Asad Asil. Ukkiboy otaning oxirgi ovi (hikoya)

Mashhur merganlar haqida antiqa rivoyatlar eshitganmiz, ko‘plarining uy-joylarida bo‘lib, tongotar suhbatlarini olganmiz. O‘zimiz ham yoshlikda ovchilikning ko‘chasidan o‘tgan edik-da…
Qadimda ko‘pchilik o‘z podasini o‘zi boqardi. O‘n-o‘n bir yoshga to‘lgan paytlarim. Qo‘y-echkilarimni qori erib ketgan kungay qiyaliklarda aylantirib kelaman. Bir kun obdan to‘ydirib, qaytish chog‘imda sanab qarasam, burama shoxli serkam yo‘q. Yuragim “shuv” etib, qidira boshladim. Shamoldan berkinib, katta tosh panasida o‘tirganimda qulog‘imga “ba-a-a” degan mungli ovoz eshitilganday bo‘luvdi-ya! Sinchiklab borib, izini topdim: serka tisarila-tisarila birdan g‘oyib bo‘libdi. Uning davomida notanish izlar narigi soyga qarab ketgan. Itning iziga o‘xshash-u, katta-katta. “Serkamni bo‘ri orqalab ketibdi-yov!” O‘pkamni qo‘ltiqlagancha “Toshbuloq”qa o‘tib bordim. Qarasam, katta baqaterak panasida ulkan gavdali, ko‘kimtir tusli bo‘ri serkaning qornini yorib, ichki a’zolarini yeyapti. Bo‘ri deganlari shu ekan-da! Bu yirtqichni birinchi ko‘rishim. Sekin izimga qaytdim. Qo‘y-echkilarimni qandoq haydab, uyga qandoq yetib kelganimni bilmayman. Voqeani eshitgan dadam besh-o‘n kun dalaga chiqarmay qo‘ydi. Qish qattiq kelgan, chorva ozuqasi tugab borardi. Bir aylantirib kelsa ham ancha pichan tejaladi. O‘zim dala-toshga o‘chman, bahona topib chiqqim kelaveradi. Qo‘shnimiz Sa’dulla akaning qo‘y-echkilarini ko‘pincha qo‘shib boqib kelardim. Uning bolalari yosh, o‘zi har kun ishga boradi. Bir og‘izli miltig‘i bor.
– Miltig‘ingizni berib tursangiz, sizniyam mollaringizni har kuni boqib kelaveraman, – dedim qo‘shnimizni xoli uchratib. – Dadamni bir amallab ko‘ndiring.
Qish qahri kuchayib, chorva ozuqasining tugayotganini ko‘rgan dadam ko‘nibdi. Sa’dulla aka har kuni ikki dona o‘q o‘qlab beradi, men ikki xonadonning chorvasini haydab jo‘nayman.
– Yaylovga yetgach, osmonga qarab bir otasan, tushda ham shunday qilasan, – deb tushuntirgan edi Sa’dulla aka. – Shunday qilsang, bo‘ri zoti yo‘lamaydi, bexavotir borib-kelaverasan.
Hovlisida bir jirildoq (kichikroq qush)ni mo‘ljalga oldirib, qandoq otishniyam o‘rgatib qo‘ygan. Shu-shu ovga ishqim tushdi. Koshki o‘qni osmonga otsam, kaklik bo‘lgandayam eng yirigini mo‘ljalga olaman. Bora-bora ikki-uchtasini qatorlashtirib otadigan bo‘ldim. Uyimizdan kaklik go‘shti arimaydi. Buni ko‘rgan dadam bir og‘izli miltiq olib berdi. Keyinchalik yoshim ulg‘aygach, qo‘shtig‘ sotvoldim. Oqibatda haqiqiy ovchi bo‘ldim-qoldim…
Ovga rozi bo‘ldi-yu, qulog‘imga tayinlab qo‘yardi dadam: “Tag‘in butunlay berilib ketma, o‘g‘lim. Bu kasb egasining kosasi hech qachon oqarmagan…”
Rostdanam, ko‘p merganlarning uylarida bo‘lganman-u, tuzukroq ro‘zg‘or egasini uchratmaganman. Keyin dadamdan so‘radim:
– Nega shunday, bu kasbga qarg‘ish tekkanmi, yoki boshqa biron sababi bormi?
