Debocha
Erkak kishi bo‘lib men sizga so‘nggi kunlarda boshimga tushganlarni aytsam yo ishonasiz, yo ishonmaysiz, ammo har ikki holda ham ustimdan miriqib kulishingiz tayin. Mayli, kulsangiz kula qoling. Balki mendek bir bechoraning boshiga tushgan kutilmagan sarguzashtlardan umringiz uzayar.
Ammo kelib-kelib bular xumkalla, oshqovoqqorin, badqovoq Sherali yoxud g‘uppa semiz, ustaqo‘poldek g‘o‘lamisol Erali qolib, bemavrid mengina bechoraning boshiga tushganiga o‘laymi, qolaymi? Bilmayman, aybim nimada, bo‘z yerlarga sho‘r ulashgan Xudoyim taqsimot bizning peshonaga yetganda ja himmat ko‘rsatvorgan, shekilli. Axir tepadan shunday amri farmon kelib turgach, men bir bandai ojiz nima ham qila olardim, ko‘rgilik-da, berganingga shukr deb chidaymiz-da, sho‘rimga tushgan shildir sho‘rvani alam bilan sipqargancha.
Hammasiga boshdan-bosh o‘sha “mash’um kun” birgina hikoyamni o‘z gazetasida bosilganini aytgan og‘aynimning qo‘ng‘irog‘i sabab bo‘ldi. U hikoyamga qalam haqi borligini suyunchiladi. Xushxabardan xayolan qushday osmonga ko‘tarildim, pag‘a-pag‘a oppoq bulutlar quchog‘ida go‘yo chiroyli qanotlarimni silkitib ucha ketdim. Bunday havolanib uchishlar daryoda baliqdek suzishdan ming chandon huzurli, axir dumaloq yer pastda – qanotlaringu nigohlaring ostida qoladi-da. Aslida-ku salga kuchayib, havolanmay yerda yuravergan yaxshi-yu, lekin bu ijod qurmag‘urning mana shunaqa dilni qitiqlab osmonga eltuvchi vasvasasi bor-da. Sirasini aytganda, o‘sha bevafo qalam haqini birorta ijodkor o‘ziga do‘st bilmaydi. “Gonorar” ya’ni qalam haqi, o‘ynash xotinday bir gap, u hech kimga, hatto o‘zini alloma sanagan muxbiru muxbirvachchalarga ham, xom-xatala asar yozib, “Klassikman, pishgan qovunni bandidan uzdim”, deb yurgan chalamullo yozg‘uvchilariga ham “vafo” qilmagan. Yo vafo qilganini ko‘rganmisiz? Yoki birorta yozuvchini qalam haqidan boyib ketganini eshitganmisiz? Buni siz bilmasangiz, mana, biz – yozuvchi ahli yaxshigina bilamiz. Biroq bilsak-da, yozaveramiz-yozaveramiz. Qalam haqidan ham voz kecholmaymiz. O‘zi-ku ko‘zni chirt yumib uning bahridan o‘tib qo‘ya qolgan ham afzal, axir u cho‘ntakka kirgach, yetim jo‘jaday o‘zingnikini ham ergashtirib ketadi, o‘n ming bo‘lsa, o‘nga oshirib…
Shunday kuyinib yurganlarni ko‘pini ko‘rganman, yig‘lamsiragancha zorlanib so‘zlaganlarini o‘z quloqlarim bilan eshitganman. Shuni bilsam-da, baribir qalam haqining daragi chiqqan zahoti hali uni olmasdan ikki kun burun ulfat qidirishga tushib ketaman. Bu shunchaki odat emas, qismat. Aslida qalam haqi plastik kartochkadagi pulga o‘xshaydi, xuddi osmondan tushgandek tugaguncha bosh qotirmay ishlataverasan, ishlataverasan, tugagach, eh attang, deya qotgan boshni changallab qolaverasan. Menam shunaqa: to‘ysa ocharini o‘ylamaydigan ijodkorlardanman. Asli o‘sha “bevafo”ga yaqinlashmaslikni o‘ylayman-u, lekin uning tangasiniyam bahridan o‘tolmayman… Axir u – peshona teri-da…
Uf-f, kechirasiz, gapni cho‘zibroq yubordimmi? (Buni qalam haqi ilinjiga yo‘ymang).
Xullas, o‘sha kuni uydan chiqishda tishimning kavagida asrab yurgan yuz mingni ham olvoldim. Baribir qalam haqida vafo yo‘q, uyga kelishi gumon. Uydan olvolganim dadillik uchun, yoningda pul tursa bel baqquvat, til burro bo‘ladi, tutilmay gapirasan, shahdam-shahdam qadam tashlaysan.
Yuz ming so‘m qalam haqini olib, cho‘ntakka solib, mirzaterakday serrayib, tanamga sig‘may, gazeta hisobxonasidan chiqdim. Har holda bu pulga hozirgi kunda osmondagi oyni olib bo‘lmasa-da, o‘z tanamda yayrayman. O‘sha gazetada ishlovchi oshnamning ham vaqti kelganda og‘zini yog‘lab qo‘yaman. Biz birov qilgan uncha-muncha yaxshilikni unutib ketadiganlardan emasmiz… Farg‘onalikman-a!
O‘zimcha turli rejalar girdobida aylanaman. Olgan pulimni uy to‘lovlariga ishlatsammikan yoki bozorga tushib xotinimning pichinglarini teskarisini qilib, uyga bir kilo emas, ikki kilo go‘sht ko‘tarib, shahanshohday gerdayib kirib borsammikan? Cheksiz o‘ylardan chekli qarorga kelolmayman. Azaldan odatim shunaqa: sal hardamxayolman! Shu payt ko‘nglimda yangi o‘ylar g‘ivirlab qoldi. O‘zi asli ijodkor deganlarning ko‘ngli darvozasi yo‘q hovliday hamisha ochiqki, tumtaroq o‘ylar beso‘roq kirib chiqaveradi. Avvaliga shu safar ham qalam haqi daragini hech kimga aytmayman deb ichimda ming qasam ichgandim, ammo asta kiyinib uydan chiqayotganimni ko‘rib xotinim mug‘ombirona gap otib qolganida beixtiyor maqtanchog‘ligim tutib, gullab qo‘ydim.
– Hmm, bir tiyinini buzmay uyga opkeling! Otam zamondan beri sovutkich huvullab yotibdi, eshigini ochsang odamni yutvoraman deydi. Qo‘shnilardan olgan arzimas qarzni ikki oydan beri uzolmayman. Ularni ko‘rsam, uyatdan yer yorilsa-yu yerga kirib ketsam deyman. Uyda na shakar, na qand, hatto bittayam kirsovun qolmabdi. Sizam bundoq erkak bo‘p…
Chuv tushganimni darhol angladim. Eh, xomkalla, xomkalla, qachon pishasan, qachon?..
– Xo‘p, xo‘p, xotinjon. Sen nima desang – shu. Axir senday dono xotinning gapiga kirmay o‘libmanmi? Qarz yomon narsa! Sovitkichning bo‘shligi undan-da yomon. Kirsovunning qolmagani – butun bir fojia! Unday bo‘lmaydi! Oyligini ikki qo‘llab keltirib beradigan odam shu arzimas qalam haqini qayerga ham oborardi…
– Ko‘ramiz! – dedi xotinim qoshlarini yoqimsiz yoyib.
– Ko‘rasan! Albatta, ko‘rasan! – dedim-da, gapni cho‘zmay, ko‘chaga chiqdim.
Ammo-lekin mana shu er-xotin o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan “dialog” barcha ko‘rgiliklarning debochasi ekanligini qayerdan ham bilib o‘tiribman. Avliyomidim? Aytdim-ku, “xomkalla” deb! Sir tutmas ahmoq bosh! O‘ng qo‘limning o‘rta barmog‘i bilan boshimga chertib-chertib qo‘yaman. Xom oshqovoqdan qaytgandek bo‘g‘iq “taq-tuq” ovozi chiqadi. Oshqovoqkalla! Xotinga sir aytgan o‘zim g‘irt tentak! Negayam aytdim-a, o‘lgan ilonning boshini qo‘zg‘ab. Axir ilon o‘lsa-da, zahari o‘lmaydi-ku. Juda ko‘nglim bo‘lmasa, “syurpriz” qila qolmaymanmi? “Syurpriz”mish – umrimda qilmagan ish. E, xotin zotiga suyulib, maqtanmay men o‘lay…
Endi xotinning aytganini qilmasam bo‘lmasov?..
Cho‘ntakdan chiqqan o‘tirish
O‘ylardan boshim g‘ovlab, gazeta korpusi yonidagi jurnalistlar yig‘ilib gurunglashadigan qahvaxonaga umidvor qaray-qaray asta uzoqlashayotgandim, kutilmaganda ro‘paramdan “Mushtum”da ishlaydigan ukaxonim shoiri Davron chiqib qolsa bo‘ladimi. Qo‘lida rangdor jurnalning yangi soni.
– E aka, bormisiz? Xizrni yo‘qlasam bo‘larkan, – dedi u tirjayib o‘ttiz ikkita tishini namoyish etdi. – O‘zimdi akam-ey. Qaylarda yuribsiz? Hajviyalar tashab ketasizu ularning taqdirini surishtirmaysiz. Shu odatingiz chatoq-da. Bilsangiz, siz uchun zo‘r olamshumil yangilik bor.
– Yo‘g‘-e, qanaqa yangilik?
– Mana shu qo‘limdagi jurnalning yangi sonida sizning ayollarga bag‘ishlab yozgan hajviyangizni chiqardik. Xo‘p ajoyib yozasiz-da. Qoyilmaqom qilib… Qotirib… Muharririmizgayam rosa yoqdi. “Yana yozganlaridan opkesin”, dedi. Mang, bu sizga, – u quvnoq kayfiyatda jurnalni menga uzatdi.
Shoshib uni varaqlay boshladim.
– 13-betda. Bunisidan o‘ksimang, sovuqroq raqam-u…
Topdim. “Shoir akajonim-ey, shoir akajon, yoxud ayollarga bag‘ishlov” degan sarlavhasi uzungina hajviy hikoyam naqd ikki sahifani egallab, Xudoyorxonning kanizagidek yoyilib yotib olganini ko‘rib, shodlikdan hushdan ketay dedim. Ko‘zlarimdan quvonch yoshlari to‘kildi. Mehnatning, ijodning sevinch yoshlari – bu. Axir “Mushtum”dek otaxon jurnalda chiqish hazilakam narsamas. Qachonlardir unda Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, Sa’dulla Siyoyev, Ne’mat Aminlar qalam surgan, javlon urgan. Shuni eslab, quvonchdan namli ko‘zlarim kulib, og‘zim qulog‘imga yetgudek bo‘ldi hamki, tilimga bir gap kelmaydi. Unsiz shoiri Davronni quchoqladim. Keyin gap ham keldi.
– Rahmat, uka, umringdan baraka top! Boplabsan. Biz – qarz. O‘zi bugun mening kunim tuqqanga o‘xshaydi.
– Baxayr, aka, yana nima gap? – uning ko‘zlari battar kulib, nimadandir umidvordek, menga qattiq tikildi. Ma’nosini uqdim. Boya olgan qalam haqining parvozga shaylangan qushchaga aylanayotganini aniq payqadim. Omonat “qushcha” go‘yo shoiri Davronni ko‘rib osmonu falakni qo‘msayapti. Uchirmasam-chi? O‘zimni bosishga behuda urindim. Qo‘limdan kelmadi.
– Yaqinda bitta gazetada hikoyam chiqqandi. Hozirgina qalam haqini oldim.
– O‘-o‘o‘, boyadan beri shuni aytmasdan nega jim turibsiz? O‘qigandim. Baribir zo‘rsiz, aka.
– Sendanammi?
– Mendanam!
Maqtanib – yanglishganimni angladim. Ammo endi kech edi. Qolaversa, o‘zim ham bitta ulfat istab turmaganmidim…
– Ketdik, – dedim shoiri Davronning maqtovi-yu tan berishidan iyib ketib, sal naridagi kafe tomon imlab, – yuvamiz! Yaxshiyam uchrab qolding, ukaginam. Bir o‘zimga… qandaydir noqulay-da…
– Yo‘g‘-e, ajoyibsiz-da, akam, – degancha menga – ajoyib hajviyaning zo‘r muallifiga astoydil ergashdi. Ergashdigina emas, oldimga tushib o‘zi yo‘l boshladi.
Ulfatchilik rosa qizidi. Davramizga shoiri Davronning oldin bitta og‘aynisi, keyin boshqasi kelib qo‘shildi. Bunday davralarda kim homiy – maqtov eshitishda uloq o‘shaniki.
– Akam, o‘zimdi akam, – shoiri Davron chiroyli lutf qila ketdi. – Bilasizmi, hikoya yozadiganlar ko‘p. Tiqilib yotibdi. Hajviya bitadiganlar ham. Ammo siz ikkalasiniyam qotirasiz. Bunaqa unversal ijodkor hadeb uchrayvermaydi. O‘zi yozganlaringizga bir taqriz yozib maqtab chiqishim kerak, odamlar ijodingizni yanayam yaxshiroq tushunishi uchun, yanayam ko‘proq o‘qishlari uchun, qolaversa, kelajak uchun, kelajakning buyuk ijodkori uchun. Xudo xohlasa, bunisiniyam o‘zim uyushtiraman. O‘g‘il bola gap! Men va’da berdimmi, bajaraman. Axir bag‘dodlikni bag‘dodlik quvvatlamasa, kim quvvatlaydi? Men Lochinning oldi bolasi, siz Burgutning o‘g‘il bolasi! Qishloqlarimiz otiyam o‘zimizga o‘xshab zo‘r-a?.. To‘g‘ri, quvvatlamaydiganlari ham bor… Itti ketidek amaliga uchadi. Lekin ular o‘z qobig‘iga o‘ralib qolishgan, ularga e’tibor bermang! Amal – abadiymas! Ijod abadiy! Qoladi. To‘g‘rimi gapim? Yashang, o‘zimdi akam! Ijodingiz hikoyadayam, hajviyadayam gullayversin. Hali borib-borib Nobel mukofotini ham olasiz. O‘zimning akam, asli kimyogarmidingiz?
– Ha.
– Nobel ham kimyogar bo‘lgan-a?
– Bo‘lgan-bo‘lgan.
– Demak, siz uning hayotini yaxshi bilasss…
– Bilganda qandoq. U haqida ko‘p material ham yig‘ib qo‘yganman, – shoiri Davronning maqtovidan erib ketdim. – Balki rostdan ham u haqida birorta hayotiy qissa yozarman.
– Yozing, o‘zimdi akam. Kam bo‘lmaysiz!
– To‘g‘ri! Shunday buyuk odamni yozsam…
– Nobel mukofotini berishadi.
– Rost, – dedim qizargan ko‘zlarimni ishqalab. – O‘zimiznikilar berishmagach…
– Mukofot berilmaydi, olinadi. Bunisiga parvo qilmang! Siz behazil buyuksiz. Buyuklarni tushunish osonmas. Hali vaqti kelib butun dunyo o‘qiydi sizzi… Hajviyalaringiz zo‘rligi bo‘yicha kimdan keyin turadi?
– Aziz Nesindan!
– Yashang, o‘zimdi akam! – u qizargan ko‘zlarini menga o‘tli tikib: – Qo‘lni tashlang! – dedi. Kaftlarimizning urishgan jarangi momaqaldiroqdek butun qahvaxonani tutdi. Barmen: “Nima xizmat?” deya qoshimizga qushday uchib keldi…
Shundan so‘ng meni bilsa-bilmasalar-da, shoiri Davronga qo‘shilib uning jo‘ralari ham maqtashga tushdi.
Maqtovlardan himmat kamarim butunlay yechilib, tantiligim jo‘sh urdi.
– Hey, ofitsiantka, baqa qara, – deya xizmatdagi yoshroq qizginani bag‘dodchasiga chaqirdim. – Yana bitta shishani ochib kel. Ketar japo-siga.
– Qanaqasidan?
– Hozir ichkanimiz – “Aristokrat” dan.
Hech kim qarshilik bildirmadi. Uniyam ichdik. Hamma mast-alast edi.
Hisob-kitob chog‘ida ofitsiantka qizginaning yuziga hech kim tik qaramadi. Buning o‘rniga menga kipriklarini niqtab sezdirib-sezdirmay qiyrixon qarab qo‘yishdi. Ayniqsa, shoiri Davronning suqlanib tikilishi boshqacha. O‘tirishimiz 120 mingga tushgandi. Qalam haqiga qo‘shib, uydan olib chiqqan puldan ham yigirma ming to‘ladim. Hikoyaning puli ketgani-ku sadqai sar, bunisiga ruhan tayyor edim, ammo uynikidan qo‘shilgani jonu jigarimni teshib o‘tdi. O‘ng biqinimni bosib ko‘rdim, rostdanam jigar tomonda og‘riq bor edi. Shunda, pul jigardan bo‘ladi, deganlariga gumonim yo‘qoldi. Shoiri Davronga eriganimga achinmayman, lekin anavi sulloh go‘rso‘xtalar-chi… Indamay kelib surbetlarcha davraga qo‘shilib olishdi-ya. Ichishda – qo‘shbotir, pul to‘lashga kelganda pildir-pis. Jilla qursa, o‘zimdan ketgan yigirma mingni to‘lashvormaydimi? Bir aytay dedimu shohona o‘tirish ruhini buzgim kelmadi. Baribir ketgan pullarga ichim achidi. Qachon qoladi-ya, mana shunaqa o‘ylamasdan “tantiboyvachchalik” qilib qo‘yib, so‘ng nadomat chekishlarim… Shoiri Davron ikkimiz o‘tirsak ja nari borsa qirq-ellik ming ketar deb o‘ylabman. E, xom-xatala o‘ylamay har narsa bo‘lay… Asli shu ishni boshlagan o‘zim ahmoq. E, bo‘lgani bo‘ldi. Endi ortiqcha g‘ambodalik befoyda. Oh-voh chekkan bilan yovvoyi qush kabi samoga uchib ketgan pullar qaytib kelmaydi. Qaytmasa, undan nari – osmonga emas, Oysha xolasinikiga bormaydimi? Beiloj behisht ketgan pullarga qo‘l siltadim.
