yoxud tortmalarda qolgan nomalar
Bu dunyoda kimgadir ikki enlik maktub yozmagan yoki kimdandir noma olmagan kishini topish qiyin bo‘lsa kerak. Yozuv insoniyat o‘ylab topgan eng buyuk ixtiro ekan, undan umri davomida hamma ham, albatta, foydalanadi. O‘n to‘qqizinchi asrda Yevropada maktub shaklida ijod qilish urf bo‘lgan.
Behbudiy o‘zining “Xat yozmoq shartlari” maqolasida badiiy asar yozishda bo‘lgani kabi, xat yozishda ham ma’lum qoida va shartlarga amal qilmoqlik lozimligini uqdiradi: “Xat borib tegadurgon odamni mulohaza qilib, oni fahm va bilishig‘a muvofiq yozmoq lozim. Xatni kamso‘z, ser’mano yozmoq kerak. G‘azab va xafalik va yo nihoyat xursand va behushlik vaqtinda xat yozmay, holoti daraji e’tidolg‘a kelganda maktub yozmoq avlodur”.
G‘aybulla as-Salom va Saydi Umirovning “Tolibnoma” kitobida quyidagilarni o‘qiymiz: “Maktubnavislik o‘zi bir san’at. Insho, munshaot ham ijod. Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoiylarning bir-birlariga va boshqa aziz insonlarga yozgan maktublari nihoyatda nozik va zarif, nuqtadonlik va mehribonlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan. Biz bu singari insonlardan ular yozib qoldirgan benihoya go‘zal badiiy asarlari uchungina emas, balki bir-birlariga yozgan noma’i a’mol hamda xatlari, bularni jamlab borganlari va maxsus majmua holiga keltirib, biz avlodlarga tuhfa etib qoldirganlari uchun ham toabad minnatdor bo‘lishimiz darkor. Sababi, yuksak badiiy ijod sohiblari xatda yozib bo‘ladiganlarni boshqa biron vosita bilan ayta olmas edilar. Holbuki, ijod qanchalik ijod bo‘lsa, ijodning sirlari, ijodxona mo‘jizalari, iqror va inkor, tasdiq va raddiya, muhabbat va nafrat… bularning bari, aksariyat, shu xatlarning qatiga bitilgan bo‘ladi”.
Mutaxassislar epistolyar janr mahsuli bo‘lmish yozishmalarni taniqli siyosatdonlar, jamoat arboblariga ochiq xat tarzida yozilgan murojaatlar, ijtimoiy yukli tanqidiy-tahliliy maktublar, jamiyat hayotiga oid biror muammo, holat yoki biror xavf-xatardan ogoh bo‘lishlik yuzasidan shaxsiy, ammo ochiq, kuyunchak mushohadalar, talabnoma, raddiya va ishqiy nomalarga bo‘lishadi. Bundan tashqari, jahon adabiyotida, shuningdek, o‘zbek adabiyotida ham maktub shaklida yozilgan, qahramonlarning bir-birlariga dil izhorlari asosida bitilgan asarlar bag‘oyat ko‘p.
Alisher Navoiy o‘zining Samarqand, Astrobod va boshqa shaharlarda turib, turli kishilarga yo‘llagan maktublarini to‘plab, “Munshaot” nomi bilan chop ettirgani ma’lum. Tadqiqotchi H.To‘rayevning yozishicha, Xo‘ja Ahror, Abdurahmon Jomiy, Alouddin Attor kabi zamon ulug‘larining Alisher Navoiyga yozgan maktublaridan iborat jami 594 ta maktubni o‘z ichiga olgan “Majmuai muraqqa’” (“Majmuai murosalot”) ham mavjud. Unga kiritilgan Abdurahmon Jomiyning ikkita maktubi matni quyidagicha: “Hojatmandlik bayonidan so‘ng arzimiz shulki, (bu xat) egasi mavlono Luftulloh tolibi ilm, yaxshi va faqir kishidur. Biror iloji bilan uning hojatiga yarasha vaqfdan bahramand qilinsa, shafqat va marhamat shevasiga loyiq bo‘lur edi. Muvaffaqiyat yor bo‘lsin. Vassalom”.
Ikkinchisi: “Hojatmandlik izhoridin so‘ng arzimiz shulki, janob mavlono Alouddin Ali Qushchining ahli oilasi Samarqanddan (Hirotga) yetib keldilar va uning orqasidan bormoqchilar. (Ular) yo‘l nishoniga muhtojdirlar. Sizdan iltimos shulki, inoyat ko‘rsatib, bir harakat qilsangiz, chunki ular tezroq (otalariga) yetib olishni istaydilar. Sizga (Allohning) ko‘magi yor bo‘lsin”[1].
Taniqli olim Ochil Tog‘ayevning fikricha, “Munshaot”ga kiritilgan maktublar “buyuk adibning turli holat va vaziyatlardagi kayfiyatini realistik aks ettirgan noyob tarixiy hujjatlar sifatida ham g‘oyat ahamiyatlidir. Navoiy xatlarida o‘z vatani, xalqi haqidagi g‘amxo‘rlik tuyg‘usi bilan yashagan, xalq ahvolini yaxshilash haqida ko‘p o‘ylagan, o‘z siyosiy tushunchalariga muvofiq amaliy tadbirlar taqdim etgan grajdanin shoirning otashin ovozi eshitiladi”.[2]
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida ishlagan kezlarim gazetaga yo‘llanayotgan ko‘pdan-ko‘p maktublarni o‘qib, turli holatdagi mualliflarning og‘riqli ovozlarini eshitganday, alamli his-tuyg‘ularini sezganday, dard-hasratlarini tinglaganday bo‘lganman. Ularda xalqning oshkora, jasoratli ovozi bor edi.
Adabiyot gazetasi istiqlol yillarida jur’atli erkin minbar bo‘lganiga qaramay, tahririyatga kelgan barcha maktublarni ham e’lon qila olmaganmiz. Buning sabablari ko‘p. Chunonchi, 1991–1993 yillar tahririyat uchun o‘ta og‘ir bo‘lgan. Bir tomonda yangi zamon tarafdorlari, ularning oshkoralik ruhida yozilgan hayajonli xat va maqolalari, ikkinchi tomonda ikkilanib, “miyig‘ida kulib turgan” (Yo.Xo‘jamberdiyev) ehtiyotkorlar, tinimsiz o‘zgarayotgan vaziyatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanib qolishga intilayotganlar va yana shunchaki o‘zini bir ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lganlar. Bir taniqli arbob gazetada Usmon Nosir, Abdulla Qodiriy haqida maqolalar e’lon qilganimiz uchun Markazqo‘mga shikoyat qilib, u yerda bosh muharrirdan tushuntirish xati olishgan edi.
Ko‘p xatlar olov misoli edi, desam, mubolag‘a bo‘lmas. Qamoqxonada nohaq yotgan bir mahbusning maktubi mazmunini “Qirq beshinchi bekat” kitobimda keltirganman. O‘sha xat: “Yaqinda muddatim tugaydi, ammo men bu iflos dunyoga chiqmayman, birovni urib, boshini yoraman-da, muddatimni cho‘zdirib, shu yerda qolaman”, degan so‘zlar bilan yakunlangan edi. O‘zganda sodir bo‘lgan fojialar chog‘i uch norasida farzandidan judo bo‘lgan onaning maktubiga ilova qilingan suratlarni ko‘rish uchun odamning yuragi, jigari va ko‘zlari po‘latdan quyilgan bo‘lishi kerak edi…
Faqat shu emas, maqtovlar, gazetani qo‘llab-quvvatlash, erkinlik nashidalaridan g‘ururlanish, muharrirga maslahatlar, “dumaloq” xatlar, do‘q-po‘pisalar, tahdidlar, pisandalar… Eh-he, xat deganingizning son-sanog‘i yo‘q edi. Ularning ko‘plarini saqlab qo‘yganman. Yo‘q, yillar o‘tib kimlarnidir izza qilish, uyaltirish uchun emas, milliy matbuotimiz shu yaqin o‘tmishda qanday og‘ir yo‘lni bosib o‘tgani, istiqlolning dastlabki kezlari qanday kechgani, murakkab vaziyatlarda kim o‘zini qanday tutgani haqidagi tasavvurimiz xiralashmasligi, bu yillar barcha-barchani o‘z yo‘nalishida ulg‘aytirganini unutmaslik uchun, albatta. Bugun, pandemiya bois uyda qolib, ularni varaqlar ekanman, shaxsiy munosabatlar doirasidan chiqqan, umumiy ishimizga bevosita daxldor ayrim maktublarni muhtaram jurnalxonlar hukmiga havola etishni lozim topdim.
Maktub va maqolalarning barchasida mualliflarning imlosi to‘la saqlangan.
* * *
1973 yil. Hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining 5-kurs talabasiman, ayni chog‘da respublika yoshlar gazetasida ishlayman ham. Gazeta muharriri Rustam aka Shog‘ulomov dekabr oyining so‘nggi kunlarida menga jiddiy bir topshiriq berdi: O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir domla bilan uchrashib, ustozdan Yangi yil mavzusida gazeta uchun maqola undirishim kerak.
Biroz hayajon bilan domlaning usta Shirin ko‘chasidagi hovlilarini topib bordim. Hovli o‘rtasidagi ayvonda yonboshlab yotgan ekanlar. Salom berib, o‘zimni tanishtirdim. “Keling, muddaoyingiz ne, bo‘tam?” dedilar. Aytdim. Gap orasida shoir Tursunboy Adashboyev bilan bir joydan ekanligimni qo‘shib qo‘ydim. – “Tursunboy o‘zbekmi yo qirg‘izmi?” deb so‘rab qoldilar.
– O‘zbek, otalarining ismi Adashvoy tog‘a, – dedim.
– Ha, qirg‘izlarda Adashvoy degan ism yo‘q, darvoqe, ammo qirg‘izchani rosa kelishtirib gapiradi-da, – dedilar. Keyin: “Mayli, bo‘tam, noumid bo‘lmang, bir-ikki kun muxlat bersangiz, biror narsa qoralab berarman”, deb meni xursand qildilar.
Oradan uch kun o‘tdi. Domlaning oldiga borishim kerak, deb turgandim, kutilmaganda ustoz baland pillapoyadan arang ko‘tarilib, redaktsiyaga kelib qoldilar. Xonada maqola tahrir qilib o‘tirgandim, hamkasbim Mirzakarim Pirmatov hovliqib kirib keldi-da, “Ahmadjon, chiqing, Mirtemir domla sizni so‘rayaptilar”, dedi. Ming xijolat bo‘lib, koridorga otildim. Ustoz nafaslarini rostlab, “Mana, bo‘tam, zakazingizni bajardim. Ko‘rarsizlar”, dedilar.
Bundan rosa qirq olti yil avval sariq gazeta qog‘oziga qalam bilan dona-dona qilib yozilgan ushbu maqolani hanuz saqlab kelaman:
“…Mening birinchi she’rim 1926 yili shu “Yosh leninchi” sahifasida yorug‘lik ko‘rganligi har gal yodimga tushganda minnatdorlik tuyg‘ularim toshib ketadi. Undan oldin men maktab devoriy gazetasida (O‘lka o‘zbek erlar bilim yurti, Toshkentda) qatnashardim. “Yosh leninchi” u vaqtda bir varaqlik (ikki bet) gazeta edi. Keyin meni gazeta redaktsiyasi (komsomol topshirig‘i tarzida) ishga oldi. Gazeta redaktori Sotti Husayn menga dasta-dasta she’ru hikoyalar keltirib tashlar, men ulardan tanlab, qalam tekkazib, yana gazetaga eltib berar edim.
“Yosh leninchi” yoshlarning eng jangovar va suyumli gazetasi edi (Hozir ham shundoq, albatta). Axloq, g‘oyaviy pishiq o‘sishlari − toblanishlari, hunar egallashlari, savod olish, bilim cho‘qqilarini egallashlari, askariy xizmat, vatanparvarlik, sinfiy ong – hammasi gazeta sahifalarida yoritilar, shu vajdan yoshlar diliga yaqin edi. Ayniqsa, adabiy mashqlarga o‘rin berilar va adabiy kengashlar ham, har qalay, kam bo‘lmas edi.
Shunday qilib, birinchi she’rim “Yosh leninchi”da paydo bo‘ldi. Lekin taltayish va dimog‘dorlik bizdan necha farsax uzoqda bo‘ldi. Masalan, o‘sha vaqtda mening she’rlarim o‘z maktabimda yo o‘lka qizlar bilim yurti yo boshqa bir maktab sahnasida kim tomonidandir o‘qilar, men bo‘lsam, hamma qatori orqaroqda o‘tirar (hamma qatori oyoqyalang) va eshitar edim. Hozirgi o‘rganuvchi qalam egalarida ko‘rinayotgan o‘rinsiz kekkayish va dovruqqa o‘ta o‘chlik bizda yo‘q darajada edi. Shundoq tarbiyalangan edik-da. Men qalamkash do‘stlarimni o‘sha yillardagi komsomolga xos kamtarlik, adab va yoshlikka xos hayoga undar edim. O‘rinsiz va asossiz taltayish – bu illat. Kamtarlikda va adabda gap ko‘p. Bu birinchisi!
Ikkinchisiga kelsak – bu ko‘p va uzliksiz o‘qish, kitob qo‘ymay o‘qishdir. Faqat hikoya-yu romanlar emas, hamma sohadan boxabar qilguchi, chinakam o‘qimishli-ziyoli darajasiga ko‘targuchi kitoblar o‘qishdir. Biz u vaqtda, o‘z tilimizda kitoblar yo‘qlig‘idan, tatar va ozarbayjoncha kitoblarni talashib o‘qir edik. Keyin tatalab rus tilidagi kitob(lar)ga tashlandik. Shubhasizki, katta bir xazinaga yo‘l topdik. Rus tilini bilish – bemisol boy madaniyat xazinasi kalitiga ega bo‘lishday baxtdir. Hozir kitob yetgulik, hamma sohadan. Faqat o‘qish yetmaydi, ha.
Kitoblardan bilim ufqi kengayadi, yozish-chizishda mahorat o‘rganish mumkin. Lekin hayotdan chetda bo‘lsangiz, bilim bilimligicha qoladi, kitob kitobligicha qoladi. Hayotga sho‘ng‘ish uchun birinchi maktab – jurnalistika maktabidir. Eng atoqli, eng suyukli zamon adiblari gazetachilikdan ko‘tarilgani esingizda bo‘lsin. Bu – ishchi yoshlar bilan qalin bo‘lish, kolxozchi yoshlar hayotini ko‘z uzmay kuzata bilish, kanalchi, tuproqshunos, kimyogar, darg‘a, binokor, bo‘yoqchi va talabalar hayotidan lavhalar, ocherklar yozish, bu – hayotga sho‘ng‘ishning birinchi qadamlari. O‘sha yoshlar diliga kira bilsangiz, yozganingiz zamonaviy mazmun kasb etishi aniq. Ishchi yoshlar va kolxoz yoshlari, talabalar bilan qalinlik, suhbatlardan hech kim eshitmagan va hech kim yozmagan voqealarga boy va kitobiylikdan soqit asar dunyoga keladi. Bu uchilamchi!
Gap asosan she’r ustida borayapti. Men birinchi bor yoshlar matbuotida ko‘zga ko‘rindim. Yoshlar gazetasi meni hamisha qo‘llab-qo‘ltiqlab keldi… Hozir aytganim – yoshlar diliga kira bilish degan gap − bugungi savodli, yuksak did egasi, madaniyatli yoshlar dilini jazillatadigan she’r yozish degan gap! Albatta, o‘ng‘ay emas. Men shu yoshga kelib, hali-hanuz “Komsomolskaya pravda”ga mehrim va hurmatim so‘ngan emas. Bu gazeta sahifasida hamma vaqt yangi nom yarqirab paydo bo‘ladi va dilni ovlab ketishga qodir, pishiq, jo‘shqin. Bu gazetadan o‘rgana oling, o‘xshay oling.
Albatta, bu yorqinlik she’r ustida uzoq va uzluksiz mehnatdan. Qofiyabozlikdan ozod, quruq gapdan ozod, chinakam zamon kuyi, baxt kuyi, ertangi kunga ishonch kuyi, mehnat qo‘shig‘i, yorug‘lik va o‘ktamlik qo‘shig‘iday jarang beruvchi she’r niyatida ter to‘king! Ustozlar ko‘tarilgan cho‘qqilarga intiling. Chinakam intilsangiz – yetasiz. Odamzot qo‘lidan, ayniqsa, yosh zahmatkash qo‘lidan kelmaydigan ish kam! Faqat astoydil manglay teri to‘ka oling. Dastgoh yonidagi ishchiday, yil o‘n ikki oy tinib-tinchimas qishloq yigitiday! Habib og‘a Abdullayevday, Obid og‘a Sodiqovday, To‘lan Dadajonovday! Mana bu – to‘rtilamchisi. Hozircha shu mening kengashim.
Oppoq qalin qor – oppoq qutlug‘ Yilboshi bilan qutlayman. Mirtemir.
1974. Yanvar, 4”.
* * *
1990 yilning 20 mart kuni O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la vafot etdi. O‘sha kezlari Hamza nomida bo‘lgan hozirgi O‘zbekiston Milliy teatri foyesida marhum bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor ushbu she’rni shu yerning o‘zida bir varaq qog‘ozga yozib, mendan uni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da e’lon qilishimizni so‘radi:
Do‘st o‘limiga
Men seni tushimda ko‘rdim chamasi…
Umr yo‘llarida baxt, dard, to‘lg‘anish…
Qanday ajoyib tush buning hammasi!
Va qanday musibat – birdan uyg‘onish!
Mening ham barglarim to‘kilayotir,
Quvonch mast qilmaydi chopsa omadim.
Notanish nochorlik solar xavotir,
Seni ham ardoqlab qola olmadim.
Men nima, men faqat shomda bir shivir,
Men – ona ko‘zida yiltillagan nam.
