Ali Niyoz. Taqdir qo‘ng‘irog‘i (qissadan parcha)

G‘OYIBDAGI ODAM

I qism

Telefon yana jiringladi. Go‘shakni ko‘tarib, “Al­lo”, dedim – jimlik… Men gapira boshladim. Telefon qilgan odam mening gapimni eshitib turardi.
Har kuni xuddi kelishilganday aynan soat uchlarda qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Men ham qadrdon do‘stimga gapirganday, tinmay javrayveraman. Miyamga qanday fikr kelsa, gapiraveraman, gapiraveraman. U jim tinglaydi. Sas chiqarmaydi. Men bu holatga o‘rganib qolgan edim. U go‘shakni qo‘yib qo‘yishidan qo‘rqaman. Shuning uchunmi, qiziq-qiziq voqealarni gapiraman. Beixtiyor go‘shakni qo‘yib qo‘ymasin deb, kuldiradigan hangomalardan ham aytaman. U nima uchundir kulmaydi ham. Gapirib-gapirib charchaganimdan so‘ng, endi bo‘ldi, buguncha yetar deyman. Unga sog‘lik tilayman. U go‘shakni qo‘yadi, qisqa «dud-dud-dud» degan ovoz keladi.
Xonamda qolib, o‘zimga taalluqli ishlarni ba­jaraman-da, asosan, ertangi kunga tayyorgarlik ko‘­raman. Ertaga nima desam bo‘ladi. Reja tuza boshlayman. Yangi-yangi hangomalarni topishga harakat qi­laman, chunki u go‘shakni to‘satdan qo‘yib qo‘yishi mumkin.
Ertasiga yana yangi ish kuni boshlanadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Xodimlar bilan salomla­shish, boshliqning xonasiga kirib topshiriq olish, qo­g‘ozlar ichiga kirib raqamlarni axtarish – kasbim shunday. Bu kasbni Xudo rahmat qilgur opam tanlab bergan.
Ish bilan ovora bo‘lib soat uch bo‘lganini sezmay qolibman. Birdan telefon jiringladi, go‘shakni oldim. Yana jimlik…
Salomlashib, ahvolini so‘radim. Iloji bo‘lsa bir og‘izgina gapirishini, bu holat uzoq davom etmasligini, faqat mening gapirishim bilan ish bitmasligini tushuntirib, uni ham gapirishga undadim. “Men juda charchadim”, – dedim, ovozimni balandlatib. U chuqur nafas oldi. Aniq his qildim, miyamga hadeganda qiziq fikr kelavermadi. O‘ylay boshladim: “Uzundan-uzoq hangomalarim unga nima uchun kerak? Nega o‘zini tanishtirmaydi? Kim o‘zi telefon qilayotgan? Ayolmi? Erkakmi? Nega endi hadeb unga yoqadigan yolg‘on-yashiq voqealarni to‘qib, uning ko‘nglini ovlashim ke­rak? Nima uchun? Axir uni tanimasam?” – degan sa­vol boshimda tinimsiz aylanadi. Go‘shakni stolim ustiga qo‘yib qo‘ydim-da, unga qarab gapirmasdan o‘tiraverdim…
Endi telefon soat uchda jiringlasa ham, go‘shakni olmayman, xonamdan chiqib ketaman. Soat to‘rtdan ke­yin go‘shakni qo‘limga oldim, uzun “dud-dud” degan ovozni eshitgach joyiga qo‘ydim.
Ishni yakunlab uyga ketar ekanman, soat uchda bo‘ladigan qo‘ng‘iroqning jarangi miyamni tark etmasdi. Meni eshitib jim o‘tiradigan odam turli qiyofada gavdalanib, ba’zan u kelishgan yigit, zum o‘tmay chiroyli qiz yoki go‘zal ayol qiyofasida ko‘rinsa, gohida qandaydir mening ustimdan kulayotgan telbasifat odam, darvesh bo‘lib, goho badbashara, isqirt maxluq ustimga bostirib kelayotganday tuyulardi. Xullas, adog‘i yo‘q bu o‘ylardan qochishning ilojini topolmadim. Uyga xayolim parishon bo‘lib kirar ekanman, o‘zimni chalg‘itish uchun qo‘limga duch kelgan kitobni oldim. Mashhur yozuvchining maymun yetaklagan odam haqidagi hikoyasini o‘qiy boshladim. Bu voqealar xayolimni jamlashga yordam bermadi. Balki teskari ta’sir qildi. Qandaydir qo‘rqinchli maxluqning hamlasini qaytarishga shaylangan odamday o‘zimni himoya qilish uchun ko‘chaga chiqdim.
Shaharga tun cho‘kkan. Havo toza, osmon to‘la yulduzlar, biri-biridan chiroyli. Ana u yulduz Hulkar, Zuhro, Katta ayiq, bunisi Temirqoziq, Tarozi, Besh og‘ayni, unisi Yetti og‘ayni. Qarang, uch og‘ayni yulduzlar ham bor ekan, osmonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, bezab turgan bu yulduzlar to‘g‘risida bir vaqtlari momomdan eshitganman.
Yulduzlar birin-ketin yarqirab osmon gumbazida tartibsiz va tartibli joylashtirilgan nimalarnidir eslatar, nazarimda ular zimdan yerni kuzatayotganday tuyulardi. Qaysidir jurnalda o‘qigan edim, osmon ochiq bo‘lganda avgust oylari kechasi besh mingtacha yulduzni sanash mumkinligi, keyin odam adashib ketishi haqida yozishgan edi. Erinmay sanay boshladim. Bir, ikki, uch, to‘rt, besh… minglarga borganimda chalg‘ib ketdim.
Somon yo‘lini tomosha qila boshladim. Tangrining bu qudratiga, tabiatning hech yerda takrorlanmas mo‘jizasiga qoyil qolmay ilojing yo‘q. Osmon xuddi katta bir dengiz, unga yulduzlar shunday joylashtirilganki, koinotdagi bu ajoyib manzarani tomosha qilib, insonning aqli bu hukm oldida naqadar ojiz ekanligiga beixtiyor ishonasan. Yaratganga shukronalar aytasan…
Yana ish. Korxonaning barcha asosiy hisob-ki­tob­lari mening zimmamda. Qo‘l ostimdagi xodimlarga kerakli topshiriqlarni berdim-da, xonamga qamalib oldim. Vaqt shunday tez o‘tardiki… Zum o‘tmay soat uch bo‘lib qoldi. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim, jimlik, asta gap boshladim: “Hangomalar tugadi, menga boshqa telefon qilmang, iltimos. Agar ish shunday davom etaversa, jinni bo‘lib qolaman”. U jim tinglardi. «Go‘shakni qo‘yaman», dedim. «Endi xayr. Oxirgi marta xayrlashaylik. Haqiqatan, sizga juda o‘rganib qolgan ekanman. Gapirmasangiz ham, nafas olishingizni eshitdim-ku. Omon bo‘ling. Mendan xafa bo‘lmang», deb go‘shakni qo‘ydim. Daqiqa o‘tmay telefon yana jiringladi. Xayolimda telefon jahl bilan jiringlaganday bo‘ldi. Ko‘zimni uzmay go‘shakka qarab turdim. Bu safar undan ham qattiq jiringladi nazarimda. Go‘shakni oldim. Jimlik.
– Nima ishingiz bor? Ayting, axir mendan nima istaysiz?! – dedim toqatim toq bo‘lib.
Jimlik hamon davom etar edi. Men ham jim turaverdim. Uzoq kutdim. To‘g‘risi, charchab ketdim. Go‘shakni stolim ustiga qo‘ydim-da, ishlarimni qila boshladim. Soatga qa­rasam, to‘rt. Go‘shakni joyiga qo‘yib qo‘ydim.
Menga har doim soat uch bilan to‘rtgacha qo‘ng‘iroq qilinar edi. Soat uchdan to‘rtgacha telefonni o‘chirib qo‘ysam-chi? Kashfiyotimdan o‘zim sevinib ketdim. Ha­qiqatan ham, nega oldin shu fikr miyamga kelmadi ekan-a? Balki men telefon bilan gaplashishga juda o‘rganib qolgandirman?
Ertasi kuni soat uchdan to‘rtgacha xonamdagi telefonni o‘chirib qo‘ydim.
Qo‘l telefonimga xabar keldi. “Iltimos, soat uchda telefoningizni o‘chirmang. Siz uchun bir soat gaplashish shunchalik qiyinmi? Agar so‘zlashishni xoh­lamasangiz, go‘shakni ko‘tarib stolingiz ustiga qo‘yib qo‘ying. Bu o‘yiningiz yaxshilikka olib kelmaydi”.
Hayron qoldim. Qo‘l telefonim raqamini qayoqdan biladi? Nima uchun xabar jo‘natuvchining telefon raqami yo‘q? Nahotki mening gaplarim unga shunchalik qiziq bo‘lsa?! O‘zi nimalar bo‘layapti? Agar biron kimsaga shu to‘g‘rida aytsam, hecham ishonmaydi. Meni telbaga chiqarishi aniq. Yana qo‘rqitishi ortiqcha. Meni qayoqqa boshlayapti bu?..
Men, xayolim parishon bo‘lib, ba’zan o‘zim bilan o‘zim gaplashadigan odat chiqardim. Ishxonadagilar, oila a’zolarim ham hayron.
Obdon o‘ylab ko‘rib, yakuniy qarorga keldim. Xonamni soat uchlarda ichidan bekitdim-da qo‘ng‘iroqni kuta boshladim. Maqsadim, to go‘shakni qo‘yguncha gapirish, u bilan dardlashish. Unga o‘zim haqimda ko‘proq so‘zlashni ma’qul ko‘rdim. Soatga qarab turibman, roppa-rosa uch bo‘ldi. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim. Salomlashib, qo‘l telefonimga yuborgan xabari uchun rahmat aytdim. Undan ozroq gina ham qildim. U haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligimni bildirdim. «Agar men bilan suhbatlashish niyatingiz bo‘lsa, o‘zingiz haqingizda biron-bir ishora bilan bildirsangiz yaxshi bo‘lardi», dedim.
– Sizni biron kimsa menga qarshi yollamaganmi? Shunga ishontiring, – dedim.
