U ertalab uyg‘onib, o‘zining qayerdaligini ham anglay olmadi. Biroz kulimsirab yotdi. Negadir kayfiyati juda yaxshi edi. Garchand ushbu hujra kichkina, ko‘rimsiz bo‘lsa-da, unga keng, go‘zal ko‘rindi. O‘rnidan turib, katalakdek ikkinchi xonaga kirdi. Keyin tashqaridan yorug‘lik tushib turgan derazaga yaqin bordi. Deraza tokchasini avaylab ushladi. Sekin tashqariga mo‘raladi. Hech vaqoni tushunmadi.
Shu alfozda u yarim soat mobaynida u xonadan bu xonaga o‘tib yurdi. U har bir jihozga qandaydir hayrat bilan tikilar, ushlab ko‘rar, ehtiyotkorona silab-siypalardi. Yana derazaga yaqin bordi. Qiziqsinib tashqariga termildi. U yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan o‘nlab notanish kishilarni kuzatar ekan, avval cho‘chidi, keyin esa tashqariga — ko‘chaga chiqqisi keldi. Biroq bu uyning eshigi qayerda ekan? U timirskilanib, katta eshikni ham topdi. Urinib-surinib uni ochdi. So‘ng ohista, qo‘rqa-pisa tashqariga chiqdi. Ana shunda quyoshning zarrin nurlarini o‘ziga singdirib, entikib ketdi. Naqadar yaxshi! Naqadar rohatbaxsh! U ko‘zlarini yumib, yutoqqancha nafas oldi. Shu alfozda — osmonga qaragan ko‘yi ancha turdi.
U kimdir yelkasidan turtganida hayron bo‘lib ko‘zlarini ochdi. Hayratlanib yonidagi notanish kishiga qaradi. Bu odam tirjayib turardi. Boshqacha kulish — ko‘zlarida nimagadir tashnalik uchquni yaltirardi. Shu bois u qo‘rqib ketdi. Sekin-asta orqasiga tisarilib, katta ko‘cha tomonga qochdi. Notanish kishi bir zum hayron bo‘lib turdi. Nimadir deb g‘o‘ldiradi. Uning ortidan biroz yugurdi ham, keyin bir zumda halloslab qolib to‘xtadi. Qattiq so‘kindi-da, joyida qoldi.
U ham ortiga qarab, qadamini sekinlatdi, chuqur-chuqur nafas oldi. Yo‘lida davom etar ekan, yana boshqalarga qandaydir qiziqish bilan qaray boshladi. Anchaga tentirab, shu atrofda aylanib yurdi. U xilvat joyga yetganida…
— Dada, dadajon! — degan qiyqiriqni eshitdi va yoniga o‘girildi.
Kichkina qizaloq kela solib, uning oyoqlariga yopishdi. Keyin ortidan kulimsiragan juvon paydo bo‘ldi.
— Assalomu alaykum, — dedi ayol yuziga yanada tabassum berib. — Qayoqlarda yurasiz-a?! Uyni ham ochiq qoldirib kelibsiz!
U esa javob bermay turaverdi. Qizaloq uning oyoqlarini qo‘yvormasdi. Ayol, qaramaysizmi, degandek qizchaga imo qildi. Qoshlari chiroyli chimirildi. Keyin qizaloqning qo‘llaridan ushladi:
— Yur, qizim, ketamiz. Men, dadang, sen… Endi o‘sha uyda yashaymiz, — shunday deb unga qarab jilmaydi: — Tavba, nega indamaysiz? Churq etmaysiz?
— Siz kimsiz? — so‘radi u botinib.
— Men kimman? Endi… endi bu gapni topdingizmi? Qo‘ying, shuncha kechirim so‘radim-ku! Anovi bilan bas qildim, nuqta qo‘ydim hammasiga! O‘ylab ko‘rsam, baribir birinchi oilaga yetmas ekan. Uzil-kesil hal qildim, ishoning.
U orqaga tisarildi, ammo qizcha sira uning oyoqlarini qo‘yib yubormasdi. U engashdi-da, qizaloqning qo‘llarini zo‘rg‘a ajratib oldi. Keyin uzoqlashdi.
— To‘xtang, qayoqqa? — dedi ayol unga tomon talpinib.
