Ismatga alam qildi. Judayam alam qildi. Axir unga qo‘l ko‘tarishdi. Yana kimlar? Qandaydir go‘daklar! Shefiga aytsa-ku, hammasining dab-dalasini chiqaradi. Kim bo‘lipti bular Toshtemir shef qoshida?! Kerak bo‘lsa, har birini bir-bir chinchalog‘i bilan uchirib yuboradi. O‘shalarning betiga aytdi: “Bittang qimirlamay tur, hozir Toshtemir shefni olib kelaman”. Toshtemir nomini eshitgandan so‘ng barining ichi o‘tib ketdi, ammo sir bergisi kelmay, “bo‘pti, kutamiz”, deb qolishdi. Shunaqa kutsinki, kutganlariga ming pushaymon yesin,ikkinchi kutmaydigan,Toshtemir nomini eshitgandan shataloq otib qochadigan bo‘lsin.
Asli voqea bunday bo‘ldi.
Ismatni student do‘stlaridan biri – Vohid – Toshtemir shef bilan tanishtirmoqchi edi. Ismat quvonib ketdi. Axir juda zo‘r imkoniyat-da bu! Ko‘cha-ko‘yda seni uradigan bo‘lishsa, (bilib bo‘ladimi, shahar joy, har xil odam uchraydi), himoya qiladigan tayanching borligini his qilib yashash – kishiga ruh bag‘ishlaydi. Ko‘chalarda uncha-muncha bolani pisand qilmaysan, ko‘kragingni kerib yurasan. Chiroyli qizlarga gap otasan. Atrofingdagilarga nisbatan zo‘rroq ekaningni his etib yashash – rohat! Senga duch kelganda aksariyat bolalar cho‘chib turishadi, ayrimlari laganbardorlik bilan atrofingda aylanib, o‘rgulishini mensimaslik bilan kuzatasan. Studentlar shaharchasida ko‘chani to‘ldirib yur. Atrofingda o‘tgan-ketganning bari senga salom beryapti. Xohlasang alik ol, xohlamasang alik olma. Xohlasang, salomiga javoban o‘qrayib qara, xuddi qarzi borday. O‘z yo‘lingda duch kelganni bosib-yanchib o‘taver. Birinchi kurs studenti bo‘lsa, yoki basharasidan sendan cho‘chiyotgani ayon bo‘lib qolsa, masxara qil:
– Xo‘sh, – deydi vishillab, anavining ko‘ngliga g‘ulg‘ula solish uchun, – nima qilib yuribsan bu yerda?
– Men… men…me-en… o‘z-o‘z-zim, – deydi qaltanglab.
– Sen, sen… o‘z-zing? Nima sen o‘zing? – deydi-yu, Ismat uni yoqasining bir chetidan tutib, o‘ziga tortadi. Student pirillab oyog‘i tagiga keladi. – Meni taniyapsanmi? – deydi Ismat ko‘zlarini lo‘q qilib.
– Ha, siz Ismat akasiz!
– Ismat akaman? Yaxshilab qara, balki adashayotgandirsan? A, qara-chi!
Anavi qarolmaydi. Qo‘rqadi, yerga tikiladi. Ko‘zingni battar lo‘q qilasan, ovozingga ovoz, kuchingga kuch qo‘shilib ketadi bunaqa lahzalarda. Bir urib yerga kirgizib yuborging keladi bunaqalarni, lekin so‘nggi daqiqada rahm qilasan. Qo‘y Ismat, deysan o‘zingga o‘zing, yashasin shular ham sening davringda. Ishshayib, anavining iyagidan tutib, boshini ko‘tarasan.
– Men kim ekanman? – so‘raysan qaytalab.
– Ismat akasiz.
– Ismat akami? Balki Ismat shefdir?
– Ha, ha, Ismat shefsiz Ismat aka!
“Ismat shef!” Jaranglaydi-ya!
– Ke, ikkimiz jo‘ra bo‘lamiz, – deydi Ismat kulimsirab.