Yoki turnalarning vido qo‘shig‘i…
Faqat uh deyoldim bugun tongda ham.
Mana endi atrofimda bo‘shliq…
Qalamimni qayga qo‘ygandim?..
Qanday ajoyib tush…
Nega uyg‘ondim!
* * *
Gazetachilikda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Ammo 1990 yilning 30 mart sonida adabiyot gazetasida e’lon qilingan “Etti bor o‘ylanganmi?” sarlavhali tanqidiy maqolamizga O‘zbekiston SSR Savdo vazirligidan kelgan javob xatini Ginnesning rekordlar kitobiga bemalol kiritish mumkin.
Maqolada bir guruh nuroniylarning O‘rda, Chorsu, Farhod bozori kabi gavjum joylarda tadbirkorlar ishga tushirgan tovuq dimlamasi (“tabaka”) sotuvchi do‘konlar oradan ko‘p o‘tmay yopib qo‘yilgani, nima uchun shunday qilingani xo‘randalarga tushuntirilmayotgani aytilgan edi.
Respublika Savdo vazirining o‘rinbosari imzo chekkan rus tilidagi javob xatida maqolamizning ”Etti bor o‘ylanganmi?” sarlavhasi “Sem raz jenat?” deb tarjima qilingan. Bundan ham qizig‘i, javobda tovuq dimlamasini tushunmay, aholiga talab darajasida buterbrod, konditer, un va kolbasa mahsulotlari yetkazib berishdagi mavjud muammolar aytilib, misol tariqasida kasb-hunar bilim yurtlari oshxonalarini sosiska bilan ta’minlash atigi 40 foizga bajarilayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Mana sizga, o‘zbek tilini chala-chulpa bilishlikning oqibati.
* * *
Ushbu maktub xorijda yashab qolgan vatandoshimiz Boymirza Hayitning Namangan viloyati Uychi tumanida istiqomat qiluvchi o‘g‘li Telmonjon Boymirzayevdan kelgan:
“Hurmatli Ahmadjon aka!
Sevimli, sermazmun ro‘znomangizda chop etilgan va “Muloqot” oynomasidan olingan jurnalist Islom Usmonovning G‘arbiy Olmoniyada yashovchi otam Boymirza Hayit bilan qilgan savol-javob anketasining ayrim parchalari keltirilgani (“O‘zAS”, 1991, 7 iyun) va “Vatan sizlarniki bo‘lgani kabi meniki hamdir” maqolasida bitilgan fikrlarni gazetxon(lar)ga ma’lum etilishi shaxsan meni – 50 yildan ortiq davrdan beri ota yuzini ko‘rmagan va mening uchun aziz, ulug‘ siymo hisoblanmish otam to‘g‘risida ilk bor xabarni bilish va o‘rganish baxtiga muyassar etdingiz, buning uchun ta’zim etaman, aminmanki, qayta qurishning ilk shabadasi esayotgan tarixiy bir davrda, bozor iqtisodiyotining “mazasi” tortilayotgan kunlarda xalqimiz barcha yo‘qotgan, endilikda ularni topishga intilayotgan bir paytda sizning rahbarligingizdagi jonkuyar ro‘znoma oldimizda turgan dolzarb vazifalarimiz mohiyatini avom, to‘g‘ri, mehnatkash, imonli xalqimizga o‘rgatmoqda.
Tahririyat a’zolari va bu ishga bosh-qosh bo‘lganlarning hamma-hammalariga bukilmas tetiklik, sihat-salomatlik, sabot, qanoat, qat’iyatlilik tilayman va qayta qurish, oshkoralik yo‘lida hormay-tolmay qilayotgan mehnat faoliyatingiz bardavom bo‘lishini niyat qilaman. Iloji bo‘lsa, ushbu maktubimni tahrir bilan ro‘znomangizda chop etishingizni so‘rayman. Telmonjon 5.07.1991”.
* * *
Ushbu xat Chikagoda yashab qolgan vatandoshimiz G‘iyosiddin otadan kelgan:
“Assalomu alaykum!
Avvalambor, Siz muharrirlik qilayotgan ro‘znomaga xat yo‘llab, vaqtingizni olayotganligim uchun ma’zur tuting. Men asli nasaflikman (hozirgi Qarshi). Tug‘ilgan yerimizdan, ota-bobolarimiz nash’u namo surgan yerdan chiqib ketganimizga bu yil oltmish sana bo‘ldi. Oltmish sanadan beri Vatan orzusi qalbimizda yashadi, biror soniya yurtimizni unutganimiz yo‘q, jismonan xorijda bo‘lsak ham, qalban Turkistonimiz, O‘zbekistonimiz, Qashqadaryo birlan birga yashadik.
O‘tgan yili ro‘znomangiz o‘zbek olimi Xayrulla Ismatullaning oilamiz haqidagi maqolasini bosib chiqardi (“Chikagodagi o‘zbek oilasi”, 1991 yil, 1 fevral). Shu maqola bosilib chiqqach, oilamiz Vatanimiz o‘g‘il-qizlaridan yuzlab samimiy xatlar oldi. Imkoniyatdan foydalanib, barcha xat yozgan vatandoshlarga tashakkur aytmoqchiman! Shu sabab, biz ro‘znomangiz muxlisi bo‘lib qoldik.
1991 sana tarixiy sana bo‘ldi. Vatanimiz Mustaqillik e’lon qildi! Bu qutlug‘ ayyomni biz qanchalik kutganimizni bilsangiz edi. Buni so‘z bilan aytib bo‘lmaydi. Ona yurtimiz O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilinishi hamda yurtimiz bayrog‘ining shu xalqaro tashkilot oldida ko‘tarilishi egilgan boshimizni ko‘tarishga, dol bo‘lgan qaddimizni rostlashga da’vat bo‘ldi. Vatanimiz bosib olinganidan keyin poymol etilgan g‘ururimizni tiklash payti kelgani haqida bong urilgandek bo‘ldi. Xalqimiz, sizlar qatori xorijiy mamlakatlarda bizga o‘xshab Vatan sevgisi bilan tunu kun nafas olayotgan millatdoshlarimiz oldida turgan endigi vazifa mana shu Turkistonimiz, O‘zbekistonimiz mustaqilligini mustahkamlashdan iboratdir. Bir tan, bir jon bo‘laylik. Hassamizni bir oldirdik, endi ehtiyot bo‘laylik. Yiqilganni suyash, xato qilganni tuzatish, bemorga mehr-shafqat ko‘rsatish avlodlarimizning aqidasidir. Biz ham shu yo‘ldan borsak, kam bo‘lmaymiz.
O‘zbekistonimizda bo‘layotgan buyuk tadbirlar, harakatlardan bizning oilamiz ham chetda turishni o‘ziga ep bilmadi. Xalqimiz topgan gul, topmagan bir bog‘ piyoz, deydi. Qaraydigan kishisi yo‘q, xasta qariyalarning yoki ota-onasiz qolgan go‘daklarning koriga yarar degan maqsadda oilamiz bir ming Amerika dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. Biz bu pulni kimga yuborishni so‘rab Xayrulla Ismatullaga murojaat qilganimizda, u kishi sizning ro‘znomangiz orqali o‘zbek xalqining o‘zidan maslahat so‘rashni taklif etdilar. Mazkur taklif bizga ma’qul keldi. Sizlardan o‘tinib so‘raymiz: oz bo‘lsa-da ko‘pdek ko‘rgaysiz. Bizning oilamiz ham savob ishlardan chetda qolmasin.
Hammamiz mustaqil O‘zbekistonga tezroq borish niyatidamiz. Faqat rasmiyatchilik bizni ushlab turibdi. Hujjatlarimizni O‘rusiya elchixonasi orqali to‘g‘rilash imkoniyati qiyinlashdi. Yaqin kunlar ichida Amerikada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi bilan Vatanga o‘zim uchib borishga tayyor turibman.
Yaratganga ming bor shukur! Vatan tuproqlarini ko‘zga surtadigan kunlar keldi!
Sizlarga Haqdan salomatlik, baxt-saodat, yurtimizga farovonlik tilab qoluvchi G‘iyosiddin Nasafiy. 16.03.92.
Kichik sharh: G‘iyosiddin ota O‘zbekistonga kelganlarida oila nomidan ajratilgan ming dollar pulning bir qismini jurnalist Rahmatulla Sheraliyev bilan birgalikda Qibray tumanidagi bolalar uyiga topshirdik, bu xususda tuman gazetasida kichik maqola e’lon qilindi. Yana bir qismiga respublika Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus savdo do‘konidan tibbiy jihozlar sotib olib, G‘iyosiddin ota tug‘ilgan Kasbi tumanidagi qishloq meditsina punktini jihozladik.
* * *
1991 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qurultoyida uyushma “Yozuvchilar uyushmasi” va “Adiblar ittifoqi”ga bo‘lindi. Tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmayman. Ko‘plar qatori tahririyat a’zolari uchun ham murakkab bir vaziyat yuzaga keldi. Bir ijodiy jamoamiz, ammo kimdir uyushma a’zosi, kimdir esa adiblar ittifoqi tarafdori. Gazeta ikki tashkilot faoliyatini o‘rtada xolis turib yoritishi kerak. Bu esa oson ish emas. Nima ish qilish kerakligi to‘g‘risida bosh qotirib turganimizda ijodiy tashkilotlarni siyosiy tuzilmalardan xoli etish to‘g‘risida qaror chiqib qoldi. Shu hujjatga asoslanib, tahririyat boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyatini tugatdik, jamoa a’zolarining uyushma va yangi ittifoqqa a’zoliklarini vaqtincha to‘xtatib turishni lozim topdik. Gazetani mustaqil nashr sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazdik. Quyidagi ikki maktub tahririyatga shu munosabat bilan yo‘llangan:
“Hurmatli bosh muharrir!
Sizning ijozatingiz bilan quyidagi bayonotni muhtaram o‘quvchilarga ma’lum qilib qo‘yishni o‘z burchim deb bilaman:
Haftalikning o‘tgan yil (1991) 13 dekabr sonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining konferentsiyasi bo‘lgani va unda uyushma ijodiy kengashlarining raislari saylangani, jumladan, kamina dramaturgiya kengashining raisligiga saylanganim haqida yozilibdi. Bundan men oradan bir oycha vaqt o‘tgach haftalik orqali xabardor bo‘ldim, chunki safarda edim. Mendan so‘ramay g‘oyibona saylab yuborishibdi. Hurmat-izzatlari uchun tashakkur. Biroq, har tomonlama o‘ylab ko‘rib, dramaturgiya kengashi raisligidan voz kechishga qaror qilganimni konferentsiya qatnashchilariga va jamoatchilikka ma’lum etaman.
Sabab shuki, millatimiz bitta, Vatanimiz bitta, davlatimiz bitta, adabiyotimiz bitta, Navoiyimiz bitta bo‘laturib, bo‘lingan uyushmaning bir kengashiga boshchilik qilish hayotiy printsiplarimga zid ekan. Yozuvchilar uyushmasi ham, adiblar ittifoqi ham, umuman, barcha ijodiy uyushmalar – firqalar emas, hamkasabalar gurungidir. Balki yaqin kelajakda hozir biz tushungan ma’nodagi ijodiy uyushmalarga hojat qolmas, rivojlangan chet mamlakatlardagi kabi klublarga aylanib ketar, biroq O‘zbekiston mustaqillik yo‘lida ilk qadamlarini qo‘yayotgan shu murakkab va qaltis damlarda birlik, hamjihatlik har qachongidan ham zarurdir. Shuni nazarda tutib, men yana bir bor baralla aytamanki, Yozuvchilar uyushmasi bilan Adiblar ittifoqi birlashishi tarafdoriman. Buni hayotning o‘zi taqozo etyapti. Masalan, biror ijodkor yubileyiga, aytaylik, shoira Nodirabegimning 200 yilligiga tayyorgarlikni bo‘lingan holda ko‘rmay, birgalikda o‘tkazish samarali bo‘lishi turgan gap. Yoki bo‘lmasa, qo‘shni va olisdagi mustaqil davlatlarning adiblari bilan ijodiy aloqa o‘rnatish uchun O‘zbekistondan rasman Yozuvchilar uyushmasi qatnashadimi yoki Adiblar ittifoqi vakil qilinadimi?
Yozuvchilarni qayta birlashtiruvchi qurultoyni o‘tkazishni o‘z zimmasiga oluvchi biror homiy topilsa kerak”. Abduqahhor Ibrohimov. 27.01.92”.
Shu mavzudagi ikkinchi maktubni tahririyatga O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol yo‘llagan:
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ning shu yil (1991) 21 noyabr sonida bosilgan “Birlashish uchun… ajralish” maqolasi va fotosuratlarni ko‘rib, avval ranjidim: yozuvchilar orasida yuz bergan bo‘linishni shu qadar keng yoritish shartmikin?.. Ammo o‘qib ko‘rgach, bu fikrimdan qaytdim. Nega desangiz, o‘zi o‘qib, o‘zi hukm chiqarsin uchun o‘quvchiga imkon berilibdi. O‘quvchi keladigan xulosa bitta: bu gaplarni aytish uchun ajralish shart emas va bu gaplar ajralishga bahona bo‘la olmaydi. Bo‘linishga jiddiy bir asos yo‘q…
Masalaga aniqlik, manzaraga oydinlik kiritgani uchun ro‘znomaga rahmat”.
* * *
Ushbu xatni menga 1992 yili AQShning Kolumbiya universitetida taniqli tarixchi olim Edvart Ollvort yozib bergan:
“Qariyb o‘ttiz yildan beri Kolumbiya dorulfununi idorasining sharqiy devori tokchalarida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bu yil va avvalgi yillarda chiqqan nusxalari sandiqlarda avaylab saqlanadi. Shuningdek, bu sandiqlarda O‘rta Osiyo va O‘zbekiston ilmiy-madaniy merosiga oid juda ko‘p qimmatli manbalar ham o‘rin olgan.
O‘tgan besh-olti yil ichida bu haftalikka yozilgan amerikaliklar o‘zlari uchun g‘oyatda qiziqarli bo‘lgan maqola va risolalarni o‘qib mamnun bo‘lmoqdalar. Shu davr mobaynida ma’lumotli o‘zbeklar orasida mustaqil va teran fikr yuritish mayllari kuchayib borayotgani sezilmoqda. Gazeta madaniyat, adabiyot va merosga doir muhimmotlarni jiddiyat bilan aks ettirmoqda. Sahifalarida mazmundor suhbatlar ko‘p. Men har safar amerikalik talaba va olimlarga ikki narsani ko‘zlab albatta shu gazetani o‘qish, o‘rganishni tavsiya qilaman.
Avvalo, kimki zamonaviy o‘zbek ziyolilari mashg‘ul bo‘layotgan mavzular va ularning qiziqish doiralari bilan tanishmoqchi bo‘lsa, albatta, shu haftalikni qo‘lga olishi kerak. Ikkinchidan, o‘zbek ziyolilarining fikr va e’tiqodlari haqida dunyodagi har qanday haftalikdan ko‘ra ko‘proq shu “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”dan o‘qib bilib olishlari mumkin.
Edvard Ollvort
Kolumbiya dorulfununi,
Nyu-York 1992 yil, 16 oktyabr”.
* * *
1992 yili AQShning Indiana universitetida tadqiqotchi olim Villyam Dirks bilan tanishgan edim. O‘zbekchada ancha durust so‘zlaydi. U bilan qancha suhbatlashsangiz, sizni shuncha vaqt so‘roqqa tutadi: ilmiy ishlari mavzusiga oid ma’lumotlarga qiziqadi, so‘z va iboralarning ma’nosini so‘raydi, tushlik qilayotganingizda ham shunday. O‘zbeklar orasida o‘sganday, sheva so‘zlarimizni qoyillatib ishlatadi. Muomalasi yoqimli. Oradan bir yil o‘tgach, undan quyidagi maktubni oldim. O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, ammo bir og‘iz o‘zbekcha bilmaydiganlarga saboq bo‘lsin deb, Amerikada qancha pul evaziga til o‘rgangan olimning o‘zbek tilidagi maktubini aynan keltiraman:
“Salomnoma xat.
Assalomu alaykum, Ahmadjon aka! Yaxshimisiz? Ishlar bilan charchamasdan yuribsizmi? Uydagilar yaxshi yurishibdimi?
Bizdan so‘rasangiz, rahmat. Ergash akani jo‘natdik (Toshkentlik zukko olim Ergash Umarov Indiana universitetida bir necha oy dars berib keldi). Xayrulla aka (Xayrulla Ismatullayev) bu yerda yaxshi yuribdilar. Yana bir Abduzuhur Abduazizov degan tadqiqotchi keldi, lekin ko‘rinmay ketdi.
Yangi semestrni boshladik, o‘qish-po‘qishlar bilan ovora bo‘lib yuribmiz. Xotinim Nolon bonu ingliz tili darslariga qatnayapti. Bular qimmat (7 haftaligi ming dollarga yaqin) bo‘lsa ham, unga kerakli. U yaxshi o‘qiyapti, doimo yaxshi baho oladi, hamma muallimlari uni yaxshi ko‘rar ekan. Men bu semestr tezisimni yozib (ilmiy ishning qisqa bayonini) bitirishim kerak. To‘rtta darsim bor, haftada o‘n ikki soat. Uyda deyarli ko‘rishmaymiz kitobdan burun ko‘tarishga vaqt topolmay.
Umida Hikmatullayeva bilan yozayotgan kitobimizni Xudo xohlasa vaqti bilan tugatamiz, lekin tezis ishlarim bilan ovora bo‘lib, qo‘lim ko‘p tegmayapti. Matnni hammasini kompyuterda yozib unga topshirdim, tuzatadigan, qo‘shadigan joylarini ishlayapti. Hozir olgan darslarimning bittasi mo‘g‘il tili, darsligimiz biz yozayotgan darsligimizga o‘xshaydi: ichida faqat mo‘g‘il tili bor, orqasida o‘rischa, inglizcha lug‘at. Shu kitobning kamchiliklarini o‘z kitobimizga qo‘shmaslik uchun domlamiz bilan gaplashib turaman.