U tez-tez qadamlar bilan ulardan ancha olislab ketdi. Ayol quvib yetolmasligiga ko‘zi yetib, alamidan qizchani siltab yubordi. Nimadir deb shang‘illadi. Qizaloq bor ovozini yig‘iga berdi. U esa indamay ketaverdi. O‘zini quvnoq tutishga harakat qilsa-da, mijjalari ko‘z yoshga to‘ldi.
* * *
— Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, — dedi Soatov alamdan bo‘g‘riqib. — Qarang, bir ko‘rimsiz, bechora edi, darrov burni ko‘tarilib qopti.
Hamidjon unga javoban ming‘irladi:
— E, ko‘rib hali nimani ko‘ribdi, Umid aka? To‘g‘risini aytsam, shu odamga sal ishonmay ham qoldim. Hech bo‘lmasa bundoq yuvishi kerak edi. Sasi chiqmaydi-ey!..
Soatov u yoq-bu yoqqa qarab olib, sekin shipshidi:
— Eshitdingizmi, Ilyosni boshliq ham huzuriga chaqiribdi. Ikkovi ancha gaplashishganmish! Endi bu yalangoyoqqa biror bo‘limni bermasa edi hali.
— Eshitdim, — dedi Hamidjon. — Biroq o‘zi sir boy bermaydi, pismiq-da, pismiq! Yurib-yurib omadi chopganini qarang. Hozir hammaning og‘zida kimsan — Ilyos Komilov! Qoyil qolaman-da, yaqin kunlargacha misi chiqmasdi buning.
— Siz baxillik qilmang, Hamidjon, — deya kuldi Soatov. — Yaxshi emas, yaxshi emas. Undan ko‘ra, bizga ham yuqsin, deng. Ajab emas…
— E, aka, nega baxillik qilarkanman? — qizarib ketdi Hamidjon. — Haloli bo‘lsin! Yaxshi odam. Endi bu ham lotereyaga o‘xshagan narsa bo‘lsa kerak-da! Ammo tan oling, siz ham pisand qilmasdingiz, odam hisobiga ko‘rmasdingiz uni. Faqat siz emas, hammamiz! Itning keyingi oyog‘i bo‘lib yurardi-da! Shu odam birdaniga bunday bo‘lib ketganidan keyin… hayron qolasiz-da! Nega siz yo men bilan ro‘y bermaydi?
Soatov o‘rnidan turib, yaxshilab kerishdi:
— Nolimang, uka, yaxshi emas. Endi-i, shunaqa ekan-da, nimayam deymiz!.. Keyingi vaqtlarda ishgayam kelmaydigan bo‘ldimi bu Ilyos?
Hamidjon burnini jiyirdi:
— Hamma gap shunda, biz eshakday ishlab, ertaga u keladi-da, hammadan ko‘p maosh oladi. Umuman, kelib ham nima qiladi? Nazarimda, — Hamidjon shunday eshikka qarab oldi: — u boshliq bilan kelishib olgan bo‘lsa kerak.
— To‘g‘ri, — dedi bosh irg‘ab Soatov, — boshliq ham past odam-da! Shuncha vaqt qaramagan odam hozir uning mushuginiyam pisht demaydi. Bitta qo‘shiq bor edi-ku, “Ajab-ajab”midi, mana shu Ilyosga to‘g‘ri keladi hozir. Rostdan ham ajabtovur-da: kutilmaganda lop etib…
— O‘zingiz ham baxillik qilyapsiz, — kulib yubordi Hamidjon. — Ammo, men, yuqorida aytganimday, ishonmay qoldim. Bi-i-r tekshirib ko‘rsak-chi, Umid aka?!
— Nimani tekshirasiz, nimani? O‘libdimi, shuncha odamni aldab, tentak bo‘lmasa kerak?
— Nega unda xursand bo‘lish o‘rniga battar siqilib yuribdi? Do‘ppisini osmonga otmaydimi?
— E, siz nimaniyam bilardingiz? Boylik yuki o‘zi shu: odamni bosib qo‘yadi. Axir ozmuncha narsami, qator-qator do‘kon, supermarket, to‘rtta dang‘illama hovli, moshinlar emish! Bankda ham million-million pul!.. Boshliq bekorga uni chaqirib gaplashgan, deysizmi?!. Past, dedim-ku!
— Pishiq, deng! Agar yaxshilab aldasa, bu chuvrindi hammasini unga xatlab beradi.
