Hovlida ikkita so‘ri bor ekan. Har biriga o‘n odam bemalol o‘tirsa bo‘ladi. Kelinni uyga kirgizgandan so‘ng kuyovnavkarlarni so‘rilardan biriga taklif qilishdi. Ikkinchisida yoshi ulug‘lar, kelinni olib kelishda bosh-qosh bo‘lganlar o‘tirishdi.
Uch qalin do‘st – Abulxayr, Alibek va Lapas kuyovnavkarlar safida. Toshtemir o‘qishda bo‘lgani sababli to‘ydan bexabar qoldi. Qo‘li ochiq yigitlar ekanliklarini ko‘rsatish uchun bor pullarini to‘qqiztovoq, yangatovoqlarga tashlab qo‘yishipti. Kelin tarafga jo‘nash oldidan Abulxayr yarimtani qo‘yniga tiqib olgandi. Yangalar kuyovnavkarlarning pulini qoqib olgandar so‘ng oldilariga tayinli yegulik-ichkilik qo‘ymadi. Shuning alamiga uch do‘st yo‘lda yarimtani o‘zaro bo‘shatishdi. Kayfiyat sal yaxshilanib, yo‘lda avtobusdagilarning qulog‘ini batang qilib, yor-yor aytishdi. Abulxayr bayt o‘qidi. Har bir misraning oxirida kuyovnavkarlar jo‘r bo‘lishdi:
Bu soylarni soy demang,
Yor-yor yoro-ney.
Ko‘shkovutni boy demang,
Yor-yor, yoron-ey!
Qozon-tovog‘i toshdan,
Yor-yor, yoron-ey!
Navkarlar o‘ldi ochdan,
Yor-yor, yoron-ey!
Baytning oxirida hamma kulib yubordi. Davra sovimasdan navbatni Alibek oldi:
Tegirmonu-tegirmon,
Yor-yor, yoron-ey!
Tevaragi temirdan,
Yor-yor, yoron-ey!
Ko‘shkovutlik kelinning,
Yor-yor, yoron-ey!
Labini kuyov simirgan,
Yor-yor, yoron-ey!
Navbat Lapasga o‘tdi. Uchovi bir bo‘lsa, har qanday davra obod bo‘ladi. Ayniqsa, Toshtemir bo‘lganda-ku,.. har qalay uning yo‘qligi bari bir bilinyapti. To‘yga kuyovnavkarlar safida borishning o‘zi kishiga alohida g‘urur, dadillik baxsh etarkan. Kelin tarafning yigitlari nafrat va ilojsizlikdan bezarib turishadi. Hozirlari unchalik ishlari yo‘g‘u, bari bir kuyovnavkar bo‘lganingdan keyin ko‘zingga shunday ko‘rinaverarkan. Avtobusdan tushar-tushmas kelinning dugonalari kuyovni ko‘ramiz deb yugurib chiqishdi. Uch do‘st yanada g‘ururga to‘ldi, chunki bahonada ularni ham ko‘rishdi. Ular ham qizlarni tomosha qilishdi. Qizlar ularni ko‘rib: “vah, zo‘r yigitlar ekan!”, deyishgan bo‘lsa ne ajab!..
Piyolalar ikki-uch bor aylangandan so‘ng boshlar qizidi. Har bir mehmon kuyov bilan urishtirib ichishni, uning kelgusi hayotiga bitmas-tuganmas baxt tilashni istardi. Kuyovnavkarlar orasida uch do‘st yoshi eng kichiklar bo‘lgani tufayli so‘z navbati ularga tezda yetavermadi. Hislari to‘lib-toshib ketgan Abulxayr oxirgi safar qadahlar to‘ldirilganda navbat kutib o‘tirmay, cho‘kkalab o‘tirdi-da, qo‘lidagi piyolani baland ko‘tarib, o‘z tashabbusi bilan alyor aytishga chog‘landi. Kayf joyida, labidan tabassum arimas, ko‘zlari mastona suzilardi. Abulxayr narigi so‘rida otasi ham o‘tirganini yaxshi bilardi. Ular ham maza qilib ichishyapti. O‘n daqiqacha burun otasi qadah so‘zi aytib, piyolasini namoyishkorona ichib, dasturxonga to‘nkarib qo‘ydi. Abulxayr otasidan ortda qolishni istamasdi. Ko‘plar uchovining quvnoqligiga havas qilib, kelin-kuyovga baxt tilagandan so‘ng: “Abulxayrga o‘xshash uylanmagan yigitlar ham uylansin to‘ylarida mana shunday xushchaqchaq o‘tirib, xursandchilik qilaveraylik”, deyishyapti. Rost-da, tezroq uylanish kerak. Maktabni bitirgan bo‘lsa, o‘n to‘qqizga kirib bo‘ldi. Otasi nega uylantirmayapti? Abulxayr yigitmisan – yigit! Bitta xotinni eplay oladi. Birinchi, bosh o‘g‘il bo‘lsa oilada. Yuraveradimi? Abulxayr har zamonda kishi bilmas quloq solib qo‘yadi. Ota-onasi uni uylantirish haqida lom-mim demagan. Qaniydi, Abulxayrning otasi ham bunda-ay, kallasini ishlatsayu, kel o‘g‘lim, seni uylantirib qo‘yay, desa.
– Men do‘stlarim nomidan gapirmoqchiman, – dedi Abulxayr, ikki yonida o‘tirgan Alibek bilan Lapasga qarab olarkan. – Biz ham kelin-kuyovga baxt-saodat tilaymiz. – Ma’qullovchi, ruhlantiruvchi qiyqiriqlar eshitildi. Kimdir otasiga: “O‘g‘lingizning gapiga quloq soling, zo‘r gaplarni aytyapti”, dedi. Abulxayrning qulog‘iga bu gap ham chalindi. U davom etdi. – Mana shu yerda o‘tirgan o‘rtoqlar aytishdiki, uylanmaganlar uylanaversin, shuning uchun ichamiz. – Abulxayr shartta piyolasini ko‘tardi. U ataylab baland ovozda gapirgan, bilsa chin, bilmasa hazil tariqasida gaplarini otasi eshitishini istagandi. Sheriklari bilan kulishib o‘tirsa-da, gaplarimga nima deyisharkin, deb quloqlari ding bo‘ldi. Sezishicha, narigi so‘ridagilar otasini o‘rtaga olishgan, otasi esa: “Men rozi, mayli, topsin, aytsin, uylantirib qo‘yish men tan”, dedi.