Studentcha kutilmagan baxtdan garangsib qoladi. Ismatning yonidagi jalpataklardan biri anavining qulog‘iga shipshitadi: “Jo‘rachilikni yuvish kerak, Ismat shef xursand bo‘ladi!”. U hushyor tortadi, yugurib do‘konga borib keladi. Keyin birgalashib, yangi do‘stlikni mustahkamlash niyatida qadah ko‘tarishadi. Anavi beradiganini berib, tezroq qutulish uchun tipirchilaydi. Ismat esa ataylab uni yoniga o‘tirg‘izib oladi. Keyin esa “endi mening navbatim” deb shunchaki yo‘liga kissasidan pul chiqaradi-da: “kim do‘konga borib keladi?”, deydi. Tabiiyki, o‘zi ham, jalpataklari ham anavining o‘zi tushunib, o‘rnidan turishini kutishadi. Turmasa, biri yana qulog‘iga kerakli gapni shipshiydi. Yangi do‘stlikdan ham cho‘chib, ham xursand bo‘lib o‘tirgan studentcha sapchib o‘rnidan turgancha, Ismat shefning qo‘lidan pulni olmoqchi bo‘ladi. Ammo jalpataklardan biri unga pulni oldirmaydi. U yana o‘z puliga aroq olib keladi. Borgancha, qaytib kelgancha haftalik puli ko‘kka sovurilayotganidan ichi eziladi, ammo boshqa iloji yo‘q. Ismat shefning rayini qaytarish mumkin emas.
Ikkinchi shishani bo‘shatishgandan so‘ng studentcha uncha-muncha boshi qizib, taltaya boshlashi mumkin. Deylik, . Ismat shefning o‘zigamas, shunda ayrm gaplari jalpataklardan biriga yoqmay qoladi-da, “sen o‘zi nima deyapsan”, deya anavini bir-ikki tuyib oladi. Ismat shef, – albatta sal keyin, – yangi do‘stni ajratib oladi. Ikkovini yarashtiradi. Keyin yarashganlarini yuvishadi. Og‘irlik yana…
– Pulim qolmadi, – deydi anavi yig‘lamsirab.
– Yigitmisan o‘zi? – deydi Ismat shef.
Studentcha bolalardan qarz oladimi, o‘g‘irlik qiladimi, pul topib aroqni keltirib o‘rtaga qo‘yadi.
– Mana bu yigitning ishi, – deydi Ismat xursand bo‘lib. – Endi bemalol yuraver. Kim bir nima deydigan bo‘lsa, men Ismat shefning ukasiman, de.
– Yaxshi, – deydi yigitcha, – endi menga ruxsat, ertaga seminarim bor, tayyorlanishim kerak.
– Seminar bizdayam bor, o‘tiripmiz-ku, – deydi biri.
– O‘tirishimiz senga yoqmayaptimi? – deydi ikkinchisi xezlangannamo.
– Qo‘yinglar, mayli borsin, o‘qishiga tayorlansin, – deya ruxsat beradi Ismat shef. Keyin xayol suradi: “Bu bola hozir seminar yozadi. Seminar! Seminarlarga hadeb qatnayverish shart emas. Imtihon kuni “men ham shu guruhda o‘qiyman”, deb domlaning oldiga kirib borsa, kursboshi qo‘llab yuboradi: “Ha, Ismatboy ozroq kasal bo‘lib qolgani tufayli seminarlarga yaxshi qatnasholmagan, ammo imtihonga yaxshi tayyorlandi, o‘zi yaxshi bola”, (Maqtov uchun keyin yarimta naqd.), deya qo‘lab yuborsa, bilet savoliga javob bera oladimi, yo‘qmi, baho bor. Yigitning bahosi “uch”. Ko‘pincha biletdagi savolga javob yozayotgan bo‘lib (aslida javobni mutlaqo bilmaydi), oppoq qog‘ozga domlaning suratini chizib o‘tirganda (albatta, agar rassomchilik qo‘lidan kelsa), partaning ustiga shpargalka kelib qoladi. (Guruhda xalq g‘amxo‘rlari ko‘p). Gap endi tayyor narsani ifodali o‘qib berishda. Buni amallasang, domla imtihonga yaxshi tayyorlanganingga ishonadi va senga yigitning bahosini hadya qiladi. Bo‘ldi! Ismatga bundan ortig‘i kerak emas. Bu bola esa seminar deb yuripti”.