— Lekin… o‘lay agar, alam qiladi. Shuncha boylik!.. Axir, uni hammoldan besh battar ishlatardik. Bir marta atayin birinchi qavatgacha yetti marta tushirib-chiqarganman. Ichib olgandim. Kalit qolib ketibdi, dedim. Tushadi-chiqadi: yo‘q! Men ham erinmadim. Keyin qarasam, kalit papkamda turgan ekan.
— Ayollarga tushlik uchun somsa-pomsa olib kelib yuradi-yu, kalitingiz nima bo‘pti! Xodim emas, yugurdak edi-da! Siz uning tuflisini ko‘rganmisiz?.. Yo‘q, ko‘rganmisiz? Oldi yirtilib, paypog‘i ko‘rinib yotadi.
— Tuflisi yirtiqmi-yo‘qmi, ishqilib omadi chopdi. Shtati qisqartirilishi kerak edi, baxtini qarang! Shu… menga qarindosh bo‘lsa bo‘lmasmidi, deb qolaman ba’zida! Bir chekkasiga ilinib qolardik-da!
— Qahraton qishda, esingizdami, Zoyirovning mashinasini yuvgani? O‘rinbosarnikini?! Biz issiq-issiq xonalarda o‘tiribmiz, u esa tashqarida – ko‘ylagining yengi shimarilgan, muzday suvda uning mashinasini yuvyapti! Bu ahvolda ko‘rib, men junjikib ketgan edim. Laganbardor!.. Endi shunday qilmasayam bo‘lmasdi. Qo‘lidan bir ish kelmagandan keyin majbur-da! Lapashang, yana nima derdi – lapux!
— Saksonga yaqin xodimdan kelib-kelib, mana shuning omadi chopgani… haqiqat yo‘qmikan, deyman, Hamidjon?
— Yo‘q, aka, yo‘q. Ammo ko‘rasiz, bu anqov tezda pullarini sovurib yeb qo‘yadi.
— E, yetti pushtigacha yetib-ortar emish-ku!
— Men ham eshitdim-u, ammo yotib yeganga tog‘ chidamaydi, deganlar…
* * *
Qizning ko‘zlari jiqqa yosh edi. U qanday qilib minnatdorchilik bildirishni bilmasdi. Dunyoda shunday odamlar borligiga ishonolmasdi ham. Yigit uning so‘zlarini eshitib, titrab ketdi. Keyin sokin ovozda shunday dedi: “sizga men uylanaman…”
U jur’atsiz gapirmadi, shunchaki o‘zi past ovozda so‘zlardi. Zarifa hozirgina eshitganlariga ishongisi kelmadi. U ichki dard, hasratlarini bayon etgan edi, xolos. Bu yigit esa, uylanaman, deb turibdi.
— Axir, men badnom bo‘lganman, — dedi Zarifa titroq ovozda. — Aldangan qizni boshingizga urasizmi? Keyin…
— Pushaymon bo‘lmayman, siz anduh chekmasangiz bo‘lgani!
Zarifa yig‘lab yubordi. U bu yigitning poyiga tiz cho‘kishni, oyog‘iga bosh urishni istadi. Yigit cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib, unga uzatdi.
— Yo‘q, — bosh chayqadi qiz, — siz baribir pushaymon bo‘lasiz, vaqti kelib, o‘tmishimni yuzimga solasiz. Axir, kimlar menga chang solmagan! Ertaga bittasi bo‘lmasa, boshqasiga duch kelib qolasiz. Yigitchilik: biror davrada shu gap ko‘tarilsa, nima bo‘ladi? Siz anovilarni bilmaysiz, hali-beri tinch qo‘yishmaydi. Hammasiga sabab – chiroyim! Kim bilan gapirmay, darhol fe’li ayniydi. Nega shunday? Nega erkaklar ochofat?.. Sizga ham ishonmayman, bildingizmi, ishonmayman.
— Men sizni baxtli qilaman, — dedi yigit…
Ammo qiz baxtli bo‘lmadi. Sababi… oilada to‘kinchilik yo‘q edi. Zarifa yengil hayotga o‘rgangan, u og‘ir-bosiq, miskin erining topganiga qanoat qilolmasdi. Turmush qurganlariga bir yil o‘tmay, janjal ko‘taradigan bo‘ldi.