Abulxayr quvonib ketdi. Demak, otasi rozi. Gap o‘zida qolgan. Bitta qiz topish kerak. Topa olarmikan. Barlos to‘la qiz-ku! Zo‘ridan topsa. Chiroylisidan. Kelishganidan. Quchoqlaganda quchog‘i to‘lib tursa… Ulbozor ham yaxshi qizu,.. juda ozg‘in. Buning ustiga bo‘yi pastroq…
Ulbozor shu yil maktabni bitirgan. Sal qo‘polroq, shuning uchun yigitlar ko‘pam gaplashavermaydi. Hozir o‘zlarining brigadasida ishlayapti. Bir kuni ishga ketishda ikkovlon yo‘l-yo‘lakay hangomalashib ketishdi. Bildiki, Ulbozor yigitlar o‘ylaganday, u qadar qo‘pol emas. Tuppa-tuzuk, hamma qizlar qatori bir qiz. Kam joyi yo‘q. Ulbozorga uylanish shart emas, lekin nega imkoniyatlardan foydalanib qolmasligi kerak? Yosh yigit bo‘lsa. Uylanmagan. Bo‘ydoq. Hozircha yurib turaversin, uylanadigan vaqti kelsa, zo‘ridan topadi.Agar topolmasa, bu yoqda otasi bor, uylantirib qo‘yadi-da, o‘g‘lini! Nima qipti. O‘g‘ilni uylantirish – otaning vazifasi. Ota bo‘lgandan keyin bajarsin vazifasini! Ulbozor ozg‘in bo‘lsa ham, bo‘yi past bo‘lsa ham mayli, payti topilganda o‘ynab qolish kerak.
O‘sha hangomadan keyin ko‘pincha ishga borishda ham, ishdan uyga qaytishda ham – tasodifan! – yo‘lga birga chiqib qoladigan, suhbatlashib borib-keladigan bo‘lib qolishdi. Abluxayrning nazarida qiz ham unga intilayotgan, ana shu tasodiflarni ataylab – qizning o‘zi! – tashkillashtirayotgan edi. Ulbozorning aytishicha, uylarida o‘zi alohida, derazasi ko‘chaga qaragan xonada yotar emish.
– Oqshom boraman, derazangni taqillataman. Chiqasan, xo‘pmi? – dedi Abluxayr kunlarning birida.
Ulbozor indamadi. Demak, rozi. – Abulxayr shunday tushundi. Chiqadi. Chiqishiga ishonchi komil. O‘sha kuni oqshom Lapasni yetaklab, Ulbozorlarnikiga bordi. Asta derazani taqillatdi. Zum o‘tmay, ichkaridan Ulbozorning yuzi ko‘rindi.
– Chiq, men keldim, – dedi Abulxayr.
Deraza qaytadan yopildi. Abulxayr bo‘lajak uchrashuvni xayolan tasavvur etib, ishshaydi. Lapasga: “Sen, jo‘ra, bizga ko‘rinmay, maktabning panasida atrofni kuzatasan, biron xavf tug‘iladigan bo‘lsa hushtak chalib, xabar berasan”, dedi.
O‘shandagisi birinchi uchrashuvlari edi. Ishga ketishda tuzukkina gaplashishardi. Endi, nimagadir, hayajonlanganidanmi, tiliga gap kelmasdi. Ulbozor ham indamaydi. Yigit kishi gapirmagandan keyin qiz bola og‘iz ocharmidi? “Yur”, dedi nihoyat Abulxayr, Ulbozorni qorong‘iroq tomonga yetaklab. Ulbozor osoyishta harakat bilan bilagini bo‘shatdi-da, u aytgan tarafga yurdi. Abulxayr hamon miq etmas, ammo nimadir qilish kerakligini, bunday turaverishlari o‘ziga ham, Ulbozorga ham noqulayligini yaxshi tushunardi…
– Qishga o‘tin tashiyapsizlarmi? – deya so‘radi nihoyat va shartta tilini tishladi: “Axmoqona gap. Hech o‘tinni o‘ylamagandi, qayoqdanam tiliga kelib qoldi? Nima, Ulbozor hozir o‘tin tashishga chiqqanmi?.. Bekordan bekorga derazasini taqillatgandan yugurib chiqmagandir axir!? O‘zi nimaga keldi? Niyati nima?…
– Otam tashiyapti, – dedi Ulbozor, ko‘zlarini yerga tikankan.
Xullas, yashirin hangoma uncha qovushmadi. Qaytib kelganda Lapas: “O‘l-a, landovur, chaynab og‘zingga solgan narsani yutolmaysan”, deb so‘kdi. Abulxayr parvo qilmadi. U xursand edi. Biron bir natijaga erisholmagan bo‘lsa-da, eng asosiysi, – birinchi uchrashuv! – amalga oshdi. Qiz unga roysh bildiryapti. Valdir-vuldur qilgani bilan Lapas hali u qilgan ishni qila olgani yo‘q.. Qani, qo‘lidan kelsa, Lapas ham Ulbozorchalik bo‘lsa-da, bir qizni kechasi uyidan olib chiqsin. – Abulxayr u istagancha qorovullik qilib beradi. Birinchi uchrashuvdan darrov tarmashaversa, sevdim-kuydim deyaversa,.. g‘alati-da! Keyin, bu bola chatoq ekan, deb uchrashuvga chiqmay qo‘yishi mumkin. Axir Abulxayr faqat shu oqshomni deb chiqqani yo‘q-ku, to‘g‘rimi? E, Lapas nimaniyam bilardi. Lapas gapiraveradi. Agar o‘zi Abulxayrning o‘rnida bo‘lganida qiz bolaning qo‘lini ham tutolmas edi. O‘sha, bir-ikki og‘iz gapni ham aytolmasdi. Ha, Abulxayr dadillik qildi.
