Abduqayum Yo‘ldosh. Ota o‘g‘il (hikoya)

Sochini oy sayin ustarada taqir oldiradigan, hissiz sarg‘imtil ko‘zlari odamga ishtonini ho‘llab qo‘ygan boladek boqadigan, yoz-qish yorilib yuradigan, quruqshab ketaveradigan lablarini dam-badam yalab olaverishday o‘xshovsiz odati bor, shu kunga dovur faqir kishi panada qabilida bir chetda, bor-yo‘qligini bildirmasdangina yuradigan, tengdoshlari orasida na aqli va na jasurligi bilan ajralib turadigan o‘n-o‘n bir yoshlardagi Qobiljon ismli bolakay dim yoz oqshomlarining birida o‘ninchi sinfni bitirgan O‘g‘iloy opasi bilan kinoga borib keldi-yu, ertasi kuni to‘satdan, o‘zi ham kutmagan holda, bir yumalab qahramonga aylandi-qoldi.

Hammasi nonushta mahali boshlandi. Tom yonboshidagi kunchuvoqqa solingan joyda o‘tirgan erkaklar O‘g‘iloy hozirgina tandirdan uzib keltirgan qaynoq nonlarni kosadagi sariyoqqa bulab, gap-so‘zsiz tushirmoqda edilar. «Hormanglarov», – dedi ko‘chadan o‘tib borayotgan Pirimqul naynov devordan bo‘ylab. Andakkina qurumsoqligi bois orqavoratdan «qattiq» laqabini olgan Jobir ota xushlamaygina bosh irg‘adi, so‘ng, og‘zi to‘la non, gapirishning evini qilolmay o‘lganining kunidan dasturxonni ko‘rsatib «keling» ishorasini qildi. Naynov ham ortiqcha mulozamatni kutib o‘tirmasdan eshikni ochib kirib kelaverdi.

Mezbonlarning qo‘l chayishga suv tutmaganini sezmaganga olgan mehmon sal egilinqiragancha hamma bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishib chiqdi, hol-ahvol so‘rashindi, ayniqsa, otaning qo‘lini alohida bir ehtirom bilan yumshoq kaftlari orasida uzoq ushlab turdi, shoshilmasdan to‘rga o‘tdi; otaning fotiha o‘qishini sabr bilan bosh egib kutib o‘tirdi, barmoqlarini xokisorlik ila yuziga siypadi, so‘ng dasturxon atrofidagi katta-kichik barisidan qaytadan hol-ahvol – bu safar batafsilroq – so‘rab chiqdi, negadir Qobilga ko‘z qisib: «Malades, ota o‘g‘il!» – deb qo‘ydi va aloha til uchida aytilgan «oling-oling»larga javoban: «O‘zlaringizam olib o‘tiringizlar», – dedi-da, nonga bahuzur qo‘l uzatdi.

Albatta, bu tashrifdan Jobir otaning boshi osmonga yetdi deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, chaqirilmagan qo‘noqning shapaloqday-shapaloqday non bo‘laklarini olib, sariyoqqa hafsala bilan bulab-bulab olayotganini ko‘rganida ichidan qirindi o‘tib, ishtahasi g‘ippa bo‘g‘ildi. «Tezroq bo‘ling­lar-e, – bolalariga g‘udrandi ota «qizim, senga aytaman» qabilida. – Ishga kech qolaslar».

Padarlarining nash’asi uchganini ilg‘agan bolalar qo‘llarini dasturxon chetiga arta boshlashdi, bir-ikkitasi orqaroqqa surilishdi. Pirimqul naynov xo‘rillatib choy icharkan, nosvoy chekkan odamday bir nima deb g‘o‘ldiradi.

– A? – dedi ensasi qotib Jobir ota.

Naynov shosha-pisha ikki-uch bor yutindi.

– Jobir ota deyman, shu kichkintoyingiz, Qobilingizni aytaman, yomon zo‘r bola bo‘pti-da, a?

Ota mehmonga shubhalanibroq tikildi. Umuman, Jobir ota farzandlari haqida maqtov eshitsa bas, moydek erib ketaverar, ba’zi qitmirlar u kishining shu ojizligidan unda-bunda, xususan, ota boqqa qorovullik qilgan kezlari foydalanib qolishgani ma’lum edi. Ammo birdan sodda, bo‘sh-bayov, bechora odamga aylanib qolgan naynov ko‘zlarini ma’sumona pirpiratgancha tik qarab turaverdi.