Yana jimlik.
Kasbim iqtisodchi. O‘ttiz besh yildirki hisobchi bo‘lib ishlayman. Qilayotgan ishimdan mamnunman. Tashkilotning iqtisodiy tiklanishiga ancha-muncha his­sam qo‘shilgan. Shuning uchun ham o‘zimga yarasha ob­ro‘-e’tiborga egaman. To‘rt nafar farzandim bor. Ik­kita qiz, ikkita o‘g‘il. Hammasi oliy ma’lumotli. Rafiqam oliy toifali shifokor. Ko‘rinishim ixcham. Bo‘yim bir metru yetmish sakkiz santimetr. Boshimning sig‘imi ellik olti, og‘irligim yetmish sakkiz kilogramm. Ko‘ylagimning yoqasi qirq ikki, oyoq kiyimim ham qirq ikkinchi o‘lchamli. Bug‘doy rangman. Sochim qirq yoshimdan oqara boshlagan. Hozir oppoq. Ko‘zlarim katta-katta, yuzimning chap tomonida bilinar-bilinmas xol bor. Qoshlarim qop-qora. Yurganda dadil qadam tashlayman. Ko‘proq oq kiyim kiyaman… Hayotimdan mam­nunman. Qiziqadigan soham – qadimiy, o‘rta asr tarixiy voqealari haqidagi asarlarni ko‘p o‘qiyman. Bu haqida ancha-muncha ma’lumotlar to‘plaganman. Har qanday qoloq, iqtisodiy nochor tashkilotning moliyaviy salohiyatini yaxshilash uchun, ozgina bo‘lsa-da foydam tegadi, xo‘jalik rahbari va bosh hisobchisi sog‘lom, halol fikrlaydigan va unga amal qiladigan shaxs bo‘lsa, korxonaning nufuzi yaxshilanishiga ishonaman. Agar rahbar yo bosh hisobchi o‘z manfaatini o‘ylab ish yuritar ekan, bu xo‘jalikning ish jarayoni uzoqqa bormaydi.
Shunday qilib, men uchun hayot – sinov maydoni. Bu maydonda o‘zimni sinayman, kimligimni, nimalarga qodir ekanligimni, nima uchun yashayotganimni anglashim kerak.
Atrofimdagi odamlar faqat o‘zlarini o‘ylashadi. Tashkilotning rivojlanishi, iqtisodiy samaradorlik ular uchun yot narsa. Keldingmi, kelding. Nima maqsadda kelding? Bugun xo‘jalikka qanday nafing tegdi? Kelgusida xo‘jalikni kengaytirish, ishlab chi­qarishni rivojlantirish, tannarxni pasaytirish eva­ziga olinadigan daromadlardan unumli foydalanish, shu korxonada kelajakda farzandlari ishlashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Oy oxirlasa: “Ish haqi nega kechikdi? Nega maosh oshmayapti? Nega falonchining oyligi ko‘p? Meniki oz?” – degan savollarni qo‘­yishadi. Bu chalasavod, o‘z haq-huquqini bilmaydigan odamlar bilan qanday qilib xo‘jalikni rivojlangan, chet ellardagi millioner kompaniyalar darajasiga olib chiqish mumkin? Qolaversa, bizning mulkdorlarga ham xuddi shunday, qayoqqa boshlasa ergashadigan olomon kerak. Avvalambor bu odamlarni, (ishchi deb bo‘lmaydi) va mulkdorlarni yaxshilab tarbiyalash kerak. Qanday qilib?! Shular haqida ko‘p o‘ylayman, o‘zimcha ancha-muncha rejalar tuzganman. Yevropadagi taraqqiy etgan mamlakatlardek bizning yurtda ham odamlarning hayot, yashash darajasi yuqori bo‘lsa, deyman. Orzularimning amalga oshishiga ishonaman…
Shu mavzuda ko‘p gaplarni gapirdim. Soatga qarab qo‘yaman. Soat millari to‘rtga yaqinlasha boshladi. Go‘­shakdan “dud-dud”degan ovoz eshitildi.
Sezdimki, notanish kimsa bir soat erinmasdan mening gaplarimni eshitdi. Hayron qoladigan jo­yi shuki, go‘shakni qo‘yayotganda chuqur nafas oldi. Go‘yo gaplarimni nafas olmay eshitganday taassurot qol­dir­di menda.
Yana o‘z ishlarim, o‘z yumushlarim bilan bo‘lib kun botdi, tong otdi. Ertalab ishga, bankka borish, hisob raqamdagi pul mablag‘larini taqsimlash, ishlab chi­qarishga zarur bo‘lgan uskunalar sotib olish va shunga o‘xshash har doimgidek bir xil ish jarayoni qurshovida tushlik bo‘lganini sezmay qoldim. Xonaga kelib soat uch bo‘lishini kuta boshladim. Endi bu yog‘i menga ham qiziq edi. Xo‘sh, buning oxiri nima bilan tugaydi?! Baribir, bir kuni u o‘zini tanishtiradi. Muloqotga chiqadi. Har narsaning ham avvali va so‘nggi bor-ku?! Xonamga nazar tashlar ekanman, ro‘paramda turgan kompyuterga sinchiklab qaradim. Bu moslamadan har baloni kutsa bo‘ladi. Xona to‘ridagi hujjatlar qo‘yish uchun arg‘uvondan yasalgan oldi yopiq javonlar ham sehrli ko‘rinardi menga. O‘ng tomonimdagi xodimlar o‘tirishi uchun mo‘ljallangan olti dona kursi xuddi ustimdan kulayotganday edi. Xona to‘ridagi ish stolining o‘ng yonidagi temirdan ishlangan o‘n ikki kishi amallab siljita oladigan seyf xo‘jalikning bor sirlarini yutadigan qafasga o‘xshab qaqqayib turardi. Chap tomonida esa gazeta va jurnallarga mo‘l­jallangan ixcham stol, uning ustida yaqindagina nashrdan chiqqan yangi she’riy kitoblar turardi. Soat uch bo‘ldi. Telefon jiringlay boshladi. Go‘shakni oldim. Jimlik…
– Qo‘shnilarim haqida gapirib beraman,– dedim salomlashgandan so‘ng. – Ajoyib qo‘shnilarim bor. Chap tomondagi qo‘shnimning yoshi mendan uch yosh kichik. Juda ziyrak, hamma bilan ham chiqishib ketavermaydi. O‘ta jiddiy. Tabiati shundaymi, bilish qiyin. Harbiy. So‘zlashganda dona-dona, aniq va lo‘nda qilib gapiradi. U bilan ertalablari ko‘rishib turaman. Ertalab ba’zan yarim soat, gohida ko‘proq turli mavzularda suhbatlashamiz. Biznesga haddan ziyod qiziqadi. Men iqtisod sohasida ishlaganim uchunmi banklardagi o‘zgarishlar, soliq tizimidagi yangiliklar, tashkilotlarning moliyaviy holatiga to‘sqinlik qiluvchi omillar to‘g‘risida savollar beradi. Men gazetalardan o‘qigan yangiliklarni so‘zlab beraman. Keyin quyuq xayrlashamiz. Agar biron kun subhidamda ko‘rinmay qolsam, bir bahona topib chaqirib oladi. Darvoza ol­dida ixchamgina qilib taxtadan yasalgan o‘rindiqqa joy­lashib:
– Xo‘sh, bugun biznes olamida nima yangiliklar?! – deb gap boshlaydi.
O‘z sohasi haqida lom-mim demaydi. Sohasi ha­qida savol bersam, gapni boshqa tomonga burib, oxiri biznesga taqaydi. Ha, mana shunday ajoyib qo‘shnim bor.
– Siz, darvoqe gapirmaysiz, yo soqovsiz, yoki umuman, tilingiz yo‘q, – deyman go‘shakka. – Nima bo‘lganda ham nafas olishingizni eshitib turibman-ku. O‘ng to­monimdagi qo‘shnimni tanishtiradigan bo‘lsam, u – quruvchi. Nihoyatda odamoxun. Menga juda hurmat bilan qaraydi. Har doim mendan oldin salom beradi. Ko‘proq dam olish kunlari to‘qnash kelamiz. Hovlisi mening hovlimga o‘xshab chala. Yaqinda sotib olgan. O‘zining aytishi bo‘yicha qandaydir katta qurilishda ishlaydi. Har xil qurilish materiallarini olib kelib bitmagan uyini tiklash bilan ovora.
– Hormang, – deyman uni ko‘rganda. – Xo‘sh, pishiq g‘ishtni qanchaga oldingiz?
– O‘zimizda “dehqonchilik”, – deydi soddalik bilan.
“Yo tavba, g‘isht ham dehqonchilik bo‘ladimi”, – deb o‘ylayman. Ajablanib yelkamni qisaman. Qo‘shnim mendagi hayronlikni tushunganday:
– Bilasiz-ku, qurilishda ishlayman. O‘n moshin g‘isht olsak, bir moshini bo‘yoqqa jo‘natiladi. Xudoning kuni ko‘p. Hovli ham bitay deb qoldi, nasib bo‘lsa uy to‘yini o‘tkazamiz, – deydi.
– Ha, shu kunlarga yetkazsin, deyman. Hali bitmagan, oynalar qo‘yilmagan, usti shifer bilan yopilgan uyimga qarab, darvozamning ko‘rimsizligi ichimni tirnaydi. Bu kayfiyatdan chiqish uchun qo‘shnim bilan xayrlashaman. Qo‘shnilar haqida so‘zlayverib, soat to‘rt bo‘lganini ham sezmay qolibman. Go‘shakdan “dud-dud” degan tovush eshitildi.
Ancha yengil tortdim. Kayfiyatim o‘zim sezmagan holda ko‘tarildi. Osmonda uchib yurganday his qila boshladim o‘zimni. Bo‘layotgan voqealar haqida hech kimga aytganim yo‘q. Kimgadir aytishim kerak-ku, derdim.
Yo harbiy qo‘shnimdan maslahat so‘rasammi, yoki rafiqamga aytsammikan? Telefon sohasida ishlaydigan bir tanishim bor. Shundan so‘rasam-chi? U menga qo‘ng‘iroq qilayotgan odamni aniqlab beradi. Nega shu haqida oldinroq o‘ylamadim-a. Ertaga soat uchgacha tanishimni topaman, uskunalari bilan kelib bu ishga oydinlik kiritadi.