Ulbozorga uylansa bo‘lmaydi-da. Boshqa qiz topish kerak. Yoshrog‘idan. Ko‘rkamrog‘idan. Endi o‘ninchi sinfni bitiradiganidan. Hozirgi o‘ninchilar orasida zo‘r-zo‘r qizalr bor. Yana to‘rt oyda maktabni bitirishadi. Keyin otasiga o‘shalarning eng chiroylisini tanlab aytsa, otasi to‘xtatmay sovchi jo‘natsa, qarabsizki, kuzgacha Abulxayr xotinli bo‘lib turibdi-da. Yostiqqa yonboshlab: “Xotin, choy!” desa. Yoki ertalab uyog‘onganda hovliga chiqishga erinib: “Xotin, suv keltir, bet-qo‘limni yuvaman”, desa. O‘shanda ham ko‘rpadan chiqmay, yostiqqa suyanib, bir qo‘li bilan betini yuvsa. Xotini sochiq tutsa. Abulxayr artinib, yana ko‘rpaga o‘ranib yotib olsa. O‘hh! Maz-za! Xotining bo‘lsa yaxshi! Ertalab choyingni oldingga keltirsa. Kechqurun ovqatingni tayyorlasa. Kiringni yuvsa. Ko‘ylaging sal kirlagandan yechib otaverasan. Ayniqsa, paypoqni aytmaysizmi? Har kuni yuvaverish jonga tegib ketgan. Uylansa – zo‘r! Mazza! Undan keyin Alibek, Lapas, Abdumajid, Toshtemirlar kelganda bemalol o‘zining uyida (o‘zining uyida!) kerilib o‘tiradi. Xotini jo‘ralaridan uyalib, yuziga ro‘mol tashlab kirsa. Jo‘ralari xotiniga qarasa. Toshtemir bari bir qo‘ymaydi: “Yuzingizni oching, mo‘yinsa, bir ko‘raylik. Qo‘rqmang, yeb qo‘ymaymiz, palov emassiz-ku axir! To‘g‘rimi? Diydoringizni bir ko‘raylik-chi, Abulxayrga loyiqmisiz, yo‘qmi, baho beraylik”, desa. (Toshtemir bunaqa gapni aytadi, jim turmaydi. Shunchalar o‘rniga qo‘yib aytadiki, hech kim undan xafa ham bo‘lmaydi, ko‘ngliga ham olmaydi. Afsuski, hozir yo‘q. Bo‘lganda kuyovnavkarlar davrasini rosa qizdirardi. ) Abulxayrning xotini yuzini ochmaydi. Keyin Toshtemir Abulxayrning o‘ziga o‘giriladi-da: “Xotiningni betini och! Ko‘raylik! Diydoriga to‘yaylik! Bari bir o‘zingniki, qizag‘anaverma ko‘p”, deydi. Abulxayrning o‘zi ham chiroyli xotinini do‘stlariga ko‘z-ko‘z qilishni istayotgandi, ammo Toshtemir yana shunaqa gaplardan aytsin,
davrani qizdirsin, deb o‘tirgandi. Chunki keyin xotiniga: “Ko‘rdingmi, mening shunaqa zo‘r do‘stlarim bor”, deb maqtanmoqchi. “Ochsang betingni ochaqol, bari bir o‘zimnikisan”, deydi Abulxayr bepisandlik bilan xotiniga. Xotini yerga qaraydi. Shunda Abulxayr yonboshlab yotgan joyidan cho‘zilib, ro‘molning bir chetidan tutgancha, tortib yuboradi. Yosh kelinchakning yuzi ochilib, uyaladi. Toshtemir hazilini davom ettiradi: “Siz, mo‘yinsa, juda zo‘r, chiroyli ekansiz. Qanday qilib, bizning Abulxayrga tegdingiz? Siz bamisoli atirgul bo‘lsangiz, Abulxayr cho‘lda qurib qolgan chaqirtikanakday gap-ku!”, deydi. Bolalar kulishadi. Kelinchak ham qimtinib o‘tirsa-da, kulib yuboradi. Abulxayr Toshtemirning gapini ko‘ngliga olmaydi. Toshtemir o‘zi shunaqa, shaqir-shuqur, ichida gap yotmaydi. G‘arazgo‘yligi yo‘q. . “Eh, Abulxayr, – deydi Toshtemir yana, – to‘g‘risini aytsam,
senga =asadim kelyapti. Afsus, ming afsus, bilmay qopman-da, shunday zo‘r qiz qo‘ldan chiqib ketibdi-ya! Agar men ham shunday chiroyli qizga uylanganimda hech qaysingga ko‘rsatmasdim, hech qaysingni uyimga kirgizmasdim ham. Uyni ichidan qulflab olib, faqat o‘zim tomosha qilib yotgan bo‘lardim. Maz-za! Sen esa, axmoq, uni bizga ko‘rsatib o‘tiripsan. Ana endi nima bo‘ldi?! Hammamiz sening xotiningni yaxshi ko‘rib qoldik. Senam yaxshi ko‘rib qoldingmi, Alibek? Senammi, Lapas? Ana, ko‘rding? Esingda bo‘lsin,
Ikkinchi marta shunaqa chiroyli qizga uylanadigan bo‘lsang, hech kimga ko‘rsatma. Sandiqqa solib, o‘zing sandiqning ustiga chiqib o‘tirib ol! Tushundingmi? Haliyam kech emas lekin!..” O‘shanda Abulxayr ham jim turmaydi. Boplaydi: “Kerak bo‘lsa, alam judayam o‘tib borayotgan bo‘lsa, senam otangga ayt, seniyam uylantirib qo‘ysin”…
