Toshkent Iqtisodiyot universitetining katta ma’ruzalar zali.
Bichimi qadimgi Rimning Kolezeyini eslatuvchi auditoriyadagi zinama-zina o‘rindiqlarda tizilib olgan talabalar enishdagi bitiktaxta yozuvlariga ko‘z tikishgan. Tevarakda pashsha g‘o‘ng‘illasa eshitilgudek. Bahaybat derazalardan tushayotgan quyosh nurlari bitiktaxta yoziqlarini yiltillatib, yaltiratib o‘tadi. Unda ko‘hna iqtisodiyot fanining zamonaviy ufqlaridan so‘zlovchi formulalar, shakllar, teoremalar bitilgan.
Jussasi jimitdekkina keladigan domla allanimalarni sharhlab, goh xonaning u boshiga-goh bu boshiga borib keladi. Ba’zan bo‘rni olib aji-buji ifodalar bilan to‘lib yotgan bitiktaxtaning shapaloqdek ochiq joylariga yana qandaydir tenglamalarni yoza ketadi. U har bir jumlani dona-dona, chertib-chertib gapiradi. Muloyim va qiziqarli mulohazalari tepalikda o‘tirgan iqtisod ishqibozlarining ham hayolida allaqanday yangi fikrlarni uyg‘otib yuboradi. Shu kez ulardan biri bo‘g‘izidan otilib chiqayozgan so‘roqni o‘rtaga tashlashga jahd qiladi-yu, ammo domlaning bir maromdagi sehrli ma’ruzasiga mahliyo bo‘lib, o‘zini tiyib turadi…
– Iqtisod – tejash, degani deydi mudarris so‘zini xotimalayotib, minbar ortidagi o‘rindiqqa cho‘kar ekan – Ya’ni, pulni, mablag‘ni, vaqtni va hakozo… Mana bu, kimo‘zar zamonda bu jabhada kambilimli kishi, shubhasiz, yutqazajak!
Ha, shunday!
Ushbu hikmat atoqli olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, iqtisod fanlari doktori Muxtor Rasulovning “Ijtimoiy-ruhiy menejment” kitobining mag‘izi. Yuqoridagi lavha esa, bu yil to‘qsonni bo‘ylayotgan, ayni shu yoshda ham hormay-tolmay mudarrislik qilayotgan domlaning kundalik ma’ruzasidan bir ko‘rinish.
Siz, to‘qsonni urib qo‘ygan kishining yarim yoshidan ham kichik hamkasblari bilan tengma-teng ot surayotganiga ishonmassiz. Ochig‘i, “bo‘lmagan gap” deb o‘ylashingiz ham mumkin.
Biroq umrida neki g‘alaba-yu yutuqlarga erishgan bo‘lsa, barchasini mehnat kuchi bilan zabt etib kelgan kishi qariganda ham serharakat mo‘ysafid bo‘lsa kerak, menimcha. Rosti ham shunday. Sal kam to‘qson yillik hayoti ilmu-urfonning zahmati bilan o‘tgan Muxtor Rasulovning kechmishi so‘zimizga isbot bo‘la oladi.
Gapning xonasi kelgan ekan, domlaning suronli yillaridan to farahbahsh bugungi kunigacha bo‘lgan umr yo‘llariga bir qur nazar tashlab o‘tsak.
Bejizga eskilar “Hayotni keksalardan o‘rganing!” deyishmagan-ku.
“O‘rda”ning olmaxonlari
Kuzning fayziyob kunlari edi. Tevarakda pishiqchilikni eslatuvchi dilgir bir havo suzadi. Gazeta, jurnal, televideniye, radioda serhosil dalalardan paydar-pay xabarlar berib boriladi. Turli-tuman tashvishlar girdobidagi shahar ahli hadsiz xirmonlarning bo‘y-bastini shu bilan tasavvur qiladi.
