Har galgidek bugun ham sahar turib bobom bilan o‘zimga tahorat uchun suv tayyorladim. Bomdodni otam ishtirokida o‘qidik. Yoz emasmi, hali quyosh chiqmasa-da atrof allaqachon yorishgan, xush ovoz bilan “Yasin”ni tilovat qilayotgan otam uni yakunlay deb qolgan edi. Shu payt qibla tarafdagi darvoza vazifasini bajaruvchi g‘ovog‘och osha bir qora ko‘rinib tobora bizga yaqinlashib kelaverdi. Tilovat tugab duoga qo‘l ochilganda u kishi ham yurib kelayotgan joyida to‘xtab, cho‘nqayib o‘tirgancha duomizga qo‘shilib yuziga fotiha tortdi. Bir-birimizga salom berib ota-bola o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik. Bobom esa joyidan jilmay tasbehini o‘girib ko‘zlarini yumganicha Yaratganga hamd, payg‘ambarga salovot aytishga o‘tdi.
Bu har kungi holatning takrori edi. Otam bir oz bo‘lsa-da ishlab badanini qizdirib olish uchun boqqa ketar, men esa supa ustidagi o‘rin-ko‘rpalarni yig‘ishtirib, o‘tirish uchun joy qilar, erinmasdan bordi-keldi qilib dasturxon to‘latib, onam bergan shirchoylarni keltirib qo‘ygach, terlab-pishib dasturxonga qaytgan otam yuvinib, o‘tirishini kutib turar edim. Bobom ham zikrini tugallab davraga qo‘shilgach nonushta boshlanardi…
Bugun esa otam boqqa ketmay, men o‘rin-ko‘rpalarni yig‘may, bobom zikrini tugallashga ulgurmay g‘ovog‘ochdan uzun bo‘yli, qomatiga judayam yarashib tushgan kostyum-shim kiygan, yoshi oltmishdan oshgan bo‘lishiga qaramay o‘zini yaxshi saqlagan xushsurat kishi xatlab o‘tdi.
Bobomning huzuriga har kuni o‘nlab mehmon kelishiga o‘rganib qolgan bo‘lsak-da, bunchalik erta tashrifdan bir oz ajablandik, rosti.
– Assalomu alaykum! Eshon bobo mehmon olasizmi? – dedi mehmonimiz o‘ktam ovozda.
– Va alaykum assalom! Qurbon akamisiz? – dedi mehmonga javoban bobom. Rostini aytsam bobomning o‘zidan ancha yosh, kichik o‘g‘li qatori odamga “aka”, deb buning ustiga Sizlab murojaat qilgani meni yana bir bor ajablantirdi.
Otam qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib “Assalomu alaykum, keling, keling”, degancha mehmonga peshvoz yurdi.
– Adashmasam Axadxon to‘ramsiz-a? Keling endi quchoqlashib ko‘rishaylik!
Mehmon shunday deb quchoq ochdi. Otam ham u kishining shashtini qaytarib o‘tirmadi. Bobom mehmonimiz bilan bag‘irlashib ko‘rishar ekan negadir ikkovining ham ko‘zlari namlanganligini ko‘rdim…
– Qurbon aka qani dasturxonga marhamat, – dedi bobom mulozamat qilib. Nonushta deyarli suhbatdan xoli, onda-sonda mulozamatlarni inobatga olmaganda osoyishta o‘tdi.
Shirchoydan bo‘shagan kosalar olinib, dasturxonda faqat bir toboq qora kishmish, bir choynak achchiq ko‘k choy va ikkita piyolagina qolganda mehmon menga tanishtirildi. (Gohida bobomning bu odati menga noqulay tuyular, hatto hozir ham kelgan mehmonni atrofdagilarga tanishtirmay, buning ustiga taom mahali oling-olingdan nariga o‘tmasligini hazm qilolmasdim. Biroq bobom taom ustida gaplashishni yoqtirmasdi).
– Hamidjon, bu kishi mening bo‘lam, Dahbetda o‘tgan kichik xolamning kenja o‘g‘illari Qurbonjon bo‘ladi, – dedi bobom menga yuzlanib.
Biz bir-birimiz bilan qayta hol-ahvol so‘rashganday bo‘ldik. Ko‘p o‘tmay dadam ishga jo‘nadi. Men esa xizmatida qoldim.
– Qurbon aka, (bobomning mehmonni yana akalashi g‘ashimga tega boshladi) bu hovuz bo‘yidagi soya kechgacha hech qayerga ketmaydi. Yuring, bog‘ni aylanib kelamiz. O‘z qo‘li bilan uzib yeyilgan olma ta’mi boshqacha bo‘ladi-da.