Tun yarmidan oqqan, kuyovnavkarlar mast, bir-ikkitasi uxlab yotar, qolganlar hamon alyor aytib, shishalarning tagida qolganlarini izlab, topib, bo‘shatish bilan band edi.Ko‘p o‘tmay yangalar kuyovni chaqirib olib ketishdi. Abulxayr havas bilan ortidan tikilib qoldi. Hozir kuyov kelinning oldiga kiradi. Kelin uyalib, qisilib, qimtinib turadi. Agar kuyov dadil bo‘lsa, kelinni shartta ikki yelkasidan tutib, o‘ziga qaratadi, ko‘zlariga tikilib: “Menga tegayotganingdan xursandmisan?”, deb so‘raydi. Abulxayr shunday qilgan bo‘lardi. Kelinchak oppoq harirga o‘ralgan. Kelinchakka oq kiyim juda yarashadi. Umuman, Abulxayr oq kiyim kiygan qizlarni yaxshi ko‘rib ketaveradi. Bora solib, bag‘riga bosishni istaydi. “Titrama, jonginam! Men seni sevaman!” deydi kuyov. Yo “jonginam” demagani ma’qulmi? Kelinchakni taltaytirib yuborishi mumkin-da bunaqa gaplar! Judayam o‘lib turgan ekan, degan fikrga borishi mumkin. Bunaqa gaplar odatda to‘ygacha aytiladi. To‘ydan keyin jilovni qo‘lga olish kerak bo‘ladi. Har qalay er – uyning egasi, xotinning yugurdagi emas. Umuman olganda, birinchi kechada, yangi kelinchakka ruhan dalda berish maqsadida “jonginam” deyaversa ham bo‘lar, ammo keyin bunaqa gaplarni aytishni o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi. “Sevaman” degan so‘zning o‘zi qiziq. Qandaydir, bachkanaga o‘xshaydimi-ey! “Men seni sevaman!” Shuyam gap bo‘ldimi? Bunaqa gaplar faqat qo‘shiqlarga yarashadi.
Yarimta-yurumtasi qolgan shishalar ham bo‘shatilgandan so‘ng yigitlar tarqalish uchun o‘rinlaridan qo‘zg‘olishdi. Uch do‘stning ham uyi bir tarafda. Ulbozorlarniki esa qarama-qarshi tarafda edi.
– Yuringlar, bu tomonga boramiz, – dedi Abulxayr do‘stlarini Ulbozorlar tarafga boshlash niyatida.
– Qayoqqa?
– Ikkovlaring bir bo‘lib menga qorovullik qilasizlar. Bugun men ham birinchi kechamni o‘tkazaman.
– Esing joyidami o‘zi? – dedi Lapas. – O‘zi zo‘rg‘a oyoqda turipmiz. Tag‘in sharmanda bo‘lib o‘tirmaylik, tinchlik kerak.
– Bormaysanmi?
– Yo‘q…
– Bormasang sira borma. Alibek, sen yur. Jo‘rachilikka bir kecha qorovullik qilsang nima bo‘pti.
– Qo‘ysangchi, juda charchadik, uyga yetib uxlash kerak.
– Bormasanglar bormanglar, o‘zim ketaveraman, – dedi Abulxayr silkinib. Silkinganda gandiraklab ketdi.
– Yo‘q, senam bormaysan. Biz bilan ketasan, – dedi Lapas.
– Qo‘yvoringlar, – Abulxayr yana silkindi, ammo ikki do‘sti mahkam ushlab olgan ekan, o‘zini ajratib ololmadi. Bildiki, endi qo‘yishmaydi. Borishmasa borishmasin. Nima? Qo‘rqadimi? Necha martalab uchrashgan. Qorovul shart emas. Shu vaqtgacha biron marta qorovulning keragi bo‘lmagan, har gal postida turgani bilan. – Qo‘yvoringlar, mayli, bormayman. To‘yga qaytib kiraman. Otamni uyga olib ketaman.
– Ulbozorga bormaysanmi?
– Yo‘q.
Abulxayrni qo‘yib yuborishdi. Abulxayrga qayta-qayta tayinlab, ikki do‘sti uylariga ketishdi. Abulxayr ular uzoqlashgancha to‘yxonaga kirgan kishi bo‘lib, panalab turdi-da, keyin… Ulbozor uxlab qolgan ekan, derazani uch-to‘rt marta taqillatgandan keyin ochdi.
– Ha!?
– Ko‘shkovutdan kelin olib keldik. Shuning uchun kech qoldim, – deya Abulxayr derazaning raxiga chiqdi. Uyga kirish payti odat bo‘lib qolgani uchunmi yo mastlikda sezmadimi, ishqilib, tuflisini yechib, derazaning tagida qoldirdi-da, o‘zini ichkariga tashladi. Ulbozor Abulxayrning yo‘lini to‘smoqchi bo‘lgan edi, ikkovi ostinma-ustun bo‘lib, Ulbozorning ko‘rpa-to‘shagiga qulab tushishdi.
– Nima qilyapsiz? – yiqilganlarida pol dukillaganidan qo‘rqib ketdi qiz. – Otam bilib qolsa o‘ldiradi. Vo-oy, siz mastmisiz?
– Qo‘rqma! Otang bilmaydi. – Abulxayr nima deyayotganini o‘zi ham bilmas, qorong‘ida Ulbozorning lablarini axtarardi.
