Qishloq odamlarining samimiyligi, soddaligidan ko‘ngling yayraydi. Turli-tuman hangomalarni o‘zlaridan eshitsangiz, «ichagingiz uzilishi» tayin. Tildan-tilga ko‘chib yuradigan bu latifnamo gaplardan sizlarni ham bahramand qilgim keldi.
Ukasi bilan qattiq janjallashib qolgan Rashid buvaning achchig‘i chiqdi.
— Ha, senimi, melisaga berib rosa yugurtirmasam, yurgan ekanman.
Kiyimlarini almashtirib yo‘lga tushgan Rashid buva katta qirga yetganida, rosmana o‘ylanib qoldi. Qorong‘i tushgunicha o‘sha yerda o‘tirdi. So‘ngra uyiga qaytib kelib alamini kampiridan oldi:
— Sen o‘zi qanaqa xotinsan? Ukam qamalib ketsa maylimi, nega meni qaytarmading?
* * *
Yaqinda oila qurgan Mirsaid to‘y-ma’rakaga qatnashib, mahalla hayotiga aralasha boshladi.
Shunday kunlarning birida ta’ziyaga aytib ketishdi. Onasidan marhumning hovlisiga borganda qanday amallar qilishi, nimalar deyishini so‘rab oldi.
— Hovliga kiraverishingda odamlar qator bo‘lib turishadi. Birinchi qatordagilar — marhumning yaqin kishilari. Yelkalariga qoqib, «bandalik-da» deb qo‘yasan.
Mirsaid bora-borgunicha «bandalik-da» degan so‘zni takrorlab bordi. Yetay deganida o‘rtoqlaridan biri gapga tutib xayolini bo‘ldi. Yodlab olgan so‘zi xotirasidan ko‘tarildi.
Birgalikda yig‘lamsirab ichkariga kirishdi. Mirsaid ko‘z yoshlarini artarkan, birinchi qatorda turgan belbog‘li yigitning yelkasiga qoqdi:
— Malades, malades…
* * *
Sinf rahbari Mansur muallim salom berish odobi to‘g‘risida ko‘p gapirardi.
— Odob bilan, qo‘llaringni ko‘ksilaringga qo‘yib salom beringlar, notanish odam bo‘lsa ham, albatta, salomlashinglar, — der edi.
Bu gaplar takrorlanaverganidan o‘quvchilari Mansur muallimni ko‘rganlarida ko‘pincha shoshib qoladigan bo‘lishgan.
Bir kuni Turdimurod ismli o‘quvchi qorong‘ida tog‘asinikidan qaytardi. Oldidan chiqib qolgan o‘qituvchisini ko‘rib dovdirab qoldi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha salom berishga og‘iz juftladiyu kutilmaganda «Ollohu akbar», deb yubordi.