Men ham ishxonada bu yilgi paxta terimi xususida biror nima qoralashga chog‘lanib turib edim. Nimadir bo‘ldi-yu xayolim qochib, hovlimizda derazani bo‘ylab turgan dov-daraxtlarga nigohim tushdi. G‘o‘ddalari jigarrang tus ola boshlagan archalarga kuzakning nuqsi ura boshlabdi: ora-sira qorayib turgan shoxchalari shundan darak beradi. Onda-sonda siyrak butalar orasida qish qushlari ham ko‘zga chalinadi. Shu payt bo‘ydor archalardan birining qoramtil tanasida allaqanday jonivor dumini xoda qilib o‘ynoqlab o‘tib qolsa bo‘ladimi!? Tikilib razm soldim. Ochig‘i, so‘zlarimga ko‘pchilik ishonqiramasligi mumkin. Lekin Toshkentning markazida, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining archazorlari orasida dumi qizg‘ish, qo‘ng‘ir tusli olmaxon o‘ynoqlab yurardi. U goh daraxtning yarim beligacha ko‘tarilar, keyin qaytib tushib ko‘m-ko‘k ajriqlarni oralab boshqasiga tirmashib ketar edi. So‘ng yoniga yana biri qo‘shildi. Ikkov anchagacha quvalashmachoq o‘ynadi. Shu payt xonamdagi telefon qattiq jiringlab, shimol jonivorlarining raqsini buzdi:
– Anvarbo-oy! – degan xitob keldi go‘shakning u tomonidan.
So‘roqlovchi jurnalist akamiz Xusan Ermatov ekan. Naridan-beri hol-ahvol so‘rashdik.
– Bir taklif bor edi – dedi gurung oxirida – Iqtisod universitetida to‘qsonni qoralayotgan ajoyib domlamiz bor, shu kishi haqida biror nima yozsang-chi?
– Mundayroq odam bo‘lsa kerak, shekilli – dedim, akani qitiqlabroq – Sizdan “ortib qolgan”iga qaraganda.
– Hey, yozsang yozaman de!.. – dedi jaydaricha qilib – Bo‘lmasa, ishim boshimdan oshib-toshib yotsa ham o‘zim kirishaman.
Odatdagidek xayrlashdik. Shahd bilan deraza tomon burildim. Olmaxonlar qayergadir g‘oyib bo‘libdi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, va’da yodimdan ko‘tarilib, ikki kunni o‘tkazib yuboribman.
Armon ham ulug‘lik belgisi
Tasodifan idoramizdagi kutubxonaga yo‘lim tushdi.
Nogohon, turli-tuman kitoblar peshtaxtasidagi “Alangali yillarim” nomli risola ko‘zimga chalindi. Qo‘limga oldim: Muallifi – Muxtor Rasulov; iqtisodchi olim. Risola – ikkinchi jahon urushi maydonlaridan esdaliklar.
Kitobni varaqlar ekanman, g‘arbiy Moskva va sharqiy Yevropaning qahraton ayozlarida olov kechib, o‘lim qopqasidan necha bor omon chiqqan murg‘ak o‘spirinning xayolllari, azoblari, ajal o‘qiga tikma-tik kelgan lahzalaridagi xotiralari ko‘z oldimda nomayon bo‘ldi.
O‘z uyida o‘zganing cho‘michidan suv ichib turgan yigitchaning vatan haqidagi tasavvurlari, yurt sog‘inchi, quyoshli Farg‘onani qayta ko‘ramanmikan degan alag‘da o‘ylari bari-barisi mujassam edi unda. “Alangali yillarim”dan o‘qiymiz:
– 1940 yilning 4-oktyabr kuni safarga chiqdigu Rossiya tomon yo‘l oldik. Onamning aytishicha, “endi og‘zim oshga tekkanda” meni olib ketishlari og‘ir botardi juda.
Shu bilan birga, endigina mamlakatimizning Finlandiya bilan bo‘lgan urushi tamomlangani, unda halok bo‘lgan va yaralanganlar to‘g‘risidagi xabarlar ta’sirida yashardik. Germaniya va Yaponiyaning xuruj qilishi xavfi ham mavjud edi o‘sha mahallar. Shu sababdan harbiyga chaqirilishim uyda aslo xursandchilik tug‘dirmagan. Yig‘i-sig‘i ham bo‘lib o‘tdi. Lekin boshqa yo‘l yoki buning oldini oladigan chora yo‘q edi. Bundan tashqari el qatori xizmatni ado etishim majburiy. Zarur bo‘lsa, Vatan mudofaasi uchun jang qilish burchim edi.
Ana shu o‘y, ana shu xayol bilan vagon derazasi orqali tashqaridan nigohimni uzolmay boraman.
