Hammasi yarim tunda – men ismini tutmay ustoz deb atovchi Mahmud akaning tap tortmay qilgan telefon qo‘ng‘irog‘idan boshlandi. “E-e-e kattabovojon bormisiz, munday bir ko‘rinayinam demaysiz, izlayverib ichimiz kuyib, sog‘inchdan ichikib ham ketdi-ku”, dedi Mahmud aka.
Bu sog‘inch “bir hangi hangrar muddat”chaligini bilib tursam ham katta amaldordan bunday lutfni eshitib shirin uyquning beliga tepganiga ham qaramasdan qornimni quvonchga o‘xshash nimadir yalab o‘tdi.
“Bu ish degani tugaydimi? Tugamaydi-da.Tirik jon bor, ish bor. Bu yoqda yangangiz “shu ishingizni dastidan, enajonimni ko‘rmaganimgayam uch kun bo‘lib ketdiii”, deb yig‘lamsiraydi. Xo‘o‘sh, bilaman, ishingiz ko‘o‘p. Asablaringiz ham charchab ketgan. Shuning uchun Sizni tog‘larga biir aylantirib kelay, deb telefon qilayapmiz. Biz uchun vaqt toparsiz endi? Bu yoqda yangangizam “chaqirsangiz shu shogirdingizni chaqiring boshqasi kerakmas”, deb turibdi…
Shu tariqa shahrga quyosh nazar solib ulgurmay biz yo‘lga chiqdik. Maromiga yetmagan uyqu ko‘zlarni qisib vujuddan chiqishni istamayotgani uchun chalg‘ish maqsadida ustozdan kutayotgan mezbon haqida so‘radim.
– Aaa, – beparvo qo‘l siltadi Ustoz. – Shu chechangizding ikkinchi enasiga iyarchan[1] o‘zinimas, avvalgi erining qizi, qisqa qilib aytganda o‘gay qaynnani o‘gay qizi – go‘yoki bizga boldiz bo‘lgan singlisi bor. Bechora “o‘qiyman”, deb sovchilarni qaytaraverib o‘tirib qolgandi. Ikki yil oldin shu tomondan ayoli avarya bo‘lib o‘lgan bir odamdan sovchi chiqib, xullas, o‘zlari ma’qullashib bitishgan. O‘tgan yili o‘g‘illi bo‘ldi. Chol hali baquvat ekan desak, cholmas endi qirq beshga kirgan o‘zimiz bilan nari-beri yigit ekan. (Ustoz ellikga borib-bormagan edi). O‘zi bordi-keldiyam yo‘q uncha. Bir kelishgan biznikiga. Tuzukroq mehmonam bo‘lishmagan. Bir-ikki soat zo‘rg‘a o‘tirib ketganov. Yaqinda boja qaynataga qattiq o‘pka qilibdi. Bu yoqda bu yig‘laydi, deng. Bor-e, tog‘lik avomlarni bir ko‘rsak-ko‘raylik, deb ketib borayapmizda siz bilan kattabovojon.
Mening yanayam aniqroq surishtirgim keldi.
– Nima ish qilar ekan bojangiz, bu yoqlar menga aslida tog‘a yurt.
Ustoz yelka qisdi.
– Chort znayet kasbini. Bugun o‘zi chorvoqqa borib maza qilib dam olaman deb turgandim. Manavu xonim rejani buzdi. Cho‘ponmi, o‘tinchimi, toshtaroshmi bir balodir-da. Nima ishimiz bor.
Anavu Soyib Xo‘jayev aytadiku, “eng muhimi do‘xtrda ispirt bo‘ladi”, deb. Shundayin tog‘da nima zo‘r? Go‘sht zo‘r, aniqsa, shirboz bo‘lsa bormi, uni ustiga tozasidan quysa… Nima bo‘lsayam boja ziqna bo‘lmasin. Yo‘qsa, qaytishda yangangizni otib qo‘yishim mumkin. Kimsan katta jurnalist, shoir (shu joyi mubolag‘a edi), yozuvchi, publitsist bo‘lsam. Sizam, – ustoz menga bir qarab olib ozgina o‘ylanib davom etdi, – mendan kammassiz. Ularga she’rlardan o‘qib, latifalar aytib mayshatni qilib kelamizda endi.
– Men she’r yozmayman, sizam yozmaysiz. Kimni she’rini o‘qiymiz?
– Albatta o‘zimizning she’rimizni o‘qiymiz-da, – menga qarab mug‘ombirlik bilan ko‘z qisdi ustoz. – Esingizda bormi o‘zi birorta she’r?
Elka qisdim.
– Xotiram sizchalikmas-da. Nasrni yaxshi ko‘raman.
Ustoz bosh chayqadi.
– Shu ishingiz chakkida, yoqmasayam bir-ikkita she’r yodlab qo‘yaverish kerak. Mana bunaqa toshtarosh omilarni og‘zingizga qaratib o‘qib turishga kerak bo‘ladi.
Hiringlashdik, yangayam qo‘shildi…
* * *
May oyi boshlangan. Borliq nihoyatda go‘zal. Manzilga yaqinlashgan sari purviqor tog‘lar ulkanlasha boshladi. Kayfiyatim ko‘tarilib ketdi. Odatda tog‘ deganda ko‘z oldimizga vahshiy qoyalaru to‘rt tomoni toshlar bilan to‘lib-toshgan bir maskan keladi. Biroq bu yer yashil edi, yam-yashil. Bundan vujudga rohatbaxsh quvvat kirib, ko‘ngilda farahbaxsh hislarni junbushga keltirib, shirin xotiralar uyg‘onardi.
– Kattabovojon, ho‘v kattabovojon.
Ustozning gapidan diqqatim jamlandi.
– O‘gay bojanikiga boraman deb o‘lib ketmaylik, tag‘in. Mashinaning ichida yuring-ey, – dedi u. – Qarasam, rulniyam o‘z holiga tashlab, tashqariga sayrga chiqib ketayapsiz-ku.
– Uzr Ustoz, – dedim hijolat tortib. – Tabiat baribir ruhiyatga yaqinda, rostdan uloqib ketibman.
