Anvar Namozov. Uchrashuv (qissadan parcha)

Faxriddin bilan uchrashdim. U Zinnura aytib berganidek, jingalaksoch, biqqigina yigit ekan. Bir o‘zi kelishga qo‘rqqanmi, uchta og‘aynisini ergashtirib olibdi.
Men uni avvaliga chetdan turib kuzatdim, so‘ng oddiy yo‘lovchilar kabi orqasidan yaqinlashdim-u, yelkasiga yengilgina bitta urdim. Faxriddin cho‘chib ketib, menga o‘girildi.
– Xo‘sh, gapir, nima deysan? – dedim bamaylixotir.
Shoshib qolgan Faxriddin oshnalariga qaragan edi, ular shartta atrofimni o‘rab olishdi. Men, qalaysanlar, degandek har biriga bitta-bitta qarab chiqdim.
– Ha, senmisan? – dedi Faxriddin. – Isming nima?
– Har holda Faxriddin emas, – hozirjavoblik qildim men.
– Aniqmi? – piching ohangida so‘radi u.
– Pasportim uyda qolib ketibdi, – dedim men ham gap bilan uzib olib.
Faxriddin sheriklariga qaradi. Ulardan beso‘naqay tasqarasi xuddi Hollivud filmlaridagidek bo‘ynini u yoq-bu yoqqa burib qisirlatdi-da, burnini naq burnimga tekkizib dedi:
– Hozir basharangni pasport qilib qo‘yaman!
Qo‘rqmasligimni bildirish uchun men ham bo‘ynimni burgan edim, qisirlamadi. Qo‘llarimni harakatlantirib qo‘ydim, xolos. Keyin Faxriddinga baqrayib qaradim. U oshnasini nari surdi-da, ming‘irladi:
– Hoy, hamma baloni boshlab qo‘yib, nega menga xo‘mrayasan?
– Hamma baloni boshlagan sen-ku, – dedim bidirlab. – Hayotimni ostin-ustun qilib yubording. Qayoqlarda yuribsan? Nega Zinnurani uchrashuvga chaqirib, o‘zing kelmading?
– Ie, nafas olib gapir, og‘ayni! – kuldi Faxriddin. – Sen o‘zi qayerdan paydo bo‘lding? Kim Zinnura bilan uchrash dedi? Nima uchun Faxriddin bo‘lib yuribsan, shunga javob ber!
– Sen kelmaganingdan keyin Faxriddin bo‘lmay Bahriddin bo‘laymi?! – dedim nima deyarimni bilmay. – Ayt, nega kelmading?
– Zarur ishim chiqib qoluvdi, tushundingmi? – mensimay javob berdi u. – Manovi oshnalar bilan soqqali ishga ketuvdik. Zinnuraga qo‘ng‘iroq qilish esimdan chiqib ketibdi. Uni sen “o‘rab” olishingni qayoqdan bilay! O‘zing ham anakondaday bo‘yniga chirmashib olgansan, shekilli?
Bu gapni eshitib, boyagi beso‘naqay xoxolab kulib yubordi. Boshqa oshnalari ham qo‘shilishdi.
– Attang, men ham o‘rtoqlarimni boshlab kelmabman-da, – dedim kinoyaomuz. – Hammamiz birgalashib kulardik.
Faxriddin oshnalariga mashinada kutib turishni tayinladi. Ular nari ketishdi. Ikkimiz chekkaroqqda o‘tdik. Shundan so‘ng u menga yuzlandi:
– Xo‘sh, gapir!
– Nimani gapiray? O‘sha Zinnurang o‘zingga siylov. Men uylanadigan qiz boshqa. O‘zimning sevganim bor!
Faxriddin bosh chayqadi:
– E, yo‘q, oshna! Endi menga Zinnuraning keragi yo‘q. To‘g‘ri, birinchi ko‘rganimda u menga yoqib qoluvdi. Uylariga odam yubordim. Ammam orqali qo‘yarda-qo‘ymay uchrashuvga taklif qildim. Zinnuraga haqiqatan ham uylanmoqchi edim. Ichkuyovlikka rozi bo‘lgandim. Nima qipti, uning shaxsiy firmasi bor, biznesini yo‘lga qo‘ygan. Ertaroq erga tegishga vaqti bo‘lmagan, xolos. Endi esa…
– Demak, unga uylanmaysan?
– Albatta, uylanmayman. Sen uni “o‘rab” olasan-u, men uylanaymi? O‘zingga buyursin! Qolaversa, Zinnura shifoxonaga tushgan. Ammam o‘z vaqtida aytib qoldilar. Bir tarafdan bu qizning senga duch kelgani yaxshi bo‘libdi. Men allaqachon boshqa qizni topdim.
– Yana bitta biznesmen qizni?
– Xuddi shunday. Zinnuradan ham zo‘r! Nimaydi?
– Faxriddin, – dedim tishlarimni g‘ijirlatib, – sen Zinnuraga uylanishing shart!
Faxriddin oshnalari tomonga qarab qo‘ydi-da, irshaydi. Bu shu darajada kinoyaomuz kulgi ediki, meni haqorat qilayotgandek tuyulib ketdi. Yoqasidan siltab, bir kalla qo‘ymoqchi bo‘ldim-u… vaziyat yanada chigallashishini o‘ylab, bu qarorimdan qaytdim.
– Uylanmaysanmi? – so‘radim undan.
Faxriddin ikki qo‘lini beliga tirab, menga yaqin keldi:
– Uylanmayman!
– Uylanmasang, meni nega chaqirding? – dedim achchiqlanib.
– Faxriddin bo‘lib yurganing uchun! Zinnurani “o‘rab” olish uchun ham o‘zingni Faxriddinman degansan-ku, to‘g‘rimi? Boshqa ism qurib qolganmidi?
– E, namuncha “o‘rab, o‘rab” deyverasan? Zinnura o‘zini o‘ldirmoqchi, shuni bilasanmi?
Faxriddin biroz jim turdi-da, loqayd javob berdi:
– Buning menga daxli yo‘q.
– U sen uchun o‘zini o‘ldirmoqchi.
Faxriddin yana boyagiday yana beo‘xshov irshaydi, so‘ng jiddiy ravishda dedi:
– Sen nimalar deyapsan? U meni ko‘rmagan-ku!
– Shu… ko‘rmagani uchun ham o‘zini o‘ldirmoqchi.
– Sen o‘zi umuman g‘alati yigit ekansan, – dedi Faxriddin. – Suvni loyqalatib qo‘yib, endi menga ichirmoqchisan. Kim aytdi senga, Faxriddinning nomidan Zinnura bilan chaqchaqlash, deb? Tag‘in, sevgilisi bor emish! Bir tog‘dan kelasan, bir bog‘dan!
Men Faxriddinga boshqa nima deyishimni bilmas, unga Zinnurani qanday “ilish”ni bilmayotgandim. Aslida bu yoqqa kelgunimcha, kechirim so‘rayman-u, aldab-suldab Zinnuraning jilovini uning qo‘liga tutqazaman, deb o‘ylagandim. Bu dovdir esa, allaqachon boshqa qizni topib olganman, deydi.
Endi Zinnuraga tutqun bo‘lishim turgan gap! Agar uni rad etsam, kecha aytganidek o‘zini o‘ldirishini uqtirib qo‘rqitaveradi.
Faxriddin xuddi ichimdagini uqqandek so‘radi:
– Nega u o‘zini o‘ldirmoqchi?
Men ko‘zimni lo‘q qilib javob berdim:
– Sen uchun, dedim-ku!.. Tirjayma! Ja beo‘xshov kularkansan-da o‘zing ham! Zinnura sening rasmingni ko‘rib qolgan ekan. Shu sababli, men unga Faxriddin emasligimni, xullas, hammasini aytib berdim.
– Mening rasmimni qayerda ko‘radi?
– Ammangning telefonida!
Faxriddin hayron bo‘ldi.
– Ammam menga hech nima demadi-ku!
– To‘g‘risi, men Zinnuraga uylanmoqchi edim, ammang uni aynitib qo‘yibdi! Endi sen uylanasan!
– E, bas qil! – dedi Faxriddin toqati toq bo‘lib. – Men hech qachon nogiron qizga uylanmayman, tushundingmi? Bor, yo‘lingdan qolma! Faxriddin bo‘lib yurasanmi, Bahriddinmi, meni tinch qo‘y!
Qiziq, Faxriddin nega Zinnurani nogiron deyapti? Nahotki u Zinnuraning oyog‘ini kesishlari haqida eshitgan bo‘lsa? Zinnura, hech kim bilmaydi, degan edi-ku! Yo shifokorlar aytishganmikan bu jingalakka?
– Sen nega uni nogiron deyapsan?
– Mashinaning urib ketganidan keyin nogiron bo‘lmay kim bo‘lardi? – tutaqdi Faxriddin. – E, bo‘pti, men ketdim. Sen bilan valaqlashgan odam…
– To‘xta!
U indamay ketib qoldi, orqasiga qaramadi ham. To‘xtagani bilan men nima deyishni bilmasdim baribir! O‘z yog‘imga qovrilib qolaverdim.
Butun boshli ko‘chani og‘zimga qaratib, dodlab yuborgim keldi.
Anovi pakana Hamida opa Zinnuraning onasiga rostini aytsa bo‘lmasmidi? “Bu yigit jiyanim emas, o‘sha kuni Faxriddin boshqa joyda bo‘lgan ekan”, demagan! Kap-katta ayol ro‘y-rostini gapirmaydimi?
Telefonim jiringladi. Agar Zinnura qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa, telefonni uloqtirib yuboraman, deb o‘yladim. Ishxonadan Ravshan ekan. Hozir borib, unga hammasini aytib beraman, aks holda paq etib yorilib ketsam kerak. Men ham kim bilandir dardlashishim kerak axir!
– Qayerlarda yuribsan? – dedi u. – Ishni o‘yinchoq qilib yubording-ku!
– Eh, Ravshan, – xo‘rsinib javob berdim men, – men hozir shunday ahvoldamanki, yeganim qornimga kirmayapti.
– Qorning bilan ishim yo‘q. Seni bu yerda bir xotin kutib o‘tiribdi.
– Nima? Qanaqa xotin?.. Kimning xotini? Shunisi yetmayotgandi. Nega kutadi?
– Men qayoqdan bilay?
