– Shirin paxta! Shirin paxtalar keldi! Kimga shirin paxta?!
Bu ovoz hovlida o‘ynab yurgan katta-kichik bolalarga asalday yoqadi. Shirinlik haqidagi bu xushxabarni eshitib, ular turgan joyida qotadi. Hatto uxlab yotgan bolalar ham uyg‘onib ketib “shirin paxta”, deb yig‘laydi. Shirin paxtaning mazasini bir marta tatib ko‘rgan bolalar ota-onalarini, bobo-buvilarini, xullas, kattalarni o‘z hollariga qo‘ymaydilar. Hovli bir zumda shirin paxta bozoriga aylanadi.
Bola – bola-da! Aytganini qildirmay qo‘y¬may¬di…
Ayniqsa, bobo-buvilar nabiralarini xursand qilish uchun erib ketib, cho‘ntaklarini kovlay boshlaydi. Bobo har safar nabiralariga “shirin paxta” olib berganida, ular benihoya xursand bo‘lib, maza qilishadi. Yayrab-yayrab yeyishadi. Hatto shirin paxtaning tsellofanini paqillatib ochishadi…
Paxta dalasida tug‘ilib, paxtazorda o‘sib, shudgorda katta bo‘lgan boboning esa xayollari qochadi. U shaharda tug‘ilib, voyaga yetayotgan nabiralariga aslida paxta nimaligini, qanday azob-uqubatlar bilan yetishtirilishi, uning hech qachon shirin bo‘lmaganligini, agar paxtaga shirinlik aralashsa qanday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini har safar tushuntirmoqchi bo‘ladi. Bo‘ladi-yu, olis xotiralar uyg‘onib, bolaligida paxta tufayli ro‘y bergan ayanchli bir voqea ko‘z oldiga keladi.
– Kichik ukam tug‘ilgach, onam bir oyning nari-be¬risida paxta terimiga chiqib ketdi, – deb hikoya qilib qoldi, bir kuni bobom. – Ba’zan buvim, ba’zan men chaqaloqni onamga emizdirib kelardik. Ukam onamni yutoqib-yutoqib, pishillab emardi. So‘ng onamning bag‘¬rida qotib uxlab qolardi. Bir gal bo‘liq g‘o‘zalarga chalishib ketib, ukamni yiqitib yuborganman. Xudoning rahmi kelib, unga hech narsa qilmagan. O‘shanda qo‘rqqanimdan bu hodisani hech kimga aytmaganman.
O‘sha davrlarda paxta terimi ba’zan yangi yilgacha davom etardi. Keyin hosil bayrami nishonlanardi. Lekin bu bayram hammaga ham tatimasdi. Sababi hosil bayramigacha qancha-qancha odamlar, oilalar paxtaning dastidan aziyat chekardi. Uning turgan-bitgani tashvish va g‘urbat edi. Kimdir moli paxtaga kirgani uchun katta jarima to‘lardi yoki moli so‘yib yuborilardi. Kimdir paxta sabab qamalib ketishi hech gap emasdi…
Paxta siyosati – qilichday o‘tkir, zaharday achchiq edi…
Bizning xonadonda ham o‘sha – paxta rejasi bajarilmagan yili kutilmaganda baxtsiz hodisa ro‘y berdi. O‘shanda hali xo‘jalik ham, tuman ham rejani bajarishda oqsayotgan, hamma paxta terimiga safarbar etilgan nihoyatda tahlikali kunlar edi. Bunday paytda odamlarning molxonalari, ayvonlari, uyning xonalari, yerto‘lalar, zarurat bo‘lsa sandiqlar ham ochib ko‘rilardi. Tuman va xo‘jalik rahbarlari xuddi gestapaday dahshat solib hovlima-hovli yurib hammayoqni tekshirib chiqardi. Ya’ni odamlar ko‘saklarni terib mollariga beryaptimi-yo‘qmi? To‘y-ma’raka uchun ko‘rpa-yostiqqa, deb paxtani qopi bilan berkitib qo‘ymaganmi? Uni qish bo‘yi sitib – chigitidan ayirib, tozalab qo‘yadi. So‘ng sitilgan momiqday toza paxtani ko‘rpa-yostiq, chopon yoki nimchaga solib qaviydi. Do‘kondan paxta olish anqoning urug‘i edi.