Qiz endi o‘ziga kelganday, cho‘chib tushdi. Zo‘r berib, yigitning quchog‘idan chiqishga urina boshladi:
– Qo‘ying, Abulxayr aka, qo‘ying! Bari bir yaxshi emas! Keting! Iltimos sizdan, Abulxayr aka, keting! Axir siz nima qilmoqchi bo‘lyapsiz, bilasizmi? Men qanday qilib bosh ko‘tarib yuraman?! Odamlarga qanday qarayman?!…
Qizning vahimaga to‘la shivirlashlarida bilinar-bilinmas erkalash ohanglari ham bo‘lib, buni Abulxayr sezar, shu tufayli harakatlariga shijoat qo‘shilib borardi. Ayni damda nima desa, qiz barcha istaklarini bajo keltirishini anglab, naqadar lazzatlanib ketdi: Ulbozor qo‘lida! Uni istagan kuyiga sola oladi. Ha-a, Abulxayr zo‘r! Qizlarni bu taxlit o‘ziga qaratish na Lapasning, va na Alibekning qo‘lidan kelmaydi, kerakk bo‘lsa. Hatto Toshtemirni ham yo‘lda qoldirib ketadi. Buning uchun iste’dod kerak! – Abulxayrning iste’dodi kerak!
– Odamlarga qarab nima qilasan? Menga qarasang bo‘ldi-da!
Ulbozor “hiq” etdi-byu, jimib qoldi. Hatto qarshilik ham ko‘rsatmay qo‘ydi. Bir ozdan so‘ng qandaydir ovoz chiqara boshladi. Yig‘layaptimi, kulyaptimi, Abulxayr avvaliga ajrata olmadi. Keyin yig‘layotganini bilib, shoshib qoldi. Endi Ulbozorning o‘zi uni mahkam quchoqlab, yig‘i aralash dedi:
– Abulxayr aka, ayting, bir nima bo‘lsa, meni tashlab ketmaysizmi? Ayting, siz meni sevasizmi o‘zi? A?! Tushunsangizchi?! Men sizni uyga kiritib oldim! Birov bilib qolsa, sharmanda bo‘laman!
– Hech kim bilmaydi, – dedi Abulxayr uni yupatmoqchi bo‘lib, ammo Ulbozorni yupatish uchun boshqa gapni aytish kerakligi anglab davom etdi: – Seni hech qachon tashlab qo‘ymayman. Seni yaxshi ko‘raman! Seni sevaman, Ulbozor! – Shu jumlani aytarkan, Abulxayr beixtiyor to‘lqinlanib ketdi va jumlani aytish barobari Ulbozorni sevishiga o‘zi ham ishona boshladi. – Men seni sevaman, Ulbozor! Seni olaman, ertagayoq uyda otamga aytaman. Meni Ulbozorga uylantirib qo‘ying, deyman.
Ulbozor o‘ksib-o‘ksib yig‘lar, “otamning yuziga oyoq qo‘yayapman”, derdiyu, xuddi qochib ketadiganday, Abulxayrni ham qo‘yib yubormasdi. Hiqillab: “Siz bari bir meni tashlab ketasiz”, der, bu gapini qayta-qayta takrorlardi.
Bog‘monni o‘g‘ilchasi tamshanib uyg‘otib yubordi. O‘g‘ilchasi hozir uch yoshda. Beshta qizdan keyin tilab olgani shu. Bu ham onasining sho‘riga kelgan ekan, ko‘zi yoridiyu, olamdan o‘tdi. O‘shandan beri Bog‘mon beva. Yoshi ellikka borib qoldi. Qizlari katta bo‘lib qolgan, har qalay shular kuniga yarab turipti. To‘ng‘ichi Ulbozor bo‘y yetib qoldi. Nonniyam o‘sha yopadi, kirniyam o‘sha yuvadi. O‘g‘il kutishgandi-da, qiz bo‘lib qoldi. Keyin, o‘g‘limiz ko‘p bo‘lsin, degan tilak bilan uning ismini Ulbozor qo‘yishdi. Omad kelmasa qiyin ekan, Ulbozorning orqasidan yana to‘rt qiz tug‘ildi.. Sovchilar eshigining turumini buzishyapti. Sovchi kelaversa, otaning ko‘ngli ko‘tarilaverarkan. Bog‘mon har safar xursand bo‘lib ketadi. Nimaga xursand bo‘ladi, o‘zyam bilmaydi. Faqat Ulbozor tushmagur, surishtirmay-netmay, hammasini rad qilyapti. Bog‘mon ham bir nima degani yo‘q. Mayli-da! Hali yosh, kim bilan yashashini o‘zi hal qilsin. Buning ustiga ikkinchi qiz ro‘zg‘or tashvishlarini o‘z gardaniga olgunga qadar Ulbozor uyda bo‘lib turganiyam ma’qul. Shoshib nimayam qiladi.
Bog‘mon bir-ikki joydan beva izladi. Ersiz xotinlar ko‘p, ammo erga tegadigani kam ekan. Tegadigani ham olti bolali boboyni rad qildi. E, Bog‘monga qiyin bo‘ldi! – Bog‘mon mehrga to‘lib, pishillab uxlayotgan o‘g‘liga termuldi. Yelkasi sal-pal ochilib qolgan ekan, yaxshilab yopdi. Kichkinagina go‘dak, onasining boshiga yetdi-ya! O‘ziyam ozmuncha qiyinchiliklarni ko‘rmayapti. Bitta odamni o‘ldirgandan keyin shu-da! Ona sutidan bebahra qoldi. Yanayam Ulbozorning boriga shukr! O‘sha qaradi. O‘sha katta qildi! Nasib etsa, hali bir zo‘r yigit bo‘lsin. Barlosda bugun to‘y. Ko‘shkovutdan kelin olib kelishgan Kim biladi, o‘g‘liga qayerdan kelin olib kelisharkan! – Bog‘mon orziqdi. Ishqilib, yaxshigina, gapga kiradigan kelin bo‘lsa-da… Bog‘monga o‘xshash bechoralarni oyoq osti qilib ketavermasa… Bir-ikki soatda tong otadi. Ozroq uxlash kerak. Bog‘mon o‘rniga cho‘zilmoqchi bo‘ldi, ammo uyqus qochgan edi, shuningdek, majburiyat yuzasidan tashqariga chiqishi kerak bo‘ldi.