Mo‘jazgina risolaning ta’sir kuchi bo‘ldimi, ishqilib, Xusan Ermatov tavsiya qilgan kishi shu emasmikan degan o‘y bilan Iqtisodiyot universitetiga yo‘l oldim. Tanishuvimiz siz yuqorida o‘qigan kichik syujetdan boshlandi.
Keti ko‘rinmaydigan uzun koridorda domlaning ma’ruzasi tugashini kutdim. Nihoyat bir dasta kitob-qog‘ozini qo‘ltiqlab chiqib keldi. Yo‘l-yo‘lakay tanishuv qabilidagi hangomamiz boshlandi:
– Men haqimda yozmoqchimisiz?! – dedi sinchikov nazar bilan, muddaomni bilgach – Balki, ilmu amalda yangilik qilayotgan yoshlarimizni chiqarganingiz ma’qulroqmikin…
– Yo‘q – dedim o‘jarligim tutib, hamsuhbatimning bu tarzda muomala qilishi sal ranjitganday bo‘ldi meni – Men aynan siz to‘g‘ringizda yozgani keldim!
– Shunaqa deng! – domlaning teran nigohi qizishib ketganligimni payqadi, shekilli, ohista, kulimsirab davom etdi – Gapni nimadan boshlaymiz?
Ochig‘i, avvalgi muomaladan so‘ng oramizda bu taxlit hangoma bo‘ladi deb xayolimga keltirmagan edim. Dafatangi taklifdan gurung o‘zanini qanday mavzuda boshlashdan esankirab qoldim.
– Domla, mana sal kam yuz yoshga kiribsiz, armoningiz bormi? – Shoshganimdan og‘zimga kelgan jumla shu bo‘ldi.
Qahramonimiz did bilan bezatilgan shinamgina xonaning derazasidan tashqaridagi kuzakning vazmin va teran manzarasiga tikilib qoldi. U yerda shaddod va o‘ynoqi talaba qizlarning qiqir-qiqiri, bir-birlari bilan allanimalar xususida bahslashayotgani, ulug‘vor va keksa chinorning ohista-ohista xazon tashlashi ko‘zga tashlanar edi.
– Anavi bolalarni ko‘ryapsizmi? – dedi bir pasdan so‘ng yoniga imlab – Shu yoshdaligimda armondan asar ham yo‘q edi menda.
– Endi-chi?..
– Hali hayot atalmish sirli jumoqning mag‘izini yaxshi anglamay turib armiyaga ketdim – deydi domla qovoqlarida nam salqib, uzoq va sermashaqqat bolaligini yodga olar ekan – Esimni tanib, odamni odamdan farqlaydigan damlarim inson qadri chivinning qanoticha tosh bosmaydigan paytlarga to‘g‘ri kelgan. Urush, odamkushlik, beshafqat zamon… Bari-barisi bugun ham ko‘zimni yumsam qarshimdagi kinolentalardek aylanaveradi. Rossiyaning sirli va qahraton o‘rmonlari, Yevropaning qirmizi balchiqzorlari, Yugoslaviya, Chexiya, Polshaning tutunga burkangan qoramtil osmonlarida mening dilbar bolalagim qolib ketgan.
Armon deganini shunday tushunman.
Yana, men urushga ketayotganimda Toshkentning qadim manzaralarini eslatuvchi Qichqiriq, Chuvalachi, Arpapoya, Piyonbozor, Darxon, O‘qchi mavzelarida ota-bobolarimiz turmushining ruhiyatini beradigan holatlar bor edi. Ana shular o‘spirin xotiramda muhrlanib qolgan. Qaytganimda esa… Huvillagan uylar, vayronaga o‘xshash tus olgan shahar, ezilib ado bo‘lgan odamlar qarshi olgan meni…
– Keyin-chi? – Suhbatimiz o‘zaniga tushganligini sezib, domlani chalg‘itmaslikka harakat qildim.
