– Maktabni necha baho bilan bitirgansiz? Oliy o‘quv yurtini-chi?
Dabdurustdan berilgan ushbu savollarga javob berish, bir qaraganda, juda osonday tuyuladi. Og‘iz to‘ldirib: “Qizil diplom olganman”, deguvchilar ko‘p. Kim bilsin, ba’zilar og‘ir xo‘rsinib yoshlikdagi armonini “yangilab” olgandir. A’lo baholarga o‘qiganiga qaramay, qandaydir sabablarga ko‘ra imtiyozli diplom ololmay qolganlar bor-da.
Biz og‘zaki nutqda “qizil diplom” yoki “qizil attestat” deb ataydigan ma’lumotimiz to‘g‘risidagi hujjat kelgusi hayotimizda qanday o‘rin tutadi? Nega ko‘pchilik unga ega bo‘lishni xohlaydi? Hatto sotib olmoqchi bo‘ladi?
O‘quv yurtini a’lo darajali shahodatnoma (yoki imtiyozli diplom) bilan tugallaganga nima yetsin. Ammo buning uchun da’vogar arzirli kishi bo‘lishi kerak-ku! Aksariyat hollarda yuqori sinf(kurs)da bunga harakat qilib qolishadi. Hayot qonuni shundayki, ma’lum kishining bilimlari barcha sohada bir xil darajada, mukammal bo‘lavermaydi. Jumladan, fanlarni o‘zlashtirishda ham. Uning bilimiga qo‘yilgan baho nisbiy ekanligi aniq. Chunki hamma “vunderkind” emas. Shu bois o‘quv yurtini imtiyozli tarzda bitirganlarning barchasi ham o‘z o‘rnini topib ketavermaydi. “Hayotda diplomning “qizil” yoki boshqa rangdaligi deyarli hech qanday rol o‘ynamaydi” deganga o‘xshash fikrlar ham mavjud. U holda hujjatning imtiyozliligi qaerda qoladi?
Imtiyozlari borki, o‘quvchi yoki talaba uni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. Bundan tashqari, yon-atrofdagilar e’tirofi. Chunki imtiyozli hujjat egalariga, odatda, “boshqacha” munosabatda bo‘lishadi: nimasidir borki, “qizil attestat” olgan. Asosiysi, o‘qish uchun boshqa joyga hujjat topshirayotganda bu inobatga olinadi.
Eng achinarlisi, bu borada turli ko‘zbo‘yamachiliklar ham bo‘lib turadi.
Birinchi suhbatdosh:
-O‘g‘limning o‘qituvchisi telefon qildi. Bolamning o‘qishi tugayotganligini aytib, bir kelib ketsangiz, yaxshi bo‘lardi, dedi. Darrov tushundim. Imtiyozli diplom olishga da’vogar bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalarini chaqirtirayotgan ekan. O‘g‘limga bir haftadan keyin borishimni o‘qituvchisiga yetkazib qo‘yishini aytdim. “Bormaysiz, – dedi u. – Bilaman nima maqsadda chaqirishayotganini. Men pul bilan “qizil attestat” olmoqchi emasman”. G‘alati bo‘lib ketdim.
Farzandimni tushunsa bo‘ladi. Odam ustoziga ma’lum ma’noda e’tiqod qo‘yishi kerak. O‘quvchi behad hurmat qilgan o‘qituvchisi (ayniqsa, sinf rahbari) unga a’lo darajali shahodatnoma olish uchun pul kerak, deb tursa, yosh qalb egasi qanday ahvolga tushishini tasavvur qila olasizmi?
Ikkinchi suhbatdosh:
– Oliy o‘quv yurtini bitirayotgan paytimizda ko‘pchilik imtiyozli diplom olish ilinjida davlat imtihonlariga ham astoydil tayyorlana boshladi. Bir kursdoshim juda yaxshi o‘qirdi. Hamma fandan baholari a’lo. Lekin dastlab unga imtiyozli diplom berilmadi. Hayron bo‘ldik. Rektoratga borib aniqlashtirishi kerakligini maslahat berdik. U yerdagilar fakultet dekani o‘rinbosariga murojaat qilishni aytishdi. Ro‘yxat berishda adashishgan ekan. Kursdoshim magistraturada ham o‘qimoqchi edi. Bunda diplomning imtiyozliligi ahamiyatga ega ekan. Ancha yelib-yugurishlardan keyin zo‘rg‘a to‘g‘rilandi. Nihoyat, diplom “qizil”ga aylandi.