Dadam ko‘p yillar madrasada o‘qigan, oq-qorani obdan tanigan ilmli odam edilar (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin).
– Birinchidan, ovchi jonlini jonsiz qiladi. Aslida bunga Allohdan o‘zga hech kimning haqqi yo‘q, – erinmay tushuntirgan edi dadam. – Innaykeyin, topganini miltiqqa solib otvoradi. Qolaversa, ovi yurishadimi-yo‘qmi, azondan qaro tungacha tentirab, umrini uvol qiladi…
Shu gaplar ta’siridanmikin, o‘qib, kasb o‘rganib, boshqacharoq odam bo‘ldim-u, baribir ovdan ko‘ngil uza olmasdim. Bora-bora bir voqea tufaylidan mutlaqo miltiq ushlamaydigan bo‘ldim…
Ancha yillar ovchilar bilan ov ovlashib, ko‘p joylardan tanish-bilishlar orttirganman. Olis Nayzatosh qishlog‘ida ham uch yaqin tanishim bor. Dadam aytganidek, bari qashshoq yashashadi-yu, qo‘llari ochiq. Vaqti-vaqti bilan meni yo‘qlab turadilar. Quruq emas, tog‘ asali, tog‘ piyozi, xandon pista-yu kiyik go‘shti kabi noz-ne’matlarni uzishmaydi. Men ularning idoralardagi yoki boshqa joylardagi, xullas, shahardagi ishlarini bitirib berishga baholi qudrat qarashaman. Har gal ovchilik suhbatlarida nayzatoshlik bir mergan haqida ko‘p gapirishadi. Uning ismi Ukkiboy ekan. Butun boshli yuqori deparalarda eng o‘tkir mergan sanalmish bu ovchi bir voqeadan keyin kasbidan butunlay voz kechgan ekan. Buning sirini hech kimga aytmasmish. Meni Nayzatosh tomonlarga ovga qistashadi, Ukkiboy ota bilan tanishtirishni va’da qilishadi. “Gapga chechansan, balki senga yorilar”, – deb qo‘ltig‘imga suv purkashadi…
Ukkiboy otaga o‘zim ham qiziqib qoldim. Gapni bir joyga qo‘yib, ov kunlarini belgiladik. Mana, nihoyat, Ukkiboy ota uyidamiz. Tavba, odam ham ismiga shunchalik tortadimi? Yuz tuzilishlari, boqishlari, miqtidan kelgan toshdek gavdasi… Ukkiboy ota o‘rnidan turib yura boshlasa, lapanglab ketayotgan ukki hozir parvoz qilsa kerak, deb o‘ylaysiz-u, faqat unda qanot yo‘q. Bu galgi safarga shaylanishimning yana bir boisi – ov voqealarida dong‘i taralgan Ukkiboy ota bilan yaqindan tanishuv edi. Bir oz dam olib, yarim tunda cho‘qqilar sari ko‘tarilishni boshlaydigan bo‘ldik.
– Biz bilan birga borasizmi? – so‘radim keksa ovchi bilan muloqotga shaylanib. Aslida uning ovdan butunlay voz kechganiga ancha yil bo‘lganini uch do‘stim aytib bergan edi.