Xullas, Toshtemir shef bilan tanishishdan Ismat juda manfaatdor edi. Shu maqsadda o‘sha student do‘sti, g‘amqishlog‘i Vohidlarning yotoqxonasiga borayotib, bir to‘da yigitlarga duch keldi. Bittta-yarimtasi turtib-purtib yubormasin deb (bilib bo‘ladimi!?), chetlab o‘tayotgandi , to‘da ichidan kimdir uni chaqirdi. Yuragi shuvillab (axir to‘xtatib, urishlari, bor pulini shilib olishlari mumkin-ku), o‘girildi. Baxtiga Vohid shu to‘dada ekan. O‘rtada Toshtemir shef! O‘sha, mashhur barloslik Toshtemir shef! Ismat Vohidni ko‘rib bo‘shashdi, o‘ziga keldi. (Bir necha lahza ichida terlab-pishib ketipti. Qo‘rqqanidan! Jonini olarmidi? Buncha qo‘rqdi!?) Ismat yigitlar bilan birma-bir ko‘rishib chiqdi. Toshtemir shefga duch kelganda yuziga baxtiyorlik alomatlarini yoydi, bir qadar egildi ham. Birgalashib oshxonaga borishdi. Ovqatlanishdi. Ichishdi. “Do‘stim Vohidning sharofati bilan haqiqiy o‘g‘il bolalar bilan tanishganimdan g‘oyatda xursandman! O‘tirish xarajati mendan”, dedi u qadah so‘zi aytib. Ismatga pul gap emas. Ismatning onasini Banot deydilar, uni Barlosda hamma taniydi. O‘g‘lim o‘qishda, qiynalmasin, deb hamisha kissalarini to‘ldirib jo‘natadi. Xullas, Ismatday dilkash, qo‘li ochiq yigitdan yangi do‘stlar rozi bo‘lishdi. Toshtemir shef uni maqtadi. Toshtemir shefning sigareti tamom bo‘lgan ekan, o‘tirganlarning birontasidan topilmadi. Shunda Ismat, go‘yo bunaqa ishlar odat tusiga kirib qolganday, pul uning uchun oddiy qog‘ozday, o‘rtaga uch so‘mni bepisand otib tashladi. Yonida o‘tirgan ko‘rimsizroq bolaga yarim buyruq, yarim iltimos ohangida (to‘liq buyruq beraverishga hali erta): “Iltimos, shu pulning hammasiga bufetdan “Opal” keltiring”, dedi. Keyin uch so‘mga kelgan olti quti “Opal”ni yangi do‘stlarning oldiga otib tashladi: “Istagancha chekaveringlar”.
Umuman, tanishuv ko‘ngildagiday o‘tdi. Oshxonadan chiqishgandan so‘ng yigitlar Ismat bilan uzoq xayrlashishdi. Toshtemir shef uning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Yotog‘iga qaytayotgan Ismatning kayfiyati mutlaqo boshqacha edi. Endi u Toshtemir shefning panohida edi. Toshtemir shefni axir Samarqanddagi barcha studentlar tan oladi, hazilmi!? Ehhe!! O‘tgan-ketganga past nazar bilan, bepisand qarar, go‘yo bularning istalganini sal turtsa, uchib ketadiganday tuyulardi. Yo‘lida uchta qiz duch keldi. Ismatning sho‘xligi tutib, uchovining o‘rtasidan yurdi. Qizlar nochor ajralishga majbur bo‘lishdi. Shunda Ismat yonidan o‘tayotgan qizning ko‘kragiga qo‘l cho‘zdi. U qizlarning chinqirib qochishini, qo‘rqishlarini kutgandi. Aksincha, yuziga qattiq shapaloq urildi.
– He, o‘l, bezori! – dedi qiz, keyin bamaylixotir dugonalariga qo‘shilib ketaverdi.
Ismat o‘sal bo‘lib qolaverdi. Bir pasdan so‘ng jig‘ibiyron bo‘ldi. Toshtemir shefning jo‘rasini qandaydir bir xashaki qiz tarsakilab ketsa-ya! Adolatdanmi shu? Qani haqiqat? Hech bo‘lmasa o‘atib so‘kolmadiyam! Ismatning alami tobora kuchayib borardi. Shu alam girdobida “qora park”ka kirdi. Xilvatroq tomonga o‘tdi. Bu yoqlarda oshiq-ma’shuqlar ko‘proq o‘tiradi. Boyagi qizlar balki shu yerga kelishgandir? Ismat eng chetdagi, quyuq daraxtlar panasida o‘tirgan juftni tanladi. O‘zi, yigiti ham pachoqqina ekan. Bir do‘q bilan haydab yuborish mumkin. Ismat yigitni imlab yoniga chaqirdi. Har qalay Ismat mard! Bolani qizning oldida isnodga qoldirishni istamadi.
– Nima deysan? – deya u bola yaqin keldi.
