda karnaysiz kontsert yo‘q. Bir kompozitor «Munojot»niyam karnayda ayttirdi. Tug‘ilgan kunlargacha karnaysiz o‘tmaydigan bo‘ldi. To‘rtta odam to‘plandi — karnay chalinadi. Qaysidir bir joyda azada ham karnay chalvorishibdi. Karnaychilarning obro‘sini ko‘ring, to‘ylarda avvalgini singari navbat talashishlar yo‘q. Karnaychilar keldi, deyishsa tamom, boshqalar mikrofonlarini yig‘ishtirishib, sekin g‘oyib bo‘lishadi. Har karnaylar yasaldiki, qarab to‘ymaysan. Odamlar bir-biriga karnay sovg‘a qiladigan bo‘lib ketishgan. O‘shandan bittasi hozir mening uyimdayam bor, naqd ikki gaz keladi. Uch kishi ushlab tursa zo‘rg‘a chalasiz. Qo‘yingki, karnaychilik borasida burilish yasadim.
Kunlarning birida meni ishdan olishdi. Qaytar dunyo ekan, aybimni o‘rinbosarim, o‘zimning ukaxonim — skripkachi topdi. Hay’at majlisida konservatoriyaning avvalgi rektori noto‘g‘ri ishdan olinganligi, yangi rektor politexnika istitutini bitirganligi uchun musiqani texnikalashtirib, jozibadan mahrum qilganligi aytildi. Va yana qo‘shimcha qilindiki, karnay haddan ziyod keng tarqalganidan odamlar uyg‘onib ketyapti emish. Xalqning uyqusi bizning tinchligimiz ekan.
Majlis tugab, xonadan chiqqanimizda radiodan skripkaning mayin ovozi eshitilardi.
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 1-son