To‘rtovlon dovdiragancha ko‘chaga chiqdik. Ikkala yangi tanishim chala-chulpa xayrlashib, ikki yonga qarab ketishdi. Shoiri Davron ikkimiz qoldik. U meni bilagimdan ushlab yelkasini yelkamga tirab yetaklab olgan, gohida ikki metrga oltitadan qadam bosamiz… Yengil shabada boshni shamollatish o‘rniga garang qiladi. Issiq joydan chiqqanimizgami, ochiq havoda kayfimiz kuchaydi. Oyoqlarimiz alishib-chalishib avtobus bekatiga keldik. Sarxush bo‘lsam-da, miya joyida – o‘zimning foydamga ishlayapti, uyga sira-sira jonimmatin oyog‘im tortmaydi, shu chog‘da xotinning diydiyosi yoqadimi? Shu mahal shoirdan ajoyib fikr chiqib qoldi. Qarang, ajoyib fikrlar undan ham chiqarkan-da. Chiqadi-da, axir u ham o‘zimizdan-da!
– Uy-uyiga kapa to‘yigami? Yoki men bilan yurass-mi?
– Nimaydi? – dedim nimadandir umidvor. – Yursam-chi. Biz yurishdan qochmaydiganlardan, bilsang.
– Bilaman, aka. O‘zimdi akam! – shoiri Davronning kayfi menikidan oshdimi deyman menga tupugini sachratib nimalarnidir bidirlab qo‘ydi.
– Unda nima gap?
– Gap… gap shuki, uyga mehmon keladigan, bog‘doddan! Tuman maktablari kattasining o‘rinbosari Obabakir, o‘rtog‘im. Borsangiz, yuring! Bag‘dodchasiga bir hangomalashamiz.
Chalakayfga tozakayfning taklifi moydek yoqib tushdi. Bunday holda bunaqa samimiy takliflar muhokama etilmaydi. Axir xotinning g‘alvasi qayoqda-yu shoiri Davronnikida bag‘dodchasiga hangomalashish qayoqda? Nasib qilsa, xurmachaning kamini shoirnikida to‘ldiramiz. Bu yog‘iga endi u erir, axir mehmon uniki-ku. Qolaversa, borsam, unikida men ham mehmon… Kayfning zo‘ridanmi bilmayman, taksi pulini ham, mehmonni kutish uchun bir juft quling o‘rgilsin “aroqvachcha”ning pulini ham men to‘lavordim. Mastligimda sahiyligim tutmay o‘lay. Nechun esim og‘ib to‘lavordim, bunisini bilmayman, bunisini “o‘zimdi akam” deb qo‘ltig‘imga suv purkagan va shu purkalgan suv orqali meni eritgan shoiri zamon biladi… He, bilmayam o‘lsin, purkamayam…
Obabakir ham o‘zimiz qatori shinavanda ekan. Undan eshitgan bitta yaxshi gap esimda qoldi. Yangi kitobim chiqsa, sotishda ko‘maklasharkan. Axir tumandagi oltmishta maktab uning ikkala qo‘lida-ku! Og‘zining xavri – aytsa bas!
Ertalab turdik. Bosh “vadavang” – garang! Shoiri Davron ming‘irlab xirgoyi qilib lo‘labolishga yonbosh berib o‘tiribdi, kasal boshni davolashidan darak yo‘q. O‘rasi ochilmaydi, suxan yo‘q, ko‘zlari polda. Bu turishingdan ko‘ra har balo bo‘l, dedim ichimda va ko‘proq uni emas, o‘zimning boshimni o‘ylab yana uning qo‘liga pul tutdim. “Borib, bosh og‘rig‘iga bittani keltir! Kecha “Aristokrat” ichgan bo‘lak, bugun “Toshkent” ham teshib chiqmaydi!”
U pulni oldi-yu, ko‘chaga o‘qday otildi. Vaholangki, uning boshiyam biznikidan beshbattar ekan, chamamda. U qaytgach, endigina bir ryumkadan urib gazakka qo‘l cho‘zgandim, qo‘l telefonim chiringlab qoldi. Xotinim.
– Qaylarda tentirab yuribsiz? Telponingiz ham o‘chiq. Ertalabgacha ilhaq bo‘p uxlamay chiqdim. Odam deganiyam shunaqa bo‘ladimi? He yo‘q, be yo‘q… Boqibeg‘am…
– Bag‘doddan mehmon keganakan…
– Shuni bir og‘iz teleponda aytib qo‘ymaysizmi?
– Qo‘ymappan-da, qo‘yaver, – uzr aytgandek nimalardir deb g‘uldirab qo‘ydim.
– Mastmisiz nima balo?
Telefonni shartta o‘chirdim. Ko‘rib turibman: men telefonda gaplashguncha ular yana bir ryumkadan urib olishdi. G‘ashim qo‘zidi. Zo‘rg‘a keyingisiga ilindim. Shundayam o‘zim aytib. Bo‘sh shishani stol ustiga taq etkazib qo‘yarkan, shoir Davron ichkilikdan alvon-alvon yonayotgan ko‘zlarini menga lo‘q tikib so‘radi:
– Ustoz, puldan cho‘zing. Bilass… menda umuman yo‘q. Obabakir esa mehmon…
– Voy, “naxal-ey!” Men-chi?
– Siz… siz… o‘zimizdi mehmon! O‘zimdi akam!
Yana noiloj cho‘ntak kavladim. Taksikiraga yarashasini chamalab o‘zimda qoldirdim-da, achchiq ustida borini u tomon otdim. U beandisha pullarni terib olarkan, mulozamat qilishni ham unutmadi.
– Ko‘p-ku, o‘zimdi akam!
– Qo‘yliqda nima ko‘p – karislarning it go‘shti. Gazakka o‘shandan obke!
– Rost aytyapsizmi? – ajablanganini yashirmadi shoiri Davron ko‘zlarini kosa-kosa ochib.
– Rost! Belda belangilik bor. Opkemasang uyingdan ketmayman. It bo‘p ostonangda hurib yotib olaman! Eshitganmisan qo‘shiq bor-ku: “Ostonangizda yillab o‘ltiray…”
– Bo‘pti! – deya u qo‘l siltaganicha yana shamolday uchdi. Xiyol o‘tmay ikkita shisha bilan bir kilo go‘sht ko‘tarib keldi.
Go‘shtdan sho‘rva qilib, birgalashib boshlarni davoladik. Yog‘idan bilmayman, pishganmi yo xommi, belimga ham surkatib oldim. Kechga tomon xayrlashib, ko‘chaga chiqqach, taksi to‘xtatdim.
Kecha cho‘ntagida yuz ming puli bor edi. Ustiga yana yuz ming qalam haqi olgan odam – men uyga ikki qo‘limni burnimga tiqib bir tiyinsiz kirib bordim. Yaxshiyamki, har galgidek taksi pulini uydagilarga to‘latmadim. Xotinim endi uydan chiqib ishga ketayotgan ekan. Yo‘lakda to‘qnash keldik. Ahvolimni ko‘rib odatdagidek qovog‘idan qor yog‘ib, burnini jiyirgancha, yonimdan indamay o‘tib ketdi. Sumkasining bir cheti biqinimga qattiq urilib teshvoray dedi. Indamagani, bu – senga gapirdim nima-yu, qo‘shnining itiga gapirdim nima, degani-da. It go‘shti yeb kelganimni bilganda-ku, shu joyning o‘zida mening go‘shtimni yerdi-ya! Ustiga-ustak pullarni sovurganimni eshitsa, naq terimni shilib, tuz sepib, somon tiqardi! Yaxshiyamki bilmaydi…
Burundan chiqqan o‘tirish
Uyga kirib, tappa tashlab, uyquga ketibman. Ertasiga tushga yaqin uyg‘ondim. Haytovur xotin ishga ketib, “maral eshitish” sal orqaga surilibdi. G‘ovlagan boshga nasihat yoqmaydi shu topda, lekin bizning xotinga buni ikki dunyoda ham tushuntirish qiyin.
Qornim o‘lgudek och, ichimni it tatalaydi. Avvallari bunchalik bo‘lmasdi. Ochligimni bildirish uchun itday vovillagim keladi. Quriblar ketsin, it go‘shtining kasofatimikan bu… bilmadim. Balkon so‘risidagi qo‘sh bolishga yonboshlab, ovozim rostdan ham itning ovozidaqa chiqmasmikan degan qo‘rquvda qizimdan sekin gap o‘g‘irladim.
– Shonona, ovqat-povqat bormi?
Qizim yalt etib qaradi. Ovozim qanday chiqdiykan deb cho‘chib ketdim. Hadigimni qizimning ovozi qochirdi.
– Kecha go‘sht-po‘sht olib kelib qolarsiz deb oyim qechqurun soat o‘ngacha kutdilar. Kelavermadingiz. Telponingiz ham o‘chiq… Keyin… – u negadir gapidan to‘xtab qoldi.
– Keyin-chi? – ming gumonda shoshib so‘radim.
– Shirguruch qildik. O‘shandan bor.
– Obke!
– Isitaymi?
– Yo‘q, shirguruchni sovug‘icha yesa ham mazza.
Xotinim bo‘lganda-ku, kechagi qiliqlarimni eslatib, miyamni qoqib qo‘limga berar, yegan ovqatimni ham zahar-zuqqumga aylantirardi. Yaxshiyam yo‘q. Lekin bu uzoq cho‘ziladigan ayriliq emas. To‘qnashuv muqarrar. Avvalo himoyalanishga, qolaversa, hujumga o‘tishga tayyor turish kerak. Ushbu jangda kimning tili uzunlik qiladi, bilmayman… Oldindan fol ochish mushkul. Natijasi ham noma’lum: durangga erishiladimi yoki g‘alaba, yo mag‘lubiyat?..
* * *
Kutilgan to‘qnashuv yuz berdi. Xuddi Yaponiya va Amerikada tsunamining daragi chiqqach, uning yuz berishini kutishayotgandek.
Xotinim ishdan qaytdi. Haliyam kayfim tarqamay, a’zoyi badanimga singib ketgan aroq hidi anqib turganini yuz chaqirimdan sezadigan xotinim avvaliga picha nafasiga qo‘shib dardini ham ichiga yutdi, nima qilarini bilmay bezovtalangancha uyda u yoqdan-bu yoqqa ancha yurdi. Sukunat yurakkinamni ezadi. Bilaman, quduqdagi suv toshmasligi mumkin, ammo bizning xotinning sukuti uzoqqa bormaydi, janjal chiqarishi aniq, solingan qovoq-tumshuq tutab turgan cho‘qqa o‘xshaydi, sal shabadadan lov etib yonadi, unda qish chillasida qolgan qirqta odam bir hafta bemalol isinsa bo‘ladi.
Kutilganidek, xotinning sukuti bu gal ham uzoqqa cho‘zilmadi.
– Qani, zalga yuring-chi! – u yengimdan yengilgina yetaklab, kenggina zalga olib kirdi. Meni yumshoq divanga o‘tqazib, o‘zi kresloga cho‘kdi. Dastlab gap boshlolmay asabiylashib turdi, erkaklarday mushtlari tugildi, keyin suvga tushgan bo‘lkadek bo‘kib o‘tirishimni ko‘rib, o‘shqirib so‘radi.
– Kecha “gonorar” olaman degandingiz. Qani u?! Qani, qayerda, kim bilan, qaysi o‘ynashingiz bilan ichdingiz? Va’davoz! Qachon tashlaysiz shu aroq o‘lgurni?
– Nima, nima? Qanaqa o‘ynash?!.. Ichsam… senga og‘irligim tushyaptimi?
– Voy, voy, gapini qaranglar. Axir o‘sha aroq zormanda tekinga kelmaydi-ku! Bolalarning rizqini qiyib, ro‘zg‘orning barakasini qochirib, mahallada hammaga masxara bo‘p… Mast kelishlaringizdan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Ko‘chadayam, qo‘ni-qo‘shnilar oldidayam bosh ko‘tarib yurgiligim qolmadi. Bitta meni emas, bolalaringizning ham boshi xam ularning oldida. Erta-indin o‘g‘il uylantiraman, qiz chiqaraman degan kap-katta odam… Kelgan sovchilar eshitsa nima deb o‘ylaydi? Otasi alkash ekan demaydimi?.. Shugina bolalaringizning ham baxtiga zomin bo‘lyapsiz. Butun mahallaga sharmandangiz chiqib… Uyat, uyat! Zig‘ircha uyat bormi o‘zi sizda? Yana yozuvchimish. Hayf sizdaqaga yozuvchiga ham!
– Bo‘ldi, ko‘p valdirayverma, kayfiyatimni buzib…
– Voy, bizniki buzilsa mayli-yu sizniki buzilmasin ekan-da. Hali mening to‘g‘ri gapim valdirash bo‘ldimi? Men sizga ko‘rsatib qo‘yaman valdirash qanaqaligini. Shuncha chidab keldim. Yetar! Bas! Yaramas! Alkash! Pichoq borib suyakka qadaldi.
– O‘chir ovozingni!
– O‘zing o‘chir! – dedi xotinim senlagancha, o‘chakishib.
– Sensirama! – g‘azabim qaynab, o‘rnimdan turib ketdim.
– Sen – alkash, senlashga ham arzimaysan!
Oldinga bir qadam tashlab, quloq chakkasi aralash boplab musht soldim.
– Urmay qo‘ling sinsin! – xotinim ikki panjasini yuzlariga bosib chinqirib yig‘lagancha zaldan chiqib ketdi. – Shu qilganingga seni hozir bir boplay.
Qo‘shni xonadan uning qayergadir qo‘ng‘iroq qilayotgani eshitilib turardi.
– A’lo, bu “102”mi? Erim ichib kelib, uyda janjal ko‘taryapti. Buning ustiga haqoratlab urdi ham. Ha-ha, tez yetib kelinglar. – U shularni aytib, uy manzilimizni ham qo‘shib qo‘ydi.
Xotinimdan kechirim so‘rab uning ko‘nglini yumshatishga g‘ururim yo‘l qo‘ymadi. Uning o‘zi ham yumshamadi. Uydan chiqib ketay desam qo‘rqoqlikka yo‘yishi mumkin. Qo‘rqoqmasman! Qo‘rqoqlarni jinim suymaydi. Zalda o‘tiraverdim: nima bo‘lsa bo‘lar, boshga tushganini ko‘z ko‘rar…
Eshik taqilladi. Eshikni ochgan xotinim kimlargadir, “Kiringlar” dedi. Ostonada chamamda ikkita militsioner paydo bo‘ldi.
– Qani o‘sha zo‘ravon? – dedi ulardan biri.
– Ana, zalda o‘tiribdi, – deb javob berdi xotinim.
Militsionerlarning bittasi zalga kirdi va mening tepamga kelib:
– Aka, turing, biz bilan ketasiz, – dedi. Ikkinchisi zalning ochiq eshigidan ko‘rinib turibdi, xotinimga savol berib, gap o‘rgatib nimalarnidir yozdirib olayotgan edi.
– Bormasam-chi! – dedim ularni uyimga bostirib kirganlarini hushlamay. – Bosqinchilar.
– Turing, turing, borasiz, boshqa ilojingiz yo‘q. Aks holda zo‘rlab obketishimizga to‘g‘ri keladi.
– Nega?! Men senlarga jinoyatchimasman?
– Aka, biz tumandan emas, shahardan keldik. Shuning uchun har bitta chaqiriqqa biz boshimiz bilan javob beramiz.
– Melisada ham bosh bo‘ladimi?
Boyagi militsionerning endi rosmana jahli chiqdi.
– Turing! Turing! Gapni ko‘paytirmay. Baribir olib ketamiz.
– Nega , baribir? Gunohim nima?
– Mastsiz. Olib ketmasak, yana to‘polon ko‘tarasiz. Ayolingiz bizga qayta qo‘ng‘iroq qilsa, boshliqlarimizdan baloga qolamiz.
– Janjal qilmayman! Uydan chiqib ketishim ham mumkin.
Ming qilsam-da, ular ko‘nishmadi. Oxiri ikki bilagimdan tutib, kreslodan ko‘tarib turg‘azishdi. “Shoshmanglar”, dedim shoshib. Keyin kirib narigi uydagi shkafdan yozuvchilik guvohnomamni olvoldim. Har ehtimolga qarshi-da, axir bu melisa zotiga ishonch yo‘q-da.
Bitta xotinning chaqirig‘iga meni melisaxonaga eltishga ikki melisa butun boshli eski bir “ikarus” avtobusida kelibdi. Qarang-a, nima keragi bor ekan bitta mastni deb odam shuncha ovoragarchilikni… Mastniyam obro‘si o‘z o‘rnida baland bo‘larkan.
Melisaxonada endi meni so‘roqqa tutib ancha-muncha qog‘oz to‘ldirishdi. Bosh garang, uni tuzatishu xotinning bu sovuq qilig‘ini unutishga yana yuzta qo‘yvorsam deyman. Lekin iloji qancha, melisa bolalarga aytib obkeltiray desam yonimda hemiri yo‘q. Ularning dag‘dag‘asiga alahsib alamzada holda, uy kiyimida chiqavergan ekanman, bo‘tta ham pason kiyinish obro‘ligi kimning xayoliga kelibdi deysiz. Axir allakimlarga o‘xshab har kuni melisaxonaga tushib yurgan bo‘lmasam. Qarasam, haligi oddiy melisalar yozuv-chizuvni bitirgach, meni qo‘yib yuborgilari yo‘q, boz ustiga har xil qalang‘i-qasang‘i bezori-yu haqiqiy alkashlar baqirib yotgan xonaga tiqib qo‘yishmoqchi.
– Javob bermaysanlarmi endi? – dedim ularga qarab. – Xatbozlik qib bo‘ldilaring-ku!
– E, aka, ketishni xayolingizga keltirmang, – dedi boya uyda xotinimni so‘roqqa tutgan novcharog‘i. – Hozir sizni qo‘yib yuborsak, kayfingiz bor, uyga borib yana janjal chiqarasiz… Bizning tanbeh olishgayam, ishdan ketishgayam hushimiz yo‘q.
– Unda nima qilmoqchisizlar?
– Kamerada anavilarga qo‘shilib yotasiz.
– Iya, mening kimligimni bilmasakansanlar? – cho‘ntagimdan guvohnomani chiqarib ularga ko‘rsatdim.
– Yozuvchi ekan, – dedi sekin boyagi novchasi o‘rtabo‘y sherigiga. Keyin ikkalasi o‘rnidan turib, bir burchakka borib uzoq pichirlashdi.
– Endi ketarman? Axir birgina ayolning tuhmat gapini deb tunim melisaxonada o‘tmas? Sen melisalar o‘tmishda ham qancha-qancha yozuvchilarning boshiga yetkansanlar, – deya ovozimni ko‘tarib hujumga o‘tdim. Boshqa ilojim ham yo‘q edi. Ikkala melisa ham sergak tortdi. So‘ng yanayam nariroqqa borib, qayta pichirlashga tushishdi. Oxiri o‘rtabo‘yi yonimga keldi.
– Aka, yarim soat anavi kushetkada dam olib turing. Yarim soatdan so‘ng navbat almashadi. Boshlig‘imiz mayor ham keladi. Unga aytamiz, barini u hal qiladi.