Bahor havosi! U har qanday hissiz, befarq to‘nkani ham ko‘kartirib yuborishga qodir. Ayniqsa, erta tong payti. Bog‘monning ruhiga shodlik yugurib, ko‘chaga chiqdi. Ko‘kragini to‘ldirib-to‘ldirib havo simirdi. Ko‘ngli yayrab, ko‘cha bo‘ylab, ozroq yurdi. Keyin o‘girilib, o‘z uyiga qaradi. Oddiy qishloq uylaridan biri. Ana, ko‘cha tarafdagi derazasi. O‘sha xonani Ulbozor egallab olgan. O‘ninchiga o‘tganidan bu yog‘iga. Bog‘mon qarshilik ko‘rsatmadi. Kuniga yarab turgan farzandi shu bo‘lsa. Ra’yini qaytarib nimayam qildi. Bir o‘zi shu xonada yotadi. Bolang ulg‘ayaversa shu ekan, talablari ham ulg‘ayib borarkan. Bahslashish qiyinlasharkan. Oxiri, bilganingni qil, deb o‘z holiga qo‘yishga majbur bo‘larkansan. Bir yildanberi shu ahvol… Iy-e! Derazasi ochilib qoliptimi? O‘zi ochib yotdimikan yo esidan chiqdimikan? Tag‘in bahor havosidan simiraman, deb sovqotib qolmasin. Tez yopish kerak.
Bog‘mon derazani yopdi. Qaytib yuraman, degandi, nimagadir oyog‘i chalkashdi. Tosh bo‘lsa kerak, deb o‘yladi avvaliga, ammo u bir qadar mayin edi, toshga o‘xshamasdi. Tong otib borar, atrof yorug‘lashardi. Bog‘mon yerga qarab, bir poy tuflini ko‘rdi. Xotirjam, tepib yubordi. Shu ko‘yi ozroq turib qoldi. Sal-pal junjikayotganini sezib, hovliga o‘tmoqchi bo‘ldiyu, tuflining ikkinchi poyiga ko‘zi tushdi. Nimanidir anglaganday, segrak tortdi. Ikki poy tuflini ham qo‘liga oldi: bir kishiniki, tashlandiq emas. Kiyilayotgan buyum. Birontasi esidan chiqardimikan? Nega endi aynan shu yerda, Ulbozorning derazasi oldida esidan chiqaradi???!! Ulbozor??! Nahot??!…
Bog‘mon derazani ochib “Ulbozor, ho‘ Ulbozor!” deb chaqirdi. Xona qorong‘u, ichkari yaxshi ko‘rinmasdi. Ancha vaqtdan keyin qo‘rqinch va vahima aralash “ha” degan javob eshitildi. Shu zahoti yana kimdir tipirchiladi, keyin sakrab turgancha kiyina boshladi. Bog‘mon avvaliga tili kalimaga kelmay, qotgancha uning kiyinishiga qarab turdi. Keyin eshikka yo‘nalayotganini ko‘rib: “qochyapti-ku!”, degan fikrdan dahshatga tushib, qochayotganni ushlash maqsadida hovli aylanib, eshik tomonga yugurdi. Bog‘monning hovlisi – bir bechoraniki. To‘rt tomoni ochiq.. Eshikka chiqib olsa bo‘ldi, istagan tomoniga qochib keta oladi. Yigit eshikdan chiqib, tomorqa tarafga yuzlanganda Bog‘mon ortidan yetib bordi. “Bu qanaqa yigit? Kim? Kimning bolasi?” Hali bu savollarga javob izlamagan, izlashga ulgurmagandi. Muhimi, qizining oldiga niyati buzuq odam kirgan, uni ushlash, qo‘lga tushirish kerak edi. Teskari o‘girilgani tufayli Bog‘mon uning betini ko‘rmadi, kimligini aniqlay olmadi. Yetgancha, uning ko‘ylagidan tutdi. Yigit ko‘ylagini silkib tortdi, zarb kuchlilik qilib, ko‘ylakni mahkam tutgani uchun Bog‘mon yiqilib qoldi. Yigit chaqqon harakatlar bilan qo‘shni hovlidan o‘tib, narigi ko‘chaga chiqib qochdi… Bir pas gangib o‘tirib qolgan Bog‘mon nima fojia yuz berayotganini anglab, yana o‘rnidan turdi. Shoshgancha Ulbozorning xonasiga kirdi. Qizi hech narsa bo‘lmaganday, bemalol uxlab yotardi. Chini bilan uxlayaptimi, jo‘rttagami, bilib bo‘lmasdi. Har qalay shunchalar voqealar bo‘lyaptiyu, buning chini bilan uxlayotganiga ishonish mutlaqo mumkin emas edi.
Bog‘mon ko‘ngli bo‘sh odam edi. Shu tufayli uch yildan beri qaytadan uylana olmayotgan edi. Yo‘qsa, Barlosda xotini o‘lgan, boshqa sabab bilan xotinsiz qolgan Bog‘mon tengilar oti oyga yetmay yana uylanib olishyapti. Ularning bolalari ham Bog‘monnikidan kam emas. Faqat o‘zi kamsuqum. Aybi shu.