– Sizni-ku amallab qaytarib keldik, lekin yangangiz hali-beri qaytmaydi-yov.
Ustozning shu gapidan so‘ng yangani ro‘paramdagi ko‘zgudan birrov kuzatdim. Shunchalik xayolga g‘arq bo‘lgan-ki, hatto bizning gapimizni eshitganiyam yo‘q. Ustoz orqasiga o‘girilib “Onasi siz shu yerdami, o‘zi”, deya masxara qildi.
Javob bo‘lmadi. Yanga rostdan mashina ichida emasdi, go‘yo.
* * *
Na darvoza, na devor bo‘lmagan bu qishloqda tog‘ni qiyalab qurilgan uylar ulkan zinalarni eslatar, birovning tomi boshqaga hovli vazifasini o‘tar. Uyidan tashqariga chiqqan jonga kamida yetti qo‘shnining nigohi tushardi. Turkiyadami, dog‘istondami shunday uylar borligini televizorda ko‘rsatishgan, yana shoir Azim Suyunning qishlog‘i Nakurtda ham eski uylar shu tariqa qurilganini ko‘rgan edim.
Salom-alikdan so‘ng ayollar uy ichiga yo‘l olib bizni katta yong‘oq tagidagi tosh supaga taklif etishdi. Biroq Mahmud aka supaga chiqmadi, tirjayib menga gap otgan bo‘ldi.
– Mahmudga nima bo‘ldi desa, o‘gay bojasi yong‘oq tagiga o‘tqazgani uchun jinlab qoldi deysiz-da endi.
Uy egasi qizarib ketdi.
– Uzr-a boja, – dedi so‘ngra bir menga bir unga alanglab. – Bu yerda bir piyola choy ichib keyin Miltiqboyning hayotiga (ular tog‘da barpo qilingan bog‘-rog‘ni shunday atarkan) chiqib ketamiz…
– E-e-e, boja Miltiqboy bo‘lmasa zambarakboy bo‘lmaydimi. Birdan o‘sha yoqqa ketaylik, yong‘oqni tagida o‘tirgandan ko‘ra, – dedi Ustoz.
Uy egasi ikkilandi.
– Qanday bo‘larkan? Eshitganlar mehmonni birovnikiga boshlab ketibdi, demasmikan. Hech bo‘lmasa, o‘tirib fotiha qilib bir piyola choy ichaylik, keyin ketaveramiz.
– Yuz yildan beri shu bir piyola choy. Qayerda ichganni nima farqi bor. Yong‘oqning tagida korbonat angidrid hidlagandan agar ituzum bo‘lsayam kislorod chiqadigan o‘simlik tagida o‘tirgan ma’qul.
Ustozni hazillashayapti deb o‘ylagandim, qarasam jiddiy. Hatto qoshlariyam bir oz chimirilgan. Bechora mezbon butunlay “qizardi”. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib “bo‘ldi-bo‘ldi, hozir” degancha uyiga kirib ketdi…
* * *
– O‘ylab ko‘rsam, bir umr atrofimda landavur, lapashang, noshud, nodon, sulloh kimsalar hamroh bo‘pti. Sizdan tashqari, albatta. Mana peshonaga bitgan bojani qarang, – dedi u Miltiqboynikiga chiqar ekanmiz.
O‘girilib ortimga boqdim. Ancha orqada qolib ketgan mezbon o‘g‘illari bilan ko‘tarib chiqayotgan yegulikning yuki salmog‘idan imillardi. Ustozning qarab turganini ko‘rgach, qo‘lini zo‘rg‘a ko‘tarib silkib qo‘ydi. Men bosh irg‘adim, Ustoz javoban qo‘l silkidi.
– O‘la, – dedi keyin. – Shu matohlarni biz kelgancha chiqarib qo‘ysang o‘larmiding. Ko‘ryapsizmi ahvolini, sho‘rlik toshtarosh ham bo‘lmasa kerak. Haa, mayli. Tasalli beradigan bir narsa bor lekin. Bularni kiftini keltirib bir maqtasangiz shunday eriydi-ki, rosa maza qilasiz. Sizning bu borada tajribangiz ancha kamligini inobatga olgan holda barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman. Shuncha yo‘l bosib kelganga yarasha mayshat ko‘ngildagidek bo‘lsin.
* * *
Ustozning bojasi bilan jo‘ra bo‘lgan Miltiqboy aka o‘rta bo‘yli, miyig‘ida hamisha kulimsirab turuvchi, peshonasi keng, qo‘llari qattiq, qoramag‘iz kishi ekan. Naq tog‘ beliga solingan supaga joylashdik. Muzday epkin badanni junjiktirar, toshdan qalangan supa yonida suvi chog‘roq hovuzchaga quyilib, undan toshib pastga bosh qo‘yib ketayotgan buloq bor edi. Archazor o‘rmon bilan butkul qoplangan tog‘ quyoshni to‘sgan…
Duoyu fotihadan so‘ng ustoz Miltiqboy aka bilan shunchalik quyuq so‘rashdiki, ularni ilgaridan tanishmi, deb o‘ylab qoldim.
Ustoz o‘zi aytmoqchi “rolga kirayotgan” edi.
– Xo‘o‘sh Miltiqboy aka, yaxshilab tanishib oling, – dedi u kishi menga quv nigohlarini tikkancha. – Bu azamat yigit bizning eng zo‘r shogirdlardan biri. Kalasalniy yozuvchi. O‘zbekdan Dostoyevskiy chiqsa shu yigitdan chiqadi. Aytgancha, sizlar Dostoyevskiyni bilmaysizlar. O‘zbekning Qodiriysiga o‘xshagan o‘risning yozuvchisi bo‘lgan, o‘shani aytayapman. Hali ko‘rasiz, shu o‘tirishimiz ham birorta kitobiga hikoyami, qissami, romanmi bo‘lib kirib ketadi. Miltiqboyni butun dunyo taniydi o‘shanda. Faqat hajviya bo‘lib ketmasa…
Kulib yubordim. Miriqib kuldim. Bechora mezbonlarning yuzidagi ifoda shunga majbur qildi. Ular Ustozga xavotirli boqib turishardi. Menga qo‘shilib kulayotgan Ustoz mezbonlarga qarab “qo‘rqmanglar, sizlarni maqtab yozadi”, demaguncha ular kulguga ham qo‘shilishmadi, shu tariqa tanishdik…
* * *
Dasturxonda ustiga paraklangan piyoz solingan jiz paydo bo‘lgach, chog‘irkosalar tez-tez aylana ketdi. Ustoz “qizishib” olgach, o‘zini allomayu zamon, degan da’vo bilan gap bera boshladi. Gohida shoirligini pisanda qilib qo‘yishni ham unutmasdi. Pisandalar ustma-ust bo‘lavergach Miltiqboy akaning iltimosiga ko‘ra ruboiy o‘qidi.