– Endi, bizlar qaridik, o‘zlaring boraveringlar, – gapni kalta qildi horg‘in bir qiyofada qariya. Bu gal ish chiqmadi. Biz avvaldan tayyorlab qo‘yilgan ot va eshaklarga yuklarni joylab, navbatma-navbat minib, cho‘qqilar sari ravona bo‘ldik. Qum va shag‘aldan iborat so‘qmoq bora-bora “toshyo‘l”ga aylandi. Yo‘lning davomi nuqul keragatoshlardan iborat edi. Tog‘chilar ularni yo‘nib aylanma yo‘llar yasashgan, chorvalarini ham shu toshyo‘l orqali haydashar ekan. Ot-eshaklar oriq ko‘rinishli ekaniga qaramay, ustlaridagi og‘ir xurjinlaru, qo‘nqayib o‘tirgan odamlarni ko‘targancha toshdan yasalgan “qilko‘prik”lardan bemalol o‘rlab borishardi. Ular obdan chayir-chandirga aylanib ketgan ekan…
Men avvaliga hayiqib, inqillab-sinqillab yayov bosaverdim. Burnim yerga tegay deb qolganini ko‘rgan sheriklarim “nima, sening joning azizu, bizlarniki uvolmi”, deya eshaklardan biriga o‘tirg‘izib qo‘yishdi. Nuqul toshlardan iborat tubsiz zovlarga qarab yuragim uvishadi-yu, oriyat kuchlilik qilib, jim ketaverdim. Nihoyat, bora-bora ko‘nikdim. Kichikroq ikki ko‘ldan o‘tib, g‘ira-shira tong ota boshlaganda, tosh dovonlar oralig‘iga joylashgan ajoyib bir ummonchaga yo‘liqdik. Unda bemalol kemalar suzib yurishi mumkin edi-yu, atrofda g‘urrak, kaptar, loyxo‘raklardan o‘zga biron-bir tirikjon ko‘rinmasdi. Qiziq, bu ko‘llardan bir daryocha oqib chiqardi, ammo tepadan loaqal kichik jilg‘a qo‘shilmaydi. Yerli ovchilarning ma’lum qilishlaricha, qalin shag‘al-toshlar ostidan sizib o‘tib, ko‘llarga quyiladigan daryocha ko‘zga mutlaqo ko‘rinmas ekan. Shu tufayli har qanday ob-havo sharoitida ko‘llar zilol holicha turaveradi, mutlaqo loyqalanmaydi…
– Shundayin joylarda yirikroq yovvoyi hayvonlar yo‘qmikin? – hayron boqdim yerli ovchilarga.
– Manovi Merganbekka o‘xshaganlar tirikjon qoldirarmidi, – sherigiga qo‘lini bigiz qildi Qoraboy ismli baqaloq ovchi.
– O‘zing ja oppoqmisan, toqqa nuqul “quruq” chiqib, “ho‘l” qaytasan-ku!
– Bu ishda hammamiz aybdormiz, – sheriklarining bahslashuviga chek qo‘ydi Merganbek ismli og‘ir-bosiq yigit. – Qadim bu ko‘llarning atroflarida poda-poda kiyiklar o‘tlab yurishar ekan. Qolgan-qutganlarini o‘zimiz ko‘rganmiz, yolg‘on bo‘lmasin, ovlaganmiz ham. Endi kiyiklarga yetish uchun yana yarim kun yo‘l yurish kerak. Ko‘l bo‘yida nonushta qilib, biroz mizg‘iylik, bo‘lmasa mehmonimizni charchatib qo‘yamiz…
– Toqqa “quruq chiqib”, “ho‘l qaytish”ni qandoq tushunsa bo‘ladi? – so‘radim qiziquvchanlik bilan. Yerli ovchilar bir-birlariga dakkinamo qarab qo‘yishdi. Oraga noqulay sukunat cho‘kdi.
– Tog‘ boshiga yetganimizda o‘zingiz tushunib olasiz, – gapni qisqa qildi Merganbek.
Katta ko‘ldan so‘ng yo‘l davomi oson va zavqli edi. Keragatoshlar tugagan, sentyabr oyi boshlanganiga qaramay, atrofda ming xil gul-chechaklar ochilib yotardi. Bular orasida to‘p-to‘p o‘sib, gullari oltinday tovlanayotgan o‘simlik diqqatimni tortdi.
– Bu nima? – so‘radim Merganbekdan.
– “Oltin ildiz” (Zolotoy koren), – izoh berdi ovchi. Bu o‘simlik qiymati jenshendan baland bo‘lsa bordir-u, kam emas. “Oltin ildiz” uch-uch yarim ming metr balandda o‘sadi. Afsus, buyam yildan-yilga kamayib, yuqorilab boryapti.
– Biz shunchalik balanddamizmi?!
– Ha-da!..