Mehmon rozi bo‘lib ular qo‘zg‘alishdi. Katta mezbon yoshiga xos vazminlik bilan imillab qadam tashlar, mehmon esa u kishining yonida sukut saqlagancha, uychan ketardi. Mo‘ljaldagi yo‘l yarimlab ham qoldi-ki bo‘lalardan sado chiqmasdi. Bir paytlar bog‘ o‘rtasida qo‘r to‘kib o‘sgan, kuni bitib qurib qolgach, kesib tashlangan, endilikda esa kundasigina qolgan yong‘oqqa ham yetib keldik. Bobom har gal unga o‘tirib nafas rostlar, boshqa hamroh bo‘lmasa menga biror rivoyat aytib berar yoki qarindoshlar to‘g‘risida so‘rab-surishtirar edi. Hozir ham odatini tark etmadi. Mehmon maysaga chordona qurdi. Men tik oyoqda qolib ularni e’tibor bilan kuzatdim. Mehmonda dastlabki o‘ktamlikdan asar ham qolmagan, bobomning ham xayoli parishon, buning ustiga ahyon-ahyonda uf tortib xo‘rsinib qo‘yadi.
Qancha vaqt “nafas rostlangani”ni bilmayman, biroq oyoqlarim og‘rib ketganidan bildimki bu hol ancha davom etdi. Xayriyat-ki otam kelib qolib, yana supaga qaytdik. Nimanidir unutgan ekan, olib ketgani kelibdi. Mehmon otam bilan katta yo‘lgacha chiqib oladigan bo‘ldi. Bobom bilan xayirlashar ekan, endi ikkovi ham o‘zini tutib o‘tirmay rostakamiga yig‘lab yuborishdi. Ularning allanima deb g‘o‘ldirashidan mehmonimiz bobomga “rozi bo‘ling”, deyotganini tushuna oldim xolos…
O‘sha kuni bobom deyarli kun davomida joynamozidan qimirlamadi. Tushlikka qayrilib ham qaramadi. Savollarimizga ham javob bermadi. Negadir kelib ketgan mehmonni ichimda rosa so‘kdim. Ha-ha, aynan so‘kdim. Qarindosh bo‘lganiga ham qarab o‘tirmadim. Kasofat. Bobomni nega bu kuyga solib ketdi-ya? Qolaversa, u yaramas qanday mehmon-ki, tayinli suhbat ham bo‘lmadi. Ikkovi bir-biriga tiklab-tiklab nimani gaplashishdi o‘zi?
Bechora bobomning o‘tirishini ko‘rganingizda edi. Ko‘zlari yumuq, joynamozda cho‘k tushib tasbeh o‘girar, gohida ko‘zlarini ochib bir nuqtaga tikilguncha o‘zidan-o‘zi pichirlab, kim bilandir gaplashar, yana ko‘zini yumib olar va yumilgan ko‘zlaridan sizib kelgan yosh soqolini namlardi…
“Tovba rosa g‘alati kun bo‘ldi-ku”, deb o‘ylardim. “Kelgan mehmon bilan bobom bog‘dayam gaplashmadi. Olma uzish xayollariga ham kelmadi. Nimalar bo‘layapti o‘zi…”
* * *
Adashmasam ikki-uch kundan so‘ng o‘sha qarindoshimiz olamdan o‘tgani haqida xabar keldi. Otam og‘alari bilan yig‘ilib qayergadir ketdi. Bir kundan so‘ng marhumni qishlog‘imiz mozoriga keltirib yerga topshirishdi…
* * *
Bu o‘lim oilamizda eng ko‘p bobomga ta’sir qildi. Ancha vaqt ochilib gaplashmadi. Men esa rivoyatu-hikoyatlardan mahrum bo‘ldim. Bundan jahlim chiqqan kezlarda esa o‘lganiga ham qaramay o‘sha qarindoshni ichimda bo‘ralab so‘kardim…
* * *
Kechki ovqatdan so‘ng otam bobomning oyoqlarini uqalar ekan, tasalli ohangida: – Dada olloning irodasi ekan. O‘lim barchamizning boshimizda bor. O‘tinib so‘rayman, o‘zingizni bunchalik siqmang. Salomatligingizga putur yetkazib qo‘yasiz, – dedi.
Bobom ma’qul ishorasida bosh irg‘adi.
– O‘zi nima bo‘lgan ekan? – deb so‘radi so‘ngra.
– Insult bo‘libdi. Miyasiga qon quyilgan, – javob qildi dadam.
– Sababi nima ekan?