– Asablari charchagan, besh yillik qirg‘in-barotda “ana ketdim, mana ketdim” degan hadik bilan falakdan tushmagan yigit, odamkushlik bo‘hroni tugagach Toshkentga keldim – deb davom etadi – Ha, aytgancha urushda uchuvchi bo‘lganman. Bilasiz-mi, jang maydonida yerdagidan ko‘ra tepadagilarga qiyin. Har lahzangiz, har bir parvoz g‘animat. Besh yillik qirpichoq zamonda havo razvedkachisi edim. Harbiy buyruqlarga binoan Boltiqbo‘yi hududlari, Kafkaz va umuman Germaniyagacha bo‘lgan janglarning holatini tepadan turib suratga olganman. Masalan, g‘alabadan bir-ikki kun avval bombardimon qilingan Berlin osmonida shaharning shu turishini suratga tushirganman. Ana shu fotoesdaliklar bugun qalbimni sitib ketayotgan armonlarimni yodga soladi. Ba’zan ularni ko‘rsam ezilib ketaman.
Nachora, bu – taqdir!
So‘ng, Toshkentdan ish topdim. Uy-joy, bola-chaqa qildim. Bir paytning o‘zida ham ishlab, ham o‘qidim. Tahsilni tugatayotib, kutilmaganda ilmning fusunkor olami o‘ziga jalb etdi meni. Dastlab Toshkent davlat dolifununi (hozirgi O‘zMU)da savdo iqtisodi sohasiga o‘zimni urdim. Mamlakatimiz ta’lim sistemasida ilk bor “Iqtisod fani bo‘yicha doktorlar kengashi” tuzilishiga bosh-qosh bo‘ldim. Turli xorijiy o‘lkalarning savdo iqtisodini o‘rganib chiqdim. O‘zimiznikini ularga solishtirdim. O‘sha paytlar yuqori tashkilotlarga turli nazariy va amaliy takliflar kiritdim. Ammo… Ularning hech qaysi biri amalga tadbiq etilmagan. Loyiha loyihaligicha, taklif taklifligicha qolib ketavergan. Lekin taajjubni qarangki, Tanzaniya, Nikaragua, Polsha va hakozo… chet davlatlarga ma’ruza o‘qigani olib borishganida tepadagilar tomonidan xuddi o‘sha loyiha va takliflarimdan qisman aytishim so‘ralar edi. Bu – elliginchi yillardan to saksonning yarimlariga qadarli bo‘lgan voqealar.
Kim bilsin, o‘sha paytlardagi ko‘zimning nuri harjlangan qat-qat hujjatlar bugun qaysidir arxivlarda yoki biror dunyo bexabar yigitning bobosidan qolgan g‘aladonlarda saqlanib yotgandir… Shular ham yana bir armonim. Qani endi belimda quvvat, bilagimda kuch, ko‘zimda nur bo‘lsa-yu o‘sha “ixtiro”larimni qayta tiklay olsam…
Yillar qomatingizga kuchini ko‘rsatib, peshonangizga ajin solib boraverar ekan, armon deganlarining qati kengayib boraveradi. Chunki, hayot qonuniyati shunday. Armon ham ulug‘likning bir belgisi.
“O‘ychining o‘yi bitguncha…”
Har qanday holatda gurung avj pardasini topsa, gap gapga qovushaveradi. Suhbatimiz ham shu tarzga kirgan edi. Keksa mudarris bir maromda, ohista so‘zlar men uning quvonchu alamlarga to‘la hayotining ayrim sahifalarini eshitib mahliyo bo‘lib o‘tirar edim. Tashqarida darsga shoshayotgan bolalarning chug‘ur-chug‘uri, saboqqa chorlayotgan qo‘ng‘iroqning baland va zirillagan ovozi eshitilar edi.
– Zamonlar orasidagi tafovut qanday, sizningcha? – deyman qiziqsinib.
Domla o‘yga cho‘mib, vazminlik bilan so‘z boshlaydi. Avval stol ustidagi tillarang choynakdan choy quyib, hafsala bilan simiradi.
– Tafovutmi? – beixtiyor savolni takrorlaydi – Bu narsa davrlar orasida bo‘ladigan hodisa. Mana, masalan o‘z zamonasida Yer sharining yarmida havasga arzirli sohibqiron Amir Temur davri va bizning kunlar orasida osmon bilan yerchalik farq bor. Deylik, o‘sha zamonlarda Samarqandga kelin bo‘lib tushgan Xonzodabegim otauyi (Xorazm)ga bir yilda bir marta, oshib borsa ikki bor borib kelgan. Bundan ortig‘i bo‘lmagan.
