Anvar Obidjon. Usta gulmatning jumbog‘i (hajviya)

Shoirlikdan ilkis ko‘nglim sovib, baayni nazm mushuk, man it bo‘libdurman. Mundog‘ keskinlik ko‘rsaturg‘a to‘rt sabab topdim.
Sabab raqam bir: belimdan quvvat, turqimdan istara cheking‘och, hatto nosqovog‘imga alohinda qosh uchirib yurg‘on ahli nozanin daf’atan yuzsizlikka o‘tib, puch savlatimni bir imoga olmaydurgon bo‘ldi. Begonalar ordona qolsun, kenja xotuncham ham goh soqolimni paxmoq, goh qornimni do‘mpoq deb qarg‘anadur.
Sabab raqam ikki: do‘st-ahbobdin hanuz oqibat kutub, xumboshlig‘imcha qolmakni o‘zimga ep ko‘rmadim. Zero, man mudom imonga ergashdim, alar ehsonga tirmashdilar. Alarga shakar tutdim, alardin zahar yutdim.
Sabab raqam uch: olloi karimning tabarruk ismini maxfiy sho‘badin cho‘zilg‘on yashirin maoshga pullab, ochiq ko‘rlar jamoasini miltiqboz zo‘rlar dumasig‘a chandib berg‘on ayrim savatsallalarni mazanglamoqdin ham toliqdim. Jamoa ko‘zini ochmak istadim, ko‘r bo‘mag‘onim uchun jamoa mandin hamdard topmadi.
Sabab raqam to‘rt: va nihoyat, ulkan bir saltanat ila olishmoqqa barham yetkarub, hokimu arboblarga omonliq berdim. Fahmladimki, bir mansabdorni ag‘darsam, joyini ikkinchi olg‘ir foydasig‘a bo‘shatg‘onim qolur.
Alqissa, shoirlik ila oroni ochiq qilg‘och, xayol ummoniga g‘avvos o‘lub, mahovatimga loyiq kasb qidirdim. Ummon tubig‘a yetib bildimki, banda uchun eng qutlug‘ saodat – har narsadin sir-asror axtarib, olamni ravshan anglamoq erkan. Shu asno o‘zimni ilmg‘a urdim.
Allomalikka ilk qadamni Beruniy sumalak toshini chaqib ko‘rmakdin, ibn Sino qovurilg‘on bo‘yrakni idroklab chaynamakdin, Mirzo Ulug‘bek saroy shiftindagi jinchiroqlarning joylashuv tartibini jadvalga tushurmakdin boshlag‘on bo‘lsa, ajab ermas. Buyuk ajdodlarimdin farqim – faqirning ilk nazari qaboqariga tushub, ko‘nglumda ul maxluqni bolari ila chog‘ishtirmoq havasi uyg‘ondi. Avomga ma’lum va maqbulkim, bolari bosh suqqon tuynukning xotimasi tekin asal yig‘indisiga borib taqalgay. Vale, man qaboqarilar maskaniga jiddiy hujum uyushtirib, hujramning yon devorini vayronlab ko‘rsam-da, guvalalar orosindan loaqal chirik turshak topmadim. Bul zahmatli chog‘ishtiruv nihoyasinda dilimda bashorattalab bir so‘rog‘ zohir o‘lub: «Bolariga nisbat aylasak, qaboqarining boshi uch chandon, keti besh chandon katta bo‘lg‘oni holda, nechuk bizga yetadurg‘on daromad hechdur?» – dedim. So‘g‘in ko‘nglima vahiy kelib, karomat yog‘dirdim: «Jonzot nechog‘lik beso‘naqaydur – naf shuncha kamdur», deb. Emdi Yusuf Xos Hojibdek jumboqdin yechim, yechimdin falsafa izlab, qat’iy xulosa qildim va yoshlarg‘a mundog‘ nasihat bitdim: «Tanlag‘on yoring qanchaki xipcha ersa, ro‘zig‘orga shuncha baraka kiritg‘ay. Xotunning qo‘poli buning aksidur».
Shu yo‘sin, bu chalkash dunyoda shoir bo‘lmakdin choyxona choynagini o‘g‘irlab kun ko‘rmak maqbul deb, o‘zni batamom ilmg‘a kishanladim. Avliyolik xislatimdin yaralg‘on nodir fikrlarni abadiylashtiruv yo‘linda qirq daftarni nobud etib, risolalar yozmoqdin hanuz tiyilmag‘onimga ne hayrat? Chunonchi, olam jumboqlari bisyor erkan, mutafakkir taajjubi ham benihoyadir.
Uzoq ketmay, kuni kecha yuz bergan g‘alat ishdin kelay. Ko‘rsam, bir musofir dala yo‘lini qazib, do‘ppi ko‘mayotir. So‘rdim: «Bu ne ahmoqlik?» Ul bezot dedi: «Tug‘ma sehrgardurman, bitta do‘ppi eksam, bir rakat namozni tushurgunimga dovur to‘rtta suvsar qalpoq unib chiqadur». Hosilni teng taqsimlash yuzasidan darhol shartnoma tuzilib, beqasam choponlar yetishtirmak umidida man yaktagimni ekdim. Musofir odobini namoyishlab aytdiki: «Yoshingiz ulug‘ erkan, imom bo‘ling», deb. Qiblani mehrob etib, oldinga o‘tdim. Namozni bitirg‘och, ortga o‘grulib «assalomu alaykum», desam, musofir gijonda? Allaqachon hosilni o‘rib, qochib qolibdur. Jumboqdin yechim, yechimdin falsafa izlab, qat’iy xulosa qildim va yoshlarga mundog‘ nasihat bitdim: «Sherikchilikka hatto kalish ekma – foydani kelgindi ko‘radur».
Bu kun peshinda yangi bir chagalning guvohi o‘lib, tag‘in yaqo ushladim. To‘ydan qaytayotib qarasam, guzarda olomon tirband. Aynoq jinni ko‘chani to‘sib olib, «bu yoqqa faqat jinnilar yursin», deb turibdur. Birov o‘zini telbalikka solib «qumg‘onda arslon qovurib yedim», desa, boshqasi «ayripilong‘a eshak qo‘shib, to‘g‘ri Qashg‘arga uchdim», dedi, lek afsus, biron-bir foyda chiqmadi. Bir kimarsa esa unga to‘qnosh borib, cho‘ntagidin tanga olib ko‘rsatdi va nimadir deb shivirlag‘on bo‘ldi. Shunda Aynoq jinni bexos qah-qah otib, kutilmag‘onda unga yo‘l bo‘shatdi. Danakdek qulog‘im supra bo‘lg‘uncha yashab, bu yanglig‘ ulkan jumboqni ko‘rmagan erdimki, ondin na yechim, na falsafa, na xulosa, na ibrat topa bildim.
Balkim aytgandur:
– Kecha eng yaxshi do‘stni mana munaqa temirchalarga almashladim.
Yoki:
– Mana, shu narsa mani jinni qildi.
Yoki:
– Ma, okosi. Bu sabilg‘a xohlasang sabzini sotib olursan, xohlasang qozini.
Agar kimda olimlikka da’vo bordur, ushbu chigalni o‘rinlatub yechsun, biz tizzalab ta’zim qilayluk.
1988 yil.