Tog‘ boshiga yetib qolgan ekanmiz. Uchli cho‘qqilar, qator-qator qiru zovlar ko‘z ilg‘amas ufqlarga tutashib ketgan. Ovchilar eshak-otlarni ustlaridagi yuklardan xalos aylab, o‘tloqlarga boyladilar. Keyin mendan nariroqqa borishib, yuk qopchalaridan durbinlarini chiqarishdi-da, uzoq-uzoqlarni, atrofdagi soyu zovlarni kuzatishib, bir-birlariga nimalarnidir ma’qullashdi. So‘ng tarqalishib, atrofdagi toshlarning kavak-kamarlaridan kuchli ov miltiqlarini keltirib, sozlab oldilar…
“Quruq” chiqib, “ho‘l” qaytishning dastlabki ma’nosini endi tushundim. Toqqa miltiq ko‘tarmay chiqib, o‘ljalar bilan qaytishni tog‘liklar qisqagina shunday izohlar ekanlar. Men esa qo‘shtig‘ miltig‘im, o‘qdonli kamzulim to‘la o‘q va boshqa turli ov anjomlarimni qop hamda ryukzaklarda orqalab yuribman, kamida yigirma kilogramm chiqar-ov. Ularni sozlab, men ham ovga shaylandim…
– O‘h-ho‘, yuk bosib qolibdi-ku sizni, mergan aka! – yelkamga qoqib qo‘ydi Merganbek.
– Iloj qancha, biz “ho‘l” chiqibmiz-da, – dedim. – Xo‘sh, men nima qilay?
– Siz shoir odamsiz, toshning mana bu tapchanida yonboshlab atrofni tomosha qiling, ilhom kelib qolsa she’r-per yozing. Ha, aytgancha, ustingizdan Ular (yovvoyi kurka) uchib o‘tguday bo‘lsa, “o‘n olti”ngiz bilan otib olarsiz. Bu tog‘larda siz uchun boshqa ov yo‘q.
– Kaklik-chi? – so‘radim hafsalam pir bo‘lib.
– Kakliklar ancha pastda yashaydilar. Aytmoqchi, manovi durbin ham sizga asqotadi, bizlarning ov ovlashimizni kuzatib, zerikmay o‘tirasiz…
Yigitlar soyma-soy oshib ketdilar. Ular bir g‘oyib, bir paydo bo‘lar, toshu shag‘allar ustlaridan shunchalar ustalik bilan o‘tar edilarki, biron sharpa sezilmasdi, ovoz eshitilmasdi. Qoraboy oldinda, Merganbek o‘rtada, O‘skantoy yuqorida, dovonma-dovon oshmoqdalar. Ovchilarning bu usuli azaldan bor: biridan qochgan ov ikkinchisiga, undan ham omon o‘tsa uchinchisiga yo‘liqadi…
Bir mahal Qoraboy tosh panasiga o‘tdi-da, durbin bilan sinchiklab kuzata boshladi. Keyin sheriklariga nimalarnidir imo-ishora qildi. Ular toshlar orasida birdan g‘oyib bo‘ldilar. Qoraboy asta ko‘tarilib miltig‘ini to‘g‘rilay boshladi. Durbin bilan ovchi mo‘ljallayotgan tomonga qaradim. Uncha uzoq bo‘lmagan masofadagi tosh ustida kattakon tog‘ echkisi ovchiga tikilib qotib turar, tuyog‘ini toshga urib-urib qo‘yardi. “Ovchini ko‘rdi-ku, nega qochmayapti, tag‘in tuyog‘ini toshga urgani nimasi?” Tosh yonboshidagi o‘tloqqa qarab buning sirini tushundim: maysa orasida echkining ko‘zga ko‘rinib qolgan bolasi o‘tlab yurardi. Ona kiyik (yovvoyi tog‘ echkisini biz tomonda shunday deyishadi) bolasini himoya qilish uchun o‘zini naq o‘qqa duchor qilayotgan ekan!
– Qoraboy, otma-ang, bolasi bor ekan!