– Boshqa yo‘li yo‘qmi?
– Yo‘q, aka! Biz kichkina odam. Buyruqni bajaramiz, xolos.
Kushetkaga yonboshlab, noxush xayollarga berilaman. Shuncha yil birga yashagan, sevib, suyub olgan xotinim, yaxshi ko‘rgan xotinjonim meni, o‘z erini melisaga topshirib o‘tirsa-ya. Bunday xotinni kim deb atash mumkin? Bunday xotinning nima qilish kerak? Bahridan o‘tish kerak, vassalom! Qo‘yvorish kerak! Uch taloq qo‘yish kerak, toki qayta yarashishga yo‘l qolmasin… Boshqacha yo‘l yo‘q bu bedavoga! Agarki, er zotiga “hurmati” shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, xotinsiz o‘tsam o‘taman…
Uyqu elitib, kushetkada ko‘zim ilinibdi. Bir vaqt kimdir meni turtdi. Dabdurustdan avvaliga qayerdaligimni anglay olmadim. Keyin temir panjara ortidagi ko‘zlari mo‘ltillab turgan jabrdiydalarni, melisa kiyimidagi odamlarni va nihoyat qarshimdagi uzun bo‘yli, xushro‘ygina qirq yoshlardagi mayorni ko‘rib, qayerdaligimni angladim. Chamamda, yarim soat o‘tibdi…
– Nima, nima deysiz? – dedim mayorga qarab uni xushlamaganimni oshkora namoyish etib. Ochig‘i, haliyam kayfim tarqamagandi. – Agar osmon qo‘lingizda bo‘lsa tashlavoring! O‘lib ketsam mayli, shu bo‘lmag‘ur xotinu melisa dastidan…
– Iya-iya, Yo‘ldosh Qo‘ldosh akamisiz? Voy, shoirim-ey, – mayor meni o‘tirgan joyimda quchoqlab oldi. – Yozganlaringizni ko‘p o‘qib yuraman, xo‘p o‘qib yuraman. Buni qarang, falakning gardishini… bizning “koshonada” nimalar qilib yuribsiz?
– Avvalo pora berib “koshonangizdan” chiqib ketmoqchiman, – dedim uning asabiga tegish uchun atayin.
– Keyin-chi?
– Keyin bu haqida kitob yozmoqchiman. Tarix uchun.
Avvaliga mayor ham, tepamizda tomoshabinlik zavqini surayotgan boyagi ikki militsioner ham yayrab kulishdi. So‘ng gap tagidagi kinoyani uqib qolib, birdan sergaklanib, soqovga aylanishdi.
– Yo‘ldosh aka, sirayam hazilqaroqligingiz qolmabdi-qolmabdi-da, – mayor kulganicha o‘zini tanishtirdi. – Tanimadingiz-a? Isajonman, Isajon! Bir vaqtlar ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kiraman deb Toshkentga poyezdda birga kelgandik. Furqat stantsiyasidan chiqqandik. Menam Bag‘doddan, aka, shundoq markazdan. Uy topginumcha yotoqxonangizdan ikki-uch kunga joy bergansiz. Siz kanal bo‘yidagi qishloqdansiz-a? Hikoyalaringizni gazeta-jurnallarda ko‘p o‘qiganman. Uyda kitoblaringiz ham bor, aka. Hozir bollarga aytaman, choy-poy damlab, biror yegulik olib kelishadi. Bugun men shu yerda navbatchiman. Faqat bitta iltimosim bor, uyga ketaman demang, kushetkaga joy soldirib beraman, matras, yostiq, adyol berishadi. Damni oling, ertalab ketasiz. Maylimi?
– Mayli, o‘ziyam chunonam uyqum kelyapti. Rosti, uyga borishga – o‘sha bemehr xotinni ko‘rishga zarracha hushim yo‘q. Faqat meniyam bitta iltimosim bor. Birorta bankadami, baklashkadami suv keltirib qo‘yishsin. Kechasi chanqayman… Odat.
Asta hushimni yig‘ib esladim: endigina ish boshlagan kezlarim Akademiklar shaharchasidagi aspirantlar yotog‘ida turganidami u aytgancha bo‘luvdi. Mana endi oradan qancha yillar o‘tib uchrashganimizni qarang! Yana qayerda deng?.. Yaxshilik, oxiri qaytarkan, uning tanish chiqqanini qarang. Yo‘qsa, anavi qalang‘i-qasang‘i alkash-u bezorilar ichiga qo‘yishganda enamni Uchqo‘rg‘onda ko‘rarmidim.
Boya meni zaldan majburlab olib chiqqan melisa baklashkada gaz suv, choy, non ustiga sidrilgan to‘rtta issiq burda kabob keltirib, “Issig‘ida yeb oling, aka”, deganicha yoqimli so‘zlab, mulozamat qila-qila bir stulning ustiga qo‘yib ketdi. Boshlig‘i meni qattiq hurmatlaganini ko‘rib boya uyimda qilgan qo‘polligi uchun, “Uzr, aka, xizmatchilik”, deya kechirim ham so‘rab qo‘ydi. Qornim ham ochqagan ekan bahuzur kabobni tushirdim. Bunday iltifot ko‘rsatib turilsa, o‘sha bemehr xotinning bema’ni savollarini eshitib yosh boladek qaltirab o‘tirganimdan ko‘ra, mayorning har navbatchiligida shu yerda tunashga ham rozi edim. Mayorning tanish chiqqanidan ko‘nglim taskin topdi. Har qaydayam tanish-bilishning bori yaxshi-da.
Ertalab turdim, mirshabxonaning chog‘roq hovlisidagi kranda yuz-qo‘limni yuvdim. Novcha melisa yugurib kelib sochiq tutdi. Keyin guvohnomam esimga tushib, kiyimlarimning cho‘ntaklarini paypaslab ko‘rdim: u yo‘q. Hali rosmana tong otmagan g‘ira-shira qorong‘ilik edi. Borib navbatchilikda turgan leytenantga uchrashib:
– Endi ketaveraymi? – deb so‘radim.
– Men hozir, – u oldidagi stol g‘aladonini tortib guvohnomamni topib berdi va qandaydir daftarni men tomon o‘girib: – Qo‘l qo‘yib yuborasiz, – dedi.
– Ketaverasiz. Yaxshi boring, aka. Kechirasiz, mayor uxlayotgandi. O‘zi kuzatib qo‘ymoqchiydi. Yoki uyg‘otaymi?
– Yo‘q, yo‘q! Bezovta qilmang!
– Unda yaxshi boring, aka. Boshqa bunaqa joylarda ko‘rishmaylik…
Sekin eshik tomon yurdim.
– To‘xtang, aka! – laytenant chaqirib qoldi. “Yana nima gap?” degandek ortimga o‘girildim. – Faqat ertaga ertalab soat to‘qqizda tuman sudi idorasiga kelasiz – “13”-xona. Manavi qog‘ozni olvoling. Sud ijrochisiga uchrashasiz…
Ko‘nglim navbatdagi noxushlikni sezib, g‘ashlandi: namuncha men bechoraga so‘nggi vaqtlarda shu noxush “13” raqami xira pashshadek ilashib qoldi-ya? Men-ku, bilmadim-a, balki siz bilarsiz?..
“It – vafo, xotin – jafo!”
Melisaxonadan g‘amnok chiqdim. Axir nimasiga quvonay? Quvonadigan joyi bo‘lsa quvonasan-da. Nima, shu ahvolimdan shodlanaymi? Mendek kelajagi buyuk bir qalamkashni xotinining birgina gapi bilan shu ko‘yga solishsa-ya. Mahkamadagilargayam qoyilmasman: nahotki ular tili uzun, aqli kalta xotin zotiga ishonishadi-yu bizga – mendek talantga ishonchlari sust. Mast edim, mabodo xotinim sog‘ligimda ham shunday tuhmat qilib qolsayam menga emas, unga ishonishlari tayin. Nahotki, ular oddiy haqiqatni – qars ikki qo‘ldan chiqishini bilishmasa? Bu ketishda qayoqqa qarab boryapmiz o‘zi?! Xotin deganning aytgani-aytgan, degani-degan bo‘laversa, yer yuzida bora-bora erkak zotining urug‘i qurib bitmasa go‘rga edi… Ha mayli, bunaqa muammolarni o‘ylab, og‘rimagan boshimni og‘ritmay. Eh, hozirda mendek nachor, taksi kiraga puli yo‘q, melisaxonadan qutilgan erga bir kam dunyoning bir quloch muammolarini o‘ylashga balo bormi?..
Hali rosmana tong otmagan – qorong‘ilik batomom tarqalmagan edi. Shahar avtobuslarining yurishiga vaqt bor. Ularni kutish befoyda. Cho‘ntak qup-quruq.
Qadrimga o‘kingancha melisaxona yonidagi avtobus bekatidan to‘xtamay o‘tib ketdim. Tong qorong‘isida ko‘chada men g‘aribu bechoradan boshqa zog‘ ko‘rinmaydi. Yo‘lda uchragan har bitta daraxtning o‘zi ham, olako‘lankasi ham odamni cho‘chitadigan darajada qo‘rqinchli ko‘rinadi. Besh-olti chaqirim olisdagi uyga piyoda ketyapman. Yana kimning oldiga deng? O‘sha yaramas xotinning oldiga. Afsus! Xomkallaman-da, melisa o‘lgurning qistovi-yu xotinning g‘ishavasidan tezroq qutulay deb shoshilishda uyda kiyadigan eski jinsi shimda jo‘navorippan-a. Eski shim o‘lgurning cho‘ntagi bo‘m-bo‘sh, hatto pulim boridayam unga sololmasdim, chunki ikki tomondagi cho‘ntagiyam teshik… Qo‘l tiqsam barmog‘im oyog‘imning tovonigacha boradi. Ichishini xushlamagan xotini uning eski shimining cho‘ntagini yamarmidi?
Shularni o‘ylab kayfiyatim yana-da yomonlashdi, o‘zimni chalg‘itay deb uygacha bo‘lgan masofani xayolan chamalayman: rostdan besh-olti chaqirim chiqar-ov. Boraman-da endi piyoda – “11”-tramvayda, “Ahmoqqa To‘ytepa nima?” degandek “peshkom”, sekin, oshiqmay. (Bizda – vodiyda bu maqolni boshqacharoq aytishadi – “Tentakka – Quva bir tosh” deb. Quva Farg‘onaning eng chekka, Andijon viloyatiga tutash tumani. Biz turgan Qo‘qon deparalaridan olis. Shunga shunaqa desalar kerak-da). Juda oshiqib ham nima qilardim? Meni bu yoqqa “tantanali kuzatib qo‘ygan” xotinimning ko‘zi ja meni ko‘rishga uchib turgani yo‘qdir.
Cho‘chibgina boryapman. Hayriyatki, baxtimga katta ko‘chadagi chiroqlar yoniq, qorong‘ida yo‘llarga qo‘shib mening zimiston ko‘nglimga ham picha yorug‘lik ulashyapti.
Shu payt kutilmagan hol yuz berdi: melisaxonadan hali uncha olislamasimdan turib men ketayotgan yo‘lning naryog‘idagi yo‘lakda laychadan kattaroq bir pushtirang kuchukcha paydo bo‘ldi va menga ergashib yura boshladi, yursam yuradi, to‘xtasam u ham to‘xtaydi: holing qalay degandek menga qaraydi… U go‘yo meni qo‘riqlab borish uchun Olloh tomonidan yuborilgandek edi… Axir tavba qildim Xudo, uning yursam yurganida, to‘xtasam to‘xtaganida qandaydir bir sir bor-ov. O‘zimcha shu qarorga keldim, keyin ichimda kuchukchaga nom qo‘yib oldim: “Pushtivoy!”
Uyga yetguncha Pushtivoy menga mana shunaqa hamrohlik qilib bordi, bu sirning ma’nosiga sira tushunolmadim. Bu – rostdanam Yaratganning menga rahmi kelib qilgan marhamatimikan? Xudoni kam eslab, kayfi-safoga qattiq berilib ketganimga ishoramikan? Kamroq ichib, ko‘proq eslab qo‘y deganimikan? Yoki, ey, yigit, qani, mana shu men senga ro‘para etgan jumboqni o‘zing yechib ko‘r-chi, degan sinovimikan?.. Bilmadim, bilolmadim. Faqat xayolimdan “It – vafo, xotin – jafo” degan maqol sira nari ketmasdi. Pushtivoy tomon sezilar-sezilmas qarab-qarab qo‘yarkanman ushbu maqol qanchalik to‘g‘riligiga o‘ksik ko‘nglim tobora ko‘proq ishonmoqda edi. Tag‘in meni shu ko‘ylarga solgan xotinim ko‘zimga to‘ng‘izdan battar yomon ko‘rinib ketadi, Pushtivoyga esa negadir mehrim ortardi. Ming qilsa ham it – vafo…
Uyga boramanu xotinni boplab “uch taloq” qo‘yaman. Qo‘yganim bo‘lsin! Axir erini melisaxonaga tiqadigan xotindan yorug‘lik chiqarmidi? Endi u meni xufiyona zaharlab o‘ldirsa o‘ldiradiki, zinhor yaxshilik qilmaydi. Shunga vaqtida javobini berib, undan birato‘la qutulgan afzal. O‘shanda, albatta, anavi Pushtivoyga o‘xshash odamsuyar bitta kuchukchani asrab olaman, u bilan do‘st tutinaman, o‘z farzandimdek ko‘rib erta-kech erkalayman, vannada cho‘miltiraman, ko‘chalarga, xiyobonlarga sayrga olib chiqaman, yolg‘iz qolganimizda unga sirlarimni aytaman. Uning o‘z tilida akillab, vangillab aytgan dardlarini uqishga urinaman… Kerak bo‘lsa bitiniyam teraman… Eshakdek ishlab shu xotinni boqqandan ko‘ra bitta Pushtivoyni boqqan afzal emasmi? E, siz bu gaplarning ma’nosini baribir tushunmaysiz. Har kim o‘z boshiga tushganda biladi. Birovdan it afzalmi, xotin, deb so‘rasangiz ustingizdan kuladi. Mana shunaqa telba-teskari o‘ylar ezig‘ida o‘z uyim ro‘parasiga kelib qolibman. Mundoq ko‘chaning u yuzidagi yo‘lakka qarasam Pushtivoy yo‘q. Hayronlikdan yoqa ushladim. Shunaqayam aqlli, farosatli it edimi u? Axir men uyimga yetib kelganimni u qayoqdan payqadi? Yo qudratingdan, Xudo! Hech narsani uqolmay hayronman. Bu ne karomat? Bu ne alomat? Pushtivoy kutilmaganda qayoqdan paydo bo‘ldi-yu kutilmaganda qayoqqa yo‘qoldi? Osmondan tushdimi, yerga kirdimi? Nega u meni to uyimgacha kuzatib keldi? Bilmadim, bilolmadim… Bunisi yolg‘iz Ollohga ayon.
Siru sehrlarga boy dunyoda yana bittasiga uchrab uni yechishga ojizligimdan ajablanaman… Eh, Pushtivoy, o‘zing tilga kirib menga shu sir-sinoatni vovillab bo‘lsayam aytib ketsang nima qilardi? Shunda mening ko‘nglim tinchlanardi, jumboqlardan tashvishlanib o‘ylab o‘tirmasdim. Baribir ming o‘ylasam-da, ularning tagiga yetolmadim… sirini bilolmadim. Ha mayli, bu yog‘ini Tangrining o‘ziga soldim!..
Echib bo‘lmas jumboqlarni mening hayotimga tiqishtiribdiki, gunohlarim ko‘payyapti chamasi. O‘zing kechir men noshud bandangni, ey Xudo! Endi o‘zgarishga harakat qilaman. Albatta yaxshi tomonga.
* * *
Uyga yetib keldim. Eshikni o‘g‘lim ochdi. Go‘yo qirq yil ko‘rishmagandek quchoqlashib ko‘rishdik. Uyga kirib, yuvindim, kiyimlarimni almashtirdim, keyin zalga o‘tib kresloga o‘tirgancha o‘yga toldim. Xotinim bilan ko‘rishishni istamasdim. Tag‘in achchiq ustida “to‘rtinchi jahon urishi” boshlanib qolmasin.
* * *
Ertasiga aytilgan vaqtda so‘rab-surishtirib tuman sudi idorasini topib bordim. Bino bir qavatli pastakkina xonalardan iborat ekan. Oldida chog‘roq mevazor hovlisi ham bor. 13-xonada chuvakkina, shu chuvakligiga yarasha bo‘ylari uzun, o‘ng yuzida kattagina xoli bor Xoldorjon degan yigit eski stol ortida o‘tirardi. Unga o‘zimni tanishtirib, qo‘limdagi melisa bergan qog‘ozni tutqazdim.
– Hm, – dedi u qog‘ozga ko‘z yugurtirarkan o‘ychan. Keyin stol tortmasidan bir “delo” chiqarib uni ochdi. Bilsam, menga ochilgan ish ekan.
– Aka, qilgan ishlaringiz huquqbuzarlikning ma’muriy javobgarlik majmuasining polon moddasining polon bandiga to‘g‘ri keladi. Sud qaroriga ko‘ra sizga ma’muriy qonunbuzarlik qilganingiz uchun jarima tayinlangan. Eng kam ish haqining uch barobari miqdorida…
– Iya, bu qanaqasi? – taajjublanganimni yashirib o‘tirmadim. – Axir men sudlanganim yo‘q-ku! Qachon sud bo‘ldi? Nega men sudlangan bo‘laman?
– Iya, aka, qiziq ekansiz-ku! Kecha uyda janjal ko‘tardingizmi? Ko‘tardingiz. Xotiningiz “102” ga qo‘ng‘iroq qildimi? Qildi. Sizni olib kelishgach, melisaxonada tunadingizmi? Tunadingiz. Axir bularning sarf-harajati bor, aka. Bundan tashqari, siz davlat xazinasiga to‘layotgan ushbu jarima jazosi orqali o‘z qilmishingizning mohiyatini anglab yetishingiz kerak!
Lom-lim deyolmay qoldim. Men befarosatlarcha melisaxonadagi muloyim muomalaning barchasini tekinga deb o‘ylabman. Bekorga aytishmas ekan, “Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi”, deb. Men esa chuchvarani tag‘in xom sanab o‘tiribman-a. Sud degani ham mening – sudlanuvchining ishtirokisiz bo‘laverarkan-da. Kechagi navbatchi militsioner xotinimni so‘roqqa tutib, bekorga kuyib-pishib qog‘oz to‘ldirmagan ekan! Ol-a!
Hozir yana mirshabxonaga qaytarilishimdan hadiksirab, chuvak yigitga borini aytdim.