– Xo‘sh? – ota yonboshlab yotgan joyida yig‘ib olgan oyoqlarini qaytadan yozib yubordi.

– Kecha ko‘rib hayronlar qolibman! – hayajon bilan bosh­ladi naynov. – Bola degani ham shunday ziyrak, shunday mehribon bo‘lama? Mushtday boshidan shunday bo‘gan bola, bilmadim, erta-bir kun kattarsa qanday odam bo‘p ketadi! – Mezbonning oyoqlarini yig‘ib olayotganini ko‘rgan naynov izoh berishga oshiqdi: – Kecha qulubga boribidim. «Zita-Gita» bo‘layaptiykan. Qarasa-am, qulub to‘la bola, lekin birovining birovi bilan sapsim ishi yo‘q. Qarasam, mendan ekki qator oldinda shu Qobilingiz o‘tiripti. Lekin bolangiz malades, opachasining oldiga bo‘tan birovni yaqinlashtirmadi. Bir-ikkita uchilishening xuligan bollari kelib tirg‘ala beribidi, ularniyam tirqiratib quvib soldi. Men barini orqadan ko‘rib o‘tiribidim. Oldimdagi odamlaram: «Bu bola zo‘r bola ekan, kimning bolasi o‘zi?» – deb so‘radi. Men: «Bizding ko‘chamizdagi Jobir otaning kichkintoyi», – dedim. Barisi: «Otasiga rahmat, baraka topsin», – deb alqadi.

Jobir ota ortiq yonboshlayolmay qoldi, turib o‘tirdi. Quvonib ketganini sezdirmaslikka urinib kaftiga yo‘talib qo‘yarkan, to‘ng‘ich o‘g‘liga buyurdi:

– Choyni yangilab kel. Ayt, achchiqroq qilib damlasin.

Naynov davom etdi. Gap endi Qobilning odobiga, ko‘rgan joyida salomini kanda qilmasligiga yetganida to‘ng‘ich o‘g‘il choy ko‘tarib keldi va «mayiz-payiz» ham ola kelmagani uchun otasidan dakki eshitdi.

Huzurlanishdan peshonasiyu burniga ter tepchigan Qobilboyning fazilatlari shu bilan tugaganday edi. Ammo naynovning baxtiga Jobir ota uyiga kirib borayotgan hamsoyasi Akmalni choyga taklif qilib qoldi-yu – oqsoqol hamsoyasiniyam bu gaplardan bahramand etgisi kelgandir – gapni boshqatdan boshlashga imkon tug‘ildi.

– Akmaljon, – dedi tashabbusni qo‘lga olgan naynov non ushatarkan, – men hozirgina Jobir akamning kichkintoyi haqida gapirayotuvdim-da.

– Xo‘sh-xo‘sh? – qiziqsingan bo‘ldi Akmal non bo‘laklarini o‘ziga yaqinroq surib qo‘yarkan.

– Shu desangiz, kecha «Zita-Gita»ga boribidim. Qulub to‘la odam. Qarasa-am…

Akmalning ham gartakkina quvligi bor edi, shu bois u tinmay kavshanib turish asnosida go‘yoki soddadillarcha «Buni qarang-a… Obbo, azamat-ey… Bizding bollar bunday emas… Ota o‘g‘il-da, ota o‘g‘il!..» qabilidagi jumlalar bilan gurung oloviga moy sepib turishni o‘xshatdi.

Jobir ota tandirdan yangi uzilgan qaynoq non ustiga qo‘yilgan sariyog‘day eri-ib ketdi.

Dasturxonga ketma-ket mayiz, asal, qaymoq, shirinlik­lar… tortildi.

«Tekindan kafan bo‘lsa, o‘lmoq kerak», – deb hazillashib yuradigan naynov gapdan ham bo‘shamadi, tanovuldan ham; Akmal ham ustozidan qolishmadi.

Jobir ota ko‘chadan o‘tib borayotgan biron kishini «hoy-hoy»lab davraga chaqirib qolsa bas, gurung yana avvalidan boshlanardi.