Mening hayqirig‘im bilan bir paytda o‘q gumburladi. Ona kiyik tikka zovga – Qoraboy tomonga dumalab ketdi. O‘q ovozidan cho‘chib tushgan uloqcha sakrab tosh ustiga chiqdi-da, cho‘zib-cho‘zib ma’ragancha onasini izlay boshladi. Shu zum yana o‘q ovozi yangrab, uloqcha ham onasi ortidan ravona bo‘ldi!.. “Eh, nomard, bolasi bor kiyikni ko‘rib turib otdi-ya! Uloqchasini qanday ko‘zi qiydiykin-a?!” Sheriklari tezda Qoraboyga yordamga keldilar. Ona kiyik va bolasini ko‘tarishib, mening oldimga olib chiqishdi. Ona-bola jayronlarning ko‘zlari ochiq qolgan, ular juda mungli, mijjalarida yosh yiltirardi. Buni ko‘rib ichimdan bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi.
– Ha, shoir aka, namuncha qayg‘uga botmasangiz? – o‘ljalarni nimtalar ekan, menga qarab-qarab qo‘yardi Qoraboy. – Ovchi xalqi toshbag‘irroq bo‘lishi kerak. Ov ovchilar uchun chiqarilgan. Yo o‘zingiz jonlini bejon qilmaganmisiz?..
– Ona-bolani otish shartmidi, takalarni ovlasayam bo‘lardi-ku?!
– Bolasini ko‘rmay qoppan-da, shoir aka. Uniyam otmasak bari bir itu qushlar yeb ketardi, – deya Qoraboy sheriklariga yuzlandi. – Endi shoir akamiz aytgan takalarga navbat.
Xullas, tog‘ tepasida ikki kun ov qilib, Ukkiboy otanikiga “jiqqa ho‘l” qaytdik. O‘ljalarni taqsimlab, menga ham ulush ajratdilar. Ko‘z oldimdan ona-bola kiyiklarning mo‘ltiragan ko‘zlari ketmasdi, ulushni rad etdim. Ukkiboy ota menga hayron boqdi.
– Arazladingizmi, tog‘dagi voqeaga? – bepisandlik bilan gapirib qo‘ydi Qoraboy. – Arazlagan quruq qolaveradi, ovning rasm-rusumi shundaqa! Haligi… yozuvchiligingiz bor, tog‘dagi voqeani yozib-pozib yurmang, tag‘in.
– Yozsangizam nomlarimizni o‘zgartirib yozing, – Qoraboyning gapiga qo‘shimcha qildi Merganbek. O‘skantoy, har doimgidek, indamay o‘tiraverdi. Shundanmi, uning laqabi “O‘skanjim” ekan.
Ovchilar mening ulushimni Ukkiboy otaga qoldirishib, uy-uylariga tarqalishdi.
– Telim (ulush)dan nega voz kechdingiz? – hayronligi tiliga ko‘chdi Ukkiboy otaning. – Tog‘da nima bo‘ldi o‘zi?
Ona-bola kiyik voqeasini va bundan buyon qo‘limga miltiq olmaslik ontimni eshitgan Ukkiboy ota kulimsiradi-da:
– Ovchilikda ne balolar bo‘lmaydi, – dedi qo‘l silkib. – Mening sarguzashtlarimni eshitsangiz, bilmadim, ne kuyga tushar ekansiz?.. Yoki bittaginasini aytib beraymi?.. Mayli hovurdan tushishingiz uchun aytsam ayta qolay, – o‘zi so‘rab o‘zi davom etdi mezbon. – Ko‘rib turibsiz, so‘qqaboshman. Mening ham, har kim havas qilguday, har tomonlama to‘kis xotinim bor edi. Bechora sodda tog‘ qizi merganlarning sarasiga turmushga chiqqani uchun dastlab o‘zini juda baxtiyor sezardi. Keyinroq pushaymon bo‘ldi-yu, kech edi…
Men bunaqa kiyik-piyik ovlamasdim, faqat ayiqlarning saralarini tanlab otganman. Bir kun “Qorong‘i to‘qay”da to‘satdan kichikroq ayiqqa duch kelib qoldim.