Yozaman degan maqolamni hali yozganim yo‘q, kechirasiz. Yozsam sizga jo‘nataman. Ish ko‘p, lekin.
Siz meni taklif qilib, biza (viza demoqchi) oldirish ishlarim bilan ovora bo‘lib menga ko‘p yaxshilik qildingiz. Shu qarzni uzish uchun yetarli harakat qilmadim. Bu yoqlardan biron narsa kerak bo‘lib qolsa, iltimos, xat yozing. Yordam berishga tayyorman.
Bu xatni siz yaxshi bilgan Devid Tayson Toshkentga obboradi. Toshkentda qanaqadir delegatsiyaga tarjimon bo‘lib, o‘n kun qolar ekan. Inshoollo, sizga telefon qilib, salomlarimizni yetkazadi.
Hozircha xayr. Salomat bo‘ling. Ukangiz Villyam Dirks”. 24.09.93”.
Maktubda tilga olingan Devid Tayson haqida. U tadqiqot ishlari bilan O‘zbekiston va Qirg‘izistonga kelib, bir yil yashab ketgan. O‘zbekchasi juda burro, qitmirona. Indianadan Chikago tomon borayotganimizda, Devid bir joyda mashinasini to‘xtatib, “Aka, oyoqning chigiligi sal yozaylik”, dedi. Xo‘b dedim. Biroz dam oldik, sharbat ichdik. Devid soatiga qaradi-da, “Aka, qani surdik”, deb mashinasini o‘t oldirdi. Mana sizga, til bilish.
* * *
Farg‘onalik adabiyotshunos Yo‘ldosh Solijonov adabiyot gazetasining faol mualliflaridan biri sifatida tanilgan olimlardan biri. U kishining kuyunchaklik bilan yozgan maqolalari gazetamizda ko‘plab e’lon qilingan, o‘quvchilarga manzur bo‘lgan. 1992 yili Farg‘onada o‘tkazilgan adabiyot kunlarida Yo‘ldosh akaga “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ning vodiydagi faol targ‘ibotchisi sifatida maxsus sovrin topshirganmiz.
Ijodkorning aytadigan fikri, qalbini bezovta qilayotgan dardi, tig‘dor qalami bo‘lsa, poytaxtda yoki viloyatda yashashining farqi yo‘q. Yo‘ldosh aka olim sifatida adabiy jarayonni, gazeta-jurnallar va yangi nashrlarni jiddiy kuzatib, mualliflarning yutuq-kamchiliklariga o‘z vaqtida munosabat bildirishni aslo kanda qilmaydi. Yanada muhimi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-qo‘ltiqlash borasida talabchan ustozlik maqomiga ham ega.
Shu yerda bir muhim sirni ochishimga to‘g‘ri keladi. Yo‘ldosh aka bilan gazetamizning samarali hamkorligi, men bilan do‘st-qadrdonligi, ikki o‘rtadagi o‘zaro ishonch, bordi-keldi o‘z-o‘zidan yuzaga kelmagan. Toshkentda turib, viloyatlarda ijod qilayotgan hamma qalamkashlarning ham ko‘nglini olish mushkul ish. Kimdir, albatta, e’tibordan chetda qoladi.
Solijonovga sal kechikib bo‘lsa-da, omad kulib boqdi. Akaxonimizning maqolalari men gazetadan boshqa ishga o‘tgunimcha, undan keyin ham beto‘xtov chiqib turdi. Bunday baxtga… 1988 yilning 6 iyun sanasida Yo‘ldosh akaning adabiyot gazetasi bosh muharriri nomiga jo‘natgan quyidagi zardali xati sabab bo‘ldi. Boshqa hech gap yo‘q. Yaqinda qutlug‘ 80 yoshini qarshilagan fidoyi ustozga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar tilab, farg‘onacha lutf ila o‘sha maktubning matnini keltiraman:
“Hurmatli o‘rtoq bosh muharrir!
Assalomu alaykum!
Sizga bir necha bor telefon qilib, tutolmadim (“tusholmadim” emas, matnda shunday). Goh ish bilan chiqib ketgan bo‘lasiz, goh men tusholmayman (Ishonmasangiz, sekretar ayoldan so‘rang). Oxiri o‘rinbosaringiz I. G‘afurov bilan gaplashishga muyassar bo‘ldim. Ammo hali suhbatimiz natijasi noma’lum bo‘lgani uchun endi Sizga xat orqali murojaat qilyapman.
Men gazetangizga ko‘p maqolalar, hajviya va parodiyalar yuborib turaman. Havaskor ekan deb o‘ylamang. Farg‘ona Davlat pedinstitutida o‘zbek adabiyoti kafedrasida ishlayman. Biroq keyingi paytlarda xodimlaringiz beparvo bo‘lib ketishyaptimi yoki boshqa sababdanmi, yuborgan narsalarimning birortasi bosilib chiqishi u yoqda tursin, hatto javob berishni ham ep ko‘rishmayapti, shekilli. Satira va yumor bo‘limi (mudiri K. Baxriyev) qo‘lida “Aroqboy Vodkayev” nomli nekrolog-hajviyam va bir necha parodiyam bir yildan ortiq vaqtdan beri chang bosib yotibdi. Toshkentga borganimda K. Baxriyev Moskvada bo‘lgani sababli xatlar bo‘limi mudiri M. Turobovaga uchrashdim. Baribir jimjitlik.
“Tilga e’tibor – elga e’tibor” rubrikasi ostida chiqqan maqolaga o‘z fikrlarim va takliflarimni yuborgandim. Yo‘q bo‘lib ketdi. “A. Qahhor zamondoshlari xotirasida” kitobiga taqriz yozib, M. Sa’diyning qo‘liga topshirganman. Ma’qul deb olib qolgandi, hanuz chiqmaydi. Yaqinda (bir oydan ortdi) O‘tkir Hoshimovning “Bir-birimizni asraylik” ochiq xatiga men ham javob yozdim. O‘qib ko‘ring, o‘rtoq muharrir, bu shunchaki gaplar emas, mening ko‘pchilikka manzur bo‘ladigan dardlarim edi…”
Kichik izoh: Bunday xatlarning muallifga omad olib kelishi noyob hodisa. Tasavvur qiling: Yo‘ldosh akaning o‘sha “Aroqboy Vodkayev” nekrolog-hajviyasi va parodiyalari beto‘xtov chiqib ketganida, munosabat maqolalari tortmalarda chang bosib yotmaganida nima bo‘lardi – domla Solijonov bugungidek taniqli adabiyotshunos olim bo‘lmasdi, qutlug‘ yoshlari keng miqyosda tantana qilinmasdi. Mana sizga xulosa. Kim-kimga yaxshilik qilganini o‘zingiz bilib olavering…
* * *
E’lon qilinmagan har bir xat o‘z “tarixi”ga ega.
Gazetaning 1991 yil 21 iyun sonida tahririyat xodimi Bekqul Egamqulovning “E’lon qilinmagan hukm” sarlavhali maqolasi e’lon qilinib, unda Ahmadjon Odilov hamda tergovchi Obiddin Aliboyevlar ishini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilgani haqida so‘z yuritilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bosh muharrir nomiga Moskvadan SSSR Bosh prokuraturasining rasmiy blankasida do‘q-po‘pisali qo‘yidagi xat keldi:
Glavnomu redaktoru gazetы
“Literatura i iskusstvo Uzbekistana”
T. Meliboyevu A.
Redaktsiya gazetы “Literatura i iskusstvo Uzbekistana” v №3129 za 21 iyunya s.g. opublikovala statyu “Prigovor yeщe ne oglashen” za podpisyu Bekkula Egamkulova, soderjaщuyu informatsiyu ne sootvetstvuyuщuyu deystvitelnosti, i utverjdeniya, predstavlyayuщiye soboy izmыshleniya klevetnicheskogo xaraktera i porochaщiye menya kak predstavitelya vlasti i rukovoditelya sledstvennoy gruppы Prokuraturы Soyuza SSR, provodivщego po porucheniyu Generalnogo prokurora SSSR rassledovaniye po ugolovnыm delam Odilova Axmadjona, Alibayeva Abiddina i drugix souchastnikov soversheniya mnogochislennыx tyajkix prestupleniy.
Na osnovanii stati 22 Zakona Uzbekskoy SSR “O sredstvax massovoy informatsii” proshu Vas opublikovat v gazete “Literatura i iskusstvo Uzbekistana” v ustanovlennыy zakonom srok oproverjeniye, soderjaщeesya v moyey state “Na kogo vы rabotayete, B. Egamkulov?”.
Krome togo, proshu Vas soobщit mne podlinnыe svedeniya ob avtore stati “Prigovor yeщe ne oglashen” – yego familiyu, imya, mesto rabotы i adres mesta jitelstva, kotorыe neobxodimы mne dlya resheniya voprosa o privlechenii yego k ugolovnoy otvetstvennosti za rasprostraneniye klevetы.
Ukazannыe svedeniya proshu soobщit mne po adresu: g. Moskva, K-9, ul. Pushkinskaya,15a, Prokuratura SSSR.
Starshiy sledovatel po osobo vajnыm
delam pri Generalnom Prokurore SSSR
Gosudarstvennыy sovetnik yustitsii 3 klassa Sviderskiy B.E.
Ba’zan quloqqa: “He, o‘sha Gdlyanmi, ta’zirini men berganman, yuziga tarsaki tortvorganman”, degan gaplar ham chalinadi. U yillari markazdan kelib, butun mamlakatni ilma-teshik qilayotgan, aybi bormi-yo‘qmi, to‘dalab hibsga olayotgan, mol-mulkini talon-taroj qilayotgan muttahamlarning yuziga tarsaki tortish u yoqda tursin, ko‘ziga tik qarashning o‘zi bo‘lmasdi. 1989–90 yillari gazeta sahifalariga matbuotda shu choqqacha yuz ko‘rmagan ko‘plab mavzularni olib chiqdik. Ustoz Odil Yoqubov boshlagan jasoratli ishni yanada ko‘lamli qilib davom ettirdik, ta’na-dashnomlarga qolsak-da, oshkoralik yo‘lidan qaytmadik. Muhimi tanlagan yo‘limizning to‘g‘riligiga ishonchimiz bor edi. Shunday bo‘lsa-da, Moskvadan kelgan yuqoridagi xat va unga ilova qilingan 16 sahifali raddiya-maqoladan, oz bo‘lsa-da, qo‘rquv hissi paydo bo‘ldi. Oradan bir hafta o‘tmay, janob Sviderskiy menga qo‘ng‘iroq qilib, dag‘allik bilan raddiya qachon e’lon qilinishini so‘radi. Bu ishni paysalga solsam va Egamqulov haqida so‘ralgan ma’lumotlarni Moskvaga jo‘natmasam, uning bilan birga mening ishim ham prokuraturaga oshirilishini, oxiri yomon bo‘lishini ma’lum qildi. Kayfiyatim tushib ketganini sezdirmay, unga shunday javob qildim: “O‘rtoq Sviderskiy, qonunga binoan raddiya bir oy muddat ichida e’lon qilinishi kerak. Kuting”, dedim. U yoqdan go‘shakning sharaqlab joyiga qo‘yilgani eshitildi.
Raddiya-maqolani o‘qib chiqdik. Birinchi sahifadan o‘n oltinchi sahifagacha bitta fikr aylanadi: O‘zbekistonda jinoyatchilik, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish odatga aylangan. Odilov va Aliboyevlarning uzoq muddat hukmsiz hibsda saqlanishiga esa SSSR Oliy Sovetining 1989 yil 30 iyundagi SSSR Bosh prokuroriga mahkumlarni hukm e’lon qilingunicha hibsda ushlab turish muddatini uzaytirishga doir vaqtinchalik vakolat berish to‘g‘risidagi qarorini asos qilib ko‘rsatadi.
Qanday yo‘l tutish kerakligi to‘g‘risida bir qarorga kela olmay, tajribali mutaxassislar, jumladan, prokuraturamizning tanish xodimlari bilan gaplashdim. Hammalari deyarli bir xil: “Nomiga bo‘lsa-da, raddiyani e’lon qiling, bular bilan olishib bo‘lmaydi, ayniqsa hozir”, degan ma’noda maslahat berishdi.
Bu orada yurtimiz mustaqillikka erishdi. Gazeta maqolalarini yanada jonlantirlik. Ruhimiz baland deng. Vaqt esa o‘tib borardi. 16 sentyabr kuni kunduzi soat o‘n ikkida Moskvadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Mustaqil yurtning erkin gazetasi bosh muharriri sifatida go‘shakni mag‘rur ko‘tardim. O‘ylaganimdek, o‘rtoq Sviderskiyning shaxsan o‘zlari.
– Xo‘sh, o‘rtoq redaktor, raddiya nima bo‘ldi? – so‘radi u mendan.
– Qaysi raddiya? – dedim xotirjamlik bilan.
– Nima, meni tanimayapsizmi, Sviderskiy bo‘laman, bir oy vaqt o‘tdi, qani raddiya? Kerak bo‘lsa, sizga ham ish ochamiz, – deya jahl qildi u.
– Uzr, mustaqil bo‘lib, ishlarimiz ko‘payib ketdi, eski tuzumdan qutulish qiyin bo‘ladi, shekilli. Darvoqe, sizni negadir tanimayapman, birodar, mundoq tushuntirib gapiring. Qaysi tashkilotda ishlaysiz? O‘zbekistonga daxlingiz bormi o‘zi?
Bu gapimdan keyin u shunday asabiylashdiki, dahanaki so‘kinishdan boshqa chora topmay, go‘shakni taraqlatib joyiga qo‘ydi.
* * *
Gazeta sahifalarida e’lon qilinayotgan o‘tkir publitsistik maqolalar ijodkor ziyolilar bilan birga, turli kasb egalarini ham qiziqtirib, ularning ko‘pi qo‘llariga qalam olib, tahririyatga xat-xabarlar yo‘llay boshladilar. Uzoq yillar davomida hukm surgan huquqsizlik, milliy tuyg‘ularning toptalishi, urf-odatlarimizga bepisandlik, ona tilimizning kamsitilishi, mamlakatda eng yuqori darajaga yetgan bolalar va onalar o‘limi, ekin maydonlariga samolyotdan sepilayotgan zahri qotil dorilar haqidagi maqolalar oson ish emas, ularni gazetada chop etish esa boshni kundaga qo‘yish bilan barobar edi. Muharrir sifatida ish boshlaganimga hali bir yil bo‘lmay markazqo‘mga uch-to‘rt marta chaqirib, jiddiy tanbeh berishdi. Bir necha marta tushuntirish xati yozdirishdi. Ammo gazetaning shiddatli odimini susaytirish, eskicha ish uslubiga qaytish mumkin emasdi. Adabiyot gazetasi millatning taqdiri haqida chin ma’noda qayg‘urayotgan ziyolilarning erkin minbariga aylanib ulgurgan edi. Shu bois, gazetaning har bir sonini tayyorlashda tsenzura xodimlari bilan jang qilib bo‘lsa-da, tanlagan yo‘limizdan qaytmadik. Markazqo‘mdagilar bizga bosim o‘tkazishning boshqa yo‘lini tanlashdi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi gazeta materiallarini tayyorlashda noto‘g‘ri yo‘ldan borayotganimizni eslatib, avvaliga bizni ikki-uch marta og‘zaki ogohlantirishdi, yig‘ilishlarda mulzam qilishdi, “tartib”ga chaqirishdi.
Keyin… 1982 yilning 3 avgust kuni bosh muharrir nomiga momaqaldiroq yanglig‘ qo‘yidagi maktub keldi:
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi o‘z vakolatlaridan kelib chiqib, Siz muharrirlik qilayotgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi qator masallalarni yoritish va tahlil qilishda Qonun talablariga to‘la rioya etmayotibdi, degan xulosaga keldi. Siz va redaktsiya xodimlari bilan bir necha marotaba o‘tkazilgan suhbatlarga qaramay, yuqorida qayd etilgan noo‘rin intilishlar davom etmoqda…
Gazeta 1992 yil 16 yanvar kuni talabalar shaharchasida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarga bir tomonlama baho berib, o‘zini shu tartibsizliklar ishtirokchilarining himoyachisi qilib ko‘rsatishga uringan. Gazetaning 24 yanvar sonida bosilgan “Istiqlolga otilgan o‘q”, “Yovuzlikning ildizi”, “Huquqsizlik oqibatlari” kabi maqolalarda bir qator asossiz xulosa va fikrlar borki, ular gazetxonda jumhuriyat rahbarlari, ma’muriy organlarga nisbatan noxush hislar uyg‘otadi. Masalan, “Yovuzlikning ildizi”da muallif A. Meliboyev 1985 yil bahoridagi adolat umidlari oqlanmaganini isbotlamoqchi bo‘lib, shunday yozadi: “Mana uning “buyuk” natijasi: zamon g‘irromniki, olg‘ir va muttahamniki, yulg‘ich va bezbetniki bugun. Davlatning o‘zi: “Hoy mulla, bitta maoshing bilan kun ko‘ra olmaysan, dumingni likillat” deb asta qulog‘imizga shivirlab qo‘ydi va biz uzun-qisqa dumlarimizni likillata boshladik”.