Ko‘zlari yangi mis chaqaday yaltirayotgan, lab-lunjini yig‘ishtirib ololmay qolgan mezbon mehmonlarning ko‘z oldida Qobilga qarab: «Opangga ayt, go‘sht ossin», – deb yubordi… Qo‘noqlar bir guvillab olishdi…

Boshlandi…

Pirimqul naynov, Akmal singari uch-to‘rt kishi qayerda bo‘lmasin, birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq Qobilni maqtashgani-maqtashgan, unga sayin Jobir ota o‘g‘liga pishang bergani-bergan edi.

Endi Qobil bamisoli O‘g‘iloyning soyasiga aylandi; badrafxonaga birga borishmasdi, xolos. Dalada, paxta chopiqda opa-uka yonma-yon qatorlarga tushardilar, tushlikni birga qilardilar, ishdan qaytayotib bo‘limning mashinasida yonma-yon o‘tirardilar, ko‘cha boshidan uygacha bo‘lgan masofani ham birga bosib o‘tardilar. Haftada bir keladigan hind kinosiga ham birga borib, birga qaytardilar.

Qobil opasini fidoyilarcha qo‘riqlardi. Uning quloq­lari hamisha ding bo‘lar, ko‘zlari hamisha «dushman» qidirardi. Bu ding quloqlar yana bir narsani – o‘zi haqidagi barcha maqtovlarni lokatorday sezgirlik bilan tutib olardi, bu olazarak ko‘zlar yana bir narsani – o‘ziga go‘yoki qoyil qolib boqayotgan nigohlarni bitta qoldirmay ilg‘ab olardi.

Qobilning jonsarak harakatlari yana bir narsaga – qaydaki o‘zi yoqtirib qolgan uch-to‘rt hamsoyalaridan birontasini ko‘rib qolsayam chopqillab bora sola: «Assalomu alaykum», – deya salom berishga, go‘yoki bilmagan kishi bo‘lib qayta-qayta o‘sha kishilarning oldilaridan chiqib qolaverishga, shu yo‘l bilan ko‘proq maqtov eshitishga, ko‘proq rohatlanishga qaratilgan edi.

Uyga qo‘noqlar yig‘ilishgan mahallari ham Qobil dam sayin dasturxon yonida paydo bo‘lib qolaverar, otasi yoki davrada o‘tirganlardan birontasi o‘zi haqidagi maqtovli gap boshlab qolishini entikib-zoriqib kutar, holvaday shirin gaplarni sog‘inib hammaga bir-bir mo‘ltirab qarar, nihoyat, maqsadiga yetganda yoqimli hayajondan qaltirab ketardi…

Ota o‘g‘il poraga sotilmaydiganlardan bo‘lib chiqdi – bilim yurti o‘quvchilari, qishloq yigitlari tutgan shirinliklar, sigaretalar, meva-chevalar, futbol to‘plari… bari-barisi qat’iyat bilan rad etilardi. Xushomad so‘zlari-ku qumga tushgan suvday samarasiz edi – bunday paytlari Qobil kar-soqovday bez bo‘lib turaverardi.

Birini opasining oldida changitib so‘kdi, boshqasining derazasiga tosh otib qochdi, yana birini ota-onasiga chaqib berdi, boshqa birovining yumshoq joyiga bigiz tiqib oldi… Xullas, ota o‘g‘ilning yakka o‘zi opasining muxlislarini to‘zg‘itib yuborishga muvaffaq bo‘ldi.

Lekin qo‘shni qishloqda Ermamat shopir degan bir Xudoning balosi bor ekan, uncha-buncha o‘r yonboshini birovlarga bermaydiganlardan ekan. Shu yigit Qobilvoyni ko‘p ovora qildi-da. Quyuq mo‘ylovli, qarchig‘ayday bu yigit yangi «KamAZ»ida Qobillarning ko‘chasida huda-behudaga u yoqdan-bu yoqqa o‘tgani-o‘tgan edi. Ota o‘g‘il yo‘lga mix qoqilgan taxta tashlab necha marta uning mashinasi balonini yordi, necha marta tosh otib peshoynasini sindirdi, Ermamat bo‘lsa oppoq tishlarini yarqiratib kulib qo‘ya qolar, ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolganida esa bo‘ralatib so‘kishlari, jon-jahdi bilan urib-tepishlariga qaramay qiyqirib kulgancha Qobilni mahkam quchoqlab olib aylantirar, shu orada bir chetda labini qimtib, yerdan ko‘z uzmay turgan O‘g‘iloyga bir-ikki og‘iz gap otishgayam ulgurardi.