– Nega so‘ramaysan, Ravshan? Hammang atayin qilyapsan! Meni boshi-keti yo‘q ko‘chaga kirib ketsin, deysan!
– Hoy, namuncha dodlaysan? Avval kel, ko‘r!
– Bormayman, tushundingmi? Boshlig‘ingga ham aytib qo‘y! Men xohlagan joyimda yuraman. Hammasi jonimga tegdi.
Telefonimni o‘chirdim. Jahlim bosilmasdi. Demak, meni izlab Zinnuraning onasi ishxonaga borgan. Boshliqning huzuriga ham kirsa kerak hoynahoy! Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Bular o‘zini kim deb o‘ylayapti? Mendan boshqa odamlari yo‘qmi? Bunaqada hademay uyimizga ham borishadi-ku!..
Nima qilsam ekan? Zinnuraga sim qoqib, telefonda boloxonador qilib so‘kaymikan?.. Yo‘q. Hozir unga bittayam ortiqcha gapirmaslik kerak. O‘zini o‘ldirsa, ko‘radiganimni ko‘raman. Ammo… lom-mim demay yuraverishim ham to‘g‘ri emas. Onasi ortimdan yana allambalolarni davom ettiradi. Bas, yetar! Zinnura ham, onasi ham bir tiyin! Hozir to‘ppa-to‘g‘ri shifoxonaga boraman-u, Zinnurani o‘zim derazadan otib yuboraman. Uchib ketgisi kelgan bo‘lsa, uchaversin! Ha, shunday qilaman!..
Odam yo‘l yursa, jahli bosilarkan. Men bilan xuddi shunday bo‘ldi. Qanchalik tez odimlaganim sayin bosilib boraverdim. Kayfiyatimni ko‘tarish uchun charaqlab turgan quyoshga qarab iljaydim. Baribir yordam bermadi.
Dilim zim-ziyo. Jahl ustida bir ko‘rgilikni boshlab qo‘ymasam edi ishqilib. Men shuning oqibatini o‘ylab, es-hushimni yig‘ishga, o‘zimni bosishga harakat qilardim.
Zinnura yotgan palatani ochib, ichkariga kirdim. Uning yonida onasini ko‘rdim-u yana jahlim lop etdi. Qarang, bu ilon xotinni! Allaqachon qizining yoniga qaytib kelishga ulguribdi. “Boing” samolyotida uchadimi, deyman!
– As…sa…lomu alaykum, – dedim tomoq qirib, bo‘g‘zimga nimadir tiqilib qolganday edi – nafasim bo‘lsa kerak. – Yax… shi..
– Keling, – jonlandi Zinnura.
Men uning onasiga yuzlanib, chuqur nafas oldim-da, gap xaltamni ochib yubordim:
– Nega mening ishxonamga bordingiz, xola? Yo meni qochib ketadi, deb o‘ylayapsizmi? O‘tgan kuni singlingiz shunga o‘xshash gap qiluvdi. Sizlardan qochib qayergayam borardim! Yerga kirsam bo‘ynimdan qisib, osmonga chiqsam, oyog‘imdan tortib olasizlar-ku! Odam degani uyoq-bu yoqqa qarab ish qiladi-da! Meni hamkasblar oldida sharmanda qildingiz-ku!
Zinnura hayron bo‘ldi:
– Oyim kecha kechqurundan buyon yonimdalar. Uyga ham kecha borib kelgandilar.
– Nima? – men avval Zinnuraga, so‘ng onasiga qaradim. Zebi opa avvalgidan ham qovog‘ini uyib olgan, qo‘yib bersa, yenglarini shimarib, kela sola meni boks qilib tashlashga shay edi. – Unda ishxonamizga borgan xotin kim?
– Ammangiz bo‘lsa kerak, – dedi Zinnura. – Qo‘ng‘iroqlariga javob bermabsiz-ku, shunga borgandir…
Men nima deyarimni bilmay qoldim. Shoshqaloqligim, puxta o‘ylamay ish qilishim yana pand bergandi. Palataga jimlik cho‘kkan, bu osudalik qo‘ynida ona-bolaning jami to‘rtta ko‘zi menga norozi qarab turardi. O‘lik sukunat qo‘ynida mening “qult” etib yutinganim yaqqol eshitildi.
– Balki Sarvi xola borgandir? – dedim men.
Zebi opa mendan nigohini olib, qiziga boshini burdi:
– Sen mana shu… – nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiyib, so‘ng davom etdi: –  yigitga tegmoqchimisan?
– Oyi-i-i, – dedi Zinnura cho‘zib. – Tushunmovchilik bo‘lgan… To‘g‘rimi, Faxriddin aka?
– Men Faxriddin emasman, – dedim dangaliga. – Sizga avval boshdan aytganman, esingizdami?
Zinnuraning qoshlari tugildi. So‘ng “vo-o-o-y”, – dedi-yu, boshini yostiqqa tashladi.
Sarvi opa tipirchilab qoldi. Hech vaqoni tushunmasa-da, ingrayotgan qizining atrofida girdikapalak bo‘ldi. Men xavotirlanib yaqinlashgan edim, qo‘limni siltab tashladi.
– Boring, vrachni chaqiring, – dedi jahl bilan.
Men palatadan yugurib chiqib, bir hamshiraga urilib ketdim. Uning qo‘lidagi ashqol-dashqollari sochilganiga parvo qilmay, bosh shifokorning xonasiga chopdim. Bechora do‘xtirni yoqasidan sudragudek qilib, palataga olib keldim.
Zinnura ukoldan so‘ng o‘ziga keldi. Shifokorning tayinlashicha, uning asabiylashishi mutlaqo mumkin emas ekan. Aks holda dardlari yana qo‘zg‘alarkan.
Xo‘sh, men nima qilishim kerak? Bu tannoz asabiylashmasin deb bir umrga Faxriddin bo‘lib yuramanmi endi?
– Bilib qo‘y, agar qizimga bir gap bo‘lsa, boshingdagi sochingni bittalab yulaman, – dedi Zebi opa ko‘zlari chaqchayib.
Bu gapdan keyin qanday qilib “dux”imga o‘tirmay?!
Ishga borish-bormaslikni bilmay qoldim. Ravshanga qo‘ng‘iroq qilib, meni izlab kelgan ayolning shakl-shamoyilini so‘radim. Uning gaplariga qarab xulosa qildimki, o‘sha ayol na Zebi xola, na Hamida xola! Unda kim bo‘ldi?
Shoshma-shoshma, Noilaning qarindoshlari bo‘lmasin tag‘in. O‘shalar so‘rab kelishgan bo‘lsa-ya!
Eh, dovdirab shifoxonaga yugurguncha ishxonaga bormaymanmi?!. G‘irt o‘pkaman-da o‘zim ham!
– Ravshan, mabodo meni direktor so‘rasa, biror joyga ketganimni ayt!
– Allaqachon aytdim. Qoraqalpog‘istonga ketgan, dedim. Kotiba so‘ragandi.
– Qoraqalpog‘istonga?.. Hm, bo‘ladi, ma’qul. Yasha, oshna.
– Sendan bitta ziyofat!
Men Ravshan bilan gaplashib bo‘lgach, palataga kirdim.
– Haligi… ishxonaga zuv etib o‘tib kelsam maylimi? – deb so‘radim Zebi opadan.
U kishi boyagidan ham battar chaqchaydi-da, dimog‘ida ming‘irladi:
– Menga desa, umuman daf bo‘lmaysanmi?!
Eshik tomonga yurgan edim, Zinnuraning ingrab gapirgani eshitildi:
– To‘xtang, Faxriddin aka.
Obbo, yana nima deydi bu tantiq qiz?!
– Eshitaman, Zinnuraxon, – dedim mayin qilib.
U onasiga qaradi:
– Oyi, besh daqiqaga… Iltimos.
Bu taklifni xuddi men bergandek, Zebi xola uchinchi marta menga xunuk qarash qildi-yu, palatani tark etdi.
Men xonaning o‘rtasida qaqqayib turardim.
– Iltimos, oyimdan xafa bo‘lmang, – dedi u. – Otam o‘lganlaridan keyin turmush qiyinchiliklari jahldor qilib qo‘ygan. Bizning hayotimiz yaqindan boshlab o‘nglandi o‘zi.
– Xo‘p.
– Kechagi gapimni o‘ylab ko‘rdingizmi?
– Qaysi gapingizni?.. Ha, o‘ylab ko‘rdim. Siz nima desangiz shu, Zinnura.
Bu gapni eshitib Zinnura qaddini rostladi. Uning ko‘zlari porlardi:
– Rostdanmi?
– Roppa-rost. Faxriddinlar bitta gapiradi.
– Unda nega eski gapingizni boshladingiz? Faxriddin emasman, dedingiz? Oyim bilan chap bo‘lib qolasiz-ku bunaqada!
Menga qolsa, ichimda borini aytib tashlardim-u, do‘xtirning gaplari o‘ylantirib qo‘ydi. Agar Zinnuraning yana tobi qochsa, balolarga qolaman. Onasi boshimni pati yulingan tovuqqa o‘xshatadi-qo‘yadi.
– Faxriddin aka!
– Labbay, jonim?
– Ana, ismingizni aytib chaqirsam, “labbay”, deysiz-u, keyin “men Faxriddin emasman”, deb turasiz.
– Zinnura, o‘sha kunlar yodingizda qolganmikan, deb hazillashgandim. Rosa qitmirman-da! Shu qitmirligim tufayli oyingiz meni yoqtirmaydi.
– Yo‘q, aytdim-ku, jahldor, deb.
– Siz boya eshitmadingiz. Oyingiz, “Sochingni bittalab yulaman”, dedi menga. Kal bo‘lgim kelmayapti.
– Men oyimga tushuntiraman. Sizning menga aytadigan javobingiz muhim, Faxriddin aka!
– Qanaqa javobim?
Zinnura chuqur uh tortdi:
– Kechagi gap…
– Ha, umi?.. Xo‘p, dedim-ku! Gap bitta!
– Bir oyog‘imni kesib tashlashsayam maylimi?
– Nachora!.. O‘zimni o‘ldiraman, deyapsiz-ku!
Bu javobimni hazilga yo‘ydimi, Zinnura kulimsiradi. Ko‘zlarida mehr tovlangancha menga tikildi:
– Bu yoqqa keling, Faxriddin aka.
– Qayoqqa?.. Nega?
