Besh yashar jiyanim televizorda ko‘rsatilayotgan serialning qaerda tugaganligini tushuntirish uchun boshdan oyoq gapirib berganida, rosti, ajablandim. Alifbeni, karra jadvalini o‘rganishdan avval xorijiy seriallarning ta’siriga tushib qolgan, ularga qiziqish bilan yondashayotgan yosh o‘g‘il-qizlar bilan bolaligimiz orasida tafovut bor edi. Bu kabi hayrat avlodlar silsilasida biridan ikkinchisiga o‘tib kelayotgandek tuyuldi.
Taraqqiyotga esh bo‘lib, insonlarning dunyoqarashi, o‘ziga xos “matematikasi” (hisob-kitobi) o‘zgarib turishi sir emas. Shu bois, yoshlardan nolish balki eramizdan avval boshlangan, deya taxmin qilishga asos bordek ko‘rinadi. Katta avlod vakillari bizdan, biz esa yoshi kichiklardan bolaligimiz orasida, ulg‘ayish yoshidagi hayotga munosabatlarimizda nomuvofiqlik paydo bo‘layotganligini ta’kidlab yashayapmiz. Bu xususda ustozim Abdusalom domlaning mulohazalari meni yana yangi savollarga javob qidirishga undadi: “Insoniyat tarixini ramzan bir butun daraxtga qiyoslasak bo‘ladi. Zero, ajdodlar qoldirgan meros biz uchun ildiz vazifasini o‘taydi. Shu ulkan ma’naviy boylikdan bahra olib, unib-o‘samiz, ulg‘ayamiz. Muhimi, komillikka erishishimiz darajasi shu xazinadan qanchalik bahra olishimizga bog‘liq. Bu jihatdan o‘qituvchi-murabbiylar, ota-onalar, nuroniy keksalarning vazifasi yanada mas’uliyatli. Ular novdayu yaproqlarga ildizdagi quvvatni yetkazib beruvchi tana vazifasini bajaradi. Yosh avlod kamoli shunga vobasta. Shu o‘rinda bu vazifa qanchalik darajada ado etilayotganligi bizga mas’uliyat yuklab turganligini hech qachon unutmasligimiz kerak”.
ZANGLAMAYDIGAN ZANJIR
Bizning ILDIZlarimiz faxrlansak arziydigan darajada baquvvat! Sanaydigan bo‘lsak, ming urinmang biri olinsa, ikkinchisi qolib ketaveradi. Biroq, yurak yutib bir ko‘z oldimizga keltirib ko‘raylikchi, allomalarimizdan qaysi birining siymosi, ijodi va faoliyatining hech qursa xayolotimizdagi eskizini yarata olamiz. Qaysi biridan o‘rnak olib, nuqsonlarimizni bartaraf etishga harakat qilayapmiz. Xitoyliklarda “Eshikning zanjiri qimirlab turgani uchun zanglamaydi”, degan naql bor ekan. Bu so‘zning zamirida esa doimiy faoliyatga undovchi hikmat yashirin. Shu o‘rinda ilm o‘rganayotgan, izlanishdan charchamaydigan, mutolaaga mubtalo bo‘lgan yoshlarimizning yutuqlarida ma’naviy zahiramiz jilolanib turishini ta’kidlash lozim. Ular istiqloldan so‘ng bir necha yillardan buyon qatlanib yotgan ulkan ilmiy, tarixiy va ma’naviy merosimizni tadqiq etishga astoydil kirishganlar. Bu borada navoiyshunos olima, professor Suyima G‘anievaning fikrlari quyidagicha:
— Ilmiy merosimiz va qadriyatlarimizni tiklash davlat masalasi darajasiga ko‘tarilganligi ziyolilarimiz zimmasiga yanada mas’uliyatliroq vazifalarni yukladi. O‘tmishni bilish hozirgi kunni idrok etish, kelajakka qanday umid bog‘lash kerakligini o‘rgatadi. Kitoblardan, me’moriy obidalarimizdan, olimlarimizning pandu nasihatlaridan biz shuni uqamiz. Bobokalonimiz Alisher Navoiy salaflarining yozganlarini, ular qoldirgan ulkan ma’naviy merosni o‘zida mujassamlashtira olganligi bois, adabiyotda, madaniyatda, ilmda nihoyat darajada yuqori mavqeda bo‘ldilar. Ahamiyatlisi, o‘zidan keyingilarga ham juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Sharqning biron shoiri yo‘qki, 16 xil lirik janrda ijod qilgan bo‘lsa. Nazarimda, Navoiy ijodida aytilmagan so‘z, qalamga olinmagan masala, muammo qolmagan.