Ko‘rganlar bor: xuddi mana shu bir qop yong‘oq Ermamat bir gal yuziga shapir-shupir shapaloq tushirayotgan Qobilni azot ko‘targancha mashinasida o‘tirgan o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi ikki qizchani ko‘rsatadi-da, deydi: «Qobilboy jo‘ra, odam bor joyga odam keladi, odam bilan odam tanishadi, bizning jiyanlaram ovulingizga mehmon bo‘lib kepti, borib ko‘rishsangiz bo‘lmaydima?» Sho‘rlik yigit shu so‘zlarni aytarkan, odatdagiday bir chetda jimgina turgan, biroq duv qizarib ketgan, o‘ziga kishi bilmas o‘g‘rincha nazar solgan O‘g‘iloyga ko‘z qisib qo‘yadi. Shunda… shunda «hujum»larni qaytaraverib tili behad zaharlashib qolgan Qobil bolakayimiz chinqiradi: «Oxiri singillaring­ni o‘rtaga soldingmi, k…» Rangi quv o‘chib ketgan O‘g‘iloy ortiga o‘girila sola zipillab uyiga jo‘nab qoladi. Ermamatning bo‘shashib ketgan qo‘llaridan sirg‘alib tushgan Qobil ham opasining ortidan yugurarkan, yigitni changitib so‘kishni qo‘ymaydi.

Ammo bu hali asosiysi emas, asosiysi keyinroq sodir bo‘ldi.

Oradan bir haftacha vaqt o‘tgan edi…

Xufton payti O‘g‘iloyning mollarga yem berishini nazorat qilib turgan Qobilni uyqu elitadi. U shunday chorpoya­da uzala tushib yotib qoladi-da, ko‘chadan o‘tgan mashina tovushini ham, O‘g‘iloyning o‘ziga qo‘rqa-pisa termila-termila oxiri qo‘lida bo‘sh satil bilan ko‘chaga chiqib ketganini ham sezmay qoladi.

Qobil ko‘p uxlay olmaydi, nimadandir seskanib uyg‘onib ketadi. Ko‘radiki, opa yo‘q. Ko‘chaga otiladi. U yo‘l adog‘idagi daraxt tagida turgan mashinaga yaqinlashayotgan qizning qorasini ilg‘aydi-yu, xuddi butun olamga o‘t ketganday ko‘chani boshiga ko‘tarib chinqirgancha shu tarafga otiladi.

Bu chinqiriqni eshitgan qiz dahshatdan qo‘lidagi satilni yerga tushirib yuboradi, mashinasidan endi tushib kelayotgan yigit esa chalishib ketib yerga, tizza bo‘yi tuproqqa bor bo‘yi bilan yiqiladi.

Shamoldek yelib kelgan Qobilboy omadsiz taqirbosh oshiqni urib-tepishga, ustiga tuproq sochishga tushadi. Atayin qilinganday daladan eshakda qaytayotgan Jobir ota xuddi shu voqeaning ustidan chiqib qoladi. Otasini ko‘rib adoyi tamom bo‘lgan O‘g‘iloy piqillab yig‘lagancha satilniyam unutib uyga yugurib ketadi.

Jobir ota chor-atrofga alanglaydi, hech kim ko‘rinmasa-da, o‘ng‘aysizlanib tomoq qiradi, «Nima bo‘ldi, bolam?» – deb so‘raydi past ovozda. Biroq o‘zining qahramonligidan jo‘shib ketgan Qobil tomog‘ini yirtib baqirishini qo‘ymaydi: «Ota, uring buni, O‘g‘iloyniyam uring… Men ko‘rdim!..» Shunda chap tarafdagi uyning eshigi g‘iyqillab ochiladi va O‘zbekovulning eng taniqli g‘iybatchisi Oynisa qushnochning zahil basharasi ko‘rinadi. «Nimani ko‘rding, aylanay bolam?» «Ko‘rdim, – deydi tamom hovliqib ketgan Qobil endi qushnochga qarab. – O‘zim ko‘rdim, bular moshinga chiqib olib…»

Keyinroq devor ortida turgan son-sanoqsiz odamlardan ba’zi birlari gapirib yurishdiki, go‘yo shu yerga kelganda Jobir ota yolg‘ondan qattiq-qattiq yo‘talib yuborganmish, baayni o‘g‘lining gaplarini begona quloqlar eshitishini istamaganday…

Dunyoda xayoldan uchqurroq narsa yo‘q deyishadi. Bekorlarni aytishibdi. Bor. Uyam bo‘lsa yomon gap, yomon xabar.