Qorong‘i to‘qay o‘z nomi bilan xilvat joy edi, shu paytlarda. Keyinchalik daraxtlari kesilaverib, tirikjonlari ovlanaverib oddiy to‘qayga aylanib bo‘ldi…
Bir kun bir ayiq tippatik turgancha menga quchoq ochib kelyapti. Aytdim-ku, men ayiqlarning eng yiriklarini tanlab otardim. Bu esa kichikroq, xuddi men bilan quchoqlashishga shaylangan kabi bemalol kelyapti. Otmaslikning hech chorasi yo‘q, bir o‘q bilan qulatdim. Keyin qulayroq joyga sudrab o‘tib, terisidan loshini ajrata boshladim. Terisini shilib bo‘lib, bundoq qarasam… yo, piray, qarshimda go‘yoki xotinim qipyalang‘och bo‘lib yotibdi-da! Xayolimda: “Qadim bir eru xotin shakkokligi tufayli qarg‘ishga uchrab ayiq bo‘lib qolgan ekan, ayiqlar shulardan tarqalgan…” degan rivoyat jonlandi. Men shafqatsiz ovchi edim, ammo aynan mana shu joyda ko‘nglim bir xil bo‘lib ketdi. Ammo darrov o‘zimni qo‘lga oldim-da, ayiqning aynan yosh ayollarnikiday bo‘lig‘ siynalari va keraksiz boshqa joylarini kesib tashladim. Loshini qoplarga joylab, shahardagi kelishilgan do‘konga eltib berdim. Bari bir bu voqea ko‘z o‘ngimdan sira o‘chmasdi. Men ahmoq shuni xotinimgayam gapirib beribman-a! Ayolimning birinchi homilasi ertasigayoq tushdi-qoldi! Yigitchilik ekanmi, buniyam unutib, ayiq ovini davom ettiraveribman. Keyingi gal esa!..
Qarasam, Ukkiboy otaning ukkinikidek katta-katta ko‘zlaridan shashqator yosh oqyapti. Ovozi ham titrab-titrab o‘chdi. Keyin nima bo‘ldi deb so‘rashgayam tilim bormaydi. Qariyaga choy quyib uzatdim. U bir sipqorishda piyolani bo‘shatdi-da, “gapirolmayman, qolganini ertaga…” deya o‘rnidan qo‘zg‘aldi…
Obdan charchagan ekanman, choshgohgacha uxlabman. O‘rnimdan turib hovliga chiqdim: bir-ikki dapqir yomg‘ir yog‘ib o‘tgan. Bu atrofdagi tog‘lar tarovatini ko‘ring! Quruq oppoq qoyalardan iborat Nayzatosh quyosh nurida zardek tovlanadi. Tikkaygan biror o‘t-o‘lan yoki daraxt-o‘simlik yo‘q. Unga qarama-qarshi tomondagi Baxmalbuloq tog‘i esa boshdan-oyoq yashil libosga burkangan. Ushbu egiz tog‘lar orasida o‘n-o‘n besh chog‘li xonadonga ega Nayzatosh qishlog‘i joylashgan. Kecha qorong‘ida qaytganimiz uchunmi, obdan horiganligimdanmi, takrorlanmas bu go‘zalliklarni payqamagan ekanman. Ukkiboy otaning yolg‘izlik holatini ko‘rib kecha o‘ylagan edim: “Ketmaydimi, shahar-paharga bosh olib. Bir-ikki xonali kvartirada yashamaydimi mazza qilib!” Endi unga qarshi javob tug‘ildi: “Manovi jannatmakonlarni tashlab qayoqqayam borardi!” Uchta ko‘ldan tushib sharqirab oqayotgan daryochada mazza qilib yuvindim. Qaytishda sobiq merganning xonadoni atroflarini kuzatdim: olmazor, shaftolizorlar alohida. Sara mevalar obdan yetilgan. Har biri kaftga sig‘maydigan oq shaftolilar “mendan yaxshiroq qanday yemish bor?!” deb o‘zini ko‘z-ko‘z qilyapti. Tunuka bilan yopilgan kattagina uy xonalari shinam, shaharliklarnikidan sirayam qolishmaydi. Badavlatlik sababi ayon: mergan ovchilikni tashlagach, bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul ekan…
Men dala aylanib yurganimda, mehmonxona yig‘ishtirilib, nonushta tayyorlanibdi: kattakon xontaxta usti turli noz-ne’matlarga to‘la. Shohkosada tog‘ asali deysizmi, pista-bodomlar deysizmi, qaymog‘u sutlar deysizmi! Lofi bilan aytganda, kosadagi sovunqiragan sutning qaymog‘i ustida chang‘i uchsa ko‘targuday!..
