Abdulla Ahmad. Mirhobid (hajviya)

Mahallada eng o‘qimishli odam Mirhobid. Yolg‘oni yo‘q, bemalol ishonavering. Gazeta-jurnalsiz yurganini umrida birov ko‘rmagan. Hatto buzoq sug‘orsayam bir qo‘lida paqir, bir qo‘lida gazeta.
Tunov kuni Mirhobid bir o‘limdan qoldi. Mol-da, mol. Oldinga suv qo‘ygandan so‘ng xo‘rillatib ichaver, egangning qo‘lidagi gazeta bilan nima ishing bor. Qaysar novvos ma’rifatni bilarmidi. Mirhobid «ma, ich» deb, suv tutib, gazetaga ko‘z yugurtirsa, moli qurg‘ur qog‘ozni yamlamoqchi bo‘lgan. Bundan achchiqlangan Mirhobil gazeta bilan navvosning tumshug‘iga bir tushirdi. Hay-hay-hay! Novvos chatoq ekan. Go‘yo nega urasan, deganday tashlanib qoldi. Bir suzuvdi, o‘ng shoxi paqirning baldog‘iga, chap shoxi Mirhobidning etagiga ilindi. Xayriyat-e, tuf-tuf! Ko‘ylakdan ayrilsayam omon qoldi. Ma’naviyat pirlari qo‘lladi, shekilli.
Burnog‘i kuni Mirhobid narxi tushirilgan jurnal xarid qildi. Bisotida ikkita echkiyam bor. Ertalab bir qo‘lida tayoq, bir qo‘liga jurnal olvoldi. Ko‘chaga chiqqach marza chetiga qo‘nib, jurnal o‘qigan bo‘ldi. Ko‘zi esa o‘tgan-ketgan odamlarda. Yo‘lovchilar u bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashar, ayrimlari qochirim ila «mullakam yangi narsa o‘qiyaptilar-ku, olamda nima gaplar?» deb qo‘yishardi. Mirhobid shu soniyada terisiga sig‘may ketgan, o‘zini o‘qimishli sanashlaridan og‘zining tanobi qochgandi.
Mirhobidning bilag‘onligi tutib gap boshlay turuvdi, atrof ola-tasir bo‘lib ketdi. Echkilar uy tomon taraqaylab qochdi. Bir bo‘lak sopol parchasi Mirhobidning chakkasiga qaqshatib tegdi. Qahramonimiz boshini changallagancha ikki bukilib qoldi. Bilsak echkilar, atrofida dov-daraxt bargini mitqilab bo‘lgach, qo‘shni derazadagi gulga hujum boshlabdi. Gultuvaklar ag‘anab sinib, atrofni qiy-chuv bosibdi. G‘azablangan qo‘shni ayol qo‘liga ilingan narsani olib echkiga otibdi.
Ming qilsayam Mirhobid o‘qimishli odam-da, boshi yorilsayam g‘ing demadi. Faqat qo‘shni ayolga qarata dimog‘ida to‘ng‘illadi:
— Bilimsiz avom. O‘qishning beliga tepdi-ya, qurg‘ur.