Hovlidagi temir chorpoya ustida bolishni qu­choq­lab, xayol og‘ushida osmonga qarab yotganimda qo‘l telefonimga xabar keldi: “Siz bu suhbatimiz haqida hech kimga aytmasligingiz shart. Mabodo, aytsangiz o‘zingizga yomon bo‘ladi…”
Ol-a, nima demoqchi bu notanish kimsa? Endi ochiq­­chasiga qo‘rqitishga o‘tdimi? Menda kechayotgan o‘y­larni qayoqdan angladi, yo telepatmikan? Haqiqatan ham, oqi­bati yomon bo‘lsa-chi? To‘rtta farzandim bor, ular hali yosh. Ularni oyoqqa qo‘yishim, uyli-joyli qi­lishim kerak.
Bu o‘yin yana qachongacha davom etadi?!
Ey Xudo, o‘zing yordam ber. Yoki meni o‘z sinovingdan o‘tkazayapsanmi? Voqealar shunday davom etaversa, jinni bo‘laman-ku! Menga nimalar bo‘layapti? Buning qandaydir chorasi bo‘lishi kerak. Ruhshunosga ko‘rinsammikan? Ehtimol, oddiy gallyutsinatsiya bo‘­layotgandir. Boshi-oxiri yo‘q, lekin odamni umidsizlik botqog‘iga yetaklovchi telba-teskari bu o‘ylar tinchimni shu qadar buzdiki, oromim yo‘qolib, boshimda g‘ujg‘on o‘ynayotgan havoyi hislarni jilovlashga kuch topa olmasdim. Fol ko‘rsatsam-chi? Ey qo‘y-e, Erqor, bu g‘irt shaytonning ishi-ku. Qanday kunlarga qoldim? Kutish, xuddi go‘shakdagi odamday sabr bilan chidash kerak. Oxirgi daqiqagacha nima bo‘lishini, bu voqealarning yechimi kun kelib ochilishini bardosh bilan kutishdan o‘zga choram yo‘q.
Ertalab barvaqt turdim. Kayfiyatim yaxshi. Har­biy qo‘shnim bilan biroz suhbat qurdim. Amerika siyosati haqida gap ochgan edim, xushlamadi. U nima uchundir kutilmaganda ayollar haqida gapirib ketdi. “Bilasizmi qo‘shni, ayol erini og‘zimdagi luqmam deb o‘ylaydi. Chaynalgan bu luqmaga boshqa ayol qaramaydi. Uni xohlagan vaqti yutaman, degan bema’ni xayol bilan yashaydi”. “Hammasi ham shunaqa bo‘lmasa kerak”, dedim shoshib. Chunki mening rafiqam bunday o‘ylamasligiga ishonardim. Miyamdagi o‘yni oshkor ayta olmadim. Biror asosi bordirki, shu fikrga kelgan, deb o‘yladim.
Qo‘shnim soatiga qarab suhbatni qisqa qildi. Xayrlashib, xizmatdagi “Neksiya” mashinasiga o‘tirib ishga ketdi.
Ishxonaga yetib kelganimda, deyarli barcha xodimlar o‘z o‘rnida edi. Xonamning eshigini ocharkanman, kotibaga: “Meni soat uchdan to‘rtgacha hech kim bezovta qilmasin, boshliq so‘rasa muhim ishlar bilan band ekanligimni ayting”, – deb iltimos qildim. Kotiba chiroyli tabassum bilan qoshlarini chimirib:
– Hali ertalab-ku, Erqor aka, – dedi.
– Bugun hisobotlarni qayta nazoratdan o‘tkaz­moq­chiman,– deb xonamga kirdim.
Xonam ko‘zimga fayzsiz ko‘rindi. Jihozlarning rangi qochganday, to‘shalgan gilam oyoq ostida toptalaverib titilmagan bo‘lsa ham, o‘z xizmatini o‘tab bo‘lganini eslatar edi.
Ombor mudirini chaqirtirdim. Unga bu gilamlarni almashtirishni, hozir esa kichikroq radio keltirishini buyurdim. Yuragimga o‘zim bilmagan holda vahima tushdi. Go‘yo jihozlarni almashtirsam taskin topadiganday, xonamni sinchiklab ko‘zdan kechirar edim. Xayolimda birdan telefondagi odam go‘shakdan chiqib: “Xo‘sh, o‘zing qilgan gunohlaring to‘g‘risida lom-mim demayapsan-ku. Shunchalar farishtamisan? Ko‘rib-ko‘rmaganga, bilib-bilmaslikka olgan qancha-qancha no­pok ishlarning guvohi bo‘lganligingni tan olmaysanmi?”– deya savolga tutayotgandek edi.
Eshik ochildi. Ombor mudiri radioni o‘rnatib chiqib ketdi. Taralayotgan kuy qulog‘imga yoqdi, berilib eshita boshladim. Qancha urinmay qo‘lim ishga bormadi. Kun bo‘yi ko‘chaga chiqmay goh parishon, xayol og‘ushida tushlikni ham unutib, xonamda qamalib o‘tirdim. Ruhiyatimda kechayotgan bu o‘zgarishlarni o‘zim ham to‘­liq idrok eta olmasdim. Mening toqatimni sinaydigan soat uchni yomon ko‘rib qoldim. Endi allaqachon kuy va ohanglar yo‘qolib, har xil axborotlar, ma’nosiz qo‘shiqlar, tuturiqsiz hangomalar jig‘imga tega boshladi. Radioni o‘chirib qo‘ydim. Xayolimda telefon ji­ringlaganday bo‘ldi. O‘zimni o‘nglab go‘shakni ko‘­tar­dim. Jimlik…
Bu gal salom bermadim. Birdan maqsadga o‘tdim. “Nima uchun men sizga hisobot berishim, bir soat vaysashim, o‘zimga-o‘zim gapirib, meni qiynaydigan muammolar to‘g‘risida uzundan-uzoq so‘zlashim kerak. Menga bo‘lmag‘ur xabarlar yuborib bardoshimni sinash sizga yoqayaptimi? Qaysi qilgan gunohim uchun jazolanishim yoki qo‘rqishim kerak? Nega shanba-yakshanba kunlari bezovta qilmaysiz? Demak, boshqa ish kunlari ham bu o‘yinlarni to‘xtatsa bo‘ladi-ku!”– dedim.
“To‘g‘risi, charchadim bu mojarolardan. Mehnat ta’tiliga chiqaman. Endi sizga aytadigan gaplarim tugadi. O‘zim, qo‘shnilarim, ishxonam to‘g‘risida bilganlarimni aytdim. Keling, bugun oxirgi kun deymiz-da, senlashib gaplashamiz. «Sen» Xudoga yaqin so‘z. Agar qarshilik qilmasangiz, sizni endi sen deyman. Nazarimda siz qandaydir farishtasiz. Odam zotidan emassiz, chunki farishtalar oldindan ko‘ra oladi. Siz ham meni nimani o‘ylashimgacha bilasiz. Mening vujudimga g‘ulg‘ula soladigan, obdon o‘ylashga undaydigan bu holat meni qo‘rqitib turadi. Demak, odam emas ekansiz, Allohga yaqin mavjudotsiz. Bizga Xudo insonning yuragida deb o‘rgatishgan. Xudoni siz degan bormi? Hali eshitmaganman. Masalan, “Ey Xudo, O‘zingiz kechiring”, – degan gapni eshitganmisiz? Xudoning har bir bandasi, boshiga kulfat tushganda “Ey Xudo, O‘zing kechir”,– deydi.
Ba’zi kimsalar “yolg‘izman” yoki “men yolg‘izlikni xohlayman” deb o‘zlarini-o‘zlari aldashadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas, chunki har qanday yolg‘iz odam bilan Tangri birga. Alloh uning yuragida. Shunday qilib, men hozir sizni sen demoqchiman. Rozimisan?!
– Jimlik…
Endi ochiqchasiga o‘taylik. Sen qanday qiyofada­san? Go‘zal qizmisan? Yoki… Aslini olganda menga farqi yo‘q, qanaqa ko‘rinishda bo‘lishingning. Bu jim turishlaring, qo‘l telefonimga xabar yuborishlaring bilan nima qilmoqchisan? Sabrimni sinayapsanmi? Yoki mening qo‘rqoqligimdan foydalanib o‘zingga yoqadigan o‘yin topganingdan quvonayapsanmi? Shuni bilamanki, sening chekingga tushib qolishim mening fojeam. Bu­ning oldini olishning yagona chorasi – muloqotlarimizni to‘xtatish. Yoshim ellikdan oshgan bo‘lsa ham, boshqa mamlakatga ishga ketishim mumkin. Hozir bundaylar oz emas. Rossiya shaharlarida, Koreyada, Qozog‘istonda, Yevropaning turli mamlakatlarida, ota-onasini, oilasini, bolalarini, yurtini tashlab, rizq izlab yurgan kimsalar ozmi… Shuni ham bilamanki, ayrimlari kaltak yeb, mayib-majruh bo‘lib kelayotgan bo‘lsa, ba’zilari o‘zga yurtlarda dom-daraksiz, dengizga cho‘kkan toshday yo‘q bo‘lib ketmoqda. Kuni kecha dam olish kuni Miroqi qishlog‘iga bordik. Ana manzara, havoning tozaligini aytmaysizmi. Kishini hayratga soladigan bunday joylar boshqa o‘lkalarda kamdan-kam topiladi. Tog‘ bag‘irlarida xuddi qo‘l bi­lan ekilganday, tizilib turgan yashil archalar. Ko‘rsa ko‘z quvonadigan yong‘oq daraxtlari. Yuqoriroqqa chiqilsa, gullab, o‘zini oppoq-sariq choyshabga o‘ragan do‘lana daraxtlari, pis­ta-bodomlarning endigina bahor nafasiga to‘yayotgan shivirini eshitib, ko‘zingiz quvonadi. Meni o‘yga toldirgan joyi shu yerdagi qishloq ko‘chalarida yigitlar ko‘rinmaydi. Ko‘cha bo‘ylab ekilgan uzun teraklar ostida keksayib qolgan momolar, ahyon-ahyonda oldiga surpacha qilib, ustiga sharbat, sigaret, har xil saqichlar, mineral suvlar, qurt, turshaklarini yoyib o‘tirgan chollarga ham duch kelamiz.
