Abdunabi Boyqo‘ziyev. Plastik operatsiya (hajviya)

Lo‘g‘imbek qishlog‘idagi istirohat bog‘ida ijodiy kechamiz belgilangan. O‘g‘limiz Dilyorjon, nabiramiz Javohir bilan yo‘lovchi mashinada Izboskanga otlandik. Hash-pash deguncha ulovimiz Angrendan enib, dovonga o‘rmalay boshladi. Bunday safarlarda odatda, sergakroq ketish uchun shopirlarning o‘zlari yo‘lovchilarni gapga tutishadi. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
Haydovchi yigit so‘zamolgina ekan: gapimiz gapimizga qovushaqoldi. Suhbat mavzusi hayot mazmuni, umrning o‘tkinchiligiyu, inson qadr-qimmati miyonasida aylanardi. Sorbonimizga dalda bo‘lish uchun, men ham suhbat haroratini pasaytirmaslikka tirishaman:
– Yoshimiz ham mana, oltmishni qoralayapti. Shu dovonlarda «Qaydasan, Andijon!», «Qaydasan, Toshkent!» deb, umrimiz o‘tyapti-da…
Nabiramiz Javohir bu gapimni «qarib, adoyi tamom bo‘lyapmiz», degan mazmunda tushundi shekilli, mehribonchilik ko‘rsatdi.
– Do‘da, Toshkentga qaytsak, yuzingizni plastik operatsiya qildiramiz.
Bir qarichgina boladan bunday gap chiqishini kim kutibdi, deysiz.
Hammamiz lol bo‘lib qoldik. Shopir yigit esa kulgidan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib, hangomani davom ettirish ishtiyoqidami, yoki bolaning plastik operatsiya haqidagi tasavvurini yanada oydinlashtirish niyatidami, Javohirni savolga tutadi:
– Plastik operatsiya qildirsa nima bo‘ladi?
– Do‘damni yashartirib qo‘yadi.
– Do‘dang yasharib qolsa nima bo‘ladi?
– Mazza qilib birga o‘ynab yuramiz.
– Hozir ham birga o‘ynab ketyapsizlaru?
– Bekinmachoq, quvlashmachoq o‘ynamaydilar-da!
– Bekinmachoq, quvlashmachoq o‘ynaylik, deb aytmagandirsan-da?
– Aytganim bilan do‘dam yugurolmaydilaru. Govdalari ko-otta. O‘zim bilan baravar bo‘lib qolsalar, tezda berkinib oladilar. Men qiynalib-qiynalib, zo‘rg‘a topaman.
– Govdasi ko-otta bo‘lsa ham, qiynalib-qiynalib zo‘rg‘a topaverasan-da.
– Qanaqasiga qiynalay?! Qayerga yashirinsalar ham baribir ko‘rinib qolaveradilar.
– Do‘dang yashirinayotganda ko‘zingni yumib, qaramay turgin-da.
– Do‘dam daraxtlardan ham yo‘g‘onu. Ko‘zimni yumsam ham qorni ko‘rinib turadi.
– Unda, do‘dangni baland devorning orqasiga yashirib qo‘yib, keyin izlashing kerak ekan…
Suhbat shu yerga yetganda, daraxtning panasiga «radar» qo‘yib, poylab turgan DAN xodimining hushtagi yangradi. Inspektor qizil tayog‘i bilan mashinamiz to‘xtashi lozim bo‘lgan joyni ko‘rsatib turardi.
– E-eh, – deya xo‘rsindi shopir yigit. G‘aladonni titkilab hujjatlarini olarkan, gapni yana hazilga buradi, – DANchilarning daraxtdan ingichkaligi chatoq-da. Tezlik oshib ketuvdi. Ishtarapi ham do‘dangning qorniday katta bo‘ladi endi, bolam…
Shopir yigit inspektorning oldidan tezgina qaytdi. Yana yo‘lga tushdik. Endi uning besh daqiqa oldingi so‘zamolligi-yu, dilkashligidan asar ham qolmagan. Uning bu fazilatlarini DAN xodimi o‘zi bilan olib qolgan edi.