– Hozir yonimda pulim yo‘q.
– Aka, men kvitantsiya yozib beraman, bir oy ichida to‘lab qo‘ysangiz, bas.
Yuzimga yorug‘lik o‘rmaladi. Jarima qog‘ozini olib, bu yerda ham bitta daftarga qo‘l qo‘yib, 13-xonadan uzoqlashdim. Dunyoda hamma narsaning hisob-kitobi bor-a, barchasi mullajiringga kelib taqaladi-ya. Mana senga aroq ichib, kayfini surib, yallo qilib yurish-u, uyga kelib, xotin zotini ranjitish oqibati… Eng kam oylikning uch baravari-ya. Qiziq! Dunyoning ayrim ishlari qiziq-da! Mendan so‘rab ham o‘tirmay hammasini hal etib qo‘yishganini… Yanagi haftaga oyligim chiqadi. Unga qancha ishlarni mo‘ljallab yurgandim. Endi esa to‘lovning boshida jarima turibdi. E, hammasi jonga tegdi, boshga bitgan balo bo‘ldi… Olgan qalam haqiyam, shoiri Davron bilan o‘tirishganimam, boshdan-bosh bularga sababchi yozgan hikoyamam… Odamning o‘z ijodi o‘ziga shuncha ziyon yetkazishini qaysi yozuvchi o‘ylabdi deysiz? Mana men o‘ylayapman… O‘ylagandayam boshim achib, ko‘nglim cho‘kib o‘ylayapman. Axir yuz bergan ishlarning barchasi ijodkorning nozik ko‘nglini cho‘ktiradi-da!
Bilmayin bosdim tikanni, tortadurman jabrini!
Bilsaydim bosmas erdim, tortmas erdim jabrini!
“So‘nggi pushmon – o‘zingga dushman!” Endi ne keragi bor, bunaqa aqlli gaplarning? Bobom aytgandek, pul qo‘ldi kiri, baribir ming oh-voh cheksang-da, qo‘ldi yuvding o‘sha kirga qo‘shilib yuvilib ketadi, yovvoyi kaptardek uchib, namlik kabi so‘rilib, qaynoq suvday bug‘lanib bitadi. Endi unga behuda qayg‘urishdan ne naf?..
Oylik olgan kunim pochtaga borib o‘sha mash’um kunlarni boshqa eslamay, o‘zgalar ham eslatmasin deb jarimani issig‘ida quritday qilib to‘lab keldim. Bu yorug‘ olamda avvalo bandasidan qarz bo‘lma, sen istasang-istamasang u o‘zi istagan vaqtda puling bormi-yo‘qmi so‘rab kelib asabingni buzadi. Davlatdan qarz bo‘lsang, kechikkan muddatiga foiz to‘laysan. Agar qarzmisan, undan qutulib, bu dunyoning yoqimsiz mojarolaridan uzoqroqda emin-erkin yurganga nima yetsin!
Jangdan keyingi sokinlik
Xotin bilan uzoq gaplashmay yurdim. Go‘yo endi doka ro‘molning qurishidan umid so‘ngandek. Uyda oldingidek ovqat tanlamasdim, nima pishirsa shuni yerdim. Bozorga borishni atayin to‘xtatib qo‘ydim. Gohida qatorasiga go‘shtsiz yovg‘on ovqatlar qilinsa ham churq etmadim. Sekin ko‘chaga chiqib oshxonalardan kishibilmas ovqatlanib kelardim. Oxiri bir kuni xotinim sukutga ortiq chidolmay tilga kirdi.
– Uyda bir tishlam go‘sht qolmabdi, hech bo‘lmasa biror kilo olib keling.
– Go‘sht! Qanaqa go‘sht? Go‘sht yeguncha zahar ye! Go‘shtni ko‘ngling tusamay har narsa bo‘l! Mening senga go‘sht olib berishga pulim yo‘q. Bor pulimni melisaning jarimasiga to‘laganman, mana, ko‘rib qo‘y! – deya xotinimning basharasiga sud bergan to‘lov qog‘ozini otdim…
Shu-shu xotinim bozor-o‘chardan, uydagi kamchiliklardan, go‘shtu yog‘dan gapirmay qo‘ydi. Men ham qasdma-qasdiga uch oygacha na bozorga bordim, na uyga yarim kilo go‘sht ko‘tarib keldim. Oyligimni o‘zim bilgancha sarflab, o‘zim xon, ko‘lankam maydon bo‘lib, o‘ynab-kulib yuraverdim. Faqat ichsam uyga kelmaydigan odat chiqardim. Ishxonamda eski divan bor… Shunisiyam maza. Axir to‘liq erkinlikka erishishning, maoshingni og‘zi polvon xotinga bermay, o‘z bilganingcha sarflashning ham o‘zgacha gashti bor ekan… Xotinim o‘zi bozor qilib, uyning to‘lovlarini o‘zi to‘lab rosa tinkasi quridi, chamamda. Ammo shundayam egilishga, sal pastga tushib kechirim so‘rashga hamon tili kelmaydi… Bema’ni g‘ururi – menikidanam bema’ni… Dardi ichida… Menga esa shak-shuhbasiz va uzil-kesil to‘laqonli g‘alaba uchun aynan mana shunisi kerak edi…
Biroq… Hozircha…
Yo‘ldoshboy Do‘rmonda!
Uyda sichqon-mushukka o‘xshab bir-birimizdan pisib yurishlar ham jonga tegdi. Ja o‘zimning topganim o‘zimnikiga aylanganidan quvonib, “ko‘chaxandon, uy zindon” bo‘lib yursam-da, hecham ko‘ngil o‘lgur butunlay yorishib ketmasdi, ishlarim ham oldingidek yurishavermasdi. Jo‘ralarimga qo‘shilib, biror joyda o‘tirishsak, salga ularning birortasi bilan janjallashib qolardim. Ayniqsa, ular xotinlaridan, ayollardan gapirsa, jinim qo‘zib jerkib berardim.
– Senga nima bo‘lyapti o‘zi? – bu savolni ulardan tez-tez eshitardim.– Ilgari sira bunaqa jizzaki emasding-ku?
– Bilmadim, – bo‘shashgancha to‘g‘risini aytardim ularga. – Rostdan ham menga nima bo‘lyapti, o‘zi?!
– Bir o‘zingni ruhshunosga ko‘rsatasanmi? – dedi bittasi jiddiy turib.
– Azayimxonga o‘qitvorsangam bo‘laveradi, – dedi boshqasi.
– Birato‘la jinnixonaga yotaqol! – dedi betgachoparroq yana biri.
Bunaqa ta’nalardan ichim zil ketadi, o‘zimdan cho‘chib o‘zimni o‘ylayman. Jinnilik alomatlari ham mana shunaqadan boshlanmasmikan, ishqilib? Oxiri baxayr bo‘lsin-da. Hali qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib olmasam go‘rga edi. Xotin bilan “xalqaro aloqalar”ni tiklasammikan? Yo‘q, yo‘q, shu indamasoyim bo‘p yurgan mug‘ombir xotin bilan-a? Unda bor g‘urur mendayam bor. Men… men Qo‘ldosh dangalning nabirasi Yo‘ldoshman-a. Bobom birovning oldida sira past ketmagan. Endi men kelib-kelib mana xotin zotiga egilib past ketaymi? Undan ko‘ra tog‘ cho‘qqisidan o‘zimni tashlaganim yaxshi. Hech qachon o‘ttiz bitta tishining oqini ko‘rsatib ustimdan kulishiga yo‘l qo‘ymayman. Bir marta meni melisaxonaga bergani yetar! Endi men ham undan battar indamasdan kuydiraman, yondiraman, kul qilaman…
Mana shunday er-xotin og‘izdan aza tutib yurgan kunlarimizning birida ishdan kelsam, qizim suyunchiladi:
– Dadajon, kecha Yozuvchilar uyushmasidan bir opa qo‘ng‘iroq qilgandi. Ertaga Do‘rmonda tushlikda Navro‘zga atab osh berilayotgan ekan.
– O‘zi nuqul pul yo‘qligida mana shunaqa tadbirlar chiqadi. Cho‘ntagimda hatto yo‘lkiraga pul yo‘q, – dedim cho‘ntak quruqligidan nolib. – Endi bitta oshni deb Do‘rmonda sanqishim qoluvdi.
– Ayam ertalab ellik ming tashlab ketdi. Boradigan bo‘lsa, o‘sha yerda uch-to‘rt kun turib, dam olib kelsin dedi.
Bu xotinimni mehribonligi emas, balki uydan ketsin, dadangni oz bo‘lsa-da shuncha kun aft-basharasini ko‘rmay deya xuddi oqposhsho o‘z mehribonligi bilan Pushkinni “Sarskoye selo”ga surgun qilinishiga teng ekanligini bilib tursam ham qizimning gapidan tanamga jon kirdi. Ortiqcha gap aytib o‘tirmadim. Bugun shanba, hoziroq ketsam-chi. Osh bahonasida rostdan ham uch-to‘rt kun turib, biror narsa yozib kelarman. Dushanba kuniga ishxonamga qandaydir bahona toparman…
Qo‘ng‘iroqlashsam, “Do‘rmon ijodkorlar uyi”da joy bor ekan. Darhol qanot bog‘lab, yo‘lga otlandim.
– Pulni opchiq! – dedim qizimga ovozimni ko‘tarib.
– Osh ertaga-ku?..
– Hoziroq ketaman.
Apil-tapil kerakli narsalarimni, ozroq oq qog‘oz va ruchkalarni olib, yo‘l sumkamga soldim. Jo‘nash oldidan tantiligim tutdi.
– Qizim, ayang ishdan kelsa, pul uchun rahmat deb qo‘ygin!
Bu gap xotin bilan xalqaro aloqalarni tiklanishiga men tomondan qo‘yilgan dastlabki qadam edi…
– Xo‘p, aytaman, – qizim miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Yo‘lda ul-bul xarid qilib, Do‘rmonga yetib keldim va uch kun turishga pul to‘ladim. Yonimda qaytishimga yarasha pul qoldi xolos. Qaytaga shunisi durust, ortiqcha mo‘llajiring bo‘lmasa, ko‘ngil ham har yoqqa sochilavermaydi, xodaday g‘o‘dayib yurasan. Axir enam bir mahal, “Bolaginam, shaharda yurasan, puling bormi-yo‘qmi orasta kiyinib yur, iloji bo‘lsa oq ko‘ylaging ustidan hamisha bo‘yinbog‘ingni taqib ol va yerga qarab emas osmonga qarab kekkayib qadam tashla, odamlarning ko‘pi mana shu yurishingga qarab, turishingga qarab senga baho berishadi, muomala qilishadi”, deb bekorga aytmagan…
Ketar kunim nonushtadan keyin oyoqning chigili yozilsin deb yozuvchilar bog‘ini aylanib yursam, o‘zim unchalik jinim suymaydigan shoir Mohir To‘rani uchratib qoldim. Birda Yunusobodning katta bozori yonidagi avtobus bekatida ko‘rganimda kayfim borligini sezib, menga o‘lib ketgan otam qilmagan nasihatlarni qilgandi. Shu-shu uni jinim suymaydi. O‘zini ja osmondagi oy sanaydi, yozgan maza-matrasiz she’rlarini ham shu oyning yoniga qo‘yadi. Men esa o‘sha ko‘rganimdan buyon uni tamoman o‘qimay qo‘yganman. Oy nurida isitiladigan she’riyat kimga kerak? Ikkalamiz bir-birimizni suymasdik. Yoqtirmasa-yoqtirmas, nima men senga yoqaman degan ko‘cha janonimanmi?
U bilan sovuq so‘rashib o‘tib ketayotgandim.
– Otyapsizmi? – dedi u go‘yo hol so‘rash barobarida ustimdan kulmoqchi bo‘lib.
– Sog‘liq ko‘targan-da.
– Ko‘taryaptimi?
– Hozircha, – dedim undan uzoqlasharkanman.
Ajablantirgan tomoni shunda ediki, menga ichkilikdan dakki beradigan bu shoirvachcha o‘ziyam o‘lgudek otarkan. “O‘zing otasan-u, nega birovga nasihat qilasan? Oldin o‘zingga boq, keyin nog‘ora qoq! Nahotki unga birov bularni o‘rgatmagan… E, o‘rgildim nasihatingdan. Ja aqlli bo‘lsang, ana uyingda bolalaring bor – ularga kun-u tun diydiyongni aytaver, hech kimga malol kelmaydi. Ko‘chada “doston aytishga” balo bormi, birovning dilini og‘ritib…”
Mohir To‘rani ko‘rgach, ilk bor Do‘rmonga qisqa muddatga – uch kungagina kelganimga shukr qildim.
Bog‘ni aylanib, oyoqning chigalini yozib qaytsam, yotoq binosi ro‘parasidagi o‘rindiqda ertalab oshxonada ko‘rganim va men bilan bosh irg‘ib salomlashgan latofatli, mashhurlikda olamjahon o‘ttiz besh yoshlardagi shoira ayol yolg‘iz o‘tiribdi. Uzoqdan uni ko‘rib yoniga borsammikan deb qo‘ydim. Go‘zal shoiraning go‘zal gaplari ham ko‘ngilni ko‘taradi-da. Ayniqsa, anavi Mohir To‘rani uchratgandan keyingi cho‘kkan ruhiyatni tiklash kerak. O‘ziyam shoira she’rni chertib-chertib, do‘mbira ohanglaridek yuraklarni dumalatib, kishining ich-ichiga kirib o‘qiydi-da. U she’r o‘qiganda sehri eltib, xoh ishoning, xoh ishonmang yarim soat o‘rningizdan turolmay qolasiz! Shunday xom xayollar surib borayotgandim, o‘ylaganlarimga farishtalar “omin” dedimi, shoira meni imlab chaqirib qoldi. Hayajonlanib, dovdiragancha uning qarshisida paydo bo‘ldim.
– Keling, birodari aziz, biroz dam oling, menam zerikib o‘tiribman.
Darhol uning yoniga – uzun o‘rindiqqa cho‘kdim. Yuzlarim lov-lov qizarib boryapti: bu go‘zal shoira nima deydiyu men nima deyman? Axir hamisha ham hayotda bunaqasiga duch kelavermaysiz. Men hayajonlanmay, siz hayajonlanasizmi? Vodarig‘!
– Kecha “Mushtum”ning yangi sonini varaqlab o‘tirib hajviyangizga ko‘zim tushib, berilib o‘qib chiqdim. Boplabsiz! Xo‘p topib yozasiz-da, Yo‘ldoshboy. O‘zi farg‘onaliklarning qalami zo‘r-da. Sizniki esa hammasidan zo‘r.
– Yo‘g‘-e, ja oshirivormadingizmi? – dedim har tomondan toshib kelayotgan hayajonimni bazo‘r bosib. Ochig‘i, bu bir chiroyli, uncha-muncha odamni mensimaydigan viqorli shoira ayolning maqtovidan og‘zimning tanobi qochdi. Shartta turib, uni quchoqlab, minnatdorchilik bildirib qo‘ygim keldi-yu iymandim. Uyatchanligimam qursin! Ammo haligacha birorta ayol mening arzir-arzimas bitiklarim haqida aftimga tik qarab, yurakni sim-sim eritib yuboradigan bunaqa maqtovni aytmagandi. U esa aytdi! Ofarin! Tasanno!
– Opa, sizning jahonshumul she’rlaringiz oldida bizniki nima bo‘pti. Sizniki rosmana mushuk bo‘lsa, bizniki sichqoncha. Ikkovini qo‘yib yuborsak sichqonchani mushuk yeb qo‘yadi, – dedim boshqa durustroq gap topolmay.
O‘xshatishim opaxonga yoqmadi, shekilli, qayrilma qaro qoshlarini yoqimsiz chimirib qo‘ydi. Rostdan noto‘g‘ri gapirib qo‘ydimmi, a? Mushuk kichkina hayvon-ku! Unikini rosmana sher yoki arslon desam o‘lamanmi? Lekin hartugul og‘zimdan chiqqan gapimga tovon to‘lamayman-ku! Unda sichqonchaning o‘rniga qaysi hayvonni qo‘yardim? Bunisini shu topda o‘ylab topolmadim…
O‘rtaga tushgan noqulaylikni yana shoiraning o‘zi quvdi.
– Yoshligingizda sichqon-mushuk o‘yinini ko‘p o‘ynaganmisiz deyman, – deya shoira beg‘ubor kuldi. Uning kulgisi menga ham yuqdi.
– Ukajon, yuzlaringiz ajoyib, tiniq, yonoqlaringiz qip-qizil, nigohlaringiz o‘tli. Demak, sog‘lomsiz, go‘yo komissar Katani, komissar Juk! Ichmasangiz kerak? – so‘radi u birdan.
– Yo‘g‘-e, nega endi? Hamma ichganda… Oz-moz ichib turaman.
– Men ichmaysiz deb o‘ylabman….
– Ja quvishtirvormaymizu o‘tirishlarda, to‘y-to‘ychiqlarda, sal-pal… Xursandchilikka…
– Bunisiyam durust, – dedi u va gapini uladi. – Xotiningiz ham ajoyib ayol bo‘lsa kerak?
– Judayam ajoyib! Dunyoda tengi yo‘q. Mana shu yerga ham Navro‘z oshi bahonasida qo‘limga mo‘may pul tutqazib, birato‘la dam olib keling, deb mehribonlik qilib u yubordi, – dedim (yolg‘onni Xudoning o‘zi kechirsin, mavridi kelib qoldi-da). Shu o‘rinda xotinimning “Alkash basharangni ko‘rmayin” deb ko‘p aytgan qishdan sovuq gaplarini noxush eslab. Bularni eslarkanman, suluv shoiraning menga yoqimli gaplarni aytib ijodimga ijobiy baho berayotganidan, o‘zi hali bilmaydigan xotinimni “ajoyib” deganidan unga endi negadir shubhalanib qarab qo‘ydim. O‘zi so‘nggi paytlarda ayollarning bariga ishonchim so‘na boshlagandi… Bu yerda qandaydir sir bor-ov. Bekorga maqtamayapti. ..
– Sizni zeriktirib qo‘ymayapmanmi, ukajon? Bir narsa aytmoqchiydim…
– Sirayam. Sizday go‘zal ayol og‘zidan har qanday dostonni ham churq etmay, oxirigacha bo‘lmay eshitishga tayyorman.
– Bunaqa uyaltirmang! – shoira nozlangancha ohista to‘lg‘anib qo‘ydi.
– Rosti-da.
– Qo‘ying-e! Bilasiz, ayollar jurnalida ishlayman. Bosh muharririmizni ham taniysiz – mashhur shoira. Tunov kuni oldiga kirsam, xona burchagida sariq qog‘ozga o‘ralgan taxlam-taxlam narsalar turibdi. Qizig‘im qistab, so‘radim:
– Opa, bular nima?