– Mastona yo‘l oldim, mayxona tomon,
Ko‘za ko‘targan chol bo‘ldi namoyon.
Dedim: Xudodan qo‘rqmaysanmi, yuzsiz,
Dedi: ichaver, Xudo mehribon[2].
Miltiqboy aka ko‘zlarini yumib, boshini sarak-sarak qilgancha ingrandi.
– Bu she’r kimniki aka? – dedi so‘ng holatini o‘zgartirmay.
– Albatta kaminaniki, – dedi Ustoz kiprik ham qoqmay. – Tong sahar turib yozadigan odatim bor. O‘zi aksariyat buyuk shoirlar tongda ijod qilishgan boja, – deya bojasiga yuzlanib davom etdi. – Tongda sehr bor. Mana shu sehrdan ulgu olgan misralarimiz Miltiqboy akani rom qilib qo‘ydi. Nega angrayasiz, quymaysizmi? Bizda bunaqa she’rlar ko‘p, xotirjam bo‘ling tonggacha yetadi…
– Quy jo‘ra, qo‘y. Bojangning bunday she’rlariga shuni sepib turmasak, otashi eritib yuboradi. Quy, – dedi sirli jilmaygancha Miltiqboy aka.
* * *
Shundan so‘ng mezbonlar go‘yoki, butunlay tildan qoldi. Men esa ularning “ochilishi” qiyin bo‘layotganidan hayron bo‘lardim. Ustoz esiga tushgan shoirning she’rlarini o‘qir, ba’zilarini o‘qib bo‘lib “bu she’rga Abdulla Oripov ham tan bergan”, deb qo‘yardi.
Kulardim, dumalaguday bo‘lib kulardim. Nega-ki, o‘sha o‘qilgan she’r Abdulla Oripovniki bo‘lardi-da. Shu tariqa ikki soatdan mo‘lroq vaqt o‘tdi. Ustma-ust aylangan qadahlar ta’siridanmi mezbonlarning ham kayfiyatlari ko‘tarildi. Bir-birlariga qarab goho ko‘z qisishib, goho imo-ishora qilishib ustozni battar ilhomlantirib she’r tinglashdi. Ajablanarlisi, ular jiddiy she’rlargayam shilqillab kulishar, tizzalariga shapatlar, gohida qorinlarini changallab ko‘rpachaga dumalab ham qolishardi.
– Ay otoyi xudo, o‘zi kelgan miymojonimdan aylanay, bizlar bir sag‘irlikda katta bo‘p, tov bilan ovdan boshqasini bilmagan omilar bunday shoirni ko‘rib jilog‘imis kep ketayapti-ey, jilog‘imis. Buytib-ay odamdi hayratlarga g‘arq qilib she’r o‘qiybermang-da shoyr, o‘zi bir sog‘ir bola bo‘sam, jiloyberip tomog‘im jirtilip ketmasin yana.
Miltiqboy akaning bu gapi ustozni ming karra ilhomlantirib dunyodagi eng zo‘r ertakchiga aylantirib yubordi. U Chingiz Aytmatov, Qo‘ysin Quliyev, Yevgeniy Yevtushenko hatto Paulo Koelo bilan qilgan suhbatlari haqida gapira ketdi. G‘irt yolg‘ondan iborat bu gaplardan eng zo‘ri Koeloning unga qo‘ng‘iroq qilgani bo‘ldi.
– Bilasizmi “Alkimyogar” romani qanday dunyoga kelgan Miltiqboyjon, – deb savol tashladi roviyimiz. – Yarim kechasi uyga telefon bo‘layapti deng. Obbo boboy ketib qoldimi deyman, deb ko‘ngil g‘ash tortib trubkani ko‘tarsam bir erkak ovozi “Hello ser. Bu mister Mahmudning uyimi”, deydi. Hayron bo‘ldim. “Ha, kim bu”, dedim. “Oooo, mister Mahmud. Men Paulaman braziliyalik yozuvchi do‘stingiz. Uzr, kech bo‘lganda bezovta qildim. Sizdan bir maslahat so‘ramoqchi edim”, dedi u. “Eee, Paula qalaysan jo‘ra, shu so‘rashniyam vaqtini topasanda. Otam o‘lib qoldimi, deb o‘ylab yuragim yorilayozdi”, deb koyindim. “Mister Mahmud anchadan beri tuzukroq bir asar yozolganim yo‘q. Mavzu topishga yordam qil jo‘ra”, dedi u yalinib…
Ustozning shavq bilan so‘zlashini Miltiqboy akaning luqmasi bo‘ldi.
– Qaysi tilda gaplashdilaringiz? U sizni qayerdan taniydi?
Albatta bu luqma ustozga yoqmadi. Ulug‘vor bir tarzda o‘zining norozi nigohlarini Miltiqboyga tashlab bir muddat jim qoldi. So‘ng notanish tilda uni jerkib tashladi.
– Let me tell you not please[3].
Unga javob kutib termulgan Miltiqboy aka hijolat bo‘lganday: – Bo‘ldi-bo‘ldi, uzr taqsir, uzr, – deyishdan boshqa chorasi qolmay tinglashga chog‘landi.
Lekin roviyimiz:
– Kayfim oshdi, cho‘milaman, – deb turib ketdi.