Shu go‘zal go‘shada ish o‘rinlari tashkil qilib, pis­tazorlar, bodomzorlarni, umuman, tog‘ havosiga mos keladigan bog‘dorchilik, chorvachilik sohasini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi-ku.
Aslida biz nimani kutyapmiz? Noyob mevali daraxtlarni ko‘paytirish, yurtimizning bozorlarini to‘ldirib, qolaversa, yanada ko‘proq yetishtirib chet ellarga chi­qarish, jahon bozorida o‘z o‘rnini egallash fursati allaqachon kelgan-ku? Bir vaqtlar Varganza anorlari, olmalari, Qarshining Lag‘mon uzumlari, anjirlari nomi jahonga taralgan. Qani u dehqonlar?..
Gapiraversam gap ko‘p.
Keksalardan eshitishimcha, qurg‘oqchilik yo qish qat­tiq kelganda, ocharchilik bo‘lganda, yurt boylari o‘zaro kelishib, kunlarni bo‘lib olishgan. Hatto ba’zi boylar qirq kunlab to‘y bergan. To‘g‘ri, ularning bu bazmida maqtanish, bir-biridan o‘zish, topgan sarmoyasini ko‘z-ko‘z qilish ta’malari ham yotgan.
Asosiysi yurt ahlining qorni har kuni to‘ygan. Ochlik balosidan omon qolgan. Hadisi sharifda yozilishicha, boylar to‘rt xil bo‘ladi:
“Haromdan topib haromga sarflaydiganlar, ular do‘zaxiydir.
Haloldan topib, haromga sarflaydiganlar, ular ham do‘zaxiydir.
Haromdan topib, halolga sarflaydiganlar, bular ham do‘zaxiydir.
Haloldan topib, halolga sarflaydiganlar jannatiydir”.
Xo‘sh, bizning boylar qaysi toifaga kiradi?!
Bu savol, jumboqlarning oxiri bormi?! Buning yechimi qaysi avlodga nasib qiladi?
Darding ichingda to‘lib ketgan ekan-ku, deyapsan. Ha, ichim to‘la dard! Bu illatdan million yillardan beri qutula olmayapman. Farishta bo‘lsang, savollarimga javob ber! Nega jimsan? So‘zlarim yoqmadimi? Men ham jimman.
Telefon go‘shagidan “dud-dud” degan ovoz eshitildi. Soat to‘rt bo‘ldi
Yo alhazar!!! Men nimalar deyapman o‘zi?! U farishtami, parivashmi, nega undan alamimni olayapman?! Uning nima aybi bor? Meni tekshirish uchun maxsus “quloq” bo‘lsa-chi? O‘zingni qo‘lga ol, Erqor. Hali yashashing, o‘g‘illaringni uylantirishing, kenja qizingni uzatishing kerak, shu kungacha orttirgan obro‘-e’tiboringga bolta urma. Shuncha yil jim yashadingmi, bu yog‘iga ham jim bo‘l.
Go‘shakni uzoq ushlab turdim. Keraksiz, ortiqcha yuk­ni yelkamdan tushirgan odamday o‘zimni yengil his qildim.
Kotibaga soliq inspektsiyasiga borishimni aytib, uyga jo‘nadim. Ruhim tetik bo‘lsa-da, bironta odam bilan suhbatlashishdan qochardim. Chunki shu kecha-kunduzda hayotimda kechayotgan bu g‘aroyib voqealarni aytib qo‘yishdan qo‘rqar edim.
Eng yaqin sirdoshlarimdan bo‘lgan shoir bilan ham uchrashmadim. Men bilan hamsuhbat bo‘ladigan do‘stlarimga qo‘ng‘iroq qilib, ishlarim nihoyatda ko‘­payib ketganini, hozirda bezovta qilmasliklarini iltimos qildim. Uyda ham nihoyatda kamgap bo‘lib qol­ganimdan rafiqam hayron.
 – Tinchlikmi? – deb so‘raydi.
 – Tinchlik, Xudoga shukur,– deyman.
Dam olish kunlari kitob o‘qish bahonasida uyga qamalib olaman. Miyamda takrorlanayotgan mantiqsiz o‘ylarni qancha haydamay, ustimga bostirib, o‘zim o‘ylamagan havoyi gaplar kelaveradi. Telefon go‘­shagini olsam, kallamga kelgan so‘zlarni tinmay gapiraveraman. Bu gaplarni hech kim mendan so‘rayotgani yo‘q-ku?! Ixtiyorim o‘zimdan ketganini sezmay, xuddi tush ko‘rayotgandek xayolimda gavdalangan voqealar ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Keyin so‘zlayveraman, so‘z­layveraman, hech gapim tugamaydi. Qulog‘imga kimdir pichirlab mana bu gapni ayt, endi u gaplarni ayt, deb boshqarayotganday tuyuladi. Oldinlari reja tuzib, tayyorgarlik ko‘rib, hangomalarni eslab, uni zeriktirib qo‘ymaslik uchun gapirgan bo‘lsam, endi tayyorgarliksiz gapirib, ba’zan soat to‘rt bo‘lganini sezmay qolaman. Gapiraveraman, gapiraveraman, hech so‘zim tugamaydi. Menga bu so‘zamollik qayerdan ilashdi? Hayronman. O‘zimni-o‘zim tushuna olmayapman. Go‘yo meni qandaydir g‘ayritabiiy kuch boshqarayotganday edi. Ertalab yana ish. Xonamga keldim. Kerakli huj­jatlarni taxlab boshliqqa imzo qo‘ydirishga kirar ekanman, kotibaga zimdan qaradim. Uning negadir kayfiyati yo‘q. Ko‘zlari qizargan, qovoqlari shishgan, chiroyli tabassumidan asar ham ko‘rinmaydi. Har doim kulib turadigan yanoqlari so‘lg‘in. E’tiborsiz salomlashdim-da, boshliqning xonasiga kirdim. Boshliq to‘rda yastanib o‘tirardi, u meni muloyimlik bilan qarshi oldi. Hujjatlarga qo‘l qo‘yar ekan:
– Erqor aka, sizdan bir iltimosim bor, kotiba qizimiz Mohiraning nojo‘ya harakatini sezib qoldim. Unga ozroq nasihat qilsangiz,– dedi.
Men bu izohni javobsiz qoldirdim. Chunki Mo­hira bilan Karim Suyarovich o‘rtasidagi “oshiq-ma’­shuq”likdan ozroq xabarim bor edi.
Yaqinda mehnat ta’tiliga chiqishimni bildirib, xonamga qaytdim. Telefonni ko‘zimdan yashirib, o‘zim­ni chalg‘itish maqsadida xirgoyi qila boshladim:
– Yigit omon bo‘lsa xavfu xatar yo‘q.
Bir ozdan keyin telefon jiringladi. Go‘shakni olarkanman, g‘alati bo‘lib ketdim. Soat hali o‘n bo‘l­gani yo‘q. “Allo” degan ovoz keldi.
Ovozidan tanidim, yozuvchi do‘stim Mahmud Oqbosh.
– Assalomu alaykum, do‘stim.
– Vaalaykum assalom.
– Nega gurungga kelmay qo‘ydingiz, Erqorjon? Ish hech qachon tugamagan va tugamaydi ham. Kelsangiz, shaxmat o‘ynar edik. Biron yoqqa chiqmasangiz hozir oldingizga o‘tmoqchi edim. Maslahatli ish bor.
– Keling, soat uchgacha keling, uchdan keyin meni topolmaysiz, – dedim.
– Xo‘p, hozir boraman,– deya go‘shakni qo‘ydi Mahmud Oqbosh.
Ajoyib, iste’dodli yozuvchi, borgan joyida davrani to‘ldirib hammani kuldirib o‘tiradi. Hikoyalari, qissalari rus, qozoq, tojik tillariga tarjima bo‘lgan. Hajviyalarini aytmaysizmi. Havas qilsa arziydigan iste’dod egasi.
Mahmud Oqbosh haqida o‘ylarkanman, uning qiyo­fasi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. To‘ladan kelgan, yelkalari keng. Xumkalla, gavdasi mendan ikkita keladi. Qo‘l panjalari polvonlarning panjalariday go‘shtdor, bo‘liq. Shaxmat o‘ynashga ishqiboz bu do‘stimning hangomalarini eshitish juda maroqli.
Soatga qaradim. Uchgacha besh soat vaqt bor. Radioni qo‘ydim, yoqimli kuy tarala boshladi.
Ko‘p o‘tmay Mahmud Oqbosh yetib keldi. Ichkariga kirib, qulochini keng yozib, meni osongina bag‘riga oldi. Quyuq so‘rashdi. O‘tirdik.
– Xo‘sh, do‘stim Bakachcho (menga nima uchundir shu­naqa laqab qo‘ygan edi. Go‘yo men grekga o‘xshar ekanman), hangomaning yangisidan aytaymi?
Javob kutmasdan boshladi:
– Desangiz, bir podsho mulozimlari bilan boshqa bir mamlakatga boribdi. U mamlakat podshosi borgan mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olib, yurtining (tinch-totuv, boy ekanligini ko‘z-ko‘z qilibdi) baland-baland imoratlarini, o‘zi yashaydigan hashamdor saroyni ko‘rsatib maqtanibdi.
Mehmonlarni tushlikka taklif qilibdi. Shu­na­qangi lazzatli, antiqa taom tayyorlashgan ekanki, juda mazza qilishibdi. Ovqatdan keyin mehmon podsho o‘z maslahatchisini chaqirib:
– Bilgin-chi, ovqatni nimadan tayyorladi ekan. Yur­timizga borganda biz ham ularni siylashimiz kerak, – deb topshiriq beribdi.