U menga sinchkov qaray-qaray, dabdurustdan:
– Yoningizda pulingiz bormi? – desa bo‘ladimi. Hayron qoldim. Shu kuni maosh olgan edik. Buni u yaxshi bilardi.
– Bor, – dedim. – Axir boya maosh oldik-ku!
– Unda aytay: bular mening oxirgi chiqargan kitoblarim. She’rlar to‘plamim. Olasizmi?
– Albatta, bajonu dil, dastxat yozib berarsiz…
Opaxon bitta kitobga menga ajoyibu g‘aroyib tilaklar tilab dastxat bitib, jimjimador qo‘l qo‘yib berdi. So‘ng:
– Qarindosh-urug‘laringiz ham o‘zingizdek o‘qimishli odamlar chiqar. Yana mahallangizda ham sizni hurmat qiladigan qo‘ni-qo‘shnilaringiz bordir? Axir siz ham taniqli shoirasiz, – dedilar.
– Ha, – dedim bo‘shashib, ko‘nglim oldindan nimanidir sezib.
– Unda ushbu kitobdan ikki pochkasini sizga beraman: yigirma to‘rtta. Mashinam uyingizga eltib qo‘yadi.
Yonimdan naqd ikki yuz qirq ming so‘mni opaga chiqarib berdim. Kitobning donasi o‘n mingdan ekan.
– Sotgandan keyin berardingiz…
– Nasiyaning nomi o‘chsin, opa!
– Shuni deng! – dedi u ko‘zlari kulganicha.
Go‘zal shoira gapidan to‘xtadi. Ilk bor uning peshonasida tirish ko‘rdim. Men uning gaplarining hali ma’nosini chaqib ulgurmasimdan u meni lol qoldirib dangaliga ko‘chdi.
– Yoningizda pul bormi?
G‘alat bo‘lib ketdim. To‘g‘risi, o‘ng‘aysiz ahvolga tushib qoldim. Rostini, shaharga qaytishimga yarasha pulim bor xolos, deb qanday aytaman?
– Bor, – dedim uyat kuchli. Uyat– o‘limdan qattiq!
Opaxonning boya peshonasida sezilar-sezilmas o‘rmalab o‘tgan tirishi tarqaldi.
– Bo‘lmasa, men hozir xonamga kirib sizga o‘zimning so‘nggi ajoyib kitobimdan – ocherk va lavhalardan iborat to‘plamimdan olib chiqaman. O‘zimga olti mingga tushgandi. Oradan ikki yil o‘tdi: pul qadrsizlanib narx-navo ham necha marta oshdi, hozir o‘n mingdan sotyapman. Oq qog‘ozga bosilgan, muqovasi silliq, rangdor, chiroyli. Ha, aytmoqchi, rafiqangizning ismi sha’riflari nimaydi?
– Shoiraxon Shomalikova!
– Shoira Shomalik! Shoira bo‘lganda taxallusi juda jarangdor chiqarkan. Nima ish qiladi?
– Shifokor.
– Ul mo‘tabar zotga ham bitta olib chiqaman. Miriqib o‘qib chiqsin. Ocherklarim orasida shifokorlar haqidagisi ham bor…
Shoira yengil harakatlanib o‘rnidan turdi-da, chiroyli qomatini ko‘z-ko‘z etgandek viqor-la yurib ketdi. Yengil harakat! “Biznesi” yurib turgach, shunaqa harakat qiladi-da. Mendaqa sho‘rpeshonalarda esa hamisha og‘ir-vazmin harakat…
Meni o‘y bosdi. Tushdan keyin ketmoqchi edim. Endi bu go‘zal shoiraga yigirma mingni qayerdan topib beraman? Bir imlab chaqirig‘iga qushday uchib kelib yoniga o‘tirgan o‘zim ahmoq. Qolaversa, mening “klassik hajviyam”ni chiqargan shoiri Davron ham har narsa bo‘lsin!
Shoira qaytib chiqib, joyiga o‘tirdi. Soqovdek hech gapga tilim kelmaydi. Ko‘rsatdi. Menga olib chiqqan kitob muqovasida bulutlardan-da balandda – quyoshga tegay-tegay deb uchib ketayotgan turnalarning rasmi bor edi. Naqadar ramziylik.
– Namuncha xomushsiz? – shoiraning so‘rovidan cho‘chib tushdim. – Avval kimga yozay? Shoiraxongami?
– Ha-da!
– Rostdan ajoyib ayol bo‘lsa karak-a? Didingiz chakkimas.
– Boya ham aytdim-ku! Malikayi Dilorom! Dunyoda tengi yo‘q hurliqo!
– Rosa omadingiz chopgan ekan, – deganicha shoira yoza boshladi. Yozib bo‘lib, erinmasdan o‘qib berdi:
“Shoiraxon singlim! Men sizni ko‘rmagan bo‘lsam-da, siz to‘g‘ringizda yozuvchi ukam Yo‘ldoshalidan ko‘p va xo‘p yaxshi gaplarni eshitdim. Shundan angladimki, siz mening tasavvurimda dunyodagi eng go‘zal, barnolarning barnosi, dilbarlarning dilbari, oqila ayolsiz! Qo‘li yengil shifokorsiz. Shunday bag‘rikeng, ajoyib yozuvchi ukamning suyangan tog‘isiz, mevazor bog‘isiz, ilhom ulashuvchi chamanzor gulzorisiz! Farzandlaringizning mehribon, dono onasisiz.
Sizga uzundan-uzoq umr, oilaviy xotirjamlik, farzandlar va nabiralaringizning kamolini ko‘rib ajoyib yozuvchi ukam bilan qo‘sha qarib, sog‘-salomat yurishingizni Ollohdan tilab, ushbu asar muallifi Oppog‘oyi opangiz!”
21 mart 20… yil
Do‘rmon
– Bundayin dildan chiqarib aytilgan samimiy so‘zlar uchun, g‘aroyib tilaklaringiz uchun avvalo sizga tashakkur! Sizning ushbu kitobingizni yigirma ming so‘mga emas, yigirma dollarga olsa arziydi.
– Qo‘ying-e, uyaltirmang, bizga o‘zimizning so‘mimiz ham bo‘laveradi, – dedi opa chehrasi gulday ochilib. Keyin nimadir esiga tushdi chamasi tortinmay so‘radi. – Aytmoqchi, hozir qo‘lda dollarning narxi qancha?
– Kechirasiz, anig‘ini bilmayman. Ko‘pam ishim tushavermaydi.
– Ha mayli, keragida bilib olamiz, – dedi u dastxat yozilgan kitobni menga berib, ikkinchisini qo‘lga olarkan. – Bunisini Yo‘ldoshali ukam shaxsan o‘zingizga yozib beraman.
– Oppag‘oyi opa, bizga bittasi yetadi. Ikkinchisiga yozmay beravering. Uni men ham sizning nomingizdan yozib birorta do‘stimga sovg‘a qilarman. Muxlisingiz yana bittaga ko‘payadi.
– Yaxshi fikr!
Shoira kitoblarni qoldirib, xonasiga kirib dori ichishini aytib qo‘zg‘aldi.
– Tushlikda oshxonada ko‘rishganda berarman, – dedim noiloj.
Men ham xonamga qaytdim. Yozolmadim: ijod muzladi-qoldi. Xayolimda yigirma ming topishdan bo‘lak o‘y yo‘q. Aksiga olib bu yerdagi odamlar bilan oftobda qatiq yalashmaganman. E voh, Oppog‘oyim opa uchun yigirma mingni kimdan topaman endi?.. Birovdan, ayniqsa, tanimagan odamdan tomdan tarasha tushgandek pul so‘rash uyat! Yaxshisi tushlikka ham kirmasdan avtobusda jo‘navorsammikan? Yo‘l-yo‘lakay maza qilib opaxonning kitobini o‘qib ketaman. Yo‘q, bunday yo‘l tutish – turgan-bitgani nomardchilik-ku! Yozuvchi sha’nimga dog‘! Raz, aytildimi topish kerak…
Ammo shu ish menga katta o‘git bo‘ldi: endi uqdim – bundan keyin go‘zallikda tengsiz osmondagi oyga ham, soyning sehrli shiviriga ham, qoshi qalam, ko‘zi humor shoiralarning imosiga ham sira-sira uchmayman. Tentakka salom berdim, ming tanga tovon berdim, deganlari shumikan-a? Vo darig‘, g‘avg‘osiz bosh – boshmi, deyishardi. Shu bahavo, tabiat qo‘ynida ham yoqimsiz muammoga to‘qnashib o‘tirsam-a?..
Lekin chiqmagan jondan umid. Hali tushlikkacha ham ancha bor. Xudoyimning o‘zi ko‘mak berar… Bir-ikki kunda ikki yuz ming so‘mimni yo‘qotishimni ko‘rgan Xudo uning o‘n foizini g‘oyibdanmi, Soyibdanmi yetkazar! Yaxshi niyat – yarim mol! O‘zi ko‘rguvchidir, o‘zi bilguvchidir…
* * *
Shu kuni boshqa yozolmadim. Xayolimda faqat opaxonga beradigan pul!.. Xonamga ham sig‘may qoldim. Yana tashqariga chiqdim, ammo boyagi o‘rindiqqa borib o‘tirmadim, unga noxush qaragancha nariroqdan o‘tib, asta ko‘cha tomon yurdim. Endigina darvozadan o‘tgandim, qarasam uzoqdan bir yigit qo‘lida sumka ko‘tarib, ijod uyi tomon ildam kelayapti. Kim bo‘ldi ekan? Zora bitta-yarimta tanish chiqib qolsa. U yaqinlashgach… yo, baparmoni Xudo, devonaning ishini o‘zi o‘nglabdi degandek… Shodligimdan yosh boladay qichqirib yuboray dedim. U yigit o‘zimizning Bag‘doddan – durustgina hajviyalar yozib, tuman gazetasini gullatib yuradigan mahalliy yozuvchi Yursin Tursin-ku! Uyam menga ko‘zi tushdi-yu, og‘zining tanobi qochib, sumkasini dup etib yerga otib, quchoq ochgancha men tomon oshiqdi.
– Iya, iya, ustoz! Hech o‘ylamovdim, Toshkentda – Do‘rmon bog‘larida sizni uchrataman deb. Ikki kunga poytaxtga keluvdim, og‘aynilarga aytib sho‘ttan joy buyurtirib qo‘yuvdim . Uni qarang-a, sizniyam ko‘radigan kun bor ekan-ku.
– E, o‘zing bormisan, ukam, – men ham quchoq ochib uni bag‘rimga bosdim. – Xizrni yo‘qlasam bo‘larkan. Hozirgina o‘zimizning Bag‘dodni, u yerdagi “ijod bo‘stonida” senga o‘xshab javlon urib yurgan zo‘r ijodkorlarni eslab turgandim.
– Ja gappiyam olas-da, ustoz.
Darvoza ro‘parasidagi bahaybat chinorga tirkab qilingan qo‘lbola taxta o‘rindiqda picha suhbatlashib o‘tirdik. Hozircha boyagi muammo yechimining boshqa yo‘li ko‘rinmayotgani uchun yuzimdan andishani sidirib tashlab, shartta so‘radim:
– Puling bormi?
– E, ustoz, poytaxtga quruq qo‘l bilan kelib bo‘ladimi?
– Unda yigirma ming so‘m qarz berib tur. Vaziyat shuni taqozo etib qoldi.
– Bajonu dil, aka! Sizday ulug‘ odam so‘raysizu, – u sumkasini apil-tapil titkilab bir taxlam besh mingtalikni chiqardi-da, to‘rttasini ajratib menga uzatdi. – Yetadimi?
– Yetadi. Rahmat! Albatta, qaytaraman.
– Qo‘ysangiz-chi, ustoz, begonamasmiz-u… Men kirib joylashay. Keyin shaharga tushib chiqaman. Bitta nashriyotda birinchi kitobimni tayyorlashyapti. Xabarlashib kelay-chi. Iloyo, bu yog‘iga Xudo sizning yo‘lingizni bersin, bizam qator-qator kitoblar chiqaraylik.
– Bu borada senga omad, ukam Yursin Tursin! Ommoleykin oting ham, familiyang ham juda ketvorgan-da, jarangdor. Toza ijodkorbop. Bunaqasi birovda yo‘q, – olgan pulim hisobidan maqtovga zo‘r berdim. – Hajviyalaring ham zo‘r, menikidanam o‘tadi.
– Ustoz, bizam bog‘dodlik-da, – u kamtarlikni yig‘ishtirib, og‘zini boricha ochib irjaydi. Shu joyida meni mana shunaqa tilyog‘lamachilikka undagan shoira opamizni ichimda so‘kib qo‘ydim.
– Oqshom o‘tiramiz-da. Sho‘ttamisiz? – deya u sumkasiga qo‘l cho‘zdi.
– Ha, – dedim bugun tushdan keyin ketish fikrimdan astoydil kechib. Ertalab ketarman. Boraman-da, o‘sha to‘rt tomoni beton g‘urbatxonaga…
* * *
Lekin opaning kitob sotish usuliga gap yo‘q. O‘rgansa arziydi. Men esa biror nashriyotda kitob chiqarsam, qalam haqi o‘rniga berilgan kitoblarni sotishga uyalib, tekinga tarqataman. Mana, odamlar nimalar qilyapti. Qayoqdagi ocherku lavhalar to‘plamining birato‘la ikkitasini menga boplab pulladi-ya. Mayli, o‘zining peshona teri bilan yozgan narsalaridan to‘plab kitob chiqaribdiki, qandini ursin, zero uni sotishning ham uyat joyi yo‘q. Axir nashriyotlar hozir bekorga kitob bosmaydi. Qayerga qo‘lyozma ko‘tarib borsang, qo‘lyozmaga emas, qo‘lingga – puling, homiying bor-yo‘qligiga qaraydi. Bular bo‘lmasa, gapni cho‘zishmaydi… Opaxon bilgani-bilgan. Kitob chiqarish qiyinligi yetmaganidek, sotish undan-da mushkul. Ammo opaxon bu ishni hadisini olib, uni san’at darajasiga ko‘taribdi. Chiqarishniyam, sotishniyam boplab eplayapti. Omadini bersin!
Qaysi bir yili “Chimyon” sanatoriyasida dam olgandim. Shunda Toshkentdan kelgan jikkakkina yosh shoira ayol sanatoriya klubida dam olayotganlarni to‘plab ikki marta uchrashuv o‘tkazib, o‘zining allaqancha she’riy to‘plamini sotgandi. Uddaburon ekan…
E, esimga tushdi, “Navoiy” kutubxonasida ishlovchi tanishim G‘aybullo shoirni ham bilaman. Qachon qarasang, sumka to‘la kitob olib yuradi. Qayerga borsa, biror tashkilotmi, korxonami, o‘quv dargohimi darhol boshlig‘ini topib eski qadrdonlardek til topishadi, hash-pash deguncha o‘ziga o‘xshash ikki-uchta shoir do‘stlarini, hatto birorta qo‘shiqchini ham topadi-da, shu kunning o‘zida “adabiy uchrashuv” uyushtiradi, tadbir bahona ko‘plab kitoblarini pullashga erishadi…
Men esa hozirgidek sira pulga yolchimaymanu bepul tarqataman. Jinday yuzdagi uyatdan kechib, ular tutgan yo‘lni tutishim kerakka o‘xshaydi. Kitob yozdingmi, chiqardingmi, uni sotishni ham uddalash kerak. Axir bunisiyam biznes! Tadbirkorlik!.. Olma pish, og‘zimga tush, deydigan zamon emas. Harakat qilish kerak!.. Harakat!..
Sinamagan otning sirtidan o‘tma yoxud Do‘rmon sabog‘i…
Kechka tomon Yursin Tursin shahardan to‘lib-toshib qaytdi. Meni xonasiga chorlab rosa mehmon qildi. Miriqib suhbatlashib o‘tirdik. Men Toshkentdagi o‘z yutuqlarimdan, omad va omadsizliklarimdan gapiraman, u esa o‘z intilishlaridan, muammolaridan so‘zlaydi. Uning kitob chiqarish ilinjidagi yurishlarini ko‘rib yoshligimni eslayman. Ha, har bitta ijodkor shu maktabni o‘taydi. Birinchi kitob birinchi farzandday gap. Kutib-kutib erishasan. Hech kim seni chaqirib, “Kel kitobingni chiqarib beray”, demaydi. Askarday yugurasan, shamolday yelasan, bo‘riday olishasan, gazeta-jurnallar, nashriyotlarda ishlovchi ba’zi bir “dogma”lar bilan kurashasan, bu eshikdan haydashsa, unisidan kiraverasan. Oxiri xuddi yirtqich hayvon bolasidek ular ichida yashashga moslashasan, kurashlarga o‘rganasan… Va nihoyat uzoq kutilgan g‘alabaga erishasan – birinchi kitobing chiqadi. Bu – seni tan olishgani. Axir tan olishmaganiga o‘zing qo‘ymading-ku!..
Ammo shugina g‘alabaga erishguncha qancha umring ketadi, ba’zi bir nozik tuyg‘ularing lat yeb poyoniga yetadi.
Sarxushlikda dangal bo‘lib qolgan navnihol Yursin Tursinga tikilib shularni o‘ylayman. Qachonlardir o‘zim ham u kabi o‘t-olov – hech narsadan qaytmaydigan, taf tortmaydigan edim. Yonasan, yonmasang, so‘nasan! So‘nsang, o‘zi seni so‘ndiraman deganlarning shami yonadi. Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Ko‘proq Yursin Tursinning gaplarini quvvatlab o‘tirdim. Chunki dasturxon uniki, ichayotganimiz uniki, qolaversa, xona ham uniki… U ham kamtar, fikri-o‘yi but, dunyoqarashi tiniq bola, faqat maqtovga sal suyagi yo‘qroq. Illo-billo bunisiyam yoshiga yarashiqli. Unga gapning yo‘g‘ida gap deb boya undan olgan yigirma ming tarixi – opaxonga qanday qilib chuv tushganimni kula-kula aytib berdim. U ham mendan battar “xo-xo”lab toza kuldi.
– Zo‘r hajviya qilsa bo‘larkan, – dedi kulgidan to‘xtagach.
– Ey, qanaqasan o‘zi, darrov mavzuni o‘g‘irlaysan-a, – unga hazillashdim.
– Ey, ustoz, bu yog‘ini qizday qizg‘ansangiz aytmang-da. Ayollardan topgan bitta mavzungizni bersangiz beribsiz-da, ustoz!