Maqsud Shayxzoda “She’rsiz yurakka men achinaman”, deya bot-bot takrorlardilar. Erkin Vohidov yozgandiki: “Navoiy ijodidan faloncha g‘azalni yod bilmagan yosh bo‘lmasligi kerak bizda”. Bu mulohazalar shoirlarning shoirona shuur bilan aytgan gapi emas, aksincha, mumtoz adabiyotdan bahra olib, dard bilan, armon bilan aytganlaridir. Navoiydek, Boburdek, Ibn Sinodek, Forobiydek adib, shoir, olimlarimizning asarlarini yil davomida o‘rganib borishimiz, targ‘ib va tashviq qilishimiz shart. Maktab darsliklarimizda mumtoz adabiyotga ko‘proq soatlar ajratilganligi quvonchli hodisa bo‘ldi. Kanadadan kelib Navoiyni, Angliyadan kelib Ahmad Yassaviyni o‘rganishayotgan bir paytda, “Den Valentin”ni nishonlayotganlarni uchratsam, ranjib ketaman. Boburdagi muhabbat yuz mingta Valentinning muhabbatidan ustun. Shunday ekan, nega biz Boburning muhabbatini unutib, allaqanday Valentinnikini nishonlaymiz. Yoshlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, harakatlarini rag‘batlantirish kerak, shunday bo‘lsa-da Boburni surib tashlab Valentinga ergashadigan yoshlar mening ro‘paramdan chiqmasa, deyman.
QISh EShIK QOQQANDA
Turli yoshlilar orasidagi ma’naviy tafovut, yoshlikni behuda ishlarga sovurish to‘g‘risida gap ketganda I.A.Krilovning “Ninachi va chumoli” to‘g‘risidagi masali yodimga tushadi:
… Ninachi sho‘x
o‘ynab, chaldi soz,
Sayllarda o‘tdi
go‘zal yoz,
Gulzorlardan
kelay demadi,
Qish g‘amini
sira yemadi…
Vaqt o‘tib qish eshik qoqqanda, keksalik yetib kelganida, bosh devorga urilganida mulohaza yurita boshlashimiz behuda bezovtaliklarni keltirib chiqaradi, xolos. Chunki, bu fursatda vaqt allaqachon o‘z hukmini chiqarib qo‘ygan bo‘ladi. Shunday ekan, biz ham fursatdan foydalanib, ildizdagi zahiralarni yetkazib berish VAZIFAlari qanchalik darajada ado etilayotganligi xususida ijodkorlarimizning mulohazalariga e’tibor qaratdik.
Sultonmurod OLIM, adabiyotshunos:
— Milliy meros va unga munosabat masalasi siz o‘ylayotgandan ham murakkab va ko‘pqirrali. Mirzabahrom Soliev degan tarjimon bo‘lar edi. O‘zbek mumtoz adabiyotidagi lirik janrlar taraqqiyoti haqidagi doktorlik dissertatsiyasida keltirilgan she’riy parchalarni rus tiliga o‘girishda juda qiynalibdi. Eski o‘zbek tilini yoshi ulug‘ kishilar yaxshi biladi, deb hisoblab, keksa qalamkashlarning bir nechasidan yordam so‘rabdi, hammalaridan «tishimiz o‘tmayapti» degan javob olib, hafsalasi pir bo‘libdi. Kimdir: «Siz bilan bir xonada o‘tirib ishlaydigan falonchidan o‘tadigani yo‘q bu masalada», — debdi. «Axir u hali o‘ttizga ham kirmagan yigit bo‘lsa, eski o‘zbek tilini qaerdan bilsin?» — debdi tarjimon. Sinash uchun ko‘rsatgan ekan, baytlar mazmunini, ulardagi nozik ifodalar ma’nosini shart-shart aytib tashlayveribdi…
Demak, meros merosligicha turaveradi. Uni o‘rgansang, seniki bo‘ladi. O‘sha yosh yigit maxsus o‘rgangan, lug‘at titgan.
Milliy meros bizga kamida ikki ma’noda kerak.
Birinchisi. Dunyo xalqlarining obro‘yi bashariyat tamadduniga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, biz hech kimdan kam emasmiz. Ochig‘i, boshqalar har qancha havas qilsa ham arziydi. Tabiiy fanlar, adabiyot, san’at, ma’naviyat, din, davlatchilik bo‘yicha ham shu qadar katta merosga egamiz. Bu bizga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi, bizni yana o‘sha darajalarga ko‘tarilishga undaydi.