Echinib hovuzchaga tusharkan suvning muzdayligiga chidolmay butun tog‘ni boshiga ko‘tarib baqirdi. Uning rostdan kayfi oshgan edi. Cho‘milib chiqishini kutdik. Miltiqboy aka “Ustozjon may oyi bizda ancha sovuq bo‘ladi. Tandir kabob pishguncha uyga kirib uxlab chiqing”, degancha uni nariroqdagi uychaga ergashtirib ketib, ancha vaqt o‘zi ham ko‘rinmay ketdi.
Ustozning bojasi bilan yolg‘iz qolib u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik. Men undan tog‘ tabiati, kakliklar, bu yerliklar alqor deb atovchi yovvoyi qo‘ylar, tog‘ mumyosi haqida so‘radim. Suhbatimizga Miltiqboy aka kelib qo‘shilgancha erinmasdan xuddi bu mavzuda doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan olimday batafsil javob berdi.
– Bojaniyam uxlatdik, tandirniyam solib keldik, – dedi yonimizga cho‘karkan Miltiqboy aka. – Ustozingiz ham xudo bergan shoir ekan. Buncha she’rni qayerdan bilsa, o‘zimni she’rlarim dedimi?
Sir boy berib Ustozni kulguga qo‘ygim kelmadi.
– Kim bilsin aka, men unchayam she’riyatga qiziqmayman. Lekin Ustozning shunday iste’dodi bor.
– Iste’dod ham gapmi, san’at deng san’at, – dedi meni quvatlab Miltiqboy aka. Bunday odamlarni biz tomonlarda san’atkor deydi, san’atkor. San’atiga qoyil qolib o‘tiribmiz. O‘ziyam she’r degani buloq bo‘lib chiqarkan u kishidan.
Negadir ustozning bojasi hijolatomuz kulimsirab qo‘ydi.
– Miymonjon, – gapini davom ettirdi Miltiqboy aka. – Endi bizlar Alpomishdan boshqasini eshitmay, shu bitta do‘mbirani chalib jurgan ovvommis. Ovulga o‘zining oyog‘i bilan bitta tirik shoir kelib qopti, keling shu aka minan bir ijodiymi abadiymi, nima deysizlar o‘zi, shunaqa bir uchrashuv tashkil qilaylik. Nima deding jo‘ra?
Boja taraddudlanib menga qarab oldi.
– Jim o‘tir-ey Miltiq, – dedi so‘ngra jo‘rasini jerkanday. – Bir hazil qilsa-qilibdi, shunga-shunchami?
– A bizday bir baxshi bachchadan peshi kelgan bo‘lsa bir maydon beraylik deyappanda, – dedi Miltiqboy aka masxaromuz tirjayib.
– Chekingga tushsa chegirayma degan, Miltiq, – dedi boja yanada hijolat bo‘lib. Galdiratma[4]da endi.
Shu payt bir uyquni pishitib chiqqan ustoz baland ovozda ammo zavq-shavq bilan rus tilida she’r o‘qidi:
– Vesna, vesna, pora lyubvi,
Kak tyajko mne tvoye yavlene,
Kakoye tomnoye volnene
V moyey dushe, v moyey krovi…
Kak chujdo serdtsu naslajdene…
Vse, chto likuyet i blestit,
Navodit skuku i tomlene[5]…
Mezbon bojaning avzoyi o‘zgardi, Miltiqboy akaga bo‘lsa jon kirdi.
– Ay shoyrjanimdan o‘rgilay. O‘rischayam yozadi kerak bo‘sa, – deya irg‘ib o‘rnidan turdi. – Otam bechara bir tirik shoirni ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q, deb o‘lib ketdi. Yelkangizdan bir tavof olay.
Miltiqboy aka qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha tazim qila-qila ikki xatlab ustozning oldiga bordi-da, uning yelkasiga peshonasini ishqalagan bo‘ldi. Keyin esa ustozni quchib:
– Voy otajanim-ey, oyoqti tirap yana ekki jil kutganingisda tirik shoyrdiyam ko‘rarakansiz-a. Voy otajonim, mening quchganim sizding quchganingiz bo‘lsin-da iloyo, – deb yig‘lamsiragan ovozda nag‘ma qildi.
Uxlab ancha o‘ziga kelgan, hiylalarini kelgan joyidan davom ettirmoqqa qasd qilgan ustoz bundan yayrab ketdi.
– Otpustite mne, – dedi Miltiqboyga qarata sahnadagi aktyorday qiroat bilan. – Chto vы govorite. Chto vы delayte? Kontsa-kontsov yest zdes kakoy nibud dumi bor ulfat, dumi bor erkak.
Miltiqboy aka uni yanada mahkamroq quchib, mulozamat qildi.
– Shoyrjonim bu yerda sizdan o‘tgan dumli yo‘q asli. Qani o‘tiring-chi, bir kegan jayidan…
– Daaa, – dedi ustoz. – Muxlislardan qochib qayergayam borarding. Hatto tog‘dayam tinch qo‘yishmaydi. Mayli o‘taylik bo‘lmasa.
Dasturxon atrofida jamlandik.
– O‘zi tos[6] aytishga qarshiman, negaki bu masihiylar odati. Bizning turkiylarda yo‘q bu odat. Lekin gapirgim keldi, – dedi ustoz bojasi quyib uzatgan chog‘irpiyolani olishi bilan.
– Bir safar Vasiliy Shukshin bilan Oltoyga borganim esimga tushib ketdi. Juda go‘zal o‘lka. Turkning bobolari bekorga makon tutmagan u yerlarni. Vasya ham bekorga katta yozuvchi bo‘lmadi, negaki, Oltoy tabiati unga ulgi berdi. Hamisha o‘ylayman, nega bobolarimiz shunday joylarni tashlab ketgan, nega?
Ustoz bir lahza sukut saqladi. So‘ng yana o‘rischa she’r o‘qidi, Oltoy haqida. Muallifini bilmadim, mezbonlar uchun o‘ziniki bo‘laqoldi.
– Altayskiy kray!
Lesa, ozera, reki,
Mestorojdenya,
Stepi, tselina.
Altayskiy kray!
Veka idut i vexi,
Pod solntsem yuja –
Vyujnaya strana[7].