– Keling, azizim, to‘rga o‘ting, – o‘rnidan turib meni qarshiladi Ukkiboy ota. – Yaxshi dam oldingizmi, kecha obidiyda qilaverib, obdan joningizga tekkandirman-a? Sizni yozuvchi deyishadi, tag‘in yozib-chizib yurmang, ko‘nglim bo‘shab gapirib yuboribman, hech kimga aytmagan sirlarimni…
Shu payt eshik shartta ochilib, ostonada tayoq ko‘targan durkun bir bola paydo bo‘ldi:
– Doda, mollarni yaylovga haydab keldim!
– Barakalla toychog‘im, amaking bilan ko‘rishmaysanmi?!
– Assalomu alaykum…
– Va alaykum assalom, – lochin ko‘zli, yumaloq yuzlari bo‘lali qomatiga yarashgan bolakay uzatib turgan lo‘ppi qo‘lchasini beixtiyor mehr bilan siladim. – Ismingiz nima, otaxonim?!
– Najotbek! – bolakayning ovozi yoqimli va jarangdor edi. So‘ng shart Ukkiboy otaga burildi, – mevalarning to‘kilganlarini terishga ketdim! – shunday deb xonadan o‘qday otilib chiqib ketdi.
– Nevarangizmi? – so‘radim “olov” bolakay ortidan havaslanib.
– Nevaram ham, bolam ham, xullas, bor-yo‘g‘im, jonu jahonim mana shu bola! – dedi Ukkiboy ota ovozi titrab. – Men uni bolalar uyidan asrab olganman! Ha, endi mavridi keldi, kechagi suhbat davomini aytmasam bo‘lmas…
Indamadim. Oraga gap sig‘mas edi.
– Yoshgina juvonga o‘xshash ayiqni otib, birinchi bolamdan ayrilganimdan keyin ham men ovsar xulosa chiqarmagan ekanman. Ammo xotinimning ko‘ngli sovib, o‘zini olib qochishlarini sezib yurardim. Ko‘p yillar bo‘yida bo‘lmadi. Men uni yupatishga urinardim, farzandimiz bo‘lmasa nomimiz butunlay o‘chib ketishini qayta-qayta gapiraverardim. Nihoyat, xotinim yana farzand kuta boshladi. Xuddi shunda ovni tashlasam o‘lamanmi? – Ukkiboy otaning ko‘zlaridan yana yosh oqa boshladi. – Ayiq go‘shtini xufiyona sotadigan mijozlarim qistayverib sira qo‘yishmasdi. O‘zim ham ular beradigan “ko‘k pullar”ga ilhaq bo‘laverardim…
Qish qattiq kelgan. Bir o‘ngirda ona ayiq qishlashini bilardim. Bu gal shuni mo‘ljallab ovga chiqqan edim. Ikki-uch metr qalinlikdagi qor ustida ketib boryapmanu, ko‘nglim g‘ash. Xotinimning oy-kuni yaqinlashgan edi. Uyda go‘sht ham qolmagan. “Xotinim go‘shtli ovqat yeyishi kerak, yo‘l-yo‘lakay biror o‘ljani otib qaytsammikin?” ikkilandim o‘zimcha. Ayiqning aynan odamga o‘xshashligini ko‘rgandan beri ayiq go‘shti yeyishni bas qilgan edik. Otganlarimni shahardagi tanish do‘konga olib borib “ko‘k pullar”ga almashtirardim-da, xohlagan narsamni xarid qilib qaytardim…
Qalin qor ustida avaylab borar ekanman, tepada qanot tovushlarini eshitdim. Miltig‘imni o‘ngladimu, uchib borayotgan yovvoyi kurkalarga baravariga ikkala o‘qdonni bo‘shatdim. Ikki Ularning qanotlari yopilib tushib kelayotgani asnosida oyog‘im ostidagi qor ko‘chayotganini sezib qoldim. Qor ko‘chishi uchun birgina o‘q ovozi ta’siri yetishmayotgan ekan, shekilli. Qutulish u yoqda tursin, uch-to‘rt qadam bosishga ham ulgurmay, katta qor quyuni orasiga ko‘milib, pastga yumalab ketdim!.. Ko‘zimni ochsam, naq o‘zim mo‘ljallagan, ona ayiq qishlaydigan o‘ngirning qoq o‘rtasida yotibman!.. Chamamda, meni dumaloqlab o‘rab olgan “qor ko‘rpasi” falokatlardan asragan-da, o‘ngirga tushib urilgach, sochilib ketgan…