Ikkinchi. Shu merosni o‘qib, o‘rganib, bugunning koriga yaratish kerak. Bugun jahon maydonida bo‘y ko‘rsatib turgan xalqlarning aksariyati taraqqiyotini milliy merosi poydevoriga qurgan. Bunga alohida urg‘u berayotganimiz bekorga emas. Mustamlaka davrida millatni o‘z ildizlaridan uzib qo‘yish uchun ko‘p harakatlar bo‘ldi. Yutqizgan yerimiz ham oz emas. Endi ikki-uch hissa kuch sarflab, o‘zlikni anglashimizga to‘g‘ri kelayapti.
Bu ikki masala bo‘yicha ham mustaqillik yillarida juda katta burilish yuz berdi. Biroq hali qilinadigan ishlar ko‘p. Aytaylik, Alisher Navoiy — eng buyuk shoirimiz, millatning ma’naviy piri. Umumta’lim maktablarida uning hayoti va ijodini o‘rganishga ham eng ko‘p soat ajratilgan. Ommaviy axborot vositalarida bu ulug‘ zot haqida so‘z yuritilmagan kun kam. San’atimizning biror turini uning ijodi ta’sirisiz tasavvur eta olmaymiz. Shunga qaramay, tan olaylik: Navoiy haqida nimalar bilishimiz so‘ralsa, necha varaq yozib berishimiz mumkin? Yoxud hammamiz Ibn Sino, Beruniy, Bobur bilan faxrlanishimiz kerakligini bilamiz, biroq ularning deylik qabri aynan qaerda ekani haqida hammamiz ham aniq ma’lumotga egamizmi? Ularning asarlarini o‘qigan ko‘pmi yoki o‘qimagan?
Xulosa shuki, millatning o‘zlik darajasi qancha yuqori bo‘lsa, uning boshqalarga ko‘r-ko‘rona ergashishi, ayniqsa, yot g‘oyalarga berilish darajasi shuncha pasayadi.
IChIMDAGI HADIK
Javoblarni tinglab, hovur bir oz bosilsa-da, savollar zalvori ortib borardi. Ulardan biriga sal qayishay desang, ikkinchisining sitam xaltasi chok-chokidan so‘kilib ketishidan cho‘chiysan kishi. Adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovni ham shu kabi xavotir bezovtalikka solganligini o‘qib qoldim:
“Rostdan, hozir Vergiliyni kim o‘qiydi? Kim o‘qiydi hozir Xomerni? Danteni o‘qiyotgan bironta mardi maydon bormi? Ularmi? Faqat ularmi? Navoiyni kim o‘qiydi hozir?
Ichimda o‘tirgan allakim menga shunday noxush savollar beradi. Uning savollarining o‘zida javob borga o‘xshaydi. Haqiqatdan ham, ularni hozir birov qidirib o‘qiydimi? Shularni o‘qimasam, bilmasam, dunyoda tirik yurganim bekor degan o‘z-o‘ziga pisanda bilan qo‘lga oladimi? Ichimda o‘tirgan shubhakor shaxs bilan tortisha boshlayman…”
Ibrohim G‘afurov “Xamsa”ni uchinchi marotaba mutolaa qilib chiqqanligini yozibdi. Nega biz shoshilmayapmiz?! Axir, yosh o‘tgandan keyin nadomatda qolishimizni, o‘zgalar tilidan, boshidan kechirganlar iqroridan anglab turibmizku. Mana ellik yoshdan oshib, oltmishni qoralayotgan yana bir ahli ilmning iqrori: “Shu paytgacha faqat Navoiyni o‘qiyversak ham bizga yetar ekan. Bebaho xazinadan quruq qolganligimni ana endi anglab turibman”.
Masalaning mohiyati ana shu yerdaga o‘xshayapti. Toki biz tarixiy merosimizni o‘qib, o‘rganib, o‘zlashtirib, hayotimizga tatbiq etib borar ekanmiz, uzoqlashish emas, yaqinlik hosil bo‘laveradi. Chunki ularning ma’naviy asosi, ildizi yagona nuqtada umumlashib, uyg‘unlikni ta’minlaydi. Vaqt, e’tibor, mehr-muhabbatimizni buyuk maqsadlar sari yo‘naltira olsak, qiziqish va intilishlarimiz maqsadlar manziliga eltadigandek. Siz nima deysiz, muhtaram mushtariy?!
Aziz Norqulov,
“Ma’rifat” muxbiri