Miltiqboy aka qiyqirib chapak chalib yubordi. Biz ham jo‘r bo‘ldik. Ustozning o‘z rolini mahorat bilan ijro etishiga tan berib, chin dildan unga xayrihox bo‘la boshladim.
– Kelinglar azizlar, turkning asl vatani va undan bir kami bo‘lmagan shu tog‘u-toshlar uchun qadah ko‘taramiz.
Gazakdan keyin Miltiqboy aka “ay xudoyjonimdan o‘rgilay, bir aytgim keldi”, degancha ko‘zlarini yumib baxshiyona ohangda “Alpomish”dan bir parchani ustozning otiga chatishtirib aytib yubordi.
– Mo‘ylabi shoqolab har yonga ketgan,
Ichida chichqonlar bolalab jotqon.
Iziga tushgan pishak, oltoyda jetkan,
Shundayn ulfatdir, Mahmudjon polvon.
– Oho, ha Miltiqboy! Borakanku dumi bor ulfat, yashang, yashang, – deb shovqinladi ustoz.
Miltiqboyning chindan ham avji keldimi, yo kayf qilib qoldimi, tag‘in qo‘lidagi tig‘i o‘tkir pichoqni do‘mbira kabi “chertib” boz do‘rilladi:
Oyoq kerib turishing, jukli karvon o‘tguday,
Sovringning kengligiga kelin-kuyov jotquday,
Teringning jupqalig‘i Xitoyning qog‘oziday,
Ko‘zingning joltanglashi pora olgan qoziday,
Jolingning selkillashi bekaning kaniziday,
Erkalabgina jurishing lo‘lining erka qiziday,
Chuhh-ey, otamning G‘iroti, jesang poshsholiq davlati…
Davradagi mezbonu mehmon barisi baravariga “dod” deb yubordi.
– Ey, ustoz, – dedi Miltiqboy shovqin tinib-tinmay, – bu gaplarni Avazxon otasi Go‘ro‘g‘lining yaxshi ko‘rgan oti G‘irotga qarab turib aytgan. Avazxon jangga ketayotgan bo‘ladi-da…
Qodir baxshi degan bir xirmonday baxshi kelib aytib ketgan edi, bularni. U baxshi huv, Dehqonobodda o‘tiradi.
Endi, ustozjon, savodi yo‘q odamlar quyma quloq bo‘ladi. Bizgayam bovolardan ozroq tiygani shu. Lekin sizday o‘rischa, o‘zbekcha she’r yozolmaymiz-da, dumi borlikdayam o‘zingizdan o‘tari yo‘q.
– Katta baxshi bilan o‘tirgan ekanmiz-ku, gal ham bermabmiz ustoz. Miltiqboy akani bir tinglaylik bo‘masa, – dedim ovozi baxshiyona, ohangi shirali bo‘lgani uchun.
Shu gapni poylab turganday Miltiqboy aka taraddudlana boshladi. Biroq ustozga gapim yoqmadimi meni qo‘llamadi.
– O‘zi bizda tuzukroq qo‘shiqchi qolmadi, – dedi menga javoban ustoz. – Qolganlariningam og‘zidan oldin keti qimillaydi. Baxshi deganiyam bir qo‘shiqchi-da. Men turganda she’r tinglang kattabovojon, she’r.
Uyalib ketdim.
Hamrohimdan uyaldim.
Otam “mehmondorchilikda sheriging uchun uyalishdan xudo asrasin”, deb duo qilgich edi. Tushunmasdim. Rostdan yomon bo‘larkan.
Miltiqboy aka hijolat bo‘lganini sezdirmaslikka urinib, gap ma’qulladi.
– Vo‘o‘o‘, – dedi ustozni qo‘llab. – Aytdim-ku, dumi bor odam shaxsan o‘zlari deb. Gapniyam topib aytarkansiz-da mehmon. Topib aytilgan gap partiyaga a’zo qiladi, degan matal juradi bizlar tomonda. Tarixiyam bir qiziq buning. Qishlog‘imizda birinchi komunist bo‘lgan bir bovo bor. Muxtor Shapsanov degich. Shu kishini partiyaga o‘tkazamiz, deb raykomga suhbatga chaqirishibdi. Bovoyam umri bino bo‘lib yolg‘on aytgan bovomas. Sekretar undan “Enangiz namoz o‘qiydimi”, deb so‘rasa. “Ha”, deb sopti-da. “Bo‘maydi”, depti sekretar.
Qizziqdi ko‘ringki, sekretarning onasi folbin ekan.
Buni yaxshi bilgan bovo “Meni enam namoz o‘qisa, sizni enangiz folbin-ku”, debdi. Gap tarqab ketishidan qo‘rqqan sekretar bovoni partiyaga qabul qilgan ekan.
Ustozning bojasi bezovtalana boshladi.
– Miltiq, – dedi jo‘rasiga qarab. – Mehmonlarni ochqatib qo‘ydik.
Miltiqboy aka nimadir esiga tushganday unga yalt etib qararkan o‘ziga-o‘zi so‘zlanganday ming‘irladi.
– Och bola bilan to‘q bola o‘ynamaydi, jo‘ra bilmasa so‘ylamaydi. Bo‘ldi-bo‘ldi tandirni ochamiz.
Mezbonlar “hozir-hozir”, degancha uzoqlashishdi.
– Qalay kattabovojon, boplayapmanmi? – dedi ustoz menga qarab. – Umir bo‘yi cho‘ponlikdan boshqa ish qilmagan bu anqovlar she’rlarimizga erib tandir ham qilibdi. Qoyilmisiz?
– Bojangizni bilmadim lekin Miltiqboy aka chatoqqa o‘xshaydi. Biz tomonlarda “dashlikdan hazim[8] bo‘l”, degan gap bor. Miltiqboy aka dashtliklarni eslatayapti. Sodda-mug‘ombir bo‘ladi ular. Alpomishdan o‘qiganiga qaraganida kitob titgan ko‘rinadi-yov, – dedim ustozni hushyorlikka chaqirib.