– Yonimga, – sharaqlab kuldi u, kayfiyati ko‘tarilgani ko‘rinib turardi. Tavba, men jiddiy gapiryapman-u, bu qiz tirjayadi. – Voy, nega qo‘rqasiz? Yeb qo‘ymayman.
O‘zi bu qiz nuqul meni yoniga chaqirgani-chaqirgan. Goh ko‘zimga tikiladi, goh tomir urishimni tekshiradi. Ekstrasens emasmikan?
Men unga yaqinlashib, karavotining chekkasiga cho‘kdim. Qulog‘im senda, degandek Zinnuraga boqdim.
– Gapni uzoqdan boshlay qolay, – dedi u. – Siz yaxshi odamsiz.
“Albatta, – dedim men ichimda, – sodda, to‘pori yigitni topib olganingdan keyin, yaxshisiz, deysan-da! Uzoqdan boshlab, yana nimalar demoqchisan o‘zi?”
– Siz menga xiyobonda gaplashganimizdayoq yoqib qolgandingiz, Faxriddin aka.
“O‘sha kuni Noila kelganida manovi ko‘rgiliklar yo‘q edi-ya!”
– Bu gaplarni ich-ichimdan astoydil aytyapman, Faxriddin aka.
“Ichingda yana nimalar bor, hali bilmayman. Sening niyating qo‘rqitib, menga tegib olish”.
– Faxriddin aka, nega gapirmayapsiz?
“Agar ichimda aytayotgan gaplarimni sirtimga chiqarsam, o‘zingni mana shu beshinchi qavatdan besh marta tashlasang kerak”.
– Meni ersirab qolgan, deb o‘ylamayapsizmi mabodo?
“Ersiramay nimayam bo‘larding? Bir oyoqda bo‘lsayam menga tegmoqchisan-ku!”
– Faxriddin aka, hoy…
– Operatsiya qachon? – dedim men toqatim toq bo‘lib.
– Siz avval javob bering: oyog‘imni kesishsayam menga uylanasizmi?
– Ha.
– Chin ko‘ngildan aytyapsizmi?
– Chippa-chin ko‘ngildan, – dedim g‘irt yolg‘on gapirib. Bu gapimga ishontirish uchun yuzimga mutlaqo samimiy tus berishga haqarakat qildim.
– Siz yaxshi odamsiz, dedim-ku!
“Obbo, bu qiz qayta boshlayapti…”
Zinnura qo‘limni ushlab dedi:
– Sizga bir gap aytsam, quvonib ketasiz.
– Quvontiradigan bo‘lsa, tezroq ayting, Zinnura. Rostdan ham yaxshi gapmi?
– Albatta, yaxshi gap, Faxriddin aka. Bir qoshiq qonimdan kechasizmi?
– A?.. Ha, kechaman. Tezroq aytsangiz, kechaman.
– Mening oyog‘imni kesishmaydi. Sizni sinash uchun shunday degandim.
Men avvaliga bu gapga uncha tushunmadim. Keyin dodlab yuborayozdim:
– O, Xudoyim, naqadar mehribonsan!
Azbaroyi quvonganimdan Zinnurani quchoqlab olganimni bilmay qolibman. Vaholanki, men Noilaga yetajagimga umid uyg‘onganidan benihoya xursand bo‘lgandim. Shu darajada osmonga sakragim keldiki, hozir quchog‘imda Zinnura emas, Noila bordek edi go‘yo.
– Voy, qo‘yvoring, – ojiz tipirchiladi Zinnura, – oyim kirib qoladilar.
Uni qo‘yvorib, palatada raqs tushdim. Zinnura ham benihoya shod edi.
– Mana, birinchi kundagi holatingizga qaytdingiz, – dedi u. – Endi hech qachon sizni aldamayman.
– O‘zimni o‘ldiraman, deb ham qo‘rqitmaysizmi? – so‘radim darhol.
Zinnura bosh chayqadi:
– Hech qachon qo‘rqitmayman. Siz meni kechirsangiz bo‘lgani!
Men endi Noila bilan uchrashish haqida yashin tezligida o‘ylay boshladim. Topaman, uni qanday bo‘lsayam topaman. Buning uchun Zinnuradan uzoqlashishim kerak. Nima deb bahona topsam ekan? O‘yla, Suyunboy, o‘yla… Xo‘sh… xo‘sh… Topdim!..
– Zinnura, mening qanchalik xursandligimni bilsangiz edi! Xizmat safarimdan qaytishim bilan to‘yimizni boshlab yuboramiz.
U birdan xomush tortdi:
– Xizmat safari? Qayerga?
– Qoraqalpog‘istonga! Ko‘pga emas, uch oyga!
Zinnuraning rangi oqarib ketdi. Men sal oshirib yuborganimni bilib, uning yoniga o‘tirdim-da, qo‘llaridan mahkam ushladim:
– Hazillashdim, jonim. Ikki oyga! Balki bir oygadir… Boraman-u, qaytaman. Nima qilay, ishxonadan qo‘yishmayapti-da! Sizga har kuni qo‘ng‘iroq qilib turaman… Bitta kuling, iltimos.
Zinnura siniq jilmaydi. Eshik ohista taqillaganida u sekin qo‘lini tortdi. Men mahkam ushlab, qo‘yib yubormadim. Zebi opaga qizini qanchalik “sevishim”ni ko‘rsatmoqchi edim.
– Tog‘ang keldi, – dedi Sarvi opa.
Men o‘rnimdan turar-turmas, joyimda qotib qoldim. Sarvi opaning orqasidan kirib kelgan odam ham avval Zinnuraga, so‘ng menga ko‘zi tushgan va og‘zi lang ochilgan edi.

4

– Assalomu alaykum, tog‘ajon, – palatada Zinnuraning ovozi eshitildi.
Shundan keyingina palataga kirib kelgan tog‘a jiyani tomon yurdi. Ular so‘rashib bo‘lgunlaricha mening oyog‘imdagi titroq bosilmasdi. Nimalarni gaplashishdi, qulog‘imga kirmadi. Nihoyat tog‘a menga murojaat qilgach, ovozi eshitildi:
– Siz nima qilyapsiz bu yerda?
– Men… – dedim tilim tutilib, – biz… shu…
– Tanishmisizlar? – so‘radi Zebi opa.
– Albatta, – hozirjavoblik qildim men. – To‘lqin aka boshlig‘imiz bo‘ladilar.
Bu gapni aytib bo‘lgunimcha ichimdan nimalar o‘tgani o‘zimga ayon. Ha, ana endi aniq tuzoqqa tushdim. Dahmazalardan qutulaman deganimda hali eng kattasi turganini bilmagan ekanman.
To‘lqin Yo‘ldoshevich ko‘zini xiyol qisib mendan so‘radi:
– Siz… siz Qoraqalpog‘istonda edingiz, shekilli?
Zinnura jonimga oro kirdi:
– Tog‘a, bu kishini men olib qolganman. Bir ish tufayli…
– Hm-m-m, – deb qo‘ydi To‘lqin Yo‘ldoshevich.
Men sekin eshik tomonga qadam qo‘ydim:
– Bora qolay, To‘lqin Yo‘l…
– Yo‘lakda kutib turing, birga ketamiz, – degan buyruq bo‘ldi.
Palatadan chiqib, eshikni ohista yopar ekanman, shu qadar og‘ir uh tortdimki, yonimdan o‘tayotgan hamshiralarning sochlari hilpirab ketdi.
Xullas, Noilaga yetaman deganimda, endi aniq tamom bo‘ldim. Kelib-kelib To‘lqin Yo‘ldoshevich Zinnuraning tog‘asi bo‘lib chiqadimi? Peshonam buncha sho‘r bo‘lmasa! Zinnura so‘ramasa ham, Zebi opa men haqimda aniq surishtiradi. To‘lqin Yo‘ldoshevich ham Zinnura ikkimizning munosabatimiz bilan qiziqadi. “Yangi” ismim haqida eshitib, og‘zi yana lang ochilsa kerak. Balki meni ishdan haydab yuborar. Qayerga boraman?
Men avvalgidan ham battar ahvolga tushdim. Ichim siqilib, yo‘lak bo‘ylab yugurgim, ovozim boricha baqirgim kelardi.
– E, menga nima?! – dedim so‘ng qo‘l siltab. – So‘yishmasa kerak har holda! Olsa, ana, ishini oladi! Ammo… grantim nima bo‘ladi, buyog‘i qanchaga tushadi? Axir, qachondan buyon shu ish ustida ishlayapman-ku!..
To‘lqin Yo‘ldoshevichni kutmay, tezroq qochib qolsammikan? Uyga borib, berkinib olaman-da, umuman ko‘chaga chiqmayman. Telefonimni butkul o‘chiraman. Uzlatga ketaman, uzlatga! Biroq uydagilar o‘z holimga qo‘yisharmidi? Otam bir tepsa, zing‘illab ishimga qaytib kelaman.
Hozir To‘lqin Yo‘ldoshevich palatadan chiqadi. Menga qovog‘ini uyib qaraydi-da, sen o‘zi kimlarni laqillatib yuribsan, deydi. Balki bunday demas! Jiyani Zinnurani o‘ylab hamma gaplarini ichiga yutar! Mayli, hech nima demasin. Buyog‘i-chi? Men endi Zinnuraga uylanamanmi? Noila nima bo‘ladi? Bechora qiz indamay qolib ketaveradimi? Nima degan odam bo‘laman? Men ham mayli, muhabbatimiz-chi? Nahotki, kuygan qo‘shiqchiga o‘xshab, bir umr fig‘on cheksam: “Yonimda yotadi bir munis ayol, faqat u sen emas, sen emas, boshqa…”
Voy-dod, buncha ko‘rgilikka qachon duch keldim o‘zi?..
Eshik ochilib, To‘lqin Yo‘ldoshevich, orqasidan Zebi opa chiqishdi. Men boshlig‘imizga ko‘zlarimni alang-jalang qilib qaradim. Yuzida o‘zimga nisbatan hech qanday ifodani ilg‘amadim. Zebi opaga qaramadim. Bilaman, baribir menga xo‘mrayadi.
– Bo‘pti, opa, – dedi To‘lqin Yo‘ldoshevich unga, – men yana kelaman. Do‘xtirga ham qo‘ng‘iroq qilib qo‘yaman.
– Yaxshi bor, ukajon.