Gazetaning shu yil 14 fevral sonida Alisher Ibodinovning “Zanjirband sher to‘lg‘onganda” maqolasida 1989 yildagi Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan fojiali voqealar bir yoqlama yoritilgan, maqola so‘nggida redaktsiya tomonidan yozilgan sharhda Ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosarining shu to‘g‘rida aytgan fikrlari shubha ostiga olinadi…
Redaktsiya rahbariyatini matbuotda davlat sirlarini saqlash Inspektsiyasi (sobiq tsenzura) xodimlariga noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotganiga e’tiboringizni qaratamiz. Gazetangiz sahifalaridan ommalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydigan, jamoatchilik fikrini chalg‘itadigan o‘nlab maqola, ibora, fikr, raqamlar olib qolindi. Masalan, 14 fevral sonida e’lon qilingan K. Matyoqubovning “Xizmatni kim qiladi-yu, imtiyozi kimga?” sarlavhali maqolasi: “Afsuski, bizlarning mustaqillik yo‘lidagi hozirgi harakatlarimiz o‘zimizning ichki kuchimiz bilan emas, qandaydir kuchlarning majburiy turtkisi bilan dunyoga kelayotganga o‘xshaydi”, degan jumla bor edi. 3 iyul sonida e’lon qilinayotgan “Bizga asl haqiqat kerak” umumiy sarlavha ostida berilayotgan xabarlar ichida buxorolik S. Bafoyevning “Ammo menga bu mustaqillik haqidagi so‘z ham, uni bayram sifatida nishonlash xususidagi gap ham omonatday tuyuladi. Chunki, mana bir yildirki, bu mustaqil jumhuriyatning yo‘lini aniq belgilab beradigan Asosiy qonun yo‘q, o‘zini himoya qiladigan qo‘shiniga ega emas, xalqni iqtisodiy jihatdan himoyalaydigan pul birligi qabul qilinmagan. Bu ishlarning amalga oshirilishi o‘rniga sobiq imperiya o‘rnida qad rostlagan “Mustaqil Davlatlar Hamkorligi” deb atalgan, chok-chokidan so‘kilgan sobiq imperiya tartibotlarini saqlab qolishga mo‘ljallangan jamiyatni yamash, uni but qilish uchun kurash olib borilmoqda” mazmunidagi fikrlarini mutlaqo asossiz deb hisoblaymiz… Muallif Yo. Xo‘jamberdiyev gazetaning 24 iyul sonida e’lon qilinayotgan “Miyig‘ida kulayotgan xalq” maqolasida: “Rahbar shaxslarning pora olmasdan iloji yo‘q. Chunki qo‘llarida xususiy mulki – biron bir korxonasi, shirkati, do‘koni yo‘qki, tirikchiligini o‘shandan tebratsa. Bizda rahbarning xususiy mulki yo‘q desam yolg‘on bo‘lar, bor, bu – tutgan lovozimi, o‘tirgan o‘rindig‘i. Uning fikrlash tarzi juda sodda: qachongacha bu o‘rindiqda o‘tiramanu, bu lavozimda turaman. Ke, vaqtni boy bermay, mol-dunyo orttirib qolay, deydi u” tarzidagi uydirma xulosalari xalqda rahbarlarga nisbatan g‘azab va nafrat qo‘zg‘ashga, mavjud hayotdan norozilik uyg‘otishga qaratilgan qora niyatdan boshqa narsa emas. Shu kabi g‘arazgo‘yliklar bilan redaktsiya nima maqsadni ko‘zlaydi…”
Matbuot Davlat qo‘mitasining xatida gazetamizning yana bir necha maqolalari shu tarzda taftish qilinadi. Chunonchi, 24 iyul sonida e’lon qilishga mo‘ljallangan “Tunda tarjimonni qaydan topamiz?” sarlavhali luqmaga dahshatli ayblov yuklanadi. Luqma nima haqida edi?
Istiqlol arafasida bir guruh ijodkorlar (Shodmonbek Otaboyev, Mirzo Kenjabek va boshqalar) uzoq yillar davomida kamsitib kelingan ona tilimizning nufuzini ko‘tarish masalasida qator chiqishlar qilishdi, gazetamizda o‘zbek tiliga davlat maqomi berish taklifi aytildi. Qizg‘in muhokamalar boshlandi. Davlat tili ikkita bo‘lishi kerak, deguvchilar ham topildi. Shu payt qo‘shni “Pravda Vostoka” gazetasida kichik bir maqola bosilib chiqdi. Mazmuni shunday: “O‘zbek tiliga davlat maqomi berilsa rasmiy hujjatlar, hoynahoy, o‘zbek tilida yoziladi. Tasavvur qiling: birorta boshqa millat vakili keragidan mo‘lroq ichib (bunday voqea kim bilan ham bo‘lmaydi deysiz), tunda militsiyaga tushib qolsa, tabiiyki, protokol tuziladi. U odam o‘zbek tilini bilmasa, militsioner tunda tarjimonni qayerdan topadi?”
Nechog‘liq kulgili tuyulmasin, nufuzli gazeta muharririning o‘rinbosari shu satrlarni yozgan va biz buni hajv ostiga olgan edik. O‘shanda boshqa tilli vatandoshlarimizni qo‘yaturaylik, ancha-muncha o‘zimiznikilar ham o‘zbek tiliga daplat tili maqomi berilishidan cho‘chidilar. Matbuot qo‘mitasining uzoqni ko‘ra olmaydigan mutasaddilari bizni “xalqlar orasiga nifoq solishda, milliy munosabatlarni qasddan murakkablashtirishda, beodoblik va nayzabozlikda” aybladilar. Ayblov xati qo‘yidagicha yakunlangan edi:
“Yuqorida qayd etilgan xulosalarga asoslanib, haftalik rahbariyatidan O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni, gazeta Nizomiga zid bo‘lgan, jumhuriyatda osoyishtalik, totuvlikni ta’minlash ishiga pand beradigan har qanday xatti-harakatlarning oldini olishingizni talab qilamiz… Aks holda O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasiga berilgan vakolatlar hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida ushbu Qonunning buzilishi qanday niqobda bo‘lishidan qat’i nazar, keskin chora ko‘rishga majbur bo‘lishimiz haqida Sizni ogohlantirishni lozim topdik”.
Xatni tahririyatda o‘qib chiqdik. To‘g‘risi, ruhimiz tushib ketdi. Mustaqillik yo‘liga g‘ov bo‘layotganlar, fitna-fasod uyushtirayotganlar, millatlar orasiga g‘uluv solayotganlar, asossiz mish-mish tarqatayotganlar kimlaru, biz – bu yorug‘ kunlardan quvonib, xalqimiz tilida, dilida yig‘ilib turgan fikrlarni emin-erkin bayon qilayotgan jurnalistlar kimmiz? Uzoq yillar xalqdan, jamoatchilikdan yashirib kelinayotgan fakt va raqamlarni adolat, haqiqat haqqi oshkor qilayotganimiz, o‘tmish tariximiz yuziga chaplangan qora bo‘yoqlarni sidirib tashlaydigan maqolalarni jur’at bilan e’lon qilayotganimiz nahotki istiqlolga pand berish bo‘lsa? O‘tkir tilli publitsist Yoqubjon Xo‘jamberdiyevning “Miyig‘ida kulayotgan xalq” maqolasida ko‘tarilgan bosh muammo – odamlarning, shu jumladan rahbarlarning ham xususiy mulkka ega bo‘lishi jamiyatda poraxo‘rlik va korruptsiya illatini kamaytirishga xizmat qilishi o‘sha kunlardayoq ko‘pchilikka ayon bo‘lgan va bu xususda yuqori idoralarda dastlabki loyihalar paydo bo‘la boshlagan edi. Shulardan kelib chiqib, qo‘mita ayblovi nechog‘liq og‘ir bo‘lmasin, gazetaning tanqidiy ruhini ortiqcha ehtiroslarga berilmay davom ettirishga qaror qildik.
Oradan bir hafta o‘tgach, birinchisidan ko‘ra vahimaliroq ikkinchi – so‘nggi ogohlantirish xati keldi (10.08.92. Qayd raqami 04-788). Unda fotomuxbirimiz Sodiq Mahkamovning gazetada e’lon qilishga tayyorlangan bir turkum suratlari respublika hayotida favqulodda holat sifatida baholangan, shoir Anvar Obidjonning suratlar ostiga yozgan yumoristik ikkiliklari tanqidchilarimizni hadsiz g‘azablantirgan edi. Xatning xulosasi: “Yuqorida bayon etilgan fikr-mulohazalarga va haftanomaga berilgan ogohlantirishlarga asoslanib, O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasi Siz muharrirlik qilayotgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftanomasi rahbariyati tomonidan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘isida”gi Qonunga zid xatti-harakatlar to‘xtatilmasa, nashringizga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi haqida so‘nggi marta ogohlantiradi”.
Bu zarbaga ham dosh berdik. Biz uchun boshqa yo‘l yo‘q edi. Ozroq bo‘shashsak, mavqeimiz o‘z-o‘zidan tushib ketardi. Taassufli tomoni shundaki, garchi ishimizni qat’iyat bilan davom ettirgan bo‘lsak-da, murosai madora uchun ba’zi maqolalardan voz kechishimizga ham to‘g‘ri keldi. Ulug‘ bir inson mening o‘sha kunlardagi holatimni ko‘rib, “Ukajon, qahramonning kimligini bilasizmi? Dushmanning o‘nta askarini o‘ldirib, o‘zi ham halok bo‘lgan kishi emas, yuztasini jahannamga qulatib, o‘zi omon qolgan kishi – qahramon” dedi. Bu gap tahririyatimizning barcha a’zolariga ma’qul keldi. Chunki gazetani jilovlash harakatlari allaqachon boshlanib ketgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay eng yaxshi “bomba” maqolalarimizdan iborat “Fitna san’ati” sarlavhali ikki jildli kitob bosmadan chiqdi. Bu – bizning “zukko do‘stlarimiz”ga javobimiz edi.
Gazetaga tazyiq yanada kuchaydi. Ochig‘ini aytganda, ancha-muncha “ayb”larimiz ham bor edi. Ulardan ba’zilari quyidagilar:
– qomfirqa hayotligidayoq gazeta peshtoqidan dunyo yo‘qsullarining “Butun dunyo proletarlari, birlashingiz” degan shiorini olib tashladik;
– Vali Qayumxonning Olmoniyada ta’lim olgan turkistonliklarning taqdiri to‘g‘risidagi “Qiyratilgan qismat” sarlavhali maqolasini e’lon qildik (1992, 24.04);
– Boymirza Hayitning “Sovet ittifoqi va hur dunyo nuqtai nazaridan turkistonliklarning strategik ahvoli” maqolasini chop etdik (1992, 8 may);
– Miraziz A’zamning “Boymirza Hayit shaxsiyati” maqolasi gazetamizda bosildi;
– Edvart Ollvortning “Jadidlar haqida yashirilgan hikoyalar” sarlavhali maqolasi ingliz tilidan Malohat Komilova tarjimasida chop etildi (1992, 11 sentyabr);
– Shukur Xolmirzayevning “Adabiyot o‘ladimi?” sarlavhali maqolasi jiddiy shov-shuvga sabab bo‘ldi (1992, 3 iyun);
– Ahmad Zaki Validiyning “Turkistonning tuganmas dardi” maqolasi e’lon qilindi (1992, 19 iyun);
– gazeta onalar va bolalar o‘limi, ayollar jinoyatchiligi, jazoni o‘tash joylari muammolarini ko‘tardi;
– Anvar Jo‘raboyevning “Qizil imperiyaning qora ko‘lankasi”, gazeta muharririning “Oliy nayrang”, Tohir Malikning “Evropasiz yashay olamizmi?”, Rajab Qilichevning “Bizlar bosmachi emasmiz”, Bobomurod Daminovning “Qoch musht, demokratiya kelayapti”, Ozod Sharafiddinovning “Tirik satrlarning qiyin qismati”, Nafisa Sodiqovaning “Talon-taroj qilingan mulk” maqolalari ziyoli uyg‘onayotganidan dalolat edi. Bu va boshqa ko‘plab chiqishlarimiz, din va diniy e’tiqod egalariga yangicha munosabat sovet tuzumidan qolgan matbuot uchun mutlaqo kutilmagan mavzular bo‘lib, ko‘plarni cho‘chitib yubordi. “Yaxshi ish qilibsizlar, odamlar haqiqatni bilishi kerak”, deguvchilardan ko‘ra, “Hay-hay”, o‘zlaringni bosinglar, kim biladi, ertaga siyosat qanaqa bo‘ladi”, deguvchilar ko‘p edi.
* * *
Do‘q-po‘pisa maktublar chetdan emas, o‘zimizdan ham kelib turardi. Mana, shunday xatlardan biri. Uni qo‘qonlik publitsist birodarimiz yozgan:
“Assalomu alaykum Ahmad aka!
Gazetangizda e’lon qilingan bir suhbat muallifining (taniqli shoir) fikricha, Mustafo Cho‘qay boshliq “Qo‘qon muxtoriyati”ning faoliyati “milliy or-nomusni himoya qilish” bo‘lgan ekan. Toshkent Qo‘qonga yuborilgan “harbiy garnizon” ana shu “milliy or-nomusni himoya qiluvchilar”ni “qirgan” ekan. Demakki, milliy orzu-intilishlarni zo‘rlov yo‘li bilan bostirgan ekan.
Menimcha, “Qo‘qon muxtoriyati”ning faoliyati “milliy or-nomusni” emas, yangi tug‘ilgan milliy burjuaziyaning “or-nomusini” himoya qilish edi. Mening katta otam – oddiy o‘rtahol dehqon ayni o‘sha muxtoriyatchilarga zid turganlardan edi. Muxtoriyatchilar zo‘r kelgach, “kerpich”da – Xudoyorxonning arkida qamalda turib, Toshkentdan xuddi o‘sha “harbiy garnizon” yordamga kelishini sabrsizlik bilan kutganlardan edi. Yordam kelgach, muxtoriyatchilarni, ularning lashkarboshisi Ergash qo‘rboshi to‘dalarini tum-taraqay quvganlardan edi. Katta otam o‘shanda ishchi-dehqon or-nomusini himoya qilyapman, deb o‘ylagan edi. Va, menimcha, to‘g‘ri o‘ylagan edi. “Milliy or-nomus” haqidagi gap-so‘zlar siyosiy chayqovchilik, xolos. Muxtoriyatchilar xuddi shunday chayqovchilik yo‘li bilan hokimiyatga erishmoqchi, o‘zbek ishchi-dehqonini Ulug‘ Oktyabr ishidan ajratib olmoqchi bo‘lgan edilar…
Menimcha, gazetani turli fikrlarning omboriga aylantirib qo‘yyabsiz. Mayli, u turli fikrlar ombori bo‘lsin. Lekin gazetaning pozitsiyasi aniq-ravshan anglashilib turishi lozim. Hozir esa, anglashilyaptiki, gazeta tobora materialistik fikrlovchilarning emas, idealistik fikrlovchilarning, Markscha emas, axloq dogmalari asosida fikrlovchilarning, realistik emas, havoyi-demagogik (hissiyotga asoslanib) fikrlovchilarning organiga aylanib bormoqda. O‘ziga ma’qul kelmagan fikrdagi maqolalarni chiqarmaslik darajasigacha yetmoqda…
Shoir aytgan insof, imon, adolat va hokazo tushunchalar diniy-idealistik faylasuflarning eski “mezon”laridir. Ular shunday mezonlarki, xamir, ko‘ngling tusagan qiyofaga solaverishing mumkin. Ular bilan hatto Mustafo Cho‘qayni ham, Boymirza Hayitni ham oqlayverish mumkin. Men tarixni, voqelikni materialistik-marksistik mezonlar bilan o‘lchash tarafdoriman.
Siz-chi? Yo o‘zingiz ham idealistik fikrlash tarafidasiz (hozir, albatta, ixtiyoringiz) yoki printsipsizlik qilib, idealistik fikrlovchilarning qo‘g‘irchog‘iga aylanib qolyapsiz. Vaholanki, qartani ochiq o‘ynash payti keldi. Hatto milliy or-nomuslar ham endi ikki xil tushunilmoqda. To‘qnashuvni Xudo ko‘rsatmasinu, ammo fikrlar to‘qnashuvi bo‘lishi aniq. Bu to‘qnashuvda qaysi tomonda bo‘lasiz? – ana shuni bilishni juda istar edim. Xayr. Sh.N. 21.12.89”
Qo‘qonlik o‘quvchimizga qisqa xat yozib, “Agar rozi bo‘lsangiz, maktubingizni va mening unga javobimni yonma-yon, bir sahifada e’lon qilishimiz mumkin, kim haq, kim nohaqligini gazetxonlar hal qilishsin”, degan taklifni aytdim. Oradan ko‘p o‘tmay javob keldi:
“Hurmatli Ahmadjon aka”
Xatingizni oldim. Taklifingiz haqida o‘ylab ko‘rdim. Shaxsiy xatimni gazeta minbariga olib chiqishingizga rozi emasman. O‘quvchilarga “bechorahol” ko‘rinishni istamayman. Agar chop etilishiga kafolat bersangiz, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi allaqachon noilmiy, nomarksistik fikrlovchilarning, idealistik fikrlovchilarning, azaliy va abadiy axloq mezonlari (imon, insof, adolat, haqiqat va hokazo mezonlar) asosida fikrlovchilarning organi bo‘lib qolganini isbotlab maqola yozib beraman, keyin javob yozsangiz, bahslashsangiz, unda boshqa gap.
Gazetangiz tituliga bobomiz Navoiyning rasmini qo‘yib, Hamzaning rasmini qo‘yishni esa unutganliklaringning o‘ziyoq hozir redaktsiyangiz qanday g‘oyaviy pozitsiyada turganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. “Literaturnaya gazeta”ga qarang. Ular Pushkinning rasmini qo‘yib, Gorkiynng rasmini qo‘yishni unutishmagan. Hali unutishgani yo‘q. Aqli bor odamlar uchun shuning o‘ziyoq olamjahon ma’noga ega.