Bugun-chi! Agar okean ortiga qiz uzatsangiz ham ko‘rishmoqlikning qiyin tomoni yo‘q.
Fikringizni to‘g‘ri fahmlagan bo‘lsam, bundan ellik-oltmish yil burungi bilan hozirgi kun o‘rtasidagi farqni so‘rayapsiz. Men bu o‘rinda inson qadri borasidagi tafovutdan bo‘lak narsaning barchasini nisbiy deb bilaman. Boisi, o‘sha davrdagi o‘rnatilgan va o‘rnatilmagan tartib-qoidalar, siyosiy va ijtimoiy qarashlar ko‘kayimga og‘ir botgan. Arzimas ish uchun soatlab, hatto oylab, yillab kuttirgan holatlar bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganim, ish bilan bog‘liq ba’zi nekbinliklarning tagida, aslida inson qadrini turli toifalarga bo‘lish degan qarashlar yotardi. Bizda, ya’ni O‘zbekistonda iqtisodni ittifoq doirasidagi boshqa respublikalardan yuqoriga olib chiquvchi har qanday yangiliklarning qadamiga cheklov qo‘yilgan edi. Shu o‘rinda fikrimni yanada oydinlashtirsam. Aytaylik, o‘sha takliflarim (bu o‘rinda o‘zini maqtaydigan odam ekan deb o‘ylamang) amaliyotga tadbiq etilsa, o‘zbeklar iqtisodi boshqlarnikidan oldinlab ketar edi. Bu asosiy boshqaruvdagilarga yoqmas edi-da.
Endi-chi! Kosa davron aylanib, zamonamiz jilovi o‘z iligimizga tegdi. Hozirgi o‘zbek bolasi yurt taraqqiyotiga daxldor istagan kashfiyotini amalga oshirishi, bolalarga o‘rgatishi, eli ichida bemalol tashviq etishi mumkin. Birov uning olidga chiqib: “Hey, bola! Nima qilayapsan?” deb o‘dag‘aylamaydi. O‘rni kelganda mana bu hangomani ham ildirib o‘tsam.
O‘zbekiston erkini qo‘lga olgan kezlari yetmish yoshli chol edim. Shu yoshga kirgunimcha boya aytganimday ilm yo‘lida juda ko‘p taziyq va qarshiliklarga duch kelganman. Olishib, tortishib, qo‘ying-ki, kimlargadir aroq quyib berishgacha borib ba’zi yangiliklarni ommalashtirishga erishganman. Va, talabalarimga o‘z ixtirolarimni gapirib huzur qilganman. Odam chinakamiga ishlasa, kasbini sevsa, yumushiga sho‘ng‘ib keta olsa qarimas ekan. To‘qson birinchi yildan keyingi jarayonlar kechagidek yodimda. Kutilmaganda yangi ufqni qarshi olgan mamlakatimizda yangilanishlar davri boshlandi. Respublikamizda prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida taraqqiyotning bozor iqtisodiyoti yo‘li tanlandi. Shu bois, iqtisodiyot nazariyasida ham qalqish yuzaga keldi. Yuksalishning bu yo‘lini nazariy takomiliga yetkazadigan, o‘rganuvchi qavmga yetkazib, tushuntirib beradigan dasrliklar, qo‘llanmalar zarur edi. Yetmishni bo‘ylab turgan chol, otimni qamchiladim-u uzoq yillar mobaynida zaha yeb yotgan fikr, mulohazalarimni qog‘ozga tushira boshladim. Natijada, iqtisodiyot nazariyasiga “Rivojlangan mamlakatlar bozor tajribasi”, “Bozorni ijtimoiy tartiblashtirish” kabi yangi fanlarni, “Bozor iqtisodiyoti asoslari”, “Ijtimoiy-ruhiy menejment” singari darsliklarni olib kirdim. Hozir shu ishlarni uddalab qolganligimdan xursandman. Axir aytishadi-ku, “O‘ychining o‘yi bitguncha, tavakalchining ishi bitadi” deb.