To‘lqin Yo‘ldoshevich yonimdan o‘tar ekan, menga “ketdik”, degandek imo qildi. Orqasidan ergashdim. Liftda birinchi qavatga tushguncha miq etmadim, ko‘zlarimni qayerga yashirishni bilmasdim.
– Hayot shu ekan, – deb qo‘ydi To‘lqin Yo‘ldoshevich.
Men uni o‘zimcha qo‘llab-quvvatladim:
– Ha, nimasini aytasiz…
Boshliq mashinada ham, ishxonaga kirib kelganimizda ham boshqa hech nima demadi. Huzuriga chaqirib, po‘stagimni qoqsa kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, xonasiga kirib ketdi, men orqasidan qarab qolaverdim.
Tushlikda Ravshan bilan xilvat joyni tanladik. Men unga hammasini aytib berdim. U qulochini yozib baqirib yubordi:
– E-he, ishxonamizning kuyovi bo‘libsan-ku, jo‘ra!
– Jim bo‘l, ahmoq, – dedim unga. – Sasima! Ovozingni chiqarma! Agar bu haqda biror kishiga aytsang, yuzingga qaramayman, bilib qo‘y!
– E, namuncha qo‘rqasan, – kuldi Ravshan. – Do‘ppingni osmonga otmaysanmi? To‘lqin Yo‘ldoshevichning kuyoviga aylanibsan-u, pissayishingni qara! Og‘ayni, buni yaxshilab yuvish kerak.
– Noila nima bo‘ladi? – mening hanuz ko‘nglim g‘ash edi.
Ravshan shipshidi:
– Ey, boshingga baxt qushi qo‘nib turibdi-ku! Yo bu yerga qanday qilib ishga kirganing esingdan chiqdimi? Ikki oy maoshsiz ishlagansan-a! Mana endi, umuman, ishlamasang ham bo‘ladi. Menga qara, Zinnurangdan surishtir, To‘lqin Yo‘ldoshevichning qizi yo‘qmikan, a? Sen bilan boja bo‘lardik, hi-hi-hi…
– Qo‘ysang-chi, bo‘lmag‘ur gaplarni, – dedim men xunob bo‘lib. – Balki To‘lqin Yo‘ldoshevich meni ishdan haydab yuborar. Hozircha indamayapti. Axir, men ismimni Faxriddin deb yurganman-ku!
– Nima qipti, mabodo so‘rasa, ikkita ismim bor, degin. Ishxonada Suyun, ko‘chada Faxriddinman, de.
– Bo‘ldi, ko‘p valdirama! Undan ko‘ra, meni so‘rab kelgan ayolning yuz tuzilishi yaxshilab aytib ber.
– Oddiy ayol-da! Namuncha so‘rayverasan!
– Balki Noilaning onasidir! Shu… grant bo‘lmaganida allaqachon ishdan bo‘shab ketardim.
– Kallang bormi, bu nima deganing?
– Men baribir Noilaga uylanishim kerak, Ravshan. U mening birinchi muhabbatim. Noilani judayam sog‘indim. Hozir menga aynan u yetishmayapti.
Ravshan nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, indamay qo‘l siltadi.
Shu kuni kechgacha To‘lqin Yo‘ldoshevichning meni chaqirishini kutdim. Chaqirmadi. Qabulxonaga bir necha marta borib keldim. Kotibaning xalaqit berayotganimni aytib bobillab bergani qoldi, xolos.
Qiziq, arqonni uzun tashlab qo‘ydimi boshliq? Yoki Zebi opa hech nima demadimikan? Nahotki, To‘lqin Yo‘ldoshevich ismimni o‘zgartirib, Faxriddin bo‘lib yurganimni ham bilmagan bo‘lsa?
Men ancha kungacha bu savollarimga javob topa olmay yurdim. Rahbarimiz loaqal bir marta bo‘lsin, men bilan qiziqmadi. Zinnura esa “mana endi qo‘lga tushding”, degandek, menga suykalgani-suykalgan.
Noilani izlashni aslo susaytirganim yo‘q. Ammo baribir topa olmasdim. Elektron pochtasi, “agent”lari qolmadi – paydar-pay xat yubordim. Javob yo‘q. Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishni ham o‘yladim. Faqat murojaat qanday shaklda bo‘lishini bilolmay boshim qotdi. Arizani nima deb yozaman? “Men sevgilim Falonchi Pismadonchiyevani qidiryapman, topib beringlar”, deymanmi? Manzilini bilmasam, nima deb yozib beraman?
Militsiya Noilani topib berdi ham deylik. Xo‘sh, keyin-chi? Ayni damda Noila va Zinnurani birvarkayiga qanday eplayman? Agar Noilani desam, ishimdan judo bo‘lishim kerak. Zinnurani desam… Nima bo‘lganda ham vaqtdan yutishim zarur. Hech kimga sezdirmay, boshqa ish qidirib turganim ma’qulga o‘xshayapti. Grant pulini olib, bu boradagi loyihadan qutulganimdan so‘ng ishxonadan gumdon bo‘laman! Ha, shunday qilaman. Keyin – gud-bay, To‘lqin Yo‘ldoshevich! Bay-bay, Zinnura va Zebi opa!
To‘g‘ri, Noilani topganim bilan unga erishishim oson kechmaydi. Badjahl otasi hali meni rosa ovora qilsa kerak. Muhabbatimizni mutlaqo yangi sahifadan boshlashga to‘g‘ri keladi, shekilli! Nachora, jon kuydirmasang, jonona qayda! Muhimi, Noila Zinnura haqida bilmasligi kerak. Men Zinnuradan qutulaman-u, butun borlig‘imni Noilaga bag‘ishlayman. Avval opalarini shaxsan o‘zim tezda erga beraman, keyin o‘zim ularning singlisiga uylanaman. Biz baxtli hayot kechiramiz. Ehtimol, vaqti kelib, qarib-chirib qolganimizda Noilaga Zinnura haqida aytib berarman. Arazlagani bilan allaqachon vaqt o‘tgan bo‘ladi. Har qalay kampir holida meni tashlab ketmas, nima dedingiz?..
Xonaga kotiba kirib keldi. Nihoyat meni To‘lqin Yo‘ldoshevich chaqirayotganini aytdi. Bu fursatni kutgan bo‘lsam-da, hayajonga tushdim.
– Namuncha qaltiraysan? – dedi Ravshan. – Sening ochilur chog‘ing endi kelyapti, Suyun. Dadil bo‘l! “Jiyaningizni jonimdan ortiq sevaman”, degin!
– Nimaga chaqirdi ekan?
– E, bor tezroq!
To‘lqin Yo‘ldoshevichning xonasiga kirganimda u taraddudlanib turardi. Hayron bo‘ldim.
– Ketdikmi? – dedi u menga.
Savol nazari bilan qaradim.
– Bugun Zinnura shifoxonadan chiqadi-ku! Yoki yana Qoraqalpog‘istonga deb ketmoqchimisiz? – kuldi u.
– Ha-ya, – dedim yengil tortib.
Ishxonadan birga chiqib ketdik. To‘lqin Yo‘ldoshevich, avvalgidek orqada, men esa oldinda, haydovchining yonida o‘tirdim. Bu gal o‘zimni bemalol tutdim. Xuddiki To‘lqin Yo‘ldoshevich yaqin qarindoshimdek, oylik maoshimni oshiradigandek. Mashina oynasidan tashqariga – birin-ketin ortda qolayotgan daraxtlar, simyog‘ochlar va ko‘pqavatli uylar-u odamlarga qarab o‘tirdim. Bu xotirjamligim ko‘pga cho‘zilmadi. Meni To‘lqin Yo‘ldoshevichning savoli gangitib qo‘ydi:
– Xo‘sh, to‘yni qachon qilmoqchisizlar?
Men bo‘ynimni qiyshaytirib orqaga o‘girildim:
– To‘y?.. Bilmasam…
– Tanishganlaringga qancha bo‘ldi o‘zi?
– Ik…ki yil bo‘ldi. Undan ham ko‘proq yoki ozroq. Aniq statistikasi…
– Sovchilaringizni tezroq yuboring, – dedi To‘lqin Yo‘ldoshevich. – Opam sizga ishonmayapti.
– Men… men… U kishi meni salgina yoqtirmaydilar.
To‘lqin Yo‘ldoshevich cho‘rt kesdi:
– Yoqishga harakat qiling.
Beixtiyor qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, bosh irg‘adim. Miyamda nimalar kechayotgani o‘zimga ayon edi. Tavba, sovchilar haqida, Zinnura bilan to‘yimiz borasida o‘ylashim qoluvdi. Hammasini Zebi opa qilyapti. Ukasining qo‘l ostida ishlashimni bilib oldimi, qo‘ymaydi endi. “Ichkuyovlikka ham ko‘ndirib ber”, – desa kerak.
To‘lqin Yo‘ldoshevich boshqa hech nima demadi va men sekin oldinga o‘girildim.
Zinnuraning shifoxonadan chiqishi bu qadar tantanali bo‘ladi, deb kutmagandim. Allaqanday yosh yigit-qizlar gullar taqdim etishdi, qutilarda nimalardir berishdi. Sal narida turgan avtomobillarga pufaklar ilishdi…
– Bular kim? – deb so‘radim men Zinnuradan.
U kulimsirab javob berdi:
– Xodimlarim.
Zinnura meni qo‘ltiqlab olgan va biz xuddiki ZAGSdan chiqayotgandek odimlardik. Qizarib ketganimni o‘zim sezar, bunga sayin u bilagimdan mahkam ushlagandi. Men qo‘l telefonlari orqali har tomondan “shixir-shixir” qilib suratga olayotgan yigit-qizlardan qayoqqa qochishni bilmasdim. Ha, endi buyog‘i yanada chigal! Telefoniga muhrlayotganlardan birortasi suratimizni internetdagi sahifasiga qo‘yadi-da, vaqti kelib tanishlarim albatta ko‘radi. Ular ichida Noila ham bo‘ladi, albatta.
Shishirib qo‘yilgandek bir baqaloq qiz uyalmay-netmay burnini naq burnimga tekkizdi-da, Zinnuraga yuzlandi:
– Eto vash boyfrend?
Zinnura gul-gul yashnab, bosh irg‘adi.
Hammaning kayfiyati a’lo, hatto badqovoq Zebi opa ham kulimsirab turardi.