– Ayy, shular kitob titadima? Shular-a, qo‘ysangizchi. Momolari aytgan o‘lanlarni chala-chulpa bilsa-bilar. Shoir bo‘lmasak ham bularning elliktasini o‘qitamiz, dashtlikdan boshqasi bo‘lsayam, – katta ketdi ustoz.
– Maqsadimiz mehmonlik bo‘lsa ularniki mezbonlik. Shundog‘am o‘zlari chaqirishgan, nag‘ma shartmas-ov, – dedim.
– Siz, – dedi ustoz jahllanganday. – Jangga birga kirgandan keyin orqaga qochmang. Hech bo‘lmasa akopda jiim yotib qolganini menga qo‘ying. Tandir masalan kaminaning mahorati bilan tashkillashtirildi. Boya bir-ikkita kurkaga ham ko‘zim tushdi, Miltiqboyniki bo‘lsa kerak. Kechga kurka qovurtiramiz, qarab turing.
Men “gap yo‘q”, deganday ikki qo‘limni ko‘tardim…
Mezbonlar ikki katta tovoqda tandir kabob, to‘rtta kosada seli[9]ni keltirishdi. Mazasi tengsiz edi. Biroq ustoz bepisand tamshanib “Boysun, Boysun”, deb qo‘ygach qo‘qqisdan savol qotdi.
– Miltiqboy inim, Siz Boysunda bo‘lganmisiz?
Qo‘lidagi ilikni rohatlanib kemirayotgan Miltiqboy aka luqmasini yutmagani uchun boshi bilan inkor ma’nosida ishora qildi.
– Xudoning nazari tushgan joylar. Tandir kabobi bundan ming karra mazali bo‘ladi.
Miltiqboy aka yutinib olgach, yelka qisib quruqqina javob qildi.
– Aytavur qo‘limizdan kelgani shu. Kasimimiz[10] tandirchiyamas shoyrjon. Endi kami bo‘lsa, ayb qilmang.
Ustoz kuldi.
– Eee, sodda inim. Oshpaz sifatida oldingizdan mingtasi o‘tib ketaversin. Siz bor mahoratingizni ishga solganingiz shunday ma’lumku. Surxonning tabiati bebaho. U yerda o‘sgan giyoh go‘shtga o‘zgacha tam bag‘ishlaydi. Bu yernikiga o‘xshamagan. Lekin bu tandir kabob bilan ularnikini solishtirib bo‘lmaydi. Ammo ikkoviyam o‘ziga xos. Umuman chog‘ir bilan aralashganda tamga yo‘l bo‘lsin. Buyam bir omadi gapda, Miltiqboy, ko‘ngilga olmang yana.
– Ey, yo‘g‘-ey, shoyrjon. Nega ko‘ngilga olamiz, jo‘ra tandirga yopishmay bojang minan bizga bittadan quy, – dedi bu gapga javoban Miltiqboy. – Tandirning seli bilan boshqacha ketadi…
Tanavvul tugagach o‘rtadan ustozning talabiga ko‘ra dasturxon olinib, faqat kiyik o‘ti aralashgan choy qoldirildi.
– Kelinglar shunchaki choy ichib hangoma qilaylik, bu zormandadan ko‘pam hikmat yo‘q o‘zi, – dedi ustoz. – Taqdir ekan, nasibamiz ekan boldizning ortidan shu joylarga kelish. Siz bilan birga bir dasturxon atrofida o‘tirish. Yuzlaringiz aytib turibdi, shu tog‘lardan boshqasini ko‘rmagansizlar. O‘zi sizlarga havasiyam keladi odamning. Bizga o‘xshab shaharda biqiq bir hovlichalarda emas, keng makonda emin-erkin yashaysiz. Endi kelishib olaylik. Uzoq yo‘lni yaqin, vaqtni qisqa qiluvchi bir narsa bor. Shuni kim aytadi?
– Albatta mehmon. Sizni tinglaymiz, – dedi Miltiqboy aka.
– Unda so‘rang, – dedi ustoz kerilib.
– Shoyrjonligingizni bildik, – dedi Miltiqboy. – Ko‘rgan bilganingizdan, o‘tgan ketgandan, ay bir qizziq gaplardan ayting.
– Kamina ming to‘qqiz yuz oltmish oltining uchinchi kvartali so‘g‘inida tavallud topgan. Demak-ki, sizdan ham bojadan ham ancha kattaman, – o‘zini batafsil yaqindan tanishtira boshladi ustoz. – Asli daryo ortidanmiz. Nasibamiz Toshkentga sochilgan ekan, o‘zingga shukur deb, terib yuribmiz…
Ustoz o‘zi haqida ancha gapirdi. Aytishicha Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, Jahon shoirlar kongiresining hamraisi, Moska davlat universitetini qizil diplom bilan bitirgan iqtidor egasi, dovrug‘i dunyoga doston shoirlar bilan jo‘ra ekan.
Undanam o‘tib tushgani meni qaytadan tanishtirgani bo‘ldi. Men beshta roman yozgan, asarlarim ingliz, frantsuz, nemis, ispan va boshqa tillarga tajima qilingan, o‘zbek adiblarining erta-indin nobel mukofotini qo‘lga olishi mumkin bo‘lgan yorqin iste’dodlaridan biri ekanman.
– Ie, iye, – deya o‘rnidan irg‘ib turgan Miltiqboy aka endi meni quchoqlab oldi. – Siz Sayid Ahmadning shogirdima? Televizorda bir ikki ko‘rganmiz. “Ikki eshik orasida”, degan romaniniyam o‘qigan chiqarman-ov.
– Kattabovojon Sizga aytsam ishonmaysiz, – dedi ustozning ko‘zi quvonchdan porlab, – O‘tkir Hoshimov yozgan romanni Said Ahmadniki deb yurganlarda bular.
“Boja” yana bezovtalanib qo‘ydi. Miltiqboy aka bo‘lsa ustozga qarab bir pas angrayib turdi-da xoxolab kulib yubordi.
– Eee, o‘ romanni O‘tkir Hoshimov yozganmi? Adashtiribmiz, adashtiribmiz. Bir qoshiq qonimizdan o‘ting ustoz, – dedi kulgi aralash.