Darvoqe, chop etishga kafolat berilsa, keyin maqola yozaman deb o‘tirganim yo‘q. Asosan sizning gazetangizda e’lon qilingan maqolalar misolida idealistik fikrlash qanday fikrlash ekanini va hozirgi paytda qanday oqibatlarga olib borishi mumkin ekanini ko‘rsatuvchi katta maqola yozdim. Bir yil davomida yozib, yaqinda tugalladim. Hozir uni qayerda e’lon qildirish masalasi o‘ylantirib turibdi meni. Hozir adabiy gazeta-jurnallarimizdagi kishilarning aksariyati idealistik fikrlovchi kishilardir. Va ular mening maqolalarimni avvallari bo‘lganidek, jon-dildan chiqaravermasliklariga ishonchim komil. Chiqarmayaptilar ham bizning bu janobi idealist demokratlarimiz. Lekin men bundan zarracha tushkunlikka tushmayman. Aksincha, adabiy gazeta-jurnallar bilan munosabatim bunday ekanini fikrim to‘g‘ri ekanligining isboti deb tushunaman.
Hademay matbuot to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. Ajoyib kunlar keladi. Tituliga adabiy jihatdan Navoiy bobomizning, g‘oyaviy jihatdan Marksning shogirdi bo‘lmish Hamzaning rasmi tushirilgan adabiy gazeta-jurnallar chiqaramiz. Ana unda men maqolalarimni e’lon qilish imkoniyatiga ega bo‘laman…
Sizga salom bilan Sh. 26.02.90”
* * *
Mana bu maslahat-xat kuyunchak olim, so‘z va iboralar ustasi, ashaddiy futbol ishqibozi Erkin Jabborovning (“…va boshqalar bilan futbol” sarlavhali to‘plam muallifi) gazetamizga yozgan maqolasi qo‘lyozmasiga ilova qilingan. (Afsuski, vaqti ko‘rsatilmagan, 91–92-yillar bo‘lishi kerak):
“Muharrir birodarimizdan iltimos:
Ruscha matndagi “i” bog‘lovchisi kelgan joylarda “va” ishlatilmasa (“va hokazo”dan tashqari).
“Yozloq” atamasi “dala hovli” deb tuzatilmasa.
Radioda ishlatilaverib siyqasi chiqib ketgan “aytingchi” degan murojaat qo‘shilmasa.
Xatboshi “Hammamizga ma’lumki” deb boshlanmasa.
“Ikki jamoa o‘zaro to‘qnashdi” deyilmasa.
Darvozaga gol emas, to‘p kiritiladi. Shu xato takrorlanmasa.
Maqola ikkiga bo‘linib, “dum”i boshqa sahifaga o‘tkazilmasa”.
* * *
Istiqlol sharofati bilan adabiyot gazetasining mavzulari yanada kengaydi, olis mamlakatlarda taqdir taqozosi bilan qolib ketgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarimiz yo‘lga qo‘yildi. Vali Qayumxon, Boymirza Hayit kabi siymolarning yaqin o‘tmishimiz tarixiga oid ilmiy-tadqiqot maqolalari gazeta sahifalarida e’lon qilindi. Ular bilan ijodiy hamkorlik qilish maqsadida har ikki olimga maktub yozdim:
“Germaniya. Myunxen.
Muhtaram Vali Qayumxon janoblariga.
Assalomu alaykum. Allohga sonsiz shukrlar bo‘lsinkim, mustabid tuzumning umri tugab, ezilgan, xo‘rlangan xalqlar istiqlol yo‘liga chiqib, jumladan, qadim Markaziy Osiyo mamlakatlarining ham peshonasiga oftob tegdi. Istilolar zahrimoridan karaxt va pajmurda bo‘lgan ellar qaddini, shukuh va sarvatini tiklashga kirishdi.
Tuzum o‘zgarib, yangicha ravishlar boshlanayotgan davrda davlat va xalq hayotida turli-tuman qiyinchilik, yetishmovchilik, anglashilmovchiliklar bo‘lishi tabiiy ekan va biz hozir bularning barini boshimizdan kechirmoqdamiz. Shunday sharoitda xalq ongining uyg‘oq bo‘lishi alohida ahamiyatga molik. Ongni uyg‘otish esa to‘laligicha munavvarlar zimmasida.
Muhtaram ustod! Sizning yigirmanchi yillar avvalida Yevropaga tahsil uchun yuborilgan munavvar yoshlarning alamli qismati haqidagi xotiralaringiz gazetamiz o‘quvchilarida kuchli taassurot qoldirdi. Nasllar bu tarixlarni yaxshi bilishlari va zarur saboqlar chiqarishlari kerak.
Biz siz bilan bundan buyon ham yaqindan hamkorlik qilishni niyat qilib qolamiz”.
Hurmat bilan, Ahmadjon Meliboyev. Toshkent, 1992, may, 22”.
Ikkinchi xat:
“Muhtaram Boymirza Hayit janoblariga!
Assalomu alaykum!
Qahraton kunlar, umidsiz yillar orqada qolib, istiqlol uchun g‘ayrat bilan belni mahkam bog‘lab xizmat qiladigan zamon keldi. Sizning asarlaringizga milliy matbuotimiz sahifalarida oydin yo‘llar ochildi va endilikda ular istiqlol uchun, onglarning yorishmog‘i uchun xizmat qilajakdir.
Sizga shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilishim lozimki, gazetamiz sahifalarida chop etilgan maqolalaringiz, garchi ular hali oz bo‘lsa-da, o‘quvchilarda kuchli qiziqish uyg‘otdi. Siz bilan doimiy hamkorlik qilishdan umidvormiz. Sizga bardavom sog‘liq tilab, Ahmadjon Meliboyev.
Toshkent, 1992, may, 22”.
* * *
Umrining so‘nggi yillarini AQShda o‘tkazgan, Indiana universitetida talabalarga saboq bergan, bir necha darslik va lug‘atlar, ilmiy tadqiqot maqolalari muallifi Xayrulla Ismatullayev bilan 1992 yili Amerikaning Indiana universitetida tanishganman. Sobiq tuzum paytida boshiga og‘ir kunlar tushgan ushbu vatandoshimizga “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining AQShdagi jamoatchi muxbiri vakolatini berganimizdan keyin gazetada “Maxsus muxbirimiz AQShdan xabar qiladi” rukni ostida qator maqolalari e’lon qilindi.
Xayrulla akaning ushbu maktubi arxivimda saqlanadi.
“Assalomu alaykum!
Men kim Indiana universitetida dars berib, bo‘sh vaqtlarida kutubxonalarda adashib-uloqib yuruvchi vatandoshingiz bugun Sizni yana eslab qoldim. Buning boisi, albatta, Sizning ajoyib gazetangiz va mening ajoyibdan uzoqroq maqolalarim.
1989 yili gazetangizda A. Vamberi haqidagi bir maqolamni chiqargan edingiz. Shunda A. Vamberi o‘zi bilan birga Ovrupoga olib ketgan xivalik mulla Ishoq haqida ham qisqa ma’lumot bor edi. Keyingi yillari men Ovrupo kutubxonalarida saqlanayotgan adabiyotlarni o‘rganib, mulla Ishoqning taqdiriga oid xiyla ko‘p ma’lumotlar to‘pladim.
Sizga ma’lumki, o‘zbek filologiya fanidagi olibsotarlar Jirmunskiyga o‘xshash bir qator “….”larni o‘zbek folklorining otasi darajasiga olib chiqib qo‘yishgan. Haqiqatda esa. Hali Jirmunskiylarning katta bobolari tug‘ilmasidan oldin o‘zimizning mulla Ishoqimiz Ovruponi o‘zbek xalq og‘zaki ijodi bilan tanishtirgan va o‘zbek xalq ijodi namunalarini 1865 yildayoq Ovrupoda chop ettirgan. Bu haqiqatni hozir sizning gazetangiz aytmasa, kim aytadi, deb o‘yladim va maqolani Sizning nomingizga yuborishga jazm etdim. Lozim topsangiz, bosib chiqararsiz.
Ahmadjon domla, Sizga yana kichik maqolalar jo‘natmoqchiman. Jahon kutubxona va arxivlaridan Amir Temur va temuriylarga oid (Shohrux, Mironshoh, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Bobur va h.k.) ayrim hujjatlarni qidirib topdim, nusxalarini oldim. Iloji boricha, topilgan hujjatlarning ba’zilarini – hozirgi kunimizga ham asqotadiganlarini gazeta sahifalarida chop etib borsak, foydadan xoli bo‘lmasdi. Yaqin kunlar ichida Sulton Husayn Boyqaro chiqargan bir farmon haqida kichik xabar yuboraman (farmonning nusxasi bilan birga).
“O‘zAS” (adabiyot gazetasi) bu yerlarga qonuniy yo‘llar bilan hali ham yetib kelmayapti… Qozoqcha, turkmancha, gruzincha va qandaydir chulchutcha gazetalar keladi, ammo o‘zbek gazetalari yo‘q… O‘zbek matbuotchilariga pul kerak emasmikin. Bizga o‘xshash ishqibozlar gazetangizni turli aql bovar qilmaydigan yo‘llar bilan keltirib o‘qiyapmiz.
Do‘stingiz Nazif Shahroniy arab xotinidan o‘g‘il ko‘rdi. 40 kun bo‘ldi, chillasi chiqdi. Ismini Komron qo‘ydi. Shu kunlarda u, menga o‘xshab, yozda ham dars beryapti. “Sizga nima balo bo‘ldi?” deb so‘rasam: “Ey, pul kirok, bala ko‘paydu”, deydi. Oldingi (xotinidan) bolasiga aliment to‘lagani uchun oladigan oyligining cho‘g‘i biroz o‘chgan ko‘rinadi. Buning ustiga, hozirgi arab xotini ishlamaydi va pulni bizning ayollar singari yomon ham ko‘rmaydi.
Yangilik ko‘p. Yozgan bilan adog‘ bo‘lmaydi. Keling, shu yerda to‘xtatay. Vaqtingizni olmay. Sizga va do‘stlarimizga ko‘pdan-ko‘p salomlar bilan Xayrulla. 18.07.98”.
Xayrulla akaning maktub bilan birga jo‘natilgan “Qo‘ng‘irotlik mulla Ishoq izlari” sarlavhali maqolasi gazetaning 1998 yil 14 avgust sonida e’lon qilindi. Yana bir maqola “Sulton Husayn Boyqaroning farmoni” o‘sha yilning 11 sentyabrida gazetxonlar hukmiga havola etildi. 27 noyabrda “Boburning maxfiy vasiyatnomasi”ni chop etdik.
* * *
Ushbu maktub Xayrulla Ismatullayevdan mening nomimga kelgan so‘nggi noma bo‘ldi:
“Assalomu alaykum, hurmatli Bosh muharrir janoblari!
Har safar talabalar bilan birgalikda Siz tahrir etayotgan haftalikni o‘qiyotganimizda, albatta, dastavval Sizga g‘oyibona bo‘lsa ham, bir salom aytib o‘tamiz. Buning boisi, birinchidan, Sizni qalbimizga yaqin tutayotganimiz bo‘lsa, ikkinchidan, haftalik hozirgi, bir oz qog‘oz tanqisligi sharoitida ham o‘z qiyofasini deyarli yo‘qotmaganligidandir. Gazetani bizga Toshkentdan do‘stlarimiz 3–4 oylik sonlarini yig‘ib yuborishadi. Bu haftalikka AQShda hech kim rasmiy obuna bo‘la olmadi. Hayronman, nahotki boshliqchalar pul topish yo‘lini bilishmasa. Amerikada bu haftalikning bir sonini 2–3 dollarga sotib olishga hamma tayyor. Faqat sotuvchi yo‘q. Ba’zan bu yerdagi sarmoyadorlar bergan savolga javob topa olmay uyalib ketaman. Hali ham ba’zi kimsalarda “Menga nafi tegmasa, davlat kuysa kuyib ketsin” degan o‘y qurt yegan miyalaridan ketmaganga o‘xshaydi. Bunga qachongacha chidash mumkin, axir?..
Nazifning amakivachchasi Inoyatilla Shahroniy ham oilasi bilan bu yerga (Blumingtonga) ko‘chib keldi. Ishsiz. O‘zi pedagogika fanlari doktori. Doktorlikni AQShda yoqlagan, o‘ta aqlli, o‘zbeklik xususiyatlarini to‘la saqlab qolgan kishi. Yigirmadan ortiq kitob yozgan ekanlar. O‘zbekistonda bo‘lganlar. Siz bilan suhbatlashib to‘ymagan Abdulla shayxdan ham salom. Ba’zan hamsuhbat bo‘lib turaman. Hozir ham Marks, Lenin asarlarini o‘qib turadilar. “Turkiston” gazetasida u kishi haqida yozganlaringizni o‘qib berdim. Xursand bo‘ldilar.
Shu kunlarda men faqat yozish bilan bandman. Bir qator ishlarni yozib tugatdim. Ayrimlarini sizga yuborayapman. Lozim topsangiz haftalikda chop etarsiz. Agar bu maqolalar haftalikka mos kelmasa, ularni o‘g‘lim Alisherga qaytarib bering. Siz Alisherni taniysiz. U do‘stlik jamiyatida ishlaydi. Frantsiyaga ketayotganingizda Siz bilan uchrashgan, suhbatlashgan. Amir Temur haqidagi maqolalarimning bir qismi bosilmasdan, har kimning qo‘lida qolib ketdi.
Bir necha yil oldin Turkiya olimlari jamiyati Alisher Navoiyning to‘la asarlari to‘plamini chiqarishga qaror qilgan edi. Hozirgi kungacha Navoiyning bir qator asarlari shu turkumda chop etildi. Meni faqat birgina DEVONini boshidan oxirigacha, erinmasdan, sinchiklab qiyosiy o‘rganib chiqdim. Navoiyning bizda, O‘zbekistonda bosilib chiqqan eng mukammal devoniga qiyoslaganda shu narsa aniqlandiki, biz hanuz Navoiyning 30 ta g‘azalini aniqlamagan ekanmiz. Bir devonda o‘ttizta g‘azal yetishmaydi. Mana shular haqida yozgandim.
Buyuk Cho‘lpon haqida bir tadqiqotni tugatdim. Unda shoirning shu kunlargacha O‘zbekistonda chop etilmagan bir qator she’rlari bor. Buning jiddiy sababi bo‘lishi kerak. Men ularni ikki yil davomida Cho‘lponga oid G‘arbiy Ovrupo, Turkiya va Amerikadagi arxiv materiallarini og‘dar-to‘ntar qilib topdim. Bu ish 30 sahifadan ortiq bo‘lganligi sababli, haftalikka kattalik qilsa kerak, degan o‘y bilan uni hozircha yubormayapman.
Ahmadjon domla, mendan do‘stimiz Xurshid Do‘stmuhammadga salom deb qo‘ysangiz. Xurshidning ikki hikoyasini “O‘zAS”da o‘qib chiqdim. Unga xat yozmoqchiydim, manzili noma’lum bo‘lgani sababli xatni Sizga yo‘llayapman. Xurshidning ayrim hikoyalari menga yoqadi, lekin ularni hozirgi o‘zbeklar tushunarmikin, degan gumonim ham bor. Men impressionistlar haqida ko‘p o‘qiganman. Nazarimda Xurshidning “O‘zim” kabi hikoyalari psixologik (ruhiy) impressionizmni eslatadi. Bunday asarlarning g‘arb dunyosida bozori chaqqon bo‘ladi.
G‘iyosiddin ota bilan (Chikagoda yashab qolgan qashqadaryolik hamyurtimiz) onda-sonda bo‘lsa ham uchrashib turaman. Hozir ular yangi, katta uy (bog‘i bilan) sotib olishgan (1992 yili borganimda G‘iyosiddin ota umr yo‘ldoshlari va o‘g‘illari bilan Chikago aeroportining shundoqqina chekkasida, qo‘nayotgan samolyotlarning g‘ildiraklari tomga tegay-tegay deydigan uyda yashashar edi). Juda antiqa. Kenja o‘g‘illari Najmiddin va nabiralari (Sirojiddinning o‘g‘li) Jamoliddin (Sizlar uylantirgan) o‘zlari uy sotib olib, alohida ro‘zg‘orli, farzandli bo‘lishdi. Shu yoshlarning shu darajada yaxshi uy-joyli, bola-chaqali bo‘lishlariga “O‘zAS” haftaligi sababchi bo‘ldi. Buni bandasi bilmasa, Yaratgan biladi-ku. “Yaxshilik qil, suvga ot − baliq bilar. Baliq bilmasa Xoliq bilar” deganlari shu bo‘lsa kerak. Bir kelsangiz o‘zim olib boraman.
Xayr, omon bo‘ling. Do‘stlarga ko‘pdan-ko‘p salomlar bilan Xayrulla Ismatulla.
R.S. Men yuborgan maqolalarni nabodo (matnda shunday) bosib chiqarsangiz, ularga tayinlangan qalam haqini doimo mashinistka qizlarga bering. 1997, avgust, 2”.
* * *
Yana bir muhim xat:
Muhtaram Ahmadjon Meliboyev
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”
gazetasi Bosh muharriri janoblariga.
Avvolan salom va hurmatlarimni qabul qiluvingizni istimos qilaman. Afsuski Turkistonning O‘zbekiston qismida bo‘lgan vaqtimda zoti olingiz bilan hamso‘hbat bo‘la olmadim. Bugun ushbu xatim bilan sizga murojot yetib, ba’zi fikrlarimni izhor etmak niyyatida bo‘ldim. Lutf etsangiz, agar hukumat senzuridan ruxsat olabilsangiz, mening tubandagi fikirlarimni gazetangizda nashr yettirsangiz sevinaman:
1. O‘zbekiston Oliy Kengashining Fan, Xalq ta’limi Qo‘mitasining va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining 25. may 1.5.1992 dagi mening vatanimga tashrif yetishim haqidagi samimiy davati uchun qalbiy rahmat bildiraman. Ushbu samimiy davatnoma bilan O‘zbekistonda bo‘lish sharafiga yega bo‘la oldim. Mening bilan ko‘rishgan (ikkita so‘z o‘qib bo‘lmas darajada o‘chirilgan – A.M.) hamma vatandoshlarimga, ularning (ikkita so‘z o‘chirilgan) izzat-hurmatlari uchun qalbimdan rahmatlar bildiraman. Shuningdek 52 yildan keyin topa olgan 126 jondan iborat bo‘lgan qarindosh-urug‘larimga ularning menga nisbatan ko‘rsatgan muhabbatlari uchun jonimdan shukron – bildiraman.