Maslahatchi taomning tarkibini tezda aniqlab, Oliy Hazratlariga hisobot beribdi:
– Janobi Oliylari, bi­lasizmi tamaddi qilgan ovqatimiz… – deb qulog‘iga nimalarnidir shivirlabdi…
O‘z navbatida dong‘i olamga ketgan shoh hali u darajada taraqqiy etmagan, o‘zi yaqinda mehmon qilgan podshoning mamlakatiga tashrif buyuribdi. Ulug‘ shoh yurt bilan tanishib, mamlakatning salohiyatini yanada oshirish uchun podshoga maslahatlar beribdi.
Ulug‘ shohni podsho o‘z arkiga mehmondorchilikka aytibdi. Dasturxon atrofida o‘tirgan mehmonlar har xil ichimliklardan iste’mol qilib ovqatni kuta boshlabdi. Toqati toq bo‘lgan podsho, ulug‘ shohning oldida izza bo‘lib, o‘rnidan turib, eshik yoniga borib, maslahatchiga qichqiribdi:
– Yana qancha kutish mumkin, taomni suzmaysizlarmi?
Maslahatchi asta kelib, podshoning qulog‘iga, ov­qat bo‘lmaydi, saroydagi mulozimlardan yigirmatasining kallasini olib ko‘rdik, ularda miya yo‘q, – deb qaltirabdi.
Ikkimiz ham xoxolab kulib yubordik.
– Bizga xizmat, – dedim o‘zimni zo‘rg‘a kulgidan to‘xtatib.
– Issiqxona qurmoqchi edim. Shunga ozroq pishiq g‘isht kerak. Narxini arzonroq qilib bersangiz,– dedi xijolatomuz.
– Sizdek odamga, bepul bersa ham bo‘ladi. Axir prokuror, soliqchi akalarga bitta qo‘ng‘iroq bilan berilayapti-ku. Albatta, bu hojatingizni chiqaraman, – dedim. U sevinchi ichiga sig‘may meni qayta-qayta quchoqlab xonamdan chiqib ketdi.
Hisobotlarni topshirish uchun soliq idorasiga yo‘l oldim. Bu o‘ta salobatli bino temir panjaralar bilan o‘rab olingan. Kiradigan yo‘lakka to‘siq o‘rnatilgan bo‘lib, o‘zingizning kim ekanligingizni tas­diqlovchi hujjat ko‘rsatmasangiz ichkariga qo‘­yish­maydi.
Panjara atrofida odam ko‘p. Tanish hisobchidan ichkariga nega qo‘yishmayapti, deb so‘radim.
– Majlis deyapti. Bir soatdan beri o‘tiribman. Hisobotlarning esa muddati kelib qoldi. Vaqtida top­shirmasangiz jarimaga tortishadi, – dedi to‘plan­gan odamlarga ishora qilib.
Kutishga toqatim yo‘q. Tushdan keyin muovinimni yuboraman, degan o‘y bilan idoraga ketdim.
Avgust quyoshi ayovsiz qizdiradi. Yaxshiyam odamlar sovutgichlarni o‘ylab topishgan. Xonamdagi sovutgich me’yorida ishlashi uchun o‘rtacha issiqlikni 25 darajaga moslab qo‘yaman.
Telefonga ko‘zim tushdi. “Kim bo‘lsa bo‘laversin. Farishtami? Shaytonmi? Farqi yo‘q. Xayolimga nima kelsa aytaveraman. Tez kunda mehnat ta’tiliga ketaman. Keyin Xudo poshsho” deb o‘zimni-o‘zim ovuntirar edim.
Soat uch. Qo‘ng‘iroq ovozidan halovatim yo‘qolib, osoyishtalikdan asar qolmadi. Xayolimga nimalar kel­madi deysiz. Go‘yo kimgadir aytib yuragimni bo‘­sha­tib olishim kerakday go‘shakni oldim.
Jimlik.
“Bugun Senga aytadiganlarim, boshlig‘im haqida bo‘ladi. U mendan uch yoshlar kichik, oldin uning otasi bilan ishlaganman. Biroz qitmirlik va qattiqligini e’tiborga olmasam, meni tushunadigan odam. O‘zini nihoyatda avaylab-asraydi, oliy sifat matolardan kiyim tiktirib, did bilan kiyinadi. Aytishicha, yigirma besh yoshidan boshlab rahbarlik lavozimida ishlab kelayapti. Ish boshqarish sohasida tajribasi katta. Ishlab chiqarish sohasida biron ish qilmoqchi bo‘lsa, o‘n o‘lchab, bir kesadi. Otasining so‘zini doim yodida saqlaydi. “O‘g‘lim, bu mansablik kursisida mix bor. Unga chidagan odam o‘tiradi”, degan o‘gitini menga ham bir necha bor aytgan. O‘zining ta’kidlashicha, ko‘proq mendan maslahat so‘raydi. Nima bo‘lganda ham men bilan o‘ta muloyim, ehtiyotkorona gaplashadi. Ayrim hollarda, ayniqsa soliqqa pul to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomalarini imzo qo‘ydirishga olib kirganimda, menga soliqchiga qaraganday qaraydi. Shu sohada ozmi-ko‘pmi tortishamiz.
Tushlikni ko‘pincha birga qilamiz. Ovqatlanish vaqtida uning gapi ko‘proq ish emas, ayollar haqida bo‘ladi. U go‘zal, dunyoqarashi keng ayollarni yoqtiradi. Qaysi korxonada rahbar bo‘lib ishlagan bo‘lsa, kotibasi o‘ta chiroyli, did bilan kiyinadigan, boshi ochiq ayol bo‘lgan. Buning o‘zgacha zavqi bor, deydi viqor bilan. Kelishgan, xushro‘y ayol yoningda tursa, hamisha o‘zingga oro berishga majbursan. Yaxshi kiyinasan. O‘zingni madaniyatli tutishga o‘rganasan. Mast-alast yurmaysan. Og‘zingdan yomon so‘zlar chiqmaydi. Indallosini aytganda, ziyoli janobga aylanasan. Bu o‘gitlarni marhum ustozim Beknazar Bek aka o‘rgatgan. U kishining aytishicha, yosh, go‘zal ayolga keksa odam uylansa, yosharib, umriga umr qo‘shilar ekan. Bu holatni o‘zim ham hayotda kuzatganman. Beknazar Bek aka, xotini o‘lgach, sakson to‘rt yoshida yosh juvonga uylanib yana o‘n yil umr ko‘rganlar. Saksonboy, To‘qsonboy degan farzandlar ko‘rdilar.
Suhbatni boshqa tomonga buraman. Soliq soha­sida islohotlar bo‘layotganini, tashkilotlar uchun so­liq yukining kamayishi evaziga iqtisod qilin­gan mablag‘lardan korxonaning ishlab chiqarish sa­lo­hiyatini oshirish, ishchi-xizmatchilarning mehnat ha­­qini ko‘paytirish, iqtisodiy holatni tiklashda qo‘­­shimcha manba sifatida katta ishlar qilish mum­kinli­gini tushuntiraman.
– Qo‘ying shu solig‘ingizni! Soliq desangiz qon bosimim oshadi: hammasi qog‘ozda yozilgan, amalda esa eski hammom, eski tegirmon. Guldir gup…
Bilmadim, hali-beri korxonaning foydasini ko‘rmasam kerak. Ana shu, tashkilotni qaritadi. Oyoq­lantirmaydi. Bilganimda boshqacha ishlagan bo‘­lar edim. Xuddi chet ellardagiday.
Endi boshliq umuman boshqa odamga aylangan, hozirgina go‘zal ayollar haqida shirin-shakar so‘zlar aytib o‘tirgan odamga umuman o‘xshamas edi.
– O‘rtoq iqtisodchi, bu gaplardan chalg‘ib dam olishni ham bilish kerak. Yashash kerak, demoqchiman. Bugunga yetadi, tushligimiz tugadi, – deb o‘z xonasiga ketdi.
Ha, soat ham chiqillab yurib turibdi. Har kim o‘z bilganini o‘qiydi. Mening bilganlarim ishga kelish, uyga borish, oila degan aravani yurgizish, ro‘zg‘orning g‘orini to‘ldirish… yana nima ham qo‘limdan keladi. Menda sarmoya yo‘q. Iqtidorim shunaqa, mayda tashvishlar bilan chegaralangan.
Xuddi boshqa qiladigan ishim yo‘qday soat uchni poylab kunim o‘tayapti, ming afsus. Bu holat yana qancha davom etar ekan-a, deyman o‘zimcha.
Xonamda kun bo‘yi qamalib olib, xuddi berilib ishlaydigan jonkuyar odamday o‘zimni o‘zim aldab yashaganimni o‘ylasam, qanchalar nochor ekanligimni anglab ezilaman. Xo‘sh, dodingni kimga aytasan? Eshitadigan, seni tushunadigan, xom g‘oyalaringga quloq soladigan jonzot bormi?
Ana, jim tinglaydigan go‘shak bor, soat uch…
Sarmoya…
“Xususiy mulki bo‘lmagan fuqaro bevatandir”, deganda haq ekan bir faylasuf. Bizning sarmoyadorlar qanday odamlar? Ularda o‘zlari ham sez­ma­gan­ga olib turadigan illat bor. Bu illat sar­moyadorlarning bir-birini tan olmasligi. Korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning ish faoliyatini qadrlamasligi. Arzimagan ish haqi belgilab, boqimanda soliqlardan qochish, sababi – ish haqini oshirsa, soliq to‘lovlari ham oshar emish.
Uzoqni ko‘rmaydigan, kun o‘tishi hisobiga yashayotgan kichik-kichik mulk egalari yildan-yilga tugab, ishsizlar soni oshsa-oshdiki, kamaymadi. Natijada kichik korxonalar o‘rtasida moliyaviy tanazzul vujudga keldi.
Bu illat nafaqat sarmoyadorlarda, balki barchamizning qo­nimizda bor. U olimmi, faylasufmi, shoirmi, yozuvchimi yoki rahbarmi, oddiy ishchi-xodimmi – bir-birini tan olmaydi, hamma o‘zicha zo‘r. Taraqqiyot esa oldinga qarab ketayapti. Boshliq yaponlardan qayerimiz kam, degan bilan o‘zining so‘ziga amal qil­maydi. Unda Vatan, xalq uchun qayg‘urish tuyg‘usi so‘ngan, bu illat farzandlariga ham o‘tib bo‘lgan. U o‘zi chiq­qan tepani o‘ylaydi. Davlatga iloji boricha soliq to‘lamaslik yo‘llarini axtaradi.