– O‘sha kuni tug‘ilgan kunlari ekan. Yubiley qilaman deb restorandan ikki yuz kishilik joyni buyurtma qilibdi. Mehmonlar Soat 11 ga aytilgan ekan. Soat ikki bo‘lsa-da o‘n chog‘li odamdan boshqa hech kim kelmabdi. Asabi buzilganini ham hech kim eslolmadi. Kayfiyatini buzmay kelganlarni ichkariga taklif qilib, xush-xandon suhbat qilib o‘tiribdi. To‘g‘risi ozgina ichkilik ham ichgan ekan. (Bobom afsus bilan bosh chayqab, qovog‘ini solib oldi). Ikkinchi ovqat suzilganda bir shogirdi kirib kelibdi. Ustozini tik oyoqda tabriklab, o‘tirishga ham ovqatga ham unamay, hoy-hoylarga ham qaramay chiqib ketibdi-da. Rahmatli, o‘sha payti o‘zini tashlab yuboribdi. Tez yordam chaqirib kasalxonaga olib borishsa uzilib bo‘lgan ekan…
Men endi negadir qarindoshga achinib, so‘kkanim uchun afsuslana boshladim …
* * *
Yaratgan barcha dardga da’vo bo‘luvchi shunday ne’mat ato etgan-ki, bu – Vaqtdir. Oradan oylar o‘tib bobomning rivoyatlarini eshitish yana nasib qildi. Kunlarning birida marhum qarindoshimiz haqida so‘rashga jazm qilib, bobomga savol qotdim:
– Bobo, anavu qarindoshimiz bor-ku, birdan o‘lib qolgan. O‘sha kishi o‘zi kim edi? Otamdan so‘rasam, u kishi ham tayinli javob bera olmadi.
Bobomning yuz ifodasidagi tabassum o‘rnini allaqanday xayrihoh, achinish aralash g‘amginlik egalladi. Bir pas sukutga ketdi-da so‘ng, so‘z boshladi.
– U kishini Qurbon aka deyishardi. Mendan ko‘p kichik. Katta dadang bilan teng. Dahbetdagi kichik xolamning kenja o‘g‘li edi. Xolam bechora bizning qishloqqa qo‘yilgani uchun Qurbonni ham shu yerga qo‘ydik. onasining oyoq uchidan qo‘yishga joy qolmagan ekan. Chekkaga tushdi, rahmatlik. Otasi urushga ketib qaytmadi. Bir ukasi bo‘lardi, avg‘onda qoldi. Xolam rahmatli omonatini bizni uyda topshirdi. Unda sen hali tug‘ilmagan eding. Sho‘rlik Qurbonning tirikligini bilmay olamdan o‘tib ketdi.
Bunchalik chalkash taqdirlar. Yaratgan boshqa bandasiga ko‘rgulik qilmasin. Xolam rahmatli eri qaytmay beva bo‘lib qolgan bo‘lsayam, dahbetdan kelmay o‘sha uyning chirog‘ini yoqib o‘tirdi. Katta o‘g‘lidan ayrilgandan keyin ham ko‘chirib kelaman deb rosa qistovga oldik. Unamadi. Qurbon bo‘la maktabni yaxshi o‘qidimi Moskvaga o‘qishga kirib ketib, o‘sha yoqlarda yurdi. Boshida yaxshi edi. Har olti oyda kelib-ketib turardi. Ukasi avg‘onga ketganda bir keldi. So‘rab surishtirsak o‘qishni bitirib o‘sha yoqlarda ishga qolgan ekan. O‘shanda qaytib ketdi-da shundan xat-xabar uzildi. Xolam uch yildan keyin bolamdan ayrildim deb dod solib yig‘laganda izlashtirdik. Tula degan shaharga borib izini yo‘qotdik. KGB deganlar “qidirmanglar, u endi yo‘q” deb, allaqanday qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib orqamizga qaytarib yubordi.
Xolamga Qurbon o‘lgan deb aytolmadik. Topolmadik, deb yerga qaradik. Bechora ukasi avg‘onda soldatlarning kattasi bo‘lib besh-olti yil ishladiyov, ming o‘limdan omon chiqib, uyga qaytaman deb turganda vos-vos bo‘lib qolgan o‘z soldati otib qo‘ydi, degan xabar keldi lekin jasadi kelmadi. Xolam bechora yotib qolgandan keyin ko‘nmaganiga ham qaramay shu yerga ko‘ch-ko‘roni bilan olib keldik, uch oyga borib-bormay olamdan o‘tdi.
