Libos har doim ham insonning qandayligini belgilab beravermaydi. Oltin tuproq ostida ham, qora balchiqda ham o‘z aslini yo‘qotmasligi rost. Shunday deymizu, ba’zan hayot qonun-qoidalari oltinni-da qadrsiz buyumga aylantirib qo‘yishi mumkin.
Libosning asosiy vazifasi avratni berkitish ekanligi sir emas. Bunga yaramagan matohni esa libos deb bo‘lmaydi. Eng achinarlisi, yon-atrofimizdagi libosni unutib qo‘ygan opa-singillarimizga hech qanday ajablanishsiz qarashga o‘rganib bo‘ldik. Ko‘z ko‘nikib qoldi.
— Ko‘chaga chiqsam, faqat yerga qarab yurishga majbur bo‘layapman, — deydi bir akamiz shunga ishora qilib.
— Yerga qarashga ham o‘ylanib qoldim, ba’zi hollarda shundoq oyog‘ing ostidan chiqib qolishi ham hech gap emas, — deydi hazil aralash kinoya bilan yana biri. — Osmonga qarab yursakmikan, u holda uyimizni qanday topib boramiz?
Bu borada faqat qizlarga ayb taqayverish to‘g‘ri emasga o‘xshaydi. Yaxshiroq o‘ylab qarasak, buning zamirida ham o‘zimizning nuqsonlarimiz yashirinmaganmikan?
To‘yga bordik. Ikki tanish oila kelishib, quda bo‘lishibdi. Poytaxtimizdagi restoranlardan biri. Odamlar, rang-barang liboslar, Stol ustida qushning suti yo‘q, xolos. Bir kishi uchun keltirilgan ovqatga to‘rt-besh kishi bemalol to‘yadi.
Davraga bir qiz chiqdi. Kelinning singlisi deb tanishtirishdi. Kiyinishi bir ahvol. Egniga nimadir ilib olgan. Negadir, darrov xayolimdan bir fikr o‘tdi: “Akasi yo‘q ekan-da”.
Adashibman. Bir payt stol atrofida o‘tirgan boyagi bo‘yi yetib qolgan qizni bir yigit o‘pib(!) ketdi. Hamma hayron. “Akasi”, — izoh berdi yonidagi qiz. Battar ajablandik.
Davra qizigandan qizidi. O‘rtada kelinning o‘sha singlisi akasi bilan raqsga tushayapti. Qizning qiliqlari ham juda boshqacha. Birov aka-singil desa ishonmaydi.
Keyinroq stolning bir chetida “otamlashayotgan” yigitlardan biriga akaning ikkinchi singlisi qildi: “Sherigingizga ham quymaysizmi?”
Bu payt ichida raqs navbati kelin-kuyovga berildi. “Tomosha”ning zo‘ri hali oldinda ekan. Qaynona-qaynota, aniqrog‘i, kelinning ota-onasi ham davrani gullatishdi. Raqs davomida ota ham rafiqasini o‘pib qo‘ydi. Keyin yonlariga farzandlarini chaqirishdi. Yana boyagiday ajnabiycha raqs. “Tarbiya” ildizining uchi shu yerda ko‘rinib ketganday bo‘ldi.
Vaziyatga eng to‘g‘ri bahoni davradagilardan biri berdi: “Xuddi rus qo‘shnimning to‘yida o‘tirganday bo‘layapman”. Bir qiz ortiq chidab turolmadi, shekilli, yonidagi dugonasiga imladi: “Kech bo‘ldi, ketaylik…”
To‘y davom etayapti. Men esa anchadan beri o‘ylantirib kelayotgan savollarimdan biriga javob topganday edim. Ha, qizlarning borgan sari ochilib ketayotganiga akalar, uzr, erkaklar ham “munosib” hissa qo‘shayotgan ekan…
Televideniye orqali bir ko‘rsatuv efirga uzatilayapti. Modeler yigit bir ayolga maslahat bermoqda: “Sizga bu libos umuman to‘g‘ri kelmaydi, juda oddiy. Ochiqroq liboslar tanlang, shunisi yarashadi”. Yengsiz, oldi ochiq ko‘ylakda boyagi ayol, haqiqatan ham, o‘zgardi. Onasining “ochilib” ketganidan qizi ham xursand.
Ana, xolos! Qachondan beri yigitlar ayollarga bu tarzda kiyinishni o‘rgatadigan bo‘lib qoldi? Beixtiyor o‘sha ayolning turmush o‘rtog‘ini ichimda so‘kdim, yana rahmim ham keldi.
Mana ahvol. Nega akalar singillarini bozorga soladigan bo‘lib qoldi? Otalar-chi? Muammoning ildizlaridan biri shu yerdaligiga shubha qolmayapti. Ori uyg‘oq kishilar hech qachon bunday yo‘l tutmaydilar. Orimiz hamisha uyg‘oq bo‘lsin.
Behzod Fazliddin