Bu kabi holatlar hayotda uchrab turadi. Buni inkor eta olmaymiz. Lekin ko‘pchilik imtiyozli hujjat olishga nega bu darajada o‘ch? Shu tufayli kishi faqat “qizil”ni ko‘zlaydigan bo‘lib qoladi. Oppoq orzular ham sekin-asta “qizillashib” boraveradi. O‘quvchi, talabaning baho uchun o‘qishi, a’lo darajali shahodatnoma, imtiyozli diplom olish maqsadida huda-behudaga baho talashaverishi yaxshimi? Bundaylar jamoatchiligim ham hisobga olinadi deb, turli tashkilotlarga a’zo bo‘lib oladilar. Dars hisobiga turli tadbirlarda qatnashadilar. Vaqtlarining ko‘p qismini ana shunday jamoatchilik ishlari bilan ham o‘tkazib yuboradilar. Shunday bo‘lgach, uning o‘zlashtirishi “imtiyozli”ga baholanishi adolatdanmi? “Qizil attestat” yoki ” qizil diplom” olish uchungina o‘qish qanday naf berishi mumkin?
– Yuqori sinf o‘quvchilarining ko‘pchiligi a’lo darajali shahodatnoma olish uchun harakat qilayotganini yaxshi bilaman. Men rahbarlik qilayotgan sinfda ham bunga da’vogarlar ko‘p. Maktabni a’lo darajali shahodatnoma bilan tugallagan yaxshi. Albatta, bunda o‘quvchining baho ko‘rsatkichlari bilan birga xulqi, jamoatchiligi ham hisobga olinadi. Shunchaki nomi uchun shahodatnomasining imtiyozli, o‘zlari aytmoqchi, “qizil” bo‘lishini istovchi o‘quvchilarga buning to‘g‘ri emasligini tushuntirishga harakat qilaman. Undan ko‘ra, asosiy e’tiborni fan olimpiadalariga qaratishlarini aytaman. Chunki fan olimpiadalari g‘oliblari uchun oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinish imtiyozi bor, – deydi o‘qituvchi M. Valieva.
Sobiq kursdoshimning mana bu so‘zlari bizni o‘sha paytdayoq o‘ylatib qo‘ygan edi: “Falonchi nega qizil diplom oldi, degandan ko‘ra, nega unga imtiyozli diplom berilmadi, degani yaxshiroq emasmi? Aslida, haqiqiy bahoni hayotning o‘zi beradi. O‘qishdagi qator-qator “besh”lar har doim ham kishining bilim darajasini belgilab bermaydi. Hayotda ham unga “besh” keltiravermaydi”.
Maxzuna Kamolovaning bu haqdagi fikrlari boshqacharoq ekan:
– Men o‘quvchi, talabaning a’lo darajali shahodatnoma yoki imtiyozli diplom olish uchun harakat qilishini qo‘llab-quvvatlayman. Maqtanchoqlikka yo‘ymang-u, o‘zim maktabni ham, universitetni ham bitirishda shunday hujjat olganman. Buning uchun yaxshi o‘qishga, fanlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirib borishga harakat qilganman. Shu bilan birga, davlat imtihonlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rganimni, qo‘shimcha ma’lumot olish uchun kutubxonadan beri kelmaganimni yaxshi eslayman. Natijasi yomon bo‘lmadi. Ham imtiyozli hujjatga ega bo‘ldim, ham bilimim oshdi.
– Bakalavriat bosqichini tugallaganim haqidagi hujjatning topshirilish sanasi men uchun unutilmas kunlardan biri bo‘lgan. Negaki, u to‘rt yillik o‘qish mobaynida qaysidir fanlardan u darajada qiynalmay, boshqasidan tirishib, ba’zilaridan o‘qituvchilar bilan hatto tortishib olgan baholarimning samarasi edi, – deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti 2-kurs magistranti Muxtabar Qurbonova. – O‘shanda “imtiyozli” yozuvi hayotimda ko‘p ishlarni hal qilish imkoniyati bo‘lib tuyulardi. To‘g‘ri, magistratura yo‘nalishida davlat granti asosida o‘qishimda uning ham ahamiyati katta. Menga imtiyozli diplomning psixologik jihatdan ta’siri ham sezildi. U ota-onamning xursandligi bilan birga yaqinlarim oldida yuzim yorug‘ bo‘lishiga ham sababchi bo‘ldi, nazarimda. Bu menga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, ma’lum ma’noda kelajakdagi orzularimning ushalishiga ham umid uyg‘otdi.
Shu o‘rinda imtiyozli diplomga ega bo‘lishni istovchi talabalarni ikki guruhga ajratgan bo‘lardim. Birinchi guruhga mansub talabalar faqat ilm olishni istaydilar va buning uchun astoydil harakat qiladilar. Ular nohaqlik, qiyinchiliklarga faqat izlanishlari orqali yechim topadilar. Ikkinchi guruhdagi talabalar esa imtiyozni sharaf deb biladilar va faqat uning nomi uchungina harakat qiladilar.
Biz keltirmoqchi bo‘lgan misollar shular. Umuman, hujjatning qanday rangda ekanligi (lekin, baribir, “qizil” boshqacha bo‘lsa kerak-da) u qadar muhim emas. Eng muhimi – orzularimiz ro‘yobga chiqsin.
Behzod FAZLIDDIN