Bu nimasi? Er bo‘lgandan keyin boqsin-da! Mana, falonchining eri o‘zining xotinini tilla taqinchoqlarga burkab qo‘yibdi, yeganlari oldida, yemaganlari ortida! Gap-gashtakdan bo‘shamaydi. Har oqshom qo‘shnilarga ko‘z-ko‘z qilib restoranga ovqatlanish uchun boradilar. Pismadon qo‘shni ham toparmon, hatto xotiniga mashina olib berib qo‘ygan. Zarifaning o‘sha ayollardan nimasi kam, axir?! Nimasi emas, kimi?! Agar mana shu bo‘sh-bayov er bo‘ladigan bo‘lsa, bir umr kosasi oqarmaydi. Qanaqa odam bu? Biror marta ishxonasidan orttirib pul olib kelmagan, foydani ko‘zlamaydi.
Zarifa ko‘z yoshlariga zo‘r beradi. Biroq bu galgi yig‘isi bir vaqtlardagi alamlaridan tamomila farq qiladi. U eriga diydiyo qilarkan, unga tekkanidan ming-ming pushaymonligini aytib yozg‘iradi. O‘shanda anovilar bilan osh-qatiq bo‘lganida hozirgidek yashamasligini pisanda qiladi. Er esa indamaydi. U nimalarni o‘ylaydi – aytmaydi ham. Bir bor bo‘lsa-da, “bas qiling”, demaydi. Uning ko‘zlari g‘amgin boqadi. Zarifa ana shu ko‘zlarga qarab qiynalib ketadi. Kechasi eri uxlab yotganida yum-yum yig‘lab, erining oqaringan sochlarini silaydi. Biroq baribir…
— Men ketaman, — dedi u. — Ajrashamiz! Tushuning, siz bilan yasholmayman.
Er yana indamadi.
Zarifa rostdan ham ketdi. Qizalog‘ini qoldirmadi. Erning qaddi yanada egildi. Axir, xotinining olib ketadigani faqat shu farzand edi. Shundoq ham o‘zini yolg‘iz his etadigan er battar “yovvoyilashdi”. Uning hech kim bilan gaplashgisi kelmas, yagona ovunchi faqat ish edi. U yerda esa u hanuz oyoqosti qilinar, u kurashish nimaligini bilmas, kim nima desa, yelkasini qisib, boshini egib ketaverardi. Ukasi, bolasi tengilar ham unga ish buyuraverardi.
Oila haqida gap ochilsa, cho‘chib tushadigan bu odam endi ikki karra hadiksiraydigan bo‘ldi. Uning kulganini ham, yig‘laganini ham hech kim bilmasdi. Shu bois u bilan zarracha qiziqishmas, u nazardan begona, diqqat-e’tibordan mutlaqo mosuvo edi.
Bularning hammasi bora-bora unga judayam alam qildi. Nega? Nega ishxonaga kecha kelgan o‘spirin yigitni tilga olishadi-da, Komilovni tirnoqchayam eslamaydilar? Axir u o‘lgani yo‘q-ku! U tirik-ku! U shundoq yonlarida, axir! U ham inson! U ham shu ishxonaning xodimi! Yoki seni tilga olishlari uchun albatta, boshliq, o‘rinbosar, bo‘lim rahbari, jilla qursa, tilli-jag‘li, uddaburon, kazzob xodim bo‘lishing kerakmi? Jimgina yurgan, jimgina ishlayotgan xodimning qadri yo‘qmi?..
U uzoq o‘yladi. Nimadir qilish kerak! Kerak!..
Oradan ikki kun o‘tib, tushdan so‘ng birdaniga uni yo‘qlab qoldilar-ku! Biri qo‘yib, biri hayron, og‘zi lang ochiq. Tabriklaganlar ham, ochiqchasiga hasad qilganlar ham bo‘ldi. Komilov xijolatdan o‘sal bo‘ldi, umrida o‘ziga nisbatan bunday e’tiborni ko‘rmagan edi, lekin bu juda-juda yoqdi. U shirin entikar, ko‘z yoshlarini ichiga yutardi.
Kechqurun ishdan qaytgach, Ilyos ancha vaqtgacha masrur yotdi. Go‘yo hammadan ustun, hammadan g‘olib edi u.
— Endi nima bo‘ladi? — dedi o‘ziga-o‘zi. — Buyog‘i necha pulga tushdi?