O‘sha kuni buvim, hatto bobom ham eshik-de¬ra¬za¬larni ichkari-tashqaridan mahkamlab, ayrimlari¬ni qulflab, kalitni o‘zlari bilan olib, paxtasi te¬rib olingan ship-shiydom dalaga chiqib ketdilar. Hayhotday hovlida akang botir, hali to‘rtinchi sinf o‘quvchisi, ya’ni kamina qorovul bo‘lib qoldim. Tekshiruvchilar darvozani sharaqlatib ochib, xuddi kinolardagiday vahima bilan kirib keldilar. Ular – kalta bo‘yli, qo‘njli etik kiygan, ko‘zlari qisiq qirg‘iz bashara sovxoz direktori, shapkasi, kiyimi vahimali, uzun bo‘yli militsiya boshlig‘i, o‘rta bo‘yli, burnida xoli bor prokuror va yana ikki kishidan iborat edi. Men oldin cho‘chidim, so‘ng tortinib ularga salom berdim. Harakatlari chaqqon direktor (direktorligini keyin bildim) menga semiz, baqaloq qo‘llarini cho‘zib salomlashdi. So‘ng cho‘ntagidan chiroyli qog‘ozga o‘ralgan konfet chiqarib uzatdi. Konfetni shartta qog‘ozidan chiqarib, xuddi umrimda shirinlik ko‘rmaganday og‘¬zimga soldim. (Lekin u shirin paxta emasdi!) Ikki kishi oldin molxonani, so‘ng ayvonimizni obdan aylanib ko‘rgach, tandirxonani ham tekshirdi. Hatto tandirni ham kosov bilan titishdi.
– Hech narsa topilmadi, Suronboy aka, – dedi ular konfet bergan amakining yoniga kelib.
– Qani, bu yoqqa kel-chi, o‘g‘lim, – dedi o‘sha kishi cho‘n¬tagidan yana konfet chiqarib menga uzatarkan.
– Onang, buving paxta chuvishadi-ya?
– Ha, sitadi, – dedim shartta u kishi mendan juda oson narsani so‘rayotganidan xursand bo‘lib. Og‘zimda esa shirin konfet moyday erirdi. Qanday maza…
– Sitilgan paxtalarni nima qiladi?
Shu payt yana bir konfet cho‘ntakdan chiqdi. Yo‘q, deyishga jur’atim yetmadi.
– Sitilganini ko‘rpaning orasiga tiqadi. Chigitini mollarga beradi, – dedim konfetni kaftimda mahkam qisib.
– Ko‘rpalar qaysi uyda? Bizga ko‘rsatib yuborgin, toy¬choq, – dedi konfet-amaki gaplarimdan xursand bo‘¬lib.
Men ham xursand bo‘lib, uyimizning katta xonasi derazalaridan birini ochdim. Chunki bu derazalar ichkaridan bekilmasligini bilardim. Va birinchi bo‘lib xonaga o‘zim kirdim. Orqamdan to‘dadagi ozg‘inroq kishi (keyin bilsam partkom ekan) ham derazadan amallab oshdi. Men go‘yo qahramonlik qilayotganday shaxdam borib, sitilgan paxtalar tiqilgan ko‘rpalar qatiga qo‘limni yuborib, bir siqim paxtani olib, ularga ko‘r¬satdim. Xonaga kirgan haligi ozg‘in kishi ham uzun bar¬moqli qo‘llarini taxtlangan ko‘rpalar qatiga tiqib, an¬cha-muncha sitilgan momiq paxtalarni cho‘ntaklariga soldi. Bir siqimini deraza yonida turgan direktorga uzatdi. So‘ng derazadan qanday kirgan bo‘lsa, shunday sirg‘alib chiqdi.