Zinnura bilan qop-qora mashinaga o‘tirdik. U yelkamga boshini qo‘ygan, shirin entikardi. Mening esa ichim siqilar, bu dahmazalar tezroq tugashini xohlardim. Ammo aksiga olib, ko‘rinmas to‘rga tobora chuqurroq ilashayotganimni fahmlar, qutulish uchun tezroq chora topa olmayotganimdan ezilardim.
– Qayoqqa ketyapmiz? – so‘radim Zinnuradan.
– Ofisga, – javob berdi u.
– Avval uyga borsangiz bo‘lardi. Sal dam olib…
– Siz ishxonamni ko‘rishni xohlamaysizmi?
– Xohlayman, albatta, ammo tog‘angiz…
Zinnura yelkamdan boshini ko‘tarib, yuzimga qaradi va kulimsirab dedi:
– Tog‘amdan siz uchun bir kunga javob so‘radim.
Men xo‘rsinib ming‘irladim:
– Buyog‘i chuqurlashib ketyapti, shekilli.
U tushunmay, izoh kutdi. Javob bermadim.
Shahar o‘rtasidagi bir dargohga yetib, mashinadan tushdik. Keyin Zinnuraning ishxonasiga kirdik. Bu idorada zamonaviy mebellar, kompyuterlar qo‘yilgan, xodimu xodimalarning egni-boshigacha “nou-xau” edi.
Ulkan xonada tantana yanada keng tus oldi. Zinnuraning ishga qaytishi sharafiga katta tort keltirishibdi, uning atrofida hamma jamuljam. Qiyqiriq avjiga chiqqandi. Jamoadagilar menga nigoh tashlab, bir-biriga ma’nodor ko‘z urishtirishardi. Men o‘zimni qanday tutishni bilmas, goh iljayar, goh jiddiy tortar, ming xijolatda edim. Tezroq bu yerdan ketsam-u, yengil nafas olsam.
Boyagi baqaloq qiz sopiga alvon rangli chiroyli tasma bog‘langan pichoqni Zinnuraga uzatib, tortga imo qildi. Hamma jim bo‘ldi. Zinnura menga qaradi:
– Men tortni siz kesishingizni istardim.
– Yo‘g‘-ey, o‘zingizdan bo‘la qolsin, – dedim.
Hamma nafas yutib kutayotgani uchun men yanada hayajonga tushdim. Manglayimda paydo bo‘lgan ter jildirab oqib, burnimning uchiga kelib qoldi. Sekin puflasam ham ketmadi.
Zinnura jamoaga yuzlandi, so‘ng meni ko‘rsatib dedi:
– Bu kishi Faxriddin aka!.. Nu… tushungandirsizlar?
Yana qiyqiriq bo‘lib, mening esa qochib ketgilarim keldi.
– Marhamat, Faxriddin aka, – dedi pichoqni menga uzatarkan Zinnura.
Tag‘in jimlik cho‘kdi. Aytsam, ishonmassiz: umrim bino bo‘lib tort kesmaganman, tag‘in bunaqa katta tortni! Pichoqni olib, qo‘llarimning qaltirayotganini sezdirmaslikka urindim va bir bo‘lak kesdim. Xodimlar bu jarayonni ham telefonlariga suratga ola boshlashdi. Hind filmlarida ko‘rganim yodimga tushdi-da, tort bo‘lagini Zinnuraning og‘ziga tutdim. U ohista tishlab, qo‘limdan ushlagancha qolganini naq tumshug‘im ostiga olib keldi. Tortni tishlayman deb, Zinnuraning qo‘lini uzib olishimga bir bahya qoldi. Hamma qarsak chalib yubordi.
– Endi nima deyish kerak? – baland ovozda mendan so‘radi Zinnura.
Yana tek qotdim. Nima deyish kerakligini qayoqdan bilay, axir?! Zamonaviy tamoyillarni tush ko‘ribmanmi? Balki shuncha odam orasida Zinnuraning qo‘lini so‘rashim kerakdir? U va boshqalar shuni kutishayotgandir ehtimol. Hamma menga qaragan, men esa og‘zimdagi tortni yeyish emas, ohista yutish bilan ovora edim. Xayriyatki, Zinnuraning o‘zi meni xijolatpazlikdan qutqardi.
– Hamma tortga! – dedi u.
Xodimlar tortga yopirilganlarida cho‘ntagimdan ro‘molchamni chiqarib, peshanam va burnimdagi terni tezgina artib oldim. Zinnura qo‘limdan ushladi-da, meni xonadan yetaklab olib chiqib ketdi. U bilan bir nechta xonalarni aylanib chiqdik. Zinnura ishni qanday boshlagani, ne-ne qiyinchiliklarga duch kelgani, o‘qib-izlangani, tajriba orttirgani va asta-sekin shu darajaga kelganini so‘zlashdan to‘xtamasdi.
Qabulxonani kesib o‘tgach, eshiklari qalin, yanada ko‘rkam va chiroyli xonaga kirdik. Polga to‘shalgan pardek yumshoq, naqshinkor gilam ko‘zni qamashtirar, mebellar, silliq shishali stol, charm qoplangan divan va oromkursilar bir-biridan bejirim edi.
– Mening xonam, – qulochini yozdi Zinnura.
– Qoyil, – dedim men rosmanasiga og‘zim ochilib.
Zinnura oromkursini ko‘rsatib, taklif qildi:
– Marhamat, o‘tirsinlar, shahzodam.
– Rahmat, malikam.
Oromkursiga cho‘kar ekanman, menga tikilib turgan Zinnuraga, nima gap, degandek qaradim.
– Biz baxtli bo‘lamiz-a, Faxriddin aka? – dedi u.
Bu gapni shunday ohangda aytdiki, xuddi, baxtli bo‘lishimizni men hal qiladigandek. Ichimdagi g‘alayonlardan bexabar qiz! Dili boshqa-yu, tili boshqa yigitga hanuz aldanib yurgan bechora! U yerda – uyida yana bir qiz meni sog‘inib o‘rtanib o‘tirgan bo‘lsa kerak. Qafasdan chiqa olmay, ko‘rgisi kelganidan achchiq-achchiq ko‘zyoshi to‘kayotgandir?
Zinnuraning bu savoliga nima deb javob beray? Yana aldaymi? Qachongacha yolg‘onlarimni ichakdek cho‘zib yuraman?
– Gapirsangiz-chi, – dedi Zinnura erkalanib.
Men uning tikilib turishiga chiday olmay, divanni ko‘rsatdim:
– O‘tiring.
Zinnura kulib yubordi:
– Sizdan gap undirish biram qiyin.
Men gapni olib qochishga harakat qildim:
– Baxt shunday yuksak tuyg‘uki, u haqida bir kishi yalpayib o‘tirib, ikkinchisi esa tik turganda so‘zlab bo‘lmaydi.
– Chiroyli e’tirof, – yana kuldi Zinnura. – Bir daqiqa. Men sizga o‘z qo‘llarim bilan qahva tayyorlab beraman. Keyin miriqib suhbatlashamiz.
Men stol ustidagi qalin jurnallardan birini olib, varaqlay boshladim. Xonaga jimlik cho‘kkan, bu osudalikni jurnal sahifalarining shitirlashi-yu, elektr choynakdagi suvning vishillab qaynashi buzib turardi. Birozdan so‘ng orqa tomonimda Zinnuraning qadam tovushlari eshitildi: taq-tuq, taq-tuq… Va uning qo‘llari bo‘ynimga chirmashdi. Men engashdim. Zinnura yaqindan boshlab shu odatini boshlagan: nuqul bo‘ynimga osiladi!
– Meni yaxshi ko‘rasizmi? – bu gap shundoq qulog‘im ostida shivirlab aytilgani bois qitig‘im keldi. Beixtiyor kulib yuborib, yelkamni qisdim.
– Jinnivoy, – dedi Zinnura ehtiros ila.
Elektr choynak “shirq” etdi va vishillash ovozi so‘na boshladi.
– Qahva, – deya eslatdim unga.
Zinnura ikki chinni idishda qahva tayyorlab, birini oldimga qo‘ydi. So‘ng qarama-qarshi tarafdagi oromkursiga o‘tirdi. Qahvani qo‘limga oldim. O‘zimni zamonaviy ko‘rsatish uchun chiroyli qilib ho‘plagandim, labim jiz etib kuydi.
– Xo‘sh, bugun nima qilamiz? – so‘radi Zinnura.
– Bugun? – savol alomati bilan qaradim unga, so‘ng bolalik davrimdagi tengqurlarim bilan o‘yindan keyin aytadigan gapimiz yodimga tushdi: – Hamma uyiga, kapa to‘yiga!
– Agar rozi bo‘lsangiz, Florentsiyada ovqatlanamiz.
Florentsiya… Qayerda edi-ya u? Adashmasam, bu – italyancha so‘z! Nima, Italiya? Tavba, u yoqlarda pishirib qo‘yibdimi? Yo‘l chiptasi qanchaligini biladimi manovi boyvuchcha?
– Men doim shu restoranda ovqatlanaman, – dedi Zinnura.
Hovurim bosildi. Darhol javob berdim:
– Men ham. Juda yaxshi joy-a?
– Didimiz bir ekan.
– O‘xshatmasa, uchratmas, deydilar-ku! Faqat… bugun vaqt masalasi. Bir zarur ishim bor edi.
Zinnura labini burdi:
– Mendan boshqa qanday zarur ishingiz bo‘lishi mumkin?
Qani edi jo‘yali bahona topa olsam! Noiloj yana gapni burdim:
– Siz… siz dunyodagi eng yaxshi va chiroyli qizsiz!.. Shuni bilasizmi, jonim?
Zinnura hushyorlik qildi:
– Nima ishingiz bor?
Eshik taqilladi va baqaloq qiz yugurib kirib dedi:
– Syurpriz! Eksklyuziv!
Shundan so‘ng ikki yigit ulkan polotno ko‘tarib kirishdi. Dastlab uning teskari tomonini tutib turishdi. Baqaloq qiz “raz, dva, tri”, – degach, biz tomonga o‘ngarishdi. Ulkan suratda Zinnura va men aks etgan edik. “Vau”, – dedim zamonaviychasiga. Aslida surat menga yoqmadi: bir ko‘zim qisilib qolgandi.
Nimalar bo‘lyapti-ya! Zinnura tugul manovilar ham bizning “oshiq-ma’shuq”ligimizni butun boshli tarixga muhrlashyapti-ku!