Asta qo‘zg‘aldim, hech qayerim shikastlanmabdi. O‘rnimdan turdim-da, qorning g‘ira-shira yorug‘ida tashqariga yo‘l qidirdim, qani endi chora topilsa! Ulkan qor tog‘i qurshovida qolganimni payqab, butun vujudim muzlab ketdi. Xayolimga lop etib oy-kuni yaqin xotinim keldi. Qanday qilib bo‘lsayam qurshovdan sog‘-omon chiqishim, xotinimning yonida bo‘lishim kerak! Badanim muzlab borardi. Najot izlab, g‘or ichkarisiga yurdim. Umid qilganimdek, katta ona ayiq yonboshlagancha qish uyqusida karaxt, bittagina bolasi bir ko‘kragini og‘ziga solib emib yotardi. Men unga asta yaqinlashdim. Mukka tushgan ko‘yi bo‘sh ko‘krakni so‘ra boshladim. Iliq sut ta’mi badanimni yayratib, jonimga orom baxsh ayladi. Bora-bora qo‘rquv yo‘qolib, meni uyqu elitdi… Shundoq qilib, azizim, ayiq bilan ona-bola bo‘ldik. Necha kun ayiq emib yotganimni bilmayman-u, qor qurshovi erib, bir joyda g‘ira-shira tuynuk ochilganini ko‘rib qoldim. Meni emizib qishdan omon-eson chiqargan ayiq “onam”ga va rizqini baham ko‘rgan “ukam”ga minnatdorchiliklarimni ko‘z yoshlarim ila izhor aylab, uyimga shoshildim. Yo‘lda kelar ekanman, bundan buyon qo‘limga miltiq ushlamaslik, ayiqlarni, umuman, tirikjonlarni jonim boricha himoya qilish uchun qayta-qayta ont ichardim, xotinim va bolamni omon-eson saqlash haqida Tangri Taologa yolborardim. Afsus, ovga jo‘nayotganimda Qodir Alloh yodimda yo‘q edi. Xotinimni Ulug‘ Zotga omonat topshirmaganman, tavakkul qilmaganman. To‘lg‘oq dardi azobida qolgan xotinim qiynala-qiynala tug‘ibdi-yu, olamdan o‘tibdi. Keyinroq xabar topgan qo‘shnilarim izsiz g‘oyib bo‘lgan meni o‘lganga chiqarishib, xotinimni va kun ko‘rolmagan murg‘akni bir joyga dafn etishibdi. Oxirgi ovim mana shundoq falokat bilan tugagan, azizim!..
– Bu sirlarni nega uch og‘aynimga aytmagansiz?
– Aytsam, ayiqni otib, bolalarini qo‘shib sotib yuborishardi-da!
Ukkiboy ota oyoqlarini cho‘zib yuborgancha ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, uni yupatishga ojiz edim. Sal oldingi go‘zallikdan hayratlarimdan asar qolmadi. Faqat bir ilinj ko‘nglimga taskin berardi: “Najotbekni astoydil o‘qitib, tarbiyalaymiz. Bizning uyimizda turadi. Bu joylar tog‘ hovlisi bo‘lib qolaveradi. O‘sib-ulg‘ayib, o‘rganib, ona-tabiatimizning haqiqiy himoyachisi bo‘lsin! Ukkiboy otaning tiriklikdagi armonlariga malham qo‘ysin!..”

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
2010 yil 15 oktyabr soni.