O‘shanda to‘rtinchi sinfda o‘qirdim. Oilamiz bosh¬qa qishloqqa ko‘chadigan bo‘ldi. Ko‘chishdan bir kun oldin akam bilan otam mollarni haydab yangi uyimizga ketishdi. Ularga itimiz ham ergashdi.
Ko‘chamiz, degan kundan boshlab bobom qandaydir bezovtalanib keldi. Rang-ro‘yi o‘zgarib, nigohlariga g‘amginlik indi. Xushchaqchaq bobom tuyqus indamas odam¬ga aylandi.
Ertalab turganimizda, bobomni hovlidagi es¬ki tut daraxtiga suyanib o‘tirgan holda ko‘rdik. Go‘yo tut qulab ketyaptiyu bobom uni suyab turgandek edi. So‘ng bobom bog‘imizdagi daraxtlar yoniga borib, ayrimlarini qo‘llari bilan silab, ayrimlarini mehr bilan ushlab, ular bilan asta-sekin pichirlab xayrlashdi. Ungacha ertalabki nonushta tayyorlagan buvim hammamizni das¬turxonga taklif qildi.
– Mazangiz bo‘lmayaptimi, bobosi, – choy uzata- turib so‘radi buvim.
– Hammasi yaxshi, xavotir olmanglar, – dedi bobom sekingina xo‘rsinib.
Bobom uzoq tilovat qilib, fotiha o‘qidi. Bobomdagi xomushlik fotihadan so‘ng bir lahza hammamizni chulg‘agandek bo‘ldi. U kishining ovozidagi mahzun dard bizning ham yuraklarimizga ko‘chdi.
Keyin uydagi qolgan-qutgan narsalarni yi¬g‘ish¬ti¬rib, tugunlarga bog‘ladik, kichik qutilarga joyladik. Bi¬rozdan so‘ng Shoyim tog‘a mashinasida yetib keldi. Bo¬bom mendan boshqa hammani mashinaga chiqishga undadi.
– Yaratgan egam hamrohlaring bo‘lsin. Sog‘-omon yetib olinglar, – dedi bobom fotihaga qo‘l ochib.
Huvillagan hovlimizni g‘alati jimlik chulg‘adi. Bobom bog‘imizdagi daraxtlarga, ishkomga, hovli etagidagi shiyponchaga, molxona va bostirma tomonlarga qarab yana xo‘rsindi, og‘ir-og‘ir nafas oldi.
Bu orada uyimizni sotib olgan Erdon tog‘a oilasi bilan ko‘chib keldi.Ularning ham yuki biznikiday bir mashina chiqar-chiqmas ekan. Salom-alikdan so‘ng bobom qo‘lidagi kalitlarni unga topshirib duo qildi:
– Iloyo, bu uyda to‘ylar qiling, xonadoningizda yaxshi kunlar ko‘p bo‘lsin.
– Keyingi haftada xudoyi qilamiz. Xabar beramiz, kelasiz-da, Jo‘ra bobo, – dedi Erdon tog‘a xursand bo‘lib.
– Albatta kelamiz, Erdonboy.
So‘ng bobom hovlini yana mehr bilan kuzata boshladi. Uning hovlidan uzilgisi kelmasdi. Bir aziz narsasini yo‘qotgan odamday jonsarak edi.
Uyning yangi egalari ko‘chlarini tushirish va kiritish bilan mashg‘ul.
Bu manzarani kuzatib turgan bobomning ko‘zlari yoshlanganini ko‘rib mening ham ko‘nglim buzildi. Buni sezgan Erdon tog‘a bobomni bir piyola choyga taklif qilib, agar xohlasa, qolib mehmon bo‘lib ketishini ham alohida ta’kidladi.
– Mayli, bir piyola choy ichaylik, keyin yo‘lga tusharmiz, – dedi bobom hamon ketgisi kelmay.
Endi bizning sobiq, eski chorpoyamizga yangi das¬turxon yozildi. Non, choy, qand-qurs qo‘yishdi.
– Bu hovli-joy otamdan qolgan edi, – deb hi¬koyasini boshladi bobom hazin ovozda. – Bolaligim mana shu hovlida o‘tdi. Shu hovlida voyaga yetdim, bola-chaqalik bo‘ldim. Shu hovlida soch-soqolim oqardi. Hayotimning eng yaxshi va og‘ir kunlari ham shu hovlida o‘tdi. Rahmatli ota-onam va bir farzandimni ham shu hovlidan chiqardim. Tug‘ilib o‘sgan uying ham kichik Vatan ekan, Erdonboy. Endi bu Vatanni sizga topshirdim. Uni menday yaxshi ko‘ring, menday qadrlang. Bu Vatanga mehr qo‘ying, Erdonboy inim.
– Bobojon, kichik Vatan ham bo‘ladimi? – beixtiyor so‘radim.
– Bo‘ladi, bolam, bo‘ladi. Odamning tug‘ilgan uyi, hovli-joyi, bu kichik Vatani. Ana shu kichik Vatanlar yig‘ilib-yig‘ilib, birlashib-birlashib ulug‘ Vatanga aylanadi…
Men bobom bilan katta yo‘lga chiqqanimizda, hamon kichik Vatan – uyimiz haqida, do‘stlarim va uy bilan bog‘liq shirin xotiralar og‘ushida edim. Qalbimda esa ulug‘ va bepoyon Vatanning yorqin manzaralari namoyon bo‘la boshlagan edi…
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.