Zinnura suratni xonaning to‘riga qo‘yishni buyurdi. Baqaloq qiz yigitlarni ergashtirib chiqib ketgach, qahvamni ichdim-u, o‘rnimdan turdim.
– Men boray.
– Buncha tez? – norozi bo‘ldi Zinnura. – Qanday ishingiz borligini aytmay ketaverasizmi?
– Syurpriz, – dedim hozirgina baqaloq qiz aytgan so‘zni takrorlab. – O‘ylaymanki, sizga yoqadi.
Zinnura qoshlarini chimirib, chiroyli qarash qildi:
– Menga aniq yoqadimi?
– Juda-juda yoqadi! Siz esa uyga boring. Bugun dam oling.
– Men bi-la-man, – so‘zlarini bo‘g‘inlab aytdi Zinnura. Keyin kelib, yana bo‘ynimga osildi. – Buncha yaxshisiz!
Tavba, “syurpriz” nimaligini hali o‘zim yetti uxlab tushimda ko‘rganim yo‘g‘-u, bu qiz bilarmish!
Zinnura meni ko‘chagacha kuzatib chiqdi. Mashinaga o‘tqazmoqchi edi, boradigan manzilim yaqinligini aytib unamadim. U o‘ng qo‘lini shu qadar og‘zimga yaqin uzatdiki, men jentlmenlarga xos tarzda nozik barmoqlariga labimni tekkizishga majbur bo‘ldim.
– Bugun soat yettida “Florentsiya”da, – dedi Zinnura ortimdan.
Men yelkamga yana bir tashvishni ortmoqlagancha piyodalar yo‘lagidan odimlab ketdim.

5

Kimdan yordam so‘rasam ekan? Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan odamim bormi? Umuman, yordam so‘raganim bilan menga nafi tegarmikan? Zinnura hammasini deyarli hal qilib qo‘ydi aslida. Hayronman, bunaqada ertangi hayotim nima bo‘ladi? Shu qizga uylanib, ichkuyovlikda o‘tadimi umrim? Noila-chi? Nahotki grant va ishxonamni deb uni hayotimdan butunlay o‘chirib yuborayotgan bo‘lsam?
Men turli o‘ylar qurshovida ancha vaqtgacha ko‘chada tentirab yurdim. Ishxonaga yetgach, Ravshanni chaqirish-chaqirmaslikni bilmay, tashqarida uzoq turdim. Axiyri unga qo‘ng‘iroq qildim. Hech bo‘lmasa ichimdagi dardlarimni aytib olaman-ku! Qolaversa, Ravshandan jo‘yali gap chiqadi.
Birozdan so‘ng u chiqib keldi. Hech nima demasdan savol alomati bilan yuzimga baqrayib turdi.
Ishxonaning orqa tarafidagi kafega o‘tdik. Ikki kishilik ovqat oldim. Ravshan tekin deb bir zumda taomni paqqos tushirdi. Mening esa och bo‘lsam-da, ishtaham yo‘q. Xohlab-xohlamay tanovul qila boshladim.
– Ravshan, Robinzonga qanchalik yaxshi bo‘lgan-a, – deb gap boshladim so‘ng. – Ikki qizning orasida arosatda yurmagan, boshini og‘ritmagan.
– Shu Robinzonni hech tinch qo‘ymading-da, gapir, yana nima bo‘ldi? – dedi Ravshan.
Unga bugungi gaplarni nuqta, verguligacha aytib berdim.
– Bilib qo‘y, mening pulim yo‘q, – dedi Ravshan darhol. – Florentsiya-Mlorentsiya uchun ancha-muncha to‘lashingga to‘g‘ri keladi. Katta likopchaga bir burda kotlet olib kelishadi-da, keyin otning kallasidek pul olishadi. Tog‘amning qo‘shnisidan eshitganman. Ulfatlari bilan shunga o‘xshash restoranda o‘tirgan ekan, keyin paq etib burnidan chiqibdi. Endi seniyam burningdan chiqadi. Tuzukroq bahona qurib qolganmidi senga, Suyun? Bu ham mayli. Eng katta qovun tushirib qo‘yganing nima, bilasanmi? Endi nikoh uzugi olishingga to‘g‘ri keladi.
– Bu nima deganing?
– “Syurpriz dedim”, deyapsan. “Sizga yoqadi, dedim”, deyapsan. U quvonib ketibdi. “Syurpriz” deyishga balo bormidi, galvars? Xo‘sh, gapir, bunday reklamangdan keyin sendan nikoh uzugini kutmay, nimani kutsin? Unaqa qizlar oddiy emas, brilliant ko‘zli nikoh uzugini ko‘zlashadi. Agar senga necha pul turishini aytsam, hozirning o‘zida tap etib yiqilasan.
Men qilgan xatoyimni o‘ylab, tomog‘im g‘ippa bo‘g‘ildi. Boshimga muzdek nimadir o‘rmalab chiqdi. Ovozim xirillab chiqdi:
– Brilliant?
– Ha, brilliant! Ko‘p pul kerak bo‘ladi, – davom etdi Ravshan. – Bilaman, sen baribir menga yopishasan. Yana bir marta qaytaraman: pulim yo‘q! Maslahatim: To‘lqin Yo‘ldoshevichning oldiga kir. Har holda endi begona emassan. Pul so‘ra. Qarz deb aytaver, baribir kechib yuboradi. Boshqa chorang yo‘q!
– Obbo, – dedim yig‘lagudek bo‘lib.
– Asabiylashma. Agar ovqatingni yesang, yana bir yo‘lini aytaman.
– Avval ayt.
– Avval ye!
Men o‘zimni majburlab ovqatlandim. Vujudim, ruhimga sal kuch-quvvvat kirgandek bo‘ldi. Ravshanning og‘ziga ko‘z tikdim. U men tomonga engashib so‘radi:
– Sen Noiladan voz kechdingmi o‘zi?
Men xo‘rsinib javob berdim:
– Bilmadim… Zinnuraning ishxonadagilari ikkimizni xuddi kelin-kuyovday rosa rasmga olishdi. Allaqachon internetga joylagan bo‘lishsa ham kerak, statuslariga. Agar Noila ko‘rib qolsa, meni shartta tashlab ketishi tayin.
– Internetga?.. Joylayverishsin, senga nima?! Axir, sen Faxriddin emas, Suyunsan-ku!.. Qolaversa, internetda nima ko‘p, rasm ko‘p. Noilang millionta surat ichidan seni izla-a-a-b o‘tirarmidi! Aqalli bir enlik xat yozolmayapti-ku!..
Bu gapdan ko‘nglim sal yorishdi. Haqiqatan, Zinnuraning xodimlari o‘z statuslarida meni Faxriddin deb yozishadi-ku! Chunki, Zinnura ularga meni “ismim”ni aytib tanishtirgandi. Xonaga olib kirishgan ulkan polotnoda ham Faxriddin deb qayd etilgan.
– Demak, men Noilaga uylanaversam bo‘ladi, to‘g‘rimi?
– Obbo!
– Yana bir o‘yla, jo‘rajon. Kallang zo‘r ishlaydi-da! Kecha kechasi bilan uxlamay chiqdim. Qiziq, oradan besh yil o‘tib, kim bilan yasharkanman-a? Noilani sog‘indim, oshna. Ko‘rgim kelyapti. Ammo yerning ostiga kirganmi, osmonga uchib ketganmi, undan hanuzgacha darak yo‘q. Yurak, Noilani top. deydi. Aql esa, indamay ishlayver, Zinnuradan qolma, deydi. Bu qiz bilan kelajaging porloq, deydi. Qayerdan ham shu Zinnuraga ilakishib qoldim o‘zi?!. Gapir, Ravshan, nega churq etmaysan?
– Bu sening hayoting. Bir nima deb bo‘lmaydi. Ammo, to‘g‘risini aytaman, agar sening o‘rningda men bo‘lganimda, ko‘zimni chirt yumib, tavakkaliga ish qilgan bo‘lardim.
Men yana asabiylashdim:
– Tavakkal ish emish… Bugun “Florentsiya”ga ham tavakkal qilib boraymi? Sen tushunmayapsan, agar men Zinnurani desam, Noila qolib ketadi. Noilani desam, Zinnura mayli-ya, grantim qolib ketadi. Ravshan, agar rostdan ham bo‘lmag‘ur demasang, bir fikrimni senga aytaman. Kecha koreys serialini ko‘rib, tuyqus kallamga kelib qolgandi. Noila bilan ko‘rishmaganimga ancha bo‘ldi, to‘g‘rimi? U bilan qachon uchrashaman, Xudo biladi. Ammo erta-indin baribir paydo bo‘ladi. Eng keraksiz paytda. Ochig‘i-da!.. Xullas, o‘shanda unga shunday desam bo‘larmikan: “Noila, oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Bu orada men ish bilan xorijga borib keldim. Aynan o‘shanda avtohalokatga yo‘liqdim. Meni operatsiya qilishdi. Endi sizni sevolmayman. Chunki meni operatsiya qilishganida yuragimni almashtirishgan”. Noila yum-yum yig‘laydi, albatta. Ammo boshqa choram yo‘q.
Ravshan menga qarab turib, boshini chayqadi:
– Sening toming ketib qopti.
– Eshitib, dahshatga tushdingmi, to‘g‘risini ayt.
– Bunday tuturuqsiz gapdan…
– Ana, ko‘rdingmi?! Noila ham dahshatga tushadi. Bu – vaqtincha! Grant olgach, boshqa ish topaman. Ana o‘shanda Noilaga yuragimni qaytarib olganimni aytaman.
– E, bo‘pti, men ketdim.
– To‘xta. Bepul ovqat yeb, indamay ketaverish ekan-da!
Ravshan bobillab berdi:
– Nima deysan, bo‘ladigan gapni gapir-da! Ming‘ir-ming‘ir qilasan! Aytdim-ku, tavakkal qilib yuraver, deb. Yurak, aql emish! “Koreys seriali” emish! “Yuragimni almashtirishgan” emish! Tur joyingdan. Es-hushingni yig‘ib ol! Ko‘zlaringni ochib, atrofga qara! Ishxonaga o‘t, mazza qilib ishla!
– Gapirishga oson. O‘zingning boshingdan o‘tmagan-da!
– Obbo!.. Tavakkal qil, desa, yoqmaydi senga!
– Menga qara… Hadeb Zinnura yoki Noila deyavermasligim uchun… bittasini sen ola qol!