2. Mamlakatda bo‘lgan vaqtimda, ayniqsa, Toshkentda, dunyoning hechbir yerida ko‘rmadigim haqoratni (shu so‘z ostiga yo‘g‘on ko‘k siyohli chiziq tortilgan) ko‘rgan bo‘ldim. Toshkentga kelganimdan keyin “Prezidentimiz Sizni Namanganga borib oilaviy marosimlaringizni o‘tkazib kelganingizdan keyin qabul qiladilar va siz undan so‘ngra fikirlaringizni bildira olasiz” dedilar. Men buning uchun rahmat bildirdim. 21.dan 22.7.ga o‘tar kechasi soat 2.5 da Toshkentga kirdik. 22.7.da Prezident idorasida ishlaydirgan mas’ul bir amaldor keldi, “Prezidentimizni vaqtlari bo‘lmagani sababli sizni qabul qila olmoydilar” dedi. Men bu xabarni g‘oyat ta’biiy bo‘lganli(gi)ni bildirdim va rahmat izhor yetdim. 23.7.da yuqari unvonli bir yurtdoshim “Sizning haqingizda Namangandan yomon raport keldi. Prezidentimiz xapa boldilar”, dedi. Yomon raportning mazmunini bildirmadi. Oradan biroz o‘tgandan keyin boshqa bir yuksak darajasi ma’mur kelib, “Ikkinchi dunyo urushining qatnashchilari Sizga qarshi norozilik bildirmakdalar. Buning uchun haftaning oxiriga qadar mamlakatdan chiqib ketishingiz kerak” dedi. Men bunday talabga bir oz javob berdim. “Men “Sizlarning menga qarshi norozilik bildirmakda bo‘lgan urushchilaringiz – Partiya va Stalin uchun qasam ichganlar. Biz Turkiston milliy askarlari Alloh va Turkiston istiqloli uchun qasam ichganmiz” dedim va gapni cho‘zmasdan chiqib ketishimni bildirdim. Bundan keyin aqlim yeriga kirganligini sezdim. Xalqimizning va ziyolilarimizning bir qismi, muhojirlarimizning ko‘pchiligi O‘zbekiston hukumatining mas’ul rahbarlaridan mening vatanimga kirish uchun ruxsat berili(shi)ni talab etmakda davom yetgan edilar. Ammo, “bu odam kelsa olinajak tadbir taktikasi”ni ham avvaldan tayin yetganlar. Vatanimdan quvladilar (Shu ikki so‘z osti chizib qo‘yilgan). Buning bilan, O‘zbek xalqining axloqi bilan hech bir aloqasi bolmagan hiylakorlikni, menga qarshi yeski Komminizm-Sotsializm ig‘volarining yashamoqda bo‘lganligini o‘rgandim. Qanoatga keldimki, bugunlarda ham yeski Komminizm istiqlol bayrog‘i ostida neo-kommunizm shaklida o‘zining ta’sirini ko‘rsatmakda.
O‘z hayotining 50 yilini istiqlol uchun kurash maydonida, Turkiston jumhuriyatlarining mustaqilliklari e’lon qilingandan so‘ngra, istiqlolni mustahkamlash yo‘lida faoliyatda bo‘lingan mening kabi bir vatanparvarni vatandan chiqarmoq xalqimning emas, balki hozirgi hukumat atrofiga to‘plangan ba’zi “Oshxo‘r joynamoz o‘g‘rilarining” ishidir.
Neo-Bolsheviklar meni xato onglamasunlar: men vatanim xizmatida davom etaman.
Millatimizga salomatlik, istiqlolimizga har zamon uchun zafarlar tilab turaman.
Ehtiromlarim bilan
falsafa fanlari doktori Boymirza Hayit
12.8.1992
* * *
Quyidagi maqola va unga ilova qilingan izoh-maktubni gazeta tahririyatiga 1994 yilning yanvar oyida mamlakatimiz madaniy hayotining taniqli namoyandalaridan biri Aziz Oppoqovich To‘rayev yo‘llagan edi. Uni sahifaga qo‘ydik, ammo chop etishning iloji bo‘lmadi. Mustaqillikning uchinchi yiliga qadam qo‘yayotgan bo‘lsak-da, har ehtimolga qarshi ehtiyot bo‘lib turishni ma’qul ko‘rayotganlar ko‘p edi o‘shanda…
“Hurmatli bosh muharrir!
Zamon charxpalagi shiddat bilan aylanmoqda. Kechagi gap bugun eskirib, ahamiyatsizdek tuyulib qolayotir. O‘ylasang tasavvuringga sig‘dira olmaysan kishi: SSSRday davlat parchalanib, milliy jumhuriyatlar, jumladan O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishini bundan besh-o‘n yil avval kim ham bashorat qila olardi? O‘zbekistonda sovet zamonining eng yirik siyosiy arbobi Sharof Rashidovdek shaxs kutilmaganda vafot etishini, dunyo aylanib, mamlakatning birinchi rahbari uni balchiqdan olib, balchiqqa qorishini, bu ulug‘ inson sha’niga asossiz ta’na toshlari otilishini, kuni kecha uning issiq bag‘rida bo‘lganlar endilikda undan aziyat chekkanlar bo‘lib qolishini kim ham o‘ylabdi deysiz.
Bu ulkan arbob, g‘oyat murakkab sharoitda ham o‘z xalqi manfaatlarini imkon qadar himoya qilgan inson haqidagi uydirmalar shu darajaga borib yetdiki, bir necha yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga bosh bo‘lgan, qator roman, povest va dostonlar bitgan iste’dodli ijodkorni nopok kimsalar soxta adibga chiqardilar. Asarlarini o‘zi yozmagan, boshqalar yozib bergan, degan ig‘vo tarqatishdan ham tiyilmadilar.
Vaqt hamma narsaga hakam ekan. Prezidentimiz xalqimizning ardoqli farzandi Sharof Rashidov xotirasini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Bundan ruhlanib, shaxsiy arxivimda o‘n yildan beri saqlanib turgan bir hujjatni muhtaram gazetxonlar hukmiga havola etishga jazm qildim.
Bu hujjai Sharof Rashidovning so‘nggi “Dil amri” povesti xususida. 1982 yilning 23 iyul kuni adibning yangi asari qo‘lyozmasi bir guruh adiblar ishtirokida muhokama qilindi. Muhokamada ijodkorlardan tashqari o‘sha kezlari markazqo‘mning mafkura bo‘yicha kotibi Oqil Umrzoqovich Salimov, madaniyat bo‘limi mudiri kamina ham ishtirok etganmiz. Odatga ko‘ra, bunday yig‘inlar stenogrammalashtirilar edi. Ammo bu gal bu taomilga rioya qilinmadi. Fikrimcha, Sharof Rashidovich kamtarlik qilib, shaxsiy ijodi haqidagi yig‘inni davlat ahamiyatiga molik muhim tadbirlar ro‘yxatiga kirib qolishini xohlamadi. Men esa, odatimga ko‘ra, boshqa yig‘inlarda bo‘lganidek, muhokamada so‘zga chiqqanlarning mag‘izli fikrlarini yon daftarimga qayd qilib bordim. Albatta, o‘shanda men bu fikrlarni vaqti kelib matbuotda e’lon qilishni o‘ylagan emasman.
Hurmatli muharrir!
Ushbu muhokama matni bilan tanishib chiqishingizni iltimos qilaman. Balkim, uni e’lon qilsa bo‘lar. Ehtirom bilan A. To‘rayev. 25.01.94
Muhokama matni:
Vohid Zohidov: Qissa yuqori saviyada yaratilgan, unda romanning hamma elementlari bor. Asarning bosh qahramoni Sergey tirik qolsa ma’qul bo‘lardi.
Komil Yashin: Asarning xalqaro ahamiyati katta. Sergeyning pichoqlanib o‘lgani ma’qul.
Rahmat Fayziy: Aytishim kerakki, Sharof Rashidovning hamma asarlari Yozuvchilar soyuzida muhokama qilingan. Asar faqat o‘zbek adabiyotida emas, balki rus adabiyotida ham voqea. O‘zbek adabiyotida bu obrazlar bo‘lmagan. Asarning qimmatli tomoni yana shundaki, u ixcham yozilgan. Tezroq rus tiliga tarjima qilish kerak.
Hafiz Abdusamatov: Asarni o‘qib kamchilik topa olmadim. Zamonaviy, tinchlik mazusiga bag‘ishlangan. Hozirgi kun uchun aktual asar. Adabiyotda yangilik. Obrazlar ta’sirli, ishonarli, konfliktli, dramatizm kuchli, tili yaxshi, o‘xshatishlar, aforizmlardan o‘rinli foydalanilgan. Yaxshi kinofilm bo‘ladi.
Mirmuxsin: Asar mahorat bilan yozilgan. Seryoja tirik qolsa yaxshi bo‘lardi. Sharof Rashidovning bu qissasi adabiyotimizdagi eng yaxshi asarlardan biri.
O‘ktam Usmonov: Asarning qahramonlari oddiy odamlar. Obrazlar tobora qizib boradi, nihoyatda zamonaviy. Sergey o‘lmasin.
Sa’dulla Karomatov: Asar tinchlik, xalqlar do‘stligiga bag‘ishlangan, urushni qoralovchi, unga nafrat ruhida yaratilgan.
Ibrohim Rahim: Sharof Rashidov adabiyotda ideologiya yaratayapti, internatsionalizmning yangi qirralarini ilgari surayapti. Asar adabiyotga olib kirilgan jasorat. Matbuotga chiqsa yaxshi bo‘lardi.
Aleksandr Udalov: Asar Butunittifoq adabiyotining yaxshi namunasi. O‘zbek adabiyotida qahramoni rus xalqi bo‘lgan birinchi qissa deyish mumkin.Uni tezroq rus tiliga tarjima qilib, chop etish kerak.
Ramz Bobojon: Bu asar nomiga munosib qalb amri, yurak amridir.
Odil Yoqubov: Asardagi voqealar, odamlarning taqdiri nihoyatda murakkab. Undan katta adabiyotning nafasi sezilib turibdi. Asar fojiali tugagani yaxshi.
Hamid G‘ulom: “Dil amri” namuna bo‘ladigan ibratli asar. U publitsistikaning cho‘qqisi.
Asqad Muxtor: Qissani kirish so‘zi bilan tez matbuotda chiqarish kerak.
Turob To‘la: Bu asar vatanparvarlik, baynalmilallik, inson irodasi haqida qissa. Povestni o‘qib, beixtiyor Sholoxovning “Inson taqdiri”, Fadeevning “Yosh gvardiya” asarlari, ularning qahramonlari ko‘z o‘ngimga keldi. O‘zbek adabiyotida yangi so‘z bu. Uni tezroq gazetada chop etib, o‘z o‘quvchisiga yetkazish kerak.
Sharof Rashidov: Asar syujeti 1942 yildan beri men bilan birga. Voqea Novgorod oblastida bo‘lgan. 1977 yili mehnat ta’tilida 12 soatdan o‘tirib yozdim. Urushga la’nat o‘qish niyati bilan vatanparvarlik, chekinmaslik ruhida yozilgan. Asarni roman darajasiga ko‘tarish masalasida: agar asarga yangi bob qo‘shilsa, u buziladi, shuning uchun odamlarning psixologiyasini kengaytirish yo‘li bilan keyinroq roman qilish mumkin. Muhokama qatnashchilariga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildiraman”.
* * *
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Muhitga sig‘magan yurak” sarlavhali publitsistik maqolasi mashhum o‘ttiz yettinchi yil qatag‘onining qurboni bo‘lgan shoir Usmon Nosir haqida. Muallif Usmon Nosirni ijod bog‘idan yulib olib ketgan davrni qoralash bilan birga, istiqlol arafasida, sobiq ittifoq rahbarining “qayta qurish” siyosati avjiga mingan paytda yuzaga kelgan ma’naviy inqirozga, katta-kichik minbarlardan yangrayotgan ehtirosli, ammo mag‘zi puch hayqiriqlarga to‘xtalib, shunday satrlarni qog‘ozga tushirgan: “Biz ijodkorlar necha iste’dodlarga zavol bo‘lgan o‘sha muhitni qoralar ekanmiz, hozirgi o‘z muhitimizga aql ko‘zi bilan, kelajak ko‘zi bilan boqsak, yomon bo‘lmasdi. Qayta qurishni o‘zicha tushungan, barcha qadriyatlarning oyog‘ini osmondan qilib qo‘yishga urinayotgan, davr epkinida yuzaga chiqib olishni ko‘zlayotgan badniyatlar yo‘q emas. Ular Yozuvchilar uyushmasi minbarini egallab, iste’dod egalariga loy otayotganlari, oshkora ta’qib va tahqir qilayotganlari o‘sha o‘ttiz yettinchi yil muhitini eslatmaydimi? Men u o‘ktam va’zxonlarning kimligini aytib o‘tirmayman, kimga xizmat qilayotganlarini ham gapirmayman. Faqat eslatmoqchimanki, ularning asosiy quroli — tuhmat, shallaqilik, g‘azabkorlik o‘sha davrlarda Usmon Nosirga qarshi ishlatilgan qurollarga o‘xshab ketadi. Faqat farqi shuki, o‘ttiz yettinchi yilda bunday majlislardan keyin shoirlarga qamoqxonalarning eshigi ochilgan bo‘lsa, endi kasalxonalarning eshigi ochilmoqda”.
* * *
Gazetamizning 1992 yil 1 yanvar sonida O‘zbekiston Erkin akaning kichik-kichik fikralarini e’lon qildik. Ulardan ikkitasi:
O‘chgan ovozlar
Bizga beshikdan tanish, tobutgacha hamroh, jumla jahonimizni zabt etgan bir jumla bor. Bu ikki so‘zdangina iborat: “Ovozingni o‘chir!”
Qulog‘imizga, ongimizga, dilimizga, jonimizga chuqur-chuqur o‘rnashgan, o‘zligimizga aylanib ketgan ibora!
Sen hali yo‘rgakda ekangda ona sutiga to‘ymay yig‘laysan. Taqchillikdan tani qurigan, mehrga, ardoqqa, baxtga zor onang jonidan to‘yib senga, faryod bilan aytadigan so‘z bu: “Ovozingni o‘chir!”
Olamga hayrat ko‘zi bilan boqib ko‘ksingdan otilgan minglab savollarga javob bu. Bilishni istagan onging, uchishni istagan yuraging, o‘sish, kamol topishni istagan vujudingga azaliy xitob bu.
Bolalar bog‘chasining arobasiga tushgandan boshlab hukumat qo‘shig‘ini aytasan: “Mening bo-bom-lar…” Ikki qo‘ling tizzangda, ikki ko‘zing murabbiyada. O‘tirishing kerak.
– Axir men bolaman, – deydi ichki ovozing murabbiyaga, – yugurishim, gurpaklashishim, qiyqirishim kerak. Tabiat meni shunday yaratgan.
– Ovozingni o‘chir, – deydi murabbiyang, – senga to‘polon kerak bo‘lsa, kattalarga tinchlik kerak.
Maktab devoriga “O‘qish, o‘qish va yana o‘qish” deb emas, “O‘chir, o‘chir va yana o‘chir!” deb yozilgan.
– Menga hayotiy ilm bering, – deydi ovozing o‘qituvchiga, – yashashni o‘rgating. Yuragimga go‘zallik hissini soling. Menga Lyudoviklar, Genrixlardan ko‘ra o‘z ona yurtim tarixi azizroq, Temur bobom to‘g‘risida rost gapni ayting. Bobur va boburiylar qismatini hikoya qilib bering. Men uchun Rur havzasida yiliga qancha ko‘mir ishlab chiqarilishi qiziq emas. O‘z yurtim xazinalaridan, uning boyligi va qashshoqligidan gapiring. Menga turkiy, forsiy baytlar yodlashni, islom tarixi, shariat qoidalarini, dafn ma’rakasida ikki kalima Qur’on tilovat qilishni o‘rgating.
Yuragingda istaklaring ko‘p. Bariga javob bitta: – Ovozingni o‘chir. Vazirlik tasdiqlagan o‘quv dasturi bor.
Bora-bora anglash doirang kengayadi. Hayot yo‘lida ko‘p bor qoqilasan, boshing devorlarga uriladi. Qadamingda u shafqatsiz sadoni eshitasan: o‘chir!
Yuragingdagi olovni o‘chir, ko‘zingdagi nurni o‘chir, o‘zligingni, tarixingni, xotirangni o‘chir!
Tiriklikning ehtiyojlari seni ming bir xil mahkamalarga yetaklaydi. Sarsonu sargardonliklar so‘ngida anglaysanki, bu og‘ir eshiklarga qoplangan charmlar ovozni o‘chirish uchun.
Ovozingni o‘chir! Toshning billurga, izg‘irinning yaproqqa, sohibning qulga aytadigan so‘zi bu!
Shahring atrofiga osmono‘par temir qurilmalar o‘rnatilgan. Ular ovoz uzaytgichlar emas, bil’aks ovoz o‘chirgichlar. Yetmish yil davomida bu qurilmalar dunyo ovozlarini sendan, seni dunyo ovozlaridan to‘sdilar. Ularning har biri “Ovozingni o‘chir!” degan ibora so‘ngidagi undov belgisiga o‘xshaydi.
Qabriston sukunatiga quloq sol. Bu sukunatda o‘chgan ovozlarning hayqirig‘i bor. Vataningni angla. U o‘chgan ovozlar vatanidir. Osmon – yer ustiga to‘nkarilgan qopqoq. Sening ovozing parvardigorga borib yetmasin uchun bu zich shisha qopqoq yaralgan.