Oradan qancha yillar o‘tib katta dadang rossiyaga savdo ishi bilan borib gap topib keldi. Qurbon degan o‘zbek bilan tanishib qolibdi. Katta olim ekan. O‘zini dahbetlik deganmish. Bu gapni eshitgandan so‘ng mazam qochdi. Katta dadangga o‘shani oldiga olib bor deb turib oldim. Leningradda ekan. Ishxonasidan topdik. Xudoning qudratidan… (Bobom qaltiroq qo‘llari bilan ko‘zlariga quyilib kelgan yoshlarini artib bir pas jim qoldi).
– Bo‘lamiz bomba yasaydigan ustaxonaning kattalaridan bittasi ekan. Milisalarning KGB degani shuncha yillardan beri hech kim bilan uchrashishga ruxsat bermagan. Endi bir oz bo‘shroq qo‘yib turgan vaqtiga kelib biz topib olibmiz-da. Meni ko‘rib rosa yig‘ladi. O‘sha kuni uyiga bordik. Bir rus ayalga uylangan, Timofey degan o‘g‘liyam bor ekan-u germaniyaga ko‘chib ketgan dedimi-ey. Xullas chol-kampir o‘zlari qarovsiz qolgan ekan-da.
Ikki-uch kun mehmon bo‘lib qaytdik. Xat yozishib turdik. Mustaqillik bo‘lib ketgandan keyin, Qurbon bo‘lani ishdan bo‘shatganmi yo o‘zi bo‘shaganmi haytovur kelib qoldi. Kampiri kelishga ko‘nmapti. O‘g‘liyam.
Baribir olim odam yerda qolarmidi?
O‘zimiznikilar darrov ish berdi. Bir yil ishlab-ishlamay qandaydir institutga direktor bo‘ldi. Uzoqqa borib o‘tirmay kotibasiga uylandi. Biroq uyam bizni millatdan emasdi. Toshkent bir qadam bo‘lib qolgandan keyin uning ro‘zg‘ori bilan tanishib ixlosim qaytdi. Haligi dom degan katta uyda ikki xonali uycha olib olgan. Gilamniku qo‘ya tur, to‘shagulik narsaning o‘zi yo‘q. Uy ichida ham shipak kiyib yuradi. Divanda o‘tiradi. Shunda uxlaydi. Xullas erta-indin ketadigan musofirday yashar ekan bechora. Makoniga borgan mehmon yotib qololmaydi, ahmoqgarchilikni qara-ki, hojatxonasi ham shu ikki katalakning ichida. Kamiga bitta laycha it o‘zlari bilan birga ovqatlanib o‘tiradi…
Xolam bechoraning shu noma’qulchiliklarni ko‘rmay o‘lib ketgani ham yaxshi bo‘lgan ekan!
Qarindosh-urug‘lar bilan yig‘ilib o‘rtaga oldik. “Hoy Qurbon, bu qanaqasi, birorta to‘y marakaga chiqmas ekansan. Hech kim bilan bordi-keldisi yo‘q deb eshitayapmiz. Ro‘zg‘oringni munday epaqaga keltirib ol. O‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi, axir”, dedik.
– O‘rtoqlar sizlarga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazibdi. O‘zimga yarasha bordi keldi qiladiganlarim bor. To‘y masalasiga kelsak, bilasizlar Toshkentda yarim kechasi oshga borishadi. Uyquni harom qilib shu bir cho‘qim osh uchun ovora bo‘lish shartmi? Bir ko‘rganda tabriklab qo‘ysak bo‘ldi-da. Ro‘zg‘or masalasida ilojim yo‘q. Mening ko‘rganim ham ko‘nikkanim ham shu, – deb bizga gap bermadi.
O‘shandan keyin uning uyiga borishni yig‘ishtirdim. Tovba, odam ham shunchalik o‘rislashib ketarmikan-a, loaqal onasining boshiga yilda bir kelmasdi. Biroq, xudoga shukur-ki insofga keldi. Insofga kelishiyam qiziq bo‘ldida o‘ziyam. Rahmatlining o‘zi aytib bergan edi.