– Bo‘pti, Zinnurani ber!
– Oho, To‘lqin Yo‘ldoshevichga kuyov bo‘lging keldimi? Do‘stingning boshiga tushgan omad qushiga ega chiqmoqchimisan?
– Mayli, Noilani bera qol!
– Hozir tumshug‘ingga bitta solaman!
– Eh, og‘ayni, ikkalasi ham o‘zingga siylov! Aytyapman-ku, toming ketib qopti.
– Mayli, uni-buni qo‘yaylik. Bugungi masalani hal qilaylik: “Florentsiya” nima bo‘ladi?
– Men senga aytdim, pulim yo‘q. To‘lqin Yo‘ldoshevichdan so‘ra.
– Qiziqsan-a, qanday so‘rayman?! “Tog‘a, pul kerak bo‘lib qoldi, bering”, deymanmi? Qisqasi, “Florentsiya”si boshidan qolsin. Bormayman. Biror bahona topilar, nima deding? Yaxshisi, ishxonaga o‘tib, ishlab o‘tiraman.
Ravshan yelkasini qisdi:
– O‘zing bilasan, ammo bilib qo‘y, Baxtiyor aka bugun chap yoni bilan turgan. Agar senga ko‘zi tushsa, ta’bingni tirriq qiladi.
Baxtiyor aka – bo‘lim boshlig‘imiz. Yaxshi odam-u, kayfiyati bo‘lmasa, bir gapga yopishgancha ezaveradi, ezaveradi. Sira ayamaydi. Gapiraveradi. Eng yomoni, “Arizangni yoz”, deb turib oladi. Million, milliard marta kechirim so‘rash kerak. Rosa izzattalab odam. Meni rosa bo‘g‘zimga keltirgan. Ayniqsa, keyingi vaqtlarda ermak uchun ham asabimga tegadigan bo‘lgan. Bir necha marta ablahdan olib, jamiyatga zarar keltiruvchi parazitgacha chiqardi. Hammaning oldida yuzimni shuvit qildi. Mening To‘lqin Yo‘ldoshevichga tegishli odamligimni bilmaydi-da hali!
Bugun bir kalla qo‘yaman shu odamga! Kim bilan ishlayotganini bilib qo‘ysin! Zora, xayolimda g‘ujg‘on o‘ynayotgan o‘y-fikrlardan uzoqlashsam!
– Zo‘r-ku! – dedim Ravshanga. – Bir janjallashgim kelyapti-da! Alamimni chiqarib olardim.
Ravshan ikkimiz ketma-ket ishxonaga kirib bordik. Joyimni egallar-egallamas, xonaga Baxtiyor aka mo‘ralab qaradi-da, menga ko‘zi tushdi. So‘ng kaftlarini bir-biriga ishqalab kirib keldi (tayyorgarlik ko‘rayotganini qarang). Men xuddi ishga mukkasidan ketgandek, qog‘oz titkilashni boshlab yuborgandim. Ichimda Baxtiyor akaning hozir nimalar deyishi va o‘zimning boplab javob qaytaradigan so‘zlarim haqida o‘ylardim.
Baxtiyor aka stul olib, menga yaqinroq joyga o‘tirdi. So‘ng ishlarimni bamaylixotir kuzata boshladi. Men unga olayib qaradim-da, qog‘ozlarni atayin kuchliroq titkilayverdim. Aslida, bo‘lim boshlig‘i bilan mushuk-sichqon o‘ynashim yaxshi emas. Ammo shu yo‘l yordamida ichimdagi g‘ashlikni chiqarib yubormasam, zardoblarga cho‘kib ketaman. Zinnura bilan tanishganimdan buyon botinimda o‘zimga qarshi qandaydir g‘alayon bo‘laveradi. Mana bugun ham u bilan uchrashuv belgilangan. Ammo buning uchun… pul kerak. Uchrashuvga bormayin, desam, umrimda qiz bolani kuttirmaganman. Yana kimsan, Zinnurani! Boshliqning jiyanini! Umuman aytganda, gap boshliqning jiyani bo‘lganida ham emas. Zinnuraning menga ishonayotganida! Lekin… u To‘lqin Yo‘ldoshevichning jiyani bo‘lgani ham xayolimdan keta qolmaydi.
– Ey, bola, qayerlarda yuribsan? – nihoyat gap boshladi Baxtiyor aka.
– Menga aytyapsizmi? – dedim o‘zimni hayratlanganga solib. – Qayerda bo‘lardi, ishxonada o‘tiribman, ko‘rmayapsizmi?
– Ie, zo‘rsan-u?
– Albatta, zo‘rman, to‘g‘rimi, Ravshan? – men shunday deb Ravshanga qaradim, ammo u gapimni eshitmaganga olib, monitorga naq burnini tekkizib, kompyuter klaviaturasini tez-tez bosa boshladi.
– Sen, bola ichib olmaganmisan? – jahli chiqdi Baxtiyor akaning. – Nega men bilan bunday ohangda gaplashyapsan? Dumingni tugib qo‘yayman, bola! Ishlasang, pitir-pitir qilmay ishla! Bu yer otangning uyimas.
– Otamni qo‘shmang!
Ovozim balandroq chiqdimi, xonadagi xodimlar bizga qarashdi. Bu esa Baxtiyor akaning qoshlarini tip-tikka qilib yubordi. Shu paytgacha hech kim gap qaytarmagan-da bu arbobga!
– Tiling chiqib qoptimi, bola? – o‘rnidan turdi u. – Bir kunda necha marta ko‘zimni shamg‘alat qilib ishxonadan quyon bo‘lganingni bilmaydi deb o‘ylayapsanmi? Yetar! Arizangni yoz! Shalpangquloq tirrancha!
Agar bu gapga xodimlardan biri piq etib kulib yubormaganida, ehtimol, Baxtiyor akadan kechirim so‘ragan bo‘lardim. Baxtiyor akaning qulog‘imni gapirganidan ko‘ra, ana shu piq etgan kulgi nafsoniyatimga tegdi. Men shoshilmay o‘rnimdan turdim, avval atrofdagi tomoshatalablarga, so‘ng Baxtiyor akaga bez bo‘lib termildim. Ochig‘i, ayni paytda Zinnuradek “tankam” borligi uchun ham dadil edim. Qolaversa, bugun ish joyida bo‘lmaganimdan To‘lqin Yo‘ldoshevichning xabari bor – axir, u kishi bilan bitta mashinada ketganman-da!
– Eshityapsanmi, arizangni yoz, – xonlardek buyruq berdi Baxtiyor aka.
Men qo‘llarimni belimga tirab, bamaylixotir dedim:
– Yozmayman!
– Ie, – kalaka qildi Baxtiyor aka. –  Rostdan ham tiling chiqib qolibdi-ku! Shunaqangi yozasanki!..
Bu dunyoda hech kim o‘ziga buyruq berishlarini yoqtirmaydi, degan ekan rahmatli Deyl Karnegi. Menga ham yoqmadi. Shu bois, nopisand tarzda dedim:
– E, boring, toshingizni tering!.. E, idi otsyuda!
Baxtiyor akaning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. Xodimlarga bir qur qarab oldi-da, menga yaqinlasha boshladi:
– Sen bola, jiyda-piydaning tagidan o‘tmadingmi mabodo? Yaxshi gapni tushunmaysan, shekilli?
Men sal oshirib yuborganimni bilib, murosa yo‘liga o‘tdim:
– Hurmatli Baxtiyor Zokirovich, qizishmaylik. Shuncha kishining oldida o‘zimizni tutsak yaxshi bo‘lardi.
– Hm, es-hushing qirdimi darrov? Endi kechirib bo‘pman. Ablah, jamiyatga zarar keltiruvchi virus! Hech qachon ish joyingda o‘tirmaysan, tirrancha!
– E, nega menga buncha yopishib oldingiz? Kayfiyatingiz bo‘lmasa, men aybdormanmi? Avval kotibadan so‘rang, qayerda bo‘lganimni aytadi.
Baxtiyor aka baqirdi:
– Men kotiba-potibani bilmayman, arizangni yoz!
Tepa sochim tikka bo‘ldi:
– Kerak bo‘lsa, o‘zing yoz!
Uning rangi oqarib ketdi. Shartta menga tashlandi. Hamkasblar kela solib bizni ajratishga tushishdi. Bunga sari Baxtiyor aka meni urgudek bo‘lib xezlanardi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqardi.
To‘g‘risi, kavlashtirib ko‘rsa, mening aybim yo‘q aslida! Nima qildim, axir? To‘lqin Yo‘ldoshevich huzuriga chaqirib, o‘zining ortidan ergashtirib chiqib ketgan-ku! Baxtiyor akani ogohlantirishga ham ulgurmadim…
– Agar seni mana shu yerdan quritmasam, Baxtiyor otimni boshqa qo‘yaman! – qo‘lini bigiz qildi u.
Men baland ovozda so‘radim:
– Nima deb qo‘yasiz otingizni?
– Hoy, bola, ovozingni o‘chir! Seni shu paytgacha kechirib kelgan o‘zi men tentak ekanman.
– Ko‘p “bola”lamang! Bolangiz uyingizda, bildingizmi?! Lekin ismingizni to‘g‘ri aytdingiz, tentak deb qo‘yamiz.
Baxtiyor akani zo‘rg‘a ushlab qolishdi. Men har bir gapiga boplab javob berib, baqirganiga yarasha qichqiraverdim. Ravshan bilan Hamid aka meni sudrab xonadan olib chiqishganida, ichimni ancha bo‘shatib olgandim. Yaponlar kimsasiz xonaga kirvolib, boshlig‘ining rasmiga qaragancha to‘yib so‘kinishi bekorga emas ekan. Qushdek yengil tortarkansan, kishi. Men o‘zimni kamsitgan, ustimdan kulmoqchi bo‘lgan odamga munosib javob berganim bois, ancha xotirjam edim. Bo‘lim boshlig‘i otamni gapirib, meni telbaga chiqarishi kerak emas-ku! Amali – o‘ziga!
Bilaman, bu “o‘yin”imdan keyin Baxtiyor aka mening ustimdan ellikta bildirishnoma yozib, yetmishta dalolatnoma tuzadi. O‘rinbosarlarga olib kiradi. Shundan so‘ng hujjatlar To‘lqin Yo‘ldoshevichning stolida paydo bo‘ladi. Keyin esa…
Men yana o‘yin ko‘rsataman. Ishdan bo‘shash haqida ariza yozib beraman. Zinnuraning tog‘ajonisi bi-i-r tipirchilab qolsin. Axir singlisining kuyovini, jiyanining qallig‘ini ishdan bo‘shata olarmidi!