– Ey, sen qanaqa shogirdsan o‘zi, biz ko‘chadan topgan mavzuni hali cho‘miltirmasdan darhol og‘zingga olib, ega chiqasan-a?
Mana shu tariqa o‘zimizning bag‘dodchasiga askiya aytishib o‘tirdik. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek silliq ketayotgandi, lekin har to‘kisda bir ayb degandek oxiri chatoq bo‘ldi. Uning xonasidan chiqib o‘zimnikiga yaqinlashganimda shundoq qo‘shni xonaning qiya ochiq eshigidan tanish yozuvchi Temirpo‘latni ko‘rib qoldim. Otni qarang: ham temir, ham po‘lat. Shu payt kayf aralash dil tortib unikiga kiribman-da, deng… Unikida shoir Mohir To‘ra o‘tirardi, beo‘xshov qirra burnini qirday tutib, mug‘ombirona boquvchi ko‘zlarini o‘ynatib, yo‘g‘on bo‘ynini pastga qimtib, xumday boshini stolga egib. Noiloj meni o‘z davralariga qo‘shishdi, ammo avvaliga ensalari qotib gapdan to‘xtab anchayin jim qolishdi. Temirpo‘lat stol ustidagi aroqdan menga ham istamaygina bir piyolaga quyib, istamaygina uzatdi.
Qancha o‘tirdik, nimalarni gaplashdik, esimda yo‘q. Elas-elas eslaganim – Mohir To‘ra bilan gap talashib qolib, stolga qattiq mushtlab xonadan chiqib ketganim… U nima dedi, men nima dedim, bilmayman.
Ertalab ketish tadorigini ko‘rib narsalarimni yig‘ishtirayotsam, eshik sekin chertildi. Ostonada ijod uyi direktori Abdujabbor aka turardi.
– Kiring, – dedim Abdujabbor akaga qarab “Abjabbor – senda bir gap bor” degan naqlni eslab.
– Uzr, bir og‘iz gapim bor edi, shunga kirdim, – dedi u ham mening o‘ylarimga mos.
– Tortinmay gapiravering, – unga madad berdim.
– Xafa bo‘lmaysiz-da. Ogohlantirib qo‘yish mening vazifam.
– Nima gap o‘zi, sal tushuntiribroq ayting.
– Kecha ichib, Temirpo‘latning xonasiga chiquvdingizmi?
– Ha.
– U yerda anavi Mohir To‘ra ham bor edimi?
– Bor edi. Sovuq basharasini doston qilib o‘tiruvdi.
– Uning kimligini bilmaysizmi?
– Shoir.
– Tag‘in-chi? – Abdujabbor bu yog‘ini ochiq aytmay, chap qo‘li bilan chap qulog‘iga ma’noli urib qo‘ydi. Demak, “quloq”.
– Ertalab ustingizdan menga ariza yozib kirdi. Mast-alast yurib ijodkorlarning tinchini buzayapti deb. Agar chora ko‘rmasangiz, ko‘plashib ustidan uyushmaga xat uyushtiraman, deydi…
– Voy yaramas-ey! Hali shunaqami u?
– Ha-da! Yo‘ldosh Qo‘ldosh, siz hali odamlarni bilmaysiz.
– Hammani o‘zimga o‘xshataman-da: sodda, dalig‘uli, ko‘ngli ochiq deb.
– Eng katta xatongiz shunda. Hammani o‘zingizga o‘xshatavermang. Axir bekorga sinamagan otning sirtidan o‘tma, deyishmaydi. Uni bazo‘r tinchitdim. Bu yog‘iga hushyor bo‘ling! Sizga shuni aytib qo‘yay dedim. Yaxshi yozuvchisiz, qator-qator kitoblaringiz chiqyapti, ko‘ngli qing‘irlardan uzoqroq yuring. Shunaqa talantli yozuvchilarni ko‘ralmaydiganlar, oyog‘idan chaladiganlar ham borligini bilib qo‘ying!
– Rahmat! Vaqtida aytganingiz yaxshi bo‘ldi. Hozir ketyapman.
– Ko‘nglingizga boshqa gap kelmasin. Men sizni ketkazdim deb qo‘yaman. Va shu barobarida chora ko‘rgan bo‘laman. Bu gapimdan xafa bo‘lmang. Aks holda, u shilta tinchimaydi. Gap chuvalashib uyushmaga yetib bormasin. Bilasiz, podada bir tirraqi buzoq bo‘lsa, hamma yoqni bulg‘aydi. U shunaqa ifloski, yoz-yoz qilib, hatto o‘zining bitta kursdosh og‘aynisini uyushmadan haydatgan…
* * *
Yo‘lda ketib boryapmanu kambag‘alni tuyaning ustida it qopib, shu yerda ham boshim turli g‘avg‘olarga duch kelganidan garang. Gadoning dushmani gado, deb bekorga aytishmagan. Ko‘nglim erib, Temirpo‘latni durust odam deb, uning oldiga kirgandim-a. Agar unikida anavi iflos Mohir To‘ra borligini bilganimda, ikki dunyoda ham kirmasdim… Demak, uyam uning hamtovog‘i ekan-da. Qayerdanam bilib o‘tiribman ularning bunaqaligini. Kecha uni ko‘rib tarashadek qotib qolganidan, sovuq muomalasidan, avvaliga tilsiz soqovday indamay turishganidan ma’lum edi…
Ha, mayli. Sadqai sar! Yaxshiyamki, Abdujabbor durust odam, orqavoratdan ish qilmay, bor gapni o‘ziga aytdi. Yo‘qsa, bu ilonning kimligini ham, pinhona chaqqanini ham bilmay dog‘da qolishi mumkin edi. Ammo bunaqa zaharli ilonni o‘z vaqtida payqagani durust bo‘ldi, undan uzoqroq yursam, undan-da, durust.
Lekin, qiziq! Zamonlar ming o‘zgarsa-da, chaqimchilar, gap tashuvchilar, sotqinlar, xufiyalar, ayg‘oqchilar topilaveradi-ya. Demak, ular hamisha kimgadir kerak, shunga yo‘qolmas ekan-da… Qachonlardir Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir singari qanchadan-qancha yozuvchilarning boshiga yetganlar ham mana shunaqa o‘z ichimizdan chiqqan xasadgo‘ylar emasmidi?
“Mulla” do‘stim muruvvati
Ertalab uyga yetib keldim. Eshikni xotinim ochdi. Haliyam shamol shaxtidan qaytmagan ko‘rinadi, qovog‘i soliq. Meni ko‘rib, burnini jiyirgancha indamay nari ketdi. Begona uyga kirgandek sekin ostona hatladim. Koshki, meniyam shu paytda uni ko‘rishga juda ko‘zim uchib turgan bo‘lsa… Esimga orada bo‘lib o‘tgan ko‘p janjallar, ular tufayli ko‘ngilda tug‘ilgan ko‘ngilsizliklar, dilozorliklari-yu xiraliklari tushdi… Melisaxona… It… Uyga olis yo‘lni piyoda bosib saharmardonda kelganim. Shu yaramas xotinni qo‘ymoqqa qasd qilib bunga jazm etolmaganim… Ijod bog‘idagi soddaliklarim… Bari alamimni oshiradi. Aslida “qo‘yish” fikridan bekorga voz kechdimmikan? Shu o‘y yana miyamda charx ura boshladi…
Xotinning basharasini ko‘rmayin degancha apil-tapil kiyimlarimni o‘zgartirdim-da, ishga jo‘nadim. Uyda esa menam aza tutgan odamdek ho‘mrayib, qora bulut misoli aylanib yuraverdim. Axir eskilar bekorga aytishmagan: “Kekkayganga kekkaygin boshing ko‘kka yetguncha, egilganga egilgin boshing yerga tekkuncha”, deb. Qani, arazlashish bahsida kim yutarkan: davlatning melisasini ishga solgan senmi yoki qalam-qog‘ozdan boshqa haqiqiy do‘sti yo‘q menmi?! Ko‘ramiz! Xo‘mrayib yuraver, ginaxon. Ammo ikki xonali torgina uyning torgina yotoqxonasi bor. Uni bo‘lib bo‘lmaydi. Ikkita bolam zalni egallab olishgan, gohida zalda televizor ko‘rib tong orttiraman, bechora bolalarim uyqusi kelsa, balkonga chiqib yotishadi. Havolar sovib ketgach, bolalar ham balkonni tusamay qo‘yishdi. Uyqum kelmasa-da, xotinni chayon va zaharli ilonga qiyos qilsam-da, noiloj yotoqqa kiraman. Gapirmaslikda artistdan battar rol o‘ynab qo‘yaman. Yaramas xotin ham o‘z rolini mendan battar uddalaydi. Shunday paytlarda bu yolg‘onchi dunyodagi ko‘p gaplar yolg‘on ekanligiga amin bo‘laman. Axir, “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deyishardi, qani o‘sha doka ro‘molning qurigani, qachondan bo‘yon Sibirning havosidek sovuq, ho‘l! Dokayam shunaqayam uzoq nam tortadimi?
Kunlarning birida xotin arzimagan janjalni “jahon urushi”ga aylantirdi. U shunaqa “jini qo‘zigan”da otasini ayamaydi. Bunday paytlarda men ham o‘zimni tutolmay qolaman. Axir mening undan kam joyim bormi?..
…Bu galgisi yomon bo‘ldi. Oradagi shamol tezda bo‘ronga aylandi. Ikkalamiz yog‘och ko‘prik ustida suyak talashayotgan itlarga o‘xshaymiz, hech kim ortga tisarilmaydi.
– Ahmoq! – dedi xotinim og‘ziga kelganini qaytarmay, ko‘zlari xunuk yaltiragancha. – Otangga o‘xshamay o‘l, alkash!
Bunisi endi ortiqcha bo‘ldi. Pichoq borib suyakka taqaldi. Sabr kosam to‘lib, asablarim chok-chokidan so‘kildi. Ortiq o‘zimni tutib turolmadim.
– Otamga nima qipti?! O‘lib ketgan otamga til tegizma, maraz! – dedimu ko‘zimga maymunday ko‘rinib ketgan xotinimning bejirimgina basharasiga beo‘xshov musht tushirdim. Zumda burnidan qon sizib chiqib, ota-bolani haqoratlagan og‘ziga oqib tusha boshladi.
– Onang ham o‘zingga o‘xshagan to‘pori, qishloqi edi. So‘tak! – sassiq o‘ra buruqsashini qo‘ymasdi.
Bunisi endi hammasidan o‘tib tushdi.
– O‘, ablah! Eshshak! Bitta gapdan qolsang, o‘lasanmi?! – dedim men ham ovozim boricha baqirib.
– O‘zing eshak. Urug‘-aymog‘ing – hammang eshak!
Bunday haqoratga endi fil ham chidolmasa kerak. G‘azabdan ko‘z oldim qorong‘ilashib, xotinim ko‘zimga naq baloyi azimdek ko‘rinib ketdi.
– Hali men sen yaramasga urug‘-aymog‘imni haqoratlasin deb uylanganmidim! – dedim a’zoyi badanim titrab-qaqshab. Keyin shartta “dom” yo‘lagiga chiqdim-da, qo‘shni er-xotinni boshlab kirdim. Xotinim divanda o‘tirgan ko‘yi kaftlarini yuziga bosgancha yolg‘ondakam ko‘zyoshini oqizib, hamon diydiyo qilardi.
– Qo‘ydim! Uch taloq qo‘ydim, sen yaramasni. Boshqa sen bilan bir minut ham yashashni istamayman! Go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgir! Mana, gaplarimga qo‘shnilar guvoh! – dedimu, ammo bunday nojo‘ya gaplar og‘zimdan qanday otilib chiqqanini o‘zim ham bilmay qoldim.
– Qo‘ying, qo‘shni, bunaqa tuturuqsiz gapni! Tavba qildim deng, – dedi erkak qo‘shnim. – Eshitgan quloqqa yaxshimas.
– Shaytonga hay bering! – dedi xotini. – Hoziroq qaytib oling, bu yaramas gapni! Yomon bo‘ladi…
– Qaytib olgan nomard! Gapim – gap! Xotinsiz o‘tsam o‘tamanki, u bilan boshqa yashamayman. Ajrashaman! Ajrashmagan ham nomard!
– Erkakmisan, shu gapingda tur! – Xotinim ikki qo‘llab yoqamga yopishdi. – Sendan chiqmagan ham nomard!
…Xullas, barchasi o‘tdi-ketdi. Yetimchadek balkonda yotib yurdim. Bog‘langan kuchukka bergandek ovqatni ham xotin bolalardan shu yerga chiqarib yuboradi. Bular-ku, mayli-ya, chidasa bo‘ladi. Ammo shu desangiz, paypoqlarimni ham o‘zim bechora yuvaman… Yanayam soddaligim bor ekan, bu janjalni ham har galgidek “doka ro‘molning qurishi-da”, deb o‘ylabman. Qayoqda! O‘rni kelganda, doka o‘lgurning qurishi ham qiyin kecharkan. Quriyvermagach, sen ham ho‘l lattadek bo‘shashib yurarkansan.
Oxiri yolg‘izlik jonimga tegdimi yoki balkonning sovug‘imi bilmayman, yotoqqa o‘tdim. Biroq hamon urushning asorati – ikki qutb ikki tomondan jim. G‘urur, bema’ni g‘urur sabab. Hech kim oldin gapiray demaydi.
Shunday aftodahol yurgan kunlarimning birida tush ko‘ribman. Kimdir, “Bunaqa qilib uzoq arazlashib yurish yaramaydi, qani qo‘lingni cho‘z-chi, senlarni o‘zim yarashtirib qo‘yay”, desa, bilib-bilmay qo‘limni erkin tutib uzatib yuboribman. Qo‘lim borib qorong‘ilikda bexosdan beozor pishillab uyquni urayotgan xotinni qo‘liga urilibdi. “Uyqudagi pari” sergak yotgan ekan, tok urgandek irg‘ib o‘rnidan turdi. Shunda e, Parvardigor o‘zing guvoh, xotinning baqirig‘idan cho‘chib uyg‘onib ketdim, uzatganim rostdanam qo‘lim-u, ko‘rganim tush ekan…
– Nima qilyapsiz?! – bor vajohat-da o‘shqirdi xotinim. Ko‘zlarimni ishqalayman, shiringina tushumni eslaymanu hushimda yuz berayotgan voqealarni dabdurustdan anglolmayman… – Tez yo‘qoling bu yerdan! Nomahram! Biz boshqa-boshqa odamlarmiz endi, – deb ayyuhannos solib qoldi u.
– E-e, baqirma, bolalar uyg‘onadi, – dedim sekin. So‘ng ovozimni yanada pasaytirib pichirladim: – Qo‘y endi, xotin! O‘tgan ishga salavot.
– Qo‘y?! Qo‘y emish. Siz allaqachon qo‘yib bo‘lgansiz.
– Axir, bir uyda turib…
– Axir-paxiri yo‘q!
– Kechir dedim-ku! – iltijoli yolvordim.
– Bandasimas, Xudo kechirsin, sizdaqa betovfiqlarni, agar kechirib bo‘lsa!
Shu-shu, xotin meni boshqa yotoqqa kirgizmay qo‘ydi. Yana gulday umrim balkonga ko‘chdi. Nuqul g‘amnokman: beo‘xshov o‘ylar ich-etimni tatalaydi. “Og‘zimga kuch bermay – men o‘lay. Og‘zimga kuch keltirmay, sen o‘l!” O‘ylab-o‘ylab oxiri kalavaning uchini topdim: yonimizdagi dahada turadigan kursdoshim Abdurahmon durustgina mulla-ku! Talabalikdan eskichaga ixlosi baland edi. O‘ziyam menga o‘xshab uncha-muncha narsalar yozib yuradi, ba’zi hajviyalari gazetda ham chiqqan. Shuning uchun men uni “Abdurahmon ibn Abbos” deb hazil aralash ulug‘lab qo‘yardim. Adabiyot bahona tez-tez gurunglashib turardik.
Bir setka bozorlikni ko‘tarib, Abdurahmonnikiga kirib bordim. Haytovur uyda ekan, eshikni o‘zi ochdi. U bilan astoydil quchoqlashib ko‘rishdim va qo‘liga xaridga to‘la suvpaketni tutdim.
– E, nimalar qip yuribsan, ovora bo‘p. Qani, kiraver!
– Ovorasi bormi, do‘stim, – dedim unga sinchkov qarab. – Odam-odamga do‘st, ko‘makdosh!
– Nima gap o‘zi? Tinchlikmi? – deb so‘radi Abdurahmon uyga kirib, picha gurunglashib o‘tirganimizdan so‘ng. – Bu safar ja-a, boshqachasan?
– Ziyraksan, do‘stim, ziyraksan, – maqtagan bo‘ldim uni. – Ayt desang aytaman, dardim – kuch! Bitta noqulay ish qip qo‘ydim.
– O‘zi sen har doim qovun tushirib yurasan. Ishkaldan boshing chiqmaydi.
– Bunisi… oddiy qovun tushirishmas…
– Gapir! Achchiq ichakday ko‘p cho‘zaverma.
Muddaoga ko‘chdim. U gaplarimni eshitgach, boshini uzoq likillatib turdi. Keyin qayerdandir qo‘lida paydo bo‘lgan tasbehni o‘girib, chuqur uh tortdi.
– Uch taloqqa mutlaq yo‘l yo‘q, – dedi jiddiy. – Innaykeyin, bilasizmi, – dedi negadir “siz”lab, – shariat kitoblarida aynan shu to‘g‘rida nimalar yozilgani-yu musulmonchilikda qanday amallar qilinishini…
– Eshitgandayman, – dedim ko‘nglim g‘ashlanib.
– Eshitgandayman emish. E, basharang qursin. Og‘zim borakan deb har narsani gapiraverasanmi, xumpar! Endi shuni bilib qo‘y, shariat bo‘yicha xotiningni xotin qilaman desang, u avval boshqaga nikohlanishi kerak. Ana undan so‘ng u odam taloq qilsa, agar istasa yana senga tegishi mumkin… Lekin masalani yana bir noxush tomoniyam bor, hozirgi zamonda senu biz o‘ylagandek hotamtoy erkakni kunduzi chiroq yoqib ham topish qiyin. Topilganiyam katta pul so‘raydi… Yana kim bilsin, orada shayton bor, har lahzada labzidan qaytib qolishi hech gapmas… Inchunin, xotining ham ko‘zga yaqin, suqsurdekkina…
– O‘chir ovozingni! – dedim yuragim muzlab. – O‘qimishli mullaning gapi ham shunchalik sovuq bo‘ladimi?
Abdurahmon ibn Abbos ahvolimni payqab, ichida kulib indamasdan meni zimdan kuzatardi. Menga oradagi sukunat daqiqalari soatdek uzun tuyulib, vujudimni go‘yo it tatalardi.