Yo‘q, keyinni o‘ylash bugungi qoniqish, lazzatlanish oldida hech nima emas edi. Yaqin-yaqingacha oyog‘ining uchi bilan ko‘rsatganlar bugun uning oldiga yaltoqlanib kirgani, og‘zining tanobi qochib so‘rashganini u sira-sira unutmaydi. Qadri baland Komilovning, mavqei ham yuksak…
* * *
“Mening bolaligim juda og‘ir o‘tgan. O‘gay otam bo‘lar-bo‘lmasga meni kaltaklar, sira kun bermasdi. Shuning uchunmi, qo‘rqoq bo‘lib o‘sdim. Keyin bir umr pand yedim. Umuman olganda, mening diydam qotib o‘sishim kerak edi, biroq kasalmand onamning oqqan ko‘z yoshlari ko‘ngilchan qilib voyaga yetkazdi, deb o‘ylayman.
Onam rahmatli nuqul menga uydan qochib ketishni maslahat berardi. U meni o‘ylar, menga judayam rahmi kelardi. Ammo men ham onamni o‘ylardim, shu bois uni tashlab ketolmasdim.
Bir gal o‘gay otamning kaltaklari tufayli hushimdan ketib qolibman. Kasalxonada o‘zimga keldim. Shundan so‘ng battar qo‘rqoqqa aylandim. Uydan qochish haqida ham o‘ylaydigan bo‘ldim. Ko‘chadan ichib gandiraklab kelgan otamning yo‘talini eshitsam, qalt-qalt titrardim. Mening ahvolimni ko‘rib, onam yanada ezilardi…
Onaginamdan judo bo‘lgach, bu uyda menga joy yo‘qligini tushundim. O‘shanda qishning chillasi edi. Boshim oqqan tomonga ketdim. Ne-ne kunlarni ko‘rmadim…
Men Zarifaga duch kelganimda uni chin ko‘ngildan baxtiyor qilmoqchi edim. Biroq o‘zi baxtsiz, tolei past kishi qanday qilib boshqa insonga baxt ato etishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. U, “siz irodasiz odamsiz, notavonsiz”, deganida qanchalik haq ekanligiga amin bo‘lardim. Men o‘zimni oqlamayman, taqdirimdan ham nolimayman.
Zarifa meni tashlab ketganida o‘kinmadim, aksincha, yaxshi bo‘ldi, deb o‘yladim. Menga emas, unga yaxshi bo‘ldi, degan o‘y kechdi xayolimdan. Mensiz naqadar yaxshi yashaydi, deb yengil tortdim… Xotinim boshqa erkakka turmushga chiqqanini eshitganimda, yanada quvondim. Axir, nima bo‘lganda ham u meni unutmog‘i darkor edi. Tunlari u meni o‘ylab yig‘lab chiqqanlarini hech qachon unutmayman. Ko‘zlarimni chirt yumib yotaverardim.
Zarifaga va qizimga yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylasam-da, endi men yolg‘izlik komida edim. Kechalari uyg‘onib, qo‘rqib ketardim. Yonimda avval onam, keyin Zarifa va qizalog‘im paydo bo‘lishardi. So‘ng ishxonadagi hamkasblarim ko‘zimga ko‘rinib, ustimdan kula boshlardilar. “Nega kulasizlar, – derdim, – men sizlarga nima qildim?” Ular esa yanada balandroq xoxolab kulishardi: “Hamma gap shundaki, sen hech nima qilmading. Hech nima! Hech nima!..”
Bora-bora men “kichrayib” boraverdim. Ishdagilar, qo‘ni-qo‘shnilar, odamlarning men bilan munosabat tarzi meni tamomila holdan toydirdi. Bu ahvolda yo‘q bo‘lib ketishim tayin edi. Men o‘zimdan norozi bo‘lish o‘rniga ulardan yozg‘ira boshladim. Qadr-qimmatim uchun dod devorgim kelardi. Hammaning oldida o‘zimni ko‘z-ko‘z qilish qutqusi paydo bo‘lgan edi menda. Nimadir qilishim, nimadir ro‘y berishi kerak edi. Busiz bo‘lmasdi…
Xullas, hammasi o‘zgardi. Meni, hatto boshliq o‘z huzuriga chaqirib gaplashdi. U yog‘imdan-bu yog‘imdan o‘tib, allaqanday takliflar aytdi. Keyin majlisda ismimni alohida tilga olib maqtadi. Ana shunda ularning ustidan to‘yib-to‘yib kulgim keldi. Shunday qilsam bo‘larkan. Allaqachon ulardan qutilib ketardim. Biroq men shuncha yil bu dargohda ishlab, azoblarim uchun qaytishi kerak bo‘lgan tashnalikni hali qondira olmagan edim. Yana-yana diqqat-e’tiborda bo‘lishni xohladim.