– Hoy, Suyun, senga nima bo‘ldi o‘zi? – dedi Hamid aka. – Ichib olmaganmisan mabodo? Yo boshqa joydan ish topdingmi, a?
– E, kerak bo‘lsa, mana shu odamning joyiga o‘tiraman, – katta gapirib yubordim men. – Kim bo‘pti o‘zi?
Ravshan zo‘rma-zo‘raki tirjaydi:
– Hazillashyapti.
– Sharigi ketib qopti, – dedi boshini chayqab Hamid aka.
Tuyqus kallamga bir fikr keldi: Baxtiyor aka “arizangni yoz” deb turganida hozirning o‘zida shartta yozib ketvorsam-chi? To‘g‘ri, ishdan bo‘shatishmaydi. To‘lqin Yo‘ldoshevichning ko‘rsatmasiga ko‘ra meni darrov chaqirib olishadi. Qaytaga Baxtiyor aka ta’zirini yeydi. Ungacha men, har holda, bir kun bo‘lsayam vaqtdan yutardim. Zinnuraga nikoh uzugi olish tashvishidan qutulardim.
Hamid aka bilan Ravshanga hammasi joyida bo‘lishini aytib, xonaga qaytib kirdim. Endigina hovuridan tushgan Baxtiyor Zokirovich meni ko‘rib, yana fig‘oni ko‘kka o‘rladi:
– Sen ablah, jamiyatga zarar keltiruvchi zararkunanda…
– O‘zingizni bosing, – dedim uni tinchlantirib, – men ariza yozib beraman.
U jahl bilan qog‘oz uzatdi:
– Ma, tez yoz, bola!
– Lekin aytib qo‘yay, pushaymon bo‘lasiz.
– Ey, bola, sen…
– Mana, yozyapman.
Xullas, kaminai kamtarin hammani hayron qoldirib, chiroyli ariza yozdim. Keyin esa, Baxtiyor aka qo‘lini uzatib turgan bo‘lsa-da, uzatish o‘rniga arizaga yaxshilab tikildim. Bir-ikkita so‘zdagi harflarni gajakdor qilib qo‘ydim. Shundan so‘ng uni tantanali ravishda Baxtiyor akaga topshirdim. Mening dadilligim sababini faqat Ravshan bilardi, xolos. Ammo u hech kimga aytmaydi – menga va’da bergan.
Baxtiyor aka menga to‘ng‘illadi:
– Birvarakayiga lash-lushlaringni olib ketaver.
– Yo‘q, shart emas, – dedim men, – chunki hali qaytib kelib, baribir ishlayman…
Baxtiyor akaning vag‘illab qolgani ko‘chaga chiqqunimcha quloqlarim ostida eshitilib turdi. Agar yo‘lda bir ayol uchramaganida kayfiyatim juda yaxshi holda ketayotgandim.
– Ukajonim, yaxshimisiz? – dedi u. – O‘zingizni uchratganim yaxshi bo‘ldi. Ancha oldin ishxonangizga kelganimda yo‘q edingiz.
Men salom berib, xo‘mrayib turdim. Sababi, turqi-tarovatidan qandaydir noxush xabarni yetkazadigandek tuyulardi bu ayol.
– Chekkaroqqa o‘tsak bo‘ladimi? – taklif qildi u. Bu gapi, chetga o‘tib tepalashmaymizmi, deganga o‘xshab ketdi.
Piyodalar yo‘lagidan xoliroq joyga o‘tdik.
– Men Noilalarning qo‘shnisi bo‘laman, – dedi ayol.
Yuragim hapriqib, ayolni osmonga irg‘itgim keldi. Nahotki, bu opaxon sevgilimdan xabar keltirgan bo‘lsa? Nihoyat, Noila haqida, sog‘inib salkam unutayozgan mahbubam xususida mujda eshitarkan ekanman-da! Qanday yaxshi! Men esa bu ayolni yoqtirmay, yovqarash qilibman.
– Noilaning qo‘shnisi bo‘laman, deng, – hayajonimni bosolmadim men. – Yashang, xolajon! Yaxshi yuribsizmi, uydagilar tuzukmi? Noila… Nega u xabarlashmay qo‘ydi? Bilasizmi, uni oxirgi marta qachon ko‘rganman? Ehe, o‘zimning ham yodimda yo‘q. Iltimos, manzilini bering. Qo‘shnisiman, deyapsiz-ku! Boshimni dorga tikib bo‘lsayam uylariga boraman.
– Endi Noilani hech qachon ko‘rmaysiz, – dedi ayol.
Bu gapdan yuragim orqaga tortib ketdi. Hatto gapirolmay qoldim. Ayol izoh berdi:
– Noilaning o‘zi shunday dedi. Meni unutsin, dedi. Endi men uning uchun begonaman, dedi.
Hafsalam pir bo‘ldi. Demak, Noila Zinnura haqida bilib olgan. Aks holda bu qadar keskin gapirmasdi. Mening tilim zo‘rg‘a aylanib, g‘o‘ldiragancha dedim:
– Xola, bilasizmi… bu ishlar Noila o‘ylagandek emas. Men unga hammasini tushuntirib beraman.
– Noila unashtirildi. Uni tinch qo‘yarkansiz.
Og‘zim lang ochildi:
– A, nimalar deyapsiz? Axir, uning ikkita opasi bor-ku!
– Opalari ham unashtirildi. Avval ularning, so‘ng Noilaning to‘yi bo‘ladi. Sizga shular haqida aytib qo‘yishim uchun meni Noilaning o‘zi yubordi. Unashtirildi degani – egalik bo‘ldi, degani.
– Ishonmayman, – dedim jahl bilan. – Og‘zingizga kelganini bidirlayvermang.
Ayol sumkasidan telefon chiqarib, raqam terdi. So‘ng kim bilandir gaplashib, telefonni menga uzatdi.
– Alyo, – baqirdim jon alfozda. – Noila!..
U jim edi. Faqat nafas olayotgani eshitilardi, xolos. Men “alyo”lab rosa baqirdim, ammo narigi tomondan sas chiqmadi. Noiloj telefonni ayolga uzatdim.
– Noila, nega gapirmayapsan? – dedi u. – Meni o‘zing yubording-ku!.. Ayt-da! Bu bola ishonmayapti… Nima?.. Ha, aytdim. Opalaringniyam… A?.. Nima uchun o‘zi bilan gaplashmayapsan?.. Voy, bunday dema, Noila…
Ayolning rangi bo‘zarib, telefonini o‘chirdi.
– Nima dedi? – so‘radim ichim siqilib.
– Ukajon, qo‘ying!
– Nima dedi, xola?
– “Aytib qo‘ying, endi hayotim boshqa, yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lmasin, u men uchun o‘lgan”, dedi.
Men bu gapga ishonmadim. Ayolning qo‘lidan telefonini tortib olib, boyagi raqamni terdim va Noilaning ovozini aniq eshitdim:
– Ha, yana nima gap?
– Men – Suyunman!.. Hozirgina nima dedingiz, Noila?
Biroz sukut saqlagan Noila javob berdi:
– Eshitganingiz! Meni tinch qo‘ying. Siz men uchun o‘lgansiz!
Rangim bo‘zarib ketganini yaqqol his etdim. Ulkan shaharda shuncha odamga yetgan kislorod menga tanqislik qilardi. Holsizlanib o‘tirib qoldim. Ayol qo‘limdan telefonni oldi-da, o‘chirib sumkasiga soldi. So‘ng yelim idish chiqardi-da, undan hovuchiga suv quyib, yuzimga sepdi. Men bu xatti-harakatlarni ko‘rib turgan bo‘lsam-da, yuzimga sepilgan suvni zarracha his etmadim. Karaxt edim.
– Ukajon, dunyoda qiz kammi? – yana yuzimga suv sepdi ayol, uning ovozi uzoq-uzoqlardan eshitilardi.
– Xola, – dedim men zo‘rg‘a, – Noila shunday dedi-ya? Meni o‘lgan, dedi-ya?!.
– Ukajon, siz ularning otasini bilmaysiz-da! Juda qattiqqo‘l. Birinchi qizini sevgan yigiti chavaqlab o‘ldirganidan keyin shunday bo‘lib qolgan.
– Ammo men Noilani chavaqlab o‘ldirmoqchi emasman!
– Uka, men sizga omonat gapni yetkazdim, xolos. Qaydanam aralashdim-a?! Bir bechoraning uvoliga qolmasaydim.
Men zo‘rg‘a o‘rnimdan turib, ust-boshimni qoqdim.
– Hammasi joyida, – dedim o‘zimni dadil tutib. – Siz ketavering. Men bechora emasman. Biror chorasi topilar.
Ayol menga javdirab qaradi:
– O‘zingizni ehtiyot qiling… Ha-ya, Noilaga… aytadigan gapingiz yo‘qmi?
– Noilagami? – chuqur tin oldim men. – Ayting, Suyun sening turqingga qaramas ekan, deng. Bemalol to‘y qilaversin! Menga desa, ikki marta to‘y qilsin…
Ayol qachon ketdi, men ovloq joyda qancha vaqt turdim, bilmayman.
Noila! “Men uchun o‘lgan”. Nahotki u shu so‘zlarni menga ravo ko‘rgan bo‘lsa? Nahotki rahmi kelmagan bo‘lsa? Muhabbat o‘yinchoq bo‘lib qoldimi hali? Yo‘q, o‘yinchoq emas. Noila meni yaxshi ko‘radi. Ammo bu qadar keskin gapirmasdi-ku! Men uni unutishim uchun shunday dedi. O‘ziga nisbatan nafrat uyg‘onishini xohladi.
Ha… muhabbat bilan nafrat orasi bir qadam deb bejiz aytishmas ekan…
Men ovloq joyda uzoq qolib ketdim. Agar telefonim jiringlamaganida, kim bilsin, yana qancha vaqt turardim.
– Siz ishdan bo‘shatildingiz, – kotibaning ovozi eshitildi telefonda. – Kadrlar bo‘limidan hujjatlaringizni olib keting. Buyruq nusxasi bilan o‘sha yerda tanishasiz…