Yigitning silovidan Bog‘monning ko‘ksi hamon og‘rirdi. Boshi g‘uvillardi. Buning ustiga Ulbozor hkch narsadan bexabarday o‘zini bu ahvolga solishi-chi?! – Bog‘monning ichi alamdan, nochorlikdan o‘rtanib, to‘lib-toshib ketdi. Ko‘zlaridan yosh chiqib, ostonada o‘tirib qoldi. Ko‘nglidagi armonlar bir qadar to‘kilganday bo‘lgandan so‘ng o‘rnidan turdi. Yana Ulbozorga tikildi. U hamon go‘yo bamaylixotir uxlab yotardi. Bog‘mon g‘azablanib ketdi: He, onaginangni seni… Bu nima yotish?! Otasini o‘ynashiga urdirdi! O‘ynashiga urdirdi-ya, otasini! Bog‘monni! Qiz o‘stirib, yetmoqchi bo‘lgan niyati shumidi?! Bog‘mon hozir senga onaginangni ko‘rsatib qo‘yadi. Ko‘zginangga ko‘rsatib qo‘yadi! Qani, keyin Bog‘mon bir ko‘rsinchi! Bog‘mon bir tomosha qilsin-chi! Ho-o, oyimcha-e! Juda ersirab borayotgan ekan, aytmaydimi? Bog‘mon to‘ysiz, boshqasiz, qo‘lidan ushlatib, yetaklatib yubormaydimi? Bog‘monning o‘ziyoq yigitning uyiga olib borib tashlamaydimi Ulbozorni! O‘n sakkizga kirar-kirmas ko‘ngillari er tusab qolgan bo‘lsa! Buni qaranglar-a! To otasi biror tengini topgancha chiday olmayotgan ekan-da, aytmaydimi? Yaxshi, yaxshi! Bog‘monni juda xursand qildi. Bog‘monning boshi osmonga yetdi. Bog‘mon hozir shodlikdan o‘zini qo‘ygani joy topolmayapti. Halitdan bo‘lg‘usi kuyovning shiringina siltovini totdi. Ulbozorga yana nima kerak? Otasining og‘zi-burni qon bo‘lib qolganda yaxshiroq bo‘larmidi? O‘shanda ham xuddi shunaqa, ko‘zini yumib yotaverarmidi?! Undan ko‘ra, er-xotin bo‘lib olib, keyin Bog‘monni ikkovlashib, Barlosning o‘rtasiga sudrab olib chiqib, urganlarida yaxshiroq bo‘larmidi! O‘l bu kuningdan! Eshshak!! Axmoq! Hayvon!!! Endi Bog‘mon qanday bosh ko‘tarib yuradi?!
Bog‘mon shasht bilan Ulbozorning ustidagi ko‘rpasini yulib otdi. Ulbozor asta ko‘zini ochdi. Qovoqlarini ishqaladi, endi uyg‘onayotgan kishidek, hayron bo‘lib savolomuz otasiga tikildi. – Agar Bog‘mon hozir yaxshilab tikilganda qizining ko‘zlaridagi qo‘rquv alomatlarini payqagan, bir zumda uni ayblariga iqror qilgan bo‘lardi. Ammo Bog‘mon bunday qilolmadi. Butun umr birovning ko‘ziga tik qaramagan bir bechora notavon edi u. Hozir esa o‘z fojiasi bilan band edi. Oilasi boshiga tushgan bu falokat uni butkul gangitib qo‘ygan edi. – Qizining bezbetligidan Bog‘monning yana shashti tushdi, yig‘lagisi keldi, ammo zo‘rg‘a o‘zini to‘xtatib qoldi. Birdan o‘sha yigitni esladi. Kim o‘zi u? Tufli esiga kelib, shoshilgancha ko‘chaga chiqdi. Boyagi tuflilar o‘zi qoldirgan joyda yotardi. Bog‘mon ularga yopishdi. – Mana! Mana, Bog‘monni sharmandalikdan xalos qiladigan narsa! U yigit endi qochib qutula olmaydi. Majbur, Ulbozorga uylanishga majbur!
– Kimidi u?! – so‘radi Bog‘mon orqasidan chiqqan Ulbozordan.
Ulbozor hayron bo‘lgandek otasiga qaradi.
– Kim edi u, deb so‘rayapman men sendan??
– Hech kim! – terslandi Ulbozor sovuqqina.
– Unda bu tufli qayerdan keldi?
– Bilmasam.
Bog‘mon chiday olmadi. Shashti sinib, bo‘shashdi. Bu yigit qizini bir balo qilgan. O‘ziga qattiq bog‘lab olganga o‘xshaydi. Qanday bo‘lmasin, uni topish kerak. Hoziroq! Endi Ulbozor hech narsa aytmaydi. Urib o‘ldirsang ham gap ololmaysan. Rahmatli onasi shunaqa edi. Bunda onasining fe’li bor. Tez topmasa, u yigit qochib qolishi ham mumkin.
Keyin ota-onasi ham tan olmay qo‘yishi bor… Bog‘mon bunga yo‘l qo‘ya olmaydi. U yigitni topadi. Ulbozorning xonasiga kiriptimi, endi birato‘la uyiga olib ketsin. Uylansin. To‘y-po‘yi kerak emas. Bog‘mon Ulbozorni, butun oilasini isnodga qoldirib qo‘ymaydi. – Bog‘mon tuflini qo‘ltig‘iga qistirib, ko‘chaga yura boshlagandi, Ulbozor yo‘lini to‘sdi:
– Bormang, bormang uning oldiga! Kerak emas! U meni olaman degan. O‘zi keladi.
Bog‘mon yana g‘azablana boshladi. Qizining bu harakati hamma qilig‘idan oshib tushdi. Uylanish ko‘nglida bor yigit shunaqa qilib qochib yuradimi? Aqli-hushi joyidami o‘zi? Oradan bir-ikki kun o‘tsa, keyin u tan olmay qo‘yishi mumkin axir!
– Bormaydigan bo‘lsam,.. unda ayt: kim u?
Ayni damda Ulbozorda otasini tinglaydigan ahvol yo‘q. Maqsadi: qanday qilib bo‘lmasin, otasini ko‘chaga chiqishdan to‘xtatish, Abulxayrni gap-so‘zdan qutultirish edi. Chunki, Abulxayr shuni talab qildi: “Otang ko‘chaga chiqib, meni gap-so‘z qiladigan bo‘lsa, ikki dunyodayam keyin senga uylanmayman. Otangni tinchit!” “Keyin meni olasizmi axir?!” “Otangni tinchitsang…” U yohini aniq aytmadi. O‘ldimi, olsa kerak. Axir qanday qilib qiz bolani shu ahvolda tashlab ketishi mumkin?! O‘zi “seni sevaman!” dedi. “Bir umr birga bo‘lamiz!” dedi. Abulxayr yaxshi yigit! Abulxayr Ulbozorni sevadi. Otasi esa hech narsani tushunmasdan ishni buzmoqchi.