“Nega bizning mulkdorlar yaponlarning boylariday emas?!” – deb o‘ylayman hamisha. O‘z tashkilotining iqtisodiy taraqqiyot darajasini ko‘tarish uchun yapon mulkdorlari o‘zida mavjud sarmoyani sarflab soliqqa tushadigan daromadni yashirmay davlat xazinasini boyitadi. Bizda-chi, mana, o‘ttiz besh yildirki, iqtisod sohasida ishlayman. Tajribamdan kelib chi­qib aytamanki, men bilan ishlagan rahbarlar iloji boricha soliq to‘lovidan qochish yo‘llarini axtargan. Bu davosi topilmaydigan dard xo‘jaliklarni in­qirozga yetaklovchi omillardan biridir.
Bir-birini aldash, g‘ayirlik, dimog‘dorlik. Men sendan kammi qabilida ish yuritib, o‘zaro nizo­lar­ni avj oldirishadi, rivojlanish o‘rniga ichki zid­diyatlar oqibatida korxonalar tugatiladi.
Men go‘shakka to‘xtovsiz so‘zlardim. Bu mantiqsiz harakatim o‘zimga juda yoqardi. Kimdir eshitayotibdi-ku, xuddi dardini quduqqa aytayotganday, go‘yo aytmasam yorilib ketaman chog‘i, to‘xtovsiz so‘zlardim. Keyin vahimaga tushib, quduqdan qamish o‘sib chiqsa-chi, deb o‘ylardim. Nima bo‘pti?! Kimdir qamishdan nay yasab chalsa – chalar. O‘zi Iskandarning haqiqatan ham shoxi bo‘lganmi?!…
Kul, hech bo‘lmasa kulgingni eshitay. Yo menga rah­ming kelib yig‘layapsanmi?!
Yig‘la, to‘yib-to‘yib yig‘la, yig‘ingni eshitay!
Qanday bo‘lsa ham ovoz ber, shovvoz!
Dud-dud, dud…
Soat to‘rt. To‘rt bo‘lmay ket, soatga nafrat bilan qarayman. Hammasiga to‘xtovsiz «chiq, chiq, chiq…» etayotgan soat aybdor.
Yana, «chiq, chiq, chiq…» Qayoqqa chiqay?! Qayoqqa boray?! Boshimni qaysi devorga uray? Go‘shakdagi sukunatdan ko‘ra soatning bir me’yorda erinmay o‘z tilida kishilarni ogohlantirishi, vaqt g‘animat ekanligini eslatib turishi real voqea-ku. Hayotimda kechayotgan bir xillik, osoyishtalik, har narsaga ko‘nikish meni o‘z domiga olayotgan edi.
Odam ham shunchalik mute’ bo‘ladimi? O‘z haq-huquqini talab qilish shunchalik qiyinmi? Nega bunchalik manqurt, mijg‘ovsan! Qayerdan yuqtirding bu g‘a­royib fe’lni. Kunim o‘tsa bo‘ldi qabilida yashashdan charchadingmi?! Bola-chaqaning tinchi deb yana qancha yillar shu turmushning shu botqog‘ida yashaysan! Yonginangda noningni tuya qilayotgan, qo‘sha-qo‘sha mashina, koshona hovlilar, yetti pushtiga yetadigan boylikni ko‘z-ko‘z qilayotgan, nomiga bo‘lsa ham, qolgan suyakni xayriya deb nogironlarga tarqatayotgan boyvachchalarning te­girmoniga yana necha yil suv quyasan? O‘lguningcha quyasan. Ular sendan ustalik bilan foydalanishadi. To‘kin yashashni orzu qilmaganmiding?! Yillar o‘tishi bilan qora ishchiga aylanding.
Nahotki boy-badavlat yashash uchun odamzot insof, diyonat, ishonch, muhabbat, e’tiqod degan tuyg‘ulardan kechib, so‘ng davlatga erishsa?! Yo bu insonlarga xos qismatmi?! Balkim men orzu qilgan boylik hech vaqoga arzimas. Arzimasa nega bu nokas boylar har doim uyning to‘rida, oshig‘i olchi, mansabi, martabasi yuqori?!
Shoirning she’ri yodimga tushdi:

Qandayin gunohim bor edi, Xudo,
Rozi edim bandi bo‘lsam zindonga.
Rozi edim jondin bo‘lsamda judo,
Muhtoj qilib qo‘yding meni nodonga!

Qandayin gunohim bor edi, Alloh,
Lozimmidi yovga yo bosh egishim?!
Kurash maydonida pand berdi, evoh,
Xoin bo‘lib chiqdi ishongan kishim!

Qayoqqadir ketishim kerak. O‘zim bu hisni to‘liq anglab yetmagan bo‘lsam-da, vujudimda hukm surayotgan tushkunlik, ishlarimdan qoniqmasligim meni noma’lum tomonlarga ketishga undardi.
Ishxonaga kelib mehnat ta’tiliga chiqish uchun ariza yozdim. Hali imzo qo‘ydirishga ulgurmagan ham edimki, xonamga ikki kishi kirib keldi. Hujjatlarini ko‘rsatib, o‘zlarini tanishtirishdi.
– Sizlarning tashkilotingiz rejali tekshiruv­ga tushgan. Mana buyruq, bu ish rejamiz, – deb qog‘ozlarini ko‘rsatdi. Ular soliq idorasidan bo‘lib, korxonaning ikki yillik moliyaviy faoliyatini va ishlab chiqarish samaradorligini taftish qilishga kelganini aytishdi.
– Boshliq hozir yo‘q ekan. Biz hujjatlar bo‘yicha asosan siz bilan ishlaymiz. Shuning uchun ishni sizdan boshlaganimiz ma’qul, – dedi gavdali, formasi o‘ziga yarashib turgan soliq xodimi.
– Yaxshi, lekin korxona rahbarini ogohlantirib ish boshlashingiz kerak, – dedim xotirjam.
– Mayli, kutamiz, – deyishdi. – Biz ungacha g‘azna, omborxona va boshqa moddiy boyliklar saqlanadigan joylarga sizning ishtirokingizda nazorat belgisi qo‘yib chiqamiz.
Men endi gapirishga og‘iz juftlayotgan edim, bosh­liq shoshib xonamga kirib keldi.
Ular bilan xuddi qadrdonlarday salomlashib, o‘z xonasiga olib kirib ketdi.
Bir soatdan ko‘p vaqt o‘tdi. Ular nimani so‘zla­shishdi, menga qorong‘u. Nihoyat kotiba boshliq chaqi­rayotganini aytdi.
Soliqchilar rejali tekshiruvni hujjatlar asosida boshlashni aytishdi. Ularga alohida xona ajratib, tashkilotga aloqador ikki yillik hisobot huj­jatlarini olib borib berdim.
Xonamda yolg‘izman. Bunaqa tekshiruvlarni ish tajribamda ko‘p ko‘rganman. Ularning qanday tekshiruv olib borishini yaxshi bilaman. Nomiga hujjatlarni oldiga yig‘ib olib, aslida omborxonadan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tannarxidan xatolar axtaradi. O‘zlariga tegishli ulushni “halollab” olishga urinishadi. Korxonamizning yigirma besh foiz ulushi davlatga tegishli. Aktsiyalarning harakati, dvidendlarning taqsimlanishini nazorat qilish bo‘yicha davlat mulkini nazorat qilish organidan ham tekshiruvchi keldi.
Mehnat ta’tilim kechikadigan bo‘ldi. Xizmat vazifalarini bajarish bilan ovora bo‘lib soat uch bo‘l­ganini sezmay qolibman. Nazoratchilardan menga bir soat xalaqit qilmasliklarini iltimos qilib xonamga kirdim. Eshikni ichidan qulflab qo‘ng‘iroqni kuta boshladim.
Mening ichki vaziyatimda qanchalik bezovtalik bo‘l­­masin tashqi ko‘rinishimda vazminlik, ishonch, qat­’­iyat hukmron edi. O‘zimga o‘zim dalda berib, hayot­ning bu g‘aroyib o‘yini har kimga ham nasib etavermasligi haqida o‘ylar, bu sinov Xudoning menga yuborgan karomati deb ishonardim. Bu g‘ayritabiiy jarayonning nima bilan tugashini Xudodan sabr tilab kutardim. Telefon qo‘ng‘irog‘i qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday to‘satdan yo‘qoladi, deb o‘zimni o‘zim ishontirar edim. Yana shuni o‘ylardimki, agar qo‘ng‘iroq to‘satdan yo‘qolib qolsa nima qilaman, qancha kunlar­dan beri sas chiqarmay tinglayotgan bu quloqning ma’lum vaqtdagina meni suhbatga chorlashiga o‘rganib qol­gan edim. Nazarimda soat uchda bo‘ladigan qo‘ng‘iroq uchun yashayapmanu hayotimning shu bir soati asrlarga tatigulik davrni eslatardi.
– Allo…
– …
– Assalomu alaykum, – deya salom berdim mulo­yim ohangda.
“Ta’tilga chiqish kechiktirildi. Rejali tekshiruv tugagandan keyin, nasib bo‘lsa, dam olishga ketaman. Ungacha, ehtimol, biror mo‘jiza ro‘y berib sen bilan biron joyda uchrashib qolarmiz.
Hayotda nimalar bo‘lmaydi? Bu sir-asrorga to‘­la olamda qiziq-qiziq voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Ko‘rinmas odamlar, uchar tarelkalar, boshqa sayyoraliklar, ruhlar, ajinalar kimlarningdir ko‘ziga ko‘ringan-ku?! Bu haqiqatdan hech bir kimsa ko‘z yumolmaydi. Sen ham shular shajarasiga mansub g‘oyibdan ko‘ruvchi, oldindan shu qisqa hayotimiz haqida bashoratlar aytuvchi Allohning mo‘jizasi bo‘lsang, ajab emas. Nima bo‘lganda ham, men senga juda o‘rganib qoldim. Shu yoshgacha o‘zimga bir dardkash axtardim. Endi adashmasam, topdim. To‘g‘ri, do‘stlarim orasida shoir Elyor alohida mavqega ega. Unga ishonib dilimdagi bor gaplarimni ayta olaman. Nima uchundir sen juda boshqacha chiqding, xuddi ilhom manbaidaysan.