Haqiqatning qayerdaligini bilguncha qadding bukiladi, soching oqaradi. Oqargan sochlaring ham aslida o‘chgan ovozlar kulidir.
Ovozingni o‘chir! Oqibat bu sadoga ko‘nasan. Endi u o‘z ichingdan yangraydi. Birov senga “o‘chir” deyishi shart emas. Bu so‘zni o‘zing o‘zingga aytasan.
Bir kun barcha tiriklar kabi sen ham tiriklikni tark etasan. Joning jaholatdan ozod bo‘ladi. Dunyo sendan qutuladi, sen dunyodan. U kunni intizor kutganlar qarsak chaladilar. Xayriyat, ovozi o‘chdi-ya, deydilar. Lekin g‘ofil odamlar bilmaydilarki, inson ruhining ovozini o‘chirib bo‘lmaydi. Olam ruhlar faryodiga to‘lib ketgan. Ingragan shamol, tebrangan daraxt, javdiragan yulduz tiriklikda sado chiqarolmay o‘tganlarning faryodi, alami, ko‘zyoshlaridir. Bu nolalar bizga uyqu bermaydilar.
Haqgo‘y devona
Yo‘q, siz uni yupatmang, ko‘nglini ko‘taruvchi so‘zlar aytmang. U o‘zi aybdor. To‘g‘riligi, samimiyati, boladay ishonuvchanligi uchun aybdor. U navbatdagi majlisdan bosh egib chiqdi. Unga, sen haq eding, odamlar seni tushunmadilar, demang. Yaxshisi, unga bardosh tilang. Chunki bu fe’li bor ekan, u hali ko‘p bardoshga muhtoj bo‘ladi. Siyosatdon kerak so‘zni, haqgo‘y yurak so‘zini aytadi. Yurak so‘zi hech kimga kerak emas.
Rahbar kursida o‘tirganda hamma uni ko‘kka ko‘taradi. U esa yaltoqlardan kuladi va boshi dashnomdan chiqmaydi. Rahbar go‘rga kirishi bilan o‘sha maddohlarning o‘zi uning sha’nini ham go‘rga tiqadilar. Haqgo‘y devona bunga ham chidamaydi. O‘lganning orqasidan tosh otuvchilarga tosh otadi. Bu tosh eng baland binolarning derazasini sindiradi. Qarabsizki, sho‘rlikning boshi yana toshbo‘ronga qoladi.
Vaqt o‘tadi. Rahbarning sha’ni tiklanadi. Endi uni osmonning yettinchi qavatiga ko‘tarib farishtalar safiga o‘tqazishadi. Devona yana chekkaga o‘tadi. Posangisiz olam yana uning yuziga loy suradi.
Yo‘q, siz uni yupatmang, ko‘nglini ko‘taruvchi so‘zlar aytmang. Har bir inson o‘z jonini ehtiyot qiladi. Xudoyim devonaga shu tuyg‘uni bermagan ekan, demak, manglayiga taqdiri azaldan jazo bitilgan.
Uzoq Sharq diyorlarida “keta” deb atalgan baliq bor. U hamisha oqimga teskari suzadi, daryoning manbaiga borib toza suvlar bo‘yiga urug‘ qo‘yadi. Bu yo‘lda u toshlarga urilib, daryoni qonga bo‘yaydi, qirg‘oqlarda jon beradi. Lekin toza suvlarga intiladi. Naslim toza bo‘lsin deb, shunday qiladi. Baliqchilar keta balig‘ining bu odatini yaxshi bilib osongina ov qiladilar. Nayza bilan shundoqqina sanchib ola beradilar.
Haqgo‘y devonaning ko‘ksiga nayza sanchish oson. Ne iloj. U shundoq yaralgan.
Ey siz yurt to‘rida o‘tirgan sarkorlar! Sizlar devona haqgo‘ylardan emas, yaltoqi iblislardan qo‘rqinglar. Oyog‘ingiz ostida yastanib yotganlardan ehtiyot bo‘linglar”.
Bu ikki fiqra “yuqori”ni junbushga keltirdi. Eshitmagan gapimiz qolmadi. Yana tushuntirish xati yozishga to‘g‘ri keldi. Fanlar Akademiyasining “Fan” nashriyotida chop etilgan “Fitna san’ati” nomli ikki jildli publitsistik maqolalar to‘plamiga Erkin Vohidov yozgan so‘zboshi bizga ancha dalda bo‘ldi: “O‘zim mushtariy bo‘lgan ro‘znoma va haftanomalar ichida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ni alohida intizorlik bilan kutaman va ishtiyoq bilan o‘qiyman. Bu haftalikning o‘ziga xos yo‘nalishi va uslubi bor. Uning deyarli har bir sonida jumhuriyat bo‘ylab ovoza bo‘ladigan, odamlar bir-biridan “o‘qidingmi” deb so‘raydigan, ro‘znomachilar tili bilan aytganda, “bomba” monand maqola yo risola bo‘ladi. Albatta, bunday “bomba”larni chop etishning o‘zi bo‘lmaydi. Ular dastavval matbuot nazorati idoralarida portlaydi, baland-baland binolardagi katta-katta o‘rindiqlarni larzaga keltiradi. So‘ng aks-sadosi goh muharrirga “qat’iy ogohlantirish”, goh bo‘lim mudiriga “hayfsan” bo‘lib qaytadi. Lekin baxtimizga haftanomaning dastyorlari bo‘lgan qalamkashlar chumchuq “pir” etsa, yuragi “shig‘” etadiganlardan emas.
Ko‘pgina gazetxonlarda bo‘lgan bir odat menda ham bor. O‘zimga ma’qul bo‘lgan chopilmalarni (gazeta materiallarini) qirqib olib qo‘yaman. Lekin bu haftanomaning sahifalarini qirqishga hech qo‘lim bormaydi. Butunicha saqlayman. Har gal gazeta uyumlariga qaraganimda, xayolimdan bir fikr o‘tar edi: “Qani edi, haftanomaning eng yaxshi maqolalarini jam etib kitob qilinsa-yu, ularni dam-badam qayta o‘qib tursak, uyimizning va ko‘nglimizning boyligi qilib saqlasak. Mana, orzu ro‘yobga chiqib, o‘zimga tanish, bir vaqtlar alohida-alohida o‘qigan narsalarimni birgalikda ko‘rib quvonib turibman. Bu kitobdan bahramand bo‘ladigan o‘quvchilarni o‘ylab ham, shu asarlarni yaratgan qalamkash do‘stlarimning mehnati yana bir bor qadrlanganidan ham quvonayapman.
Aslida, shoir, yozuvchi uchun she’ru doston, qissa-yu ro‘mon yozishdan dilbar ish yo‘q. O‘zi ham xumordan chiqadi, o‘quvchi ham yayraydi. Publitsistika – jonning azobi. Uni yozish bir azob, nashr ettirish ikki azob, ketidan chiqadigan mashmashasi uch azob. Shuncha mehnat, hayajonlar evaziga oladigan qalam haqing aksa urganga arzimaydi. Boz ustiga, adabiyot siyosiylashib ketdi, shoir, yozuvchilar badiiy adabiyotni qo‘yib, publitsistikaga o‘zlarini urdilar, degan ta’nalar ham eshitasan. Lekin, baribir, yozuvchi har qanday sharoitda ham zamon girdoblaridan chetda tura olmaydi. Bir vaqtlar kelib, bizning bu dolg‘ali kunlarimizga baho berilganda ham el nazaridagi kishilarning so‘zi, munosabati hisob qilinadi. Kim vijdon so‘zini aytganu, kim zamonasozlik qilgan, albatta, taroziga qo‘yiladi…
Iste’dod zamirida azaldan haqsizlikka qarshi isyon yotadi. Kitob qo‘lyozmasini qayta o‘qir ekanman, yana bir bor shunga amin bo‘ldim. Agar bu kitobning mundarijasini eng qisqa bayon etish lozim bo‘lsa, “O‘zlikni anglash” degan bo‘lar edim. Bu kitob millatning o‘zligini anglash yo‘lidagi qiyin, azobli urinishlarini bayon etadi”.
2006 yil 16 yanvar kuni Erkin akadan bir dasta she’r bilan quyidagi maktubni oldik:
“Ahmadjon do‘stim!
Kuni kecha yurtimiz ijodiy jamoatchiligi sevimli gazetamizning ellik yilligini nishonladilar. O‘ylasam, yarim asr avval adabiyotga kirib kelgan bir avlod qatori mening ham hayot yo‘lim shu gazeta bilan bog‘liq ekan. Uning ilk sonlarida dastlabki she’riy mashqlarim bosilgan va adabiyotimiz boshiga kelgan, gazeta uchun ham larzali bo‘lgan og‘ir kunlar mening qismatimda ham og‘riqli izlar qoldirgan.
Rost so‘z aytish qahramonlik sanalgan, mustaqil tafakkur burchakka tiqib qo‘yilgan zamonlarda “O‘zbekistan adabiyoti va san’ati” biz uchun mardlik maydoni, jasorat minbari bo‘lgan. O‘shanda bu gazeta kirib bormagan ziyoli xonadon kam edi. Bugun yurt mustaqil, tafakkur ozod bo‘lgan zamonda uning mushtariylari, bil’aks, kamaydi.
O‘tgan asr boshida shoir Zavqiy shunday baytlar bitgan edi:
Shoiri bo‘lma zamonning, boyi bo‘l, bazzozi bo‘l,
Aqchadan langar cho‘p ushlab, rastaning darbozi bo‘l.
She’r o‘qumaydir kishi, davron qulog‘i kar anga,
Xoh zamonning shoiri bo‘l, xohi tiyrandozi bo‘l.
Oradan yuz yil o‘tib shoir so‘zlari dolzarb bo‘lib turibdi.
Har davrning o‘z urfiyati, ustuvorliklari bo‘lar ekan. She’riyat salgina chekingan bo‘lsa, san’atning boshqa turlari, axborotning ming bir xili oldingi safga chiqdi.
Ahmadjon, siz muharrirsiz. She’riyat chekindi, degan so‘zlarim ustidan chiziq tortib tashlang. She’riyat chekinmagan, chekinmaydi. Lekin bu haqiqatni isbot qilish biz shoirlarning ado etolmayotgan burchimizdir. Men bugun ellikka to‘lib, adl qad ko‘tarib turgan qadrdon gazetamga dil yozib, yangi she’rlarimni olib keldim. Ularga bitta umumiy nom qo‘yish lozim bo‘lsa, “Ko‘ngil faryodlari” deb atardim. Hozirgi kunda yurak dardini she’r qilish ham, uni bosib chiqarish ham jasorat hisoblanmaydi. Sabru toqat bilan she’r o‘qish, mag‘zini chaqish – mana bu endi haqiqiy jasoratdir.
Iste’dodli jamoangizga yonib yashash baxtini tilayman.
Ehtirom ila Erkin Vohidov
O‘zbekning buyuk farzandi, ulug‘ shoirning o‘sha paytdagi kayfiyati yaqqol aks etib turgan she’rlarni o‘qish oson emasdi:
O‘lmas edi balki odamzot,
Bo‘lar edi dunyoga ustun.
Aqli bo‘lsa jahlidan ziyod,
Sabri bo‘lsa nafsidan ustun.
Ajal deya ataluvchi choh
Ichra zinhor tushmasdi odam.
Bo‘lsa edi ozgina ogoh,
O‘ylabgina qo‘ysaydi qadam.
Ish o‘ldirmas, ishkal o‘ldirar,
Jon zavoli yuz yoshmas, ko‘zyosh.
Inson nega dunyodan ketar
Quvlab unga otmasalar tosh?!
Tahqir zahru xanjar bilan teng,
Tuhmat ortiq o‘qdan va dordan.
Inson o‘lmas biri birining
O‘lishiga bermasa yordam.
Inson o‘lmas, o‘ldirmasa g‘am,
Makon qilmas qaro turbatni.
Ko‘rsa agar tirigida ham
O‘lganida topgan hurmatni.
Olam to‘la fitna adovat,
Mangu qolib netar odamzot?
Bir kun charchab, izlab farog‘at
Tinch dunyoga ketar odamzot…
Oradan to‘rt kun o‘tib, ushbu maktub va bir turkum she’rlar gazetamizda e’lon qilindi.
“Turkni turtib turish kerak” degan gap bor. Ba’zi mualliflar aytadigan gaplari ichlariga sig‘may tursa ham o‘zlarini sipo tutib turaveradilar. Ularga “Shu masalani ko‘tarish Sizdan lozim” desangiz, qalamlari sayrab ketadi. Bir vaqtlar, yoshlar nashriyotida ishlayotganimda, shoir Normurod Narzullayev bilan ustoz Mirkarim Osimning uyiga borib, u kishini “Aljabrning tug‘ilishi” degan risola yozishga ko‘ndirib kelganmiz. Gazetada e’lon qilingan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminovning “Vahshat chig‘irig‘i”, Xurshid Davronning “Bosqinchi qahramon bo‘ladimi?”, Yo‘ldosh Sulaymonning “Bag‘ri qon Farg‘ona”, Shavkat Rahmonning “Maxfiya” sarlavhali maqolalari ham shu yo‘sinda yozilgan.
Erkin Vohidov ishtirokidagi suhbatlarda ustoz ko‘pdan-ko‘p so‘z va iboralar, maqol va matallarning ma’nosi, asliyati va bugungi shakli, ta’bir joiz bo‘lsa, “bosib o‘tgan g‘aroyib yo‘li” haqida g‘oyat qiziqarli ma’lumotlarni aytib berardilar. Ba’zi so‘z va iboralarning o‘zi katta bir maqolaga arzigulik bo‘lardi.
Bir kuni yurak yutib, Erkin akaga ayrim so‘z va iboralarning o‘ziga xos “tarixi” haqida maqola yozib berishni iltimos qildim. “Juda bandman, mayli, harakat qilaman” dedilar.
Ancha kutishga to‘g‘ri keldi. Sabr qilib turdik. Rasmiy yig‘inlar, to‘y-hashamlaarda ko‘rishganimizda Erkin aka: “Ahmadjon, yaxshimisizlar?” desalar, beto‘xtov: “Yaxshimiz, qalam haqi ham yaxshi”, deydigan bo‘ldim. Nihoyat, u kishidan biz kutgan darajadan ham a’lo maqolani oldik. Unga quyidagi maktub ilova qilingan edi:
“Do‘stim Ahmadjon!
Maqolaga nihoyat nuqta qo‘yildi. Elektron pochta orqali yubordim.
Rostini aytsam, so‘nggi bor o‘qib chiqishga ham majol qolmadi. Toliqibman. Shu kunlarda turli izdihomlar ko‘p bo‘ldi, kechalari yozishga to‘g‘ri keldi. Agar Sizning “zulm”ingiz bo‘lmasa maqola yozishning mavridi emasdi. Ochig‘i, yaqin oylarda bo‘lmasdi ham.
Sarlavhani “Tirik xazina yoki jahongashta so‘z” deb atadim. Endi ixtiyor o‘zingizda. Istasangiz, “Miltiq tirab yozdirilgan maqola” deb sarlavha qo‘ying. Iltimos, yana biror narsa qo‘shib bering, deb qistovga olmang. Charchadim. Bu charchoq endi mo‘may qalam haqini olganda tarqasa kerak…
Mayli, zolim bo‘lsangiz ham Sizni hurmat qilaman, yaxshi ko‘raman.
Erkin Vohidov 26.02.09”.
Maqola gazetaning navbatdagi sonida e’lon qilindi. Biz uchun qiyini – tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, Erkin akaning maqolasi e’lon qilingan gazeta sonini topib berish, jo‘natish, o‘qishga berib turish kabi iltimoslarni qondirish bo‘ldi. Maqolaning kserokopiyasidan ham foydalandik. Tahririyatga ko‘plab maktublar keldi. Ulardan birida: “Bu maqola tilimiz haqidagi eng muhim ilmiy, akademik tadqiqot bo‘libdi. Ancha yillardan beri bunday tadqiqotga ko‘zim tushmagan edi. Maqola muallifi va tahririyatga ming rahmat ”, deyilgan. Shu xatni Erkin akaga ko‘rsatgan edim, ustoz mamnun bo‘lib, “Ahmadjon, maqolani tilshunos olimlardan boshqa hamma o‘qibdi-ya”, dedilar.
Bu maktublarning, shuningdek, o‘nga yaqin she’rlarning muallif qo‘li bilan yozilgan asl nusxalari shaxsiy arxivimda saqlanadi. Ular orasida adabiyotshunos olim Rahmatilla Inog‘omovning vafoti bois Erkin aka yozgan quyidagi to‘rtlik ham bor:
Aza uch kun,
Ota-onang o‘lsa – yil,
Falak bitmas aza jonimga soldi.
Do‘stimdan ayrildim, yig‘la, ey ko‘ngil,
Senga to qiyomat yig‘lamoq qoldi. (8 dek.2004 y.)
Yaqinda qog‘ozlarimni titkilab o‘tirib, yana bir muhim hujjatga ko‘zim tushdi. 2001 yili avgust oyining o‘rtalari edi. Mustaqillik bayramining 10 yilligi bayramiga tayyorgarlik avjida. Katta maydonda o‘tadigan bayram tantanasi deyarli tayyor bo‘lgan. Yuqori lavozimli mas’ullar har kuni san’atkorlarning chiqishlarini jiddiy tomosha qilishadi, dasturga nimalardir qo‘shiladi, nimalardir olib tashlanadi, ertasiga yana tiklanadi. Xullas, ish qizg‘in. Kimdir “Shoberdi baxshining termalarida xalqlar do‘stligi, birodarlik, og‘a-inilik g‘oyasi to‘la ifoda etilmagan”, deb qoldi. Temur Alimov bu kemtikni tuzatishni ishchi guruhi a’zosi Erkin Vohidovga topshirdi. Ertasi kuni Erkin aka shu she’rni yozib keldi:
Shoberdi baxshi qo‘shig‘i
O‘zbekning yoroni ko‘p,
Do‘sti, qadrdoni ko‘p.