Oltmishga kirib, pensiya yoshiga yetgach, ishni qo‘ymoqchi bo‘libdi. Kattalariga “shunday-shunday, pensiyaga chiqaman”, desa ko‘nishmabdi. “O‘rningizga odam topilguncha ishlab turing, topilishi bilan javob beramiz”, deb ko‘rishibdi. Lekin, Qurbon bo‘layam tutgan joyidan kesardi. Kattasiga “gap tamom, mana ariza”, debdi-yu chiqibdi, ketibdi. Ertasiga ishga chiqmabdi, indiniga tug‘ilgan kuni ekan. Qayerdadir dasturxon tuzab mehmonlarni kutibdi. Boldizi[1] bilan bir o‘ris ulfatidan boshqa hech kim kelmabdi. O‘shandayam davleniyasi oshib balinsaga tushgan ekan. Xudo imonini bergur to‘g‘ri kasalxonadan chiqib kattasining oldiga borib arizasini qaytarib olib, qaytadan tug‘ilgan kun qilgan, kasofatchilikni qaraki hech narsani bilmaganday hamma shogirdlariyu hamkasblari quchoq-quchoq sovg‘a bilan kelgan ekan.
Xuddi o‘tgan safargudek, “Eshon bobo, mehmon olasizmi”, deb kirib kelib rosa dardini dasturxon qilgan edi.
– Meni xudo urib qo‘yibdi. Kimligimni unutib qo‘yibman. Daraxt har qancha shirin meva bergani bilan tomiri suvdan uzilsa qurib qolishini hisobga olmabman. Shu ahvolda kimman? Qaysi yuz bilan o‘zbekman deya olaman-a, – deb yig‘lab yuborgandi.
– Haliyam kech emas Qurbon aka. Hech bo‘lmasa endi esingizni yig‘ing. O‘g‘lingizni chaqirib oling. Yoki nevarangizni. Bir hovli solib ko‘ching anavu qafasdan. Udumlarga e’tiborliroq bo‘ling, – deb tasalli berdik.
– Yaqinda yetmish yoshiga to‘laman. O‘shanda menam elga osh beraman. Aytganlaringizni qilaman, shoyad odamlar amaldorligim uchunmas, odamgarchiligim uchun yo‘qlab kelishsa, – degandi rahmatlik.
Oxirgi kelishida tug‘ilgan kunidan uch kun oldin kelgan edi. Esingda bo‘lsa senga tanishtirgan edim. Bechoraning avzoyi o‘zgarib kelgandi, bildimki, ishdan bo‘shagan, bildimki, yetmish yoshga tayyorgarlik ko‘rayapti…
Ko‘zlarida hadik bor edi…
* * *
Arafa kuni otam bilan mozor boshiga bordik. Oilamiz xilxonasi oldida cho‘kib, otam tilovat qildi. Qabrlarni qoplab olib qovjirab qolgan xas-xashaklarni tozalagan bo‘ldik. Mana bu otamning onasining qabri, go‘ri nurga to‘lsin ilohim, yaqinda olamdan o‘tdi. Undan tepada katta bobomizning qabri. Qo‘yilganiga ham yuz yildan oshgandir. Otamning bitta akasi, yana uchta ammasining, bobomning onasi va kichik xolasining qabri. Biz ularning har birining boshiga bir tupdan ko‘chat ekdik. Shundan so‘ng ortimizga qaytdik.
Mozor darvozasidan chiqib mashinaga o‘tirishga chog‘lanayotgan vaqtimizda katta dadam “eh”, dedi.
– Ha tinchlikmi aka? – dedi bundan ajablangan dadam.
– Qurbon bo‘laning boshiga bormabmiz-ku? – deya o‘z hatti-harakatini izohladi katta dadam.
Gap-so‘zsiz ortimizga qaytdik. Ajabo, u kishining qabri negadir bizning xilxonamizda emas, qabristonning bir chetida – yolg‘iz qabr bo‘lib tushgan ekan. Do‘mpayib o‘sgan tuyaqorinlar qabr oldigacha borishga imkon bermadi. Katta dadam otamga o‘tiramiz ishorasini qilib, birinchi bo‘lib o‘zi cho‘kdi-da tilovat qildi. Fotiha qilib ortga qaytdik.
* * *
Uyga qaytgach, bobomning Qurbon bo‘la haqida aytgan uzuq-yuluq hikoyasidan tuzuk-quruq tasavvurga ega bo‘lmaganimni anglab yetdim. Nega odamlar u kishini yomon ko‘rgan? Nega hamma u kishini majburiyat yuzasidan yo‘qlagan? O‘z davrining qurboni bo‘lgan, tirik bo‘la turib yaqinlaridan ayrilgan bir bechorada nima gunoh? Axir u kishi hech kimga yomonlik qilmagan ekan-ku!
Men shu savollarni otamga berdim.
– Hech kimga yomonlik qilmayman degan odamdan qo‘rqish kerak! Negaki, kimgadir yomonlik qilmaslik uchun yana kimgadir yaxshilik ham qilmaydi.
Otamning javobi shu bo‘ldi.
_____________
[1] Boldiz – qayinsingil.