Ushbu anchayin noxush voqeadan bir osh pishgulik fursat o‘tar-o‘tmas «Jobir qorovulning qizi bir yigitminan naq mashinaning kabinasiga tiqilib olib… ustidan chiqib qopti… o‘z ko‘ziminan ko‘ripti… beti qursin… qornida uch oylik homilasi bor ekan… do‘xtirminan gaplashib kelgan ekan… ertan borib oldirishlari kerak ekan… Qiz bolaning o‘zida bo‘lmasa qiyin, uni arqondayam ushlab bo‘lmaydi, bo‘masa, ukasi bechora qanday qo‘riqlardi yuzing teskari bo‘lgurni…» qabilidagi visir-visirlar O‘zbekovulni kamida to‘rt marotaba aylanib chiqdi…

Oradan o‘n yildan oshiqroq vaqt o‘tdi…

Ta’tilni kindik qonim to‘kilgan O‘zbekovulda o‘tkazishga ahd qildim.

Bir kun ko‘chalarni bemaqsad aylanib yurib darvozasi yonida turgan Jobir ota bilan Qobilni uchratib qoldim. Qaddi egilgan Jobir ota cho‘qqi soqol qo‘yipti, salla o‘rab, chopon, mahsi-kalish kiyipti. Qobil bo‘lsa jikkakkina, labining ustida ingichka, sichqonning dumiday sarg‘ish mo‘ylovi bor yigitcha bo‘lib yetishibdi.

Ko‘rishdik, hol-ahvol so‘rasha boshladik. Shu payt darvoza ochilib, rangi o‘ngib ketgan chitdan qopday ko‘ylak-lozim kiygan, eski durra o‘ragan bir juvon chiqib keldi. U yalang­oyoq edi. Juvonning sirib bog‘langan ro‘molidan chiqib, peshonasiga tushib turgan bir tutam oq tolalar aralash sarg‘imtir sochi nihoyatda quruqshab ketgan.

– Mollarning tagini tozaladingmi? – juvondan so‘radi Qobil muloyimlik bilan.

– Tozaladim, o‘t soldim, – shosha-pisha javob berdi juvon bizlarga olazarak ko‘z yugurtirarkan. Shunda men bu ko‘zlarda hech qanday ma’no yo‘qligini ilg‘adim.

– Makkayini qaynatib qo‘y.

– Mayli.

Ortiga o‘girilayotgan juvon to‘satdan qiqirlab kulib yubordi:

– Bugun kino bormi, a, aka?

– Bor. «Hur qizlar» bor. Bor endi, uyga kir.

– Vo-oy! – juvon kir-chir chap qo‘lining bosh barmog‘ini og‘ziga tiqib ma’nosiz iljaydi-da, turgan joyida baayni tantiq qizchalarga taassuban chayqaldi. – Kecha ikkinchi seriyasi bo‘libdi-ya, bugun birinchisi bo‘ladi-ya?

– Bo‘ladi, bo‘ladi, – Qobil juvonni yelkasidan itarib ichkariga kiritib yubordi-da, darvozani yopdi.

Ichkaridan juvonning qiqirlab kulgani eshitildi.

Etim jimirlab ketdi.

– Peshonamizga bir qiz bitibdi, – mungli ohangda dedi Jobir ota mening savolomuz qaraganimga javoban. – Xudoyim shuningam es-hushini qaytib oldi. Bo‘lmasa, qanday qiz edi-ya. Haliyam Xudoga shukr, shu ulim bor ekan, baraka topsin, – Jobir ota Qobilga imo qilib ko‘zlariga yosh oldi. – Savdoyi opasini tashlab qo‘ymadi. Baraka topsin, ishqilib, bir burda nonini ayamadi. Iloyo, yaxshiligi farzandlaridan qaytsin…

G‘urur bilan ko‘kragini kergan, otasidan shirinlik olgan bolakayday taltayib ketgan Qobil meni ichkariga taklif qildi. Tomog‘imga bir narsa tiqilganday edi. Amallab uzrimni aytib yo‘limda davom etdim…

1990