– Jon do‘stim, bir ilojini top! Boshqa bunday noma’qulchilikka yo‘l qo‘ymayman, – dedim bazo‘r tilga kirib.
– Birinchi marta taloq qo‘yishingmi?
– Ha, rosti jahl ustida birinchi marta aytib yuboribman.
– Mastmiding?
– Ha-da, – dedim shoshib, cho‘kayotgan odam cho‘pga yopishgandek, ko‘nglimda umid uchqunlari miltillab. – Bo‘lmasa-chi… shunday gulday xotinni…
– Unda bitta yo‘li bor, – dedi Abdurahmon ibn Abbos sirli qilib. Vujudim quloqqa aylandi. U bir tomoq qirib olib, davom etdi: – Musulmonlar diniy idorasiga borasan va rostini aytib, tavba qilasan. Agar-da kechirishsa, to‘rt yuzmi, besh yuz mingmi jarima to‘laysan.
Jarimaning ko‘pligidan kapalagim uchdi. Nahotki, bir og‘iz bema’ni gap shuncha qimmat tursa? E, og‘zi polvonlik qilmay har narsa bo‘lay. Najot kutib, domlaga umidvor tikilaman. Najot darvozasi esa hadeganda ochilavermaydi. U esa, go‘yo o‘ylayotganlarimni uqqandek sukut ila vujudimni ezadi.
– Juda ko‘p-ku! – dedim nihoyat bo‘sh qopdek shilvirab.
– Sendek tuturuqsizning gunohi esa undan-da ko‘p! – domla qovog‘ini uydi. – Aslida, sen araqxo‘rga maslahat berib, yo‘l ko‘rsatganning o‘zi ahmoq! Sening soxta tavbalaringga ham ishonish qiyin.
– Qo‘y endi “natatsiya” o‘qishingni. O‘zi bo‘larim bo‘p turibdi. Boshqa bo‘lmaydi dedim-ku. Chin so‘zim!
– Oxirgi gaplaringni qaytar!
– O‘lay agar, boshqa qaytarilmaydi. Ichishni ham tashlayman!
– Bunisi boshqa gap. – Domlaning chehrasi picha yorishdi.
– Payshanba kuni uyingga o‘taman. Yarash oshi qilasan. Nikoh qutbasini o‘qib, yarashtirib qo‘yaman.
Tillo topgan gadoydek quvonib ketdim. So‘ng picha hushyor tortdim.
– Avvalo, senga rahmat do‘stim. Keyin…
– Yana qanaqa “keyin”…
– Ja, faqat menigina urishmaysan-da. Axir qars ikki qo‘ldan chiqadi.
– Bo‘pti! Ko‘ramiz! Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, yana lo‘lilikka balo bormi!
Aytilgan kun zaldagi xontaxtaga chiroyli dasturxon tuzab qo‘ydim. Xotin osh damladi. Domla – Abdurahmon ibn Abbos aytilgan vaqtda keldi. Osh yeyilib, dasturxonga fotiha tortilgach, domla “chaqir” dedi. Sal o‘tmay boshiga uzun durra ro‘mol tashlab olgan xotinim kelinchaklarday iymanibgina kirib kelib, ko‘zlari bilan yer chizgancha yonimga o‘tirdi. Abdurahmon gap boshladi. Naqd yarim soat “maral” o‘qidi. Lekin u barcha aybni menga taqab, gapni mendan boshlab menda tugatsa bo‘ladimi? Xontaxta ostidan uzatilgan oyog‘im bilan oyog‘iga shu turtaman, qani endi u parvo qilsa. U gapni cho‘zgan sayin jig‘ibiyronim chiqadi. Urvorgim keladi. Ammo vaziyat qaltis, ziyoni bizga bo‘ladi, chidadim. Xullas, domla men faqirni qoralab aytgan gaplari tugagach, nikoh o‘qib, qo‘sha qaringlar deb haqimizga duo qildi.
Turdik. Xotin bitta qiyiqchaga to‘rtta non va ul-bul shirinliklar solib tugib qo‘yibdi. “Domlaga bering!” dedi. Abdurahmon, “Olmayman”, deb shartta chiqib ketdi. Ortidan ergashdim. Oxiri oldi, zang‘ar. Cho‘ntagiga picha pul solib qo‘ydim. Qaysarligi tutib, uniyam avvaliga “olmayman” dedi.
– Olmasang, ko‘ngil joyiga tushmaydi. Irimi shunaqa-ku, – dedim. U oxiri oldi. Shunda picha xafa bo‘lganimni yashirmay o‘pkalandim. – Ammo-lekin, ja oshirib yubording-da! Go‘yo hammasiga faqat bitta o‘zim aybdordek…
– E, xafa bo‘lma. Tamomili shunaqa.
– E, tamomilingdan o‘rgildim, sendaqa domlapochchani.
– Tentakvoy. Xotining yonga qolganiga suyunmaysanmi?
U ma’nodor jilmayib xayrlashgancha, yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan pildirab yurib ketdi. Uyga qaytib zalda o‘tirarkanman, o‘tgan ishlarni eslab goh kulgim qistaydi, goh xo‘rligim keladi. Domlaning qilig‘ini eslab ensam qotadi… Shu payt uch yashar qizim sekin eshikni ochdi-da, ko‘zlarini mo‘ltaytib mo‘ralagancha dedi:
– Dadajon, Abdurahmon amakim jiningizni ketkazdimi?
Qotib qoldim. Mayli, o‘tgani o‘tdi! Hammasiga chidasa bo‘ladi. Biroq manovi go‘dakkina ham barcha aybni menga tirkab turishini qarang! Bunisiga qanday chiday?!
Tilim qursin…
Ishga bordim. Vaqt tushlikka yaqinlashyaptiki, negadir qo‘lim ishga bormaydi. Ish stolim ustidagi qora telefon daftarchasini sekin qo‘lga olib, istamaygina varaqlayman. Nogahon bundan ancha yillar ilgari menga qarz bergan tanishimning daftarchaning bir chetiga kichik harflarda yozilgan telefon raqamiga ko‘zim tushib qoldi. Raqam ilmiy-tekshirish institutida ishlab yurganimda menga yaxshilik qilgan professor akamizniki edi. Institutdan paxta terimiga chiqqanimizda u bilan qalinlashib ketgandik. U laboratoriya mudiri edi. Uning qilgan yaxshiligi hozirgidek esimda. Endigina uch xonali uy olganman, institutda hali kichik ilmiy xodimman, oylik ham shunga yarasha, ikkita bolam bor, xotin ishlamaydi, har uch oyda esa uyning to‘lov badali – qog‘ozi keladi, uyam oz emas, naqd bitta maoshimga teng. Axir qolgan ikkita oylikka katta shaharda uch oy to‘rt jonni boqish osonmas. Uy badalini to‘lamay yuraverdim. Birov indamadi. Ammo oradan besh yil o‘tgach, “Bilim” kooperativ jamiyati hokimiyat orqali meni sudga beribdi, qarzlarim naqd yillik maoshimning puliga teng bo‘libdi, tag‘in sud harajatlarini ham to‘larkanman. Boshimni qayga urishni bilmayman. Qarzlar vaqtida to‘lanmasa, foiz tug‘averarkan. O‘ylab sira o‘yimning oxiriga yetolmayman. Bu shahar o‘lgurda bundoq tuzukroq mehribonim yo‘q, boyvachcharoq tanishim ham. Bir kuni tavakkal qilib Qahramon akaga maslahat soldim. U dardimni eshitgach, oldiniga miriqib kuldi. Keyin jiddiy tortib so‘radi.
– Yashshavor-a, nega shuni shuncha vaqtdan buyon aytmading? Qancha ekan?
– Naqd bir yillik maoshim miqdorida. Oylikka ishlaydigan mendaqa odam endi uni umr bo‘yiyam uzolmasam kerak. Axir og‘izni tikib qo‘yib bo‘lmasa… To‘rt jonmiz. Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv degandek…
– E, bo‘pti-bo‘pti! Matalvozlikni qo‘y, shundoq ham hammasi kunday ravshan. Sen meni bilasan-a, birinchi xotinimga aliment to‘layman, bitta qizim bor. Ular qishloqda qolgan.
Uning gapini darrovdanga tushunmadim. U o‘zining ahvolidan shikoyat qilayaptimi yoki gapining boshqa ma’nosi bormi? Bilolmadim…
– Demak, ertadan alimentchim ikkita bo‘libdi-da. Ertaga senga o‘sha pulni beraman, – dedi u dangal.
Xursandligimning cheki yo‘q. Ertasiga pulni oldim. Necha kundan buyon tinmay ich-etimni kemirib miyamni egovlayotgan o‘ylar zumda tarqab, Qahramon aka o‘z otamdan ham ulug‘ ko‘rinib ketdi.
Pulni olgach, cho‘chibgina so‘radim.
– Qachon qaytaraman? Qarzgadir axir? – ovozim zo‘rg‘a chiqdi.
Qahramon aka “xo-xo”lab uzoq, miriqib kuldi.
– Hozircha yeb ketarga! Ahvolingni ko‘ru senga qarzga berib bo‘ladimi? Qachon Rokfeller bo‘p ketsang, o‘shanda qaytararsan.
– Albatta, qaytaraman! – dedim men hovliqib o‘zimcha g‘ururim qo‘zg‘ab. U gapimga parvo ham qilmay, beixtiyor qo‘l siltab qo‘ydi.
Telefon raqamiga qarab uning o‘shanda menga qilgan himmatini, mardlik va murruvatini eslayman. Undan pulni olgach tez orada gazetaga ishga o‘tib ketib, kam ko‘rishadigan bo‘ldik. Bu orada ishni ham ikki-uch marta o‘zgartirdim. Lekin kam ko‘rishsak-da, uchrashganimizda u sirayam qarzimdan gapirmasdi. Men ham uning yaxshiligi evaziga ikki-uch marta gazetada suhbatlar uyushtirib, maqolalar chiqardim. O‘zi haqida ocherk yozdim. Hatto bir marta taniqli jurnal muqovasida rangli suratini chiqarishga ham erishdim. Axir mulla bilganini o‘qiydi-da!
Uning telefon raqamlariga qarab shularni xayolimdan o‘tkazarkanman, qarzdorligimni mahzun eslab daftarchamni yopib qo‘ydim. Biroq qiziqishim qo‘ymasdi. Shunday hotamtoy akaxonimni ham qachonlardan buyon yo‘qlamayman-a? Odamgarchilik bunaqa bo‘lmaydi-da. Hozir bormikan? Bo‘lsa qayerlarda ishlayotgankin? Hijolatpazlikni quvib, bema’ni qiziqishimga yengilib, qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni uning o‘zi oldi. Qo‘ng‘iroqday jarangdor ovozidan darhol tanidim, u ham meni ovozimdan tanidi.
– Iya! Bormisan, ukam? Eski ishxonangdan topolmadim. Qayerlarda yuribsan?
Tahririyatimiz manzili va o‘z xonam raqamini aytdim.
– Gap bunday, – dedi u muloqotimiz oxirida. – Ertaga ishdamisan? Unda oldingga o‘taman.
Go‘shakni qo‘ydimu badanim sovuq tortib zirqiradi. Ana g‘irt qo‘lga tushdim. G‘alvalar boshlanadi endi. Bekorga kelaman demadi. Taniqli professor odam meni bekorga ko‘rgisi kelmayapti. Eh, och qornim – tinch qulog‘im, jimgina yurgandim-a… Til yugirigi boshga deganlari shumikan?
Ertasiga ko‘rishganimizda akaxonim gapning po‘stkallasini aytdi-qo‘ydi.
– So‘ramasdim. Biroq nafaqaga chiqib picha qiynalib qoldim. Bilasan, ikkinchi xotinim o‘ris edi. O‘g‘lim Tolikni olib, Rossiyaga ketib qoldi. Meni ham ketishga rosa qistashdi, ammo Vatanni tashlab ketolmadim. Kenggina hovlimni sotdim, har kim o‘z ulushini oldi. Hozir ikki xonali “dom”da yashayapman, taqdir ekan…
Hammasi ayon. Lekin nima bo‘lgandayam u men muhtojligimda o‘ylab o‘tirmay, meni o‘z tug‘ishgan inisidek ko‘rib pul bergandi, hatto bergan pulini qarzga ham demagandi, endi men ham mardlarcha qaytarishim shart! Ortiqcha pulim yo‘g‘-u, ammo topib berishim kerak! Axir bekorga “Bu dunyo – qaytar dunyo”, deyilmagan. Oraga qilcha gap sig‘maydi. Ammo birvarakayiga… Shuncha pulni qayerdan topaman? O‘z mulohazalarimni o‘zimdan quvib haq gapni aytdim.
– Aka, avvalo, o‘shanda qilgan mardligingiz uchun sizga katta rahmat! Pulingizni, albatta, qaytaraman!
Uning chiroyi ochilib, yelkamga shappatlab qo‘ydi.
– Balli, ota o‘g‘il! Yashshavor! Mardligingni o‘sha paytlardayoq bilardim. Men oradagi pulning qadrsizlanishlarini hisoblamayman, dollarga ham bichmayman, shu o‘zimizning so‘mda bersang ham mayli.
– Faqat, – dedim bo‘shashib, – birdanigamas, olti oyda. O‘zi yaqinda qizim o‘qishining “kontrakt” pulidan zo‘rg‘a qutulgandim.
– Gap yo‘q, – dedi u bu gal ham dangaliga ko‘chib. – Qo‘lni tashla! Demak, har oyda bo‘lib-bo‘lib… Roziman. Faqat birinchisini indinga tushdan keyin kelib olsam. Pul juda zarur edi.
– Bo‘pti! – deya uning ochiq kaftiga kaftimni “paq” etkazib urdim. Ammo indinga unga beradigan pul hozirgi oyligimning yarmicha kelardi. U ketgach, yana meni g‘am bosdi. Tag‘in o‘tmishga qaytib, qiynalib yashashimni o‘ylayman… Stolim ustidagi qora telefonga, undan-da qop-qora telefon daftarchamga noxush tikilaman, shu topda bu daftarchani yoqib yuborishga ham tayyor edim… Namuncha, o‘zi meni keyingi paytlarda ishim hech oldinga yurishmaydi-ya. Biroq Qahramon akaga qarzimni “beraman” deb yaxshi qildim. Axir, “Emoqning – qusmog‘i bor”. Buni bilardim-u, ammo bu kunni aynan shu bugun, o‘z xohishim bilan “qora telefon” orqali kelishini yetti uxlab tushimda ko‘ribmanmi?.. E, baribir uning oilasining ketib qolgani yomon bo‘libdi. Bu ham o‘zi aytganidek, taqdir-da! Unda mening boshimga tushganlari-chi? Ko‘rgilikmi? Yoki shumgina qismatmi?
Aldanish
Qahramon aka keladigan kuni ertalab ishga ketishda kitob orasida xotinga bildirmay saqlab yurganim – ellik dollarni va picha pul olvoldim. Er kishining va’dasi-va’da. Bugun qarzimning dastlabkisini berishim kerak. Dollarda berganim yaxshi-yu lekin u kun sayin tez-tez o‘zgarib turadi-da. Yaxshisi, o‘zimizning so‘mda bersam, hisobda adashmayman, aniq-tiniq bo‘ladi. O‘ziyam shunday degan.
Ish orasida vaqt topib, bankka kirdim. Dollarni almashtirish kassasiga odam tirband, chamasi o‘ttizga yaqin. Menga esa navbatda turish sira yoqmaydi. Shu o‘yda atrofga alangladim. Shunda deraza oldida turgan yigirma yoshlardagi oliftanoma yigitga ko‘zim tushdi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Negadir uning ko‘zlari bajo edi. U go‘yo niyatimni sezgandek sekin yonimga kelib pichirlab so‘radi:
– Maydalamoqchimisiz? Men maydalab berishim mumkin. Kursni bildingiz-a?
– Ha, bildim.
Yigit kirish eshigi oldida turgan militsionerga zimdan qarab qo‘ydi-da, boyagidan ham past ovozda shivirladi:
– Yuring, unda tashqariga chiqaylik.
Ko‘chaga chiqdik.
– Qancha? – deb so‘radi u.
– Ellik dollar.
– Bo‘ldi, men hozir, – u mendan dollarni olgach, obdan silab-siypalab tekshirib ko‘rdi, so‘ng cho‘ntagidan ikki pachka besh yuz so‘mliklarni chiqarib menga uzatdi.
Eskilarning esli gaplari esimga tushdi. “Ko‘chadan topib olsang ham – sanab ol!” Yigit kiyinishidan, muomalasidan shubhali ko‘rinmasdi. Shu payt u kastyumining ichki cho‘ntagidan yana bir bog‘lam pul chiqarib, menga uzatdi. Besh mingtaliklar. Men uni olib cho‘ntakka soldim va ikkinchi besh yuztaliklarni sanashga tushdim. Shu mahal boya eshik oldida turgan militsioner ko‘chaga chiqib, biz tomon sinchkov qaradi.
– Aka, hushyor bo‘ling, – dedi u. Militsioner biz tomon qadam tashladi. Boshimga har balolar yog‘ilmasin deb nari yurdim. Shu orada boyagi yigit yerga kirdimi, osmonga uchdimi birpastda yo‘qolib qoldi. Ko‘nglimga shubha oraladi. Sal naridagi muyulishga burilib chog‘roq xiyobondagi o‘rindiqlarning biriga o‘tirdim-da, so‘nggi olganim – besh mingtalik pul bog‘lamini sanay boshladim. E voh, beshta besh mingtalikdan keyin oddiy qog‘ozlar taxlab qo‘yilgan edi, faqat oxiridagina yana uchta besh mingtalik bor edi xolos. Yuragim shuv etib orqaga tortib ketdi, badanimni sovuq ter bosdi. Aferist! Yolg‘onchi! Qallob! Ko‘zlari o‘ynab turgandi-ya… Iflos! Xoramxo‘r! Yashshamagur! Alamimdan yig‘lab yuboray dedim. Naqd ikki yuz mingga aldab ketibdi-ya.
E, Xudo! Oldingda nima gunohim bor ediki, shu yerda ham qandaydir yaramas meni aldasa. Picha sabr qilib, el qatori navbatda turib kassadan maydalatganimda bu ko‘rgiliklar yo‘q edi. Ozgina vaqtdan tejayman deb shuncha pulga aldanib o‘tiribman-a. U qallob ham kelib-kelib meni tanlagani-chi. Bunaqa iflos firibgarlar o‘zgalarning fikrini uzoqdan uqib, shunga qarab ish tutishga ustasi farang bo‘lisharkan.
Endi to‘laydigan qarzimni qanday butlayman?