Baxt – o‘zdadir
Xalqimizda “Harakatda – barakot” naqli bor. Suhbatdoshimdan benazir mulohazalar va o‘tmishidan hikoyalar tinglab, ushbu haqiqatning hayotiy isbotini ko‘rganday bo‘ldim. Oddiy o‘qituvchi Muxtor Rasulovga iqtisod fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi rutbalarining berilishida, aslida tinimsiz mehnat va odam qadriga insoniy munosabatning inki’osi mujassam edi. Ich-ichimda “Bor bo‘ling, domla! Ibrat asli shu emas-mi?!” qabilidagi hayqiriq ko‘tarilib keladi. Mavzudan chalg‘imaslik uchun o‘zimni bosib:
– “Har zamonga – bir zamon” degan sharq paradoksi rost ekan-da, – deb luqma tashlayman.
– Haq gap – deydi domla allanimalar to‘g‘risida o‘y surib olgach – Eskilar bejizga hayotni charxpalakka mengzamashgan. Bugungi kun va yaqin tariximiz ham buni isbotlab turibdi. Kecha o‘ris tilini eplolmay, davralarda mustar bo‘lib yurgan yigit turtinib-surtinib katta bo‘lib qolibman-u oradan qancha suvlar oqib o‘tib ketibdi. Ayni chog‘da esa, munkillagan mo‘ysafidman. Shu kez ilmning oliy rutbalarini, ustoz degan ulug‘ sharafni ko‘tarib yurish asosiy yumushimga o‘xshab qolgan. Gohida erish tuyuladi bu. Shu sabab universitet ma’murlaridan haftasiga bir-ikki soat dars berishlarini so‘radim. Iltimosimga yo‘q deyishmadi. Qimirlab turibman. Baxt – shu, nazarimda.
Oilaviy to‘kinlikka izoh so‘rayman domlaning baxt haqidagi qarashlarini bilgach.
– O‘zbekning azaliy orzusi-ku bu! – qahramonimiz chehrasida xurramlik balqadi – Bu borada hech ham nolimayman. Momo yangangiz bilan turmush qurganimizga oltmish yetti yil bo‘libdi. Oltmish yetti yil turmush aravasini birga tortdik, omochga qo‘shilgan qo‘shho‘kiz kabi. Mana shu umr mobaynida to‘rt o‘g‘il, sakkiz nevara, sakkiz evarani kamolotga yetkazdik.
– Yana bir, odamlarda kam uchraydigan baxtli tomonimni aytaymi? – deydi Muxtor bobo tabassum bilan.
– Yashirmang-da, uni! – qiziqsinib so‘rayman.
– Bu yil to‘ng‘ich nevaramning kattakoni shu universitetga o‘qishga kirgan. Toleimni qarang-ki, birinchi evaramga ham saboq berish saodati nasib qilib turibdi.
Yana olmaxonlar haqida
Gurungimiz qosh qorayib, muhtasham Iqtisodiyot universitetining marmar sahnli hovlisiga shom tushguncha davom etdi. Bu orada hali men eshitmagan ko‘plab hikmatomuz maqollarni, hayotiy chigalliklarni yechishda asqotadigan sinalgan tajribalarni bilib oldim. Ikkov universitetning katta darvozasiga qadar birga keldik. Yo‘l-yo‘lakay ancha-muncha masalalar yuzasidan fikr yuritdik.
– Yaqinda ishxonamizning archazorida olmaxonni uchratdim – dedim beixtiyor yo‘lak chetidagi archalarni ko‘rib.
– “Mustaqillik maydoni” metro bekatidan “Sayilgoh” ko‘chasiga qarab yurishdagi daraxtlar orasida ko‘p duch kelganman – domla gapimni davom ettirib ketdi – Bilasizmi, bu nimaning belgisi?
Bilmasam degan ma’noda yelka qisdim, tasodifiy so‘roqdan taajjublanib.
– Kuni tinch, tuni osoyishta joylarda olmaxonlar dikir-dikir o‘ynaydi-da! – dedi domla yengil kulgu bilan.
Ochig‘i, shuncha vaqtdan beri o‘rmon jonivorining tabiatini o‘ylab ko‘rmaganligimdan tarra bo‘lib ketdim.
Keksa murabbiy xayrlashib, darvoza og‘zidagi ulovga o‘tirib jo‘nab ketdi.
Xayolimda esa, “Ko‘p yashang, domla! Hali sizdan o‘rganadiganlarimiz bor” degan fikr paydo bo‘ldi.
Haqiqatdan ham shunday emas-mi?!