– Uzr so‘ramang, bizam har uchragan chalasavodning gapini yurakka yaqin olaveradigan anoyimasmiz, – dedi ustoz. – Kattabovojon kitoblaringizdan bering bularga. Aftidan bizni g‘irt yolg‘onchiga chiqarib mayna qilayotganga o‘xshaydi, – dedi so‘ngra.
Bu gap mengayam yoqib tushdi. Bojaning o‘g‘illaridan birini imlab mashinaning kalitini berib kitob olib chiqishni iltimos qildim. Ko‘p o‘tmay hajviyalar to‘plamimdan ikki dona keltirishdi. Bitta bojaga, bitta Miltiqboy akaga dastxat yozib sovg‘a qildim. Miltiqboy aka uni varaqlab kula-kula bir ikkita hajviyamni ovoz chiqarib o‘qigach, nazarimda mening rostakam yozuvchi ekanligimga ishonganday bo‘ldi.
Ular ustozdan ham kitob so‘rashdi. To‘g‘ri ustoz tug‘ilganidan hozirga qadar aytgan yolg‘on-yashiqlarni jamlasa “Manas” dostonidan ham katta kitob bo‘lardi lekin hafsala qilmagan.
– Buni qarang, biz kitob olishni o‘ylab ham ko‘rmabmiz. Mayli hozircha shogirdning kitobini o‘qib turasizlar endi, – deb bahona qila qoldi.
– Uzr-ku mehmon, bizlar – tov odami. Gapgamas amalga ishonamiz. Mana shogirdning kitobini ko‘rdik, ishonmaylik desak suratiyam bor ekan. Sizda nima bor? Hech narsa! Shuning uchun endi xafa bo‘lmaysiz, siz pastga tushasiz, yozuvchi yuqoriga o‘tadi, – deb soldi Miltiqboy aka.
– To‘rt tomon ochiq bo‘lsa, bu yerda to‘r bilan poyga bor ekanmi. Mayli shogird tomon to‘r bo‘laqolsin, – deb tan berganday bo‘ldi ustoz. Keyin esa o‘zining yangi fantastik romani haqida gapirib berishga izn so‘radi. Barchamiz og‘ziga tikildik.
– Yangi romanimni tugatay deb qoldim. Voqe’alar o‘zga sayyorada sodir bo‘ladi. U yoqdagilar ham tuzilishdan o‘zimizga o‘xshagan. Qo‘l oyog‘i, barmoqlari bor, rangi ko‘k, dumiyam bor.
– Shaytonlarmi ular – dedi Miltiqboy aka gapni bo‘lib.
– Nega endi shayton bo‘larkan, odam, – deya gapida davom etdi ustoz. – Sayyorasi yam-yashil. O‘simliklari ham aqilli. Uchar dinazavrlarni minib yurishadi. Bo‘ylari yetti-sakkiz metr keladi.
– Ahaaa, devlar ekan-da bo‘lmasam, – yana gapni bo‘ldi Miltiqboy aka.
– Devlarmas, odamlar faqat shunaqa katta bo‘lishadi, – dedi ustoz norozi to‘ng‘illab. – Gapni bo‘lmay eshitib turing endi. Xullas o‘sha yerga bizni yerdan kosmik kemada bir soldat uchib boradi.
– Ie, iye. Qanday qilib bir yarim metrlik soldat ularning oldiga borsin. Bo‘maydi, uni shovul bargiga o‘rab yeb qo‘yishadi-ku, – tag‘in oraga suqildi Miltiqboy aka.
– Sabr qilsangiz bilib olasiz. Ozgina kutib turing endi, – deb jerkindi ustoz. – Har narsaning siri-sinoati bor. Masalan, siz kurka boqasizmi?
– Boqaman, – dedi Miltiqboy aka. – Nimaydi?
– Nechta kurkangiz bor?
– Ikkita.
– Eng kattasi nechi kilo keladi?
– Bilmasam, kim tortib ko‘ribdi uni.
– Xo‘p, taxminan nechi kilo chiqadi, – dedi ustoz toqatsizlanib.
Boja bilan Miltiqboy aka bir-birlariga qarab olib g‘o‘dranishdi.
– Besh kilo bordir.
– Haa, yashang, – dedi ustozning quv ko‘zlari o‘ynab. – Shu besh kilolik kurka tuxumdan chiqqanda nechi kilo bo‘ladi?
Miltiqboy aka o‘ylanib javob qildi:
– Kilo chiqmas-ov yuz gramm kelsayam katta gap, axir kaftingizga joy bo‘ladi-ku.
Ustoz jonlanib ketdi.
– Otangizga rahmat! Romanimda ham shunday bo‘ladi. Yerlik bir olim katta kashfiyot qiladi. Ya’nikim, kosmosda uchib yurgan odam qovurilgan kurka go‘shtini yesa o‘sha sayyoradagi siz dev deyotgan yetti-sakkiz metrli odamlarday bo‘lib ketishini aniqlaydi. Bitta no[11]si dum ham o‘sib chiqishi. Lekin olimlar rosa o‘rganib dum kosmosda ham boshqa sayyoralarda ham insonga xalal bermasligini aniqlashadi. Shu tariqa siz bir yarim metr degan soldatimiz sakkiz metrli ulkan dumli devday bo‘lib ularning oldiga boradi. Ular hayron bo‘lishadi. “Biz yerda o‘zimizga o‘xshagan bahaybat mavjudotlar yashashini bilmasdik. Sen rostdan o‘sha yoqdan keldingmi”, deb so‘rashadi ular. Qahramonimiz “ha”, deydi. “Onangdan shunaqa tug‘ilganmisan yoki kurka yeb kattarib ketganmisan”, deyishadi. Qahramonimiz “yo‘q bo‘yim yerda bir yarim metr edi. Kosmosda kurka go‘shtidan qovurma yeyaverib shunday bo‘lib ketdim”, deydi. Shunda o‘zga sayyoraliklarning poshshosi “qani hammang tarelkalaringga minib Miltiqboyning kurka katagiga marsh qilinglar. Bizam qovurma qilib yeylik”, deb turgandaaa…
Ustoz gapini to‘xtatib Miltiqboy akaning balog‘iga tikilib qaradi. Men ham boja ham Miltiqboy aka ham hayron bo‘lib u qaragan yerga termuldik.