– Balli, zo‘r bola ekansan. Otangni ismi kim? – deb so‘radi direktor va yana cho‘ntagidan konfet chiqarib, menga uzatdi. Men esa shoshilmay otamning otini aytdim. Haligi militsioner amaki qo‘lidagi daftarga bir nimalarni tez-tez yozib oldi.
Ular hovliga qanday shiddat bilan kirib kelgan bo‘lsalar, shunday shaxdam qadamlar bilan chiqib ketdilar.
Men og‘zimda bir, qo‘limda ikki konfet bilan ularni botirlarcha kuzatib qo‘ydim. Go‘yo qilgan ishimdan xursand edim.
Birpasdan so‘ng quruq fartukni ko‘tarib buvim kirib keldi. Derazaning ochilganini ko‘rib, rangi oqardi. Bo‘lgan voqeani mendan eshitgach:
– Hoy yaramas bola, nima qilib qo‘yding? – deb uv¬vos soldi.
Men shunda nihoyatda yomon ish qilib qo‘yganimni tushundim. Tushunganimda esa, kech bo‘lgandi…
O‘sha oqshom otam ishdan qaytmadi. Bobom bilan buvimning yuragini go‘yo it tirnab chiqqanday bo‘ldi. Uyi¬mizdan go‘yo ilon chiqqanday behalovatlik boshlandi. Uydagilar menga nafrat bilan qarashardi. Men ularning vajohatini ko‘rib yig‘lab-yig‘lab qo‘yardim. Lekin men qilgan yomon ishning natijasi ertalab ayon bo‘ldi. Xo‘jalik idorasiga borib kelgan bobom sovuq xabar topib keldi. Otam bechorani o‘n besh kunga qamashibdi. Uyimizdan topilgan paxta ashyoviy dalil sifatida ro‘yxatga olinib, otam ishxonasidan idoraga chaqirilib, o‘sha yerdan u kishini militsiya olib ketibdi…
O‘n besh kun uyimizda motam bo‘ldi. Onam qo‘ysa, buvim, buvim qo‘ysa onam mildir-mildir yig‘laydi. Ularning yig‘laganlarini ko‘rib, yuragim to‘lib ketganidan hovli etagiga borib, men ham astagina yig‘lab kelaman. Bobom esa har kuni Karmanaga – melisaxonaga otamni ko‘rgani ketadi. Ba’zan ko‘rib keladi. Shunda hammamizning ko‘nglimiz taskin topadi. Ko‘rolmay kelgan kunlari esa hamma jim, uh tortamiz. Uyimiz chindan kulfatxonaga aylangan. Qo‘ni-qo‘sh¬nilar, qarin¬doshlar kechqurun kelib birrov xabar olib ketadi…
O‘n oltinchi kuni peshinga yaqin otam rang-ro‘yi bir ahvolda, og‘ir etiklarini sudrab uyga bazo‘r kirib keldi. Onam o‘rgatganday yugurib chiqib:
– Otajon, kechiring, – dedim yig‘lamsirab.
Otam menga avval vajohat bilan qaradi, keyin o‘sha vajohat bilan shunday shapaloq tortdiki, quloq-chakkamdan o‘t chiqib, supadan pastga – tomorqaga borib tushdim. Boshim bo‘sh chelakning qirrasiga urildi. Hushimdan ketdim…
Otam ushbu achchiq tarsaki bilan meni kechirgan edi. Chunki u bu ko‘ngilsiz voqea haqida qaytib og‘iz ochmadi. Bu gal na bobom, na buvim mening yonimni olmadi…
Bobo bolaligida bo‘lib o‘tgan ushbu iztirobli voqeani eslar ekan, “shirin paxta” so‘zini eshitishi bilan tamshanib qo‘yadi. Chunki direktor bergan shirin konfetning va otasidan olgan achchiq shapaloqning ta’mlari boshqa-boshqa edi. Lekin u hayotida qaytib bunday mazali konfet ham, shapaloq ham yemadi. Lekin paxta shirin emasligi, hech qachon shirin bo‘lmaganligini hali go‘dak nabiralariga qanday qilib tushuntirsin, qanday qilib aytsin?! Qanday qilib… Ayting, hech zamonda paxta shirin bo‘lganmi?..
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.