– Jo‘ra, qizing menga yoqib qoldi, – dedi Ismat dabdurustdan, bolaning yelkasiga akalarcha qo‘l qo‘yarkan. – Qizingni ikki soatga menga qoldir. Ikki soatdan keyin qaytarib beraman. Gap bor.
– Hazillashmayapsanmi? – so‘radi yigit, Ismatning bo‘y-bastiga o‘zini chog‘lab.
– Yaxshilikcha ket deyapman! Yomon xafa qilaman lekin!
– Jo‘ra, mast ekansan, uyingga bor, damingni ol, – degancha pachoq yigit bamaylixotir qizining oldiga jo‘nadi.
Yigit uzoqlashgandan so‘nggina Ismatning g‘azabi qo‘zidi: “Kim bilan o‘ynashyapti bu tirmizak?” Ismat mushtlarini tugib, haligi yigitning orqasidan ikki qadam qo‘ygan ham ediki, kimdir yelkasidan tutdi. O‘girilib, qo‘ltiqlashib turgan yana bir juftni ko‘rdi. Yigit osoyishta, qiz hazarbilan tikilishib turardi.
– Do‘stim, ko‘p ichibsiz, – dedi u mehribonlik bilan. – Yo‘lingizda tinchgina keting, o‘zingizga yaxshi bo‘ladi.
– E, sen aralashma! – Ismat zarda bilan birinchi juftlik tomon intildi.
– To‘xtang, esingiz joyidami? – dedi ikkinchi yigit uni tutib qolib. – Yigitmisiz o‘zi? Qiz bola bilan yurib qo‘rganmisiz?
Toshtemir shefning jo‘rasi o‘ziga nisbatan bunaqa bepisand muomalaga chidamasligi tayin edi. Ismat musht ko‘tardi, ammo yigit chap berdi. Ismatning mushti havoni kesib o‘tdi-da, o‘z zarbidan o‘zi gandiraklab ketdi.
– Iye, bokschisiz shekilli! – yigit qizini qo‘yib yubordi. – Qani yana bir urinib ko‘ring-chi!
Ismat yana mushtini havolatdi va shu ko‘yi javob zarbadan o‘zi gursillab yerga yiqildi. Ismat yana turib, urish niyatida yugurdi. Yigit qochdi. Yo‘l-yo‘lakay, Ismat nimagadir qoqilib, yuztuban uchib tushdi.
– Do‘stim, bo‘ldimi endi? Ketasizmi? – deya so‘radi haligi yigit hamon xushmuomala bilan. Hatto uni turg‘izishib, kiyimlarini qoqishib ham qo‘ydi.
Shunda Ismat: “Bittang qimirlamay tur, hozir Toshtemir shefni olib kelaman, Razbor qilamiz”, dedi. Baxtiga Toshtemir shef bosh o‘sha yigitlar o‘z yotoqxonalari oldida tarqalmay turishgan ekan.
– Mening nomimni eshitsa ham kutib turishiptimi? – so‘radi Toshtemir shef. – Qani, ko‘raylik, yuringlar-chi! Samarqandda shunaqa bolalar ham bor ekan-da, a?
Yotoqxonadan “qora park”kacha uch minutlik yo‘l. Bir zumda yetib borishdi. Toshtemir ikki juftni ko‘rib hayron bo‘lib qoldi, chunki uning sevishganlar tinchini buzadigan odati yo‘q edi. Bu yigitchilikka to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblardi. Toshtemir nimanidir anglaganday, Ismatga gumonsirab qaradi, ammo Toshtemir shefni qo‘rqmay kutadiganlar bilan gaplashish istagi juda kuchli edi. Yaqin borib ularning birini tanidi: kurash tushib yuradigan tirmizaklardan biri. Yaqinda allaqayerga borib, chempion bo‘lib keldi, shekilli. Ammo…
– Toshtemir aka, – dedi kurashchi yigit xotirjam, – sizning fe’lingizni yaxshi bilganim uchun ham ketmay, sizni kutdim, – deya bo‘lgan voqeani aytib berdi. – Shu gapdan keyin ham nohaqsan, desangiz, roziman, turib beraman, istagancha uravering. Ishonmasangiz, ana, o‘zidan so‘rang.
Toshtemir jim turar, shu sababli atrofidagilar ham janjalni boshlashga jur’at etmasdi.
– Buning gaplari to‘g‘rimi?
Ismat hali yolg‘on to‘qib ulgurmagandi. Tahdidli nigohlardan yuragi orqasiga tortib, tisarildi…
(Bundan keyini nima bo‘lganini aytish niyatim yo‘q).