Senga ko‘nglimda gazak olib yotgan, tuzatib bo‘l­maydigan, xom-xatala, pishmagan o‘ylarimni ham aytaveraman. Yurakning tub-tubida, hali biron kimsaga aytmagan ancha-muncha so‘zlarim bor. Yaxshiyamki, Xudo­yim menga sendek noyob hamrozni ato etdi.
Mening atrofimda yashayotgan odamlarga e’tirozim nihoyatda katta. Qalbimning eng to‘rida yotgan, qancha davrlardan beri tinchlik bermayotgan, meni azob girdobiga tortayotgan, to‘g‘risi, erkinligimga rahna solayotgan bu og‘ir ko‘tarib bo‘lmaydigan tosh men tengi katta-kichik zamondoshlarimning ham yelkasida yuk bo‘lib yotibdi. Bunaqa hayot yukini sezmaganlari esa, bir-birini aldash, hasad qilish, qanday yo‘llar bilan bo‘lsa-da, yuqori martabaga ko‘tarilish, boylik orttirish, boyligini ko‘z-ko‘z qilish uchun xayriyalar tarqatish, nogironlar qornini to‘yg‘azish evaziga oxiratlarining obod bo‘lishiga erishish niqobida yashayapti. Asl basharalarini ko‘rsatishmaydi. Qadimiy rivoyatlarda aytilishicha, diniy ta’limotlarni mukammal o‘rgangan bir shayx, ulamolar va odamlarni to‘plab:
– Xo‘sh, nima uchun Xudoga ibodat qilasizlar? – deb savol beribdi. Gunohkor bandalar:
– Alloh bizning gunohlarimizni afv qi­lishini so‘rab iltijo qilamiz, – deyishsa, gunoh qil­maganlari:
– Oxiratlarimizni obod qilish uchun, – deyishgan ekan.
Shunda Shayx yana so‘rabdi:
– Sizlar Xudoga ro‘para bo‘lishni xohlaysiz­larmi?.
– Qanday qilib? – deyishibdi ular.
– Allohga yuz tutish uchun ikki qadam qo‘yish kerak… Birinchi qadam dunyodan (mol-boylikdan) voz kechish, ikkinchi qadam oxiratdan voz kechish, – deganida boshqa, Shayxu ulamolar g‘azablanib dunyodan voz kechishni tushunsa bo‘ladi. Lekin oxiratdan nega voz kechish kerak, deb uni o‘rtaga olishibdi. Shayx ularga tik qarab:
– Ko‘rdinglarmi, gunohkor olomon bu himmatni anglamadi. Siz ahli islom ulamolari Xudoga yuz tutadigan odam emassizlar. Sizlar oxiratlaringizni o‘ylab bu dunyoni tark etgandan keyin jannatdan joy olish uchun toat-ibodat qilgansizlar. Yuraklaring to‘rida u dunyoning manfaati yotibdi. Xudo uchun, Xudo yo‘liga deb xalqni aldaysizlar. Bu qilayotgan ibodatlaring yolg‘ondir, – degan.
Shayxu ulamolar ulug‘ Shayxni shakkoklikda ayb­lab, uning o‘limiga fatvo bergan. Ko‘pgina kishilar ko‘ng­lini yolg‘on taskinlarga to‘ldirib, o‘zlarini-o‘zlari aldab yashayaptilar. Bu azaldan bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi, deyishadi jo‘r bo‘lishib.
Dunyoga keldingmi, iymon-e’tiqodingni butun qi­lish uchun tavba qil! Tavbangni Tangri qabul qiladi. Gunohlaringni (to‘xtovsiz gunoh qilaver-da) kechiradi.
Komil insonni yetishtirishga ko‘p urinishdi, lekin chiqmadi. Nega komil inson chiqmayapti, deb bong urishadi. Qayerda xatoga yo‘l qo‘yayapmiz, deyishadi. Bandasi takror-takror xatoga yo‘l qo‘yaveradi.
Davralarda ulamolarni eslashib qani endi ulug‘ shaxslarimiz yana ko‘proq bo‘lsa edi deyishadi, kuyunishadi.
Lekin ularning ta’limotlariga zarracha ham amal qilishmaydi.
Allohga yuz tutish uchun ikki qadam u yoqda tursin, yarim qadam ham tashlamaydilar.
Bo‘rttirib-bo‘rttirib ular haqida rivoyatlarni bichib-to‘qishadi. Go‘yo ular shunga muhtojday. Yana komil inson haqida o‘ylay boshlashadi.
Ko‘p va uzoq o‘ylayman… Shu oqimga kirib cho‘kib ketaymi bo‘lmasa?! Millionlab odamlar tuppa-tuzuk cho‘kib-botib, ko‘rinib-ko‘rinmay yuribdi-ku. Sen ham shularning birisan-da. Zamondan chiqib qayoqqa borasan. Bu holatdan faqat tarki dunyo qilib qutulish mumkin. O‘zingni o‘zing ko‘p qiynama. Shunchalar ham noshud bo‘lasanmi, jon shunchalar shirinmi?! Shayton butun vujudingni egallab olibdi-ku! Undan qu­tulish yo‘llarini bobokalonlarimiz takror-takror aytishgan-ku. Shunga ham bardoshing yetmaydimi?! O‘zi bardosh bormi?! Qayerdan keluvding, qayerga ketayapsan?! Dunyoni rasvo qilib ketayapsan-ku!
Aybim shu jamiyatda yashashimmi?! Nega endi bu dunyoga kelganim uchun aybdor bo‘lishim kerak. Qancha-qan­cha ulug‘ ishlar bo‘layapti. Shaharlar ko‘rkamlashti­ril­­moq­­da, yangi shaharlar bunyod etilmoqda. Alloma­larning maq­baralarini qayta tiklash, taraqqiyot, tex­­­nika, sa­molyot­lar, koinotni o‘rganish, o‘zga sayyoralarni topish – bularning hammasini mening zamon­doshim qi­layap­­ti-ku! Nega ko‘z yumishim kerak bu ta­raq­qiyotdan. Bo­bola­rim bu mo‘jizalarni ko‘rganda al­­batta:
“Barakalla, bolam, omadlaringni Xudo beribdi. Xudoning sevgan bandalarisiz”, – degan bo‘lar edi. Insonning ichki qiyofasi-chi, o‘zgardimi? Xudbinlikdan chekindimi? Million yil oldin yashagan odam bilan hozir yashayotgan odam orasidagi ichki o‘xshashlik qay darajada? O‘zgarganmi?
“Yaxshilik qancha targ‘ib qilingani bilan, yomonlik uning aksiday kengroq quloch kermoqda. Shu nafs balosi bor ekan, bu illatdan odam bolasi qutula olmaydi. Insonning qiziqishini yaxshi tomonga yo‘­naltirish uchun nima qilish kerak? Jamiyatni nima boshqarayapti? Izla, bularning javobi bor. Har doim bo‘lgan. Faqat sening hissiz yuraging, kar qulog‘ing, ko‘r ko‘zing ko‘rmayapti buni…”
Dud, dud, dud…
Soat to‘rt.
Behol bo‘lib qancha o‘tirganimni bilmayman. Shu o‘tirishda oromkursida qotib uxlab qolibman.
Uyg‘onganimda vaqt allamahal bo‘lgan chog‘i, tash­qari qorong‘u edi. Xonamdan chiqdim. Idorada qoro­vuldan boshqa hech kim yo‘q. Soat kech to‘qqizlar chamasi.
Korxonamiz shaharning janubiy chekkasida joylashgan, katta yo‘l yoqalab asta uyga jo‘nadim. Atrofimdan g‘iz-g‘iz o‘tayotgan turli markadagi yengil mashinalarning chiroqlari ko‘zni qamashtiradi.
Xayol bilan bo‘lib, shahar markaziga yetganimni sezmay ham qoldim.
Tungi shahar. Xuddi bayramlardagidek o‘chib-yonuv­chi yoritgichlar bilan bezatilgan. Yo‘l bo‘ylab tizilib ketgan qator chiroqlar o‘zining chiroyini ko‘z-ko‘z qilib, shaharga yanada salobat, fayz berishi bilan birga, ko‘chani xuddi kunduzgiday charog‘on qilib ko‘rsatadi.
Shu kunlarda shahar tanib bo‘lmas darajada o‘z­gargan edi. Shaharning qoq o‘rtasidan o‘tadigan keng ko‘cha bo‘ylab eski shaharga borar ekanman, bundan besh-olti soat avval go‘shakka aytgan so‘zlarimni batamom unutgan edim.
Osmondagi yulduzlar yonib-o‘chayotgan chiroqlar bilan ko‘z qisishayotganday goh xira, goh charog‘on nurlarini taratar edi.
Yo‘lkada piyodalar siyrak ko‘rinadi. Bu tun­gi sayrning rohatbaxsh ozuqasidan to‘yib-to‘yib hu­zur­lanaman. Shaharning tungi manzarasiga mahliyo bo‘lib, Odina masjidiga yetib keldim. Bobolarimiz mehnatiga qancha tahsinlar aytsak oz. Odina masjidi yoritqichlar qurshovida moviy osmonga uchayotgan g‘aroyib yarim sharni eslatadi.
Masjid ustida to‘lin oy, bor yog‘dusini to‘kib, uni qayoqlargadir olib ketayotgan yo‘ldoshday fazoga chorlardi.
Qadim Nasaf. Bu shahar X-XII asrlarda jahonning eng yirik shaharlari qatorida turgan.
Madinai munavvara, Bag‘dod, Isfahon, Nishopur, Marv, Buxoro, Samarqand, Nasaf…
Nasafning bu qutlug‘ shaharlar safiga qo‘shi­li­shi, dovrug‘ining olamga yoyilishida shu sha­harda tug‘ilgan, islom madaniyatining shuhratiga shuh­rat qo‘shgan olimu ulamolarning hissasi katta.