Ishxonamga yomon kayfiyatda qaytdim. Dardimni birovga aytmadim, aytolmadim. Bir ko‘nglim bankka kirib boshliqlariga uchrashib, “Bankingizga aferist bolalar in qurib olgan ekan, topib berasizlar, aks holda ustilaringdan arz qilaman”, deb ariza yozib bergim keldi. Lekin baribir alal-oqibat o‘zim kulgiga qolishim aniq. Ularning beradigan javoblari ham ma’lum: “Sizni kim majbur qildi noqonuniy yo‘lni tanlashga?” Boyagi militsionerga aytsam-chi? Yo‘q, yo‘q! Balki u o‘sha tovlamachi makkor bilan hamtovoqdir. Xuddi kino stsenariylarida yozilganidek, u ko‘chaga chiqqanda, yigit menga so‘nggi pochkani shoshilinch tutqazib, zumda yo‘qolib qoldi-ku! Keyin uni rosa qidirdim, ko‘cha va muyulish bo‘ylab izladim, bankka ham qayta-qayta kirib chiqdim. Ko‘rinmadi. Go‘yo boyagi tovlamachining urug‘i bu dunyoda qurib bitgandek edi…
Ishimdan unum qochdi. Turib-turib shu yoshga kirib ham aql topmaganim, kimlargadir xo‘rakka aylanganimdan asabiylashardim. Shu payt tag‘in bobomning o‘gitini esladim. “Qo‘ldan ketganiga ko‘pam qayg‘uraverma! Qo‘ldan ketgani – osmonu falakka uchib ketgan qush!”
Shartta barcha o‘tgan ishlarga aza ochib, ularni yelkamdan oshirib uloqtirdim. Endi afsus chekib, g‘am bosib o‘tirganimdan kimga foyda-yu kimga ziyon… Bu yog‘iga Xudo to‘zimini bersin. Endi ertaga Qahramon akaga beradigan pulni topishni o‘ylashim kerak! Boshqa o‘ylar ortiqcha. Qarzga bo‘lsa-da, topishim kerak! Lekin… Kimdan?! Nahotki qarzdan qutulish uchun yana birovdan qarz olsam?..
Shu chog‘ esimga yalt etib ippodromdagi kitob do‘koniga uch-to‘rt oy burun sotishga berib qo‘ygan ikki o‘ram kitobim tushib qoldi. Har o‘ramida o‘n ikkitadan – 24 ta kitob. Donasini o‘n mingdan bergandim. Naqd ikki yuz qirq ming-a! Xayolimdan ko‘tarilib ketganini qarang-a? Shuncha vaqt o‘tdi. Allaqachon sotilib ketgandir… Tushdan keyin, “Maqola tayyorlash uchun bir joyga o‘taman”, deb hamxonamga tayinladim-da, ippodrom qaydasan deb yo‘lga tushdim. Har holda, ko‘zlarim mo‘ltillab birovdan qarz so‘ragandan ko‘ra, o‘z peshona tering bilan yozgan kitobing pulini so‘rash ming marta yaxshi-da!
Miyamga kelgan o‘ydan, o‘z topilmamdan o‘zimda yo‘q shod edim…
Bilmayin bosdim tikonni…
Kitob do‘koni sotuvchisi Masturaxon opa meni ochiq chehra bilan kutib oldi.
– Bormisiz, shoirim, kitobingiz tugagani qachondi, qo‘ng‘iroq qilay desam telefon raqamingizni yo‘qotib qo‘yibman.
Men yozuvchini sotuvchi opa o‘ziga yaqin olib “shoirim” deganiga ahamiyat berib o‘tirmadim. U meni nima deb atasa ham, hozirda eng muhimi pul, sotilgan kitoblar pulini bersa bo‘lgani…
– Men hozir, – deya opaxon qo‘lidagi katta umumiy daftarni sinchkov varaqlay boshladi va ko‘zlari qandaydir yozuvlar ustida to‘xtadi. – Yigirma to‘rtta kitob bergan ekansiz. Ikki yuz qirq ming so‘m bo‘ladi. – U kassa apparatidan pul olib, sanay-sanay menga uzatdi.
– Rahmat, opa, – dedim pulni olarkanman.
– Sizga rahmat! – dedi chiroyli jilmaygancha Mastura opa. – Yana bormi?
– Bor.
– Unda yana ikki pochka tashlab ketarsiz.
Kitob do‘konidan ko‘zlarim quvonchdan yonib chiqdim. Zo‘r! Devonaning ishini Xudo o‘nglabdi, deganlaridek ish yengil ko‘chdi. Opa ham pachakilashib o‘tirmay birdaniga hamma pulni berdi. Endi Qahramon akaning oldida uyalib qolmayman, qirq ming ortig‘i ham bor.
Bozorning ur-yiqit tiqilishida xayolchan hali unga, hali bunga urinib-turtinib borarkanman ro‘paramda bir to‘p odam davra qurib nimanidir tomosha qilishayotganining ustidan chiqib qoldim. Bilaman, birorta o‘yin o‘ynalyapti. O‘zimning fe’lim o‘zimga ayon, bunaqa o‘yinlarga ishqibozligim bor, qo‘shilsam – dunyoni unutaman. Avvaliga ko‘nglimga g‘ulg‘ula solayotgan shaytonga hay berib o‘tib ketmoqqa urindim. Lekin qayoqda! Shayton ham anoyi emas. Sekin-asta qiziqishim ortib, beixtiyor davraga suqildim. O‘rtada chog‘roq stolcha, qorachagina lo‘libashara bir yigit uning ustida to‘ntarilib turgan uch dona angishvonani, “Xeppi-xeppi”, qani kim topadi?” deb chunonam tez aylantirar, ular ostidagi no‘xat donasidek qora dumaloq toshmi yoki boshqa narsanimi u hali unisining, hali bunisining ostiga yashirib qo‘yayotgani yaqqol ko‘rinib turardi. O‘ynayotgan ikki yigit halda-hal topib, yutib olishayotgandi. Sovg‘aga turli mukofotlar qo‘yilgan: ular orasida rangli televizoru hatto kompyuter to‘plamlarigacha bor edi. Menga yutuqlar orasida ayniqsa mana shu kompyuter to‘plamining borligi juda yoqib tushdi. O‘yin badali bor-yo‘g‘i besh ming so‘m edi. Kel, bir-ikki qo‘l o‘ynab ko‘ray-chi, ortiqcha qirq ming so‘mim bor-ku, deya o‘yinga qo‘shildim. O‘yinni o‘rtakash “xeppi-chi” bolaga o‘xshash boyagi ikkita qoracha bola ham davom ettirdi. Boshida o‘n ming, keyin esa yigirma ming yutib oldim. Boyagi ikki yigit esa boshlarini changallab yana ketma-ket o‘yinga ayamay pul tikishardi. Men endi borliqni unutgandim. Xuddi ularga o‘chakishib, senlardan kam joyim yo‘q degandek o‘ynardim va yutqizardim. Ammo g‘olib chiqish ilinji, hech bo‘lmasa, yutqazgan pullarimni qayta yutib olish fikri-zikri meni tark etmasdi. Oxiri mundoq qo‘limni cho‘ntakka tiqsam puldan asar qolmabdi. Alamimdan qip-qizarib ketdim. O‘ynayotgan yigitlardan biri buni sezgandek hamdard so‘radi.
– Ha, do‘stim? Nima gap? O‘ynaysizmi?
– Pulim qolmadi.
– O‘ynasangiz men qarz berib turaman.
– Mayli, – dedim qiziq ustida nima deyayotganimni ham tuzukroq anglamay.
Yigit menga bir bog‘lam pul uzatdi.
– Yuz ming. Yutganda qaytararsiz. Axir og‘ayni bo‘p qoldik-a. Shunaqamasmi?
– Shunaqa, – dedim uni quvvatlab. Keyin boshqa hech narsani o‘ylab o‘tirmay o‘yinni davom ettirdim. Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmay yuz ming ham “xeppi-chi”ga o‘tdi. Shundagina ko‘zlarim katta ochildi. Qilib qo‘ygan ishimdan ming pushaymon chekdim. Ammo endigi hammasi befoyda. Xo‘rligimdan xo‘ngrab yuboray derdim. Mana senga osmondan chalpak yog‘ib, yutib oladiganing – kompyuter. Hozir bu yerda menga rahmi kelib, hol so‘raydigan dardkashning o‘zi yo‘q. Shunda sezdim: boyagi u bilan qo‘shilishib o‘ynayotgan bolalar “xeppichi”ning sheriklari. Sekin davradan sug‘urilib chiqqandim. Boya qarz bergan yigit menga yaqinlashdi.
– To‘xtang! Qarzingizni nima qilamiz? Ketsangiz hujjat tashlab keting. Pulni keltirgach, olasiz.
Miyamga tok urgandek bo‘ldi. Asta oldinga yura boshlagandim, u ortimdan ergashdi. Qanday xunuk ish qilib qo‘yganimni yanada chuqurroq angladim.
– Qimorning qarzi yomon. To‘laysiz endi. Kechiksa, foizi bor!
Yuragim besaranjom o‘ynadi. Undan qutulish yo‘lini o‘ylayman. Menga bu ulkan bozorda birgina odam xaloskor bo‘lishi mumkin. U – kitob sotuvchi ayol Mastura opa. Boshqa kimning oldiga boraman!
– Yuring! – dedim yigitga qarab. U ortimdan ergashdi.
– Shu yerda turib turing, – dedim unga qarab kitob do‘koni yoniga yetgach.
Mastura opa mening oqarib ketgan rangimga qarab nimanidir payqadi, chamasi, birinchi bo‘lib o‘zi gap boshladi.
– Ha, sizga nima bo‘ldi? – uning dardkash hol so‘rashidan ta’sirlanib yig‘lab yuboray dedim. Xuddi bu gapni kitob sotuvchi ayol emas, qishloqdagi onam aytayotgandek edi go‘yo.
– Qimor o‘ynab, yutqazib qo‘ydim. Yuz mingga qarzga botdim.
– Voy o‘lmasam, shuncha pulni-ya!
Gapirishga ham tilim kelmay, sekin bosh irg‘adim. Oxiri o‘zimni qo‘lga oldim.
– Opa, shu yuz mingni berib tursangiz, ertaga beradigan kitoblarim ustidan. Kitobni bugun desangiz bugun, ertaga desangiz ertaga keltirib beraman. Xohlasangiz arzonroqqa…
– Kassaning pulidan berolmayman. Halizamon inkasatorlar kelishadi. Lekin ichkarida mudirimiz bor. Kirib maslahatlashay-chi.
Mastura opa ichkarida besh daqiqa qolib ketdi. Shu qisqa vaqt menga yildek uzun tuyuldi. Tashqarida turgan boyagi yigit halda-hal eshikdan mo‘ralab qo‘yardi. Nihoyat opa ko‘rindi. Hayriyat qo‘lida bir siqim pul bor edi.
– Mang! Ammo boshqa qimor o‘ynamang! – dedi u amirona.
Men indamay pulni oldim va rahmat aytishni ham unutgancha tashqariga otildim va pulni yigitga tutqazdim. U pulni olarkan chehrasi yorishdi.
– Xafa bo‘lmaysiz endi. Bu – o‘yin, – dedi-da, keyin menga rahmi keldi chamasi cho‘ntagidan bitta besh mingtalikni chiqarib, kostyumimning yon cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Yo‘lkiraga!
U yigit uzoqlashib, qorasi ko‘rinmay ketdi hamki, men bir joyda miq etmay turardim.
Xotima o‘rnida
Nega bu kaltaklar kelib-kelib mening boshimda sinadi? Nima, menikidanda boshqa bosh yo‘qmi, bu dunyoda? Bilmayman, bilolmayman, hech kalavaning uchini topolmayman, javobsiz savollar esa janbushga kelib jigarimning jon joyini ezadi: qalam haqi… xotin… melisaxona… jarima… shoira…
Ochig‘i, bariga boshdan-bosh xotinim bilan g‘ijillashganim sababchimikan? Mundoq chuqurroq o‘ylayman: avvalo hammasiga asli o‘zim aybdormasmanmi? Qalam haqini nishonlab shoiri Davron bilan ichgan kim? Uyga ikki kunda bir ichib kelib gulday xotinimning asabiga tegib, qayoqdagi bo‘lmag‘ur gaplarni gapirib har gapdan xato topib janjal ko‘taradigan kim? Sarxushlikda turli bo‘lmag‘ur gaplarni aytib, eskilarini qo‘zg‘ab jahlini chiqaraversang, xotin ham qarab turarmidi… Axir menikidek uning tiliyam suyaksiz! Gohida shirakayfligingdagi to‘polongingga xotin zoti bazo‘r chidaydi, aslida mana shunaqa paytlarda u uyi buzilgan ariga o‘xshaydi, baribir sho‘ring qurg‘ur erginani bir chaqib olmasa iloji yo‘q, unda o‘z zahri o‘ziga urib ketadi. Shuning uchun bunday kunlarning ertasiga so‘zla uriladigan o‘sha zaharli nishni pinhona kutib yurasan. Chaqadi, chaqishi aniq! Ba’zan tezroq chaqa qolsa-chi, qutulardim-qolardim deb hadiksirab ham yurasan. Lekin bu chaqish “ari”ga bog‘liq, u sen istaganda emas, o‘zi istaganda sening xushkayfiyatingni buzib chaqadi. Oldiniga behol uzr so‘raysan. “Bu uzr so‘rash yuzinchisimi yoki minginchisimi?” deb dag‘dag‘asini oshirib hujumga o‘tganida avvaliga biroz himoyalanasan, dardingni ichga yutib arining zahariga chidaysan, keyinroq esa u g‘oliblik nashidasidan avjga chiqadi, shunda sening ham uxlab yotgan g‘ururing qo‘zib… Oxiri haqoratlar cho‘qqiga chiqadi, dahanaki jang boshlanadi, qirg‘inbarot urushga aylanadi… Bahorlar qishga, qish qahratonga o‘rin almashadi. Mana shunaqa, ming bosiqlik qilaman desang ham uzoq chidab turolmaysan…
Ochig‘i shunday kunlarning birida ko‘cha aylanib yurib barcha aybni o‘zimda bilib, astoydil kechirim so‘rashga ahd qildim. Eshikni xotinjon ochdi. Qovog‘i uyulgan, ko‘zlarida nafrat jiq-jiq.
– Kechirasiz. Kirsam maylimi? – dedim vaziyatni yumshatish uchun.
– Ha, qachondan boshlab o‘z uyingizga ham so‘rab kiradigan bo‘p qoldingiz?
– Mayli-da, so‘radingiz aytay – avvalo, bugundan, e, mana shunisiga ham kechirasiz!
Bunday har gapga “kechirasiz”ni qo‘shganimdanmi, uning chiroyi salgina bo‘lsa-da ochildi. Uyga kirgach, zalga o‘tdim va xotinimni chaqirdim.
– O‘tiring! – dedim sizlab u kirgach iltifot bilan divanni ko‘rsatib. Keyin boriga ko‘chdim.
– Bilasizmi… – degancha gapimda to‘xtab qoldim.
– Nimani?
– So‘nggi paytlarda sira ishim yurishmayapti…
– Menga nima? – dedi xotinim beparvo. – Bilmayman! Bilishniyam istamayman!
– Shu desangiz, bir gap aytsam maylimi? – U eshitaman degandek unsiz tikildi. – Bariga boshdan-bosh sizni, sizdek olijanob xotinni xafa qilganlarim, ranjitganlarim sababchiga o‘xshaydi. Men ahmoq, men “durak” hammasini endi tushundim. Siz – avliyo ayolsiz. Qarg‘ishlaringiz to‘ppa-to‘g‘ri nishonga tegyapti, chamamda. Kechiring!
Quyuq tuman quyosh bosh ko‘tara boshlaganda sekin-asta tarqalgandek uning chehrasi rosmana ochildi. Sezilar-sezilmas miyig‘ida jilmayib ham qo‘ydi. Oxiri ko‘nglimni ko‘tarib shu gapni aytdi.
– Qayerdan quyosh chiqdi?
– Sharqdan, avval Yaponiyaga, so‘ngra O‘zbekistonga nur sochib, – dedim gapimdan huzurlanib. Keyin davom etdim:
– Endi barcha bema’niliklarga chek qo‘yaman. Ichishni ham tashlayman! Kap-katta odamga ko‘chadan uyga tebranib, chayqalib kelish yarashmaskan. Axir bolalar katta bo‘p qoldi. Mahalla-ko‘yning, qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘zi oldida noqulay. Hademay o‘g‘il uylantiradigan, qiz chiqaradigan odam. Tag‘in yozuvchi odam… Uyat, endi… Kechirdingizmi? – dedim u nasihat qilganda aytadigan gaplarni sal boshqachasiga takrorlab.
Xotinim o‘tirgan joyidan turdi, indamay chiqib ketishidan xovotirlanib, unga qo‘rqa-pisa qaradim. U menga yaqinlashib o‘ng qo‘lini peshonamga qo‘ydi.
– Mabodo, kasal-pasalmasmisiz? Isitmangiz yo‘qmi?
– Yo‘q, aytganlarim chin erkakcha so‘zim. Valdirash emas.
Xotinim ohista egilib, peshonamdan cho‘lp etib o‘pib qo‘ydi.
– Ichmasangiz qanday yaxshisiz-a, Yo‘ldoshbek aka! O‘zimning akam! Shoirginam…
– Barcha qilgan gunohlarim uchun qo‘y so‘yib xatmi-qur’on qilib, is chiqarib yuboramiz. Duoyi fotihadan ota-onalarimizning arvohlari shodlansin!
– Voy, bunaqa gaplarni qayerdan bilasiz? O‘zimning alkashgina cholim-ey! Sizga bunaqa yumshoq supurgilik qilib kechirim so‘rash yarashmaskan! Qo‘ying-e!
Dillar yayrab, ko‘zlarda quyosh o‘ynadi. Ammo shunda ham xotinimning og‘zidan bir og‘iz “kechirdim” degan so‘z chiqmadi. Menga mana shunisi yana jumboqligicha qolaverdi…
Lekin shuniyam angladim: endi qalam haqi olsam hech kimga ortiqcha erimayman! Birovlarga, hatto u chiroyli shoira ayollardan biri bo‘lsa-da, behudadan-behuda salom bermayman! O‘zimcha boyishning ketidan quvib otam va bobom qilmagan ishlarga zarracha qo‘l urmayman! Bu yog‘iga Xudo qalamimga, ijodimga barakasini bersin! Endi ilojini topib har ishni xotinimdan so‘rab, ja so‘rab bo‘lmasa-da, mastlahatlashib qilaman! Mana, ko‘rasiz!
Tamom
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 10-son