– Bormaysiz! Hech yoqqa bormaysiz! – Ulbozor otasining bo‘yniga osildi.
Bog‘mon battar achchiqlandi. Ulbozorni silkib o‘zidan ajratdi: “Kim u? Kim deb so‘rayapman men sendan??” – Bog‘mon shapaloqlab qo‘yib yubordi Ulbozorni. Keyin alam bilan yana yo‘lga chiqayotgandi, Ulbozor yana yo‘lini to‘sdi. Bog‘mon yana bo‘shashdi:
– Ayt qizim, jon qizim, kim u? – Bog‘monning iltijoli ko‘zlari yoshlandi.
– Bormaysiz! Abulxayrning oldiga bormaysiz! U menga uylanmoqchi. Otangni tinchitsang uylanaman, dedi.
Bog‘mon garangsib o‘tirib qoldi. Hali qizi Abulxayrga ilashib qoldimi. Olaman emish. Asli uning otasi yolg‘onchi-ku! O‘shaning gapiga ishonib yuriptimi. Ulbozor yana allanimalar der, ammo endi Bog‘monning qulog‘iga gap kirmasdi. Bog‘mon Abulxayrniyam, uning otasiniyam avvaldan yoqtirmas, ammo bo‘lar ish bo‘lgan, endi borib “qizimni olasan”, deyishdan boshqa chorasi qolmagandi. Otasining nega yer bilan bitta bo‘lib o‘tirib qolganini Ulbozor avval tushunmadi. Keyin Abulxayrni aytib qo‘yganini angladi: “Tamom! Avval tamom bo‘lmasayam endi tamom! Gapingda turmading, endi sendan kechdim, desaya Abulxayr. Deydi u! U shunaqa! Nahotki endi Abulxayrdan ajrab qoladi? – Ulbozorning tomog‘i “g‘ip” bo‘g‘ilib, yugurgancha uyga kirib ketdi.
O‘yga botib o‘tirib qolgan Bog‘mon ancha vaqtdan keyin o‘ziga kelib, javdiragancha atrofiga qaradi. Yonida yotgan tuflini oldi-da, gandiraklab, ko‘chaga chiqdi. Bitta-yarimta chaqqon kelinlar molini podaga haydab chiqayotgan sahar payti bo‘lib qolgan edi.
Abulxayr bildirmasdan uyiga kirdi. Dahlizdan eski tuflisini topib kiydi-da, Alibeklarnikiga jo‘nadi. Alibek: Cho‘lga boramiz, ishlaymiz. Ko‘p pul topamiz”, deb yurardi anchadan beri. Alibekni aul emas, aslida cho‘l romantikasi, yoshlarning cho‘ldagi shijoati qiziqtirardi. Endi cho‘lga ketaveradigan vaqt bo‘ldi shekilli. Faqat tezroq, Bog‘mon aka orqasidan yetib kelmasdan tezroq jo‘nash kerak cho‘lga. Alibekning o‘zi uyida alohida xonada yotishini yaxshi bilardi. Doim kirib-chiqib yurgani, aksariyat qalin do‘stlar bir-birinikida yotib ham yurardilar. Shu tufayli Abulxayr hech bir ikkilanishsiz to‘g‘ri u yotgan xonaga kirib bordi. Alibek uxlayotgan ekan, silkib-silkib uyg‘otdi.
– Ha? Tinchlikmi? – so‘radi Alibek ko‘zlarini ishqalab.
– Ketdik. Cho‘lga!
– Tush-push ko‘rmadingmi? Cho‘lga shu vaqti shunaqa tarzda ketadimi?
Abulxayrning qattiq achchig‘i chiqdi. Hozir adi-badi aytishib o‘tirishga toqati ham, vaqti ham yo‘q edi. Qanday bo‘lmasin, sir oshkor bo‘lgunga qadar qishloqdan chiqib ketish kerak, ko‘zdan yo‘qolish kerak. Keyin… nima bo‘lsa bo‘lar. Anig‘i shu ediki, Abulxayr ayb ish qilgandi. Qo‘lga tushsa jazolanardi. Abulxayr shu jazodan qochib ketayotgandi. Bu jazo Bog‘mon akaning kaltagimi yoki qamoqmi, buning ahamiyati yo‘q. Qo‘lga tushmasa bo‘ldi.
– Ketasanmi, yo‘qmi??!
– Shoshmay tur, tong otsin, nonushta qilaylik. Otamdan ruxsat so‘raylik. Buncha shosh…
– Yursang hozir yur, men ketyapman.
Alibek kulib yubordi, uni hazillashyapti deb o‘yladi. “Unda men senga oq yo‘l tilayman”, degancha chappa o‘girilib, ko‘rpasiga o‘ranib oldi.
– Bormaysanmi?
– Yo‘q..
– Odam emas ekansan!
Abulxayr ko‘chaga qaytib chiqdi-da, katta yo‘lga ravona bo‘ldi. O‘sha yerdan to‘g‘ri kelgan avtobusmi, mashinami o‘tiradi-da, Samarqandga yetib oladi. Undan to‘g‘ri cho‘lga o‘tadi. Yo‘l bo‘ylab, kecha yor-yor aytganlari esiga tushdi. Go‘yo do‘stlari birlashib:
Abulxayr qochmoqda,
Yor-yor, yoron-ey!
deb bayt aytishayotganday. Do‘stlarining ichida Toshtemir ham borday. U hammaga Abulxayrning qochayotganini ko‘rsatib, qotib-qotib kulayotganday.