Uzoq o‘tmishni yodga soluvchi bu ziyoratgoh shahar, ne-ne bo‘hronlar, qancha-qancha urushlar, qirg‘inlar, vay­ronagarchiliklar, zilzilalarning shohidi bo‘ldi. Buzildi, qayta tiklandi, yana buzildi… Sobiq Sho‘­ro­lar davrida Odina masjidi jinoyatchilar uchun hibsxonaga aylantirildi…

* * *
Ertalab, ishga kelgach, turli o‘ylar girdobida parishon o‘tirar ekanman, telefon jiringladi. Soatga qaradim. Soat o‘n bir.
Go‘shakni oldim.
– Allo?!
– Assalomu alaykum, Erqor aka, – degan ovoz eshitildi go‘shakdan.
– Ha, shoirim, bormisiz? Nega uzoq jim bo‘lib ketdingiz?
– Poytaxtdaman. Bir olam yangilik, yaqinda boraman, gaplashamiz. Yangamga, jiyanlarga, do‘stlarga salom ayting.
– Xo‘p, o‘zingiz ham sog‘ bo‘ling, Elyorjon! – dedim-da, go‘shakni qo‘ydim.
Yana ish. Taftishchilarga arzimagan kamchiliklarni tushuntirish, ularni tushlikka olib chiqib, mehmon qilish, shunga o‘xshash kunlik tashvishlar mening zimmamda. Soat uchga yaqinlashgan sayin o‘zimni noqulay his eta boshlayman. Mehmonlardan uzr so‘rab, xonamga kirdim. Eshikni bekitib, qo‘ng‘iroqni kutdim. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim.
– Omonmilar, mening farishtaginam!
Bugun nima uchun men boy emasligim va bo‘la olmasligim to‘g‘risida gapirmoqchiman. Bilaman, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga sarmoyam yo‘q. Yollanib ishlayman. Hali kosam oqarmadi, sochim oqardi. Xudoyim yana qancha umr bergani O‘ziga ayon. Yomon yashamayman. Yaxshi ham emas, o‘rtacha, odamlar orasida bir gap bor-ku: “Qoziqning boshi ham, uchi ham bo‘lma. Boshi bo‘lsang gurzi yeysan, uchi bo‘lsang, yerga kirasan. O‘rtasi bo‘l”. Qoziqning o‘rtasi, qoziqning boshi yerga kirguncha, to biron bolta kelib endi kerak emassan, deb yorib tashlaguncha yashayveradi…
Ehtimol, mening peshonamga qoziqning o‘rtasi bo‘lish yozilgandir. Boy bo‘lish ayb emas. Men o‘ttiz besh yildan beri ter to‘kaman. Boy bo‘la olmayman. Boy bo‘lishning o‘z sirlari bo‘lsa kerak. Boylar bu haqda lom-mim deyishmaydi. Bir tanishim bor, yaxshisi shu odam haqida so‘zlab beray. Ismi Mardon. Biron bir davlat idorasida ishlamaydi. Dang‘illama hovlilaridan o‘n­tasini bilaman. Ukasining, jiyanining, bolalarining nomiga qurib tashlagan. Mashinasini har oy almashtiradi. Aytishicha, “biznes” bilan shug‘ullanadi. Do‘konlarga har xil spirtli ichimliklar tarqatadi. Iqtisodiy ahvoli taranglashganda, oldimga maslahat olgani keladi. Albata quruq qo‘l bilan emas, to‘lib-toshib, bir oyga yetadigan oziq-ovqatni ustalik bilan yo‘lini qilib ro‘zg‘orimga tashlab ketadi. Rafiqam, ro‘zg‘orda kamchilik ko‘payaversa, anavi “biznesmen” jo‘rangiz ko‘rinmay qoldi, ishlari yaxshimi deyman, deb menga shama qiladi.
Bir kuni shu “jo‘ram” dardini to‘kib soldi. Anchagina kayfi bor. Menga juda ishonishini, agar ruxsat bersam, chala turgan hovlini tez kunda bitkazishini, unga juda yoqishimni, mening maslahatlarim bois ko‘p yutuqlarga erishayotganini aytib, balandparvoz gaplar qildi. Keyin sekin qulog‘imga shivirlab: «Yana bitta aroq tsexi ochdim, mana besh yildirki, dala hovlim yerto‘lasida o‘g‘illarim bilan aroq tayyorlaymiz. Kechasi ishlaymiz. Men bilaman bu boyliklar qayerdan kelayotganini. To‘g‘risi, yomon yashamaysanu boy bo‘lish qiyin. Mahallaga katta machit qurib berdim. Davlatimga davlat qo‘shilishini so‘rab, haqqimga duo qilishayapti. Har oy ularni chaqirib xudoyi qilib beraman. Chiqim ham qilish kerak-da. Kecha mehribonlik uyiga ikkita rangli televizor, ikkita sovutgich hadya qildim. Nasib bo‘lsa yilning oxirida bitta «Damas» mashinasi olib beraman. Bu ishni hozir amalga oshirishga kuchim yetadi. Ba’zi odamlar ko‘rolmaydimi, ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib yoki yumaloq xat yozib, jig‘imga tegishadi. “Borni ko‘rolmaydi, yo‘qqa berolmaydi”. Bunaqalar ham anchagina. U kuni ustingizdan shikoyat tushgan deb rosa titkilashdi. Aroq ishlab chiqaradigan tsexla­rim shahardan tashqarida. Uni o‘zim, o‘g‘illarim biladi. Baribir, mehmon qilib, sovg‘a-salom bilan jo‘­natdim…”
– O‘chirasanmi, yo‘qmi ovozingni?! – baqirdim fi­g‘onim oshib. Yo‘qol! Ablah! Ikkinchi qorangni ko‘r­may! Ahmoq. Lo‘ttiboz!!!
Ovozim baland chiqayotganini eshitib o‘g‘lim chopib keldi.
– Olib chiqib tashla bu itni,– dedim hansirab.
O‘g‘lim Mardonni qo‘lidan ushlab olib chiqib ketdi.
Bu men bilgan manzaralarning ena kichkinasi. Boylik izidan quvib, ne-ne rasvo ishlar bilan shu­g‘ullanib yurgan kaslar ozmi?! Qaysi shaharga borma – tiqilib yotibdi. Ularning qarmog‘iga ilinayotgan yosh-yosh qizlar kammi… Taqinchog‘u sovg‘alarga o‘ch bo‘lgan qiz-juvonlar maishat botqog‘iga botmoqdalar.
Ey, go‘shak, senga aytayapman. Bu behayo kinolar yosh­larni qayoqqa boshlayapti? Hammaning ham bardoshi bir xil emas-ku. O‘zini tiya biladiganlari ham bor. Lekin bu illat bolalagandan bolalab, muhitni buzayapti. Uning oldini olish yo‘lini qancha izlama, to‘xtatishning hech iloji yo‘q. Mamlakatga yashirin yo‘l­lar bilan kirib kelayotgan yalang‘och, behayo rasmlar va kasetalar oqimini kim to‘xtata oladi?! De Sadning rasvolarcha yozilgan kitobini o‘qiyotgan odamlar hayot to‘g‘risida nimalarni o‘ylayapti? Yoki bu o‘tish davrimi? Inson zotiga to‘g‘ri kelmaydigan bu johillikni insoniyat boshidan kechirishi kerakmi?!
Bir paytlar buyuk hind yozuvchisi: “Ey Alloh, hech qachon Hindistonga Mopassan kelmasin”, deb iltijo qilgan ekan.
“O‘g‘il bolani ko‘p pul, qiz bolani kam pul izdan chiqaradi”, degani rost. Tarbiya qachon buzilgan? Boy bo‘lgin-da, muhitni istaganingcha buzaver, degani emas-ku?! Bu kasalliklarni davolashning iloji bormi?! Iloji bo‘lsa nimani kutayapmiz?!”
Dud, dud, dud…

Sukunat. Boshim qizib ketdi. Soat millari to‘rt­ni ko‘rsatmoqda. Hech kim bilan xayrlashmay uyga jo‘­nadim.
Nega men go‘shakni olganda faqat qora dog‘larni ko‘rayapman? Xayolimda oldingiday mavj uruvchi sof, toza fikrlar o‘rniga hayot oqimi nuqul illatlardan iboratday tuyulayapti. O‘zi kimman? Bu dunyoga nimaga keldim? Yorug‘ dunyoga kelishim mening ixtiyorimda edimi? Vujudimni qamrab olayotgan, menga tahdid solayotgan vahimalar qayoqdan kelayapti? Endi nimalarnidir anglab yeta boshlaganimda yorug‘ olamdan nechun ko‘z yumishim kerak? Nima uchun had-hududsiz koinot tizimida, hech qanday qadriyatlarga ega bo‘lmay, tasodiflarga to‘la hayotning oddiy o‘yinchog‘iga aylanib qolishim, umrimning samarasiz o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yib berishim kerak?!
Nega?!…
Shuncha yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan mendek odam ham bu savollarga javob topishga qiynalar edim. Yuk juda-juda og‘ir, uni ko‘tarishga ilm yetishmasdi. Ilm bo‘lganda ham botiniy ilm yuq . Yer yuzida hozirgi kun ma’lumotlariga ko‘ra yetti milliard odam yashashini inobatga olsak, shu odamlar yana yuz yildan keyin nom-nishonsiz tuproqqa qorishib yo‘q bo‘lib ketishini, ulardan sanoqligina nomlar, ya’ni taraqqiyotga hissa qo‘shgan (olimlar, ixtirochilar, shoirlar, yozuvchilar, rassomlar va h.) larning nomlari qolishini eslasam, o‘shalarning biri-da men ham, nom-nishonsizlar safida yo‘q bo‘lib ketaman derdim. O‘rnimizga xuddi bizlarga o‘xshagan yana to‘qqiz milliard odam qaytadan dunyoga kelib, borliqda bu holat necha bor takrorlanishi ajablanarli. Bundan dunyoga nima foyda?!
Ey, tinchgina o‘z oilang bag‘rida, oynai jahonda har xil seriallarni ko‘rib, halol-pokiza yashayotgan eding-ku. Qayt shu hayotga…
Eh, tezroq taftishchilar ishini tugatsalar edi. Biroz dam olgan bo‘lardim. Butun tanam, asablarim zo‘riqqandan zo‘riqayapti…

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 10-son