Qozog‘im-ay, bovur-ay,
Senga deb et qovuray.
Senga ham, ey qirg‘izim,
Bor qimronu qimizim.
Ozoriyga nay cholay,
Armaniyga may solay.
Rus, ukrain, belorus,
Sizga oppog‘i durust.
Tojikday tomirim bor,
Suyansam Pomirim bor.
Uyg‘ur bilan xush kunim,
Lag‘mon eshgan oxunim.
O‘zbekning bag‘ri kengdir,
Do‘stlarning bari tengdir.
She’r hammaga ma’qul bo‘ldi. Shoberdi baxshi yodladi ham. Ammo bir “hushyor” do‘stimiz sabab kontsert dasturiga kirmay qoldi.
* * *
Quyidagi she’rlarni tahririyatga kim olib kelganini (jo‘natganini) aniq ayta olmayman. Yozuvchi E.Usmonovning vafotidan keyin oradan ko‘p o‘tmay tahririyatda paydo bo‘lib qolgani hammamizni hayron qoldirgan edi o‘shanda.
Makr
O‘yinchoqqa aylandi imon,
Adashtirdi sodda kaslarni.
Tuqqan ekan qaysi bir ilon,
Hizbiy degan manfur naslarni.
Talab bitta – topshir boringni,
Qurbon ayla hatto hayoting.
Men-chi quchib suygan yorimni,
Totib olay dunyoning totin.
Bu dunyoga mehringni qo‘yma,
Harom asli dunyo lazzati.
Bola-chaqang ortiqcha suyma,
Orttirmaydi aslo izzating.
Ajab, dunyo – birovga o‘yin,
Birov uchun zindon uqubat.
Mumkin emas tovlamoq bo‘yin,
Boshga yog‘ar og‘ir musibat.
Senga azob, senga g‘am-koyish,
Ulargachi maishat, rohat.
Bo‘lish kerak qullarcha royish,
Yo‘qsa kutar shaksiz qabohat.
Oyatlarni aytishar tinmay,
Hadislarni quyar quloqqa.
Boshing qotar, oqibat bilmay,
Tiqiladi boshing tuzoqqa[3].
Pushaymon
Chayqaladi oldimda sirtmoq,
Ortimdagi chirqiragan jon.
Dushvor ekan to‘g‘ri yo‘l topmoq,
Bo‘lar ekan goh umr vayron.
Chirmab oldi makr to‘rlari,
Afsunlarin o‘qiydi ilon.
Muncha chigal hayot yo‘llari,
Hasratlarim to‘kilar – marjon.
Miltillagan xira yulduzni
Goh quyoshga mengzaydi inson.
Almashtirib tunga kunduzni,
Anduh chekar oqibat nolon.
Bugun mening yo‘llarim bog‘liq,
Qo‘llarimda temir kishanlar.
Nadomatdan yuragim dog‘liq.
Kemiradi achchiq pushmonlar.
E voh, endi yuzlarim qaro,
Umidlarning shomlari so‘ngan.
Pushmonlardan yurak sadpora
Hayot endi yo‘qlikka do‘ngan.
Men sirtmoqqa tutaman boshni,
Alvidolar aytib hayotga,
Yurakdagi pushmon toshini,
Olib ketgum birga – abadga.
17.02.2001
* * *
Qancha umr nest-nobud bugun,
Ro‘zg‘orlardan ketdi farog‘at.
Echilgaymi bu manfur tugun,
Arigaymi boshdan qabohat.
Qurigaymi ko‘zdagi qonlar,
Kulgaymikin sarg‘aygan yuzlar.
Xazon bo‘lmay farahli damlar,
Nasibangga loyiq non tuzlar.
Umidlarim qurigan buloq,
Oldimda-chi yo‘qligu sarob.
Uzilgaymi bu makkor tuzoq.
Toki bo‘lmay hayot xok-turob.
17.02.2001
Muharrirlik bisotimda gazeta mualliflari, menga tamomila notanish kishilardan kelgan g‘oyat ko‘p maktublar, murojaatlar bor. Ularni varaqlar ekanman, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida uzoq yillar mudrab yotgan kishanli jamiyatda yangilanish shabadalari esa boshlaganiga, ozod fikr ehtiyoji yuzaga kelayotganiga yana bir bor amin bo‘laman. Ulardan ayrim namunalar:
“Assalomu alaykum, hurmatli Ahmadjon aka!
Ushbu maqolani e’tiboringizga havola qilmoqdaman. Chiqsa xursand bo‘laman, chiqmasa – xafa bo‘lish yo‘q. Yangi davr adabiyoti haqida “O‘zAS”imizda katta bir maqolalar ko‘rinib tursa, yaxshi bo‘lar deb o‘yladim.
Ishlarim yaxshi. She’rlar, tarjimalar, maqolalar… biridan charchaganda boshqasi bilan shug‘ullanib, ijodiy umrimni kechirmoqdaman. “O‘zAS”dan, sizlarning e’tiborlaringizdan xursandman.
Samimiyat ila Matnazar Abdulhakim. 15.02.05
* * *
“Azizim Ahmadjon (A. Meliboyev)
Kim, kim, Sizdan yashiradigan sirim yo‘q. Mening bir kitobim olti yildan beri Buxoro bosmaxonasida yotibdi. Signal nusxasi chiqqan. “Uchrashuv” maqolam gazetangizda bosilsa savob ishga yana o‘zingiz sababchi bo‘lib, kitobimga jon kirarmidi degan umiddaman.Sizlar tufayli nomim elga tanildi. Sharof Rashidov haqidagi maqolamni e’lon qilganingiz uchun sizlarni doimo duo qilaman.
Ishni mumkin qadar tezlashtirsangiz.
Samarqand paxtasini bajardi. Ehtimol mening 90 yillik yubileyim ham yaqinda o‘tsa kerak. Buni sizga xabar qilamiz. Yubileyimga qatnashishingizni o‘tinib, o‘tinib so‘rayman.
Sizga cheksiz hurmat va ehtirom bilan dodangiz Bobomurod Daminov”.
28.10.04
* * *
Ozod Sharafiddinovning xati:
“Hurmatli Ahmadjon!
Mening “Tafakkur”dagi maqolamga Andijondan bir maktub kelipti. Nazarimda u shaxsiy munosabatlar doirasidan chiqadigandek tuyuldi. Agar uni gazetangizda bosib chiqarsangiz, meningcha yaxshi bo‘lar edi”. Ozod.
15.04.05
* * *
Mana bu sho‘rtakkina maktubcha muallifi ustoz Said Ahmad. Ustoz eski yozuv mashinkasida G‘afur G‘ulom haqida kattaroq xotira yozib, “Yozuvchi” gazetasiga yuborgan ekan, u yerda noma’lum sabablarga ko‘ra bosilmay turib qolibdi. Chiqish-chiqmasligi aniq bo‘lmabdi. Buning ustiga, xodimlardan biri domlaning boshqa bir maqolasini me’yoridan oshirib tahrir qilgan ekan, bundan jahllari chiqibdi. Maktub shu munosabat bilan yozilgan:
“Hurmatli Ahmadjon! Salom, sog‘-omonmisiz?
G‘.G‘ulom to‘g‘risidagi xotirani “Yozuvchi”dan bir amallab qaytarib oldim (Ustidan yana bir ko‘rib beraman, degan bahona bilan). Konvertda ikkita noyob negativ bor. Sodiq (mashhur fotomuxbir Sodiq Mahkamov) ko‘chirib olsa (menga ham bir nusxadan) gazetada chiqararsiz. Iltimos, “xotira”ga …da qolgan “do‘stingiz” … qo‘lini tegizmasin. Said Ahmad. 27.01.97”.
* * *
Hurmatli muharrir!
Atoqli shoiramiz Zulfiya xonimning 90 yilligi munosabati bilan ixtiyoringizga “Bir baytning ikki satri” sarlavhali esdalikni havola qildim. Mabodo, ma’qul bo‘lsa, sahifaga qo‘yilganda yuz ko‘rishurmiz.
Qalam haqqisini redaktsiya jamg‘armasiga baxshida etaman.
Hozircha xayr!
Samimiyat ila Ramz Bobojon
17 fevral, 2005 yil.
R.S. Xatga qo‘shib yuborilgan foto omonat, kerak bo‘lsa, foydalanarsiz, yo‘qolmasa bo‘lgani!
* * *
“Ahmadjon /Meliboyev/ salom!
Men – Shukur akangiz. Bu qiz – mening farzandim. Xabaringiz bormi-yo‘qmi – kenja o‘g‘lim Jahongirning ko‘zlari zaiflashib qoldi. O‘nglanmasligi ma’lum bo‘lgach, invalidlikka chiqarishdi. Ammo pensiyasi 5000 atrofida belgilanibdi. Qizim pensiya tayinlaydiganlar bilan gaplashib ko‘rsa, ular jo‘yali maslahat berishibdi. Shu xususda Siz bilan gaplashish uchun bordi.
Qolgan gaplarni o‘zi aytib beradi. Siz jasur odamsiz…
Akangiz Shukur”.
* * *
Andijonlik hassos olim Sayfiddin Jalilovning maktubi:
“Hurmatli Ahmadjon aka Meliboyev janoblari.
Ushbu ta’ziyanomani yurak zardobi bilan yozdim. Chunki Komil Toshqin umr bo‘yi Vatanga yetishmoq, uning mustaqilligini ko‘rmoq orzusida yashadi. Uning ijodidan namunalar gazetangizda bir-ikki bor bosilgan edi.
Umid qilamanki, ta’ziyanoma bosiladi va gazetani Saudiyaga berib yuboramiz.
Muxlisingiz Sayfiddin hoji Jalilovman. Assalomu alaykum.
22.02.06”
* * *
Qishloq xo‘jaligi xodimi, taniqli olim Abdusattor Amirovning maktubi:
“Hurmatli Ahmadjon aka!
Har juma, kunlarning ulug‘i kuni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini yutoqib o‘qiyman. Ha-ha, yutoqib, bundan boshqa so‘z bilan ifodalashim qiyin. Ko‘nglim ravshan tortadi, kayfiyatim ko‘tariladi. Bu gazetani o‘qiydigan boshqa gazetxonlar ham shunday fikrda bo‘lsalar kerak. Men, butunlay boshqa soha odami, tahririyatga birinchi marta borganimda menga o‘zim kutmagan darajada e’tibor va hurmat ko‘rsatganingiz, gazeta uchun yozgan maqolamdagi “Insoniyat yigirmanchi asrga ot minib kirgan edi, afsus, undan piyoda chiqib ketmoqda”, degan fikrimni yuksak baholaganingiz men uchun mukofot bo‘ldi.
Adabiyot gazetasi, mening nazarimda, milliy madaniyatimizning qaynab turgan bulog‘iga o‘xshaydi. “Muharrir minbari” ayovsiz, ammo xolis minbar. Undagi fikrlar o‘quvchini millat taqdiri haqida o‘ylashga da’vat etadi. Tahririyatda tashkil etilgan “Mahorat maktabi” qalami o‘tkir yosh jurnalistlarni tayyorlashga va ijodkorlar qatorini yangilashga xizmat qilishi aniq. Ilohim, o‘zingizga va barakotli ishlaringizga ko‘z tegmasin”.
2.03.06”
* * *
Ushbu maktub oltiariqlik shoira Maqsuda Ergashevadan kelgan:
“Assalomu alaykum, Ahmadjon aka!
She’rlarimni gazetangizda e’lon qilganingiz va “Vodiylarni yayov kezganda” maqolangizdagi ezgu fikrlar uchun behad minnatdorman. Sizning bu ishingiz mening hayotimda qanchalar muhim voqea ekanligi bir menu bir Xudoga ayon. Men besh yildan beri she’rlarimni shu gazetada chiqara olmayotgan edim. Siz tufayli yana adabiyot olamiga qaytdim. Hayotimdagi yulduzli onlarim ushbu gazeta tufaylidir.
Avval ham ushbu gazetaga muharrirlik qilganingizda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” millatning bosh gazetasiga aylangan edi. Unda millatning dardi, orzu-armonlari o‘z aksini topardi. Ishonchim komil, gazeta yana o‘sha shonu sharafini topadi…
Dunyoda Sizdek yaxshilarning borligiga ming bor shukurlar aytib: Maqsuda Ergasheva. 4.01.95
Kichik izoh: to‘qsoninchi yillar boshida gazeta tahririyatida iste’dodli shoira Mukarrama Murodova ham ishlar edi. Bir gal u Farg‘ona viloyatiga xizmat safariga borib, qaytishda Maqsuda Ergasheva degan shoiraning mahalliy hofizlar kuylayotgan bir she’ri matnini qalam bilan eski konvertning ichiga yozib olib keldi, ammo so‘nggi ikki satri yirtilib, she’r tugamay qolganday edi. Ma’nosiga qiziqib qoldik: “Meni kimdir g‘iybat qilsa ham, hasad qilib, yo‘llarimni to‘ssa ham, ruhimni tushirmayman, chunki mehribon Alloh niyatimga yarasha menga rizq-nasiba beraveradi”.
Ancha urinishlardan keyin shoirani topib, undan she’rning to‘la matnini yozib oldik. Uni Qilichbek Tojiyevdan keyin Mahmudjon Azimov mahorat bilan kuyladi, boshqalar ham kuylashdi. Bir chetda e’tibordan qolayotgan yosh shoiraning nomi elga yoyildi. Qo‘shiq ko‘pchilikka yod bo‘lib ketdi. Maqsudaning turkum she’rlari adabiyot gazetasi orqali she’riyat ixlosmandlariga yetib bordi. U “yulduzli onlarim” deb shu voqeani ko‘zda tutgan bo‘lsa kerak.
* * *
Noyob fe’l-atvor, xalqona so‘z va iboralar sohibi To‘ra Sulaymon bilan meni shoir hamyurtim Tursunboy Adashboyev tanishtirgan edi. Bu ikki do‘stning o‘zaro nomalari, ulardagi hazil-huzullarning o‘zi bir asar. To‘ra aka har gal tahririyatga biror narsa yuborsalar, unga kichik maktubcha ilova qilishni unutmasdilar. Mana, o‘sha maktubchalardan biri. U mening gazetaga qaytib kelishim munosabati bilan yozilgan:
“Otadoshday aziz ko‘ra kelganimiz, jon ayamas do‘stimiz, ko‘ngilga yaqin inimiz Ahmadjonga salomlarimiz, sog‘inchlarimiz. Ot aylanib qozig‘ini topar, degan gapning o‘zi bo‘libdi. O‘rgangan, mehr qo‘ygan yeringiz. Qadrdonlaringiz.
Xabaringiz bor, Jo‘radan (hassos jurnalist, oqibatli do‘st Jo‘ra Umarqulovdan – A.M.) ayrilib qoldik. Tursunboy bilan Yaqubjon keldi. Sizning ham kelishingizni kutgan edik. Keyingi bir yil ichida Jo‘ra tamomi o‘zgarib qolgan edi. Hayron bo‘lardik. O‘ta muloyim deng. Bir-birimizga rosa suyanib qolgan ekanmiz. Jigarimning bir parchasi uzilib tushganday bo‘ldi. Na chora, na iloj.
Aytganday, Mirtemir aka haqida bir maqola (yodnoma) yuborgan edim. Ustod bug‘doy pishig‘i vaqtlarida tavallud topganlar. Kuni ko‘rsatilmagan.
Sog‘inganmiz. Borganda gaplasharmiz. Nasib qilsa.
O‘zlaring kelinglar. El qatori munday “otadigan” bo‘lib kelinglar lekin”.
* * *
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamovning “Tilxatnoma”si:
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevga muallif Erkin A’zamovdan
Tilxatnoma
Shunday kattakon hikoyamni (“Yozuvchi” hikoyasi ko‘zda tutilmoqda) mard bo‘lib bosib chiqarganingiz uchun menga tegishli qalam haqidan butunlay voz kechaman. Pulim ko‘pligidan emas, azbaroyi minnatdorligimdan. Imzo. 16.02.06”
* * *
Taniqli munaqqid Norboy Xudoyberganovning xati:
“Muhtaram Ahmadjon!
E’tiboringizga ikki maqola havola qilyapman. Har ikkalasi bamisoli siyoh bilan emas, qonim bilan yozilganday, negaki, e’lon qilinsa, adolat g‘alaba qozonadi, aksincha bo‘lsa, nohaqlik g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Bordi-yu imkonini topsangiz, sizga ura!
Aksincha bo‘lsa, boshqa yo‘llarini izlashga majbur bo‘laman.
Ehtirom ila Norboy akangiz. 11.10.05”
* * *
Tashlab yubormasangiz ko‘p narsa yig‘ilib qolar ekan. Mohiyatini yo‘qotganlari, oradan ko‘p yillar o‘tib, hozir ushlasangiz ham qo‘lingizni kuydiradiganlari, yuzingizda istehzoli ajablanish paydo qiladiganlari bor. Ammo, qo‘qonlik birodarimiz aytmoqchi, ularning bir qismi o‘sha paytda ham, keyin ham oshkora qilish uchun yozilmagan. Bundan keyin ham shu maqomda qoladi. Alqissa, ularni ushbu maqolaga qiritmadim. Chunki, nima bo‘lganda ham, odamning yuzi, baribir issiq…
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 9-son
________________________
[1] To‘rayev H. “Mashhur xattot”, “Buxoro mavjlari” jurnali, 2005, 4-son, B. 32.
[2] O.Tog‘ayev, “O‘zbek badiiy publitsistikasi”, “Fan”, 1973, B.5.
[3] She’r qo‘lyozmasida “Tiqiladi boshing sirtmoqqa” deb yozilgan, muallifning o‘zi “sirtmoqqa” so‘zining ustiga chiziq tortib, “tuzoqqa” deb tahrir qilgan – A.M.