Shunday kunlarning birida menga Zarifa qo‘ng‘iroq qildi. Hech gapdan gap yo‘q, kechirim so‘radi. Oldimga qaytajagini aytdi. Men qo‘rqib ketdim. U qayerdan eshitdi ekan?.. Nahotki, ayol zoti to‘kin yashash uchun tupurgan tupugini qaytarib olsa?! Axir, u mendan voz kechgan edi-ku! Nega qaytmoqchi? Kim uchun? Men uchunmi yo o‘zi uchunmi? Yoki yaxshi yashash uchunmi? Men uni qanday qilib baxtli qila olaman? Shuncha vaqt men bilan birga yashab, nahotki tushunmagan bo‘lsa?!. Tushungan, biroq endi “mening boshimga baxt qushi qo‘ngan”ini eshitgan ham.
Men Zarifani so‘kib berishim kerak edi, biroq bunday qilolmadim. U uyalmay-netmay, meni sevishini, qattiq sog‘inganini, har kuni, har soniyada ko‘rgisi kelayotganini, qizimiz ham ichikkanini qandaydir ehtiros, jo‘shqinlik, qandaydir ishonarli… yolg‘onlar bilan aytib tashladi. Men faqat qizim ichikkani haqidagi gapiga ishondim. Biroq xotinim kabi u ham baxtsiz bo‘lishini sira xohlamasdim…
Obro‘ying qancha tez ko‘tarilsa, shuncha tez tushadi, deganlari haqida eshitgan edim. Men bilan xuddi shunday bo‘ldi. Bora-bora mendan haqiqatni talab qila boshlashdi. Mening rohatbaxsh, qadribaland kunlarim yakun topayozgan edi. Hamkasblarim, qo‘ni-qo‘shnilarim yaltoqlanib, mendan pul qarz so‘rashlari jonimga tegardi. Men yana ulardan o‘zimni olib qocha boshladim. Yakkalik, vahima va sarosimalik tag‘in qalbimni iskanjaga oldi. Uyqumdan halovat qochdi. Endi nafaqat uxlaganimda, balki o‘ngimda ham sharpalarni ko‘ra boshladim. Ochig‘i, uyqummi-o‘ngimmi, anglay olmasdim ham. Shuncha vaqt hamkasblarim umidvorlik bilan intiq kutgani – boy-badavlat xolam menga ulkan meros qoldirgani g‘irt yolg‘on, uydirma edi. Men bir kecha uyqum o‘chganida, shayton yo‘liga kirib, shu aldovni o‘ylab topgan edim. O‘shanda uning xunuk oqibati haqida qayg‘urish xayolimga ham kelmagan.
Ammo endi qo‘rqinchli fursatlar tobora yaqinlashib kelardi. Men yolg‘onchi sifatida gap chiqargandan ko‘ra avvalgi holatimga tushishdan ko‘proq vahimaga tushardim. Axir, nima bo‘lganda ham men qadr-qimmat ta’mini totib ko‘rdim, bu menga unutilmas huzur-halovat baxsh etdi. Endi qanday chora ko‘rish kerak? Men birato‘la baridan xalos bo‘lishim kerak edi.
Uzoq o‘ylanib, men, hatto o‘zimni aldash darajasigacha boradigan bir chora o‘yladim. Ochig‘i, bu haqda orzu qildim. Men qah-qah urib kuldim, kulaverdim. Ancha vaqt kulgach, charchab qoldim. Keyin o‘zimni majburlab kuldim. Ko‘z yoshlarim oqquncha kulaverdim… Bir mahal kulyapmanmi yo yig‘layapmanmi, bilmay ham qoldim. Bu men uchun jumboq edi.
Yonimdagi sharpalar ham xuddi shunday edilar…
Tez orada meni jinniga chiqarishdi. Men o‘zimga-o‘zim hukm chiqargan edim, go‘yo.
Meni, mana shu bugun hamma joyimni o‘rab-chirmab olib ketadilar…”
Bu so‘zlar Ilyos Komilov yashagan ijara uydan topilgan kundalikka yozilgan edi. Men uni o‘qib, uzoq xayolga toldim. Shundan so‘ng kundalikni hech kim ko‘rmaydigan joyga yashirib qo‘ydim.