– Miltiqboy inim, balog‘ingizdan dum chiqib turganga o‘xshaydimi. Xuddi silovsinnikiga o‘xsharkan, – dedi ustoz qattiqroq termulib.
Gumbirlagan kulgi ko‘tarildi.
Ayniqsa Miltiqboy aka miriqib kular, balog‘idan rostdan ham dum ko‘rinib qoladigandek hadeb to‘pig‘i ustini silab, “endi roman yozgan ekan deb, ishonayotgandim”, degancha qah-qah urardi.
Ustoz kulgu aralash:
– Bu dumni o‘zingizdan o‘stirmay, bizgayam iliningda uka, – degach, – Bo‘ldi, bo‘ldi. Kallaga teppaganini qarang. Hozir muhayyo qilamiz, – degancha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
* * *
Kechki taomga kurka go‘shtidan qovurma bo‘ldi. Allamahalgacha ustozning “she’rlari”dan tinglab o‘tirdik. Tong otgach nahorgi choyni ichib qaytishga chog‘landik. Xayrlashuv oldidan Miltiqboy aka ustoz bilan quchoqlashib xayrlashar ekan, – Bilaman, dumi bor odam, deb mard ulfatni aytadi. Gap zamirida sherga ishora bo‘lsa kerak. Lekin bu dum o‘lgur faqat sherda emasda. Ha mayli, rosti kecha uchrashuv boshida bir oz siqilgan edim. Keyin esa rosa maza qildim. Bunga siz sababsiz mehmon. Aslida dumi bor odam menamas, siz ekansiz, – dedi ma’noli kulimsirab. – Ha yana bir gap, bir paytlar o‘qigan bo‘sam kerak-da, o‘risning Lyubov Goroxova degan shoirasi kecha Oltoy haqida siz o‘qigan she’rga o‘xshatib “Altayskiy kray! Veka idut i vexi, Pod solntsem yuga – Vyujnaya strana”, deb yozgan. O‘ylab ko‘rsam g‘irt chalasavod shoira ekanda. Siznikiga taqlid qilganmi yoki o‘g‘rilab olganmi kim bilsin. Nekin bir nersa aniq. “Pod solntsem yuga” emas, “Pod solntsem yuja” bo‘laykan. Buni sizdan bildik. See you next time, goodbye[12].
Tangri to‘rt qarich til bersayu farosatdan qissa bundan yomoni yo‘q. Shu gapdan keyin ham Mahmud akaning “ko‘zi ochilmadi”.
– Xotira chakkimasku Miltiqboy, chakkimas, – dedi unga.
Tun bo‘yi davom etgan “chog‘irbazm” asorati idrokini ancha xira torttirgan edi. Omonlashib yo‘lga tushdik. “Shoiri zamon” yarim yo‘lgacha deyarli mudrab keldi. Shamollash bahonasida yuz-qo‘lini chayib olgach ancha tetik tortib yangaga ularni qanday laqillatganini gapira ketdi. Gap ularga she’r o‘qib berganiga kelganda yanga ajablanib, “qo‘ying-e, Miltiqboy aka birovlarning she’rini bilmadimi?”, deb qoldi.
– Qayerdan bilsin? Qor odamday gapda bular, shu yerda tug‘ilib, shu yerda chirib ketadi, – dedi eri yayrab.
– Voy o‘lmasam, shuncha hangama qilib ulardan nima ish qilasan deb so‘ramadingizmi, – dedi yanga. – Siz qayerdan ham so‘rardingiz. Sizga hammani og‘zingizga qaratib gapirish bo‘lsa bo‘ldi.
– Nimasini so‘rayman? Afti aytib turibdi-ku, ismini qara, Miltiqboy emish. Shunaqayam ism qo‘yadimi odamga. Nima ish qilishi ma’lum, tog‘da kurkasini boqib yursa kerak, – bo‘sh kelmadi u.
Yanga zarda qildi.
– Kim bilsin, lekin singlim menga Miltiqboy akani filologiya fanlari nomzodi, SamDU[13]da yetti yil adabiyotdan dars bergan, ikki yil oldin onasi o‘tgandan keyin ishini tashlab otasining yoniga qaytib kelgan, dedi. Kuyov ham adabiyot muallimi ekan. Hozigi zamonda muallimning bilmagani qoptimi…
Ustoz bor vujudi bilan yangaga o‘girildi.
Keyin menga qaradi.
So‘ngra to‘g‘riga tikilib qoldi-da, to‘ng‘illadi:
– Voy onangni emgur tog‘lig-e-e. Boya o‘rischa-inglizcha gapirib yotgandiya. Boshog‘riqniyam padariga lanat, e’tibor qilmabman-a.
Yanga ikkimiz baralla kulib yubordik.
Quloqlarim ostida Miltiqboy akaning bir gapi jaranglardi:
“…dum o‘lgur faqat sherda emasda”…
_______________
[1]Iyarchan – sheva. Ergashib kelgan degan ma’noda.
[2]Umar Hayyom ruboyisi
[3] Ingliz tilida “shoshilmay eshiting, gapirishga qo‘ying”, degan ma’noda.
[4] Sheva. Laqillatma, chalg‘itma ma’nosida.
[5] A.S.Pushkin “Vesna, vesna pora lyubvi”.
[6] Tos – aslida tost, qadah so‘zi.
[7] Lyubov Goroxova she’ri.
[8] Hazim – shevada ehtiyot bo‘l degani
[9] Seli – tandir kabobdan ajrab chiqqan xushta’m suv.
[10] Kasimimiz – sheva, kasbimiz ma’nosida.
[11] No – rus tilida yo‘q ma’nosini beruvchi so‘z. Gohida aksi, chatog‘i degan ma’noda ham qo‘llaniladi.
[12] Yana ko‘rishguncha omon bo‘ling. Inglizcha.
[13] SamDU – Samarqand davlat universiteti